OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiIsmsiz qahramon haqida hikoya
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ismsiz qahramon haqida hikoya
Isajon Sulton

«
Bu hikoya tarixda ajdodlarimiz sanalmish koʻhna xun xalqining bir ismsiz bir qahramoni haqida.
»

Toʻrtinchi asrning boshida, ot yilida xanzu sulolasining askarlari va xunlar[1] yana toʻqnashdilar. Bunga xanzularning[2] xun yerlariga oʻqtin-oʻqtin hujum qilganlari va choʻponlarning ba’zilarini oʻldirib, mol-holini talon qilganlari sabab boʻldi. Bu maxalda xun hoqonligi qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazmokda edi. Askar zaif, otlar och edi. Boisi – qishning gʻoyatda sovuq va yogʻinli kelgani, toʻplangan oziqning bahorga yetmay tugagani edi. Shimoliy chegarada notinchliklarning zoʻraygani bois, xunlar hoqoni u yerga qoʻshin yubordi, ortidan oʻzi ham yetib bordi.

Olti kun davom etgan jang natija bermadi, loy va balchiq jangni ogʻirlashtirdi. Ustiga ustak, xanzular son jihatdan xunlardan anchagina koʻp edi, askariy tayyorgarlikda ham xunlardan qolishmasdi. Faqat, xunlarda jang xissi kuchli edi, bir xun askari hayqirganida oʻnlab xanzuning yuragida qoʻrquv uygʻotar, sarosimaga solardi. Xanzular bilan bir urugʻdan bulgan Chin hoqonligi savdo va tijoratni tobora kengaytirib, kuchayib bormoqda, xanzular oʻzlariga koʻra kam sonli xunlardan ana shu jangovarliklari tufayligina hayiqib turishardi.

Jangning oltinchi kuni ertalabdan yana yomgʻir quydi. Shusiz ham balchiqqa aylangan tevarak beshbattar suvga boʻkdi. Askarning chodirlaridan chakka oʻtgan, yotar poʻstaklari hoʻl edi.

Namgarchilik tufayli xanzu qoʻshini tomonda harakat sezilmayotgandi. Bir necha xun askari ot choptirib xanzular qoʻshinining oldingi safigacha borib qaytib kelishdi, lekin xanzular bunga javoban hech nima qilishmadi.

Buni koʻrgan xun askari kular va «Yomgʻirni oʻq deb oʻyladingizmi, hali haqiqiy yomgʻirni endi koʻrasiz» deb qichqirar edi. Xanzular bunga javoban ham jim edilar.

Tushdan soʻng siyrak tuman orasidan sargʻimtir dogʻday bulib quyosh koʻrindi. Askar tushlik qilib boʻlgan edi. Yaylovda bir necha xanzu askari koʻrindi. Ular yaltir-yultir matolardan kiyim kiygan, oʻzlariga shu qadar oro bergan edilarki, xun askari oʻrtasida yana kulgi koʻtarildi.

Xanzular askarga yaqinroq kelishga yuraklari betlamay, oʻq yetadigan masofadan biroz uzoqroqda turib qolishdi. Bir nimalar deb baqirishar, ammo nimalar deyishayotganini tushunib boʻlmasdi. Qoʻshinning ichkari qismidan ularning tilini biladigan birini topib kelishdi. U jimib qolgan xanzularga qarab bir nima deb qichqirdi, xanzular ham unga javob qaytarishdi.
— Bugun urishmaymiz deyishyapti, - dedi tilmoch.
— Ol-a! Onalari qorinlarini toʻydirib, yaxshilab uxlab olganlaridan keyin yozda, salqingina bir joyda urishishga koʻnisharmikin ? – deb kulishdi xunlar.
— Bu namgarchilikda urishishdan naf yoʻq, siz bir pahlavoningizni, biz bir pahlavonimizni oʻrtaga chiqaraylik, shular urishishsin. Qaysi tomon yengsa, oʻsha tomon jangni qozongan hisoblanadi, deyishyapti.
— Obbo, ayyorligini qara-ya! Shunaqa yoʻlga oʻtishiptimi endi? Oʻzi, necha bahodiri bor ekan ularni? – deyishdi xunlar. – Ayt, bizdan eng ushoq askar chiqadi, ular boʻlsa eng ishongan bahodirlarini opkelishsin.

Tilmoch bu gaplarni xanzularga ularning tilida yetkazdi, ular oʻzaro bijir- bijir qilishib biroz turishdi-da, ortga qaytib ketishdi, keyin oʻttiz chogʻli boʻlib qaytib kelishdi. Oralarida boʻyi ikki metr keladigan semiz bir xanzu ham bor edi. Ana oʻsha bahaybat xanzu choponini yechib, oldinga chiqdi-da, bir nimalar deb baqirdi.
— Shu oshqovoq ularning eng ishongan bahodirimikin? – deb kulishdi xunlar. – Qani, kim chiqadi xanzuga?

Hamma guvv etib oʻrnidan turib ketdi. Hammaning xanzu pahlavonini yenggisi kelardi.
— Men chiqaman! – degan qichqiriq eshitildi. Qichqirgan – qotma jussali, askar orasida Mitti deb laqab olgan yigit edi. Uning ismini birov bilmas, hamma Mitti deb chaqirar, aytishlaricha, hech kimi yoʻq, yaqinlarining suruvini xanzular talab oʻldirib ketgach, askarga oʻz ixtiyori bilan qoʻshilgan bir boʻzbola edi.
— Yoʻq, sen hali kichkinasan, - deyishdi askarlar unga. – Yaxshisi, Erboy bahodir boraqolsin.

Koʻplab janglarda chiniqqan, peshanasida va iyagida chandigʻi bor Erboy bahodir oʻrnidan qoʻzgʻalib, «men uni bir qoʻlim bilan yer tishlataman» dedi iljayib.

Lekin Mitti sakrab otiga mindi-da, xanzu bahodiri kutib turgan tomonga qarab niqtadi. Mittining oti baquvvat emas edi, loyda toygʻonib-toygʻonib yoʻrtib borardi.
— Toʻxta, orqangga qayt! – deb baqirishdi qolganlar, ammo boʻlar ish boʻlgan, agar Mitti ortga qaytsa, butun qoʻshin sharmanda boʻlardi.

Mana, xanzu bahodiri bilan Mitti otdan tushdilar. Maydon oʻrtasida bir-birlariga baqamti keldilar.

Jang boshlandi.

Xanzu sermab qilich solar, lekin Mitti epchillik bilan chap berar, javoban paydar-pay hamla qilardi. Hozircha xanzuning sovuti Mittining yengil qilichining zarbalarini oʻtkazmayotgan edi. Ikki metrlik bahaybat xanzu yarashmagan va besoʻnaqay harakatlar bilan uni jarohatlashga urinardi.

Keyingi galdagi kuchli zarba Mittining yelkasini kesib oʻtdi. Mitti bukchayib qoldi-da, ortiga tisarildi. Xun askari guvillab bir chayqalib oldi, xanzular shodlanib qiy-chuv qildilar.

Yerga egilib kolgan Mitti birdaniga jonlandi. Qaddini rostladi-da, shiddat bilan raqibiga tashlandi. Kutilmaganda u oldingidan ham kuchliroq hujum qila boshladi.

Allaqanday tushunarsiz bir hodisa roʻy bermoqda edi. Yaralangan askar holsizlanib yiqilishning oʻrniga battar kuchga toʻlib ketgandi. Bundan esankiragan xanzu ortiga tisarildi, ketma-ket yana zarb yedi. Keyingi zarba uning boʻgʻziga sanchildi, semiz xanzu yerga, balchiqqa beoʻxshov agʻdarilib tushdi.

Keyin esa yana kutilmagan hodisa sodir boʻldi. Mitti sal naridagi xanzuning uchqur otiga sakrab mindi-da, xanzular tomonga yelib ketdi. Xash- pash deguncha yetib borib, birinchi xanzuga qilich soldi, qolganlari shosha-pisha chekinib, kamondan moʻljalsiz oʻq uza boshladilar, ularning bir nechtasi Mittining yelkasiga, beliga sanchilib qoldi, lekin bu oʻqlar Mittiga ari chaqqanchalik ta’sir qilmaganga oʻxshardi, u quyundek boʻlib xanzu askarlarining bir nechasini agʻdardi, qolganlari esa pala- partish qocha boshladilar.

Xun askari guvillab oʻrnidan qoʻzgʻaldi, xuddi Amu kabi shiddat bilan, selday boʻlib xanzu ustiga oqdi.

Mittining bu botirligi xunlarning qonini joʻshtirib yuborgan edi. Ular xanzular ustiga dovul kabi bostirib bordilar. Arava va chodirlarda oziq- ovqat va qurollarini qoldirib, xanzu askari ortiga qochdi. Qizishib ketgan xun askari ularni to yigirma chaqirim masofagacha quvib bordi. Undan u yogi oʻngir edi, ba’zi xanzular qoʻrqqanidan va balki omon qolarmiz degan umid bilan jarlikka sakrab, parcha-parcha boʻldi. Qolganlarini xunlar qirib tashladilar, ba’zilarini asir oldilar.

Shu tariqa, hech kutilmaganda xun askari xanzu ustidan gʻalaba qozondi. Xanzu sharmandalarcha yengildi.

* * *

Gʻolib askar qarorgohga qaytganida, hoqonning avzoyi buzuq edi. Uning yonidan chiqqan Lashkarboshi xunlarni safga tizdi-da, shunday dedi:
— Eshit, ey Xun oʻgʻillari! Buyruqsiz hamlaga oʻtganing va qarorgohni tashlab ketganing uchun har biringga oʻn qamchidan jazo! Lekin gʻalaba bilan qaytganing uchun har biringga oʻljangdan tashqari, oʻn oltin va bittadan ot mukofot!

Askar bosh egdi. Bu xalqda hoqonning soʻzi soʻz edi. Mazkur jazoning adolatli ekaniga esa hech shubha yoʻq edi.
— Endi qahramonning jasadini qarorgohga olib keling! – deb buyruq berdi Lashkarboshi.

Uning zarblardan va oʻqlardan sogʻ joyi qolmagan jasadini toʻrt kishi koʻtarib keldi. Yangi unib chiqayotgan maysalar loy-balchiqqa qorishgan, erta bahorda koʻpchigan yerga – ona yurt tuprogʻiga qoʻshin bayrogʻini yoydilar va uning ustiga avaylab yotqizdilar.

Beklar bilan yetib kelgan hoqon, bayroq ustida yotgan askarni koʻrib, otidan tushdi.

Tevarakdagilar jim, askar oʻz hoqonidan koʻz uzmas edi.
— Bu qahramon askarning oilasidan, bola-chaqasidan xabar oling va ularni saroyga keltiring, - dedi hoqon.
— Uning oilasi ham, bola-chaqasi ham yoʻq, hoqonim, - dedi xunlarning lashkarboshisi. – Hali uylanmagan boʻz yigit edi.
— Unda ota-onasidan xabar oling, xazinadan ulush tayin qiling.
— Uning ota-onasi ham yoʻq, hoqonim, - dedi Lashkarboshi. – U yetim edi.
— Ismi nima ekan bu mard oʻgʻlonning? – dedi hoqon, hayron boʻlib.
— Uning ismi ham yoʻq, hoqonim - dedi Lashkarboshi. – Askarlar uni Mitti deb chaqirishardi. Uning uy-joyi ham yoʻq. Xanzu bosqin qildi degan gapni eshitib, mol-holini sotib, yarogʻ va ot olib qoʻshinga qoʻshilgan ekan. Bu dunyoda uning hech kimi yoʻq, hoqonim. Na uy- joyi, na mol-joni, na oilasi, na yaqinlari…

Hoqon jim koldi. U, badani jarohatlarga toʻla bu Vatan oʻgʻlini qanday taqdirlashni bilmay ikkilanayotgan edi. Soʻng egilib, xuddi ona bagʻrida yotganday sokin va orom ogʻushidagi bu askarning peshanasidan oʻpdi hamda qilichini chiqarib, uning koʻksiga qoʻydi.

Shu yerdagi baxshi xunlarning eng qadim marsiyasini aytib turdi, dovullar gʻalaba qozonilgan mahaldagiday gumburladi, askar ana shu koʻhna sado ostida koʻmildi tuproqqa.

Uning qabrining ustiga qoʻshin bayrogʻini tikib qoʻydilar. Bayroq koʻp yillar davomida, qishning sovuqlariyu bahoriy yomgʻirlarda, yozning saratonlaridayu kuzning izgʻirinlarida ham Vatan uchun jonini fido etgan bu oʻgʻlonning qabri uzra hilpirab turdi.


  1. Xunlar – bugungi turkiy xalqlarning qadimiy ajdodlari.
  2. Xanzular – Tiyonshon etaklarida yashagan va xunlar bilan uzoq yillar davomida urush qilib kelgan qabila nomi.