OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiMansub-1984 (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mansub-1984 (hikoya)
Isajon Sulton

Bu manzaralarni men bilan birga unib-oʻsgan tengdoshlarimu bizdan bir necha yosh katta-kichiklar, oʻqituvchilar, ota-onalar juda yaxshi bilishadi. Oradan oʻttiz yilga yaqin vaqt oʻtdi. Shuncha yil ichida ham oʻsha yashab oʻtilgan kunlar esdan chiqmabdi. Kecha kechqurun bola-chaqa bilan birga ovqatlandik, televizor koʻrdik, u yoq-bu yoqdan gaplashganday boʻlib, soʻng birgalashib oʻgʻlimning tayyorlagan darslarini yana bir bor koʻzdan kechirib chiqdik. Oʻgʻlim litseyning ilk sinfida, fanlarga juda qiziqadigan yigitcha, boz ustiga, oʻrganishi kerak boʻlgan ilmlar anchagina, shukrki, maktabida ham, uyda ham hamma sharoit uning bemalol va yengil bilim olishiga yoʻnaltirilgan... nihoyat, uyquga yotdik.

Uyqu oldidan... toʻsatdan esga keldi u voqealar.

Ajabki, esga kelishiga arziydigan bir sabab yoʻq edi!

Tuyqusdan, xotiramning tub-tublaridan oʻsha dala shiyponining ohaklari koʻchgan devorlari, yer bagʻirlab oʻsgan pastak behilaru quruqshagan zaif uzumlar chirmashgan yogʻoch ishkom... tuprogʻi oʻydim-chuqur yoʻllar, bandigacha changga botgan kalta yantoqlaru qamishlar oʻsgan yoʻl chetlari, tubida ozgina zangor tusli suvi ilonday egilib-buralib oqqan chuqur zovur bir soniyaga qalqib chiqdi.

Uyqu kochib ketdi. Bir oʻzim hovliga tushdim. Ichkarida bolalar uxlashyapti. Bitta men bedor...

Oy havolab ketdi.

Makon kimsasiz edi. Zogʻ koʻrinmaydigan u kengliklarda qolib ketgan ingichka, uzun gavdali oʻn toʻrt yashar oʻspirin menga hayiqibroq qarab turardi.

U yer qishlogʻimizdan ellik chaqirimcha uzoqdagi choʻl hududi edi. Hayotimda choʻlni ilk bora shunda koʻrganman. Tuprogʻi gʻalati edi. Yoʻllarning chetida chang qalin oqish qatlam hosil qilgan, har tarafda yantoqlar oʻsgan, shiyponning qarshisida, yoʻlning u tomonida chuqur zovur ham bor boʻlib, ichidagi qamishlari tippa-tik, oppoq popiltiriqlari katta-katta, uzoq-uzoqlargacha choʻzilib ketgan edi. Narirogʻida haddan tashqari bepoyon dala, unda oʻsgan pastak gʻoʻzalar, qatqaloq boʻlib ketgan tuprogʻi uzra katta-katta gʻoʻdirish kesaklar koʻzga tashlanar, xullas, qarovsiz bir joy edi u.

El-yurt u yerlarni «Mansub» deb atar edi. Nimaga bunday nom berilganini bilmayman. Shiyponning qachonlardir oqlangan devorlariga ham kimdir koʻmir bilan katta-katta qilib «Mansub-1984» deb yozib qoʻygan edi.

Bizlarni – yettinchi «A» sinf bolalarini, yondosh «B» va «V» sinflar bilan birga olib kelgan taxtalari siniq eski yuk mashinasi gurillay-gurillay toʻxtagach, birin-ketin sakrab tushib, tevarakka qiziqish bilan alanglagancha onamiz dumaloqlab bergan, orasiga non, turshak, mayiz solingan koʻrpa-toʻshagimizni koʻtarib chang bosib yotgan ayvonga tashidik. Non, qogʻoz qoplarda makaron, bidonda yogʻ, qozon-kapgirlarni tushirganimizdan keyin, yuk mashinasi qaytib ketaqoldi.

Hammayoqni chang qoplagan edi. Yon-verimizda tollar oʻsgan, ular ham changga botgan, atrofda mevali daraxt koʻrinmasdi. Faqat, shiypon yonida egri-bugri bitta behi bor ekan, mevalari kichkina-kichkina, toshday qattiq. Nariroqda benihoya ulkan dalalar yastanib yotibdi, chetlarida bahaybat tollar shovullaydi. Shiypon ikkita katta-katta xonadan iborat ekan, oʻrin-koʻrpamizni koʻtarib kirib, joylasha boshladik. Shiypon tegrasi aylana ayvon, atrofi sassiq hidli sargʻish qanor qop matosi bilan oʻrab chiqilibdi, xonalarga sigʻmaganlar oʻsha ayvonga joylashishdi.

Keyin shundoqqina yerga tushirib ketilgan nonlarni va qogʻoz qoplardagi narsalarni ichkariga tashidik, shiypon atrofini tozaladik. Bu orada asr vaqti oʻtib, shom kira boshladi. Qip-qizil quyosh bepoyon dalalarning adogʻiga oʻtib, ohista ufqqa yaqinlashdi. Chumolilarga oʻxshab, tevarakni bir aylanib chiqdik. Shiypon ortidagi kaftday ekinzorga kimdir pomidor, bodring ekibdi, bodringlarning palaklari jonsizlanib-sargʻayib, ilviray boshlabdi. Pomidorlar hali qurimagan, bu ekinga suv boʻlsa bas, kech kuzgacha hosilini beraveradi, ammo yerning kuchi yetmagan shekilli, hosili mayda-mayda, koʻm-koʻk. Narirogʻida ikkita-uchta uzum meva solibdiyu solgan joyida chiribdi, naridan-beri tiklangan yogʻoch ishkomga oʻralib-chirmashgan holida qotib qolibdi.

Kech kira boshladi. Bu yerda elektr toki yoʻq ekan, oʻqituvchilardan kimdir borib, traktor moyi bilan ishlaydigan dvijokni yurgʻizib keldi. Hammayoqni salarka hidi tutdi, har yer-har yerda xira chiroqlar yondi. Oʻqituvchilarimiz tomga chiqib, simdan antenna yasashdi, eski radio bor ekan, bir amallab gapiradigan qilishdi.

Soʻng hammamiz safga tizildik. Ibrohim domla yotoqning tartib-qoidalarini tushuntirdi. Choychi, nonchi, farrosh tayinlandi. Shiypon biqinidagi kichkina xonaga oʻqituvchilar joylashishdi. Kechga ovqat pishirilmadi, hammaga yarimtadan non va bir qoshiqdan shakar tarqatildi, bakka bir siqim quruq choy tashlab qaynatib, shu bilan qanoatlandik. Qorongʻi tushganidan soʻng shiypon atrofida yurish mumkin emas, dedi Ibrohim domla. Hammamiz ichkariga kirib, har kim oʻz joyiga borib joylashdi. Shu tariqa, men tugʻilib oʻsgan qishloqning yettinchi sinf bolalarining barakdagi ilk kuni boshlandi.

* * *

Ertasiga ertalab soat oltida Ibrohim domla xonama-xona yurib, bizlarni uygʻotdi. Kuz tongi salqin, qalin tuproq shudringdan nam edi. Qishloqdagilar qattiqligi bois «tosh etik» deb nom bergan etiklarimizni kiyib, tashqariga chiqdik. Oʻtlar shudringdan egilib qolgan, dalalar adogʻidan katta qizil quyosh bosh koʻtarib chiqayotgan edi. Bolalar birin-ketin yuz-qoʻllarini yuva boshladilar. Ariqdagi suv zax, shoʻr, unda yuz yuvib boʻlmas, terini yorib yuborardi. Artezian qudugʻi bor ekan, bir bola dastasidan bosib suv chiqarib tursa, ikkinchisi yuvinadi. Bu orada choy ham qaynadi. Qator tizilishib turamiz, har birimizga bittadan non, piyolamizga shakar solib berildi. Etaklarimizni yerga solib, boshqa bir etakni dasturxon qilib nonushta qildik. Choydan ham salarka ta’mi kelar edi. Sal oʻtmay «Hamma saflansin!» degan buyruq boʻldi. Uzun-qisqa boʻlib saf tortdik. Domla normaning qirq kilo ekanini, bu yerda yegan-ichganimizni oqlashimiz kerakligini, normani bajarmaganlar kechqurun «shtab»ga chaqirilishini, terolmaganlar hammaning oldida sharmanda qilinishini aytib ogohlantirdi, keyin oldinga oʻtib yoʻl boshladi. Dalaga yoʻl oldik. Yoʻlning cheti chuqur zovur, keta-ketguncha katta-katta kesaklar qalashib yotibdi. Oralaridan yantoq, qiyoq, qanaqadir oʻtlar oʻsib chiqqan, ba’zilari gul ham ochgan, gullari xira qizgʻish-koʻkimtir, tikanlar esa baland oʻsgan, ular ham och safsar tusda gullabdi.

«Zovur juda chuqur ekan-a? Bunaqa chuqur zovurni zanjirli moshina kovlagan,» deydi Zokir. Gapi rost, bahaybat kesaklar oʻsha moshinaning ishi.

Gʻoʻzalar yer bagʻirlab oʻsibdiyu bitta-ikkita koʻsagi ochilganicha qotib qolibdi. Boʻyi bir qarich, xolos.

Birin-ketin qatorlarga tushdik. Men paxta terib oʻrganib ketganman. Ammo bu yerning paxtasi tosh bosmas ekan. Kattakon quyosh ilgʻar-ilgʻanmas tepaga koʻtariladi. Havo isib ketdi. Dala adogʻida ham kamishzorlar yastanib yotibdi. Tavba, muncha koʻp bu yerda qamishlar? Egatlar orasidan yantoqlar bosh koʻtaribdi. Yantoq suvsiz joyda ham oʻsaverarkan-da? Yoʻq, ildizi nam qidirib juda chuqurga ketadi. Bu yerning yantoqlari ham pastak-pastak. Ensiz, kambar barglari qalin chang bilan qoplangan.

Bir-ikki soatdan keyin yonimdagi Zokir atrofga alanglab, «Qorin ochqab ketdi-ku, non yeysanmi?» deydi. Ortimga qaradim, Ibrohim domla tol tagida oʻtiribdi. «E, koʻrmaydi, ora uzoq-ku» deb, Zokir etagining ichidan bir burda non olib uzatdi.

Saldan keyin tushlik vaqti boʻldi. Mening tergan paxtam oʻn yetti kilo chiqdi. Shiyponga qaytdik. Onam piyola, kosa, qoshiq berib yuborgan, uni yotar joyimning bosh tomoniga, yostigʻimning tagiga roʻmolga oʻrab joylab qoʻyganman. Tushlikka makaron shoʻrva tarqatildi. Ovqatlanishga bir soat vaqt berildi. Ibrohim domla shiypon orqasida yotgan eski temir gʻildirakni olib kelib, tol shoxiga sim bilan ostirdi. Shu tariqa zang yasaldi, pichadan soʻng bolalardan birining qoʻliga temir berib, «Chal!» dedi. Bola iljayib, temir bilan gʻildirakni bir urgan edi, qattiq daranglagan ovoz chiqdi. Zang chalindi, yana dalaga joʻnadik.

Kechgacha oʻn besh kilo terdim, jami oʻttiz ikki boʻldi. «Shtab boʻladi, domla paxtasini terolmaganlarni uradi» deyishardi. Shiyponga yetib borib, yuz-qoʻlimizni yuvgach, domla qoʻlida qogʻoz bilan chiqib keldi, «Madvaliev, Akbarov, Tojaliev, Mahmudov, Muhammadjonov... tolning tagiga oʻt hammang! Senlarga ovqat yoʻq! Qolganlar qozon boshiga marsh!»
– Endi uradi! – dedi qoʻrqa-pisa bir bola.
– Menga kaltak oʻtmaydi, – deb maqtandi boshqa biri. – Otamdan kaltak yeyaverib pishib ketganman.

Sinfdoshlar ovqatlanib boʻlishguncha tol tagida tippa-tik turaverdik. Hamma ovqatlanib boʻlgach, Ibrohim domla bizlarni qatorlashtirib tizdi. Koʻzlarini oʻynatib, saf boshida turgan bolaning oldiga keldi.
– Nimaga kam terding?

Bu savolga qanday javob berish mumkin? Rostini aytsam, hozir oʻnta javobni qatorlashtirib qoʻya olaman. Oʻshanda-chi? «Tergim kelmadi, belim ogʻridi, paxta tosh bosmas ekan...» Lekin, oʻshanda domlaning haybatidan javob berishga holimiz yoʻq edi. Zugʻumi shiddatli edi.
– Nega kam terding?

(Ya’ni, istamadingmi? Dangasalik qildingmi?)

Bolalar jim.

Ibrohim domla toʻsatdan bolaning kuloq-chakkasiga qarsillarib shapaloq tushirdi.
– Nimaga?
– Boʻldi, domla, urmang! Teraman-teraman, - dedi bola, qoʻrqib, yuzini ushlab. Koʻzidan duv yosh oqib ketdi.
– Terasanmi? A, terasanmi?
– Teraman, domla, teraman!

Domla ikkinchi bolaga oʻtdi:
– Nega kam terding?
– Qornim ogʻridi, domla.
– Qorning ogʻrisa, nega aytmading? Bahona qilayotgandirsan?
– Yoʻq, domla, rostdan ogʻridi.
– Bekor aytibsan!

Qars! Uchinchisiga navbat keldi.
– Nimaga kam terding?
– Sen-chi, nimaga kam terding? Yegan noningni oqlashgayam yetmapti-ku tergan paxtang? Qars!

Navbat menga keldi.
– Nimaga kam terding?

Domla tugʻyonda edi, javobni ham kutmasdan tarsaki tortdi. Koʻzimning oldidan oʻt sochilib ketdi, labim yorildi, qulogʻim shangʻillab ketdi.
– Bilib qoʻy, ertagayam kam tersang, abjagʻingni chiqaraman, tushundingmi? Endi hamma uxlashga! Oʻn besh minutdan keyin chiroq oʻchadi!

Hamma doʻpir-doʻpir oʻz joyiga chopdi. Shiyponning yon tomonidagi domlalar xonasida sham yondi. «Hozir aroq ichishadi», deb shivirladi bolalardan biri. Saldan keyin rostdan ham chiroqlar oʻchdi. Domlalar xonasidagi sham kuchliroq yogʻdu tarata boshladi, qoshiqlarning taraqlashi, kulgi ovozlari eshitildi.

Bolalar u yoq-bu yoqdan gaplashib yotishipti. Toʻsatdan eshik ochildi, Ibrohim domlaning ovozi keldi:
– Hamma uxlasin! Nimani gaplashyapsan?

Kimdir yolgʻondakam xurrak otdi. Domla uning kimligini bilolmaydi, chunki qop-qorongʻi. Kimdir piq etib kuldi. Hamma charchagan ekan, tez orada bir xildagi sokin nafaslar eshitila boshladi, bolalar birin-ketin uyquga ketishdi. Anchadan keyin yonimdagi Rahim shivirladi:
– Oʻrtoq, uxlaganing yoʻqmi?
– Yoʻq, – dedim.
– Shiyponning orqasida ajina bormish!
– Yoʻgʻ-e!
– Rostdan! Ini zovurning naryogʻida ekan.

Ajinaning ini boʻlishi aqlga sigʻmaydi.
– Yur, oʻrtoq, choptirib kelaylik, – deb yalinadi u saldan keyin.

Mana, nimaga ajinadan gap ochibdi? Bir oʻzi chiqqani qoʻrqar ekan-da?

Rosa yalintirgach, birgalashib tashqariga chiqamiz.

Chang kengliklar oy nurida oqarib koʻrinadi. Kimsasiz, yutaman deydi bu makon. Tol tagiga boramiz. «Qibla tarafga qarab choptirma, gunoh boʻladi», deyman. Rahim menga orqa oʻgirib, choptira boshlaydi, shunda yantoqlar orasidan bir nima lip etib oʻtadi, apil-tapil, jonimiz boricha orqaga qarab kochamiz. Balki tulkidir? Lekin jimjit, oydin bu kengliklar bizni qoʻrqitadi, hayiqtiradi, vahimaga soladi.

Rahimning qoʻrqoqligi ertasiga hammaga oshkor boʻladi, lekin hech kim unga «qoʻrqoq» degan tamgʻani osmaydi. Chunki, ajinadan hamma qoʻrqadi.

Tong uyqusi juda qattiq va totli. Sahar salqinida koʻrpaga mahkam burkanib, shirin tushlar koʻrib yotganingda zang ovozi keladi.

Turamiz. Saharlab hammayoqda yana salarka isi anqiydi. Choy qaynabdi, bak biqir-biqir qilyapti. Yana qatorlashib non-shakar olgani boramiz. Yana guruh-guruh boʻlib oʻtiramiz, bittamiz borib temir choynakda choy olib kelamiz. Nonushta qilib ulgurmasimizdan domlaning ovozi keladi:
– Saflan!

Tasir-tusir etaklarimizni olamiz, saflanamiz.
– Bugun ham norma qirq kilo! Hayda!
– Hayda!

Kechagi oʻn gektarlik dalaning terilmagan qismidan egatga tushamiz. Ibrohim domla bugun shiyponda qolgan, biz bilan Toʻxtasin domla kelgan. U, qoʻlida tolxivich, etigining qoʻnjiga tars-turs urgancha u yoqdan-bu yoqqa yuradi.

Paxtalar nam. Koʻproq terib qolish kerak, tosh bosadi. Kun isiganida qurib, yengil boʻlib qoladi. Ibrohim domlaning qoʻli qattiq ekan, qulogʻimning osti haliyam ogʻriyapti. Zokir paxtasiga koʻsak aralashtiradi, kesak ham qoʻshadi.
– Bilib qolsa, oʻldiradi! – deyman.
– Kecha narigi sinfdan bitta bola qoʻshgan edi, hech kim payqamadi, – deydi u. – Sen ham qoʻshaqol.

Rostdan ham, birov bilib oʻtiribdimi? Katta kesakni maydalab, paxta orasiga qoʻshib yuboraman.

Tarozibon sezmaydi. Telejka ustidagi sinfdoshimiz esa, koʻrsa ham indamaydi. Yigirma ikki! Kechgacha yana oʻn sakkiz kilo tersam bas. Etik oyogʻimni shilib yuboribdi, yursam achishadi.

Shiyponga qaytamiz. Yana qator tizilishib, ovqatga navbat kutamiz. Makaron shoʻrva ekan, makaronlari oppoq emas, qoramtir, katta-katta.
– Madvaliev, Abdullaev, Akbarov, Mamasoliev, Dehqonov, Gʻoyipov, tol tagiga!

Nomi tilga olinganlar bir chetda xomush turishibdi. Tilga olinganlardan biri, Odil – koʻzlari qop-qora, juda koʻngli toza, ammo gavdasi kichkinagina bola, hammadan koʻra koʻproq javdiraydi. Domla u yoqdan-bu yoqqa oʻtganida ortidan hayiqib-qoʻrqib qarayveradi.

Qorongʻi tushadi. Jazolash marosimi boshlanadi. Butun sinf bir tomonga, aybdorlar boshqa tomonga tizilishamiz.

Odil, domla yaqinlashganida qoʻrqqanidan yigʻlab yuboradi.
– Domla, qaerimga ursangiz uravering, ammo boshimga urmang! – deydi yigʻlamsirab, boshini qoʻllari bilan toʻsib. – Men bultur olmadan yiqilib tushganman, boshimga ursangiz miyamning ichi ogʻrib qoladi.
– Bekor aytibsan! – deydi domla, qars etib shapaloq tushiradi. Urishni muncha yaxshi koʻrmasa? Odil voy-voylab, boshini ushlab qoladi. Boshi rostdan ham ogʻriydi, sinfda darsda ham ba’zan ogʻrib qolishini bilaman.
– Nimaga kam terding? Nimaga?
– Ni-ma-ga?

Hamma jazosini olib boʻldi.

Bugun palov ekan. Lekin bemaza, goʻsht oʻrniga kartoshka solingan. Ochqaganimiz bois tez-tez yeb olamiz. Laganning ostida biroz qoldiramiz. Yerga oʻtirib olganmiz, etaklarimizni dasturxon oʻrniga solganmiz. Domla aylanib-aylanib yuradi, keyin xonasiga kirib ketadi. Ichkariga laganni bildirmasdan koʻtarib kiramiz, jazolanganlar sovib qolgan oshni tez-tez yeb olishadi. Shiypon qorovuli bir lagan osh koʻtarib, domlalar xonasiga yoʻnaladi.
– Goʻshtlarini koʻrdingmi? – deydi Zokir, pichirlab. – Hamma goʻshtni oʻzlariga solishibdi.

Odil xafa, indamay yotib olgan.
– Qalaysan, Odil?
– Boshim... – deydi u. – Miyamning ichi ogʻriyapti, oʻrtoq.
– Menga qara, – deyman. – Hozir kichkinamiz-ku, a? Lekin, oʻninchi sinflarni koʻrdingmi? Togʻamlar maktabni bitirishganidan keyin Toʻxtasin domlani urishibdi. Shoshmay tur, biz ham katta boʻlaylik, Ibrohimni uramiz.

Odil toʻsatdan jonlanadi.
– Boshiga uraman, – deydi, koʻzlari chaqnab. – Men ham boshiga, tosh bilan uraman, oʻrtoq!
– Hozir chiroq oʻchadi, – deydi kimdir.

Chiroq oʻchadi.
– Behi yeysanmi? – deyman Odilga.
– Yoʻq, oʻrtoq, mazam boʻlmayapti, – deydi u.
– Behi yesang, ogʻrigʻi qoladi, – deyman. Odil indamaydi. Narida, qorongʻilik ichida pichir-pichir eshitiladi. Bolalar hali-veri uxlagisi kelmaydi. Kimdir uyquga ketdi, kimdir gaplashib yotipti. Darchadan oy koʻzga tashlanadi, u bepoyon kengliklarda jim kezinadi.

* * *

Yana tong otadi. Yana junjiktiruvchi salqin shamol. Zang chalinadi. Etiklar kiyiladi.
– Sinf, saflan!

Saflanamiz. Odil eng oxirida chiqadi. Koʻzlari qizarib ketipti.
– Haliyam tuzalmadimi? Ayt, boshqa domlaga, – deyman.
– Yoʻgʻ-e, – deydi Odil. U Ibrohim domladan juda qoʻrqadi. – Anavi baribir eshitib qoladi, keyin yana uradi.

Odilning qoʻngli ayniydi, boshi aylanadi. Yegan narsasini qayt qiladi.
– Yettinchi sinf! Marsh dalaga!

Oyoq ostidagi nam tuproq etiklar poshnasi ostida ogʻir-ogʻir sochiladi.
– Oʻrtoq, bir gap aytaymi? – deydi Odil. – Men Zamiraga xat yozuvdim.
– Yoʻgʻe? Nima deb yozding?
– She’r yozdim, – deydi Odil. – Koʻrsataymi?
– Nimani koʻrsatasan?
– Xatni-da.
– E jinni! Bermadingmi?
– Yozdim xolos, berganim yoʻq. Oʻqib ustimdan kulvorsa-chi?

Odil etigining qoʻnjidan buklangan qogʻoz chiqaradi. Katak daftar varagʻiga yozilgan toʻrt misra she’rni oʻqiyman.
– Qishloq mazzaydi-ya, – deydi Odil. – Bodring-pomidorlar pishib yotardi, uzib shakarob qilib yer edim. Otam ish buyurib ketardi, darrov bajarib qoʻyardim-da, keyin mazza qilib yotardim.
– Qaerda yotarding? – deyman. Odilning onasi kuyinchak, ozgʻin ayol, Odilga ish buyurmay turolmasligini yaxshi bilaman.
– Qurigan supurgilarni dastalab, bostirmaning ustiga bosib qoʻyganmiz, – deydi Odil. – Non bilan behi olib, kitobim bilan ustiga chiqib ketardim, orasida oʻzimga joy qilib olgan edim. Oʻsha yerda nonni yeb, maza qilib kitob oʻqib yotardim.
– Paxtangni ter, domla qarayapti.
– Engashsam boshim aylanyapti-da, – deydi Odil, keyin choʻnqayib olib tera boshlaydi. Anchadan keyin qarasam, oʻtirgan boʻladi.
– Men boʻlmay ketyapman, oʻrtoq, – deydi u.

Domla etigiga xivichni tars-tars urib, yaqinimizga keladi.
– Domla, Odilning mazasi boʻlmayapti.
– Bekor aytibsan, – deydi u. – Nima qildi?
– Boshimning ichi ogʻriyapti, – deydi Odil.
– Ibrohim domla urdi-ku kecha? Odil olmadan yiqilib tushgan, boshiga ursa miyasi ogʻriydi.

Toʻxtasin domla oʻylanib qoladi, keyin Odilga «Paxtangni yigʻishtirib, yur men bilan,» deydi. Odilning rangi oqarib ketgan, ammo shodlanib, menga koʻz qisadi.
– Bor shiyponga, tushlikda gaplashamiz, – deydi domla. Tushlikkacha yigirma bir kilo teraman. Borsak, non-makaron olib keladigan yuk mashinasi Odilni olib ketgan boʻladi. Oʻrtogʻimning ketgani dilimni ezadi, yolgʻizlanib qolaman.

* * *

Bir necha kundan keyin sovuq tushadi. Zovur tubidagi suv zangor tus oladi. Umuman, kuzda suvlarning toʻq zangor tus olishini oʻsha yerda koʻrganman. Yakshanba kuni yuvinish kuni deb e’lon qiladi domla. Yakshanba kuni tushgacha terasanlar, tushdan keyin tozalik kuni. Qanaqa tozalik boʻlishi mumkin bu yerda? Tushgacha bolalar baribir kam terishadi, domla normaning yarmini belgilagan boʻlsa-da, bugun shtab boʻlmasligini hamma biladi. Tushdan soʻng kim ariq boʻyida, kim chelakka suv olib yuvinamiz. Keyin choy ichamiz. Kechki ovqatgacha ancha vaqt bor, qorin ochqaydi, yashirib qoʻygan nonlarimizni olib yeymiz. Shu mahal Zokir «zovurga baliq ushlagani tushmaymizmi?» deb qoladi. Zovur juda chuqur, tubida baqatoʻnlari biltanglab, ozgina suv oqadi. Qamishlarni ushlab-ushlab, eng pastigacha enib boramiz. Suv ichida qoramtir ilonbaliqlar suzadi. Tushishdan choʻchiymiz, ammo baligʻini tutib olgimiz keladi. Zohid tikandan qarmoq yasaydi. Nam yerni kavlab chuvalchang topamiz, tikanqarmoqqa ilib, suvga tashlab kuta boshlaymiz. Baliq ilinmaydi. Ammo koʻrib turamiz: shoshmay, bamaylixotir suzadi. Qora, ingichka, uzun baliq u.

Saldan keyin shamol esa boshlaydi. Pastak daraxtlarning shoxlarini yulqilaydi, xira jigarrang yaproqlarini uzib chirpirak qilib changu toʻzonga qoʻshib koʻtarilib ketadi. Hammayoq changga toʻladi, daraxtlarning nega past oʻsganini shunda tushunib qolaman – shamol tufayli ekan. Dalalarning bepoyon paxtazorlaridan koʻtarilgan oppoq, yoqimsiz changu toʻzon hamma yoqni enlab ketadi. Zovur ichida boʻlganimiz uchun uncha sezilmayotgan ekan, tepaga koʻtarilganimizda manzarani koʻrib hayron qolamiz. Bir tomon osmon boʻyi chang, shiypon tomonga hali yetib bormagan, ammo shamol shiddati zoʻraymoqda.

Havo yanada sovib ketadi. Qat-qat qora bulutlar toʻplanib keladi, shamol susayadi-da, birdaniga yomgʻir quyib yuboradi. U bahorning yomgʻirlariga oʻxshamaydi, muzday, tishlarimiz takirlab, shiyponga qaytamiz. Bizga oʻxshab yomgʻirda qolgan besh-oltita bola hoʻl mushukka oʻxshab mungʻayib oʻtirishipti. Yomgʻir oqarib koʻrinayotgan shiyponni, «Mansub-1984» degan yozuvni, ulkan kesak xarsanglarini, kalta oʻsgan baquvvat qiyoqlarni, daraxtlarning barglarini yiltiratib-tozalab, bir xilda yogʻadi. Yoʻllar, kesaklar, oqish toʻzon qoplagan dov-daraxt qorayib qoladi. Tomchilar yonimizdagi ariqning zangor suvida kichik halqalar hosil qiladi. Shamol tinib, shabadaga aylangan, bu – yomgʻirning shabadasi... osmonga qarasam bulutlar yanada pasayibdi, oralarida oqish dogʻlar koʻzga tashlanadi, ammo xoʻmraygan, ezuvchi samo.
– Obbo! Endi ertalabgacha tinmaydi, – deydi Zokir.

Kuz sovuqlari ana shunday boshlanadi. Bolalar ayvondagi oʻrinlarini yoyib, oʻzlariga joy solib, koʻrpaning tagiga kirib ketishgan. Qarasangiz kulgingiz qistaydi: qator koʻrpalar ostidan boshlar chiqib turibdi, koʻzlar chaqnaydi. Qanor qopning bir chetini koʻtarib qoʻyganmiz, bu yerdan yomgʻir ostidagi dalalar, yoʻllar, tollarning qari tanalariyu shoxlari, zovur boʻyidagi yomgʻir ostida silkinayotgan qiyoqlar koʻrinib turadi.

Uzumzor yonida ovqat pishyapti. Domlalar gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashishmoqda. Bugun chiroq boʻlmasmish, chunki yomgʻirda simlarda qisqa tutashuv roʻy berib, yongʻin chiqishi mumkin ekan.
– Mazza! – deydi Zokir, koʻrpasini iyagigacha tortib. – Men yomgʻirdayu shamolda, ochiq ayvonda koʻrpaga oʻranib yotishni yaxshi koʻraman, oʻrtoq.

Havo bulut boʻlgani uchun shom erta qoʻnadi. Atrofni qorongʻilik bosmasidan ovqatlanib olamiz. Borib, kosa-tovoqlarimizni yuvib kelamiz.
– Hamma yotsin! – degan doʻrillagan ovozi keladi Ibrohim domlaning.

Hamma yotib olgan, ammo uyqu qayda? Kun boʻyi paxta terganimizda, charchaganimizdan darrov koʻz ilinardi. Hozir uyqu yoʻq. Domlalar yana oʻz xonalariga tiqilib olishgan, u yerda sham yogʻdusi lipillaydi. Shomdan oldin qishloqdan kimdir mototsiklida toygʻona-toygʻona kelgan, u ham domlalarning oldida. Har zamonda kimdir tomoq qirib qoʻyadi, bu siyosat uchun – domlalar uygʻoq, hushyor, nafasingni bilib ol demoqchi. Kimdir nimanidir gapiradi, kimdir qiqir-qiqir kuladi, kulgisi shu qadar zoʻrki, hech oʻzini toʻxtatolmaydi.
– Qachon qaytar ekanmiz qishloqqa?
– Qaytib nima qilasan, u yerda ham hamma dalada, – deydi boshqasi. – Nima qilasan uyga borib? Ertalab maktabda boshingni qotirasan, uyda mingta ish.

Rost aytadi. Sovuqlar tushib qorlar yoqqanidan soʻng dalada paxta qolmaydi. Ammo ilk qorda ham tersa boʻladi, qor sovugʻi qolgan-qutgan koʻsaklarni yorib yuboradi. Xalq ana oʻshalarni ham teradi. Keyin gʻoʻzapoya mavsumi boshlanadi. Traktorlar gʻoʻzalarni bir xilda qirqib-yotqizib ketaveradi, goho gʻoʻzapoyalar orasida ham paxta tergan kunlarimiz boʻlgan. Ularni kishilar dasta-dasta boylab uylariga olib ketishadi, gʻoʻzapoya – tandirga, oʻchoqqa yaxshi oʻtin boʻladi. Kech kuz, gʻoʻzapoya mavsumiga ham oz qoldi. Hozir onam singillarim bilan koʻsak chuviyotgan boʻlishi ham mumkin.

Bolalar bir nimalarni shivirlab gaplashishmoqda, domla eshitib qolsa yana baqirishi mumkin.

Toʻsatdan qorongʻilik ichidan bir shivir tarqaladi, qatorlashib yotgan bolalar orqali toʻlqinlanib, mengacha yetib keladi, ulkan yotoq jim boʻlib qoladi, bahaybat bir nima qorongʻilik ichida osilib-harakatlanayotganga oʻxshaydi.
– Bolalar, Odil oʻlib qopti!
– Odil... Oʻlib... qopti?

Qaydan keldi bu xabar? Mototsiklli kishi olib keldimi uni?

Qop-qorongʻi. Jimlik. Yomgʻir ham, shamol ham tingan. Derazada domlalarning xonasidagi sham yogʻdusi lipillaydi.

Odil?

Hech kim bir narsa demaydi. Bolalar sarosimada.

Odilning menga aytgan soʻzlari esimga keladi.

Ana u... qoʻllarini boshini toʻsib yalinyapti: «Domla, jon domla, boshimga urmang.. men olmadan yiqilib tushganman... ursangiz miyam ogʻrib qoladi!»

Ana u... egatlar orasida, rangi oppoq, Toʻxtasinga ergashib, menga koʻz qisyapti.

Ana u... «Oʻrtoq, men Zamiraga xat yozdim...» Ichimdagi juda ulkan, haybatli bir narsa boʻshliqqa aylana boshlaydi. Yuragimning tub-tubidan bir yigʻi keladi. Qorongʻida hech kim koʻrmaydi deb, shunday boʻlsa-da koʻrpaga boshimni burkab, oʻz-oʻzimdan yigʻlab yuboraman.

* * *

Ertasiga turganimizda tevarakni qor qoplab olgan boʻladi. Ibrohim domla xomush, ulkan gavdasi egilgan, qoshlarining oʻrtasida tuguncha, u yoqdan-bu yoqqa yuradi.

Ibrohim domla qamalarmish!

Bu xushxabar har yoqqa taraladi. Yurakliroq kimdir u oʻtgan joyga borib, iziga tupuradi.

Ortidan boshqa xushxabar tarqaladi: bugun qishloqqa qaytar ekanmiz.

Shiypon toʻs-toʻpolon boʻlib ketadi. Hammayoq iflos, loy. Oʻrin-koʻrpalar yigʻilgan. Bolalar gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashishadi. Hamma yuk mashinasining kelishini kutmoqda.
– Gʻalati boʻlyapti-ku, a? – deydi Gʻani.

Shu oʻn-besh yigirma kunda juda qalin doʻst boʻlib qolganimizni tushunganday boʻlamiz. Bir-birimizdan ayrilgimiz kelmaydi. Lekin, baribiram qishloqqa qaytamiz.

«Mansub-1984» ortda qolib ketadi. Qor qoplagan dalalari, gʻoyat chuqur zovuridagi ingichka baliqlari bilan, uzoqlasha-uzoqlasha koʻzdan yoʻqoladi. Yuk mashinasi toygʻona-toygʻona gurillab, gʻildiraklari ostidan loy ota-ota bizni qishloqqa, ota-onamiz bagʻriga surgalaydi. Ortimizda chuqur-chuqur izlar qolmoqda, ularga koʻlmak suvlari toʻplanmoqda. Yettinchi sinfning oʻsha yilgi terim mavsumi ana shunday nihoyasiga yetadi.

* * *

Keyingi yil sakkizinchi sinf boʻlib yana oʻsha tomonlarga yotoqqa olib ketildik. Bu gal u yerlar ilk safardagi kabi notanish taassurotlarni uygʻotmadi. Bu safar oʻqituvchilar ham boshqa edi, lekin oʻsha yer, oʻsha shiypon, oʻsha choy qaynatiladigan bak... Ayvon atrofi bu safar qora mumqogʻoz bilan oʻrab chiqilgan edi, kunduzi kirsangiz ham qop-qorongʻi boʻlardi, qoqilgan taxtalarining zirapchalari koʻlga kirardi. Yorugʻ tushishi uchun har yer-har yerini yirtib tuynukchalar ochilgan, kun oʻtgani sayin bolalarning shoʻxligi oqibatida yirtiqlar soni koʻpaya-koʻpaya, axiyri hilvirab-osilib yotgan holga keldi. Hozir oʻsha joydan uch-toʻrtta maktab bolasining qochib ketganini ham eslayman. Ularning ismlari xotirimda yoʻq, ammo hali tong yorishmasdan yarimta nonni beliga tugib, tuprogʻi oʻynab ketgan kimsasiz yoʻllardan, domlalar mabodo quvib qolishsa koʻrmasin deya tollaru zovurlarning qamishlari orasida yashirina-yashirina, kun boʻyi ellik chaqirim yoʻl bosib, horib-charchab qishloqqa kirib borishgani, ertasiga esa oʻsha taxtalari siniq yuk mashinasi qochqinlarni yana shiyponga olib kelib tashlagani ham esimda. Shumshayib turgan sinfdoshlarimizga qarab, qochgan yering shu boʻldimi deb kulganlarimizni ham eslayman.

Yillar oʻtdi. Hayotning dolgʻalari hammamizni shiddat bilan turli tomonlarga qarab oqizib ketdi. «Mansub-1984» ham unutildi, dala adogʻidagi shovullagan tollar, yer bagʻirlab oʻsgan behilar, tuproq yoʻllar, chuqurdan-chuqur zovurlar... hamma-hammasi, eslanganida tutun koʻzni achishtirgani kabi dilni bir achishtirib yoʻqoldi-ketdi.

Men ham qirqni hatlab, ellikka qarab ketmoqdaman.

Ibrohim domla hali hayot, qarib-munkillab, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan qaddi bukik xudojoʻy cholga aylangan, qoshlari oʻsib, koʻzlarini toʻsib qoʻygan, barmoqlari qaltiraydigan boʻlib qolgan. Uning zugʻumlari, oʻshqirishlari va urishlari ham oʻsmirlik shiddatlariga qoʻshilib juda olislarda qolib ketdi. «Mansub-1984»ga qoʻshilib, hech qachon eslanmas boʻlib, uzoq bolalikning dolgʻalari ichra gʻoyib boʻldi.

Hech qachon eslanmas dedimmi? Yoʻq, qirq toʻrt yoshimda, toʻsatdan esga keldi u.

Ajabki, esga kelishiga arzigulik bir sabab ham yoʻq edi!

Axir, oradan oʻttiz yilga yaqin vaqt oʻtdi-ku?

Tafakkurim oy nuri kabi yoritgan xotiralarim orasidan oʻsha soʻqmoq, oʻsha shiypon, chuqur zovurlar, yer bagʻirlab oʻsgan behi, tegrasiga qanor qop matosi qoplangan ayvon, yerga qapishganday gʻoʻzalar, zovur ichida biltanglagan baqatoʻnlaru ingichka uzun ilonbaliqlari bilan koʻz oldimda tuyqusdan qalqib chiqdi u! Oʻsha yerda, shiypon qoshida ingichka gavdali, maysaday zaif bir bolakay menga qarab turar edi!

Sochlari menikiday qop-qora, koʻz-qoshlari xuddi mening oʻzim... oyogʻida qoʻnji qayirilgan «tosh» etik, ustida paxtalik, ozgʻin yelkalari turtib chiqib turibdi. Ortida esa oʻsha chuqur zovur, chetlaridanu tublaridan oʻsib chiqqan qamishlar shovullab chayqalmoqda. Osmonni xira bulutlar tamomila enlab-qoplab olgan, bitta-ikkita yomgʻir tomchisi tuproq yoʻllariga kulrang nuqtachalar hosil qilib tomchilaydi.

Shunda uning... kimdandir qoʻrqayotganini payqayman. Qop-qora oʻychan koʻzlari hadiksirab, hayiqib boqadi men tarafga.

Bu hayiqishning nimaligini juda yaxshi bilaman-ku? Axir, roʻy-rost sezyapman-ku nimadan hadiksirayotganini!

«Kel, kelaqol, bolam, nega qoʻrqasan?» deyman ichimda. Ovozimni u eshitadi. Bosh chayqaydi, yana hayiqib nigoh tashlaydi. Shunda m ye n d a n q oʻ r q a yo t g a n i n i sezaman. Nima uchun? Katta yoshli, kuch-quvvatga toʻlgan, zugʻum oʻtkazishga qodir kishi boʻlganim uchunmi?

Uning barmoqlari yorilib-yorilib ketgan, uzun-uzun barmoqlari. Ufqlar esa boʻm-boʻsh.

Yurak-yuragimdan sezaman – u bugungi vazifasini bajarishi kerak. Bepoyon dalaga borib, yerga qapishganday gʻoʻzalardan tosh bosmaydigan, parday yengil chang bosgan paxtalarni terishi kerak.

Mana, hozir etagini oladi-da, indamay dalaga yoʻnaladi. Kimsasiz dala bagʻrida bir oʻzi ketib boradi. Shunda ham goh-goho oʻgirilib, men tomonga hadiksirab qarab qoʻyadi.

Toʻxta, bolajon, qoʻrqma! Sen qoʻrqqan odam emasman men. U odam olis bolalikning dalalarida qolib ketgan. U endi hech qachon senga zugʻum qilmaydi, kilolmaydi.

Yoʻq, endi aytmasam boʻlmas!

Aytmasam, sira boʻlmaydi!

Ey, kimsasiz shiypon bagʻirlarida bir oʻzi qolib ketgan bolakay! Koʻzingdagi koʻrquvning menga naqadar tanish ekanini, kap-katta kishi boʻlsam ham, dilimda hali-hanuz oʻsha qoʻrquv yashayotganini bilsayding? Haligacha boʻynim bukik, aytar soʻzim tilimga roʻy-rost chiqmasligini-chi? Yoshligimning soʻqmoqlaridan haligacha oʻsha kishilar zugʻum bilan oʻqrayib turishganini-chi? Sen kabi, men kabi sonsiz-sanoqsiz bolakaylarning ayni oʻsha mahallarda shahdi sindirilib, qanoti qayirilganini, qoʻrquv bilan shuurlariga bosim oʻtkazilganini, boʻysunish darslari berilganini-chi?

Tegramizdagi sonsiz-sanoqsiz qishloqlarning oʻsha mahaldagi minglab bolakaylarining, hozir voyaga yetib, men kabi bir roʻzgʻorning boshiga kelib, bolali-chaqali boʻlgan kap-katta kishilarning - bizdan avvalgi hamda bizdan keyingi sinflarning – zugʻumchi kishilar qarshisida noziknihol, samimiyatga toʻla zaif va himoyasiz titragan oʻsha bolalarining hammasi butun boshli bir avlodga mansub ekanini, onglarning tub-tubigacha singib ketgan mana shu mansublik qoʻrquvi hali-hanuz shuurlar orasidan qalqib-qalqib chiqayotganini ham aytaymi? Barchamiz ana shu mazlumlar avlodiga mansub ekanimizni, ongu shaxsiyatlarimizni bosib-ezib turgan mana shu ogʻir m a n s u b i ya t toshi ostida yillardir yashab kelayotganimizni-chi?

Ey bolakay, qoʻrqma mendan! Axir, ikkimiz ham ana shu taqdirga mansubmiz-ku? Seni oʻzingdan ham yaxshiroq tushunaman-ku? Oʻshanda – bundan oʻttiz yil ilgari, men ham xuddi senday edim. U qahri qattiq odam senu menga oʻxshash oʻnlab bolalarning qanotini qayirdi, shahdini sindirdi, mute’likka, qoʻrquvga oʻrgatdi. Haligacha goh hayot, goh turmush tashvishlari oldimga bajarishim shart boʻlgan kundalik vazifalarni koʻndalang qilmoqda, uni bajarmasam, shom mahali kimdir tik turgʻizib, hammaning koʻzi oldida ayovsiz doʻpposlashidan haligacha qoʻrqaman, bolam.

Shoshma, ketmay tur dalangga! Mana... yoningga boryapman.

Hozir yetib boramanu oʻzimga oʻxshab ketadigan qosh-koʻzlaringni silayman, niholday ingichka, himoyasiz gavdangni bagʻrimga bosaman, sochlaringning isini dimogʻimda his qilaman! Balki shunda sen ham chinakam otaning mehribon bagʻrini his etarsan, koʻzingdagi qoʻrquv gʻoyib boʻlib, oʻrnida ajoyib bir yolqin – kelajagiga mutlaqo ishongan musaffo bolalikning samimiy ifodalari nihoyat, uygʻonar?

Birpas shoshmay tur, iltimos. Mana, hozir... qalbimda sim-sim ogʻriyotgan ogʻriqlarim bilan... yuragimdagi izillab yogʻayotgan yomgʻirlaru loy tuproqlar, yashil suvlar, izlarda toʻplanayotgan koʻlmaklar, tubida ingichka zangor gʻussa oqqan zovurlarning manzaralari bilan... devorlariga oʻyib yozilgan yozuvlariyu hatto tilga olishga-da hayiqadiganim turli-tuman boshqa xotiralarim bilan... yoningga yetib boraman, ingichka qoʻllaringdan tutaman.

Soʻng, oʻsha ilonizi, tegrasida yantoqlar oʻsgan tuproq yoʻllardan birgalashib ketamiz... qayoqlargadir... Oʻgʻlim!

2011