OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Ozor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiOzor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ozor (hikoya)
Isajon Sulton

«Yoʻqol, yoʻqol!»

Shamol shiddat uradi. Koʻlmaklar osmonning bir parchasini xira akslantiradi. Yaproqsiz yalangʻoch shoxlar chayqaladi, havo toʻlqini koʻlmaklarning suvlarini chayqatib, bulturgi nam xazonlarni xiyol siljitib oʻtadi.

Nam tuproq ustida yunglari hoʻl bir kuchuk panjalariga boshini qoʻyib yotibdi. Pir etib zagʻcha uchib keladi-da, qattiq chagʻ-chagʻ qiladi, shunda kuchuk boshini koʻtarib, unga qarab huradi:

«Yoʻqol! Yoʻqol! Yaqin kelma!»

Qabr ustida ham xazonlar toʻplangan. Kuzning sovuq kuni, odamlar koʻrinmaydi. Osmon xira, pastak bulutlar bilinar-bilinmas suzadi.

Kuchuk ozgʻin, qovurgʻa suyaklari sanalib turibdi, goho oʻrnidan qalqib silkinganida yungidan duv etib tomchilar toʻkiladi.

Saldan keyin ogʻir bir nimani koʻtarib olgan uzun boʻyli, baquvvat bir kishi yoʻlakchadan shu tomonga qarab kela boshlaydi. Kuchuk hushyor tortib, boshini koʻtaradi, kelguvchining odimiga qarab turadi. Yaqinlashganida ilkis oʻrindan qalqadi, unga ham qattiq huradi:

«Yoʻqol! Yoʻqol!»

Vajohatidan hayiqqan kishi yaqin kelolmay, kuchukka poʻpisa qilib koʻradi:
– Ket! Ket dedim!

«Yoʻqol! Yoʻqol! Yaqin kelma! Egamga ozor berma!»

Yomgʻir izillab yogʻadi. Bir xil tusdagi sovuq koʻlmaklarda xira osmonning bir parchasi aks etadi. Kelguvchi qaytib ketishiniyam, yaqinlashishiniyam bilmay taraddudlanib, oldinga yana bir-ikki qadam tashlaydi.

«Ket dedim! Yoʻqol dedim!» deb huradi kuchuk va oʻrnidan qoʻzgʻaladi, shunda hoʻl yunglaridan duv etib yana tomchilar toʻkiladi.

«Egamga eng koʻp ozor berganlardan bittasi sen eding! – deb irillaydi kuchuk. – Nimaga kelding egamning boshiga? Yoʻqol, shuncha ozor berganing kammi?»

Kuchuk oldinga tashlanadi, shunda kelguvchi ortiga tisariladi-da, toʻngʻillab iziga qaytadi. Kuchuk oʻz oʻrniga – qabr boshiga borib oʻrnashadi. Bu yerda quruqroq joyning oʻzi yoʻq – qabr ustida bir behi oʻsgan, ostiga yaproqlari toʻkilgan, oʻsha nam yaproqlarning ustiga yotib oladi.

«Egam juda beozor odam edi», – deb oʻylaydi kuchuk. – Eslasam, yuragim gʻussaga toʻlib ketadi. Qanday kamsuqum, qanday yaxshi odam edi-ya».

Bir necha kundan beri ahvol shu. Yomgʻir tinsa-da, osmondan bulutlar arimaydi. Samo yurakni ezadigan darajada bir xil... Gʻuborli... sovuq izgʻirin esadi.

* * *

Bir ozdan keyin bir ayol, yonida uzun boʻyli oʻspirin bilan kela boshlaydi. Kuchuk yana hushyor tortadi. Boshini koʻtarib, sinchiklab qarab turadi. Yaqinlashishganida tanib, yana irillaydi:

«Yoʻqol! Yoʻqol!»

«Sen ham egamga ozor berganlardansan! Yoʻqol! Yoʻqol!»

«Sen egamning ayoli eding. Bu odamning kimligini butun umr yonida yashab bilmading. Qorning toʻq, usting but edi, boshpanangdan chakka oʻtmas edi. Koʻrgan kuningdan norozi boʻlib javrarding, xolos. Kasal boʻlib yotib qolganida qaramading, tuzingni oqlamading. Yegan-ichganing, kiyganing, butun roʻzgʻoring shundan edi. Qirq yil shuning qoʻliga qaram boʻlding. Kasalvandligida oylab boshidan beri kelmaganing, shuning topgan-tutganini uyingga tashiganing otang seni bor-yoʻgʻi oʻn yetti yil boqqan edi, xolos. Lekin otangdan yuz chandonini qilib qoʻygan xoʻjangga qaramading. Atay qildi, atay hech qaerga bormadi egam. Senlar bilan qolishni istamadi egam. Ket, ket! Yaqin kelsang boʻgʻzingni gʻajib tashlayman!»

Ayol ham qoʻrqadi. Oʻsma tortilgan koʻzlarida hadiksirash, ortiga qaray-qaray qaytib ketadi.

Makon yana kimsasiz boʻlib qoladi, kuchuk yana boshini panjalari ustiga qoʻyib yotib oladi.

Yomgʻirda qolib ketgan chumolilar loyga bota-bota, bir nimalarni inlariga surgab boradilar. Bir muddat qarab turadi, keyin odamga oʻxshab xoʻrsinadi. «Egam ham, men ham, sizlar ham bir-birimizga oʻxshaymiz, – deydi ularga. – Egam ham qishmi-kuzmi, yomgʻirmi-qormi demasdan uyiga, bolalariga rizq tashir edi.»

Chumolilar uning tilini tushunishmaydi. Kuchuk choʻzib uvillaydi.

«Toʻqqizta bola-ya! Toʻqqizta bolani deb shu koʻyga tushdi egam.

Tinmasdan uringani uringan edi. Ertalablari ham, kechqurunlari ham mehnatning ichida edi. Saharda osmonda yulduz soʻnmasidan turib chiqib kelardi. Yerning ichiga oʻtirib olib oʻtoq qilardi, kechalari uzoqlardan suv ochib kelardi, suv yoʻliga tushib qolgan kesaklarni yalang qoʻli bilan olib tashlab sugʻorardi, oʻtlarini bittalab yulardi. Men tinmay orqasidan ergashib yurardim.

    Ekinlariga gapirar edi, egam.
    Bugʻdoylariga, arpalariga gapirar edi.

Bolalarimning rizqi deb ekdim sizlarni, der edi. Modomiki rizq ekansiz, gurkirab oʻsing, deb tepangizdan ketmayapman.

Qattiq shamol esib, bugʻdoyzorini yer bilan yakson qilganida, sinib yotgan bugʻdoylar oldida yigʻlagan edi egam.

Hoy imonsizlar, men oʻzim uchun urinib-beringanmidim, degan edi egam. Bola-chaqamning bari sizga moʻltillab turibdi-ku. Endi koʻzlariga qanday qarayman?

Oʻzi yemasdi egam, bolalarim yesin derdi. Oʻzi ichmasdi, oʻzi kiymasdi. Mumsik, ezilgan bir odam edi. Goho oʻtirib, dam olganida menga soʻz qotib qolardi.

Senga yaxshi-da, Qoravoy, der edi. Rizq deb, bolam-chaqam deb oʻzingni oʻtga-choʻqqa urmaysan. Xudoyim rizqingni dunyoga sochib tashlagan. Qiyin, odam bolasiga qiyin.

Bir martagina shodon kulgan edi egam. Bolalari kichkinaligida, ular bilan ayvonda oʻynagan edi. Bolalari ustiga chiqib olishib, soch–soqollaridan tortqilab yumdalashgan, shunda oʻziyam yosh boladay suyunib-quvnagan edi egam.

Umrini bolalariga xarj qilib yuborgan edi-da...

Koʻpchilik ozorlar edi egamni. Shunda goho menga soʻz qotar edi.

Sabr, sabr... der edi. Yana jindaygina qoldi, sabr qilish kerak xolos, Qoravoy. Ichimda-ku gaplarim koʻp, ammo senga aytganim bilan nima foyda? Vaqti kelganida Xudoyimning oʻziga aytarman...»

* * *

Kelguvchi loy toygʻoq yoʻldan ancha joygacha qiynalib yurib bordi, keyin oʻsha yerdagi eski tut tagida turgan mototsikliga oʻtirib, tarillatib joʻnab ketdi.

Anchadan keyin barglari toʻkilib yalangʻochlanib qolgan qishloq teraklari koʻrindi. Uylarning boʻgʻotlaridan qoraygan yogʻochlari chiqib turar, ulardan ham yomgʻir tomchilar edi.

Uch-toʻrtta chol machitdan chiqib kelishayotgan ekan, kelguvchi ularning yoniga toʻxtab, birma-bir qoʻshqoʻllab koʻrishdi.
– Ha, yoʻl boʻlsin?
– Doʻstimni boshiga boruvdim, bugun yakshanba, shu marmartoshni qadab kelaqolay deb, – dedi u.
– Rahmatlining haqiqiy doʻsti edingiz, doʻst odamni oʻlganidan keyin ham unutmaydi, yashang, – dedi chol, havaslanib.
– Yoʻq, boʻlmadi. – dedi Doʻst. – Eslasangiz, biqinida, peshanasida sariq dogʻlari bor qora kuchugi boʻlardi. Qabrining ustiga yotib olibdi, irillab, hech kimni yaqinlashtirmayapti.
– Iya, quturib qolmaganmikin? – deb tusmolladi chol.
– Quturgan boʻlsayam ehtimol, – dedi Doʻst. – Ammo yaxshi kuchuk edi. Yonidan sira ayrilmasdi, qayga borsa ergashib yuraverardi. Olamdan oʻtgan kuni eshik oldida rosa oʻralashdi. Tepib haydasam ham ketmadi. Keyin eshikni ochib berdim, shuyam xudoni maxluqi, xayrlashib olsin, dedim. Kirib, xuddi odamday gʻingshib, mayitning oyoqlariga boshini qoʻyib yotib olsa-da! Axiyri sudrab opchiqib tashladik.
– Bu hayvonni xudoning oʻzi odamga doʻst qilib yaratib qoʻygan, – dedi chollarning unisi. – Kahf gʻorida qolib ketgan yigitlarning oldida ham kuchugi boriydi.

Doʻst oʻylanib qoldi.

«E oqsoqol, sizga shunaqa dedim-da, aslida qadriga yetmabman, – deb oʻyladi ichida. – Haqiqiy doʻst ekan-ku, bilmabman. Pul-mul zarilligida shunga kirardim, bir-ikki soʻm yigʻib-terib qoʻygani boʻlsa, berardiyu qaytib soʻragani istihola qilardi, yoʻqsa bechorahol bir odam edi-ku?! Unmi-bugʻdoymi kerak boʻpqolsa, soʻramasdanam opketaverardim. Gapgayam usta emas, indamay kulimsirab turaverardi, oʻrni kelsa hammani ichida mayna ham qilardim. Endigina aqlim yetyapti, oʻtdi-ketdi u. Ustiga bitta marmartosh oʻrnatsam, duoi fotiha qiptursam, shoyad ruhi shod boʻlar desam, kuchugi yaqinlashtirmayapti. Gapning toʻgʻrisi, birontamiz ham oʻsha kuchukchalik boʻlolganimiz yoʻq...»
– Unda, kuchukni yoʻqotish kerak, – dedi chol. – Sizni-ki tanimaptimi, demak, bir balosi bor. Erta-indin boshiga ayoli, bola-chaqasi borsa, qopib-netib olmasin tagʻin? Ketganlar duoga zor boʻlib yotishadi, bolam. It bir maxluq-da, haliyam egamni qoʻriqlashim kerak, deb oʻylayotgan boʻlsa ajabmas.
– Qaydam, – dedi Doʻst. – Rostini aytsam, tengu toʻshlar birin-ketin joʻnashyapti... Bir kuni men ham ketsam, tepamda oʻtiradigan bitta it ham yoʻq.
– Ketgan ketdi. Xudo qolganlarga umr bersin, – dedi chol. Va xayrlashib, imillab oʻz yoʻliga ketdi.

* * *

Doʻst ham chollarning yonidan ayrilib, oʻz yoʻliga joʻnadi. Yomgʻir tomchilari simyogʻochlarning simlarida marjon boʻlib tizilgan, hozirgi izgʻirinda duvillab toʻkilar edi. U oʻylanib turib, yoʻlni oʻz uyiga emas, doʻstining uyiga soldi.

Kirib borganida, doʻstining xotini yomgʻir ostida qolgan makkapoyalarni bostirma ostiga tashiyotgan ekan.

Kelguvchini koʻrib ishini bas qildi, yaqinlashib, roʻmolning uchi bilan yuzini toʻsib soʻrashdi.
– Oʻgʻil koʻrinmaydi, yaxshi yuriptimi? – deb soʻradi Doʻst.
– Ha, shu yerda, mol-holga qarayotuvdi, – dedi ayol. Keyin qizchasi bilan ichkari uydan toʻshak opchiqib, namiqqan soʻriga soldi. Boshqa bir boʻychanroq qizaloq oʻchoqboshiga choy qaynatgani ketdi.
– Choyga ovora boʻlmang. Oʻrtogʻimning oldiga boruvdim, qaytishda kirib oʻtay dedim, – dedi Doʻst.
– Voy, ming rahmat, kam boʻlmang, – dedi ayol. – Rahmatli qanday odam edi-ya. Qadrini bilmabmiz, mana endi hamma ish oʻzimizga qoldi.
– Umri qisqa ekan, nimayam qilardingiz, – dedi Doʻst, bir nimalarni tusmollab. Ichida esa «aslida sen shallaqining dastidan tamom boʻldi-ku, bilib bilmaganga olasan», dedi nafratlanib.
– Oʻziga sira qaramas edi, – deb davom etdi ayol. – Hoy, ustingizdagi kiyimingiz titilib ketibdi, yangisini oling desam, avval bolalarni ustini butlab olay, keyin oʻzimga olarman, derdi. Toʻqqizta bola-ya? Oʻzimizniiki beshta, qolgan toʻrttasi qaynogʻamdan qolgan joʻjiqlar. Endigina bittasining kam-koʻstini toʻgʻrilasak, boshqasiniki chiqib qolardi. Mazasi qochganida, doʻxtirga boring deb xudoning zorini qildim. Shoshma, dard mehmon, oʻzi kelib oʻzi ketadi, deb bormadi. Mana, baribiram ketar ekan-ku? Shunaqa qilmasa ham hammaning kuni oʻtar ekan-ku?

Shunday deb, xoʻrligi kelib piqillab yigʻladi. Doʻst ishonqiramasdan unga sinchiklab razm soldi. Ayol bu nigohni sezdi, mijjalarini artib, «Bekorga kelmagandir, bir nimadan ilinji boʻlsa kerak,» deb oʻyladi.
– Shu, rahmatlining kuchugi boriydi-yu, – dedi Doʻst.
– Voy, ha, oʻsha oʻzimizni kuchukmi?
– Ertalab belgi qoʻygani boshiga borsam, qabrining ustiga yotib olibdi, birovni yaqinlashtirmayapti.
– Toʻgʻri aytasiz, kechroq biz ham bordik, bizgayam daf qildi, – dedi xotin.
– Menimcha, bu kuchukda bir gap bor, balki kasaldir? – dedi Doʻst. – Maslahat shuki, uni biryoqli qilmasa boʻlmaydi. Doʻst-dushman bor, elda har xil gap oralamasin.
– Ha, toʻgʻri aytasiz, – dedi xotin. – Boyoqish, uvol-da lekin. Nonni orasiga igna tiqib bersakmikin?
– Yoʻq, sizlarniyam, meniyam tanib turib yaqinlashtirmabdimi, demak, nonni yemaydi, – dedi Doʻst. – Miltiq bilan otgan tuzuk.
– U yerda miltiq otsa, gunoh boʻlmasmikin? – deb soʻradi ayol.
– Bilmasam, – dedi Doʻst. – Ertaga men bir oshnamdan miltigʻini soʻrab turaman. Keyin katta oʻgʻlingiz bilan borib otib kelamiz.
– Mayli-mayli, sizdan Xudo rozi boʻlsin, – dedi ayol. Keyin, harholda, kuchukka yana rahmi keldi. – Aldab-suldab, dala-dashtga oborib adashtirib kelsa boʻlmaydimi?
– Birovni yaqinlashtirmayapti-ku, qanaqa qilib aldaysiz? Quturib qolgani rost shekilli, – dedi Doʻst, mulohaza qilib koʻrgach. – Kim bilsin, – dedi keyin, yana oʻylanib. – Kim bilsin, hozir u yerda nimalar roʻy beryapti ekan?

...Oʻgʻil tomorqadan chiqib kelganida Doʻst yuziga fotiha tortib, qoʻzgʻalmoqda edi.
– Bolam, kel, koʻrish, otangning oʻrtogʻi keldi, – dedi ayol.

Oʻgʻil kelib, Doʻst bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi.
– Katta yigit boʻpqopsan-ku, – dedi Doʻst. – Otangni oʻrniga dastyor boʻpsan-da.
– Ha, otasining oʻrnini bosyapti, – dedi ayol. – Ishlarimni qoʻlimdan olyapti ishqilib.
– Oʻylab qarasam, hamma bolam-chaqam deb yelib yuguryapti, - dedi Doʻst. – Rahmatlik ham shunaqa edi. Men-chi? Nima gunohi boʻlsa oʻzimning boʻynimga, ne boʻlsam boʻlay, ammo bolalarim qiynalmasin deb qanaqa ishlarga qoʻl urmadim-a.

Yigitcha indamadi, lekin ichida oʻylandi: «Rahmatli deyapsanmi? Nima ilinjda kelganingni bilmas ekanmanmi? Otamni doim masxaralab yurarding. Oʻgʻlim yoʻq, endi sizlar oʻgʻlimsiz deb bahona qilib har zamon kelasan, gapingni qaytarolmay tomorqangga borib yeringni chopamiz, oʻt yulamiz, devorlaringni urib beramiz. Yana otalik da’vo qilasan. Shoshmay tur hali, katta boʻlvolay...

Otamday begʻubor odam dunyoda yoʻq edi-ku? Oʻsha begʻuborligidan ham kulding, foydalanding. Toʻylarga borganimizda davralarning toʻrida oʻtirarding, otamga qarab ham qoʻymasding. Bizga goho osh ham tegmay qolardi, bir chekkada oʻtirib-oʻtirib, indamasdan qaytib kelaverardi otam. Endi dunyodan oʻtganida nomini sotyapsanmi? Doʻst boʻlsang, yonida tur edi! Ichida dardi koʻp edi, ammo Ota-ku, bizga aytarmidi? Sen dardkashi boʻlgin edi. Ana, oʻtqazib ketgan daraxtlari shigʻil-shigʻil, usiz ham meva tugib yotipti. Hozir mana shu behilardan uzib, biznikiga tashlab qoʻyinglar deb aytasan. Otam esa «bolalarimning rizqi» deb shularniyam yemasdi, shoxlarining tagida oʻylanib oʻtiraverardi. Teng-toʻshiga qoʻshilib choyxonaga bormasdi, ulfat nima bilmasdi, yumushdan boshi chiqmasdi, bir burda qattiq nonini yeb indamay soʻriga borib yotardi. Ha, hammang bir boʻlvolib otamni rosa ezdilaring-ku? Bariga chidar, lom-mim demas edi. Endi bilsam, bolalarim deb tishini-tishiga qoʻygan ekan bechora. Sen boʻlsang ikki beting qip-qizil, oldimizga kelib, otangiz savobga zor boʻp yotibdi deb oʻzingni savobgar qilib koʻrsatmoqchimisan?»

Oʻgʻilning dilidan shu gaplar kechdi. Doʻst unga sinovchan qarab turdi, koʻpni koʻrgan nigohi bolaning koʻnglidagilarni uqdimi, qaydam, oʻrnidan qoʻzgʻaldi:
– Men Eshonning miltigʻini soʻrab olaman ertaga. Behilar rosa boʻpti-ku, a? Bolam, bir-ikki paqir uzib

biznikigayam tashlab qoʻyarsan.
– Xoʻp, kepturing, – deb uni kuzatdilar.
– Ona, nimaga kepti bu odam? – deb soʻradi oʻgʻil.
– Otangni kuchugi quturib qolgan boʻlsa kerak deb xavotirlanyapti. Tepasiga borib duo qipturish kerak, borganlarni yaqinlashtirmayapti, erta sahar borib otib kelaylik, oʻgʻlingiz ham men bilan borsin deyapti.
– Yaxshi kuchuk edi, – dedi oʻgʻil. – Otamga juda sadoqatli edi. Qayga borsa orqasidan ergashib yuraverardi. Otam ham uni koʻrmasa bezovtalanib qolardi.
– Ha, qurtu qushga, hayvonlarga mehribon edi otang, – dedi ayol.
– Uyning tomidan chakka oʻtibdi, – dedi oʻgʻil. – Men chiqib, tuzatib tushay.
– Boraqol, onang choʻring boʻlsin, – dedi xotin.

* * *

Yomgʻir allaqachon tingan, lekin havo sovuqligi uchun haliyam hammayoq loy-balchiq edi.

Kuchuk hanuz oʻsha alfozda yotar edi.

«Yaqin kelma! Egam orom olyapti, tinchini buzma, badbaxt!»

«Egam hozir na doʻstini, na ayolini, na tanish-bilishlarini eslaydi, – deydi kuchuk, boʻm-boʻsh koʻzlarini huvillagan makonga tikkanicha. – Goho ruhi men bilan gaplashadi. «Egam, dunyoni eslay olasanmi», deb soʻrayman. «Bilmasam, Qoravoy», deydi. «Eslaganim shuki, bir chuqurda edim, oʻsha yerda juda uzoq vaqt qolib ketdim, deydi. Besh-oltita chayon bor edi, tinmay meni tishlab-chaqardi. Ortimda bolalarim bor edi, biri-biridan shirin, begʻubor, ishonuvchan, meni pushti panohim, suyangan togʻim deb bilguvchi bolalarim... Qimir etsam, shu gazandalardan birontasi mendan oʻtib bolalarimga daf qilmasin deb tishimni-tishimga qoʻyib chidar edim chaqishlariga. Qonimni ichar edi u chayonlar. Bolalarim chayonlardan bexabar unib-oʻsishsin der edim. Keyin mana shu yerga kelib qoldim. Bu yer juda tinch, kelgan kunim kimdir «endi orom olaqol» deb aytdi. Bolalarim-chi, deb soʻradim undan. Bolalaringdan xotirjam boʻl, ularni oyoqqa qoʻyding-ku, dedi. Chayonlarni ham soʻradim. Dediki, u chayonlar azob berdi deb oʻylaysanmi? Qoningdagi qora zardoblar ularga rizq qilib qoʻyildi. Sen zardoblardan poklanding, ular esa oʻshani yeb-ichib, semirib-toʻlishishdi. Aslida qoningni tozaladilar, shu bois ham senga orom inoyat koʻrildi...»

«Qiyomatda kishiga ahli ayoli va doʻst-yorlari koʻrsatiladi, – dedi Egam, yana. – Aytiladiki, ey banda, hayoti dunyoda shular bilan umr kechirgan eding, dunyoi abadiyada ham birga boʻlishni xohlaysanmi? Eh, Qoravoy... aytsam kerakki, xudoyim, nima qilsang qil, lekin hargiz bularning yuzini koʻrsatma menga!»

* * *

Xiyol oʻtib, etak tomonda besh-olti kishi koʻrindi. Oralarida mahallaning chollaridan biri ham bor edi. Qoʻlida miltiq koʻtarib olgan Doʻst ham koʻrinmoqda edi.
– Ishqilib, umringizda miltiq otganmisiz? – deb soʻradi chol.
– Otganman, xotirjam boʻling, – dedi Doʻst.
– Shu kuchukni joniga bekor zavol boʻlyapmiz-da, – dedi Chol. – Xudoning maxluqi, indamay qoʻyib bersangiz, balki oʻzi yoʻqolarmidi?
– Shuncha payt ketmadi, endi ketarmidi?
– Qorni ochqasa, yemish izlamasmikin?
– Hoʻv ana, haliyam yotibdi, – dedi Doʻst. – Koʻryapsizmi, yomgʻirgayam qaramabdi. Pana joyga oʻtardi-da sogʻ boʻlsa.
– Vafodorligini qarang, – dedi Chol. – Shunchalik ham boʻlarkanmi? Qancha vaqt oʻtdi, hech boshidan jilmabdimi?
– Jilmabdi, – dedi Doʻst, achchigʻi chiqib. – Ammo bunaqa vafodorligidan kimga foyda?
– Ha mayli, Xudoning irodasi, – dedi Chol, taqdirga tan berib.

Ora oʻn besh-yigirma qadamcha qolganida toʻxtashdi. Doʻst choʻntagidan suvqogʻozga oʻralgan oʻqni chiqardi, qoʻshtigʻni ikki buklab, ikkala quvurga ham soldi. Keyin nari turinglar deb, oʻzi qiyshiq oʻsgan olma oldiga bordi, milni butoqqa qoʻyib moʻljalga oldi.

Shunda kuchuk joyidan qoʻzgʻaldi-da, miltiq otguvchiga qarab dumini likillatib boshini yerga ishqab ingillay boshladi.
– Hah jonivor-a, yalinyapti-ku sizga, – dedi Chol, achinib. – Otma deyapti.
– Bekor aytibsiz, – deb qayirib tashladi uni Doʻst. – Ajali yetganini qaydan bilardi, aqlsiz hayvon boʻlsa?

Chol ikki qoʻli bilan qulogʻini bekitib, kalima qaytarib turdi.

* * *

«Bu safar besh-olti kishi boʻlib kelishdi. Yaqinlasha olishmayotganidan haliyam choʻchishayotgani bilinib turardi. Orqaroqda ikkita yosh yigit matoga oʻralgan uzunchoq, ogʻir bir nimani koʻtarib olishibdi.

Kelganlar oʻzaro bir nimalarni gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashib turishdi, keyin bittasi – kecha yaqinlasholmasdan qaytib ketgan gavdali kishi daraxt butogʻiga miltigʻining milini qoʻyib, bir koʻzini qisib moʻljalga ola boshladi. Yonidagi kalta soqolli chol unga qarab nimadir dedi.

Yana hurib, ularni haydashga chogʻlanganim on, oramizda, ikki qadam narida egam paydo boʻldi!

Oʻsha-oʻsha ozgʻin, qotma, qoʻllarining qadoqlari hali ketmabdi. Kulmagan yuzi endi kular edi.

Jilmayar edi!

«Sen ham xuddi oʻzimga oʻxshaysan-a, Qoravoy. Kel, kel!» derdi.

Suyunib poyiga otildim, oyoqlariga boshimni ishqalab, juda tanish isini izlay boshladim. Ajabki, hidi yoʻq edi.


– Kel-kel, Qoravoy, – dedi Egam, yana. - Yuraqol men bilan. Yomgʻirda sovqotib ketipsan-ku, jonivor, – dedi mehribonlik bilan.»

* * *

Qarsillab miltiq otildi. Dumini likillatib, yerga bagʻrini berib surgalib yalinayotgan kuchuk oʻq zarbidan ikki qadam nariga uchib ketdi-da, behi tanasiga urilib, angillagancha yerga qulab tipirchilab qoldi.
– Toʻngʻiz oʻq bilan oʻqlovdim, – deb qoʻydi Doʻst, milidan tutun chiqib turgan miltiqni tushirarkan. – Yana otaymi?
– Yoʻq, yetar, – dedi Chol, tipirchilayotgan kuchukka qarab, xomush. – Joni chiqib boʻlsin, keyin yosh-yalangga aytinglar, sudrab biror chuqurga koʻmib tashlashsin, har holda vafodor edi. Boshqa itlar talashib-tortishib, goʻshtini yeb ketishmasin.
– Ha, savob ish boʻldi, – dedi boshqa birov. – Yoʻqsa, itning sadoqati odamga zarar keltiradi deb kim oʻylabdi?

Oʻgʻil borib, kuchukning jasadini nariroqqa sudrab tashlab keldi.
– Keyinroq boshqa joyga oborib tashlarmiz, – dedi u. – Mirmuhammad buva, otamning haqqiga bir tilovat qiling.

Kelguvchilar choʻnqayib oʻtirishdi. Chol oʻzi bilganicha qur’on oʻqidi, savobini paygʻambarlarimizga, azizu avliyolarga, dunyodan oʻtgan ahli moʻminga, xususan mana shu yerda yotgan birodarimiz falonchiga bagʻishladik, deb yuziga fotiha tortdi. Qolganlar ham shunday qilishdi.
– Ana endi bemalol kelaverasizlar, – dedi Chol. – Ota oʻtganidan keyin tashvishlarga chalgʻib esdan chiqarib qoʻyish kerak emas. Boshiga tez-tez kelib turinglar.
– Xoʻp, – dedi oʻgʻil.

Qilgan ishidan qoniqqan toʻda imillab qishloqqa qaytdi.

* * *

Ertasiga bu yerga ikki-uch kishi kelib, marmartoshni oʻrnatib ketishdi. Yashab oʻtilgan umrning oʻtkinchiligidan va yaqinlarining mehru oqibatlaridan xabar beruvchi marmartoshning oʻrtasiga, guldor hoshiya ichiga bitilgan mana bu she’r bir necha yil yomgʻirlardayu qorlarda, saratondayu kuzakda qorayinqirab, bir xilda qaqqayib turdi:

    Qator-qator uy solgan,
    Devoriga gul solgan,
    Solgan guli bitmasdan,
    Goʻristonga yoʻl olgan,
    Eksa bitmas maydonim,
    Chaqirsam kelmas mehmonim,
    Ot koʻtarmas polvonim,
    Uyimdagi sultonim,
    Orqamga tushgan oftobim,
    Ustimga kiygan kimxobim,
    Qishlardagi qishlovim,
    Yozlardagi yaylovim,
    Otajonim, jon otam,

    Otajonim, voy otam...