OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Qismat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiQismat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qismat (hikoya)
Isajon Sulton

Kichik Oʻgʻil

Ayvon.

Ustunlar vaqt oʻtishi bilan toʻq jigarrang-qoramtir tus olib, uzunasiga yorilgan. Ba’zi yoriqlarida mayda chumolilar oʻrmalashadi. Kattaroq bir yoriqqa sariq arilar in qurgan. Ular koʻp emas, sakkizta yoki toʻqqizta. Ertalab hali havoda nam koʻp mahali gʻuj boʻlib turadilar, qanotlari qurigach, uchib ketadilar. Qanoti nam arining gʻoʻngʻillashi boʻgʻiq va past boʻladi. Qanoti quruq ari zirillagan ovoz chiqarib uchadi.

Bularning chaqishi erta bahorda kuchli boʻlmaydi. Yoz boʻyi kuch toʻplaydi. Zahri kuzda oʻtkirlashadi. Chumolilar bilan arilar bir-birlariga tegmaydilar. Goʻyo har biri oʻzining tashvishi bilan ovora.

Hovli shoʻrlashgan, oqarib qolgan. Har yer-har yeridan shoʻralar oʻsib chiqqan. Bitta-ikkita ajriq ham koʻzga tashlanadi, lekin ular zaif, sargʻayib ilvirab qolgan. Toshni surib-yorib, duch kelgan yerda oʻsib ketaveradigan bu bezbet oʻt shoʻrni nimagadir yoqtirmaydi, suv sepsa ham oʻsmaydi, ildizlarini yigʻishtirib olib, quyoshda toblanib yotadi. Shabada qurib-engil boʻlib qolgan ildizni surgalab, boshqa joyga olib koʻchiradi, shunda namni sezgan ildiz darrov tomir otadi – toʻrt-besh kunda mahkam oʻrnashvolib, urchib ketaveradi.

Ayvonda choʻpsavat. Choʻpsavatda non. Juda shirin, suvi qochgani undan ham shirin. Lekin enam toʻyib yegani qoʻymaydi. Non soʻrasak, bir burdagina beradi. Ba’zan nonpalov pishiradi. Nonpalovga sabzi ham qoʻshadi, sabzili nonpalovni men yomon koʻraman, faqat nonlarini terib yeyman.

Umuman, nonni juda qizgʻanadi enam. Ovqat yeb boʻlinganida, ushoqlarni qunt bilan toʻplaydi, keyin akamga, ba’zan menga beradi. «Ol, polvon boʻlasan», deydi. Mening ushoq yegim kelmaydi.

Ikkinchi choʻpsavatda qurutlar. Har yer-har yeriga tuproq yopishgan, ammo yogʻli va mazali.

Uyning orqasi tomorqa. Tomorqa juda orasta, tartibli. U yerda oʻynashga ruxsat yoʻq. Egatlar toʻppa toʻoʻri, qiyalatib olingan, sugʻorilganida koʻllab ham qolmaydi, oqib ham ketmaydi, balki egatlarni bir maromda toʻldiradi. Tomorqa adogʻi aylanasiga mevali daraxtlar. Katta qizil olma, olmurut, nok, yongʻoq bor. Yongʻoq bilan oʻrikning tagida oʻt oʻsmaydi.

Keyin qator orasta teraklar boʻy choʻzgan. Ular katta boʻlganida kesib olinadi, kesilganida yogʻoch shirasining boshni aylantiradigan isi anqib ketadi, poʻsti shilinganida ham shunaqa boʻladi. Shox-shabbalar tandirga ishlatiladi, yogʻochlari uyga sinch boʻladi. Shu bois terak koʻp, sanogʻi ellikdan oshiq. Yaproqlari sal shabadaga ham shildiraydi.

Undan keyin qoʻshnining tomorqasi. Keyin yana allakimning. Keyin dala, dalaning adogʻida zovur bor. Zovurning suvi bahorda loyqa tus oladi, yozda shaffof, kuzda esa zangor-moviy tusga kiradi, sokinlashadi.

Gap ana shu zovur haqida. Toʻgʻrirogʻi, zovurda men koʻrgan ajoyibot haqida.

U yerda tilla baliq bor.

Bu baliqdan bir Xudo, bir men xabardorman.

Zovurga u qanday kelib qoldi ekan? Oʻtgan kuni juda qattiq momaqaldiroq boʻlib, chaqmoq chaqqan, ovozidan xuddi osmon yorilib ketgudek boʻlgan, keyin esa sharros jala quygan edi. Aytishlaricha, oʻshanda shu yerdan koʻrinib turadigan togʻlarning choʻqqilaridagi qoru muzlar koʻchib, yoʻlidagi qishloqlarni vayronaga aylantirib shiddatli sel kelgan, mana shu zovurlar ham loyqa suvga limmo-lim toʻlib oqqan ekan – balki oʻshanda kelib qolgandir?

U tush mahali, quyosh qattiq qizdirganida suv betiga chiqadi. Qingʻayib quyoshga qaraydi, keyin dumi bilan suvni qattiq uradi, shunda qarsillagan ovoz chiqadi.

Qamishlar ham qarsillagan ovoz chiqaradi. Chunki tanasi gʻovak boʻladi, shabadada egilganida qarsillaydi.

Men uning rangini yaxshi koʻraman.

U – tovlanuvchan. Suvda rosa chiroyli koʻrinadi, ammo suv betiga chiqsa, uncha tovlanmay qoʻyadi. Nozik ranglari dumdan boshga qarab bilinar-bilinmas oʻzgarib boradi. Quyuq qirmizidan och qizgʻimtirga oʻtadi, keyin esa sariqqa almashadi. Suzgichlari och qizil, qora nuqtali – sariq hoshiyali, yomgʻirda qolgan kapalakning hoʻl qanotiga oʻxshaydi.

U mening gaplarimga quloq solishini ham bilaman. Gapirsam, indamay qarab turadi. Sabru toqat bilan gapimning adogʻini kutadi. U chiqqanida qushlarning ovozi oʻchadi, hasharotlar chirillamay qoʻyadi. Qamish poyalaridagi ninachilar jim chayqaladilar. Shabadaning ovozi esa kuchayadi, nimadir shivirlayotganga oʻxshaydi.

Baliq shabadani yoqtiradi. Mayda mavjlar metin tanasiga tegib sinishi xush yoqsa kerak. Quyosh nuri uning yiltiroq tanasida suv bilan qoʻshilib jilolanadi. Tomchilar yiltiraydi. Oqimtir-sargʻish oyquloqlari sokin-osoyishta qimirlaydi. Koʻzining atrofidagi hoshiyasigacha nurli tuyuladi.

Qoq tush mahalida enam katta akam bilan suvni qoʻyvorgani ketadi, chunki tush mahali ekinni sugʻorib boʻlmaydi. Ekinni ertalab yoki kechasi sugʻoradi. Shunda men ularning koʻzini shamgʻalat qilib qoʻshnining yeriga oʻtaman. Qoʻshnimiz tomorqasini aylantirib makkajuxori ekkan, devorday boʻlib shitirlab turadi. Poyasi bilaklarimni achishtiradi.

Zovur yoqasiga boraman, doʻngga oʻtirib, suvga qarab kutaman.

Baliq mening kelganimni sezadi, lekin darrov chiqa qolmaydi. Ungacha gʻumbaldoq oʻtiga tegishaman. Gulkosasi och yashil, qoʻpol, ichida kichkina nuqtachalari bor, barmogʻimni tegizsam darrov gulkosasini yumib oladi. Xuddi koʻzini yumganga oʻxshaydi, qoʻrqoq, hurkak oʻt u.

Goho xunuk, vahshiy ninachi qurti suv ostidan yuzaga – qamish yoki oʻt poyasiga oʻrmalab chiqadi. U juda ochofat, koʻrgan narsasini paqqos tushiradi, ba’zan oʻzining nasldoshlarini ham yeb qoʻyadi. Poyada soatlab qimir etmay turadi, keyin yelka qismi toʻsatdan yoriladi, yorilgan qismidan qanotlari harir, boshi katta oʻzga bir jonzot – ninachi chiqib keladi. Doʻngga qoʻnib, quyosh haroratida qanotlarini quritgach, pirpirab uchadi-ketadi... Miltillab suzib yurgan itbaliqlar ham oʻzgarib, baqalarga aylanadilar. Ildizning poʻk qismida istiqomat qiladigan yana bir jonzot – semizqurtning hayoti ham toʻsatdan barham topadi, bir-ikki kun qimir etmay yotadi-da, buzoqboshiga aylanadi, yana bir oz vaqt oʻtgach, toʻsatdan qanot chiqarib, dirillab uchishga tushadi... Nariroqdagi eski tol kundasining suvga botgan ildizlari orasida bir qari ilon bor. U tush mahali salqindan chiqib keladi. Lekin quyosh tigʻiga dosh berolmaydi, toʻnka soyasida, eski ildizga oʻralib turaveradi, soatlab qimir etmaydi, ba’zan poʻst tashlaydi...

Ammo mening baligʻim suv betiga chiqqanida hamma jonzotlarining ovozi oʻchib ketadi. Hatto kapalaklar ham jim qoladilar.

Bilganim – tevarakda bunaqa rangu tusdagi baliq yoʻq. Birovning koʻrganiniyu aytganiniyam eslolmayman...

Oʻrtancha Oʻgʻil

U baliqni Xudo yuborganini mendan boshqa birov bilmadi!

Ukam uni borligini aytganidan keyin zovur boʻyiga bekitiqcha bir necha marta bordim. Har gal borganimda uni koʻrdim.

U sirli baliq edi. Suv betiga chiqqanida tevarakdagi qurtu qushlarning ovozi oʻchib ketardi.

... Kichkinaligimda enamdan, odamlar oʻlganidan soʻng nima boʻladi deb koʻp soʻrardim. Enam «meni qabrga qoʻyasan, keyin har zamonda borib xabar olib turasan,» deb aytardi. «Siz oʻlganingizdan keyin chiqolmaysizmi?», der edim. «Agar Xudo xohlasa, chiqaman», derdi. «Xudo xohlamasa-chi?» «Unda qanday qilib chiqay, bolam?» Bir gal aytgan ediki, odamning ruhi boshqa narsalarning ichiga, koʻpincha kapalakka yoki kichkinaroq jonzotlarga, ba’zan kattalariga ham kira oladi. Kapalak uchib kelib jim oʻtiradi, uning ichidagi marhumning ruhi esa tevarakni tomosha qiladi.

Buni enam bir-ikki yil avval aytgan edi. Hozir u kasal, koʻzlari deyarli koʻrmay qolgan. Qoʻlidan yetaklab olib yuramiz.

Oʻtgan haftadagi guldurosli sel qabristonni otamning qabri bilan qoʻshib buzib oʻtib kelganida, otam shu baliqning ichiga kirib keldimikin, deb oʻyladim.

Chunki ertasiga bir chol tushimga kirdi. Zovur yonida emish. Siz ulgʻaydingiz, lekin enangiz qiynaldi dermish. Otang baliq boʻlib oldingga keladi, akangga ayt, pishirib enangga bersin, tuzaladi dermish.

Otam qanday odam edi-ya!

Otamday vazmin, ogʻir... otamday kamgap... yurganida yer zirillardi, hovliga kirganida haybatidan hamma jimib ketardi... baliq ham shunaqa edi...

Koʻrgan tushim haqida koʻp oʻyladim, nihoyat, otam boshqa biror narsaning ichiga kirib yana kelar... shu baliqni rostdan ham enamga pishirib beraqolaylik, shoyad tuzalsa deb, akamga baliq sirini aytdim.

Akam otamning miltigʻini olib, shoshib chiqib ketdi. Yarim soatlar oʻtar-oʻtmas, tutib keltirdi. Oʻzini koʻrmadim, baliq qopda edi. Men tomorqadan beri kelmadim. Ota, jon ota... sen oʻlib ketding, ammo enam kasal-ku... u ham oʻlib ketsinmi... biz seni yemayapmiz-ku, sen boshqa baliqning ichiga kirib olaverasan, deb yigʻladim.

Akam katta pichoqni olib, oʻchoq yoniga ketdi, tangalarini shila boshladi.

Shunda... ukam kelib qoldi... U nimaniyam bilardi... Sirni ochib qoʻyganim uchun rosa xafa boʻldi, kelib sochlarimdan tortib ura boshladi...

Kichik Oʻgʻil

Kirib kelganimda enam ayvonda, oldida bir tovoqda goʻsht, qushdaygina boʻlib oʻtirgan edi. Mening ovozimni eshitib, tirish yuzlari yoyilib kulimsiragancha, favqulodda oʻktam ovoz bilan:

– Kel, toy bolam, ke! Kambagʻalga kun chiqdi, akang baliq opkeldi, ke, sen ham yeb ol! – dedi.

Ayvondan narida yerga guvalakdan oʻchoq qilingan, oʻchoqqa qozon osilgan... Oʻtinlar yonib boʻlgan, choʻgʻi oqarinqirab koʻrinar... chirsillamoqda edi.

«Baliq?!»

Oʻchoq yonida shilib tashlangan baliq tangalari, dumi va boshi yotardi. Shu mahal qaydandir qoʻshnining mushugi paydo boʻldi, u bir sapchidi-da, boshni olib qochdi. Moviy koʻzlarini mendan uzmay, shosha-pisha gʻajiy boshladi.

– Bu muborak baliq-da, – enamning ovozi qulogʻimga kirdi. – Hazrati Yunus paygʻambarni yutib yuborgan baliqni avlodi-da bu.

Katta akam baliq goʻshtini uzoq vaqtlardan beri yemaganini aytib, tilda erib ketadigan bunday mazaning qaydan kelganiga hayratlanar va mazani uzoqroq his qilish uchun koʻproq chaynashga urinar edi.

– Xudoi taolo baliqni halol qilib yaratgan, – deb hamon soʻzlanar edi enam. – Oʻlganiyam halol, tirigiyam. Oʻshan-chun oyqulogʻidan soʻyib ham qoʻygan..

Baliq?!

Bir Xudoning, bir mening baligʻim!?

Kichik akam tut tagida boshini egib oʻtirardi.

– Sen nimaga bularga aytib qoʻyding? – deb baqirdim unga tashlanib, ovozim xirillagan, boʻoʻiq edi. – Bular baliqni yeyishyati-ku?

Ajabo, kichik akam mening mushtlarimga javob qaytarmay, ikkala qoʻli bilan boshini bekitib, yerga oʻtirib oldi. Men uning yioʻlashini qoʻrquvdan deb oʻyladim, shunday ajoyib baliqni yem qilganiga yigʻlayapti deb, yana ura boshladim:

– U qanaqa baliq ekanini bilardingmi? U tillo baliq edi! Yana salgina kattarsa, tillo baliq boʻlardi!!!

Kichik akam hamon ingranib yigʻlar, mushtlarimni sezmas edi. Keyin esa nima deyayotgani qulogʻimga kirdi:

– Ota... Otajon.... – deb yigʻlardi u.

Olov soʻngan, choʻgʻlarining chirsillashlari pasaya-pasaya axiyri eshitilmay qolgan edi.

Katta Oʻgʻil

Ukamning tushiga bir chol kiripti, aytibdiki, enang baliq goʻshti yesa tuzaladi, koʻzlariga nur kiradi. Juma kuni zovur boʻyiga borsang, otang baliq boʻlib keladi, senlar uni ushlab, enangga pishirib beringlar, debdi.

Otamdan qolgan qoʻshotarni olib borganimda, baliq rostdan ham suv betida ekan. Shimimni shimarib suvga tushdim, suvning osti balchiq, balchiq ichidagi eski shox-shabbalar oyooʻimga qadaldi. Sochma bilan oʻqlab, tepkini bosdim, baliq pitirlab, toʻnkarilib qoldi.

Kirib kelganimda, yugurib ukam qarshimga keldi.

Qoʻrqib ketgani aft-angoridan sezilar edi.

– Kallang joyidami? – dedim oʻdagʻaylab. – Bu bir yemish-ku. Bor, oʻchoqqa oʻtin qala!

Baliqning tangalarini shildim, qornini yordim, ichaklarini olib tashlab, oppoq qat-qat goʻshtli joyini sariq yooʻi bilan qoʻshib kesib oldim. Oʻchoqqa oʻzim oʻt qaladim, qozon tagi jizillay boshlaganida yogʻli joylarini pastga qaratib, goʻshtni bosdim.

Ana, dedim qoniqish bilan. Ana, endi boʻldi!

…Ana endi qozonda jizillab kuyyapsan, ota. Doʻzaxda shunaqa kuyishingni orzu qilgan edim. Xudoi taolo shunga belgi qilib seni joʻnatdi, joʻnatgandayam olovda qovuriladigan qilib joʻnatdi.

Enamni urganlaringda qoʻlingga yopishganlarim esingdami? Mana senga! Jizilla, jizillayver!

Ichib kelib, hammani tumtaraqay qilganlaringda-chi? Menga ketmon otganingda yelkamni oʻpirib yuboruvding, izi haliyam bor, haliyam qoni silqib turipti, yelkamda emas, ichkarida, yuragimda!

Umr boʻyi ota deb yoningga yaqinlasholmadim, bir bola boʻlib bagʻringda erkalangim kelsa-da, haybatingdanu oʻshqirishingdan choʻchidim, toki oʻn ikki yoshimga yetguncha meni koʻtarib tomga otib yuborishingdan qoʻrqardim, bir marta ukamni shunaqa qilib otib yuboruvding, chirillab yigʻlayotgan bechora bolani ovozi chiqmay qoluvdi, gʻoʻzapoyalarning ustiga borib tushganida ham yigʻlolmagandi… Uydan miltiqni opchiqib, enamga «otib tashlayman!» deb baqirgan eding, enam shoʻrlik «otsang ot, oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim» deb oʻzini yerga urib yigʻlagandi…

Yana aytaymi?

Otingga minib ketarding, shu ketganingcha qaytib kunlab koʻrmasdim. Bir necha kundan keyin kelarding, egarda ikkitami-uchtami qashqaldoq, koʻkqargʻa boʻlardi, ma, pishirib ye hammang zaharingga, derding… Keyin ulfatlaring kelardi, enam ovingni pishirib oʻzlaringga opkirib berardi, bizga qolgan-qutgan qanotlar tegardi…

Mana endi qovuril, olovda!

Bola boʻlib ota nimaligini bilmaganim yetmadi. Katta boʻlib tomorqadan beri kelmadim. Esimni tanibmanki mehnat qildim, haybatingdan qoʻrqib uydan koʻchaga chiqolmadim.

Mana, haliyam tuproqqa oʻralashib yuripman.

Jizilla, jizilla!..

Ota

Bir qamishzor emish. Och-sariq, boʻylari uzun-uzun, poyalari quruq...

Qamishzorning nihoyasi yoʻq, shovullaydi. Osmon esa koʻm-koʻk.

Ana shu qamishzorda ming yillardan beri qamish oʻraman.

Bu qamishzor tugamaydi. Zax koʻlmaklarda suvchayonlar oyooʻimni chaqadi, ba’zan bir nima shaloplaydi, nimaligini bilishga qiziqamanu hech topolmayman.

Ming yillardan beri adogʻi yoʻq qamishzor... mayin uchgan oq popiltiriqlar...

Shu qamishzorni oʻrib tugatsam, nimadir roʻy beradi. Ishqilib, oʻrib tugatolsam bas.

Har kuni tepamga bir qush kelib boshimdan choʻqiydi. «Sen kimsan, nimaga menga buncha azob berasan?» deb soʻrayman.

«Oqpadar, oqpadar!!!» – deb sayraydi qush.

Otamning yuzi gʻira-shira esimda qolgan.

Bir qishloqda, qashshoq yashar edik, yegani nonimiz, ichgani suvimiz boʻlmas edi. Otamga oʻshqirganlarim... yelkasidan tutib siltaganlarim esimda...

... Bir kuni bu qamishzor tugaydi. Oʻsha kuni qush ham kelmay qoʻyadi. Shunda bu uqubatdan qutulaman.

Qamish... qamish...

* * *

... Qamishzorning oxirida nima borligini bilishga ulgurmadim.

Oʻzgarish toʻsatdan roʻy berdi. Osmon yorildi... yoʻq, avval shamol esdi, popiltiriqlar hamma yoqni tutdi, keyin qamishlar sindi, ildizidan suoʻurilib uchib keta boshladi. Va yeru koʻkdan, oʻngu chapdan, ostu ustdan «Baliq boʻl!» degan qattiq bir sado kelib, oʻzimni gulduros solib oqayotgan bir poʻrtana ichida koʻrdim.

Poʻrtana oqqandan oqdi, koʻshilib oqib ketaverdim.

Axiyri, bir zovurga kelib toʻxtadim.

Zovurda qancha vaqt qoldim, bilmayman. Nazarimda tevarak sokin, haddan tashqari sokin, begona, boz ustiga, xavotirli ham edi, balki suv ostidan qaraganim uchun shunaqa tuyuldimikin?

Kunlarning birida yana suv betiga chiqdim, tevarakdagi hamma narsaning ovozi yana oʻchib-jim boʻlib ketdi. Soʻng zovur yoqasida esa yuz-koʻzi oʻzimga oʻxshab ketadigan bir bolaning qoʻlidagi miltioʻini menga oʻqtalib turganini koʻrdim...

Kampir

Koʻzim koʻrmay qolgan kundan beri rahmatlik otasi tushimga kiradi.

«Koʻrmayapsanmi, men keldim. Baliq ye, baliq!» – deydi oʻshqirib.

Tushimda uni binoyidek koʻraman.

Rahmatli berahm odam edi. Hech kimni, hech narsani ayab oʻtirmasdi. Yoʻlidan birov chiqsa yakson qilib-yanchib oʻtib ketadigan shiddatiyu haybati bor edi.

Ekin-tikin ekaman, dehqonchilik qilaman deb koʻp urindi, biroq, ekkan koʻchatlari unmasdi, koʻkarib chiqardiyu joyida qurib qolaverardi.

Sababi, otasiga qoʻl koʻtargan edi-da. Endi, bir paytlar... kattalarning otalari namoz oʻqimasin degan buyruq boʻlganida, ota undan bekitiqcha machitga chiqqan ekan. Aksiga olib, oʻsha kuni qanaqadir bayram edi, ichib olgan edi, kelib otasiga «men qamalib ketaymi» deb oʻshqirgan, siltab-itarib tashlagan, ota yiqilganida qamish boʻyraning choʻpi koʻziga kirib ketgan, shunda «qamishday qurigin iloyo» deb qargʻagandi...

Ekin-tikin boʻlmagach, qaydandir bitta miltiq topib, uzzukun qamishzorga joʻnab qolardi, kechgacha yurib-yurib, goho bironta qashqaldoqmi, koʻkqargʻami otib kelardi.

Qahriga yarasha mehriyam boriydi rahmatlikning, ammo nimaiki qilsa tersi boʻpchiqaverardi-da, tavba! Yoʻqsa, koʻzim koʻrmay qolganini qaydan bilardi-yu qaydan mehribonlik qilib «baliq yesang tuzalasan» deb aytardi?

Mana, bolam pishirib bergan baliqning eti xil-xil, biram mazali. Koʻzim ravshanlashayotganday. Balki bugun-erta basirlik barham topar?... Joyi jannatda boʻlsin rahmatlining, men undan ming-ming roziman.

Shoyadki, u ham mendan rozi boʻlsa...

Kichik Oʻgʻil

U tilla baliq edi. Boshida toji ham boriydi.

Agar kichik akam sirni ochib qoʻymaganida, katta akam uni enamga pishirib bermaganida... Oʻsib-oʻsib bir kuni rosmana tilla baliq boʻlardi. Oʻshanda hammamiz borib, tutib olardik, baliq «Tila tilagingni» derdi, bizlar ham tilagimizni aytardik.

Endi men nima qilay? Tilaklarim, istaklarim moʻl edi, kimga aytay?

Faqat Xudogami?.. Yolgʻiz Xudogami?

«Sharq yulduzi» jurnalidan olindi.