OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Qoʻriqchi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiQoʻriqchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻriqchi (hikoya)
Isajon Sulton

«
...Meni shu oʻldirdi, shu!..
Sami Renchber
»

Keng, hayhotday dalaning qoq oʻrtasida qoʻriqchi qaqqayib turar edi.

Uzoqdan qaralsa odamga oʻxshab koʻrinardi. Ustiga eski-tuski, yirtilib uvadasi chiqqan paxtalik kiydirilgan, boshida quloqchini ham bor. Oyoq-qoʻllariga bir nimalar osib qoʻyilgan, ular quyoshda yiltirab, shabadada qoʻrqituvchi ovozlar chiqaradi. Sal epkinda havolanadigan tasmalari uzunasiga osilib yotipti.

Dala keng, hozirgina tevarakni mavjlantirib yellar esib oʻtdilar. Bugʻdoyzor sokin shovullaydi. Boshoqlari boʻliq-boʻliq, har birida yigirma toʻrttadan oʻttiztagacha doni bor. Quriy boshlagan oʻtkir uchlari epkinda bir-biriga tegib shitirlaydi. Shu sabab, havo toʻlqinlangan mahali bugʻdoyzordan gʻalati ovozlar chiqadi.

Beqaror dashtu tuz shabadasi qoʻzgʻalsa, qoʻriqchi jonlanib ketadi. Qoʻllariga osilgan tunukalarni taraqlatib, tasmalarini yiltiratib shovqin sola boshlaydi. «Hoy! Kim koʻribdi? Kim eshitibdi?» deb ovoz chiqaradi u. «Bilib qoʻyinglar, – deydi. – Hamma narsaning oʻgʻrisi – mana shu shabadadir! Ekinlarning joniniyu rangini, bulutlarning alvonini oʻgʻirlab ufqqa qarab qochadi u!»

Har kuni bir kishi oʻgʻlini yetaklab mana shu bugʻdoyzorga keladi. Qirqdan oshgan, ustidagi toʻniyu doʻppisi ham eski. Kelib dala atrofini aylanadi, boshoqlarning hosilini chamalaydi. Oʻgʻli hali yosh, otasining ortidan ergashib yursa-da, bu yumush uni qiziqtirmasligi, zeriktirgani seziladi.

Dalaning pastrogʻidan atrofida turli yobon oʻtlari oʻsgan yoʻl oʻtgan. Oʻt-oʻlan ustiga oqish chang qoʻngan. Nariroqda esa kichkina daryocha va chakalakzor bor, daryochaning suvi qoramtir, oqishi shiddatli.

Qoʻriqchi

Mana, shabada xiyol esib oʻtdiyu tina boshladi.

Bepoyon dala bir toʻlqinlandi.

Qushlar uchishadi koʻm-koʻk samoda. Issiqdan hovur koʻtariladi. Chirs-chirs deya ovoz chiqaradi quriyotgan oʻt-oʻlan. Goho ustimga mayda chumolilar oʻrmalab chiqishadi. Ular mendan hayiqishmaydi, chunki juda bahaybat bir nimaning ustiga chiqib boryapmiz deb oʻylashadi, qoʻriqchi ekanimni bilishmaydi. Shabada esganida chiqadigan ovozlarga ham befarq, chunki eshitishmaydi.

Tegramda sap-sariq makkapoyalar shitirlaydi.

Shitirlasa sevinib ketaman, chunki shabada esayotgan boʻladi. Shabada esganida oʻzimdan turlicha qoʻpol ovozlar chiqara boshlayman.

Asl kim ekanimdan bexabarman, biroq, juda muhim bir vazifani ado etayotganimni bilaman. Yoʻqsa, meni shu yerga qaqqaytirib qoʻyarmidi xudoyim? Tevaragimda sodir boʻlayotgan hodisalarni kuzataman. Goho ilgʻaganlarimdan xabar bergim, ogohlantirgim keladi, ammo sasim oʻzim istagan mahalda chiqa qolmaydi. Ovoz chiqara olishim, ekinlarning hosillarini choʻqib-choʻqilab ketadigan yovvoyi qushlarni hurkitishim uchun shabada va quyosh kerak. Yoʻqsa bir sharpa kabi ekinzor oʻrtasida qaqqayib turaman, xolos.

Tevarakda esa, bot-bot meni qoʻrqitadigan hodisalar roʻy bermoqda.

Bugʻdoylar sargʻayib, poyalaridan suv qochgan, boʻliq-boʻliq boshoqlari egilib qolgan. Oralaridagi yovvoyi oʻtlarning poyalari ham suvsizlikdan sargʻayibdi. Toʻp-toʻp urugʻli ba’zi oʻtlar urugʻlarini sochib yuborgan. Ba’zilarining qattiq poʻstlogʻi ajralib tushib, quruq tuproq ustida yotadi.

Hoʻv narida kichkina daryo bor. Ichidagi qora baliqlari ancha kattargan, muzday suvdan boshlarini chiqarib, tevarakka indamay boqishadi.

Bugʻdoyzor yoqalab oʻtgan yoʻlda bitta yoʻlchivin uchib yuradi, goho kelib ustimga qoʻnadi.

U yoʻldan karvonlar oʻtadilar. Yoʻlning naryogʻi yana bugʻdoyzor, tevaragiga aylantirib makkalar ekilgan.

Yaproqlari uzun-uzun, hoshiyasi och sariq, yashil eti quruqshab-sargʻaya boshlagan.

Karvonning tuyalari pishqiradi, aravalar gʻiyqillaydi. Qaylargadir – ufq qirmizi tusda yalligʻlanib, quyosh botadigan tomonlarga ketib borishadi. Shabada ham oʻsha tomonga qarab esadi. Ekinlarni egib-sindirib oʻtganida, bari oʻsha tomonga qarab yotib qoladi. U esganida men ham qoʻllarimda osigʻliq tunukalarimni taraqlatib shovqin solaman, ortidan yugurmoqchi boʻlaman, lekin oyogʻim yerga chuqur tiqib qoʻyilgan, joyimdan jilolmayman.

Nariroqdagi tol ustida qushlar gurr etib havoga koʻtarilishadiyu chax-chaxlab figʻon solib aylanishadi. Chunki, tol shoxiga bir ilon oʻralib chiqib boradi.

Ilon

«Men oq ilon, oppoq ilon edim» – deydi u.

«Oydinda yotar edim.

Asli makonim ariq boʻyidagi chakalakzor edi. Har oqshom u yerda ajoyib voqealar roʻy berardi.

Har oqshom chakalakzor qoshiga bir oy qizi kelar edi. U bir bek yigitga qattiq koʻngil qoʻygan edi.

U mahallar ariq kichkina, tevaragida yalpizlar oʻsgan, suvlari oʻynab-oʻynab oqar, tomchilari oy nurida jilvirab ustimga sachrar, xush yoquvchi oy nurini vujudimga singdirib yotaverar edim. Oy qizining chiroyi bek yigitning yuragiga oy kabi yogʻdu sochsa kerak, deb oʻylar edim. Chunki gaplashganlarida qizning husni yigitning yuzida yogʻdulanar edi.

Ikkovlon bir nimalarni uzoq gaplashar edilar. Xayollarga, orzularga limmo-lim, hayotning ajoyibotlaridan, lazzatu farogʻatlaridan, sevgi-muhabbatdan soʻylar edilar. Bir-birlarisiz yashay olmaslarini aytardilar.

«Mana shu oyga, shu kechaga qasam, shu sharqirab oqayotgan suvga shu yulduzlarga qasam – men sizni albatta baxtli qilaman...», der edi bek yigit.

Juda uzoqlarda, juda balandlarda oy nur sochar edi. Unga boqib, shirin xayollar ham surar edilar. Men ham oyga qarar edim, ammo u koʻzimga olisdagi yorugʻ va ulkan dogʻ boʻlib koʻrinardi, xolos.

(…Hoy bek yigit, qasamning nima ekanini bilmasdan nega tilingga olding? Ichgan qasamlaring koʻk toqiga koʻtarilib ketishini, u yerda shamshirga aylanib, boshing uzra osilib turishini bilmasmiding? Bir siltanib tushsa bormi... taqdirningu rizqlarning, voqealarning iplarini kesib-uzib yuborsa-ya, deb qoʻrqar edim…)

...U mahallar men yosh ilon edim. Ular ham yosh, navqiron edilar.

Oradan bir muncha vaqt oʻtib, ikkovlon kelmas boʻldi. Kechalar sogʻinib-sogʻinib kutar edimu ammo sira daraklari yoʻq edi. Bu orada ariqning suvlari nimagadir toʻlib-tosha boshladi, kengayib, chakalakzorni ham enladi. Haqiqatan ham gʻalati bir nimalar roʻy bermoqda edi. Daryoga aylandi, ichida katta-katta baliqlari ham bor, qoramtir suzgichlarini sekin-sekin qimirlatib suzib yurishardi. Yana allaqancha vaqt oʻtgach, quyosh tigʻida naqshlarim xiralashib, oy nurini oʻziga singdirolmas boʻldim.

Endi yemish istab dala-tuzni kezar edim. Poʻst tashlaganimda, ustimdan oʻz-oʻzidan sidirilib tushgan toʻnimniyu koʻrgan kunimni mana shu yerlarda qoldirib uzoqlarga bosh olib ketay desam... ketolmasdim. Shu dala-tuzda, shu daryoyu chang-chung yoʻllar yoqasida dunyoga kelgan, shularga tomir-tomirimdan bogʻlangan boʻlsam, qayga ham ketay?...

Bugʻdoyzor oralab sudralib borar ekanman, oʻsha ikkovlonni dalada koʻrib qolganimniyam aytaymi? Oʻsha barkamol bek yigit eski toʻnining barini qayirib ketmon chopar, oyning qizi esa egatlar chetida bolasini emizib, alla aytar edi:

    Bozor borguvchi ey boylar,
    Otamga salom denglar,
    Otam mani soʻrasa,
    Yuribdi omon denglar,
    Qoshiqda oshi denglar,
    Koʻzida yoshi denglar...

Yigit daryodan suv ham ochar, suv boʻtanayu loyqa, dala chetidagi qari tol tanasida esa qushlar chiyillar edilar.

Yemish izlab yurgan nolon bir ilon boʻlsam naylayin? Tol tanasiga oʻralib chiqqanimda, qushlar potirlab havoga koʻtarildilar. Ikkitagina jish polapon tuklari tikkaygan holida ogʻizlarini ochib chiyillay boshlashdi, yonida choʻtir tuxumlar ham boriydi. Polaponchalar hayiqib emas, balki meni yemish beradi deb oʻylab, qizil tilchalarini chiqarib chiyillashardi.

Qushlar

«Nima qilaylik, oqish bir ilon quruqshab ketgan bugʻdoyzorlar oralab sudralib, tol shoxidagi uyaga chiqib keldi, – deyishadi bezovtalanib samoga koʻtarilgan qushlar. – Uyadagi mitti, xol-xol tuxumlarni chaqib ichdi, xayriyatki, poloponlarga tegmadi. Poloponchalar qizil ogʻizchalarini ochib tinmay chiyillashdi, ilonning esa nafsi qonib, yonginasida oʻralib yotdi. Tol ustida shovqin solib, chax-chax urib aylanaverdik.

Dala egasining xotini bolasini emizar ekan, hazin-hazin ohangda bizlarni ham qoʻshigʻiga qoʻshdi:

    Qaro qush qichqirib oʻtdi, uyasida ilon koʻrdi,
    Baliq bagʻrini chok aylab, azim daryoda qon koʻrdi...

Bu qoʻshiqni shabada ilib olib, tevarakka mavjlantirib yoydi...»

Karvon

«Tuprogʻi oʻynab ketgan yoʻldan horgʻin-horgʻin boramiz,» deyishadi karvondagilar.

«Qatorasiga bir-biriga tutashgan mosh, loviya, tariq dalalari oʻrtasidan oʻtamiz. Koʻpchiligining qoq oʻrtasida qoʻriqchisi qaqqayib turgan boʻladi. Ba’zi dalalarning hosili boʻliq, ba’zilariniki oz, quruqshagan.

Elu yurt bilan rozi-rizolik soʻrashib chiqqanmiz, juda olislarga – shabada esib, yoʻqolib ketadigan alvon bulutlar ufqi tomon ketib boramiz.

Shabada essa, qoʻriqchi darang-durung ovoz chiqarib, kimlarnidir hurkitmoqchi, nimalardandir ogohlantirmoqchi boʻladi. Dala egasining shugina rizqini ham goh shamol payhonlab oʻtadi, goh donlarini qushlar choʻqib ketishadi.

Yon-verimizda bitta yoʻlchivin ham uchib boradi. Goh tuprogʻi oʻynagan yoʻllar uzra pastlaydi, goh balandga koʻtariladi. Karvondagi bolakay uni diqqat bilan qiziqib kuzatadi. Karvonboshi mingʻillab xirgoyi qiladi:

    Yoʻl chivinning holini yurgan yoʻlovchidan soʻrang
    Biz gʻarib bechorani aqli raso yordan soʻrang...

Yoʻlchivin ucha-ucha horib, ortda qolib ketadi.

Dala chetida kichkina bir daryo ham koʻzga tashlanadi. Sohilidagi bir-ikki tup oqish jiydaning shoxlari suv istab egilib qolibdi. Bu ekinzor mana shu daryodan suv ichar ekan-da, deymiz oʻzimizcha. Daryoning baliqlari sohil yoqalab oʻtib borayotgan karvonga tikilib-tikilib qarashadi. Kuychi ularni ham qoʻshigʻiga qoʻshadi:

    Biz gʻarib bechorani aqli rasolar bilmasa,
    Koʻz yoshi daryo boʻlib oqqan baliqlardan soʻrang...

Saldan keyin dala tamom boʻladi.

Yana biroz yurilsa, Choʻli Iroq boshlanadi.

Yurt ortda qolib ketadi. Choʻli Iroq sari ichkarilab boramiz. U tegramizni qurshab oladi, figʻon uradi, ongu shuurlarimizni egallaydi, hamla qiladi, kurmakning ingichka qurigan uzun yaprogʻi bilan yurakning tomirlarini gʻijjak misol tilimlaydi...»

Daryoning baliqlari

Daryomiz tobora kengayib, suvi koʻpaya boradi, shiddati ortadi.

Nariroqdan oʻtayotgan karvonning tuyalari, otlari ogʻir-ogʻir qadam tashlashadi. Tuyoqlar ostidan dalaning oʻynab ketgan changli tuprogʻi sochiladi. Boshimizni suvdan chiqarib karvonga boqamiz. Karvondagilar bizni tutib olishni xayollariga ham keltirmaydilar. Ozgʻin, koʻzlari chaqnoq bir bolakay ingichka boʻynini choʻzib, bizlarga hayratlanib termiladi. Karvon ustida yoʻlchivin uchib boradi, u holdan toygan, uzoqqa ucholmay, yantoqning chang bosgan yaprogʻiga qoʻnadi.

Oʻtib borayotgan karvon boshidagi bir kishi xirgoyi qiladi. Narida ekinzor chetida bolasini emizib oʻtirgan yosh juvon ham qoʻshiq aytadi. Bu ohanglar suvning mavjiga qoʻshiladi, ular taralgani on oʻz-oʻzimizdan yigʻlay boshlaymiz. Koʻzimizning yoshidan daryoning suvlari yanada koʻpayib-toshadi, koʻpiklanib, oʻzanidan toshib chiqquday boʻlib pishqiradi. Uzoq-uzoqlarda koʻkimtir togʻlar koʻzga tashlanadi, u togʻlarning orasida bir jayron bor, deb kuylaydi kuychi. Yolgʻizoyoq soʻqmoqlardan tushib kelganida uni tutib, boʻynidan boylaydilar. Koʻzlari yoshga toʻla jayron karvon ortidan ma’yus ergashib boradi.

Qoʻriqchi

Axir, koʻrmayapsizmi, eshitmayapsizmi?

Karvon oʻtib, choʻl ichkarisida koʻzdan yoʻqolib ham ketadi. Oʻtlarning rangini oʻgʻirlovchi shabada oʻsha tomonga qochadi. Makkajuxorilarni va bugʻdoylarni sindirib oʻtganida hammasi shabada ketgan tomonga qarab bir tekisda yotib qolishadi. Tez orada soʻlinqirab, ranglari ketadi. Ekinlarning jonini ham olib ketadi u, alvon-alvon shafaqlar yalligʻlangan, karvon ogʻir-ogʻir joʻnagan tomonlarga.

Dalaning egasi hosilini toʻplaydi.

Xotini yana oʻsha mungli qoʻshiqlarini aytadi.

    Oh urarman, oh ursam, ohlarim tutsin seni,
    Koʻz yoshim daryo boʻlib, baliqlari yutsin seni...

Hoy, shoshmang! Eshityapsizmi? Sezyapsizmi?

Axir, ariq daryoga aylanmoqda-ku? Baliqlari oʻsib-kattalashmoqda-ku? Vaqti-soati kelib, odam bolasini yutar darajada bahaybatlashganida, xudo koʻrsatmasin, nimalar roʻy berishidan xabaringiz bormi? Tevarakdagi hamma narsani, dala egasining xotinini, bolalarini, karvonni ham yutib yuborsa-chi? Mana shularni oʻylab qoʻrqib ketaman. «Essang-chi, kuchliroq esaqolsang-chi» deb qichqirib yolvoraman shabadaga.

Hosili toʻplab olingan dalada uzilgan makkalarning kattakon yaproqlariyu singan boshoqlar qoladi. Egasi ularni ham toʻplaydi. Makka ildizlarini sugʻurib oladi, keyin oʻt qoʻyadi. Tukuch deydilar uni, tukuchlar tutab-tutab yonadi. Bugʻdoyning somonini ham toʻplab oladi. Keyin mayda-chuyda bola-chaqasi bilan boshoqlarni terishadi. Shundan keyin dala huvillab qoladi.

Huvillagan dalaning qoq oʻrtasida qolib ketaman bir oʻzim.

Koʻkni bir xil tusdagi bulutlar bostirib-egallab keladi. Kuzning ezuvchi yomgʻirlari yogʻa boshlaydi.

Pilchillagan tuproqlar va dala yoʻlida kichkina koʻlmakchalar hosil qilib yogʻadi kuz yomgʻiri. Koʻlmakchalardagi suv jigarrang tusga kirib qoladi. Kesaklarni ivitib-ivitib, loyga aylantirib yogʻadi.

Mana shu hodisalarning qatidagi tahdidlaru ishoratlarning hammasini oʻz koʻzim bilan koʻrib turaman, aytay desam tilim yoʻq, aytolmayman.

Meni bu yerga suqib qaqqaytirib qoʻygan kishi – dalaning egasi hosili yigʻishtirib olingan ekinzor oʻrtasidan sugʻurib oladi, marzalar chetiga, tutlar tagiga uloqtiradi. Kuzning yomgʻirlari ezgin-ezgin yoqqanida, ustimga tomchilar chitir-chitir urilganida hayron-hayron yotaman, endi atrofimda nimalar roʻy berayotganini koʻrolmasligimdan afsuslanaman.

Kuzning shabadasi esadi, ammo bu shabadada ovozim chiqmaydi.

Koʻz oldimda yomgʻirdan ivigan qoramtir kesaklardan boshqa hech nima koʻrinmaydi: na ekinzorlar egasi, na uning bolasi, na oq ilon, na koʻz yoshidan bino boʻlgan daryoyu na uning tahdidli baliqlari... na yoʻlchivin... na karvon...

Bahorgacha ana shunday yotaman. To bahorda yana kimdir kelib... yana ekin ekmaguncha, yerlarni sugʻormaguncha... kelib meni oʻrnimdan dast koʻtarib, rizq yetishishi lozim boʻlgan dalalar oʻrtasiga yana qaqqaytirib suqib qoʻymaguncha...

* * *

...Naylayin, salgina shabadada ayta olganlarim shular, xolos. Qaniydi yanada kuchliroq essa... yanada quvvatliroq shiddat ursaydi... shunda yuragimdagilarning barini aytib-aytib, boʻshatib-boʻshatib olarmidim, men – mana shu dalaning yagona qoʻriqchisi...

2012