OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiShamolli kecha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shamolli kecha (hikoya)
Isajon Sulton

«
Yetim bola, hoy bola,
Singling qani, boy bola?..

R. Rahmatdan
»

Dangʻaraning dashtida, shamolli kechada aka va singil buvilarinikiga ketib borishmoqda edi.

Qorongʻi tusha boshlagan boʻlsa-da, hali tevarakni enlab ulgurmagan edi.

Qarama-qarshidan esayotgan shamol shiddati ostida och kulrang tusli notanish butalar yovvoyi is taratib yulqinar, koʻtarilgan changu toʻzon isi ham tevarakni tutib ketgan edi. Yoʻl chetidagi oqish jiydalarning shoxlari uzilguday boʻlib yulqinardi. Qamishlar sinib ketgan poyalarini tiklolmay shovullardi, havoda toʻzon va qamish popiltiriqlari chirpirak boʻlib uchardi.

Aka oldinroqda, baquvvat bir tayoq tutgancha, yerni ura-ura odimlardi. U avvaliga singlisining qoʻlidan tutib oldi, biroq eski xazonlar va mayda-xas choʻplar quyun chirpiragida koʻziga tiqilib qattiq achishtirganida qoʻlchasini qoʻyib yubordi. Hozir qizaloq akasining ortidan chopqillab borar, shamol guldor koʻylakchasiniyu roʻmolini yulqilardi. Pochasidan ingichka oyoqchalari koʻrinib turardi, ikki oʻrim yovvoyi sochi kichkinagina guldor roʻmoli ostidan chiqib qolgan, akamdan qolib ketmay deb deyarli yugurib borayotgandi. Shamol ufurishlari ostida oldinga xiyol enkayib, koʻylagi goho yelkan kabi shishib qadam tashlayotgan akasi koʻziga hech narsadan qoʻrqmaydigan gʻoyat kuchli, yurakli botir boʻlib koʻrinar edi.

Shamol esa goh yer betiga tushib, goh yuksaklarga koʻtarilib gʻuvillab esardi.

Shamol bu makonlarda toʻsatdan qoʻzgʻaladi. Togʻ oralarida yetilib, oʻngirlar orasidan oʻkirib-vahshat solib chiqib keladi. Qishloqlarning naridan-beri ohaklangan devorlaridagi changlarni uchirib, tomlarning qumlarini sochib, koʻcha tuprogʻini toʻzgʻatib-toʻzgʻitib esaveradi. Makkapoyalarni agʻanatadi, kir oʻralarda hushtak chaladi, suvlarni chayqatadi, tepalarda gʻuvillaydi, pastga tushganida chelaklarniyu choʻpchavatlarni agʻanatib yumalatib yuboradi. Dala-dashtdagi yumron inlarini qum bilan koʻmadi, ovsarroq qushlar qurgan uyalarni tamomila buzib tashlaganida jajji polaponchalari chirqillagancha yerga qulab tushib, vahshiy hayvonlarga yem boʻlishadi.
– Aka, sekinroq!
– Tez-tez yur dedim!
– Aka, jon aka, sekinroq yur, yetolmayapman axir!

Minglar ortda qolib ketgan, u yogʻi Dashtqishloq. Dashtqishloqda bolalarning buvisi yashaydi. Bu ikkovlon shu bugun buvinikida yotib qolish uchun yoʻlga chiqishgan.

Bularning onasi yoʻq, bir necha yil avval kasal boʻlib olamdan oʻtib ketgan. Baland boʻyli, kelishimli, yoqimli ayol edi. Bolalariga juda mehribon, bolalar ham uni juda yaxshi koʻrishardi. Qip-qizil, singib pishgan nonlar yopardi... Azbaroyi ayolining hurmati, ota anchagacha uylanmay yurdi, har kuni ertalab sahar chiqib ketib, shom qorayganida gandiraklay-gandiraklay kirib kelardiyu bolalarini quchoqlab, koʻzlaridan sariq yoshlari oqqancha bir nimalarni gʻoʻldiray-gʻoʻldiray axiyri uxlab qolardi. Bir necha oy shu alfozda kechdi, shunda buvilari jonga ora kirdi, qarovsiz qolgan bolalarni oʻz uyiga bot-bot opketadigan boʻldi. Nihoyat, ota toʻngʻillay-toʻngʻillay, birovlarning qistovi bilan Chomochdan bir beva ayolga uylandi. Bu beva xastahol, ozgʻin, koʻp javraydigan bir xotin edi. Yil oʻtmay ingichka, rangi siniqqan, ozib-toʻzgan bir bola tugʻdi.

Aka-singil u chaqaloqdan begonasirashadi, yozgʻirishadi. Shu sabab, hovlining ishlarini saranjomlagach, koʻpincha buvilarinikiga yotgani ketib qolishadi. Buvining uyi oddiy, kichkina, ammo osoyishtalikka toʻla. Havosi sarin, yoqimli. Kichkina tokchada behi choy damlangan turadi. Sandal ustida qurutlar, turshaklar, vassalarga behi, olma, anor, uzum boshlari osilgan. Vassalarning soni toʻqson toʻqqizta. Yana, jiyda isiyam kepturadi.

Bugun shamol qoʻzgʻalmasidan avval bolalar uy ishlarini bajarib ulgurishdi. Ota dalada, bola mol-holga qarab, oʻtinlarni gʻamladi, qizaloq esa katta qozonda suv isitib, tandirdagi kuldan qoʻshib kir yuvdi, dorga qatorlashtirib osdi, xonalarni supirib-sidirib, eski sholchalarni tashqariga opchiqib qoqdi. Oʻgay uka nimagadir tinmay chirillab yigʻlagani-yigʻlagan. Oʻgay ona esa chaqalogʻining boshidan kelolmaydi, dumba yogʻini dokaga oʻrab shimdiradi, bola chiqarib tashlab yana chirillaydi.

Shamol ana oʻsha mahalda qoʻzgʻala boshladi. Uning zoʻrayishi oʻziga xos: avvaliga ekinzorlaru daraxtlarni silkitib-silkitib goh-goh shiddat urib turdi, paydar-pay esib, tandirning kullarini toʻzgʻitdi, kir oʻralarning zangor suvlarini chayqatdi. Aka-singil ertalabdanoq buvinikiga ketamiz deb ahd qilib qoʻyishgan, chunki chaqaloqni qargʻab javranayotgan kuyinchak bu ayol jonlariga tekkan. Yumushlar bitgunicha vaqt ham kech boʻldi, togʻu tosh tepasida qoramtir bulutlar toʻplanib, koʻkni enlab kela boshladi. Birpasda toʻzonlar uchdi, koʻchaning tuprogʻini toʻzgʻitib derazalarga olib kelib urdi.

Mana shu mahalda ikkovlon qoʻl ushlashib uydan chiqishdi-da, buvinikiga yoʻl olishdi.

* * *

...Havo bulut boʻlgani uchun shom ertaroq qoʻndi. Soʻqmoq yoʻlning bir tomonida yovvoyi daraxtzor, bir tomonda toʻqay boshlandi.

Shamol yanada kuchliroq esaverdi.

U osmondagi bulutlarni ham shitob bilan surib borardi. Bulutlar toʻda-toʻda boʻlib uyilar, goh oralari ochilib, boʻzrang oyning bir cheti ham koʻrinardi. Balki bir ozdan keyin yomgʻiru jala quyib yuborar? Goh bulut oralaridan oy moʻralaganida tevarak yorishar, shunda shamolning qilmishlari yanada yaqqolroq koʻzga tashlanar, atrof egilib-bukilayogan dov-daraxt, shox-shabba tovushlariga toʻlib ketgan edi.
– Aka, qoʻrqib ketyapman!
– Qoʻrqma, nimadan qoʻrqasan?
– Aka, sen qoʻrqmaysan-a?
– Yoʻq, men hech narsadan qoʻrqmayman!

Shu mahal qizgina oyogʻi allaqanday ildizga ilashib yiqilib tushdi. «Voy oʻlay», deb hadik va qoʻrquv aralash oʻsha zahoti akasiga qaradi. Aka ortiga qaramay ketib bormoqda. Ozgʻin yelkasinigina koʻradi qizaloq, ensasidagi sochi shamolda yulqinadi. Qizgina apil-tapil oʻrnidan turib, koʻylagini ikki qoʻli bilan tutgancha yana akasining ortidan chopdi. Akasi hammadan kuchli, qoʻrqmas yigit. Ana, qoʻlida tayogʻi, shamolda yulqina-yulqina adl ketib borayotir.

Bu qizginani Nozik deydilar. Ikki yuzi boʻgʻriqqan, qoʻlchalariyu barmoqchalari qadoqli, kaftlari qavargan, lekin qiyiqqa moyil qora koʻzchalari kulib-kulib turadigan yoqimtoy qizaloq u. Nozik ismini buvisi qoʻygan. Onasi esa uni Nazokat deb chaqirardi. Xolalari uni Latofat deydilar. Dugonalari Nozi desalar, ammalari Goʻzal deydilar... Qizginaning yoqimtoyligi rahmatli onasiga tortgan.

Yana, oʻziga oʻxshagan jamalaksoch qizaloqlar bilan toʻptosh oʻynardi, goho lattadan qoʻgʻirchoq yasab, bolasini ovutardi. «Voy jonim bolajonim, ochqab ketdingmi?» deb oʻzicha mehribonchilik koʻrsatganida, akasi uni masxara qilib kular edi. Qizginalar kichkina choʻplarni bir-biriga boylab, bir boʻlak matoni kiyim qilib kiydirib «mehmon-mehmon» ham oʻynashardi. Sumalak mahali tortina-tortina, katta xotinlarning «boʻl ha boʻl, uyalmaygina qol» deyishlari ostida ulkan kapgirni qozonga botirib, necha tosh chiqishiniyam koʻrardi, besh-oltita tosh chiqib qolsa uyalganidan qochib ham ketar edi.

Lekin hozir u sarosimada, goh mitti qoʻlchalarini yozib, goh shamol yulqilayotgan koʻylagini tutib, akasining ortidan chopib-chopqillab bormoqda.

Aka doʻq urgani bilan, oʻzi qoʻrquvdan dir-dir titrayotganini singilga sezdirmadi. Poyonsiz dashtda, shamolli kechada mana shunday borishyaptiyu kishilar orasida ogʻizdan ogʻizga oʻtib yuradigan hamma vahimali narsalar hozir shamol qa’ridan chiqib keladiganday tuyulmoqda edi. Pastak notanish butalar ostida yovuz jinlar boʻlishi mumkin, ular shunaqa shamolli kechalarda yolgʻiz qolib ketgan kishilarni poylab izgʻishadi. Shovullayotgan qoramtir daraxtlarning ustidan qilich koʻtargan qora kishi tushib kelishiyam mumkin. Hoʻv anavi xaroba - kimsasiz eski machit ichida dev kutib turgan boʻlsa-chi? Ha, allaqanday kishilar yoʻl ustida hoziru nozir, bu suronda birov qichqirsayam eshitilmaydi, hammayoqni tabiatning nolalari tutib ketgan mahalda oʻshanaqa kishilar yoʻllarda, daraxtlar ostidayu ustida mana shunaqa bemahalda yoʻlga chiqqan kishilarni adashtirib ketishadi. Adashganlarning ba’zilari qishloqqa sira qaytishmaydi, ularni keyinchalik ham birov koʻrmaydi, goho kimdir qandaydir tasodif sabab qaytib kelsa ham esdan ogʻib, ogʻiz-burni qiyshayib qolgan boʻladi.

Shunday mahallarda vahimalar girdobida adashib ketganlarning nimalarni koʻrishganiniyu nimadan buncha qattiq qoʻrqishganiniyam birov bilmaydi. Oʻzlari esa, aytib berisholmaydi.

* * *

...Oy bulutlar ostiga yana kirib ketdi. Toʻlqin-toʻlqin bulutlar koʻk yuzini tamomila qoplab oldi.
– Aka!
– Yursangchi tez-tez, «aka»lamasdan!
– Aka!..
– E, nima deysan?
– Akajon!..

Shamol battar shiddat urardi. Shunda daraxtlarning koʻlankalariga jon kirganday boʻldi. Bir buta oʻrnidan ilkis qoʻzgʻalib yoʻl ustiga tashlandi. Yum-yumaloq kattakon bir narsa shundoq yonginasidan yumalab oʻtib qamishlar orasiga kirib ketdi. Akaning esiga buvisining ertaklaridagi dahshatlar keldi, goʻyo bu allaqaysi jodugarning kesilgan boshi-yu «Hap sanimi!» deya kimnidir yaniy-yaniy yumalab borib chuqurga tushib ketganday! Daraxtlar shoxlarini choʻzib, yolgʻizoyoq yoʻlga yaqinlashib kela boshlashdi. Akaning yuzlari muzlab ketdi, Aksiga olib uzoqlarda chiroq ham koʻrinmaydi. Chunki qishloqdagi chiroqlar shamolda oʻchib qoladi. Oʻt chiqib ketmasin deb sham ham yoqmaydilar. Qoʻy-koʻzilarning ba’rashlariniyu kuchuklarning vovullashlarini shamol uchirib ketadi.
– Aka, akajon!..

Yigitcha yoʻqdan bino boʻlgan qoʻrquvini yengishga urinardiyu shu shamol ostida chayqala-chayqala, tizzalari dir-dir qaltirab qadam tashlar edi. Jonholatda yugurib qochgisi kelardi. Lekin, qayoqqa? Buvining qishlogʻigacha ancha bor, tevarak yulqinayotgan, shitirlayotgan, ingranayotgan daraxtlaru butalarga toʻla. Toʻqayzorda vahshiy hayvonlar ham boʻlishi mumkin. U tayogʻini yanada mahkam qisimlab oldi. Ozgina yurishsa, buvining qishlogʻiga yetib olishadi. Dashtu dalalar uzra gʻuvillayotgan bu shamol hozir, shu pallada qoʻrqinchli xolos. Ertaga tong otsa, sira qoʻrqinchli boʻlmay qoladi. Hozir oʻtayotgan yerlaridan ertaga kunduzi oʻtsa, hamma narsa tinchlanib-sokinlashgan boʻladi. Lekin, hozir nega bu qadar qoʻrquv uygʻotayotir? Qorongʻi boʻlgani uchunmi? Ha, qorongʻida narsalarning koʻrinishlari oʻzgarib ketadi, vahima kuchayadi. Aslida yoʻlga chiqishmasa boʻlar ekan. Nimagayam chiqishdi? Oʻgay onaning yonida, chaqaloqning bigʻillashiyu otaning toʻngʻillashi ostida boʻlsayam tinchgina uxlagani yaxshimasmidi? Yaxshisi ayvonda, koʻrpaga burkanib olib shamol ovoziga quloq solib uxlayverardi. Shamolda teraklarning qarsillab sinishini eshitib yotish mazza... Bu dashtdan ham qarsillayotgan ovozlar kelmoqda, balki qanaqadir daraxtlarning shoxlari sinayotgandir? Butalar mustahkam, bari yer bagʻirlab qolgan, qayishqoq, dashtning butalari shamolga moslashib ketishgan.

Hech boʻlmasa oy bulutlar ostiga kirib ketmay tursaydi. Lekin oy chiqsa, vahima yana kuchayadi. Oy yogʻdusida dashtda nimalardir harakatlanayotganday tuyuladi. Yurak yana shuvillab ketadi. Tezroq, tezroq yurib buvinikiga yetib olish kerak. Adashtiruvchilar balki rostdan ham bordir? Nega boʻlmasa kap-katta odamlar ham ularni gapirib yurishadi?

Yigitcha shu tarz qadamini ildamlatib, deyarli yugurib bormoqda edi. Qamishlar orasida bir nimalar qattiq shitirlar edi. Balki u yerda ham qanaqadir vahshiy hayvonlar qulay payt poylab yugurib borishayotgandir? Tezroq buvinikiga yetib olishsaydi...

* * *

...Nihoyat, qishloqning daraxtzorlari qorayib koʻrindi. Shamol yanada avjiga chiqqan, daraxtlarning qurigan shoxlari bu yerda ham qarsillab sinardi. Chapdagi zovurning doʻnglari ustida boʻgʻiq hushtak chala boshladi. Qishloqda ovozlar oʻzgacha, dashtdagi kabi yovvoyi, hurkituvchi emas. Bu yerda ham nimalardir taraqlayapti, kimningdir eshigi shamolda ochilib-yopilib gʻiyqillayapti, kuchuk vovullashi eshitilyapti.

Tuprogʻi toʻzgʻib yotgan koʻchadan deyarli chopib borar edi yigitcha. Hech qaerda chiroq yoʻq, hoʻv naridagi ba’zi uylarning kichkina derazalarida sham alangasi lipillamoqda. U uydagi kishilar balki hozir bamaylixotir gurunglashib oʻtirishgandir? Yigitchaning yuragi qiniga sigʻmay ura ketdi, ich-ichidan gʻalati, yovvoyi sevinch koʻtarilib keldi. U qah-qah otib kulib yubordi, nafasi tiqilib-tiqilib kulardi u... Nihoyat, buvining eski uyiga ham yetib keldi. Ichkari tomonidan zulfini ilingan eshik ham shamolda taqirlamoqda edi, yelkasi bilan qattiq urgan edi, ochilib ketdi.
– Buvi-i! Buvi-i! – deb ovoz berdi u.
– Voy xayriyat-ey! Voy xudoga shukur-ey! – saldan keyin shamolning uvillashlari aro odam tovushi kelishini ishonib-ishonqiramay kutib oʻtirgan buvi kalishini apil-tapil kiyasola, chiqib keldi. – Eson-omon yetib kelvoldilaringmi, bolajonlarim, qoʻrqib ketmadilaringmi?
– Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz, shamoldanam qoʻrqamanmi? – dedi yigitcha kekkayib. Yuragidagi yovvoyi quvonch va xotirjamlik endi unda oʻsmirona gʻurur uygʻotdi. Qoʻrquvi chekingan, boyagi vahimalari kulgiliyu bema’ni tuyula boshladi.
– Voy, buving choʻri, botirimdan oʻrgilay! – dedi buvi.

Soʻng, chiqayotgan joyida toʻsatdan toʻxtab, sarosimalanib soʻradi:
– Hoy oʻlgur, singling qani?

Yigitchaning yuzidagi baxtiyorlik ifodasi birdaniga gʻoyib boʻldi, goʻyo u ifodani ham shamol uchirib ketganday boʻldi. U hangu mang boʻlib ortiga alangladi.

Singil yoʻq edi!
– Yigit boʻlmay oʻl, Nozik qani?

Nariroqda, egilib-bukilayotgan daraxtlar ostida ham, hozir oy xira yoritib turgan tuproq yoʻlda ham qizaloq koʻrinmas edi.

Boyagina «aka-aka»lab chopqillab ortidan kelayotgan edi-ku? Kichkina guldor roʻmoli ostidan ikki oʻrim yovvoyi sochi tikkayib chiqib turgan edi-ku? Pochalaridan ingichka oyoqchalari koʻrina-koʻrina, goh tevarakka «voy oʻlmasam» deya alanglab-alanglab, goh akasining kuchu qudratidan bolalarcha magʻrurlanib-faxrlanib, koʻylakchasini shamol yulqilay-yulqilay chopib-chopib kelayotgandi-ku? Qani qizaloq? Qay yerda qolib ketdi u?

Koʻchalar, bogʻlar, yulqinib-silkinayotgan bu makonlar boʻm-boʻsh, faqatgina shamol – odam yashamaydigan uzoq togʻlarning yolgʻiz qoyalari orasidan chiqib kelgan mana shu vahshiy shamolgina butun olam uzra yoyilib-sochilib shiddat urmoqda edi, xolos.

* * *

Dangʻaraning shamoli – bahaybat togʻ oralaridan koʻzga koʻrinmas benihoya ulkan maxluq singari chiqib kelgan shu shamol oʻkirib-pishqirib rosa esdi!

Shu turishda u hozir Qirqlar, Minglar, Aravon, Jilva, Chomoch, Soylar, Nayman, Begovot kabi yuzlab qishloqlar ustida toʻzon va qum sochib vahshat solib, chunon oʻkirib-oʻkirib oʻtdi-ki!

Daraxt oralarini aylanib-aylanib esishida nola ohanglari ham borga oʻxshardi. Kuch va qudratini insonlarning omonat makonlari uzra namoyon qila-qila, goh boʻzlay-boʻzlay, goh nolon-nolon, goho esa isyon ila qichqira-qichqira, shiddati pasayganida esa ingrana-ingrana esaverdi.

Uning esishida boshqa ma’nolar ham borga oʻxshardi.

«Yetim bola» deb ovoz chiqardi u tomorqalar ustida.

Ayqash-uyqash boʻlib sinib ketgan juxorizorlar uzra esa «Hoy bola» deb dagʻdagʻa qildi!

Va qahqaha urib, shoʻrlik akaning sochlarini uzib olguday boʻlib yulqilayverdi:

    «Yetim bola, toy bola,
    Singling qayda, boy bola?..»

* * *

Bu - hayotda juda koʻp voqealarni koʻraverib diydasi qotib ketgan kampir edi. Lekin hozir sarosimaga tushib, vahima va qoʻrquv ila yigitchaning sochlaridan tortib, mushtlari bilan boshiga ura-ura yigʻlay-yigʻlay nido qilardi:
– Erkak boʻlmay oʻl, top singlingni, qirilib ketgur! Bor, qayt izingga, topolmasang oʻsha yoqlarda oʻlib ket!

Ha, butun bu bepoyon kengliklarni birday enlab, quturib-vahshat solib esardi shamol.

Yigitcha bir tomondan or-nomus titrogʻi, bir tomondan yana oʻsha vahimalarga roʻpara kelishning qaltirogʻi ila ortiga oʻgirildi.

Sal narida qishloq uylari tugab, yana kimsasiz dasht, gʻalati oqish butalar, goh yakkam-dukkam, goh qalin, ayqashib ketgan qamishlar, yulgʻunlar, toʻrongʻillar toʻla yaydoq dasht boshlanib ketgan, battar quturib esar edi Dangʻaraning tentak shamoli.

Bu yigitcha, onasining yolgʻiz yodgori, oʻsha qoʻrqinchlar bilan yana yuzma-yuz kelishi kerak edi.

Yuzma-yuz kelishi nimasi, orasida sanqib, mitti va yoqimtoy singilni izlashi kerak edi. Daraxtlar ustidan tushib keladigan qilich koʻtargan qora kishi, butalar tagida olov yoqib oʻtirgan odamchalar, nima uchun kimsasiz makonlarda kezib yurishlarini birov bilmaydigan gʻalati kishilar, qamishzorlar ichra qulay payt poylab yugurgilab borayotgan vahshiy hayvonlar izgʻigan dasht aro... nozik-nihol singilchasini topishi kerak edi!

Vahshiy shamol endi uning yuz-koʻzlariga, boshiga tuproq sochar, sochlaridan yulqilab qiynar edi. Uning shiddatida kampirning yogʻoch eshigi taraqlab yopildi, yopildiyu yana qaytib lang ochilib ketdi.

Yigitcha yana ortiga qarab yoʻlga chiqdi.

Kim bilsin... ichidagi shiddatli qoʻrquvlarni yengib u makonlarda izgʻigani taqdirda ham, toparmikin singlisini? Bu talotoʻp va suron ichra nafis-nihol oʻn bir yashar qizaloq qaysi puchmoqlarda ekan hozir? Yeru koʻkni enlab-buzib esayotgan va jonliyu jonsizni harakatga keltirib quturayotgan bu yovvoyi shamol ostida, qay buta yoki daraxt tubida, qay chuqurda akasini kutib dir-dir titrayotgan ekan?

Mabodo topgan taqdirda ham... qay ahvolda toparkin?

Topa olarmikin?