OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiTilsim lashkari yoxud Muqanna (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilsim lashkari yoxud Muqanna (hikoya)
Isajon Sulton

Kech kira boshladi. Tobora kuchayib borayotgan shamol kunbotar yoqdan xas-choʻplarni uchirib olib kelaverdi, samo maydoniga bulutlarni qatma-qat toʻdalashtirib uyaverdi. Koʻp oʻtmay, olam rutubat va tahlika ichida qoldi.

Koʻchada oʻynab yurgan bolalar birin-ketin tarqalishdi. Hamma yoqni chang-toʻzon tutib ketgan edi. Koʻziga qum kirgan bir bolakay chirillab yigʻlab qoldi. Xavotirlanib koʻchaga chiqqan bobosi:
– Tez-tez yur, yana jodu shamoli esyapti. Endi ertalabgacha tinmaydi. Boʻlaqol, toychogʻim, gapimga kirsang, sandiqdan halvoqand olib beraman, – deya uni yupatishga tushdi.

Shamol rosa avjiga chiqqan edi. U dorga yoyib qoʻyilgan kimningdir belbogʻini bir yulqib oldi-da, uchirib ketdi. Zangori belbogʻ ucha-ucha naridagi tut novdasiga ilindi va xuddi muzaffar lashkarlarning tugʻi singari hilpirayverdi. Bolakay yigʻlashni ham unutib, koʻzlari chaqnagancha:
– Qanaqa jodu, bobo? Nimaga hamma shunaqa deydi? – deb soʻradi.

Bu asnoda shamol yana epkin urdi, bolakayning sochini toʻzgʻitib, kiyimlarini yulqilay boshladi. Bobosi esa:
– Hamma narsani ham soʻrayvermaydi bola degan, beta’sir! Yur uyga, nimagaligini kechqurun aytib beraman, – deya qulogʻidan choʻzib, dikonglatganicha hovlilardan biriga olib kirib ketdi.

Koʻp oʻtmay, qorongʻi tushdi. Shimol tomondagi koʻhna togʻlar silsilasi ustida momaqaldiroq tevarakni titratib, gumbirladi. Goʻyo qoyalar yorilib-uvalanib, tutday toʻkilayotgan edi. Chaqmoq chaqnab, hammayoqni oniy yogʻdu bilan siypalab oʻtdi. Keyin olam yana zulmat qa’riga choʻmdi.

* * *

Bu shamol yiliga bir marta, dov-daraxtlar kuz libosini kiyib, tevarak-javonib lovillab yonayotgan qizgʻish-za’far yaproqlar yogʻini ostida qolgan maxalda qoʻzgʻalar, tuni bilan olamning toʻs-toʻpolonini chiqarib, tong vaqtidagina tinar edi. Uiing gʻalati nom bilan atalishi haqida el ogʻzida ajoyib va qadimiy bir rivoyat yurar edi.

Bir vaqtlar bu yerda Hakim ismli dehqon yashagan edi. U dashtdan qoʻriq ochgan, yozi bilan tinmay ishlab, mazasi tilni yoradigan qovunlar yetishtirardi. Soʻng ularni sotgani Naxshabga joʻnar, oʻn-oʻn besh kundan soʻng mamnun holda, qoʻyni-qoʻnji toʻlib qishloqqa qaytib kelar edi. Shu kundan e’tiboran qoʻrasidan qoʻylarning ba’rashi, tovuqlarning qaqolashi eshitila boshlar, Hakimning oʻzi ham et qoʻyib-toʻlishib, yuziga qon yugurib qolar edi.

Falokat va tasodiflarga boy ot yilida ham uning hosili moʻl boʻldi. Toʻrlagan qovunlarni qamish toʻrxaltalarga solib, yertoʻlaga osib qoʻydi, endi bular to qish oyoqlaguniga qadar xuddi yangi uzilganday boʻlib turaveradi. Hakim tagʻin shaharga otlanganida tong sahar edi. Qunbotarda, togʻlar ustida bulutlar juda ham quyuqlashgan va momaqaldiroq tinmay gumburlardi. Hakim qovunlarini poxol solingan aravaga yaxshilab, zaxa yemaydigan qilib joyladi, qoʻy terisidan tikilgan poʻstiniga oʻranib, oʻrnashib oʻtirdi-da, otga qamchi urishga chogʻlanarkan, xotiniga qarab:
– Boʻpti... Oʻra toʻla savzi, omborxonada goʻsht-yogʻ yetarli. Nasib qilsa, oʻn kundayoq qaytaman, – dedi.

Ammo xotinning koʻngli allanechuk bezovta, agar erini hozir joʻnatib yuborsa, qaytib koʻrolmaydiganday tuyulardi. Darvoqe, tevarak ham bugun oʻzgacharoq edi: tabiat xuddi nimanidir kutayotganday bezovta, qushlar zoʻr berib chirqillashar, togʻlar ustida hanuz momakaldiroq gumbirlardi.
– Nega yigʻlaysan? – dedi Hakim, xunobi oshib. – Bir-ikkida bormay yurgan boʻlsam ham mayliydi. Bas qil endi koʻzyoshni!
– Axir, ertaga ketsangiz boʻlmaydimi? – deb zorlandi xotini. – Xuddi bir nima boʻladiganga oʻxshaydi. Koʻnglim juda gʻash.
– Hech nima boʻlmaydi, – deb unga taskin berdi Hakim. Soʻng otga qamchi urdi. – Xudo xohlasa, bir haftadayoq qaytaman. Xush qolinglar...

Ot kishnadi, arava gʻirchillab yoʻlga tushdi. Hayal oʻtmay, qishloq teraklar ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Kechga borib, kunbotardan kuchli shamol qoʻzgʻaldi. U yoʻlida uchragan neki bor – barini uchirib-payhon qilib, yanchib oʻtdi. Shamol tuni boʻyi tinmadi, oʻkirib-dahshat solib esaverdi.

Kunlar bir zaylda, osuda kechar, ammo xotinning koʻngli hanuz tinchlanmas edi. Tunlari uyqusi butkul oʻchganicha qorongʻilikka termilib, erini oʻz panohida saqlashini Xudodan iltijo qilardi. Oradan oʻn kun oʻtdi, Hakim qaytmadi. Yigirma kun, bir oy... uch oy oʻtdi hamki, undan darak yoʻq. Koʻp oʻtmay savdo-sotiq uchun ketganlarning bari qaytib kelishdi, ular yoʻlda Hakimni koʻrmaganliklarini aytishdi. Shoʻrlik xotin koʻk kiyib, eriga aza ochdi. Yil oʻtgach, dardu gʻamga koʻnikdi, roʻzgʻorini amal-taqal qilib tebrata boshladi..

Hakim ketgan kunga roppa-rosa bir yil toʻlganida yana oʻsha hol takrorlandi. Kechga yaqin kuchli shamol qoʻzgʻaldi. Erining sirli ravishda bedarak ketishi bilan mana shu gʻalati shamol oʻrtasida qandaydir bir bogʻliqlik borligini sezar edi shoʻrlik beva. Qorongʻi tushdi. Bolalar uxlagani yotdilar. Ammo ayol uxlay olmadi, derazadan koʻzini uzmay, a’zoyi badani jimirlagancha, nimanidir roʻy berishini kutar edi. Ha, bugun nimadir roʻy berishi kerak edi! Darcha orti qop-qora tun, shamol goh qah-qah urib, goh zorlanib, goh yolgʻie bevani masxaralab esmoqda edi. Koʻp oʻtmay tun yarim boʻldi. Shamolning shovqini aro zaif bir sharpa sezildi. Beva irgʻib turib, tashqariga nazar tashladi. Shu lahzada yarq etib chaqmoq chaqnadi va hovlida turgan, jangovar yarogʻ-aslahalar bilan qurollangan niqobli bir otliqning shamday qomatini yoritib yubordi.

Kim u? Yarim tunda bu hovlida neni istar u?

Chaqmoq yana chaqnaganida, sirli otliqning otdan tushib, eshik tomon yurgann koʻrindi. Juvonning yuragi boʻgʻziga tiqilib kelib, dukurlab ura ketdi. Shu lahzada eshikning zulfini taqilladi, keyin tanish ovoz eshitildi:
– Och!

Kelgan eri edi!
– Sizmisnz? – qaltiroq barmoklar zanjirni majolsiz tutdi.
– Men, men, qoʻrqma. Och endi.

Eshik ochildi. Ichkariga bir sharpa kabi, gʻalati kiyimlarga oʻrangan eri kirib keldi. Juvon oʻzini unga otdi, ammo Hakim oʻzini chetga oldi.

– Qaylarda edingiz? Bolalaringizni oʻylamaysizmi? Meni oʻylamaysizmi? Xavotir ola-ola, kuyib ketdik-ku hammamiz?!
– Xoʻp, xoʻp, bas qil, – dedi Hakim. – Mening vaqtim juda kam. Oʻtir, gaplarimni eshit.

Juvon hanuz yigʻlar edi.
– Jim, shovqin solma, – dedi Hakim, hadiksirab. - Oʻtir. Aytdim-ku, vaqt juda ziq.

Juvon chor-nochor erining roʻparasiga choʻkdi. Yillar davomida koʻrib yurgan qadrdon chehra oʻrnida oppoq niqobni koʻrdi.
– Bu nimasi? – deb nido kilib yubordi.

«Mehmon» bosh chayqadi.
– Nega unday qilasiz? Nega meni qoʻrqitasiz?
– Gapimni boʻlmay, diqqat bilan eshit, – dedi Hakim, ovozi oʻzgarib. – Aza ochib toʻgʻri qilgansan – hozir meni soʻnggi marta koʻrishing. Tez orada muhlat tamom boʻladi, kettanimdan soʻng meni hech qachon koʻrmaysan. Faqat bir sirni senga oshkor qilib ketay, deb keldim. Bilginki, bu shamol bekorga esmaydi, momaqaldiroq bekorga gumbirlamaydi, balki bu pallada qoyalar suriladi, ming yil avval zarb etilgan jodu qopqalari ochiladi... bir lashkar chiqib keladi. Bu lashkar na oʻtda yonadi, na suvda choʻkadi, uni na chopib boʻladi, na osib. Tuni bilan yer yuzini kezadi, shamol unga uvillab-oʻkirib hamroh boʻladi, shamol tinishi bilan lashkar yana tilsim gʻoriga kirib berkinadi...

Xuddi shu lahzani kutib turganday, «mehmon»ning sirli gapini boʻlmoqchi boʻlganday, darchadan shamol tagʻin kirib keldi, sham alangasi keskin lipillab jetdi.

Hakim shoshib gapida davom etdi:
— Oʻshanda, oldinroq shaharga ketganlarga yeta olmay, dashtda tunab qoldim. Ust-ustiga, shamol zoʻrayib, otlar ham yurolmay qoldi. Poʻstinimga oʻranib, ikkala otning oʻrtasiga yotib oldim. Bilaman, bunaqa shamolda boʻriyu shogʻollar ham in-iniga urib ketadi, shuning uchun bexavotir uxladim. Bir mahal otimning kishnashidan uygʻonib ketdim. Boshimni koʻtarib qarasam, shamol haliyam gʻuvillab esayotir, ammo osmon top-toza, oy nur sochib turibdi. Sal naridan esa boshi-oxiri koʻrinmaydigan mahobatli bir lashkar oʻtib borayotir. Dubulgʻalari oy nurida yiltillaydi, nayzalar yaraqlaydi, aslahalar jaranglaydi. Boshimni koʻtarganimni koʻrdiyu toʻp oldida borayotgan oq tugʻli bir otliq yelday boʻlib yonimga keldi, nayzasining yoni bilan bir urdi„ yiqildim. Gʻalati tush koʻryapmanmi, deb oʻyladim, ammo ogʻriq kuchli edi. Tipirchilab yotarkanman, otliq arqon tashladi-da, meni sudrab ketdi. Qoʻrqqanimdan ogʻriqniyam sezmadim. Oʻzim sudralib ketyapman-u, lashkarga qarayman- sonsiz-sanoqsiz, bunday qoʻshin Buxorodayam, Qoʻqondayam, Xivadayam yoʻq, shunaka ulkan. Bari yosh, jangovar, barining koʻzidan oʻt chaqnaydi, otlar osmonga uchaman deydi. Bir mahal otliq toʻxtadi, boshdan-oyogʻi oqqa oʻrangan, oq ot mingan bir odamga roʻpara qildi. Meni turtib oldinga oʻtqazdiyu biqinimga nayzasini tirab turipti.
– Kimsan? – deb soʻradi oq otdagi odam.

Aytdim. Tirikchilik deb ketayotganimni, bolalarim uyda zor boʻlib yoʻl qarab turganini aytib yolvordim, yer oʻpib koʻyib yuborishlarini tiladim.

Oq otdagi odam indamay gaplarimni eshitib turdi, ammo soʻz demadi. «Hoqonim, hokonim»lab yerga yiqildim, meni bandi qilgan suvoriy siltab turgʻizdi:
– Qulluq qil! – deb hayqirdi u, koʻzlaridan gʻazab sochilib. – Senga Uning Oʻzi bilan gaplashish nasib qildi, ey badbaxt! Hozir osmondan chaqmoq tushib kuydirmasidan yo yer yorilib yutib ketmasidan avval qulluq kil, befahm!

Bu beshafqat suvoriy nayzasini suqib-netib olmasin, deb yana yerga yikildim-da, «Nurli jamol sohibiga xamdu sanolar boʻlsin», deb uning aytganlarini takrorladim. Shundan soʻng suvoriyning imosi bilan darrov bir ot keltirishdi, boshimga oq yopinchiq tashlashdi, yelkamga sadoq osib, belimga shamshir bogʻlashdi-da, uzun nayzani qoʻlimga tutqazib, otga mindirishdi. Bir qarasam, oʻsha qoʻshinga koʻshilib men ham qayoqqadir ketib boryapman.

Qoʻshin juda tez borayotgan edi. Keyin ilgʻaganim – otlarning tuyoqlari yerga tegmas, oʻtlar ustida muallaq turar edi. Koʻrayotganlarim tush ekanligiga endi ishondim. Bir-ikki soatga qolmay butun Turonni kezib chiqdik, keyin shamol bizni Hisor togʻlari tomonga surdi. Qoyalar surilib, ichkariga kirganimizdan keyingina tushundim – bu tilsimlangan lashkar ekan. Shoʻrim qurib, endi men ham shu lashkarning askariga aylangan ekanman.

Nurli Jamol sohibi – ulugʻ qudrat egasi. Shamol chaqiradigan ham, momaqaldirok uygʻotadigan ham, chaqmoq chaqnatadigan ham uning oʻzi... Yil oʻtgach, qoyalar yana surildi, lashkar yana yorugʻ dunyoga chiqdi. Bilib ol: bu shamolning siri ana shu lashkarda. Mana shu shamol esganida hech kim tashqarida yolgʻiz qolmasin. Qishloqlardan, kentlardan chiqmasin. Bolalaringga, avlodlaringga ehtiyot boʻlgin...

Hikoya poyoniga yetgani sayin dilida shubhasi zoʻrayib borayotgan xotin vahimadan titraganicha uning soʻzlarini tinglardi. Eri bu voqealarni harchand ishonarli qilib gapirishga urinmasin, uning gumoni ortaverdi va oxir-oqibat:
– Yoʻq-yoʻq... Ayting, kimsiz? Siz mening erim emassiz?! – deb qichqirib yubordi.
– Men rostdan ham eringman, nega ishonmaysan? – dedi kimsa, uning soʻzlaridan sarosimaga tushib. – Ovozimdan, harakatlarimdan tanimayapsanmi?
– Agar... erim boʻlsangiz, niqobingizni oling, koʻray, – deb talab qildi juvon, ortiga tisarilib. Niqobli odam shoshib nari surildi:
— Nimalar deyapsan? Ololmayman. Halok boʻlaman axir?! Esingni yigʻ, hoy nodon. Meniyam, oʻzingniyam xarob qilma.... Esingni yigʻ!

Ammo juvon qoʻrquvni yengib, gʻayrioddiy jasorat bilan oldga tashlandi va erining yuzidagi niqobni yulib oldi. Yulib oldi-yu...

Bu ne sinoatki, niqob orti qora oʻraday boʻm-boʻsh zdi.

Shamol olam boʻylab esardi. Chaqmoqning navbatdagi chaqini kimsasiz yoʻldan ot choptirib ketayotgan sirli otliqni va eshigi lang ochiq qolgan bevaning uyini yoritib yubordi.

* * *

Buxoro va Samarqand oqchoponlari magʻlubiyatga uchrab, ularga koʻmaklashish uchun kelgan koʻchmanchilar tarqalib ketgach, xalifa Mahdiy butun kuchini Muqannani qoʻlga kiritishga safarbar etdi. Xalifalikka boʻysungan barcha moʻminlar bu dajjolning oʻldirilishini talab etar edilar. Rivoyatga koʻra, dajjol gʻoyat badbashara, bir koʻzi uzum donasiday boʻrtib chiqkan maxluq boʻlib, qiyomat yaqin qolganida xudolik da’vosini qilib yer yuziga chiqishi aniq edi. Hoshim binni Hakimda ham shu xususiyatlar mavjud boʻlib, u doimo niqobda yurar edi.

Muqanna Marv bozorining maydonida paydo boʻlganida qoq tush mahali edi. Jodu sohibining Bagʻdod zindonida yotganini bilgan marvliklar uning bu zuhurotidan sarosimaga tushib, qocha boshladilar. Oxirida dovyurakroq kishilardan iborat bir guruh qoldi. Muqanna bu kishilardan soʻradi:
– Bilasizlarmi, men kimman?

Yigʻilganlar javob berdilar:
– Ha, bilamiz, sen sipohsolor Hakimning oʻgʻli Hoshimsan.
– Yoʻq, – dedi Muqanna. – Men sizlarning najotkoringizdirman. Bilingki, najot sizga Isodan yetsa, Iso menman, Musodan yetsa, Muso ham menman, Muhammaddan yetsa, Muhammad menman va najot Parvardigoringizdan yetsa, Parvardigoringiz xam mendirman!

Yigʻilganlar dahshatdan qotib qoldilar. Shu mahal bir yigit – Ubayd binni Zahab jasurlik qildi. Maydonda sotish uchun keltirilgan bir arslon bor edi. Arslon bir necha kundan beri yemish yemagan, qafasni buzishga urinib, tinmay boʻkirar edi. Ubayd yugurib borib, qafas eshigini ochib yubordi. Barcha sheryuraklar toʻrt tomonga qochdilar. Maydonda Muqannagina qoldi. Chang-toʻzonda avvaliga hech narsani anglab boʻlmadi, toʻzon bosilganida esa, Muqanna gʻoyib boʻlgan edi. Arslon esa mushukday miyovlagancha gir-gir aylanib, yer timdalardi. Yaqin kelganlar uning ikki koʻzi oqib tushganini koʻrdilar.

Shundan soʻng Marv tinchib qoldi. Aytishlaricha, Muqanna ikki-uch yil Hisor etagida yashagan ekan. Uni mahv etish uchun ketgan lashkar muharram oyining boshlarida afsun sohibining istiqomatgohini oʻrab oldi. Ammo tashlandiq hujrada bir necha sahifa qogʻozdan boshqa narsa topmadilar va bu qogʻozlarni Bagʻdodga keltirdilar. Qogʻozda mana bular yozilgan edi:

«Men, Hoshim binni Hakim, avval taralgan yungni, keyin taralmagan yungni qizil boʻyoqqa botirdim. Natijada ularning ranglari oʻzgardi. Farishta aytdiki, narsalarning ranglarining oʻzgarishi Yaratgan Egamga ma’qul ishdir. Iblis aytdiki, arslon qoʻydan faqat rangi bilangina farqlanur. Shu tariqa, men narsalarning ranglarini oʻzgartirib qattiq yanglishdim...»

«Men, Hoshim binni Hakim, kechqurun hujramda oʻtirganimda huzurimga bir kishi kirib keldi. Tahorat olib namoz oʻqidi hamda boshimni kesib, samoga olib chiqib ketdi. U koʻkda menga bir lugʻatni bayon qildi. Shu tariqa, men ana shu lugʻatni kishilarga yetkazish uchun mas’ul qilindim...»

Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, u Naxshab yaqinida paydo boʻldi. Odamlarga aytdiki:
– Menga iymon keltiringlar, men sizlarning xaloskoringizdirman.

Kishilar aytdilar:
– Oʻtmishda barcha paygʻambarlar oʻzlarining dalolat-moʻ‘jizalari bilan kelgan edilar. Sening dalolating bormi?

Muqanna soʻradi:
– Agar osmonga yangi bir oy chiqarsam, shahodat keltirurmisizlar?

Odamlar rozi boʻlib, shunga bay’at qildilar. Va Muqannaning sehri bilan Naxshab yaqinidagi quduqdan osmonga yana bir oy koʻtarilib chiqdi. Aytadilarki, bu oy ichiga simob va ma’dan aralashmasi toʻldirilgan shisha edi. Yana aytdilarki, yoʻq, bu jodu edi. Qalbaki oy bir qancha fasl samoda haqikiy oydan koʻra yorugʻroq nur sochib turdi.

Ahli islom Muqannani tamoman mahv etishga qattiq qaror qildi. Janglar koʻp davom etmadi. Muqanna oʻz tarafdorlari bilan birga Hisor puchmoqlarida oʻzi bino etgan Siyom qal’asiga chekindi.

Hirot voliysi Saidning tadbirlari tufayli Muqanna qoʻshinining sipohsolari oʻldirilgach, jodu sohibi qattiq qaygʻuga choʻmdi. Soʻng Sarjom degan bir kishini sipohsolar etib tayinladi. Biroq, yangi sipohsolar ham Allohga imon keltirganlar tomoniga oʻtib, tavba qildi. Shu bilan Siyom jangi tugadi, tashqi qal’a Saidning qoʻliga oʻtdi.

Hoshim binni Hakim shundan soʻng xobgohiga kirib ketganicha bir kechayu bir kunduz qorasini koʻrsatmadi. Xos navkarlar uning bezovta oyoq tovushlarinigina eshitardilar. Ertasiga kechga yaqin u qoʻriqchilarini chorladi hamda tez orada bu yerga Qaf degan afsungar kelishini, uni zinhor tutib qolmasliklarini amr etdi.

Afsungarning qanday paydo boʻlganini navkarlar payqamay qoldilar. U goʻyo qorongʻilik pardasi ortidan chiqib keldi. Qoʻriqchilar uni ichkariga kiritib yubordilar. Pastda, tashqi qal’a atrofida bezovtalik boshlandi.

Tongga yaqin Muqanna karorgohidan achchiq faryod ovozi eshitildi. Xos navkarlar ichkariga kirgani jur’at etolmadilar. Koʻp oʻtmay parda surilib, niqobdagi jodu sohibining oʻzi chiqib keldi, uning qoʻlida moʻ‘jaz bir koʻza bor edi. U soʻz demay yuqoriga – majlislar boʻladigan sahnga qarab yoʻnaldi. Xos xonaga qadam bosgan yigitlar hangu mang boʻlib qoldilar: afsungar mehmon oyoq-qoʻllari changak boʻlib, ogʻzidan qoni kelganicha oʻlib yotar edi.

Shu kuni Muqanna oʻziga sodiq odamlarni atrofiga toʻpladi va tuni boʻyi afsungar bilan qilgan suhbatining mazmunini bayon qildi. U shunday dedi:
– Sizu bizning jangimiz boqiy erur. Turonzaminga to qiyomat qadar yogʻiylar koʻz tikaberadilar. Bas, bugundan boshlab bizlar boqiy jangchilarga aylanurmiz. Bizlar har daqiqa, har lahzada yogʻiylar diliga qoʻrquv solurmiz. Bizlar hech kachon oʻlmagaymiz! Bizning lashkarimizni chopish, yondirish, suvga choʻktirish mumkin emas; u dahshatlidir. Men sizlarga najot va’da etgan edim, endi har biringizga boqiylik va toʻqson toʻqqiz jannatni hadya qilurman. Najot muborak boʻlsin!..

Tevarak-atrofdagi qoyalar uning soʻzlarini yuz karra kuchaytirib takrorladi. Alqissa, kishilar koʻzachadagi tilsimlangan sharobdan ichdilar va yerga yiqilib jon berdilar. Soʻngida Muqannagina qoldi. Uning amriga koʻra, bir tandirga uch kundan beri tinmay oʻt yoqilmoqda edi. Muqanna tandirga yaqinlashib choponini yechib tashladiyu oʻzini olovga otdi. Oradan ancha vaqt oʻtgach, tandir yoniga borganlar undan asar ham topmadilar.

Turon tuprogʻi tinchlikka yuz burdi.

Shundan soʻng, asrlar oraligʻida, har zamon-har zamonda ba’zi kishilarning shamolli kechada yurtni kezayotgan gʻalati lashkarni koʻrganliklari haqidagi bir-biridan koʻrqinchli va hayratangiz afsonalar paydo boʻla boshladi.

Aytishardiki, bu qadimiy qoʻshin - Muqanna boshliq Siyom askarlari emish.

1993