OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Turmush (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiTurmush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Turmush (hikoya)
Isajon Sulton

Shom qoʻna boshladi. Darvozaxonada kimdir tomoq qirdi, keyin qadam tovushi eshitildi.
– Hoy, otang keldi, qara, – dedi ishkom ostida, qozon boshida kuymalanayotgan ona. Uning yoshi taxminan qirq beshlarda, yuzi och jigarrang, shu bois koʻzi atrofidagi ajinlari yanada chuqurroq koʻrinadigan, ammo qiyiq koʻzlari kulimsirab turadigan xotin edi.

Ota qoʻlidagi toʻrvasini ayvonga qoʻyib, oʻtirdi. Oʻn yoshlar chamasidagi qizalogʻi bir kosa suv olib keldi.
– Eh Xudoyim, oʻzingga shukr, – deb qoʻydi ota, suvdan qonib ichib. Keyin roʻparasidagi ekin yerlariga koʻzi tushdi-da, ayoliga qarab norozi ohangda toʻngʻilladi:
– Yerni chopib qoʻymapsizlar-ku?
– Obbo, qoʻlim tegmasa nima qilay? – dedi xotin. – Sahardan beri yumushdan boʻshaganim yoʻq. Kecha bozor edi, oʻzingiz chopsangiz boʻlmasmidi?
– Senga ish buyursam, oʻzimga aytasan-a? – dedi erkak. – Yelkalarim, belim zirqirab ogʻriyapti, yoʻqsa bilardim nima qilishimni.

Keyin olma tagida turgan oʻgʻliga qarata:
– Sen-chi, chopib qoʻysang oʻlarmiding? Ertaga hammasini qilib qoʻygin, boʻptimi?
– Qilmayman, – dedi bola toʻrsayib.
– Hoy bola! – gʻazabi qoʻzidi erkakning. – Kuching taningga sigʻmay yotipti, nega gap qaytarasan otangga?

Oʻgʻil bir nimalarni toʻngʻillab, nari ketdi.

Saldan keyin qorongʻi tushdi. Ayvonda kechki taom yeyildi. Ona dasturxonni yigʻishtirib nari ketdi, ota bolishga yonboshlab, picha ihrab yotdi.
– Bugun ayvonga joy solaqol, toza havoda uxlay, – dedi ota.

Ona uning aytganini bajo keltirdi.

Oy havoladi. Shu tobda tepadan qaralsa xiyol enish qishloqning daraxtzorlari, hozir boʻshab qolgan yoʻllari oqish changsimon yogʻdu ichida edi.

* * *

Hammalari jim yotar edilar. Faqat kichkina qizchagina pishillab uxlar edi.

«Tavba, – deb oʻyladi erkak. – Hayotimning shunaqa boʻlishini oʻylabmidim? Horib-charchab keldim, bittasi chopib chiqib salom bermasa-ya. Aslida qanaqa boʻlishi kerak edi oʻzi? Xotin degan ochiq chehra bilan kutib olsa, xushhol jilmayib qoʻysangu bolalaringni bagʻringga bossang. Ishmi, ish nima, boʻladi-da. Bugun yer chopilmasa, ertaga chopilar? Yo boʻlmasa, qopketar? Ust-boshi tuproq bolachalaringni bagʻringga bossang qanday mazza? Bir silkinsangu koʻchaning tashvishlari yelkangdan tushib ketsa, uyingga jannatga kirganday kirsang. Unaqa boʻlmadi-ku? Gap mana shunda-da, nima uchun?»

Xotin ham oʻylar edi:

«Xoʻmrayishini-chi. Ertalabdan beri shu ahvolda boʻlsam. Na oʻzimga qarayman, na bir lahza tin olaman. Ochiq chehra bilan kirib kelsa oʻladimi? Birov ishlab kelganingga zormi, odamning qorni yarimta non bilan ham toʻyadi, bir ogʻiz shirin soʻz odamni oʻldiribdimi? Qachon qarasang shu: qovogʻini solib oʻshqirgani oʻshqirgan...»

Oʻgʻil ham uxlamagan edi.

Uning nima oʻylayotganini bilib boʻlmas edi.

Oyga qarab jilmayib yotar edi u.

* * *

Vaqt allamahalga borgach, hamma uxlab qoldi.

Oy yorugʻi ekinlar, hovli tuprogʻi uzra xuddi joni borday siljib kelib, saldan keyin ayvonga chiqib oldi. Yana bir oz vaqt oʻtgach, uyqudagilarning yuzlarini yoritdi. Mana shu yogʻdu barchasining tushida gʻalati voqealarni bino qildi.

Bepoyon va tep-tekis bir makon emish. Ota oʻzini shu makonda koʻrdi. Qaylardandir, uzoq-uzoqlardan zaif «Ogoh boʻlinglar-a-ar!» degan qichqiriq taralarmish, lekin qichqiruvchining kimligini bilib boʻlmasmish. Yonginasida gʻoyat latif va goʻzal bir malak bormish, u tik qarashga botinmay, yerga tikilgan koʻyi nimanidir kutar emish.

«Ibo-hayosini qara-ya, – der emish ota, qarshisidagi malakning qaydan bino boʻlganiga hayron boʻlib. Ajabki, biror joyi ogʻrimas, vujudi yengil emish. Keyin qarasa, oʻzining xotini ekan.

«Iya, nima qilib yuribsan bu yerlarda?» – dermishu koʻzlariga ishonmasmish. Ayoli nurdan iborat, koʻzlari judayam qora, kipriklari uzun, nigohi musaffo emish.

«Men qaylarda qay tarz yaralganimni bilmas edim, xoʻjam, – dermish xotini, hanuz koʻzlarini yerdan uzmay. – Aytildiki, ey ayol, bir kun ulgʻayasan, barcha ayollar kabi turmush qurasan, boshingda bir xoʻjang boʻladi va farzandlar koʻrasan. Bilki, har narsada xoʻjangga muntazirsan. Ayolning haqi erida, erning haqi onasida koʻproqdir. Ering ne desa itoat etasan, har itoatingda sharaflanasan. Agar shirk boʻlib qolishidan koʻrqilmasaydi, hatto eringga sajda qilish buyurilgan boʻlardi. Umringning soʻngida shu qadar yuksak maqom olasanki, yer ham, koʻk ham seni sharaflaydi. Bilginki, oroming itoatingdadir, deyildi. Mening asl qiyofam shu, xoʻjam. Neki iroda etsangiz, hukmingizga muntazirman.

«E tavba, – dermish lol qolib erkak. – Umrim boʻyi bunaqa gaplarni eshitmagan ekanman. Qoʻysang-chi...»

U xotinining ismini aytmoqchi boʻlsa-da, eslolmasmish.

«Sizni ruhlantirishim, oromingizni ta’min etmogʻim burchim edi, – dermish xotini. – Roʻzgʻor deb oʻzingizni oʻtga-choʻqqa urib kelganingizda, oromingizni oʻylashim kerak edi. Birovdan koʻp, birovdan kam, qanday boʻlsayam shu roʻzgʻorni tebratib turibsiz deb, boshimga sizday xoʻjani ato etgani uchun xudoyimga shukrlar aytishim ham kerak edi.»

«Ha, boʻpti, – dermish erkak oʻngʻaysizlanib. – Yuraqol endi uyga».

«Men sizga omonat edim-ku, xoʻjam, – dermish keyin ayol, toʻsatdan koʻzlaridan duv-duv yoshi oqib. – Boʻy yetganimdan keyin har neki boʻlsa hammasini zimmamga olib, hatto gʻarib otamning oldida ham bor yoʻgʻi oʻn yetti yil yurgan boʻlsam, sizning xizmatingizda oʻttiz yildan buyonman-ku. Yaratganning hukmi bilan sizga boʻysungan edim-ku? Jon xoʻjam, ruxsat beraqoling, ozgina orom olay. Siz ruxsat bermasangiz, u orom qopqalari ochilmaydi. Rahm qiling, xoʻjam, judayam charchab ketdim. Birozgina tin olvolay. Birozgina xolos... keyin yana xizmatingizga qaytaman».

«Yoʻgʻ-e, nega unday deysan? – dermish erkak. – Endi, turmushda har narsa boʻladi-da».

* * *

Ayni tushni ayol ham koʻrdi.

Ajabki, eri – ustlari yorilib-yorilib, chatnab ketgan ulkan tosh emish.

«Voy, toshga aylanib qopsiz-ku», dermish eriga, hayron boʻlib.

Eri ma’yus emish.

«Yoʻq, toshga aylanmaganman, – dermish. – Sizlarni shamollardan, boʻronlardan pana qilaman, deb shu holga tushdim-da. Qara, ustim tilinib-yorilib ketdi. Kecha chaqmoq chaqqani esingdami? Oʻsha chaqmoq ustimga tushdi, yelkamni yorib yubordi».

«Ha, men sening xoʻjang edim, – dermish keyin. – Har tashvish yuragimda mana shunaqa izlar qoldirdi. Koʻrinishim mustahkam boʻlgani bilan ichimdan irib ketganman. Eshityapsanmi, juda olislardan bir qichqiriq bino boʻlib, tobora yaqinlashmoqda. Yetib kelmasidan oldin rozi-rizolik soʻrashib olganimiz ma’qulmikin?..»

* * *

Bu tushni bir kichkina qizgina koʻrmadi. U tamomila boshqa bir tush koʻrdi.

Oy juda ulkan emish. Ostida bir karvon yoʻlga tushgan, odamlari hayajonda emishlar. «Hoy odamlar, hozirgina oy ikkiga boʻlindi, – deb qichqirarmishlar. – Koʻrdinglarmi, hozirgina oy boʻlinib, yana birlashdi!»

Qizgina qarasa, karvonda otasi va onasi ham bor emish. Qizaloqqa qoʻllarini choʻzar emishlar, lekin karvon shitob bilan shom tarafga joʻnab borarmish.

«Men bitta oʻzim qoʻrqaman-ku, otajon, – der emish qizgina. – Jon ota, jon ona, ketmay turinglar!»

«Oy qizim, bu karvonni toʻxtatib boʻlarmidi? – dermish ota. – Jonim qizim, yorugʻ jahonim, otang qurboning boʻlsin! Qoʻrqma, bu yerda sen kabi qizaloqlar ham bor.»

Qizgina qarasa, hoʻv narida bir toʻda bolalar koʻrinarmish.

«Kimlar bular?» der emish hayratlanib.

«Tiriklayin koʻmilgan qizchalar», dermish ota.

Lekin, ular tiriklayin koʻmilgan qizchalarga sira oʻxshamas emishlar. Ulkan bir daraxt ostida soch-soqoli oppoq nuroniy bir chol bilan oʻynab oʻtirarmishlar.

«Iloyo umring bizga oʻxshamasin, bolam, – dermish onasi. – Men ham hayoti dunyoda turmush degan tuproqqa tiriklay koʻmilganlardan boʻldim. Endi ketaqolay.»

«Hoy odamlar, ogoh boʻlingla-ar! Qiyomat yaqin qoldi-i, – deb qichqirar emish bir kishi, ammo oʻzi koʻrinmasmish. – Ey hayoti dunyodagi juftlar! Qiyomatdan soʻng ham birga boʻlishni istaysizmi?»

«Yoʻq-yoʻq! Hargiz xoʻjamning yuzini menga koʻrsatmang», deb qichqirar emish bir xotin.

«Yoʻq-yoʻq! Aslo zavjamning yuzini menga koʻrsatmang,» deb qichqirar emish boshqa bir erkak.

Karvon shu tariqa ketib borarmishu qizaloq bepoyon dashtda bir oʻzi qolib ketar emish...

* * *

Tunning uzuq bir qismida uch kishi mana shunday gʻalati tushlar koʻrdi.

Yaxshiyamki, tun qisqa boʻldi.

Subh yorugʻi tezda yuz koʻrsataqoldi.

Bolalar hanuz pishillab uxlar edilar. Xotin uygʻonib, bolalarining ochilib qolgan ustini toʻgʻriladi, keyin picha vaqt oʻylanib yotdi. Nimalarni oʻylayotganini bilib boʻlmas edi. Soʻng «E Xudo, yana qancha ish bor-a...» dedi hovliga qarab. Hovli sahni shudringdan namchil, hoʻv narida, bugun chopilishi kerak boʻlgan yer uzra oʻsgan ertabahor oʻtlarida ham oqish shudring tomchilari yiltirar edi. Ayol nonushta tayyorladi.

Ota peshanasini tirishtirib oʻtirar edi.

Ayol non sindirayotib, soʻradi:
– Ha, muncha oʻylanib qoldingiz?
– Gʻalati tush koʻrdim... – dedi er. – Juda gʻalati... ammo eslolmayapman. Esimda qolgani shuki, oy nuri toʻla bir makon emish. Oʻsha yerda sen ham bor ekansan.
– Qiziq, men ham qanaqadir tush koʻrdim, – dedi xotin. – Tavba, sira esda qolmaydi-ya.
– Mening tushim esimda, – dedi qizaloq jilmayib. – Tushimda oy ikkiga boʻlindi. Bir odam oʻzi koʻrinmasdan «Ogoh boʻlingla-ar» deb rosa qattiq qichqirdi...
– Ha endi, sening tushing shunaqa boʻladi-da, – deb kulimsirab qoʻydi ota. – Menga qara, – dedi keyin xotiniga. – Bir gʻayrat qilib yerni chopib qoʻyaqolinglar, ekin ekvolmasak qopketadi.
– Xoʻp, – dedi xotin.

Shu tariqa, xudoning yana bir kuni boshlandi.

Har doimgiday, oddiygina bir kun.

2012