OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isajon Sulton. Xun (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsajon Sulton
Asar nomiXun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isajon Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xun (hikoya)
Isajon Sulton

Tangritogʻning etagidagi koʻkalamzor yaylovda Erxon chol elliklarni qoralab qolgan Oytoʻldi otligʻ ayoli bilan faqirona hayot kechirardilar. Ular bir vaqtlar tiklab olgan koʻrimsizgina goʻshadan ancha narida xushxoʻr mevalaru turfa hayvonotga moʻl oʻrmon boshla-nardi. U ikki qariyani beminnat boqardi. Koʻk Tangrining farzandi — Quyosh oʻrmon tepasida koʻtarilgan pallada Erxon chol qora poʻlatdan quyilgan keskir boltasini beliga qistirib, qoʻygan tuzoqlarini koʻzdan kechirish uchun joʻ-nar, oradan xiyla vaqt oʻtgach, yelkasida bir bogʻ quruq qaragʻay oʻtinniyu tipirchilayotgan quyonnimi, qirgʻovulni koʻtarib, mamnun qiyo-fada qaytib kelardi. Ularni pishirish Oytoʻldining zimmasida edi. Oʻchoqqa olov yoqib, eri soʻyib-tozalab bergan etni olovga tovlagan paytda Erxon oʻt-oʻlan ustiga yonboshlagancha ayolining harakatlarini kuzatar, shamollarda qotgan chandiqli, qoramagʻiz yuzida Oytoʻldiga juda yoqadigan dagʻal bir tabassum jilva qilib turardi.

Bir mahallar qudratli boʻlgan Yadgʻuning qavmi ham shu yerlarda umrguzaronlik qilardi. Keyincha-lik ular pastroqqa — vodiyga koʻchishdi, sonsiz-sanoqsiz muzaffar yurishlar natijasida koʻpayib ketgan echkiyu qoʻylar, sigiru otlarni boqish uchun bu yaylovcha torlik qilib qoldi. Erxon va Oytoʻldining oʻljalari u qadar koʻp emasdi. Yana, buning ustiga, yigirma yilcha mu-qaddam Erxon chol koʻp urinib yogʻoch, loy va kigizdan choqqina bir qoʻnalgʻa tiklagan, umrlarining eng lazzatli damlari shu qoʻnalgʻada kechgandi. Endi uni tashlab ketib boʻlarmidi?! Qishning — Koʻk Tangri inoyatining uzun kechalaridagi, langʻillab olov yonayotgan uyda kechgan ehtirosli onlar hali ham Oytoʻldining yodiga tushsa, yuragini nechuklar jizillatib qoʻyadi. Qondoshlar, ayniqsa, Yadgʻu ularni koʻp qistadi, ammo oʻjar qariyalar ketishni istashmadi. «Sen oʻzing ketaver, Yadgʻuxon, — deyishdi ular. — Bizga shu yer qulay. Vodiyga — uch-toʻrt yigʻoch masofaga yetib borolamizmi-yoʻqmi? Buning ustiga, sen qurib beradigan qoʻnalgʻada yashay olishimiz, koʻnikib ketishimiz ham dargumon. Axir, bu yerlarga juda oʻrganib qoldik-da! Sen bemalol boraver, xotiring jam boʻlsin. Bir kunimizni koʻrarmiz, vaqti kelib, Koʻk Tangrining oldiga ketsak, uning qahrini yumshatish uchun biror jonliq atab, bizni xotirlarsan. Shungayam juda xursandmiz, koʻnglimizni rosa koʻtarding, Yadgʻuxon...» Oʻshanda Yadgʻuxon hech koʻnmagandi, ammo bari bir ketdi. Sababi, u ayniqsa, xanzularga qarshi yurishda juda koʻp mol-dunyo orttirgandi, shularni koʻzi qiymadi. Mana hozir vodiyda, bepoyon yaylovlarda qoʻy-echkilarini yoyib yuborib, xun oʻgʻlonlarini jakgga tayyorlab yuribdi.

Qabila pastga koʻchgach, tevarak huvillab qoldi. Albatta, qabiladoshlari, ayniqsa, urugʻlari Erxon chol oilasining qolishga qaror qilishganini eshitib juda xafa boʻlishsa-da, oʻzlari koʻchib ketishdi. Anavi choqqina yalanglikda bir vaqtlar muzaffar jangchilarning oʻgʻillari tigʻ urish va nayza otish san’atini, otda jang qilishni oʻrganishardi. Yadgʻuxon har doim «Jangchi et yeydi, bola tugʻdiradi, jang qiladi — erning bundan boshqa qilar ishi yoʻq, qolgan barcha yumushlar — xotinlarniki!» degani-degan edi. Biroq, oʻzining bolalari bunday boʻlishmadi. Ular nimjonu soyaparvar, qilich chopishdan ham koʻra uyda oʻtirib ovqat pishirishga, har xil mayda-chuyda oʻyinlar bilan vaqt oʻtkazishga ishqibozroq chiqishdi. Erxon chol ularni yomon koʻrar va shu sababdan qachon koʻrsa boʻralab soʻkardi. Uning oʻzi bir vaqtlar dovrugʻi Tangritogʻni tutgan jangchi boʻlgan va buning isboti sifatida uyida uncha-muncha yigit yerdan uzib ololmaydigan olti tishli, zilzambil choʻqmori turardi. Qabila pastga koʻchgach, Erxon chol hatto Yadgʻuning oʻsha nozik-nihol oʻgʻillarini ham qoʻmsab qoldi.

Bora-bora hammasi oʻz iziga tushdi. Endi ularga kishilarning ketgani qaytanga yaxshi boʻlgandek tuyula boshladi. Tan qartayib, jonning Koʻk Tangri oldiga ketar muddat yaqinlashar, ularning koʻngillari tinchlik-osoyishtalik istar edi. Ularni Yadgʻuxon yoʻqlab turar va har yoʻqlaganida bir dunyo silovsin, ayiq, yana allanimalarning goʻshtini keltirib berardi. Cholu kampir ba’zan bunchalik koʻp etni qayoqqa qoʻyishni ham bilmay qolishardi.

Oytoʻldi Erxondan naq oʻttiz yoshga kichik edi. U vaqtlar Erxon baquvvat, boʻyni buqanikidek yoʻgʻon, zabardast bir jangchi edi-da. Oytoʻldining ham unga darrov koʻngli sust ketgan, shunaqa kelishgan, zabardast erkakka xotin boʻlishni orzu qilgandi. Oʻshanda qiz oʻn oltida edimi? Oʻn oltida boʻlsayam kelbati mana man degan yigitlarnikidan qolishmas, kuch-quvvatga toʻlib-toshgandi: chogʻroq qoʻzilarni bir qoʻli bilan bemalol koʻtaraverardi. Gavdasiga yarasha ogʻirgina ham edi: otasining otiga minganida, shoʻrlikning beli bir mayishib ketardi. Ilk tanishgan kezlarida Erxon uni egarga oʻngarib olib, oʻrmon tomonga qarab ot soldi, shunda qiz oʻgʻlonning naqadar kuchliligini his etdi. «Xuddi xasday uchirib yubordi-ya!» deya hayratlandi oʻshanda qiz ichki bir mamnuniyat bilan. — Dovrugʻi butun Tangritogʻni tutgan bahodir... Men shuning xotini boʻlaman...»

Hozir Erxonga qarasangiz kulgingiz qistaydi: qaddi kamalakday egilgan, yuzi Tangritogʻ irmoqlariday egri-bugri ajinlarga toʻla, qoʻli tinmay qaltiraydi. Faqat koʻzlarigina oʻsha-oʻsha, oʻtkirligicha qolgan, qattiq edi. Erxon haqiqiy jangchi edi—xotinini ham qandaydir qoʻpol erkalar, ba’zan qoʻliga ham erk berar, ammo bularning bari Oytoʻldiga qaytaga xush yoqardi. Haqiqiy erkak shunday boʻlishi kerak, deb hisoblardi u, er koʻrgan ba’zi xotinlarga oʻxshab hadeb suyulaversa, ot mingandan, yoy koʻtargandan koʻra echki sogʻgani afzal edi.

Endilikda Erxon qilishi kerak boʻlgan yumushlarni ham Oytoʻldi bajaradi: oʻrmondan oʻtin orqalab keladi, jonliq soʻyadi, bir qismini Koʻk Tangri uchun qoldirib, terisini shiladi, olovda pishiradi, otga qaraydi... Otni parvarishlash va jonliq soʻyish ayollarning ishi emas, biroq Erxon yaramagandan keyin na iloj? Keksa jangchining keskin toʻqnashuvlarda orttirgan jarohatlari bugunga kelib uni notavon qilib qoʻydi. U tuni bilan mijja qoqmaydi, ihrab-sihrab, choʻqmor urgan xanzuni la’natlab chiqadi. Oytoʻldi uning uchun hamma ishga tayyor. Chunki eri kuchi borida barcha qilar ishini qilib boʻlgan. Faqat oʻgʻillarining togʻda halok boʻlgani chakki boʻldi-da. Koʻk Tangri ular ustiga qor koʻchkisi yubordi. Tangri shuni ravo koʻribdimi, unga qarshi borib boʻlmaydi. Tez kunda ular ham Koʻk Tangrining huzurida, Tangritogʻ choʻqqilaridagi mangu osoyishtalik maskanida oʻgʻillari bilan uchrashadilar. Shu sabab, hadeb oh chekaverishning foydasi yoʻq.

Tangritogʻ etagini panoh tutgan qudratli qabilaning ikki keksa vakili ana shu tarzda, sokin-osoyishta umrguzaronlik qilar edi.

Bir kuni falokat roʻy berdi.

Quyosh Koʻk Tangri yotogʻi tomon yonboshlaganda yomgʻir yogʻdi. Uning saxovatli suvlari daraxtzorlaru yaylovlarni chunon yashnatdi. Bir soatlar oʻtib-oʻtmay, yogʻingarchilik toʻxtadi. Tevarak-atrof selgib, havo musaffolashdi.

Erxon yoʻlbarsteri poʻstakni tashqariga— pichan ustiga yoyishni buyurib, oʻzi yelkasini siypalagancha ihrab, oti yonida turardi. Bundan oʻn yilcha muqaddam yuz bergan soʻqishda bir soʻyloq xanzu uning boshini moʻljallab choʻqmor otgandi, u chap berib qoldi, ammo ancha yoshi qaytgani sabab oʻz vaqtida otini burib ololmadi— keskir tishli choʻqmor uning yelkasiga kelib urildi. Mana, asorati endi bilinayotir. Hozir keksa jangchining tomirlarida qon sekin-asta oqar, oyoq-qoʻlining jarohatlangan yerlari ham simillab ogʻrirdi. Erxon shu kech ayiq yogʻi surishni niyat qildi va bu niyatini poʻstakni koʻtarib chiqayotgan Oytoʻldiga aytib qoʻyish maqsadida yoniga oʻgirildi, oʻgirildiyu Tangritogʻning soʻl yonboshidan shuyoqqa qarab yelib kelayotgan bir toʻda otliqlarni koʻrib hayratdan esi ogʻib qolayozdi.
— Oytoʻldi! — deb baqirdi u beixtiyor, hali ham yelkasini changallagancha, — Oytoʻldi, anavilarga qara-chi? Taniyapsanmi, kimlar ekan?

Oytoʻldi poʻstakni yerga tashlab, qoʻlini peshonasiga soyabon qilib oʻsha yoqqa uzoq termuldi-da:
— Hecham ajratolmayapman-a! Ammo Yadgʻuning yigitlari emas, ularning tugʻi boʻri kallalik-ku. Xanzular boʻlmasin tagʻin, —dedi xavotir bilan.

Keksa jangchining tomirlarida qon joʻshdi. U taassuf bilan: «Essiz, Yadgʻuga xabar berishning iloji yoʻq-da», dedi oʻziga oʻzi. Agar kelayotganlar rostdan ham xanzular qoʻshini boʻlib niqsa, u holda chol-kampirning umri poyoniga yetibdi deyavering. Bu yovuz qavmning qoʻlidan har ish keladi. Erxon Oytoʻldiga qarab:
— Toʻqmoqni olib chiq! — deb buyurdi.
— Koʻtarolmaysan! —achinish bilan javob qildi Oytoʻldi.— Qoʻy, oʻzingni bekorga urintirma! Koʻk Tangri istasa, ehtimol omon qolarmiz. Yoʻqsa, oʻgʻillarimizning yoniga joʻnaymiz. Ikkovimizning ham yoshimiz bir joyga borgan boʻlsa, yashashning nima qizigʻi bor?..
— Opchiq dedim!—oʻshqirdi jangchi. U yogʻiyni hech qachon qurolsiz kutib olmagan edi, bunday boʻlishini xayoliga ham keltirolmasdi. Oytoʻldi chor-nochor erining ulkan gurzisini bir amallab olib chiqdi. Jangchi uni zoʻrgʻa koʻtardi, ogʻirligidan yuzi tirishib ketdi, ammo yana tezda oʻzini qoʻlga oldi, yovning yetib kelishini kuta boshladi.

Endi uning uchun bu choqqina yaylov jang maydoniga aylangandi. Yogʻiy yaqinlashib kelar, faqat soʻqishga chorlovchi burgʻi sadolari yetishmasdi, xolos.

Nihoyat, ular yetib kelishdi. Xan-zularning qiyiq koʻzlarida gʻazab oʻti chaqnardi. Ular darrov talashga tushib, qoʻy-qoʻzilarni otlariga oʻngarishdi, bittasi esa Erxonning hozirda ancha qartayib, kuchdan qolgan, ne-ne jangu jadallardan egasini omon olib chiqqan otini yetaklashga tushdi, uch-toʻrttasi esa kulba ichiga kirib ketdi. Oytoʻldi cholining yonida turib, bu beadabgarchiliklarni kuzatardi. U xanzularni hech qachon koʻrmagandi. Toʻgʻri, birda Yadgʻuxon oʻntacha qoʻli bogʻliq, afti-basharasi qon bandilarni urib-soʻkib haydab kelgandi. Ammo ular oʻsha paytda biram nochor, ezgin koʻringan ediki, hatto Oytoʻldining ularga rahmi kelib ketgandi. Hozir esa bularning vajohatini koʻrib oʻtakasi yorilayozdi. Ular tinmay baqirishadi, uzun sochlarini selkillatib, u yoqdan-buyoqqa yurishadi... Ulardan biri, yuzida uzun chandigʻi bori, otini Erxon tomon burdi-da, unga sinovchan tikilgancha, soʻyloq tishlarini koʻrsatib hayqirdi:
— A-ha, bu Erxon-ku! Mana oʻsha yengilmas Erxon! Ahvoliga qaranglar, qaltirab turishini koʻringlar!...
— Erxon? Nahotki Erxon boʻlsa?! — qolganlari ham shosha-pisha shu yoqqa yopirilishdi. — Iya, qani uning avvalgi vajohati? Qani uning oʻlim keltiruvchi gurzisi? Nega u gurzisini koʻtarmayapti, barimizni qirib tashlamayapti? Axir, yuzta xanzu askari Erxon uchun choʻt emasdi-ku?

Oytoʻldy xotirjam turar, faqat erining gʻazabi qoʻzgʻashidangina choʻchirdi. Ammo unday boʻlmadi.
— Erxon! — deb boʻkirdi soʻyloq tishli qari xanzu.—Mening necha-necha urugʻimni kulini koʻkka sovurding-a, qari kalamush. Mana, oʻzingning ham kuning bitdi!

Shunday deb u engashdi-da, Erxonning naq tomogʻini moʻljallab nayza sanchdi. Keksa jangchi shu zahoti ihrab, yerga ikki buklanib yiqilib tushdi, tomogʻidan issiq qon hovur taratib, tizillab oqa boshladi. Xanzular qiy-chuv koʻtardilar.
— Xotinga tegmang! — baqirdi qari brsqinchi sheriklariga. — Unga tegmang. Xotinni oʻldirish xanzuning ishi emas. Qani, ketdik Yadgʻuning ustiga!..

Xanzular qiy-chuv koʻtargancha joʻnab ketishdi. Quyosh Tangritogʻ ortiga qonday qizarib, baayni yarador jangchi misoli yonboshladi. Endi Erxonning qoni oqib tugagan, qorayib, qota boshlagan, jangchi hayot bilan vidolashgan edi.

Tunda, yaylovdan uncha uzoq boʻlmagan sayhonlikda bosqinchilar va Yadgʻu yigitlari oʻrtasida misli koʻrilmagan jang boʻldi. Tevarak-atrofni oʻlayotganlarning va oʻldirayotganlarning baqirigʻi tutib ketdi. Uning suroni hatto Tangritogʻni ham titratib yubordi.

Oytoʻldi tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Mabodo xanzular qaytib kelguday boʻlsa, birinchi kirganining boshiga tushirish maqsadida eri jangda ishlatadigan boltani poygakka suyab qoʻydi.

Tongga yaqin jang tugadi. Otlar dupuri va qiyqiriqlar Tangritogʻning soʻl yonbagʻridan uzoqlashib ketganidan Oytoʻldi bosqinchilarning yengilganini, shavkatli Yadgʻuning botirlari ularni quvib solganini payqadi. Atrofga mudhish sukunat choʻkdi. Tinmay chugʻurlashadigan qushlar ham bu safar jim boʻlib qolgandilar.

Ayol tashqariga chiqdi.

Havodan qon va ter isi anqir, pastda, bir yigʻoch masofada oʻliklarning qalashib yotgani koʻrinib turardi. Oytoʻldi uyiga kirib oʻtkir tigʻ olib chiqdi va jang maydoniga qarab yoʻl soldi. Erining tagiga yetgan soʻyloq tishli xanzuni topmoqchi va boshini tanasidan judr qilmoqchi edi. Ana shunday qilsa, xanzuning ruhi mangu tentirab, boshini izlab yuradi, bu holati hatto avlodlariga ham oʻtadi. Intiqomning oʻziga xos usuli edi bu. Jang maydoniga yetib kelguncha u ancha charchadi, ammo birinchi xanzuning oʻligini yaqindan koʻrishi bilan jismida yangi kuch-quvvat paydo boʻldi va murdani agʻdarib qaradi: nayza zarbidan uning bir beti oʻpirilgan, oppoq suyagi ochilib, qiyiqlikka moyil koʻzlari kosasidan chiqib ketguday boʻlib olaygandi. Oytoʻldi uni tanimadi, shu sabab tegmasdan oʻtib ketaverdi.

Oʻliklarni bir-bir koʻzdan kechirib: «E, badfe’l maxluqlar, — deya xayolidan oʻtkazib borardi bu jasur ayol. — Nimalarni koʻzladingizu nimalarga erishdingiz? Keldingiz, topganingiz oʻlim boʻldi... Aqalli bitta ham tirik jon qolmabdi. Yadgʻuning qudratini bilmasmidingiz, kuningiz bitganiga nahotki aqlingiz yetmovdi? Mana endi koʻzlaringizni quzgʻunlar choʻqiydi, tanangizni qonxoʻr kalamushlar talashib-tortishib gʻajishadi. Kimga jafo, kimga jazo...

U navbatdagi oʻlikka yaqinlasharkan, uning yelkasidagi bir narsaga koʻzi tushdi. Qiziqsinib, yaxshiroq qaradi va hayratdan qoʻlidagi tigʻni tushirib yuborayozdi. Xanzu askari yelkasiga ikki-uch yoshlar chamasidagi bir bolani bogʻlab olgandi. Aftidan, u jangchi emas, afti-angorining oʻzi uning jangchi emasini oshkor etib turardi, dehqon boʻlsa kerak, ozib-toʻzigan, kiyimlari bir ahvolda, qashshoq, tirishib oʻlib yotardi. Bola otasining oʻlimini sezganmi-sezmaganmi, koʻzlari yumuq, xuddi uxlayotganday yotardi. Oytoʻldi ularning tepasiga kelib, diqqat bilan razm soldi: bolaning oqish chakkasidagi ingichka, qizgʻish qon tomirlari bilinar-bilinmas urib turganini koʻrdi.

Oytoʻldining birdan koʻngli buzildi. Koʻk Toʻngri uni razolatdan qaytarmoqda edi. Mana isboti: ayol oʻldirmoqni, oʻlikning tanini boshidan judo qilmoqni va uning avlodlarini bemisl kulfatga duchor etmoqni koʻzlagan edi, hozir esa aksi boʻlib chiqayotir. Bolaning shunday qirgʻindan omon qolgani-chi, bu ham Koʻk Tangri inoyatining isboti emasmikin? «Boshqa kishisi yoʻq shekilli, bolasini oʻzi bilan olib yurgan ekan», degan oʻy oʻtdi uning koʻnglidan va molu dunyo yoʻlida kulfatga roʻbaroʻ kelgan jangchini qargʻadi. Uning tepasiga choʻkka tushib, bolani yechib oldi va tigʻni ham unutib, ortiga qaytdi.

Bola chiroylikkina, doʻmboqqina, sochlari qizgʻish va mayin, toʻgarak yuzi nimasi bilandir halok boʻlgan oʻgʻillarini eslatardi. Oytoʻldi tezda holdan toydi. Shunda xayoliga: «Uni jarga tashlab ketsam-chi, boʻri-moʻri yeb ketsa, juda ma’qul ish boʻlardi», degan oʻy oʻtdi. Shu ishni qilsa, dilidagi intiqom oʻti biroz susayishi mumkin edi, ammo Oytoʻldining pok koʻngli bunday qabihlikni qabul qilolmadi. «Yosh boladan xun olib boʻlmaydi, — deb oʻyladi ayol, yoʻlida davom etarkan. —Agar voyaga yetgan boʻlsa boshqa gap edi. Goʻdakni oʻldirmoq bizning qavmga yarashmaydi. Bundan hatto Koʻk Tangri ham gʻazablanadi».

Oytoʻldi qoʻnalgʻasiga yetib kelganida, Yadgʻuxon oʻttiz chogʻli yigiti bilan uni kutib turar, jangchilarning bari qattiq holdan toygan, kiyimlari qonga belangan, ammo oʻzlari xursand edilar.
— Ulugʻ jangchi Erxon bizni tark etib, bu yorugʻ dunyodan koʻz yumibdi. Uning qondoshi men — Yadgʻu endi bu yerlarda qanday qilib yuraman? — dedi Yadgʻuxon siyrak sochli boshini quyi egib. — Ulugʻ jangchi Erxon hammamizning otamiz edi. Uni dushmanimiz — manfur xanzu oʻldiribdiyu bizlar bexabar qolibmiz...

Yadgʻuxonning iztiroblari jangchilarga ham oʻtdi. Ular halok boʻlgan qabiladoshlarining hurmati uchun boshlarini quyi egib, tek turishardi.
— Erxonning har bir tomchi qoni uchun oʻnlab xanzudan oʻch olaman! — davom etardi Yadgʻuxon. -— Xoh goʻdagi boʻlsin, xoh choli — ayamayman! Buni men — Yaldu oʻgʻli Yadgʻu aytayotirman! Agar shunday qilmasam, Koʻk Tangri meni oq shaqallarga duch.qilsin, ilonlar chaqib oʻldirsin, koʻzimni quzgʻun choʻqisin! Ularning qonini Tangritogʻ suvlari kabi oqizmasam, nrmim abadiy oʻchsin!

Shunday deb Yadgʻuxon qattiq hayqirdi. Uning koʻzlaridan yirik-yirik yosh tomchilari dumalab, soqoliga tushardi.
— Oytoʻldi, sen bu yerda qolmaysan! Yonimizga borasan, bas, otga mingash, — dedi Yadgʻuxon va ayolning qoʻlidagi bolani endigina payqab, rangi-tusi birdan oʻzgardi:
— Xanzu bolasi-ku! — deb xitob qildi u. — Oytoʻldi, ortga qoch, men uning boshini tanidan judo qilay!

Oytoʻldi ortiga tisarildi va:
— Sen hech qachon unga tigʻ koʻtarmaysan, Agar unga qoʻlingni tekkizguday boʻlsang, oʻla-oʻlgunimcha seni qargʻayman, Yadgʻu. Bevaning qargʻishi albatta urishini bilasan-ku... Mendan xavotir olma, xanzularki oʻldirmadimi, endi oʻz ajalim bilan oʻlaman, — deb javob qildi.

Yadgʻu oʻylanib qoldi. Oytoʻldi bolakayni koʻm-koʻk maysalar ustiga qoʻydi. U osmondagi oyday boʻlib yotardi. Xunlar sohibqironi dushman zuryodiga qarab, kin va qahr bilan: «Ilonning bolasi ham ilon. Uning boshini yanchmoq kerak», deb oʻyladi. Biroq Oytoʻldi ning — halok boʻlgan shavkatli jangchi xotinining soʻziga qarshi borolmadi. «Bu xotin nelar qilayotganini yaxshi anglamayapti chogʻi. Nahotki, u himoya qilayotgan goʻdakning tomiridagi qanzu qoni bir kun qoʻzgʻalib, mana shu qoʻlchalarda oʻlim topishini tushunmayotgan boʻlsa?..» Ulugʻ Yadgʻuxonning temirday qizgʻish yuzida bir ifoda lip etib oʻtdi — u, agar yoʻlini qilsa, bu bolani baribir jonidan judo qiladi. Mayli, hozircha oʻsib-ulgʻayaversin, qachonki qoʻligatigʻ tutib, oʻq-yoy ota oladigan boʻlganda, Yadgʻu yoyining keskir oʻqi uning yuragini albatta izlab topadi.

Yadgʻuxon shu tariqa bolaning taqdiriga hukm oʻqidi va yana bir bor:
— Oytoʻldi, biz bilan yur... U yerda et moʻl, el xotirjam, xotinlar koʻp, — deb murojaat qildi.

Oytoʻldi rad etdi. Bu oʻjar xotin bilan talashib-tortishib baraka topmasligini yaxshi sezgan Yadgʻu koʻpam qistab oʻtirmadi, oʻzing bilasan, qabilida yelka qisib, oʻljalarning bir qismini shu yerda qoldirishni amr etdi-da, oʻzi pastga tomon ot choptirib ketdi.

Oradan yillar oʻtdi. Tangritogʻ etaklari koʻp marotaba qor bilan qoplanib, koʻp marotaba bahoriy yashilliklarga burkandi. Yadgʻu soʻzining ustidan chiqdi — atrofga yoyilib ketgan xun qabilalarining bir nechtasi bilan ittifoq tuzib, Katta Daryogacha borgan barcha xanzularning ustiga yurish qildi, natijada ularning qonini xuddi Tangritogʻ irmoqlari kabi oqizdi.

Bu orada Oytoʻldi ham qaridi. Qomati marhum eri, jangchi Erxonning koʻhna yoyi kabi egildi, xanjardek kipriklari toʻkildi, jislidan quvvat ketdi. Uning joniga endi asrandi oʻgʻil oro kirayotgandi. Qush ovlash, suv keltirish, qoʻnalgʻani tartibga solish, taom pishirish, xullas, hamma-hamma yumushlar shu bolaning gardanida edi. Unga, xun oʻgʻlonlaridan farqi oʻlaroq, hech kim jang hunarini oʻrgatmadi, biroq bola yaylovda chiniqdi, oʻrmonda daraxtdan daraxtga sakrab, chaqqon va epchil boʻlib oʻsdi. Oytoʻldi kampirdan bobosi Erxon haqida koʻp soʻrab-surishtirar, uningdek shavkatli jangchi boʻlishni orzu qilardi.
— Men xun avlodidanman! — xayqirardi u, xunlarnikiga oʻxshagan qiyiq koʻzlarida iftixor uchuni alangalanib. — Mening ajodlarim mulki to Katta Daryogadir! Daryo ortini esa men boʻysundiraman. Xuddi bobom Erxonday, ogʻam Yadgʻuxonday jangchi boʻlaman!

Qari Oytoʻldi uning bu gaplarimi taassuf bilan tinglardi. Bola oʻzini xun deb his qilsa-da, yuz-koʻzlari, gavda tuzilishi, serjahligi bilan baribir ajdodlariga tortmoqda edi. Eri Erxonning oʻlimi yodiga tushganda, har safar Oytoʻldining dilida gʻazab va intiqom olovi gurillar hamda bolaning tezroq katta boʻlishini Koʻk Tangridan tilar edi. U hali judayam yosh, hozircha qasos olish mumkin emas, ammo katta boʻlsin, shunda barcha cheklovlar barham topadi. Oʻshanda Erxonning notinch ruhi Oytoʻldidan mamnun boʻladi. Xanzular shoʻrlik Erxonni zaifligiga ham qaramay oʻldirdilar. Shusiz ham uning joni qiltillab, erta-indin oʻlishi muqarrar boʻyaib turgandi. Ular yovuzlik qildilar, biroq xunlardagi tartib-qoidalar Oytoʻldiga hozir oʻch olishni ta’qiqlab turardi. Ba’zida u bolani oʻrmonda yirtqich hayvonlar yeb ketsa yoki daraxtdan qulab oʻlsa koshkiydi, deb ham qoʻyar, ammo darhol bu oʻyini nari quvardi: unda, oʻch olmoq-chi? Oytoʻldi dilidagi intiqom oʻtini oʻchirmasdan bu olamdan keta olarmikin?

Xanzu oʻgʻloni kelishimli yigit boʻlib voyaga yetayotgandi. Uning harakatlarini kuzatib, kampir ikki oʻt orasida qiynalardi: dushman bolasining nimasidir oʻsha, togʻ koʻchkisi ostida qolib halok boʻlgan oʻgʻillarining toʻngʻichiga oʻxshab ketardi. Yillar oʻtib, hatto dushman avlodidan boʻlsa-da, u kampirning koʻngliga yoqib qolgan, qani edi hozir shu bola mening oʻgʻlim boʻlib qolsa, deb ba’zan turli xayollarga ham berilar edi. Lekin shu zahoti yana oʻziga kelardi: axir, Erxon mana shu yaylovlar uzra kapalak boʻlib uchib, qavmlari, qutlugʻ jangchi bobolarining xuni uchun nima ishlar qilayotganini koʻrib turibdi-ku. Oytoʻldi nima qilsa shavkatli Erxon xursand boʻlarkin? Koʻk Tangrini-chi, qanday rozi qilish mumkin? Oytoʻldi kampir oʻylab oʻyiga yetolmas, ammo shu holatida oʻgʻlonga qarshi tigʻ koʻtarolmasini payqab turardi. Qachondir, hamma narsani xotimalaydigan va yo Oytoʻldining, yo bolaning umriga nuqta qoʻyadigan kun yetib kelishi kerak edi.

Botir Yadgʻuxon ham Oytoʻldining yoniga tez-tez tashrif buyurib turar, har safar turfa oʻljalardan sovgʻalar olib kelardi. U kampir bilan suhbatlashar ekan, adovat toʻla nigohini xanzu oʻgʻlidan uzmasdi. Oytoʻldi uning niyatini juda yaxshi sezardi, albatta. Sezardiyu oʻgʻlonni Yadgʻu yoyidan qutqarish yoʻllarini oʻzicha chamalardi. Xullas, har ikkovi ham xun olmoq istagida yonishar, ammo bu istaklarini bir-birlaridan yashirardilar.

Nihoyat, xanzu oʻgʻlon balogʻatga yetdi -—u xun qizlariga uzoq-uzoq koʻz tikadigan, negadir qizaradigan, tunlari uyqusi oʻchib, bezovtalanadigan odat chiqardi. Oytoʻldi kampir fursat yetib kelganini tuydi — qasos vaqti, nihoyat, yuz koʻrsatgan edi. Kampirning ham hayoti poyoniga yetayotgan boʻlib, unda ortiq sabr qilmoqqa hech toqat yoʻq edi.

Oʻsha kuni, quyosh botishi oldidan Koʻk Tangri vaqt yetganini anglatdi — bu mahalda Oytoʻldi bolani qanday qilib oʻldirsam ekan, deb maysalar ustiga oʻtirib olib bosh qotirardi. Tangritogʻ ustida tuyqusdan momaqaldiroq gumburladi, kampir oʻsha yoqqa qarab, choʻqqilar ustida qora bulutdan asar ham yoʻqligini, kechki shafaq yalligʻi enlagan osmonning tip-tiniqligini koʻrdi. Ha, fursat yetgan, Koʻk Tangri kampirning niyatlarini payqab, intiqomga rozilik bergan edi.

Kampir oʻrnidan qoʻzgʻaldi va ichkariga kirib, yashirib qoʻygan joyidan eri Erxon yangi tanishgan kezlarida sovgʻa qilgan kichkinagina tigʻni olib, koʻylagi qatiga yashirdi-da, qaytib chiqdi. Xanzu oʻgʻloni yalanglikda Erxonning kamonini koʻtarib, yoy otishni mashq qilayotgan edi. Kampir oʻzinikiga oʻxshamagan ovoz bilan uni chaqirdi. Oʻgʻlon darrov Oytoʻldining qoshiga keldi, uning qiyiq koʻzlarida quvonch chaqnardi.
— Men xunlarning eng bahodir yigiti boʻlaman! —dedi u magʻrur. - Bobom, qutlugʻ jangchi Erxonning yoyi endi meniki. Uni hech kimga bermayman va hech qachon qoʻlimdan qoʻymayman.
— Bas qil! — deb baqirdi kampir, soʻngra qoʻynidagi tigʻni oldi. Uni koʻrib oʻgʻlon taajjublandi. Kampirning qoʻllari titrar, iyaklari qaltirar, ajabki, qandaydir bir kuch uning zaif jismiga quvvat baxsh etgan edi. — Sen bu yoyni tutishga u dunyoyu bu dunyo haqli emassan. Tashla uni!
— Nega? — soʻradi xanzu oʻgʻli, toʻgarak yuzida kampirdan ranjiganlikni ifodalovchi belgi aks etdi. — Haliyam er boʻlib yetmadimmi? Qarang, bilaklarimda kuch toʻlib oqayotir, gʻayratim toshayotir... Hali men Erxon avlodining...
— Sen Erxon avlodidan emassan, — dedi kampir, beadad qahru adovat bilan. Oʻgʻlon uni bunday ahvolda hech koʻrmagan edi, vajohatidan hayiqib, ketiga tisarildi.— Sen xun ham emassan, — hayqirdi u, koʻzlaridan duv-duv yosh oqib. — Sening tomiringda manfur xanzu qoni oqayotir. Ulugʻ Erxonni sening qondoshlaring oʻldirgan edi. Men seni sanoqsiz oʻliklar ichidan topib olib, er etilguningcha sabr qildim. Mana, voyaga yetding, sendan oʻch olmoq istayman! Oʻzingni olib qoch, manfur yogʻiy bolasi!..

Oʻgʻlon quloqlariga ishonmay turardi. Kampir gʻoyibdan kelgan shiddat ila uning koʻksiga tigʻ urdi, ammo qoʻllari moʻljalni toʻgʻri ololmadi, tigʻ oʻgʻlonning baquvvat bilagiga sanchilar-sanchilmas, yerga tushdi.

Kampir holsizlanib oʻtirib qoldi, uning koʻzlaridan hali ham gʻazab va nadomat yoshlari duvillab toʻkilardi. Xanzu oʻgʻlon esa quloqlariga ishonmay, tosh qotib turar, rangi boʻzday oqarib ketgan, tigʻ yetkazgan jarohatdan asta-sekin qon sizib chiqib, yerga — qadimiy xunlar yeriga, Erxonning mulqiga tomchilardi. Erxon uchun qasos olinib boʻlingandi — mana, yogʻiy oʻgʻlining qoni uning yeri uzra toʻkilayotir, buni shavkatli jangchining ruhi ham, Koʻk Tangri ham koʻrib turibdi. Ey xunlarning qutlugʻ jangchisi Erxon, endi Koʻk Tangri senga abadiy orom va rohat inoyat etsin!..
— Men rostdan ham xanzumanmi? — bir zamon tosh qotib turgan oʻgʻlonning boʻgʻzidan dahshatli nido otilib chiqdi. — Oytoʻldi, ayt, rahming kelsin, mening otam xanzumi?

Oytoʻldi unga javob qilmadi. U boshini quyi eggancha yigʻlashdan toʻxtamas, shunday esa-da dilining bir chetida oʻgʻlonning tirik qolganidan mamnun ham edi. Axir, xun olindi, dushman qoni toʻkildi, bas, Erxon uchun shuning oʻzi yetarli. U ulugʻ jangchi edi, kechirimli edi, bu ishi uchun kampirdan hech qachon dili ranjimaydi...

Ammo Tangritogʻ tepasida yana momaqaldiroq gumburladi. Xanzu oʻgʻloni ortiga chekindi.
— Yoʻq! Yoʻ-oʻq, men xanzu emasman!—hayqirdi u titrab-qaqshab. Ammo tovushini momaqaldiroqning navbatdagi gumburlashi bosib ketdi,— Men xunman! Xun boʻlib tugʻilganman, xun boʻlib oʻlaman!..

Va u Erxondan xotira boʻlib qolgan oʻtkir uchli yoy oʻqini olib, naq yuragiga botirdi. Negaki, oʻgʻlonning tomirlarida xanzu qoni oqayotgan esa-da, nomusli xunlarning tarbiyasini olgan edi.

Oradan bir qancha vaqt oʻtib, oʻrmon oralab yetib kelgan Yadgʻuxon yogʻiy oʻgʻlonining oʻlimidan xabar topgach, Oytoʻldiga taassuf bilan dedi:
— Esiz! Oʻch olmaganim bitta shu xanzu qoluvdi. Sen jangchi xotini ekanligingni koʻrsatding. Endi Erxon abadiy tinch boʻlsin!

Kampir unga javob bermadi. Sudrala-sudrala kulbasi tomon yoʻl oldi. Shoʻrlikning dili endi batamom taskin topgan edi. Koʻzidan zsa oʻkinch yoshlari toʻkilardi. Nima qilsin, xanzu oʻgʻlonini u salkam oʻn olti yil tarbiya qildi, yedirdi-ichirdi. Xanzu bolasi shu kechgan vaqt ichida, garchi dushman boʻlsa ham, oʻz farzandidek boʻlib qolgandi. Hozir kampirning koʻz oʻngidan oʻgʻlonning kulishlari, soʻzlashishlari, yoqimtoy odatlari birma-bir oʻtayotgandi. Qomati yanada bukilgan, vujudi madorsizlikdan xuddi shamolda qolgan tol novdasiday chayqalardi...

Tangritogʻ uzra qorongʻilik choʻka boshladi...

Yadgʻuxon kampirning dilidan nelar kechayotganini fahmlagani bois, boshqa soʻz qotmadi. Ammo urugʻdoshlari yoniga qaytib ketmadi ham, otini bogʻlab, shu yerda qoldi. Negaki, kampirning ham umr daqiqalari tugagan, qazosi yetishiga bir yoki ikki kungina qolgandi, xolos. Bor-yoʻgʻi bir yoki ikki kun...

1992