OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsmoil Bekjon
Asar nomiHind safari yoxud Imomqulixonning maxfiy topshirigʻI (2003)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ismoil Bekjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 14-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hind safari yoxud Imomqulixonning maxfiy topshirigʻI (2003)
Ismoil Bekjon

XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmida yashab, ijod etgan zamonasining benazir farzandi — samarqandlik shoir va adabiyotshunos Mutribiyning fors tilida bitilgan «Tazkirat ush-shuaro» va «Nusxayi zeboiy Jahongir» nomli tazkiralari toʻgʻrisida dunyo olimlari koʻplab fikrlar bildirganlar. Bu nodir asarlar chop ham etilgan. Biroq shunga qaramay mazkur manbalar haligacha maxsus tadqiq qilinmagan. Jumladan, muallif tarjimai holi ham mavjud ma’lumotlar asosida yetarlicha oʻrganilgan emas. Keyingi izlanishlar shuni koʻrsatdiki, Mutribiyning ziyoli ajdodi temuriy hukmdorlar xizmatida turli ma’rifiy-madaniy yumushlarni bajarganlar va shoirning oʻzi ham xuddi shu sohalarda hukmdorlarning ayrim davlat vazifalarini ado etgan; uning Hindistonga sayohati esa Imomqulixonning maxsus topshirigʻi bilan amalga oshgan. Aniqlashimizcha, Mutribiyning tazkira asarlari yozilishi va bu adabiy manbalarning bizgacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxalari ham oʻzining qiziq tarixiga ega ekan.

Ulugʻbek Mirzoga Sirdosh Ajdod

Mutribiyning ma’lumot berishicha, uning qadimiy turkiy qavmlardan argʻun urugʻiga mansub katta ajdodi turli sohalarda bilimli kishilar boʻlgani tufayli temuriylar xizmatida har xil vazifalarni bajarib, Samarqand shahrida turgʻun yashaganlar. Shoirning mavlono Xoʻja Avliyoiy nomi bilan tanilgan bobokaloni Ulugʻbek Mirzoning saroyidagi xos ibodatxonasi mutasaddiysi boʻlgan va Ulugʻbek uni gohida oʻz sirlaridan voqif ham etib turgan ekan: «Rahmatli otam mazkur bobosi tilidan ushbu voqeani hikoya qilib bergan edilar: u kishi shahid Sulton Ulugʻbek Koʻragon saroyi mulozamatini ado etarkanlar. Sultonning xos ibodatxonasi muhofazati, tahorat suvi hozirlash va joynamoz (solish) bilan bogʻliq mas’uliyatli yumushlar mazkur bobokalonim zimmasida ekan... Bir kuni Mirzo Ulugʻbek u kishiga, har jum’a oqshomi huzuriga hazrat Xoʻjai Xizir alayhissalom kelib, mamlakat ravnaqiga oid zarur ishlar va ularning chora-tadbirlari yuzasidan maslahatlar berishini aytganlar hamda bu sirni hech bir kimsaga oshkor etmaslikni uqtirganlar».

Mutribiyning yana xabar berishicha, uning yuz yoshga yaqin umr koʻrgan bobosi Malik Argʻun va otasi, katta amakisi ham ziyoli kishilar boʻlib, oʻz davrining piru avliyo, shoiru olimlari bilan bordi-keldi qilganlar, katta davralardagi mushoaralar, bahs-munozaralarda qatnashganlar. Shoirning ona tomonidan bobosi tugʻma butov koʻr kishi boʻlishiga qaramay Basriy taxallusi bilan goʻzal, mazmundor gʻazallar bitgan. Mutribiyning onasi ham fozila ayol boʻlib, otasi Basriy aytgan nazm durlarini qogʻozga tushirib borarkan. Mutribiy ana shunday ziyoli ajdod davomchisi oʻlaroq 1556 yilning 9 dekabrida Samarqand shahrida dunyoga keladi.

ana Mutribiy ma’lumotlariga qaraganda, uning Muhammad Ali va Shoh Ali ismli oʻgʻillari boʻlib, ular ham ajoyib gʻazallar yozganlar. 1624 yili Balx, Badaxshonga sayohatida otasiga hamrohlik qilganlar. Katta oʻgʻli Muhammad Ali otasi bilan Hindistonga ham borib qaytadi. Shoh Ali otasining madrasadosh doʻsti, oʻsha davrning dovrugʻli shoiri Ashkiy Samarqandiyning kuyovi ekan. «Nusxayi zeboiy Jahongir»da qayd etilishicha, Mutribiy 1628 yilning avgustida Samarqandda yashab turgan. Mutribiyning asl ismi va qachon vafot etgani borasida hozircha qoʻlimizda aniq ma’lumotlar yoʻq.

Ilm-Fan, Adabiyot Va San’At Chorrahasida

Mutribiy dastavval maktabda savod chiqargani, 12-13 yoshidan esa oʻrta va oliy bilim beruvchi madrasalarda qunt bilan tahsil olgani haqida gapiradi. Bu paytda Samarqandda Madrasai oliyaiy Saroymulkxonim, Sulton Ulugʻbek, Amir Shohmalik, Xoʻja Ahror, Shayboniyxon, Abu Saidxon, Amirxon, Qozi Abdulgʻafur shahid, Muhammad Ali Darvesh Tarxon, Soqiy Zominiy, Madrasayi Xoʻrjin va yana boshqa madrasalar faoliyat koʻrsatgan. Adib ularda oʻlkaning oʻta bilimdon, malakali ustoz olimlari, Turkiya, Eron, Ozarboyjon, Afgʻonistondan kelgan allomalar aniq, tabiiy, diniy va gumanitar fanlardan davomli darslar berganini yozadi. Samarqanddagi Ulugʻbek masjidi va boshqa shu kabi masjidlarda ham Qur’on qiroati, Hadis boʻyicha maxsus bilimlar berilgan. Mutribiy ustozi Nazriy Badaxshoniyga bagʻishlangan ma’lumotda qiziq bir voqeani keltiradi. Ilmga chanqoq talabalar mazkur oxunddan qoʻshimcha darslar olish uchun ertayu-kech uning hujrasidan ketmas, oxund esa ulardan qutulib, oʻzi ham ozgina boʻlsa-da, kitob mutolaasiga berilish uchun bir shogirdiga buyurib, qulfni eshikning tashqarisidan ostirib qoʻyarkan. Ulugʻbek madrasasi devorida esa oʻz oʻqi atrofida «xuddi osmonga otilib, yana yerga qaytib tushayotgan koptokdek aylanuvchi yer kurrasi» va undagi jugʻrofiy kengliklar, shaharu oʻlkalar nomi yozilgan xarita chizib qoʻyilgan ekan. Mutribiy yozishicha, u alloma Taftazoniyning «Mutavval» kitobi asosida ilmi maoniy, ilmi bayon, ilmi bade’ sohalarini bir necha yil davomida oʻsha davrning zabardast olimi Ismatullo Oxunddan oʻzlashtiradi. Haqiqiya va ilohiyani Samarqanddagi Abu Saidxon madrasasida Nazriy Badaxshoniydan, adabiyotga oid bilimni Amir Shohmalik madrasasida mavlono Qosim Rumiydan, Qur’onga doir ba’zi ilmlarni Hofiz Muhammad Amindan, ilmi siyoq (hisob-kitob) sohasini asli hirotlik, lekin Samarqandda turgʻun boʻlib qolgan Gʻaribiy Heraviydan oʻrganadi. Yoshligida esa Buxoroda Erondan kelgan va «Mulloi nav» laqabi bilan tanilgan faylasuf olim Mirzojon Sheroziyning ommaviy dars va bahs-munozaralarida qatnashgan.

Mutribiy san’atlarning bir necha sohalarida ham oʻz iste’dodini taniqli ustozlar huzurida mukammallik darajasiga yetkazadi. Musiqada tugʻma iste’dod egasi boʻlgan Mutribiy 1580-yillari Buxoroga qatnab, Ali Doʻst Noiydan bir necha yil davomida nay chalish sirlarini oʻrganadi. Kamoliddin Hofizdan qonun, setor, doira va nayda chalinadigan hamda Yumliy Miyonkoliy, Zirihiy Turkistoniydan «Shashmaqom»ning yana bir necha katta kuylarini oʻzlashtiradi.

Mutribiyning husnixat va kitobat san’atiga doir tazhib sohasiga ham zoʻr qiziqishi boʻlib, Rustam Naqqoshdan qoʻlyozma kitoblarga oltin suvi yugurtirish va zamonasining mohir xattotlaridan husnixat turlarini oʻzlashtirib, bu sohalarda ham ajoyib namunalar yaratadi.

Mutribiyning xabar berishicha, u 17-18 yasharligidayoq she’r sohasida oʻz iste’dodini namoyon eta boshlaydi va oʻz she’rlarini Abu Muhammad Dahbediy (Aminiy) bin Maxdumi A’zam kabi olimlar imtihonidan oʻtkazadi, 1573 yili Balxda mashhur shoir Joniy Kobuliyga oʻz she’rlarini oʻqib beradi. Mutribiy Buxoroga ustozi Ali Doʻst Noiy huzuriga qatnab yurgan paytlari tasodifan mashhur shoir va tarixnavis Hofiz Muqimiy Boʻstonxoniy Samarqandiy bilan Buxoro yoʻlida yaqindan tanishib qoladi va uning maslahatiga koʻra aruzdan maxsus ta’lim olish uchun shu Buxoroga borishida toʻgʻri Hasanxoja Nisoriy huzuriga yoʻl oladi. Bahovuddin Naqshband maqbarasi yaqinida joylashgan Nisoriy uyi oʻziga xos ilm dargohiga aylangan boʻlib, bu yerda bir vaqtning oʻzida turli oʻlkalardan kelgan yoshlar aruz sirlaridan voqif boʻlar, katta-kichik shoirlar mushoara, adabiyot masalalari boʻyicha munozaralar oʻtkazar edilar. Nisoriyga Hindiston, Qashqar, Xuroson, Xorazm va Turkiya shoiru fozillaridan, podshoh va xonu sultonlardan maktublar, ular yozgan she’rlardan namunalar kelib turardi. Mutribiy oʻz tazkiralarida Nisoriy huzurida 1588 — 1592 yillar mobaynida kechgan onlarini mamnuniyat bilan eslab, she’riyatda nimaga erishgan boʻlsa, uni Nisoriyga shogirdligi sharofatidan deb biladi. Keyinchalik oʻzi ham she’r, musiqa, husnixat sohalarida oʻnlab shogirdlar yetishtiradi va ulardan ayrimlari nomini faxr bilan tilga oladi.

Jahongir Podshoh Bilan Oʻttiz Uchrashuv

Mutribiy shayboniylar va ashtarxoniylar davrida davlat ishlariga jalb etilib, biroz vaqt Samarqand hokimi Hoji Otaliq Doʻrmon (1573 — 1598) xizmatida ayrim idoraviy ishlarni bajaradi. Xoja Zayniddin Muhammad bin Say- yid Hodixoʻja Naqshbandiy ismli amaldor Buxoro, Samarqandda sadr payti (1598 — 1618) Samarqanddagi ba’zi mazorotlar mutavvalliysi boʻladi va shu orada Samarqandning navbatdagi hokimi Nizomiddin Hojibey Otaliq Qushchi xizmatida ham turadi, soʻngra Imomqulixon davlatining taniqli arbobi Yodgor Qoʻrchi yonida Buxoro, Balxda ilm-fan, madaniyat sohasidagi ishlarga bosh-qosh boʻladi.

«Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasining yaratilishi Mutribiyning Hindiston safari bilan bogʻliq va bu asar Jahongir podshohga bagʻishlangan. Bu tazkira ma’lumotlari tahlili shuni koʻrsatadiki, shoirning koʻp yillar koʻngliga tugib yurgan va axiri roʻyobga chiqqan mazkur sayohati Imomqulixon davlatining muayyan maqsadlari yoʻlida amalga oshgan. Ammo Mutribiy bu toʻgʻrida ochiq ma’lumot bermaydi. Bizningcha, buning sababi bir tomondan, topshiriqning maxfiyligi boʻlsa; ikkinchidan, Mutribiy bu safarga Imomqulixonning elchisi Abdurahimxoja Juyboriy bilan birga chiqqan va asosiy rasmiy topshiriqlar xoja zimmasiga yuklatilgan. Mutribiy esa ikkinchi darajali shaxs boʻlgan. Garchi shunday esa-da, tazkirada bu safar davomida Mutribiyga ham ayrim ochiq va yashirin muhim vazifalar yuklanganini anglatuvchi dalillar mavjud. Muallif ma’lumotlariga koʻra, u Jahongir podshohning Movarounnahrdan Hindistonga qaytib ketayotgan elchisi Sayyid Mir Baraka va ashtarxoniylar elchisi Abdurhimxoja Juyboriy tashabbusi bilan yoʻlga chiqadi. Ular Mutribiyning Hindga oʻzlaridan oldinroq yetib borishi uchun barcha rasmiy, moliyaviy sharoitlarni yaratib beradilar. Mutribiy Jahongir bilan uchrashuvlarini tasvirlar ekan, oʻzining Imomqulixon himoyasi ostidaligi, Hinddan qaytgach toʻppa-toʻgʻri bu hukmdor huzuriga borajagini qayta-qayta ta’kidlab oʻtadi. Jahongir unga Hindistonda qolishni qattiq turib taklif etganda esa shoir va’da qilinayotgan zoʻr sharoitlar, katta mablagʻ yoki, hatto, sogʻligi kun sayin yomonlashib borayotgan bu podshohning koʻngli uchungina ozgina vaqt boʻlsa-da, Hindda turishga rozilik bermay, Abdurahimxoja Hindistonga yetib kelgani hamono koʻp oʻtmay Movarounnahr sari yoʻlga tushadi.

Mutribiyning bunday yarim oshkora, yarim maxfiy xususiyatga ega diplomatik xizmatlari Imomqulixon hukumatiga nima uchun kerak edi?

Ma’lumki, ashtarxoniylar davlati Balx viloyati mintaqalarida boburiylar davlati bilan chegaradosh boʻlgan. 1625-yillari Jahongir bilan oʻgʻli Shoh Jahon oʻrtasida ichki nizolar kuchaygan bir paytda boburiylar va ashtarxoniylar oʻrtasida ham diplomatik noxushliklar yuzaga kelgandi. «Jahongirnoma» ma’lumotlariga koʻra, oʻsha paytlari Jahongirning elchisi Sayyid Mir Baraka Imomqulixon bilan muzokaralarda chegara masalalari boʻyicha aniq bir kelishuvlarga erisha olmay bir yildan koʻproq vaqt Buxoroda ushlanib qoladi. Ammo Hindistonda ota-oʻgʻil oʻrtasidagi ziddiyatlar keskinlashib, taxt tepasiga Shoh Jahon kelishi ehtimoli kuchayadi. Bu esa Imomqulixon davlati uchun chegara hududlarida ancha noqulaylik, xavf-xatarlar vujudga keltirishi mumkin edi. Shoh Jahon taxtga oʻtirsa, u bilan tinch-totuv qoʻshnichilik munosabatlari olib borish ogʻir kechishi mumkinligini oʻylagan Imomqulixon darhol Jahongir podshohga doʻstlik izhor etish maqsadida uning elchisi Mir Barakaga ruxsat berib, oʻz elchisi sifatida nufuzli shayx Abdurahimxoja Juyboriyni Hindistonga joʻnatadi. Biroq, Hindistondagi vaziyatni yaqindan oʻrganish va shu asosda kelajakning diplomatik rejalarini tuzish uchun xonga bu elchilik faoliyati kamlik qilardi. Zero, keksa va ixtiyori oʻz qoʻlida boʻlgan, keyingi paytlari xon bilan orasi biroz buzilgan Abdurahimxojaning Hinddan qaytib kelish-kelmasligi yuzasidan xon qoʻlida biron-bir kafolat yoʻq edi. Ana shunday vaziyatda bu oʻta muhim topshiriq uchun oʻtgan yili Hindiston sari yoʻlga chiqib, ammo Balxdan nariga oʻta olmay qaytgan va bu orzudan hali voz kechmagan, keksa boʻlsa-da, ancha tetik, davlat yumushlarida suyagi qotgan Mutribiy eng ishonchli, munosib kishi edi. Albatta, bu fikrlar Mutribiyning mazkur tazkirasi va «Jahongirnoma» hamda boshqa manbalar ma’lumotlari tahlilidan chiqargan xulosamizdir. Mutribiyning bizga qoldirgan xabarlari esa tubandagicha.

Mutribiyning Mir Doʻstiy degan yaqin doʻsti Hindistonga safar qilib, Akbar podshoh topshirigʻiga koʻra oʻsha oʻlkada butunlay yashab qolish niyatida oilasini koʻchirib ketgani Samarqandga keladi. U Hindistonni rosa maqtab, Mutribiyni ham ketishga undaydi. Mutribiy doʻstining hikoyalaridan sehrlanib «aqldan ozay» deydi, biroq, katta oilasini tashlab ketishga hech iloji yoʻqligini aytadi. 1604 yili hirotlik Mullo Naziriy Mashhadiy sayohat bilan Samarqandga keladi va Mutribiynikida ham mehmon boʻlib, oʻz yurti Xurosonni juda maqtaydi, Hindiston sari ham safar qilajagi, agar xohlasa uni ham Hindistonga birga olib ketishi mumkinligini bildiradi. Shoir bu taklifga koʻnadi. Biroq Naziriy Toshkentdagi piru avliyolar mazorotlarini tavof qilish uchun oʻsha shaharga oʻtib ketganicha qaytib Samarqandga kelmaydi va Mutribiy uchun Hindiston safari yana orzuligicha qoladi. Ammo u Hindga borishdan umidini uzmaydi, ustozi Nisoriy yetolmagan orzuga yetishishni bir dam ham xayolidan chiqarmaydi. Bu istaklarini «Tazkirat ush-shuaro» asarida bot-bot eslatib oʻtadi, Hindga ketib qolgan doʻstlari bilan xatlar yozishib turadi. U 1624 yili oʻgʻillari Muhammad Ali, Shoh Ali bilan Balx, Badaxshon, Toliqon, Davlatobod, Qunduz viloyatlariga safar qilib qaytadi. Bir yildan keyin esa Hindiston safariga otlanadi va Balxgacha yetib borib, yana bu oʻlka xonu sultonlari, shoirlari muloqotiga yetishadi. Jahongir podshoh huzuriga sovgʻa bilan borish uchun 1034 yilning rajab (1625 yil, may) oyida yangi bir tazkirasi — «Nusxayi zeboiy Jahongir»ni tuzishga kirishadi. Biroq biz bilmagan sabablarga koʻra, u bu safarni davom ettira olmay yana Samarqandga qaytadi. Bir yil oʻtgach, aniqrogʻi, 1626 yilning martida Mutribiy katta oʻgʻli Muhammad Ali bilan Hindiston sari yoʻlga chiqadi. U Buxoroda Abdurahimxoja Juyboriy va Sayyid Mir Baraka bilan uchrashadi va ularning qistovi bilan katta karvonga qoʻshilib, may oyida Balxga yetib keladi. Mutribiy Balxda ikki oycha ushlanib qoladi va Abdurahimxoja, Mir Baraka ham uning ketidan bu shaharga yetib boradilar. Mutribiyning Kobulga oʻtishda chegara rasmiyatchiligiga duch kelganidan xabar topib qattiq tashvishlangan Mir Baraka bu masalalarni zudlik bilan hal qiladi va ota-oʻgʻilni boburiylar davlatiga qarashli Kobulga oʻtkazib yuboradi. Mutribiy Kobulda oz vaqt turgach, tez orada Nilob va Peshovar shaharlari orasidagi Navshahrga yetib boradi. U yerda yuqorida nomini eslatganimiz — bir paytlar ashtarxoniylar sadri boʻlgan, endilikda esa Hindistonda mansab egasi boʻlib turgan Xoja Zayniddin Muhammad bin Sayyid Hodixoʻja Naqshbandiy bilan uchrashib, unikida mehmon boʻladi. Tez orada Peshovarga, u yerda biroz turib, soʻng poytaxt Lohurga yetib boradi. Bir oydan koʻproq vaqt davomida shu shaharda tazkirasini tugatib va qayta koʻchirib 1036 yil 19 rabi ul-avval (1626 yil, 9 dekabr) kuni Xoja Faxriddin Husayn bin Xojajon devon vositasida Jahongir podshoh saroyida uning muloqotiga yetishadi.

Mutribiy oʻz xotiralarida Jahongir bilan oʻttiz martaga yaqin uchrashgani va bu muloqotlar mazmunini bir-bir bayon etadi. U shu orada saroyda malika Nurjahon begim va Hind davlatining boshqa ustunlari bilan ham uchrashadi. Ular shoirga qimmatbaho sovgʻalar tortiq qiladilar.

«Jahongirnoma» ma’lumotlariga qaraganda, 1626 yilning 25 oktyabrida Hindistonga Abdurahimxoja va Sayyid Mir Baraka Kobulga kirib kelgani, ularni Kobul hokimi Zafarxon munosib kutib olgani haqidagi xabar yetib boradi. Ular poytaxt Lohurga esa 1627 yilning 11 martida kirib boradilar. Abdurahimxojani Lohurga uch manzil yerda Jahongirning eng yaqin kishilari Musaviyxon, Bahodirxon Oʻzbek kutib oladilar. Lohurga yetgach Irodatxon, Xoja Abulhasan devon aziz mehmonga peshvoz chiqadilar hamda oʻsha kuniyoq Abdurahimxoja va Jahongir podshoh uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

Mutribiyning yozishicha, Jahongir podshoh Mutribiy bilan muloqotlarining birida Abdurahimxojaning ham sogʻ-omon Lohurga yetib kelganini katta xursandchilik bilan izhor etgan ekan.

«Jahongirnoma»da aytilishicha, Jahongir podshoh 1627 yilning 20 martida katta tantana bilan Navroʻz bayramini nishonlaydi. Mutribiyga koʻra, Jahongir uni oʻzi bilan Kashmirga olib ketajagini, u yerga Abdurahimxojani ham olib ketayotganini aytadi. Mutribiy esa yurti sari qaytishga ruxsat soʻraydi. Shoirning ancha iltimos va uzr soʻrashlaridan soʻng Jahongir oʻta ogʻrinib, Mutribiyga kelgusi yili yana qaytib kelish sharti bilan ijozat beradi.

Jahongir podshoh har yil yoz Kashmirda dam olib, kasal joniga oro kiritardi. Shu yili u Abdurahimxojani ham Kashmirga olib ketadi va 1627 yilning 4 noyabr kuni Kashmirda kasali ogʻirlashib, olamdan oʻtadi. Abdurahimxoja ham shundan bir necha oy oʻtib Lohurda hayotdan koʻz yumadi. U bilan birga Hindistonga borgan oʻgʻli Muhammad Siddiqxoja keyinroq otasi na’shini Buxoroga olib keladi.

Mutribiy 1627 yil aprelida Lohurdan chiqib, oʻsha yil iyulida Balxga, ikki-uch oydan soʻng esa Buxoro, Samarqandga yetib keladi.

Qoʻlyozmalar Yashirgan Sir

Mutribiy «Tazkirat ush-shuaro»ni Samarqand hokimi Xojibey Otaliq Qushchi xizmatida yurgan hijriy 1011 — 1013 yillari yozadi. Bizgacha yagona qoʻlyozma nusxada Mutribiy dastxati bilan yetib kelgan bu asarda uning bosh xon Vali Muhammad ashtarxoniyga bagʻishlangani alohida ta’kidlangan. Biroq, negadir, Vali Muhammadxon tazkiraning boshidan — oxirigacha Balx viloyati voliysi (hokimi) sifatida tilga olinadi, bosh xon esa Boqiy Muhammad deb koʻrsatiladi, tazkiraning hijriy 1013 yili yozib tugallanayotgani qayta-qayta ta’kidlanadi. Shu yerda aytib oʻtish kerakki, Gʻaniy Toshkandiy ismli shoir haqidagi ma’lumotda qayd etilgan sana bundan mustasnodir. Chunki bu lavha qoʻlyozmaning hoshiyasida kelgan boʻlib, unda 1014 hijriy sanasi ham eslatilgan. Tazkirada bu sana Mutribiy dastxati bilan faqat bir bor, shu hoshiyadagina berilgan. Savol tugʻiladi — muallif asar yozilish yilini faqat 1013 hijriy shaklida havola eta turib, qanday qilib qoʻlyozmaning Gʻani Toshkandiy ma’lumoti ichiga 1014 yil voqealarini ham kiritgan? Yana, nega bosh xon sifatida bir paytda ikki xil odam koʻrsatilgan? Tadqiqimizga koʻra, gap shunda boʻlganki, bosh xon Boqiy Muhammad 1013 hijriy yilning oxirida vafot etadi va 1014 yil muharramida (1605 yilning iyuni) uning ukasi Balx hokimi Vali Muhammad Buxoroga kelib, bosh xonlik taxtiga chiqadi. Bu paytda Mutribiy «Tazkirat ush-shuaro»ni tugatib, uni Boqiy Muhammadxonga bagʻishlash arafasida edi. Ammo voqealar boshqacha tus olib, koʻrganimizdek, Mutribiy endi asarni yangi bosh xonga bagʻishlashi kerak boʻlgan va kitobat qilingan tayyor qoʻlyozmani buza olmay, faqat bagʻishlov sarlavhasidagi xon nomini rangli siyohda oʻzgartirib qoʻygan. Kitobdagi boshqa faktlar esa eski sana boʻyicha qolavergan. 1605 yil may oyida tugagan asar oʻsha yili iyul oyi Vali Muhammadga bagʻishlanib, Mutribiy uni yangi bosh xonga taqdim etgan. Gʻani Toshkandiy haqidagi ma’lumot ham shu zayl keyingi yil sanasi bilan tazkiraga kirib ulgurgan.

«Tazkirat ush-shuaro»ning boshqa qoʻlyozma nusxalari mavjudligi aytilsa-da, hozircha bu asarning faqat OʻzFAShI Qoʻlyozmalar xazinasidagi 2253-raqamli mazkur yagona nusxasi ilmiy jamoatchilikka ma’lum. Afsuski, Mutribiy qoʻli bilan bitilgan bu qoʻlyozma ham bizga noqis holatda yetib kelgan. Aniqrogʻi, qoʻlyozmadan qachonlardir bir necha varaq yirtib olingani natijasida bu qoʻlyozmaning 170b-betidagi matnda uzilish yuzaga kelgan. Ya’ni Mutribiy asar boshidagi mundarijada koʻrsatgan «nun» harfining Birinchi nuqtasi va yana Ikkinchi, Uchinchi nuqtalar bu yerda butunlay yoʻq. Yana shu yerda «sin» harfining Birinchi nuqtasida ham bir necha shoir yoʻq. Shunga qaramay, bu qoʻlyozma nusxa orqali bizgacha 326 nafar ijodkor haqidagi qimmatli ma’lumotlar yetib kelgan.

«Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasining ham hozircha bitta nusxasigina ma’lum. Qoʻlyozma 1665 yili Shohjahonobodda koʻchirilgan boʻlib, hozir Angliyaning «Indiya offis» kutubxonasida saqlanadi. Ayrim uzilish va hatto imloviy xatolardan xoli boʻlmagan bu qoʻlyozma asar ma’lumotlarini tahlil etish shuni koʻrsatdiki, mazkur qoʻlyozma Mutribiyning 1626 yil 9 dekabrda Jahongir podshohga topshirgan tahrir nusxasi asosida koʻchirib yozilmagan. Chunki unda Mutribiyning Hindistondan qaytganidan keyingi koʻrgan-kechirganlari ham oʻrin olgan va bu qoʻlyozma asardagi eng oxirgi sana «1037 yil zulqa’da» (1628 yil, avgust) shaklida qayd etilgan. Bu degani — Mutribiy mazkur qoʻlyozmaga asos boʻlgan «Nusxayi zeboiy Jahongir»ning boshqa tahririni Samarqandda 1628 yildan soʻng yozib nihoyasiga yetkazgan. Ma’lumki, Mutribiy tazkirani Jahongirga topshirganda bu hukmdor oʻzining ham kichik hajmdagi tazkirasini Mutribiy tazkirasi bilan bir muqova ichida saqlashni buyuradi.

Mutribiy Jahongir podshoh bilan muloqotlarini xotiralar tarzida alohida qalamga oladi. Bu asarini u 1627 yil 25 fevral kuni Hindda yoza boshlagan. Mazkur mavjud qoʻlyozma nusxada esa ham Jahongir tazkirasi, ham uchrashuv xotiralari tazkiraga ilova va xotima sifatida, ammo asar tarkibiga singdirilgan holda kiritilgan. Buni muallif kitob boshidagi mundarijadayoq ta’kidlab oʻtadi. Endilikda shu ayon boʻlmoqdaki, Mutribiy oʻz asarlari qoralamasi va Jahongir kitobidan koʻchirmani Lohurdan oʻzi bilan olib qaytib, keyingi voqealarni ham ularga joy-joyi bilan qoʻshib, asarning yangi tahririni yaratgan. Bu tahrir ham qachondir Hindistonga borib, bir necha bor qayta koʻchirib yozilgan hamda ulardan bir nusxa bizgacha yetib kelgan. Asarning Jahongirga tuhfa etilgan nusxasi esa hali topilgan emas. Agar bu qoʻlyozma nusxa ham qoʻlga kiritilsa, manbashunoslik nuqtai nazaridan uning alohida oʻz qimmatiga ega boʻlishi shubhasizdir.

Xulosa qilib aytganda, shoir va adabiyotshunos olim Mutribiy oʻz zamonasining peshqadam ziyolisi sifatida XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmida mamlakatda madaniy-ma’rifiy ishlarga bosh-qosh boʻlgan, ayrim diplomatik yumushlarni ham bajargan. Biroq, afsuski, uning ana shu davr madaniy, adabiy hayotini aks ettiruvchi tazkira asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinmasdan kelmoqda.