OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsmoil Bekjon
Asar nomiYusuf Qorabogʻiy qachon tavallud topgan?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ismoil Bekjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 3-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yusuf Qorabogʻiy qachon tavallud topgan?
Ismoil Bekjon

Asli ozarboyjonlik, ammo umrining koʻp qismini Buxoro va Samarqandda oʻtkazgan, XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmidagi Oʻrta Osiyo ijtimoiy-falsafiy va ilmiy tafakkuri rivojiga munosib hissa qoʻshgan Yusuf al-Qorabogʻiyning hayot yoʻli, falsafiy asarlari zamondosh olimlarimiz tomonidan ozmi-koʻp tadqiq qilinib, bu haqda maqola, kitoblar chop etilgan.

Yusuf Qorabogʻiyning tarjimai holiga oid tadqiqotlarda Ozarboyjonning Qorabogʻ oʻlkasida tugʻilib-oʻsgan olim oʻspirinlik yoshida Sherozga borib, mashhur faylasuf Habibullo Mirzojon Sheroziyga shogird tushgani, XVI asr ikkinchi yarmida ustozi bilan Buxoroga kelib vatan tutgani aytiladi. Bu asarlarda olimning 1563 yili tugʻilib, 1647 yili Buxoro yaqinidagi Safidmun mavzeida dunyodan oʻtgani, 1690 yili esa uning xoki «Badaxshonda dafn etilgan ustozi Xalilulloh Badaxshiy mozori yoniga koʻchirilgan»i yozma manbalar asosida zikr qilinadi.

Biroq, keyingi paytlari qoʻlga kiritilgan boshqa yozma manbalar ma’lumotlari bu qarashlarning ayrimlarini rad etmoqda, ba’zilariga qoʻshimchalar kiritmoqda. Yusuf Qorabogʻiyning saboqdosh (aytib kelinganidek shogirdi emas) va yoshlikdagi doʻsti Mutribiy Samarqandiy oʻzining «Tazkirat ush-shuaro» (1605) asaridan tashqari «Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasida (1625 — 1628) ham mazkur olim va shoir haqida birmuncha toʻlaroq ma’lumotlar yozib qoldirgan ekan.

Mutribiyning «Tazkirat ush-shuaro»da Yusuf Qorabogʻiy tarjimai holiga oid bergan ma’lumotlari mazmuni quyidagicha:

«Mavlono Yusuf Qorabogʻiy Iroqiy she’rda oʻz ismini taxallus qiladilar, olimlar ustozi «Mulloyi nav» («Yangicha qarashdagi olim») laqabi bilan mashhur boʻlgan mavlono Mirzojon Sheroziyning shogirdidirlar. Ushbu 1013 hijriyda (1604-1605) Samarqandda oʻqitish ishlari bilan mashgʻuldirlar. Ilmi hikmat va hay’at, riyoziyot fanlaridan davomli darslar berib, koʻplab shogirdlar yetishtirmoqdalar. Kubraviya tariqatida darvishlik yoʻlini bosib oʻtmoqdalar va koʻngil xushligi uchun she’r ham yozib turadilar. Mullo Saburiy ul zotning manavi gʻazalini menga keltirib berdi...».

Mutribiyning birinchi tazkirasidagi Yusuf Qorabogʻiyga tegishli ma’lumotlar ana shulardan iborat. «Nusxayi zeboiy Jahongir»da esa Mutribiy Yusuf Qorabogʻiydan tashqari uning ustozi Mirzojon Sheroziy, Xalilulloh Badaxshoniy toʻgʻrisida ham maxsus ma’lumotlar havola etadi:

«Mirzojon Sheroziy zikri. Kamina Buxoroda mavlono Mirzojon Sheroziyning ommaviy darslarida qatnashganman. U kishi oliymaqom mavlonolardan boʻlib, koʻp fanlar boʻyicha kitob, risolalari bor, ayniqsa, ilohiya va kalomiya sohasidagi yaxshi asarlari oʻquvchilar uchun foydalar koni boʻlgan qoʻllanma, qayta-qayta murojaat etiladigan manbadir. 989 hijriy (1580) yili Buxoroga keldilar va fanlardan darslar berishga kirishdilar. Ulugʻ olim va hukmdorlar u kishining hurmatini bekamu koʻst joyiga qoʻyardilar. Ammo shu mashhurligi asnosida Buxorodagi Safidmun mavzeida oʻz xonaqohi va koʻplab muridlari boʻlgan taniqli shayx Xalilulloh Maydoniy Badaxshoniy Mirzojon Sheroziyni biroz takabburligi uchun yoqtirmay, undan koʻngillari ozor topdi. Mirzojon Sheroziy shu zotning duoi badi orqasida qattiq kasallanib, olamdan oʻtdi va Buxorodagi Turki Jandiy qabristoniga dafn etildi».

Mutribiy Mirzojon Sheroziyning vafoti yilini aniq koʻrsatmaydi. Muhammad Maleho Bade’ Samarqandiyning «Muzakkir ul-ashob» tazkirasida Mirzojon Sheroziyning 996 hijriyda (1587) vafot etgani aytiladi. Bu sana ayrim manbalarda va olimlarimiz tadqiqotlarida 994 hijriy (1585) yil shaklida ham berilgan.

«Nusxayi zeboiy Jahongir»ning Yusuf Qorabogʻiy haqidagi ma’lumotlari mazmuni esa quyidagicha:

«Furu’ va usul ilmlarini toʻla oʻzlashtirgan, ma’qul va manqul sohasini yuksak darajada egallagan mavlono Yusuf Qorabogʻiyning chiroyli zikri. Olimlar olimi boʻlgan bu oxund mavlono Mirzojon Sheroziyning shogirdlaridandir. Ushbu kunlarda Buxoro shahrida ilm toliblariga darslar bermoqdalar. Hikmat ilmi va falsafa sohasida tengsiz hisoblanadilar. Mavlono Jaloliddin Davvoniyning «Sharhi aqoid» asariga yaxshi sharh bitganlar. Gohida she’r yozish bilan ham mashgʻul boʻladilar. Turon hukmdori Imomqulixonning u kishiga zoʻr e’tiqodi bor. Ushbu 1034 hijriy (1625) yili Safidmun mahallasida xonaqoh qurdirganlar, yoz paytlari oʻsha yerda oʻzini qiyinchiliklar girdobiga tashlab, darvishona hayot kechirish bilan birga dars oʻqitish ishlari bilan ham shugʻullanadilar. Kubraviya sulukida muridlik nisbati esa shayx Husayn Xorazmiyga (vafoti 1551 yil) ulanadi. Kamina Hindiston sari safarga otlanganimda (1626 yil. — I.B.) bir paytlari «Talvih» darsini birgalikda oʻzlashtirganimiz haqqi-hurmati uchun huzurlariga kirib oʻtdim. Eski doʻstlik ayyomlarimizni eslab, koʻp gapirdilar va gap orasida hozir she’r yozishni tashlaganini uqtirib oʻtdilar. Oxunddan yoshlari nechadaligini soʻraganimda «Yetmish oltiga kirdim», dedilar. Hindistondan qaytgach, yana oxund Qorabogʻiy ziyoratiga bordim va oʻtirishda oʻz yoshlariga ishora qilingan ushbu bir baytni oʻqib berdilar, unda 77 yoshga kirganlari aytilgan edi».

Bilamizki, Mutribiy Hindistondan 1627 yil yozida Buxoroga qaytgan. Demak, oʻsha yili 77 yoshda boʻlgan faylasuf olim Ozarboyjonning Qorabogʻida 1550 yili dunyoga kelgan. Mutribiyning yuqorida Mirzojon Sheroziy haqidagi ma’lumotida aks etganiga koʻra, Yusuf Qorabogʻiy mazkur ustozi bilan Buxoroda 1580 yildan vatan tutgan.

Endi Yusuf Qorabogʻiyning mangu oromgohi xususidagi fikrlarga kelsak, avvalambor, bu oʻrinda shayx Xalilulloh Badaxshoniy tarjimai holiga qaytish lozim boʻladi. Hasanxoja Nisoriy (1512 — 1596) shayx Xalilulloh haqida «Muzakkiri ahbob»da shunday ma’lumot beradi:

«Badaxshon viloyatidan, kubraviya silsilasi shayxi Husayn Xorazmiy xizmatida shogird va murid boʻlgan. Badaxshon hokimi temuriy Shohrux Mirzo bin Ibrohim Mirzo bin Sulaymonshoh (vafoti 1588 yil) uning muridi boʻlgan».

Nisoriy Badaxshoniy bilan xat orqali mushoara qilganini aytsa-da, bu shayxning oʻsha 1565-yillari qaerda yashayotganini aniq koʻrsatmaydi, ammo shayx nomini Buxoro shahridan tashqari yerlarda yashab, ijod qilayotgan shoirlar bobida keltiradi. «Nusxayi zeboiy Jahongir»dagi ma’lumotlar esa tubandagicha:

«Shayx Xalilulloh Badaxshon viloyatining Maydon degan joyidan, shuning uchun shayx Xalilulloh Maydoniy nisbasi bilan tanilgan. Buxoroning Safidmun mahallasida xonaqohi bor edi... Hazrat shayx Xalilulloh 1002 hijriy (1593-94) yili vafot etdilar va Safidmunda dafn qilinganlar».

Oʻzbek olimi M.Nuriddinov arab tilidagi «Ashhar ul-lugʻot» asariga asoslanib, Yusuf Qorabogʻiy xoki 1102 hijriy (1690) yili Badaxshonga koʻchirilib, ustozi Xalilulloh Badaxshoniyning oʻsha yerdagi mozori yoniga koʻmilgan, deydi. Biroq, mazkur yozma manba ma’lumoti bu koʻrinishda shubhali tuyuladi. Chunki, yuqorida koʻrganimizdek, Mutribiy yozishicha, shayx Xalilulloh Badaxshoniyning Safidmundagi qabri 1628-yillari, ya’ni vafotidan 35 yil soʻng ham oʻz joyida boʻlgan. «Ashhar ul-lugʻot» ma’lumotining shubhali joyi shundaki, ushbu yerda, birinchidan, «shayx Xalilullohning xoki qachon Badaxshonga koʻchirilgan» va, qolaversa, «nega endi asli ozarboyjonlik Yusuf Qorabogʻiy xokini ham vafotidan 43 yildan soʻng aynan Badaxshonga koʻchirish kerak boʻlgan» mazmunidagi savol paydo boʻladi. Nazarimizda, bu yerda yozma manba muallifi qandaydir xatoga yoʻl qoʻygan va modomiki «Ashhar ul-lugʻot»da Yusuf Qorabogʻiy shayx Xalilulloh Badaxshoniy yoniga dafn etilgan, deyilar ekan, bizningcha, faylasuf olim ustozi yonida 1647 yili shu Safidmunda tuproqqa topshirilgan. Binobarin, ustoz ila shogirdga tabarruk Buxoro zamini mangu oromgoh boʻlib qolmoqda.