OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsmoil Shomurodov
Asar nomiKultepada kechgan hangomalar (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ismoil Shomurodov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm97KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kultepada kechgan hangomalar (qissa)
Ismoil Shomurodov

1

Oʻrolboy traktorchining nashavandlikka mubtalo boʻlib, qorni yorilishiga aslida Oʻroq dallol sababchi edi. Birovning baxti, birovning koʻzini chiqaribdi deyishganday, bundan ancha daromad ham qilgan u. Nasha emas, albatta, temir-tersak sotgan... Aniqrogʻi, bu ishda vositachilik qilgan.

Nashavandlik bilan temir-tersakning qanday aloqasi bor?

Bor ekan! Judayam yaqin. Axir Oʻrol traktorchi bu jabhaga traktori bilan toʻgʻridan-toʻgʻri devor buzib kirib borgan edi-da.

Hammasi bir boshdan...

Qishloqdagi yagona jinoyatchi Nurmon – "Shilliqqurt" beshinchi marta qamalib chiqqach, tinch hayot boshini tutmoqchi boʻldi, halol yashashni niyat qildi. Biroq tutdim deb oʻylagani aslida bosh emas, boshqa narsa ekanini keyin angladi... Qolaversa, uning "halol yashash" tushunchasi jamoa qarashlari bilan ayro ekan.

Umumiy hisobda oʻn besh yil qamoqda oʻtirgan emasmi, «u yoq» joniga tekkan. Endi avvalgi shijoati ham qolmagan, ilgarilari koʻzini yumib bajaradigan arzimas jinoyatlarda ham qoʻlga tushib, tayoq yeb, ur kaltak-sur kaltak boʻlib yuribdi. Normat podachining har yili qoʻsha-qoʻsha tugʻadigan qanjigʻi – Reksga oʻxshab undayam obroʻ qolmadi.

Bir paytlar – ilk bor "oʻtirib" chiqqanida butun qishloq koʻrgani keluvdi, toʻylarning toʻri, taomning zoʻri uniki edi. Endi qishloqdoshlari duch kelsa teskari oʻgirilib ketishadi. Reks esa ilk bolalaganda Normatning hovlisidan 48-sonli umumta’lim maktabi oʻquvchilarining, zotdor kuchuk boqib olish dardidagi togʻa-yu, pochchalarning bir oygacha oyogʻi uzilmagan. Keyin-keyin Reks aslida xashaki qanjiqligi bilinib, kuchukvachchalarini uyiga eltib bersang ham birov olmaydigan boʻlgan.

Shilliqqurt dastlab bundan koʻp ranjidi (Reksning bolalari dala toʻldirib, uysiz qolganidan emas, oʻzi obroʻsizlanganidan) va uchragan kimsaga aytib yurdiki: "Butun dunyoda qonundagi oʻgʻrilarni hurmat qilishadi. Mana, Al Kappon, qanday mashhur... Okeanning nariyogʻida u boʻlsa, buyogʻida biz... Ha, endi ikki qoʻchqorning boshi bir qozonda qaynamaydi, deganlari chin-da. Biroq mana shu Xudo urgan Kultepada bizni mensishmaydi... Qishloq... gʻirt qishloq... ha-yu, hayt, deb katta shaharga ketib qolay deyman-u, yana koʻngil boʻlmaydi. Hamma obroʻmandlar shaharga ketaversa, qishloqni kim koʻtaradi?"

Albatta, uning oʻzini "biz" deb gapirishi tez barham topdi, koʻcha-koʻyda yosh yalangdan dakki eshitib, kaltak yeb, oʻzi "siz"lashga arzimay qolganini bilib, buni bas qildi.

Yuk ogʻir boʻlsa eshakni, eshak ogʻir boʻlsa, yukni keltirish toʻgʻrisidagi qoidaga muvofiq Shilliqqurt qishloq odatlariga boʻysundi. Shu oʻrinda uni yuk emas, eshakka mengzash oʻrinliroq boʻladi. Har holda jonli maxluqot, har holda boshi bor... Eshakning, albatta.

Halol yashay boshlaganini nishonlab, qamoqdan qaytganiga shukrona uchun qoʻni-qoʻshni, oqsoqollar va mahalla faollarining maslahati bilan bir-ikki cholni chaqirib, qon chiqarmoqni niyat qildi. Bu safar butun irim-sirimi bilan... "U yoq"dan uchinchi marta qaytganida Mashrab luchchakning burnini yorib, qon chiqaruvdi. Lekin bu hisobga oʻtmadi. Toʻrtinchi marta qoʻlga tushib, yana qamaldi. Oʻsha xatodan xulosa qilib, tadbir uchun jonliq ma’qulligini tushundi (har holda ariza koʻtarib u-bu joyga yugurmaydi). Jonliqsiz xudoyi xudoyimi? Shu maqsadda qoʻshnilarning tovugʻiga "tushib", kaltaklandi-yu, bu ishga (xayr-ehsonga, albatta, oʻgʻrilikka emas-ku) uquvsizligini tushundi.

Gap xudoyida emas, chamasi. Keyin ham ishi yurishmay, koʻp shalloq yedi. Bir safar koʻchada turgan velosipedni minib, "kataysa" qilmoqchi boʻlgani uchun, keyingi daf’a dalada yurgan yovvoyi echkini ushlab kelayotganida (qaydan bilsin, koʻp yil "oʻtirgan", togʻdan yovvoyi echkilar uloqib kelgandir, deb oʻylabdi-da, qoʻshnisi Oʻroq dallolniki ekanini keyin, qoʻlga tushib bildi), bir marta esa shunchaki – doʻstona suhbat uchun kaltaklandi. Eski sinfdoshi – Nor polvonga qamoqning gaplari bilan muomala qilmoqchi boʻluvdi, u tushunmay, mushtlab qoldi. Bu ur-surdan yagona xulosaga keldi: ozodlikdagi odamlar vahshiylashibdi. Muomalani tushunmaydi.

Aslida har qanday kasbda ham vaqt va tajriba muhim. Borgan sari mahorat charxlanadi. Unda negadir bunday boʻlmadi (Reksning tugʻruq tajribasidagi kabi). Shuni oʻylab, Shilliqqurt jinoyatchilik ham sportga yaqinroq soha ekan, degan toʻxtamga bordi. Biroq ich-ichidan oʻzini keksa fohishaday his qilyapti. Odamlar yetti mahalla naridan aylanib oʻtadi. Birov davraga qoʻshmaydi. Kasbi kasodga uchragan...

Shularni oʻylab, halol kun kechirmoqni niyat qilgan edi. Lekin aytishga oson. Shuncha yil davlat berganini yeb oʻrganib qolgan...

Ayni bahor!

Otasidan qolgan eski kulbasi qarovsiz, xarobaga aylangan. Devorlar yomgʻiru qordan uvalangan, loy tom necha yillardan buyon suvalmaydi (shiferni esa toʻrtinchi marta qamoqdan qaytganda sotib yegan). Chim bosgan. Uy ichi zax, ogʻilni eslatadi.

Nurmon ishni tomorqani chopib, biror ekin ekishdan boshlamoqchi. Qoʻshnisidan kapcha soʻrab chiqdi. Dallol echkisiga tajovuz qilganidan buyon arazlashib yuruvdi... Shilliqqurt esa xafagarchilik, uyat, andishani bilmaydi. Holbuki, shu echki mojarosida uning oʻzi koʻproq jabr koʻrgan. Burni singan. Dallolni va uning baqiroq echkisini birov hatto chertmagan ham.

Shunga qaramay, Shilliqqurt ming yillik qadrdoni yoniga borganday tirjaydi.
– Kapchangizni berib turing.
– Nima tashvish? – deb soʻradi gʻijinib Oʻroq.

Uning xavotiri kapchadan – bu nobop qoʻshni birortaga sotib, pulini ishlatib qoʻyishi mumkin. Biladi-da. Oʻziyam temir-tersak olaman, deb necha-necha bolalarni aldab, bobo-momolarining obdastayu, dastshoʻylarigacha muzqaymoqqa almashtirgan. Bu-ku bola emas, muzqaymoqqa uchmaydi, lekin kapchani bir-ikki yutim nosga alishib yuborishi mumkin.
– Tomorqani bellab, dehqonchilik qilmoqchi edim, – dedi Nurmon oriq, zahil barmoqlarini oʻynatib.

Oʻroq dallol bularning "dehqonchiligi"niyam, jargoniniyam biladi. Shu bois qiziqsinib soʻradi.
– Koʻknorimi?!
– Bilasizmi?! – Shilliqqurt ham ajablandi.
– Nimani?
– Yetishtirishni-da?
– Bilmayman...
– Unda... men ham bilmadim, – dedi Nurmonning hafsalasi qaytib. – Biror daromadliroq narsa ekarman... Koʻknorni qoʻyishmas, deb oʻylayman... Men yana ikki yil uchastkavoy nazoratida boʻlaman... Qamoqda bunaqa dehqonchilikka qoʻl urganlar koʻp edi. Shundan bilamanki, kechirishmaydi... Uyni sozlash, moshin olish kerak... Oxirgi marta qamalar paytimda tamaki pul edi, ikki toy tamaki sotaman, deb qoʻlga tushuvdim.
– Tamaki sotganni qamashmaydi, – aniqlik kiritdi qoʻshni.
– Birovniki edi... – Shilliqqurt jimib qoldi. Qanchalar faxrlanmasin, oʻgʻrilik qilganini tan olgisi kelmaydi. – Shundan eksammi, deb turibman.
– Nima? Tamakimi? Esing joyidami? Hozir unga itam qaramayapti-ku...
– Nega? – hayron boʻldi Shilliqqurt. – Ana bir pachka sigaret necha pul turadi.
– Qanday tushuntirsam ekan... Buyam Tirkash alkashning ishiga oʻxshab ketadi. Bir shisha aroq qancha turadi? Uncha qimmat emas, lekin uni ichgan Tirkash yuz barobarga qimmatroq gʻalvani boshlamasa, kayfi tarqamaydi... Hozir yegulik pul boʻlgan... Kartoshka ek.

Oʻroq dallol oʻyda qolgan. Koʻngli aytyapti – bunga kapcha bersa qaytmaydi. Nimadir bahona topish kerak. Aksiga olganday bu matoh ana, koʻz oʻngida qadalib turibdi.
– Qiziq gaplarni aytasiz-ku! Uyda yegulik boʻlsa, qornim toʻyib yurmasmidi... Kartishkam boʻlsa, qovurib yemasmidim... Kapchani beravering-chi, oldin yerni yumshatib qoʻyay, keyin bir gap boʻlar.

Qoʻshni oʻylandi, bahona qidirdi. Oʻzim ishlataman desa, gapini isbotlash, buni shubhalantirmaslik uchun kechgacha tomorqada kuymalanish kerak. Axir koʻzi tushadi-ku. Televizorda esa serial berayotuvdi. Nurmonning zahil, suyaklari boʻrtiq yuziga bir qur nazar solib, bu odam kapchani koʻtara olishiga ham shubhalandi.
– Senga bir yaxshi maslahat, – dedi Dallol gap topib, – u yoqqa ketganingga ancha yil boʻldi, zamondan bexabarsan, hozir hech kim kapcha bilan yer bellamaydi. Oʻrolning traktori bor, shunga aytib haydattiradi.
– Yoʻgʻ-e, – Nurmon sarosimalanib qolganday boʻldi. Eshitganlari unga xoʻb yoqdi. Oʻziyam tomorqaga qarab, buni qachon chopib chiqaman, qoʻshni kapchasini bermasa yaxshi boʻlardi, degan oʻyda bu yoqqa chiqqandi.

Nurmon oʻz-oʻzicha gʻudrangan koʻyi Oʻrolnikiga joʻnadi.

2

Umar chinoq tuman gazetida ishlaydi. Shundan oʻzini qishloqning old ziyolisi sanaydi. Lekin keyingi paytlar omadi yurishmagandan yurishmayapti.

Bugun ham ishga bormadi. Mana, ikki haftadan buyon qishloqdan chiqmaydi. Muharrirdan ranjigan. «Sen chalasavodni ishdan haydab, oʻrningga biror harf taniydiganni olaman", deb dagʻdagʻa qilgandi u.

Hamma oʻpka-gina kichkina bir anglashilmovchilikdan boshlandi. Gazetada mahalliy shoirning "Mulla Xoliy yurma endi siqilib", degan misrasida xato ketgan. Arzimas! Qaysidir harfning bir cheti uchgan, birov payqashi dushvor. Injiq shoirning oʻzi "odamlarning kulgisidan keyin siqilib ketdim", deb janjal qilib kelganidan keyingina muharrir ham xatoga e’tibor bergan ekan. Shu arzimas xatoni deb Umarning oylik maoshini qirqqan edi, araz oʻshandan. Adolatsizlik boʻlgan-da! Yarim millimetrlik dumchaga yuz ming soʻm! Oylik toʻlashda oʻlchov boshqacha boʻladi – hisoblab chiqdi, oʻrtacha bitta harfga ikki soʻmdan toʻlarkan. Oʻsha ikki soʻmlik harfning yarim millimetri "uchib" ketsa yuz ming soʻm jarima soladimi? Qani adolat?!

Endi oʻziga kelib, arazi aridi. Boshliqdan ranjish mumkin emasligi, nafaqat maoshdan, balki butkul ishdan ayrilib qolish mumkinligini oʻylab, yuziga biror nima tutib, muharrir yoniga bosh egib bormoqchi. Axir shusiz ham joyida zoʻrgʻa ilashib turgan boʻlsa... Muharrir yalinib kelar, deb kutgandi, adashibdi. Orada usiz ikkita son chiqib ketdi, hech kimdan darak yoʻq.

Ijodkorning oldiga nima koʻtarib borish mumkin? Albatta, bir-ikki qogʻozlik maqola-da. Zora eski ginalar unutilsa. Aslida yuziga ikki shisha aroq tutib kelganda xoʻp ish boʻlardi-ku, Nosir nosfurush bu matohni plastik kartochkaga sotmaydi. Bunda esa naqd pul yoʻq.

Hozir Chori sorining uyiga kelib turibdi. Maoshgacha ozroq qarz olsa ish joʻnashib ketadi. Biroq...
– Ha, – dedi Chori sori uni darvozada qarshi olarkan. – Soʻfi ketini yuvmasdan nima qilib yuribsan?

Bu odam kayfiyati yaxshi boʻlganda soʻfini eslamaydi. Uning ayrim a’zolarini-ku inchunin. Umar chinoq tushundi – bundan yordam kutish foydasiz.
– Siz haqingizda gazetaga maqola qilmoqchi edim, – dedi shoshib, – koʻpni koʻrgan, tajribali odamsiz, sizlarni koʻtaradigan vaqt keldi. Qachongacha pana-pastqamda yurasiz?
– Gazetada?! – Chorining kapalagi uchdi. – "Urishgan", bir safar yaxshilab "urishgan". Murodning hozir Toshkentda ishlaydigan bolasi qattiq tanqid qilgan. Shu sabab boʻlganmi, raislikdan olib tashlashgan. Oʻshandan beri gazetani koʻrsam koʻnglim ayniydi... Hozir ham senga qarab, yaxshi narsalarni oʻylayotganim yoʻq.
– Bilyappan... Lekin bizning gazetada faqat yaxshi gap boʻladi. Tanqid bilan gʻalamislikni bilmaymiz. Ana, oldingi sonda bir artisni yomonlamoqchi edik, ming aylantirib yozsak ham maqtov chiqaverdi.

Chori aka olaydi. Hali ostonasini hatlab biror jurnalist kelmagan. Toʻgʻri, buni jurnalist deb boʻlmaydi, lekin, tan olish kerak, oʻziyam Maykl Jekson emas. "Shu akamga shu checham ham boʻlaveradi", degan gap oʻtdi koʻnglidan.
– Xoʻsh, – dedi salmoqlanib. – Nimamni maqtamoqchisan?

Umar shoshdi. Nimasini maqtash mumkin buning? Qanday gap aytsa, hech ikkilanmay qarz berib yuboradi?
– Masalan... hobbingizni maqtasa boʻladi... Kuchuk boqasiz-ku, toʻgʻrimi?

"Oʻzingizga oʻxshagan", degan gapni aytib yuborishdan shu joyda arang tiyildi. Albatta, iti va Chorining sariqligi uchun Umar aybdor emas, lekin haqiqat yoʻq-da dunyoda, mabodo Xudo urib, ogʻzidan chiqib ketsa, hammasiga oʻzi gunohkor boʻladi.
– Reksmi? – dedi Chori avvaliga sevinganday. – Reks zoʻr kuchuk... Qishloqning oldi... Oʻzimizning gap-ku, shu Suvonning uli Quvondan koʻra aqlliroq... Tunov kun qoʻy boqib yursam, soʻrrayib oldimdan oʻtib ketdi. Qoʻylarni qaytarib yubor, desam, unamadi. Reksga bir ogʻiz aytuvdim, chopqillab bajarib keldi, ogʻrinmadiyam.

Shu yerga kelganda Chori bir oz oʻyga choʻmdi, soʻng hayajon bilan davom etdi:
– Oʻylasam, shu jonivor bolalarimdan ham aqlliroq ekan. Biror marta ularga oʻxshab "hammasiga menmi" demaydi-ya... Hech qachon koʻzimga tik qaramaydi. Qancha soʻk, qancha urish, boshini egib turaveradi. Yoki dumini qisib nari ketadi... Bolalarga shunaqa qilay-chi... Shular dumini qisadimi? Eh-hey, oʻzimni yeb qoʻyguday chaqchayadi... Reks boshqa-da... Ana fahm, ana farosat, ana tarbiya!

Shu yerga kelganda Chori "Odobnoma"dan dars beradigan Salim malimday koʻzlarini nim yumib, boshini sarak-sarak qildi.

Biroq bu qiligʻi uzoqqa bormadi, birdan boshining ma’nili silkinishi toʻxtadi, soʻng koʻzlari yarq etib ochildi, unda qandaydir ayyorlikka oʻxshash bir nima yiltillab turardi.
– Shoshma, – dedi xezlanib Chori, – bu bilan nima demoqchisan? Men oltmish yil yashab, shu olti yoshlik Rekschalik hurmatga loyiq boʻlmadimmi? Reksni maqtash uchun keldingmi bu yerga? Biz endi gazetga bir tiyinga qimmat sariq koʻppakning orqasidan chiqamizmi? Oʻzimizning maqtasa boʻladigan ishimiz yoʻqmi?

Umar shataloq otib qochishni oʻyladi, lekin shashtidan qaytdi. Pul ololmasligiga-ku koʻzi yetdi, lekin material soʻrab yana kimning oldiga boradi? Bu gazetasi qurgʻur yapaloqday boʻlsayam, roʻzgʻoridan yomon – toʻlatib boʻlmaydi.
– Qanday farqi bor? – dedi Umar har ehtimolga qarshi oʻzini bir oz ortga tortib. – Siz nima-yu, Reks nima?
– Ie, sen meni kuchukka tenglayapsanmi?
– Oʻsha kuchukni shunchalar bilimdon qilib tarbiyalagansiz-ki, odam adashadi, – dedi Umar shoshib. U yana qanday xushomad qilishni bilmay kalovlandi. – Oʻzingiz ham tan olib turibsiz-ku aqlliligini.

Shu gapdan Chorining shashti pasaydi.
– Reksga til tekkizma, – dedi nihoyat gap topgan boʻlib, yumshab, – biz tarbiya berishni bilamiz!
– Oʻzi aslida hayot yoʻlingizni maqola qilmoqchi edim, sermazmun, sermahsul va gʻoyatda boy hayot yoʻlingizni... – gapini toʻgʻriladi Umar.

Keyingi soʻzlar Chori akaga moydek yoqdi. Oʻqiydi, eshitadi, bunaqa gaplar faqat gazetada, radioda, televizorda ishlatiladi. Mana uning oʻzigayam nasib etib turibdi-ya?!
– Mana bu yerga choʻk-chi, – buyruq berdi muxbirga darvoza yonidagi katta xarsangga imo qilib. – Bir boshdan aytib beraman.

Ular shu yerdagi, usti silliqlanib, oqarib qolgan toshga oʻtirishdi.
– Nimani aytay? – soʻradi mezbon.
– Oʻqishdan boshlang, – dedi baqrayib muxbir.
– Birinchi sinfdanmi?
– Institutdan boshlayqoling, – qisqaroq va qiziqarliroq boʻladi.

Oʻqish zoʻr boʻlgan, besh yil oʻqiganman... Kirish imtihonida ikkita uch, ikkita toʻrt olganman. Bitirishda ham zoʻr topshirganman. Ikki uch, ikki toʻrtga... Shunday qilib, diplom qoʻlga tekkan.
– Shoshmang, – Umar hayron. – Kirishdayam shu baho, bitirishdayam shu, besh yil nima ish qildingiz?
– Oʻqidim, – dedi mezbon.
– Baho oʻzgarmabdi-ku?!

Chori sori unga olayib boqdi. Lekin gazetda chiqish istagi alangalanib, yana muloyim tortdi, ogʻrinibroq boshqa mavzuga oʻtdi.
– Oʻqishni qoʻy, mayli, tushunmas ekansan, biladiganingni yoz. Mana, yaqinda zoʻr ish qildik. Oʻrolga aytib, qishloqning atrofini yongʻinga, selga qarshi chegara bilan oʻradik. Ana endi, sel kelsayam, oʻt ketsayam lip etib, qishloqni aylanib oʻtaveradi.
– Oʻtib ketadi, – hayron boʻldi Umar. – Kuni kecha tepa qishloqdan tushgan oqova selga aylanib Gʻoyib akaning hovlisini bosib ketibdi-ku!
– Qoʻysang-chi, – dedi Chori. – Gʻoyib igʻvo suv yoʻqligidan uch oydan buyon gʻusul qilolmaydi-ku, uyini sel bosarmidi?.. Buning ustiga qishloqda gap yotmaydi? Narigi chekkasidan ikki ogʻiz gapni qoʻyib yuborib, berigi tomoniga kelib tursang, ikki soatdan keyin ming ogʻiz boʻlib yetib keladi... Igʻvoning uyini suv bossa eshitardim.
– Mana eshitib turibsiz-ku, – Umar ohista soʻzladi.

Chorining koʻngliga gʻulgʻula tushdi: Gʻoyib igʻvo shunaqa narsalarni kutib yuradi-ku! Xat-qalam qilib, tumangami, undan yuqoriroqqami yugurib qolmasa goʻrgaydi.
– Axir men bu ishlar bajarildi deb tumanga hisobot berib yuborganman, – dedi Chori tumshayib. – Nahotki Oʻrol uch shisha aroqni olib, ishni bajarmagan?

3

Armiyaga bir yuz oltmish sakkiz santimetrlik boʻy bilan ketib, shu bilan qaytgan, hozir sal-pal choʻkkan, tepakal Oʻrol qorongʻi uyga kirib, serial koʻryapti. Yonida uch kun burun Chori sori "Qishloq atrofini haydaysan", deb xizmat haqiga berib ketgan uch shisha aroqning soʻnggi, yarimlab qolgandi.

Uyam qiziq, boʻlmasa aytdi, "traktor aroq emas, solyarkada yuradi" deb. Koʻnmadi. "Bir amallaysan", emish. Mana, uch kundan beri yolgʻiz oʻzi yuz-yuz qilib, amallayapti.

Nurmon baqirib kirganida Oʻrolning kayfiyati buzildi. Qanday ahmoq shu mahalda birovning eshigiga boradi-ya?! Tashqariga chiqqisi kelmay yotgan joyida ovoz berdi:
– Qoʻrqmay kiravering, it yoʻq.
– It boʻlganda durustroq edi, kelishsa boʻlardi, – toʻngʻilladi Nurmon va eshikdan bosh suqdi. – Puf-fff, namuncha sassiq?
– Ie... – Oʻrol dovdiradi, buni koʻrmaganiga oʻn yil boʻldiyov, peshvoz chiqar ekan, quchoqlashib koʻrishishniyam, koʻrishmaslikniyam bilmadi. – Keling!

Nihoyat Oʻrol qoʻl uzatib koʻrishdi. Shunisi ma’qulroq. Aft-angoridan oʻpka kasalga oʻxshaydi, yuqmasin.
– Uy, deyman, sasib ketibdi-ku, a?

Nurmon nopisandlik bilan gapirdi. Uning azaldan qoʻrs ekanligini Oʻrol yaxshi biladi, lekin bunchalar ogʻir botar darajada deb oʻylamovdi.
– Ozroq aroq ichuvdim, – dedi Oʻrol aybdorday.
– Molning isi kelyapti, – battar dagʻal gapirdi Nurmon.
– Ha, umi... Otam ogʻilini buzib, yogʻochidan shu uyni solib bergan, shunga sal hid boʻlishi mumkin... Lekin biz oʻrganib ketganmiz, sezilmaydi.
– Joʻra, men ish bilan keldim, oʻtirishga emas. Traktoring bor ekan, shuni qoʻshsang, bizning tomorqani haydab bersang, ekin-tikin qilmoqchiydim.

Oʻrolning ogʻzi lang ochildi. Bu nima deyapti? Qanaqa ekin-tikin? Bir umr qamoqda oʻtirgan odam dehqonchilikning fahmiga borarmidi?

"Bilamiz sening dehqonchiligingni, – dedi ichida. – Koʻknor ekmoqchi boʻlsang kerak-da. Sen oʻylagan andilardan emasman..."
– Aka, bilasiz, kolxoz yoʻqolib ketganiga necha yil boʻldi... – dedi ovoz chiqarib. – Kolxozdan qishloqqa Raim rais meros qolgan boʻlsa, menga shu traktor... Hozir u oʻzimniki, yoqilgʻi yoʻq. Necha kundan buyon zang bosib yotibdi. Tunov kuni Temir fermer ham yigirma gektar yerimni haydab ber, deb iltimos qilib keldi. Koʻnmadim, gektariga yigirma mingdan toʻlamoqchi boʻldi... Bu dunyoda pul bilan bitmaydigan ishlar ham bor-da.

Shilliqqurtning hafsalasi qaytdi. Oʻzicha gʻudrandi:
– Gektariga yigirma ming?! Mening tomorqamni haydash uchun qancha pul kerak boʻladi?.. Hozir...

Nurmon boshini osmonga qaratib, nimalarnidir pichirlab sanadi.
– Ikki ming soʻmmi, ikki yuz ming soʻmmi?.. Bilmadim... Otam rahmatli "hovlimiz oʻn sotix" derdi. – Shilliqqurt Oʻrolga boqdi. – Bir gektar kattami, oʻn sotix?
– Bularni bir-biri bilan solishtirib boʻlmaydi, – dedi aqllilik bilan Oʻrol. – Mana, sizningcha, bir kilo tosh ogʻirmi, bir kilo paxta?
– Tosh-da, – tirjaydi Nurmon Shilliqqurt. – Shuniyam bilmaysanmi?
– Shundaylikka shunday, – ma’qulladi Oʻrol, – lekin bularni bir biriga solishtirish kerak emas... Odamni adashtiradi.
– Mayli-da, – dedi Shilliqqurt. – Baribir toza ish qilishning hech imkoni yoʻq ekan-da, a? Bu ahvolda halol odam nashaga pulni qaydan topadi, shuni tushunasanmi, oʻzi?

Oʻrol ogʻzini lang ochib turaverdi. U oʻylagandiki, giyohvand moddalar yetishtirish bilan shugʻullanish qonunga xilof, hatto bu haqda gap qoʻzgʻagan zahoti odamni darhol qamoqqa olishadi. Biroq ne ajabki, ularning yonida na Rajabboy melisa va na yaqindagina Akademiyani tugallab kelgan yosh leytenant paydo boʻldi. Atrof boz-boyagi, bobomning tayogʻi – suv quyganday jim-jit. Yoni-beriga oʻgʻrincha qaradi, hech nima va hech kim yoʻq! Nahotki?!
– Mening uyimda bunaqa gapni gapirmang, gʻalvaga toqatim yoʻq, – goʻyo ogohlantirdi Oʻrol.
– Tushunmadim, halollik toʻgʻrisida gapirish mumkin emasmi? – deb Nurmon Shilliqqurt tumshaydi. – Zamon oʻzgarib ketibdi-da, a?

Oʻrol nimani nazarda tutayotganini tushuntirmoqchi boʻldi-ku, lekin koʻp vaqt ketishini oʻylab shashtidan qaytdi. Ichkarida serialning eng qaynoq nuqtasi boshlagan, piyolaga quyilgan soʻnggi tomchi aroqning spirti ham havoga singib bormoqda. Tezroq qaytmasa quruq suv qoladi. Bu soʻtak esa ostonada turibdi: na ketadi, na ichkariga kiradi.
– Serial zoʻr boʻlyapti, koʻrmayapsizmi?
– Televizor yoʻq... – Nurmon Shilliqurt xona ichkarisiga olazarak boqdi. – Bolalar qani?
– Dalaga haydadim, oʻt yulib kelishadi... oʻzimman. Nima edi?

Nurmon nimanidir oʻyladimi, oʻz-oʻzidan mezbonni chekkaga surib ichkariga kirdi.
– Kirsak kiraylik-chi, gugurting bormi?
– Aroq qolmovdi, – dedi ikkilanib Oʻrol.
– Gugurt deyman... Meniki oʻzim bilan...

Oʻrol ikki koʻzi televizorda, tokchadagi chiroq yonidan gugurtni olib, mehmonga uzatdi-da tomoshada davom etdi.

Nurmon eski kostyumi choʻntagidan yaltiroq oqish-kulrang qogʻoz chiqardi, soʻng shu yerda dumalab yotgan nos solingan shisha ogʻziga bosib, undan choʻmichchaga oʻxshash matoh yasab, yoniga qoʻydi. Koʻylagi choʻntagini kovlab, plastmassa trubkacha va toʻrtburchak qilib oʻralgan, dorixonalarda sotiladigan qoʻlbola antigrippin dorisiga oʻxshash, kichik oq qogʻoz oldi. Ochib, ichidagi mayda tuzsifat, sargʻishtob narsani boyagi "choʻmichcha"ga soldi va ostidan gugurt chaqib, ohista qizdirdi.
– Manavini ushla, – dedi u ikki koʻzi televizorga termulgan Oʻrolni turtib.

Oʻrol "choʻmichcha"ni olib, anqayib qoldi. Ostidan yoqilgan olovdan "tuz" tutayotgan edi. Shilliqqurt trubkachadan chiqayotgan tutunni ichiga tortib, nafas olmay turdi, soʻng havo chiqardi. Koʻzlari oʻynab, uy egasiga qaradi:
– Havasing kelyaptimi?
– Yoʻq.
– Oʻlarsan... Mayli, manavini ushla, tutunni bekorga ketkazmay, ichingga tort... Tez boʻl, buning bir grammi oʻnta aroqdan qimmat... Tozasidan... Daryo ortidan eski tanishlar joʻnatgan.

Oʻrol rad qilmoqchi edi, mehmonning qat’iy gapi oʻrin qoldirmadi. Noiloj trubkani olib, tutunni ichiga tortgan edi, oʻpkasiga yugurib, oʻqchib yoʻtaldi.
– Namuncha achchiq...
– Safar joʻraning ichida bir sutkadan ortiq boʻlib chiqqan... Achchiq boʻlmay, asal boʻlishi kerakmi?
– Ichida? Nima deganingiz... Jargon gapmi bu?
– Jargon-pargonni bilmayman, ichida olib oʻtgan-da. Suv bilan yutgan.
– Yutgan boʻlsa, ichidan chiqarib boʻlmaydi-ku?!
– Voy, qishloqi, shuniyam bilmaysanmi! – Nurmon koʻzini suzib, labini maymunning ogʻziday choʻzib, bekorga havoga singib borayotgan tutunni ichiga tortmoqchi boʻldi. – Shu boʻlishingga dunyoga keldim, odam boʻldim, deb yuribsan-da. Essiz... Boshqatdan boshlaymiz...
– Boʻldi, kerakmas, – tomogʻi qichib borayotgan Oʻrol rad etdi. – Hammasini tushundim... Ishtaham qaytdi.
– Hali menga rahmat deysan... Sekin, sovuq suvni sipqirganday tort, tutun tovongacha tushib borsin... Ichkarida ozroq ushlab tur, hamma kayfi shunda.

– Koʻnglim ayniyapti, kerakmas...

Oradan ozroq vaqt oʻtib, Oʻrol oʻzini va atrofni anglamay qoldi – hayot oʻzgarmoqda, oʻzini kosmonavtday his qildi, bir pasda Nyutonning butun olam tortishish qonuni buzilganday boʻldi. "Bekorga bu yaramas Shilliqqurtni "qonunbuzar" deyishmas ekan, – degan oʻy oʻtdi koʻnglidan. – Fizik oʻn yildan beri oʻqitayotgan butun olam tortishish qonuniniyam bir deganda buzib yubordi-ku!"
– Yer qimirlayapti, uy buziladiyov, oʻzim osmonga uchib ketaman... – xavotir bilan yonidagi, allaqachon devorga orqasi bilan suyanib, boshi xom oshkadiday osilgan Shilliqqurtga qaradi.
– Vahima qilma, tutib qolaman... Ogʻilning toʻrtta balorini ushlab qololmasam, nima qilib shuncha yil oʻtirib chiqdim.

Oʻrol gapga e’tibor bermadi, atrofda gʻalati voqealar boʻlmoqda, hayot tez oʻzgarmoqda. Xona vertolyot parragiday aylandi, soʻng pufakday shishdiki, ichiga butun qishloq jo boʻlarlik, oʻrnidan turib, koʻchaga qochib chiqmoqchi boʻldi, biroq erindi, xona eshigi hozir Xoʻja toʻpning uzumzoridan bir chaqirim uzoqda.

"Endi xonaga ertagi kartishka eksam boʻladi, – deb oʻyladi u. – Xudoga shukur, yer moʻl. Fermerlarga yer soʻrab yalinmayman!"
– Oʻrol, tur, traktorni qoʻsh, bizning tomorqani haydaymiz, – tilga kirdi Nurmon.
– Ertaga, – dedi Oʻrol. – Bugun charchadim, eshikni koʻryapsizmi, qayga qochib ketdi. Yetib borgancha kech boʻladi. Ertaga keling, Shilliqqurt aka.
– Bunaqa nomardlik qilma, ikki kunlikni chakib qoʻyding-ku, "ertaga" deysan.
– Boʻlmasa ulov topib keling, minib olmasam, oyogʻimda jon yoʻq.

Shilliqqurt koʻchaga chiqdi, atrofga alang-jalang boqdi. Uzoqdan bir eshak, arqonini sudrab, noʻxtasini siltab, shataloq otib yugurib kelib, ariq labidan ajriq kemiraverdi. Nurmon poylab borib, arqonidan ushlab, xona tomon sudradi. Eshak ancha bama’ni ekan, eshikdan oʻtishda tixirlik qildi, Nurmon zoʻrgʻa tortib kirdi.

Oʻrol Shilliqqurt bilan kelayotgan allambalo maxluqni koʻrib, qochmoqchi edi, oyogʻida hamon jon yoʻq, holsizlanib oʻtirib qoldi.
– Bu nima?!
– Eshak...
– Shu eshakmi?! – negadir Oʻrolning ich-ichidan kulgi kelaverdi. – He-he-he, eshak... Eshakmish... Shu eshak boʻlsa, men hoʻkiz ekanman-da...
– Siz nima desangiz – shu...
– Bu... bu... – Oʻrol oʻzini toʻsatdan uy toʻriga, koʻrpachaga taklif qilishlarining sababini tushunmay, koʻzlari joʻlayib turgan joniqorga barmoq nuqtab, nima deyishini bilmadi. – Bu... Dinozavr... Bu, ajdar!

Oʻrol qiqirlab kuldi.
– Ajdar boʻlsa, ajdar-da. Oʻziyam menga oʻxshab qish boʻyi ovqat yemaganmi, teri bilan qovurgʻasi qolibdi, uchib ketaman deyapti, qanoti yoʻq, xolos. Min, ketdik!

Shilliqqurt eshakni turtib, uy sohibiga yaqinlashtirdi. Biroq mezbon birdan choʻchib oʻzini ortga tashladi.
– Minmayman, – dedi koʻzlari olayib. – Qoʻrqaman...

U shunday deb Shilliqqurtga boqdi. Uni ilk bor koʻrib turganday bir seskanib oldi.
– Shilliqqurt aka, bu yerda nima qilyapsiz?

Mehmonning toqati toq boʻlmoqda. Biroq uy sohibi negadir tirjaydi, soʻng bir maromda kuldi. Kulgi orasida tizzasiga shapatlay-shapatlay, qiyqirib gapirdi:
– Shu ismni otangiz qoʻyganmi?! Shilliqqurt!! Ve-hey!!! Chiroyliligini!!!
– Enam qoʻygan!

Nurmonning jahli chiqdi, eshakni itarib yuborib, Oʻrolning qoʻltigʻidan olib, tashqariga sudradi.

Toza havoda Oʻrol bir oz oʻziga keldi, baribir, traktori turgan koʻcha qochib borayotgan edi. Yetishlari qiyin boʻldi.

Bora-bora Oʻrol qorni temir bochkaday boʻlib borayotganini his qildi. Boʻm-boʻsh, ogʻzi katta, armiyada choʻchqalarga yuvindi tashiydigan bochkaday, biroq boʻsh. Koʻngilda uni toʻldirish istagi uygʻondi.
– Non-pon bormi, – dedi u Shilliqqurtni turtib. – Qornim och.
– Uyda yeymiz, traktorni qoʻsh, tezroq boraylik, yer kutyapti.

Shilliqqurt ancha hushyor, eski nashavand emasmi, uncha-munchasi ta’sir qilmaydi. Niyati manavi ovsar oʻziga kelguncha, traktorni hovlisiga olib borish, keyin bir gap boʻlar.

4

Umar chinoq shu kun yana ishdan qolishga rozi boʻldi. Baribir quruq qoʻl bilan borganda muharrir uning shakkokligini kechirmaydi. Chori rais ikkalasi qishloq chetidagi selga va yongʻinga qarshi ariqni koʻrgani ketmoqda.

Rais Gʻoyib igʻvogardan xavotirda, boshini xam qilib boryapti. Toʻgʻrisi, tumanga qilinmagan ishni "bajarildi", deb axborot yuborib oʻrgangan. Shu odati bir kun pand berishi mumkin. Hoynahoy Gʻoyib ustidan yozganga oʻxshaydi...

Oʻrol traktorchiga bekor ishongan ekan. Uch shisha aroq bilan aldadim, deb oʻylovdi. Mana, kim-kimni aldagani endi ma’lum boʻlmoqda.

Chori rais Umarga oʻxshagan muxbirlardan qoʻrqmaydi. E-he, u oqsoqol boʻlganidan beri mahallaga qancha tekshiruvchilar kelib ketdi, aybini topolgani yoʻq. Topgandayam, yo yigʻlab beradi, yoki "ishdan boʻshayman, charchadim", deb noliydi. Tekshiruvchining rahmi kelib, uyalib bir soʻz demay qaytadi. Lekin yozish-chizish boʻlsa yomon-da.

Bu yogʻi saylov ham yaqinlashib qolgan, Rayim anchadan buyon uning oʻrniga koʻz olaytiryapti...

Uf-f, ana, qishloq atrofi tep-tekis. Oʻrol bir qadam ham shudgor qilmagan. Normatning eshagi oʻn kuncha burun boʻshalib, toqqa qochgan, shuning ipidan qolgan iz ham hamon choʻzilib yotibdi.
– Mana, men nima devdim, – xitob qildi Umar xursand. – Hech balo yoʻq. Endi yuring, Gʻoyib akaning oldiga boramiz.

Chori rais oʻz ixtiyori bilan boshini arqonga suqmoqchi emas. Nima qilishini bilmay turganda shu tomonga Oʻrol tar-tarning ayoli, oriq bir eshakni sudrab kelayotganiga koʻzi tushdi. Quvondi. Oʻzi boʻlmasa, xotinini urishib xumordan chiqadi.
– Biz tomon kelyapti, – dedi Umar. – Bir gapi borga oʻxshaydi.

Ayol halloslab yetib keldi, eshakning ham boʻyni choʻzilib qolgan. Noʻxtalangan iyagini choʻzib turibdi.
– Rais bova, – murojaat qildi u qoʻlidagi arqonni siltab, eshakni yaqinroq tortar ekan. – Erim yoʻq.

Chori unga sinchiklab razm soldi, soʻng eshakka boqdi.
– Shunga nima? – Yolgʻonchi ering, uch shisha aroqni ichib, bir goʻrda dumalab yotgandir.
– Erim yoʻqolib qopti, – hiqillab gapida davom etdi ayol. – Aroqni oldin ichuvdi... Qaysi uying kuygur uch shisha tashlab ketgan ekan. Uch kun ogʻzi sasib yurdi.
– Qayga yoʻqoladi? – Uni biz ham qidirayotuvdik...
– Biz dashtga ketuvdik, yarim shisha arogʻini quchoqlab, kino koʻrgani uyda qoluvdi, kelsak yoʻq, – kuyindi ayol.
– Shunga shunchami, – Chori raisning jahli chiqdi. – Gʻoyib igʻvoning qizi beshinchi erini tashlab, kim bilandir qochganiga olti oy boʻlyapti, shikoyatgoʻy boʻlishiga qaramay Gʻoyib bir ogʻiz ham bu haqda bizga gapirmadi... Ana, Norqul. Sigiri ikki kun yoʻqolib ketsayam "gʻiq" degani yoʻq... Ering shulardan ortiq boʻp ketdimi?
– Yoʻq, ungamas, – uyaldi ayol. – Biz kelsak erimning oʻrnida uyda manavi turibdi. Televizor yoniq... Dasturxonda bitta boʻsh shisha... Hammayoq tezak...

Chori rais va Umar unga savol alomati bilan boqqan edi, ayol gapiga aniqlik kiritdi:
– Eshakning tezagi...
– Yoʻgʻ-e! – deya bosh chayqadi Chori, – otam rahmatli "shuni ichma, eshak boʻp qolasan", deb koʻp aytardi, qulogʻimga olmasdim. Rost chiqdi... Lekin aroqqa duo soldirganim yoʻq. Mendan koʻrma. Xohlagan takdirimdayam, hozir unaqa, odamni eshakka aylantiradigan mullalar yoʻq. Mulla Ma’murning kenjasi boʻlsa "korelni vord qilib beraman", deb maqtanib yuribdi. Nimaligini bilmayman-ku, lekin qoʻlidan kelmasa kerak. Otasiyam bir narsani yolchitmagan.
– Erim eshakka aylanib qolibdi, demoqchimisiz? – Umar ham hayratini bildirdi, maqola uchun gʻaroyib mavzu topganidan xursand. – Nahotki?!
– Hech narsa demoqchimasman, lekin erimning oʻrnida eshak televizor tomosha qilib turibdi...
– Tavba, rostdan ham Xudo bormi deyman! – eski ateist Chori hayratlanishda davom etdi. – Ering avvaldan esh-shak edi, bir iltimos qilganimga oʻzini tovoqqa soldi... Yaxshi boʻpti, oʻz holiga qaytibdi. Bu ish uchun uch shisha aroqqa roziman.

Shu joyda eshak hangrab berdi, hamma choʻchib tushdi.
– Senga buyam kam, – dedi Chori unga boqib. – Koʻp dodlama! Aroqni nima qilding?
– Nima deyapsiz, rais bova, esingiz joyidami? Erim boshqa!
– Boʻlmasa nega buni sudrab yuribsan? – soʻradi Chori jahl bilan.

Umarga suhbatning bunday ketishi yoqmadi. U yolgʻon boʻlsa ham bu ikkovi Oʻrolning eshakka aylanganiga ishonishini istayotuvdi. Axir zoʻr maqola chiqadi, bunaqasini hatto internetda ham topib boʻlmaydi. Xotini bilan mahalla raisi bir insonning eshakka aylanib qolganini gapirib tursa! Bundan ortiq sensatsiya boʻladimi?! Bunaqa sensatsiya uchun shundan ortiq ishonchli manba topib boʻladimi?! Shundayin ishonchli dalillar bilan bitilgan maqolaga shubha bildirgan muharrirni ishdan haydab, oʻquvchining qulogʻini kesish kerak emasmi?!
– Balki rostdan ham eshakka aylangandir, – oʻtga kerosin sepmoqchi boʻldi korrektor. – Nima dedingiz, Chori aka? Ilgaritdan bor narsa bu, odamning maxluqqa aylanishi... Bir rivoyatda bolakay koʻldan suv ichib, echkiga aylanadi. Bir multfilmda qiz kechasi troll boʻp qoladi... Ha, endi bizda trollar yoʻq, eshak boʻlsa, marhamat, oppa oson. Eshak dehqonchilik-da... Koʻp demoqchiman... – baqrayib turgan Chori raisga izoh beradi. – Oʻgʻlingizni hisobga qoʻshayotganim yoʻq, olaymang... – Soʻng ayolga yuzlandi. – Men entomologlikka oʻqiganman, jonivorlar haqida bilimim yetarli, domlamiz aytardiki, juda zarur boʻp qolsa, bir turning ikkinchisiga aylanishiga fan yoʻl beradi.
– Ey, qoʻysangiz-chi, boʻlmagan gapni, – dedi ayol. – Nimaga faningiz erimga kelganda shunday qiladi? Boshqalarga boʻlsa, indamaydi... Oʻrgildim sizning koʻngilchan faningizdan... Kimdir erimni oʻgʻirlab, oʻrniga manavini tashlab ketgan. Bu bilan nima demoqchi oʻzi... Rais bova, oldingizga kelayotuvdim, endi nima qilay?

Ayolning gapi Umarga yoqmadi. Shundayin mistik voqea oddiy oilaviy mashmashaga aylanmoqda, axir. Endi buni ortga qaytarish imkoni yoʻqqa oʻxshaydi. Ayol oʻqimishli chiqib qoldi. Hech kim oʻylamaydi, Oʻrol traktorchining xotini shunaqa narsalarga tushunadi deb.
– "Boshma bosh" boʻpti-da emasam, – masxara qildi u. – Yutqazmabsiz, yanga. Buniyam boqsa, traktor haydashni oʻrganolmasayam, suv-puv tashib turadi. Lekin Oʻrol akayam traktorni yolchitib haydagani yoʻq. Bir kun soz boʻlsa, bir hafta buzuq. A, nima dedingiz, Chori aka?

Rais esa oʻyga choʻmgan. Unga koʻplar turli masalalarda yordam soʻrab keladi, lekin bunaqasiga ilk duch kelishi, nima deyishniyam bilmaydi. Shu eshak sening ering, deyin desa rasmiy odam, toʻgʻri kelmaydi. Bu senning ering emas desa, Oʻrolni topish kerak!
– Eringni kim oʻgʻirlaydi? – dedi nihoyat. – Mast boʻlib, koʻchaga chiqib ketgandir?
– Serial paytida uydan traktor bilan ham sudrab chiqarib boʻlmasdi, – ayol kuyindi, – ey, esim qursin... Yana bir gap, bir oydan beri joyidan jilmagan traktor ham yoʻq.
– Ha, endi tushunarli, – gapga suqildi Umar. – Eshakni traktorning oʻrniga tashlab ketishgan... Eringizga buni almashtirishmasdi. Koʻziga qarang, ancha aqlli ekan...

Chori aka "sen jim tur", deganday olaydi.
– Xat-pat qoldirmabdimi? – dedi ayolga boqib.
– Xat yozishni bilmaydi, – dedi ayol. – Oʻzi maktabdayam yolchitib oʻqimagan. Menga "yaxshi koʻraman"ning oʻrniga "yaxshi xoʻraman" deb yozgan. Buning ustiga hozir hammayoq lotincha boʻlsa... Lekin "xoʻra"ligi xato boʻlsayam toʻgʻri ekan, buni toʻydan keyin bildim.
– Hozir kimni gapirdingiz? – tirjaydi Umar. – Eshak haqidami yo eringiz haqida?

Ayol unga yeb qoʻyguday olaydi.
– Yozishni bilmagani durust. Bundaylar qancha kam boʻlsa, shuncha yaxshi, – gapga suqildi Chori rais. – Bitta Gʻoyib igʻvogardan qanday qutulishni bilmay turibmiz... Buyam unga shogird tushaman deb kuydirardi.

U negadir Umar muxbirga olayib boqdi.

5

Ikkovlon traktor soyasida qancha oʻtirgani noma’lum, birinchi boʻlib Nurmon gap boshladi:
– Boʻldi, Oʻrol, tur, traktiringni tirillat, borib hovli haydaymiz.

Oʻrol koʻzini ochib, yoniga boqdi.
– Haliyam shu yerdamisiz? – Bir yildan beri oʻtiribsizmi?
– Oʻtiribman, oʻtiribman, – tur, tirillat!
– Yoqilgʻi yoʻq, solyarka quyish kerak, – dedi Oʻrol.
– Quy, – Shilliqqurtni muammo qiziqtirmadi.
– Solyarka yoʻq, olish uchun pul kerak.
– Hozir borib, Ramazon akadan qarzga olamiz... Hosilni bozorga solsak, uzilishib ketarmiz.

Nurmon amallab Oʻrolni oʻrnidan turgʻizdi.
– Oʻzingiz borib keling, oyogʻimda jon yoʻq, – dedi Oʻrol.
– Shu qishloqning odamlari menga biror narsani qarzga berganida, sarson boʻlib, yer haydab, nimadir ekib yurmagan boʻlardim, – dedi Nurmon.

Ikkalasi dovdirab yoʻlga tushdi.

Ramazonning uyi yonida, kichik oʻtirgʻich ustida bir yelim idish sargʻish-qoʻngʻirtob suyuqligi bilan yaltillab turibdi. Buni koʻrib, Shilliqqurtning fe’li buzildi. Atrofga olazarak boqdi. Oʻrolni turtdi.
– Ovozingni chiqarma, – pul toʻlab nima qilamiz, ana bir baklashka solyarka, sekin gum qilamiz.
– Kerak emas, – dedi Oʻrol. – Foydasi yoʻq.
– Foydasi bor-da... Men bir umr shunday yashaganman... Ikki ming soʻm choʻntakda qoladi... Yo talantimga ishonmaysanmi, shunday oʻmaramanki, hech kim hech baloni payqamaydi. Tuyani yutsam dumini koʻrsatmayman... Sen meni bilmasakansan. Oʻn besh yil bekorga oʻtirganim yoʻq.
– Albatta, bekorga emas, eplay olmaganingizdan oʻtirgansiz...

Bu gap Shilliqqurtning izzat-nafsiga tegdi:
– Nega eplolmaskanman? Hozir koʻrasan, baklashka koʻz ochib yumguningcha gum boʻladi.
– Bir baklashka bilan traktorim Chori raisning hovlisigayam yetib bormaydi.
– Nima boʻlsayam-da, buni qoʻynimga yashiraman, yana bir baklashka sotib olamiz, kakraz hovligacha yetadi.
– Muammo boshqa joyda, – dedi bamaylixotir Oʻrol. – Bu solyarka emas.
– Benzinmi? – Shilliqqurt baklashkaga sinchiklab razm soldi. – Oʻxshamayapti... Juda quyuqday, rangi ham qoʻngʻirtob.
– Kecha Ramazon Nosir nosfurushning suv aralashtirib, nos qoʻshgan pivosidan oʻlarday ichgan, bu shundan...
– Bunga Ramazon bilan pivoning nima aloqasi bor? – tushunmadi Shilliqqurt. – Yoki qolgan pivoni olib chiqib qoʻyganmi? Demak, oʻgʻirlasak, baribir zarar qilmaskanmiz... Ichib olsak, "Altay" traktoringni itarib ketsak ham boʻladi.
– Bu oʻgʻirlaydigan narsa emas... Nimaligini aytolmayman, – dedi Oʻrol. – Ramazon aka qilib yurgan ishini aytishga til bormaydi...

Shilliqqurt hech vaqoni tushunmaganday angraydi.
– Odamlar bunchalar shum boʻlmasa... Menga oʻxshagan bechoralarga non yoʻq ekan-da endi...

Shu payt darvozadan Ramazonning boshi koʻrindi. Zahil tus, qoqsuyak Nurmonga koʻzi tushib, ta’bi tirriq boʻldi.
– Solyarka kerak, – dedi Shilliqqurt. – Yer haydamoqchiman...
– Solyarka yoʻq, – dedi Ramazon aka. – Sen hali yer haydaydigan boʻldingmi? Oʻzingni haydamasimdan burun, bu yerdan tuyogʻingni shiqillatib qol-chi.

Shilliqqurt Oʻrolni turtdi.
– Yoʻq demang, – dedi Oʻrol. – Rostdan ham bu kishining hovlisini haydaymiz... Ikki baklashka solyarka qarz berib turing. Ertaga oʻzim hovlingizni haydab beraman.

Ramazon aka hushyor tortdi. Oʻrol doimiy mijozi, unga oʻzining ham ishi tushadi. Bir soʻz demay, ortga qaytib, qoʻlida ikki baklashka solyarka bilan chiqdi.
– Ammo, manavi qilgan ishingiz yaxshimas, – dedi Shilliqqurt "reklama"ni koʻrsatib. – Hech boʻlmasa oʻgʻlingiznikini qoʻysangiz boʻlmaydimi, har holda tozaroq, uyatsizroq edi. Bu nima sharmandagarchilik?
– Oʻgʻilcha bizday boʻlgancha, eh-hey, qancha qovun pishigʻi bor, – dedi maqtanib Ramazon aka va magʻrur nigohini idishga qadadi. – Buni yarim qilish uchun ortidan ikki kun yalinib yurish kerak...

Shilliqqurt esa buning nimasi maqtangulik ekanini tushunmadi.

6

Chori rais eshak, Oʻrol va traktor mojarosiga aralashishni istamadi. Uyiga qaytmoqchi boʻldi.
– Mening masalamni hal qilib bermaysizmi? – soʻradi ayol.
– Qanaqa masala, – Chori hayron. – Ering bir-ikki musht urganda yordam berardim, eshak tepsayam, mayli, aralashardim, lekin hech nima boʻlmagan-ku! Ering yoʻqolgan boʻlsa, ana Rajabboy melisaga bor! Agar rostdan ham Oʻrol eshak boʻp qolgan deb oʻylasang, mana Umar, aytasan, maqola yozadi, gazetaga chiqib, sen ham, ering ham, eshak ham mashhur boʻp ketasanlar.
– Ey, nima deysiz? Artis boʻppanmi, gazetga chiqib?.. Men oʻlaman desam, siz kulaman, deysiz, – juvonga gap yoqmadi.
– Unda, eringni eshakbozorga solib, pulla, menga uch shisha aroqning pulini qaytarasan... Bungayam koʻngling boʻlmasa, mulla Ma’murga borsang duo bilan uni odamga aylantirib beradi. Shu bilan hamma xursand, hamma rozi.

Umar ortga lallayib qaytishni istamayotgan edi. Ayolni tezladi:
– Bizga farqi yoʻq, artis topmasak eshakniyam chiqaraveramiz... "Erim eshakka aylandi", deb bir ogʻiz aytsangiz bas, ertaga gazetada chiqarib yuboraman. Yozaveraymi?

Ayolning jahli chiqdi, qoʻl siltadi, mavzuning nishoni boshqa tomonga koʻchganini payqagani hamonoq, oyogʻini qoʻliga olib, qishloq tomon ketib borayotgan Chori akaning ortidan baqirdi:
– Hech boʻlmasa, bu kimning eshagiligini aytib keting. Buni nima qilay?
– Uyingga eltib boylab qoʻy, egasining oʻzi boradi, – dedi Chori rais yoʻlida davom etib. – Juda boʻlmasa eringga almashtirib olasan.

Ayol eshakni sudrab ortga qaytdi, Umar esa joyida oʻylanib qolaverdi. Omad qushi boshga qoʻndim deganda, uchib ketdi. Uchgandayam tezak qilib, soʻng uchdi. Shunday ajoyib, maqola qilsa boʻladigan material boʻlayotuvdi-da. Bunaqasi muxbirning umrida bir marta yo uchraydi, yoki yoʻq. Muharrir ham oʻn besh kunlik arazini bir oʻqishda unutib yuborardi...

Umar qishloq xoʻjalik kollejini bitirgan, oliy ma’lumoti boʻlmasa, gazeta chiqarishni tushunmasa-da, muharrirning kayfiyatini nima bilan koʻtarish mumkinligini biladi. Entomolog-da! Ikki shisha aroq boʻlsa bas! Juda boʻlmasa, shov-shuvli maqola kerak!

Umar shu holicha bu yerda koʻp qolmadi. Boya Chori sori aytgan gapni eslab, kallasiga gʻaroyib fikr keldi – demak-ki, maqola qilishga arzigulik voqea yoʻq ekan, uni yaratsa ham boʻladi. Oʻzi chekkada turgan holda, albatta... Mana, masalan, Doʻlan doʻxtir qishloqda hech kimning tishi ogʻrimay qoʻysa, ishsiz zeriksa, koʻchada uchragan odamni ushlab, "tishing qurtlabdi", deb sugʻurib tashlayveradi. Juman Jomov esa, mijozsiz qolsa, qishloq koʻchasiga mix sochib chiqadi. Vulkanizatsiya yuritishning oʻzi boʻladimi?

Buyam shunga oʻxshash bir gap-da.

Gʻoya oddiy va dohiyona – Umar yoʻlida uchragan odamga Oʻrol traktorchining eshakka aylanganini aytib, qishloqning bu tomonidan gap qoʻyib yuboradi, oʻzi narigi chekkaga borib kutadi. Oradan ikki soat oʻtib, Chori raisning tamoyili toʻgʻri chiqsa, u yoqqa shundayin mish-mishlar yetib boradiki, bemalol olib, maqola qilaveradi. Buyam ov taktikasiga oʻxshash gap. Bir tomondan yordamchilar oʻljani choʻchitadi, narigi yoqda esa haqiqiy ovchi, miltigʻini oʻqlab ularni kutib oladi.

Umar shularni oʻylab, oʻziga-oʻzi qoyil qoldi. Keyingi paytlar ancha-muncha aqlli boʻlib borayotganini oʻziyam sezyapti, har narsani kengroq, aqlliroq va ilmiyroq oʻylamoqda.

Toʻgʻri, odamlardan mish-mish kutib oʻtirmay, maqolani toʻgʻridan toʻgʻri yozib yuboraversa ham boʻladi, lekin "yosh muxbir"ning bunga haddi sigʻmaydi. Muharrir ishga borgan vaqtida "Maqola yozadigan boʻlsang, faqat haqiqatni yoz, xalqdan eshit, ulardan olib yoz", deb oʻgit bergan.

Boshligʻining gapiga amal qilib, xalqdan olib maqola bitishni rejalashtirgan edi. Biroq, xalqda nima bor? Hech vaqo yoʻq! Xalqning nimaga aqli yetadi? Hech nimaga! Shunday boʻlgach, bu tomondan ozroq koʻmaklashib, turtki berib yubormasa boʻlmaydi. Xalq koʻmakka muhtoj!

Qarshisidan kollejning uchinchi kursida oʻqiydigan Quvon chiqdi. Umar uni toʻxtatib, gapni uzoqdan boshladi.
– Hech zamonda odamning eshakka aylanganini eshitganmisan?

Quvon muxbirning gapiga tushunmaganday yelka uchirdi.
– Mana, masalan, Oʻrol traktorchi eshakka aylanib, aroq ichib, serial tomosha qilishi mumkinmi? – mavzuni yaqinlashtirdi Umar.
– Mumkin emas, – dedi Quvon taajjublangan tarzda. – Tuyogʻi bilan piyolani qanday koʻtaradi?
– Serial tomosha qilishiga nima deysan? – oʻsmoqchiladi Umar.
– Bilmadim... menimcha buning uchun odam boʻlish shart emas.
– Toʻgʻri... Lekin Oʻrol eshakka aylanib qolibdi-da.
– E, boʻlishi mumkin emas...
– Nima, seni aldaymanmi? Gazetda redaktor oʻrinbosari boʻla turib, yolgʻon gapiramanmi? – Umar atrofga olazarak boqib qoʻydi. – Ana, xotini zor qaqshab sudrab yuribdi. Chori raisning oldiga yetaklab kelibdi, "qaytadan odam qiling", deb.
– Rostmi? – angraydi Quvon.
– Rost, rost...
– Qiziq ekan-ku, bunda mahallaning qoʻlidan nima ish keladi? Bitta oʻpsa, odamga aylanadi qoʻyadi, oʻzim kitobda oʻqiganman.

Umar angraydi. Topilma oʻzi oʻylaganidan-da qimmatliroq, chamasi. Bu bandai gʻofilda birovning gapiga shubha-gumon bilan qarash degan oʻy yoʻq ekan, nafaqat ishondi, balki oʻzi ham afsonaga qoʻshilib ketdi!
– Buni qaerdan bilasan? Oʻqiganman dedingmi?
– Ha, adabiyot degan kitobdan, adashmasam... – Quvon shunday dediyu, lekin gapiga oʻziyam ishonmadi, shu yoshga kirib "Alifbe"dan boshqa kitob oʻqimagani yodiga tushdi-da. – Balki muallimimiz aytgandir... Balki multfilmda koʻrgandirman... Ishqilib bilaman.
– Adabiyot kitobida boʻlsa rost, – Umar oʻrtada gumon paydo boʻlishidan manfaatdor emas. – Kap-katta yozuvchilar yolgʻon yozmaydi... Ana, bittasi "Quyosh qoraymas" deb yozgan... Yana bittasi "Quyosh baribir chiqaveradi" degan. Boshqasi "Soyalar choshgohda yoʻqoladi" degan... Shularning barisi rost-da, axir... Endi... bizday jurnalistlarga chiroyli chiqishi uchun haqiqatga sal-pal qoʻshimcha qoʻshishga ruxsat bor.
– Lekin eshakni oʻpishning oʻzi boʻlmaydi, tishlab olishi mumkin, – suhbatdosh soʻzlaridan ruhlanib, fikrini davom ettirdi Quvon. – Endi esladim, muallimimiz qurbaqani oʻpib odam qilishganini aytuvdi.

Umar seskandi.
– Lekin buni senga yaqin olganimdan gapirdim, bu sir. Unga-bunga aytib yurma, – Umar soʻz ta’sirini ochish va uning yoyilishini tezlatish uchun tayin qildi. – Xotini xohlasa oʻpib, odam qilib olar, xohlamasa toʻqimlab, umrining qolgan qisminiyam ustiga minib oʻtkazar, oʻzi biladi-da.

Umar uyiga joʻnadi.

7

Oʻrol qoʻy koʻrmagan boʻlsa-da, qiy koʻrgan – bakiga ikki baklashka solyarka quyilgan traktor Nurmonning hovlisiga arang yetib, oʻchdi.

Avval "Altay" traktorini tarillatib, darvoza tomondan kelishdi, biroq bu uy necha yillar burun qurilgan, u paytda hech kim hovliga "Altay" olib kelib, yer haydamagan, oʻz tomorqasini oʻzi bellagan. Traktor darvozadan sigʻmasligi ma’lum boʻldi.
– Sen nima deb oʻylaysan? – soʻradi Nurmon. – Darvozani buzib oʻtganimiz durustmi, devorni?
– Hayronman, – dedi Oʻrol koʻzlari qizarib. – Shokir shopir aytadiki, "qachon oʻlishimni bilaman, lekin traktor qayga burilishini bilmayman..." Men ham bilmayapman... Devordan oʻtsak boʻladi... Bizning traktor uchun bu hech narsa emas. Darvozani esa oʻz holiga qoʻyamiz.

Oʻrol koʻchani oʻyib, traktorini burdi. Ortida osilgan plug esa siltanib, chekkadagi tut daraxtini sindirdi. Traktor ilkis siltanib, paxsani tekislab oʻtdi va hovli oʻrtasiga borib toʻxtadi, ovozi oʻchib, atrofga suv quyganday boʻldi.
– Bor ekansan-ku, – dedi qulogʻini qashlab Shilliqqurt. – Kar boʻlay dedim... Buningni yer haydashga kelganda Oʻroq dallolga oʻxshab ovozi chiqmay qolarkan... Uyam bir ish qilishdan burun ikki soat xotini bilan urishadi, keyin nafasini chiqarmay ishlaydi... Boʻlmasa sen mana shu turishda, ovozini chiqarmay hovlini haydayver. Men borib, biror yegulik tayyorlayman.
– Nimani haydayman, – dedi Oʻrol. – Solyarka tamom boʻldi.

Nurmon unga olayib qaradi.
– Boʻlishi mumkin emas, men bolaligimda moped minardim. Bir shisha benzin yarim yilga yetardi. Yana bir oy bakning ogʻzidan hidlab, kayf qilib yurardim... Hazillashma.
– Men bolaligimda velosiped minganman, – dedi Oʻrol. – Unga umuman benzin quymasdim, lekin shuni pesh qilib, traktorni sudrab, yer haydamayman-ku.

Shilliqqurt indamadi. Kabinadan tushib, uyi tomonga yurdi. Oʻrol unga ergashdi.

Traktor hovli oʻrtasida, plugini osiltirib turardi.
– Endi nima qilamiz? – dedi Oʻrol tevarakka alanglab.

Uning xavotiri traktoridan. Kayfi tarqab, qilgan ishini oʻylab, oʻyiga yetolmayapti. Esida bor edi, qarzga solyarka oldi, bu yoqqa kelishdi. Hammasi yodi-da. Lekin shu ishlarni qaysi aqli bilan qildi – tushunmayapti. Shu paytga qadar hech qachon puli naqd boʻlmagan ishga ostona hatlab chiqmagan. Hozir esa... Bu koʻngilchanlik, bu bagʻrikenglik, bu saxiylik qay goʻrdan yopishdi? Nahotki buning hammasi oʻsha – tuzga oʻxshab ketadigan sassiq tutaydigan narsadan boʻlsa? Shu tutun uni shunchalar oʻzgartirib yubordimi?

Endi hushi joyiga qaytib, oʻzini yomon koʻrib ketdi. Axir traktorni olib ketish uchun yana shuncha solyarka qarz olish kerak. Xotini oʻla qolsa pul bermas.
– Nurmon aka, – dedi Oʻrol. – Yana ozroq solyarka topib kelmasangiz boʻlmaydi... Hech boʻlmasa oʻn litr.
– Oʻn litr! Qaydan topaman?! – Shilliqqurtning kapalagi uchdi. Boya uch litrni qancha mashmasha bilan olishgani hali yodida-ku! – Oʻzi tutatishga zoʻrgʻa pul topyapman-ku!

Oʻrolning rangi oqarib, atrofga olazarak boqdi. Yana hech kim koʻrinmadi, birov Nurmonning qoʻliga kishan solmadi.
– Oʻzi bekorga oʻsha tutuningizdan tortgan ekanman... Shuni hidladim-u, koʻnglim yumshab, bu yoqqa qanday kelib qoʻyganimni bilmay qoldim.

Nurmon qarovsiz uy ayvoni chekkasiga oʻtirdi.
– Hozir yana bir qoʻr olov qilamiz, qarabsanki traktoring otday yurib ketadi.

U shunday deb yonidan boyagi qogʻozni olib, avaylab ochdi.
– Yoki senga ukol yoqadimi? Boshga tezroq boradi...

Oʻrolning kapalagi uchdi:
– Ukolni yoqtirmayman. Bolaligimda besh kun pentsillin olganman, shundan beri ignani koʻrsam oyogʻim qaltiraydi...
– Unda yigit boʻladigan vaqting kelibdi...
– Lekin shu ishni bekor qilyapsiz, yonilgʻisiz otimiz joyidan bir santimetr ham qimirlamaydi, – Oʻrolning afti bujmaydi.

Nurmon yonida turgan obdastadan labi uchgan sopol piyolaga ozroq suv quydi. Suv ariqdan olingan ekanmi, loyqa. Ustidan avaylab haligi sargʻishtob, tuzsimon narsadan toʻkdi.
– Shundan ukol yasaymiz, – dedi Shilliqqurt va oʻrnidan turib, xonaga kirib, bir qoʻlida bir marta ishlatiladigan shprits va sigareta filtrini olib chiqdi.
– Dunyodagi eng betayin narsa – bir martalik shprits, – dedi uning ignasi uchiga sigareta filtrini qoʻndirar ekan. – Besh-olti marta sanchar-sanchmasingdan ishdan chiqadi.

Oʻrol unga olayib, nima qilayotganini tushunmadi.
– Ukol yasayapman, – dedi nigohidan savolini anglagan Nurmon.
– Shu loyqa suvdan-a?
– Manavi nimaga kerak? Oʻz oti bilan filtr, tozalab beradi, – dedi Nurmon. – Hozir bitta-bitta "urib" olamiz ish yurishib ketadi... Dunyoda bu hal qilmaydigan ish yoʻq.
– Tilla baliqcha boʻptimiki, aytganingizni bajaradigan. Baribir solyarka topib berolmaydi, – toʻngʻillab gapirdi Oʻrol.
– Solyarka topmaydi, toʻgʻri, – dedi Shilliqqurt. – Tilla baliqcha ham emas. Lekin muammoni hal qiladi. Bunisi aniq.

Oʻrol hamsuhbatining gapiga ishonmadi. Buni Shilliqqurtning oʻziyam sezdi.
– Bir umr hamma muammolarimni shu hal qilib bergan, – dedi maqtanib.
– Masalan nimani? – soʻradi Oʻrol.
– Masalan... – Nurmon oʻylandi, topolmadi. – Hammasini-da, qay birini aytaman?
– Boʻlmagan gap, – dedi Oʻrol. – Sizga, hovlingizga boqib, tugʻilganingizdan beri birorta muammongiz hal boʻlganiga ishonish qiyin.

Bundan Nurmonning jahli chiqdi. Gapiga shu jinqarcha ishonmayotgani unga yoqmadi.
– Mana, masalan, bir hovuch tutun bilan sening shunday katta traktoring shu yergacha tarillab keldi... Bu hisobmasmi?
– Traktor mening iltimosim va solyarkaning kuchi bilan keldi, – dedi Oʻrol kerilib.
– Shoshma, – dedi Nurmon. – Hozir manavi ukoldan urib olaylik, keyin bahslashamiz... Zoʻr kelsa ikkalamiz traktoringni sudrab, hovlini haydaymiz. Mana koʻrasan... Lekin bu safar ham qornim ochqadi, deb kuydirma. Uyda, ana, yarim xalta kepakdan boshqa hech balo yoʻq.

8

– Eshitdingmi, anavi Quvon novcha tentak boʻp qopti, – dedi Navfal ariq labiga, ajriq ustiga oʻtirar ekan.

Umar qishloq chetidagi suvi qurib, qatqaloq bosgan ariq yonidagi toshga oʻtirib, chang koʻcha boʻylab dalaga oʻtib ketayotgan bitta-yarimtaga umidvor boqayotgan edi, axir qishloqning narigi tomonidan qoʻyib yuborilgan ma’lumot gʻildirab chiqmaydi-ku, oyogʻi yoʻq, kimningdir ogʻzida keladi. Iqtidorli jurnalist sifatida Umar buni yaxshi biladi.

Biroq shunga qaramay, u yoqdan mish-mishlar oqimi Gʻoyib igʻvogarning uyini bosgan oqova suvday otilmayapti. Barcha hissiz va mudrab boradi. Peshingi uyqudan keyin ularning birov eshakka aylangan-aylanmagani bilan necha pullik ishi bor?

Nihoyat, mana, Navfal yaltirab qolgan boshini silab, uning yonida shu gapni aytib turibdi.
– Nega tentak boʻladi? – Umar oʻzini hayron koʻrsatdi.
– Gapiga qara, Oʻrol eshakka aylanib qolgan emish, xotini bir marta oʻpsa, qayta odam boʻlarmish... Shuyam gapmi? Shu Oʻrolni oʻpish emas, toʻrt kun och qoʻyib, xalachoʻp bilan savalasang ham odam boʻlmaydi.
– Boʻlsa bordir, – mujmal gapirdi Umar.
– Sen qolganini eshitmading, – davom etdi Navfal. – Emishki, u borib, Oʻrolning xotiniga shu gaplarni aytsa, eshakni atay "endi bu yogʻiga toʻqimlab minaman", deb oʻpmaganmish.

Umar shoshib, qoʻliga uydan tayyorlab kelgan daftar qalamini olib, allambalolarni yozishga kirishdi.
– Nima qilyapsan? – soʻradi Navfal.
– Zoʻr mavzu ekan, maqola yozaman, – dedi Umar. – Gazetda bosib chiqamiz.
– Loʻlidan botir chiqsa, kapasiga oʻt qoʻyarkan... – Navfal ranjidi. – Ishga kirdim deb qishloqning bor esi oqqan, jinnilarini topib, gazetga yozasanmi endi. Sendan koʻra Gʻoyib akayam yaxshi, yozsa birov biladi, birov bilmaydi.
– Jinnilar haqida emas, odamning eshakka aylangani toʻgʻrisida tayyorlayman... Qiziq-ku!
– Bu safsataga kim ishonadi? Boʻladigan narsani yoz, mana men kecha yarim soatda hovlini sugʻorib boʻldim... Ilgari hech shunaqa boʻlganmi? Yarim soatda oʻn ikki sotixlik hovlini sugʻorish!

Umar e’tiborsiz, uni Navfalning shaxsiy rekordi qiziqtirmadi.
– Quvon yana nima dedi?
– Hech nima!

Chang koʻcha boʻylab, hali peshingi uyqudan toʻliq uygʻonmagan Oʻroq dallol oʻtib qoldi. Yelkasida ketmon, ust-boshi chang.
– Yoʻl poʻstak? – savol tashladi Navfal.

Oʻroq bularga boqib, koʻzlarini kattaroq ochdi. Negadir jahli chiqdi.
– Uyalmaysanmi? – dedi zarda bilan Navfalga. – Kuppa kunduzi...
– Nimadan uyalishim kerak, gʻarlik qilyapmanmi, oʻgʻrilik qilyapmanmi? – Navfal tushunmadi.
– Boshingga qara, – dedi Oʻroq. – Biror narsa kiyib olsang boʻlmaydimi? Koʻchadan xotin-xalaj oʻtadi, oʻtirishing bu...

Navfal kal boshini siladi:
– Kallang qursin, – dedi. – Fikring toza emas, nimaga qarasang kallangdagi shum narsalarni koʻrasan... Boshingda bundayin boʻlmagʻur xayollar bilan qayga ketyapsan?
– Dalaga, yer chopishga, – dedi Oʻroq. – Sotishga temir yoʻq... Xotin koʻchaga haydadi.
– Ota-bovang yer chopib goʻr qilmagan, sen yolchitarmiding. Undan koʻra, ke, bir oz dam ol, – dedi Navfal.
– Ish koʻp, – dedi Oʻroq, biroq harakatidan dalaga borgisi kelmayotgani bilindi, joyida tek turib qolgan. – Bizda Oʻrolning traktori boʻlsa ekan, birpasda haydab tashlasak. Yoki yigirma litr solyarka boʻlsaydi, Oʻrolni yollardik.
– Endi yollolmaysan, – dedi Navfal. – Quvon uni eshakka aylanib qolibdi, degan gap tarqatib yuribdi.
– Qaytanga endi oson boʻpti, bir bogʻ beda bilan hamma ishni qildirish, qorniga tepish va xohlagancha soʻkish mumkin, – hazil qildi Umar.
– Toʻgʻri, – dedi Oʻroq horgʻin. – U eshak boʻlgani aniq.

Umar ortiga birov igna sanchganday sapchidi. Bu nima deyapti? Mana yana bitta anqov guvoh! Shartta tilidan yozib oladi, tamom, ikki kishining gapi haqiqat oʻrnida oʻtaveradi.
– Oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingizmi? – soʻradi u.
– Koʻrdim, koʻrdim, – dedi Oʻroq. – Ahmoq, traktori bilan tuppa tuzuk devorni bosib, ezgʻilab ketdi.
– Oʻ-hoʻ, traktor bilan! – xursand boʻldi Umar. – Yaxshi... Lekin u kabinaga qanday sigʻibdi? Axir eshak boʻlsa!

Oʻroq Umarga sinchiklab razm soldi.
– Nosir nosfurush yana vino sotyaptimi? – dedi va ikki odim yaqinlashdi. – Yoki nos qoʻshilgan pivoga shuncha mast boʻldingmi?

U sinchiklab razm solib, muxbirning kayfi joyidaligini tushundi. Lekin hushi toʻgʻrisida bunday deyolmaydi.
– Rostdanam eshak deb oʻylayapsanmi? – hayron boʻlib soʻradi.
– Shunaqa dedingiz-ku, – oʻtga oʻtin qalamoqchi boʻldi Umar.
– Bu shunchaki gap-da... Mana, Navfalni yigitligida, hali sochi jingalak paytlarda hamma hoʻkiz derdi. Toʻgʻrimi?! Lekin hech kim unga omoch bogʻlab, yer haydagani yoʻq, tem bolee, qushxonaga topshirvormagan... Yoki, masalan Gʻoyib akaning qizini yoshligida odamlar echki derdi, lekin hech kim uloq talab qilib, har kun sogʻayotgani yoʻq-ku!..
– Oʻrol Shilliqqurtga qoʻshildimi, endi ularning oldi-da har qanday eshak ham noma’qul yeb qoladi. Ana, ikkalasiyam uyda yotibdi, mastmi, nasmi, bilib boʻlmaydi, – dedi Oʻroq.

9

Ertalab Nurmon allaqanday ovozdan koʻz ochdi. Atrofga boqdi. Ayvonda, olacha ustida dumalab yotibdi ekan. Yonida Oʻrol, oʻng qoʻlini boshiga yostiq qilib, pishillab uxlayapti. Dastlab oʻzi qaerda, bu yonida nima qilyapti – tushunmadi. Sal oʻylab, kechagi voqealar yodiga tushdi. Shoshib yon choʻntagini kovlab, qogʻozchasini ochdi. Ozgina kukun qolibdi. Boshini changalladi. Oʻrolga boqib, "tekinxoʻr" deb qoʻydi. Soʻng hovli oʻrtasida turgan traktorga koʻzi tushib, koʻngli taskin topdi. Koʻcha tomonda esa ovoz hamon kelmoqda. Oʻrnidan turib darvozaga chiqdi.

Kecha traktor tekislab oʻtgan devor yonida Temir fermer jonsarak turibdi.
– Shill... ey, Nurmon, Oʻrolning traktori senikida ekan. Oʻzini topolmayapmiz... – dedi fermer unga koʻzi tushishi bilan.
– Oʻzi ana, uyimda yotibdi, oʻrnidan turolmaydi...
– Yer haydayotuvdik. Bitta forsunka ishdan chiqqan. Shunikini soʻramoqchi edik. Hokim keladigan, traktor buzilib turganini koʻrsa, boshimni yulib oladi.
– Iloji yoʻq, – dedi Shilliqqurt. – Hokim-ku, kulmaydi, lekin bizning uchastkayam haydalishi kerak.
– Bir ilojini qil, – yalindi Temir.
– Meniki emas, qandaysiga beraman? – hayron boʻldi Nurmon.

Qoʻshnining uyida gap-soʻz boʻlayotganini eshitib, devordan Oʻroq dallol boʻyladi.
– Ha, baxay-baxay. Ijaraga berish kerak, birovda bor, lekin bekor turgan narsani boshqaga berib turish savob boʻladi... Faqat haqini olib. Oxirat ham, tijorat ham zarar koʻrmasin.

Bu gapdan Nurmon hayron boʻldi, Temirning esa yuziga qizillik yugurdi, jahli chiqdimi, sevindimi, anglash mushkul.
– Bozor sharoiti shuni taqozo qiladi, – dedi Oʻroq va Temirga yuzlandi. – Oʻn ming soʻm bering, besh mingi gʻoya egasiga, ya’ni menga, besh mingi esa Nurmonga.
– Oʻrol uygʻongancha keltirib berasiz... – dedi Nurmon Temirga, pulning daragi uni shoshirgan, bu esa roziligini bildirar edi.

Unga Oʻrolning tekinxoʻrligi alam qilmoqda edi.
– Boʻpti, boʻpti... Hokim bova ketishi bilan keltirib beraman.

Fermerning oʻzga chorasi yoʻq, rozi boʻldi. Koʻchaning oʻzida ikki qoʻshni pulni boʻlishib oldi. Bir ishsiz shuncha daromad qilgan Oʻroq joyida qolaverdi. Bular ikkisi hovliga yurdi.

Shilliqqurt traktor forsunkasi qayda joylashgapini bilmaydi, baxtga qarshi Temir fermer ham bunaqa matohni koʻrmagan. Ikkalasi traktorga termildi.
– Biz moped minib yurgan paytda forsunka degan gaplar boʻlmasdi, – dedi Nurmon, – zamonning tezligini qarang...
– Mening "Tiko"mda ham yoʻq ekan bunaqa narsa, – dedi Temir. – Emasam shu moshin chiqqaniga hali oʻn yil boʻlgani yoʻq.
– Zamon tez-da, juda tez... Bugungi gap ertaga toʻgʻri kelmayapti...

Nurmon shunday degancha Oʻrolni uygʻotgani ketdi. Biroq u qulogʻiga gap kiradigan ahvolda emas.

Temir Oʻroqni chaqirdi:
– Yoʻq yerdan besh ming soʻm ishlab, u yoqda nima qilyapsan, baqqa ke, buning forsunkasini bilasanmi?
– Bilaman-ku, lekin mening ishim odamlarni kelishtirib qoʻyish, xolos, – dedi Oʻroq ularga yaqinlashar ekan. – Unda bir Nor polvon traktorini metallomga pullaganda mijoz topib berganman, shunda hamma zapchastlarini bilib olganman... Anavi eshak qani?
– Oʻrolmi? – Shilliqqurt gap kim haqidaligini darrov payqadi. – Ana, ayvonda yotibdi, oʻrnidan turolmaydi, nuqul ovqat soʻraydi. Boya ozroq kepak kapaladi.
– Shunga oʻn ming soʻmmi, – dedi hayron boʻlib Temir qoʻliga forsunkani olgach. – Tag-tugi bilan boʻlsa ham mayli edi... Ijarasiga shuncha pul... Sen, Shill... Nurmon, Oʻroq ikkoving meni aldading...
– Xohlamasangiz katta koʻcha, – dedi Nurmon. – Oʻzingiz iltimos qilib keldingiz...

Temir forsunkani olib ketdi. Oʻroq ortidan tirjayib qolaverdi.
– Yaxshi biznes ekan, – dedi nihoyat tamshanib. – Oʻrol bilan kelishib, traktorining zapchastlarini ijaraga berib, pul ishlab olsa boʻlarkan. Shunday kichik temirga qancha pul! Sezyapsanmi, zanjirini ijaraga bersak qancha boʻp ketadi?

Shilliqqurt ham xayol qilib, kapalagi uchdi.
– Agar... mabodo... Men mijoz topib kelishim mumkin, Xudoga shukur, tajriba bor. Nor polvonning traktorini ikki kunda temir-taqaga boʻlib, sotib berganman, – dedi dallol. – Faqat tushumning ellik foizi menga, elligi senga.

Nurmon oʻylandi.
– Oʻrol-chi?
– Uni hamma eshak boʻp ketgan, deb yuribdi. Pulning nima keragi bor unga?
– Uyda yotibdi-da, odamday boʻp, – dedi Nurmon. – Haqini bermasak boʻlmas... Yaxshisi, kelisha qolaylik. Sizga ellik, menga ellik, Oʻrolga ellik...
– Bunaqasi ketmaydi, – dedi Oʻroq. – Yigirma yildan beri dallollik qilaman, uchta ellik foiz boʻlishini eshitmaganman.
– Xasislik qilmang, – dedi Nurmon. – Yoʻq joydan kep turgan pul, beravermaysizmi? Yoningizdan toʻlayapsizmi? Insof ham kerak-da odamga.

Oʻroq noiloj bosh irgʻadi.

10

Umar oʻylagani chiqmaganidan xafa. Taktika ish bermadi. Ha, undan katta strateg chiqmas ekan. Biroq osonlikcha taslim boʻladiganlardan emas. Boshlagan ishini oxirigacha yetkazib qoʻyish kerak. Shilliqqurtning uyiga bormoqchi, Oʻrolning oʻzi bilan shaxsan gaplashadi. Balki yangi gʻoya chiqib qolar.

Oʻroq toʻgʻri aytibdi – hovli oʻrtasida traktor turibdi, devor buzilgan, atrof esa jim-jit, jon zoti borga oʻxshamaydi.

Umar baqirdi:
– Shilliqqurt aka, hov Shilliqqurt aka!

Uychadan birovning boshi koʻrinishi bilan Umarning koʻzi yarq etib ochilganday boʻldi, xatosini angladi – axir manavi jinoyatchiga ota-onasi shunaqa sovuq va xunuk ism qoʻymagandir? Oti boshqacha boʻlgandir?! U esini taniganidan beri bu odam qamoqdan beri kelmaydi, otini eshitmagan, hamma orqavorotdan Shilliqqurt deydi-da.

U ongining puchmoq-puchmoqlarida bekinib yotgan xotiralarini-da titkilab oʻyladi. Biroq ular issiqda qolgan qoʻylar kabi harakatsiz edi, biror ismni topolmadi. Qaytanga oʻz nomini ham yoʻqotib qoʻydi-ku!
– Nima deysan? – oʻshqirdi yaqinlashib kelayotgan rangi sovuq Shilliqqurt.
– Ey, aka, bormisiz? – dedi baland ovozda Umar. – Sizni koʻray, deb keluvdim... omonmisiz?

Yurakda xavotir, yuzda tirjayish bilan quchoq ochib, Shilliqqurtga peshvoz boraverdi. Nurmon esa ilk bor qamoqdan qaytgan, omonlik kunlarni yodga olib, toʻlqinlandi, koʻziga nam oldi. Oʻshanda mana shu hovliga odam sigʻmay ketuvdi, otasi rahmatlik shoshib shaftoliga bogʻlangan sovliqni soʻyib yuborgan. Ha, zoʻr davrlar boʻlgan, ilk "oʻtirishi"ning oʻsha sovliqdan boshqa hech kimga zarari tegmagan. Ikkinchi martasida otasining oʻzi bandalikni bajo keltirib yubordi... Keyingisiga onasi... Mana, yosh boʻlsayam, oqibatni tushunadiganlar bor ekan bu qishloqda. Odam shuncha yil qamoqda "oʻtirib" keldi, bular esa hol soʻrashgayam yaramadi.
– Kel, – dedi Nurmon quchoqlashib koʻrishgach. – Ahvollaring yaxshimi? Choy ich derdim-ku, dasturxon yoʻq, non yoʻq, ozroq kepak bor, uniyam bir mehmonim kapalab boʻldiyov...
– Yoʻq, rahmat, qornim toʻq, – dedi Umar seskanib. – Shu... Shu...

Uning badaniga yana titroq kirdi, negadir "sh"ni aytdi deguncha tizzasi qaltirayapti. Toʻgʻri, manavi qarshisidagi rang-roʻyi zahil, qoqsuyak odamga urishsa kuchi yetsa kerak, lekin qoʻrqinchli-da. Koʻzlari olaygani yomon. Buning ustiga, kepak taklif qilayotgani nimasi?! Yo shunaqa jargon bormi? Bu "kepagi" nima boʻlsa ekan?
– Men Oʻrol akani soʻrab keluvdim, – dedi nihoyat Umar. – Chori aka, "borib soʻrab, bilib kel-chi, Oʻrol shunikidamikin" dedi. Odamlar u kishi eshak boʻp qolganini gap qilib yuribdi...

Nurmon nima deyarini bilmay, bir pas angraydi. Dastlab, "bu bola chekib olganmi", degan oʻy keldi kallasiga. Soʻng boya Oʻroq dallol ham shunga oʻxshash gap aytgani yodiga tushib, uning koʻziga qarab, fikridan qaytdi.
– Eshak boʻlsa, menikiga kelarmidi? – soʻradi.
– Yoʻq, eshak kakraz uyida turibdi, Oʻrol aka yoʻq. Yanga Rajabboy melisaga shikoyat qilgani bormoqchi.

Melisani eshitib, Nurmonning kapalagi uchdi, axir chektirib, mast qilib, uyida yotqizib qoʻyibdi-ku. Rajabboy kelsa, hammasini birpasda aniqlaydi.
– Yoʻq, – dedi shoshib. – Oʻrol menikida nima qiladi? Traktorini shu yerga qoʻydi-yu, oʻzi qaygadir ketdi.

Umarga nima, yoʻq boʻlsa yoʻq-da, indamay burilib, joʻnamoqchi boʻldi.
– Chekasanmi? – ortidan soʻradi Nurmon.
– Nosmi? – dedi oʻgirilib Umar.
– Zamonaviy boʻlish kerak, qishloqdayam madaniyatni koʻtarish vaqti kelgan, – dedi Nurmon tantanavor ruhda. – Sigaret tutatadigan yoshdasan-ku, nos deysan. Ma, manavini ol, yoʻlda chekib ketarsan.

Nurmon qulogʻiga qistirilgan sigaretni unga uzatdi. Choʻntagidan gugurt ham chiqardi va chaqdi.

Umar yettinchi sinfdan buyon qoʻshni bolalarga qoʻshilib, nos chekib yuradi, biroq sigaretgacha yetib kelolmagan, ancha qimmat. Hozir imkoniyat tugʻilganda foydalanmoqchi boʻldi. Shart oʻgirilib, sigaretni oldi va gugurtdagi olovga tutdi.

Oradan oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas Umar qishloq koʻchasi boʻylab ketib bormoqda edi. Boshida esa gʻalati-gʻalati oʻylar, hayotdan xursand, kulgisi keladi. Oʻzicha qoʻshiq aytmoqchi boʻlib, bir satrini esga oluvdi, kulgidan oʻzini toʻxtatolmadi. Ilgari e’tibor bermagan ekan, buncha kulgili boʻlmasa.

Shu ketishda koʻchada Chori akaga duch keldi.
– Ha, Chori aka, – dedi u ovozini baland qoʻyib, soʻng bu odamning ismi qiziq ekanini anglab, qiyqirib yubordi. – Otangizga rahmat, shu ismni oʻzlari qoʻyganmi?

Chori bu jinqarchadan kutmagan edi, taxtaday qotdi. Unga hech kim ochiqdan ochiq bunday demagan. Achchiq-achchiq gapirmoqchi edi-ku, biroq choʻchidi. Oʻyladiki, bu bola shunchalar mard boʻlib gapiryaptimi, bir balosi bor. Shu ketishda yo hokimga yordamchi boʻlgan, yoki bunga qarshi katta dalil toʻplagan.
– Ha, Umar, tinchlikmi, xursandsan? Qisir sigiring egiz tugʻdimi? – dedi yaltoqlanib.
– Meni aldamoqchi boʻldingiz-a? – Umar tirjayib koʻrsatkich barmogʻini silkitdi. – Shunday katta muxbirni, bosh muharrir oʻrinbosarini...
– Tunov kun koʻrrektirmi, karrektirmi deyotuvding-ku, lavoziming oshdimi? – Chori rais baribir ehtiyotkorlikni unutmadi.
– Oshdi, – dedi maqtanib Umar. – Yaqinda muharrir ham boʻlaman... Lekin gap bunda emas, gap shundaki, siz meni aldamoqchi boʻldingiz... Oʻrol esa eshakka aylandi... Men bularni roman qilaman. Katta roman... Xuddi "Mikrobdan chayon"day mashhur boʻladi.
– Oʻrol haliyam topilmadimi? – qiziqdi rais.

Unga romanchilikning qizigʻi yoʻq.
– Bir eshak bilan namuncha qiziqmasangiz? – Umar hoholab kuldi.
– Xotiniga achinaman-da, – dedi Chori nima deyishni bilmay.

U suhbatdoshiga sinchiklab razm soldi. Umarning muomalasi yoqmayapti, ochiq e’tiroz bildirishga esa choʻchiyapti. Gʻoyib igʻvogar bir-ikki shikoyat xati yozib, ancha-muncha sarson qilgandan buyon ikki soʻzni toʻqishtirib, nimadir qoralay olgan, qogʻozga oshnolardan choʻchiydi.
– Uni qoʻying, gap nimadaligini siz bilasiz, men bilaman, manavilar, – u oʻgirilib, yoʻl chetidagi qator uylarga ishora qildi. – Baloniyam bilmaydi. Yaxshisi manavi sigaretdan cheking, boshqacha ekan. Shilliqqurt berdi.

Umar unga qoʻlidagi tutab turgan sigaretani uzatdi. Chori ishqiboz emas, biroq rad qilolmadi, korrektorning qarashlari oʻktam edi.

Sigaretni bir-ikki tortib, Chorining koʻzlari olaydi.
– Haqiqatan boshqacha-ku, – dedi va qoʻllarini havolatib yubordi. – Ie, ushla, koʻzimdan yulduzchalar uchib, oyogʻimning ostidan yer qochib ketyapti.

11

Oʻrolni uygʻotish qiyin boʻldi. Nihoyat Nurmon turtavergach, koʻzini ochdi.
– Tur, – dedi u mehmonni qoʻlidan tortib. – Juda obroʻying katta ekan-ku. Necha odam soʻrab keldi. Hammasiga yoʻq, deb yubordim.
– Mening emas, traktorning obroʻyi zoʻr, shusiz itgayam keragim yoʻq, – dedi inqillab Oʻrol va oʻrnidan turishga harakat qildi, boʻlmadi, holsiz kir-chir koʻrpachaga choʻzildi. – Yo kechagi tutun bilan ukol boʻlmas ekan yoki Chori rais aldab, yomon aroqni tashlab ketgan, hammayogʻim ogʻriyapti. Qornim yorilguday...
– Qirq yoshdan oshgandan keyin ertalab hech yering ogʻrimay uygʻonsang, demak oʻlgan boʻlasan... – deya aqllilik qildi Nurmon. – Mijozning koʻrichagi oʻrniga buyragini kesib, besh yilga qamalib kelgan bir tanish doʻxtir shunday devdi...
– Hali qirqqa yetganim yoʻq, – dedi Oʻrol.
– Shu ketishingda yetishing ham gumon, – dedi Nurmon. – Sen yeganni sigirga bergandayam, damlab oʻlardi.

Koʻchadan Oʻroqning ovozi eshitildi. Nurmon chiqdi.
– Klient olib keldim, – dedi u shoshib yonidagi poʻrim kishiga ishora qilib. – Traktorning radiatori kerak ekan... Oʻttiz ming bermoqchi.

Pulning daragini eshitib, Nurmon shoshdi, ularni ichkariga taklif qildi. Oʻroq qoʻlida asboblar bilan kelibdi, darrov ishga undadi.
– Ijaragami? – soʻradi Nurmon.
– Qanaqa ijara? – tushunmadi Poʻrim.
– Qoʻyavering, oʻzimizning gap, – dedi Oʻroq va Shilliqqurtga "jim tur", deganday qarash qildi.

Ichkaridan Oʻrolning ovozi eshitildi. Nurmon uning yoniga ketdi.
– Tashqarida nima gap? – oʻrnidan turolmay inqillab, boshini changallab soʻradi Oʻrol. – Birov traktorga teginyaptimi?
– Pul ishlayapmiz, – dedi Nurmon. – Radiatoringni ijaraga beryapmiz.

Oʻrolning koʻzi kosasidan chiqquday boʻldi. Bolaxonador qilib soʻkindi. Unga Nurmonning "oʻttiz ming soʻm, teng yarmi senga tegadi!" – degan gapi ham kor qilmadi. Tekinxoʻrlarning bu qiligʻi yoqmadi, biroq oʻrnidan turolmadi, boshi yorilguday ogʻrimoqda, a’zoi badani maydalab tashlanganday, qorni xaltaday osilgan.
– Boring, ayting, traktorga teginmasin... Biror narsasi yoʻqolsa, mendan xafa boʻlmang!

Nurmon puldan koʻra traktorini yaxshiroq koʻradigan bu odamni tushunmay, tashqariga chiqdi.
– Qiziq gapiradi-ku, – hayron boʻldi Oʻroq dallol. – Nor polvonning togʻda dumalab ketgan traktorini metallomga sotib berganimda xursand boʻlgan. Bu noshukur nega baqiradi? Kelishuvni buzib boʻlmaydi. Bor, uni tinchlantir. Boʻlmasa biznesni rasvo qiladi.

Nurmon tushundi: Oʻrol ularga baribir pul qilishga yoʻl bermaydi. Oʻzining bir parcha temirini biznesdan afzal biladi! Shunday ekan, uni vaqtincha tinchlantirish lozim.

"Dardingga davo bor", deb kechagi kukunning qolganini dud qilib berdi, Oʻrol hidlab, yana joyiga choʻzildi, koʻngli yana ovqat talab qilayotgan edi. Nurmon qoʻshninikidan ikkita koʻpkan non olib keldi. U old-orqasiga qaramay, yamlashga kirishdi. Traktori ham yodidan koʻtarilgan edi.

Oʻroqning esa ishtahasi ochilgan. Peshindan keyin butun boshli KamAZ va toʻrt barzangini boshlab keldi. Ular bu ishning hadisini olgan ekanmi, bir soat ichida "Altay" traktorini "echintirib", quruq zanjiri va suyagini qoldirdi.

Ular ketgach, ikki hamkasbning qoʻllariga jaraq-jaraq pul tushdi, lekin negadir har doimgiday pul bilan birga xasislik ham boʻy koʻrsatdi – Nurmon ham, Oʻroq ham bularni Oʻrol bilan boʻlishishni istamadi.
– Unga bermasak ham boʻladi, – dedi Oʻroq. – Oziga koʻnmaydi, koʻpi esa bizda yoʻq.
– Toʻgʻri, – gapni ma’qulladi Nurmon. – Biz ikkalamiz shuncha ishladik, ter toʻkdik, u boʻlsa kayf qilib, xonada yotdi, endi pulga ega chiqadimi? Bunaqasi ketmaydi. Ishlamagan tishlamaydi...
– Lekin ertaga oʻziga kelsa, haqini talab qilishi mumkin.

Nurmon qoʻlidagi bir tutam pulni mahkam siqdi.
– Nega?! Axir buni biz halol topdik-ku! Nimaga u burnini suqadi?
– Traktor uniki-da, – dedi Oʻroq. – Kolxozdan meros qolgan.

Nurmon oʻylanib, tushunmadi. Traktor kolxozniki...
– Kolxoz hozir yoʻq deyishayotuvdi-ku!?
– Lekin Oʻrol bor-da!
– Unda nima qilish kerak?
– Bilmasam, – Oʻroq yelka qisdi va hovli oʻrtasida choʻzilib yotgan ikki zanjir bilan traktor ramasiga boqdi. – Balki traktoringni shu holda haydab keluvding, dermiz.

Bu fikr Nurmonga yoqmadi. E’tirozini hech qanday transport vositasi (velosiped va Nosir nosfurushning "Zaporoj"idan tashqari) motorsiz yurmasligi bilan isbotlamoqchi boʻldi. Oʻroq miyasining eng kichik hujayrasidan tortib har ikkala yarimsharigacha dallollikka baxshida boʻlib ketgan ongini qitiqlab ham aqlliroq gʻoya topolmagach, qoʻlini koʻtarishga majbur boʻldi. Nurmon esa muammoning oson yechimini topdi:
– Yana ozroq kayf qildiramiz, keyin bu yerga piyoda kelgansan, traktoringni koʻrganimiz yoʻq deymiz, qutulamiz.
– Ishonarmikin? – shubha bildirdi Oʻroq.
– Hozir unga "sen dinozavrning toʻngʻich oʻgʻlisan", desangiz ham shubhalanmaydi. Faqat, anavi hovlidagi qolgan temir-taqani ham yoʻqotish kerak. Dalil boʻlmasligi kerak, dalil!
– Bunisi oson, eski mijozlar bor, kilolab metallomga oladi, – xursand boʻldi Oʻroq.

Kechga yaqin, hovli oʻrtasidagi zanjir ham, qolgan temir-taqalar ham koʻtara savdo boʻlib, yuk mashinasiga ortilib, olib ketilganda, haydalishi va ekin ekilishi lozim boʻlgan tuproqda uzun izdan oʻzga hech vaqo qolmaganida Oʻrol oʻziga keldi, boshini koʻtarib, yarim soat anqayib, nihoyat qayda yotganini aniqlab, burab ogʻriyotgan qornini changallab, uyiga ketmoqchi boʻldi. Biroq oʻrnidan turolmadi.
– Ha, – dedi uning inqillagan ovozini eshitib, xonaga kirgan Shilliqqurt. – Nima boʻlyapti?
– Qornim yorilib ketguday... boshimga ham birov bolgʻa bilan urayotganga oʻxshaydi, – shikoyat qildi Oʻrol. – Uyga ketmasam boʻlmaydi.
– Bu ahvolingda qanday borasan, oyoqqa turolmayapsan-ku!
– Traktorda ketaman, – dedi Oʻrol. – Ozgina solyarka topib bersangiz bas. Yerni ertaga haydaymiz.
– Qaysi traktor bilan? – Nurmon oʻzini hayron koʻrsatdi. – Hech qanaqa traktor yoʻq.

Oʻrol dastlab tushunmadi, soʻng jahli chiqdi. Shilliqqurt zoʻr berib, ikkalasi piyoda kelganini uqtirdi.
– Nahotki piyoda keldik? – nihoyat Oʻrol tirisha-tirisha, oʻshanda bu yoqqa qanday kelganini eslolmay, aftini bujmaytirib soʻradi. – Ikkalamiz devorni buzib oʻtmadikmi? Yoki tushimda boʻldimi?
– Tushda emas, rostdan buzganmiz, lekin traktor bilan emas. Oyoq bilan tepib, devorni agʻdarib, shu yerga keldik. Endi kayfchilik ekan-da, bilmasdan qilib qoʻyding, tushunaman, xafa emasman... Oʻzingga kelsang, ikki-uch kun kelib, paxsa urib, tiklab berarsan.

Oʻrol oʻyga choʻmdi.

12

Umarning ilhomi kelgandan keldi. Chori raisni kuzatib, uyiga yetib kelguncha, zoʻrgʻa chidadi. Unda bir, turshak yeb, ustidan suv ichganda qorni koʻp bezovta qilgan, oʻshandayam mana shunday – uyga tezroq borish orzusida boʻlgan. Hozir ham bu istak har nedan ustun. Lekin bu safar bora solib, burchakka chopishni emas, enasi bahorda yigʻishtirib qoʻygan eski sandalga yetib olishni orzu qilyapti. U ijodini oʻsha sandalda qiladi. Albatta, shu paytgacha yozganlari oʻsha jihozdan nariroqqa ketolmagan, lekin bugun boshqacha.

Ilhom parilari boshi atrofida shunchalar tez aylanmoqdaki, ular aytayotgan soʻzlarni tushirish uchun qogʻoz yoʻq. Shoshib, kuyib-yonib yozmoqda. Nafaqat qogʻoz yoʻq, balki ruchkaning siyohi ham tamom boʻlgan, baribir yozyapti. Bunaqa ilhom yuz yilda bir kelishi mumkin, axir.

Sandal ustidagi katta patnisni qirtishlab tashladiyamki, ilhom parilari tark etmayapti.

U shu holda oʻtirganda koʻchadan Chori raisning ovozi eshitildi. Chopib chiqmoqchi edi-ku, ijodini qizgʻandi. Har daqiqa gʻanimat, aqli ishlab turganda quyilib kelayotgan har bir soʻz, har bir gapni qogʻozga, yoʻgʻ-e, patnisga tushirib qolish kerak.

Chori akani Umarning otasi kutib oldi va toʻsatdan tashrif buyurgan hurmatli mehmonni oʻgʻlining yoniga boshlab keldi. Farzandi biror aqlli ish bilan bandligiga ishongan ota, uning ahvolini koʻrib, dong qotdi. U siyohi tugagan ruchka bilan patnis boʻyogʻini qirtishlamoqda. Bu patnisni koʻp yillar burun, atay Toshkentdan olib kelgan. Sandalining ustiga quyib-qoʻyganday mos keladi. Ustida dasturxon tekis turadi.
– Nima qilyapsan, ovsar? – urishib berdi oʻgʻlini.
– She’r yozyapman, – dedi Umar ortiga oʻgirilmay, ishini davom ettirib. – Bit qaramay ochimga, yallo etar sochimda, shampun unga kayf boʻlar, koʻp pullarim hayf boʻlar.

Ota mehmonning yonida uyaldi. Jahli chiqdi.
– Shumi she’r? Shu she’r boʻlsa, men hoʻkiz ekanim...

Umar otasiga oʻgirilib, sinchiklab razm soldi. Qiroat bilan gapirdi:
– Suv ostida gʻovvosmi, otam hoʻkiz-novvosmi, she’r keladi quyilib, men zoʻr shoir – shovvozman.
– She’r yozayotganing yoʻq, – jahli chiqib, doʻqida davom etdi otasi. – Momongdan qolgan patnisni rasvo qilyapsan... Sandalga oʻtirvolganing nimasi, yoz chillasida?
– Qoching, ota, – dedi Umar va qiroat bilan she’r oʻqidi. – "Sovplast"ga aldanib, bulbul boʻlar andalib, she’riyatni gullatar, bul momomning sandali... Qarang qanday quyma satrlar... She’riyatni tushunmasangiz nima qilasiz burningizni suqib. Siznikisiz ham adabiyotda ortiqcha burunlar koʻp.
– Ha, – dedi shu yerda turgan Chori rais kesatib. – U yerda sen bilan momongning sandali, yana Gʻoyib igʻvogar yetishmayapti.

Umar noiloj oʻrnidan turdi. Ilhom qataloq chaqqan sigir kabi shataloq otib qochgan edi.
– Ijod zoʻr ketayotgan edi, – dedi entikib. – Hali bunaqasi boʻlmagan, shu ketishda "Qutlugʻ xon"dan ham zoʻr roman yozvorardim.
– Chingizxon haqidagi kitobmi? – Chori rais fursat kelganida maqtanmoqchi boʻldi. – Bolaligimda oʻqiganman, uncha zoʻr emas... Lekin sen adabiyotingni yigʻishtir, boya sigaret deb menga nima beruvding?
– Sigaret, – dedi Umar.
– Boshim yorilib ketguday boʻlyapti, ichimga ilon kirib olganday, nimadir qimirlayapti... Oyoq-qoʻlim qaltiraydi, oʻlib qoladiganga oʻxshayman. Bir paytlar koʻrichakni olish uchun narkoz berishuvdi, oʻshanda shunga oʻxshash bir gap boʻluvdi... Tushunmayman.

Umar yelka qisdi va birdan oʻzining ham boshiga nimadir boʻlganini his qildi. Koʻngli aynidi. Birdan koʻngli va miyasi boʻshab qoldi. Anqayib, boya yozyapman deb oʻylagan – sandalga boqdi, ruchkaning uchi bilan qirtishlangan patnisga koʻzi tushib, hech baloni tushunmadi. Nega bunday qilganini oʻziyam bilmadi.
– Mengayam bir gap boʻlgan, – dedi oʻylanib. – Hammasi shu sigaretdan. Mulla Ma’murga kuf-suf qilib, bizga chektirib yuborgan.

Bu gapdan Chori raisning kapalagi uchdi, bir narsa topganday koʻzlari chaqnadi.
– Vo! – dedi hovliqib. – Masala bu yoqda-ku! Nega kallamga shu fikr kelmadi? Sen ikkala yaramas kelishib, meni bir balo qilmoqchi boʻlgansanlar.
– Men nima. – dedi Umar. – Oʻzim ham sizga oʻxshab jabrlanuvchi boʻp oʻtiribman-ku!
– Mullaga oʻqitgani rost, – shashtidan biroz tushib davom etdi Chori aka. – Oʻsha palakat xizmat koʻrsatgan mullayam anqov, jinni qilib qoʻyadigan duolarini oʻqib, dam solgan boʻlsa-ku, mayli, lekin oʻldiradiganini aytgan boʻlsa-chi? Ikkalamiz ham qoʻshilishib ketib qolmaylik...
– Buni oʻzimizning mulla qilmagan, – dedi Umar. – U odamning duosi bizga ta’sir qilmaydi.
– Toʻgʻri, – darrov fikridan qaytdi Chori aka. – Ha, endi "Siyosiy iqtisod" fakultetini bitirgan mullaning duosi qayga borardi? U yerda faqat ateizmni oʻqigan-da! Lekin oʻsha sigaretga kimdir dam solgani rost... Chekkandan biluvdim... Nosir nosfurushdan soʻrab chekayotganlarimga oʻxshamasdi! Bekorga Nosirni "yaramas tekinligi uchun shuncha paytdan beri menga tovuqning tezagini quritib, chektirgan ekan", deb ichimda rosa soʻkibman.
– Nimaga tovuqning tezagi? – hayron boʻldi Umarning otasi.
– U nos tamakini tolqon qilish uchun tegirmonga solganda ozroq shundan aralashtirib yuborarkan, ta’mi oʻtkirroq boʻlarmish, nosning ta’sirini oshirarmish. Aslida tekinligi uchun shunday qilsa kerak.

Umarning otasi eski noskashlardan, koʻngli buzilib, chekkaga tufladi.
– Oʻlib qolmasimizdan burun duoning oldini olish kerak, – dedi Chori aka gapini davom ettirib. – Yur, Shilliqqurtnikiga! Aybini boʻyniga qoʻyib, qaysi mullaga oʻqitganini bilib, oldiga borib, duosini kesadigan biror duomi, duoibadmi qilishini soʻraymiz.
– Duoibad emas, antivirus... – dedi Umar bilimdonlik qilib. – Zamonaviy tilda shunaqa narsa bor. A’zayimxonlar haqida maqola yozganimizda, duoga dosh bermay, kompyuterimiz buzilgan, muharrir antivirus opkelib, oʻnglab olgan... Duoni shu kessa kerak...

Umar va Chori rais shahd bilan yoʻlga chiqdi.

13

Oʻrolning xotini eshakni daraxtga boylab, hovlining yumushi bilan band boʻldi.

Shu kuni na eri va na traktordan darak boʻldi. Anavi maxluqning egasi ham yoʻqlab kelmadi. Unda-bunda kim chindan, kim hazillashib Oʻrolni eshakka aylanganini aytib yuribdi.

Ertalab koʻchaga chiqqanida Oʻrolning oʻrniga qolgan jonivor hali ham noʻxtasini tortgancha oʻsha joyda turganiga koʻzi tushdi. Boshi qotdi. Eri traktorni eshakka almashtirgan taqdirda ham oʻrtadagi farq uchun berilgan pulni kartada Mashrab luchchakka yutqazib, tongga yaqin uyga qaytib kelishi kerak edi. Biroq undan darak yoʻq. Qishloqning bir maslahatgoʻyi Chori aka boʻlsa, uyam tayinli gap aytmadi. Qaytanga masxara qildi.

Juvon shularni oʻylab turganda koʻcha boshida qaynotasi – Doli bova koʻrindi. Boboy yosh xotinga uylanib, ikki hafta xotindorlik qilib, qochirib yuborgandan buyon yolgʻiz. Bugun ertalab koʻchaga chiqib, oʻgʻli eshakka aylangani haqidagi yarim yolgʻon, yarim chin gapni eshitib (yolgʻonligi – odam baribir eshakka aylanmasligini biladi, chinligi – Oʻrolning fe’li oʻsha maxluqnikiga oʻxshab-oʻxshab ketardi gohida), shu tomonga kelmoqda.

Doli bova keliniga savol berishdan burun, koʻcha chetidagi yelkalari yagʻir eshakka sinchiklab razm soldi.
– Shumi? – dedi orqasiga oʻgirilmay.

Kelini tasdiqladi. Boboy eshakni tekshirishda davom etdi.

Uni chekkadan kuzatayotgan kelini, "bu kishi biror oʻxshashlik qidiryapti, chamasi", degan xayolga bordi. Rostdan Doli bovaning eshakdan biror tanish belgi koʻrish ilinji borga oʻxshaydi.
– Notanish, – dedi nihoyat chol keliniga yuzlanib.
– Ha, oʻgʻlingiz emas, – gapini ma’qulladi kelini. – Buning yelkasi ishdan yagʻir boʻp ketgan.
– Nima? – boboyning jahli chiqdi. – Kallang bormi? Nimaga "oʻgʻlingiz emas" deysan?

Juvon qaynotasini tushunmadi. Nega buncha jahl, nega buncha gʻazab?
– Men nima deppan, – gapirdi sekin, – "Shu sizning oʻgʻlingiz", deyishim kerakmidi? Biror tanish belgisini koʻrdingizmi?

Cholning burun kataklari kattalashib, koʻzlari oʻynadi, qoʻlini bir-ikki havolatib, nimadir demoqqa ogʻiz juftladi, gʻazabdan gapini topolmadi.
– Bova, biror nima boʻldimi?
– Ey, sen ovsar boʻlganmisan? Nimaga tuppa-tuzuk eringni eshakka teng qilasan? Endi bildim, qishloq oralab yurgan sassiq gapning hammasi sendan chiqqan. Odam degan bolalarining otasi haqida shunday gap qiladimi? Eshakmi, kuchukmi, shu sening ering...

Shoshganda Doli bovaning qoʻli eshak tomonni koʻrsatib yuborgan edi. Toʻgʻri-da, qayoqni koʻrsatsin, Oʻrol qay tomonga ketganini bilmasa. Biroq bundan juvonning kapalagi uchdi:
– E, nima deyapsiz?! Bu u kishi emas!

Doli bova shoshdi, gapini tushuntirmoq uchun bir-ikki ogʻiz juftlab, aqlli gap topolmadi.
– Nima deyapsan? Oʻgʻlimni eshakka teng qilyapsanmi? – dedi nihoyat oʻdagʻaylab.
– Nima deppan, – yigʻlamoqdan beri boʻldi juvon. – Oʻgʻlingiz emas dedim-ku?

Chol keliniga shu gapi bilan erining sha’nini yerga urganini tushuntirolmay, qiynaldi. Azaldan gapga chechan emas.
– Shunday ham dema, – dedi zoʻrgʻa.
– Oʻzingiz-ku, kela solib, eshakning belgisini qidirib ketgan.
– Men kimniki ekan, deb qaradim. Notanish ekan... – chol nihoyat maqsadga koʻchdi. – Oʻrol qani?
– Oʻgʻlingiz yoʻqolib qolgan. Oʻrniga shu eshakni tashlab, qaygadir ketgan.

Chol voqea tafsilotini soʻradi, jim tinglagach, oʻz fikrini bayon qildi:
– Bir-ikkitasi Nurmon bilan qoʻshilib ketganini aytayotuvdi. Agar rost boʻlsa hali ering eshakka aylanmaganiga pushaymon ham qilasan... Men unikiga borib, xabarlashib kelaman.

Chol Nurmonnikiga joʻnadi. Yoʻlda unga Chori rais bilan Umar yoʻliqdi. Salom-alikdan keyin ma’lum boʻldiki, yoʻllari bir.
– Oʻrol oʻsha yaramasga qoʻshilgan boʻlsa, endi oʻgʻildan voz kechsangiz ham boʻladi, – dedi Chori rais. – U bilan ikki soat gaplashgan qaytib odam boʻlmaydi... Mana, biz, bor-yoʻgʻi bir dona sigaretini chekib, na u yoqlik, na bu yoqlik boʻp turibmiz.

Oʻrol Nurmonning uyi ayvonidagi ustunga suyanib, boshini osiltirib oʻtiribdi. Shilliqqurtning oʻzi narigi ustunga suyangan.
– Oʻgʻlingizni uyiga olib bormoqchi edim, koʻtarolmadim, – dedi Doli bovaga koʻzi tushib, jahli chiqqanini sezgan Shilliqqurt. – Oʻzi yurolmayapti. Nimagadir oyogʻi boʻysunmayapti, qorni kajavaday shishib ketgan.
– Tamom, – dedi Chori rais. – Bungayam duo yedirib, rasvo qipsan.
– Nimaga duo yediraman, non berdim, – dedi mezbon. – Ikki kunda sakkizta koʻpkan non yedi.
– Sakkizta?! – Doli bovaning kapalagi uchdi. – Bultur Doʻlanning hoʻkizi toʻrtta non yeb, damlab oʻluvdi!
– Bu hoʻkiz emas-ku! – dedi Shilliqqurt.

Doli bova bu fikrga qoʻshilishdan oʻzga chora topolmadi.
– Lekin, – gapini davom ettirdi Nurmon, – buningiz men non izlab chiqqanda ochlikka chidolmay, tovuq boqaman, deb olib kelib qoʻygan kepakniyam kapalab qoʻyibdi.

Chol oʻgʻliga achinib boqdi:
– Qancha edi?
– Besh kilo...
– Olti kilo! – deb yubordi, Umar va Shilliqqurtning yoqasiga yopishdi. – Bizning kepakni sen oʻgʻirlaganmiding, yaramas. Qamattirib yuboraman, sen oʻgʻrini!

Chori aka ularni ajratdi, Umarni tinchlantirishga urindi:
– Oʻzingni bos, oldingi jinoyatlari oldida olti kilo kepak oʻgʻirlash bunga hech narsamas, savob ishday gap...

Chol esa nima qilishini bilmay, Nurmonni koyidi:
– Kalla bormi oʻzi, hech zamonda kepak ham oʻgʻirlaysanmi? Un-pun olsang oʻlarmiding, endi buni nima qilamiz?
– Oʻzimam un boʻlsa kerak, deb oʻylovdim, – dedi Shilliqqurt bosh egib. – Kepakligini uyga kelib bildim.
– Buningizni doʻxtirga olib borish kerak, – dedi Chori aka Oʻrolga ishora qilib. – Kepak ichaklariga tiqilib qolgan. Operatsiya qilmasa shuncha narsani oʻzi eplolmaydi, eshak boʻlganda boshqa gap edi.
– "Afsus", dedi kimdir.

Chori aka cholning kapalagini uchirib, Umarni chekkaga surib, Shilliqqurtga oʻdagʻayladi:
– Sen yaramas, odamlarga baho berguncha, bizni qanday duo bilan yoʻq qilmoqchi boʻlganingni ayt!

Shilliqqurtga doʻq yoqmadi, dastlab oʻzidan nima istashayotganini tushunishga harakat qildi.
– Ie, – dedi nihoyat gap nimadaligini tushunib. – Nasha chekivolib, nimaga oldimga janjal qilib kelasiz?

Chori akaning kapalagi uchib, angraydi va shoshib, chekkaga tufladi. Ogʻzida qolgan nasha yuqlaridan qutilmoqchi. Doli bova esa moxovdan choʻchiganday, oʻzini undan chekkaga oldi. Umar chinoq ham bir odim ortga surildi.
– Nimaga menga bunday qaraysanlar? – Chori aka hayron. – Buning gapiga ishonmanglar, umrimda nasha chekkan odam emasman. Aroqniyam tashlaganimga oʻn yil boʻldi... Bu bizni duo bilan buzgan.

Shilliqqurt sigaretning sirini ochdi, Umarning xayoli uchdi.
– Nima, endi men ham nashavand boʻlib qoldimmi?! Nashavandlar ichburma boʻladi, deb eshitganman.

Shunday deb negadir Umar joyida sakradi.
– Boʻp qopsan, – dedi Doli bova. – Essiz shunday yigit, shunday shoir! Juda zamlasang Gʻoyib igʻvogarning oʻrniga qolarding... Endi boʻlsa, – chol Shilliqqurtga ishora qildi. – Manavining ukasisan, xolos. Essiz...

Albatta, Umarni bunaqa istiqbol qoniqtirmaydi, tushkun kayfiyatda qoldi.

Chol engashib, oʻgʻliga qaradi. Uning koʻzlari olayib, biri sharqqa, boshqasi gʻarbga qadalgan.
– Ha, boboy, – dedi arang. – Nima qilib yuribsiz?
– Odamlar eshak boʻp qopti, desa ishonmabman. Rost ekan, kepak yeyishga balo bormi?

Oʻrol indamadi, qornini siladi, xolos.
– Traktor qani? – soʻradi chol oʻgʻli mastligiga ishongach.
– Uyda, – dedi Oʻrol tar-tar.
– Uyda eshakdan boshqa narsa yoʻq, – dedi chol.
– Traktor shu yerda-ku! – Umar tez oʻgirilib, qoʻli bilan hovlini koʻrsatdi. U yerda esa uzun choʻzilib ikkita iz qolgan, xolos. Angraydi. – Rostdanam nashavand boʻp qoppan. Izini koʻryappan, traktorni koʻrmayappan! Boya, chekmasimdan burun shu yerda edi.
– U yerda hech balo yoʻq, – dedi chol. – Rostdanam nashavand boʻp qopsan.

Shilliqqurt shoshdi. Nima deyishni bilmadi.
– Traktor boʻlmagan, – dedi. – Ikkalamiz piyoda keluvdik.

Uning gapiga hech kim ishonmadi. Hammasi ayon-ku.
– Ijaraga olib ketishdi, – dedi nihoyat Shilliqqurt. U biladi, yolgʻon gap bilan uzoqqa ketib boʻlmaydi. Demakki, qoʻlga tushdingmi, rostini aytgan durust, faqat oʻz foydangga ogʻdirib. – Temir fermer kelib, "menga kerak, berib turinglar" dedi, berdik. Nima, odamlarga yaxshilik qilib boʻlmaydimi?

Nurmon fermerni bekorga eslagan ekan, boʻrining qulogʻiday uning semiz tanasi devor ortidan boʻy koʻrsatdi. U Nurmonni izlab kelibdi. Ayvonda toʻrt-besh kishini koʻrib, shu tomon yurdi. Koʻzi hovliga tushib, hayratini yashirolmadi.
– Traktor qani?.. Ha, yaramaslar, boʻlarkan-ku! Ana, forsunkasiz ham yurib ketibdi, bekorga meni oʻn ming soʻmga tushirishdi.

U kelib, ustunga gʻalati holda suyanib oʻtirgan Oʻrolga forsunkani uzatdi:
– Mana, motoringni ol, – dedi. – Ijarani vaqtida qaytargan durust. Shunga tezgina olib keldim, emasam boʻynimga katta pul osib qoʻymanglar.

Shilliqqurt unga olaydi:
– Kelardingiz, – dedi doʻqlaganday.
– Bu bir parcha temir, traktorning oʻzi qani? – soʻradi chol hech baloni tushunmay.

– Sizni deb butun boshli traktor yoʻq boʻlib ketdi, – cholning gapiga e’tibor bermay fermerga gapirdi Shilliqqurt.
– Qayga yoʻq boʻladi? – hayron soʻradi Temir.
– Forsunkasiz traktor traktormi? Tarqatib yubordik... – Nurmon shu gapni aytib, Doli bovaga oʻgirilib boqdi. – Qoʻrqmang, oʻgʻlingizning ulushi turibdi.
– Ie, kalla bormi? Mana, opkeldim, yigʻib olsalaring boʻladi.
– Endi kech... Ishga Oʻroq dallol aralashgan.

Oʻrol inqillab boshini arang koʻtardi.

14

Shu kun Oʻrolni kasalxonaga olib ketishdi, traktor muammosi bilan esa shugʻullanadigan odam boʻlmadi. Hamma oʻzi bilan boʻlib qolgan. Doli bova oʻgʻlini joylab, operatsiya qildirib, oʻziga kelgach, Oʻroqning uyiga keldi. Traktor taqdiri bilan qiziqdi.
– Menga nima deysiz? – dedi dallol. – Bolaligimda texnikumda oʻqiganimda "tovar-pul-tovar" degan biznes qoidani oʻrgatishgan. Shu qoida bilan ishladim, hammasi halol, hammasi toʻgʻri! Ana, toʻrtta echki oldim.
– Sening pul topar biznesing bilan nima ishim bor, oʻgʻlimning traktori qani? – cholning gʻazabi qaynagan.
– Aytyappan-ku, tovar-pul-tovar... Oʻzaro kelishib, maydalab sotishdi. Chakana savdo deyishadi buni. Men dallollik qildim, xolos. Ishonmasangiz ana, Nurmondan soʻrang. Oʻgʻlingizning traktori, Shilliqqurtning firibgarligi uchun men javob bermayman.
– Oʻrolning oʻzi rozi boʻldimi shunga? – chol hayron.
– Uni nima bilaman, biz Nurmon bilan kelishdik, – dedi Oʻroq.
– Traktor oʻgʻlimniki-ku!
– Bunisini bilmayman, – dedi Oʻroq bamaylixotir. – Balki Nurmon soʻragandir, men oʻgʻlingizni koʻrganim ham yoʻq. Nurmon "sotamiz, kelishganmiz" dedi, mijoz topib berdim. Men sotuvchi bilan xaridor oʻrtasidagi odamman...

Chol bunga hech narsa deyolmadi, lekin yengidan tortib, Shilliqqurtning yoniga yetakladi.

Hovli suv quygandek jim-jit. Ikkalasi ohista ayvonga oʻtdi, xonaga kirdi. Bir burchakda uzala tushib, Nurmon yotibdi. Qimirlamaydi, yonida ikki oydan buyon ishlatilayotgan bir martalik shprits.
– Oʻlib qolibdi, – dedi uning ustiga engashib, u yoq-bu yogʻini ushlab Doli bova. – Endi traktorni kimdan soʻraymiz?

Oʻroq dallol esa yelka qisdi.
– Sirniyam, traktorniyam oʻzi bilan goʻrga olib ketdi, – dedi gʻamgin ohangda, lekin negadir uning koʻzlari chaqnayotgan edi.

... Mashmashalar yakun topib, Oʻrolning traktori nom-nishonsiz yoʻqolib, undan faqat ikkita chuqur izlar qolgan, Shilliqqurtning nomi unutilgan, traktorli boyvachchaning oʻzi qorni kesilib, kasalxonada inqillab yotgan paytda Oʻroq xotiniga maqtandi:
– Ana koʻrdingmi, qanchalar aqlliman... Esingdami, bundan bir hafta oldin Shilliqqurt kapchamizni soʻrab keluvdi, bermovdim. Xoʻp ish qilgan ekanim, oʻshandayam kallam ishlagan. Pokka kapchadan ajralib qoluvdik-a! Oʻrolning shunday katta traktorini hazm qilib yuborgan Nurmonga bizning kapcha nima boʻpdi...

– Traktorni hazm qilolmay oʻlib ketdi u shoʻrlik, – dedi xotini.