OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsomiddin Poʻlatov
Asar nomiAdabiyotga hujum
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isomiddin Poʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Adabiyotga hujum
Isomiddin Poʻlatov

Adabiyotga Hujum

Yoxud yurakni ezadigan, tashvishga asosli manzaralar haqida

Bir kuni Nasriddin Afandi qarshisiga bir uyum kitobni yigʻib olib, ularni varaqlab oʻtirgan ekan. Afandining bu harakatini tushunmagan tanishi soʻrabdi:
– Afandi, buncha kitobni oʻqib olim boʻlarmiding. Nima qilmoqchisan, oʻzi, – debdi.
– Kitob yozmoqchiman!
– E, kitob yozmoqchi boʻlsang, nega boshqalarning kitobini oʻqib oʻtiribsan. Oʻzing yozda, kitobni, - yana e’tiroz bildiribdi tanishi.

Afandi shundan soʻng bu «oʻqimagan»ga sodda, tushunarli qilib «Odamdan odam, kitobdan kitob tugʻiladi-da» degan ekan.

Endi bu latifa boʻlmay qoldi. Chunki, bu – falsafa. Donishmand Nasriddinimiz ham chakana odam boʻlmagan-ku, axir. Uning topagʻonligi, qochirim va kesatiqlari zamirida «nimadir» boʻlgani shubhasiz. Uning «Kitobdan kitob tugʻiladi» degan fikriga qoʻshilmaydiganlarga esa bizda e’tiroz bor.

Keling, latifani qoʻyib, hayotga qaytaylik. Dunyoning istalgan shoir yoki adibi, boringki, ziyolisi faoliyatiga qaraylik. U albatta minglab kitob oʻqigan, biror oliygohda tahsil olgan yoki buvi yo bobosidan, opasidan ertak eshitgan. Ilmiy boʻlmasa-da, hayotiy, aqliy tajriba bilan uslub, janrni oʻzlashtirgani aniq.

Hazrat Alisher Navoiy yoshligida Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini oʻqiydi. Oʻqigandayam asar ichiga, mantiq olamiga choʻkib mutolaaga koʻrishadi. Yeyish-ichish va hokazolarni unutib Attorni oʻrganadi. Bundan tashvish tortgan kattalar yosh Alisherning qoʻlidan kitobni olib, yashirib qoʻyishadi. Bu hayot haqiqatiga qanchalik mos keladi, yoʻq, ahamiyatsiz. Ammo Navoiyning oʻsha asar ta’sirida yozilgan betakror «Lison ut-tayr»i dunyo yuzini koʻrgani rost-ku. Shu holat kitobdan kitob tugʻilishi emasmi?

Bobur, Mashrab, Amiriy, Nodira, Munis, Ogahiy, Feruz yoki Qodiriy-u Choʻlponga, Said Ahmad-u Ozod Sharafiddinovga boshqa, oʻzlaridan avval ijod qilganlarning, aniqrogʻi, kitoblarning ta’siri boʻlmadimi?

Fikrimizcha, ular kitob oʻqimay turib, shoir-yozuvchi boʻlishga uyalgan. Bilimsiz boʻla turib, birovga aql oʻrgatishga, balandparvoz «falsafa» soʻqishga, oʻxshamagan oʻxshatishni, nooʻrin tashbehni qoʻllashni or bilgan. Agar oʻzidan ulugʻlar tanbeh berib, xatosini koʻrsatganda, oʻrgatganda ters burilmagan, aksincha, jon qulogʻi bilan eshitgan. Xatosini toʻgʻrilagan. Mashrab ilm olish uchun ustozi poyiga yiqilgani haqiqat emasmi? Vaholanki, u jahonshumul shoir. Shoirlarga ijobiy ma’noda telbalik nisbati berilishiga ham Mashrab sababdir, balki.

Buxorolik bir yosh yigitning uch-toʻrtta kitobi nashrdan chiqib ulguribdi. She’rlarining anchasi qoʻshiq boʻlib ketgan. Ba’zi «modern» yoshlar oʻsha kitoblarni xarid qilayotgani ham rost. Biz ham kitoblarni varaqlab koʻrdik. Avvalo, toʻplamning muqovasi e’tiborni jalb qiladi (she’rning emas, «shoir»ning reklamasi). Muallif deyarli barcha kitoblarida soqol qoʻyib olgan (yoshiga e’tibor qilaylik), oʻzini tutishidan san’atkorlarni eslatadigan koʻrinishda. Kitob orqasiga oʻzining kimligi, tabrik soʻziga oʻxshab ketadigan jumlalarni keltirgan… Bunday katta da’voni katta shoirlar ham qilolgani yoʻq, hali.

Ming istihola bilan yozish mumkinki, oʻsha, biz katta da’vo deyotgan jumlalarda ijodkor oʻzining qanday xastalik bilan ogʻrib, kasallikni qanday yengib oʻtgani, ulkan hayotiy «tajribasi» haqidagi bitiklarni oʻqiymiz. Yoki sevgi haqidagi «chuqur» mulohazalarga koʻzimiz tushadi. Goʻyo bu bizga ibrat boʻlishi kerakdek.

Toʻplamning mazmun-mundarijasi haqida yoshi ulugʻroq, tajribaliroq munaqqidlar fikr bildirgani ma’qul, albatta. Bizning kichik xulosamiz esa kitobdan oʻrin olgan she’rlarni adabiyotni tushunadigan hech bir kishi koʻrmagan, tahrir-tahlil qilmagan, degan fikr bilangina cheklanishga yetadi. Bir soʻz bilan aytganda, matn mazmuni ishqiy, qargʻish, aql oʻrgatish kayfiyatidagi dahanaki jangni eslatadi.

Afsuski, aksariyat yosh qalamkashlar matbuot, nashriyot eshigiga «yotib» olishgan. Hatto ota-onasini ergashtirib keladi. «Bolamning she’rini chiqarsang ham chiqarasan, chiqarmasang ham. Aks holda oʻqishga kirolmaydi, tanlovlarda gʻolib chiqolmaydi». Zerikishdan qoʻlga qalam olayotganlari-da topiladi. Endi oʻylang, sizning noʻnoq bolangiz (aynan ijodga) qoralagan allambalolarni xaspoʻshlab, silliqlab gazetada bossa, nashriyot toʻplam(cha) qilib bersa (azbaroyi zada boʻlganidan), u qobiliyatli boʻlib qolarmidi? Yoki biror oliygohga imtiyoz asosida qabul qilinarmidi? Yoki mashhur boʻlib ketarmidi? Shuncha sarsongarchilik, mablagʻni behuda sarflash oʻrniga, bolaning qoʻliga toʻrtta darslik, ikkita badiiy kitob olib berishning nafi koʻproq emasmi?

Shu oʻrinda yana bir muammoning yechimiga yetgandaymiz. Viloyatlarda telemidenielar, ba’zi markaziy telekanallar, radiolarda tinimsiz efirga uzatilayotgan, na ovozi, na musiqasida tayini boʻlgan «san’atkorlarning» tegirmoniga biz tilga olib oʻtgan ijodkorlar suv quymayaptimikan. Shevashunoslik, bachkanalikdan nariga oʻtolmay qolgan «san’atkorlarni» ruhlantirib yubormayapmizmi? Achinarlisi shundaki, xizmat koʻrsatgan, hatto xalq artistlari ham oʻshanday maza-matrasi, saviyasi boʻlmagan she’rlarni topib aytayotgani. Balki shundandir, san’atkor bilan san’atkorni, qobiliyatli bilan qobiliyatsizni farqlolmay qoldik. Hammasi bir xil, bir rangda. Farqi shundaki, birovi oʻzini reklama qila oladi, birovi yoʻq. Musiqa matni, mazmun-mohiyatini nazorat qilishi kerak boʻlgan ulugʻlar qaerga qarayotgani noma’lum.

Matbuot ham «oppoq» emas. Koʻplab xususiy gazetalar, tarmoq nashrlari ozuqa manbai sifatida shov-shuv koʻtarishni bilib olishgan. Yurakning qonga aylanib, daryo boʻlgani, oyning engashib qoʻshiq aytgani (dostonlarda ham bu darajada koʻpirtirilmagan misralar), uyqusiz kechalarning ogʻriqlari, bir havaskorning besh yuz marta sevgani, xatosidan afsus chekayotganini she’r, deb tushunayotgan adabiy xodimlarning borligi, uyalmay-netmay gazetasining muqovasida dabdabali suratini bosishgani koʻngilni ezadi. Birovga shoir nisbasini berishdan oldin ozgina bu haqda oʻylasak, nima deyotganimizni fahmlasak, boʻlarmidi. Nahotki, saviyamiz ommaviylashib boraversa… Oʻylagani qoʻrqadi, kishi.

Kattalarimizda doʻppini bir chetga qoʻyib, yaxshilab oʻyla, degan ibora bor. Qachon oʻylaymiz? Doʻppi-ku boshimizda yoʻq. Lekin doʻppi biz uchun oʻylamaydi-da. Adabiyot qaerga qarab borayapti? Yoki adib Shukur Xolmirzaev ta’biri bilan aytganda, adabiyot oʻlayaptimi? Yoki darvozasiz qoldimi? Dod-voy qilib, ayyuhannos solayotgan odam boʻlib koʻrinish niyatimiz yoʻgʻ-u, ammo shoirman, yozuvchiman, deb koʻkragiga urayotganlarning nihoyatda koʻpayib borayotgani rostdan tashvishga asos boʻla oladi-da. Qoʻshiq, musiqa shou-biznes degan balandparvoz «madaniyat»ning qurboni boʻlib ulgurganiga-ku ancha boʻldi. Nima, endi navbat adabiyotgami? Nahotki, shu holat tashvishga asos boʻlmaydi, deysiz?!

Bunaqada yigirma yildan soʻng maktab darsliklariga kimlar kiritilishi haqida oʻylash ogʻir.

Nazm yoki nasrda boʻlsin, iqtidorli yoshlar, yangi-yangi qobiliyat egalari yuzaga chiqavergani yaxshi. Bundan quvonish kerak. Ammo, ular kitob oʻqigan, adabiyotdan xabardor boʻlsa yaxshi-da. Tagʻin, shoirman, adabiyot bilimdoniman, shu san’at turining ertasini oʻylayman, degan borki, ijod eshigini qoqqanga, adashib turtib qoʻyganga darvozani lang ochib qoʻymasa, deymiz. Aks holda adabiyot latifaga aylanadi. Yoki biz…