OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Isomiddin Poʻlatov. Chol (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsomiddin Poʻlatov
Asar nomiChol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isomiddin Poʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/01/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chol (hikoya)
Isomiddin Poʻlatov

Qashshoqlikka toqatim yoʻq. Qashshoq odamni koʻrsam ichim ezilib ketadi. Yordam bersam deyman-u bunga qurbim yetishiga shubham bor. Avvaliga, birda yarim nochor odamlarning suhbatini tinglab, ta’sirlanib ham koʻrdim. Qarasam, olchoqqa, safsatabozga aylanib qolayotgandekman. Axir oʻylang, suhbatdoshingiz bor dardini aytib bersa-yu siz unga qarab, «e, taqdir-da joʻra» deb qoʻya qolsangiz, boʻlmaydi-da.

Aslida qashshoq odam, deb kimni aytamiz? Yeyarga noni yoʻq, boshpanasiz, kimsasiz odamnimi? Bir qarashda shunday. Chunki jamiki moddiyatdan mosuvo odamning holiga achinmaslik noinsoflikday tuyuladi, kishiga.

Onam har xil pishiriq, shirinliklar sotardi. Men ham qoʻshilib, bozorga borardim. Ochigʻi, unchalik ham menga sotuvchilik yoqmasa-da, bozorni yaxshi koʻrardim. Menga sotuvchi boʻlishning yoqmagani – xaridordan pul olish. Unga maqtab-maqtab nasangizni oʻtkazasiz-u pul olasiz. Oʻsha jarayonga sira toqatim yoʻq. Negadir, qizarib ketaveraman. Ayniqsa, biror qishloqdoshingiz yoki tanishingizga sotish juda qiyin. Xullas, sotuvchilikni oʻrgana boshladim. Bora-bora onam ham bunga koʻnikdi chogʻi, meni har kuni ertalab uygʻotib, oʻzi bilan ergashtirib ketardi.

Siz ham sotuvchilik qilgan boʻlsangiz, bilasiz, ertadan kechgacha tik oyoqda turib savdo qilasiz-u xaridorning kamsitishi, narsangizni pisand qilmasligi, yerga urishi asabingizga tegadi. Toʻgʻri, har kasbning mashaqqati boʻladi, lekin sotuvchining mashaqqatida farq bor-da. Tasavvur qiling, oʻqituvchini oʻqitgani uchun maqtaysiz, ragʻbatlantirasiz, ruhiy qoʻllab-quvvatlaysiz. Yoki shafyorga yalinasiz, xushomad qilasiz, iltimos qilib aytilgan joyga olib borishini soʻraysiz. Ammo sotuvchining na molini, na oʻzini maqtaydilar. Aksincha, qancha uning xizmatini yomonlasangiz shuncha foyda koʻrasiz. Shuyam insofdanmi, axir?! Fikrimcha, oʻshanda sotuvchilik qilganimda qanchalik qiynalganimni tushuntira oldim, deb oʻylayman.

Sotuvchilikning yana bitta ahamiyatli tomoni bor. Ya’ni, har besh minutda oldingizga kelib, «pora» olib ketadigan tilanchilar. Bunday «sharaf» na haydovchiga, na oʻqituvchiga berilgan. Tilanchi savdong boʻlayaptimi, yoʻqmi, soʻrab oʻtirmaydi. Shunday keladi-yu qoʻlini uzatadi. Qoʻrqasiz, uzatilgan qoʻlni quruq qaytarishga. Chunki Xudodan umidingiz bor. Balki shuyam yaxshidir, ba’zida bilib-bilmay tarozidan urib qoʻyasiz, ba’zida arzimagan molingizni yuqori bahoga sotasiz va hokazo. Savob ham kerak-ku odamga. Arzimagan chaqa bilan qashshoqlashib qolarmidingiz. Ha aytgancha, xayolparastlik ham evi bilan-da. Odam degan shunchalik «oʻtlab» ketadimi? Gapni qashshoqlar haqida boshlagandik-ku.

Bir kuni rastamizga boʻyi uzun, koʻzi koʻk, ozgʻin odam yaqinlashdi. Boshida doʻppisi bor. Eskirib ketganidan Shum bolaning doʻppisiga oʻxshab, faqat tappi yopishgagina yaraydi. Egnidagi kostyumi yuvilaverib uniqib ketganidan asl rangi qorami, kulrangmi, bilib boʻlmaydi. Uch-toʻrt joyiga chok tushgan bu kostyumning tugmalariga e’tibor qildim. Toʻrtta tugmasi toʻrt xil rangdagi ipda qadalgan. Bir soʻz bilan aytganda, gʻaribona.

U bizga bir-ikki qarab-qarab oʻtdi. Bu hol takrorlanaverdi. Men ham atay unga hech narsa berishni istamadim. Negadir, koʻrinishi yoqmadi. U onam terib qoʻyayotgan bir-biridan shirin pishiriqlarga qarab, yutaqib qoʻyardi. Onaginam oʻz ishiga berilib ketganidanmi, tilanchi cholni payqamadi. Engashib shirinliklarni olayotganida chol oʻzini tanishdek tutib, onamning e’tiborini tortish uchun bizga qarab turdi. Endi chidolmayman. Jahlim chiqdi. «E, bor ket!» sensiradim otamdan katta odamni! Surbetlik ham evi bilan-da! Hali savdoyam qilmagan boʻlsak…

Mening doʻq urganimni eshitgan onam boshini koʻtardi. «Nima gap, bolam? Kimga bunday deyapsan?» Onam u yoq, bu yoqqa qaradi. Qarshimizda serrayib qolgan, biroz qizaringan boboyni koʻrib, kimga baqirganimni angladi chogʻi, onam ham xijolatda qoldi. Izza boʻlgan odamning holatiga tushib, menga shunday qattiq tikildiki, butun jasoratim-u shijoatimdan asar ham qolmadi. Onalar doim ham emas, gohida shunday qaraydilar va mana shu qarash koʻp narsani hal qilib qoʻyadi. Bu qarashda onalik mehr-muhabbati, rahm-shafqat koʻrinmaydi, aksincha, gʻazab, xavotir, yarim nafrat sezilib turadi. Bu nigoh yuragingizni-da teshib oʻtadi. Onamning mendan hafsalasi pir boʻlib, cholga oʻgirildi.
– Toshmurot bova, keling, keling, - dedi onam menga yana bir qoʻpol qarash qilib. – Kechirasiz-da, endi, bola-da bu, tanimagan. Uzr, sizni koʻrmapman. Yaxshi yuribsizmi, qiynalmayapsizmi?
– Yaxshiman kelin, rahmat! – deb gʻoʻldirab qoʻydi boboy. – Hishtima (hech narsa) qimaydi, mayli urishmang, jigitchani. Engashib boshimni silab qoʻydi. Ochigʻi, qoʻlining kir va oriqligidan biroz gʻijinsam-da boshimni tutib berdim. Onamdan qoʻrqib qolgandim.

Boboy yonimizdan ketarkan, onam bir qancha shirinlik va pishiriqlarni yelim xaltaga solib, qoʻliga tutqazdi. Chol qayta-qayta rahmat aytib, rastalar oralab ketdi.

Onam endi meni adabimni berib qoʻyishiga tayyor turib, koʻziga moʻltiradim. Aslida hech narsani tushunmagan boʻlsam-da, oʻzimni tushunganday tutib, tanbehga roziligimni bildirdim. Rost-da, bu cholning kimligini qayoqdan bilibman? Onamning yotigʻi bilan tushuntirishlariga qaraganda, qishlogʻimiz chetida turadigan, hech kimi yoʻq, qarovsiz odam ekan. Qolaversa, oʻsha chol bobomning joʻrasi boʻlganini bilib oldim. Onam oʻsha kuni koʻp yaxshi gaplarni qulogʻimga quyishga harakat qildi.

Bizni tark etgan cholni kuzatib turdim. U rastalar oralab orqa tomonga oʻtdi-yu bizdan olgan boʻrsildoq pishiriqni yutoqib-yutoqib, chaynamay yuta boshladi. Kattakon ogʻziga pishiriqlar butunligicha siqib ketayotgandi. Unga hayrat va hayajon bilan qarab turganimni payqab qoldi-yu, menga qarab, kulib koʻzini qisib qoʻydi. Tezda yuzimni burib oldim. Qashshoqlikka toqatim yoʻq…