OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsomiddin Poʻlatov
Asar nomiJuvon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isomiddin Poʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/01/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Juvon (hikoya)
Isomiddin Poʻlatov

U ayol goh-gohida ishxonamizga kelib turardi. Balki uni shunchaki ayol desam, biroz yoshi oʻtinqirab qolgandek taassurot uygʻotar sizda. Chunki, ayol deyish nisbiy tushuncha. Oʻn yetti yoshli qizni ham, yetmish yoshli onaxonni ham ayol deyish mumkin. Shuning uchun ham uni ayol emas, juvon deyish ma’qulday. Qolaversa, madaniyroq. Ishqilib, juvon haqida ishxona xodimlarining birortasida tugal, aniq fikr yoʻq edi. U kelardi, hazil-huzul qilardi, ketardi. Kompyuterda oʻtirib nima ish qilishini ham hech birimiz bilmasdik. Oʻsha kuni u ancha vaqt ushlanib qoldi. Tumandan qatnab ishlagani uchun ishdan ertaroq chiqib, uyiga qaytishi kerak.

Aytgancha, uning eri yoʻq edi. Demak, juvon haqida nimanidir bilardik. Qolaversa, yuzlari shevada aytganda biroz qorashirgʻay, sochlari esa jingalakka moyil, doimo yasan-tusan qiladi, boʻyi ham kaltaroq. Juda koʻp kulardi. Tushunish qiyin, koʻp kuladigan odam haqida har xil xayolga borish mumkin: u sizdan nimanidir yashirayapti, siz bilan qalinlashishni xohlayapti, yolgʻon gapirayapti, oʻzini oʻngʻaysiz sezayapti… va hokazo. Lekin bizning juvonimizga bu taxminlarning barchasi toʻgʻri kelardi. Yana shu gap – uni yaxshi bilmasdik!

Ishxonada eng kichigi men va Aziz. Yoshimiz ham teng, bitta institutni bitirib, bir joyda ishlayotgandik. Juvonning qiliqlari bizga yoqardi. Uning gʻashiga teksak, tegajogʻlik qilsak ham indamasdi. Bizni yosh bola bilardi… yo ungayam bu yoqardi. Bizdan uch-toʻrt yosh katta boʻlsa-da oʻzimiz tengi koʻrib hazillashaverardik. Sochidan tortib, burniga teginardik. U soxtaqovoq bilan «hujum» qilardi. Biqinimizdan «boshqacha qilib» oʻyib olardi.

Juvon rostdan ham sirli edi. Xayolimda uning ichida dardi bordek tuyulardi. U menga ba’zida «yorilmoqchidek» boʻlardi. Aslida kimning ham dardi yoʻq? Axir eridan ajragan ayol boʻladi-yu dardi boʻlmasinmi? Nega ajrashgan, buning qandaydir sababi bor-ku. Oʻsha qandaydir sabab albatta uning dardi boʻlsa kerak. Balki eriga koʻngli boʻlmagandir yoki eri urgandir, yoki boshqa narsa, nima boʻlsayam, bizning juvon azob chekkan. Buni sezardim. Koʻp qiynalgani shundoqqina sezilib turardi. Himoyasiz, suyanchsiz ayolni farqlashdan osoni bormi? Ular yo koʻzingizga tik qarab gapiradi yoki aksincha. Bu uning tanlagan yoʻliga bogʻliq, albatta.

Ha, oʻsha kuni ertalab kelganidayoq uning kayfiyati yaxshi emasligini sezdim. Shuning uchunmi, berilib ishladi. Kun qaytayotgan boʻlsa-da juvon qaytishni oʻylamasdi. Deraza oynasidan gʻira-shira boʻlib borayotgan osmonga qarab-qarab qoʻyardi.
– Nima, bugun uyingizga ketmoqchi emasmisiz? – Aziz betakallufligiga borib juvonga savol berdi. Juvon anoyi emas. Koʻpni koʻrgan ayollarday javob qaytardi:
– Ikki boʻydoq meni biror joyga taklif qilsalaring-chi?
– Boʻpti, biznikiga boramiz. Osh qilib berasiz, oʻtiramiz… - Aziz yana surbetlik qildi.

Taajjub, juvon «yaxshi» deb kulib qoʻya qoldi. Avvaliga bu gaplarga unchalik e’tibor qilmagan boʻlsak-da rostdan ham u qaytishni oʻylamay qoʻydi. Ayolning fe’li gʻalati-da. Yanada berilib ishga kirishdi. Ishxonada uchovimiz va qorovul qoldi.

Aziz nimanidir oʻylab ichi yonayotgandi. Nima qilarini bilmay, u yoqdan bu yoqqa borib kela boshladi. Biroz oldin juvonni uyga taklif qilib qoʻyganidan oʻngʻaysiz ahvolga tushayotgandi. Oʻzi u shunaqa – doim shoshadi. Men ham atay unga qaramadim. Tashqariga chiqib ketdi. Yana qaytib kirdi. Yana chiqib ketdi. Meniyam chaqirdi.
– Nima qilamiz? – coʻradi.
– Oʻzing bilasan, sen taklif qilding, - boʻladigan voqeani oʻylab oldindan terga botdim.
– Ov, asabimga tegma, nima qilamiz, ayt! – sherigim ham nima qilishni bilmayotgandi. – Balki hazil qilgandir, biror tanishinikiga ketsa kerak. Kiraylik-chi, soʻraymiz. Ketmasa, tavakkal, xonaga boraveramiz. Bitta konyak, ozroq kolbasa, mayda-chuyda olsak boʻlar… Choʻntagini ushlab qoʻydi.

Kabinetga kirsak, juvon kompyuterlarni oʻchirayotgan ekan. Biz bilan ketishni xohlamas, deb umid qildik. Fikri oʻzgargandir. Ikki «goʻdak»ni bir qoʻrqitib qoʻyay degandir. Yoʻq, unday emas ekan. «Ketdik, yigitlar» deb bizni oldiga soldi. Yoʻl-yoʻlakay biroz oldin rejalashtirgan narsalarimizni doʻkondan xarid qildik. Juvon yonimizda turgani uchun yana boshqa mayda-chuydalar ham qoʻshildi. Yaxshigina bozorlik boʻldi. Agar bu narsalarni doʻstim ikkimiz mayda chaynasak, biror haftacha yashardik. He… arzimabdimi.

Podezdga kirib zinadan koʻtarilayotganda xonamizning ahvolini koʻz oldimga keltirib, yuragim orqaga tortib ketdi. Qariyb bir necha oydan buyon yuvilmagan idishlar uyulib qolgan. Supurilmaganiga ham haftalar boʻlgan. Esimda, yaqinda bir-ikkita kursdoshlar kelganda uyni supurgandik. Latta-puttalar, koʻrpa-toʻshaklar boshqa jins vakillari koʻzi tushadigan holatda emasdi, albatta. Qoʻpolroq qilib aytganda, uyimizga mogʻor hidi unnab qolganini oʻshanda sezdim. Eng yomoni, bu oʻylarni zinadan koʻtarilgunimizcha oʻyladim. Ilgariroq xayolimga kelsa boʻlmasmidi?

Juvon bizning kulbaga kira solib, burnini jiyirdi. Ochiqdan-ochiq jirkanganini yashirmadi. Avvaliga yarmi uzilib yotgan pardalarga, soʻng chala yigʻilgan koʻrpa-toʻshakka bir-bir qarab chiqdi. Oshxona tomondan kelayotgan noxush hiddan koʻngli agʻdarilgudek boʻldi. Hayronman, xonamizga juvon kirgunicha bunchalik rasvo uyda yashashimiz biror marta boʻlsin sezilmagan ekan.
– Uzr, boʻydoqchilik, aybga buyurmaysiz, - gapni burmoqchi boʻldim. Hozir eslashga qoʻrqadi, kishi. Uni shu ahvolda oʻtirishga taklif qildik.

Juvon bizni uyimizdan chiqarib yubordi. «Bir aylanib kelinglar» dedi. Oshnam bilan koʻcha muyulishidagi doʻkonga qarab yurdik. Koʻchada pista chaqib, oʻzimizcha nimalar qilishimizni oʻyladik. U menga sen boshla dedi, men unga avval sen boshla, dedim. Biror soatcha tashqarida turdik. Negadir uyga kirishga unchalik shoshilmasdik. Juvon bizning xonamizni tartibga keltirishi odatiy holdek, koʻchada aylandik.

Uyga kirganimizda, xonamizni oʻzimiz tanimay qoldik. Juvon shuncha idish-tovoqni qanday yuvib ulgurgani-yu, choʻltoq supurgi bilan xonani chinnidek qilib supurib qoʻyganiga ishonmadik. Oshxonadan ham yoqimli hid kelayotgandi. Osh! Dasturxon ham oʻziga xos bezalgan. Xonani ayol isi tutib ketgan. Fikrimcha, sumkachasidagi atirdan olib sepgan edi. Ochigʻi, uni bunchalik orasta, deb oʻylamagandim. Unga mehrim iyib ketdi. U oʻzini shu uyning bekasidek tuta boshlagandi. Biz esa rostdan ham uning uyiga kelgandek, begonasirab uyga kirdik.
– Yaxshiyam, «xozayn»laring chet elga ketgan ekan, boʻlmasa ikkalangizni ham quvib chiqararmidi? – juvonning biroz oldingi horgʻin, tushkun kayfiyatidan asar ham qolmagandi. – Sal tozalab oʻtirsalaring boʻladi-ku. Endi u oʻzini opamizday tuta boshladi.

Azizni bilmadim-u lekin men uni uyimizga olib kelganimizdan afsus qila boshladim. Aniqrogʻi, uyaldim. Ishqilib, xayolimizdan oʻtgan narsalarni sezib qolmadimikan. U oʻz xonadonida erishmagan bekaligini bizning gʻarib kulbada qilishga intilayotgandi. Bir kungina boʻlsa-da erli uyning erkasi boʻlishni qumsayotgani sezilib turardi. Shunday beozor shoʻxlik qila boshladiki, fikrimcha bu «egri ayol»ning qiligʻiga sira oʻxshamas, aksincha, rafiqaning, jufti-halolning nozini eslatardi. U juda baxtli edi.

Palovxontoʻrani suzib keldi. Oshnam ovqatdan oldin yaxshi ketadi, deb unga konyak quygandi, qat’iy rad javobini oldi. Ichiga shayton suvi kirmagani uchunmi, Aziz oʻzini mendan ham battar oʻngʻaysiz his qila boshladi. Rostdan mehmonda oʻtirganday, gapirmay qoʻydi. Faqat juvon gapirdi, biz eshitdik. Kayfi boʻlmasa-da koʻpchilik baxtsiz ayollar singari dardini aytishga tushib ketdi. Lekin yigʻlab-siqtamadi, shunchaki, birovning taqdirini gapirgandek hissiz gapirib berdi. Noshud eri, orsiz qayinogʻalari, oqibati yoʻq aka-ukalari haqida xiyol jilmayib gapirib soʻzladi. Biz ham bu gaplarga jiddiy qiziqmadik, hissiz tingladik.

Uyimiz bir xona-yu torgina oshxonadan iborat edi. Shunday boʻlsada, biz oshxonaga chiqib yotmoqchi boʻldik. Juvon rozi boʻlmadi. Bitta xonada yotamiz dedi. Oʻziga, menga va Azizga yonma-yon qilib joy soldi. Shaytonni qarang, yana ishini qildi: ichimizga oraladi. Fikrimiz boʻlindi. Chiroqni oʻchirganimizdan soʻng, oshnam biqinimga turtdi. «Qoʻlingni uzat, indamaydi» dedi. Ichim muzlab ketdi. Bir xayolim qoʻlimni uzatsammi, dedim. Qoʻrqdim. «Oʻzing oʻt!» dedim. «Yoʻq, sen boshla» dedi.
– Aynimanglar, qaerda koʻrgansizlar uka opaga yomon koʻz bilan qaraganini? – gaplarimizni eshitib turgan ekan. – Tinch uxlanglar, qani. - Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadik. Hamma gapimizni eshitibdi. Rosa izza boʻldik-da oʻziyam. Uning bu gapidan keyin boshqa narsaga oʻrin qolarmidi?

Shayton xoʻmraydi… xoʻmraydi. Keyin derazadan chiqib ketdi. Nima boʻlsa boʻlar, oʻsha oqibatsiz ukalarining oʻrniga biz uka boʻlsak, nima boʻpti…