OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsomiddin Poʻlatov
Asar nomiKitob oʻgʻrisi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isomiddin Poʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/01/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kitob oʻgʻrisi (hikoya)
Isomiddin Poʻlatov

– Dadasi turing, tomda kimdir yuribdi, – onam dadamni turtdi. – Tirqishdan fonarning yorugʻi tushdi. Turing, erinmang. Oʻgʻri boʻlmasin, tagʻin.

Dadam shoshilmay toʻnini yelkasiga oldi-yu chiqib ketdi. Yoshligimda oʻgʻri haqida eshitsam, oʻtakam yorilardi. Mening tasavvurimga niqob kiygan, bahaybat, qoʻrqinchli nusxa kelverardi. Dadamni oʻldirib qoʻyadi, deb rosa qoʻrqdim. Uygʻoqligimni hech kim sezmadi.

Dahlizning eshigi ochilib, dadam kirib keldi:
– Qochib ketdi. Tepada qoʻlga ilinadigan hech narsa yoʻq. Ertalab koʻramiz. Olsayam, toʻrtta kitobdan boshqa nimani olardi.

Bir narsani oʻylardim. Otam kuchlimi yoki oʻgʻri? Dadam gavdali odam boʻlsa-da, oʻgʻri kuchliroq tuyulardi, nazarimda.

Birozdan soʻng dimogʻimga shirchoyning hidi urildi. «Uygʻonishga» iymanib turgandim, «turing endi, oʻgʻlim» yoʻgʻon ovoz eshitildi. Shunday ohangda aytildiki, uygʻoqligimni bilib turgandek. Men ham anoyi emas, uyqusirab boshimni koʻtardim…
– Tur, Zokirjon, yuzingni yuvib kel, shirchoy ichasan, – dedi oyim.
– Men bilan birga chiqing… – dedim.

Dadam qoʻrqoqligimdan kulib qoʻya qoldi.

Har doimgidek roʻzani tong otguncha tutdim... Ertalab akam bilan choy ichdik. Akam mendan uch yosh katta. U hech nimadan qoʻrqmaydi. Doim tarafimni oladi. Faqat men bilan oʻynashni uncha xush koʻravermaydi.
– Aka, dadam bugun tomda oʻgʻrini qoʻvib, ushlab olay dedilar. Xuddi koʻrganday qilib aytganim uchunmi, akam chippa-chin ishondi. Ikkalamiz bugun yana oʻgʻri kelsa, uni ushlaydigan boʻldik. Akam kuni bilan tuzoq tayyorladi. Sichqon tutadigan qopqonni qaerga qoʻyishni bilmay, ovoramiz chiqdi. Axiyri, kitob toʻla ikkita yashikning yaqiniga qoʻydik. Chunki u yerda boshqa arzigulik narsa yoʻq edi-da. Kun botmay, hayajonga tusha boshladim. Qopqon oʻgʻrining oyogʻidan tutsa, sichqonga oʻxshab ogʻzidan qon kelishini tasavvur qilardim. Iftorlik vaqti boʻldi.
– Dada oʻgʻri oʻlib qolsa, qaerga koʻmamiz? – deb, soʻradim dadamdan.
– Qopqoningizga tushsa, uni qoʻlga urgatib olamiz. U oʻlmaydi, – dedilar.

Akam bilan ikki kun oʻgʻrini kutdik. Kelmadi.

Yarim kechasi uygʻonib ketdim. Eshik ochilib, kimdir tashqariga kitob bilan chiqib ketdi. Shovqinni eshitib hammamiz hovliga chiqdik. Akamning ortidan qolmay, men ham narvonga yopishdim. Tomning bir tomoni yopiq boʻlgani uchun dadam oʻgʻrini tutib olgandi. Biz esa oldindan tayyorlab qoʻygan kaltakni olib, yordamga bordik.

Dadam oʻgʻriga fonarni tutdi. Men uni tanidim! Bizdan ikkita hovli narida turadigan Ma’mura garangning akasi. Men Ma’mura bilan maktabda oʻqiyman. Birga oʻynardik. Doim «mening akam olim», deb maqtanardi. Endi koʻrsam, «akang oʻgʻri» deyman.
– Ha, Qodirboy, tinchlikmi? – dadam qandaydir yumshoqlik bilan soʻradi.
– …
– Nima gap, gapiraver, tortinma. Yanada yumshoqroq gapirdilar. Koʻrgan odam oʻgʻriga emas, oʻgʻliga gapirayapti, deb oʻylardi.
– Rustam aka… manavi kitoblar kerak edi. Anchadan beri kitoblaringizni olaman. Lekin oʻlay agar oʻqiganlarimning hammasini qaytarib kelardim. Ikki kun oldin ham olgandim, mana, qaytarib keldim, – deb kitob toʻla yashikning yonidagi uch-toʻrtta kitobga ishora qildi. Dadam uni diqqat bilan tinglarkan, yaqinroq borib, qoʻlidagi asarlarni qoʻliga oldi.
– Chexovni oʻqiyapsanmi? Yaxshi yozadi, – deb qoʻlidagini kattaroq yashikning ustiga tashladi. Qodir aka biroz qizarinib, tasdiq ma’nosida boshini qimirlatdi.
– Yashikni ol!
– …
– Koʻtarib ketolsang, hammasi seniki. Agar tomdan tushguncha, pastga qoʻysang, otangni oldiga boraman… – dedi dadam jiddiy qiyofada.

Qodir akaning koʻzlari yonib ketdi. Dadam «otangni oldiga boraman» degani uchun qoʻrqib ketdi, shekilli... U men oʻylagan oʻgʻrining yarmicha ham kelmasdi. Qiltiriq. Novcharoq odam. Yashikni koʻtarayotganda beli sinib ketadi, deb oʻyladim. Bu voqea ayniqsa, men uchun tekin tomosha boʻlayotgandi. Lekin Qodir aka kutilmaganda yashikni dast koʻtarib oldi-da, qoʻshni cherdakka oʻtib ketdi. Dadam uning chalkashib borayotgan oyoqlariga shunday bir nigoh bilan qaradi-ki…

Alamdan yigʻlab yuborishimga sal qoldi. Chunki dadam oʻgʻrini qoʻyib yuborgandi-da!
– Oʻgʻrini qoʻyib yubordilar, – pastda xavotir olib turgan onamga toʻngʻilladim. Gapimni eshitib turgan dadam menga bir ola qarash qilgandi, qaytib ogʻzimni ochmadim.
– Nima gap, dadasi? Kim ekan u?

Dadam biroz xayolga berilib, koʻrpachaga choʻkdilar.
– Qodir. Hamdam akaning oʻgʻli. Kitob jinnisi ekan. Bir yashik kitobni berib yubordim, endi bezovta qilmaydi, deb kulib qoʻydilar. Hammamiz yotdik. Lekin mening uyqum kelmadi. Saharlikkacha ozgina vaqt qolgani uchun onam oʻchoq boshiga ketdi.
– Zokirjon, Qodir akangiz oʻgʻri emas. Oʻgʻil bola chaqimchilik qilib, bunaqa gaplarni hammaga aytib yurmaydi, tushundingizmi?

Dadamni oʻsha soʻzlarini tushunganimga oʻn toʻrt yil boʻldi. Yaqinda qishloqqa bordim. Ertalab onam uygʻotdi.
– Dadang ta’ziyaga chiqib ketdi. Tur, senam mana bularni kiyib, Ma’muralarnikiga oʻt-da, xizmat qil, – dedi oyim. Yonimga bir toʻn bilan qalpoqni tashladi. Kim qazo qilganiga tushunmay, onamga savol nazari bilan qaradim.
– Qodir malim oʻtibdi. Yuragi kasal ekan, shifoxonadan qaytaribdi deyishuvdi, oqshom uzilibdi.

Qodir akani yoshi oʻttiz uchda edi. Oʻsha tomda kitob olayotganda tutib olgan yilimiz maktabni tugatib, oʻqishga kirgandi. Keyinchalik qishlogʻimizga kelib, til-adabiyotdan dars bera boshlagandi. Kasalmand ekanini eshitgandim-u hali oʻlishiga ishongim kelmasdi.

Ta’ziyada odamlar marhumni yaxshi gaplar bilan eslashdi. Qodir akani chiqarib kelganimizdan soʻng, uch-toʻrtta keksalar bilan hovli chetidagi chorpoyada oʻtirdim.
– Hamdamning uli oʻladigan yigitlardan emasdi. Bunga koʻz tegdi. Eshitishimcha, maktab bolalarining hammasi Qodir malimning sinfiga oʻtamiz, deb janjal qilisharkan, – deb Rahim bobo sovib qolgan choyini hoʻpladi.
– Kasalxonadayam oxirgi safar bir hafta yotipti. Haftada oʻnta kitob oʻqib chiqipti. Jiyan yomon koʻp oʻqisiydi, – deb koʻziga yosh oldi Nasim amaki.

Ochigʻi, bu gaplarning rost yoki yolgʻon ekanidan xabarim yoʻq.

Negadir xayolimdan, pochasi shimarilgan, ozgʻin oyoqlari qaltirab, gavdasi u yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan Qodir akaning qiyofasi ketmasdi…