OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIsomiddin Poʻlatov
Asar nomiYoʻl (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Isomiddin Poʻlatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/01/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻl (hikoya)
Isomiddin Poʻlatov

Xizmat safari bilan poytaxtga borishga toʻgʻri kelib qoldi. Oʻzimga kerakli narsalarni oldim-u uch kunlik safarga otlandim. Manzilga tezroq yetib boraman, degan niyatda yengil mashinada ketmoqchi boʻldim. Chunki, «Neksiya»ni shamoldek yeldiradigan yigitlar kam emas-da. Koʻz ochib yumguncha Toshkentda boʻlasiz. Xudo asrasa boʻlgani…

«Neksiya»ning old oʻrindigʻi, haydovchining yonida men tengi yigit, orqada toʻlaroq ayol va oʻrtamizda koʻhlikkina qiz yoʻlga tushdik.

Bir odatim bor, yangi joyga kirib borsam, avval oʻsha yerdagilarning yuz qiyofasini eslab qolishga harakat qilaman. Shundagina harakatlanishim, oʻzimni tutishim qulay boʻladi. Muomala ham tezda qovishadi. Qolaversa, ham suhbatdoshlar sanoqli, ham tiqilinch joyda, masalan, yengil mashinada boʻlsangiz, zerikmay ketish uchun albatta, oʻzingizga sherik topishingiz kerak. Eng qizigʻi, koʻpchilik bunday suhbatdoshdan ma’nan manfaatdor.

Ammo bu safarim, yoʻlga ketadigan ikki-uch soatlik vaqt koʻngildagidek oʻtishiga shubham bor edi. Chunki, men bilan gap sotishi mumkin boʻlgan birgina yoʻlovchi, anavi – oldingi oʻrindiqda oʻtirib olgan, koʻrinishidan mahmadona yigit boʻlsa, u bilan gaplashib ketish noqulay. Ortga egilaverib, asabga tegishi mumkin. Undan koʻpam bama’ni fikr chiqishiga umid yoʻq. Koʻzi koʻp olma terar ekan. Ozgina fursat ichida bir necha bor ortga qarab-qarab oldi. Haydovchini esa koʻrinishidanoq faqat pul qiziqtirishi bilinib turibdi. Unaqalar odatda, sizni mashinasiga mindirgan boʻlsayam, narxni kelishib qoʻygan boʻlsangiz ham hayotdan nolishni biladi. Goʻyoki u yashashdan nolisa, siz unga koʻproq pul beradigandek. Lekin aksariyat holda ular maqsadiga yetishadi. Chunki, mashinadan tushayotganda, pulni toʻliq bermaslikka iymanasiz. Bir soʻz bilan aytganda, bu toifada ham ma’ni qahat. Qizning yonidagi toʻla ayol kasalmand shekilli, chuqur-chuqur nafas olib, oʻzini behuzur sezayapti. Shuning oʻziyoq undan yoqimli suhbatdosh chiqmasligiga asos boʻla oladi. Bunga uning oʻzida ham toqat yoʻq. Ammo qiz esa… bu boshqa masala!

U yoqimtoygina qiz edi. Buni uning yoniga kelib oʻtirganim hamono sezgandim. Chorak soat davomida ayolga qarash bahonasida qizni ham kuzatdim. Yoshi yigirmalardan oshgan, sochlari qop-qora, yelkasidan biroz pastroqqa tushib turibdi, koʻzlari, lablari biroz tabassumga moyil, oppoq yuzi esa goʻdaklarnikidek, gʻuborsiz, qaymoq rang koftasining yoqalari birozgina ochilgan edi. Uning yubkasi esa yuqoridagi mumtozlikni buzib turardi. Chunki, yubka tizzadan teparoqda ekan. Jin ursin! Mana shu uslubda – oddiy va ochiq kiyingan qizlar oʻziga juda yuqori baho berishadi. Ular juda rasmiy boʻladi. Demak, suhbatingiz ham quruq kechadi. Undan ham yomoni, koʻpchilik qizlarga nisbatan aqlliroq boʻlishadi. Yaxshisi, safar davomida ogʻzimga talqon solib, koʻzimni yumib ketaveraman. Ishoning, men shunga qaror qildim. Hatto xayolga berilgan kishi qiyofasida, derazadan atrofni tomosha qilib keta boshladim.

Samarqand hududidan chiqdik. Ochigʻi, bu vaqt davomida zerikib ketdim. Odatda, soatlab hech kim bilan suhbatlashmasligim ham mumkin. Buni koʻp bora sinaganman. Hatto tinchlik, sokinlik menga huzur bagʻishlagan vaqtlaram boʻlgan. Axir shovqinli XXI asr har doim ham kishiga yoqavermaydi-da.
– Toshkentgami? - oʻzim ham kutmagan holatda qizga gapirib yubordim. Shunaqayam beoʻxshov savol boʻladimi? Xoʻp, suhbatlashish niyating bor ekan, yarim soat ilgari gapirsang boʻlardi-ku. Nega jim kelding? Qiz ham ichida kulib qoʻygandir, «Sabring shunchaga yetdimi?» deb.
– Ha, Toshkentga, oʻzingizammi? - qiz ham kutilmaganda yaxshi javob qaytardi. Hatto menga xayrixohday tuyuldi. «Oʻzingizammi» deb soʻradi-da u. Demak, aqlli qizlar bilan ham aqlsiz narsalar haqida bemalol gaplashib ketaverish mumkin ekan.
– Oʻqiysizmi, ishlaysizmi? – endi dadil soʻradim.
– Oʻqishni tamomlaganman, – dedi qiz. Oʻqishni tugatgan boʻlsa, men oʻylaganimchalik yosh ham emas ekan.

Qiz oʻzini noqulay seza boshladi. Yubkasining etagini pastga torta boshladi. Lekin har qancha urinmasin, tizzasini yopmayotgandi. Yuzlari qizardi. Duduqlanib-duduqlanib gapira boshladi. Rostdan ham farosatli qiz ekan. Biroz oldin lozim boʻlmagan joyga – uning tizzasiga beixtiyor koʻzim tushgandi. Sezdi shekilli, nomus qildi. Axir boʻlishi mumkin-ku, gohida hatto erkaklar ham oʻziga yarashmagan kiyimni koʻchaga kiyib chiqqandagina sezib qoladi. Afsuski, vaqt oʻtgan boʻladi. Kiyimingizni alishtirishning iloji boʻlmaydi. Balki bu qizdayam shunday vaziyat boʻlib qolgandir. Uyalayotgani bejiz boʻlmasa kerak, albatta.

Yelib borayotgan mashinaning yarim ochiq derazasidan kirgan shamol qizning sochlarini toʻzgʻita boshladi. Sochlar menga kelib urilganda, uning ifori yaqqol dimogʻimga kelib urdi. Chetdagi ayol qizni tobora siqib qoʻyayotgan shekilli, sohibjamol tobora menga surilib kelardi. Garchi bu holatdan u xijolat tortayotganini sezsam-da, bildirmadim. Oʻzimni samimiy tutishga intildim.

Qiz bilan suhbatimiz samimiy odamlar haqida borardi. U samimiy, tanti, ochiqkoʻngil, tezda chiqishib ketadigan kishilarni yaxshi koʻrar ekan. Birov bilan doʻstlashayotganda mana shu jihatlarga e’tibor berishini aytdi. Qiziq, men shu qiz bilan buncha bemalol suhbatlashaman, deb oʻylamagandim. Qiz ba’zi soxta, anqov odamlar ustidan shunchalik kulardiki, bu holatni siz ham koʻrsam, deysiz. Rostdan-da begʻubor kulgu!

Odatda men adabiyot mavzusida yaxshi suhbatlashaman. Falsafa, tarix, psixologiya ham yoqadi. Meni yanada hayratga solgani, qiz istalgan mavzudan xabardor ekan. U hatto men oʻqimagan kitoblarni ham sanab oʻtdi. Psixologiya haqidagi qarashlarini adabiyot bilan bogʻlaganda koʻplab obrazlar ruhiyatini tahlil qilganiga guvoh boʻldim. Ba’zi tanishlarim Lermontov, Pushkin hikoyalarini almisoqdan qolgan, soxta obrazlar deyishardi. Men esa aksincha, Pushkinning Dubrovskiysini, Lermontovning Pechorinini qattiq hurmat qilardim. Hatto ularga oʻxshagim kelardi. Tasodifni qarangki, qizga ham oʻshanday mard yigitlar yoqar ekan.

Sohibjamol mana shu gaplarni aytganda, oldingi oʻrindiqdagi mahmadona orqaga oʻgirilib qaradi. Uning basharasiga ilgariroq nega e’tibor bermadim ekan, juda ma’nosiz edi. Iljayib qoʻydi. U menga yoqmagan boʻlsa-da, men ham tirjaydim. Taomil shunaqa. Nomard, qizgayam suqlanib qaradi. Bu bilan «men Pechorin» demoqchi boʻldimi, oʻzicha. «Toshingni ter, sohibjamol men bilan gaplashib ketayapti, demak, uloq menda», dedim ichimda. Qaytanga haydovchi tushungan odam ekan, jimgina ketayapti. Ayol esa yanada kengroq joyni olib, uyquni urayapti.

Toshkentga kirib keldik. Markaziy koʻchalardan oʻtib borayapmiz. Biror soatda qorongʻi tushadi. Mashinadan tushishimizda telefonini soʻrasam, qanday boʻlarkan? Notoʻgʻri tushunmasa boʻldi. Nega notoʻgʻri tushunsin? Mening muomalamni yoqtirgani uchun suhbatlashib keldi-ku. Samimiyligimga ishonmasa, gapirmasdi-da. Bugun mehmonxonaga joylashsam, ertalarga telefon qilib, biror joyga taklif qilaman. Suhbatlashib oʻtiramiz. Yaxshi qiz ekan.
– Hozir nima qilasiz? – dabdurustdan oldingi oʻrindiqdagi sovuq bashara mendan soʻrab qoldi.
– Hech narsa… mehmonxonaga boraman, – dovdirab javob berdim.
– Aniqmi? – koʻzini loʻq qildi. Nima, bu meni ahmoq qilayaptimi? Yoki biror qallobmikan?
– Ha, aniq! – qoʻrslik bilan javob berdim.
– Siz nima qilmoqchisiz? – tomdan tarasha tushganday qizdan soʻradi. Koʻnglim bir noxush narsani sezganday boʻldi. Badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
– Hech narsa, – qiz ham dangal javob berdi.
– Sizni birorta kafega taklif qilsam, borasizmi, maza qilib oʻtiramiz.
– Gap yoʻq!

Qiz shu gapni aytganda, «Neksiya» manzilga yetib kelgandi. Rostdan ham bir zumda yetib keldi. Qiz bilan yigit samimiy suhbatlashib ketishardi. Mening esa boshim qizib borardi.