OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Istam Hamroev. Tazarru (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIstam Hamroev
Asar nomiTazarru (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Istam Hamroev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm76KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tazarru (qissa)
Istam Hamroev

Marhum Gʻafforqulning toʻrt yildan beri Toshkentda oʻqiyotgan oʻgʻli Akmal katta bir tanlovda gʻolib chiqib, Angliyada magistraturada bepul oʻqish yoʻllanmasini qoʻlga kiritibdi. Oʻqishga borishi hali gumon, chunki oʻqish bepul boʻlgani bilan uch-toʻrt kun ichida yoʻlkira va boshqa ancha-muncha xarajatlar uchun naqd besh-olti ming dollar kerak, ekan.

Gʻafforqul yetti-sakkiz yil burun oʻpkasi shamollab vafot etgach, uning roʻzgʻori tashvishlari ham akasining boʻyniga tushgandi. Usta Jabbor xotini Gavhar bilan birgalikda kelini va jiyanlarini qanoti ostiga oldi, hammalari bir qozondan ovqat yeyishar, qoʻllaridan kelgunicha jiyanlarini ham oyoqqa turishlari uchun harakat qilishardi. Jiyanlarining kattasi qiz, uni ikki yilcha avval oʻrab-chirmab uzatishgandi. Akmal ham toʻrt yil avval Toshkentga oʻqishga kirgandi. Mana tanlovga hujjat topshirgan ekan, chet elga yoʻllanmani qoʻlga kiritibdi. Oʻzlarining bolalari ham birin-ketin boʻylari yetib, ularni ham oʻqitish,toʻy-imorat tashvishlaridan chiqmayotgan Jabborqul uchun jiyanini chet elga joʻnatish anchagina jiddiy muammo edi. Toʻgʻri, katta oʻgʻli Zarif qanoti ostiga kirib, oʻzi bilan yurib, yosh boʻlsa ham elga tuzukkina usta deb tanilib qolgan, lekin baribir katta roʻzgʻorning xarajatlari ham shunga yarasha edi.

Akmal Angliyaga bora olishiga unchalik ishonmagan boʻlsa ham, uydagilarini shunchalik xabardor qilish uchun kelgan, lekin bora olmayman deb uzib ham kelmagan edi. Shunday boʻlsa ham usta Jabbor Akmalni oʻqishga yuborishga qaror qildi. Otasi hayot boʻlganda albatta yuborgan boʻlardi, bolaning koʻngli oʻksimasin, bitirib kelsa, koʻplashib yana imorat qilarmiz, deb Gavhar bilan gapni bir joyga qoʻyib, necha yillar davomida ne-ne orzu-havaslar ogʻushida oʻz oʻgʻillari Zarifga atab qurilgan yangi hovli-joylarini sotishga kelishishdi.

Ikrom Chavandoz bu yangilikni eshitdiyu, yuragiga gʻulgʻula tushdi. Gavharning oldidagi gunohkorlik hissi uning bagʻrini oʻrtagandan oʻrtab borar, bu gʻashlik undan qanday qilib xalos boʻlish oʻyi tinchlik bermas edi. Chavandoz kechasi bilan toʻlgʻanib chiqdi, tonggacha butun umrini koʻz oldidan bir-bir oʻtkazdi. Yodiga olgan qanchadan-qancha xato va beboshliklari uning dardini yanada oshirdi. Ayniqsa, Gavharning oldidagi gunohlarini eslaganda oltmish besh yoshlik Chavandoz koʻz yoshlarini tiya olmadi.

Xudo ungayam loaqal bittagina tirnoqni ravo koʻrganida, ehtimol shuncha gunohlarining oʻndan birini, loaqal yarmini qilmagan boʻlarmidi...

Oilada bir etak – oʻn bir farzandning ichida farzandlarning toʻrtinchisi, uch opasidan keyin oʻgʻlilarning toʻngʻichi boʻlgan Ikrom yoshligidanoq juda tinib-tinchimas, shoʻx va bebosh edi. Yuzi oq-sariqqa moyil, oʻrta boʻyi qotmagina, hamma tomondan onasiga oʻxshab ketardi. Harbiyga ketguncha u bir toʻda tengqurlarini yigʻib olib, velosipedda uzoq qishloqlarga kino koʻrgani yoki toʻyga borishar, aksar borgan joylaridan mushtlashib qaytishar edi. Mushtlashishdan huzur qilar, ba’zan oʻzi koʻproq musht yeb kelsa ham xafa boʻlmas, lekin shunga qaramasdan koʻnglida kir saqlamas, bugun mushtlashgan bolalar bilan keyin yana apoq-chapoq boʻlib, doʻstlashib ketaverar edi. Keyin toʻrt yil Qora dengiz flotida xizmat qildi. Odessada xizmati tugashiga bir yil qolganida oʻsha yerlik Olesya ismli bir ukrain qizini yoqtirib, unga uylanib ham oldi. Xizmati tugagach, besoʻroq-bemaslahat qilgan ishidan uydagilari, ayniqsa onasi, qishloqning «Bozorgul kelini» norozi boʻlishidan choʻchib, bir-ikki yil Odessada qolib ketdi. Oʻrtada farzand yoʻq edi, keyin arzimagan bir sabab bilan xotinini rashk qilib, Olesyani qon qaqshatib, yigʻlatib tashlab qishlogʻiga qaytib keldi. Uning bir ish qildimi, toʻgʻri yoki notoʻgʻriligidan qat’iy nazar, aytganidan qaytmaydigan odati bor edi. Olesyaning oldiga kelishiga izn soʻrab, yigʻlab-yigʻlab yozgan xatlariga javob ham bermadi. Betoʻxtov xatlardan oʻgʻlining uylanganligini bilib qolgan onasi Bozorgul oʻgʻlim mabodo oʻsha tomonda bolalik ham boʻlib qolmaganmikan, degan xavotirli oʻyda avvaliga uni oʻz holiga qoʻydi. Lekin biror yildan keyin uning bolasi boʻlmaganligiga, oʻgʻli oʻsha tomonlik xotinini olib kelish niyati yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, yana avvalgidek shoʻx-beboshligi qolmagan, haliyam yerga ursa osmonga sapchiydigan oʻgʻlini hovuridan tushirib, boshini bogʻlab jilovlash uchun uni uylantirish harakatiga tushib qoldi. Qaytib kelishiga oʻzi rozi boʻlmagan boʻlsa ham, Olesyaning koʻrkam chehrasi, xushbichim qaddi-qomati, qaynoq mehr-muhabbatini unuta olmagan Ikrom onasini ikki-uch yil ovora qildi.

U kolxozning chorvachilik fermasida ishlar, tanish-bilish, qoʻni-qoʻshni, qavmu qarindoshlar hashargami, toʻygami yoki boshqa xizmatga aytib qolishsa bormay qolmas, har qanday ogʻir ishni beminnat, oʻzi birpasda ishtiyoq bilan uddalardi. Fermada ikki yuz-uch yuz qoramoldan tashqari saksonga yaqin ot ham boʻlib, Ikrom otlarga ham qarardi va shu sababli otga mehr qoʻyib qoldi. Uning otga mehri shunchalikka bordiki, hatto ishga ham otda borib keladigan boʻldi, oʻn-oʻn besh yil oʻtib peshonasiga mashina bitganda ham mashinaga qiziqmay, uni inilariga berib qoʻydi, qishin-yozin ot minib yurganligi uchun ismiga «Chavandoz» laqabini qoʻshib «Ikrom Chavandoz», bora-bora esa shunchaki « Chavandoz» deb ataydigan boʻlishdi. Otga ishqibozligidan uloq chopadigan boʻldi, bir-ikki yilda manaman degan uloqchilarni ham dogʻda qoldiradigan boʻlib, ashaddiy uloqchiga aylandi, dovrugʻi uzoq-uzoqlarga taraldi. Keyinchalik yoshi bir joylarga borganda ham shaklu shamoyilini oʻzgartirmagan chapanicha moʻylov qoʻyib olgan, yigirma yetti-yigirma sakkizga kirgan, elning nazarida hali boʻydoq Chavandoz hammaning, ayniqsa qishloq qizlarining ogʻzidan tushmas edi. Xuddi ana shu kezlar u Gavharni uchratib qoldi.

Gavhar qishloqning old qizlaridan boʻlib, darvozasining turumini ayni sovchilar buzadigan – oʻn sakkiz yoshda edi. U juda chiroyli, orasta, qoʻl-oyogʻi chaqqonligi sabab ne-ne xonadon sovchilari uning eshigiga tanda qoʻyib olishgan edi. Ogʻir-bosiq, boshqa qaqajon qizlarday koʻp gapirmas, kulsa ham sharaqlab kulmas, bosiqqina, iboli nim kulgisi uni yanayam chiroyli koʻrsatar edi. Otasi hech qaysi bir uyning sovchilarini hatto umidvor ham qilmasdan qaytarar, uning xaridorlarining soni esa oshgandan oshib borar edi. Chavandoz Gavharni bir kuni toʻyda yaqindan koʻrib qoldi. Yurak yutdi. Paxta terimi mahali Gavharni kuzatib, u yolgʻiz qolgan mahal oldiga bordi:
– Horma, Gavhar, – dedi.

Qiz oʻgirilib qaradi.
– Bor boʻling, – dedi astagina, yana terimga chogʻlanarkan.
– Uyingga sovchi yuboraman, menga tegasanmi, Gavhar?

Qizning yuzi duv qizardi.
– Otam sizni bebosh bola deydi, sizga bermaydi, – dedi yana paxta terishda davom etib.

Ikrom uning keskin «yoʻq» deb aytmaganligidan qizning ham oʻziga befarq emasligini sezdi.
– Seni olib qochaman, men bilan ketasanmi?
– Aytibsiz-da, bizning zotda hali hech kim qochib ketib erga tegmagan.
– Sen birinchi boʻlasan.

Gavhar ishidan toʻxtab qoshini chimirib, unga yer ostidan qaradi.
– Voy, manovi kishini, qaysi gunohi uchun otamni pichoqsiz soʻyib ketaman, keyin qanday qilib elda bosh koʻtarib yuradi. Boring, yoʻlingizdan qolmang, odamlar ikkimizni koʻrsa nima deb oʻylaydi.

Doimo Burqut urugʻining shevasida «Joʻq, juzumdi juvib je» deb gapiradigan, tutgan joyidan kesadigan Bozorgul avlodining tozaligiga nihoyatda e’tibor berar edi. U faqat yaxshi xonadonlarga qiz berib-kelin olar, quda boʻlmishlarining avlodlarini uzoq vaqt yaxshilab surishtirar, ayniqsa qizlariga xaridor boʻlgan tomon didiga oʻtirmasa choʻzib oʻtirmasdan darhol uzib yuborar edi. Yoshi ulgʻayib, navbat nevara-evaralarga kelganda ham oʻgʻillari tugul, hatto chiqarib yuborgan qizlarining xonadonlarida ham qiz oldi-bergi ishlari faqat uning ixtiyorida boʻlardi. Ogʻir-vazmin, kamgap, qishin-yozin mudom ketmoni yelkasida, birga kechirgan umrlari davomida oʻn bir bolaning otasi boʻlgan, yetti oʻgʻlini ham doimo qavatiga olib, oʻzidek mehnatkash qilib oʻstirgan – eri Mardon xotinining bu ishlariga aralashmasdi. Xotinining shu fe’li uchun ularning qizlariga uncha-munchalarning xaridor boʻlib kelishga yuragi betlamas, lekin shu bilan birga bu xonadonga quda boʻlish ham yurtda nihoyatda sharafli, obroʻ-e’tiborli hisoblanardi.

Onasi nihoyat oʻgʻlining uylanishga rozilik berganligidan, uning qishloqning eng yaxshi qiziga ishqi tushib qolganligidan xursand boʻldi. Gavharning otasi Ikromning sovchilarini bir necha marta rad javobini berib qaytardi. Onasi esa Gavharning ostonasiga yotib oldi. Oxir-oqibat qiz tomon koʻndi. Bozorgul qizni kelin qilib olib keldi.

Gavharga uylangan Ikrom uni faqatgina oʻz tabiatiga xos, alohida ehtiros bilan sevdi, xotini uning uchun yagona, goʻyoki husnu latofatda unga teng keladigan boshqa ayol dunyoda yoʻq edi. U yetti qavat osmonlarda uchib yurgandek bir necha yil huzur-halovatda, gʻam-tashvish nimaligini bilmay yashadi. Bir paytlar u Olesyani ham xuddi shunday sevgan edi. Ikromning faqat kitoblarda yoki kinolardagiga oʻxshash bunday begʻubor, ehtirosli sevgisini unutolmagan Olesya bejiz ikki-uch yil koʻzda yosh bilan uning oldiga borishga izn soʻrab, iltijoli xatlar yozmagan edi. Gavharga uylangach endi u Olesyani deyarli unutib yubordi, ahyon-ahyonda Olesya esiga tushib qolganda ham uning haqidagi xotiralari Gavharni uchratgunicha boʻlganidek yuragini entiktirmasdi. Bozorgul ena ham shu keliniga boshqacha mehr qoʻydi, zotan Gavharning roʻzgʻor tutishi, husni-malohati, hayo-ibosi shunga loyiq edi. Ikrom pulning ketidan quvmas, pulning oʻzi uni quvib yurar edi. Ishlab charchamasligi, doimo joʻshib turadigan kuch-gʻayrati tufayli u qoʻli boʻsh boʻldi deguncha bir nechta sheriklari bilan paxsaga chiqar, yaxshigina bel otar, boshqalar bitta imorat tiklashguncha, uning toʻdasi ikkita-uchta imoratni qoʻldan chiqarishardi. Buning ustiga uning ogʻilxonasida katta-kichik moli koʻp boʻlar, tomorqasini ham guldek qilib qoʻyar, koʻpkarilardan ba’zida televizormi, gilammi yoki boshqa biror-bir qimmatbaho solim ham olib kelib turardi.

Gavhar erining topgan-tutganini sarishta qilib qoʻyar, qoʻlida shuncha koʻp pul boʻlsa ham ba’zi bir boshqa ayollarga oʻxshab latta-putta yoki tillaga oʻch emasdi. Faqat Chavandozning onasigina yaxshi koʻrgan keliniga oʻzi yoki Ikromga tayinlab yaxshi kiyimlikmi, tilla taqinchoqmi oldirar, Gavhar oʻsha kiyim yoki taqinchoqlarni ham toʻy-yigʻimlarga faqat qaynonasining qistovi bilangina iymanib kiyar yoki taqardi. Odatda bolalari, kelinlariga qattiqqoʻl, maqtovga hasisroq Bozorgul ena uni maqtashdan charchamas, qaerga borsa oʻzi bilan Gavharni olib yurar, hatto ba’zi bir oilaviy ishlarini ham shu kelini bilan bamaslahat qilar edi. Kelinining maslahatlari ham doimo joʻyali boʻlar, kamsuqumligi va oʻrinli maslahatlari bilan u oʻzi bilmasdan qaynonasining oʻziga e’tiborini oshirar, yanada suydirar edi. Gavharning epliligi sabab, Chavandoz ikki-uch yil ichida alohida yer olib, dangʻillama uy solib koʻchib chiqdi, avvaldan aroqni juda yaxshi koʻradigan Chavandoz ichishni butkul tashlamasa ham, chegaradan chiqmay ichadigan boʻldi.

Tabiatan xushchaqchaq, davralarni yaxshi koʻradigan va oʻzi ham el e’tiboriga tushib qolgan Chavandoz yosh xotini bilan bir necha yil qanday oʻtganini ham bilmadi. Ularning oʻrtalarida farzand boʻlmadi, bundan Gavhar va Bozorgul ena tashvishga tushib qolishdi. Qaynona-kelin har ikkisi ham tashvishda ekanliklarini avvaliga bir-birlariga bildirishmadi, lekin keyinchalik sabri chidamagan Bozorgul ena oʻzi kelinini yetaklab ikki-uchta ayollar mutaxassislariga olib bordi. Shifokorlar Gavharni yaxshilab tekshirishgandan keyin, erini ham tekshirtirishlarini maslahat berishdi. Bozorgul ena bu gapni oʻgʻliga aytganida u onasining gaplariga parvo ham qilmadi.
– Men soppa-sogʻman, – dedi-yu, onasining hay-haylashiga ham qaramay uydan chiqib ketdi.

Bozorgulning keyingi urinishlaridan ham naf chiqmadi, oʻgʻli yana oʻjarlik qilib gapga kirmas, haqiqatdan ham oʻzidek kuchli, sogʻlom erkakdan bola boʻlmasligi mumkin emas deb oʻylar edi. Shundan keyin Chavandoz xotinining unga bildirmasdan kechalari ba’zida yigʻlab chiqishini sezib qoldi, u ham qaynonasining gaplarini eriga qanday qilib aytishni bilmas, istihola qilar, bundan esa badtar qiynalar edi. Chavandoz xotinining koʻz yoshlarini koʻrsa ham koʻrmaslikka oldi.

Shundan keyin u goh-gohida oʻziga «Nima uchun oʻrtamizda farzand boʻlmayapti?» deb savol berar, lekin yana tabiatiga xos qaysarlik bilan «ayb menda emas» degan xulosaga kelar edi. Asta-sekin ularning baxtli hayotlaridan putur keta boshladi.
– Menga qarang, – dedi Gavhar, – oʻzimizni bir tekshirtiraylik.
– Senam enamga oʻxshab ezma boʻp qopsan, koʻp boshimni qotirma, – jerkib berdi Chavandoz.
– Agar bu yaqin-atrofda tekshirtirsak gap-soʻz boʻlishidan choʻchiyotgan boʻlsangiz, tomoshaga borgan boʻlib, Toshkentda tekshirtirib kelaylik, u yoqda yaxshi doʻxtirlar koʻp emish, – dedi Gavhar erining jerkib berganiga ham qaramay.
– Ana pul qoʻlingda, enam bilan borib tekshirtirib kelaver.
– Xudo xayringizni bersin, Toshkent katta shahar boʻlsa, siz dunyo kezgan odamsiz, oʻzingiz oboring, ayamniyam olamiz...

Ayollarning mashmashalari, ayniqsa enasining qistovlari uni bezitdi, uydan janjal arimay qoldi, shu tariqa u bora-bora Gavhardan soviy boshladi, lekin shifokorlarga borib, oʻzini ham loaqal biror marta tekshirtirishni xayoliga ham keltirmadi. Fikr-mulohazadan koʻra koʻproq koʻnglining koʻchasiga qarab ish qiladigan Chavandoz bora-bora avval jonidan ham ortiq koʻrgan xotinini hatto yomon koʻrib ham qoldi, bu ishi ham uning joʻshqin, asov tabiatiga xos edi, turmush qurishganiga sakkiz yildan oshgach, uning oʻn yetti yoshli Oliyaga ishqi tushib qolib, Gavharning javobini berdi.

Oliya – bir umr kolxozda suvchi boʻlib ishlab kelgan Ochilning qizi edi. Uning xotini Muqaddam yoshligida bir necha marotaba erga tegib, uzoq-uzoqlarga ham yengiltakligi bilan nom taratgan, oxiri akalari tinib-tinchimagan singillarini jilovlab, merovroqligi sababli yoshi oʻttizdan oshganda ham hech kim qiz bermagan shu Ochilga uzatishgandi. Yoshi ellikka yetib qolganda ham Muqaddamning qishloqda hali u, hali bu erkak bilan gapi chuvalib turardi. Ularning toʻrt qizlari boʻlib, Halima, Salima va Olimalar turmushga chiqqan, Oliya – oilaning kenja qizi edi. Qizlarning hammasi husnda shu yoshga kirib ham yoshlik tarovatini yoʻqotmagan onasi Muqaddamga tortishgan, biri-biridan chiroyli, ayniqsa Oliya opalarining ichida judayam boshqacha edi. Yengiltaklikda onasiga tortgan Halima va Salimaning ham boshlari janjaldan chiqmas, Halimaning turmushi buzilib, ikkinchi eri bilan turardi. Faqat Olimagina onasi va opalarining ishlaridan nomus qilib yurar, ularning navbatdagi gaplari chiqqanida borib hammalarini itning oldidan oʻtkazib, urishib-soʻkib kelar, opalariga qoʻshib xotinlarini eplay olishmagan pochchalari yoki otasini ham koyib kelardi. Lekin u oʻz oilasidan hammavaqt ham ortib ulardan xabardor boʻlolmas, shuning uchun opalari yoki onasi bir muddat tinch yurib, keyin yana oʻz bilganlaridan qolishmas, tez-tez yangi gap-soʻzga sabab boʻlib turishardi.

Onasi va Gavharning gaplaridan bezib yurgan Chavandoz bir kuni koʻpkarida Oliyani koʻrib qoldi. U davradan solimni olib chiqib, tomoshabinlarga yaqin kelib shu tomonga qaraganida Oliyaning ham oʻzi tomon tikilib turganini koʻrdi, koʻrdi-yu, qizning benihoya chiroyli chehrasidan koʻz uzolmay qoldi. Yuragi «jiz» etib ketdi. Chavandozning unga boshqacha qarab qolganligini Oliya ham sezdi shekilli, nozli kulib qoʻydi. Oliya buni biror-bir narsani oʻylamasdan, yurgan yoʻllarida ham shunchaki nozlanib yurishadigan opalaridan, onasidan koʻrib-bilib oʻrgangan tarzda qildi, lekin shu bilan oʻzi ham bilmay Chavandozni ilintirdi-qoʻydi, uning yuragiga choʻgʻ tashladi. Keyin esa Chavandoz koʻcha-koʻydami, toʻydami, boshqa joydami Oliyaning nigohini poylaydigan boʻldi, butun fikru-zikri qizda boʻlib qoldi.

Buni sezgan Oliya ham oralarida deyarli yigirma yosh farq boʻlishiga qaramay, oxiri nima bilan tugashini oʻylab oʻtirmasdan, Chavandoz bilan koʻz urishtirish oʻyinini boshlab yubordi. Gohida duch kelishganda boshqacha salom berib, bir-ikki ogʻiz shunchaki gaplashib qoʻyadigan ham boʻlishdi. Oliyaning ishvalari oxir-oqibat Chavandozning ixtiyorini butunlay olib qoʻydi, ularning oilasi yengiltakligi bilan nom taratganligiga qaramasdan, Gavharning javobini berib Oliyaga uylanishga qaror qildi. Bir kuni Oliyani xoli topib shu haqda gaplashishdi. Chavandozning dovrugʻigami, pul topishigami, nimasiga uchdi ekan, har qalay oralarida deyarli yigirma yosh farq boʻlishiga qaramasdan, oʻn yetti yoshli Oliya uning taklifiga rozi boʻldi. Ular yashirincha uchrashib, gaplashib yurishdi.

Gavhar keyingi paytlarda erining oʻziga ragʻbati yoʻqligidan uning xayoli buzilganligini sezib yurardi. U yana bir necha marta Chavandozga oʻzlarini tekshirtirishlarini yolvorib-yigʻlab soʻradi. Ammo u qanchalik iltijo qilmasin – Chavandoz shunchalik tezroq u bilan ajrashish harakatiga tushdi. Bir kuni ertalab sheriklari bilan uzoqroq bir qishloqqa ishga keta turib otini egarlarkan, dedi:
– Gavhar, endi sen bilan turmushimiz boʻlmaydi. Men hafta-oʻn kunga ketayapman. Qaytib kelgunimcha uydan nima istasang barini olib otangnikiga bor, ajrashamiz.

Gavhar ishning ajrashishlarigacha borib yetishini sezib yurar, bu uning uchun kutilmagan narsa emas edi, jiqqa yosh koʻzlari bilan eriga yer ostidan qarab:
– Qaroringiz qat’iymi, boshqa choramiz yoʻqmi? – dedi.
– Qarorim qat’iy, qat’iy. Boʻldi-da endi, – dedi jerkib Chavandoz oʻzi uchun ham nihoyatda qiyin boʻlgan bu suhbatni ortiq choʻzishni istamay, – bor pul, tillalaringni, gilammi, boshqami, hammasini olib ketaver. Menga yotib turish uchun bir sidra koʻrpa-toʻshak tashlab ketsang boʻldi.
– Menga hech narsangiz kerak emas. Shu bugunoq bu uyda meni qaytib koʻrmaysiz.

Bir necha kun oʻtib kechqurun Chavandoz uyiga qaytib kelganida, hovlisi suv quygandek jimjit, birorta derazada chiroq koʻrinmas edi. U ichkariga kirib, chiroqlarni yoqib hamma xonalarni koʻzdan kechirib chiqdi. Uyda hamma jihozlar avvalgidek, saranjom-sarishta, hatto Gavharning koʻchalik kiyimlariyu, tillalari ham joy-joyida turar, taxmon ostida sandiqda ancha pul ham tugilgancha qolgan edi, goʻyo Gavhar biror yoqqa birrov chiqqan-u, hozir qaytib keladiganday. Chavandoz pulni chamaladi, uyda shuncha puli bor deb oʻylamagan edi, bu pulga hozirning oʻzidayoq yengil mashina olsa boʻlar edi. Gavhar uydan hech narsa olib ketmagan, u bu uyda oʻzi uchun eng aziz, eng qadrli, hayotining mazmuni, borligʻi, ya’ni koʻz ochib koʻrgan, sevib tekkan erini tashlab ketgan, Chavandozning qaroridan naqadar xafa boʻlganligini, noroziligini ana shu tariqa izhor qilib ketgan edi. Chavandozning koʻnglida allaqanday bir xijillik qoldi, undan koʻra uyni shipshiydam qilib ketganida ancha yengil tortardi. Bu xijillik goho esidan chiqqandek boʻlar, gohida esa, Gavharning oldida naqadar katta gunoh qilganligini eslatib, sim-sim qilib yuragini oʻrtab bir necha yil uni tark etmadi.

Ammo shu topda tezroq Oliyaga yetishish istagi uning koʻnglidagi xijillikdan vaqtincha ustun keldi. Ertasi kuni ertalab yana ishga ketaturib Gavharning tillalarini va tugunda anchagina pulni olib, inilaridan biri Nizomnikiga bordi-da, uning xotinini chaqirib:
– Kelin, mana buni enamga bergin, Gavharga berib qoʻysin, men uning javobini berdim, u otasinikiga ketgan, – dediyu, kelinini hangu-mang qoldirib otini yoʻrttirib ketdi.

Oʻgʻlining bu qilmishidan dargʻazab boʻlgan Bozorgul ena uni izlattirdi, lekin uzoqqa ishga chiqib ketganligidan uni topa olmadi.

Chavandoz uchun eng muhimi hozir tezroq Oliyaga yetishish edi, u shu ishtiyoq bilan yonib yurar, Oliyani olib kelguncha onasining koʻziga koʻrinishni xayoliga ham keltirmas edi. Oliyani olib kelsin, keyin nima boʻlsa boʻlar. Bir-ikki kundan keyin kechqurun Oliya bilan gapni bir joyga qoʻydi-da, uning onasini chaqirib:
– Muqaddam opa, men Oliyaga uylanmoqchiman, Gavharning javobini berib yubordim. Enamning fe’lini bilasiz, u toʻy qilgani qoʻymaydi. Xalqning koʻzi oldida men xuddi qizingizni olib qochib ketgan boʻlay, toʻyni keyinroq qilamiz. Hozircha mana buni olib turing, – dedi-da unga tugunchada pul berdi. Qizi bilan Chavandoz allaqachon gaplashib yurishganligidan xabardor, buning ustiga katta pulni koʻrgan Muqaddam darrov rozilik berdi-qoʻydi.

Chavandoz oʻsha kuni kechasiyoq Oliyani uyiga olib keldi. Darvoza eshiklarini tambalab, ikki-uch kun uyidan chiqmadi. Oʻgʻlining oxir-oqibat uyida ekanligi, Oliyani obqochib kelganligidan xabar topgan Bozorgul ena darvozasiga kelib jon-jahdi bilan taqillatdi.
– Ikrom, och darvozangni, uyda ekanligingni bilaman, tokay mendan qochib yurasan, yo devor oshaymi, – degach, Chavandoz chiqib darvozani ochdi.

Kampir koʻzlari bilan teshib yuborgudek Chavandozga tikilib qaradi, u enasining qahrli koʻz qarashlariga dosh berolmay nigohini yerga qadadi.
– Hov nodon bola, sen nima p... jeb juripsan, sen hali mening Gavharimdi bir boʻlak koʻmirga alishdingmi? Menga berib yuborgan matohlaringdi boshiga uradimi u? – shunday deb Bozorgul ena tugunlarni Chavandozning oyogʻi ostiga otib yubordi. – Oʻzi-ku, uni senga olib berguncha ena sutim ogʻzimga keluvdi, enam yana qaysi yuz bilan Gavharning oldiga boradi, qudalarining yuziga qanday qaraydi deb oʻylamadingmi? U – oʻz oti bilan oʻzi Gavhar edi, bunday ayolni yurtti yuz yil piyoda kezib ham tovalmaysan. Manovi yuzsiz hashtaringning javobini berib, darrov borib kelinimdi qaytarib olib kel, keyin Toshkentga borib, oʻzingdi katta doʻxtirlarga koʻrsat, hamma ayb oʻzingda.
– Ena, boʻlar ish boʻldi, – dedi Chavandoz onasining yuziga qarolmasdan, – men Gavharni olib kelmayman, Oliyaniyam eltib qoʻymayman. Men soppa-sogʻman, mana koʻrasiz.
– Shu gaping – gappa?
– Gapim gap, ena. Pul bilan tillalarini Gavharga oborib bering, yo birovdan berib yuboring.
– Hov bevosh bola, bilib qoʻy, men bu zoti pastlardi urugʻini yaxshi bilaman. Sen bilan yuz yil umr qilsa, oʻlib qolganda bir marta koʻzingga choʻp tashlaydi. Hali Gavharimdi uvoli tutmasa seni, qirchiningdan qirqilgur, juvonmarg, – kampir shunday deb oʻgʻlining yuziga «qars» etib shapaloq tortdiyu, keyin darvozadan chiqib ketdi. Choʻrtkesar, ushlagan joyidan kesadigan Bozorgul ena oʻgʻlining ham oʻziday bir soʻzli, aytgan gapidan qaytmasligini yaxshi bilar edi. Ammo ena bir ishni qilguncha, bir gapni aytguncha ming mulohaza qilsa, Chavandoz koʻnglining hoyu-havasi bilan ish qilar, bu jihati bilan u onasiga butunlay oʻxshamas edi.

Gavhar otasining uyida necha-necha xaridorlarning javobini berib ikki yil yurdi, Bozorgul baribir shungacha Ikromni Oliyaning javobini berib, Gavharni qaytarib olib kelishga koʻndirmoqchi boʻlib koʻp urindi. Ikki yildan keyin u xotini oʻlib, ikki yosh bolasi bilan beva qolgan qishloqning ustasi – Jabborqulga tegib ketgandan keyingina oʻgʻlini tinch qoʻydi. Bozorgul ena naqadar diydasi qattiq, badjahl ayol koʻrinmasin, bolalarining hammasini ham oʻzlariga bildirmasdan sevar, lekin oʻgʻillarining toʻngʻichi boʻlgan Ikromga mehri boʻlakcha edi, bu ogʻir gunohi uchun u oʻgʻlidan butunlay voz kechib-ku ketolmadi, ammo unga boʻlgan munosabatini butunlay oʻzgartirdi. Qaytib Chavandozning uyiga qadamini bosmadi, unga bemuruvvat boʻldi, oilaviy yigʻinlarda ham opa-inilari, kelinlari, kuyovlarining oldida unga qoʻrs muomalada boʻlar, koʻpincha «hamma gapirsa ham sen jim oʻtir» deb uni choʻqib turardi. Oliyani esa kelini sifatida mutlaqo qabul qilmadi. Uning qoʻlidan bir piyola choy ichish tugul, hatto birovlarning toʻy-ma’rakalarida ham oʻzi oʻtirgan dasturxonlarga yoʻlatmadi, kelinlari, qizlariga ham Oliyani uylariga chorlashlarini butunlay taqiqladi. Faqat besh-olti yil oʻtibgina bolalari Chavandozning yuzidan oʻtolmay Oliyani kampirdan yashirincha chaqira boshlashganligini bilib, oʻzini bilmaganlikka oldi. Ba’zida u kamdan-kam boʻlsa-da Chavandozning uyiga zarurat yuzasidan borar, shunda ham darvozadan kirmasdan gapini aytib qaytar, oʻgʻli uyida boʻlmasa gapini Oliyaga «hov, Ikromga aytib qoʻy, unday qilsin» kabilida topshirar, biror marta boʻlsin, Oliya yoki «kelin» deb aytmas edi. Holbuki Gavhardan boshqa hamma kelinlarini ismi bilan, faqat Gavharnigina «kelin» yoki «Gavhar kelin» deb chaqirar edi.

Chavandoz Oliya bilan ham huv bir paytlar Gavharga uylangan paytlaridek yana rohat-farogʻatga shoʻngʻib ketdi. Oliya ayniqsa kelinlik libosida oʻn kelinga tatir edi, u Chavandozning koʻziga naq oʻt-olov boʻlib koʻrinar, Gavhardan farqli oʻlaroq his-tuygʻularini koʻp yashirib ham oʻtirmas, «qush uyasida koʻrganini qiladi» deganlaridek, onasi, ikki katta opasidan erkak zotini sehrlab, ixtiyorini qoʻldan olish san’atini yaxshi egallagan, shuning uchun Chavandoz uning noz-gʻamzasini, navozishlarini darrov sogʻinib qolar, sheriklari bilan uzoqroq joyga ishga chiqib ketsa ham ishlagan joyida yotib qolmas, nari borsa ikki kun oʻtmasdan kechasi uyiga kelib ketar edi.

Uning halovatiga faqatgina uch-toʻrt yil oʻtib, ya’ni Gavhar farzandlik boʻlganligini eshitgachgina putur yetdi.

Koʻz ochib koʻrgan eri bilan turmushi buzilganligidan qattiq iztirobda yurgan, tirnoqqa zor boʻlib, tushlarida necha martalab beshik tebratib bola allalab chiqqan, tabiat har bir ayolga ato etadigan onalik mehridan hali bir misqoli ham sarflanmagan Gavhar Jabborqulning sakkiz yoshlik maktabga boradigan qizchasini, besh yoshlik oʻgʻlini xuddi oʻz bolalaridek koʻrdi, ularni oq yuvib, oq tarab, bolalarining ham, Jabborqulning ham mehrini qozondi, elning ogʻziga tushdi. Evaziga taqdir uni ham siylab biror yilda oʻzi ham farzandli boʻldi, orqa-oldi bola bilan toʻlib, ayollik baxtiga toʻkis yetishdi.

Chavandoz Gavharning farzandlik boʻlganligini eshitib, gangib qoldi, ichidan goʻyo bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Yoʻq, bu Gavharga nisbatan hasad emasdi, balki shu paytgacha yuragining toʻrida gʻimirlab yurgan, u ehtimolki soxta magʻrurlik bilan tan olgisi kelmay «balkim ayb oʻzimdadir» degan fikrning endi baralla portlab xayoliga kelganligi edi. Shunda u Olesya bilan ham oʻrtalarida farzand boʻlmaganligini, Olesya homilador boʻlish ilinjida oilasini mustahkamlashga qanchalik uringanligini, homilador boʻlavermagach, naqadar tashvishga tushib qolganligini esladi. Agar oʻshanda arzimagan bahona bilan Olesyani tashlab kelmaganida u ham Ikromga «oʻzimizni tekshirtiraylik» degan gapni aniq aytgan boʻlardi.

Chavandoz umrida birinchi marta chinakamiga sarosimaga tushib qoldi. U avval Oliyaga ayollar shifokoriga borib oʻzini tekshirtirishini aytdi. Oliya tekshirishlardan oʻtib, oʻzida nuqson topilmaganligini aytgach, yaqin atrofdagi shifokorlarga borsa gap-soʻz tarqalib ketishidan choʻchib, oʻynab kelish bahonasida Toshkentga borib oʻzini tekshirtirdi. Tekshirish natijalari esa xuddi oʻzi xavotir olib yurganidek, ya’ni ayb Chavandozning oʻzida boʻlib chiqdi, eng yomoni, shifokor unga «besh-olti yil avval kelganingizda jarrohlik amaliyoti bilan dardingizni tuzatar edik, endi kech qolibsiz» degani boʻldi. Yoshi qirqdan oshgunicha oʻylov, dardu alam nimaligini bilmagan Chavandoz uchun bu qismatga koʻnikish ogʻir edi, u iztirob ichida qoldi. Har safar Gavharning yana farzand koʻrganligini eshitganida ichidan zil ketar, uning dardiga davo yoʻq, chorasizligidan nafaqat shuurini, balki vujudini ham oʻrtagan alamini ichkilikdan olar edi. Ammo-lekin tillaga koʻmilib, eng soʻnggi urf boʻlgan yaltiroq liboslar kiyib, davralarda bir gapirib-oʻn kulib, hammani oʻziga qaratib yurgan tannoz Oliyani esa oʻrtalarida farzand yoʻqligi zarracha ham tashvishga solmasdi. U biror toʻy-hashamdan qolmas, Chavandoz obqochib kelgan oʻsha paytlardagidek oʻyin-kulgudan, xotinlarning yigʻinlaridan boʻshamas edi.

Oʻzi tengilar qiz chiqarib, oʻgʻil uylantirib, nevara koʻra boshlagach, Chavandoz jiyanlaridan birortasini oʻz uyiga olib kelish payiga tushib qoldi, lekin buning uchun avval onasining roziligini olishi lozim edi. U ming bir oʻylov ichida boshini egib onasining oldiga bordi, choʻrtkesar kampir uning gapini eshitishni ham xohlamadi. Uning oldidan Chavandozning lattasi suvga tushib qaytdi.
– Oʻzing pishirgan osh, qanday jesang jeyver, mening u hashtariga berib qoʻyadigan bolam yoʻq, – dedi momo. – Menga qolsa u zoti pastga eshigimdagi itimning yalogʻiga bir kosa yuvindi ham soldirmas edim, bir senga qolganda dar qoldim-da. U yuzsizingning oʻzi kim-u, uning qoʻlida tarbiya topgan bola nima boʻlardi. Bor, bu narsani xayolingga ham keltirma, bu masalada mening oldimga qaytib qadamingni bosma...

Enasining oldidan dili ogʻrib qaytgan Chavandozning endi Oliyaning jiyanlaridan birortasini olib kelishdan boshqa chorasi yoʻq edi. Oliya bunga rozi boʻldi, hatto xursand ham boʻldi, Salima opasining toʻrt-besh yashar bir qizchasini olib kelishdi. Avvaliga Oliya uni erkalab qoʻgʻirchoqdek kiyintirib oʻzi bilan birga olib yurdi. Biroq goʻdak bola qoʻgʻirchoq emas, uni zerikkanda tokchaga olib qoʻyib boʻlmas edi. Qizcha gohida shamollab betob boʻlib qolar, bunday paytlarda shirin uyqudan kechib uni parvarish qilish kerak, bolaga doimo e’tibor darkor edi, bu esa xotin-xalaj davralarining guli boʻlib yurgan satang, Oliyaning tabiatiga toʻgʻri kelmasdi. «Koʻnikolmadi» degan bahona bilan jiyanini yana opasinikiga qaytarib eltib qoʻydi. Toʻgʻri, u shundan keyin ham jiyanini tez-tez olib kelib, oʻzi bilan yana u yer-bu yerga olib borib yurdi, lekin uni farzandlikka qabul qilmadi. Chavandozning xotinidan zehni koyidi. Ha, hamma bola tugʻmagan ayol ham Gavhardek boʻlolmas ekan-da, yana uning oldidagi gunohkorlik hissi bagʻrini oʻrtagandan-oʻrtadi. Jiyanini Oliyaning oʻzi qabul qilishni xohlamadimi, uni bunga majbur qilish befoyda edi. Chavandoz oxiri bungayam koʻnikishdan boshqa iloji qolmadi.

Ammo bu hali bir-ikki marta turmushi buzilgan, befarzandlik dardi bagʻrini kemirib yurgan Chavandozning peshonasiga bitilgan koʻrgiliklarning hammasi emas edi.

Qishloqda uloqchilar koʻp boʻlib, ulardan biri Egamberdi edi. Egamberdi Chavandozdan yigirma yoshlar chamasi yosh boʻlib, oʻttiz besh-oʻttiz olti yoshlarda, baquvvat gavdali, chapdast uloqchilardan hisoblanar, asta-sekin uning ham dovrugʻi koʻpkari ishqibozlari oʻrtasida keng tarqalib borayotgan edi. Egamberdi nafaqat chapdast uloqchi, balki mastu-bemast toʻylarda bir-ikki kishini urib ogʻzi-burnini qon qilgan, bundan tashqari shilqimlik qilib ayrim xotin-qizlarni yoʻldan urgan, shu qiliqlari tufayli bir-ikki roʻzgʻorni buzganligi bilan ham nom chiqargan edi.

Bir kuni qishloqdagi bir toʻyda Chavandoz shirakayf Egamberdining davradan chiqib keta-keta, bazmxonaning ayollar oʻtirgan tomoniga qarab tirjayib borayotganligini koʻrdiyu, u kim bilan koʻz oʻyini qilayotgan ekan, degan qiziqish bilan oʻsha tomonga qaradi. Qaradiyu, laqqa choʻgʻni yutgandek ichini bir nima kuydirib ketdi: Egamberdiga kishi bilmas qarab, noz-karashma qilib koʻz suzayotgan ayol – Oliya edi! Chavandozning gʻazabdan ikki chakka tomirlari loʻqillab, koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. «Hali senlarmi Ikrom Chavandozni laqillatmoqchi boʻlgan ifloslar», deb oʻyladi gʻazabini atrofdagilarga sezdirmasdan qoʻllarini musht qilib.

Chavandoz yoshlikdagi kuchi-shijoatini hech bir kamaytirmay saqlab qolganligi bilan, avvalgi oʻta qiziqqonliklarini yenggan, hatto eng katta koʻpkarilarda ham hamma sovrinlarni oʻzi olishiga koʻzi yetsa ham, boshqalarga ham dovni berar, qoʻrda yolgʻondakam aylanib yoki oʻzini uloqni olmaganga solib, chekkaga chiqib ketar, bu ishni faqat davrani qizdirish uchun qilar, u ochkoʻz emasdi. U davraga uloqni olish uchun emas, tortishish, zavq-shavq, huzur bagʻishlash uchun tushar edi. Oxirgi bir-ikki koʻpkarilarda Egamberdiga ham bir-ikki marta uloqni yolgʻondakam tortishib, berib yuborgan edi. Keyinchalik bir-ikki davrada Egamberdining uning ortidan «Chavandozni – Chavandoz qilgan asli Sodiq choʻponning boʻz oti edi, endi har ikkisi ham qarib, qirchangʻi boʻp qolgan» deb kulgi qilganligi ham qulogʻiga chalingan, bu gaplar andak uning hamiyatiga tekkan boʻlsa ham, keyinchalik Egamberdi bilan teng boʻlib yurmasdan, e’tibor qilmay ketgan edi. Shuning uchun ekan-da, bu oʻziga bino qoʻygan axmoq Chavandozni qariganga chiqarib, oʻzini tengi yoʻq uloqchi tarashlab uning dovrugʻiga egalik qilmoqchi, endi esa hatto xotiniga ham koʻz olaytirishgacha borib yetipti-da, ablah...

Ularning bu koʻz urishtirish oʻyinlari Egamberdining davrani aylanib chiqib ketgunicha bir necha daqiqa davom etdi va Chavandoz uning oʻzidan mamnun holda, shirin xayollar ogʻushida miyigʻida kulib chiqib ketganligini koʻrdi. Chavandoz Oliya tomonga qaradi, uning yuz-koʻzida ham xuddi shunday mastona xushnudlikni koʻrdi. Uning bu qiligʻi – shubhasiz, borib turgan toʻqlikka shoʻxlikning oʻzginasi edi, chunki Chavandoz hali oʻzida zarracha qarilik alomatlarini sezgan emas, oʻzining ehtiroslari Oliyaning ehtiyojlarini ortigʻi bilan qondirishini aniq bilar, ellik besh-ellik olti yoshga kirib ham hali boqilgan hoʻkizdek baquvvat, uncha-muncha yigitlar havas qilgudek kuch-shijoatga ega edi.

Shu kunlarda Chavandoz sheriklari bilan bir katta imoratni koʻtarish uchun kelishib olishgan, oʻn besh-yigirma kunga uzoqroq joyga ketishi kerak edi. Endi u bunday qilolmas, xotinini qoʻriqlash lozim edi, chunki bu koʻz urishtirishlardan keyin oʻzining iflos niyatini amalga oshirish yoʻlida Egamberdi eng birinchi imkoniyatini qoʻldan chiqarmasligi aniq. Chavandozning ishga yotoq bilan chiqib ketishi esa uning uchun ayni muddao boʻlar edi. Chavandoz keyingi kunlarda Oliya u bilan toʻshakda birga yotsa ham, xayoli boshqa yoqda ekanday koʻringanligini esladi, ularning bu oʻyinlari chamasi faqat endigina boshlangan, oralarida hali boshqa hech narsa boʻlmagan edi.

«Huv qanjiq, qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan, onang jalab edi, sen ham oʻshaning bolasisan-da» degan xayol oʻtdi koʻnglidan. Avvaliga u ishga ketgan kishi boʻlib, kechasi ularni poylab qoʻlga tushirib, har ikkisini chavaqlab tashlamoqchi boʻldi. Biroq shu yoshga kirib orttirgan endigi hayotiy tajribasi unga yoshlik paytlaridek achchiq ustida bir ish qilmaslikka, birpas sabr qilib, keyin fikr-mulohaza bilan ish koʻrishga oʻrgatgan edi. Chavandoz toʻydan sir boy bermasdan xotini bilan qaytdi-da, bu ikkalasining qanday qilib ta’zirini berish ustida bosh qotira boshladi...

Qishloqdagi qariyalar ichida eng yoshi ulugʻi – Pirnazar choʻponning toʻrt oʻgʻli, oʻnga yaqin oʻzini tutib olgan nevaralari qariyaning sakkiz muchali, ya’ni toʻqson olti yoshiga ikki-uch mol soʻyib, yurtga avval nahorga halisa, keyin esa katta koʻpkari bermoqchi boʻlishdi. Koʻpkariga gilam, televizor, mayda-katta moldan tashqari bir «Jiguli» yengil mashinasi ham atashipti.

Ikrom ertalab otiga mindi-da, yoshlikdagi doʻsti Sodiq choʻponning oldiga bordi. Sodiq oʻgʻillari bilan dashtdagi yerda dehqonchilik qilar, ikki yuzdan oshiq qoʻyi, oʻttiz-qirq bosh moli va toʻrt-beshta oti bor edi.
– Ha, Chavandoz, bu tomonlarga sira kelmas eding, biror bir darding bormi deyman-da, – deb kulib qarshi oldi doʻstini Sodiq.
– Goʻzal qaerda, Sodiq?

Goʻzal oʻsha Egamberdi aytgan, Sodiqning bir paytlarda dong taratgan uloqchi boʻz oti boʻlib, biror yildan beri Sodiq yaxshi koʻrgan otini ayab, endi qaridi deb, koʻpkarilarga olib chiqmas, shuning uchun uni xalq orasida koʻpkariga butkul yaramaydigan qari qirchangʻiga chiqarib qoʻyishgan edi. Chavandoz doʻstining bu otida ham koʻp martalar solimlar olib oʻzining ham, Goʻzalning ham dovrugʻiga dovruq qoʻshgan edi.
– Ha, Pirnazar buvaning toʻyigami, oʻzingning oting undan oʻn chandon yaxshi-ku, bu bir qari ot boʻlsa, – dedi Sodiq.

Ular boʻz otning oldiga kelishdi, Chavandoz otni yaxshilab koʻzdan kechirdi. Ot oʻt chaynashdan toʻxtadi, koʻkragini kerib qulogʻini chimirdi va tek qotdi, u Chavandozni tanigan edi.
– Bekor aytibsan, oʻzing qarib qopsan, – dedi Chavandoz otning tetik, hali koʻpkari chopishga ishtiyoqi borligidan mamnun boʻlib. Chavandozning doimo choʻntagida ot uchun bir hovuch oqqand olib yuradigan odati bor edi, uch-toʻrt chaqmoq qand olib otga tutdi, – Abdullani chaqir.

Abdulla Sodiqning kenjasi boʻlib, yoshi oʻn yettilarda, hamma oʻgʻillarining ichida otga, koʻpkariga havasi boshqacha, oʻzining ham uloqchi boʻlish istagi kuchli edi. Chavandoz esa uning nazarida goʻyoki dostonlardagi qahramonlarning biri, u astoydil ixlos qilgan kishilardan edi, kelib iljayib, yuzida ehtirom ifodasi bilan qoʻlini koʻksiga qoʻyib Chavandozga salom berdi.
– Qani, otga min-chi buvasi, – dedi Chavandoz uning salomiga alik olib, – yoʻrttirib huv anov tepani bir aylanib kel.

Chavandoz koʻrsatgan masofa anchagina edi. Abdulla aytilgan joydan otni aylantirib kelganda, doʻstlar ikki otimdan nos chekib ulgurishgan edi. Chavandoz otning boʻyni, sagʻrisini ushlab koʻrdi, ot terlamagan, faqat badani endi qizigan edi.
– Gap bunday, Abdulla, – dedi Chavandoz yonidan bir dasta pul chiqarib, – mana buning hammasiga arpa bilan quruq beda olasan. Ertalab bir shokosada, kechqurun yana bittada arpa berasan. Otni har kuni ertalab hozirgiga toʻrt yuz-besh yuz qadam qoʻshib, yoʻrttirib bir aylantirib kelasan, har kuni bir siqimdan arpani ham koʻpaytirib borasan. Oʻn kunlardan keyin hoʻl oʻt bermasdan, istaganicha faqatgina quruq bedaga tutasan, bu paytda arpani yetti-sakkiz kosaga yetkazasan. Lekin aylantirib kelganingdan darrov suv tutma, badani sovisin, boshqa mahal suv doimo oldida tursin. Ikki-uchta shaharlik oyimtillalar choʻmilganda ishlatadigan katta idishdagi shampundan olib kelib, otni choʻmiltirib tur, pulni ayama, buvasi. Men oʻn kundan keyin xabar olaman.
– Chavandoz, pulingni olib qoʻy, – dedi Sodiq, – har qalay ot meniki-ku, arpayam, bedayam dehqonchilik...
– Hali sen ham koʻrasan, ayagan qari otingning nimalarga qodirligini, pulni ol dedimmi, ol.

Chavandoz aytilgan kuni kelib otni koʻrdi-yu, ishonchi yanada ortdi. Ot goʻyoki toʻrt-besh yoshga yasharganday yurishlari yengil, charchamas-terlamas, badani oftobda chinniday yaltirar, sagʻrisi va oʻmrovlari et olib, picha koʻpchigan edi. Endi uni ana shu holatda ushlab turilsa boʻldi edi.
– Endi arpani toʻrt kosadan oshirma, – dedi Abdullaga, – suv, quruq beda oldida tursin, oʻsha aytgan masofadan har kuni bir aylantirib kelasan. Koʻpkari kuni uni oʻzing minib borasan. Tamom.

Solimning kattasi yengil mashina ekanligini eshitib, koʻpkariga uzoq-yaqindan uloqchilarning «manaman» deganlari yigʻilishdi.

Mashina ilinjida tashrif buyurishgan koʻpchilik kuchli uloqchilar qatori Egamberdi ham koʻpkarining oxirini, ya’ni dovga mashina tikilishini kutib turdi. Chavandoz bir-ikki marta davra ichiga kirib, Goʻzalning badanini salgina qizdirib, uni kurashga tayyorlab turdi. Oxirida mashina uchun alohida uloq tashlandi, uloq ham sovringa yarasha, ya’ni uloq emas, ikki yashar serkaning bir yarim pud keladigan tanasi edi.

Kurash boshlandi.

Bu davra uzoq davom etdi, asta-sekin kuchlilarning ham kuchlilari saralanib, mashina ishtiyoqmandlarining yarmi chekkaga chiqib ketdi, shunday boʻlsa ham oradan yarim soat oʻtsa hamki, davrada saksonga yaqin ot bor edi. Otlar gir aylanib, davra koʻchib yurar, tuyoqlar ostidan chiqqan chang koʻkka oʻrlagan, tomoshabinlar ba’zan toʻzonda uloqchilarni taniyolmasdan ham qolishardi. Yiqilgan kim, qoʻl-oyogʻi ezilganu, qosh-qovogʻi yorilgan kim, kurash ayovsiz borar, davrada borgan sari eng kuchlilar qolayotgan edi.

Egamberdi davrani yorib, uloqqacha yetib borganda Chavandoz ham davrada, uning uloqni qoʻlga kiritishini kutib turardi. U Egamberdini koʻzdan qochirmas, uning har bir harakatini kuzatar, uning usullarini yaxshi bilsa ham, yana zaif tomonlarini ilgʻashga harakat qilar edi. Shu bilan birga Chavandoz uning yirik gavdasiga yarasha jismonan baquvvatliliga, mahoratiga ham amin boʻldi, lekin bu Chavandozni choʻchitmas, har qalay oʻzidagichalik tajriba Egamberdida hali yoʻqligiga uning ishonchi komil edi.

Egamberdi moʻgʻulbashara bir uloqchi bilan uzoq tortishdi, Chavandoz moʻgʻulbasharani tanimadi, u chamasi uzoqroqdan kelgan, pixini yorgan uloqchilardan ekanligi uning har bir xatti-harakatidan koʻrinib turardi, raqibining uzoq yoʻl yurib kelgan otida charchoq alomatlarini sezgan Egamberdi uni rosa aylantirib holdan toydirdi, nihoyat moʻgʻulbasharaning oti pand berdi, olomonning hayqirigʻi ostida Egamberdi undan uloqni tortib oldi.

Endi Chavandozning gali kelgan edi. Chavandoz Egamberdi ham, oti ham haliveri charchamasligini koʻrib turar, endi nafaqat kuch, balki mahorat va tajriba kimda boʻlsa – oʻsha gʻolib boʻlar edi. U bir qadar uzoqda boʻlsa ham Egamberdining oldiga yetib oldi-da, uloqni mahkam ushlab oldi. Egamberdi oldida Chavandozni koʻrdi-yu, miyigʻida kulib qarshi oldi, bu uning uchun ham ayni muddao edi. Hozirgina moʻgʻulbasharadan uloqni tortib olganligi uni mamnun qilgan, oʻziga ishonchini yanada oshirgan edi, u Chavandozga masxaraomuz, bepisandlik bilan boqdi, paytdan foydalanib raqibini toʻrt-besh ming kishilik xalqning koʻz oʻngida sindirib, uning dovrugʻiga hoziroq bus-butun ega chiqmoqchi boʻldi.

Xuddi ana shu narsa, ya’ni – raqibini pisand qilmaganligi unga pand berdi. U Chavandozdan osonlikcha qutulib ketaman deb oʻylagan edi. Chavandoz uloqni omburdek qoʻllari bilan mahkam ushlab olgan, Egamberdi bor kuchini ishga solib, jon-jahdi bilan harakat qilsa ham naf bermas edi. Buning ustiga Chavandoz oʻrtalariga boshqalarni yaqinlashtirmaslik uchun otini shunday aylantirar ediki, hech kim ularga yaqinlasha olmas, Egamberdi ham unga qoʻshilib aylanishga majbur edi. U Chavandoz bunday baquvvat otni qaerdan oldi ekan degan xayol bilan razm tashlab, oʻzi allaqachon qari qirchangʻiga chiqarib qoʻygan boʻz ot, Goʻzalni tanib qoldi, bu uni tang qoldirdi, Chavandoz uning bor-yoʻqligiga ham e’tibor qilmay, uloqni mahkam ushlagan koʻyi, tortib olishga ham harakat qilmasdan, asabiga tega boshladi. Faqat shundagina Chavandoz uning jigʻiga tegayotganligini, koʻp ming kishilik tomoshabinlar oldida uni yosh boladek oʻynatayotganini sezib qoldi. Davra tomoshabinlarga yaqin kelib qolgan, tomoshabinlar tomonidan, mikrofondan «ha Chavandoz, boʻsh kelmang», «Yashang Chavandoz» degan olqishlar eshitilar, avval bunga e’tibor bermagan Egamberdi, bora-bora bundan gʻazablanib, sarosimaga tushib, oʻzini idora qilolmay, oʻrinli-oʻrinsiz harakatlar qila boshladi. Ana endi Egamberdini davradan olib chiqish fursati yetgandi. Chavandoz otini aylantira-aylantira, egarga teskari oʻtirib olganicha Egamberdini davradan sudraklab olib chiqdi, keyin har ikki uloqchi bir-birlariga jips yopishgancha qir tomonga qarab yeldek uchib ketishdi. Oʻziga ortiqcha bino qoʻygan Egamberdining Chavandozga yetishiga yoʻl boʻlsin. Toʻdadan yetarli darajada uzoqlashishgach, Chavandoz bir-ikki aldamchi harakatlar qilib, uloqni undan shunday tortib oldiki, katta tezlikda ketayotgan Egamberdi otdan uchib ketdi, bir oyogʻini uzangi ilib qolib ot surgab ketdi. Chavandoz uning otini jilovidan ushlab olib toʻxtatdi, oyogʻi biroz shikast yedimi yoki gavdasi ogʻirlik qildimi, Egamberdi hadeganda oyogʻini uzangidan chiqarib oʻzini oʻngara olmadi. Nihoyat u oyogʻini chiqarib olganda Chavandoz egilib uning yoqasidan ikki qoʻllab tutib yuz oʻn kilolik gavdasini dast koʻtardi.
– Chavandozdan uloqni oladigan mard topilsa topilar, lekin uning orini sindiradigan nomardni enasi hali tuqqanicha yoʻq. Qadamingni bilib bos soʻtak, agar yana biror bejo harakatingni sezib qolsam, naq ostingdagi ikki bezingni uzib olaman, hoʻv it emgan, – dedi-da eski poʻstakni uloqtirgandek otib yubordi.

Xaloyiqning olqishidan yeru-osmon guldurab ketdi, koʻpkari oʻtkazilayotgan qir larzaga keldi.

Egamberdi alamidan titrab-qaqshab, ikki qoʻli bilan yerni mushtlab, koʻkragini yerga berganicha, boshini koʻtarolmay qoldi.

Chavandoz uloq bilan tomoshabinlar oldiga yaqinlashganda xaloyiqning orasidan koʻzi bilan Oliyani izlab topdi, Egamberdi bilan Chavandozning oʻrtasidagi tortishuvni hayajon bilan kuzatib turgan, xayolan bu bahsda eridan ancha yoshligi uchun Egamberdini allaqachon gʻolibga chiqarib qoʻygan Oliyaning koʻzi eri bilan toʻqnashdi.

Chavandoz shu kuni xaloyiqni ketma-ket bir necha ishi bilan qoyil qoldirdi. Qari otda Egamberdining ta’zirini berdi. Asosiy sovrin – mashinani yutib oldi. Ammo Pirnazar bobo oʻz qoʻli bilan mashinaning kalitini Chavandozga topshirgach, u mikrofondan Sodiqni chaqirib oldi, Sodiq oqsoqollarning oldiga kelganida Chavandoz kalitni uning qoʻliga tutdi.
– Sodiq, ma doʻstim, ot seniki edi, solim ham seniki. – Xaloyiq yana gulduros qarsak va hayqiriqlar bilan Chavandozni olqishladi.

«Bunday mardlikni faqat Chavandoz qila oladi!».

«Balli Chavandoz, yashang!» Olqishlar ostida u davradan qoʻlini koʻksiga qoʻyib, Sodiqni hangu mang qoldirib chiqib ketdi.

Oliya Chavandozning oʻziga tushgan qahrli nigohidan uning hamma gapdan xabardor ekanligini, endi navbat oʻziga kelganligini tushundi, tushundiyu dahshatdan yuragi orqasiga tortib ketdi. Darhol uyiga keldi-yu, oʻzini qoʻyarga joy topolmay, dir-dir titrab-qaltirab, erining kirib kelib ta’zirini berib qoʻyishini, keyin esa, sharmanda qilib haydab yuborishini kuta boshladi.

Lekin Chavandozdan darak boʻlmadi. U kechqurun allamahal kelganida Oliya yuragi hapriqib televizor koʻrib oʻtirar, koʻzi televizorda boʻlsa ham nima koʻrayotganligini anglamas, xayoli Chavandoz bilan boʻladigan uchrashuvning oqibati nima bilan tugashi mumkinligini oʻylab oʻyiga yetolmas edi. Oliya erini tik turgan koʻyi, qoʻrquv ichida jimgina kutib oldi, Chavandoz yechindi, xonani aroq hidi tutib ketdi.
– Chiroqni oʻchir, – dedi u koʻrpaga kirarkan.

Oliya Chavandoz urmay-soʻkmay ertalabgacha goʻyo uning tanidan jonini sugʻurib oldi. Erining avvallari huzurbaxsh boʻlgan temirdek ogʻushida Oliya qafasga tushgan qush holiga tushdi, ertalabgacha azob ichida toʻlgʻanib, uning qahrli extiroslaridan suyak-suyaklarigacha tegirmonga tushgan donday ezilib ketdi, Chavandozning xurujlarini oxiri koʻrinmasdi. Oliya bir kechaning oʻzida ming bor oʻlib, ming bor tirildi. Odatda Chavandoz tong qorongʻusida turib chiqib ketguvchi edi. Bu gal bor alami va gʻazabini toʻkib xumordan chiqqandan keyingina turib ketganida oftob koʻtarilib qolgan edi.

Chavandoz ertalab uydan otini minib chiqib ketgan koʻyi kuni bilan oʻylovda yurdi: Egamberdining-ku uzil-kesil qaytib boshini koʻtarolmaydigan qilib belini sindirdi, endi Oliyani nima qilsa ekan? Javobini bersamikan? Unda xaloyiq nima deb oʻylaydi, uning xotinini yaxshi koʻrishini hamma biladi-ku. Ayniqsa, katta koʻpkaridan keyin Chavandoz nima uchun bunday qildi, bunga uncha-muncha chiroyli qiz-juvonlarni yoʻldan urib yuruvchi Egamberdining aloqasi yoʻqmikan degan savollar tugʻilmaydimi, gap-soʻz koʻpaymaydimi? Bu esa Chavandozning sha’niga toʻgʻri kelmasdi. Javobini bermasa, uning endi xotiniga avvalgi ragʻbati, ishtiyoqi singan, uning oʻrniga nafrat egallagan, hatto uning qoʻlidan qanday qilib choy-taom yeyishini, bundan keyin qanday qilib umr qilishini ham koʻz oldiga keltira olmasdi.

Oʻylab-oʻylab, u ixtiyorni Oliyaning oʻziga qoʻyib berish fikriga keldi. Harqalay, u Chavandoz bilan oʻrtada farzand boʻlmasa ham yigirma yil eng shirin damlarini birga oʻtkazdi, ayb erining oʻzida ekanligini aniq bilsa ham ajrashmasdan, unga biror marta ta’na qilmasdan, shuncha yillik umrini Chavandozga baxsh etganligi haqi shunday qarorga keldi. Qolaversa u eriga faqat xayolida xiyonat qilgan, jismi bilan esa hali xiyonat qilib ulgurmagan edi.

Chavandoz Gavharning javobini berib, Oliyani olib qochib kelganida onasining aytgan gaplarini esladi: «Men bu zoti pastlarning urugʻini yaxshi bilaman, yuz yil sen bilan umr qilsa oʻlib qolganda bir marta koʻzingga choʻp tashlaydi, haliyam boʻlsa bu yuzsiz hashtarining javobini berib, Gavharginamdi qaytarib olib kel, nodon bola…» Chavandozning onasi qanchalik haq ekanligiga ishonch hosil qilishi uchun yuz yil emas, bor-yoʻgʻi yigirma yil kifoya qildi. Haqiqatdan ham nodon ekan, oʻshanda bu gaplarni u oʻgʻlining qilmishidan noroziligi sababli «enam jahl ustida shunchaki javradi-da» deb oʻylagan edi.

Chavandoz turib ketganidan keyin Oliya toʻshakda kuchuk chaynab tashlagan bir uyum uvada teriday chalajon boʻlib yotib qoldi, a’zoyi-badanining ogʻrimagan joyi qolmagan, bosh koʻtarish, yengil yoʻtalish u yokda tursin, chuqurroq nafas olsa qattiq ogʻriq jonu-jahonini oʻrtab yuborar edi. Shunday boʻlsa ham u it azobida kiyimlarini paypaslab topib, bir amallab egniga ildi-yu, chalgʻi bilan oʻrilgan oʻtday yana toʻshakka quladi. Lekin u Chavandoz hali oʻzining oxirgi soʻzini aytmaganligini yaxshi bilar edi. Oliya karaxt holida shu koʻyi qancha yotganligini bilmadi, faqat kimdir chaqirayotgani arang qulogʻiga chalindi, birpas diqqatini yigʻib, keyin qoʻshnisi Fotimaning ovozini tanidi. Fotima bir necha marta:
– Oliya huv Oliya, – deb chaqirgandan keyin oʻrnidan turishga yoki ovoz berishga ham qurbi kelmay, qaerdaligi bildirish uchun qoʻlini uzatib, zoʻrgʻa derazani ochib yubordi. Fotima deraza oldiga keldi-yu, er-xotinning yigʻishtirilmagan oʻrniga koʻzi tushib, iymanib ortiga chekindi, lekin Oliyaning zaif, siniq ovoz bilan oʻzini chaqirayotganligini eshitib, yana derazaga qaytib yuzlandi.
– Fotima opa, oʻrgilay sizdan, – dedi Oliya deyarli pichirlagan ovozda entikib-entikib, – bolalaringizni Olimanikiga yuboring, bir kelib ketsin, mening mazam hech boʻlmayapti.

Olima kelib uni karavotga olib yotqizdi, achchiq mastava qilib singlisini majbur qilib ozgina ichirdi, Oliyaning gapi bilan pochchasiga ham boshqa ovqat tayyorladi. Uning nima gapligini soʻrab bergan savollariga Oliya bosh chayqab, shunchaki tobim yoʻq dedi, lekin Olima nimadir boʻlganligini fahmladi, shunday boʻlsa ham uni boshqa savolga tutmay ertaga yana kelishini aytib uyiga ketdi.

Chavandoz tushlikka ham, kechki ovqatga ham kelmadi. Allamahal kelib, ogʻilxona tomonga oʻtib mollariga qaradi-da, Oliyadan xabar ham olmasdan, mehmonxona uyga uxlagani kirib ketdi.

Ertalab Chavandoz har doimgidek tong qorongʻusida turib, mollarini sarishta qilib boʻlganida Oliya ham bir amallab turib olgan, ertalabki choyga dasturxon tuzab qoʻygan edi. Ammo Chavandoz ishlarini qilib boʻlib, choyga kelmasdan otini egarladi, ishga chiqib ketganda olib yuradigan, ichiga ehtiyot ichkiyim, roʻmolchayu paypoq, oqqand, soqol oladigan anjomlari, sochiq va kapchalarini soladigan safar xaltasini egarning qoshiga ildi, otini darvoza oldiga yetaklab kelib, bir paytlar Gavharning javobini berib yuborgandagidek Oliyani chaqirdi.
– Men oʻn kunlarda qaytaman. Agar ketmoqchi boʻlsang, uydan toʻrt devordan boshqa istagan narsangni olib ketishing mumkin, – deb ta’kidladi, u – hamma narsani, yoʻling ochiq. Lekin ketish niyating boʻlmasa bilib qoʻy, bundan keyin yana biror marta shunaqa oʻyin qilsang, kim bilan boʻlsa oʻsha bilan qoʻshib, chavaqlab tashlayman. Qolish – qolmaslikni oʻzing hal qil.

Otini yetaklab chiqdi-da , egarga oʻtirib yoʻrttirib ketdi.

Oliya ketmadi, ketolmadi. Qolsa – uning uchun Chavandoznikida qolish mislsiz azob boʻlishini u tushunib turar, lekin ketish esa undan-da qiyin, chunki erining ardogʻida shuncha yillik azza-bazza boʻlib yurganidan ketsa, bundan keyin elda qanday bosh koʻtarib yurishini bilolmas edi.

Chavandoz oldiga qoʻygan maqsadiga erishgan, uloqda uning uchun eng katta mukofot shuncha xalqning oldida Egamberdining burnini yerga ishqab qoʻyganligi edi. Lekin endi Chavandozning hayotdan butunlay hafsalasi pir boʻldi, Xudo unga farzand ato etmagani yetmaganday, xotini ham uning ixlos-ishtiyoqini sindirdi, endigi qiligʻi butunlay oshib tushdi. Shunday boʻlsa ham jismiga ato etilgan bitmas kuch-gʻayrati uni oʻz holiga qoʻymas, bor alamini ishdan olar, oʻzi istab-istamay hamon koʻp pul topar edi. Faqat endi u pullarini xotiniga keltirib bermas, bolalari birin- ketin voyaga yetib, tashvishlari koʻpayib qolgan inilari, opa-singillarining toʻyimi, qurilishimi, shunga oʻxshash ishlariga katta-katta pul berar, Toshkentdami, boshqa joydami oʻqiyotgan jiyanlariga qarashar edi. Oliyaning haliyam kelinchaklarnikidek qaddi-qomati, husnu jamoli uni endi oʻt-olovdek oʻziga chorlamas, uning ogʻushi Chavandoz uchun avvalgi sehru jozibasini yoʻqotgan edi. U yotogʻini xotinidan boʻlak qilib, koʻrpa-toʻshagini mehmonxona uyga olib oʻtdi. Shunday boʻlsa ham gʻalayon qilgan nafsining hovurini bosish uchun Oliyaning oldiga kirib turar, xotini bilan hissiz, sovuqqina qoʻshilar edi. Lekin hushi kelmasa uning yotogʻi ostonasidan oʻn besh kun-bir oylab ham hatlab oʻtmas, bunday paytlarda tez-tez kechasi uyda tunamasdan, tong qorongʻusida kirib keladigan odat chiqardi, koʻp ichadigan boʻlib qoldi.

Oliya erining oldida avvalgi e’tiborini butunlay yoʻqotganini bilib turar, erinig kechalari qaerda va kimnikida tunab kelishini ham faqat tusmol qilardi xolos. U endi ilgarigidek toʻy-yigʻinlarga koʻp bormas, borsa ham hammani oʻziga qaratishga harakat qilmas, shu hozirgi mavqeiga ham rozi edi. U uyda sharpadek yurar, erining har bir xohish-istagini avvaldan bilib, oʻrinlatishga harakat qilar edi.

Avvallari ham xalqni bir necha bor qoyil qoldirgan Chavandozning oʻsha koʻpkaridan keyin shusiz ham mislsiz dovrugʻi yanada oshdi, uning bu koʻpkaridagi koʻrsatgan mardliklari elda necha yillab ogʻizdan tushmadi. Egamberdi esa shu-shu qaytib koʻpkariga tushmay qoʻydi, Chavandoz bor davralarga yaqinlashmadi. Uning xotin-qizlarga boshqa tegajogʻlik qilganligini ham hech kim koʻrmadi-eshitmadi. Xalq – Chavandoz Egamberdining tanobini kekkayib ketganligi uchun tortib qoʻydi deb oʻylaganda qisman haq edi, ammo ularning oʻrtasidagi bu tortishuvning asl sababini faqatgina Chavandoz, Oliya va Egamberdigina bilishardi xolos, boshqa hech kim bilmas edi.

Chavandoz yuragining tubida avvaliga nimaligini oʻzi ham anglab yetmagan qandaydir bir tugun bezovta qila boshladi, biroq vaqt oʻtishi bilan u buning nimaligini yana tushunib yetdi, tushunib yetdi-yu, bezovtaligi yanada ortdi. Bu oradan shuncha yil oʻtib, qayta oʻygʻongan – Gavharning oldidagi gunohkorlik hissi edi, bu his bir necha yil oʻtib ham kuchaysa-kuchaydiki, uni tark etmadi.

Navbahor tumanida Navruz bayramiga katta koʻpkari berildi. Tumanning dehqon fermerlaridan bir nechtasi solimga oʻzlarining ataganlarini olib kelishdi. Kim muzlatgich, kim televizor, kimdir yana nimadir atagan edi. Solimning eng yirigi – uch yashar yirik buqa edi. Eng qattiq tortishuv ana shu buqaning ustida boʻldi. Havaskor, boshlovchi yoki oʻrtamiyona uloqchilar boshqa solimlar ilinjida tushib, birin-ketin solimlar egasini topdi. Kuchli uloqchilardan bir nechtasi esa asosiy sovrin uchun olishish niyatida oʻzlari va otlarini charchatmasdan shunchaki aylanib turishar edi. Buqaga gal kelganda oʻrtaga koʻpchilik tushdi, lekin keyinchalik yetmishtacha eng chapdast uloqchilar uzoq tortishishdi. Oxirida Chavandoz hamma uloqchilarni ayirib tashlab, oʻttiz besh-qirq yoshlarga borib kolgan baland boʻyli, keng, toʻgʻri yelkali, suyagi buzuq bir yigit bilan tortishdi. U bu yigitni ilgari koʻrmagan edi. Bugʻdoy rang, ochiq chehrali bu yigit Chavandozning oyogʻi ostiga qisib olgan uloqni ushlab olganicha qoʻyib yubormas, oʻzi ham, oti ham nihoyatda baquvvat edi, oldida tajribali, kuchli raqib turganligini bilib u bilan astoydil olishardi.

«Qarshi tomonlardan boʻlsa kerak», – deb oʻyladi Chavandoz. Yigit ba’zida kulimsib Chavandozning koʻziga boqib qoʻyar, keyin yana har ikkala tomon halol olishayotganligidan zavqi kelib, yana yangi usullar qoʻllab koʻrardi. Chavandoz uning nigohida kuchli uloqchining xuddi shunday uloqchiga hurmatini tuyar, shu topda ehtimolki, oʻzidan-da kuchli raqibga duch kelganligini ham sezib turardi. Xaloyiqning qiyqiriqlari ostida uzoq tortishganlaridan keyin u Chavandozdan uloqni shunday kuch bilan tortib oldiki, Chavandoz ham, oti ham bir qilqib ketdi. Chavandoz raqibiga tan berdi va boshqa ta’qib qilmasdan orqada qoldi. Yigit davrani yorib chiqib marraga otini choptirib ketayotganda shu atroflik yoshroq toʻrt-besh uloqchi uni quvib ketishdi. Ancha nariga borishgandan keyin Chavandoz ularning yigitni oʻrab olib, qamchilab, otdan yiqitib uloqni tortib olishganliklarini koʻrdi. Bu endi ochiqchasiga gʻirromlik, Chavandoz esa bunaqa ishlarga sira toqat qilolmas edi. U toʻdaga yetib olib, uloqni tortib olib ketayotgan uloqchining yelkasiga ikki qamchi tortdi, u oʻgirilib Chavandozni koʻrib sarosimaga tushib qoldi. Chavandoz undan uloqni tortib oldi, sheriklari ham yetib kelishdi.
– Chavandoz, bu nima qilganingiz, – dedi ulardan biri Chavandozga hamla qilishga botinolmay norozi ohangda, – u begona ekan, hoʻkiz oʻzimizga qolardi.
– Qolganlaringniyam tortaymi hozir, – dedi Chavandoz qamchisi bilan poʻpisa qilib, senlar ham shu turishingda oʻzlaringni erkak sanab yuribsanlarmi? Bor, baring ayollarning kiyimini kiyib ol. – Yigitlar xijolat chekib yerga qarashdi. – Tozilar sherlikni da’vo qilishipti-da. Ikrom Chavandozdan uloqni tortib olgan uloqchidan uloqni olish senlarning qoʻllaringdan keladigan ishmi? Yana shunday qilsalaring belingni sindiraman hammangni!

Qarshilik yigit oʻrnidan turib, qovogʻi osilgancha goh-goh qamchi tushgan yelkasi aralash koʻkragini silab qoʻyib, otining egar-ayilini tuzatar edi. Chavandoz uning oldiga kelib uloqni uning oyogʻi ostiga tashladi.
– Ulogʻingni ol, uka, endi uzr, bir-ikkita tirriq hamma joyda boʻladi-da. Men oʻzim ular bilan gaplashib qoʻydim. Ahvoling yaxshimi?
– Tuzukman, – yigitning chiroyi ochilib, otiga mindi, uloqni oldiga oʻngardi. – Rahmat aka, mard odam ekansiz.
– Maqtoving oʻzingga siylov, uka, men shunchaki gʻirromlikka chiday olmayman. Qarshi tomonlardanmisan?
– Kasbidanman.
– Oting nima?
– Jovli.
– Boʻpti, Jovliboy, uloqni marradan aylantirib oborib, sovriningni ol, uloq sening haqqi-haloling edi...

Bu voqea Chavandozning esidan ham chiqib ketgan edi. May oyi kirib old pishiqchilik ham boshlandi. Paxsachilarning ham mavsumi boshlanib, ishi koʻpayib qoldi. Chavandoz sheriklari bilan qishloq chekkasidagi yangi hovli joylar berilgan koʻchada paxsa urardi. Yangi tuproq koʻchaga bir toʻda toʻqqiz-oʻn yoshlardagi bolalar ikki-uchtadan boʻlib, velosipedlarga mingashib olib bolalarga xos shoʻxlik, qiy-chuv bilan Chavandoz ishlayotgan imoratning oldiga kelishdi.
– Bova, hov, Chavandoz bova, – dedi bolalardan biri.
– Hov, buvasi, – ikki paxsa boʻlgan imoratning deraza oʻrnidan Chavandozning boshi koʻrindi, – Azamatmisan?

Bola ukalaridan birining nevarasi edi.
– Uyingizga mehmon keldi, boraykansiz, – dedi bola Chavandozga ham qaramasdan qishloq bolalariga xos qiliq bilan, imoratni tomosha qilib.
– Kim ekan mehmonlar?
– Tanimadik.
– Mehmonlar necha kishi ekan, buvasi?
– Uchovmi-ey.
– Fozil amakingga ayt, mehmonlarni uyga olib kirsin, oʻzida boʻlsa bir qoʻchqor, boʻlmasa shishakmi, toʻqlimi, biror nima soʻydirib tursin, mening ikki peshvoy loyim qoldi, yarim soatda yetib boraman
– Pozil buvam uyida yoʻq, Amriddin amakimga aytaman, – dedi bola yana oʻshanday Chavandozga qaramasdan.
– Amriddin amakingga ayt, bor, buvasi boʻyidan.

Chavandoz bel otaturib mehmonlar kim boʻldi ekan deb, tusmol qilib ham oʻylab topa olmadi. Moʻljaldagi qolgan ozgina loyni sheriklarining oʻziga qoldirib uyiga ketdi. Uyiga yaqinlasha turib uzoqdan bir yengil mashinani va bir usti yopiq qutilik yuk mashinasini koʻrdi. Darvoza oldida turgan toʻrt kishidan biri tanish koʻrindi, u Jovli edi, ularni ukasining oʻgʻli Amriddin ichkariga chorlayotgan edi, mehmonlar Chavandozni koʻrib toʻxtashdi.
– Chavandoz aka, mehmon olasizmi? – deb oʻziga xos ochiq chehrasi bilan kulib quchogʻini ochib keldi Jovli.
– E, Jovliboy, kel uka, mehmon atoyi Xudo deydilar, xush kepsilar.

Quchoqlashib koʻrishishdi.
– Bular otam, bu Eshpoʻlat akam, asli amakim, aka deb ketganmiz, huv kelganda koʻrgandirsiz, birga kelgan edik. Bu doʻstim, Norpoʻlat.

Avval qariya, keyin Eshpoʻlat koʻrishdi, ellik yoshlardagi bu odamni Chavandoz esladi. Jovlining otasi – uzun soqolli, barvasta, baland boʻyli qariya yetmish besh-etmish oltilarda boʻlsa ham hali tetik edi.
– Karmananing mard koʻpkarichisigʻa biz ham bir mardchiliq qigʻani keldik, Chavandoz, – dedi u ham quchogʻini ochganicha, – dovrugʻingizdi koʻp eshitib edim.
– Qulluq, qulluq, buva, – deb koʻrishdi Chavandoz.
– Qani, Jovliboy, Chavandoz akangga ataganingdi opkel-chi.

Jovli bilan Norpoʻlat koʻtarma tuproqqa orqasi bilan taqab qoʻyilgan usti yopiq yuk mashinasining orqa eshigini ochib, qop-qora tusli bir toyni tushirishdi. Toy yerga tushib atrofga olazarak boʻlib, qulogʻining chimirdi, keyin boʻyni va tumshugʻini choʻzib havoni hidladi, begona hidlarni tuyib bezovtalandi va bu yoshdagi boʻyniga endi arqon tushgan hamma toylar singari qaysarlik qilib, boʻynidan ipni chiqarmoqchi boʻlib orqaga tislandi, keyin Jovlining atrofidan jon-jahdi bilan aylanib yugurdi. Jovli ipni kalta ushlab Chavandozning toyni yaqindan koʻrishiga imkon berdi, yoʻlda charchab-toliqib qolgan toy birpas tek turdi.

Chavandoz bir qarashdayoq toyning xushbichim qomati, ingichka boʻyni va tumshugʻiga qarab, u asl zotli otlardan ekanligini payqadi. Uning qoʻlidan shu paytgacha ancha-muncha yaxshi otlar oʻtgan boʻlsa ham, bunaqasi hali tushmagan edi, uning ichiga hayajonga oʻxshash iliq bir nimadir kirdi, koʻzlariga ishonmadi. Toy bir yosh- bir yarim yosh oʻrtalarida boʻlib, koʻzlari ohuning koʻzini eslatar, mijjalari uzun-uzun, qomati chiroyliligi uchunmi, Chavandozning koʻziga uning har bir harakati chiroyli boʻlib koʻrinar edi. Qariya avval Chavandozning harakatini jim kuzatdi, keyin u toyning u yer-bu yerini ushlab koʻrib, zotli otlardan ekanligini tushunganligini Chavandozning yuz ifodasi va koʻz qarashlaridan bilgach, mamnun boʻlib gapirdi:
– Koʻrib turibman, otni tanir ekansiz-a, Chavandoz. Bu otning bobokalonlari bilan Tojikistongacha, Afgʻongacha borib, solimlar olib kelganman, oʻshanda Jovliday qirq yoshlarda edim...

Mehmonlar bir kecha qoʻnoq boʻlib ertalab ketishdi.

Shu-shu Jovli bilan qadrdon aka-uka kirishib qolishdi. Jovli tortiq qilgan toy Chavandozning shuncha yillik koʻpkarichiligida qoʻlga kiritgan hamma solimlaridan ham qimmatliroq sovgʻa edi. Jovlining otasi Eshmamat buva uning mardligini ana shunday taqdirlagan, oʻz soʻzi bilan aytganda, Chavandozning mardligiga «mardchiliq qigʻan» edi.

Chavandoz toyga qop-qora tusliligi uchun «Qaldirgʻoch» deb laqab qoʻydi. Qaldirgʻoch Chavandozning hayotiga yangi mazmun bagʻishladi. Uning ham hamma tirik, orzu-havaslarga toʻla odamlardek bolalarga ayricha mehri bor edi, u qoʻlidan kelgunicha goʻdak jiyanlarini erkalab-suyar, lekin Bozorgul ena mayda nevaralarini unikida koʻp yurgani qoʻymas, shu sabab uning hayoti nursiz, koʻngli kam boʻlib yurar, endi esa kecha-kunduz uning kunlarini yoritguvchi bir nur paydo boʻlgan edi. Chavandoz koʻpgina befarzand oilalalarda it, mushuk boqishlarini koʻrgan edi, ammo u it va mushukni yoqtirmasdi, toy unga goʻyoki farzand qatori boʻlib qoldi, unga bor mehrini berdi. Chavandoz doʻsti Sodiqning oʻgʻli Abdullani yoniga olib, Qaldirgʻochni uloqchi ot qilib tarbiyalay boshladi. Chavandoz katta koʻpkarilarda Qaldirgʻochni koʻpincha bu paytga kelib yaxshigina uloqchi boʻlib qolgan Abdullaga berib, ham Abdullani, ham Qaldirgʻochni tomosha qilib, zavqlanib toʻymas edi. Chavandozning parvarishi, e’tibori bilan asl zotli otlar naslidan boʻlgan, fahmu farosatli, aqlli Qaldirgʻoch – uch-toʻrt yilda yaxshi aygʻir, haqiqiy uloqchi ot boʻlib yetishdi va sohibining oʻzidek uzoq-uzoqlarga dovruq taratdi. Qaldirgʻochni tomosha qilgani nafaqat koʻpkarilarga, balki Chavandozning uyiga ham kelishardi. Undan avlod olish uchun biyalarini qochirishni soʻrab keluvchilar ham kam emasdi, lekin Chavandoz har qanday biyaga ham Qaldirgʻochni qoʻshmas, yaxshilab otni koʻzdan kechirgachgina didiga oʻtirgan biyaga qochirishga ruxsat berardi. Chavandoz biror marta sotaman degan boʻlmasa ham, Qaldirgʻochni uzoq-yaqinlardan otning ashaddiy ishqibozlari, ayniqsa puldor boyvachcha, tadbirkorlardan soʻrovchi xaridor koʻpaygandan koʻpaydi. Shunday xaridorlardan biri qirq yoshlardagi eski tanishi – tadbirkor Abdurashid edi. U bir necha marta kelib Chavandozni hol-joniga qoʻymasdan avval aytgan narxining ustiga yana qoʻshib, soʻnggi kelishida otga «Mersedes» mashinasini almashtirishni taklif qilib ketgan edi.

Chavandoz ertalab turib Qaldirgʻochni egarladi va Abdurashidni izlab ketdi, uni yangi ishga tushirgan gʻisht zavodidan topdi.
– Abdurashid, otni olish fikridan qaytganing yoʻqmi? – deb soʻradi Chavandoz soʻrashishgach. Abdurashid avvaliga oʻz quloqlariga ishonmadi, u bundan ikki oycha avval Chavandozga «ogʻzingizga siqqan pulingizni ayting, qancha desangiz shuncha beraman" deb, hatto ellik ming dollarga olgan yangi «Mersedes» mashinasini taklif qilgan chogʻida ham Chavandozni otini sotishga koʻndira olmagandi, endi esa uning bu ishidan hayron qoldi.
– Nima uchun oʻshanda gapimni hatto tinglamagandingiz-u, endi oʻz oyogʻingiz bilan kelib turganingizni tushunmadim, lekin otingizning bahosini ayting, Chavandoz, – dedi Abdurashid.
– Oʻn besh ming, – bir pas turib yana dedi, – oʻn besh ming dollar berasan.

Abdurashid yana hayron qoldi.
– Men oʻshanda sizga deyarli uch baravar narx aytgan edim, siz esa oʻn besh ming deyapsiz?
– Abdurashid, sen meni asp jallob deb oʻylayapsan chogʻi, uka. Asli-ku bu otning bahosi yoʻq, lekin menga oʻn besh ming dollar kerak, ellik ming kerak boʻlganda ellik ming ber deb aytgan boʻlardim. Men senga, – Chavandoz xomush tortib, ovozi titrab chiqdi, – buyum, mol sotayotganim yoʻq, eng aziz narsamni, orimni berayapman, uka.

Abdurashid Chavandozga otini sotish oson boʻlmayotganligini tushundi, shuning uchun ortiqcha gap qoʻshmadi, unga nima uchun pul kerak boʻlib qolganligini ham tushunmadi. Qoʻl telefonini oldi-da, kimlargadir bir-ikkita qoʻngʻiroq qildi, keyin xursand boʻlib ikki qoʻlini bir-biriga ishqalaganicha ukasini chaqirdi:
– Abdunazar, Chavandoz buvangga u-bu olib kel, bir bitimni yuvaylik.
– Yoʻq uka, boshqa safar, hozir emas. – Abdurashid uncha-muncha boʻz bola yigitlar hali Chavandozning oldida aroq ichishda ip esholmasligini bilar edi, astoydil qistadi, lekin Chavandoz koʻnmadi. Bu orada mashinada ikki yigit Abdurashidga bir paketda pulni keltirib tashlab ketishdi, u pulni avval oʻzi sanab, keyin Chavandozga «sanab oling» dedi. Chavandoz pulni sanab oʻtirmasdan paketga joyladi, qoʻl tashlab «bor baraka» qilishdi, keyin esa oti bilan xayrlashish uchun sim yogʻochga bogʻlangan Qaldirgʻochning oldiga keldi, otning boʻynidan quchoqlab, bagʻriga bosdi, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi, yelkalari qaltirab bir necha daqiqa unsiz yigʻladi.
– Eh, Ikrom aka, odamning yuragini ezib yubordingiz-ku, – dedi buni koʻrib Abdurashid, keyin Chavandozning oldiga kelib otning tizginini yechib uning qoʻliga tutqazdi. – Mang otingiz, pulni olib ketavering, topganingizda olib kelib berarsiz, tilxatingiz ham kerak emas. Yurtda hurmatingiz bor, sizning dangal, mard odamligingizni hamma biladi-ku, axir shunday kelib, «Uka, zaril boʻp qoldi» desangiz shundoq ham berib turardim-ku, aka.Tushunaman, mening ham yuragim toshdan emas-ku.

Chavandoz otning boʻynini qoʻyib yubordi, keyin koʻz yoshlarini artdi-da, yana oʻsha qaltiragan ovoz bilan dedi:
– Men shu yoshga kirib birovdan qarz olmaganman, Abdurashid uka. Endiyam olmayman. Lafz halol, qoʻl tashlashdik, ot seniki.
– Ikrom aka, toʻxtang, Abdunazar sizni uyingizga mashinada eltib qoʻyadi.

Chavandoz ortiga qayrilib ham qaramasdan, »kerak emas» ma’nosida qoʻl silkib, ogʻir-ogʻir qadamlar bilan zavod darvozasidan chiqdi.

Kechqurun pulni qoʻyniga solib,Jabborqul oʻgʻli Zarif bilan ishlayotgan mahallaning yangi qurilayotgan maktabiga bordi. Ishi tugagach, undan gaplashib olish uchun biroz toʻxtab turishini soʻradi, ikkalasi yolgʻiz qolishdi.
– Jabborqul, yangi imoratingni sotmoqchi emishsan deb eshitdim.
– Agar xaridor boʻlsangiz kech qoldingiz, Chavandoz, men kelishib, va’da qilib qoʻydim, – dedi Jabborqul va ichida «befarzand Chavandoz imoratga nima uchun qiziqdi ekan, birorta jiyaniga olib berib, himmat qilmoqchi boʻlsa kerak-da» deb oʻyladi.
– Agar sotmagan boʻlsang, shuni sotma deb aytgani keluvdim.

Jabborqul yana ajablandi:
– Nega endi, Chavandoz, tushunmadim?

Chavandoz ustaning oldiga pulni qoʻydi.
– Mana uka, oʻn besh ming dollar.
– Bunday tushuntiribroq gapiring, Chavandoz, bu nima oʻzi?
– Pul, jiyaningni chet elga oʻqishga ketishi uchun.
– Men sizdan pul-mul soʻraganim yoʻq edi-ku?
– Endi uka, hammaning xabari bor, imoratni qancha qiyinchilik bilan, ming orzu-havas bilan qilgansan. Bu yoqda bolalaring ham katta boʻlib qolishdi. Rahmatli Gʻafforqulning bolalarini ham otalarini yoʻqligini bildirmasdan oʻqitib toʻylarini qilayapsan, baraka top. Shunga shu pulni olib qoʻysang devdim, hovlingni sotma, mendan qarzi hasana, meniyam hech boʻlmasa ozgina boʻlsayam savobdan benasib qilma, uka.
– Imoratni sotayotgan boʻlsam bu meni ishim: imorat meniki, bola meniki.Bosh omon boʻlsa, bolalar pul topib oʻz kunini oʻzi koʻradidigan boʻlsa, yana imorat, hovli-joy qilarmiz. Pulingiz koʻp boʻlsa oʻzingizga, bunaqa qilib odamning hamiyatiga tegmang, Ikrom aka. Men hech kimdan sadaqa olmaganman, olmayman ham.

Jabborqul pulga qaramay ketmoqchi boʻldi.
– Agar sen olmasang, unda bu pulning mengayam keragi yoʻq.

Chavandoz bu gaplarni oʻpkasi toʻlib, qaltiragan ovozda aytdi, Jabborqul unga oʻgirilib, Chavandozning koʻzlari jiqqa yosh ekanligini koʻrdi.
– Qiziq odam ekansiz-ku, Ikrom aka, muddaongiz nima oʻzi?

Chavandoz birpas toʻxtab turib dedi:
– Jabborqul, men Gavharning oldida koʻp gunohkorman, unga qancha ozor berdim, uni zor-zor yigʻlatib, ketishga majbur qildim. Xudo-ku uni yorlaqadi, qoʻsha-qoʻsha farzand berdi. Lekin bir paytlar qilgan gunohimdan vijdon azobini men endi tortayapman.

Chavandoz koʻz yoshini toʻxtatolmas edi.

Jabborqul nima qilishini bilolmay qoldi. Yoʻq, u baribir bu pulni ololmaydi, xotiniga nima deydi: «Chavandoz berdi, yordam qilmoqchi ekan» deydimi? Gavhar bunga hatto «Chavandozdan qarz oldim», desa ham aslo rozi boʻlmaydi. U bir muddat oʻylanib qoldi.
– Yoʻq, Ikrom aka, pulingizni sira ololmayman.
– Jabborqul, koʻngling qabul qilmasa keyinchalik qaytararsan. Men bu pul uchun Qaldirgʻochni sotdim, tushunayapsanmi, otimni sotdim. Butunlay sotdim, endi qaytib olmayman, ololmayman.
– Nima dedingiz, otimni sotdim?!

Jabborqul joyida oʻtirib qoldi. Bugun Chavandoz uni hayratga solishdan toʻxtamayotgan edi. Nahotki u shuncha paytdan beri birovlarning tushiga ham kirmagan pullarga sotmagan otini sotgan boʻlsa? Ikrom Chavandozday odamning shuncha dovrugʻi ketgan, yeru-koʻkka ishonmaydigan otini shuning uchungina sotganiga aql bovar qilmas edi. Jabborqul agar u hozir pulni olmasa, shunchalikka borgan Chavandoz achchiq ichida, iztirobda oʻzini biror nima qilib qoʻyishdan ham qaytmasligini xayoliga keltirdi, oʻylovda qoldi.
– Boʻlmasa bunday qilamiz, Ikrom aka. Pulingizdan besh mingini olaman, uni ham qarz deb, hali Gavhar rozi boʻlsa. Imkonim boʻlishi bilan qaytaraman.

Chavandoz buni eshitib sal chiroyi ochildi, lekin u pulning bir qismini qaytarib olib ketishga ham koʻnmadi.
– Sen jiyaningni qaerga yuborayapsan? Angliyaga.Toshkentga yoki hatto Moskvaga emas. U yerga orqasidan soʻrab borolmaysan, menga buncha pul yuboring desa yana kimga borasan? Oʻshaning uchun qolganini ham olib qoʻy, hidini chiqarma. Bolani shunday uzoq joyga yuborayotganingdan keyin qoʻlingda ehtiyot shart kattaroq pul tursin.

Jabborqul bu haqda oʻylab koʻrmagan ekan, Chavandozning sermulohaza odam ekanligiga tan berdi.
– Gavharga ham tushuntirib ayt. Faqat oʻrtamizda boʻlgan oldi-berdini Gavhar, senu mendan boshqa hech kim bilmasin...

Chavandoz Qaldirgʻochni Abdurashidga berib yuborgandan keyin sevimli otiga nisbatan shafqatsizlik, ehtimolki, hatto xiyonat qilganligidan bagʻrini oʻrtagan iztirobdan bir necha kun gangib yurdi.

«Kechir meni, Qaldirgʻoch, kechir. Seni sotib men juda katta gunoh qildim. Lekin bu ishni juda koʻp yil oldin qilgan, bundan-da kattaroq boshqa bir gunohimni salgina boʻlsa-da yengillatish niyatida qildim» degan oʻylar bilan bir necha kun oʻziga taskin berishga urindi. Koʻnglini yana Chavandoz huv Oliya va Egamberdi bilan orani ochiq qilib olgandan keyingi kabi tushkunlik egalladi. Lekin bu holat bir necha kundan keyin oʻtib ketdi. Har qalay, usta Jabbor yangi imoratini sotib yubormasdan jiyanini chet elga oʻqishga yuborganidan keyin ancha tinchlandi. U buni Gavharning shuncha yildan keyin boʻlsa ham, uning gunohini loaqal ozgina boʻlsa ham kechirganining belgisi deb tushundi. Shunday kayfiyat bilan bir kuni onasining oldiga bordi.
– Ena, yoʻq demasangiz men Nasimni oʻz uyimga olib kelib, uylantirmoqchi edim, – dedi. Nasim – Bozorgul momoning toʻrt qizidan eng kichigi, Chavandozning singlisi, bir etak bolalari birdan katta boʻlib qolib, ularning tashvishlari bilan tirikchilikdan andak qiynalib qolgan Oysuluvning ikki-uch yil burun harbiydan qaytib kelgan traktorchi oʻgʻli edi. Keyinchalik hamma, « Chavandozning qoʻlida tuf deb tugib qoʻygan puli yoʻq ekan, otini jiyanining toʻyiga xarj qilish uchun sotgan ekan-da» degan xayolga borgan edi. Lekin kampir oʻgʻliga otini nima uchun sotganligini, bu ish unga oson boʻlmaganligini va u bu pulni nima qilganligini sezib turardi. Bozorgul momo shuningdek, Jabborqul va Gavhar Chavandozdan bu pulni osonlikcha olmaganliklarini ham fahmlab turar edi. Buni Chavandoz qanday qilib uddasidan chiqqanligini u bilolmadi, undan soʻrab ham oʻtirmadi. Shunday boʻlsa ham, Chavandoz Gavharning oldida ozgina boʻlsa ham oʻz gunohini yengillashtirganligi, shu bilan kampirning ham koʻnglidagi xijillikni bir qadar aritganligi sababli, koʻngli yumshadi. Oʻttiz yildan beri oʻzi unga nisbatan qattiqqoʻl va bemuruvvat boʻlib kelgan, hozir esa oldida yosh boladay koʻzlari iltijoli moʻltirab turgan oʻgʻliga mehri iydi.
– Beriroq kel, Ikrom, – dedi.

Chavandoz onasiga yaqinroq surildi, uncha-muncha nevara-evaralarini ham hadeganda erkalavermaydigan kampir uning boshini qoʻli bilan koʻksiga bosdi. Toʻlib turgan Chavandoz onasining tizzasiga boshini qoʻyib, yelkalari titrab-silkinib, koʻz yoshlarini yashirmay baralla yigʻlab yubordi.