OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ivan Bunin. Qasdlashuv (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIvan Bunin
Asar nomiQasdlashuv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Klassitsizm
Mualliflar
   - Ivan Bunin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOlima Nabizoda
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qasdlashuv (hikoya)
Ivan Bunin

Avgustning oxirlarida Kanndagi pansionga bordim; dengizda choʻmilib, tabiatdan nusxa koʻchirib, ijod qilmoqchi edim. Anavi gʻalati ayol har kuni ertalab kahva ichar, oʻzi alohida stolda oʻtirib tamaddi qilar, doim oʻychan, tund qiyofada yurar, chor-atrofdagi odamlarga e’tibor bermas, qahvaxoʻrlikdan soʻng qaysi goʻrlargadir gʻoyib boʻlar, kechgacha qorasini koʻrsatmas edi. Pansionda bir haftadan beri yashayotgan boʻlsam-da, hamon oʻsha ayolni qiziqib kuzatib yurardim: qop-qora sochlari qalin, bilakdek bir oʻrim sochi orqasiga tashlab qoʻyilgan, sochlari boshini chulgʻagan, qaddi-qomati kelishgan, sogʻlom, egnida qora-qizil movut koʻylak, istarasi issiq, lekin qiyofasi tund... Bizga oʻn besh yoshlar chamasidagi elzaslik qiz osh-ovqat, choy-non keltirib berar, bajonidil xizmatimizni qilardi. Yosh boʻlsa-da siynalari boʻliq, toʻlishgan, toʻlishib yana-da ochilib ketgan, tantiqroq, lekin yoqimtoy ojiza edi. U birovning gapini xuddi hurkak ohudek koʻzlarini pirpiratib, jilmayib tinglardi. Uni bir gal yoʻlakda uchratib qolib savolga tutdim:
— Dites, Odette, qui est cette dame?
— Quelle dame, monsieur?
— Mais la dame brune, la-bas?
— Quelle table, monsieur?
— Numero dix.
— C’est une russe, monsieur.
— Et puis?
— Je n’en sais rien, monsieur.
— Est-elle chez vous depuis longtemeps?
— Depuis trois semaines, monsieur.
— Toujours seule?
— Non, monsieur. Il y avait un monsieur...
— Jeune,sportif?
— Non, monsieur... tres pensif, nerveux...
— Et il a disparu un jour?
— Mais oui, monsieur...

«Gap buyoqda ekan-da! – deb oʻyladim. – Endi ba’zi narsalar oydinlashyapti. Lekin u erta bilan qaysi goʻrlarga daf boʻlyapti ekan? Hamon sevgilisini izlayaptimi?»

Ertasi kuni qahvaxoʻrlikdan soʻng, odatdagidek, xonamdagi ochiq derazadan shagʻal gʻichirlashi eshitildiyu pansion bogʻchasiga moʻraladim: u odati boʻyicha yalangbosh, koʻylagi rangidagi shamsiyasini koʻtarib tez-tez yurib ketib borardi. Oyogʻida qizil poyabzal. Men darhol hassa

bilan shamsiyani olib, uning orqasidan ergashdim. U koʻcha boshiga borib Karno xiyoboni tomon burildi, men ham oʻsha muyulishdan burildim. Oʻyladimki, oʻz xayollari bilan band boʻlib orqasiga qaramaydi, poylab borayotganimni sezmaydi. Darhaqiqat, to vokzalga borguncha orqasiga bir marta ham nazar tashlamadi. Vokzalda uchinchi toifali vagonga chiqayotgan chogʻda ham orqasiga oʻgirilib qaramadi. Poezd Tulonga borardi. Men ham har ehtimolga qarshi Sen-Rafaelgacha chipta olib, qoʻshni kupega chiqdim. Chamasi, u olisga ketayotgan yoʻlovchiga oʻxshamasdi. Xoʻsh, qayoqqa ketyapti?.. Napulada, Teulada derazadan boshimni chiqarib qaradim. Nihoyat, poezd Treyyasda birpas toʻxtagan payt yana boshimni chiqardim-u, bekatni tark etayotgan ayolni koʻrib qoldim. Vagondan sakrab tushib yana uning orqasidan yoʻl oldim. Bu safar olis masofadan ta’qib etib boraverdim. Uzoq yurdik – dengiz yoqasidagi tik jarlik yonidan oʻtgan egri-bugri muyulishlar, yosh qaragʻayzor oralab oʻtgan nishab toshloq soʻqmoq ham orqada qoldi. Shu soʻqmoq orqali sohilga tik kesib chiqilsa, yoʻl xiyla qisqarardi. Oʻrmon bilan qoplangan kimsasiz serqoya koʻrfazcha tomon togʻ qiyalab borar, sohilga yetgach tik kesilgan tabiiy devor hosil boʻlar edi. Vaqt peshinga yaqinlashib qolgan, kun issiq, qilt etgan shabada yoʻq, igna bargli archazordan taralayotgan xushboʻy hid dimoqni yoraman derdi, atrofda zogʻ uchmas, tiq etgan tovush eshitilmas, faqat chagʻalaylar suv sathida yuzib yurar, onda- sonda chigʻillab qoʻyishar edi. Dengizning ochiq boʻlgan janub tomoni yalt-yult etib koʻzni qamashtirar, yirik-yirik kumush yulduzchalar sapchib qirgʻoqqa urilardi... Nihoyat, u ogʻirligini orqaga tashlab yugurgancha soʻqmoq boʻylab yam-yashil koʻrfazchaga tushdi. Koʻrfazcha toʻq qizil qoyalar orasida paydo boʻlgan edi. Shamsiyasini qumloqqa tashlab shosha-pisha yechina boshladi. Oyoqyalang edi. Men sertosh qoyaga yotib oldim, u qoya ostiga qoramtir gulli koʻylagini yechib tashladi. Unga qarab, hoynahoy, choʻmilish kuylakchasi xam koramtir-tund bulsa kerak deb uyladim. Birok, kuylak ostida hech qanday choʻmilish kuylakchasi yoʻq, faqat kaltagina pushti sorochka bor edi, xolos. Sorochkasini ham yechib tashladi; u oftobda obdon toblangan, badanlari qahrabo tusiga kirgan, sogʻlom, baquvvat edi. Qip-yalangʻoch holda oqarishib turgan tip-tiniq suvga kirib bordi; chiroyli toʻpiqlarini egib-toʻgʻrilab, orqalarini namoyishkorona oʻynatib, quyoshda qoraygan bellarini koʻz-koʻzlab suvga shoʻngʻidi. Suvda jimib qoldi, aftidan, suvda aks etayotgan quyosh nurlari koʻzlarini qamashtirgan edi. Keyin oyoqlarini oʻynatib suvni shaloplatdi, suv tubiga choʻnqayib oʻtirdi, suvdan boshini chiqarib bir aylandiyu oyoq-qoʻllarini keng yozib suv ustiga yotib oldi; asta-sekin yuzib qumloq sohilga chiqdi, tirsagini tirab qumga boshini qoʻydi. Kumush tikondek yaltirab, bir maromda sokin chayqalayotgan bepoyon dengiz guyo ufqqa singib ketardi. Sohilga tutash koʻrfazcha va shinamgina serqoya manzil tobora qizib borardi. Qoyadan iborat dim boʻshliqda, moʻ‘jaz janub oʻrmonida shu qadar teran sokinlik hukm surardiki, pastimdagi qumloqda koʻksini qumga berib yotgan ayolning yaltirab turgan yelkalariga, ikki tilim orqalariga, keng yoyilgan oyoqlarining orasiga urilayotgan shaffof mavjlarning mayin chaloplashi ham bemalol eshitilardi. Men xarsang orqasiga yashirinib olib yalangʻoch goʻzallikni zimdan kuzatib yotar ekanman, borgan sari betoqatlanib, bu qiliq gʻirt bema’nilik, surbetlik ekanini paqqos esimdan chiqarib yubordim. Qaddimni tiklab trubkamni tutatib tamaki cheka boshladim. Daf’atan ayol ham boshini koʻtardiyu pastdan yuqoriga – men tomon ajablanib tikilib qoldi. Birok, avval qanday yotgan boʻlsa, oʻsha holatda choʻzilib yotaverdi. Nima qilishimni, nima deyishimni bilmasdan kalovlanib oʻrnimdan turdim. Ayol birinchi boʻlib tilga kirdi:
— Men yul boʻyi orqamdan birov ergashib kelayotganini sezgan edim. Nega ergashdingiz?
— Kechirasiz, shunchaki qiziquvchanlik... – dedim gapni aylantirmasdan.
— Ha, koʻrinib turibdi, qiziquvchan ekansiz. Men xakimda surab-surishtirganingizni Odette aytgan edi. Sizning rus ekaningizni tasodifan eshitib qolganman, shu bois hozir unchalik ajablanayotganim yoʻq – hamma ruslar haddan ziyod qiziquvchan boʻladi. Biroq, ayting-chi, nima uchun orqamdan ergashib keldingiz?
— Avvalo, qiziquvchanligim, qolaversa, kasbim shunaqa.
— Bilaman, siz rassomsiz.
— Siz esa rasmbop ayolsiz. Bundan tashqari, xar kuni ertalab qayoqqadir gʻoyib boʻlardingiz. Bu hol koʻnglimga gʻulgʻula soldi: qayoqqa? nima uchun? Hatto nonushta qilmasdan ketardingiz. Vaholanki, pansion ahli bunday qilmaydi. Boz ustiga, turq-atvoringiz ham boshqalarnikidan farq qiladi, doim bir narsani oʻylab yurasiz. Yolgʻiz boʻlasiz, miq etmaysiz, qandaydir yashirin siringiz borga oʻxshaydi... Endi, yechinayotganimni koʻrib nima uchun qaytib ketmadingiz, deb soʻramoqchimisiz...
— Tekin tomoshani tashlab goʻrga ketarmidingiz, - dedi. Birpas sukut saqlab, qoʻshib qoʻydi: - Hozir suvdan chiqaman. Bir daqiqa teskari qarab turing, keyin buyoqqa kelasiz. Siz ham meni qiziqtirib qoldingiz.
— Oʻlsam ham teskari burilmayman, - dedi. – Men rassomman, qolaversa, biz yosh bola emasmiz.
— Boʻpti, menga bari bir,- dedi u yelkasini qisib.

Soʻng baralla oʻrnidan turdi, old tarafdan ayollik tarovati roʻy rost namoyon boʻldi. Shagʻalni gʻichirlatib shoshilmasdan olgʻa yurdi, pushti sorochkasini boshiga tashladi, keyin koʻylakcha boʻynidan jiddiy qiyofasi koʻrindi, kiyim hoʻl badaniga yopishib qoldi.

Men uning yoniga yugurib tushdim, yonma-yon oʻtirdik.
— Balki, trubkadan tashqari, papirosingiz ham bordir? – deb soʻradi.
— Bor.
— Menga ham bering.

Papiros berib, gugurt chaqdim.
— Rahmat.

Tutunni ichiga tortib olis-olislarga nigoh tashladi, oyoq barmoqlarini oʻynatdi.
— Hozir ham sizga yoqyapmanmi? – deb soʻradi kesatiq aralash.
— Boʻlmasam-chi! – deb xitob qildim. – Ofatijonsiz, badaningiz, sochlaringiz, koʻzlaringiz... faqat tund qiyofangiz gʻalati koʻrinyapti.
— Rostini aytsam, koʻnglimga yomon bir niyatni tugib qoʻyganman.
— Oʻzim ham shunday boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Siz yaqinda kim bilandir ajrashgansiz, kimdir sizni tashlab ketgan...
— Tashlab ketmadi, itqitib yubordi. Meni tashlab qochib ketdi. Bilardim, u adoyi tamom boʻlgan kimsa edi, lekin unga koʻngil berdim. Keyin ma’lum boʻldiki, qip-qizil bitta ablahni yaxshi koʻrgan ekanman. U bilan bundan bir yarim oycha muqaddam Monte-Karloda uchrashdik. Oʻsha oqshom kazinoda qimor oʻynab oʻtirgan edim. U ham yonimda turib qimor oʻynardi, koʻzlarini olaytirib sharchalarni kuzatardi. Omadi chopib koʻp yutdi, bir marta yutdi, ikki, uch, toʻrt... Men ham ancha-muncha yutuqni qoʻlga kiritdim, u hammasini koʻrib turardi. Toʻsatdan: «Tamom, pishti! Assez! – deb men tomonga oʻgirildi-da: - N’est-ce pas madame?» - deb qoʻshib qoʻydi. «Ha, pishti!» dedim kulib. «Ie, rusmisiz?» «Koʻrib turibsiz-ku». «Unday boʻlsa, ketdik – kayf-safo qilamiz!». Unga razm soldim – aftidan azob koʻrgan odamga oʻxshardi, lekin xiyla kelishgan... Keyin nima boʻlganini tasavvur etish qiyin emas.
— Ha, qiyin emas. Kechki ovqat paytida apoq-chapoq boʻlib, tinmay gap sotgansizlar, xayrlashadigan payt kelganda ajablangansizlar...
— Toʻppa-tugʻri. Biz xayrlashmadik, bir-birimizga yopishdik-qoldik, yutib olgan pullarimizni sovura boshladik. Monte-Karloda, Tyurbida, Nitstsada yashadik. Kann bilan Nitstsa oraligʻida, yoʻl boʻylarida joylashgan qovoqxonalarda nonushta, tushlik qilardik. Siz u joylardagi narx-navolar osmonda ekanini bilsangiz kerak?! Hatto ma’lum muddat Cap d’Antibes mehmonxonasida ham yashadik, oʻzimizni boy-badavlat etib koʻrsatishga harakat qildik... Hamyonimizning tagi koʻrinib qoldi, oxirgi mayda-chuydamizni toʻplab Monte-Karloga yoʻl oldik, lekin bu safarimiz halokat bilan yakunlandi. U biryoqlarga gum boʻlib ketib pul topib kelar, ammo bu pullar avvalgilarga nisbatan arzimas miqdorda – ellik, yuz frankdan oshmas edi... Soʻng mening sirgʻalarimni, hatto nikoh uzugimni, ichdan buynimga taoʻib yuradigan tillo xochimni, bir paytlar men eri bor xotin edim, qaysi goʻrlargadir eltib sotib yubordi...
— Albatta, erta-indin birov juda katta qarzini toʻlaydi, nufuzli, sarmoyador doʻstlarim, tanish-bilishlarim bor deb ishontirgan.
— Ha, xuddi shunday boʻlgan. Uning oʻzi kim edi? Anigʻini hozir ham bilmayman. Oʻzining oʻtmishi toʻgʻrisida batafsil, aniq gapirishni istamasdi, mavzuni darhol boshqa tomonga burib yuborardi. Oʻzim ham bunga unchalik e’tibor bermasdim. Bilasiz, koʻpchilik muhojirlarning kechmishi bir xil boʻladi: Peterburg, ajoyib harbiy qismda xizmat, keyin inqilob boshlanadi, Istanbul... Eski ogʻaynilari yordami bilan Parijda goʻyo yaxshigina mavqega ega boʻladi, istagan joyga qoʻli yetadi, hozircha Monte-Karloda vaqtixushlik qiladi yoki Nitstsada birorta obroʻ-e’tiborli doʻstining pinjiga kirib olib... Xullas, shunaqa gaplar bilan qoʻynimni puch yongʻoqqa toʻldirdi. Men boʻlsam kundan kunga ruhan tushib, yorugʻ dunyo koʻzimga tor koʻrinib borardi, u esa miygʻida kulib: «Xotirjam boʻl, menga ishonaver, Parijda hozir biz uchun yelib-yugurishyapti, bopladim – nima qilganimni senga aytib oʻtirmayman, baribir aqling yetmaydi, buyogʻini oʻzimga qoʻyib ber», deb taskin berardi.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Nima «xoʻsh»?

U birdan koʻzlarini chaqnatib menga qaradiyu oʻchib qolgan papirosini uzoqqa otib yubordi.
— Sizga bularning hammasi kulguli tuyulyaptimi?

Men qoʻlidan tutib mahkam siqdim.
— Shunday deyishga uyalmaysizmi?! Men sizni Meduza yoki Nemezida kiyofasida tasvirlamokchiman.
— Ular qasoskor sanamlarmi?
— Ha, juda yovuz.

U ma’yus jilmaydi.
— Nemezida! Yana qanaqa Nemezida?! Yoʻq, siz yomon odamga oʻxshamaysiz... Yana bitta papiros bering. U chekishniyam oʻrgatdi... Hamma narsaga oʻrgatdi!

Papirosni tutatib, yana olis-olislarga nazar tashladi.
— Darvoqe’, choʻmilish uchun shuncha joyga kelganingizni koʻrib nihoyatda ajablangan edim. Har kuni boʻzchining mokisidek loʻkillab yurishdan zerikmasmikan deb oʻylagandim. Endi bilsam, sizga yolgʻizlik kerak ekan.
— Toʻgʻri.

Quyosh tobora zabtiga olib qizdirardi, hovur va xushboʻy hid koʻtarilayotgan qaragʻay shoxlariga qoʻnib olgan chirildoqlar achchiqlangandek zoʻr berib chiriqlardi. Ayolning qop-qora sochlari, ochiq yelkalari, oyoqlari qizib ketganini sezib turardim.
— Yuring, salqinga oʻtaylik, kun yondiraman deyapti. Gʻamgin tarixingizning davomini oʻsha yerda gapirib berasiz, - dedim.

U uyqudan uygʻongandek seskanib:
— Ketdik, - dedi.

Biz yarim doira shaklidagi koʻrfazchani aylanib oʻtib, qizil koya ostidagi salqin joyga oʻtirdik. Bu yer yop-yorugʻ, lekin dim edi.

Men yana uning qoʻlini olib, qoʻyib yubormadim. U buni sezmadi.
— Endi davomi nima boʻlardi? – dedi. – Men haqiqatan ham juda xunuk, sharmandali oʻsha voqeani eslashni-da istamay qoldim. Hoynahoy, siz meni goh anavi-goh manavi firibgarning kunda-shundagi jazmani boʻlsa kerak deb oʻylayapsiz. Hecham unday emas. Mening oʻtmishim ham boshqalarnikidan unchalik farq qilmaydi. Erim dastlab Denikinning, soʻng Vrangelning Koʻngilli armiyasida xizmat qilgan, taqdir taqozosi bilan Parijga kelib qolganimizdan keyin, albatta, shofyorlik qildi. Lekin asta-sekin ichkilikka oʻrgandi, oxir-oqibat ichkilikka shu qadar ruju qoʻydiki, ishdan haydalib, yalangoyoq daydiga aylandi-qoldi. Endi u bilan birga yashay olmasdim. Uni oxirgi marta Monparnasda, «Dominika» ostonasida uchratdim. Albatta, ruslarning shunaqa qovoqxonasi borligini bilsangiz kerak? Tun, yomgʻir, u boʻlsa yirtiq etikda koʻlmak kechib yuribdi, qaddini dol qilib oʻtgan-ketganning yoniga chopib boradi, qoʻllarini choʻzib sadaqa soʻraydi, odamlarga yordamlashmoqchi boʻladi, aslida, taksidan tushayotgan yoʻlovchilarga halaqit berardi, xolos... Men serrayib koldim, undan koʻzimni uzmasdim. Asta unga yaqinlashdim. Tanidi, qoʻrqib ketdi, xijolat boʻldi. Siz uning qanday ajoyib, mehribon, xushmuomala inson ekanini tasavvur ham qilolmaysiz. Qotib qoldi, oʻzini qoʻyarga joy topolmasdan menga tikildi: «Masha, senmisan?» Bujmaygan, ust-boshi bir ahvolda, soqoliga ustara tegmagan, hammayogʻini sariq jun qoplagan, shalloba boʻlgan, sovuqda dir-dir qaltiraydi... Hamyonimda bor pulimni unga berdim, hoʻl, muzdek qoʻli bilan qoʻlimdan ushlab bilaklarimni oʻpa boshladi, yelkalari silkindi, tovushini chiqarmasdan yigʻladi. Xoʻsh, qoʻlimdan nima ham kelardi? Faqat ikki-uch marta har oyda yuz, ikki yuz frankdan pul joʻnatib turdim. Parijda mening shlyapa tikadigan ustaxonam bor, moʻmaygina daromad qilaman. Bu yerga men hordiq chiqargani, choʻmilgani kelganman. Mana, koʻrmaysizmi... Erta-indin Parijga qaytaman. Anavi firibgarni topib qulogʻining ostiga «shalva qaynatib» qoʻysam, janjal koʻtarsam – juda bema’ni ish boʻlar ekan. Bilasizmi, men buning bema’niligini qachon rasmona tushunib yetdim? Hozir bildim, siz tufayli bildim. Boshimdan oʻtgan sarguzashtni gapirib berdim-u, birdan anglab qoldim...
— Ajab, xushtoringiz qanday qilib juftakni rostlab qoldi?
— Hamma gap shundaki, u nihoyatda iflos yoʻlni tanladi. Biz mana shu pansionchaga joylashdik, hozir siz bilan men qoʻshniman. Sar d’Antibes mexmonxonasidan keyin bu yerda yashashni tasavvur etib koʻring-a! Bundan oʻn kuncha oldin oqshom chogʻi qimorxonaga choy ichgani bordik. Albatta, musiqa chalinayotgan, yigit-qizlar juft-juft boʻlib raqsga tushayotgan ekan. Bunday manzarani koʻrsam beixtiyor koʻnglim ayniydigan boʻlib qolgan, shu qadar me’damga uribdi. Ishqilib, oʻtiribman, pirojnoe yeyapman, u ikkovimiz uchun buyurtma beryapti, goh-goh iljayib piching qiladi: «Qara, anavilarni qaragin, haqiqiy maymunlarga oʻxshaydi-ya, oyoqlarini tapillatib, basharasini burishtirganini koʻrmaysanmi!» deydi sozandalarni koʻrsatib. Soʻng boʻm-boʻsh portsigarini ochib yugurdakni yoniga chaqirdi, inglizlarning papirosidan olib kel, deb buyurdi. Yugurdak papiros keltirdi. U xijolatomuz: «Mersi, choy ichib boʻlganimizdan keyin haqini toʻlayman», dedi. Tirnoqlarini koʻzdan kechirib oʻtirib: «Qoʻlim dabdala boʻlib ketibdi-ku! Hozir yuvib kelaman...», dedi menga qarab va oʻrnidan turdiyu ketdi.
— Keyin qaytib kelmadi.
— Yoʻq. Men boʻlsam kutib oʻtiribman. Oʻn daqiqa kutdim, yigirma, yarim soat, bir soat... Qanday ahvolga tushib qolganimni tasavvur etyapsizmi?
— Tasavvur etyapman...

Men oʻsha manzarani yaqqol koʻz oldimga keltirdim: stol atrofida choy ichib oʻtiribdi, atrofiga alanglaydi, miq etmaydi, ahmoqona ahvolga tushib qolganini oʻylaydi, xunob boʻladi... Yirik derazalardan tun qoʻynidagi osmon koʻrinadi, sokin dengiz mavjlanib jilolanadi, palmalarning yaproqlari qorayib koʻzga tashlanadi, sozandalar polni tapir-tupur etkazib tepadi, asboblarini puflaydi, temir likopchalarni zarb bilan uradi, erkaklar tovonlarini bir-biriga urishtirib musiqaga mos ravishda chayqalib, raqs bahonasida xonimlarga mahkamroq yopishib, shahvoniy nafsini qondirish niyatida bir tomonlarga sudraydi... Qoʻnji uzun etik kiyib olgan xizmatkor koʻkimtir mundirni unga uzatib, bosh kiyimini yechib ta’zim qiladi, bir quti «Nigh Life»...
— Keyin nima boʻldi? Siz oʻtiribsiz...
— Oʻtirgan oʻrnimda adoyi tamom boʻlganimni his etyapman. Sozandalar ham uylariga ketdi, zal boʻshab qoldi, elektr chiroqlari yoqildi...
— Derazalar oqarishib turibdi...
— Ha. Oʻrnimdan turay desam, oyoqlarimda mador yoʻq. Nima qilsam ekan, najot bormi? Hamyonimda bor-yoʻgʻi olti frank bor, xolos. Qoʻlimga mayda tangalar ham ilashib chiqdi.
— U rostdan ham hojatxonaga yoʻl oladi, zarur ishni ado etadi, oʻzining firibgarlik hayotini oʻylaydi, soʻng tugmalarini qadaydi va yoʻlak boʻylab oyok uchida yurib orqa eshikdan koʻchaga chiqib ketadi... Xudo haqqi, kimga koʻngil qoʻygan edingiz?! Endi uni izlab topib oʻch olmoqchimisiz? Nima uchun? Siz bokira qizaloq emassiz, uning kimligini, oʻzingiz qanday ahvolga tushib qolganingizni yaxshi bilishingiz kerak edi. Yaqqol koʻrinib turgan bema’ni hayotni nega davom ettirdingiz?

Ayol sukut saqladi, yelkalarini uchirib qoʻydi.
— Kimga koʻngil berganimni oʻzim ham bilmayman. Aytadilar-ku, chin muhabbatga ehtiyoj bor edi... Afsuski, hech qachon haqiqiy muhabbatga duch kelmaganman... U erkak sifatida menga hech narsa bergan emas, berishi ham mumkin emasdi, chunki allaqachon erkaklik qobiliyatini yuqotgan edi... Ha, uning kimligini, oʻzim qanday ahvolga tushib qolganimni bilishim kerak edi. Biroq, men bilishni ham, oʻylashni ham istamasdim. Umrimda birinchi marta yengil-elpi hayotga qadam qoʻydim, orqa –oldimga qaramasdim yallama-yorim qilib yuraverdim, huzur-halovatdan bahramand boʻldim, qandaydir vasvasa ichida yashadim. Xoʻsh, nima uchun uni topib oʻch olmoqchi boʻldim? Yana vasvasaga uchdim, xiraqasqon xayollarga qul buldim. Axir, men qabih, ayanchli janjaldan boshqa hech narsaga erisha olmasligimni bilmasmidim? Siz nima uchun deb soʻrayapsiz. Chamamda, menga ham uning kasofati urdi, shekilli. Past ketdim, firibgarning hayotiga sherik boʻldim; asosiysi – u meni qimorxonada sharmandali ahvolda qoldirib, oʻzi hojatxona orqali koʻchaga qochib chiqib ketgani uchun qasd olmoqchi edim. Bosh-ketimni yoʻqotib qoʻydim, qimorxona kassasiga borib yolgʻon gapirdim, yalinib-yolvordim, ertagacha sumkachamni garovga olib qolinglar deb iltimos qildim, lekin sumkachamni olishmadi, ijirgʻanib choy, shirinlik, ingliz papirosi uchun toʻlanadigan haqdan voz kechishdi. Parijga telegramma joʻnatdim, uchinchi kuni ming frank pul oldim, qimorxonaga bordim – u yerda yuzimga qarashmasdan pulimni olishdi, hatto hisob-kitob qogʻozchasini qoʻlimga tutqazishdi. Eh, azizim, men hech qanday Meduza emasman, men shunchaki mushtipar ayolman, ojizaman. Ustiga ustak, nihoyatda ta’sirchanman, yolgʻizman, baxtiqaroman. Lekin meni tugʻri tushuning – axir makiyonning ham yuragi boʻladi-ku! Men oʻsha la’nati oqshomdan boʻyon goʻyo bedavo bir dardga chalingan edim. Sizni menga xudoning oʻzi yetkazdi, endi kutilmaganda oʻzimga kelyapman... Qoʻlimni qoʻyib yuboring, kiyinib olay, yaqinda Sen-Rafaeldan poezd ham qaytib qoladi...
— Sadqai sar, - dedim. –Yaxshisi, chor-atrofga bir qarang, anavi qizil qoyalarni, yam-yashil koʻrfazchani, gʻadir-budur qaragʻaylarni koʻryapsizmi? Gʻachir-gʻuchur etgan jannatiy tovushlarni eshitmayapsizmi?.. Endi biz buyoqqa birga-birga kelamiz. Boʻptimi?
— Boʻpti.
— Parijga ham birga-birga ketamiz.
— Xoʻp.
— Keyin nima boʻlishini xudo biladi.
— Ha, albatta.
— Qoʻlingizni oʻpsam maylimi?
— Mayli, mayli...

1944, 3 iyun