OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ivan Bunin. Qoʻnalgʻa (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIvan Bunin
Asar nomiQoʻnalgʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Klassitsizm
Mualliflar
   - Ivan Bunin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOlima Nabizoda
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻnalgʻa (hikoya)
Ivan Bunin

Bu voqea janubiy Ispaniyaning togʻli deparalaridan birida roʻy berdi.

Iyun oyining soʻlim oqshomi edi, oydin kecha, toʻlin oy osmon peshtoqida osilib turardi, odatan, kunduzi jala quyib oʻtgan boʻlsa, dimiqqan kechalari oy nafarmon nur taratadi, binafsha gullayotgan kezlarda bu hol tabiiy hisoblanadi, pastak janub oʻrmonlari bilan qoplangan yassi togʻlarning dovonlari sutday oqarib koʻzga yaqqol tashlanib turardi, dovon ufqqa bosh qoʻygan.

Dovonlar orasiga joylashgan ensiz vodiy shimol tomonga choʻzilib ketgan. Vodiyning bir tarafiga dovonning koʻlankasi tushib turar, mozor sukunati hukm surayotgan bu oqshomda togʻ jilgʻasi bir maromda jildirar, goh safsar ma’dan, goh yoqut, goh tillaqoʻngʻiz sirli shu’la sochar, olamni nurga toʻldirayotgan moʻ‘jiza koʻzni qamashtirardi. Qarshi tarafdagi adirlar vodiydan chekinib, oʻrnini past tekisliklarga boʻshatib bergan, tekislik boʻylab eski tosh yoʻl oʻtgan. Shu pastlikda joylashgan toshqoʻrgʻon ham nihoyatda koʻhna koʻrinardi. Bemahalda toshqoʻrgʻonga oldingi oʻng oyogʻi oqsayotgan toʻriq aygʻir otini qichamasdan minib kelayotgan marokashlik bir kishi tashrif buyurdi. U baland boʻyli, oq jundan toʻqilgan keng-moʻl yaktak kiyib, boshiga popukli hojidoʻppi qoʻndirib olgan edi.

Toshqoʻrgʻon odam zoti qirilib ketgandek huvillab yotardi, oʻz holiga tashlab qoʻyilganga oʻxshardi. Aslida ham shunday edi. Marokashlik kishi dastlab sersoya koʻcha boʻylab,tosh-devor uylar oralab oʻtdi; uylarning derazalari oʻrnida boʻshliq qorayib koʻrinardi, tomorqadagi bogʻlar yovvoyilashib ketgan edi. Keyin u oydin maydonga chiqdi; bu yerda ustiga shiyponcha qilingan hovuz, peshtoqiga Madonnaning zangori haykalchasi oʻrnatilgan cherkov, hamon odamlar istiqomat qilayotgan bir nechta hovli bor edi. Oldinda esa, maydonga kiraverishda karvonsaroy joylashgan.Pastki qavatdagi derazalardan gʻira-shira nur taralardi. Egar ustida mudrab kelayotgan marokashlik birdan hushyor tortib, jilovni siltadi, oqsab kelayotgan ot oʻnqir-choʻnqir tosh toʻshalgan maydon boʻylab jadal yurib ketdi, tuyoq tovushlari tun qoʻynidan aks sado berardi. Tuyoq tovushini eshitib karvonsaroy boʻsagʻasiga kichrayib, qoq suyak boʻlib qolgan kampir chiqdi, daf’atan uni tilanchiga oʻxshatish mumkin edi. Soʻng kulcha yuzli, oʻn besh yoshlar chamasidagi qizaloq ostonada paydo boʻldi; uning jamalagi peshonasiga tushib turar, yalang oyoqlariga shippakcha ilib olgan, egnida oqish pechakgul tusidagi yengil kuylak. Boʻsagʻaga boshini qoʻyib yotgan eshakdek qop-oʻora it ham oʻrnidan turdi, uning junlari sip-silliq boʻlib, kesilgan quloqlari ding boʻlib turardi. Marokashlik kishi ostonaga yetar-etmas otdan tushdi. It shu zahoti koʻzlarini chaqnatib, tishlarini xunuk irjaytirib olgʻa tashlandi. Marokashlik qamchisi bilan itni haydashga urindi. Qizaloq darhol itga tanbeh berdi:
— Negra! – deb qichqirdi jarangdor tovushda. – Senga nima boʻldi?!

It boshini egib asta-sekin orqasiga qaytdi, tumshugʻini devorga qadab yotdi.

Marokashlik kishi ispan tilini buzib gapirardi, salom-alikdan qildi, soʻng shaharda temirchi bormi deb soʻradi, ertaga otni taqalatish kerak ekan. Otni kechasi qaerda qoldirish mumkin? Otga yem topiladimi? Oʻziga ham ovqat berilsa, chakki boʻlmasdi. Qizaloq uning baland boʻyiga, chechak izlari qolgan choʻtir yuzlariga qiziqsinib qaradi. Qoʻnoq itga xavotirlanib nazar tashlab qoʻydi, it jimgina yotibdi, xuddi xafa boʻlib qolganga oʻxshardi, qulogʻi xiyla ogʻir kampir esa tovushini koʻtarib shosha-pisha javob qaytardi: temirchi bor, xizmatkor uy yonidagi molxonada uxlab yotibdi, kampir uni hozir uygʻotadi, u otga yem beradi. Ovqat masalasida ham mehmonning koʻngli toʻq boʻlsin: tuxum quymoq tayyorlab berish mumkin, lekin kechki ovqatdan fakat oz-moz loviya boʻtqa bilan sabzavot qovurdoq qolgan, ular isitib beriladi... Doim shirakayf boʻlib yuradigan xizmatkor chol mehmonning otiga yem berib, egar-jabdugʻini yechib olishda yordamlashdi.

Yarim soatdan sung marokashlik kishi oshxonada zoʻr ishtaha bilan ovqatlanib, sargʻimtir oq musalllasni yutoqib ichib oʻtirardi...

Karvonsaroy koʻhna edi. Pastki qavat uzun-uzun dahlizlardan iborat boʻlib, yoʻlak oxirida yuqori qavatga chiqiladigan aylanma zinapoya bor. Yuqori qavat ikkiga boʻlingan: chap tomonda keng-moʻl, lekin shifti pastak xonalar, xonalarga kambagʻal qoʻnoqlar tunashi uchun soʻrichalar qoʻyilgan; oʻng tomonda ham pastak shiftli oshxona, shiftlariyu devorlari quyuq tutundan qasmoq boʻlib ketgan yemakxona, devorlari xiyla qalin boʻlgani bois tokchadan ichkariga oʻrnatilgan kichik derazalar, burchakda oʻchoq, ustiga hech narsa yopilmagan stol, yonida oʻtirgichlar, yerga gʻadir-budur toshdan toʻshama qilingan, u silliq-sirpanchiq boʻlib ketgan. Bu xonada kerosin lampa miltillab turardi, u qop-qorayib ketgan temir zanjirga osib qoʻyilgan, xonaga achimsiq tutun va piyozdogʻ hidi oʻtirib qolgan. Kampir oʻchoqqa oʻt yoqib sovub qolgan qovurdoqni isitdi, mehmon sirka va zaytun moyi aralashtirilgan sovuq loviya boʻtqani yeb boʻlguncha tuxum quymoq qam tayyor boʻldi. U yechinmadi, yaktagini ham yechmadi, chotini kerib taltayib oʻtirardi, oyoqlarida qalin teridan tikilgan boshmoq bor edi, oq jundan toʻqilgan keng-moʻl ishtonining poychasi burmali boʻlib, toʻpigʻini qisib turardi. Qizaloq kampirga koʻmaklashar, mehmon ish buyursa soʻzsiz bajo keltirar, lekin kutilmaganda yeb qoʻygudek oʻqrayib qarashlaridan, quruqshagan choʻtir basharasiyu yupqa lablaridan, koʻkimtir moʻylovidan qoʻrqar edi. Qoʻnoq shundoq ham qoʻrqinchli koʻrinardi. Boʻyi juda baland, keng yaktakda yana-da vahimali koʻrinadi, popukli hojidoʻppi kiyib olgan boshi xumdek. Ustki labining chetlarida dagʻal shop moʻylovining uchlari jingalak boʻlib buralib qolgan. Soqolinining orasida qam yakkam-dukkam jingala tola uchrardi. Boshini xiyol orqaga tashlab kekkayib oʻtirgani bois qoʻngʻir teri ostida oʻynab turgan kekirdak olmasi – buqoqchasi odatdagidan yirikrok koʻrinardi. Qorayib ketgan ingichka barmoqlarida kumush uzuklar tovlanib turardi. U miq etmasdan yeb-ichib oʻtiribdi.

Kampir qovurdoqni isitib, quymoq pishirib boʻlgach, gulxani soʻna boshlagan oʻchoq yoniga holsizgina choʻkdi va undan qayoqdan qayoqqa ketyapsan deb soʻradi baqirib. Mehmon boʻgʻiq tovushda:
— Uzoqqa, - deb gapni qisqa qildi.

Qovurdoq bilan quymoqni pok-pokiza tushirgach, boʻshab qolgan koʻzani chayqab koʻrsatdi: qovurdoqqa achchiq qalampir koʻp qoʻshilgan ekan, ogʻzini kuydirib yuboribdi. Kampir boshi bilan qizaloqqa ishora qildi, qizaloq koʻzani olib yemakxonaning qiya ochiq eshigidan chiqib, tim qorongʻi dahliz tomon yoʻl oldi – dahlizda tillaqoʻngʻizlar xuddi ertaklardagidek uchqun sachratib bir maromda parvoz etar, ajabtovur nur taratar edi.

Qoʻnoq qoʻynidan papiros chiqarib tutatdi, qizaloq ketgan tomonga im qoqib:
— Nevarami? – deb soʻradi.
— Jiyanim, yetimcha, - deb javob berdi kampir qichqirib. Soʻng ezmalanib hikoya qilishga tushdi: u marhum akasini, ya’ni qizaloqning otasini juda yaxshi koʻrar, akasini deb qariqiz boʻlib oʻtirib qolgan, mana shu karvonsaroy akasining xususiy mulki hisoblanar, akasining xotini bundan oʻn ikki yil muqaddam bandalikni bajo keltirgan, oʻzi oʻn sakkiz yil burun oʻlgan, mol-mulkini bir umr foydalanish uchun kampirga vasiyat qilib koldirgan, huvillab yotgan qoʻrgʻonchada yashash nihoyatda ogʻirlashib ketgan ekan...

Marokashlik kishi kampirning diydiyosini parishonxotirlik bilan tingladi, unchalik e’tibor bermadi, u oʻzining oʻy-xayollari bilan band edi. Qizaloq koʻzani musallasga toʻldirib qaytib keldi. Qoʻnoq unga koʻzlarini loʻq qilib tikilgancha papiros qoldigʻini shu qadar jahd bilan yutoqib tortdiki, oqibatda kirlab ketgan barmoqlarining uchini kuydirib oldi. Soʻng yangi papirosini shosha-pisha oʻt oldirib, tovushini koʻtarib kampirga – u kampirning qulogʻi ogʻir ekanini allaqachon sezgan edi – murojaat qildi:
— Agar jiyaning musallasni oʻz qoʻli bilan quyib bersa, bagʻoyat mamnun boʻlardim.
— Bu uning ishi emas, - dedi kampir choʻrt kesib. Soʻng zardali ohangda qichqirdi: - Kech boʻldi, musallasni ichib, borib uxlagin. Hozir jiyanim senga yuqori xonaga oʻrin toʻshab beradi.

Qizaloq koʻzlarini chaqnatib dik etib oʻrnidan turdi, kampirni ortiqcha javratib oʻtirmasdan tap-tap qadam tashlab zinapoya boʻylab yuqoriga koʻtarildi.
— Oʻzlaring qaerda uxlaysizlar? – deb marokashlik hojidoʻppisini terlab ketgan peshonasidan bir oz surib kuydi. – Yuqorida yotasizlarmi?

Kampir qichqirib gap boshladi: yozda yuqori qavat juda issiq boʻladi, ijarachilar boʻlmagan chogʻlarda – endi deyarli kelmay qoʻydi - ular pastki qavatning narigi boʻlmasida, qarama-qarshi tomonda, huv anavi xonada yotadilar. U qoʻli bilan oʻzlari yotadigan xonani koʻrsatib, soʻng yana ishlar chappasiga ketganidan shikoyat qilishga tushdi, hamma narsa qimmat boʻlib ketdi, shu bois, ista-istama yoʻlovchilardan ham qimmatroq haq olishga tugʻri keladi...
— Men ertaga vaqtli ketaman, - dedi marokashlik kampirning gaplariga e’tibor bermay. – Ertalab faqat qahva bersang bas. Demak, hoziroq hisob-kitob qilib qoʻyishimiz mumkin. Xoʻsh, qancha boʻldi? Hozir toʻlayman. Yoʻ-oʻq, avval mayda pullarimni topay-chi, deb u yaktagining ichki choʻntagidan yumshok qizil teridan tikilgan hamyonini chiqardi, bogʻichini boʻshatib ogʻzini ochdi, stol ustiga bir hovuch tillo tangalarni jaranglatib toʻkdi. Goʻyo pullarini sinchiklab sanayotgandek peshonasini tirishtirdi, kampir esa oʻchoq yonida oʻtirgan oʻrindigʻidan turib, koʻzlarini ola-kula qilib tillo tangalarga tikildi.

Yuqori qavat qorongʻi, juda issiq edi. Qizaloq choʻmilish xonasining eshigini ochib qoʻydi. Qorongʻilikdan issiq havo gup etib yuziga urildi, darcha tirqishlaridan yarq etgan nur koʻrindi, bu xonaga ham xuddi pastdagi kabi kichikroq ikkita deraza oʻrnatilgan edi. U xona oʻrtasidagi yumaloq stolni chaqqon aylanib oʻtib derazani ochdi, darcha eshikchalarini itarib tashqariga ochdi. Oydin kecha, bepoyon osmon oqarishib, yakkam-dukkam yulduzlar koʻzga tashlanardi. Nafas olish xiyla yengillashdi, vodiydan jilgʻa jildirashi eshitilardi. Qizaloq toʻlin oyni tomosha qilish uchun derazadan boshini chiqardi, oy hamon tepada boʻlgani bois xonadan koʻrinmasdi. Soʻng qizaloq pastga qaradi: yerda turgan it tumshugʻini koʻtarib unga qaradi. Bundan besh yilcha oldin bitta daydi kuchuk qaylardandir adashib karvonsaroyga kelib qoladi, u qizaloqning koʻz oʻngida katta boʻladi, qizaloqqa oʻrganadi, u egasiga shu qadar sadoqatli ediki, bunday sadoqatni faqat itlardan kutish mumkin. Zotan, it vafodor boʻladi.
— Negra, nima uchun uxlamayapsan? – dedi qizaloq tovushini pasaytirib.

It beozorgina gʻingshib, boshini bir silkitdi-da dahlizning ochiq eshigi tomon tashlandi.
— Qayt, qayt! – deb buyurdi qizaloq shoshib. – Joyingga bor!

It taqqa toʻxtadi, tumshugʻini koʻtarib qizga qaradi, koʻzlaridan uchqun sachrardi.
— Senga nima kerak oʻzi? – deb soʻradi qizaloq erkalovchi tovushda. U doim it bilan xuddi odamdek gaplashardi. – Nega uxlamayapsan, esipast? Yo osmondagi oy xayolingni olib qochdimi?

It bir nima deb javob bermoqchi boʻlgandek yana tumshugʻini yuqori koʻtardi, beozorgina gʻingshib qoʻydi. Qizaloq yelkalarini qisdi. Bu it uning sirdoshi, yorugʻ olamdagi birdan-bir jonli sirdoshi edi. Itning his-tuygʻulari, oʻy-xayollari doimo qizaloqqa tushunarli boʻlardi. Lekin hozir it nima demoqchi, u nimadan xavotirlanyapti – buni qizaloq yaxshi anglamadi, shu bois qoʻlini arra-arra qilib, yolgʻondakam jahli chiqqandek:
— Negra, joyingga bor! Uxla! – deb shivirladi.

It joyiga borib yotdi. Qizaloq deraza yonida yana birpas oʻylanib turdi. Balki, itni anavi marokashlik tasqara xavotirga solgandir? It karvonsaroy qoʻnoqlariga deyarli e’tibor bermasdi, hatto koʻrinishidan qaroqchi yoki dordan qochgan kazzobga oʻxshagan kimsalarga qayrilib ham qaramasdi. Lekin ba’zan ayrim kimsalarga nima uchundir xuddi quturgandek tashlanib qolardi, momoguldurakdek vovullab oyoqdan olardi. Bunday paytlarda qizaloqqina itni hovuridan tushirib, qaytarib kolardi. Hozir itni bezovta qilayotgan narsa boshka boʻlishi mumkin: dimiqqan kecha, havoda kilt etgan shabada yoʻq, osmonda toʻlin oy charaqlab nur taratyapti – bunday holat har qanday tirik jonni quyushqondan chiqarib yuboradi. Bu oqshom hukm surayotgan gʻayritabiiy sukunat ogʻushida vodiy tarafdan jilgʻaning jildirashi, molxonada dup-dup yer tepib, shataloq otib yurgan echkining tuyoq tovushlari baralla eshitilib turardi. Qoʻqqis qari xachirmi yoki marokashlik qoʻnoqning aygʻir otimi gurs etkazib echkini tepib yubordi, echki jonholatda shu qadar xunuk ma’rab yubordiki, quloqni teshib yuboradigan oʻtkir tovush uzoq-uzoqlarga taralib ketdi. Qizaloq sapchib oʻzini derazadan ichkariga oldi, narigi derazani ham ochib, darcha eshikchasini itarib yubordi. Xona gʻira-shira yorishib qoldi. Xonada stoldan tashqari, eshikdan kiraverishdan ung tomonda uchta keng karavot bor – bosh tarafi devorga tirab, ustiga dagʻal choyshab tashlab qoʻyilgan. Qizaloq choyshablarni yigʻishtirib kiraverishdagi birinchi karavotga tashladi, yostiq toʻshab, koʻrpacha yozdi. Shu payt xona ertaklardagi moʻ‘jiza maskani kabi yorishib, mayin koʻkimtir shu’laga chulgʻandi – tillaqoʻngʻiz qizaloqning gajagiga qoʻngan edi. Qizaloq uni astagina siladi, tillaqoʻngʻiz goh yaltirab, goh xira tortib xona boʻylab parvoz eta boshladi. Qizaloq dimogʻida xirgoyi qilgancha sakrab-sakrab pastga tushib ketdi.

Yemakxonada marokashlik kishi eshikka orqa oʻgirib gʻoʻdayib turar, past, lekin qat’iy ohangda, asabiylashib kampirga bir nimalar deyayotgan edi. Kampir boshini chayqab rad ma’nosini bildirardi. Marokashlik yelkalarini uchirib qoʻydi, xonaga kirib kelgan qizaloqqa shunday oʻqrayib qaradiki, shoʻrlik jonholatda oʻzini orqaga tashladi.
— Joy tayyor boʻldimi? – dedi u boʻgʻiq tovushda.
— Hammasi tayyor, - dedi qizaloq shoshib.
— Tepaga qanday chiqishni bilmayman, meni kuzatib qoʻyasan.
— Seni oʻzim kuzatib qoʻyaman, - dedi kampir dargʻazab boʻlib. – Orqamdan yur!

Kampir aylanma zinapoyadan inqillab-sinqillab yuqoriga koʻtarila boshladi, marokashlik esa boshmoqlarini tap-tap etkazib unga ergashdi. Qizaloq birpas turib tashqariga chikdi. Ostonada yotgan it sakrab turdi, atrofida chir-chir aylandi, dumini likillatib quvonchini izhor etdi, soʻng egasining yuzlarini yaladi.
— Nari tur, nari ket! – deb shivirladi qizaloq va erkalab itni itarib yubordi, ostonaga oʻtirdi.

It ham orqa oyoqlariga choʻnqayib oʻtirdi, qizaloq uning boʻynidan quchoqlab oldi, peshonasidan oʻpdi, oʻtirgan koʻyi it bilan birga tebrana boshladi. Yuqori qavatdan marokashlik qoʻnoqning ogʻir qadam tovushlari, boʻgʻiq ovozi eshitilib turardi. U xotirjamlik bilan kampirga bir nimalar derdi, lekin nima deyayotganini aniq-tiniq anglab boʻlmasdi. Nihoyat, u tovushini koʻtarib:
— Boʻpti, boʻpti! Faqat aytgin, kechqurun ichib yotishim uchun suv keltirib bersin, - dedi.

Zinapoyadan ehtiyot boʻlib tushayotgan kampirning qadam tovushlari eshitila boshladi.

Qizaloq daxlizga kirib kampirning yoʻlini toʻsdi va:
— Men uning nima deganini eshitdim. Yoʻq, oʻlsam ham oldiga yolgʻiz chiqmayman. Undan qoʻrqaman, - dedi qat’iyan.
— Bema’ni gaplarni qoʻy, - deb qichqirdi kampir. – Sen oʻylaysanki, men yana-tagʻin mana shu maymoq oyoqlarimni sudrab tepaga chiqib tushamanmi? Yorugʻroq boʻlsa ham koshkiydi. Zinapoyaning sirpanchiqligini aytmaysanmi?! Uning nimasidan qoʻrqasan?! Tugʻri, u kallavaram, achchigʻi burnining uchida turar ekan, lekin yomon odam emas. U sen haqingda kuyib-pishib gapirdi, senga rahmi kelyapti, eh, shoʻrlik, sepi boʻlmasa, kim ham uni kelin qilardi deyapti. Toʻgʻri aytyapti, senda sep nima qilsin! Biz allaqachon xonavayron boʻlganmiz. Anavi bezot diktatorga ming rahmat, hech boʻlmasa, tinchlikni saqlab turibdi. Aslini olganda, bunday tinchlik boʻlganidan koʻra qir-pichoq urush boʻlgani afzal edi, oʻshanda yebtoʻymas, xushomadgoʻy, olchoq amaldorlardan biryoʻla qutulardik... Bechora dexkonlarni kuryapsanmi, kuruk ustixon bulib kolgan. Karvonsaroyga ham gadoynusxa qalangʻi-qasangʻilardan boshqa hech kim kelmay qoʻydi...
— Boya men kirgan paytda nima uchun achchigʻlanib turgan edi? – deb soʻradi qizaloq.

Kampir kalovlanib koldi.
— Nima uchun emish! – deb gʻuldiradi kampir. – Men unga birovning ishiga burningni tiqmagin dedim... Shundan keyin jahli chiqib ketdi... Qani, ivirsima, darhol unga suv eltib ber! – dedi kampir zardasi qaynab. – Suv eltib bersang u senga bir nima sovgʻa kiladi. Va’dasi shunday. Bor deyapman!

Qizaloq koʻzani toʻldirib yuqori qavatgadagi xonaga suv olib chiqdi. Marokashlik qoʻnoq ust-boshlarini yechib karavotda alchayib yotardi: oy yorugʻida uning mitti koʻzlari yaltirar, sochlari tap-taqir etib olingan boshi qorayib, uzun ichki oq koʻylagi oqarishib koʻrinar edi. Soʻlaqmonday yalangʻoch oyoqlarini oʻynatib qoʻyardi. Quvuri uzun, barabanli toʻpponcha xona oʻrtasidagi stolda yaltirab turardi. Ustki kiyim-boshlarini yonidagi karavotga uyub qoʻyibdi... Bularning hammasi nihoyatda vahimali koʻrinardi. Qizaloq yugurib borib koʻzani taq etkazib stolga qoʻydiyu zingʻillab orqasiga qaytdi, lekin marokashlik qoʻnoq sakrab turdi-da qizaloqning qoʻlidan ushlab oldi.
— Shoshma, shoshma, - dedi u qizaloqni karavot tomon tortib. Uni qoʻyib yubormasdan karavotga oʻtirdi, soʻng: - Bir daqiqa yonimda oʻtir, oʻtir deyapman, oʻtirsang-chi... Gap bunday, yaxshilab quloq sol... – deb shivirlay boshladi.

Kapalagi uchib ketgan qizaloq itoatguylik bilan uning yoniga oʻtirdi. U entikib-entikib izhori dil qila boshladi: xudo haqqi, seni koʻrdimu es-hushim boshimdan uchdi, bir koʻrishdayoq sevib qoldim, yolgʻon gapirayotgan boʻlsam, ana, tepamda xudo turibdi, bir oʻpich uchun oʻn tillo, yigirma, bor-e oʻttiz tillo beraman, bir xalta tillo tangam bor... keyin...

Yostiqning ostidan qizil hamyonini olib, qoʻllari qaltirab uning bogʻichini boʻshatdi, tillo tangalarni toʻshakka toʻkib tashladi.
— Mana, koʻrdingmi, tillolarim koʻpmikan?.. Koʻrdingmi?.. – deb gʻuldiradi.

Qizaloq shahd bilan bosh chayqadi, karavotdan sapchib turdi. Lekin qoʻnoq uni darhol tutib oldi, quruqshagan, chapdast qoʻli bilan ogʻzini yopib karavotga yotqizdi. Qizaloq jonholatda tipirchilab uning qoʻlini ogʻzidan yulqib tashladiyu:
— Negra! – deb chinqirib yubordi.

Endi u qizaloqning ogʻzini burniga qoʻshib mahkam siqib, boʻsh qoʻli bilan tipirchilayotgan oyogʻini ushlashga harakat qildi; qizaloq esa shataloq otib uning qorniga ayovsiz tepa boshladi. Shu payt zinapoyadan uchib chiqayotgan itning irillashi quloqqa chalindi. Marokashlik qoʻnoq sakrab oʻrnidan turdiyu stolda yotgan toʻpponchasini qoʻliga oldi, biroq tepkini topishga ham ulgurmasdan polga quladi – it unga tashlanib, ustidan bosib tushdi. Ustiga minib olgan it hamlasidan yuzini toʻsib yotgan joyida irgʻishlar, itning issiq nafasi yuziga urilgan chogʻda battar toʻlgʻonar, tipirchilar, oh-voh qilar edi, lekin beixtiyor boshini orqaga tashlab, iyagini koʻtargan zahoti it uning tomogʻidan gʻarch etkazib tishladiyu kekirtagini yulib oldi, halqumidan tizillab qon otilib ketdi.

1949, 23 mart