OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ivan Bunin. Sovuq kuz (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifIvan Bunin
Asar nomiSovuq kuz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Klassitsizm
Mualliflar
   - Ivan Bunin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAbdulla Sher
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sovuq kuz (hikoya)
Ivan Bunin

Oʻsha yilning iyun oyida U qoʻramizda mehmon boʻldi — U doim oʻzimizning odam sanalardi: rahmatli otasi otamning ham doʻsti, ham qoʻshnisi edi. Ferdinand Saroy shahrida oʻn beshinchi iyun kuni oʻldirildi. Un oltinchi iyun ertalab esa pochtadan gazeta keldi. Otam qoʻlida kechki Moskva gazetasi, xonasidan chiqib, bizlar — U, oyim va men hanuzgacha choy ichib oʻtirgan yemakxonaga kirdida:
— Mana endi, doʻstlarim, urush!— dedi.— Saroyda Avstriya shahzodasi oʻldirilibdi. Bu — URUSH degani!

Avliyo Pyotr kuni — otamning tavallud sanasi edi — biznikiga juda koʻp mehmon keldi, tushlik mahali mening unga unashtirilganim ma’lum qilindi. Biroq oʻn toʻqqizinchi iyulda Germaniya Rossiyaga urush ochdi...

Sentyabrda U biznikiga faqat bir kunga — urushga joʻnash oldidan xoʻshlashgani keldi (u paytlar hamma URUSh tezda tugaydi, deb oʻylar va, shuning uchun ham, toʻyimiz koʻklamga qoldirilgan edi). Mana, xayrlashuv oqshomi. Kechki ovqatdan soʻng, taomilga koʻra, samovar olib kirildi, shunda otam bugʻdan terlagan deraza oynasiga tikilib, dedi:
— Ajab barvaqt va sovuq kuz!

Biz oʻsha oqshom soqin oʻltirar, haddan tashqari bosiq, botiniy oʻy va tuygʻularimizni sir tutgancha, ahyon-ahyonda bir-birimizga shunchaki soʻz qotib qoʻyar edik. Otamning kuz haqidagi gapida ham yolgʻondakam loqaydlik bor edi. Men balkon eshigiga yaqinlashib, roʻmolcham bilan oynani artdim: bogʻ uzra, qop-qora osmondan shaffof muz boʻlaklariga oʻxshash qirrador va ravshan yulduzlar charaqlardi. Otam gavdasini oʻrindiq suyanchigʻiga tashlagancha, stol tepasidagi qizib ketgan osma chiroqqa parishon tikilib tamaki tutatardi, koʻz-oynak taqqan oyim esa chiroq yogʻdusida kamoli diqqat bilan ipak xaltacha tikardi — biz uning nchma ekanini yaxshi bilardik, — bu holat ham ta’sirchan, ham dahshatli edi. Otam Undan soʻradi:
— Shunday qilib, bari bir nonushtaga qolmay, ertalab barvaqt ketmoqchiman, degin?
— Ha, agar ruxsat etsangiz, ertalab,— deya javob berdi U.— Ming taassuf, lekin hali uydagilarimga biron bir koʻrsatma ham bergan emasman.

Otam yengil soʻlish oldi:
— Mayli, ixtiyoring, azizim. Gap shunaqa ekan, u holda oying bilan biz endi uxlaylik, ertaga seni al-batta kuzatib qoʻymoqchimiz...

Oyim oʻrnidan turib, boʻlajak kuyovini choʻqintirdi, U esa avval oyimning, keyin otamning qoʻlini oʻpdi. Ikkimiz xoli qolgach, biz tagʻin bir muddat yemakxona-da boʻldik — men qarta suzishga tutindim, U esa xonaning u burchidan bu burchiga jim borib kelardi, saldan keyin:
— Xohlaysanmi, bir oz aylanib kelamiz?— deb soʻradi.

Koʻnglim tobora xiralashib borardi, loqaydgina javob berdim:
— Mayli...

U dahlizda kiyinaturib nima haqdadir oʻylarkan, miyigʻida jozibali kulgancha Fetning she’rini esladi:

Sovuq erur bu kuz naqadar! Nimchangni kiy, sholingni oʻra...
— Nimcha yoʻq,— dedim.— Keyin nima edi?
— Yodimda yoʻq. Yanglishmasam, mana bunday shekil-li:

Goʻyo yongʻin asta yuksalar Qaragʻaylar oralab,— qara...
— Qanaqa yongʻin?
— Oyning chiqishini aytmoqchidir-da. Bu misralar-da qishloq kuzining allaqanday tarovati bor: «Nimchangni kiy, sholingni oʻra...» Bobolarimiz va buvilarimiz zamoni... Eh, xudoyim-ey, xudoyim-ey!
— Senga nima boʻldi?
— Hech narsa, azizam. Bari bir mungli. Ham mungli, ham yaxshi. Men juda, juda yaxshi koʻraman seni...

Biz kiyinib, yemakxona orqali balkonga chiqdik, undan boqqa tushdik. Avvaliga shu qadar qorongʻi ediki, men beixtiyor uning yengidan ushlab oldim. Keyin javohirdek yarqiroq yulduzlarga koʻmilgan butoqlarning uchlari yorishayotgan koʻkda qorayib koʻrina boshladi. U toʻxtab, uy tomonga oʻgirildi:
— Qara, derazalar qandaydir boshqacha, kuzga xos mayin yogʻdu sochyapti. Oʻlmasam, 6u oqshomni hech qachon unutmayman...

Men uyga qaradim, U meni shveytsarcha yopingʻichim ustidan quchdi. Tivit roʻmolimni sal ochib, oʻpsin deb boshimni sezilar-sezilmas orqaga tashladim. Oʻpgach, U yuzimga tikildi.
— Koʻzlaring qanday charaqlaydi-ya,— dedi.— Sovqotmayapsanmi? Havoni qara, qishning oʻzginasi. Mabodo oʻlib ketsam, har qalay, meni darrov unutib yubormassan?

Men oʻylab qoldim: «Rostdan ham oʻldirib qoʻyish-sa-ya?! Nahotki, men Uni qandaydir qisqa muddatga boʻlsa ham yodimdan chiqarsam — axir, bu dunyoda ham-ma narsa bir kun kelib unutiladi-ku?» Oʻz oʻyimdan oʻzim choʻchib, shoshib javob berdim:
— Unday dema! Sen oʻlsang, men ortiq yasholmayman! U bir oz jim qolgach, dona-dona qilib dedi:
— Nachora, agar oʻlsam, men svni u yoqda kutaman. Sen toʻyib yasha, bu yorugʻ dunyoda xoʻb oʻynab-kul, keyin yonimga borgin.

Men alam bilan hoʻngrab yubordim.

Ertalab U ketdi. Oyim kecha oʻzi tikkan oʻsha mash’um xaltachani Uning boʻyniga osib qoʻydi — xaltachada oyimning ota-bobolari urushlarda taqib yurgan jajji oltin but bor edi,— keyin biz Uni allaqanday hayajonli noumidlik bilan choʻqintirdik. Soʻng Uning ortidan tikilib, kimingnidir uzoq safarga kuzatayotganingda boʻladigan gangish ichida, faqat biz bilan ilk huyosh nurlaridan oʻt-oʻlanlar uzra yarqirab yotgan qirovni, farahbaxsh erta oʻrtasidagina vujudga kelgan zidlikni his etgan koʻyi, eshik oldidagi zinada qotib turdmk. Bir ozdan keyin huvillab qolgan uyga qaytib kirdik. Men yelkalarimni mahkam quchgancha, nima qilishga hayron, bor ovoz bilan hoʻngrashni ham, qoʻshiq aytishni ham bilmay xonalar boʻylab tentiy boshladim...

Uni oʻldirishdi — qanday dahshatli soʻz!— Galitsiya-da, bir oydan soʻng oʻldirishdi. Mana, oʻshandan beri oʻttiz yil oʻtdi. Uzundan-uzoq tuyulgan bu yillar mobaynida boshimdan koʻp, juda koʻp voqealar kechdi: ular haqida diqqat bilan oʻylar ekansan, kechmish deb atalgan bu sirli, anglash mushkul, aql ham, yurak ham bovar qilmaydigan hodisalarni xotirangda birma-bir saralaysan kishi. Un sakkizinchi yilning koʻklamida, otamdan hem, onamden ham ajralgan damlar, men Moskva-da, Smolensk bozoridagi «Bekam, endi qalaysiz, qatiq bersam yalaysiz?», deb doim ustimdan kuladigan chayqovchi xotinning yertoʻlasida istiqomat qilardim. Men ham chayqov bilan shugʻullanar, u paytlardagi koʻplar qatori, goh qandaydir uzukmi, goh jajji xochmi, goh kuya yegan moʻynami — qolgan-qutgan ba’zi narsalarim-ni papoq kiygan, shinellari yoqavayron soldatlarga pullar edim. Ana oʻshanda, kunlardan bir kun bozorning Arbatga tutash burchagida, kamdan-kam uchraydigan goʻzal qalbli, iste’foga chiqqan harbiy kishi bilan ganishdim, tez orada turmush qurib, u bilan Yekaterinodarga joʻnab ketdim, Erimning koʻngillilarga qoʻshilishga intilgan oʻn yetti yoshlardagi jiyani ham biz bilan birga edi. Salkam ikki hafta yoʻl yurdik: men — chipta kavushdagi qishloqi ayol, u— ohori toʻkilgan kazakcha chakmonli, uzun soqoliga oq oralagan dehqon, xullas, Don va Kubanda ikki yildan ortiq yashadik. Qishda, dengizda boʻron qoʻzgʻalgan bir paytda boshqa son-sanoqsiz qochqinlarga qoʻshilib, Novorossiyskdan Turkiyaga qarab suzdik; yoʻlda erim terlamadan oʻldi. Shundan keyin bu yorugʻ dunyoda mening uchovgina yaqin kishim qoldi: erimning jiyani, uning yoshgina xotini va ulerning qizchasi — yetti oylik chaqaloq. Lekin, koʻp oʻtmay, erimning jiyani goʻdakni menga topshirib, xotini bilan Qrimga, Vrangel panohiga joʻnay qoldi. Shu-shu, ular bedarak ketishdi Men esa ogʻir qora mehnat bilan ham oʻzimni, ham qizchani boqib, yana ancha vaqt Istanbulda yashadim. Keyin qizchani yetaklab, koʻplar qatori ne-ne yurtlarda sargardon boʻlmadim, deysiz! Bolgariya, Serbiya, Chexiya, Belgiya, Parij, Nitstsa... Qizcha allaqachon ulgʻayib, juda yoqimtoy, ammo menga butunlay befarq qaraydigan fran tsuz qiziga aylanib, Parijda muqim yashab qoldi, u endi Madlen yaqinidagi qandolat doʻkonida xizmat qilar, kumushrang tirnoqli nozik qoʻllari bilan shoko-lod qutilarini silliq qogʻozlarga oʻrar va uni zar-rin bogʻichlar bilan tugib, xaridorlarga tutqazar edi; men esa xudo bergan nasibaga qanoat qilib to hanuz Nitstsada yashayman... Nitstsada birinchi marta ming toʻqqiz yuz oʻn ikkinchi yili boʻlgan edim — uning keyin-chalik men uchun xor-zorliklar maskaniga aylanishini oʻsha baxtiyor kunlarimda xayolimga keltira olarmi-dim!

Bir paytlar oʻylamay-netmay, sen oʻlsang, ortiq yasholmayman, degan odam — men ana shunday qilib, Uning oʻlimidan keyin ham yashvyverdim. Biroq, oʻshandan buyon boshimdan kechgan savdolarni eslar zkanman, doim oʻz-oʻzimdan soʻrayman: xoʻsh, u kunlardan nima qoldi? Soʻng oʻzimga oʻzim javob qilaman: birgina oʻsha — sovuq kuz oqshomi... Nahotki, hayotimda, shunday oqshom boʻlgan? Ha, boʻlgan edi. Umr boʻyi koʻrgan kunim faqat shu,— qolganlari ma’nisiz tushdek oʻtdi-ketdi. Va men ishonaman, juda qattiq ishonaman: qaydadir u yoqda, huv oʻsha oqshomdagidek navqiron muhabbatiyu oʻsha yoshligi bilan U meni kutmoqda. .«Sen toʻyib yasha, bu yorugʻ dunyoda xoʻb oʻynab-kul, keyin yonimga borgin...» Men toʻyib yashadim, xoʻp oʻynab-kuldim, endi tezda yoningga boraman.