OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: J.Fujer. Sevgi izhori (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJ.Fujer
Asar nomiSevgi izhori (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - J.Fujer
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSaidgʻani Musayev, Xosiyat Xolmatova (Fransuz tilidan)
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil, 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sevgi izhori (hikoya)
J.Fujer

Bu, bir vaqtlar, shaharning eng muhtasham uylaridan edi. Yangigina qurilib, toshlari hali oppoq boʻlgan paytda koʻchaning husniga husn qoʻshib turardi. Keyinchalik hamma narsa sekin-asta oʻzgarib ketdi. Endilikda bino zamona ruhiga, mashinalar va odamlarning kiyim-boshlariga mos tushmay, qandaydir begonaga oʻxshab qolgandi. Uyning devorlari asta-sekin nurab borar, bu yerda tugʻilgan bolalar ham allaqachon ulgʻayib, birin-ketin oʻzga makonlarga chiqib ketishgan, endilikda boshqa uylarda yashashardi. Faqat ahyon-ahyonda ular farzandlarini yetaklab, keksa xonimni koʻrish uchun bu yerga qadam ranjida qilishardi.

Qoʻshnilar «keksa xonim» deb ataydigan bu ayol endilikda butun boshli uyda oqsoch bilan yolgʻiz qolgandi.

Oʻsha oqshom xonim ovqatdan soʻng mehmonxonasida choy ichib oʻtirar, televizor koʻrishga ham, xat yozishga ham ishtiyoqi yoʻq, hech kim bilan gaplashgisi kelmas, xullas, tushkun bir kayfiyatda edi. Ba’zan hayotda shunday hollar boʻladiki, kishi tanholikni qoʻmsab qoladi. Lun’an xonimni qamrab olgan xayollar aslida unchalik qaygʻuli emasdi. Lekin hozir u kitob oʻqish va musiqa tinglashdan koʻra yolgʻiz qolib, nozik his-tuygʻularga berilishga koʻproq moyil edi.

U xuddi odamlar orasida oʻtirgandek qaddini tik tutgan, garchi hech kimni kutmayotgan boʻlsa-da, oʻz koʻnglini koʻtarish uchun chiroyli koʻylagini kiyib olgandi.

Xonim ancha vaqtgacha oʻy-xayollarga choʻmib oʻtirdi. Nihoyat, unga zina tomondan kimdir yurib kelayotgandek tuyuldi. «Xizmatkor ayol uxlash uchun yuqoriga chiqib ketayotgan boʻlsa kerak»...— deb oʻyladi xonim. Yoʻq, bu ogʻir va sudrab bosilayotgan qadam tovushlari edi. Xonim xizmatkor ayol Karmen biror kimsaning kelgani haqida xabar bermaganidan ajablandi. Soʻngra mehmonni kutib olish uchun oʻrnidan turib, oynaga bir qur nazar soldi. Pardoz-andozi joyida edi...

Eshik taqillab, keksa bir kishi kirib keldi. Mehmonning qomati bukchaygan, u zoʻrgʻa qadam tashlardi.
— Bilaman,— dedi u deyarli shivirlab,— mening bu kechki tashrifim sizga juda ham gʻalati koʻrinayotgan boʻlsa kerak.
— Baxtga qarshi, qismatdan qutulib boʻlmaydi,— dedi xonim.
— Koʻrib turibman, siz meni tanimayapsiz.

Xonim eslashga urinib, mehmonning chehrasiga sinchiklab qaradi. Yillar uning yuzini oʻzgartirib yuborgandi. Biroq bu gʻamgin koʻzlar Lun’an xonimga notanish emasdi. Birdan xonimning lablariga mehmonning ismi keldi. Jilber Messone... Lunan xonim xushmuomalalik bilan oʻzining nihoyatda taajublanganini koʻrsatmaslikka harakat qildi.
— O! Sizni shuncha yillar oʻtgandan keyin yana koʻrganimdan juda baxtliman. Nega qoʻngʻiroq qilmadingiz? Toʻgʻridan-toʻgʻri ovqatlanishga kelavergan boʻlardingiz. Tik turmang. Iltimos, mana bu oʻrindiqqa oʻtiring.

Mehmon juda charchagan ekan, sekin choʻkdi. U xonimnikiga kelish uchun anchagina masofani bosib oʻtganidan harsillardi. Xonimga gap qotish uchun mehmonda majol ham yoʻq edi.
— Bir piyola choy ichasizmi? Hozirgina damlashgandi. Mehmon choyni rad etib, stol ustidagi grafinga ishora qildi:
— Ruxsat etsangiz, biroz suv ichsam.

Xonim stakanga suv quyib uzatdi. Mehmon bir necha qultum hoʻplab, sal oʻziga kelgandek boʻldi.

Lunan xonim nima deyishini bilmasdi. Chunki, u bir paytlari yaxshi tanigan navqiron yigit bilan bu qariya oʻrtasida juda ham katta tafovut bor edi. «Nima uchun keldi ekan», deb ajablangandi.
— Siz menga koʻp narsalar haqida gapirib bersangiz kerak. Tabiiyki, uylangansiz. Bu hammaning boshida bor. Shubhasiz, bolalaringiz ham bordir, ular ham menikilarga oʻxshab turmush qurishgan boʻlsa kerak. Berarlarni tez-tez koʻrib turasizmi? Betakror, ajoyib insonlar... Margaritaning shimpanzesini eslaysizmi? Bir kuni u toqqa qochib ketgandi. Janob Berar ushlamoqchi boʻlganda, uni tishlab olgandi. Oʻshanda shunaqayam qiziq boʻlgandiki...

Xonim zoʻrma-zoʻraki kula boshladi-yu, mehmonning jiddiy oʻtirganini koʻrib, darhol oʻzini tutib oldi.
— Savollaringizga javob bermayotganim uchun kechiring,— dedi mehmon boʻshgina.— Boshqa payt boʻlganda men buni jonim bilan aytib berardim. Lekin hozir vaqtim juda ziq. Men bu yerga asosiy narsa haqida, ya’ni siz haqingizda gaplashgani kelganman.

Xonim «hojati yoʻq» degandek, imo bilan qarshilik koʻrsatib dedi:
— Shunchalik uzoq ayriliqdan soʻng ham men bilan qiziqayotganingizdan mamnunman.
— Men sizni hech qachon unutganim yoʻq,— davom etdi mehmon.
— Shunaqa ham iltifotlisizki...
— Men hech ham unday deb oʻylamayman. Armanda, oxirgi uchrashuvimizni eslaysizmi?
— Ha, biz unda juda yosh edik. Biroq men unutganim yoʻq. Oʻshanda siz bir oz tentakroq edingiz, gʻalati gaplarni gapirardingiz.
— Men toʻgʻrisini aytgandim. Sizni sevaman, biz hayotimizni albatta birga oʻtkazishimiz kerak, deb qayta-qayta takrorlagandim. Siz esa ishonmasdingiz, hayron boʻlardingiz. Taxminimcha, mendan choʻchirdingiz shekilli. Endilikda bir-birimizdan yiroqda oʻtkazgan hayotimiz soʻngida, men sizni yana bir bor koʻrish istagida bu yerga keldim. Sizni hali ham sevishimni, hayotimning eng soʻnggi daqiqalarigacha fikru xayolim faqat sizda boʻlishini aytish istagida keldim.

U oldinga bukilganicha xastahol oʻtirardi. Mehmon bu soʻzlarni aytayotganida xonim toʻsatdan uning qarashlarida ilgarigi, oʻsha paytlardagi ehtirosni his etdi. Xonimga uning boʻyinbogʻi oʻsha oxirgi uchrashuv chogʻida taqilgan boʻyinbogʻ boʻlib tuyuldi.

Janob past ovozda gapirar, uning ovozi borgan sari yanada pasayib, qandaydir tushunib boʻlmaydigan shivirlashga aylanib borardi. Soʻzlari hali aniqroq eshitilib turganda, u xonimning nomini toʻxtovsiz takrorlayotganini ilgʻash mumkin edi. Oʻsha yoz kunining yorqin ranglari, xushboʻy hidlari, uning oʻshanda taqqan boʻyinbogʻi, bularning hammasi xonimning koʻz oldida xuddi hozirgidek gavdalandiki, goʻyo hayot yana qaytadan boshlanayotgandek edi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmagandek tuyulardi. Oʻsha kun Lun’an xonimning xotirasida hayratomuz tarzda qayta jonlandi. Chunki mehmonning past ovozi uni uzoq oʻtmishga olib ketgandi. Mehmonning ovozi kuchayib, soʻzlari aniqlashganda xonim bir choʻchib tushdi.
— Rostdan ham hech narsaga muhtoj emasmisiz? Agar iltifotsizlik qilgan boʻlsam kechirasiz, chamasi mazangiz yoʻqqa oʻxshaydi, doʻxtir chaqiraymi?

Mehmon bosh tebratib, «yoʻq» ishorasini qildi. U yana tetiklashgandek koʻrinardi. Xonim janob yana oʻz dil izhorini boshlamoqchi boʻlayotganini sezdi.
— Yoʻq! — qichqirdi birdan Lun’an xonim.— Iltimos, bas qiling! — Mehmon zoʻrgʻa oʻrnidan turganida, xonim shosha-pisha dedi:
— Kechirasiz, men sizni haydayotganim yoʻq. Faqat ayting-chi, nima uchun oradan shuncha yillar oʻtgach, keksa bir ayolga oʻtmishni eslatib, tinchini buzishga ragʻbat etdingiz?
— Siz tez orada tashrifimning sababini bilib olasiz,— dedi mehmon va eshikka yoʻnaldi.

Hayratlangan va titrayotgan Lun’an xonim mehmonxona oʻrtasida qotib turar, uzoqlashib borayotgan mehmonni kuzatib qoʻyishni xayoliga ham keltirmas edi.

Indiniga Lunan xonim gazetalarni varaqlayotganda soʻnggi sahifada bosilgan xunuk xabarga koʻzi tushdi. Unda aytilishicha, janob Jilber Messone oʻzining Parijdagi uyida vafot etibdi.