OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJahongir Ismoilov
Asar nomiIloji boʻlsa, kitob chiqaring!
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Jahongir Ismoilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iloji boʻlsa, kitob chiqaring!
Jahongir Ismoilov

Men sizga aytsam, hozir kitob chiqarishdan osonroq ish boʻlmay qoldi. Choʻntak kovlasangiz, bas. Bobokalonlarimizning «Pul boʻlsa, changalda shoʻrva», degan bashoratlari shu borada yuz, ming karra haq boʻlib chiqdi.

Ha, umr oʻtadi. Faqat kitob qoladi. Chang bosib ketsa ham javonlarda turadi. Kimdir, qachondir qiziqibmi, ermakkami, zerikkanidanmi, uni olib varaqlaydi (mabodo ungacha biror kishi uyni tartibga keltirayotib yoki javondagi kitoblarni kerak-nokerakka ajratayotib, sizning kitobingizni makalaturaga topshirmagan, chiqarib tashlamagan yoki yoqib yubormagan boʻlsa), sizni eslaydi.

Nimani yozay, deysizmi? Bolaligingiz, talabalik yillaringiz, ish faoliyatingiz, hajmini kattaroq qilmoqchi boʻlsangiz, turli davr­larda tushgan suratlaringizni qoʻshasiz. Oila a’zolaringiz, el-xeshlar, shajarangiz. Xullas, nimani xohlasangiz, shuni yozaverasiz. Eng muhimi, oʻzingizni istasangiz, butun umri fidokorona ishlagan, haqiqat, adolatni himoya qilgan; choʻntakdan boshqasini oʻylamagan, koʻzingizni loʻq qilib oqni qora deb turgan boʻlsangiz ham, farishtaday begunoh, halol yashagan; manman — kamtarinlik koʻchasidan oʻtmagan boʻlsangiz ham, oʻta xokisor, bir narsa undirmasangiz, hatto salomga alik olmaydigan muttaham boʻlsangiz ham, haromdan hazar qiladigan tarzida tasvirlaysiz. Katta-katta xayrli ishlarni oʻzingizning nomingiz, faoliyatingiz bilan bogʻlab yuborsangiz ham boʻlaveradi. Istasangiz, ayrim yigʻilishlarda hamma oqni qoraga yoʻyib turganida siz «Yoʻq, bu oq-ku, oʻrtoqlar! Nima, koʻzlaringiz koʻrmi, vijdonlaringiz bormi?» deya hech narsadan qoʻrqmasdan, hayqirib haqiqatni yoʻqlab chiqadigan lavhalarni toʻqib, qoʻshtirasiz. Sizni tanigan-bilgan, ishi tushgan, aslingizdan boxabar kishilar zaharxanda ijir­gʻanishlari, ovoz ­chiqarib soʻkinishlari, surbetligingizga yana bir bor tan berishlari turgan gap. Lekin sizni tanimaydigan kitobxonda zamonamiz qahramoni sifatida taassurot qoldirasiz. Olamdan oʻtib ketganingizdan soʻng esa kelajak avlod tasavvurida kitobingizdagiday qiyofada qolasiz. Nevara-evaralar: «Mana, bobom yoki bobokalonim qanaqa odam boʻlganlar», deb kitobingiz bilan faxrlanib yurishadi. Ulardan bitta-yarimtasi ogʻzidan gap yoki qoʻlidan ish keladigan boʻlsa, obroʻsidan foydalanib yoki el-ulus nomidan yuqori idoralarga xatlar uyushtiraverib nomingizni abadiylashtirishi, koʻcha-poʻchaga qoʻydirishi mumkin.

«Qoʻlimga ruchka olsam boshimga ogʻriq kirib, nafasim qisadi», deysizmi? Toʻgʻri aytasiz,ba’zi birovlarga bir jumla yozishga da’vat etgandan koʻra bir shisha aroq ich yoki bir lagan oshni paqqos tushirib ber, degan ma’qul. Unda biror ijodkorni topib, savdolashib, qoʻliga «xamir uchidan patir»ligiga ishora qilib jinday «qurugʻidan» qistirib, qolganini ish bitgandan soʻng mazmundorligiga qarab choʻzishga va’dalashib, oʻzingiz haqingizda kitob yozdiring. Oʻzingiz bilasiz, bozor iqtisodi, pulini kim toʻlasa, musiqaga ham oʻsha buyurtma beradi, degan naql yodingizdadir. Demoqchimizki, qalamkash ham siz toʻgʻringizdagi kitobni oʻzingiz ayt­ganingiz, xohlaganingizday yozadi. «Qurugʻi»dan qarashgan boʻlsangiz ilhomi joʻshib, siz aytgandan ham ancha oshirib yuborishi mumkin. Aslo xijolat chekib oʻtirmang, bemalol oʻzingizni donishmandi zamon, salkam avliyoday koʻrsatib tasvirlayversin. Bosh omon boʻlsa doʻppi topiladi deganlariday, choʻntak kovlasangiz, yozadigan istagancha tiqilib yotibdi. Nafaqat oʻzingiz haqingizda, xohlasangiz nomingizdan she’riy yoki nasriy kitob tayyorlab beradiganlar ham yoʻq emas. Kelajak avlod shu kitob­laringizga qarab sizni serqirra qobiliyat egasi sifatida biladi.

Oshna-ogʻaynilar, tanish-bilishlarni ishga solib biror oʻquv muassasasi yoki kutubxona-putubxonada kitobingizning taqdimot marosimini tashkil ettiring. Ortidan quyuqqina ziyofat uyushtirishning daragini bersangiz, bu tadbirga har holda tushlik qilish, «yuz-yuz otish» ilinjida keladigan uch-toʻrt savdoyi­roq ijodkor ham tashrif buyuradi. Imkon boʻlsa, tadbir oldidan ham kichikroq davra tashkil eting. Yegan ogʻiz uyaladi. Ulardan nima ketibdi, sizni allomai zamon, kitobingizni bebaho tarixiy asar sifatida koʻklarga koʻtarib maqtashadi. Qarindosh-urugʻlar gullar tutib, siz avvaldan oʻrgatib qoʻygan savollarni berishsin. Yangi yozganlaringizdan namunalar oʻqib berishingizni soʻrashsin. Qarsak chalib rosa olqishlashsin. Kitobingizni qoʻliga olmagan avom sizning mashhur ijodkor ekanligingizga laqqa ishonadi. Keyin gazetalarga taqdimot toʻgʻrisida axborotlar bostiring. Koʻcha-koʻyda uchragan tanishlarga «Falonchievlar» kitobingiz juda zoʻr chiqibdi, oʻqib miriqdik, rozi boʻlsangiz taqdimotini oʻtkazaylik», deb hol-jonimga qoʻyishmadi. Bir necha bor iltimos qilishgach, rozi boʻldim», deb yuring. «Falonchievlar «Sizning qobiliyatingiz zoʻr, piston vazifaga keling, deb koʻndirishga koʻp urindilar, men rozi boʻlmadim» deya gap tarqating. Oʻsha Falonchievlardan «shu gap rostmi», deb kim borib soʻrab-surishtirib oʻtiribdi.

Shundan soʻng odamini topib bir amallab kitobingiz haqida gazetada taqriz chiqartirsangiz yana yaxshi. Qanday qilib, deysizmi? Avval choy-poyga taklif eting, sekingina sovgʻa-salom uyushtiring yoki xoliroq topib «qurugʻi»dan qistiring. Mabodo taqrizchi ishi koʻpligi, kitobingizni koʻrmaganligi va oʻqishga vaqti yoʻqligini bahonalab taysallasa, uning ham yoʻli bor. Naqd­ni nasiya qilmaslik uchun taqrizni oʻzingiz yozib, uning ismi-sharifini qoʻyib qoʻliga tutqazing. Qarabsizki, gazetada kitobingiz haqida taqriz bosilgan. Bitta-yarimta oshna-ogʻaynilar koʻzlari tushib taqriz toʻgʻrida ogʻiz ochib qolsalar oʻzingizni xabari yoʻqday, endi eshitayotganday «Ie, shunaqami, qaysi gazetada. Kim yozibdi ekan», qabilida gap qiling.

Televizorda taqdimot marosimi toʻgʻrisida axborot, kitobingiz va «ijodingiz» haqida koʻrsatuv tashkil ettirsangiz, oʻzingiz bilan uchrashuv uyushtirsangiz ham boʻlaveradi. Choʻntak kovlasangiz, xususiy televidenielar xizmatingizga hoziru nozir, tijorat koʻrsatuvlarining studiyalari muntazir. Pul ketsa ham sizga obroʻ boʻlib qaytadi.

Haqiqiy shoiru yozuvchilar, har qanday kitobning avra-astarini chiqarishga iqtidori yetadigan zukko munaqqidlar, asli kimligingizni biladiganlarning tanqid qilishlari, poʻstagingizni qoqib, rasvongizni tortishlaridan choʻchiysizmi? Aslo xavotir olmang. Ular avvalo shunday munofiq yoki noʻnoq, ijod koʻchasiga kirmagan kishi bilan oʻzimni baravar qilib yuramanmi, deb e’tibor berishmaydi. Axir bemaza odam bilan faqat bemaza odamgina barobar boʻladi-da. Qolaversa, sayoz kitoblar keti uzilmay chiqib turgan boʻlsa, kelib-kelib aynan sizning kitobingizga kim ham yopishardi. Haqiqiy, kuchli polvon oʻlsa oʻladiki, polvonlik koʻchasidan oʻtmagan odam bilan olishib oʻtirmaydi, oʻziga tengsitmaganlar bilan gilamga chiqishga or qiladi.

Bordi-yu, kirdikorlaringizdan xabardor yoki haqiqatdan koʻz yumishga vijdoni yoʻl qoʻymaydigan bitta-yarimta haqiqatparvar kitobingiz haqida yozganida ham uni biror matbuot organi bosib chiqarmasligidan koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Men sizga aytsam, qonunda «ma’naviy zarar» degan gap bor. Bor­­­di-­­­yu, «ma’naviy zarar»ning jabrini tort­magan birorta muharrir oʻsha maqolani chop etgan taqdirda ham burd sizniki. Hamma biladiki, mevali daraxtga tosh otadilar! Faqat pulga oʻta oʻch, hamma koʻrib, bilib turgan, kunday ravshan «oq»ning ham oqligiga koʻzlarini loʻq qilib dalil-isbot, asosli hujjatlar talab qilib asabga oʻynaydigan advokat yollaysiz-da, maqolani e’lon qilgan nashrni «Mening qadr-qimmatimga tegdi, xalq orasidagi obroʻyimga putur yetkazdi», deb raddiya berishini va tovon toʻlashini soʻrab sudga da’vo arizasi bilan murojaat etasiz. Nima farq qilibdi, tovon uchun ogʻzingizga siqqan summani yozavering. Sud orqali undirilajak ma’naviy zarar pulni toʻliq advokatingizning oʻziga berishga va’da qilavering. Koʻribsizki, moʻmay daromad daragini eshitgan advokat yeng shimarib maqolani chop etgan tahririyat bilan sudlashishga kirishadi.

Maqola muallifi bir chetda qolib tahririyatdagilar sudma-sud yurishadi. Advokat har bir soʻz, har bir jumlaga isbot, asos talab qilaverib matbuot nashri rahbarlarining tinka-madorini quritib tashlaydi.

Siz qoʻchqorini urishtirayotgan qoʻchqorbozday ularning ayovsiz tortishishlarini kuzatib rosa miriqasiz. Tahririyatdagilarni rosa ovorai-sarson qilganingiz, asabiylashtirganingiz, kayfiyatlarini buzganingiz qoladi. Da’voingiz qanoatlantirilmagan taqdirda ham siz hech narsa yutqizmaysiz.

Kitobning foydasi faqat bu emas. Faraz qilingki, universitetdami, institutdami domlasiz. Ikki-uchta ma’ruzangizni jamlab nari-berisida har nusxasi uchun 500 soʻm sarf­lab kitob qilasiz. Keyin oʻzingiz ma’ruza oʻqiydigan kurslarga, talabalarga kamida 2 ming soʻmdan pullaysiz. Iloji boʻlsa, uyingdagilar ham mutolaa qilsa, savodini oshirsa, foydadan xoli emas, hozir bozor iqtisodi, bu kitob qayta nashr qilinmaydi, noyob, kelgusida oila qursang bola-chaqalaring ham foydalanadi, deb ikki nusxasini qoʻshib tutqizasiz.

Qani, olmay koʻrsin-chi! Oladi! Oldinda sinov, imtihonlar, oraliq nazorat, reyting bali, degan gaplar bor. Bir emas, yuzingizni qattiqroq, qulogʻingizni kar qilsangiz koʻproq nusxasini ham sotasiz. Saboqlaringizga ozib-yozib bir koʻrinish beradigan yoki nuqul imtihonda hoziru nozir talabalar boʻlsa, yana yaxshi. Ular kitobingizning 10-15 nusxasini ham «lom-lim» demay, hatto sizga yaxshi koʻrinish ilinjida oʻzlari soʻrab olishadi. Pulni ham ayashmaydi.

Ba’zan zinadan tushayotib, axlat qutisi yonida yirtilgan, gʻijimlab tashlangan kitobingizga koʻzingiz tushadi. He, sotib olgandan keyin nima qilsa, uning ishi. Orqavorotdan haqoratlasa ham mayli, qulogʻingiz eshitmaydi. Eng muhimi, oldingizda ogʻziga talqon solib oʻtirsa, bas. Choʻntagingizga kirgani hisob. Har bir kitobingizdan 1,5 ming soʻmdan qolsa, 100 nusxasidan 150 ming, ming nusxasidan 1,5 million qoladi. 2 ming nusxasidan... Hoynahoy, shayton yoʻldan urib qulogʻingiz ostida «Har bir nusxasini 2,5 yoki 3 mingdan sotsang-chi», deb shivirlab qoladi. Beixtiyor shokolad tatinganday shirin tamshanib, choʻntagingizga qancha foyda koʻrishingzni xomchoʻt qilishga kirishasiz.

Eng muhimi, koʻrishga koʻzi, otishga oʻqi boʻlmagan boshqa hamkasblaringiz ham «Talabadan bir narsa undirmasa baho qoʻymaydi», deb sizni ta’magirlik, poraxoʻrlikda ayblasholmaydi. Pulini olgan boʻlsangiz, quruqdan quruq emas, kitobingizni sotib oldingiz. Bahosiga hech kim da’vo qilolmaydi. Aniq belgilangan emas. Bozor iqtisodiyoti, kelishilgan narxda pullash sizningu xarid qiladiganning ishi. Qolaversa, sizga ta’na qilmoqchi boʻlgan, bahona topib tagingizga suv yugurtirish payida yurganlarning oʻzlari ham kitob chiqarib, turli kitoblardan koʻchirib tayyorlagan ma’ruzalarini chop ettirib pullab yotishibdi. Bu ham yetmaganday ayrim tanish-bilishlari, rahbarlari va oshna-ogʻaynilari ham ular orqali kitoblarini talabalar oʻrtasida tarqatishayotib, pul qilishayotgan boʻlsalar! Tillari qisiq. Qani, bir ogʻiz ochib koʻrishsin. Aytadiganingizni aytasiz. Rasvolarini tortasiz. Aksincha, shu toifa hamkasblaringiz jam boʻlgan paytlarda «Talabalar ayrim domlalarning kitob sotayotganlaridan shikoyat qilishayapti, boʻlar-boʻlmas, saboqlarga mutlaqo aloqasiz, hech vaqoga yaramaydigan kitoblarni tiqishtirish kimga kerak. Bechora talaba arzimas stipendiyasiga bir amallab kun koʻrsinmi, yoʻlkiraga bersinmi, boʻlmagʻur, nokerak kitoblarni sotib olsinmi», qabilida gap qilib qoʻyasiz. Nomini tilga olmay, jahli chiqqanga solib haqoratlasangiz ham mayli. Quloqlarini kar qilib, goʻyo ularga qarata aytmayotganingizday, aslida ichlaridan zil ketib oʻtirishadi. Buning ustiga sizdan oʻlguday hayiqishadi. Bobokalonlar «Baloning tashqarisida yurguncha, ichida yur», deb bejiz aytishmagan. Hali-beri nafaqaga chiqmasangiz kitobingizni hech ikkilanmay bir necha ming nusxada bostirib qoʻyganingiz ma’qul. Har yili boshqa kurslarga ma’ruzaga kirganda bemalol pullayverasiz. Koʻrib turibsiz, narx-navo oʻssa oʻsayaptiki, pasayayotgani yoʻq. Bultur talabalarga ikki ming soʻmdan pullagan kitobingizni bu yil uch mingdan bemalol sotasiz. Bundan tashqari talabalarga bu kitob falon yil burun nashr etilganligi, noyobligi, topilmasligini, ular foydalansinlar, axtarib ovora-sarson boʻlib yurmasinlar, deb ataylab olib qoʻyganligingizni takrorlashni kanda qilmaysiz. Ikki-uch mashgʻulotni shu kitob ta’rifi-yu tavsifiga bagʻishlasangiz ham boʻlaveradi.

Kitob chiqarishdagi tartib, talab va mezonlar oʻzgaradigan, pulga emas, uning ahamiyati, mazmuni va boshqalarga qay darajada naf keltirishiga qarab yondashiladigan kunlar kelsa, dogʻda qolasiz. Unda yozganlaringiz nashriyotlar tokchalarida changu mogʻor bosib yotaveradi. Imkoniyatni boy berib yubormaslik, afsus-nadomat chekib yurmaslik uchun pulingiz borida hozir kitob chiqaring. Keyin kech boʻlishi mumkin.