OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJahongir Ismoilov
Asar nomiSotilmaydigan odam (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Jahongir Ismoilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sotilmaydigan odam (hajviya)
Jahongir Ismoilov

Yangi rusumdagi qora «Neksiya» kasalxona darvozasi yoniga kelib toʻxtadi. Qorovulxona ichkarisidan turib ochiladigan temir darvoza berk edi. Ichkarida bamaylixotir choy ichayotgan qorovul mashina haydovchisining «darvozani oching», degandek ketma-ket chalgan signaliga hatto e’tibor ham bermadi. Shundan soʻng «Neksiya»ning orqa eshigidan oʻrta yoshlardagi moʻylovli, xushbichim, yengi kalta koʻylak kiygan kishi tushdi. Uning orqasidan tan qoʻriqchisiga oʻxshab nisbatan yoshroq, novcha boʻyli sherigi ergashdi.

Mashinadan birinchi boʻlib tushgan kishi qorovulxona oldiga bordi, bamaylixotir oyogʻini tizzasiga chalishtirib oʻtirgan cholga salom berdi.
— Iltimos, mashina bilan kiraylik.
— Mumkin emas, — dedi qorovul.
— Iltimos, deyapman.
— Men, yoʻq deyapman.

Yigit choʻntagidan bitta ikki yuz soʻmlikni olib tuynukdan ichkariga choʻzdi.
— Iltimos, kiritib yuboring.
— Oʻzbekchani tushunasizmi, oʻzi. Mumkin emas, dedim-ku, — qorovul dagʻdagʻa qildi.

Yigit qoʻlidagi pulga yana ikki yuz soʻm qoʻshdi.
— Besh minutga kirib chiqamiz. Odamning sazasini oʻldirmang, otaxon.
— Nima, meni sotib olmoqchimisan! Pulingni choʻntagingga solib qoʻy, — qorovul koʻzlarini ola-kula qilib, «san»sirashga oʻtdi.
— I-e, i-e! Rahmat sizga, amaki! — Birdan tamomila yumshab gapirdi yigit qoʻlini koʻksiga qoʻyib va yonidagi hamrohiga yuzlandi. — Qara, qanday halol odamlar bor.
— Bunaqa halol, sotilmaydigan odamlar juda kam, — dedi sherigi ham gap ma’qullab.
— Rahmat sizga! Yashang! Kam boʻlmang! Sizning joyingiz bu yer emas, — dedi qorovulga moʻylovli kishi hamon qoʻllarini koʻksidan olmay. — Sizday odamlarning joyi katta korxonalarning rahbarligi, — keyin sherigiga qarab xuddi moʻ‘jizaga duch kelganday bosh irgʻadi. — Bunday kishilarni bemalol katta rahbarlik lavozimlariga koʻtarsa boʻladi. Chunki ularning koʻzi toʻq, duch kelgan odamdan bir nima undiray deya moʻltirab turmaydi. Qara, qanday ajoyib otaxon ekan. Eh, yoshlari bir joyga borib qolibdi-da, yosh boʻlganlarida bormi, shu bugunning oʻzidayoq yaxshilab tafsifnoma yozib, kerakli hujjatlarini toʻgʻrilab yuqori bir lavozimga shaxsan oʻzim tavsiya etgan boʻlardim.

Moʻylovli yigit oxirgi soʻzlarini alohida boʻrttirib ta’kidladi. Uni jim tinglab oʻtirgan qorovul cholning chehrasi yorishib ketdi. Anchadan beri bunaqa yoqimli soʻzlarni eshitmagan edi. Qoʻli darvozani ochadigan tugmachaga qanday borib qolganini oʻzi ham sezmay qoldi.
— Mayli, juda zaril boʻlsa, besh minutga kirib chiqinglar, — dedi u yigitlarga qarab alohida muloyimlik bilan.
— E, rahmat otaxon, — dedi moʻylovli yigit ichkariga mashinasi bilan kirar ekan va sherigiga shivirladi:

— Ha, sotilmaysan-a...