OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJahongir Xolmirzayev
Asar nomiFaqat hayot abadiy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jahongir Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Faqat hayot abadiy (hikoya)
Jahongir Xolmirzayev

1

Inson hayoti haqida qancha koʻp oʻylasam, shuncha ishonamanki, u oʻzining qisqagina umrida koʻp marta oʻlib, tagʻin tirilar ekan. Mana, hozir ham shunday: men karavotda yotibman-u, his etayapmanki, ketayapman. Holbuki menga pichoq urganlari yoʻq, zaharlashgani ham yoʻq, kasal ham emasman, sogʻ-salomatman. Men endi hayotning ma’nosi haqida oʻzimga savol bermayman, shunchaki men undan sovudim. Tushundimki, yoshlikning aldamchi shu'lalari bilan jilovlangan orzularim - xayoliy ekan. Ajabo, eng soʻng qazo qiladigan umidlar endi yoʻq. Oʻzing biron-bir narsani tushunmaydigan bu hayotdan nimani kutish mumkin? Ha, yigirma ikki yasharlik yigit uchun bu fikrlar juda ogʻir. Biroq nima qilish kerak, qachonki shu qisqagina umring oʻzanini oʻylab, qanchalar xatoga yoʻl qoʻyganingni anglab tursang? Vey, qancha yolgʻonchilik, sotqinliklarni koʻrding; qancha orzularing bor edi...

2

Kecha bir taiiish qizni akamning tugʻilgan kuniga taklif qildim. Oʻtirishdan keyin uni uyiga kuzatib borayotganimda, uchta yigit - uning xushtorlari ekan shekilli — meni tutib urishdi. Esim ogʻib qolibdi. Bir mahal hushimga kelganimda yigitlar ham, qiz ham yoʻq edi.

Uyga kelib, azbaroyi qizdan xavotir olganim uchun qoʻngʻiroq qildim. Qiz nima dedi deng? «Meni himoya qilolmading, shuning uchun ular bilan ketdim«, dedi. Nachora, balki u haqdir. Kuchsizlar oʻladi, kuchlilar qoladi — »jungli qonuni» shunday boʻlsa kerak. Demak, men ojiz ekanman. Qolaversa, uchoviga bas kelolmasdim.

Hozir men koʻzgu oldida turib, basharamga qarayapman. Chap yuzim shishgan, oʻng koʻzimning tagi koʻm-koʻk, pastki labim yorilgan, xullas, endi «chiroylik»kina boʻlib qolibman.

Oyna oldidan jilib xonamga kirdim. Hech narsani oʻqigim, oʻylagim kelmas edi.

Shunda oʻzim sevgan rassomlarning uy devoridan joy olgan portretlariga qaray boshladim-u, fotosuratlar yopishtirilgan eski albomim esimga tushib ketdi. Uni shkafdan olib, divanga oʻtirdim.

3

Birinchi betini ochdim, unga ikki yashar bolakayning surati yelimlangan. Bolakay doʻmboqqina qoʻlchalari bilan oʻyinchoq ayiqchaning qoʻlidan ushlab, begʻubor koʻzlari bilan tikilib, jilmayib turibdi.

Bu - men, yigirma yil burungi men.

Albomning ikkinchi varagʻini ochaman. Biz togʻdamiz: otam, onam va men.

Oʻshanda men olti yoshda edim.

Juda yaxshi eslayman: ilgarilari har yili biz bahorda shahardan tashqariga — toqqa chiqardik.

Avji bahor kezlari boʻlardi oʻsha chogʻlar: togʻ bagʻirlarida lolalar endi-endi ochila boshlagan, daraxtlarda ilk yaproqlar paydo boʻlgan, quyoshning yorqin nurlari ham sovuq qishning nafasi koʻtarilib ketganidan dalolat berardi. Bepoyon adirlarga qarab, shalolalar shovqinini eshitib, muzdek chashma suvlaridan simirib ham boychechakning nozik boʻyini hidlab, kishi beixtiyor xayolkash -romantik boʻlib qolganini sezmasdi.

Bizning oilamiz boshqalar qatori yilning xuddi shu faslida mana shunday togʻ bagʻriga kelardi. Dadam gulxan yoqar, men esam kalta-kulta choʻplarni yigʻib kelardim. Onam gul terardi. Soʻngra birgalashib oʻzimizga bir yegulik tayyorlar edik.

Yana shu narsa kechagidek esimda: etakda qolib ketgan vodiyda bitta yam-yashil daraxt (nomi yodimda yoʻq) oʻsib turardi. Oʻtkinchilar uning butoqlariga turli tasmalar va latta-puttalarni bogʻlab ketishardi. Daraxt mana shunday rango-rang lattalarga burkanib turardi.

Har gal oʻsha daraxt yaqinidan oʻtganimizda dadam mashinani toʻxtatar, onam esa qoʻlimga roʻmolcha berib, «Borib bogiagin, nimaiki istaging boʻlsa, roʻyobga chiqadi», der edi.

Men esam bunga ishonib chopib ketardim.

4

Yana varaqlayman albomni. Mana bu - mening chin xolam. Termiz yaqinida yashaydi. U kishining uyiga birinchi marta borganim kechagidek esimda. Bunga bir necha yil boʻldi.

Oʻshanda men birinchi marta somsaga sirka sepib yeyishlarini koʻrganman. Quduqdan suv tortib ichishlarini ham oʻshanda koʻruvdim. Uncha chuqurboʻlmagan quduqchaning tubida esa kichik-kichik baliqchalar suzib yurardi.

Ularning oilasi katta, dasturxon boshida ikki-uch soat bemalol oʻtirishlarini ham shunda koʻrib hayron boʻlganman: xolam doʻkonda ishlar, xohlagan paytida borib ochar, ayrim narsalami uyida ham sotardi.

Qiziq, ular yashayotgan qishloqning oti - Chashma edi. «Nega bunday, buloq yoʻq-ku«, deb soʻraganimda, »shunaqa buloq chiqsin deb qoʻyishgan», dedilar.

Xullas, hayron qolsa boiadigan narsalar koʻp edi.

Oxirgi marta Chashmada toʻrt oy muqaddam boʻldim. Biroq men bu safarni sabrsizlik bilan kutgandim. Chunki dadamning yoshlikdan birga katta boʻlgan bitta doʻsti katta bizneschi boʻlib ketgan, dadam mening tentirab yurganimni unga aytgach, u kishi: «Mayli, kelsin, firma ochib beraman. Magazini boʻladi. Ish oʻrgataman», deb va’da bergan ekan.

Bundan oldinroq — ayni yoz chillasida katta amakimning toʻyiga — Termizga borganimda, toʻyxonada yelib-yugurib xizmat qilayotgan bir qiz bilan tanishgan edim.

Uni xolam ham maqtagan, biz ikkovlonning choy-tovoq tashishimiz va oʻzaro arzimagan gaplardan kulishimizni koʻrib: «Tohir, shu qizga uylansang yaxshi boʻlardi. Tuyogʻimiz uzilmas edi. Oʻylab koʻr. Bunday qizlar mehnatkash boʻladi. Erning gapidan chiqmaydi», degan edi.

Bu taklif menga kutilmaganda ma’qul tushgan, qizning nimalarinidir Aborigen togʻamga oʻxshatgan boʻlsam, uning qandaydir soddaligini oʻzimga oʻxshatgan edim.

Qolaversa, kirn boʻlishimdan qat'i nazar, uylanishim kerak-ku? Balki uylansam, hayotimda biron-bir burilish sodir boʻlar?.. Universitetning filologiyasigami, jurnalistikasigami - kirolmasam kirolmabman-da.

Bu meni adabiyotdan sovutadimi?

Qolaversa, hamma yozuvchilar ham shu fakultetlarni bitirishmagan.

Toʻgʻri, men juda unaqa «yozuvchi boʻlaman», deya olmayman. Ammo hech boʻlmasa oʻzim uchun yozib yurishim aniq: yozganingda xumordan chiqasan-da kishi, hatto ota-onangu doʻstlaringdan sir tutgan dardu quvonchlaringni ham qogʻozdan yashirmaysan.

Xullas, toʻyning ertasi qizga hazil-hazil bilan yaqinda uylariga sovchi yuborishimni aytuvdim, kulibgina qoʻydi: u chindan ham sodda, bokira qiz edi.

Ana shuning uchun ham xolamning uyiga — Chashmaga borishni besabrlik bilan kutarkanman, xayolimda yana yorqin manzaralar chizila boshlagan edi: dadamning oʻrtogʻi yordam bersa, ishlarim yurishib ketsa, oʻzim oyoqqa turib olsam, hayotim chindan ham oʻzgaradi: oʻsha qizga uylansam, uni yaxshi koʻrib qolishim ham mumkin... Biroq yoʻl xarajatining qimmatligi mening oyogʻimga kishan soldi.

Nihoyat, safarga otlanadigan kunim ham yetib keldi. Yuqorida aytgan rejalarim bilan qandaydir kuch-quvvatga toʻlib, hatto shu borishdayoq birinchi qadamim — yangi mustaqil hayotga qoʻygan qadamimdek tuyulib, Termizga joʻnadim.

Poyezddan tushiboq, dadam yozib bergan adres boʻyicha bizneschi oʻrtogʻining uyini izlab ketdim. Topdim. Devorlari pishiq gʻishtdan qurilgan, temir darvozasi ogʻzida ikkita ajinakuchuk yotardi. Meni koʻrib, «dushmanlik» bilan qarshi olishdi. Bir amallab hovli qoʻngʻirogʻini bosdim.

Doʻmboq, yoshgina-yu, sochi toʻkilib ketgan yigit chiqib keldi. Yigitning qovogʻi soliq edi.

«Falon kishining oʻgʻliman. Toshkentdan keldim«, deb tanishtirdim oʻzimni. U ham oʻsha »piston» kishining kichik oʻgʻli ekan. Chehrasi xiyol yorishdi-yu, lekin:
— Otamning mazasi yoʻq, - dedi. — Doʻxtirlar birovga koʻrsatmanglar deyishgan.
— Shunaqayam boʻlar ekan-da.

Yigit toshib turgan ekanmi, yo meni otam tufayli oʻziga yaqin oldimi, birdan:
— Doʻxtirlar «beli garyachka« deyishdi, - dedi bidirlab. - Lekin otam ichmaydilar hisobi, juda oz ichadilar. Bir tabibni chaqirib qaratgan edik, oʻsha... Oʻsha »oʻtib ketadi, vosvos boʻpti», dedi. Ilgariyam bir marta shunday boʻluvdilar.
— Attang.
— Biz juda kambagʻalchilikdan shu darajaga yetuvdik. Otamning dushmanlari koʻp. Bir-ikki yil oldin reketchilar xat yozib qoʻrqitishdi. Otam ularga hech narsa bermadilar... Keyin, shu kasalni topdilar. Oldinlari uxlamay tong otqizar edilar. Keyin-keyin shunday boʻlib qoldilar...
— Tushundim.

5

Chashmada ham meni shumxabar kutib turgan ekan. Xolam gʻamgin kulimsirab aytdi:
— Sening O... bilan gaplashib turganingni koʻrishgan ekan tanishlari. Qizning otasiga aytibdi. Otasi: «U bola Tashkanda yashayotgan boʻlsa, qizimni opqochib ketish ham qoʻlidan keladi», debdi xotiniga...
— Keyin?
— Qizini erga berib yubordi. Qandaydir qarindoshiga... Sen xafa boʻlma, qiz topiladi. Yoshsan...

O.ning siniqqina jilmayishlari, soddaligi, harakatchanligi koʻz oldimga kelib, unga juda-juda achindim. Soʻngra, shu holimda oʻzim ham uni baxtiyor qilolmasligimga inonib, birdan xoʻrligim keldi: «Yo, xudoyim, nima gunohim bor? — dedim ichimda. — Endigina ishlarim yurishay deganda, butun rejalarim karton uychadek buzilib ketdi. Endi uyga qaysi yuz bilan qaytib boraman?»

Toshkentga borgach, nima qilishimni ham tasavvur etolmasdim. Nimagaki, bu yoqqa joʻnagunimgacha bir tijorat doʻkonida yordamchi sotuvchi boʻlib ishlab turuvdim.

Toʻgʻri, ishim vaqtinchalik edi-yu, harqalay, uch-toʻrt soʻm maoshim bor edi.

Eng yomoni shulki, men bu yoqqa joʻnash oldidan «oʻz ixtiyorim bilan» ishdan boʻshab, bir tanish omborchidan qarzga pul koʻtaruvdim: ikki karra qilib qaytarmoqchi edim.

Endi nima boʻladi?

6

Vagon mutasaddisi «qirq minutdan keyin» joʻnashimizni aytdi. Men chamadonimni qoʻyish uchun vagonga, undan kupega kirdim. Oʻrta yashar bir ayol oʻtirardi.
— Salom alaykum. Beshinchi joy shu yerdami? — dedim.
— Mana bu pastki polka boʻlsa kerak, — deb javob berdi xotin. Men oʻrindiq qopqasini koʻtarib, yukimni qoʻydim. Soʻng deraza pardasini chetga surdim.

Pastda odamlar qandaydir shoshqin quvonch bilan pirojni, vino va har xil saqichnamo shirinliklar xarid qilishar va vagonlarga qarab chopishar edi.

Men toʻshakni yogʻoch oʻrindiqqa yozdim-da, sekin choʻzilib yotdim. Koʻnglimga qil sigʻmasdi. Koʻzimni yumib yotarkanman, kupemizga tagʻin kimdir kirganini sezdim. Kirgan kishi ayol tovushi bilan salom berdi. Anavi xotin oʻz tashvishi bilan band ekanmi, alik olmadi.

«Baribirturib oʻtirishim kerak. Hali yotishga vaqt bor. Buning ustiga, xotinlarning oldida choʻzilib yotish - noqulay», deb oʻyladim-da, oʻrnimdan turdim.

Roʻparamda bolali kelinchak turardi. Koʻrinishidan yigirma yoshlarda. Uning hayron qolarli darajadagi chiroyi meni lol etdi. Koʻzlari qop-qora va katta-katta. Lekin qovoqlari shishib ketgan, toza yigʻlagan boʻlsa kerak. Egnida oʻta arzon kurtka, oyogʻida -tovonlari qiyshayib, rangi oʻngib ketgan etik. Yuzi roʻmol bilan oʻralgan.

Uning bolasi oʻziga juda oʻxshardi; qizaloqning boshi ham qiyiqcha bilan oʻralgan, loʻppi yonoqlari uni yana-da suyumli qilib koʻrsatardi.

Juvon bolasini bir qoʻlida koʻtargancha boshqa qoʻli bilan eshik tutqichidan ushlab turar, aftidan, oʻtirishga qoʻrqar edi. Men darhol chetga surilib:
— Nega tik turibsiz? Oʻtiring, — dedim.
— Vey, siz ancha pul toʻlagansiz, men boʻlsam - bebilet, — dedi. - Yaqinda tushaman, akajon.
— Oʻtirsangiz-chi.
— Bu yer sizning joyingiz axir?
— Nimaboʻpti.

Nihoyat, u oʻtirdi. Men tagʻin chetroqqa - derazaga surilib, tashqarida - yiroqlarda qolib ketayotgan togʻlarga tikila boshladim. Xayolimda esa alamli oʻylar: «Men hayotimda nima yomonlik, nima gunohlar qildimki, qismat meni munchalar azoblaydi? Nima uchun birovlarga barcha eshiklar ochiq, menga esa - yopiq?.. Toʻgʻri, otam amaldor emas, onamning ham qoʻli koʻp joylarga yetmaydi... Biroq men tirikjonman-ku?»

Shunda Termiz koʻchalarida koʻrgan bir afishani esladim. Unda yosh xonanda kulib turardi. Holbuki, u bir vaqtlar bizning ansamblda nogʻora chalar, ovozi ham menikidan durust emas edi. Qolaversa, maktabda mening diplomatimni koʻtarib yurar, men bilgan inglizcha, italyancha qoʻshiqlarni xirgoyi qilishimni, ya’ni oʻrgatishimni soʻragani soʻragan edi.

Men oʻshanda gitara chalish ham, qoʻshiq aytish ham shunchaki havas, har bir kishiyam bilsa ziyon qilmaydigan bir sifat, deb bilardim.

Bugunga kelib u shaharma-shahar konsert qoʻyib yuribdi. Men esamoʻsha-oʻsha...

Shunda xayolim boʻlindi. Nazarimda, kimdir menga gap qotgandekboʻldi. Burildim. Bolali juvon menga tikilib turardi.
— Kechirasiz, bir nima dedingizmi?
— Ha, - dedi u gʻaribona bir tusda. - Nimadandir xafa koʻrinasiz. Toʻgʻri, bu mening ishim emas-u...
— Yoʻgʻ-e, sizga shunday tuyulgandir, — dedim.
— Koʻzlaringizdan koʻrinib turipti, ogʻajon. Aytib bering, yengil tortasiz.
— E, yoʻq, hech narsamas, - deb yana oynaga yuzlandim.

Yana olisdagi togʻlarga qaray boshladim-u, bu ayolning eshik ogʻzida turib aytgan gapi yodimga tushdi: «Siz ancha pul toʻlagansiz, men boʻlsam bebilet».

Demak, haqiqatan ham bu - biletsiz, buning ustiga, bolasidan boʻlak hech narsasi yoʻq. Demak, poyezdning pattasi — buning uchun bir «dunyo pul».

Ey, buning eri yoʻqmi?
— Kechirasiz, biletingiz boʻlmasa qanday chiqdingiz? Bizda biletsiz yuradiganlarni quyon deyishadi, — deb kuldim. Kuldimki, fikrimni tushunsin, xafa boʻlmasin deb.

U hazilni tushundi shekilli:
— Meni melisalar oʻtkazvorishdi, - dedi.
— Melisalar-a?
— Ha, - uyalib kulimsiradi u. Keyin davom etdi, xoʻjayin bilan hamisha obshi vagonda yurardik, kupelisiga birinchi marta tushishim... Bundan burun xoʻjayin bilan Sariosiyoga qarindoshlarnikiga borib edik. Keyin yana poyezdga oʻtirib qaytdik. Bilsangiz, erim koʻp ichadilar, buning ustiga bayram kelib qoldi. Xullas, poyezdga chiqqanlarida mast edilar. Biz provodnik bilan kelishib edik: pulini keyin oʻziga bermoqchi boʻldik. Bor-yoʻgʻi sakson soʻm pulimiz qolib edi, shu bilan amallab uyga yetib olardik... Erim boʻlsa, shu poyezddan aroq toptilar-da, yana icha boshladilar. Bekatga yetganda, biz tushdik, oyoqni yozish uchun. Xoʻjayin shunaqayam mast edilarki, hech narsani bilmasdilar. Duch kelgan odamni oʻpa boshladilar... Uydayam ichardilar, men koʻnikibketgan edim, ammo yoida munchalik boʻlmasdilar. Oʻzlari quruvchi. Men u kishining taksichi boʻlishini istardim: shunda kamroq icharmidilar...
— Oʻzlari necha yoshda? — deb soʻradim.
— Oʻttiz sakkizda.
— Sizga zoʻrgʻa yigirma yosh berish mumkin.
— Oʻn sakkizdaman, — deb kuldi u. Keyin yana sukut tortib qoldi. - Termizda melisalar opqolishdi u kishini. Qancha yalindim-yolvordim, yigʻladim — qoʻyvorishmadi. Termizda men hech kimni tanimayman. Sherobodgacha yarim soatlik yoʻl bor... Shunday. Melisalar meni ichkariga chaqirishdi... — U chuqur xoʻrsinib oldi-da, yana davom etdi: — Erimning kissalaridan bir soʻm ham chiqmadi. Men boʻlsam uyga yetib olishim kerak. Avtobus bilan... Oʻzimda pul yoʻq, hech yerda ishlamayman. Bironta oshxonaga idish yuvadigan boʻlibmi, yer supuradigan boʻlibmi ishga kiradigan boʻldim. Lekin meni ishga olishmadi. Yosh bolam bor.
— Qarindoshlar bormi?
— Ha, biz bir ota-onadan sakkiz farzandmiz. Lekin juda kambagʻalmiz. Shuning uchun biz — besh qizni yoshligimizdan erga uzatishdi. Akalarim uylanib chiqib ketishgan, ularni koʻrmaganimga biryildan oshdi. Opam oldinlari uyimizga tez-tez kelib turardi. Keyingi kelishida butun taqinchoqlarim yoʻqoldi. Bitta uzuk va bitta sirgʻa — bular rahmatli onamdan yodgorlik edi. Opam ketganidan keyin bu narsalarning yoʻqolgani malum boʻldi. Keyin men uning uyiga borib edim, u meni haydab yubordi. Shundan keyin aloqamiz uzilib ketdi. Battar yashaging kelmay qoladi. Lekin mana shu qizchamni deb...
— Rostini aytsam, nima deyishgayam hayronman, — dedim. — Qarang, toʻqqiz boʻlayapti. Oʻn minutdan keyin Sherobod... Vokzalga yaqin tursangiz kerak?
— O, yoʻq. Biz Sherobodning oʻzida turamiz. Yana Gagarinda. Ungacha oʻn kilometr bor...
— Menimcha, hozir avtobuslar yurmasa kerak, - dedim. -Sizning esa taksi pulingiz yoʻq. Koʻchalar qorongʻi, mastlar koʻp...
— Bir amallab yetib olarman, — dedi u. Nihoyat, eshikdan boshini suqqan provodnik:
— Stansiya Sherobod! — dedi.

Men oʻrnimdan turib, ayolning qizalogʻini qoʻlimga oldim. Va kupedan chiqib, yoʻl boshladim.

Miyamda alkash-chulkash oʻylar: «Shunday parizod, oʻn sakkiz yashar parizod shunday xor-zor... - Perronda tushdik. Men unga juda achinar edim. Hatto: — Yuzta shoryor ham, quruvchi ham bir tola sochingizga arzimaydi, — koʻnglimni toshtirib yuborayotgan boshqa gaplarni aytishni istardim: — Ey, singlim, hali ishga joylashasan, ering ichishni tashlaydi, opang taqinchoqlaringni qaytarib beradi... Eng muhimi, yaxshi kunlar kelishiga inon, shunda hamma narsa yaxshi boʻladi!» Biroq, hech narsa qila olmadim.

Poyezd bir-ikki minut turgach, signal berdi. Men choʻntaklarimni kavlab, bor pulimni chiqardim. Yuz soʻm ekan.
— Oling buni, — deb uzatdim.
— O, yoʻq, yoʻq, ololmayman, — dedi u.
— Oling axir, bu bolakayni koʻtarib, oʻn kilometr yurish osonmi?

U baribir pulni olmadi. Men shahd bilan uning kurtkasi choʻntagiga pulni tiqib yubordim-da, jila boshlagan poyezdga chiqdim. U hech narsa deyolmay, tosh qotgancha qarab turardi. Bir-ikki qadam yurilmasdan uning koʻzlarida yosh koʻrdim. Poyezd uzoqlashib borar, kelinchak hamon tik qotib turardi. Nihoyat, koʻrinmay ketdi. Men zinadan koʻtarilib, vagonga kirdim.

Deraza yonidan oʻtarkanman, yana toʻxtab qoldim. "Ey, xudoyim, - deb oʻyladim favqulodda qandaydiryengil tortib. — Fermer boʻlolmaganim, hatto oʻzim sevgan qizga uylanolmaganim, shunchalar fojia ekanmi?

Nima boʻlganda ham bu safarda nimadir qildim, toʻgʻrirogʻi, kimgadir foydam tegdi...

Demak, bekorga kelmagan ekanman. Ha... U boyaqish kelinchak menga bir soʻz aytolmagan boʻlsa ham, koʻzlarida minnatdorchilik yoshlarini koʻrdim-ku..."

Termizga qilgan safarim shu tariqa tugadi.

7

Albomning oxirgi varagʻini ochdim. Unda bironta ham surat yoʻq edi.

Albomni yopdim.

Oʻzimning qisqagina umrim haqida oʻyladim. Va ayrim xulosalarga ham keldim...

Yaqinda oyim shkafdan eski shimimni topib, «uyda kiyib yur», deb berdilar. Shimni kiyib, choʻntaklariga qoʻlimni tiqsam, eski qopchiqqa tegdi. Uni chiqarib ochishim bilan Dinoraning telefon raqamiga koʻzim tushdi. Balki u haliyam mening qoʻngʻiroq qilishimni kutayotgandir? Axir, bu hayotda biron-bir narsani ham oldindan bilish mushkul-ku?

«Bugunoq, yoʻq, hoziroq sim qoqaman Dinoraga. Keyin koʻchaga chiqaman», deb oʻyladim.

Keyin albomni tagʻin boshidan tez-tez varaqlay ketdim - bu bir xazinadekboʻlib qolgan edi: mana - men. Bu - onam, otam, sevimli buvim.

Bular - sinfdoshlarim, bunisi - Dinora. Mana Abror - Aborigen togʻam.

Xolamni ham koʻrgach, oxirgi betni ochdim. Ha, bunda hech qanaqa surat yoʻq.

Shunda birdan tushundimki, men hali oxirgi bekatga yetganim yoʻq...

Ajabo, bu betdagi birinchi surat balki mening boʻlajak umr yoʻldoshimniki boʻlar, balki birinchi farzandimniki...

Boshda «men oʻlayapman«, degan edim, endi esa »tirilayotganim»ni sezdim.

Demak, inson «oʻlar ekan« va »tirilar ekan», biroq hayot, hayotning oʻzi abadiy ekan...