OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jaloliddin Rumiy. Hikmatlar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJaloliddin Rumiy
Asar nomiHikmatlar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Aforistika
Mualliflar
   - Jaloliddin Rumiy
Uslub
   - Hikmatlar
Shakl
   - Aforizmlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotO‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti, Toshkent, 2007
TarjimonJamol Kamol (Forsiydan)
Hajm173KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Mas’ul muharrir: To‘ra MIRZAYEV (filologiya fanlari doktori, professor)
So‘zboshi muallifi: Ibrohim HAQQUL (filologiya fanlari doktori)
Nashrga tayyorlovchi: Nodir RAMAZONOV
Muharrir: Jabbor ESHONQUL



Annotatsiya
Mavlono Jaloliddin Rumiy - jumla bashariyat nomini hamisha iftixor ila tilga oladigan buyuk ijodkor, betimsol alloma, uning "Masnaviyi ma’naviy" asari esa teran hayotiy o‘gitlar, bebaho hikmatu haqiqatlar xazinasidir. "Masnaviy"ni varaqlab, durdona pandu hikmatlarni saralab, aziz kitobxonlarimiz uchun ixcham bir saylanma tuzdik.
Umid ulkim, ulug‘ bobokalon shoirimizning muborak ruhi shod, uning ruhoniyatiga oshno bo‘lganlarning ko‘ngillari obod bo‘lgay...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hikmatlar
Jaloliddin Rumiy

Hikmat - Koʻngil Chirogʻi

«
Ma’lum ermasmu magar ibrat senga,
Soʻz ochar soʻzni degan hikmat senga?

Jaloliddin Rumiy
»

Insonni sev! Uni e’zozla! Bu yangilik emas – juda qadimiy gap. Sevgi va e’zozga loyiq boʻlolmasa-chi? Noloyiqni sevmoq, birinchidan, fahm-farosat pastligini koʻrsatadi; ikkinchidan, muhabbatni tahqirlaydi; uchinchidan, insoniylik sharafiga ziyon yetkazguvchi bir ishdir. Chunki hamma kishi ham mehr-muhabbatga munosib boʻlolmaydi.

Odamni bilish, odam tanishda hikmat koʻp. Mana shunda adashildimi - boʻldi: toʻgʻrilik, insof, muruvvat, vijdon, mardlik - hamma-hammasida chalgʻib ketiladi. Dononi - nodondan, oqilni - johildan, mardni – nomard va gʻirromdan ajratolmagan, rostlik va halollik qadrini yerga qorishtirib, oʻgʻrilik, muttahamlik va korchalonlikka keng yoʻl ochgan jamiyatning boshi esa musibatdan chiqmaydi, xususan, axloqiy, ruhiy ofatlar uni ichdan kemirib, yemirib yuboradi. Bunday vaziyatda soʻz ham, fikr ham ta’sir kuchini yoʻqotadi. Va oʻzi ishonmaydigan narsaga oʻzgalarni ishontirishta bel bogʻlagan, gapi boshqa, hol va amali mutlaqo boshqa vaysaqi, safsatabozlarning bozori qiziydi. Ammo ulardan hech qaysisi millat, yurt taqdiriga tegishli biror bir mas’uliyatni zimmasiga olmaydi.

Odamning taqdiri va istiqboli jamiyatda hal boʻlganidek, jamiyatning ijtimoiy, axloqiy, fikriy sogʻlomligi ham odamning butunligi, komilligiga daxldor. Komil inson haqida koʻp gapiramiz, oʻzimizcha kuyinamiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin quruq gap bilan, yolgʻiz kuyinish yoki istak bilan insonni oʻzgartirib, komillashtirib boʻlmasligini chuqur oʻylab koʻrmaymiz. Bizningcha, bu jabhada komil inson masalasini har jihatdan chuqur oʻrgangan tasavvuf allomalarining mulohaza, mushohada va xulosalariga koʻproq tayanish joiz. "Komil inson" asarining muallifi, buyuk vatandoshimiz Azizuddin Nasafiy yozadi: "Shuni yaxshi bilgilki, odamlarning koʻpchiligida insonlik qiyofasi boʻlgani bilan odamiylik ma’nosi yoʻqdir. Bunday kimsalar esa aslida eshak, hoʻkiz, qurt-qumursqa, qoplon, ilon va chayonlardir. Nega, nima uchun bunday deya sira ajablanmaslik lozim. Chunki

har bir kent va shaharda ham ma’nan, ham jisman insonlik sharafiga sohib bir hovuch kishi bordir, xolos...".

Shu oʻrinda bir narsani ta’kidlab oʻtsak. Insonning axloqiy poklanishi, tafakkur balogʻati, bir soʻz bilan aytganda, komilligi borasida qadimda ilgari surilgan va asrlar mobaynida oʻzlashtirilib, amal etilib kelingan BOYA va tushunchalardan yiroqlashish, uzilish holati u yoxud bu tarzda butun bashariyat turmushida koʻzga tashlanib turibdi. Buning bosh sababi Nasafiy bobomiz koʻrsatgan nuqson - odamiylik ma’nosidan mahrumiyatning keng quloch yozishi erur. Darhaqiqat, oʻz ilohiy mohiyatini tushunish va mushohada qilishda insoniyat oldinga emas, ortga odimlagani inkor aylash mushkul bir haqiqat. Moddiy va texnikaviy taraqqiyot bashar nafsida yangi-yangi "oʻzan"lar ochdi...

"Aniqki, biz jin va insondan koʻplarini jahannam uchun yaratdik. Ularning dillari boru anglay olmaydilar, koʻzlari boru koʻra bilmaydilar" (A’rof: 179) Dunyoni botindan bilish layoqatiga sohib odam Qur’oni karimdagi bu kalimalarga zarra qadar ishtiboh qilolmaydi. Shaytoniylik, hayvonlashuv, yirtqichlik shu qadar avj olib ketdi. Ayniqsa, Gʻarb dunyosidagi ma’naviy xastaliklar, xulqiy buhronlarni aytib ado qilish qiyin. Eng katta fojia esa botin va zohir orasidagi ziddiyat, hol va amalning keskin farqlanishidir. Pul, mol-mulk, mansab, martabaning kuch-quvvatiga ishonch, barcha ishonchning, jumladan, diniy hissiyotlarning ham tamali boʻlayotir. Hozir biror bir din va ilohiy maslak topilmaydiki, "butparastlik" unga suqilib kirmagan boʻlsin.

Ma’lumki, odamlar ma’nan va ruhan mavjud borliq, ya’ni zohiriy dunyodan yuksakkka koʻtarila olmaganliklari tufayli oltin, kumush, yoqut, dur kabi jismlardan goʻzal shaklda haykallar yaratib ularga topinganlar. Iloh deb shularga sajda etganlar. Va Olloh sifatlarini mana shu narsalarga nisbat berishgan. His qorongʻuligi, koʻngil koʻrligi bunday bandalarni ilohiy nurdan butunlay yiroqlashtirib tashlagan. Shunday kimsalar yoʻqmi butun? Jahonning hamma joyida ularga duch kelish mumkin. Ular xohlasa dindor, taqvodor, istasa, kambagʻalparvar va fidokor siymosida koʻrinadi. Biroq Ollohga emas, siyratidagi but-nafsga taslimdirlarki, qorin uchun ular dasturxonga ta’zim etishdan, manfaat va mavqe ilinjida amaldorga bel bukib tilyogʻmalik qilishdan, boylik deb shaytonga siginishdan aslo tortinmaydilar. Imom Gʻazzoliyning mana bu soʻzlariga e’tibor bering: "... Bir jamoat bordurki... oʻzlarining bir rab ekanliklariga inonurlar. Masalan, goʻzal bir inson, bir daraxt, koʻrkam bir ot yoki boshqa bir qimmatbaho narsani koʻrishlari zamon darhol unga sajda qilurlar va "U rabbimizdir", derlar..."

Xoh ishoning, xoh ishonmang, ana shu qavmga mansub zotlar hozir koʻpaygan. Faqat ular otgamas, narxi baland xorijiymashinasiga, daraxtgamas, hashamatli imoratlariga, jonining "jonona"siga doʻngan allaqanday jihozlariga sigʻinishadi. Eng qizigʻi, bular ham "sun’iy goʻzallikka emas, balki tabiiy goʻzallikka" sajda etib, qalblari "goʻzallik nuri ila pardalanib" buzilganini tasavvur ham etolmaydilar.

Umuman, Haq va haqiqatdan olis, na olam, na odam hikmatini idrok qilib bilmaydigan bandaning gʻayrati ham, tashabbusi va himmati ham xosiyatsiz. "Taom bilan toʻlgan medada hikmat boʻlmas", deydi Zununi Misriy. Bu - nafs, hirs, tama bandalari hikmatdan benasibdurlar degani boʻladi. Chunki, hikmat pokiza koʻngil va tazkiya topgan ruhlarga Olloh tomonidan tuhfa yuboriladigan ilohiy soʻz hamda ma’nolardir. Hikmat ahli xos kishilar, ya’ni chin faqir, orif, diydortalab oshiq va abdollar boʻlgan. Ularning ilmi - laduniy ilm, vujudlari esa ma’rifat suvi bilan yuvilgan. Hikmat egalarining dunyoni anglashlarida tafakkur va sukut alohida oʻrin tutganligi uchun tabiatlarida shoshqinlik, yakravlik, kibr singari nuqsonlardan tozalangan. Rumiyga koʻra "Hikmatlar - Alloh lashkaridur, ular Haq, haqiqat bayrogʻini koʻtarib, koʻngullarni zabt qilur". Bu e’tirof Mavlono hikmatlariga ham toʻla tegishli.

Abdurahmon Jomiy hazratlari:

Gʻarqi daryoiy tafakkur shudayem,
Tahnishin chun sadafu dur shudayem, -

deydilar. Chunonchi: biz tafakkur daryosining qa’riga shoʻngʻidik. Shu uchun sadaf va durga oʻxshab joyimiz pastda - eng chuqurlikdadir. Aqli va dili hikmatga toʻlgan zotlarning, xususan irfon narhidan qonib-qonib suv ichgan haqiqatparastlarning sifat va fazilatlari xuddi shundaydir.

Abu Hasan Bushanchi "Bugun tasavvuf, haqiqatidan mahrum bir ismdir. Bundan oldin esa ismsiz bir haqiqat edi", deydi. Ya’ni: tasavvuf atamasi sahoba va salaf zamonida mavjud emasdi. Biroq ularning har birida buning ma’nosi mavjud edi. Endi esa tasavvufning nomi bor, ammo haqiqat va hikmati yoʻqdir. Ushbu fikrni hozirgi kunlarga ham tadbiq qilsa boʻladi. Chunki tasavvuf mavzuida aytilayotgan va yozilayotgan mulohazalarning koʻpi uning haqiqati, sirli hikmatidan koʻra tashqi yoki allaqachon eskirib ulgurgan jihatlariga tegishlidir. Tasavvufning hayotiy ruhi, bebaho duri gavhari, sir-asror xazinasi va goʻzallik shukuhini qayerdan izlash haqida soʻralsa, hech ikkilanmasdan, adabiyot va san’atni tilga olish lozim. Tasavvuf targʻibu tashviqiga safarbar adabiyot ham juda ahamiyatli va ibratli. Lekin tasavvuf olami va haqiqatlari badiiy talqin qilingan Ishq, Ruh, Koʻngul, Irfon va Zavq adabiyoti yanada goʻzal, yanada ta’sirlidir. Bu adabiyotda nainki soʻz va ma’no, ohang, rang, tasvir ham oʻzgacha, ya’ni ruh va koʻngulni yolqinlantiruvchidir. Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari shu uchun dunyo ahlining yuragini zabt aylab, oʻziga asir etgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol keyingi yillarda tarjimon sifatida bir qator xayrli va zoʻr ishlarni amalga oshirdi. Oʻzbek oʻquvchilari uning tarjimasida sharq irfoniy adabiyotining shoh asarlari - Fariduddin Attorning "Mantiqut tayr", Jaloliddin Rumiyning olti jildlik "Masnaviyi ma’naviy"sini oʻqish imkoniga ega boʻlishdi. "Masnaviy"ning har bir kitobi bor-yoʻgʻi ming nusxada chiqqani inobatga olinsa, uni oʻqiganlar soni orzu darajasida emasligi oʻz-oʻzidan anglashiladi. Holbuki, "Masnaviy" bugun dunyo jamoasini qiziqtirib, bashariyatning najot, umid kitobidan biri boʻlib turibdi. Ma’lumotlarga koʻra soʻnggi vaqtlarda Amerika Qoʻshma Shtatlarida tez-tez nashr etilib, eng koʻp xarid qilinayotgan kitob "Masnaviy" ekan. Uni oʻqish, oʻrganishga ehtiyojmandlik bizda ham hech bir eldan oz yoki past emas. Shuni nazarda tutib Mavlono hikmatlaridan kichik bir guldasta tuzdik. Bu hikmatlar tuygʻu va tushunchada tozalik, imon va e’tiqodda halovat demak. Mavlononing soʻz va fikrlaridagi hikmat – insoniylik qadri va sharafini hayvoniy, shaytoniy hirsu ofatlardan ajratish demak.

Sharq donishmandlaridan biri kambagʻal va qashshoqlarni boylikdan nafratlanish, molu dunyoni qoralashga oʻrgatmanglar, odam oldin badavlat boʻlib, ana undan soʻng boylikni nazarga ilmaydigan saviyaga yuksalmogi lozim, degan ekan. Bu - toʻgʻri gap. Xalqimiz bejiz "Koʻrmaganni - koʻrgani qursin", demagan. Ochdan, qashshoqdan chiqqan nazari past kimsa dunyo boyligini yigʻsa ham baribir toʻymaydi, "mol yigʻishtirur lain"ligicha qolaveradi. Va bunaqa gushnalarning millatga, yurtga, ilm-fan yoki adabiyot va san’atga hech foydasi tegmaydi. Ollohga shukrki, elimiz orasida adabiyotni sevadigan, ilm-fan, ma’rifat qadr-qimmatini har qanday moddiy boylikdan baland koʻradigan sarmoyadorlar ba’zan uchraydi. Siyrak boʻlsa-da, bor ular. Mazkur kitob shunday insonlardan birining tashabbusi va himmati bilan chop etildi. Bundan koʻpchilik minnatdor, Mavlononing ruhlari shod boʻlur, degan umiddamiz. Axir ma’rifat hamisha madadga muhtojligini Rumiy hazratlari ham inkor qilmaganlar. Haq mayining ayricha toti bor. Mavlono demishlarki:

Haq mayidin kimsa bir kultum ichar,
Bir emas, ul ikki olamdin kechar.
Ul musaffo may sururi oʻzgacha,
Mastligi etgay davom mahshargacha.

Oʻylaymizki, ushbu hikmatlarni oʻqigan har bir kitobxon Haq mayidan qultumlab, qon va jonida oʻzgacha surur uygʻonishini his etarkan, bunga oʻzi ishonch hosil qiladi.

Ibrohim Haqqul (filologiya fanlari doktori)

Bismillohir Rahmonir Rahiym

Tingla naydin, chun hikoyat aylagay,
Ayriliqlardin shikoyat aylagay.
Men qamish erdim, kesib keltirdilar,
Nola cheksam, el hama oh urdilar.
Siyna istarmen toʻlo dardu firoq,
Toki soʻylay sharhi dardu ishtiyoq.
Kim yiroq tushsa, yoʻqotsa aslini,
Boz izlar roʻzgori vaslini.
Davralar koʻrdim necha nolon boʻlib,
Davradoshim gʻamginu shodon boʻlib.
Har kishikim boʻldi bir dam yor menga,
Bilmadi yordir nechuk asror menga.
Sirrim ermas nola-ohimdin yiroq,
Garchi nur koʻzu qarogʻimdin yiroq.
Tanga jonu jonga tan mastur emas,
Jonni koʻrmak kimsaga dastur emas.
Oʻt erur nayning navosi, yel emas,
Kimda oʻt yoʻqdir, yoʻqolsin, el emas.
Nayni yondirgan oʻshal ishq otashi,
Mayni yondirgan oʻshal ishq otashi.
Yordin ayrilganga nay yordir, ne bok,
Pardasi pardamni etmish chok-chok.
Nay kabi bir zahru taryoq qayda bor?
Nay kabi damsozu mushtoq qayda bor?
Qonli yoʻllardin hikoyat aylagay,
Ne emish savdoyi Majnun, soʻylagay.
Boʻyla hushdir, mahrami behush, bas,
Mushtari unga quloqdin boshqamas.
Kunlarim tun qa’riga jo boʻldilar.
Oʻrtanishlar menga hamroh boʻldilar.
Ishq ila kimning yaqosi chok erur,
Hirsdin ozodu aybdin pok erur.
Ey omon boʻl ishq - ajib savdoyimiz,
Ey hakimi hoziqu donoyimiz.
Lablariga yesam ul damsozni,
Nay kabi men sochgay erdim rozni...
Kimki boʻlsa hamzabonidin judo,
Bezabondir garchi unda yuz navo.
Chunki, gul kesa guliston qolmagay,
Soʻngra bulbul birla doston qolmagay...
Rabbanodin barcha istarmiz adab,
Beadab koʻrmas jahonda lutfi Rab.
Yoʻq, faqat etmas oʻziga ul yomon,
Beadab urgay jahonga oʻt hamon.
Nurga toʻlmishdir adab birlan falak,
Ham adabdin ma’sumu pokdir malak.
Kun tutilsa koʻkda, gustohlik sabab,
Koʻkdin haydaldi Azozil, beadab...
* * *
Xastaga mehru muruvvat koʻrsatib,
Har ne lozim, koʻrdi, tekshirdi tabib.
Boisi safro emasdi ul butun,
Bilsa boʻlgay, ne oʻtindin ne tutun...
Zoridin bildi, nechuk zor erdi dil,
Tan salomat, lek giriftor erdi dil.
Keldi oshiqlik koʻngilning zoridek,
Yoʻq bemorlik koʻngil bemoridek.
Dardi oshiq oʻzgadir olam aro,
Ishq - usturlobi asrori Xudo.
Aql ishq sharhida ojiz ne tariyq,
Ishq ne, oshiq nedir, anglatdi ishq...
* * *
Gar tikan botsa oyoqqa, begumon
Tizzaga olgung oyoqni shul zamon.
Igna birla chiqmasa ul bir yoʻla,
Lab bosib, olmoq boʻlursan tish ila.
Bas, tikan botsa oyoqqa, bul azob,
Dilga sanchilsa, ne boʻlgʻay, ber javob?
* * *
Mustafo dediki, kim sir tutgusi,
Sir nihon aylab, murodga yetgusi.
Donalar chun yerga pinhon boʻldilar,
Barq urib soʻng sabza, rayhon boʻldilar.
Simu zar gar boʻlmasa koʻzdin nihon,
Boʻlmas erdi simu zar berguvchi kon...
* * *
Chashmaning boshi kesilsa, xullasi,
Boisi - mavji, ziloli jilvasi.
Oʻz pati tovusga dushmandir, qarang,
Chunki ul patning jilosi turfarang.
Bul jahon - togʻ, fe’lu atvoring - nido,
Ul nidoni senga qaytargay sado...
* * *
Ul qizil guldir ochilgan, xun dema,
Ul aqldin mast erur, majnun dema.
Kimki toʻksa bir musulmon qonini,
Kofir oʻlgum, tilga olsam nomini.
Larza solgay Arshga ham madhi shaqiy ,
Badgumon boʻlgay bu soʻzdin muttaqiy .
Shoh boʻlsa, yurtga ogoh boʻlsin ul,
Xos boʻlsin, xosi Olloh boʻlsin ul...
* * *
Sen azizlarni oʻzingdek bilmagil,
Garchi oʻxshashdir yozuvda "sher"u "shir".
Jumla olam shul sabab gumroh erur,
Kam kishi Haq ahlidin ogoh erur.
Ba’zilar oʻzni nabiy deydi, xolos,
Avliyoni oʻziga aylar qiyos.
Der: ular ersa bashar, biz ham bashar,
Biz-da non yermiz, ular-da non oshar.
Vah, ular koʻrmas va bilmas hech qachon
Oʻrtada bordir tavofut onchunon.
Arilar ham turfadirkim, har mahal
Bittasi zahru biri yiqqay asal.
Ikki ohu bir giyoh yer, sarhisob:
Bittasidin goʻng, biridin mushki nob.
Ul qamishlar bir ariqdin suv ichar,
Bittasi boʻm-boʻsh, birida qand, shakar.
Boqki, oʻxshash jonu jonzot qanchalar,
Oʻrtada farqu tafovut munchalar.
Ul yesa, undan palid boʻlgay judo,
Bul yesa, kelgay nuqul nuri Xudo.
Ul yesa, kelgay faqat buxlu hasad,
Bul yesa, boʻlgay faqat ishqi Ahad...
Harf - idish, ma’no - idishda suv hamon,
Bahri ma’no ham kitob ichra nihon.
Bahri talx, bahri shirin ham mavjlanur,
Lek qoʻshilmas, bir-biridin ajralur...
* * *
Sen razm sol, ikki yuzni et qiyos,
Balki boʻlgaysen bu ishdin roʻshinos.
Jumla iblislarda odamyuzli, bas,
Har kishiga qoʻl berish ham yaxshimas.
Kahru shahvat kimsani aylar gʻilay,
Koʻp yomon yoʻllarga ruhni boshlagay.
Bas, gʻaraz kelsa, hunar kiygay niqob,
Parda tushgay koʻzga koʻngildin shu tob...
* * *
Gar hasad koʻnglingga solsa bir gʻuluv,
La’nati Iblisning etgan kori bu.
Ul hasad aylab, mudom jang aylagay,
Odamiyning holini tang aylagay.
Ehtiyot boʻl, yoʻlda ul tosh boʻlmasin,
Shum hasad yoʻlingda yoʻldosh boʻlmasin.
Gar jasad ermish hasad uyi, va lek,
Ul jasadni pok etur Ollohi nek.
Behasadga aylasang makru hasad,
Koʻp qaroliklar chekar koʻnglingga sad.
Mardi Haq boʻl, boʻl hasaddin begʻubor,
Bizga oʻxshab sen uni tuproqqa qor...
* * *
Gar kumushning rangi oqdir, lek shu dam
Qoʻlga olsang, qoʻl qoraygay, joma ham.
Oʻt degan choʻgʻdin qizil yuzdir magar,
Sen qaro qilmishlariga sol nazar.
Garchi chaqmoq nurga monandir, hamon
Chaqnasa, koʻzni qamashtirgay yomon...
* * *
Gar anor istar esang, xandonni ol,
Xandasi har donasidin bir misol.
Nori xandon bogʻni ham xandon qilur,
Suhbati mardon seni mardon qilur.
Garchi toshdirsen, va gar marmar oʻzing,
Tutsa koʻngil sohibi, gavhar oʻzing.
Mehri poklarni aziz tut erta-kech,
Mehri yoʻqlarga koʻngilni berma hech.
Sen gʻazoyi dilni hamdildin soʻra,
Baxtu iqbolingni muqbildin soʻra.
* * *
Haq oʻzi jonlarga deb nur yogʻdurur,
Baxtiyorlar unga doman toʻldirur.
Kimki uzmas ersa Ollohdin nazar,
Unga boʻlgay nuri Ollohdin asar.
* * *
Tangri bizni yorlaqab, yorlik qilur,
Koʻnglimizni oʻziga zorlik qilur.
Ul goʻzal koʻzlarki, giryondir anga,
Ul humoyun dilki, biryondir anga.
Har yigʻining oxiri bir xandadir,
Oxirat mardi muborak bandadir.
Yigʻlaganlarni aya, nam istasang,
Notavonlarni aya, rahm istasang...
* * *
Boʻyladir ushbu jahonda qiylu qol,
Och koʻzingni, boq jahonga, ibrat ol.
Sen oʻzingdan-ku qocholmassen, aniq,
Bas, netib Haqdin qocharsen, ey rafiq?
Bedavolar mulki dunyo izlagay,
Baxtiyorlar mulki uqbo izlagay...
* * *
Dedi: sir aytilsa, sirdan bormu sud,
Juft toq boʻlgay gahi, gah toq juft.
Urmagil dam, tiyra tortgay oyina,
Soʻngra aksingni qoraytgay oyina.
Uchta soʻzga kam qimirlat sen labing,
Aqchangu yurmoq yoʻling ham mazhabing.
Shu uchovga koʻp emish dushman, aduv,
Bilsa, bas, tushgay sening qasdingga u...
* * *
Sen imonni toza tutgil ham omon,
Boʻl amin kibru havodin har zamon.
Ul havo ziddir imoni tozaga,
Ul havo qulfdir oʻshal darvozaga.
Sharh etarsen ul aziz Qur’onni, bas,
Sen oʻzingni sharh qil, Qur’onnimas.
Uncha sharh etding dumogʻdorlik bilan,
Pastu qiyshiq boʻldi ma’noyi baland...
* * *
Xushdurur paygʻomi Haq - Parvardigor,
To abad paygʻomi Haqdir poydor.
Oʻzgarur shohlarda hukmu saltanat,
Avliyolar hukmi qolgay to abad.
Shohlardin qolmagay dahr ichra nom,
Nomi Ahmad to abad oliymaqom.
Anbiyolar ismi butkul undadur,
Kelsa yuz, fahm etki noʻqson shundadur...
* * *
Rang koʻrish zohirda nursiz koʻp qiyin,
Ichdagi rangi xayol ham inchunin.
Dahr aro nur - aksi oftobi saxo,
Dildagi nur - aksi anvori Xudo.
Dilda boʻlsa, koʻzga kelgay hosili,
Koʻz nuri koʻngil nurining mahsuli...
* * *
Eyki, yuksalding alamni, ohni,
Bilki, qazgaysen oʻzingga chohni.
Bir zaif yerda chekar boʻlsa figʻon,
Tikka qoʻzgʻolgay sipohi osmon...
* * *
Nafs doʻzaxdir va doʻzax - ajdaho,
Bahru daryoying anga boʻlmas vaqo.
Yetti daryoni simirsa, ichsa ham,
Chanqovi qonmas, degaykim, menga kam.
Nafsi dev olamni ham yamlab yutar,
Na’ralar tortib, yana olam kutar.
Lomakondin Haq qadam bosgan zamon
Qolmagay andin biror nomu nishon.
Sher agar saflarni yormishdir, netar,
Sher ulkim, nafsini magʻlub etar...
* * *
Kim havasdin pok tutsa jonini,
Hazrati Haqning koʻrar ayvonini.
Chun Muhammad ul gʻubordin pok edi,
Qayga borsa, unda vajhulloh edi.
Bagʻri keng boʻlsa kishi ham koʻngli sof,
Har shahardin unga boqqay oftob.
Haq bu olam ichra koʻrsatgay jamol,
Porlagan yulduzlar ichra oy misol...
* * *
Chun odam koʻzu quloqsiz erdi, boʻsh,
Haq fusun etgach, odamga tushdi joʻsh.
Haq fusun etgach, odamlar zud-zud
Keldilar bor boʻlgali soʻyi vujud.
Gulga afsun aytdi, xandon ayladi,
Toshga aytdi, la’li tobon ayladi.
Tanga soʻz aytgan edi, jon boʻldi ul,
Soʻyladi xurshidga, raxshon boʻldi ul.
Boz qulogʻiga etarkan nuqta fosh,
Yuziga yuz parda tortdi ul quyosh.
To bulutga soʻyladi bir-ikki bor,
Koʻzidin yoshlar oqizdi shashqator.
Yer qulogʻiga necha soʻz aytdikim,
Yer chuqur oʻylarga toldi, qoldi jim...
* * *
Til temirga, toshga ham oʻxshash erur,
Tildan uchgan soʻz gahi otash erur.
Urma sen toshni temirga bemahal,
Goh maqol aytib, gohi soʻylab matal.
Ulki zolim qavmlar, koʻz yumdilar,
Soʻz ila olamni ham yondirdilar.
Bir suxan olamni vayron aylagay,
Tulkini oʻrmonda sulton aylagay...
Qatrayi ilmingki, ul jismimda dil,
Sen uni xokiy tanimdin toza qil.
Ul ilmni toki tuproq bosmagay,
To havolar har tarafga sochmagay.
Sochsa ham, basdir, kifoya bir soʻzing,
Qaytadan yigʻmoqqa qodirsan oʻzing.
Qatrakim, ketmish havolarga uchib,
Ul xaziningdin ketolgaymu qochib?
Maskani gar bir odammas, yuz odam,
Sen chaqirsang, sen sari qoʻygay qadam.
Tortadir zidlarni zidlar bir yoʻla,
Boz chiqurlar oʻrtaga hukming ila.
Soʻyi borliqqa odamdin har zamon,
Yoʻllanur karvon ketidin korvon...
* * *
Ey birodar, qil oʻzingga e’tibor,
Sendadir har dam xazon birla bahor.
Sen koʻngil bogʻiga koʻz sol, ne chaman,
Har qadam gulgʻuncha, sarvu yosuman.
Boqki, yaproqlarga burkanmish butogʻ,
Gul bilan orastadir sahroyu togʻ.
Atru gul boʻlsa agar rahbar senga,
Senga boʻlgay jannatul kavsar, senga...
* * *
Odamiy kardir parilar soziga,
Oshno ermas ularning roziga.
Gar pariyu nagʻma bir olam erur,
Lek koʻngil sozi yana koʻrkam erur.
Nurni sen odamdan ol yo Undan ol,
May tilarsen, koʻzadin yo xumdan ol.
Meni koʻrgan baxtiyor, demish Nabiy,
Meni koʻrganlarni koʻrganlar dagʻi.
Berdikim otash, chiroqni yoqdi sham,
Kim chiroqni koʻrsa, koʻrgay shamni ham.
Ochdi bir-bir yuz chiroqning vaslini,
Har chiroqda koʻrsatur ul aslini...
* * *
Avliyolar soʻzi yumshoqdir, dagʻal,
Mulki diningga tayanchdir har mahal.
Soʻzlari issiq-sovuqdir, et qabul,
Jonni doʻzaxdin himoyat aylar ul.
Soʻzlarin bilgil tiriklik gulshani,
Bandalik, sidqu yaqinlik ravshani.
Bas, alardin gulshani jon zindadir,
Dengizi, bahri javohir undadir...
* * *
Falsafiy ul, munkiri Hannonadir,
Avliyo asroriga begonadir.
Falsafiy shaytonni tan olmas sira,
Shul sabab shaytonga har kun masxara...
* * *
Ilm agar koʻngilga singsa, yor erur,
Gar badanga singsa ul, bekor erur.
Ilm Hudan kelmasa bevosita,
Bir boʻyoqdirkim, ketar bilvosita.
Sen bu yukni yaxshilik birlan tashi,
Yukdan ajralganda shod boʻlgay kishi.
Ilm yukin eltma havoyi nafs uchun,
Ilm tulporiga mingaysen u kun.
Ilm tulporiga sen boʻlgach suvor,
Qolmagay yelkangda ul yukdin gʻubor...
* * *
Kim xalos topmish oʻshal Hu jomisiz?
Huga yettaymu kishi Hu nomisiz ?
Ismini bilding, oʻzing har yonda koʻr,
Suvda koʻrma oyni sen, osmonda koʻr.
Boylama koʻngilni nomu harf ila,
Oʻzligingdin kech, qutilgin bir yoʻla.
Gar temir ersang, erib, berang boʻl,
Oyina ersang, tiniq, bezang boʻl.
Qoʻy tamom tavsifu avsofingni sen,
Koʻr asl zotingni, ul sofingni sen.
Rahnamosiz, bekitobu bexato
Yuz ochar koʻnglingda ilmi anbiyo.
Dedi Paygʻambarki, bordir ummatim,
Ul mening bir gavharimdir, himmatim.
Nur erur, boqsam, ularning maskani,
Bas, ular ham nurda koʻrgaylar meni.
Ul hadislarkim, sahih, oliy sifot,
Oʻylakim, chun mashrabi obi hayot.
Kurd boʻlib, oqshom tunashni oʻylagil,
Soʻng arabdek uygʻonishni oʻylagil...
* * *
Ahli Rum soʻfiy edilar, ey padar,
Bekitobu beqiroat, behunar.
Sohibi sayqal - ularning siynasi,
Yoʻq ularning hirsu buxlu kiynasi.
Ahli sayqalga ne hojat boʻyu rang,
Har nafas koʻngilda bir husnu jarang.
Chetga otmishlar ilm poʻstlogʻini,
Tik tutib ilmalyaqin bayrogʻini,
Oʻylamay oʻy, roʻshnolik topdilar,
Nahru bahri oshnolik topdilar.
Jumla qoʻrqarlar oʻlimning dastidin,
Bul qavm kulgay oʻlimning ustidin.
Yarqirab sakkiz bihishtning jilvasi,
Ul tiniq dillarga urmish shu’lasi.
Ne emish ul Arshu Kursiyu Fazo
Gar muyassar ersa diydori Xudo...
* * *
Vo darigʻo, ikki burda non hamon
Otashi fikrimni soʻndirdi tamom .
Etdi bugʻdoy subhi Odamni qaro,
Kirdi Yer ul Oyu ul Oftob aro...
Loylanib oqmoqda ul soʻz toʻlqini,
Suvki kelsa tiyra, toʻs, tindir uni.
To Xudoyim boz zilolu sof qilur,
Tiyra qildi, Ul oʻzi shaffof qilur.
Sabr eltar orzuga, etma shitob,
Sabr qil vallohu a’lam bis-savob...
* * *
Masnaviy nazmida yuz berdi sukut,
Vaqt lozim qondin ayrilguncha sut.
Ul shirin sut qondin ayrilmaydi to,
Etmaguncha toleing farzand ato.
Ul Ziyoulhaq Husomiddin bu on
Masnaviyni burdi koʻkdin yer tomok.
Ul Haqoyiq koʻkiga ketmish edi,
Gulbahorsiz gʻunchalar xomush edi.
Qaytdi ul sohilga, ogʻoz ayladi,
Masnaviy cholgʻusini soz ayladi.
Qaytdi bulbul bogʻ aro bong urgali,
Uchdi lochin ul maoniy tergali.
Shoh qoʻli unga makon boʻlsin abad,
Bul eshik elga ravon boʻlsin abad...
* * *
Bongi Shayton - misli bongi oshno,
Oshno tortgay seni soʻyi fano.
Bong urib, chorlaydi: kel, ey karvon,
Bundadir yoʻl, bunda manzildir, nishon.
Har kishining ismin aytib, ey falon,
Kel beri, der ul, vale bermas omon.
Kimki borsa, qarshilar sheri balo,
Umr zoye, yoʻl mashaqqat, kun qaro...
Bongi Shaytoning nima, ne ermish u?
Mol derman, joh derman, obroʻ.
Oʻz ichingdandir - oʻshal ovozlar,
Kes ularni, to yetishgay rozlar.
Haq degil, shaytonni kuydir erta-kech,
Solma ul nargis koʻzing kalxatga hech...
* * *
Koʻkda oftob ne’matidir - nuri Arsh,
Hosidu shaytonga ozuq-dudi farsh.
Doʻstu yordin dil gʻizolar izlagay,
Ilmi asrordin safolar izlagay.
Har yaqindin totinursen bir nima,
Har qarindoshdin olursen bir nima.
Boʻlsa yulduzga magar yulduz yaqin,
Ul yaqinlikdin tugʻilgaydir chaqin.
Er bilan xotun qovushganda - bashar,
Tosh ila temir soʻgʻishganda - sharar .
Yerga yogʻsa yomgʻiru naysonlar,
Meva boʻlgay ham gulu rayhonlar.
Yuz qizillik jism aro xundan kelur,
Qonga tal’at - shamsi gulgundan kelur.
Ol, qizil rang barcha rangdin yaxshidir,
Ul quyosh rangi, quyoshning naqshidir.
* * *
Suv sadosi - bongi Isrofil erur,
Tirgizur hatto oʻlik jonlarni ul.
Guldiros ul, misli ayyomi bahor,
Guldirab, bogʻlarni etgay lolazor.
Yoki darveshlarga - ayomi zakot,
Yoki mahbuslarga - paygʻomi najot.
Yo dami Rayhon, Yaman gul boʻyiga -
Yoʻgʻrilib kelmish Muhammad soʻyiga.
Yeki atri Ahmadi mursal erur,
Ahli osiyga shafoat keltirur.
Yoki ul mushki Yusufdirkim, latif,
Bahra olgay Ya’qubi zoru zaif...
* * *
Keksalik tuprogʻi shoʻrdir, oʻylakim,
Shoʻrlagan tuproqda ungaymu ekin?
Kuch suvi, shahvat suvi boʻlmish ado,
Foyda yoʻq sendin birovga mutlaqo.
Hurpayib qoshlar, oʻsiqdir, tasqara,
Yoshlanib boqqan oʻshal koʻzlar xira.
Yuz ajin uzra ajin, ranglar uniq,
Til gʻaliz, ta’m betamiz, tishlar siniq.
Qosh qoraygan, tan mayibu, yoʻl yiroq,
Alxusus, korxona vayron, ish chatoq...
* * *
Nuri Haqdin nuri his gul-gul erur,
Nurun a’lo nur, degoni shul erur.
Nuri his tortar shu yer, maydon sari,
Nuri Haq tortar vale osmon sari.
Nuri Haqdin bahramand ersa kishi,
Koʻrsatur shirin soʻzi, qilgan ishi...
Odamiy olsa Xudodin nur agar,
Qoshida jumla xaloyiq bosh egar.
Jonida yoʻq ersa zarra shubha-shak,
Sajda etgaylar oʻshanga chun malak...
* * *
Men yana devonadirmen, ey tabib,
Men yana savdoyidirmen, yo habib.
To uribsen zanjiringni menga chun,
Boʻylakim, har halqasida bir junun.
Boʻldi savdoyi fununim oʻzgacha,
Har nafas kelgan jununim oʻzgacha.
Bas, junun ermish funun-zarbulmasal,
Soldi zanjirga meni miri ajal.
Onchunon devonalik yuz berdi, tut,
Ki hama devonalar bergay oʻgit...
* * *
Doʻst agar ranjitsa, hech ranjirmu doʻst?
Mehr - magʻz ersa magar, ranj misli poʻst.
Doʻst turur yoningdayu joningda to,
Har balovu ofatu mehnat aro.
Doʻst - misoli zar, balo-otash erur,
Zar agar otashga kirsa, xush erur...
* * *
Dedi: ne’matbaxsh qoʻlingdin, ey hakim,
Totliyu tansiq taomlar koʻp yedim.
Bir safar achchiq yesam, ofatmi ul?
Baski, shirin oʻrnida etdim qabul.
Uzvu uzvim ichra in’oming sening,
Borligʻim ul donavu doming sening.
Bitta achchiqdin agar faryodu dod
Aylasam, boshimga tuproq shul zahot.
Qoʻllaring shahdu shakarbaxshdir chunon,
Tegsa, achchiqlar yoʻqolgaydir hamon.
Ulki achchiq, ishq ila shirin boʻlur,
Ulki misdir, ishq ila zarrin boʻlur.
Ishq ila loy uzra nayson boʻlgusi,
Ishq ila dard uzra darmon boʻlgusi.
Murdalar ham zinda boʻlgay ishq ila,
Shohlar qul, banda boʻlgay ishq ila...
* * *
Keldi Musoga vahiy - lutfi Xudo;
Aylading shu damda bandamdin judo.
Hoy, ne qilding, ne edi bu qilmishing,
Vaslu diydormu, judolikmu ishing?
Har kishiga - oʻzga bir siyrat, tana,
Har kishiga istiloh berdim yana.
Amr etarkan, sudi savdo kutmadim,
Bandaga mehru saxovat istadim.
Hinduga hind istilohi xush yoqar,
Sinduga sind istilohi xush yoqar.
Poklamas nomimni tasbih soʻzlari,
Dur misoli poklanurlar oʻzlari.
Boqmagaymiz tilga yoxud qolga biz,
Koʻz solodurmiz koʻngilga, holga biz.
Mayliga, bogʻlanmasin ul til bila,
Lekin ul payvasta boʻlsin dil bila.
Millati ishq barcha dinlardin judo,
Ahli ishqqa millatu mazhab - Xudo...
* * *
Rahmat ichra necha rahmat bor, oʻgʻil,
Bitta rahmatga qanoat qilmagʻil.
Obi rahmat sori engash, past boʻl,
Ich mayi rahmatni chanqab, mast boʻl.
Charxni olgil sen oyoq ostiga to,
Tingla, yuksakdin kelur bongi samo.
Ol quloqdin vahmu vasvos paxtasin,
Koʻk nidosi to quloqda yangrasin.
Ol koʻzingdan ham hasad nuqsonini,
Toki koʻrgil gʻayb sarvistonini.
Poklasang burning, dumogʻing, xush edi,
Unga kirgay mushki Ruhulloh hidi.
Qolmasin ta’bingda safrodin asar,
Toki totgaysen shu dunyodin shakar.
Mard boʻlib koʻrsat jahonga boʻylar,
Mardlar ergashsin senga, xushroʻylar...
Koʻkka boqmoq koʻzga baxsh etgay ziyo,
Lek qamashtirgay koʻzingni avvalo.
Koʻzlaringni nurga, roʻshnolikka bur,
Boʻlma xuffosh, kunni, roʻshnolikni koʻr.
Oqibatbinlik erur nuring sening,
Soʻng haqiqatdir borar goʻring sening...
* * *
Avliyodin gar yiroq tushsang chunon,
Sen Xudodin ham yiroqdirsen hamon.
Doʻstdin ayrilmoqku bundoq gʻam erur,
Shohdin ayrilmoq nechuk motam erur.
Sen-da bir shoh soyasini izla, top,
Top oʻshal shoh soyasida oftob.
Yoʻlga chiqsang, ushbu niyat birla yur,
Yurmasang, bul nuqtadin ogoh oʻtir...
* * *
Xaq demishkim, qayga borsang haq ila,
Tolibi mard boʻl, eranlarni tila.
Ganj izla, chunki boʻl sudu ziyon,
Yoʻlda qolgay, sen ketib manzil tomon.
Bugʻdoy olmoqqa kishi qasd qilgusi,
Yakka bugʻdoymas, somon ham olgusi.
Lek somon ekkanda bitmas gandume ,
Mardum izla, mardum izla, mardume .
Haj qilay deb Ka’baga yurgay kishi,
Makkani ham bir yoʻla koʻrgay kishi.
Doʻst debon me’rojga chiqdi moʻhtaram,
Arshni koʻrdi ul, maloyiklarni ham...
* * *
Oldida oʻltirdi pirning, soʻrdi hol,
Koʻrdi darvesh erdi ul, sohib ayol.
Soʻrdi: yoʻl boʻlsin senga, ey Boyazid?
Qaysi manzillar sari eltar umid?
Ka’baga, dedi, borurmen, haj uchun,
Soʻrdi: aqchang bormu, yoʻlda xaj uchun?
Dedi: bordir ikki yuz tanga pulim,
Ehtiyotdin toʻnga tikkanmen uni.
Dedi: atrofimdin aylan yetti bor,
Bul tavofi Ka’badin ham ustivor.
Tangalarni menga bergil, ey javod,
Oʻyla, haj qilding, nasib etdi murod.
Umra qilsang, bul baqoga yetganing,
Soflanib yursang, Safoga yetganing.
Tangrikim jonimni jon deb saylamish,
Oʻz uyidin ham ziyoda aylamish.
Ka’ba garchand Biru Borning mehr uyi,
Xilqati jonim - Xudoning sir uyi.
Ka’bani qurmish, vale yoʻq sharpasi.
Kirmamish koʻnglimga Haqdin oʻzgasi.
Meni koʻrding, bul Xudoni koʻrganing,
Ka’baning atrofidin oʻrgilganing.
Bori umrim toatu hamdi Xudo,
Haq menga hamdam, qachon boʻlmish judo?..
Sen koʻzingni kattaroq och, sol nazar,
Nuri Haqni oʻziga olmish bashar.
Boyazid ushbu oʻgitni tingladi,
Nuqta-nuqta koʻngliga jo ayladi.
Shul tufayli boʻldi andoq muqtado,
Yetdi ul oxirdin - ul oxirga to...
* * *
Yurma nafs xohishiga, nafs kuyiga,
Bur yuzingni doʻsti sodiq soʻyiga.
Chun aqllardin aql quvvat olar,
Nayshakar yonida oʻsgay nayshakar.
Menga nafs makr etdi, nelar koʻrmadim,
Necha bir toshlarga boshni urmadim.
Va’dalar bergay senga ul basma-bas,
Va’dalarga soʻng oʻzi bergay shikast.
Haq magar umringni yuz yil shaylagay,
Nafs har kun bir bahona aylagay.
Ul sovuqmas, va’dani issiq qilur,
Qoʻllaringni jodu birla bogʻlar ul.
Boshda qurt erdi, ilon erdi, qaro,
Yoʻlga tushgach, boʻldi devu ajdaho...
* * *
Kimki ustozdin qocharkan, yaxshi bil,
Kechgay ustozi emas, davlatdin ul.
Tan uchun kasb aylading, chekding niyoz,
Endi dining deb mashaqqat chek bir oz.
Bul jahon ichra badavlatsen, gʻani,
Lek ketar chogʻida topgoning qani?
Bir hunar kasb etki, kelsa oxirat,
Qoʻllasin joningni, topgil maxfirat.
Ul jahon ham shahru bozoru hunar,
Oʻylama, yolgʻiz shu dunyoda unar.
Haq taolo dedi: bul kasbi jahon,
Ul jahon oldida ermakdir chunon...
* * *
Soʻzki ul, dildan emas, tildan kelur,
Oʻylakim, gulxanda oʻsgan gul erur.
Bevafolar lutfiga lutf aylama,
Ul buzuq koʻprikni yoʻl deb oʻylama.
Qoʻysa ul koʻprikka bir johil qadam,
Singay ul koʻprik va johil poyi ham.
Gar biror maydonda lashkar lat yemish,
Bul magar uch-toʻrt muxannisdan emish.
Bitta zarb birlan qochurlar orqaga,
Sen mashaqqatga qolursen qaytaga...
* * *
Yaxshidir koʻzni oʻzingga solganing,
Aytganing - aybni oʻzingga olganing.
Chunki kelgay yarmi-ayb dunyosidin,
Boshqa yarmi ersa-gʻayb dunyosidin.
Oʻn yaro chiqqan esa boshingga, bil,
Sur oʻzing malham, iloju chora qil.
Yoʻqsa aybing, bunga emin boʻlma, oh,
Sendanam kelgay oʻshal aybu gunoh.
Surdi Iblis necha xush ayyomini,
Boʻldi rasvo, endi koʻrgil nomini.
Bor jahonga ma’ruf erdi, oy anga,
Chappa ketdi kori, endi voy anga...
Emin ermassen, oʻzingni qistama,
Ma’lumu ma’ruf boʻlishni istama...
* * *
Telbalar masjidga ta’zim aylagay,
Ahli dillarga vale zulm aylagay.
Ul-majozdir, bul haqiqat, ey dali,
Masjid ul-orifu sarvarlar dili.
Koʻnglida masjid koʻtargay avliyo,
Sajdagohdir elga, dargohi Xudo...
* * *
Yoʻqsa gar hojat, Xudovandi gʻani
Bermagay bir kimsaga bir narsani.
Boʻlmasaydi hojati olam-zamin,
Hech yaratmas erdi Rabbulolamin.
Boʻlmasaydi yerda hojat ustuvor,
Tizmas erdi togʻni bundoq purviqor.
Boʻlmasaydi ehtiyoj osmonga ham
Yetti gardunni yaratmasdi Egam.
Oftob, oy birla yulduzlarki ul,
Ehtiyoj yoʻq ersa, etmasdi zuhur.
Baski, borliqqa kamand hojat emish,
Erda ham hojatga mos olat emish.
Sen oshir hojatni, ey muhtoj, zud,
To karam etgay oʻshal daryoyi jud...
Yaxshilar afsona soʻylar yaxshiga,
Sen yopishma suvratiga, naqshiga.
Ey birodar, qissa chun paymonadir ,
Ma’ni unda-misli bugʻdoy donadir.
Gul va bulbuldin necha afsona bor,
Garchi ermas oʻrtada soʻz oshkor.
Ne kechirmish sham ul, parvona ham,
Tinglabon, ma’nosiga yet, ey sanam...
* * *
Borishardi turk, arab, forsu yunon,
Shunda bir kimsa, anisu mehribon,
Xayr, deb bir tanga savgʻo ayladi,
Yoʻqki savgʻo, balki gʻavgʻo ayladi.
Fors dedi: bozor tushaylik shu zamon,
Aqchaga angur olaylik, doʻsti jon.
Qoʻy bu gapni, deb uni kesdi arab,
Eynab olsak aqchaga, boʻlgay ajab...
Turk dedi: behuda bu gaplar bari,
Mevalar ichra uzumdir sarvari...
Shunda yunon ham aroga soldi soʻz;
Hoy, xarid etmoqqa stafil durust...
Bas, ular bitta qarorga keldilar,
Lek tushunmay, bahsu gʻavgʻo qildilar.
Barchada xohish uzum erdi faqat,
Barchasi birdek, uzum, derdi faqat.
Lek aroga shum jaholat tushdi, bas,
Tish, qovurgʻa lat yedi, topdi shikast.
Gʻofilu gʻaflat soʻziddin-mojaro,
Bizniki-birlik ila sulhu saloh...
* * *
Haq demishkim, dahr aro yoʻq ummate,
Boʻlmagay to unda sohib himmate.
Jumla jonlarni yigʻib, yaqdil qilur,
Jumla koʻngillarni bemushkul qilur.
Bizki koʻr qushmiz, adabda turmadik,
Ul Sulaymon kelsa hamki, koʻrmadik.
Chugʻz kabi lochinga yov, dushmon boʻlib,
Qoldik oxir mulkimiz vayron boʻlib.
Chunki kirganmiz jaholat yoʻliga,
Yetkazib ozor azizlar koʻngliga...
* * *
Eyki, oziq senga shul xalqning xuni,
Xalq xuni bir kun base tutgay seni.
Molini sen qoni deb bil bir yoʻla,
Chunki topgay molini zahmat ila.
Sen necha filbachcha yersan, poraxoʻr,
Ona filni bir kuni qarshingda koʻr.
Ona fil bir kun muqarrar oʻch olur,
Ul necha filbachchaxoʻrni oʻldirur...
* * *
Haq degil, ogʻzing, dahoning pok qil,
Oʻz ruhingni chobuku cholok qil.
Zikri Haq pokdirki, ul kelgach, tamom,
Daf boʻlur har neki ifloslik, harom.
Zid qochur, ziddin hamisha, inchunin,
Tun qochur, zulmat qochur kelganda kun.
Pok nom kirsa ogʻizga, bil u dam
Qolmagay kirlik, palidlik, dardu gʻam...
Biz agar naymiz, navo Haqdin kelur,
Biz agar togʻmiz, sado Haqdin kelur...
* * *
Sabr qilkim, sabr keltirgay najot,
Sabr sergaklikka chun qoʻlu qanot.
Oʻzni tiykim, koʻp zaharli ul giyoh,
Oʻzni tiymoqlikda nuri anbiyo.
Yel ufursa, koʻkka uchgaydir xazon,
Yel esib, togʻni qoʻporgaydir qachon?
Har nafas shayton erur qarshingda shay,
Ey birodar, qochma mendan, kel, degay.
El boʻlurmen senga, boʻlgaymen rafiq,
Yoʻl ocharmen senga ravshan ham daqiq.
Boʻyla der ul makru hiyla zoʻridin,
Yusufo, qochgil odamxoʻr boʻridin.
Sen haziru ehtiyot boʻl, xullasi,
Chun firib aylar senga har luqmasi.
Berga oltin, olma, darhol tarkin et,
Sen-baliqdirsen, ilar qarmoqqa et...
* * *
Porlasa mahshar quyoshi, ul zamon
Toʻlgʻanib, junbushga tushgaydir jahon.
Bizni tuproqdin yaratmish, oʻylagil,
Ne emish tuproq, fikr qil, anglagil.
Murdadir bunda, u yoqda zindadir,
Bunda xomush, unda ul goʻyandadir.
Ul tarafdin bizga yesa bir aso,
Qoʻlga olganda boʻlur ul ajdaho.
Togʻu tosh Dovudga xushxonlik qilur,
Ilkiga olsa, temirlar mum boʻlur.
Yel Sulaymonshohga xizmat aylagay,
Bahr Muso birla suhbat aylagay.
Oy boqib, Ahmadga maftun, qul boʻlur,
Otash Ibrohimga nasrin gul boʻlur.
Yer yutar Qorunni bir ajdarsimon,
Ustuni Hannonaga yetgay imon.
Tosh Ahmadga salomlar yoʻllagay,
Togʻ Yahyoga payomlar yoʻllagay...
* * *
Nuri Alloh lomakondek joydadir,
Unda istiqbolu moziy qaydadir?
Moziyu mustaqbal ermish senga ep,
Bittadir ul, sen bilarsen ikki deb...
Uyqu-orom ersa sohir ulfati,
Sehru jodu uzra boʻlmas qudrati.
Yotsa choʻpon, boʻrilar emin boʻlur,
Chunki choʻpon gʻayrati sokin boʻlur.
Haqki choʻpondir, amal befoydadir,
Ul tarafga boʻriga yoʻl qaydadir?
Joduni Haq etsa, ul Haqdin ato,
Sehru jodu deb uni aytmoq xato...
* * *
Ey Rasulim, sohir ermassen base,
Kiyganing ustingda Muso xirqasi.
Ham sening ilkingda Qur’on ul-aso,
Oʻylakim, kofirga misli ajdaho.
Sen yotursen, maskaning yer ostida,
Lek asoying yotmagay yer ustida.
Uxla, ey shoh, uxla orom, bexatar,
Qoʻl urolmaydi asoga oʻgʻrilar.
Yerdasen, nuringga maskan-osmon,
Yovlaring otmoqqa Haq tutmish kamon...
* * *
Zikri Muso-bir bahona, ey oʻgʻil,
Nuri Muso-aslida joningda ul.
Fir’avn, Muso ikovlon senda jam,
Sen oʻzingdin izlagil, ey muhtasham.
Porlagay nuri Muso mahshargacha,
Nur oʻshal nurdir, charogʻi oʻzgacha.
Oʻzgadir garchi charogʻu piltasi,
Lek u yoqdandir safoyi shul’asi.
Shishaga boqsang, yoʻqolgaydir yoʻling,
Son-hisoblarga taqalgaydir yoʻling.
Nurga boqsang, yoʻllaring etgay davom,
Son-hisoblardin qutulgaysen tamom...
* * *
Bul jahon misli daraxtdir, ey kirom,
Biz - butoqda mevalarimiz, gʻoʻru xom.
Novdaga qattiq yopishgay xomlar,
Xomga kim etgay magar ikromlar?
Bas, yetilsa, olsa sharbat, totu ta’m,
Novdaga meva yopishmas uncha ham.
Totsa ul iqboli shirinni dahon,
Odamiyga hech boʻlur mulki jahon.
Muncha xomsanki, hama hayron senga,
Ona qornidan yemishdir qon senga...
* * *
Har nechuk holingda ham etgil talab,
Bir zilol axtar oʻzingga, xushklab.
Qovjiroq lablar guvohlik bergusi,
Bir kuni chashma muyassar boʻlgusi.
Senga lablar qurgʻashi paygʻom oʻlur,
Qurgʻagan lablarga suv in’om oʻlur.
Bir kalitdir bu talab andoq senga,
Ham sipoh, ham nusratu bayroq senga.
Vositang yoʻqdir, vale etgil talab,
Vosita soʻrmaydi sendin rohi Rab,
Kimsani koʻrsang talabgor, ey oʻgʻil,
Oldida boshingni indir, sen egil.
Yondashib tolibga, tolib boʻl oʻzing,
Ergashib gʻolibga, gʻolib boʻl oʻzing.
Bir chumoli gar sulaymonlik tilar,
Solma istehzo ila kubro nazar.
Qancha molu davlating ersa hali,
Bir tilak, andisha erdi avvali...
* * *
Bor hadiskim, dil misoli par emish
Bir biyobon ichra, yel-sarsar emish.
Yel uchirgay parni, bermas unga dam,
Oʻngga surgay, soʻlga surgay damba-dam.
Bor hadis bir oʻzgakim, koʻngil chunon,
Bir qozondirkim, turarmish qaynabon.
Har zamon bir oʻzga holu mayli bor,
Undan ermas, boshqa joydin ul qaror...
* * *
Xalq magar uyquda koʻrgay bir nishon,
Men esam oʻngimda koʻrgaymen ayon.
Bul jahondin oʻzni bir dam berkitay,
Tuygʻu-yaproqlar toʻkilsin, silkitay.
His-asiri aqlu hushdir, ey falon,
Aqlu hush ruhingga tutqin begumon.
Jon aql ilkin ochib, darmon qilur,
Necha bir mushkulni ul osmon qilur.
Tuygʻular andishalarni toʻplagay,
Xoru xasdek suv yuzini qoplagay.
Aqlu hush surgay ularni bir taraf,
Koʻzlaringga suv ochilgay yarqirab.
Aqlu hush gar senga nozir boʻlgusi,
His-havas amringga hozir boʻlgusi.
Uyquga choʻmganda bedor tuygʻular,
Qoʻzgʻolur joningda sirri gʻaybilar.
Sen koʻrib oʻngingda tushlar tozasin,
Ham samo ochgay senga darvozasin...
* * *
Husni fikr, ummidi xush hamroh senga,
Ki madadkordir mudom Olloh senga.
Har qachonkim sen oʻqishni oʻylasang,
Ya’ni, Mushafni qiroat aylasang,
Ul zamon nurlarga toʻlgaydir koʻzing,
Ul zamon harflarni koʻrgaysen oʻzing...
Ul sabab boʻlmas valiyda e’tiroz,
Haq olarkan, unga qaytarmogʻi rost.
Yondirib bogʻing, uzum bergay senga,
Solsa motamga, toʻzim bergay senga.
Qoʻli shol, qoʻlsizga hamdastlik berar,
Gʻam toʻla koʻngilga bir mastlik berar.
Ne yoʻqotsak, oʻrniga bergay evaz,
E’tiroz etmoqni banda oʻylamas.
Ulki, otashsiz haroratlar berur,
Rozimen solsin meni otashga ul.
Senga ravshanlikni bermish ul hama,
Bas, chirogʻing oʻchsa, afgʻon aylama...
Amri Haqsiz luqma oshing pishmagay,
Turgay ul ogʻzingda, ichga tushmagay.
Toʻkmagay chun bitta yaprogʻin daraxt,
Bermaguncha hukmini sultoni baxt.
Maylu ragʻbatkim, imom, derlar ani,
Unga ham yetgay oʻshal amri gʻaniy.
Yeru osmonlarda zarra yurmagay,
Tushmagay junbushga u, par urmagay..
Bas, qazoyi Haq-rizoyi bandadir,
Unda gar hukm ersa, xohish bundadir.
Men yashay, deb oʻzni har yon urmas ul,
Ham hayot zavqin soʻroqlab yurmas ul.
Boʻysunar Parvardigor amriga bot,
Unga birdekdir hayotdir yo mamot.
Ganj uchunmas, ul yashar Yazdon uchun,
Ranj uchunmas, ul oʻlar Rahmon uchun.
Haq uchundir koʻnglida iymoni, bas,
Azbaroyi jannatul ma’vo emas...
* * *
Oʻylakim, mashharda mardum saf boʻlib,
Til hisob birlan munojotga kelib.
Yosh toʻkarsen, oh urib Haq oldida,
Soʻylagaysen tik turib Haq oldida.
Haq degay: muhlat beribdirman senga,
Ne qozonding hamda keltirding menga?
Umri muddatni qayoqqa sarflading?
Qurbu quvvatni qayoqqa sarflading?
Koʻz nuringchi, qayga sarf etding uni?
Qayga sarf etding oʻshal besh tuygʻuni?
Uncha gavharlarki olding arshdin,
Qayga xarj etding, ne olding farshdin?
Qoʻl, oyoq berdim chu ketmon, belkurak,
Bir umr sodiq madadkoru tirak...
Boʻyla paygʻomu savollar koʻp boʻlur,
Necha yuz minglab senga Haqdin kelur.
Bandasi tinglar, qiyomda erkan u,
Koʻp xijolatlar chekib, aylar ruku.
Jismida bir zarra darmon qolmagay,
Ul uyatdin Haqqa tasbih soʻylagay.
Bosh koʻtar, deb Tangridin yetgay xitob,
Haq savoliga aniq bergil javob...
Ul rukudin bosh koʻtargay sharmsor,
Lek yiqilgay yerga besabru qaror.
Boz kelur farmon: ayo, boshing koʻtar,
Bizga ul qilmishlaringdin ber xabar...
Bosh koʻtargay ul uyatligʻ qul yana,
Lek ilondek yerga tushgay ul yana.
Boz kelur farmon: koʻtar boshing, haqir,
Soʻylagil qilmishlaringni birma-bir.
Bir nafas turmoqqa holi qolmagay,
Haybati Haqdin majoli qolmagay.
Qa’da aylab oʻltirur ogʻir, garon,
Tangri der: qilmishlaringni qil bayon.
Qayda ul ne’matga shukuronang magar?
Berganim sarmoyadin bormu samar?..
Yuz burib, oʻng qoʻlga qul bergay salom,
Ul tarafda - anbiyo, ahli kirom.
Derki, ey shohlar, shafoat aylangiz,
Men, laim balchiqqa botdim, qoʻllangiz...
* * *
Rost demishdir dahr eliga Mustafo,
Qutbi dinu bahri daryoyi safo:
Oqibatda har nekim johil koʻrur,
Boshdanoq bilgay uni, oqil koʻrur.
Ne boʻlur ish soʻngiga yetgach tayin,
Oqil avvaldan bilur, johil keyin...
Haq duo aylarsa, bunga ne yetar?
Ul duo aylar, ijobat ham etar...
* * *
Dil degan boʻlgay magar daryoyi nur,
Dil-nazargohi Xudo, boʻlgaymi koʻr?
Dil-necha xosu avomning koʻnglimas,
Dil boʻlur bir kimsaning koʻksida, bas.
Dil-muhitdirkim, jahonni qoplagay,
Dahr aro har oshiyonni qoplagay.
Olam ahliga kalomlar yoʻllagay,
Haq salomidin salomlar yoʻllagay.
Har kishi ersa musaffo ham habib,
Dil nisoridin anga yetgay nasib...
Siymu zar deb oʻylading-da, bir yoʻla,
Toʻldirib olding etakni tosh ila.
Zar emasdi sen oʻshal zar bilganing,
Domaning yirtildi, oshdi ul gʻaming...
Yosh goʻdak bilgaymu toshning toshligin,
Ulgʻayib, to qoʻymaguncha yoshligin.
Pirlik ul sochu soqolning oqimas,
Ul aql birlan kelur insonga, bas...
* * *
Gar aql boʻlsa aqlga oshno,
Damba-dam ortgay magar mehru vafo.
Nafs agar nafs birla esh, hamdam boʻlur,
Oʻrtada mehru vafo kam-kam boʻlur.
Nafs ul illatga bergaydir rivoj,
Ma’rifat boʻlgay zalolatga xiroj.
Oshno, doʻst boʻlmagil gʻofil bila,
Doʻst tutun, doʻst boʻl faqat oqil bila.
Chun samumi nafs birla xastasen,
Har ne olsang, bir baloga bastasen.
Gavhar olsang gar, qoʻlingda tosh boʻlur,
Mehr koʻrsang gar, koʻzingda yosh boʻlur...
* * *
Har sifatkim, jon uchun Haq saylamish,
Begumon unga munosib aylamish.
Vasf ila jonni tanosib etdi ul,
Yuz ila koʻzni munosib etdi ul.
Yo goʻzal, yoki xunukning vasfi ham,
Mos-munosibdir, Xudo chekkan raqam.
Ikki barmoq oʻrtasinda bu koʻngil,
Gohi ma’yus ersa, gohi xursand ul.
Ey qalam, faxr et, bu dunyo mulkida,
Xat chekarsen, oʻyla, kimning ilkida?
Jumla junbishing u juft barmoqdadir,
Toʻrtta yoʻl boshida, toʻrt barmoqdadir.
Holi nazming ham - Xudoning xohishi,
Azmi jazming ham - Xudoning xohishi.
Bas, tazarru ayla, oʻzga roh yoʻq,
Har qalam bu shevadin ogoh yoʻq...
* * *
Yo boqing avvalgilarning holiga,
Yo boring oxirgilarning oldiga.
Ehtiyot ne? Ishni salmoqlash demak,
Ikki tadbirdin birin tanlash demak.
Gar biri desa: yoʻlingdir yetti kun,
Yoʻl emas, qumlar kecharsen, tashna qum.
Boshqasi desa: ishonma, ey falon,
Har qadamda uchragay obi ravon.
Ehtiyotdin chora-tadbir shul boʻlur,
Suvni gʻamlab chiqqaning ma’qul boʻlur.
Yoʻlda suv ersa, toʻkarsen hoynahoy,
Yoʻlda gar suv boʻlmasa, holingga voy.
Ey xalifazodalar, insof qiling,
Roʻzi Haqqa ehtiyot aylab keling.
Otangizga chun gʻazab etdi aduv,
Illiyyundin sudradi zindonga u.
Baski koʻrsatdi nechuk yiqmoqni ham,
To yiqib, ranglarni sargʻaytmoqni ham.
Ul hasadchi oldi, qochdi bojini,
Otamiz ham onamizning tojini.
Qip-yalangʻoch qoʻydi, bundoq etdi xor,
Yigʻladi Odam bu ishga zor-zor...
* * *
Shukr qil, ne’matdin ortiq bil ani,
Noshukur ersang, senga ne’mat qani?
Shukr agar jon ersa, ne’mat ggoʻst anga,
Shukr ila kelgay visoli doʻst senga.
Ne’mat ul-gʻaflat, shukr-ogohlik ul,
Dom etib shukringni, ne’mat ovlagil...
Qona-qona ich mayi anvosidin,
To qutulgaysen qorin gʻavgʻosidin...
* * *
Kim yomondir, beomonlik aylagay,
Yaxshilik etsang, yomonlik aylagay.
Sabr ila nafsingga etgil qarshilik,
Ul yomondin kim koʻribdir yaxshilik?
Yaxshiga bir karra ehson ayla.bas,
Yetti yuz ehson ila bergay evaz.
Gar yomonga aylasang qahru jafo,
Senga banda, qul boʻlib, etgay vafo.
Ahli kofir ham etib jabru sitam,
Soʻng jahannamda degaylar, yo Egam!..
* * *
Keldi dunyoga ibodat deb bashar,
Boʻldi munkirga ibodatgoh - saqar .
Odamiy dunyoda nelar aylasin,
Mayli, lekin bandalikni oʻylasin.
Insu jinslarni yaratdi Haq, demak,
Oʻzga maqsad yoʻq ibodatdin boʻlak.
Gar bashardin muddao irfon edi,
Oʻzgadir har odamiyning ma’badi.
Ma’badi mardu karim - mehru vafo,
Ma’badi pastu laim - jabru jafo.
Ur yomonni, bosh egar, ursang magar,
Yaxshilarga berki, bergaylar samar.
Ikki masjid Haq bunyod aylamish,
Kimga doʻzax bermish ul, kimga bihisht.
Ul Muso past qurdi Quddus qopqasin,
To kirarkan, qavm sajda aylasin...
* * *
Ahli dunyo shohga etgay sajdalar,
Kibriyoga sajda etmaslar ular.
Boʻyla mehrob etdi axlat zotini,
Shohu sulton qoʻydi soʻngra otini.
Boʻyla koʻppaklarga pastlar bosh egar,
Boshini egmas arislon, or etar.
Toʻs yuzing, ey kosales, sarqitxoʻr,
Senga non berganni Haq oʻrnida koʻr...
Bas, yetar, bundan-da ortiq boʻlsa gap,
Koʻzgʻatur shohu amirlarda gʻazab.
Gapning indallosi shuldir, ey karim,
Bosh egur har dam laimlarga laim.
Nafsi badga kimda kim ehson etar,
Bilmagay ne’matni ul, kufron etar.
Ahli mehnat shukr etib, shokir erur,
Ahli ne’mat makr etib, botil erur.
Molu ne’matdin shukr kelgaymu hech?
Kelgay ul dardu alamdin erta-kech...
* * *
Bul-Anas, farzandi Molikning ishi,
Ki uning mehmoni erdi bir kishi.
Ul hikoyat etdi, ovqatdin keyin,
Koʻrdi mezbon sufraning dogʻ boʻlganin
Kirlanibti, boq, dedi, ey xodima,
Sen uni tandirga tashla bir dama...
Oldi dasturxonni choʻri qiz hamon,
Oʻt toʻla tandirga otdi shul zamon.
Jumla mehmon bunga hayron erdilar,
Kul boʻlur otashda sufra, derdilar.
Kechdi fursat, oldi dasturxonni qiz,
Sufra erdi begʻubor, poku tamiz.
Ey sahoba, dedilar, bul ne edi?
Ne sabab, otashga tushdi, yonmadi?
Dedikim, ovqat tanovul aylabon,
Mustafo surmishdilar dastu dahon...
* * *
Boqki, gulning yulsalar ham bargini,
Kulgusin qoʻymaydi, egmas qaddini.
Kelsa boshingga baloyi nogahon,
Yaxshilikka yoʻy uni sen begumon.
Oʻzgalar qoʻrquv-la sargʻaygan zamon,
Qarshila guldek kulib sudu ziyon.
Sen yoʻqotsang gar biror bir narsani,
Bir falokatdin xalos etmish seni.
Soʻrdilar: ustoz, tasavvuf ne emish?
Dedi: gʻam kelganda fe’lni keng qilish...
Bir balo yuz bir balodin saqlagay,
Bir jafo yuz bir jafodin asragay...
* * *
Ulki bergay, foyda kutmay mutlaqo,
Ul Xudodir, ul Xudodir, ul Xudo.
Ul gʻaniydir, oʻzgalar ermish faqir,
Bir evaz olmay qachon bermish faqir ?
Yo valiydirkim, anisi Haq emish,
Nurga aylanmish, nuri mutlaq emish...
Bir tamah etmay magar xosu avom,
Bir salom bermas birovga, vassalom.
Xaq salomin izla yakkash, unga toʻy,
Oʻyma-oʻy, manzilma-manzil, koʻyma-koʻy.
Odamiykim xushnafasdir, xush kalom,
Kelgay andin Haq payomi, Haq salom.
Oʻzi murda, Tangri birla zindadir,
Ul sabab asrori Alloh undadir...
* * *
Sen qoʻling-la berganing xayru zakot,
Ul taraflarda boʻlur naxlu nabot .
Jannat ichra chashmadir sabring sening,
Sutli irmoqdir magar mehring sening.
Toating zavqi - asal, nahri gulob,
Mastliging toatda - daryoyi sharob...
Ul sabablar amru farmoningdadir,
Toʻrtta daryo sharqirab, yoningdadir.
Ne taraf ista, ravon etguvchi sen,
Ne sifat ista, chunon etguvchi sen...
* * *
Soʻrsakim, bilgaymusen sen Nuhni,
Ul Rasuli Haqni, nuri Ruhni?
Sen degaysen: nega bilmasmen, kabir?
Ul quyoshu oydanam ravshan, axir.
Nuhni ayturlar kitoblar bob aro,
Ne imomlar har kuni mehrob aro.
Nomi Qur’onda bitilmishdir yana,
Qissalar insho etilmishdir yana.
Rost dersan, chun bilarsen vasfini,
Sen vale aslida bilmassen ani.
Gar desangkim, bilmagaymen, kimdir ul?
Nuhni yolshz Nuhga monandlar bilur.
Lang chumoli filni bilgaymu sira?
Pashsha Isrofilni bilgaymu sira?
Bul soʻzing ham toʻgʻri soʻzdir, ey falon,
Mohiyatni chunki bilmassen hamon.
Lekin, oshnam, mohiyat asli nima?
Bul jihatni barcha ham bilmas, dema.
Mohiyat ul garchi dengiz ichra dur,
Ahli komil nazdida ravshan erur.
Mulki borliq ichra Haqning zotidin -
Ham buyukroq sirru asror bormikin?
Ulki mahramlarga maxfiymas, ayon,
Oʻzga sirlar emdi qolgaymu nihon?..
* * *
Men tatib boqdim magar halvosini,
Koʻzlarim koʻrdi uning siymosini.
Gulga bir soʻz aytdi, xandon ayladi,
Dilga bir soʻz aytdi, chandon ayladi.
Boqdi, sarvning qaddini rost etdi ul,
Nargizu nasrinni hamroz etdi ul.
Nayga ehson etdi shirin jonu dil,
Chekdi tuproqdin goʻzal naqshi chigil.
Qoshni chizdi egmayu tarror etib,
Yuzni chekdi gulgunu gulnor etib.
Tilni etdi shul jahon afsungari,
Konga in’om etdi zarri ja’fari.
Uzdi oʻq koʻnglimga, savdo ayladi,
Bir ajib oshigʻi shaydo ayladi.
Unga oshiqmenki, olam jonidir,
Aqlu jon hamrozi bir marjonidir.
Lof demang, lof ursa suvdek gar tilim,
Soʻndirarmen oʻtni, yoʻqdir mushkulim.
Bus-butun mahzan, suyanchim ul oʻzi,
Beti qattiqmen, tayanchim ul oʻzi...
* * *
Boqki, Qur’on ichra soʻz zohir erur,
Ostida ma’nosi bor, qohir erur.
Boz uning ostida qoʻsh ma’noyi hol,
Unga yetganda aql hayronu lol.
Bor yana toʻrtinchi ma’no, boʻyla sir,
Voqif ul yolgʻiz Xudoyi benazir.
Boqma Qur’on zohiriga, bu - gʻalat,
Dev boqur odamga tuproq deb faqat.
Oʻylakim, Qur’on-da bir odamsimon,
Jismi zohir, joni koʻzlardin nihon...
* * *
Bu jahonda neki bor, Haq buyrugʻi;
Juft-juftdir, bir-birining oshigʻi.
Har ne borkim, juftini izlar hamon,
Kahraboga talpinur bargi somon.
Osmon deydi Zaminga: marhabo,
Men-temirdirmanki, sen-ohanrabo.
Osmon-erdir, zamin chun xotini,
Har ne eksa, yer yetishtirgay uni.
Gar sovuq qotsa, harorat bergay ul,
Chanqasa, namlik, tarovat bergay ul.
Yerga parvona hamisha osmon,
Er kishi xotindin aylangansimon.
Yer-da oybonu maqomiga oʻtar,
Necha bir farzand tugʻib, koʻkrak tutar.
Yoʻqsa yer, oʻsgaimu erdi argʻuvon?
Yer tugʻar erdimu yoʻqsa osmon.
Er-ayol ishqiga Haq bermish sabot,
To jahonni asragay ul ittihod.
Kun va tun zohirda dushmandir magar,
Aslida yaxlit haqiqat, bir samar.
Bir-biriga talpinurlar doimo,
Birlashib, ishlarni etgaylar ado.
Tun kerak insonga sogʻlom tab’ uchun,
Tab’i solim yoʻq esa, kunduz nechun?
Deydi tuproq tandagi tuproqqa: hayt,
Tarki jon qil, qoʻy badanni, bizga qayt.
Bizga hamdam boʻlganing avlo erur,
Tanni qoʻy.ul suvli bir ma’vo erur.
Toʻgʻri,der tuproq.valekin bastamen,
Men-da hijroning chekarmen, xastamen...
Tandagi suvlarga suvlar arz etar:
Boʻldi, bas, gʻurbatda yotgoning, yetar.
Tandagi otashni chorlaydir quyosh:
Uyga qayt, begonalarga egma bosh...
Toʻrtta unsurning bu yangligʻ bahsidan,
Yetmish ikki dardga maskandir badan.
Toʻrt anosir toʻrtta tutqun qush erur,
Dard, ajal ersa-tugun yechguvchidir.
Chun tugunlarni yechar ul, boz etar,
Toʻrt tarafga toʻrtta qush parvoz etar...
Tortishuvlardin boʻlingay jismimiz
Xastaliklarga chalingay jismimiz.
Baski tushgay ul bari tan qasdiga,
Qushchalar qaytmoqni istar asliga.
Hikmati Haq mone boʻlgay har safar,
Jam etib, sihhatda tutgay to ajal.
Derki, ey ajzo, hali mavrud emas,
Chun ajaldin oldin uchmoq sud emas...
Juzv-juzvkim ayriliqdin oʻrtanur,
Ne emish joni gʻaribning holi ul?
* * *
Jon degay: ajzo, yeringiz farsh erur,
Menga ogʻir, chunki joyim arsh erur.
Tan tilar ul sabzavu obi ravon,
Sabzavu obi ravondin ul hamon.
Mayli jon ersa hayotu haydadir,
Lomakon otligʻ muborak joydadir.
Jon tilar dunyoda hikmat ham ulum,
Tan tilar lek bogʻu boʻstonu uzum.
Jon tilar doim taraqqiy va sharaf,
Tan tilar ul kasbu asbobu alaf.
Gar kishi bir narsa istar har kuni,
Istagan ul narsa ham qistar uni.
Sharhini aysam.uzun doston boʻlur,
Masnaviy juzvi oshib toʻqson boʻlur...
* * *
Azmu jazm ichra kecharkan turmushing,
Goh-gohi oʻngidin kelgay ishing.
Qoʻl urarsen yangi bir niyatga, bas,
Niyatingga Haq vale bergay shikast.
Bermasa mutlaq murodingni magar,
Noumid qolgay eding sen, beamal.
Bersa baxtingni nuqul, bilgaymiding,
Qudrati Haqqa nazar qilgaymiding?
Baski oshiqlar tilakda oʻldilar,
Qudrati Haqdin xabardor boʻldilar.
Ayru tush jumla murodingdin,ayo,
Har muroding senga boʻlgaydir ravo...
Eyki sen mardumga zoʻrlik aylading,
Uzni chun gʻolib, muzaffar oʻylading.
Sen esingni boshga yigʻ har soniya,
Quvma qochganni, yiqilganni aya.
Balki ul qochgan qurar yoʻlingda dom,
Hamla ettay chun baloyi nogahon..
Boʻlmagay oqil u gʻoliblikda shod,
Chunki gʻoliblikda u koʻrgay fasod.
Oqil ulkim, ertani koʻrgay koʻzi,
Boʻyla koʻzga surma chekmish Haq oʻzi...
* * *
Ishqni sir tutmoq chu ma’shuq maylidir,
Oshiq ishqi karnayu, surnaylidir.
Ey birodar, ish aningdek ish erur,
Gar ajal kelganda banda xush erur.
Ey yigit, sidqu imonga ul nishon,
Qarshilar ersang ajalni shodumon.
Ey jigar, yoʻq ersa iymoning chunin,
Bor-da, izla, kasb et ikmoli din.
Qaysi ishda gar ajal magʻlub senga,
Bas, oʻshal ishdir base mahbub senga.
Kesa nafrat oʻrtadin, qolmas ajal,
Ul ajal ermas, koʻchib ketmoq magar.
Baski nafrat ketdi, oʻlmoq boʻldi naf,
Shul yoʻsinda balki oʻlmoq boʻldi daf.
Doʻst Haqdir, Haq doʻsti boʻylakim,
Men seningmen, sen menimsen, desa kim...
* * *
Bas, Sulaymon soʻrdikim, ey notovon,
Kim senga jabr etdi, bizga et bayon?
Munchalar zulm etdi qaysi zolim ul?
Haddidin oshgan u kimsa kim erur?
Ey, bizim davronda zolim bormu bas,
Boʻlsa gar zolim, nechun zindondamas?
Biz tugʻilgan kunda zulm oʻlmishdi chun,
Biz-ki shoh ersak, u amr aylar nechun?
Yoʻq boʻlur nur birla zulmat barchasi,
Chunki zulmatdir zulmning chashmasi.
Boq, shayotin biz uchun xizmatdadir,
Etsa sarkashlik, kishanda, oʻtdadir.
Zulmi zolim asli shaytondin kelur,
Ersa zanjirband, zulm aylarmu ul?
Bizga mulk bermish Yaratgan, Haqqu Hay,
Toki osmonlarga xalq yuzlanmagay.
To tutundan kiymasin osmon qaro,
Iztirobga tushmasin charxu Shuho.
To yetimlar Arshga larza solmagay,
Gʻam chekib, jonlar parishon boʻlmagay.
Mamlakat ichra tayindir chorasi,
Uchmagay to koʻkka "yo Rab!" nolasi.
Boqma osmonlargakim, arshingdadir,
Osmoniy shoh magar qarshingdadir...
* * *
Bir tovuq bor erdi, bundoq oʻyladi,
Tevani mehmonga da’vat ayladi.
Keldi ul, ostonaga qoʻydi qadam,
Uy buzildi, duv toʻkildi shifti ham...
Aqlimiz chun ul tovuqning xonasi,
Aqli solihdir - Xudoning tevasi.
Bosh suqar boʻlsa mabodo teva ul,
Qolmagay uy, qolmagay jonu koʻngil.
Fazli ishq birlan kishi fozil boʻlur,
Bundan ortiq istagan johil boʻlur.
Boʻyla johildirki, jahl aylar ayon,
Boʻylakim, arslonni bosgaydir quyon.
Bilsa erdi, boʻyla ish boshlarmidi?
Oʻzni arslon ustiga tashlarmidi?
Jonu tanga boʻyla zolimdir kishi,
Zulm erur etgan adolatligʻ ishi...
* * *
Qaydakim yer uzra koʻrsang qatra qon,
Ul mening oqmish koʻzimdan begumon.
Soʻzlarim koʻk ichra gurrosdir magar,
Guldirab, yer uzra yomgʻir yogʻdirar
Soʻzu faryod ichra qolmishmen atay,
Yoki soʻylar, yoki yigʻlarmen, netay.
Soʻylasam gar, ohu faryodim fano,
Soʻylamas ersam, nechuk aytgum sano?
Yosh emas oqqan koʻzimdin, dil xuni,
Podshohim, boq yaqindin, koʻr uni...
* * *
Ne emishdir ishq? Daryoyi adam,
Aqlu idrok ul sari qoʻymas qadam.
Bandalik ne, saltanat ne, ma’lum ul,
Ishq ularning ikkisidin sirlidir.
Koshki deyman, boʻlsa shu borliqda til,
Koshki borliq pardasin yirsaydi ul.
Eyki, borliq, ne degaysen javrabon,
Parda uzra parda tortgaysen hamon.
Ofati idrok emishdir qolu hol,
Qonni qon birlan magar yuvmoq mahol.
Men uning savdosiga mahram hanuz,
Bul qafas ichra urarmen dam hanuz.
Eyki jon, oshuftaholdirsen necha,
Qaysi yonboshing bila yotding kecha?
Yigʻ hushingni, muncha dam urmoq - balo,
Boshqa mahram top oʻzingga avvalo.
Oshiqi massenki, bundoq shevasen,
Novadon ustiga chiqqan tevasen...
* * *
Sir ne ermish, paxta ichra otash ul,
Qancha pinhon tutmagil, paydo boʻlur.
Berkitay deb men urindim necha dam,
Lekin ul bayroq koʻtargay damba-dam.
Ul tutib ikki qulogʻimdin mani,
Der: qoʻlingdin kelsa.berkitgil, qani.
Men degaymen: oshma haddingdin yomon,
Jon kabi paydo erursen ham nihon.
Ul degay: xum ichra mahbusdir tanam,
Xumda maydek bazmi jamshid aylaram.
Men degaymen: ket bu yerdin, chekma un,
Ofati mastlik yetishmasdin burun.
Ul degay, jomim simirgaymen necha,
Kun boʻyi, toki namozi shomgacha.
Shom kelib, olgay latif jomim mening,
Ber, degaymen, kelmadi shomim mening.
Mayning otini arab qoʻymish: mudom,
Qaysi mayxoʻr may ichib, toʻymish mudom?
Ishq olovdir bodayi tahqiqqa ul,
Soʻng nihon soqiy boʻlur siddiqqa ul.
Qaynasa tavfiq sharobi tinmayin,
Dosh berolmay, koʻza sinmogʻi tayin.
Partavi soqiy sharobga urdi, hay,
Qaynadi, raqs etdi sharbat, boʻldi may.
Ba’zilar hayrat aro tinglar buni,
Sen soʻrab koʻrgil, qachon koʻrmish uni?
Bas, bilurlar barcha, oʻtchi, suvchi bor,
Qaynagan bor ersa, qaynatguvchi bor...
* * *
Dedi: Paygʻambar: eshikni muttasil,
Qoq erinmasdan, ochilgay senga ul.
Bir kishi koʻyida yurgaysen magar,
Duch kelur ul senga, koʻrgaysen magar.
Har kuni qazsang quduqni tashnahol,
Oqibat etgay nasib obi zilol.
Barcha bilgaylarki, sen ham bil shuni,
Ne ekarsen yerga, olgaysen uni.
Ur temirni toshga, uchqun sachragay,
Aksi boʻlmas, boʻlsa ham oz uchragay.
Har kuni non yeydi insonlar nuqul,
Bir kuni lekin tomoqdan oʻtmas ul.
Non yema, bechora ruhim, boʻlma kam,
Oʻzni kulfatlarga solma muncha ham.
Ermasang mahrum va ablahzoda sen,
Koʻz ochib boq, qanchalar aftodasen.
Gar jahonda oy toʻlib, porlar quyosh,
Sen esang har dam egarsen chohga bosh...
* * *
Bir yigit chun oʻtga parvona boʻlib,
Qoqdi yori eshigin, xilvat qilib.
Soqchi chiqdi, qoʻrqdi, qochdi bogʻ tomon,
Yorini bogʻ ichra uchratdi hamon.
Dedi, yuz shukronalar aylab ado:
Soqchilarni rahmat etgil, ey Xudo.
Oʻrtaga bundoq sababni tashlading,
Bizni doʻzaxdin bihishtga boshlading.
Bir sababdin boʻyla etding korni,
Siylading bizdek tikanni, xorni...
* * *
Ey Ziyovulhaq Husomiddin, qaviy,
Oshdi nuring birla oydan Masnaviy.
Ulki, oliy himmating, ey mehribon,
Boshlagay bizni, Xudo bilgay, qayon?
Masnaviy boʻyniga arqon boylading,
Bilganing yoqqa azimat aylading.
Masnaviy yurgay, koʻrinmas yoʻlchisi,
Koʻzki botil ersa, qandoq koʻrgusi?
Masnaviyni boshlabon, bshtuvchi sen,
Gar uzansa ul, uzun etguvchi sen.
Neki istarsen, Xudo xohlar chunin,
Haq berur har neki istar muttaqin.
Masnaviykim muqtado aylar seni,
Qoʻl ochib shukru duo aylar seni.
Masnaviyda koʻrdi haqqingga duo,
Lutfini senga ziyod etdi Xudo.
Shamsni Qur’on ziyo deb nomladi,
Oyni ersa, nurga nisbat ayladi.
Nur yogʻur oydan, quyoshdandir - ziyo,
Sen oʻqi bul nuqtani Mushaf aro...
Soch oʻzing toʻrtinchi daftar uzra nur,
Oftob toʻrtinchi osmondin kelur.
Soch oʻzing toʻrtinchiga xurshidvor,
Porlasin shahri chamanlar, bu diyor.
Kim buni afsun desa, afsona ul,
Kim haqiqatdir, desa, mardona ul.
Mavji Nil qibtiyga suvmas, xun edi,
Lek Muso qavmiga ul toʻlqin edi.
Bu suxanga kim yomon solgay nazar,
Maskan oʻlgaydir anga qa’ri saqar.
Ey Ziyovulhaq, chu koʻrding holini,
Haq ayon etdi uning ahvolini.
Gʻaybni koʻrgan koʻzlaring nam boʻlmasin,
Bu jahonda toleing kam boʻlmasin.
Mardga yuzlan, ayla nokaslarni tark,
Qissaning poyoniga yetmoq kerak.
Ul hikoyat unda etmishdi davom,
Aylagil toʻrtinchi daftarda tamom...
* * *
Dahr aro mutlaq yomonlik yuq, inon,
Ne yomonlik borki, nisbiydir hamon.
Bormu zahrekim shakar, qand boʻlmagay,
Yo oyoq bormu magar, band boʻlmagay.
Ul birovga poy, birovga poyband,
Ogʻu gar Toshmatga ul, Eshmatga qand.
Zahri mor garchi ilonlarga hayot,
Odamiy joniga ofatdir, mamot.
Maxluqi obiyga daryo misli bogʻ,
Maxluqi xokiyga lekin margu dogʻ.
Ey rafiq, boqqil jahonga bor-bor,
Buyla nisbatlarni koʻrgaysen hazor.
Zayd birovlar nazdida shayton erur,
Lek birovlar nazdida sulton erur.
Ul degaykim, moʻmin ichra moʻmini,
Bul degaykim, kofir ul, oʻldir uni.
Bitta kimsa chun birovlarga jinon,
Lek birovlarga nuqul ranju ziyon.
Istasang gar senga boʻlsin ul shakar,
Sen anga oshiq boʻlib solgin nazar.
Oʻz qarogʻing birla koʻrma xubni sen,
Koʻr faqat tolib boʻlib, matlubni sen.
Sen koʻzingni yum uning oldida, bas,
Koʻrgali oshiq koʻzin olgil evaz.
Koʻzni sen andin evaz ol, ey jigar,
Soʻngra ul siymo sari solgil nazar...
* * *
Banda ranju gʻam chekib, dod aylagay,
Yuz shikoyat birla faryod aylagay.
Haq degaykim, senga yetgan ranju dard,
Haqqa yuzlantirdi, sen boʻlding jumard.
Boqma ul ne’matga, rad etgil ani,
Ki aziz ostonadin surgay seni.
Darhaqiqat har aduv darmon senga,
Kimiyovu foydavu ehson senga.
Chunki dushmandin qocharsen doimo,
Soʻngra istarsen base lutfi Xudo.
Doʻstlaringdir asli joning dushmani,
Hazratingdin ayru tutgaylar seni.
Barcha bilgaydir magar boʻrsiq desa,
Ul semirgaydir magar kaltak yesa.
Koʻrkamu zebo boʻlur kaltak bila,
Ziyragu dono boʻlur kaltak bila.
Nafsi moʻmin ham magar boʻrsiqdir ul,
Mehnatu zahmat ila komil boʻlur.
Ul sababdin el aro ranju shikast,
Xammadan ham avliyoga yetdi, bas.
Jonlari jonlardin avlodir magar,
Chunki koʻp jabru jafolar koʻrdilar.
Yoʻq dema sen, rozi boʻlgil, ey falon,
Gar Xudoyim bersa kulfat nogahon.
Doʻst balosi poklagay joningni bot,
Ilmu tadbiringdin ul ustun, ziyod...
* * *
Shahvati dunyo magar gulxan erur,
Ul sabab hammomi zuhd ravshan erur.
Muttaqiylarga oʻshal oʻtdin safo,
Baski, xammom ichradirlar doimo.
Agʻniyo gulxanga tashlaydir tezak,
Maqsadi oʻtni balandroq aylamak.
Tangri bermishdir ularga hirsi dun,
Har zamon hammomni qizdirmoq uchun.
Hirsingiz oʻtdir jahonda, ey falon,
Har oʻti ochgay jahonga yuz dahon.
Ulki der, men molu davlat toʻpladim,
Desa boʻlgʻay, muncha axlat toʻpladim.
Oftob koʻkdin olovlar purkagay,
Har ne axlatni olovga burkagay...
* * *
Ahli moʻmin ayru, iymon bittadir,
Jismu tanlar muxtalif, jon bittadir.
Fahmu jon hayvonda ham bordir necha,
Odamiyning aqlu joni oʻzgacha.
Odamiylar jonikim bundoq erur,
Oʻzgadir sohib nafaslar joni ul.
Joni hayvoniyda boʻlmas ittihod,
Izlama yel ruhidin sabru sabot.
Ul tanovul aylasa, bul toʻymagay,
Unga yuk ort, bunga ogʻir kelmagay.
Balki shod boʻlgay, sevingay oʻlsa ul,
Lek hasad etgay, muzaffar boʻlsa ul...
Oʻzni soliklarga hamroh aylagil,
Ruhi qudsiylarga ruhni boylagil.
Yuz chirogʻing yonsa, soʻnsa, sir emas,
Ayrudirlarkim,yagona,bir emas.
Ul sababdin jang qilurmiz doimo,
Oʻzaro jang aylamishmu anbiyo?
* * *
Haq demish: jannatda devor borki, bas,
Boshqa devorlar kabi jonsiz emas.
Tan binoying ersa ogoh xonasi,
Boʻlgay ul xonang - shahanshoh xonasi.
Ul ogʻochu mevayu obi zilol,
Jannat ichra soʻz qotib, soʻylar maqol.
Demakim, asbobu olat tiklamish,
Ravzani a’molu niyat tiklamish.
Bul bino gar obu gildan, murdadir,
Ul bino toatdin ermish, zindadir.
Bul binoning asli -qingʻirlik, xalal,
Ul binoning aslida - ilmu amal.
Unda koʻshku taxt ila toju siyob ,
Chun oʻzi soʻrgay savol, bergay javob.
Gul tushaklarkim toʻshalgaylar mayin,
Xona top-toza, supurgi tegmayin.
Toju taxtning oʻzi sayr etgay base,
Kuylagay eshik va eshik halqasi.
Dil uyida gʻam chu beandozadir,
Tavbadin lekin hamisha tozadir...
* * *
Atri boʻlsa, sabza gul boʻlgay edi,
Ul magar boʻlganda bul boʻlgay edi.
Bir tarafda koʻz esa, bir yonda til,
Oʻrtada yoʻl bor vale minglarcha yil.
Boʻlma ma’yus, chun saxiydir osmon,
Istasa, Haqdin yetishgay shul zamon.
Qudrati birlan yetishgay sarbasar,
Koni ma’danlarga anjumdin asar.
Haq tilarsa, soya yemrilgay shu tob,
Soya ne ermish, chiqarkan oftob?
Pok nafasli avliyodardin faqat,
Koʻkda yulduzlarga ham yetgay madad.
Zohiran gar bizga yulduzlar suyanch,
Botinan arzu samoga biz tayanch...
* * *
Suvrat ichra olami asgʻar oʻzing,
Aslida lek olami akbar oʻzing.
Gar ogʻochdin meva tongaydir rivoj,
Meva topmogʻi uchun bordir ogʻoch.
Gar umidi boʻlmasaydi meva, bol,
Bogʻbon bogʻ ichra ekmasdi nihol.
Hazrati Odam va jumla anbiyo
Bayrogʻim ostidadir, der Mustafo.
Suvrat ichra garchi odamzodamen,
Hazrati Odamga lekin otamen.
Men tufayli sajda etmishdir malak
Yuz ochib Odamga osmonu falak.
Fikri avval topdi oxirda amal,
Xosa fikr erdi magar vasfi azal...
* * *
Dedi Paygʻambar: zamona ichra men,
Misli toʻfon ichra suzgan kema men.
Men va ashobim chu Nuhning kemasi,
Kimki qoʻl choʻzsa, najotin topgusi...
Shayxga hamrohsen, yomonlikdin yiroq,
Kema ichra, beomonlikdin yiroq.
Shayxi jonbaxshing qanoti ostida
Kemada suzmoqdadirsen, osuda.
Mehri birla goh uchirgaydir seni,
Qahri birla goh koʻchirgaydir seni.
Qahrini mehriga zid deb oʻylama,
Ikkisi bir narsa, ayru aylama.
Bir zamon bogʻingni boʻston aylagay,
Bir zamon dashtu biyobon aylagay.
Ulki koʻrdi, oʻzga kymsa koʻrmadi,
Koʻngli poklarga kelur jannat hidi.
Xoli tut koʻnglingni yor inkoridin,
Soʻngra rayhon uz uning gulzoridin...
* * *
Haqqa, bas, boshingni indir xam boʻlib,
Yulduz ermas, Tangriga mahram boʻlib.
Mahram oʻlsang gar ilohiy sirga sen,
Tunda ham porloq quyoshing koʻrgasen.
Pok ruhdir bori, oʻzga sharh yuq,
Kechayu kunduzda unga farq yuq.
Kun boʻlur, gar koʻkda ul sayron boʻlur,
Tun tugangay, koʻkda gar tobon boʻlur.
Zarra ne ermish, ne ermish oftob?
Oftobing ahli irfon ichra top.
Oftobkim, koʻk aro raxshonadir,
Unga boqqanlar faqat hayronadir.
Koʻzlaringga bersa nur Parvardigor,
Koʻkda oftob ham senga miskinu xor.
Chunki Haq kimyosidin yetdi asar,
Bugʻ, tumanlar koʻkda yulduz boʻldilar.
Bir ajib iksirni urdi ul shu tob,
Chikdi zulmatdin yaraqlab oftob.
Buyla san’atkorki aylab bir amal,
Chaqnatib qoʻydi samo ichra Zuhal.
Oʻzga yulduzlarki, jon gavharlarin,
Boʻyla miqyos ichra koʻrgin, anglagin.
Tindirar hissiy koʻzingni oftob,
Diydayi Rabboniy oʻzga, izla, top...
* * *
Shaix Magʻribiy demishdir boʻylakim,
Kechdi oltmish, tunda tunni koʻrmadim.
Yetdim oltmish yoshgakim, hayrat menga,
Bir zamon yuz ochmadi zulmat menga...
Soʻfilar soʻylab bu sidqi qolini,
Tunda koʻrdik, dedilar, ahvolini.
Dasht aro har ne tikanlar gʻov edi,
Oy kabi oldinda ul peshrov edi.
Boshini ortiga burmay, derdi ul:
Oʻng tarafga yurma, qarshingda chuqur.
Lahza oʻtmay derdi: oʻtgil oʻng tomon,
Chunki yoʻl uzra tikan bor beomon.
Kunduzi oʻpdik oyogʻin, ne ajib,
Erdi qizlarning oyogʻidek latif.
Ne chaqa bor erdi unda, ne gʻubor,
Erdi atlasdek hafifu begʻubor.
Magʻribiyni mashriqiy etmish Xudoy,
Baxsh etib magʻribga mashriqdek chiroy.
Nuri ul shamsu shamus andoq erur,
Xosu omlar boshida porloq erur.
Sen oʻshal nur birla yurgaysen hamon,
Ajdaho, kajdumlar ichra sogʻ-omon.
Yurgay oldingda hamisha nuri pok,
Yoʻlni toʻsganlarni aylab chok-chok...
* * *
Toju taxtingga namuncha bandasen,
Turda deb oʻrnim, vale poygakdasen.
Oʻz soqolingga chu yetmaydir kuching,
Shohsen yaxshi-yomonga sen nechun?
Senga buysunmas, oqargaydir oʻshal,
Hoy, takabbur, oʻz soqolingdin uyal.
Molikul mulk ulki, bosh indir anga,
Ikki olam mulkini bergay senga.
Shunda dersan: davlat ermas, ey Xudo,
Sajda mulkini musallam qil mango.
Necha shohlarkim jahondin oʻtdilar,
Bandalik zavqini totmay ketdilar.
Totsalar Ibrohim Adham singari,
Toju taxtdin voz kechar erdi bari.
Haq shu dunyoni avaylab, bir kuni,
Koʻzlaru lablarga bosdi muhrini.
Shul sababdin ham shirindir taxtu toj,
Ahli dunyodin yigʻarlar boj-xiroj.
Boj-xiroj deb tilla toʻplarsen nuqul,
Sen oʻlarsen lek, qolur ortingda ul.
Boʻlmagay joningga iuldosh mulku mol,
Zarni qoʻygil, koʻzlaringga surma ol.
Bu jahon chohdirki, mahbussen hali,
Sen Yusufdek ipga chirmash chiqqali...
Bolakaylar koʻchada tosh oʻynashar,
Tilla deb toshlarni, qattiq soʻylashar.
Lekin oriflar koʻzi - kimyoyi nur,
Oltinu gavharlaringga boqmas ul...
* * *
Naychi bor erdi, chalardi damba-dam,
Nogahon yel chiqdi bir gal ortidan.
Ortiga tutdi-da nayni, dedi ul:
Mayliga, men puflamay, sen puflagil...
Ey musulmon, senki istarsen adab.
Sabr qil, gar bersa ozor beadab.
Kimni koʻrsa ul shikoyat aylagay,
Ul yomonu bul yomon, deb soʻylagay.
Oʻziga bir kun vale qaytar soʻzi,
Chun yomonliqdir nuqul aytar soʻzi.
Yaxshidir ul sohibi sabru havas,
Ki yomonlardin gapirmas, soʻylamas.
Shayx soʻylar boʻlsa, bul- amri Xudo,
Na malomatdir va na maylu havo.
Yoʻq shikoyat ermas ul, islohi jon,
Jumla Paygʻambar-da etmishlar chunon...
* * *
Eyki, sen, Haq, sha’niga urguvchi doʻq,
Lashkari Haq ichradirsen, oʻyla, qoʻrq.
Juzvi juzving lashkari Haqdir, biroq,
Bosh egarlar senga, etmasdan nifoq.
Koʻzlaringga yesa gar Haq buyrugʻi,
Shul zamon joningni olgay ogʻrigʻi.
Tishlaringga bersa Olloh amrini,
Ne uqubatlarga solgaydir seni.
Tib kitobidin oʻqi bobul-ilal,
Ki nechuk tan lashkari aylar amal.
Lashkari devu parini qoʻy nari,
Bos, desa, jonlarni bosgay lashkari.
Oʻz-oʻzingga mahliyosen, bas, oʻzing,
Oʻz-oʻzing birlan xushu sarmast oʻzing.
Qush oʻzingsen, ov oʻzingsen, dom oʻzing,
Toʻr oʻzingsen, yem oʻzingsen, tom oʻzing.
Gavhar oʻldirki, agarda yaxlit ul,
Bulmasa yaxlit, oʻshal noqis boʻlur.
Senki odamzodasen, gavharcha boʻl,
Jumla zuryodingni oʻz jismingda koʻr.
Xumda ul nekim, topilmas nahr aro,
Uyda ne ulkim, topilmas shahr aro.
Bul jahon-xumdir, koʻngil-nahri ajab
Bul jahon-uydir, koʻngil-shahri ajab..
* * *
Kirsak ul butxonaga, ey bulhavas,
Bizga butlar bosh egar, biz butgamas,
Kirdi Ahmad, kirdi soʻngra Bu-Jahl,
Oʻrtada bordir tafovut, anglagil.
Ul kirar, butlar uning oldida losh,
Bul kirar, lekin egar butlarga bosh.
Bul jahon-shahvat uyi, butxonadir,
Anbiyo, kofirga birdek xonadir.
Poklar shahvat soʻziga boqmagay,
Kondagi oltinni otash yoqmagay.
Ahli kofir-soxta, pok-rasmona zar,
Tovaga ul ham tushar, bul ham tushar.
Ul tusharkan yuz qaro boʻlgay hamon,
Bul tusharkan, zarligi boʻlgay ayon.
Tovada oltin jimirlab, xush erur,
Oʻt-olov ichra yana dilkash erur...
* * *
Jismimiz bir pardadirkim onchunon,
Xas-xashak ostida daryodir nihon.
Shohi dinga sen balanddin boqmagin,
Boʻyla boqmish erdi iblisi lain.
Koʻkda porlaydir quyoshkim yarqirab,
Bir hovuch balchiq-la boʻlgaymu suvab?
Garchi nodonlar quyoshga qum sochar,
Lek quyosh tuzonda qolmas, yuz ochar.
Xas-xashak daryoni bosgaymu sira?
Chang-gʻubor oftobni toʻsgaymu sira?
Bilqiso, silkit etakni shahvor,
Toju taxting ul toʻkilsin chun gʻubor...
* * *
Dahr aro hirsing yoniq otash erur,
Oʻtga tushganda koʻmir ham xush erur.
Yuz qarolik otash ichra gar nihon,
Oʻt yonib bitganda boʻlgaydir ayon.
Soldi hirsing ul koʻmirni oʻt aro,
Kechdi hirsing, qoldi lekin ul qaro.
Ul koʻmirkim yondi lov-lov, yashnadi,
Husn emas, otashga monand hirs edi.
Hirs chizar qarashingda alvon manzara
Hirs magar bitganda, holing-masxara.
* * *
Ahli ehsonkim, saxovat ichradir,
Zar yigʻib, shoirga boʻlgay muntazir.
Molu mulk ne, she’r azizdir baridin,
Chun olingaydir u dengiz qa’ridin.
Odamiy avval harisi non erur,
Non suyanchiqdir taningga, qon erur.
Aylagay yuz kasbu gʻasbu yuz hiyal,
Nonga yetguncha necha hirsu amal.
Nonga yetgach, boshqasi darkor bulur,
Endi shoir maqtoviga zor boʻlur.
Asli-naslin madhiga azbar kerak,
Maqtovin aytmoqqa yuz minbar kerak.
Shuhrati manzilma-manzil, koʻyma-koʻy,
Xuddi ambardek taratsin atru boʻy.
Xulqimizni xulqiga oʻxshatdi Haq,
Vasfimiz ham vasfidin olgay sabaq.
Biru Bor madhu sano istar nuqul,
Odamiyni ham yaratmish boʻyla ul.
* * *
Oqil ersang, yigʻ hushingni boshga sen,
Maslahat sol oʻzga aqlu hushga sen.
Koʻsh aql boʻlsa, balo boʻlgay yiroq,
Avji osmonlarga qoʻygungdir oyoq...
Devki chiqmishdi Sulaymon nom etib,
Oʻlkani olmoqchi boʻldi rom etib.
Koʻrmish erdi ul Sulaymon korini,
Boʻyla tuzmoq boʻldi ish raftorini.
El dedi: etma qiyos, befoydadir,
Ul Sulaymon qaydayu bul qaydadir...
* * *
Yurma nafsing ortidin, ey tumtaroq,
Bogʻ emas, boshlar mozorga qargʻa-zogʻ.
Gar borarsen, bor koʻngil anqoyiga,
Koʻhi Qofu masjidi Aqsoyiga.
Har nafas oʻsmoqda savdoyingda gul,
Gurkirar masjidi Aqsoyingda ul.
Chun Sulaymon soʻr uning ahvolini,
Bosma nogoh, taftish ayla holini.
E’tibor birlan nazar solsang anga,
Shul zamin asrorini soʻylar senga.
Ul qamishdirmu va yo shakkarmikan?
Har zaminga tarjimondir oʻt-oʻlan.
Bas, koʻngil sahnida fikring gurkirar,
Ham koʻngil rozini ochgaydir ular.
* * *
Sufikim ul bogʻda oʻltirmish edi,
Tizzasiga boshini qoʻymish edi.
Boʻyla gʻarq, etmishdi koʻngil toʻlqini,
Uxlamish, deb bittasi turtdi uni.
Nega uxlaysen.dedi, atrofga boq,
Ne ogʻochlardir, ne anvo bogʻu rogʻ.
Haq oʻzi amr aylamishdir: anzaru,
Boq, demish asrori rahmatlarga u.
Dedi: Haq osori-dildir, bulhavas,
Boshqa osorlar uning osori,bas.
Jondadir bogʻu chamanlarning bari,
Koʻrganing bul-suvda aks etganlari.
Koʻrganing bul-suvda aks etgan xayol,
Titragay, mavj ursa ul obi zilol.
Mevalar, bogʻlar bari koʻngildadir,
Suvrati dunyoda-obu gildadir.
Boʻlmasaydi suvrati sarvu surur,
Nomini aytgaymidi: dorulgʻurur.
Bu xayol koʻngil elining aksidir,
Avliyo jonu dilining aksidir.
Jumla kelganlar koʻrarkan, aldanar,
Deydilarkim, bunda jannatdir magar.
Ham asl bogʻdin qocharlar yuz burib,
Xor etarlar goh mazammat ham qilib.
Baski gʻaflat uyqusi topgay basar,
Chinni koʻrgaylar, va lekin ne samar?
Ul sababdandirki, qabriston aro
To qiyomat yangragay: vo hasrato!..
Baxtiyor uldirki, oʻlmay oʻldi Ul.
Bul asl bogʻdin nasiba oldi ul...
* * *
Chun Sulaymon tingladi, bildi magar,
Ki ajal kelmish, yaqinlashmish safar.
Dedi: to bormen, shu masjidi zamon,
Koʻrmagay ofat va turgaydir omon.
To tirikmen, muddaoying oʻtmagay,
Masjidi Aqsoga ofat yetmagay.
Tutsa yuz yoʻqlikka boru budimiz,
Soʻng yiqilgaydir magar masjidimiz.
Masjiding-koʻngil, taning - sojid anga,
Ul yomon doʻst xarrubi sobit anga.
Doʻstki nodoʻst boʻldi, koʻngil boylama,
Qoch nari, soʻzlashma, suhbat aylama.
Yul tomirdin ham uloqtirgil shitob,
Yoʻqsa masjidingni etgaydir xarob.
Oshiqo, xarrubing oʻsmishdir bu dam,
Yosh goʻdakdek egri tashlaysen qadam. . .
Oʻzni mujrim bil, gunohkor oʻyla, bas,
Yoʻqsa, yuz burgay oʻshal ustozi dars.
Aytki, johilmen, menga bergil saboq,
Boʻyla insof nomusingdin yaxshiroq.
Eng buyuk bobongdin oʻrgangil, tamom,
Rabbano, dedi, zalamno, vassalom.
Soʻzni chaynab, bir bahona etmadi,
Makru hiyla tugʻini yuksaltmadi.
* * *
Badguharga ilmu fan oʻrgatganing,
Yoʻltoʻsar ilkiga xanjar tutganing.
Mast-alast zanjiyga shamshir ber, bali,
Ilmu irfon berma nokasga vale.
Ilmu molu mansabu johu qiron
Badguharlar ilkiga tushsa, yomon.
Telbaga tigʻ-aqlu insofdin emas,
Tigʻni olmoqlik erur moʻminga farz.
Joni majnundir, tani shamshir boʻlib,
Telbadin shamshirini olgin yulib.
Mast etar johilni mansab, simu zar,
Yuz arslon ham qutirmas munchalar.
Vaqtu fursatni qulay topgan zamon,
Sudralib chiqqay inidin har ilon.
Jumla sahro moru kajdumga toʻlur,
Bitta johil kimsa gar podsho boʻlur.
Molu mansab tegsa nokasga, yomon,
Har nafas rasvolik aylar begumon.
Yo karam, ehson yoʻlini boylagay,
Yo sochib oltinni, isrof aylagay.
Shohni vazir xonasiga qoʻndirar,
Ulki johil, ishni bundoq doʻndirar.
Taxtki gumroh ilkiga tushsa, tamom,
Simu zar choh qa’riga tushgay hamon.
Ioʻlni bilmas yoʻlni koʻrsatgaymu hech?
Yondirar borliq-jahonni erta-kech.
Yosh bola pirlik etarmu, oʻylakim,
Ergashib borgan boʻlur shaytonga yem.
Kel beri, der, oyni koʻrsatgum senga,
Oyni koʻrmoqmu nasib etgay anga?
Koʻrmagansen suvda bir bor aksini,
Bas, netib koʻklarda koʻrsatgung ani?
Ulki axmoq, shoh boʻlib solgay vahim,
Oqilu dono turar bir chetda jim.
* * *
Ul hadisda dedikim, Yazdonu hu
Xalqi olamni yaratdi uch guruh.
Bir guruhda jumla aqlu ilmu jud,
Ul malaklardir, faqat aylar sujud.
Yoʻq ularda zarracha hirsu havo,
Nuri mutlaqdir ular, ishqi Xudo.
Bir guruh borkim, ular hayvonsifat,
Yeb-ichib, uxlab, semirgaylar faqat.
Bilgani yolgʻiz yemishdir, oʻt-alaf,
Bilmagaylar na shaqovat, na sharaf...
Bor uchinchi bir guruh-qavmi bashar,
Yarmi inson, yarmisi eshshak magar.
Yarmisi fikru aqlning moyili,
Yarmisi hirsu jahlning moyili.
Yoʻq oʻshal ikki guruhda ixtilof,
Lek bashar qavmi aro jangu azob.
Odamiylar uchta ummat boʻldilar,
Imtihon bermoq uchun ayrildilar.
* * *
Bir faqirkim sallasin boylab edi.
Salla ichra bir balo joylab edi...
Toki ul masjidga kirgan pallasi,
Ajralib tursin bahaybat sallasi.
Latta-lutta, har nechuk qiyqim, quroq -
Solmish erdi, to koʻringay kattaroq.
Zohiran gar jannatul anvo edi,
Lek munofiqdek ichi rasvo edi.
Parcha-purcha har nechuk eski matoh,
Barchasi erdi buyuk dastorga jo...
Madrasa sori yoʻl oldi ertalab,
Erdi mundoq shuhratu obroʻtalab.
Yoʻlda lekin yoʻltoʻsar hozir edi,
Yoʻltoʻsarlik bobida mohir edi.
Yuldi-qochdi boshidin dastorini,
Shul yoʻsin boʻldi bitirmoq korini.
Lek faqih qichqirdi: avval koʻr ochib,
Mayli, soʻng bir yoqqa ketgaysen qochib
Qoʻshqanot boylab ucharsen ne balo,
Olganingni bir ochib koʻr avvalo.
Och-da, siypab koʻr qoʻling-la bemalol,
Soʻngra ol, mayli, senga etdim halol.
Oʻgʻri ul dastorni ochdi bir mahal,
Har taraf sochildi latta-luttalar.
Sochilib ul jumla koʻzi oʻngida,
Toʻrt qarich bir narsa qoldi soʻnggida.
Oʻgʻri jahl ichra uloqtirdi ani,
Dedi: ey makkor, ado qilding mani...
* * *
Ul tabiblarkim, badanlarga tabib,
Har ne darding ersa, bilgaylar boqib.
Siydigingni tekshirib, holing nechuk,
Aytishar avzoyu ahvoling nechuk. . .
Tadqiq etgaylar tomirga qoʻl urib,
Dam-nafas ham rangi roʻyingni koʻrib.
Lek tabiblar bor ilohiykim chunon,
Bir boqib, holingni koʻrgaylar ayon.
Gar tomir, koʻzlarga urmaslar ilik,
Zohir etgaylar vale yuz xastalik.
Ul tabiblar yosh va oʻrgamchik magar,
Har kasalga bir nishona axtarar.
Bul tabiblar ersa chin, komil tabib,
Ich-iching tadqiq etarlar, ey habib.
Sen hali dunyoga kelmasdan hamon,
Holu ahvolingni etmishlar bayon..
* * *
Shul yorugʻ olam, shu osmon birla yer,
Haq ogʻochida yetishgan olmadir.
Sen shu olma ichra qurtdirsen magar,
Ul daraxtu bogʻbondin bexabar...
Lekin ul qurtlar aro bor oʻzga ham,
Jonni bayroq aylagan, sohib alam.
Olmani yorgay u, ortiq turmagay,
Olma poʻsti unga bardosh bermagay.
Pardalarni yirtib ul, etgay ado,
Suvrati qurtdir, oʻzi lek ajdaho.
Avvalo uchqun temirdin sachragay,
Tashqari dunyoga soʻngra uchragay.
Paxta boʻlgay doyasi, lek bari bir,
Yogʻdirib yolqin, uni aylar asir.
Odamiy gar uyqu, ovqat birla band,
Oqibatda lek maloyikdin baland.
Paxtayu gugurt madad aylarsa to,
Shu’lasi yetgay zamindin to Suho.
Odamiy zulmatni ravshan aylagay,
Dashtu sahrolarni gulshan aylagay...
* * *
Boʻlsa hamdam necha doʻst, ravshan senga,
Garchi gulxandir, oʻshal gulshan senga.
Hamnishin ersa agarda dushmaning,
Gulshan ichra gulxan ermish maskaning.
Doʻstga ozor berma, man-man etmagil,
Berma qoʻldin, doʻstni dushman etmagil.
Xalqqa ehson ayla Rahmoning uchun,
Azbaroyi rohati joning uchun.
Doʻstga doim doʻst debon solgil nazar,
Kiynadin keltirma koʻngligga zarar.
Ulki dushman, qoch nari, parhez ila,
Maslahat qil yori mehrangez ila...
* * *
Aqlu idrok yoshda ermas, boshdadir,
Soch-soqol oqiga boqma, ey oʻgʻil.
Bormu iblisdan-da keksa bir ulugʻ,
Yoshi keksa, lek zigʻircha aqli yoʻq.
Yosh bola uchrar gahi Iso nafas,
Koʻngliga yotdir gʻurur birlan havas.
Soch-soqol oqi aqldanmas nishon,
Boʻyla, deb ba’zida oʻylaydir avom.
Ul muqallid doimo izlar dalil,
Bir alomat axtarib, boʻlgay sabil.
Istasang bir ishni sen, tadbir top,
Rahnamo axtar oʻzingga, pir top.
Ulki taqliddan qutilmish, tut ani,
Nuri Xaq birla koʻrar ul jumlani.
Nuri poki bedalilu bebayon,
Har ne ersa, baski etgaydir ayon.
Ulki zohirbin puchakni chin demish,
Qaydin ul bilgay, savatda ne emish.
Necha oltin bor, tutunlardin qaro,
Ki birov qoʻl choʻzmasin deb el aro.
Necha mis ham borki, ul zarrin niqob,
Akdi qosirlar koʻrib, aylar tavob.
Bizki botinni koʻrarmiz har nafas,
Dilni koʻrgaymiz, vale zohirnimas...
* * *
Jahd qil, to piyri aqlu din boʻl,
Aqli Kulldek sen-da botinbin boʻl.
Aqli zebo ochdi yuz, xullas kalom,
Tangri toʻn kiydirdi, berdi mingta nom...
Kamtarin nomi ne ermish, xush nafas,
Boʻylakim, hech kimsaga muhtoj emas.
Aql yuz ochsa jahon koʻzgusida,
Tiyra ermish kun uning oʻtrusida.
Lekin axmoqlik agar zohir erur,
Oldida tun zulmati ravshan turur.
Ul qaro tundin qorongʻudir, qaro,
Shabparak uchgay oʻshal zulmat aro.
Andak-andak nurga etgil ishtiyoq,
Yoʻqsa, xuffoshdek qolursen bechiroq.
Ulki sevgay tunni, xuffosh bil ani,
Har qachon sha’mu chiroqdir dushmani...
* * *
Oqil ul boʻlgayki, mash’al birla ul,
Necha karvon ahliga yoʻl koʻrsatur.
Payravi nuri Xudodir, peshrov,
Elni boshlab, oʻzni etmishdir garov.
Sizga keltirmish u iymoni hayot,
Nuri joniga etingiz e’tiqod.
Ul yarim oqil kishidir boʻylakim,
Koʻz bilib oqilni, mahkam tutsa kim.
Koʻr kishi bir bora tutgandek dalil,
Tutmish ul, shundan magar chustu jalil.
Koʻr anuv eshshaknikim, ul ne emish,
Aqli yoʻq, oqil yoʻliga yurmamish.
Yoʻli yoʻqdir bir taraf yurmoqqa, hay,
Rahnamosi boshlasa, ergashmagay...
* * *
Sen tahorat aylasang fursat aro,
Ayla har uzvingga ayru bir duo.
Suvnikim burningga olgaysen, joʻra,
Sen Xudodin boʻyi jannatni soʻra.
Atri gul boshlar seni soʻyi jinon,
Atri gul ermish dalili boʻston.
Sen tahorat aylaganda soʻylagil,
Soʻylagil, yo Rab, meni pok aylagil.
Et-betimni pokladim, Parvardigor,
Jonni poklashga tanimda yoʻq mador.
Necha nokaslarga sen etding karam,
Choʻz qoʻlingni endi shul jonlarga ham.
Muncha qildim, menku noqismen, laim,
Qolganin etgil ado, ey mustaqim.
Pokladim changu gʻubordin poʻstni,
Poklagil changu gʻubordin doʻstni...
* * *
Artinib derdi birov: Parvardigor,
Sen qulingga atri jannatni yubor.
Bir aziz tinglab dedikim, ey gʻulom,
Sen teshiklarni adashtirding tamom.
Chun burun poklashda ayturlar uni,
Sen keting artganda aytursan buni.
Bas, burun birlan chekarlar boʻyi gul,
Gar chekar boʻlsang ketingdin, yoʻq boʻlur
Ey takabburlik etib shoh oldida,
Bosh egarsen muncha gumroh oldida?
Xoru xasga et takabburlikni, hay,
Aksini etsang, ishing oʻnglanmagay.
Oʻylakim, burning uchundir atri gul,
Gul uchundir ham dumogʻing, burning ul.
Atri gulni tortasen burning bila,
Atri gul chunki chekilmas ket ila.
Ul tarafdin atri xuld kelgaymikin?
Baski, istarsen, qidir oʻz joyidin.
Boʻylakim, hubbul vatan ermish ravo,
Sen vale bilgil vatanni avvalo...
* * *
Toʻrga tushdi qushcha, boʻldi bandi dom,
Dedi ul ovchiga: ey Xoʻja Humom,
Qoʻy, hoʻkizlarni yegansen qanchalar,
Tevalar ham boʻldi qurbon nechalar.
Shunchalar yeding ularni, toʻymading,
Men kabi bir qushchaga toʻygaymiding?
Qoʻy meni, uch maslahat bergum senga,
Ziyragu nodonligimni ayt menga.
Avvalin derman qoʻlingda oʻltirib,
Soʻngrasi derman anuv tomdan turib.
Soʻnggisin derman makon aylab daraxt,
Uch oʻgit birlan boʻlursen nekbaxt.
Aytdi soʻng ilk maslahatni qush hamon;
Boʻlmas ishga bovar etma hech qachon...
Ovchi ozod qoʻydi qushni, oshiga,
Qush uchib, qoʻndi baland tom boshiga.
Dedi: aslo oʻtgan ishga gʻam yema,
Chekma hasrat, oʻtmaganni kam dema...
Soʻng dedi: ey xoʻja, qornimda manim,
Oʻn diram tosh bor, magar durri yatim.
Senga ham, farzandlaringga yetgulik,
Gavhar erdi, elga koʻz-koʻz etgulik.
Toleing yor boʻlmadi, koʻrgil buni,
Bir yoʻla qoʻldan berib qoʻyding uni.
Xoʻja oh chekdi, yurakni tigʻladi,
Xuddi dard tutgan xotindek yigʻladi.
Qush dedi: hoy, xoʻja, yigʻlarsen nega?
Oʻtgan ishga kuyma, deb aytdim senga.
Oʻtgan ishga shunchalar yigʻlarmisen,
Yo magar fahm etmadingmi, karmisen?
Koʻrgan erdim senga boz pandimni ep,
Boʻlmas ishga uchma, bovar etma deb.
Uch diram kelmas shu vaznim yo kelur,
Oʻn diram tosh unga qandoq jo boʻlur?
Xoʻja hushyor tortdi, artdi yoshini,
Soʻrdi qushdin soʻnggi bir kengoshini.
Qush dedi: balli, amal etding tayin,
Endi soʻnggi maslahatni aytayin.
Soʻylamoq johilga hikmat, yoʻl-yoʻrugʻ,
Huddi shoʻrxok yerga ekkandek urugʻ.
Johil uzgan ip ulanmas, boylama,
Soʻylama hikmatni, zoye aylama...
* * *
Ayt, qachon kim bir zalolat etmadi,
Ortidin unga malomat yetmadi?
Ayt, qachon bir ezgulikka osmon,
Bermadi loyiq nasibu armugʻon?
Och koʻzingni, boq, nechuk ermish ishing,
Ki javobsiz qolmagay bir qilmishing
Ipga chirmashsang, yetishgay davlati,
Qolmagay senga qiyomat hojati.
Kim magar ramzu ishorat anglagay,
Oshkoro soʻzga hojat qolmagay...
* * *
Borligʻing tiyra temir ermish tamom,
Unga sayqal ber-da, sayqal ber mudom.
To koʻngil oyina boʻlsin, jilvagar,
Har nafas aks etsin unda bir goʻzal.
Ul temirkim tiyravu benur edi,
Topdi sayqal, yondi yal-yal, chaqnadi.
Endi nur oʻynab, yuzida raqs etar,
Endi suvratlar damo-dam aks etar.
Gar tani xoking gʻalizdir, tiyradir,
Unga sayqal berki, sayqal istar ul.
Olami gʻayb suvrati, huru malak,
Jilva etsin unda chun oyinadak.
Nurga toʻlsin dil, yorishsin deb varaq,
Uylakim, aqlingga sayqal berdi Haq...
* * *
E’tiroz etma, yetar deb, ey falon,
Tavba eshigi ochiqdir har qachon.
Jannat ichra jonibi magʻribda ul,
Lang ochiq turgay qiyomatga dovur.
Toki magʻribdin koʻrinmas oftob,
Lang ochiq turgay hamisha, qil shitob.
Bir emas, sakkizta jannat qopqasi,
Tavba eshigi atalmish bittasi.
Ul eshiklar goh ochiqdir, gohi berk,
Tavba eshigi bekilmaydir va lek.
Ul sari bormoqqa oʻzni shaylagil,
Sen hasad etguvchini koʻr aylagil...
* * *
Dedi Muso: sen qabul et birni, bas,
Soʻnggida toʻrt narsa olgaysen evaz.
Dedi Fir’avn: ne ermish ul biring,
Soʻyla ravshanroq, ayon etgil siring.
Dedi Muso: bir, debon ayt oshkor,
Ki Xudodin oʻzga yoʻq Parvardigor.
Ul yaratmish yerni, osmonlarni ham,
Jumla insonlarni, shaytonlarni ham
Barchasin-daryovu dashtu togʻu qir,
Haq yaratmish, ul Xudoyi benazir.
Dedi Fir’avn: magar toʻrtingni ayt,
Birma-bir bergil izohing, ayla qayd.
* * *
Dedi Muso: soʻylasam avval nisor,
Sihhating boʻlgay taningda poydor.
Har ne illatlarki, solgaylar kamand,
Boʻlgusi sendin yiroq, ey arjumand.
Soʻngra koʻrgaysen base umri daroz,
Ki ajalumringga etmas e’tiroz.
Ham nasib oʻlgay senga andoq hayot,
Ketmagaysen bu jahondin bemurod.
Chun goʻdak sut istagandek har zamon,
Sen oʻlimga talgshnursen, ey falon...
* * *
Haq uchun suv boʻlsa koʻngling, arjumand,
Ikki olam senga boʻlgaydir chaman.
Gʻaflating ham balki hikmatdir.bali,
Necha fursat ul davom etgay vale?
Gʻaflating-hikmat, hamono kechmagay,
Boqki, sarmoyang qoʻlingdin uchmagay.
Boʻl hazir, umri uzoqqa ketmasin,
Jon ila aqlingni ranjur etmasin.
Kimki topgay boʻyla bir bozorni,
Gul berib, olgay oʻshal gulzorni.
Novda bergan kimsa oʻrmon olgusi,
Dona bergan kimsa xirmon olgusi.
Kimki, Ollohim, demishdir har kuni,
Oqibat, bandam, degay Olloh uni...
* * *
Keldi ona Murtazoning qoshiga,
Dedi: yordam ber, bolam tom boshida.
Necha bor yigʻlab chaqirdim: hoy, oʻgʻil,
Boqmadi, nogoh yiqilgay pastga ul.
Oqil ermaskim, soʻzimni tinglasa,
Qobil ermaskim, xatarni anglasa.
Qoʻllarim silkib, ishorat ayladim,
Kel, dedim, qoshimga, qancha imladim.
Koʻrsatib koʻksim, kelar deb har tugul,
Em, desam, mendin oʻgirdi yuzni ul.
Azbaroyi Haq madad ber, mehribon,
Sen suyanchim ul jahonu bul jahon.
Dardga darmon ayla, yechgil mushkulim,
Xavf-xavotir ichra titraydir dilim.
Murtazo burdi ayolga boshini,
Tomga opchiqqil, dedi, tengdoshini.
Shunda oʻgʻling novadonni tark etar,
Jins degan jinsin hamisha jazb etar
Boʻyla qildi ona, tengdoshin koʻrib,
Bolasi oʻgrildi, boqdi termulib.
Soʻngra tarnov boshini tark etdi ul,
Jins borkim, jinsiga jozib erur.
Umtilib keldi goʻdakning yoniga,
Shul yoʻsin yetdi omonlik joniga.
Bas, nabiylar ham bari jinsi bashar,
Odamiyni novadondin chekdilar.
Dedilarkim, jinsingizdanmen, keling,
Ergashib, oʻzni balodin qutqaring.
Jinsiyatkim munchalar jozib erur,
Jins har dam jinsiga tolib erur...
* * *
Doʻzax aytur: moʻmino, oʻtgil shitob,
Chunki nuringdin mening holim xarob.
Nuri iymoning koʻzimni tindirar,
Oʻtlarim, otashlarimni soʻndirar.
Doʻzaxiy nurdin qocharmish, ey sanam,
Doʻzax ermish doʻzaxiyning ta’bi ham.
Boqki, doʻzax ahli moʻmindin qochar.
Ahli moʻmin ham magar andin qochar.
Jinsi otashdin emasdir, ayridir,
Kimki nur istar, muhabbat xaylidir.
Bor hadiskim, moʻmin aylarmish duo:
Doʻzaxingni tut yiroq mendin, Xudo.
Doʻzax ham dermishki, Ollohi gʻani,
Ahli moʻmindin yiroq tutgil mani.
Jinsiyat jozibasi ne, anglagin,
Ikki yoʻl qarshingda turgay: kufru din.
Qoʻllasang Homonni, homoniy oʻzing,
Qoʻllasang Musoni, subhoniy oʻzing.
Ersa gar ruhingda mavjud aqlu nafs,
Aql ila nafsing kurashgay basma-bas.
Och koʻzingni.oʻzni andoq shaylagil,
Ma’nini suvratga gʻolib aylagil...
* * *
Sen siniq boʻlkim, siniqlikda najot,
Sen faqir boʻlkim, faqirlikda hayot.
Togʻ maskan erdi ma’danlarga chin,
Pora-pora boʻldi kirka zarbidin.
Tigʻ magar kesgay boʻyinni, bu aniq,
Yerda yotgan soyani kesgaymu tigʻ?
Gerdayish - oʻtdir, olovdir sen uchun,
Sen oʻzingni oʻtga otgaysen nechun?
Oʻqni koʻr, yerda xatarsiz uxlagay,
Bosh koʻtarsa, bir baloga uchragay.
Bosh koʻtarsa, unga uchraydir toʻsiq,
Oʻq boʻlur ul, chorasiz qolganda oʻq.
Boqki, manmanlikda bir narvon emish,
El chiqib narvonga, koʻp sarson emish.
Ulki nodon intilur yuksakka, bas,
Bilmagay, yuksakda yuksakdir shikast.
Zarradirkim, yuksalib sarson boʻlur,
Ul magarkim shirkati Yazdon boʻlur.
To oʻlib, Haqdin tirilmassen yana,
Oʻzni Haq mulkiga sherikman, dema...
* * *
Toʻplanib necha amirlar keldilar,
Ham Rasulillohga da’vo qildilar.
Dedilar: sen ham amir, biz ham amir,
Ol ulushni, bizga dogʻi hissa ber.
Rozi boʻlsin barcha, sen ham rozi boʻl,
Oʻzgalar mulkiga lekin choʻzma qoʻl...
Mustafo dedi: meni Haq saylamish,
Mulk berib, ul amri mutlaq saylamish.
Bul - Muhammad Mustafoning davridir,
Boʻysuning amriga, Olloh amridir...
Dedilarkim, bizga ham - lutfi qazo,
Bizga ham bermish amirlikni Xudo.
Dedi: menga mangu davlat berdi ul,
Bergani sizga muvaqqat erdi ul.
Menga mulk berganda berdi beshikast,
Sizga bergan mulkiga yetgay shikast...
Dedilarkim, ustun ermassen, amir,
Ustun ersang, bir daliling bormidir ?
Shul zamon Haq amri birlan esdi yel,
Bir bulut chiqdi samoga, quydi sel.
Quydi sel, oqdi shaharga yuz tutib,
Qochdilar mardum hama faryod etib.
Mustafo dediki, vaqti imtihon,
Keldi, dillardin taralgaydir gumon.
Ul amirlar nayzalarni otdilar,
Selni toʻxtatmoqqa chun azm etdilar.
Nayzasin otdi Muhammad Mustafo,
Nayza erdi moʻ’jizu farmonravo.
Nayzalar ul jumla suvga botdilar,
Bir somon choʻpdek koʻrinmay ketdilar.
Qoldi suv uzra Muhammad nayzasi,
Larzaga solmishdi suvni larzasi.
Ul tufayli tindi, taqqa turdi sel,
Soʻng shahardin boshqa yoqqa yurdi sel.
Ul amirlarkim bu ishni koʻrdilar,
Qoʻrquv ichra bosh egib, jim turdilar.
Mustafoga uch kishi tan bermadi,
Ul sehrgar, ham juhud, kohin edi.
Haqdin ayru davlat ermishdir zaif,
Tangri bergan davlating boʻlgay sharif
* * *
Bir minora bormu olamda nishon,
Ki birov munkirni aytgay haq debon?
Bormu bir minbarki, bir voiz atay
Ismin aytib, xotirni yod aylagay?
Boq, kumush, zar uzra kimning nomlari,
To qiyomat haq erur ahkomlari.
Podsholar nomi balkim oʻzgarur,
Mustafoning nomi oʻzgarmas, turur.
Bir kumush, oltinni koʻrsatgil menga,
Ki bitilmish nomi bir munkir anga...
Moʻ’jiza ermas falakda oftob,
Moʻ’jiza-olamda ul ummul-kitob.
Bitta soʻz olmoqqa kimda iqtidor?
Yoki soʻz qoʻshmoqqa kimning haddi bor?
* * *
Bormu bir naqqosh, umr baxsh aylagay,
Bir niyatni koʻzlamay, naqsh aylagay?
Jumla mehmonlarni naqshim gullari,
Xush etar, deb chayqalur orzulari.
Ul chizarkan, doʻstu yorin yod etar,
Keksayu yoshu yalangni shod etar.
Koʻzagar koʻza yasarkan doimo,
Suv solishni aylamasmu muddao?
Kosagar kosa yasarkan har kuni,
Shunchaki ermakka aylarmi uni?
Xat bitib xattot, bekor ermas fanim,
Ki oʻqilgay, deydi, bir kun yozganim.
Naqshi zohir naqshi gʻoyibdin xabar,
Soʻngra gʻoyib ortidin gʻoyib kelar.
Ortidin kelgay uchinchi, gʻolibo,
Soʻngra toʻrtinchi, oʻninchi, hokazo.
Boʻylakim, shatranj uyinni eslatur,
Har oʻyindin ayricha bir foydadir.
Ul oʻyindin maqsad erdi bul oʻyin,
Bul oʻyindin oʻzga istigʻno tayin.
Ne jihatlar ichra bordir ne jihot,
Oʻynagaylar to oʻyin boʻlguncha mot,
Avvali ikkinchiga ochqich edi,
Bul biriga ul biri bosqich edi.
Bir oʻtib, ikkinchi bitsa, uch kelar,
Poya-poya tomga yetgaysen magar.
* * *
Haq agarchi bosh qimirlatmas senga,
E’tiborin aylagay payvast senga.
Zavqu shavq koʻnglingda qoʻzgʻatgay chunon,
Oqibat junbushga tushgay aqlu jon.
Sen aqlga xizmat ayla, ijtihod,
Ul senga yoʻl koʻrsatur - rohi rashod.
Haq agar zohirda koʻrsatmas ani,
Lek ulusga aylagay sarvar seni.
Haq senga bergay ajab sirri nihon,
Yer oʻpar oldingda shul ahli jahon
Toshga Haq lutf etdi, dilbar boʻldi ul,
Elga noyobu aziz zar boʻldi ul.
Qatra suv ham topdi nogoh lutfi Haq,
Boʻldi gavhar, berdi tilloga sabaq.
Tan magar Haq lutfi birlan toʻlgusi,
Ul-da oy yangligʻ johongir boʻlgusi.
* * *
Dedi: ey dono, muruvvat aylagil,
Bir naql Haq hayratidin soʻylagil.
Dedi: uch yuz yil aroliq dasht aro
Togʻ-togʻ qorlarni yogʻdirdi Iloh.
Har taraf qor erdi andoq beadad,
Har zamon yetgaydi osmondin madad.
Bas choʻkar erdi yana togʻ uzra togʻ,
Singishib qa’ri zaminga besanoq.
Togʻ uza togʻlar tushar erdi nuqul,
Koʻk emas, ombori Haqdin erdi ul.
Gar muruvvat etmasaydi boʻyla shoh,
Bizni doʻzax oʻti aylardi ado.
Axdi gʻofil - togʻ-togʻ qordir base
Yonmagay to axdi oqil pardasi.
Jahl qor yogʻdirmasaydi behisob,
Shavq oʻti birlan yonardi Koʻhi Qof.
Otash ul qahri Xudodin zarradir,
Nobakorni qoʻrqituvgʻa darradir.
Qahri Haqniki koʻrarsen, chun erur,
Lutfi lekin qahridin ustun erur.
Boq bu ustunlik nechuk, ey muhtaram,
Baski koʻrding ostinu ustunni ham.
Koʻrmasang, aqling magarkim past emish,
Aqli xalq - xirmoni Haqdin xas emish.
* * *
Shoh Husomiddinki, yulduz, toza nur,
Bizni beshinchi safarga boshlayur.
Ey Ziyoulhaq, Husomiddini jon,
Eyki ustodlarga ustodi zamon,
Xalq bu yangligʻ pardalarga burkanib,
Boʻlmasaydi shunchalar toru zaif,
Madhing aytib, men guhar sochgay edim,
Oʻzga maqtovlarga lab ochgay edim.
Sa’vaga singmaydi lochin luqmasi,
Moy ila suvni qoʻsharmiz xullasi.
Hayf, zindoniyga aysam men ani,
Ahli ruhoniyga soʻylarmen seni.
Maqtovingni xushlamas ahli jahon,
Rozi ishqdek dilda saqlarmen nihon.
Madh - ta’rifdir, magar ochmoq hijob,
Madhu ta’rifdin balanddir oftob.
Kunni maqtab, kimsa oʻzni maqtagay,
Kunni koʻrgan koʻzlarim ravshan, degay.
Gar quyoshga ta’na-dashnom etsa er,
Koʻzlarim koʻrdir, koʻrolmas, tiyra, der.
Kim hasad etgay quyoshga, qoʻy uni,
Gar quyoshi bitsa, oʻttaymu kuni?
Oftobni benishon etgaymu ul?
Soʻndirib, koʻzdin nihon etgaimu ul?
Shu’lasin etgaymu yoxud zarra kam?
Jildirarmu oʻrnidin yo zarra ham?
Bas, buyuklarga hasad etgay kishi,
Bir halokat chohiga ketgay kishi...
* * *
Sen zamon ichra Xalildirsen hanuz,
Yoʻltoʻsar toʻrt qushni ushla, boshin uz.
Har biri oqilga soʻylab naqlini,
Xuddi quzgʻundek choʻqiydir aqlini.
Tandagi toʻrt xoʻy - Xalilning qushlari,
Kes ularni, ayla joningdin nari.
Ey Xalil, qushlarni soʻyla roʻy rost,
Bogʻu banddin et oyoqlarni xalos.
Kul oʻzingsen, boshqalar juzving sening
Yech oyoqlarni, oyoqlar ham sening,
Jumla olam ruhzor boʻlgay senga,
Necha ming lashkar savor boʻlgay senga.
Shul badan ermish maqomi toʻrt xoʻ,
Fe’lu xoʻying toʻrt qushdir, fitnajoʻ.
Halqqa gar istar esang umri abad,
Toʻrtta shumning boshini uz begʻalat.
Soʻng tiriltirgil-da, bergil bolu tar,
Kelmagay toki ulardin bir zarar.
Ma’naviy toʻrt qushki, ma’shum, rohzan,
Xalq dilu jonida tutmishlar vatan.
Baski dillar shohidirsen, sohibi,
Baski sen Haqning xalifi, noibi.
Toʻrtta qushning boshini uzgil base,
Jumla xalqning umrini choʻzgil base.
Chun ular gʻozdir, tovus, zogʻu, xoʻroz,
Nafs aro har lahza bergaylar ovoz.
Gʻoz - hisdirkim, xoʻroz - shahvat erur,
Gar tovus - joh ersa, zogʻ - niyat erur.
Zogʻ istar, oʻlmasa hech, tursa boz,
Ul tamah aylaydi chun umri daroz.
Gʻoz hirskim, titkilar yerni nuqul,
Ho‘l-quruq har neki topgay, yutgay ul.
Bir zamon osuda turmas ul tomoq,
Bilgani har lahza yutmoq, yamlamoq.
Xuddi bir yag‘mochidek yurgay faqat,
O‘z jig‘ildonini to‘ldirgay faqat.
Ayru etmas, har nekim yaxshi-yomon,
Duru gavharmu, no‘xatmu, yamlabon.
Kelmagay nogoh raqib, deb ko‘zi lo‘q,
Xaltaga joylar hama ho‘lu quruq...
* * *
Gul kularmu yig‘lamas ersa bulut?
Yig‘lamas ersa go‘daklar, qayda sut?
Yosh go‘daklar ham bilur yo‘lu tariyq,
Yig‘lagaylar, istabon mehru shafiq.
Doyalarning doyasi ham ul atay,
Yig‘lamas ersang, senga sut bermagay.
Dedi: yig‘lang tavba aylab, zor-zor,
To muruvvat aylagay Parvardigor.
Oftob nuri, bulutning yoshi ul,
Muhtasham olamning ikki toshi ul.
Bo‘lmasaydi yomg‘iru oftobi, bas,
Oshkor bo‘lgaymidi jismu araz ?
Bo‘lmasaydi bul ikovlon muttasil,
Qayda erdi bul tamanno to‘rt fasl?
Oftob balqib, bulutlar yig‘lashar,
Atru anbarga cho‘mib, olam yashar.
Sen-da porlatgil aql oftobini,
Senda sochgil ko‘zlaring selobini.
Yaxshidir gar ko‘zlaringda nam bo‘lur,
Ko‘p yema, chun ko‘zda yoshing kam bo‘lur.
Non ila yaproq yozar tan yashnabon,
Jon butog‘ing sarg‘ayib, bo‘lgay xazon.
Tanga oziq jonga bo‘lgaymu tirak,
Ul biri deb bul birin kesmoq kerak.
Xayru ehson qil, kamaysin bargi tan,
Toki ko‘ngling ichra gul ochsin chaman...
* * *
Biz-da qoziyi qazo dahlizida,
O‘ltiribmiz bir balo orzusida.
Balli, deb aytdik, demak, bul-imtihon
Fe’lu so‘z barcha guvohlikdir tamom.
O‘ltiribmiz sahni dahlizda nuqul,
Muddao asli guvohlik erdi ul.
Tobakay dahlizda qolgung, ey guvoh,
Aylagil zikri shahodat jon aro.
Bunda kelmishsen shahodat bergani,
Chorlamishlar chin guvohlikka seni.
O‘ltirarsen o‘zni tashvishga ko‘mib,
Qo‘llaring bog‘lab, labingni chirt yumib.
To guvohlik bermaguncha, anglab ol,
Ushbu dahlizdan qutulmog‘ing mahol.
Bir nafaslik ishga ko‘ngil buzma ko‘p,
Qisqa bir ishdirki, bundoq cho‘zma ko‘p.
Ista yuz yil, istagil bir onda ul,
Bir yo‘la topshir omonatni, qugul...
* * *
Bul namozu ro‘zavu hajju jihod,
Bir guvohlikdir, dalili e’tiqod.
Bul zakotu hadyavu tarki hasad,
Nuru iymoningni ko‘rsatgay faqat.
Sufra yozmoq, oshu ob, nonu namak,
Ey azizlar, sizga biz do‘stmiz, demak.
Armug‘onlar birla dilkashlik erur,
Bul dalilkim, o‘rtada xushlik erur.
Har kishikim zohir etgaydir fusun,
Ko‘nglida bir durru gavhar bor uchun.
Gavharning bor ersa taqvo yo saxo,
Ro‘za tutmog‘ing, zakotingdir guvoh.
Ro‘za der: kechdi haloldin ul magar,
Bas, haromga endi solgaymu nazar?
Der zakot: o‘z molin ehson etdi qul,
O‘zgalar moliga ko‘z solgaymu ul?
* * *
Suvki turg‘un ersa, bas, ul aynigay,
Bo‘yla suvni ichsa, ko‘ngil aynigay.
Haq savob bahriga irg‘shtay yana,
Lutfi birlan suvni suv etgay yana.
Bir yil o‘tgach, ul yana ma’vosida,
Qayda erding? Ezgulik daryosida.
Bulg‘anib erdim, yetishdim pok bo‘lib,
Yangi to‘n kiydim, makonim xok bo‘lib.
Eyki irkitlar, keling bul yoqqakim,
Poklamoq - Haqdin yetishgan odatim.
Har balodin poklaguvchi der meni,
Ifrit ersang gar, malak etgum seni.
Bulg‘anar bo‘lsam magar, ketgum yana,
Tozalik daryosiga yetgum yana.
Eski, kir hirqamni yechgaymen dag‘i,
Yangi, toza to‘nni bichgaymen dag‘i.
Bo‘yla bil Haqni va Haqning hamdamin
Olam orodir Rabbul olamin...
* * *
Ey Xudoyi benazir, isor qil,
Haq so‘zingni har nafas takror qil.
Tut quloqdin, sol irodang azmiga,
Bizni yetkazgil azizlar bazmiga.
Chun nasib etding sharobing bo‘yidin,
Benasib etma sira, ey Rabbi din.
Gar ayoldir yoki erkak, har zamon,
Rizqini berguvchisen, ey mehribon.
Ey duo etmay etuvchi mustajob,
Sen sabab ko‘ngillar ichra oftob...
* * *
Aqlu idrok ham malakdek har saboh,
Lavhi Mahfuz so‘zidin olgay saboq.
Sen adamda bo‘yla tahrirlarni ko‘r,
Har so‘zi savdoyilarni gangitur.
Ul biriga boqki, bir andishada,
Axtarur ganji nihon har go‘shada.
Boshqasi ko‘nglida andoq bir shukuh,
Tog‘da ma’danlarni topsam, deydi u.
O‘zgasi fikri, xayoli o‘zgadir,
Dengiz ostiga tushib, izlaydi dur.
Ul biri rohib, ibodatxonada,
Bul biri dehqon, ziroatxonada.
Yo‘lto‘sar aylaydi qochmoqni xayol,
Doru darmonlarni o‘ylar xastahol.
Chodir ichra gar parixondir biri,
Ko‘kda yulduzlar-la sayrondir biri.
Muxtalif ermish amallar, ne ajab,
Ichdagi rangin xayollardir sabab.
Ul biriga bul biri hayron emish,
Bul birini ul biri nodon demish...
* * *
O‘zni ovlovchi jahonda erta-kech,
Biz kabi axmog‘u nodon bormu hech?
Dahr aro chun to‘ng‘iz ovlaydir avom,
Zahmati ko‘pdir, o‘zi butkul harom.
Ovlasang, shnq ovla shu dunyoda, bas,
Lekin ul domu tuzoqni xushlamas.
Istasang yetmoq muhabbat jomiga,
Qo‘y tuzog‘ingni, o‘zing tush domiga.
Ishq shivirlaydir qulog‘imga nuqul;
Sayd bo‘lish sayyod bo‘lishdin yaxshidir
Men demasmenkim, o‘zingga g‘arra bo‘l,
Qo‘y quyoshlikni, jahonda zarra bo‘l.
Eshigim maskan tutib, farzona bo‘l,
Sham dema sen o‘zni, bir parvona bo‘l.
Bo‘ylakim yetkay dilingga zindalik,
Podsholikka yetaklar bandalik...
* * *
So‘rdi darvesh o‘zga darveshdanki, hayt,
Hazrati Ollohni sen ko‘rdingmi, ayt...
Dedi: ko‘rdim Haqni bechun, bahri hol,
Muxtasar vasfini so‘ylar shu misol:
So‘l qo‘li yoqda olov, ozar edi,
O‘ng qo‘li yoqda suvi Kavsar edi.
So‘l qo‘li yoqda jahonso‘z otashi,
O‘ng qo‘li yoqda ziloli, dilkashi.
Bir guruh cho‘zmish edi otashga dast,
Bir guruh irmoq bo‘yida shodu mast.
Lek o‘yin erdi bu har soat sayin,
Baxtliyu badbaxtni mot etgan o‘yin...
Har kishi otashga kirgaydir hamon,
Bosh chiqargay erdi suvdin shul zamon.
Har kishikim suvga sho‘ng‘ib, jo edi,
Shul zamon otash aro paydo edi.
O‘ng tarafda suvga kirgaydir kishi,
So‘lda otash ichra turgaydir kishi.
So‘l tarafda o‘tga kirsa odame,
O‘ng taraf, suv ichra erdi shul dame.
Bul buyuk asrorni har kim bilmadi,
Shul sababdin o‘tga har kim kirmadi.
Qay kishining ochsa baxt-iqboli gul,
Suvgamas, otashga kirgay erdi ul.
Qo‘ldagi naqdini ma’bud etdi xalq,
Aldanib, chun o‘zni nobud etdi xalq.
Saf chekib, o‘tdin qochib, asru xarob,
Suv sari bormoqqa etgaylar shitob.
Bosh ko‘targaylar olovdin so‘ng ular,
E’tiborul-e’tibor, ey bexabar...
Qichqirar otashki, ey nodonu go‘l,
Otash ermas, chashmadirmen, mavji mo‘l
Mendadir ko‘zboqchilik, sehri nihon,
Kel, olovdin senga yetmaydir ziyon...
Ey Xalil, yo‘q bunda otash, dud magar,
Ko‘rganing ul hiylayi Namrud magar.
Sen Xalili Haq esang, farzonasen,
Otashing suvdir, o‘zing parvonasen.
Joni parvona faqat solgay nido:
Bir emas, yuz ming qanotim bo‘lsa, oh.
Yondirardim men ularni beomon,
Ko‘ngli ko‘rlar toki ko‘rsinlar, debon.
Rahm etar johil shu jonim holiga,
Men achingaymen uning ahvoliga...
* * *
Jon berar erdi iti, unga qarab,
Voy, itim, derdi-da yig‘lardi arab.
Bir tilanchi so‘rdikim, ey bag‘ri xun,
So‘ylagil, bul ohu faryoding nechun?
Dedikim, sodiq itim bor erdi, hay,
Jon berar yo‘l uzra bundoq, ne qilay?
Kunduz ovchim, kechalar soqchim edi,
O‘g‘rilar yo‘liga poyloqchim edi.
So‘rdi: yetmishmu magar zahmu ziyon?
Dedikim, ochlikdin o‘lgaydir hamon.
Dedi: sabr ayla mashaqqatlarga, bas,
Lutfi Ollohdin yetishgaydir evaz.
So‘rdi so‘ngra: xurjuningda, ey xo‘jam,
Ne emishdir, qappayibdir muncha ham.
Dedikim, yo‘l ozig‘im bul, ne emish,
Nonu go‘sht birlan yana anvo yemish.
Itga ham bersang-chi andin bir adad?
Dedi: yo‘qdir menda lutfu marhamat.
Yo‘lda pulsiz, aqchasiz kelmaydi non,
Ko‘zdagi yoshim tekindir, roygon.
Dedi: ey boshingga tuproq, ho‘ppa mesh,
Non senga ko‘z yoshidin avlo emish...
* * *
Sen oyoqqa boq, qanotga boqma, hay,
To yomon ko‘zlar oyoqdin olmagay.
Tog‘ni silkitgay yomon ko‘z ta’ziyqi,
"Yuzliqu"ni ol-da, Qur’ondin o‘qi.
Ul Muhammad ham jahonda tog‘ edi,
Qup-quruq yo‘l uzra toydi, munkidi.
Bir nafas qoldi taajjub ichra ul,
Dedikim, ermas magar behuda bul.
Keldi oyat shunda, ogoh ayladi,
Bul-yomon ko‘z kasridir, deb so‘yladi.
Sendin o‘zga bo‘lsa, lo bo‘lgay edi,
Ul yomon ko‘zdin fano bo‘lgay edi.
Ismatim yetdi himoyat aylabon,
Toyganing erdi falokatdin nishon.
Ibrat ol tog‘ holidin, ey mayda cho‘p,
Sen o‘zingni elga ko‘z-ko‘z etma ko‘p...
* * *
Ey Rasulilloh, odamlar bor chunon,
Ko‘z bila kalxatni o‘ldirgay hamon.
Ko‘z bila hattoki sherni tig‘lagay,
Tig‘lanib ko‘zdin, arslon yig‘lagay.
Tevaga tashlab nigohin bir humom,
Ortidin so‘ngra yuborgaydir g‘ulom.
Yog‘idin keltur, degay, osh etgulik,
Qul ko‘rar ul tevani yo‘l uzra muk.
Poygada otlardin o‘zgay erdi to,
Xastalik bois bo‘lib, boshdin judo.
Shum hasad bois bo‘lib beshubha-shak,
To‘g‘ri ermas, egri aylangay falak.
Suv nihon ersa, chig‘irdir oshkor,
Lek chig‘ir tortishda suvdir e’tibor.
Har yomon ko‘zning da’vosi yaxshi ko‘z,
Har xunuk ko‘zning balosi yaxshi ko‘z.
Yaxshi ko‘zlar lutfu rahmatdin kelur,
Lek yomon ko‘z qahru la’natdin kelur...
* * *
Ko‘rmaguncha to Musoning morini,
Chin degaylar jodugarlar korini.
Qushki aslo ichmamish obi zilol,
Sho‘r, taxir suvlarga urgay parru bol.
Zidni zid yonida bilgaysen, ayo,
Dardki kelgay, unga izlarsen davo.
Lojaram, dunyo muqaddam keldi, bas,
Toki bilgaysen o‘shal qadri Alast.
Bul jahondin ul jahonga qaytasen,
Ul shukur uyida shukron aytasen:
Unda tuproqlarni men sochdim necha,
Bul jahoni pokdin qochdim necha.
Ey darig‘o, koshki oldinroq ajal -
Kelsa, chekmasdim azobim munchalar...
* * *
Eyki, bundoq aylagan tuproqni zar,
Eyki, tuproqdin yaratgan Bulbashar.
Gar ishing - tabdilu a’yonu ato,
Qilmishim - yanglish, unutmoqlik, xato
Yanglishu nis’yonim olgil, ber bilim,
Men g‘azabdirmen, bag‘ishla sabru hilm.
Ey taxir tuproqni chun non aylagan,
Ey o‘lik nonlarni so‘ng jon aylagan.
Eyki, hayron jonni rahbar aylagan,
Eyki, yo‘l bilmasni sarvar aylagan.
Bo‘ylakim, yerdin yaratding osmon,
Yerda yulduzlarni ham etding ayon.
Kimki topgay dahr aro obi hayot,
Ko‘z ochirmay, unga yetgaydir mamot.
Dil ko‘zi-la kim nazarni burgusi,
Har zamon bir turfa savdo ko‘rgusi.
Tan libosikim, bu yanglig‘ sir erur,
Tanni tan etgan o‘shal iksir erur...
* * *
Ko‘zni ko‘rmas aylasa, sho‘r aylagay,
Suvki sho‘rdir, ko‘zni ul ko‘r aylagay.
Ko‘ngli ko‘rdir ahli dunyo ul sabab,
Haqni ko‘rmaslar shu obu gil sabab.
Yo‘qsa gar obi hayoting chun zilol,
Sen o‘shal sho‘r suvni ich, ko‘rlikni ol.
Bo‘yla holatda baqo istab to‘la,
Zanjidek shodsen qaro yuzlik bila.
Zanjiga ne ul qarolik, ganjidir,
Chun azaldin ul qarodir, zanjidir,
Ulki ul ko‘rku safolik izlagay,
Yuz qaro bo‘lsa, tadorik izlagay.
Gar uchar qush yerda, uchmasdan qolur,
G‘ussavu dardu alamdin dod solur.
Uy qushi yurgay zaminda yo‘rg‘alab,
Donu suvni uyda etgaydir talab.
Ul azaldin sohibi parvoz emish,
Bul azaldin sustu beparvoz emish...
* * *
Ovladi ohuni bir sayyod, keyin,
Sudradi og‘ilga hech rahm etmayin.
Ko‘p edi og‘ilda eshshak, mol-ho‘kiz,
Qoldi ul og‘ilda ohu chorasiz.
Qo‘rquv ichra o‘zni urdi har tomon,
Tunda sayyod soldi oxurga somon.
Xo‘kizu eshshak somonni yerdilar,
Bul somonmas, shahdu shakkar, derdilar.
Har taraf o‘zni urardi ohujon,
Chang-g‘ubordin yuz burardi ohujon.
Kimki nojins birla hamdam bo‘lgusi,
Tong emaskim, ul tiriklay o‘lgusi...
* * *
Yuz sanoch oltinni to‘ksang, ey g‘ani,
Haq degaykim, topganing ko‘ngil qani?
Rozi ersa gar ko‘ngil, men rozimen,
Yuz o‘girsa sendin ul, norozimen.
Sengamas, ko‘z tashlagum ko‘nglingga men,
Tuhfa aylab, keltir ostonamga sen.
Senga ko‘ngildir nechuk, men ham chunon,
Onalarning poyi ostida - jinon.
Elga ota-ona ermishdir ko‘ngil,
Baxtlidir ko‘ngilni ko‘rgan kimsa ul.
Senga keltirdim, degaysen, dilni man,
Ul degaykim, bo‘yla dillar ne pisand.
Qutbi olam bo‘lgudek ko‘ngil kerak,
Joni odam bo‘lgudek ko‘ngil kerak.
Bir ko‘ngildirkim, musaffo, benazir,
Unga ul sultoni olam muntazir...
* * *
Dedi Ibliskim, ayo Razzoqi toq,
Ber menga insonni ovlashga tuzoq.
Siymu zar berdi, bedovlar rangba-rang,
Dedi: etgay bu xaloyiqni garang.
Yaxshidir, dedi lain, ko‘rgach ani,
Yuz burib, bujmaytdi lekin aftini.
So‘ng duru gavhar va ma’danlarki, xush,
Berdi Haq Iblisga, chun olguvchi hush.
Dedi: ol ushbu tuzoqni, ey lain,
Dedikim, ber menga bundan yaxshisin.
Moy, asal, halvoyu sharbat berdi Haq,
Zar, ipak to‘n, ya’ni, xil’at berdi Haq.
Dedi: yo Rab, yaxshirog‘in ber atay,
Toki insonlarni bog‘lab, band etay.
Sen ila mast erlaringkim bor abad,
Ul tugun, bog‘larni uzsinlar faqat.
Ul tuzoq insonni taslim aylasin,
Mard ila nomardni ajrim aylasin.
Bir tuzoq ber o‘zga, ey sultoni taxt,
Toki inson aqlini etsin karaxt.
Oldiga changu sharobni qo‘ydi bot,
Sal kulimsab qo‘ydi Iblis, jilla shod.
So‘ng azal izlolidin berdi xabar,
Fitna daryosin, dedi, ul chayqatar.
Dedi: Muso erdi senga banda, qul,
Dengiz ortini qo‘pormish erdi ul.
Tirqirab suv, bir-birin yiqmish edi,
Loy-g‘uborlar suv uza chiqmish edi.
Shunda Haq ko‘rsatdi xotin husnini,
Er kishining aqlin olgay, sabrini.
Qars urib, Iblis o‘yinga tushdi shod,
Dedi: bergil, hosil o‘lgaydir murod.
Ko‘rdi ul ko‘zlarki erdi nurxumor,
Bir boqib, aqlu xirad ham beqaror.
Ko‘rdi ul yuzlarki naq kunday edi,
Shu’lasi dillarni kuydirgay edi.
Chehravu xol, qoshu lablarkim, aqiq
Shu’lai Haqdek go‘zal erdi, yoniq.
G‘amzavu nozlarga bir ko‘z tashladi,
Charx urib, raqs aylamoqqa boshladi...
* * *
Sajda etmishdi malak ham husniga.
Asta-asta yetdi barham husniga.
Odamiy oh chekdi bunga, Haq dedi:
Ko‘p umr ko‘rding, gunohing shul edi.
Jabrail tutdi basharni, sudrabon,
Chiq, dedi, xushlik diyoridin hamon.
So‘rdi: izzat erdi, ne izlol bul?
Bul adolatdir, dedi, lutf erdi ul.
Dedikim, hoy, sajda etmishding hama,
Endi jannatdin bu quvmog‘ing nima?
Bor libosimdin ayirdi imtihon,
Bir og‘ochdirmen magar, bargim xazon.
Yuzlarimki, rashk etardi oy anga.
Keksayib, bujmaydi, endi voy menga.
Boshda sochim hurpayib, ko‘rkam edi,
Tos bo‘lib, bitdi, to‘kiddi, qolmadi
Qomatim ham nayza erdikim, sinon,
Bukchayib qoldim, netay, qaddim kamon.
Lola rangim za’faron bo‘ldi bugun,
Sher kuchim bitdi, tamom bo‘ldi bugun.
Pahlavonni ham yiqardim ul kuni,
Endi bir eplab yuritgaylar meni.
Bul bari - jonimga yo‘ldosh yo‘lchidir,
Har biri - menga o‘limdin elchidir...
* * *
Bul guruhga so‘zlagan axmoq emish,
Tog‘u toshdin ko‘ngil axtarmoq emish.
Tog‘u toshdin kimsa ko‘ngil izlamas,
Fahmu zabt, ma’niyi mushkul izlamas.
Har ne aytsang, qaytarib so‘ylar hamon,
Qaytarib so‘ylar, mazax etgansimon.
Qaydadir ul, qavmi payg‘om qaydadir?
Qaydavu jonsiz jism, jon qaydadir?
Ber vale boylik va xotindin xabar,
Yer o‘pib, qarshingda turgaydir ular.
Bir go‘zal bordir, desang, tinglar hama,
Senga mushtoqdir, desang, anglar hama.
Lek bayon etsang Xudo payg‘omini,
O‘rtaga ko‘ysang Xudoning nomini.
Boylama ko‘ngil fano dunyosiga,
Bor, desang, Haqning baqo dunyosiga.
Aylagaylar qoningu joninga qasd,
Ishlari dinu diyonatdin emas...
* * *
Ey Xudoyi qutu tamkinu sabot,
Besabotdir xalq, o‘zing bergil najot.
Shul qiyin ishda madadkor bo‘l, qarash,
Betiyiq nafslarga insof ayla baxsh.
Sabru bardosh ber, munavvar aylagin,
Shumniyat suvratchilardin asragin.
Sen hasaddin asra elni, ey Karim,
Bo‘lmagaylar toki shaytoni rajim.
El hama o‘tkinchi ul molu jasad,
Kasridin bir-birga etgaylar hasad...
* * *
Vohki, bir oshiq ochib dil daftarin,
Yoriga aytar edi xizmatlarin.
Sen uchun undog‘u bundoq bo‘ldi kor,
Nayzavu o‘kdarga bo‘ldim men duchor.
Ketdi molim, ketdi quvvat, ketdi nom,
Baski, ishqingda adodirmen tamom.
Tong otib, ko‘nglimni xandon ko‘rmadim,
Kun botib, o‘zni bearmon ko‘rmadim.
Har nekim chekmishdi ul achchiq-taxir,
So‘ylar erdi dona-dona, birma-bir.
Yoriga minnat qilib aytmasdi ul,
Ishqiga so‘ylardi balki yuz dalil.
Ulki oqildir, ishorat unga bas,
Ulki oshiqdir, qanoat aylamas.
So‘zni takrorlar-da, takrorlar yoniq,
Suv icharkan, suvga qongaymu baliq?
Bir emas, yuz karra so‘ylar, o‘ylakim,
So‘nggida so‘ylar magarkim, ne dedim?
Ul yonar otashda, ammo bilmagay,
Sham kabi otashlar ichra yig‘lagay...
Aytganing rostdir, dedi, ma’shuqa, bas,
Endi men so‘ylay, eshitgil bir nafas.
Etganing bir zarra, andin o‘tmading,
Ne emish shnq amri, ijro etmading.
Ne emish ishq asli, deb so‘rdi bu dam,
Dedikim, o‘lmoqdir ul, bo‘lmoq adam.
Lek tirikdirsen hamon, har ne desang,
Yorni deb joningni ber jonboz esang.
Shul zamon yotdi, kulib jon berdi ul,
Ki chamandin shodu xandon kechdi gul.
Bo‘yla bo‘ldi ishqu oshiq belgisi,
Qoldi lekin shodu xandon kulgusi...
* * *
Muftidin so‘rdi birov: aylab namoz,
Gar namozxon yig‘lasa, cheksa ovoz,
Ul namozi buzg‘unu botilmidir?
Yo magarkim joizu komilmidir?
Dedi muftiy: ko‘nglida ne ko‘rdi ul,
Nega yig‘lar, boisin bilmoq zarur.
Ko‘ngli ichra ko‘rdi nelarni nihon?
Ne sababdin bo‘ldi ko‘z yoshi ravon?
O‘zga olamni ko‘rib ul purniyoz,
Yig‘lasa, joizu komildir namoz.
Boisi dardu musibat ersa, bas,
Ip uzilmish, charxiga yetmish shikast..
* * *
Rahmu shafqat so‘rma tig‘din, ey g‘ani,
Nayzani tutguvchi shohdin so‘r ani.
Nayzaga yolborma, hoy, ne ermish ul?
Nayza podshoh ilkida tutqun erur.
Ul emish san’atda - Ozar, men - sanam,
Ne yasar bo‘lsa, o‘shaldirmen hamon.
Sog‘ar aylar bo‘lsa ul, sog‘ar o‘zim,
Xanjar aylar bo‘lsa ul, xanjar o‘zim.
Chashma etsa, men oqarmen suv bo‘lib,
Otash etsa, tovlanib, yog‘du bo‘lib.
Yomg‘ir aylar bo‘lsa, men xirmon bo‘lay,
O‘q etar bo‘lsa, badanga sanchilay.
Gar ilon etsa, zahar solgum yomon,
Do‘stu yor etsa, anismen, mehribon.
Ikki barmoq izmida men bir qalam,
Har nechuk amr etsa, ijro aylaram...
* * *
Jonni shum chirkin tomoqdin qutqarib,
Olsangu yetsa senga rizqi sharif,
Singadir, har qancha yeydirsen, bari,
Yengilu poksen, hafifsen chun pari.
Na achib, me’dangda bir og‘riq bo‘lur,
Na shishib, qorningda bir sanchiq bo‘lur.
Oz yesang, fe’lu xo‘ying bo‘lgay yomon,
Ko‘p yesang, me’dang buzilgaydir hamon.
Gar taomulloh yesang-chi, unda sen,
O‘ylakim, dengizda suzgan kemasen.
Ro‘zada sabru qanoat ichra tur,
Bo‘l mudom quti Xudoga muntazir.
Chunki ul Ollohi sohib marhamat,
Intizorlar ohini tinglar faqat.
To‘q kishi ovqat sari boqqaymu hech,
Erta kelgaymu taoming yoki kech.
Benavo ersa, yemishni ko‘zlagay,
Och qolib, bir burda nonni izlagay.
Intizorlik chekmasa, dodim senga,
Yetmish ikki rizqi yetmaydir anga.
Ey o'ril, al-intizor, al-intizor,
Kut o'shal ko'k sufrasini zor-zor.
Intizor, och kimsa bir kun to'q bo'lur,
Sochgusi davlat quyoshi unga nur.
Oz yesa mehmon agar saqlab kirom,
Keltirur mezbon taom uzra taom.
Ziqnadir lek ba'zi darveshi laim,
Chin saxovatpesha Razzoqi karim.
Tog' kabi boshing ko'targil ko'kka to,
Subhidamlar senga sochsinlar ziyo.
Cho'qqilar ham ko'kka bosh urgay faqat,
Oftob, deb yo'lga termulgay faqat...
* * *
Jahd qil, toshlikni kamroq aylagil,
Toshni sen la’l ayla, porloq aylagil.
Sabru bardosh ayla azmu jazm aro,
Damba-dam ko‘rgil fano ichra baqo.
Tosh sifoting bo‘yla kam-kam bo‘lgusi,
La’li vasfing mastu mahkam bo‘lgusi.
Vasfi dunyo tark etib jismingni bot,
Bo‘lgusi boshingda sarxushlik ziyod.
Tinglaguvchi bir quloq bo‘l sen tayin,
La’li nob taqqil qulog‘ingga keyin.
Qaz quduqdek shul tani xokiyni sen,
Bir kuni obi hayotga yetgasen.
Gar Xudodan jazba yetsa yarqirab,
Qazmasang-da suv otilgay sharqirab.
Sen qanoat etma bunga, qil xavas,
Andak-andak ishga tush, tuproqni qaz.
Kimki ranj ko‘rgay, yetar sarvatga ul,
Kimki jahd etgay, yetar davlatga ul.
Dedi Payg‘ambar: namozga turganing,
Tangrining darvozasini urganing.
Har kishikim ul eshikni urgusi,
Davlati bir kun muyassar bo‘lgusi...
* * *
Men bilarmen kimligimni, ul bilur,
Ayblarimni pardalab yopguvchi ul.
Boshda Iblis erdi ustoz menga, bas,
So‘ngra ul bo‘ldi qoshimda xoru xas.
Ko‘rdi Haq, ko‘rmasga oldi, aytmadi,
Etmadi rasvo, yuzim sarg‘aytmadi.
Boz, rahmat birla tikdi po‘stinim?
Tavba berdi, o‘ylakim jondek shirin.
Har ne qildim, qilmagan etdi hisob,
Etmagan toatlarim bo‘ldi savob.
Bo‘yla sarvu savsanim ozod etib,
Bo‘yla baxtu davlatim obod etib,
Yozdi nomimni asl deb, pokravish,
Do‘zaxiy erdim, nasib etdi bihisht.
Oh, dedim, ip bo‘ldi ul ohim mening,
Qoldi tubanlarda ul chohim mening.
Ipga chirmashdim, mana, erkin bo‘lib,
O‘ltiribmen shod bo‘lib, durkun bo‘lib.
Tiyra choh tubida erdim men zabun,
Endi-chi, olamga sig‘masmen bugun.
Ofarinlar senga, ey qodir Xudo,
Nogahon etding meni g‘amdin judo.
Boshda har tola tukim bo‘lsa zabon,
Yetmagay shukringni etmoqqa bayon...
* * *
Bir kishi urdi eshikka o‘zini,
Za’faron etmishdi qo‘rquv yuzini.
So‘rdi uy sohibi: ne bo‘ldi, baxayr,
Qaltiraydirsen terakshshg bargiday?
Kim seni quvdi, magar kimdin qochib,
Bizga kirding rangi ro‘ying qum uchib?
Dedi: shohning ermagi deb bul zamon,
Qayda etttptak ersa, tutgaylar hamon.
Kuldi uy sohibi, dedi: muhtaram,
Eshshak ermassan-ku, senga bu ne g‘am?
Dedi: hech gapmas ular aylab jadal,
Eshshak o‘rnida meni ham tutsalar.
Bo‘yla bu ishga kirishganlarki, bas,
Eshshagu inson ularga ayrumas...
Betamizlar elga rahbar bo‘lmasin,
Eshshak o‘rniga tutarlar egasin.
O‘zgadir lek shahrimizda shohimiz,
Dardimizdan har nafas ogohimiz.
Odamo, eshshakquvardin qo‘rqmagil,
Eshshak ermassen, alardin qo‘rqmagil.
To‘ldi to‘rtinchi falak nuringga, bas,
Hoshakalloh, maskaning oxur emas.
Aslida charx uzra, yulduz uzrasen,
Garchi bir kengash ili oxurdasen.
Miri oxur o‘zga, eshshak o‘zga, hay,
Barcha oxur ahli eshshak bo‘lmagay.
So‘ylading eshshakni shuncha, shartmidir,
Endi sen guldin, gulistondin gapir.
Yo anorlardin, turunju olmadin,
Dilrabolardin, sharobdin, ishvadin.
Mavjlari gavhar o‘shal dengizni ayt,
So‘zga lab ochsa magar, tengsizni ayt.
Yoki ul qushlarni ayt, gulchin erur,
Tuxmi zarrindir va yo siymin erur.
So‘yla lochinlarni, kakliklar bilan,
Gohi past parvoz eturlar, goh baland.
Necha narvonlar jahon ichra nihon,
Poya-poya yuksalur to - osmon.
Har guruhning narvoni o‘zgadir,
Har ravishning osmoni o‘zgadir...
* * *
Dedikim, ko‘ngil uyi xilvat erur,
Unda bir begona yo‘q, jannat erur.
Ishqi Haqdin o‘zga dilda yor yo‘q.
Yodi Haqdin o‘zga bir dildor yo‘q.
Men supurdim har ne bordir neku bad ,
Dil uyim to‘ldirdi ul ishqi Ahad.
Har ne ko‘rsam unda gar g‘ayri Xudo,
Mendin ermas ul, magar aksi gado.
Gar ko‘rarsen suvda hurmo aksini,
Suvdamas, sohilda ko‘rgil aslini.
Suvrati garchi ariqda, suvdadir,
Sohibi suvrat vale sohildadir.
Istasang obi ziloldin fayzu qut,
Tanda oqqan ul ariqni toza tut.
Gar ariqdin xoru xasliklar ketar,
Sen amin bo‘lgilki, yuzlar aks etar.
Suv ila loydir taning ul, ne yana?
Loy bila obi ziloling bulg‘ama.
Sen yemak-ichmak va uyqu birla band,
Suv uza tuproq socharsen damba-dam...
* * *
Dilmidir ul, bo‘lmasa nur dil aro,
Ruhdin ayru tanni tuproq bil, qaro.
Nuri jondin ayru qandil ne emish?
Qandil ermas ul, qo‘llansa bir idish.
Gar idishlarda sanoq bor, e’tidod,
Lek olovlarda sanoq yo‘q, ittihod.
Olti qandil nur socharlar yarqirab,
Lek ularning nurini bo‘lmas sanab.
Ul juhud, mushrik ko‘rar qandilni tek,
Ahli mo‘min bir ko‘rarlar nurni lek.
Nurdamas, qandilda ko‘rsa ruhni,
Ikki ko‘rgay Shis birlan Nuhni.
Ul ariq ermishki, suv javloni bor,
Odamiy uldirki, tanda joni bor.
Ulki chin odam emas, suvrat erur,
Gar jahonda nonu shahvat deb o‘lur...
* * *
Ul biri bozor kezardi kunduzi,
Qo‘lda shamdi, ko‘nglida ishqi, so‘zi.
Bilfuzul so‘rdi banogoh: ey falon,
Ne tilarsen ul do‘kondin bul do‘kon?
Neni izlarsen do‘konlarga boqib,
Kuppa-kunduzda buningdek sham yoqib?
Dedi: izlarmen aningdek odamiy,
Ki tirik bo‘lsin hayotda har dami.
Bormikin hech? Dedi: ey donoyi hur
Kam emas, bozor to‘la odam erur.
Dedikim, men ikki yo‘llik jaddada
Bir sabrli mardni istarmen juda.
Qahru shahvat chog‘i to er bo‘lsin ul,
Ko‘yma-ko‘y ovora, izlarmen nuqul.
Bormikin dunyo ichinda bo‘ylasi,
Bo‘lsa gar, jonimni aylay sadqasi...
* * *
O‘g‘ri mirshabga dedi: ey podsho,
Har ne qildim, erdi ul hukmi Xudo.
Dedi: mirshab: har ne aylarmen, jigar,
Ul-da menga hukmi Ollohdir magar.
Bir turup olsa do‘kondin bir kishi,'
Desakim gar, bu - Xudoning xohishi.
Musht urarsen boshiga, ey besabaq, ,
O‘rniga qo‘ygilki, bul ham hukmi Haq.
* * *
Bir ko‘kat deb bo‘yla etsang, ey fuzul,
Bo‘yla uzring etmagay baqqol qabul.
Bo‘yla uzrim bor, deya o‘ilanma ko‘p,
Ajdahoning boshidin aylanma ko‘p.
Bo‘yla uzrim bor, desang ey soddadil,
Molu joning barchasi qolgay sabil...
* * *
Bir kishi erdi daraxtning ustida,
Silkitib, meva qoqardi pastiga.
Keldi bog‘bon, dedi: ey buzg‘un amal,
Ne qilursen, hay? Xudoyimdin uyal.
Dedikim: men-banda, bul-bog‘i Xudo,
Mevasin yerman, Xudoyimdin ato.
Ko‘r-ko‘rona sen malomat aylama,
Qo‘y bu ochko‘zlikni, odat aylama.
Dedi: hoy, Aybak, ketur arqonni sen,
To bu dam olsin javobin Bul-Hasan.
O‘g‘rini tutdi, daraxtga bog‘ladi,
Urdi andoqkim, tuyib, to‘qmoqladi.
O‘g‘ri ul qichqirdi: insofing qani?
Begunohdin o‘ldirarsen bandani.
Dedi bog‘bon: men - Xudoning bandasi,
Ushbu kaltaklar-Xudoning zarbasi...
Necha nodon dedilar Majnunga, bas,
Layli husni ortig‘u chandon emas.
Shahrimizda necha minglab dilrabo,
Andin ortiqdir magarkim husn aro.
Dedi: suvrat-ko‘za, may ermish husn,
Tangri menga may tutar ul ko‘zadin.
Sizga sirka, menga may sungay base,
Ul sababdin sizga xushmas ko‘zasi.
Bir idishdin ul Xudoyi azzi jal,
Ham zahar quygay-da, ham quygay asal.
Ko‘zani ko‘rding va lekin ul sharob,
Senga pinhon erdi, tutmishdi hijob.
Chunki har kimga ko‘rinmas zavqi jon,
Ko‘rsatur yolg‘iz yaqinlarga nishon...
* * *
Baxtlidir ul kimsa, ehson aylamish,
Borini bir do‘stga qurbon aylamish.
Fanga chun oshufta ermish ul mudom,
Umrini shu yo‘lda etmishdir tamom.
Mag‘ribu mashriqda ham shundoq bo‘lur,
Oshiq o‘lgay, balki ma’shuq ham o‘lur.
Ilmu fan deb o‘lsa, muqbil oti bor,
Bu o‘limda yuz tiriklik toti bor.
Oshig‘u ma’shuqlik etgaydir davom,
Ikki olamda ularga yaxshi nom...
* * *
Men misoli yosumandirmen hamon,
Bosh egarmen ul tomonu bul tomon.
Qolmamish ko‘nglimda chun ummidu xavf,
Xuddi toldek sollanurmen har taraf.
Chayqalurmen, shoxlarim larzon bo‘lib,
Yelda majnuntol kabi raqson bo‘lib.
Ulki may birlan topar xushlik, karam,
Bo‘yla bir xushlikni bilsin qaydanam?
Anbiyoga bo‘yla xushlik keldi past,
Jonlari Hak, shavqi birlan erdi mast.
O‘ylakim xushlikni ko‘rgandin keyin
Bo‘yla xushliklar ularga bir o‘yin.
Ulki ul mahbubga mahram erta-kech,
Murdaga emdi quchoq ochgaymu hech?
* * *
Yordin lutfu karamlar kelsa, xush,
Lutfi oldida naboting ne emish?
Qatra lutfi tomsa dengizga magar,
Tong emas, dengiz suvi shirin bo‘lar.
Necha ming holatki kelgaylar chunin,
G‘ayb qarorgohiga ketgaylar keyin.
Bir kuning avvalgi kunga o‘xshamas,
Bir ariqdirkim oqarkan, to‘xtamas.
Har kuning zavqi, sevinchi o‘zgacha,
Har daming dardi, ovunchi o‘zgacha.
* * *
Har nafasda bir aziz mehmondayin
Bir fikr ko‘nglingga kelgaydir tayin.
Sen fikrni shaxs bil, ey jonajon,
Chunki shaxs topgay fikrdin qadru jon.
G‘am agar shodlik yo‘lini to‘sgusi,
Chekma g‘am, yangi sevinchlar o‘sgusi.
Dil o‘yin g‘amlar supursa, ne ajab,
Yangi shodliklar kelurlar yarqirab.
Dil butog‘i sap-sariq yaproq to‘kar,
Yam-yashil yaproq ko‘karsin deb magar.
Eski ildizlarni kovlar g‘am hamon,
Yangining zavqini totgaymen, debon.
Eski ildizni qo‘porgay, otgay ul,
Yoshirin ildizga bir kun yetgay ul.
Har nekim g‘amni ko‘ngildin surgusi,
O‘rniga a’losini keltirgusi.
Ko‘k bulutdin tutmasa erdi hijob,
Kuydirar erdi uzumni oftob...
* * *
Shoh o‘ziga keldi, tavba ayladi,
Aylagan aybu gunohin o‘yladi.
Dedi: etdim o‘zgalarga ne yomon,
Yopirilib boshimga keldi bu zamon.
O‘zgalarning juftiga tikdim ko‘zim,
Bu malomatga duchor bo‘ldim o‘zim.
O‘zgalarning eshigin urdimki, hov,
Urdilar chun eshigimni beayov.
Kim tilaydir o‘zgalarning yorini,
O‘zgalarga esh etar dildorini.
Chunki qilmishga qidirmishdir sazo,
Har gunohning jinsidin ermish jazo.
O‘zgalarning yoriga ko‘z solganing
Sen dayuslikni bo‘yinga olganing.
Tortib olmishdim kanizni zo‘r bilan,
Zo‘r bilan tortib olishdi mendanam.
Pahlavon erdi vafo oyinligim,
Xoin etdi,boq, uni xoinligim.
Lozim ermas emdi kiynu intiqom,
Har ne o‘tdi, o‘tdi ul mendin tamom.
Qahru kiyna aylasamchi, etganim,
Yoprilib, boshimga kelgaydir manim.
Bir safar bildim, sinab ko‘rdimku men,
Kel, bilay deb boz sinab ko‘rgaymu men?
* * *
Aylanur boshim xumoringdin, Xudo,
Bul karamga men tasadduq, men ado.
Xohishingdir maylu rag‘bat barchasi,
Yo‘lchi yo‘lga tushsa, ul Haq jazbasi.
Chang-g‘ubor uchgaymu yellar yurmasa,
Kema yo‘l bosgaymu yelkan surmasa.
Jon olur jonlar xayoling oldida,
Obi hayvon ne ziloling oldida?
Obi hayvon qiblayi jon, ey rafiq,
Suv ila yashnaydi bo‘ston, ey rafiq.
Ishq ila o‘lmish, tirilmishdir ular,
Dilni jondin, jon suyidin uzdilar.
Ishq suying ko‘ngilga bermishdir najot,
Oldimizda obi hayvon ham kasod.
Obi hayvon jon bag‘ishlar, suvchi sen,
Chunki ul suvga hayot berguvchi sen.
Har nafas berding o‘limni, jonni ham,
Angladim, nelarga qodir ul karam.
Bas, o‘lim uyqu emishdir menga to,
E’timodim bor tirilmoqqa, Xudo.
Yetti dengiz bo‘lsa erdi gar sharob,
Sen uni borliqqa bergayding shu tob...
* * *
Ey hayoti dil, Husomiddin, yigit,
Jazb etar ko‘nglingni ul oltinchi jild.
Jazb etarkan sen kabi alloma ul,
Yer yuzin kezgay "Husomiynoma" ul.
Senga peshkash bulgusi, ey ma’naviy,
Bul kitob, ya’ni yakuni masnaviy.
Olti yoqqa ul taratsin shu’la, nur,
Kay yatufa havlahu man lat yatur .
Beshu olti birla ishqning ne ishi?
Jazbi yordin o‘zga bormu xohishi?
Balki bundan so‘ngra bir dastur kelur,
So‘ylanuvchi rozi dillar so‘ylanur.
Ul bayonotlar bo‘lib ravshan, aniq,
Ul kinoyatlar yana bo‘lgay daqiq.
Sirga - sirdosh, o‘zgasi anboz emas,
Rozkim munkirga yetgay, roz emas.
Baski, da’vat ayla, der Parvardigor,
Da’vat aylar, o‘zga ne parvoyi bor?
Kechdi da’vat birla to‘qqiz yuz yili,
Qoldi g‘aflat ichra lekin Nuh eli.
Nuh da’vat etdi, so‘zni
Jim bo‘lib, xilvatga o‘zni chekmadi...
* * *
Ul jahonga, bas, suyangay bul ravoq,
Vasl ila topgay yakun hajru firoq.
Ziddiyatlar ichra ko‘r har zotni,
Ne uchun vahdat tug‘ar e’dodni?
Biz - bo‘laklarimiz, u to‘rt e’dod - asl,
Bizda fe’lin aylagay ijod asl.
Gavhari jon o‘rtada turgay nuqul,
Fe’lu ho‘yi - fe’li ho‘yi Haqdin ul.
Jang olur sulhu omonliqdin kuchin,
Chun Nabiy jang qildi Tangri - Haq uchun.
Ikki olam ichra g‘olib ul chunon,
Sharhiga yetmas sira fikru bayon.
Mavji Jayhunni simirmoging mahol,
Yaxshimas yurmoq vale labtashnahol.
Ma’nilar daryosi jizibdir senga,
Masnaviydin bir ariq ochgil anga.
Bir ariq och Masnaviydin unga, bas,
Ma’naviyat dengizin ko‘r har nafas.
Yelki yelpib ul ariqni chayqatar,
Suvda yakranglikni ul paydo etar.
Novdalarkim silkinur, larzonni ko‘r,
Mevalarkim tovlanur, marjonni ko‘r.
Harfu savtu dam-la so‘z paydo bo‘lur,
Gar ulardin kechsa, ul daryo bo‘lur.
So‘ylaguvchi, tinglaguvchi, so‘z faqat,
Shul uchovdin jon yaralgay oqibat.
Non beruvchi, non oluvchi, noni pok,
Tark etib suvrat, bo‘lur oxirda xok.
Lek yo‘qolmasdir sira ma’nolari,
Uch maqomda ayrilib turgay bari.
Suvrati xok bo‘ldi, ma’ni o‘lmadi,
Kim desa: bo‘ldi, degilkim, bo‘lmadi.
Olami ruh ichra turgaylar basir,
Goh shaklli, goh shaklsiz, muntazir.
Amr ila suvratga kirgaylar yana,
Amr ila suvratni surgaylar yana...
* * *
Otda, otliqda uning farmonida,
Uydadir jon, tan esa ayvonida.
Xohishi gar ersa mindirmoq aning,
Amr etib jonlarga derkim ul: mining.
Istasa jonlarni yuksaltmoq nuqul,
Hoy, tushing, deb amru farmon aylar ul.
So‘zki nozik tortdi, lozimmas qalov,
Bas, qalashtirma, pasaytirgil olov.
Qaynagay mo‘‘jaz qozonlar har nechuk,
Yupqadir idrok, qozoni ham kichik.
Poki subhoniyki, sebiston qilur,
Olmalarni barg aro pinhon qilur.
Barg degan aslida so‘zdir, guftugo‘y,
Ostidin olma taratgay atru bo‘y.
Sen simirgil, ol dumog‘ingga ani,
Atru bo‘yi olmaga eltgay seni.
Atru bo‘y ol, ehtiyot et o‘zni, bas,
To avomdin yetmasin salqin nafas.
Yetmasin joningga dard, jismingga suq,
Bir nafasdirkim, zimistondin sovuq.
* * *
So‘rdi voizdin yig‘inda bir kishi,
Eyki sen, majlisu minbar donishi,
Bir savolim bor, so‘raydirmen shu tob,
Majlis ichra ber savolimga javob.
O‘ltirar bir qush og‘och ustida toq,
Boshi avlomu, dumimi yaxshiroq?
Dedi: yuzlansa shaharga ul agar,
Quyrug‘idan boshi afzalroq bo‘lar.
Yo‘q, agar bursa shaharga dumni ul,
Boshi ermas, quyrug‘i afzal bo‘lur.
Qush uchar ersa, uchar to oshiyon,
Bolu par insonga himmatdir, inon.
Xayru sharrga botsa oshiq ul magar,
Xayru sharrmas, himmatiga sol nazar.
Oq qanotli qarchig‘ay gar benazir,
Sichqon ovlar ersa, tubandir, razil.
Gar qaro quzg‘un sevar podshoni, bas,
Emdi ul lochin erur, quzg‘in emas.
Odamiy bir tos xamirdek qad bilan,
Ko‘kdanam yuksak, quyoshdan ham baland..
* * *
Har ishoratkim Muhammaddin kelur,
Baski dil ochmog‘u gul ochmoq erur.
Ofarinlar ul muborak joniga,
Ofarin farzandlari davroniga.
Ul xalifazodalarkim, har biri,
Kam emas, jonu dilining unsuri.
Balki Bag‘dodu Hirot, Raydan ular,
Asli nasliga vale payvand ular.
Gul butog‘i qayda o‘ssa, gul erur,
May xumi har qayda jo‘shsa, may turur.
Gar quyosh mag‘rib tarafdin chiqsa, bas,
Ayni oftobdir, bo‘lak oftob emas.
Aybchilarkim shu yorug‘ olamda bor,
Barchasin ko‘r ayla, ey Parvardigor.
Haq demish: xuffoshni ko‘r etdim, so‘qir,
Ko‘rmagay toki munavvar kunni ul.
Bo‘yla noqislikka soldim men atay,
To quyoshning yulduzin ham ko‘rmagay...
* * *
Berma ko‘ngilni bu ishga, ey nigor,
So‘ng nadomatlar chekursan zor-zor.
Ul amirlik, ul vazirlik, shohlik ul,
Chun o‘limdir, balki jon bermoq erur.
Banda bo‘l, hur bo‘l shu dunyo qo‘ynida,
Murdadek kezma birovning bo‘ynida.
Kufr emishdir, ulki bundoq istagay,
O‘zgalar ustida yurmoq istagay.
Tushda bir tobutda ko‘rsang kimsani,
O‘ngda bir mansabda ko‘rgaysen ani.
Yuk emishdir yelkada tobutki bor,
Xalqqa yuklar zalvorin ahli kibor.
O‘zgaga ortma yukingni, esh bo‘l,
Etma sarvarlik havas, darvesh bo‘l.
Minma xalq bo‘yniga, og‘ir olmasin,
Xastalik ikki oyoqdin chalmasin.
Oxiri otdan tushib, hayronasen,
Bir shahardirsen, vale vayronasen.
Kech shahardin, turma ul koshonada,
Qolmagaysen so‘ngra bir vayronada.
Yuzta bog‘ing borida tark ayla, bas,
Bo‘lmagil to ojizu vayronparast.
Dedi: gar jannatni etgaysen tama’,
Odamiydin bir vaqoe istama.
Men kafilmen, senga bo‘lgaydir ato,
Jannatul ma’voyu diydori Xudo...
* * *
Bir kishi tunda eshitdi bir shitir,
Tosh chaqib chun shamni yoqmoq bo‘ldi ul.
Keldi o‘g‘ri, yoniga o‘ltirdi zud,
O‘t ilashsa, qo‘l bosib, so‘ndirdi zud.
Har safar bosgay edi barmog‘ini,
Istamasdi chunki sham yonmog‘ini.
Xo‘ja o‘ylar erdi, o‘chgay sham o‘zi,
Hiylagar o‘g‘rini ko‘rmasdi ko‘zi.
Derdi: nam tortmish, emas o‘ng‘ay pilik,
Ul sababdin yonmagay, so‘ngay pilik.
Baski zulmat erdi atrof, timqaro,
O‘g‘rini ko‘rmasdi xo‘ja tun aro.
Bo‘ylakim kofir ko‘ngilda, ey nigor,
Chun ko‘rinmas, o‘tni so‘ndirguvchi bor.
Yo‘q emas, ortida bordir bir kuchi,
Har ne aylanganni aylantirguchi.
Bas, nechuk kelgay-da, ketgay kun, kecha,
Bo‘lmasa ortida qodir bir xo‘ja?
Ne savollar ichra yurgaysen malol,
Bul jihatni ham o‘zingga ber savol.
Uyni tiklovchi binokordir, o‘g‘il,
Yo binokorsiz-da tiklangaymu ul?
Xatni xat qilguvchi kotibdir o‘shal,
O‘z-o‘zicha xat yozilgaymu magar?
Jim-qulog‘u ayn-ko‘zu mim-og‘iz,
Yozmasa kotib, yozilgaymu nafis?
Sham yongaymu bilimdon yoqmasa,
Tun aro bir ahli irfon yoqmasa?
Qo‘li cho‘ltoq, ko‘zi ko‘r bo‘lsa, so‘nik,
Ul kishi san’at yaratgaydir nechuk?
Baski bilding, qahr etib turguvchi kim?
Qahr etib, boshingga chun urguvchi kim?
* * *
Bir kishi qo‘chqor yetaklab, erdi band,
Ipni kesdi o‘g‘ri, chaldi ilkidan.
Sho‘rlik ogoh bo‘ldi, chopdi o‘ngu so‘l,
Axtarib qo‘chqorni topmoq bo‘ldi ul.
Ko‘rdi bir kimsa quduqning boshida,
Qayg‘usi oshkor edi ko‘z yoshida.
So‘rdi: ne bo‘ldi? Dedikim, voy inim,
Shu quduqqa tushdi hamyon oltinim.
Gar olib chiqsang, madad bersang menga,
Yuz dinorning o‘ttizin bergum senga.
O‘yladi ul sodda ko‘ngilning quli:
Kam emas bu, o‘nta qo‘chqorning puli.
Bir eshik yopganda ochdi o‘ntasin,
Oldi bir qo‘chqorni, berdi tevasin...
To‘n yechib, tushdi quduqqa da’fatan,
Ildi-qochdi o‘g‘ri joma-to‘nni ham.
Chora top, manzilga eltsin ul seni,
Eltsa ofatga, tamah deb bil ani.
O‘gridir, bir fitna siyratdir tamah,
Har nafas bir o‘zga suvratdir tamah.
Banda bilmas makrini, bilgay Xudo,
Haqqa bor, qolsin alamda ul dag‘o .
* * *
Jon base chekding-ku, ozod bo‘lmading,
Muddao o‘lmokdik erdi, o‘lmading.
O‘lmaguncha mehnating bo‘lmas tamom,
Narvonsiz tomga chiqmog‘ing gumon.
Balki ul bir-ikki poya kam bo‘lur,
Tom senga yuksak va nomahram bo‘lur.
Yetmasa arqon quduqqa, bo‘lmagay,
Sen tushirgan ko‘za suvga to‘lmagay.
Kelmaguncha so‘nggi yuk og‘ir, garon,
Kema g‘arq bo‘lgaymu suvga, ey falon?
Ne etar bo‘lsa, o‘shal yuk etgusi,
Vahmu vasvos kemasin cho‘ktirgusi.
Aqlu hush g‘arq bo‘lsa suvga misli tosh,
O‘zni ko‘rgaysen falak uzra quyosh.
O‘lmading, chun bo‘ldi jon chekmak daroz,
Yon, ado bo‘l tongda, ey sham’i Taroz.
Bo‘lmaguncha yulduzing ko‘zdin nihon,
Nur taratmas senga xurshidi jahon...
* * *
Bir kishi so‘rdi amirdan ot-ulov,
Ul dedi: ol, senga bo‘lsin shul bedov.
Men bu otni istamasmen, dedi ul,
Olg‘a yurmas, ortga tislangay nuqul.
Shunda mir o‘rgatdi ishning yo‘rig‘in,
Boshin ermas, uyga burgul quyrug‘in.
Nafsing oti quyrug‘i shahvat magar,
Shul sababdin ortga tislangay o‘shal.
Ko‘kdin ermish, angla shu buyruqni sen,
Oxiratga bur o‘shal quyruqni sen.
Bermasang shahvatga nonu oshini,
Ul egar aqli sharifga boshini...
* * *
Keldi giyloniyga yo‘qsil bir gado,
Qo‘l ochib, xayri duo etdi ado.
Chun duoe etdi ul olganda non:
Manzilingga Tangri yetkazsin omon.
Dedi giyloniy: bu uy-manzil manim,
Manzilingga Tangri yetkazsin seni.
Ahli g‘ofil bo‘ylakim kor aylagay,
So‘ylama, gavhar so‘zing xor aylagay.
Har kishi ham so‘zni uqmog‘i qiyin,
Qaddi bastni ko‘r-da, to‘n bichgil keyin...
* * *
Bir eshikka bir gado kelmish edi,
Yoki qotgan, yoki yumshoq non, dedi.
Dedi sohibxona: bunda non qani?
Non do‘konidin so‘rab, axtar ani.
Dedi: jindak yog‘ xayr etsang-da bas,
Dedi: bu qassob do‘koni ham emas.
Dedi bir kaf un xayr etgil, jigar,
Dedi: bu senga tegirmonmu magar?
Dedi: bir jom suv uzatgil bo‘lmasam,
Dedi: bu anhor emasdir, chashma ham.
Xullasi har ne tilandi, so‘rdi ul,
Yo‘q, debon keldi javobi, yo‘q nuqul.
Shunda uyga kirdi, dedi: qistadi,
Cho‘nqayib, hojat qilishni istadi.
Dedi: hay-hay, ne etarsen xonada,
Bir yozilgum, dedi shul vayronada.
Bas, tiriklikdin yiroq bir xona ul,
Uy emas, aslida hojatxona ul...
* * *
Kim yomon bir do‘stgakim sabr aylagay,
Sabr ila ko‘nglin munavvar aylagay.
Sabr etib oy tunga, ko‘kda to‘yi bor,
Gul tikanga sabr etib, obro‘yi bor.
Sabr etib, sher yo‘lni poylaydir necha,
O‘lja bo‘lgay so‘ngra unga tevacha.
Sabr aylab anbiyo ham har qachon,
Xosi Haq bo‘lmish ular, sohibqiron.
Gar kishi egnida yangi to‘n erur,
Sabru bardosh birla yetmish to‘nga ul.
Gar kishi ersa yalang‘och, benavo,
Besabrdirkim, erur yo‘qsul, gado.
Kimda ersa dardu og‘riq shiddati,
Balki, bir makkor ila bor ulfati.
Sabr etib, gar Haqqa etsayding vafo,
Sen tushib hijronga, chekmasding jafo...
* * *
Ko‘z-bulut, ko‘ngil - chamandir, jilvagar,
Gar bulut ko‘zyoshi to‘ksa, bog‘ kular.
Yil agar ofatli kelsa, oftob
O‘t sochib, bog‘larni qilgaydir xarob.
Yig‘lamoqlik amrini Haq berdi, lek,
Tirjayarsen muncha kuygan kalladek.
Sham kabi ko‘zyoshi to‘kkil, yig‘lagil,
Sham kabi o‘ini munavvar aylagil.
Ota-ona koyisa, istar samar,
Yetmasin der senga bir zahmu zarar.
Kulgular zavqini totding begumon,
Endi yig‘lash zavqini tot, ey falon.
Gar jahannam yodi yig‘latsa seni,
Jannatul ma’vodin ortiq bil ani.
Kulgular izla chu ko‘z yosh ichrakim,
Ganj yotur vayronalarda, ey salim.
Zavqu shavq g‘amlarda ermishdir, ayo,
Obi hayvon bo‘ldi zulmat ichra jo...
* * *
Yorga yetgach, xomush o‘ltirmoqni bil,
Sen uzukka o‘zni gavhar etmagil.
Boq o‘shal jum’a namozga, damni yut,
Jumla jamdirlar va etgaylar sukut.
Ayla xomushlikni o‘zga chin makon,
O‘zgalarga aylama o‘zni nishon.
Dedi payg‘ambar, sharaf bo‘lsin anga,
Do‘stu yoring yo‘lchi yulduzdir senga.
Ko‘zni yulduzlarga tik, tark aylama.
So‘z nazarga rahna solgay, so‘ylama.
Ikki - uch so‘z to‘g‘ri so‘ylarsen, falon,
Egri so‘zlar so‘ngra kelgay nogahon.
Ma’lum ermasmu magar ibrat senga,
So‘zni so‘z ochgay, degan hikmat senga?
To‘g‘ri so‘zni aytmoq istarsen yonib,
Egri so‘zga yondashursen tiyg‘anib.
Toza so‘z aytmoqqa ochgaysen dahon,
Ergashib, bir tiyra so‘z kelgay hamon.
Kimgakim so‘zni vahiy etmish Xudo,
So‘zi sofdir, Unga so‘z aytmoq ravo...
* * *
Ming o‘qi, gar yetmasa Haqdin karam,
Xotirangda qolmagay bir nuqta ham.
Haqqa xizmat qil, kitobsiz ham ajab,
Yenglaringdin sochilur ilmu adab.
Qo‘yniga qo‘l soldi Muso, topdi nur,
Ko‘kdagi oydan-da porloq erdi ul.
Izlamishding nurni osmondin magar,
Ey Muso, qo‘yningda ermishdir o‘shal.
Boshing uzra necha osmon bahsidir,
Aslida aqli basharshshg aksidir...
* * *
Aqlu hush yurmas umidsiz yo‘lga hech,
Ishq esa yurgay u yo‘ldin erta-kech.
Louboli-ishq emishdirkim, naql,
Qayga borsa, foydasin izlar aql.
Lek balolar ichra ishqning boshidir,
Boshida doim tegirmon toshidir.
Ortga boqmas, olg‘a bosgaydir mudom,
Bahrajo‘ylikdin yiroq ermish tamom.
Boru yo‘g‘in o‘rtaga tashlar o‘shal,
Neki olmish, qaytarib bergay tugal.
Bu sifatni ishqqa bermishdir ulug‘,
Olganin ul Haqqa qaytargay to‘liq...
* * *
Benavomen, davlatim bergil menga,
Ranj ko‘rdim, rohatim bergil menga.
Bo‘yla ko‘z yoshlarga g‘arq etding meni,
Eshiging ko‘rmoqqa endi ko‘z qani?
Ber bu so‘zsiz bandaga yoshdin ulush,
Sabzalar unsin o‘shal yaylovda xush.
Ko‘zlarimda bitsa yosh bardoshidin,
Ko‘zlarimga ber Nabiy ko‘z yoshidin.
Qancha izzatmandi, behamto, suyuk,
Tangridin ko‘z yoshi so‘rdi ul buyuk.
Yig‘lamasmu bo‘ylakim kelganda kez,
Men kabi bir benavoyu kosales?
Ulki ko‘z yoshlarga chun maftun erur,
Ne ajab, ashkim agar Jayhun erur.
Qatrasi ul necha Jayhundin ziyod,
Insu jinslar topdilar andin najot.
Yomg‘ir istar ersa jannat gulshani,
Istamasmu sho‘rlagan tuproq ani?
Ey rafiq, etgil duoyi nolishing,
Ul qabul bo‘lgaymu, bo‘lmas, ne ishing?
Nonni deb gar ko‘zlaringda bitsa suv,
Sen o‘shal nondin hamono qo‘lni yuv.
O‘zni mavzun ayla, epchil, nolakor,
Ko‘zlaring yoshiga ul noningni qor...
* * *
Shoh dedi: lutfi azaldir yaxshilik,
O‘rnida ersa, go‘zaldir yaxshilik.
Ruxga gal kelganda shoh surmoq - xato,
Shohga gal kelganda ot yurmoq-balo.
Lutf bor joyda jazo ham bo‘lgusi,
Shoh saroyga, ot oxurga borgusi.
Har nekim o‘rnida ersa, adl erur,
Zulm o‘lur o‘rnida ermas ersa ul.
Haq yaratmish, bejiz ermas, esda tut,
Qahru kin, rahmu ayov, makru o‘git.
Hech biri dunyoda mutlaq xayr emas,
Hech biri dunyoda mutlaq sharr emas.
Har biridin naf kelgaydir, zarar,
Lozim o‘lgay ilm olmog‘ing magar.
Ey baso miskinga etmishlar itob,
Nonu halvodin-da ul xayru savob.
Gohi kaltak doru darmondir anga,
Gohi halvo ofati jondir anga.
Lozim ersa, etma shafqat, shatta ur,
Urganing yuz bir balodin qutqarur.
Shatta quvgaydir kishi nayrangini,
Shatta to‘kkaydir namatning changini.
Bazmu zindon yonma-yon, hamroh emish,
Yaxshiga bazmu yomonga choh emish.
Tibda ham avval yorilgaydir yaro,
So‘ngra bir malham surilgaydir ango.
Kun o‘tarkan, foydasi bo‘lgay ayon,
Qo‘l tegizmoqlik anga etgay ziyon...
* * *
Besh namoz birlan taralmaydir xumor,
Ul taralmas, bo‘lsa hamki yuz hazor.
Kam ziyorat et, deyilmish, boshqadir,
Ahli sodiq joni doim tashnadir.
Suvda yurgaydir baliqlar har qachon,
Suv agar yo‘q ersa, qayda unsi jon?
Qanchalar cheksiz bu dengiz, o‘ylakim,
Tashna ko‘ngillarga lekin - bir yutum.
Bir nafas hijron anga - bir yilchadir,
Yor ila bir yil ko‘rishmoq - qilchadir.
Tashnadir oshiq, chu izlar tashnani,
Kecha-kunduzdek ta’qib aylar uni.
Kechani izlaydi kunduz, oshiq ul,
Kecha-kunduzdan-da oshiqroq erur.
Bir-birin ko‘zlaydi izlab har nafas,
Bir-birin izlaydi ko‘zlab har nafas.
Ul oyog‘iga tushib, behush anga,
Bul qulog‘idin tutib, madhush anga.
Ne emish oshiqda o‘y, ma’shuq faqat,
Ne emish Uzroda o‘y, Vomiq faqat.
Ma’shuqa ko‘nglida oshiqdir nuqul,
Ikkisin ayro etuvchi qayda ul?
* * *
Eyki senga sadqadir sarvu suman,
Lutfu ehsoningga jonim orzumand.
Men tilab lutfing, o‘larmen, ey nigor,
Shunda ham lutfing tilarmen, ey nigor
Balki kelgaysen mozorim boshiga,
Ko‘z yoshing tomgay mozorim toshiga.
Yig‘lagaysen unda mahrum deb meni,
Benavo, bechora, mazlum deb meni.
Sen o‘shal lutfingni ko‘rsat shul zamon,
Sen o‘shal so‘zlardin aytgil bir nishon.
Senki ul qabrimga dersan, sevganim,
Shul zamon aytgil qulog‘imga manim...
* * *
Dedi so‘fiyga chu davlatmand xo‘ja.
Men sening poyingda qurbonmen necha.
Yo bugun bir tanga ol yo ertaga
Bir emas, uch tanga bergaymen senga.
Yarmini gar kecha bersayding, dedi,
Bir emas, yuz tingadin avlo edi.
Nasya nondin naqd mushtum menga xush,
Shayladim boshimni, urgil unga musht.
Har nafas boshimga tushsin zarbasi,
Ur menga mushtingni, jonim sadqasi.
Och ko‘zing, jonu jahonim, turmagil,
Dam g‘animat, naqdni qo‘ldin bermagil...
* * *
Gar quyosh ul ko‘kda porlar bir o‘zi,
Ne emish oldida yuzlab yulduzi?
Mingta sichqon to‘planib, g‘avg‘o qilur,
Yo‘lini to‘sgay mushuk, qo‘rqmaydi ul.
Bas, nechuk sichqon mushuk-la jang etar,
Jonida yo‘qsa jamiyatdin asar?
Suvrat ichra yo‘q jamiyatda baqo,
Ma’ni ichra so‘r uni, bergay Xudo.
Hosil etgaymu jamiyat ko‘p jism,
Har jism yel uzra turgay chun ism.
Bo‘lsa sichqonlarda birlik tuyg‘usi,
Tarqalib turmas pisib, to‘plangusi.
Birlashib tushsaydi dushman qasdiga,
Yoprilib g‘addor mushukning ustiga.
Timdalab ko‘zu qarog‘in qaybiri,
Qiymalar erdi qulog‘in qay biri.
Boshqasi ko‘ksidin ochgaydi tengak,
Ul jamiyatdin qutilmasdi mushuk.
Ne qilur birlik u sichqon jonida,
Gar mushukdin titrasa har onida?
Bittamas, yuz mingta sichqon bo‘lsa ham,
Bir mushuk oldida ojizdir, adam...
* * *
Ko‘chadin o‘tganda Yusuf har kezi,
Darchalarga shu’la solgaydi yuzi.
Uylarida o‘ltirib mardum magar,
Bul tarafga o‘tdi Yusuf, derdilar.
Darchalarga shu’lalar tushgay edi,
Shu’lalardin ko‘cha yorishgay edi.
Darchasi ochilgan ersa ul taraf,
Uyga tushgay erdi Yusufdin sharaf.
Darcha och Yusuf tomonga tinmayin,
Ko‘z solib ko‘rgil tomoshani keyin.
Ishq degan ul darcha ochmoqdir, o‘g‘il,
Do‘st jamoli ursa, dil ravshan bo‘lur.
Ma’shuqa yuziga har dam sol nazar,
Bul sening ilkingda ermish, ey jigar.
Tut mudom ko‘ngilga kirmoq peshasin,
Sur nari o‘zga xayol, andishasin.
Kimiyong bordir, davoyi po‘st qil,
Yo‘l topib, dushmanlaringni do‘st qil.
Chun nasib etgay o‘shal zeboyi xos,
Jonni bekaslikdin ul aylar xalos.
Bergusi jon gulshaniga ul najot,
G‘amdin o‘lganlarga daryoyi hayot.
Dema, yolg‘iz davlati dun bergusi,
Yuz tuman mulki gunogun bergusi.
Boq, nechuk mulki jamolin berdi Haq,
Tushni ta’birlashni bedarsu sabaq.
Mulki husni soldi zindonga ani,
Mulki ilmi eltdi Ka’aomga ani.
Podsho qul bo‘ldi unga, cho‘kdi tiz,
Mulki ilmi mulki husnidin aziz...
* * *
Ey simirding yeru ko‘kdin ayricha,
Shul yo‘sin jismingni to‘ldirding necha
Chun yig‘ib dunyoning uzvi-uzvidan,
Parcha-parcha to‘plading, etding badan.
To‘plading jonu taningga qanchalar,
Yeru ko‘klardin, quyoshdin parchalar.
Uyla lekin, senga bergaymu tekin,
Berganin ul qaytarib olmasmikin?
O‘g‘rikim chaldi, matohi bir kuni
Dor og‘ochi ostiga eltar uni.
Ne omonatdir, uni ko‘rmoq kerak,
Neki olding, qaytarib bermoq kerak.
Tandamas boqiy tiriklik ruhdadir,
Ruhni bergil, boshqasi behudadir.
Jonga nisbat so‘yladim behudani,
Haqqa nisbat lekin aytmasmen ani...
* * *
Dedilar shahzodalar: xizmatdamiz,
Amring etgaymiz ado albatta biz.
Baski vojibdir hama farmonlaring,
Kufr bo‘lgay bilmasak ehsonlaring...
Lekin istisnovu tasbihi Xudo,
So‘ylamay, chun etdilar kibru havo.
Ne karam bor inshoolloh toshida,
So‘ylamishdik Masnaviyning boshida.
Yuz kitobdin muddao bir bob erur,
Yuz jihatdin maqsad ul mehrob erur.
Necha yo‘llardin murod bir xonadir,
Ming boshoqning ildizi bir donadir.
Turfa-turfa nozu ne’matlarki bor,
Aslida bir narsa, etsang e’tibor.
Bittasi birlan magar to‘ysang tamom,
Tortmagay, bo‘lsa yana ellik taom...
* * *
Ichma suvrat jomini, hay, bo‘lma mast,
Bo‘lmagil to buttaroshu butparast.
Kech o‘shal suvrat qadahdin, ey o‘g‘il,
Boda jomdanmas, magar jom ichra ul.
Bodabaxshga tut og‘izni damba-dam,
Boda bo‘lsa, bas, topilgay jomi ham.
Odamo, ma’niyi dilbandimni so‘r,
Qobig‘u suvratni qo‘y, ul ne erur?
Baski qum bo‘ldi Xalilullohga un,
Ey aziz, bug‘doy ne hojat sen uchun?
Suvrat ul olgay besuvratdin vujud,
Misli otashdin kelur dunyoga dud...
* * *
Ul Zulayho derdi "Yusuf" damba-dam,
Unga Yusuf erdi isroqdoni ham.
Joylamishdi barcha nomlarga uni,
So‘ylamishdi jumla jonlarga uni,
Desakim gar, mum olovdin yumshadi,
Yoridin bul mehr ko‘rgoni edi.
Desa gar, yuz ochdi moviy ko‘kda oy,
Desa gar, durkun teraklarda chiroy,
Desa, barglarning alomat raqsi bor,
Desa, isriqdin taralgay xush ufor,
Desa, bulbul o‘ltirur gulnoz ila,
Desakim, shoh sirlashur shahnoz ila,
Desa gar, baxtim bahori lolagun,
Desa gar, silking gilamlarni bugun,
Desa gar, keltirdi mashkob obi nob,
Desa gar, tong otdi, chiqdi oftob,
Desakim gar, kecha tortilgan taom,
Totli erdi, etdi ko‘ngillarni rom.
Desakim, nonlarda tuz yo‘q, benamak,
Desakim, voy, chappa aylandi falak.
Yo magar boshim to‘la og‘riq, desa,
Yo magar boshimda og‘riq yo‘q, desa,
Maqtasa bir ishni, bois ul edi,
Nolisa, bois-da yolg‘iz ul edi.
Keltirarkan tilga yuzminglarcha nom,
Maqsudi Yusuf edi, Yusuf tamom...
* * *
Tikka turgaydir ilon ham misli marg,
Og‘zida ov ovlamoq-chun sabza barg.
O‘tlar ichra o‘tga o‘xshar govdasi,
Qushga ul-durkun o‘simlik novdasi.
Kush boqib, to‘ymaydi yaproq raqsiga,
Talpinib, tushgay ilonning og‘ziga.
Boq, yotur og‘zin ichib timsoh atay,
Qurtlari tishlar arosinda talay.
Har nekim tutmish, yemish, qoldiqlari
Qurtlanib, qolmish kavaklarda bari.
Qushchalar g‘ujg‘on u qurtlarni ko‘rib,
Rizq bilurlar, birma-bir yerlar terib.
Og‘zi qushga to‘lsa, timsoh nogahon,
Og‘zini yumgay-da, yuttaydir hamon.
Sen jahonning holiga solgin nazar,
Og‘zini ochgan buyuk timsoh magar.
Rizqu ro‘zing axtarib dargohidin,
Sen qutilmassen uning timsohidin...
* * *
Til, dudoq qishloqilarga o‘xshagay,
Ki shahar bozoriga kelmish atay.
O‘tmasak, sarqit matoh ham shundadir,
Ko‘p asl, qimmatbaho ham shundadir.
Sudu savdo kimniki, bilganniki,
Ulki bilgay ne asl, ne qalbaki.
Qay biriga foyda kelgaydir, samar,
Qay biriga - koni tashvishu zarar.
Uzvi olam go‘lu nodonga-tugun,
Kashfiyotdir ul asl ustod uchun.
Ul biriga qand, biriga og‘udir,
Ul biriga lutf, biriga qayg‘udir.
So‘ylasa toshlar, eshitgay anbiyo,
Hojilarga Ka’ba ermishdir guvoh.
Masjid o‘lgaydir namozxon shohidi,
Der: yiroq yo‘llar bosib kelmish edi
Gar Halilullohga otash erdi gul,
Lek halokat erdi namrudiyga ul.
Necha bor aytdik bularni, ey Hasan ,
Ne qilay aytmoqdin aslo to‘ymasam?
* * *
Yer qushi dengizga tushsa, ne bo‘lur,
Ul suzolmaydi, muqarrarkim o‘lur.
G‘allasiz tushsa tegirmonga kishi,
Soch-soqolini oqartmoqdir ishi.
Charx tegirmoniga donsiz tushma, hoy
Soch-soqoling oq etar, qaddingni yoy.
Doni borlarni tegirmon siylagay,
Molu mulk bergay, mukarram aylagay.
Avval iste’dod kerak jannatga ul,
So‘ngra jannat ichra davroningni sur.
Yosh go‘dakka ne sharobdir, ne kabob,
So‘ylama behudadir sharhu xitob.
So‘nggi yo‘q so‘zdir bu, sanjob aylagil,
Kasbi iste’dod etishni o‘ylagil.
* * *
Jumla Qur’on - sharhi sirri nafs erur,
Boq o‘zing Mushafga, gar ko‘z bo‘lsa ul.
Anglatur Qur’on u kofirlarni ham,
Qilni qirq yorgan baloxo‘rlarni ham.
Har zamonda qo‘zg‘alib ul ahli dov,
Nogahon dunyoga urgaylar olov...
* * *
Narsa yo‘qkim, xoriji olam erur,
Har ne istarsen, o‘zingda jam erur.
* * *
Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil,
Ko‘z bo‘rmu Haqni ko‘rmas bo‘lsa ul?
* * *
Kelmadik hajru firoqu fasl uchun,
Vasl uchun keldik jahonga, vasl uchun.
* * *
Kimki badbaxtdir, kuyikdir xirmani,
Yonmasin der o‘zga insonlar shami...
* * *
El uchun adlu adolat bo‘lsa, bas,
Andin o‘zga posboning shart emas...
* * *
Voqifi Haq ulki, iymon ichradir,
Har nafas bir bog‘u bo‘ston ichradir.
* * *
Xush demish andoq Rasuli dilnavoz:
Zarra aqling sadqasi savmu namoz...
Dil aqldin nurga to‘lgay damba-dam,
Ham yetar nurdan nasiba ko‘zga ham...
* * *
Men nechuk bir kimsaman Mahshar kuni,
Jumla olam ilmiga jon bil buni...
* * *
Gar usul bilsang - bilimlar naqshidir,
Andin o‘z aslingni bilgan yaxshidir...
* * *
Aql yuz ochsa jahon ko‘zgusida,
Tiyra bo‘lgay kun uning o‘trusida...
* * *
Odamiy olat ila erkak emas,
Olim ersang, etma johil birla bahs...
* * *
Tevaga yantoq, tikanlardir yemish,
Ul sababdin ko‘zlari yashnoq emish
* * *
Bul qirilmish deb sadafga boqmv xor,
Bag‘rida balki munavvar inju bor. ,
* * *
Puflama sham’i Xudoni, ey falon,
So‘ngra otashlarda yongaysen yomon...
* * *
Lojaram dunyo muqaddam keldi, bas,
Toki bil deb qadri iqlimi Alast...
* * *
Sengamas, ko‘z tashlagum ko‘nglingga men,
Tuhfa aylab, keltir ostonamga sen...
* * *
Partavi Haqdir ayol, ma’shuq emas,
Misli Xoliqdir ayol, maxluq emas.
* * *
Xalqni o‘ylab, xalqqa bergum deb madad,
Yov bilan maydonga tushgay sheri mard.
* * *
Sirri jon ulkim, xabar imkoni bor,
Kim xabardor ersa, ko‘proq joni bor.
* * *
Ta’siri jon baski ogohlik erur,
Kimda ul ko‘p ersa, ollohlik erur...
* * *
Tong - kichik mahshar emishdir, iqtibos,
Sen buyuk mahsharni andin et qiyos...
* * *
Gar asoni ajdaho etmas kishi,
Ajdaho birlan nechuk bo‘lgay ishi?
* * *
Tushsa senga bir Xudoyorning ko‘zi,
Yor bo‘lur senga Xudoyimning o‘zi...
* * *
Bu jafolarkim, etar ahli jahon,
Ganji boylikdir, senga kelmish nihon
* * *
Garchi tanholikda tan uxloq erur,
Dil aro sakkiz bihisht yashnoq erur...
* * *
O‘zgadir mahram tili ro‘zi azal,
Hamko‘ngillik hamzabonlikdin go‘zal...
* * *
Har ko‘ngil bog‘ida bir xas kam bo‘lur,
Bir emas, oqilda ming bir g‘am bo‘lur...
* * *
Noahillarga sabr zt, ey ko‘ngil,
Har nechuk ko‘ngilni poklaydir sabr...
* * *
Osmonkim, goh alamlar bergusi,
Muntazir bo‘l, senga to‘n kiydirgusi...
* * *
Haqdin o‘zga barchasi dushman, U - do‘st,
Do‘stdin dushmanga dod aylarmu do‘st?
* * *
Odamiy - ko‘zdir, ko‘rish o‘lgunchadir,
Har necha ul ko‘rsa, qadri shunchadir...
* * *
Ilmu fan deb o‘lsa, muqbil oti bor,
Bu o‘limda yuz tiriklik toti bor...
Ittifoq ermish o‘lim ummat aro,
Obi hayvondir o‘shal zulmat aro...
* * *
Yuz sanoch oltinni to‘ksang, ey g‘ani,
Haq degaykim, topganing ko‘ngil qani?
* * *
Xotami mulki Sulaymondir - ilm,
Jumla olam suvratu jondir - ilm...
* * *
So‘z tilarsen, dilda turmog‘in tila,
Jon toparsen baski xomushlik ila...
* * *
Tangrining qahri buzish ermas, tuzish,
Tangridin jon saqlamog‘ing - jon uzish...
* * *
Sen shikasta dil bila etgil duo,
Ki siniq ko‘ngildadir fazli Xudo...
* * *
Lavhi mahfuz do‘stga - do‘st peshonasi,
Ikki olam sirrining koshonasi...
* * *
Ishq shivirlaydir qulog‘imga nuqul:
Sayd bo‘lish sayyod bo‘lishdin yaxshidir...
* * *
Mo‘‘jiza ermas falakda oftob,
Mo‘‘jiza olamda ul Ummul kitob...
* * *
Tangri Qur’oniga bo‘lsa rag‘bating,
Avliyolar birla bo‘lgay suhbating...
* * *
Hurmat etgan er bo‘lur hurmatli er,
Kimki qand bergay, o‘shal lavzina yer...
* * *
Boqma kofirga balanddin besabab,
Bir kuni bo‘lsa musulmon, ne ajab?
* * *
Zohiring garchi qorong‘udir, bashar,
Botining ichra gulistoning yashar...
* * *
Sen borib, zulmatni yondir nur bila,
Jon quyoshing so‘igra so‘nmaydir sira...
* * *
Soya oftobga dalil bo‘lgaymu hech?
Nur degan nurdir, zalil bo‘lgaymu hech?
* * *
Zid bilan ziddan tug‘ilgaydir fano,
Zidki yo‘q ersa, qaror topgay baqo...
* * *
Baxti kulgan barcha insonlar bilur,
Kibr - Iblis, ishq - Odamdin kelur...
* * *
Podsho ruhi esa nahri zilol,
Bor ariqlarning suvi ham ayni hol...
* * *
Aql erur Haq soyasi, Haq - oftob,
Oftobga soya hech bergaymu tob?
* * *
Sen qanoat ayla, bu hikmat senga,
Zoti iymondir buyuk ne’mat senga...
* * *
Ishq magar avval emishdir, oxir ul,
Bitta ko‘rgil ishqni, ikki ko‘rmagil...
* * *
Ishqdin o‘zga husni jonon qayda bor?
Jondin o‘zga tanga darmon qayda bor?..
* * *
Ishq sharhin so‘ylasam, etsam davom,
Yuz qiyomat o‘tsa ham bo‘lmas tamom...
* * *
Yuz qiyomat ham o‘tar, turmas abad,
Tangri vasfiga vale bo‘lgaymu had?
* * *
Haq mayidin kimki bir qultum ichar,
Bir emas, ul ikki olamdin kechar.
Ul musaffo may sururi o‘zgacha,
Mastligi eltar seni mahshargacha...
* * *
Qo‘y bu donolikni, hayronlik go‘zal,
Ul biri - shubha, gumondir, bul - nazar...
* * *
Odamiy - bir kemadir, bor yelkani,
Yel surib, manzilga haydaydir ani...
* * *
Olami avval - jahoni imtihon,
Olami soniy - jazodir beomon...
* * *
Sen o‘zingdin-ku qocholmassen, aniq,
Bas, netib Haqdin qocharsen, ey rafiq?
* * *
Baski dor uzra yurolmassen dadil,
Yerda yurmog‘ingga sen shukr aylagil...
* * *
Garchi sust yurguvchi, gar chopguvchidir,
Izlagan kimsa magar togxguvchidir...
* * *
Sen talabni ustuvor et doimo,
Ki talabdir yo‘llaguvchi rahnamo...
* * *
Darding ortganda, Xudo, deb bo‘zlagil,
Har ne istarsen, Xudodin izlagil...
* * *
Qayda bir ko‘zdin yiroq vayrona bor,
Unda bir ganji nihon, afsona bor...
* * *
Haq yaratdi kimiyolar naqshini,
Ko‘rmadi odam sabrdin yaxshini...
* * *
Sersoqol gar uyda ko‘rmas narsani,
Ko‘sa ko‘rgaydir yiroqlardin ani...
* * *
Zoti inson Arshdanam yuksak erur,
Bo‘yla yuksakdirki, sig‘mas so‘zga ul.
* * *
Qiymatin gar so‘ylasam, etsam bayon,
Men kuyarmen, balki yongaydir jahon...
* * *
Ishq tili rubob tilidek sir emish,
Turku yunonu arabga bir emish...
* * *
Men jamod erdim, keyin bo‘ldim nabot ,
So‘ngra hayvon jismida surdim hayot.
O‘ldimu qad rostladim odam bo‘lib,
Men qachon o‘lganda qoldim kam bo‘lib?
Bas, o‘lay bir hamla birlan men, bashar,
So‘ng maloyiklar-la yozgum bolu par.
Men malak ersam, yana qurbon bo‘lay,
Doxili ul dargahi Rahmon bo‘lay...
* * *
Haq madad aylab, inoyat etdi chun,
Topdi shu oltinchi daftar ham yakun.
Cho‘zma ortiq, yuzga men chekdim niqob,
Gap tamom, vallohu a’lam bissavob...
Bu kitob poyonga yetdi oqibat,
Naqd bo‘lib, unvonga yetdi oqibat.
Osmonga nardbondir bu kalom,
Tirmashib chiqqan ko‘rar tom uzra tom.
Ul oyoq qo‘ymas faqat ko‘k jomiga,
Ul chiqar undan balandroq tomiga.
Ko‘kka yetgaydir o‘shal yoqdin navo,
Charx mudom aylansa, bois ul havo...