OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jaloliddin Rumiy. Ruboiyot
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJaloliddin Rumiy
Asar nomiRuboiyot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Jaloliddin Rumiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Ruboiylar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm56KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Ruboiyot
Jaloliddin Rumiy

Jaloliddin Rumiy (1207—1273)

Jaloliddin Rumiy — jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. U oʻzidan keyingi Sharq va Gʻarb soʻz san’atiga katta ta’sir oʻtkazdi. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk soʻz ustalari Mavlononi oʻzlariga ustoz deb bilishgan. Buyuk Hyote Abulqosim Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Xoʻja Hofizlar qatorida Jaloliddin Rumiy ijodini ham «Xizr chashmasi» deb atagan. Mashhurlikda Firdavsiyning «Shohnoma»si, Sa’diyning «Guliston»i, Hofizning «Devon»i bilan bir qatorda turgan, forsiy Qur’on nomi bilan shuhrat qozongan «Masnaviyi ma’naviy»ni inson ma’naviy hayotining qomusi sifatida nafaqat Sharqda, balki Gʻarbda ham ixlos bilan oʻrganishgan. «Dekameron» asaridagi koʻplab syujet va motivlarni Sharq ogʻzaki va yozma adabiyotidan olgan Jovani Bokkachcho «Masnaviyi ma’naviy»dagi qator hikoyatlar asosida ham novellalar yaratganligi ma’lum.

Mavlono 1207 yilda qadimiy Balx shahrida oʻz davrining mashhur mutasavvuf donishmandi,yirik xatib va voizi boʻlgan Bahovuddin Valad oilasida dunyoga keladi. Bahovuddin Valad aslida Shayx Najmiddin Kubro (1135 - 1221) ning Majdiddin Bagʻdodiy, Sa’duddin Hamaviy, Raziuddin Aliyi Lolo, Sayfuddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy kabi 300 ga yaqin zabardast shogirdlaridan biri hisoblanardi. Jaloliddin 12 yoshida uning ota-onasi ham moʻgʻul bosqini xataridan qochish, ham haj farizasini ado etish niyatida Balxni tark etadilar.

1230 yildan bu oila Kuniyada qoʻnim topadi. Yosh Jaloliddin Shom, Halab, Damashq, Qaysariya va boshqa yirik ilm markazlarida 7 yil ta’lim oladi, oʻz davrining etuk donishmandi boʻlib etishadi. Taniqli rumiyshunos Zarrinkub ta’biri bilan aytganda, "Mavlononing 68 yillik ajoyib umri boshdan oyoq bir she’r, goʻzal, betakror, tugʻyonli ash’or jarayoni, sadosi va bongi bilan yoʻgʻrilib oʻtdi".

Mavlono Rumiy oʻzidan keyingi avlodlarga 5 muhim va qimmatbaho asar qoldirdi:

  1. "Devoni kabir", "Devoni shamsi tabriziy", "Devoni shamsul haqoyiq" degan nomlar bilan mashhur devon. yevon gʻazal va ruboiylardan iborat.
  2. "Masnaviyi ma’naviy" - 25700 baytdan iborat bebaho tasavvufiy-ishqiy asar. Songgi yillarda taniqli oʻzbek shoiri Jamol Kamol tomonidam I-II - jildlari, shoir Asqar Mahkam tomonidan I-jildi oʻzbek tilida nashr etildi.
  3. "Fiyhi ma fiyhi" ("Ichingdagi ichingdadir") - Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy kitob. 1998 yilda Toshkentda oʻzbek tilida nashr etildi.
  4. "Mavoizi majolisi sab’a" - bu asar Rumiyning etti oʻgit va pand-nasihatlaridan iborat.
  5. "Maktubot" - Mavlononing turli davrlarda zamondoshlariga yozgan maktublaridan tashkil topgan toʻplam.

Jaloliddin Rumiy ijodi yuksak badiiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir quvvatiga ega. Taniqli olim va adib Radiy Fish soʻzlari bilan aytganda, shoirning «mavhum mantiqiy kategoriyalarda emas, balki otashin shoirona timsollar vositasida» talqin etilgan tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy oʻsish, oʻzgarishda ekani, eskining yoʻqolib, yangining paydo boʻlishi — «dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi»dan iboratligi toʻgʻrisidagi qarashlari buyuk nemis faylasufi Gegelyushg e’tiroficha, unta dialektik metod yaratishga yordam bergan. Yoki ulugʻ mutafakkir Husn va Ishq tortilishi misolida birinchi boʻlib olamning asosida oʻzaro tortishish kuchlari yotishi haqidagi fikrni oʻrtaga tashlaydiki, mazkur qonunning chindan-da amal qilishini bir necha asrdan keyin ingliz olimi N'yuton kashf etdi.

Jaloliddin Rumiy ijodi usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi. Zero, shoirning millati — turk, kelib chiqishi — xorazmlik. Uning buvisi Alo’iddin Muhammad Xorazmshohning qizi boʻlgan. Mavlono tavallud topgan Balx shahri u davrda Xorazmshoxlar davlatiga qarar edi. Hozirda Afgʻoniston hududida boʻlgan bu qadimiy va dongdor shahar aslida uzoq asrlar mobaynida Turon mulkining mashhur shaharlaridan biri sanalib kelgan.

Jaloliddin Rumiy she’riyatini, asosan, ilohiy ishq bilan bogʻlashadi. Bu bejiz emas. Zero, Mavlono oʻzining 53 mingdan ortiq misrani oʻz ichiga olgan «Masnaviyi ma’naviy»si, 84 ming misradan iborat «Devoni Kabir» («Ulugʻ devon»)ida yeru koʻkning sarvari boʻlmish Ollohi karimni va uning zamindagi xalifasi Hazrati insonni ulugʻlaydi.

Ma’lumki, Jaloliddin Rumiy oʻz davrining an’anaviy adabiy tili boʻlmish forsiyda ijod qilgan. Bizda shoir ijodini oʻrganish va targʻib etish Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» deb nomlangan tarixiy-biografik romanini tarjima qilish bilan bonshandi (Ruschadan J. Kamol tarjimasi). Shundan keyin Sh. Shomuhamedov Rumiy gʻazallari, ruboiylari va masnaviylaridan bir nechtasini oʻzbekchaga oʻgirib, fors-tojik mumtoz shoirlari asarlaridan tashkil topgan «Injular ummoni» kitobida e’lon qildi. J. Kamol esa avval Rumiy ruboiylari va masnaviylaridan namunalar tarjima qilib, «Uchmoqqa qanot yoʻq vale uchgayman» nomi bilan alohida kitobcha holida nashr ettirgan boʻlsa, yaqinda buyuk «Masnaviyi ma’naviy» tarjimasini nihoyasiga yetkazdi. Jami olti kitobdan iborat bu ulugʻ asarning 4 tasi bosmadan chiqdi. A. Mahkam «Masnaviy»ning birinchi kitobi bir qismini sharhlari bilan oʻzbekchalashtirib, nashr qildirdi.

Hazrat Alisher Navoiy "Ustozlar ustozi" deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa "U paygʻambar emas, ammo paygʻambarlik kitobi bor" deb ulugʻlagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273 yilning izgʻirinli qish kunlarining birida vafot etgan.

Ruboiylar

1

Yashnab, ochilib, menga qarab keldingmi?
Makringni tabassumga oʻrab keldingmi?
Ul kun ketib erding-ku olib qalbimni,
Bul kun yana jonimni soʻrab keldingmi?

2

Ishq ul — toki xalq uchun saodat boʻlsin!
Ishq ul — bu saodat to qiyomat boʻlsin!
Ul ishq meni tugʻdi aslida — ona emas,
Ul onaga ming tahsinu rahmat boʻlsin!

3

Biz oshiqi ishqmiz-u, musulmon boshqa,
Biz zaif chumolimiz, Sulaymon boshqa.
Bizdan soʻra kuygan dilu somon yuzni,
Kim savdo qilar mol bila — doʻkon boshqa.

4

Oʻtgan kecha men erdim-u, jon mahrami boz,
Mendan hama zor erdi-yu, undan hama noz.
Tun oʻtdi-yu, yetmadi biroq soʻnggiga soʻz,
Tunda ne gunoh, boʻlsa uzun dildagi roz?![1]

5

Ul yor havasida dil rubobdir, rubob,
Ishq oʻtida qovrilib kabobdir, kabob.
Dardim eshitib, etsa sukut dildorim,
Shul jimligi menga ming javobdir, javob.

6

Qil yaxshilik — yaxshilikni bilgay dunyo,
Poydordir u yaxshilik tufayli tanho.
Mol qoldi-ku hammadan, qolar sendan ham,
Qoldirdi baxil — mol, yaxshilikni — dono.

7

Ishqing oʻtidan joʻshgusi yoshlik qoni,
Koʻksimda jamoli jonlanar Layloni.
Oʻldirsang agar oʻldir — haloling boʻlsin,
Yor qoʻlida oʻlsa, boqiy oshiq joni!

8

Ishqingda gʻam ichra ushladim koʻngilni,
Qar lahza izingga boshladim koʻngilni.
Yel menga olib keldi bugun boʻyingni,
Shukr etdim-u, yelga tashladim koʻngilni.

9

Olamda vafosi yoʻq kishi kam boʻlsin!
Har bir kuni bevafoni(ng) motam boʻlsin!
Yod etmadi gʻamdan oʻzga hech kimsa meni,
Ming tahsinu rahmat senga, ey gʻam, boʻlsin!

10

Nogoh eshigim hatladi ul dilbari mast,
Ultirdi, may ichdi, ushalib mangu havas:
Yor sochini koʻrib va tutib, oh, u nafas,
Aylandi yuzim koʻzga, koʻzim qoʻlga abas.

11

Diltangman-u, diydori erur darmonim,
Oydek yuzi boʻlmasa, zamon — zindonim.
Hech dilga yaqin kelmasin-u, hech tanga —
Ul qaygʻuki, hijronida topdi jonim.

12

Bizning bu azoblarga sabab tama’i xom,
Halqum gʻami, hoyu havasu hirsi harom.
Koʻz tashla-yu toʻrqovoqqa, fikr ayla: mudom —
Bir don ila qush qismati hal boʻldi — tamom!

13

Jon menga habib edi — begona emish,
Aql menga tabib edi — devona emish.
Vayronaki bor, ganj ila boʻlgay obod,
Vayrona dilim ganj ila vayrona emish.

14

Har soʻzi bilan kishini yor oʻldirgay,
Gʻamxoʻrligi seni necha bor oʻldirgay.
Doʻst tutma meni, mayliga, dushman sana,
Kim dushmashshi shunchalik zor oʻldirgay?!

15

To tushdi sening yuzingga bir lahza koʻzim,
Qon yigʻlamagan kunimni bilmayman oʻzim.
Sensiz may ichar esam — zahar boʻlsin oʻsha,
Sensiz yashasam — kelsin oʻlim menga shu zum.

16

Yor yodini qilsam, yuragim gup-gup urar,
Har lahza koʻzimdan qonli yosh toʻkilar.
Har yerda agar yor xabari menga yetar,
Bechora dilim qush kabi koʻksimdan uchar.

17

Kelgan edi kecha lutf etib dildorim,
Men tunga dedim: «Aylama fosh asrorim».
Tun qildi javob: «Boʻlsa quyosh sen birla,
Men tongni olib kelay qayoqdan, yorim?!»

18

Boʻstonu bahrru sarvi oli(y), ey jon,
Hech yerda buning bormi misoli, ey jon,
Yop asta eshikni-yu, yuzing och, ey jon.
Men borman-u, Sen xam xona xoli, ey jon!

19

Ey, sultonu faxri xama dildorlarning,
Jolinusisan ishq ila bemorlarning.
Biz jam’ boʻlamiz ul Kuni boʻstoningda,
Jam’ boʻlgani soz emish u Kun yorlarning.

20

Kun keldi — sening gʻavgʻong uning qoshinda,
Tun keldi — sening savdong uning boshinda.
Menman — oʻsha: dardim yukini tortolmas,
Tun-kun degan ikki lang eshak ochunda!

21

Bir gavxar edik azalda, jono, senu men,
Oshkoru nixonimiz bir — oshno senu men,
Xomlik boʻladi, desang, bu asno: senu men,
Koʻr: qolmadi-ku oʻrtada aslo senu men?!

22

Oshiqqa yogʻar dunyoda bor dardu balo,
Har kimki giriftori ishq — yoʻq unga davo.
Darmon emas ishqqa na xasislik, na riyo,
Ishq ersa xaqiqiy na vafo-yu, na jafo.

23

Bu tang dil aro shoʻru xayajon nimadan?
Ishq ichra qadim egik, koʻzim qon nimadan?
Koʻksim ichida telba dilim ham tunu kun
Janjal qiladi men ila har on nimadan?

24

Ey tun, shodsan, menga-da shodlik ber moʻl,
Sen umri uzoqlikda qiyomat kabi boʻl!
Yor suvratidan oʻt ichra qolmish yodim,
Yod aylama, ey gʻam, meni — boʻlgaysan kul...

25

Ishq dardiga dilni mubtalo istarman,
Jonni u balo oʻqiga jo istarman.
Umrimki, koʻyingda oh urib oʻtmasa gar,
Dil qoniga botgancha qazo istarman.

26

Yor kelar erdi mastu tanho-tanho,
Koʻzi toʻla noz-ishvayu ra’no-ra’no.
Toʻsdim yoʻlini boʻsa olay, deb labidan,
Faryod koʻtardi oʻsha: «Yagʻmo-yagʻmo!»[2]

27

Tundan murod ulki, maxv oʻlib begona,
Xilvatda qilar vasl oshiqi farzona[3].
Bul kecha, chunonchi, xosu oy — hamxona,
Men — mastman-u, oy — oshiq-u, tun — devona.

28

Ey boda, oʻzing adlni bunyod etasan,
Bir jom ila ming bandani ozod etasan.
Sen borki, mudom koʻzim quyoshdek ravshan,
Sen borki, sitamga toʻlsa dil — shod etasan.

29

Sen har kecha tupshmda boʻlarsan paydo,
Tong otdimi, bas, kun boʻyi dilda gʻavgo.
Fil bandini uzdi tush koʻrib Hind elini,
Fil toqati bizlarda topilmas aslo.

30

Koʻzingdan oʻlim topgʻusi ming bir dildor,
Oʻldirgusi oh-nola ila hammani zor.
Oʻz dushmanini dorga osadi shohlar,
Bedor koʻzing esa oʻldiradi be dor.

31

Ishq ichra pisand ermas ming bir dilu jon,
Jon oʻzi ne, soʻzin eslamas hech inson.
Bu yoʻlni oʻtarda har qadam bossa kishi,
Yuz jon berar-u, ortiga boqmas bir on.

32

Koʻnglimda oʻshal suluvni to suvrati bor,
Olamda topilmas men kabi baxtiyor.
Shodlikdan oʻzga bir hayotni bilmam,
Gʻamni eshitib, koʻrmadim oʻzin zinhor.

33

Lutf etsa chaqir toshga — u jonona boʻlar,
Bir lahzada ishvalari mastona boʻlar.
Qoʻsh kokilining zanjiri zohir oʻlsa,
Luqmoni Hakim majnunu devona boʻlar!

34

Ustingdagi kim — bilarmisan, ey eshshak?
Charx uzra oyoq qoʻy — u paridir beshak.
Oftobni uyaltirar edi husn ichra
Umring boʻyi sen koʻtarganing nozli malak.

35

Bir joni samandarvash yorim bordir,
Ishqi otashida xush qarorim bordir.
Quy lablarining bodasidan, ey soqiy,
Undan mening, oh, ajab qarorim bordir!

36

Sen boqma nechogʻlik zufunun kelgay mard,
Boq: ahdu vafo ichra nechun kelgay mard?
Gar ahdu vafo ichra butun kelgay mard,
Har qanchaki maqtasang, fuzun kelgay mard.

37

Yellardan uning paygʻomini eshitaman,
Ul bulbuli mastdan nomini eshitaman.
Bir naqsh dil eshiginda koʻrdim — tutmish
Ovozasi dunyo tomini... eshitaman.

38

Hamrohim ekan yor surati to, ey dil,
Oʻzimni qilay mudom tomosho, ey dil.
Har qaydaki, dil murodi hosil boʻlmas,
Ming xurmosidan bir tikan a’lo, ey dil!

39

Monandi hilol bul kecha har dilda talab,
Qilmoqchi u ham Zuhra kabi ayshu tarab.
Keltirdi jonim labga u jon berguchi lab,
Bul tun nima tun — oʻzing bilarsan, yo Rab?!

40

Kim kam yesa, u ziyragu hushyor boʻladi,
Kim koʻp yesa, u ablahu bekor boʻladi.
Nafsiga ruju' qoʻysa kishi xor doim,
Har kimsaki, kam yesa, u kam xor boʻladi!

41

Dil ichra, dilovarim, dilafroʻz sensan,
Koʻp doʻstu yaqinlar vale dilsoʻz sensan.
Navroʻzu hayit shavqi bilan shod kishilar,
Bul kun men uchun hayitu Navroʻz sensan!

42

Har narsaki, koʻp boʻlsa agar xor boʻladi,
Xor boʻlsa, muhabbatga sazovor boʻladi.
Kim qone’ — jahondan oʻsha bezor boʻladi,
Yor jon bahosida xaridor boʻladi.

43

Ovozi mudom dilda tamanno boʻlsin!
Ovozi mudom quvnogʻu goʻyo boʻlsin!
Ovozi agar xasta esa — xastamiz-ey,
Naydek u shakarlar bila oshno boʻlsin!

44

Eslab seni mast oʻldi dilim, jonona,
Ichmay mayini sindi tushib paymona.
Chiqdim koʻchaga na hushyor, na mastona,
Ovoza taraldi boʻldi deb devona.

45

Bir-birlaridan qafasu qushlar ozod,
Qaydansan-u, ey qush, ayt, nimadansan shod?
Kelmoqda baqo nafasi har nolangdan,
Boʻsh kelma, kuying dilimni etdi obod.

46

«Devona!» — deding sen meni, ey jonona,
«Devonadan aql izlasa kim devona!»
Deding: «Bu muomala nedan nishona?»
«Koʻzgu kabi borni koʻrsatar devona!»

47

Koʻzishta boqib, koʻzishda kin koʻrgayman,
Endi ne qilayki, men chunin koʻrgayman.
Oftobni qoʻy, u koʻkda — senga teng kelmas,
Oʻzingni men oftobi zamin koʻrgayman.

48

Oʻlsam, sira yigʻlamang tutib ismimni,
Yorimga berib qoʻying mening izmimni.
Boʻlmang sira hayron — oʻsha bir boʻsa bilan
Tirguzsa mening bu sovugan jismimni.

49

Ul yorki, meni oʻz gʻamiga bogʻlaydi,
Soʻng pisand etmay, yuragim dogʻlaydi.
Gʻamgin ekanim koʻrsa u pinhon-pinhon
Ham shirin-shirin kulib dilin chogʻlaydi.

50

Ushshoq gurungida qaror oʻzgachadir,
Bu sevgi sharobida xumor oʻzgachadir.
Ul ilmki, madrasada boʻlmish hosil,
Bas, oʻzga-yu, ishqi gul’uzor oʻzgachadir.

51

Bul kecha men-u, men kabi bir ahvoli tang,
Bogʻ ichra tuzib davra, unga berdik rang.
Bor bunda sharob birla kabob hamda rubob,
Koshki bari yoʻq boʻlsa-yu, Sen bor boʻlsang!

52

Yoʻlida niyozning fard boʻlmoq lozim,
Payvasta harifi[4] dard boʻlmoq lozim.
Mardlik sanalmagay vasl izlab chopmoq,
Hijron kunida ham mard boʻlmoq lozim.

53

Gulshanga kiring-oʻ, sabzpoʻshlarga[5] qarang,
Har yerda doʻkon — u gulfurushlarga qarang.
Ul gul kulib aytar andaliblarga suxan
Xomush boʻling-u, siz u xomushlarga qarang!

54

Baytu gʻazalim suv oldi — girdob oldi,
Bor boʻlsa nimam — barini selob oldi.
Yaxshi-yu, yomonligim-u, pokizaligim
Mohtob berib erdi-yu, mohtob oldi.

55

Ishqingda boʻlibman chinakam devona,
Uyqumni buzar qoʻsh kokiling, jonona.
Ul dedi: «Yetar, soʻylama koʻp afsona,
Devonadan uyqu boʻladi begona!»

56

Nay soʻyladi: men hur edim aslida — biroq,
Ishratpeshalar urdi-yu bagʻrimga pichoq,
Yetkazdi ular tanga — zaxm, jonga — firoq,
Ayb etma shu bois yigʻlasam gohi uzoq.

57

Dildor zarifdir — gunohi shuldir,
Zeboyu latifdir — gunohi shuldir.
Bormi sira aybiki, qochurlar undan?
Ul aybdan afifdir[6] — gunohi shuldir.

58

Yoʻq sevgidan oʻzga bir hamroz menga,
Avval — Oʻzi, oxir — Uzi, ustoz menga,
Ichdan beradi bu jonim ovoz menga:
«Ey sevgida sustkash odam, boʻl mos menga!»

59

Jono, bu qadim sifatin ul qoshdan soʻr,
Oshuftaligimni zulfi qalloshdan[7] soʻr.
Soʻr xasta dilim holini tor ogʻzingdan,
Bemorligim ul nargisi beboshdan soʻr.

60

Tinglab ovozingni men xushovoza boʻlay,
Olloh karami kabi beandoza boʻlay.
Yuz bor sotib olding, holbuki, mulkingman,
Bir bor sotib olki yana, to toza boʻlay.

61

Soz doʻsti munofiqdan uzoqroq yursang,
Yori nomuvofiqdan uzoqroq yursang,
Xoki poyini oʻpib muvofiq yorning,
Ul xeshi munofiqdan uzoqroq yursang.

62

Men uyquda koʻrdim soqiyi zeboni,
Tutmish qoʻlida u sogʻari sahboni[8].
Soʻz oʻtdi koʻngildan: «Garchi qulsan unga,
Kosh xojasi boʻlsang oshiqi rasvoni».

63

Umr oʻtdi koʻrolmay orzuli gulzorin
Ham nozu karashmali koʻzin — xummorin.
Eldan yashirin emish oʻshal misli vafo,
Koʻp boʻldi koʻrolmadik nihon ruxsorin.

64

To yondi yuzing sham’i-yu, parvona bu jon,
Koʻyingda boʻlib sabr ila begona bu jon.
Koʻz mardumi beqaror jamoling bois,
Koʻrgan kabi bir parini devona bu jon.

65

Ul yori sitampesha safar etgaydir,
Charxdek meni ham zeru zabar etgaydir.
Ul sheru shikoriman men ilkida uning,
Dilni yedi-yu, qasdi jigar etgaydir.

66

Har zarra uchun havoyu osmon mavjud,
Biz-chun hama yoq gulshanu boʻston mavjud,
Zar yoʻlini garchi soʻshtida kon mavjud,
Har qatra bu — tilsim, unda Ummon mavjud.

67

Bedil — man-u, bedil — san-u, bedil — san-u man,
Sarmast edik ul kuni, manzil — chaman.
Umr oʻtdi-yu, men orzu qilarman har dam:
Eslarmi u kunni, deya, yor ham ba’zan...

68

Gar daryo esang, baliqman ul daryoda,
Gar sahro esang, ohuman ul sahroda.
Sen menga nafas qil — nafasing bandasiman,
Surnoying erurman, chunki bul dunyoda.

69

Kar qoshida soz xoh chal-u, chalma, baribir,
Hamxonasi boʻlgan kabi Yusufni soʻqir.
Yo ogʻziga qand solsa kasalni — ne huzur,
Tanmahram etilsa yo hezalak bila hur.

70

Payvasta boshi sabz, labi xandon boʻlsin,
Ushshoq dili koʻrsa uni shodon boʻlsin,
Har kimsa uni koʻrsa-yu, hech boʻlmasa shod,
Xor boʻlsin-u zor boʻlsin-u sarson boʻlsin!

71

Ul yor koʻyidan qachon judo boʻlgaymiz,
Yigʻlab gʻamu hasratda ado boʻlgaymiz.
Ul sham’ kabi topib e’tibor koʻz yoshidan.
Ul chang kabi manbai navo boʻlgaymiz.

72

Har qayda sharob boʻlsa, rubob hamda kabob,
Ul joyda xarob boʻlsa, ne tong, gʻam va azob.
Gul, sabza kabi davra tutib suv boʻiida,
Ey doʻstu yaqinlarim, iching toza sharob!

73

Koʻyingda menga nasihatu pand na kerak?
Ishq zahrini totdim, yetar, qand na kerak?
El deydi: «Oyogʻiga uringlar zanjir»,
Telba — dil esa, oyoq uchun band ne kerak?

74

Bul kun hama kundan-da xarobmiz, xarob,
Yop andisha eshigini, ol qoʻlga rubob.
Yuz turfa namoz unda, ruku’ hamda sujud,
Gar boʻlsa oʻshal doʻst jamoli mehrob.

75

Yor uyiga bordim qilib ul kun qasd man,
Ul quvdi meni — bois emishki: mastman.
Dedim: «Eshigingni och, axir, mastmasman».
Yor dedi: «Joʻna, soʻzimda turgum, bas, man».

76

Boz keldi-yu, xam zulfini keltirdi yana,
Ul shoʻru sharu[9] zulmini keltirdi yana.
Ul oyki, Zuhrani alam qildi nigun[10],
Tur, u alamu[11] tablini[12] keltirdi yana.

77

Ul yor qoʻlidan zahar-da noʻsh etsa boʻlar,
Achchiq soʻzini shakarga esh etsa boʻlar.
Koʻp tuzli emish soʻzlari — har yerda agar
Tuz boʻlsa, jigar yeb, dilni xush etsa boʻlar.

78

Dardimni tabibisan oʻzing, ey jonon,
Yetdi kasalim haddiga — bormi darmon?
Vallohki, ichirsang-da menga ming ma’jun[13],
Bir koʻrmasam orazing, berolmayman jon.

79

O, achchiq u soʻzlar etdi koʻp dilni xira,
Insof bila ayt, u tilga loyiqmi sira?
Aytmas sira shirin labi achchiq soʻzni,
Shoʻr baxtim ularni aylagan beshira.

80

Oshiq emas ul, boʻlmasa yengil chun jon,
Yulduz kabi tun oy yonida sargardon,
Kel, tingla meni, soʻzlarim ermas yolgʻon,
Yel esmasa, bayroq hilpirarmi hech on?..

81

Ul laxzaki, yor koʻylagidan boʻy yetsa,
Men qolsam-u, yoʻq ajab, falak toʻn yirtsa.
Arziydi ifor hidli Yusuf koʻylagi ham
Bul kun kelib, yor koʻylagidan boʻy etsa.

82

Xummor koʻzing, chehrai raxshoning[14] bor,
Koni guhar-u, la’li Badaxshoning bor
Ham gʻuncha kabi xandai pinhoning bor,
Kuydirguchi gulni labi xandoning bor.

83

Ishq ichra na pastlik, na balandlik boʻlgay,
Na behushlig-u, na hushga bandlik boʻlgay,
Qardoshligu pirligu muridlik boʻlmas,
Qashshoqligu baxtsizligu rindlik boʻlgay.

84

Gar mayni yashirsak, boʻyini na qilamiz?
Oshiqni(ng) xumor rang-roʻyini na qilamiz?
Gar ishqni quritsak qaqragan lab birlan,
Suv ostidagi koʻz uyini na qilamiz?

85

Soyang seni manzilim erur ham xona,
Sochingni tuzogʻidan dilim devona.
Har goʻshada bir sham’, ikki-uch parvona,
Bizning sham’ oʻzi ham sham’u ham parvona.

86

Koʻrsat yuzingni bir qilib odamlik,
Koʻrdim, deya, men lof urayin, xurramlik.
Ey jonu jahon, senda boʻlarmi kamlik,
Koʻrgan seni shod olganidek bayramlik.

87

Bormi yana bir dilki, parishon bundan?
Yo voqeaye besaru somon bundan?
Kim koʻrdi jahonda yoki mehnatzadani
Sargashtai roʻzgoru hayron bundan?

88

Bir-bir sanasangiz mohliqolarni agar,
Soʻzsiz berasiz bizning u mohdan-da xabar.
Ey siz majlis ahli, parda ortiga oʻting —
Tashlang meni bu shu’lali chehramga nazar.

89

Ey yor, yuzing — namoz, qoʻzing-chi — roʻza,
Har ikkisi qul emish labi qirmiza.
Mast edim agar gunoh qilibman, ya’ni
Sindirgan esam ichib suvingni koʻza.

90

Ey ishq, seni ham pari bilar, ham inson,
Qoshingda tuban emish muhri Sulaymon,
Tan boʻlsa jahon, unga seni derlar jon,
Ishqsiz yashagan kimsaning umri yolgʻon!

91

May moʻl-koʻl-u, yoʻq sohibi jom — kimnikidir?
Bizlar-ku asir qushmiz-u, dom kimnikidir?
Ushshoq tufayli har nafas sochilgan
Bul shakkaru pistayu bodom kimnikidir?

92

Oʻt yonmasa dilda, soʻyla, bu dud qaydan?
Ud quymasa, kelmoqda boʻyi ud qaydan?
Men sevmasam-ey — oshiqi nobud qaydan?
Sham’ shu’lasisiz parvona xushnud qaydan?

93

Dedimki: «Koʻzim erur koʻying tuprogʻi,
Chehrangni yashirmagil visoling chogʻi».
«To soyai davlatimda yetmasmi, — dedi, —
Umring boʻyi tinmasa koʻzing irmogʻi».

94

Mendan sira qochmagil — xaridoring oʻzim,
Bir menga qiyo boq — nuri diydoring oʻzim,
Korimga yaraki, ravnaqi koring — oʻzim,
Mendan sira bezor oʻlma, bozoring — oʻzim.

95

Bul tong men-u, may jomi qoʻlimga payvast,
Yiqilgum-u, turgum-u, mudom yurgum mast,
Ul sarvi qadim ishqi bilan mastman-u past,
Men oʻlsam-oʻlay, koʻrmasin ul qaddi shikast!

96

Xurshidi kamarbasta qoshingda oʻlsin!
Ul mohi jigarxasta qoshingda oʻlsin!
Ul sarvu guli rasta qoshingda oʻlsin!
Bu dil boʻlib payvasta qoshingda oʻlsin!

97

Sopolsifat tanim emish jomi dil-ey,
Ul puxta fikrlarim mayi xomi dil-ey,
Bul durri ma’rifat hamasi domi dil-ey,
Men soʻzladim-u, asli bu paytomi dil-ey.

98

Ketding, sening ketganing uchun qon yigʻlay,
Qaygʻung farovon boʻldi, farovon yigʻlay.
Ketding-u, izingdan seni koʻz ham ketdi,
Qanday qilib endi meni hayron yigʻlay?..

99

Har kim seni koʻrsa agar, ey xoʻbaxloq
Shu lahzada qilgay u bu dunyoni taloq.
Oftob kabi chehrang qoshida dunyoda
Na oyda tarovat, na Zuhaldir porloq.

100

Charx oldida koʻzing seni xunrezroqdir,
Shamshir tigʻidan-da kipriging tezroqdir.
Rozingni qulogʻimga balandroq aytgil,
Yuzing koʻyida quloq bir oz mudroqdir.

101

Gʻam kim oʻzi — har dam uni yod etgaymiz?!
Dil hayf unga, tuproqqa qorib ketgaymiz!
Bodom emishu gʻam, yoʻq emish magʻzi uning,
Bosh egmasa, yanchib uni un etgaymiz!

102

Ey ashki ravon, gapir u savdolardan,
Ul bogʻu bahor ham u tamosholardan,
Bedor kechalardagi tavallolardan,
Koʻz yumma adabsizligu gʻavgʻolardan.

103

Ishqing qiladi shirinzabonliklar to,
Ushshoqda, quloq tut, necha oh-vovaylo.
Har kecha oʻzint soqiy ekansan tanho,
Oshdi firibu makru xusumat, gʻavto.

104

Ey sarvi ravon, bodi xazon koʻrma sira!
Koʻz tegmasin-u, rangi somon koʻrma sira!
Osmonu zaminning jonisan, azbaski[15],
Koʻr rohati jon, ofati jon koʻrma sira!

105

Ey doʻst, bugunni erta qilma aslo,
Kunduz kabi yaxshiyu yomonlik paydo.
Ishq yoʻlida noravo xiyonat, zino,
Men toʻgʻri-yu, sen egri esang yoʻq ma’no.

106

Men bechoradan-da bormi bechora, ayo,
Ishq dardi bilan ogʻrisa kim — yoʻqmi davo?!
Bu gʻamni davosi na baxillik, na riyo,
Chin sevgida boʻlmas na vafoyu na jafo.

107

Jon qolsa yetar, har necha qaqshatgali kel,
Har hiylaki, bilgung, uni koʻrsatgali kel.
Har kimsaga bir makru firib oʻrgatding,
Bir makru firib menga-da oʻrgattali kel!

108

Ey ganj, egalla joyni vayronangdan,
Ey zulf, parishon boʻlma oʻz shonangdan[16].
Ey qush, yuzing oʻgirma oʻz donangdan,
Ey uy egasi, tushma uzoq xonangdan.

109

Ishq asli kamol birla-yu, dilbar-chi — jamol,
Soʻz qaynar-u dilda, til uni aytgali lol.
Bormi yana bundan-da oʻtar antiqa hol:
Men tashna-yu, qoshimda oqar obi zilol.

110

Har kimsaning koʻksida ushoq dil boʻlgay,
Ishqsiz yashamoq oʻshanga mushkul boʻlgay.
Bul halqama-halqa zulf zanjiri bilan
Devona kishi boʻlsa, u oqil boʻlgay.

111

Ishqsiz quvonching sira afzun boʻlmas,
Ishqsiz vujud ham xoʻbu mavzun[17] boʻlmas.
Daryoga yogʻar boʻlsa magar yuz tomchi,
Ishq toʻlqinisiz u durri maknun[18] boʻlmas.

112

Bir bayt oʻqib erdim — malagim ranjidi:
«Bayt ichra band aylash meni lozimmi edi?»
Aytsam: «Nega baytimni buzarsan, ey jon?»
«Men baytga sigʻarmanmi, oʻzing oʻyla?» — dedi.

113

Band etma sira harifi gʻamgin qoshini,
Tark etma sira suhbati shirin qoshini.
Boʻstonga kirib, borma tikan qoshiga hech,
Boʻsh qoʻima sira sumanu nasrin qoshini.

114

Ey soqiy, bugun sening xumoring boʻldim,
To tunga qadar koʻp intizoring boʻldim.
May ber-u, xalos ayla bu dunyo domidan,
To toshta qadar bu tun shikoring boʻldim.

115

Qabrim yonidan oʻtsa, bashar mast boʻlgay,
Sal toʻxtasa, mahsharga qadar mast boʻlgay,
Ummon sari borsa, bahru bar mast boʻlgay,
Oʻlsa, uni qabri sarbasar mast boʻlgay!

116

Koʻnglimga yashirmagayman — afgor boʻlasan,
Diydamda mujassam etmagum — xor boʻlasan.
Jon ichra beray joy senga — dil, koʻzdan emas,
To soʻnggi nafasgacha oʻzing yor boʻlasan.

117

Pok ishqima rashk etgusidir obi zilol,
Bu sevgi bilan mashgʻul oʻlish menga halol.
Gar oʻtsa birovlar ishqi holdan-holga,
Yoʻqdir meni ma’shuqamu ishqimga zavol.

118

Gar jabr etar, ahdining ne qimmati bor?
Gar zahr berar, shahdining ne qimmati bor?
Xalq nazdida jahd aylamoq ezgu ishdir,
Bul xasta koʻngil jahdining ne qimmati bor?

119

Sochshshng har torida bordir bir jon,
Sochdek meni ham qildi parishon jonon.
Bilgaymi oʻshal: gʻamim farovon ne uchun?
Boisi: uning nozi farovon chandon!

120

Ul bongi Sirofildan emish paydo rubob,
Dillarni tiriltirdi magar erdi kabob.
Uygʻondi unut oʻylar — baliqlar xuddi
Chiqqan kabi suv ostidan ustiga shitob.

121

Yel gulni toʻkar ustiga xummorlarning,
Yor mayni quyar sogʻariga yorlarning.
Sunbul sochi atgorlar ishin etsa kasod,
Shoʻx koʻzi toʻkar qonini hushyorlarning.

122

Bogʻ yoʻlida dilbarimga boʻldim hamroh,
Gulga nazarim tushdi oʻshal dam nogoh.
«Chehramni qoʻyib, gulga qaraysan ne uchun?» —
Deb toza uyaltirdi faqirni ul moh.

123

Bir dam senga dilbaring magar mahramdir,
Taqdirdan ulush senga oʻshal bir damdir.
Zinhor u ilohiy damni etma zoye’,
Chunki hayotingda bu kabi dam kamdir.

124

Shakkar konida solsa chivinlar gʻavgʻo,
Shakkar koni aylarmi ularga parvo.
Qush bir qoʻnib uchgani bilan ul togʻning
Ortdi biror yeri-yu, kam boʻldimi yo?

125

Daryo kabi diydamga sanam ursa tikan
Ham qil kabi dilni tilsa gʻam tigʻi bilan,
Aslo etagidan qoʻl uzib ketmasman,
Ming hiylani ul daf’im uchun qilsa-da fan!

126

Yomonlik etib, yaxshilik iyetar esa kim,
Bilgilki, oʻshal kimsaning iymoni yarim.
Besh qoʻldek ayon-ku, arpa ekkan kishiga
Bermasligi bugʻdoyni Xudovandi karim!

127

Bul kun tavof etgum yor koshonasini,
To toyutacha qilmayin tark xonasini.
Vaqt yetganida daf’i humor aylash uchun
Bosh kosasidan yasay paymonasini.

128

Men xasta-yu, zoru notavon yor gʻamidan,
Koʻzdan yosh emas, oqadi qon yor gʻamidan,
Boʻgʻzimga yetar boʻlsa-da jon yor gʻamidan,
Yo Rabbim, ayirma hech qachon yor gʻamidan!

129

Hamsuhbatimiz bul kecha ul dildorning,
Oʻtmas nimalar xayolidan xushtorning:
Boshlar uza goh chamanda gul sochilsa,
Shakkar yogʻadi oʻrniga goho qorning.

130

Oshiqlik ishin kamolidan oʻrgandim,
Bitmoqni gʻazal jamolidan oʻrgandim.
Koʻnglim uyida xayoli raqs etgaydir,
Men raqsni ham xayolidan oʻrgandim.

131

Aytdim: «Sanamim, sen — may-u, men — paymona,
Men oʻldim-u, sen esang jonu jonona.
Och endi vafo eshigin». Aytdi: «Jim boʻl,
Devona kishiga ne kerakdir xona?»

132

Ey, turgil-u, kirgil oʻsha neknom qoshiga,
Xush suhbatin olgali dilorom qoshiga.
Bir domni qoʻyib, kel, yana bir dom qoshiga,
Gar quvsa eshikdan, kelaver tom qoshiga.

133

Yor dedi: «Koʻzing yoshini Jayhun etaman,
Koʻnglingni firoq togʻida tutqun etaman.
Jismingga ishonma sira — uch kun ichida
Gʻam oʻgʻirida tuyib-tuyib un etaman!»

134

Jabringcha xush ermas, oʻzga ming qilsa vafo,
Qaygʻungcha xush ermas, oʻzga ming qilsa safo,
Nozingcha xush ermas, oʻzga koʻrsatsa liqo,
Qahringcha xush ermas, oʻzga ming aytsa sano.

135

Har kun koʻrinish berib ketib, ey dilbar,
Boshimga solursan necha savdoi digar.
Jon sogʻarini toʻldiribon tut bu sahar,
Ey, sen mening jonimga padar ham modar!

136

Begona gurungidan esang begona,
Haq soʻzni senga aytadi bul devona:
Yuz uyni toʻlatgung aridek bol birla
Gʻayr ahlidan agar xoli boʻlsa xona.

137

Bul kecha sharobi jon mudomdir, mudom,
Soqiy shoh-u, boda bardavomdir6, davom,
Asbobi tarab[19] jumla tamomdir, tamom,
Uyqu dili bedorga haromdir, harom.

138

Ishq otashida muzlar erib, suv boʻladi,
Ishq oʻtida toblansa, tosh inju boʻladi.
Ushshoq gunohini ogʻir olma, ey doʻst,
Ishq bodasidan ular beqaygʻu boʻladi.

139

Tun oʻtdi vale etmadi tark boshimni,
Qaygʻuli munojoti qalamqoshimni.
Ul tunda erur uyqum-u, kunduz esa nur,
Ul boʻlmasa, tun-kun toʻkamen yoshimni.

140

Keldi-yu koʻzimga xush xayoling, mohtob,
Har ikki koʻzim shu lahza yosh toʻkdi shitob.
Koʻzlarni qulogʻiga dedim ohista:
«Siylang aziz mehmonni quyib bodai nob!»

141

Bizdan oʻsha shoʻx dilbari ayyor qochadi,
Yoring boʻlayin, desak, agar yor qochadi.
Ul aqli munavvardir-u, biz masti uning,
Xummorni mudom aql etib xor qochadi.

142

Ey bongi rubob, dilimda tobim bordir,
Dil qa’rida mening-da rubobim bordir.
Gar tushsa yoʻling bir dam aziz mehmon boʻl,
Men qulni-da kulbai xarobim bordir.

143

Keldi eshigimga kecha yori shaydo,
Dedim: «Joʻna, bemahalda boʻlding paydo».
Qaytarkan iziga, dedi: «Qiziq savdo,
Davlatta eshik ochmas — u tentakmi yo?»

145

Ishqing havasi boshda-yu, zorman doim,
Koʻying aro mastu beqarorman doim,
Gar bor-yoʻgʻi bir kun xumor boʻlgay mast,
Men ul mast erurmanki, xumorman doim.

144

Ey yor, nima gap, jahon yoʻqoldi koʻzdan?
Osmonu zamin qayon yoʻqoldi koʻzdan?
Sen mayni qoʻlimga berma, tut ogʻzimga,
Kayf oshganidan dahon[20] yoʻqoldi koʻzdan...

146

Chek qoʻyadi bu zamona bor oh-vohga,
Bir koʻz-da qarar falak gadoyu shohga.
Har kimsa gʻururga mast oʻzicha, ammo,
Qaydaydi ajal barchasini bir chohga...

147

Ey dil, sira yaqin yoʻlatma gʻamni,
Ep koʻrma hecham suhbati nomahramni.
Koʻkat ila nonga gar qanoat qilsang,
Koʻkat, deya bilma jumla bu olamni.

148

Dil keldi-yu aytdi: «Yor savdosi uzun»,
Tun keldi-yu aytdi: «Zulfi ra’nosi uzun»,
Sarv keldi-yu aytdi: «Qaddi zebosi uzun»,
Qilsin shunga mos umrni Ollosi uzun!

149

Ishq ul — unga ergashib balolar yursa,
Oshiqmas u — koʻrganda balo yuz bursa.
Ishq olamida atalgay mardlar mardi,
Kim ishq kabi jonga tegsa-yu, jon bersa...

150

Xijron qanotin qayirsa ummid qushini,
Oʻldirsa jafosi yana dil xohishini,
Oshiq sira tushmaydi umidsizlikka,
Maqsad sari eltar asli himmat kishini!

151

Bul fasli bahor emas, bul fasli digar,
Koʻzlarni xumor etguchining vasli digar.
Har qanchaki novdalar tutash raqs etsa,
Har shoxni qimirlashi boʻlar asli digar.

152

Ey, poyqadamingdan bu zamin xurramu shod,
Yuz gʻuncha quvonchidan koʻpaytirmish zot.
Osmonga tushib gʻulgʻula ul fursatda,
Oyning koʻzi yulduzga tushibdir, hayhot!

153

Tavba, dilini oʻshal sanam tosh qilmish,
Qasd olgali otlanganini fosh qilmish.
Zulfi kabi koʻp chuvaldi tavbam — unga zulm
Andoq qilayin, menga qalamqosh qilmish.

154

Kimning tilagi erur mudom manzili jon,
Kimning tilagi erur mudom luqmai non.
Bu nuktaning ma’nisini chaqqilki, ayon:
Kim ne tilasa, yetgusi unga begumon!

155

Berguvsi boʻlak hayot kuning bitsa Xudo,
Gar umri fano qolmasa, bor umri baqo.
Ishq obi hayot erur — uning bahriga kir,
Har qatrasi bir oʻzga hayotdir uning, o!

156

Koʻzimni qitiqlar har zamon nozi uning,
Yangrar qulogʻimda mudom ovozi uning,
Uzimcha manam oshigʻu hamrozi uning,
Qanday yashiray mast aylasa rozi uning?!

157

Koʻkni toʻla nola aylasam, ma’zurman,
Dashtni toʻla jola aylasam, ma’zurman.
Sen jonim erursan — chopaman ortingdan,
Jonni ortda vola aylasam, ma’zurman.

158

Insof bila ayt, ishq ezgulikdir asli,
Bulgar uni kimning yuragi kir asli.
Pok sevgiga oʻxshatma harom shahvatni,
Chunki biri osmon-u, biri yer asli.

159

Jon tunda baliq, kunduz ilon erkan, oh,
Oʻylab qara: senga qaysi bir jon hamroh?
Horut kabi sehru jodudir kasbing goh,
Goh Zuhrani qoʻriqchisisan xuddi moh.

160

Qilgaymi bu qullarga u bir nazzora,
Biz topding-u chora, qoldi ishq bechora.
Jon nima? U bir zaif goʻdak beshikda.
Dil nima? U bir garib erur, bechora.

161

Goh hurlar etadi rashk — andoq pokmiz,
Goh vahmaga devlar tushadi — bebokmiz,
Hammoli Xudomiz asli — tani xokmiz,
Bu sa’y ila mavjudot ichinda toqmiz.

162

Bir qatra yuzing suvidan ul obi hayot,
Bir zarra nuringdan etding oyni bunyod.
Mohtobni tilab edim uzun kechada men,
Tun zulfing-u, oy yuzing ekan-ku, hayhot!

163

Qarchandki, qomati goʻzal bor sarvda,
Yor qaddini koʻrsa, ne amal bor sarvda?
Yor qaddiga oʻz qaddini mengzar emish ul,
Bu kibru havo asli azal bor sarvda.

164

Biz kasbu hunar, molu doʻkondan kechdik,
She’r yoʻliga kirdig-u, jahondan kechdik.
Koʻzu dilu jonimiz edi sevgida ul,
Bas, koʻyida koʻzu dilu jondan kechdik.

165

Ogʻzing isini menga chaman bildirgay,
Husningni esa lola, suman bildirgay,
Ul ikkisi boʻlmasa ochurman labni,
Nomingni tutib, u soʻz bilan bildirgay.

166

Qaydan, qani, nagʻmayi rubob, kelmishsan,
Ming otashu shoʻru fitnaga toʻlmishsan,
Dil josusi-yu elchisisan sahroning,
Dil rozi erur har ne navo qilmishsan.

167

Ey koʻzu dilu jon huzuri qandoqsan?
Har ikki jahonim sururi qandoqsan?
Holim ne labing hajrida asti soʻrama,
Mensiz oʻzing, ey koʻzim nuri, qandoqsan?

168

Ey jonu jahon, jonu jahon bandang emish,
Olamni shirin etgan shakar xandang emish.
Sendekni falak koʻrmamish olam yaralib,
Osmonu zamin husnishta hangu mang emish...

169

Terimni shilib olsa-da ul dildorim,
Undan gina qilmagum sira — yoʻq zorim.
Dushman menga barcha-yu, udir yolgʻiz doʻst,
Dushmanga chaqishga yorni kelgay orim.

170

Sendek bu faqir oqilu hushyor erdim,
Oshiq elini qilguchi inkor erdim.
Umr oʻtdi-ey oh-voh ila devonayu mast,
Shundoq yashamoqqa, bas, sazovor erdim.

171

Ma’shuqa quyosh kabi charaqlar xandon,
Zarra kabi oshiq boʻladi sargardon,
Bas, sevgi bahori yellari esgan on
Har shox raqs etar unda magar bordir jon.

172

Gar istar esang, hamisha hurram boʻlsang,
Yetsa qadaming qayga, mukarram boʻlsang,
Pok boʻl-u, halol yasha-yu, ilm oʻrgangil,
To toji bashar, Hazrati Odam boʻlsang!

173

Sen birla quvonchga toʻla shahru dehot*,
Osmonu zamin-da sen sabab xurram, shod.
Gʻamdan boʻlak hech kim gina qilmas sendan,
Sen hammani gʻam-qaygʻudan etding ozod.

174

Derlar menga: «Muncha otashin dard qaydan?
Bu nolayu oh-u, bu rangi zard qaydan?»
Dedim: «Gapingiz gʻalat, oʻshal oy yuzni
Bir koʻrsa kishi, bilardi bu dard qaydan».

175

Koʻnglimdagi oh boisi savdo, ey dil,
Ul aslida dil tufayli paydo, ey dil.
Qondan yuragim mavj uradi toʻxtovsiz,
Bas, u dil emas, boʻlibdi daryo, ey dil!

176

Har narsani dil ochigʻu pinhon soʻzlar,
Mushkin soch haqinda anbarafshon[21] soʻzlar.
Oshufta esa u, bu — parishon, bilgum,
Oshufta ogʻiz ochsa, parishon soʻzlar.

177

Ey doʻst, axir, doʻstu yaqinmiz senga,
Yetsa qadaming qayga, zaminmiz senga.
Sezsak-da tajallingni, oʻzing koʻrmasmiz,
Ishq sharti shumi, nahot oʻyinmiz senga?!

178

Men — zarra, quyoshyuz dilraboyimsan oʻzing,
Bemorman-u, dardimga davoyimsan oʻzing.
Yoʻq garchi qanotim, uchaman ortingdan
Bir xas kabi, chunki kahraboyimsan[22] oʻzing.
Ergash Ochilov tarjimalari


Ruboiylar

1

Man zarra-u, xurshidliqo sensan,
Man xasta-u, ayni davo sensan.
Qanotim yoʻq, poyingda ucharman zor,
Man qadahman, yor, qahrabo sensan.

2

Agar oʻlsam tanimni keltiring, doʻstlar,
Vujudimni nigorimga bering, doʻstlar.
Labimdin boʻsa olsa ul masihim,
Tirilsam gar - yaqo tutmay turing, doʻstlar.

3

Voh, dilimni gʻamga bandi qildi yor,
Kech-kunduz dilni tigʻsiz tildi yor.
Kecha-kunduz nola cheksam qaygʻirib,
Pinhon-pinhon, shirin-shirin kuldi yor.

4

Ma’shuqa oftob ila bahs boyladi,
Oshiq ham oʻzini chun xas oʻyladi.
Ishq bahor yeli kabi esdi chunon,
Qurmagan shox boʻlsa,bas,raqs ayladi.

5

Ishqimdin pokroq obi zilol yoʻqdur,
Ishqimdek gʻamu dardi halol yoʻqdur.
Oʻzgalar ishqi faqat hol boʻlsa gar,
Manim ishqi nigorimga zavol yoʻqdur.

6

Lutf etsang tosh ham jonona boʻlgʻay,
Oʻshal dam shevasi mastona boʻlgʻay.
Zulfingning zanjiri gar boʻlsa zohir,
Luqmoni Hakim ham devona boʻlgʻay.

7

Jamoling namozim, koʻzingdir roʻzam,
Labing ishqida man - gado, daryuzam[23].
Aybliman, netay, yor, sarxush edim man,
Suyingni ichdimu sindirdim koʻzang.

8

Ishqing otashidin men tomchiga zor,
Xayoling tushlarimda manga yodgor.
Suving sharob yangligʻ yondirdi mani,
Charxpalakdek aylanurman nolakor.

9

Dildor manga aytdi: Oyning oʻziman,
Ne berursan boʻsa bersam koʻzimnan?
Tillo! - dedim, dedi: Tillo ne kerak?
Jonni! - dedim, dedi: Mayli, roziman!

10

Ayt, nechun oshiq mudom dildan judo?
Yorining zulfini deb boʻlgʻay ado.
Jo erur oshiq dili rubob aro,
Pardasida yoshirun mungligʻ sado.

11

Zulfinin har tolasin bir joni bor,
Zulfinin dardida man boʻldim xumor.
San dema: Voh,muncha koʻp gʻam-hasrating?
Hasratim huriliqo nozicha bor.
Forschadan Xurshid Davron tarjimalari


Mavlono Jaloliddin Rumiy Ruboiylari

1

Ay dil, koʻzingni och, jahon oʻtgusidir,
Umring bu jahonda roygon oʻtgusidir,
Tan manzilida mahbusu gʻofil qolma,
Manzil osha manzil karvon oʻtgusidir...

2

Jonim bsrayin, ol uni, jondin kechma.
Dildan kechayin, ol u jahondin kechma.
Sen oʻqsanu men esam kamonmen hanuz,
Ey oʻq, sabr ayla, kamondin kechma...

3

Koʻnglim dudi bir nishoni savdo, ey dil,
Har lahza u dud koʻngilda paydo, ey dil.
Qonlar necha mavj urar msning bagʻrimda,
Toshgaymu edi boʻlmasa daryo, ey dil...

4

Koʻnglimni sanamga mubtalo istarmen,
Jonimga necha tiri balo istarmen.
Koʻyingda agar kechmasa umrim, sanamo,
Qonlar yutadirmanu qazo istarmen...

5

Dedimki, koʻzim, dediki, Jayhun etgum,
Dedim: yuragim, dediki, purxun etgum.
Dedimki, tanam, dediki, uch kundan soʻng
Rasvo qilibon, badargʻa, surgun etgum...

6

Soqiy quyadir bodai humro, ne qilay?
Gar boʻsa talab aylasa jono, ne qilay?
Iqboli visol hozir ekan, kutmasmen,
Kutmoqqa yana boʻlmasa ma’no, ne qilay?

7

Mayling, malagim, xublik esa, xubing oʻzim,
Jang qilsang agar, qoʻlingdagi choʻbing oʻzim.
Oʻldirsang agar ranj ila, Ayyubing oʻzim.
Ey Yusufi roʻzgor, Ya’qubing oʻzim...

8

Sendanmi chu bezor boʻlayin? Yoʻq, yoʻq, yoʻq!
Bir boshqasiga yor boʻlayin? Yoʻq, yoʻq, yoʻq!
To bogʻi visolingda faqat gul koʻrdim,
Guldin kechibon, xor bulayin? Yoʻq, yoʻq, yoʻq!

9

Koʻnglim havasing bila rubobdir, rubob,
Har porasi oʻrtanib, kabobdir, kabob.
Dildorki dardimga boqib, xomushdir.
Homushligi menga ming javobdir, javob...

10

Majnuni parishoning oʻzim, ilkim tug,
Sargashtavu xayroning oʻzim, ilkim tut.
Har holi xarobga bir madadkor boʻlgay,
Ul besaru somoning oʻzim, ilkim tut...

11

Ey sarvi ravon, hech xazonliq koʻrma,
Ey chashmi jahon, hech yomonliq koʻrma.
Ey jon, ki jon der seni osmonu zamin,
Rohat bori koʻrgilki ziyonliq koʻrma...

12

Ey bongi rubob, kuyingga tobim bordir,
Bagʻrimda mening-da bir rubobim bordir
Chetlab oʻtaverma, kir, aziz mehmon boʻl,
Mehmonni kutishga bir xarobim bordir...

13

Ey bosh, sabab senda, sabab senda, sabab,
Ey tan, ajab senda, ajab senda, ajab.
Ey dil, talab senda, talab senda, talab,
Ey jon, tarab senda, tarab senda, tarab...

14

Yuzingga boqib, yuzlari gulshan erdim,
Koʻzingga boqib, koʻzlari ravshan erdim.
Dedimki, yiroq tutay yomon koʻzlardin,
Yoningda yomon koʻzli magar man erdim?..

15

Ey jonu jahon, jonu jahonim qayda?
Ey oy, zaminu osmonim qayda?
Sen mayni qoʻlimgamas, labimga tutgil,
Mastlik bila bilmasam dahonim qayda?

16

Jonon keladir chamanda tanho-tanho.
Nargis koʻzi purxumoru ra’no-ra’no.
Toʻsdim yoʻlini, dedimki, bir boʻsa olay,
Faryod solib haydadi: yagʻmo-yagʻmo!..

17

Har lahza gʻaming chekib, gʻaming olgʻaymen,
Har lahza gʻaming bila yana qolgaymen,
Har chandki kaming chekib-chekib, jon berdim.
Kam ulki, gʻaming chekib-chekib, tolgaymen...

18

La’ling, sanamim, hamisha xandon boʻlgay,
Oshiq sen ila hurramu shodon boʻlgay.
Har kimsa seni koʻrsayu gar boʻlmasa shod,
Baxt yuzini koʻrmagay u, sarson boʻlgay.

19

Jonimki, harif erdi, begona emish,
Aqlimki, tabib erdi, devona emish.
Vayronaga shohlar berishar ganj, ajab.
Vayrona dilim ganj ila vayrona emish...

20

Men oʻlsam agar, boshimda giryon boʻlmang,
Jononima topshiringu nolon boʻlmang.
Jonsiz u labimga lab qoʻyib jononim,
Jon menga ato aylasa, hayron boʻlmang...

21

Ey munisi roʻzgor, nechuksen mensiz?
Ey hamdamu gʻamguzor, nechuksen mensiz?
Men bori xazonmenu xarobmen sensiz,
Ey yuzlari gulbahor, nechuksen mensiz?

22

Xurshidi kamarbasta fidoying boʻlsin,
Ul oy, jigarxasta fidoying boʻlsin,
Ul sarvu guli rasta fidoying boʻlsin,
Bu jon senga payvasta, fidoying boʻlsin...

23

Men zarravu xurshedliqoyim sensan,
Bemori gʻamingmenu davoyim sensan.
Uchmoqqa qanot yoʻq, vale uchgaymen,
Somon boʻlibmen, kahraboyim sensan...

24

Dedim: sanamo, magarki jononim oʻzing.
Jonimni nisor etay senga, jonim oʻzing.
Murtad boʻlayin, agarda tushsam ayru,
Ey jonu jahon, kufr ila iymonim oʻzing...

25

Xushdirki bugun jisming aro jon boʻlsa,
Qarshingda dagʻi bir ruhi jonon boʻlsa,
Bulbul kabi dilda dogʻi hijron boʻlsa,
Maskan senga erta kech guliston boʻlsa...

26

Derlar: hama ishq - havoyi nomdir, yolgʻon,
Derlar yana ishq umidi xomdir, yolgʻon.
Baxt yulduzi koʻkdamas, shu jonimda yashar,
Derlarki, balandlik - necha tomdir, yolgʻon..

27

Gar boʻlsa umr, boz bergaydi Xudo,
Gar umri fano boʻlmasa, naqd umri baqo.
Ishq obi hayot erur, uning mavjiga kir.
Har qatrasi bir hayot emish, senga fido...

28

Dunyoki Iso bilan ekan molomol,
Sigʻmas anga hech qachon matoi Dajjol.
Shoʻroba — taxr suv degani kimga kerak,
Koʻp ersa jahon ichra agar obi zilol?

29

Ey oy, chiqib keldingu tobon boʻlding,
Soʻng sayri falak etib, xiromon boʻlding.
Bildingmi keyin, jonga barobar boʻlibon,
Nogoh botib ketdingu pinhon boʻlding...

30

Ey, senki yasharsen, shodu xurram boʻlgil.
Har yerda yana azizu mahram boʻlgil.
Umringni halolu pok kechir, ilm oʻrgan,
To zebi bashar, ziynati Odam boʻlgil...

31

Umr oʻtdiyu koʻrmadim vale gulzoring,
Ul nargisi purxumoringu xummoring.
Xalqdan chu vafo kabi magar pinhonsen,
Koʻp boʻldiki koʻrmadim nari ruxsoring.

32

Ishq boʻldi, koʻring, hamsha damsoz menga,
Dunyo ishidan etmadi ogʻoz menga.
Jonim beradir ichimdan ovoz menga,
Och menga eshikni, deb qilur roz menga.

33

Kun oʻtdiyu kun keldi, xarobmen, xarob,
Qoʻy har neki andishani, ol qoʻlga rubob.
Yuz qatla namoz durur, yuz qatla sujud —
Gar doʻst jamoli senga ersa mehrob.

34

Men oshiqi ishqmenu musulmon boshqa,
Men zaif chumolimen, Sulaymon boshqa.
Mendan alamu ohu jigarnora soʻra,
Bozorchai qasabfurushon boshqa...

35

Soʻrdimki, qayerdadir, nigoro, xonang?
Dediki, dilingdir ul — oʻshal vayronang.
Vayronaga men, quyosh nechuk kirgaymen?
Ey mast, xarob boʻlgay oʻshal koshonang!

36

Laylimki nahor boʻlmasa ul, men ne qilay?
Baxtimki bahor boʻlmasa ul, men ne qilay?
Dedimki, ichay bodani sen birla, sanam,
Iqbol menga yor boʻlmasa ul, men ne qilay?

37

Kelmish menga bir ajab shikorim, ne qilay?
Boshimga tushibdir ul xumorim, ne qilay?
Zohidmen oʻzim, vale meni yoʻlda koʻrib,
Gar boʻsa berar boʻlsa npgorim, ne qilay?

38

Nafsim itini dodimki men, pir aylay,
Tavba ipidan boʻyniga zanjir aylay.
Har yerda harom koʻrib vale ul koʻppak,
Zanjirni uzar boʻlsa, ne tadbir aylay?

39

Jon boricha bir bandai marjoning oʻzim,
Oshuftayi ul zulfi parishoning oʻzim.
Ey nay, navo aylaki, afgʻoning oʻzim,
Ey chang, jaranglagilki, mehmoning oʻzim.

40

Gar baliq esang, suzgali daryoying oʻzim,
Gar ohu esang, kezgali sahroying oʻzim,
Men senga asirmanu sen — menga nafas,
Surnoyingu surnoyingu surnoying oʻzim.

41

Ey oy, agar samoda porloq nursen,
Yorim yuzicha ravshan emas, benursen.
Ey nargis, agarchi tozayu maxmursen,
Yorim koʻzicha xumor emas, ma’zursen.

42

Dedimki, koʻyingda men bugun devona,
Uyqumda koʻrarmenmu seni, jonona?
Dediki, gapirma, bas! Bu ne afsona?
Devonayu uyqu! Yasha, ey farzona!..

43

Oy ketdi balandlab, biz esa past boʻldik,
Yor hushiga keldi, biz esa mast boʻldik.
Ey jonu jahon, soʻngra nelar boʻlganini
Sen soʻylama chun har neki boʻlmas, boʻldik...

44

Boshimni hamisha ostoningta qoʻyay,
Koʻnglimni sochingga — oʻynagoningga qoʻyay.
Jon ogʻzima keldi, hoy, oʻzing lab tutgil,
Jonimni qulay qilib dahoningga qoʻyay...

45

Ishq nash’asi bu kecha mudomdir, mudom,
Jomu mayi la’l bizga davomdir, davom.
Ohu gʻamu andisha — haloldir, halol,
Koʻp, uyquni oʻylama — haromdir, harom...

46

Ishq - avji kamol emish, sanam — avji jamol,
Koʻngil toʻla soʻzu, til aytgali lol.
Voy, menga yoronlar, bu ne holdir, bu ne hol?
Men tashnayu oldimdin oqar obi zilol...

47

Vaslingni tilab xastayu zormen kunu tun,
Ishqing mayi birla beqarormen kunu tun.
Mastlarga xumor aslida bir kun boʻlgay,
Men mastni koʻrigizki xumormen kunu tun...

48

Dil ketdiyu aytdi: «Yor savdosi uzun»,
Tun keldiyu aytdi: «Zulfi ra’nosi uzun».
Sarv keldiyu aytdi: «Qaddi bolosi uzun»,
Hoy, umri uzun, desangchi, dunyosi uzun!..

49

Dil dardini oshkoru pinhoi aytar,
Zulf ersa, hadisni anbarafshon aytar.
Ul — oshuftayu bul esa — parishon, ma’lum,
Oshuftaki soʻz aytsa, narishon aytar...

50

Lutfing bila tosh porasi jonona boʻlur
Nutqing, sanamim, agarda mastona boʻlur.
Nogoh iki zulfingni koʻrar boʻlsa, ishon,
Luqmoni Hakim oshigʻi devona boʻlur...

51

Zinhor, dilo, yaqin yoʻlatma gʻamni,
Suhbatga muyassar etma nomahramni.
Non birla koʻkatga-ku qanoat qilding,
Koʻkatga alishma endi shu olamni.

52

Ey lola, yuzimga termulib, rang oʻrgan,
Ey Zuhra, dilim taloshidin jang oʻrgan.
Ul lahzaki yangrar yana ohangi visol.
Ey baxti abad, kelgilu ohang oʻrgan...

53

Ey doʻsti azizlarim, judolik etmang,
Koʻp hoyu havas birla xatolik etmang.
Bir jumlada soʻzlar kabi mardona turing,
Amr oʻldi vafoki, bevafolik etmang...

54

Men birgina jonmenu yuz mingta tanim,
Ammo ne qilayki, band yumuqdir dahanim.
Koʻrdim pecha ming xalqki, ul men erdim,
Yoʻq erdi ulardin biri monandi manim...
Jamol Kamol tarjimalari

  1. Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.
  2. Yagʻmo — talon-toroj, gʻorat.
  3. Farzona — oqil, dono, donishmand: yagona, tengsiz.
  4. Harif — oʻrtoq, ulfat, sherik; dushman, raqib.
  5. Sabzpoʻsh — koʻk libosli, koʻkka burkangan; shayx, soʻfiy.
  6. Afif — bu yerda: ayblardan xoli, iffatli, pokdomon.
  7. Qallosh — xiylagar.
  8. Sahbo — qizil may, oliy navli may.
  9. Shoʻru shar — fitnayu fasod, gʻavgʻo, toʻpolon.
  10. Nigun — egilgan, bukilgan.
  11. Alam — bayroq, tugʻ.
  12. Tabl — katga nogora.
  13. Ma’jun — dori; sharob.
  14. Raxshon — porloq, jilvagar.
  15. Azbaski — shuning uchunki, shu sababdanki.
  16. Shona — taroq.
  17. Mavzun — zebo, nozik, chiroyli, kelishgan, nuqsonsiz.
  18. Durri maknun — sadaf ichidagi qimmatbaho dur.
  19. Asbobi tarab — xursandchilik vositalari, shodlik sababi.
  20. Dahon — ogʻiz.
  21. Anbarafshon — anbar sochuvchi, xush xid taratuvchi.
  22. Qahraboni charmga ishqab, somon, xasga yaqinlashtirsa, ularni oʻziga tortadi.
  23. Daryuza - gado, hech narsasiz odam