OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jamila Ergasheva. Oʻlim (hikoya)
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJamila Ergasheva
Asar nomiOʻlim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jamila Ergasheva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻlim (hikoya)
Jamila Ergasheva

Shoʻrlik kasalmand edi, oʻzini ehtiyotlab, dori-darmon ichib, zoʻrgʻa loshini sudrab yurardi. Oʻlim barhaqligini u ham bilar edi. Ba’zan oʻpkasi ogʻziga tiqilib zinapoyadan koʻtarilayotgan damlarda Azroil oyoqlariga osilib olganday boʻlar, ammo uning oʻlim haqida oʻylashga umuman vaqti yoʻq edi. Har kuni «ota, bugun nima olib keldingiz?» deb kutib oladigan bolalarining birini uzatishi, birini uylantirishi kerak. Xotini «Sizga tegib, umrim davlatning uyida oʻtib ketdi. Bir hovli-joy qilmadingiz», deb gʻingshigani-gʻingshigan. Bir hisobdan xotini ham haq! Bir umr davlatning ishi deb yelib-yugurib yuraveribdi, bir parcha yer olib, oʻzimga bir boshpana quray demabdi. Endi yer bir tortadi-ey, qani bir tanobgina yering boʻlsa, yil oʻn ikki oy tuproqqa qorishib eksang, tiksang. Oh!.. «Odamzodning tuproqdan bino boʻlgani rostmikan, muncha yerga intildim», deb qoʻyardi ba’zan.

Bu yogʻi oʻgʻli «Hamma oʻrtoqlarim mashina minib yuribdi. Menga bitta mashina olib bermadingiz-a», deb oʻpkalani-oʻpkalagan.

Mashina sotib olishga-ku, kuchi yetmas edi. Ammo shuncha yillik xizmatlarini hisobga olib, ishxonalarida chiqitga chiqib, necha yillardan beri ishlamay, toʻkilib yotgan mashinalardan birontasini arzon-garovga berar, deb boshliqning oldiga kirdi.

Boshliq yoʻq demadi, lekin negadir masxara qilganday miyigʻida kuldi. Balki masxara qilmagandir, harqalay unga shunday tuyuldi. Yomon boʻlib ketdi. Boshliq «Sizga bermasak, kimga beramiz. Faqat shoshmay turing», degan boʻlsa ham rad etilgan odamday kayfiyatsiz holda chiqdi.

U umri bino boʻlib shoshilgan odam emas. Ammo shu safar kutib-kutib charchadi. Oʻgʻli gʻingshiyvergach, yana kirdi. Yana oʻsha javob. Endi esa...

Kecha xonamga kirgan edi. U yoq-bu yoqdan gaplashib birpas oʻtirdi. Uning kayfiyati yaxshi edi. Mening esa vaqtim ziq edi, gaplarini tinglab turib, telefon raqamlarini teraverdim. U darrov hushyor tortib:
— Ishlaringizga xalal bermay, mening ham ishim koʻp, — deya xayrlashib chiqib ketdi.

Bugun esa...

Erta tongda ishga kelib eshitgan birinchi xabarim shu boʻldi.

Soat endigina sakkiz boʻlgan. Odatda mayyit soat oʻn birsiz chiqarilmasligini bilsam-da, hamma ishimni tashlab, ularning uyiga yugurdim.

Nazarimda bu shumxabar kimningdir qoʻpol hazili edi. Hozir oʻzi qarshimdan chiqib, mening hovliqmaligimdan kuladiganday yoʻlga qarab borardim.

Hovlida gʻimirsib yurgan doʻppili yigitlar, ikkinchi qavatning ochiq derazasidan eshitilayotgan yigʻi-sigʻi koʻnglimdagi umidni yoʻqqa chiqardi: «Rostdan ham!..»

Poygakda uyulib yotgan poyabzal uyumidan hatlab ichkariga kirdim. Men kirishim bilan balandroq ovozda yigʻlay boshladilar:

Олмадан отлар қилайин, тўрам-ов,
Тўрт оғиз ёдлар қилайин, тўрам-ов.
Олмамидинг, нормидинг, куним-ов, тўрам-ов,
Ёлғончида бормидинг, тўрам-ов.

Ариқ жоға толини, тўрам-ов,
Тобут бўлар дебмидим, тўрам-ов.
Сендай сара кишини, тўрам-ов,
Нобуд бўлар дебмидим тўрам-ов.

Отинг келар энишдан, куним-ов,
Тўрт оёғи кумушдан, куним-ов.
Энди мендан фойда йўқ, ўлим-эй, зулм-эй,
Насиб қилсин беҳиштдан, куним-ов.

Taomil boʻyicha yoʻqlovga qoʻshilishim kerak edi. Men esa oʻrtada uzala tushib yotgan mayyitga qarab, anqayib turaberdim.

Koʻnglimdagi gumonni anglaganday kimdir mayyitning boshidagi dokani tortib, yuzini ochdi.

Unga qarab oʻliklarga xos yurakni seskantiruvchi hech narsa koʻrmadim. Xuddi uxlab yotganday, nazarimda yonoqlari ham xiyol qizarib turardi. Hatto atrofdagi xotin-xalajning uvvos tortib yoʻqlayotganini aytmasa, jagʻining oppoq mato bilan tangʻib qoʻyilganini koʻrib ham «tishi ogʻrigan ekan-da» deya oʻylash mumkin.

Peshonasi uzra toʻzgʻib yotgan kumush tus xiyol qoʻngʻiroq sochlarini koʻrib hayratga tushdim. Shu toʻzgʻigan holatida ham bu sochlar kecha, juda boʻlmasa oldingi kun mahoratli sartaroshning qoʻli bilan qaychilanib, tartibga solinganini anglash qiyin emas edi.

Oʻzi juda orasta, batartib odam edi-da, bechora. Sezishimcha, u sochlarini juda yaxshi koʻrar edi. Koʻpincha soʻzlashayotib, beixtiyor kafti bilan peshona sochini ohistagina yuqoriga koʻtarib qoʻyayotganini, chekka sochlarini barmoqlari bilan silab, oʻzicha tartibga solayotganini payqab qolar edim.

Hozir esa ixtiyori oʻzidan ketgan. Boshida yoʻqlov aytayotgan ayoli ham, qizlari ham uning sochlarini hech boʻlmasa qoʻl bilan orqaga tarab qoʻyishni xayollariga keltirishmaydi.

Oʻlik to janoza oʻqilib, uydan chiqarilguncha hammasini eshitib, bilib yotadi, deyishadi. Hozir sochining betartib toʻzgʻib yotganidan rosa gʻashi kelayotgandir shoʻrlikning.

Eskirdim shekilli, yigʻi biroz pasaydi.
— Yuzini yopinglar!

Odat boʻyicha azadorlarning koʻngli uchun biroz ovoz chiqarib, soʻng qoʻshni xonaga oʻtishim kerak edi.

Men na ovoz berdim, na chiqib ketdim. Uygʻotmoqchi boʻlgandek chapak chalib yigʻlayotgan xotin-xalajning oʻrtasida yotgan mayyitdan koʻzimni uzolmay turgan edim, kimdir kelib, yelkamdan ohistagina tutib dahlizga boshladi:
— Yuring endi.

Dahliz katta xona girdi boʻylab tizilib oʻtirgan ayollar jimgina yoʻqlovga quloq tutishar edi.

Dardi bor har odamning ham qoʻlidan goʻyandalik kelavermaydi. Goʻyanda boʻlish uchun yaxshi ovoz kerak, dardni soʻzga sola bilish kerak.

«Togʻam»lab yoʻqlayotgan juvonning ovozi chiroyli ekan. Soʻzlari ham yuraklarni tilka-pora qilib tashladi:

Uzun soyga uy tikib, uliga toʻylar bergan, togʻam-ov, togʻam-ov,

Qizil soyga uy tikib, qiziga toʻylar bergan, togʻamov, togʻam-ov,

Ul davosi uzundir, qiz davosi qiyindir, togʻam-ov, togʻam-ov,

Qizim degan, oʻgʻlim degan, oʻz davrini surmagan, togʻam-ov, togʻam-ov.

Biz oʻtirgan xonaga haybat bilan koʻrkam bir ayol kirib keldi.

Kirib-chiqqan odamlarga beparvo oʻtirgan dahlizdagi ayollar qoʻzgʻalib qolishdi.
— Ie, Bahrinisojon-ku!
— Bahriniso opa! Assalomu alaykum!

Bahriniso biz tomonga bosh irgʻab qoʻyib, mayyit yotgan xonaga oʻtib ketdi. Ichkarida yigʻi, qiy-chuv avjga mindi:
— Bahrinisojon, amakingdan ayrilib qoldik. Endi nima qilamiz?!
— Voy togʻam-a, togʻam-ey!
— Voy amakijonim.

Bahrinosi bir pasdan soʻng koʻzlari qizarib, ammo nimadandir dargʻazab holda chiqib keldi:
— Yotishlarini qara! Kiyintirib qoʻysanglar, boʻlmaydimi?

Hamma bir-biriga qaradi.

— Yangamga ayting, uvullab oʻtiravermasdan, yangi kiyim-bosh bersin. Hozir erkaklarga aytaman, kiyintirib qoʻyishadi. Boshiga doʻppi kiygizib qoʻysin, jagʻini ham yechinglar.

Bir pasda yangi ust-bosh yetkazildi, mayyitning atrofidagi yigʻi toʻxtadi. Faqat ichkaridan chiqqanlar orasida bukchayib qolgan bir kampirning ovozi tinay demasdi:
— Voy inimov-ov, shoʻrlik inim-ov! Voh, men oʻlay, mengina oʻlay-a! Seni shunday bechora koʻrguncha, sendan oldinroq ketsam boʻlmasmidi-ya...

Qoʻltigʻidan tutmoqchi boʻlganlarni siltab-siltab tashladi:
— Men ketaman, qanday qilib koʻmsanglar, koʻmaveringlar. Nima u oʻrismi, kiyim kiygizib?
— Amma, qoʻying! Bahriniso opam kattakonlar keladi, deyapti. Kiygizsa, kiygizishsin, shu kiyim bilan koʻmmaydilar-ku. Yuvintirib, kafanlashadi-ku, axir! Kiyimda nima gap? Amma, ammajon! Men endi kimni ota deyman, amma?!

Tanidim, bu rahmatlining toʻngʻich qizi edi.

Dam oʻtmay, hovlidan uch-toʻrt erkak kirdi-da, oʻrtadagi eshikni berkitib olishdi.

Anchadan soʻng eshik ochilib, erkaklarning birovi Bahrinisoni imlab chaqirdi. Uning rangi qumdek oqarib ketgan edi. Gʻivir-shivir qilib oʻtirgan bir uy xotin bitta quloqqa aylanib, erkakning ogʻziga tikilishdi. Erkak xotinlarga qaraydigan holatda emas edi. Shunday boʻlsa-da, birov eshitib qolishidan qoʻrqqandek vahima bilan shivirladi:
— Jagʻini yechib boʻlmaydi.
— Nega?
— Ogʻzi ochilib qolayapti.
— Nega ochiladi?
— Bilmadim.
— Bir ilojini topinglar, boshini balandroq qilib yotqizasizlarmi, yonboshroq qilib qoʻyasizlarmi?

Kimdir es boʻldi:
— Bir qaychi topib, sochini, tirnoqlarini oling. Oltmishdan oshgan odam u dunyoga bachchaday boʻlib, peshonasi sochga toʻlib bormasin.

Erkaklar uzun-qisqa boʻlib chiqib ketgach, yana qiy-chuv boshlandi.

Yaqinlar mayyitga egalik qilish uchun uvvos tortib, ichkariga kirishdi.

Men ham ularga qoʻshilib...

Yoʻq, tomosha qilish uchun emas...

Ixtiyori oʻzidan ketgan bir bechoraning ahvolini koʻrib, hech boʻlmasa, unga ruhan hamdardlik bildirish uchun ichkariga kirdim.

Koʻylak ham, kostyum ham uzoq vaqt taxlanib turgan ekan shekilli, umrida birinchi marta yangi kiyim kiygan gʻarib kimsaning egnidagidek taxlam izlari qabarib turardi. Sochini ham rasvo qilishibdi. Doʻppi tagida qingʻir—qiyshiq qilib kuzalgan uzun—qisqa sochlar yuragimni ezib yubordi. Agar u hayot boʻlganida, sochlariga shu qadar uquvsiz qoʻllarning tegishiga yoʻl qoʻyarmidi?

Yostiqni balanroq qoʻyishganmi, har tugul ogʻzi butunlay ochilib qolmagan edi. Ammo xiyol ochiq lablarining bir chetiga qoʻnib turgan qop-qora pashshaga biron yaqini e’tibor bermas edi...

Oʻlgan odam uchun koʻylagining birinchi tugmasi oʻtkazilgan—oʻtkazilmaganligining hech qanday ahamiyati yoʻqligini bilsamda, uning boʻynini siqib turgan yoqaga qarab boʻgʻilib ketdim: «Yoqasi kichik ekan. Agar tirik boʻlganida...»