OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJamila Ergasheva
Asar nomiQaytish azobi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jamila Ergasheva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytish azobi (hikoya)
Jamila Ergasheva

Butun a’zoyi badani sirqirayotganidan, bir amallab toʻshakdan uzildi. Qaniydi hech kim indamasa... Hech zarurat boʻlmasa... Bir kecha-kunduz toʻyi-ib uxlasang!

Yelkasini qiyshaytirib xonadan chiqib ketayotgan eriga qarab gʻijindi: «Hech boʻlmasa, mana shu soʻloqmonni koʻrmasang ekan...»

Afsuski, uni qoʻyishmaydi: U juda suluv.

Oʻzi ham «Meni tinch qoʻyinglar» deb aytolmaydi: Roʻzgʻor tebratish kerak.

Erining boʻlsa, boradigan yeri yoʻq. Koʻzga chiqqan chipqonday yelkasini qiyshaytirib yuraveradi...

Bolalari televizor koʻrib oʻtirishgan ekan, gapni qisqa qildi:
—Ha, ha, mayli, hozir yetib boraman.

Telefon goʻshagini joyiga qoʻyayotib, xonada oʻtirganlar uchun ma’lumot bergan boʻldi:
— Qizlar osh qilishayotgan ekan, «kel» deyishdi.

Eri «yarim tunda oshga balo bormi?» demasa ham, birrovgina televizor oʻlgurdan nigohini olib, salgina norozi koʻz bilan qarab qoʻysa ham mayli edi.

Bu hatto shuni ham eplay olmaydi. Qizi ham otasining oʻzi! Shuncha kishining koʻz oʻngida onasining tani savdoga kirayapti, otasi bir yogʻli luqma ilinjida tomoshabin boʻlib turibdi. Oʻn oltiga kirgan qiz ham hech narsani koʻrmaydiyam, eshitmaydiyam. Fohishalik yoʻliga kirib ketgan bechora ayol haqidagi filmni oʻninchimi, yigirmanchimi marta koʻzlari yoshga toʻlib koʻrayapti.

Kichkina oʻgʻli otasining yonidan turib kelib,etagiga yopishdi:
— Menam boraman!..

Faqat...

Shavkat bezovta tomoq qirdi. Oʻgʻli oʻtirgan tomonga qarashga uning yuzi boʻlmadi.

Allaqachon uyqusi uchib ketgan boʻlsa-da, uzoq yuvindi. Muzdek suv qaerga tegsa, oʻsha yerda ogʻriq pasaygandek boʻlar edi. Qaniydi, koʻkrak qafasini yorib, yuragini chiqarsa-yu, obdon yuvsa...

Amal-taqal qilib kiyindi, pardoz-andoz qilgan boʻldi. Onaboshi pardozsiz borishlarini xush koʻrmaydi. Soʻlgʻin yuzlariga upa ustidan qizil surtayotib, malollanadi: «Koshki, oʻsha erkaklarni ularning pardoz-andozi qiziqtirsa...»

Koʻp oʻtmay u kinoaktrisalardek goʻzal va magʻrur ayolga aylandi. Toshoynadagi aksiga qarab turib, suyunish oʻrniga, alami oshdi: «Buzoqning yugurgani somonxonagacha. Sening kibru havong onaboshining ostonasigacha!»

Keyin... istasa-istamasa yaltoqlanishi, yoqsa-yoqmasa, aroq, ter hidi anqib turgan allakimlarning oldida jilpanglashi, iloji boʻlsa, onaboshidan ham yashiriqcha besh-oʻn soʻm pul undirishi lozim.

«Meniyam obketasiz» deb gʻingshib turgan Sardorni onasi umidini butkul uzdirib eshikka yoʻnalgach, izillab yigʻlay boshladi:
— Menam boraman.

Oʻzi toʻlib turgan edi. Bolasining xarxashasi, erining bamaylixotir kino koʻrib oʻtirishi, yana... umuman hamma-hammasi uni vulqonga aylantirib yubordi.
— Hey! Manavini olsang, oʻlasanmi?!

Eri chiqib, poygakda yigʻlayotgan Sardorni koʻtarib oldi.
— Yur, oʻgʻlim, men senga konfet beraman.

«Oʻgʻlim» emish, uning kimdan ilashganini men bilmayman-u!..

Onaboshi uning kayfiyati yoʻqligini darrov sezdi:
— Ha?

Bu uning «Senga nima boʻldi, qizginam?» deb hol soʻragani emas. «Bu yerga yomon kayfiyat bilan kelishga nima haqqing bor?» degani edi.

Boshqa payt boʻlganda bu tahdiddan soʻng, qoʻlidan kelsa-kelmasa, oʻzini tutib olishga harakat qilar edi.

Bu safar... qandaydir hammasiga birdan qoʻl siltagisi kelayotgan edi.
— Oʻzim!..

Onaboshi unga yeb qoʻyguday boʻlib bir qaradi-da, soʻng deraza tomon ishora qildi.

U shundan keyingina deraza yonida koʻzlari hayratdan kata-katta ochilgan yigitni koʻrib qoldi. Yigit koʻrkam va nihoyatda yosh edi, koʻngli qanchalar begʻuborligini qarashlari aytib turardi.

«Bir kamim ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdaklarning koʻnglini olish edi!»

Eshikdan qanday kibru havo bilan kirgan boʻlsa, shunday holatda bosh irgʻib salomlashgan boʻldi va onasidan arazlagan qizchadek tumtayib kiraverishdagi eski orom kursiga choʻkdi.

Onaboshi uning chimirilgan qiyofasiga qarab, imo-ishora bilan yumshata olmasligini anglab yetdi shekilli, oshkora tahdidga oʻtdi:
— Qaerga kelganing esingdan chiqdimi, deyman?
— Xavotirlanmang, hammasi esimda. Ishga keldim. Pul topish uchun, erimni, bolalarimni boqish uchun!..
— Jinni!

Endi onaboshining ham chinakamiga jahli chiqqan, unga ham, mijozdan tushadigan uch-toʻrt soʻm ulushga ham qoʻl siltab, ikkovini ham koʻchaga haydab yuborgisi keldi. Yana oʻzini bosdi. Tars-turs yurib, oshxonaga oʻtib ketdi.

Rutubat hidi anqib turgan xonada yolgʻiz qolishdi. Hamon deraza yonida koʻzlari jovdirab turgan goʻdak va u.

U qoshlarini chimirgancha bir muddat yerga tikilib oʻtirdi, soʻng oʻzidan biron imdod boʻlmasa, bu yigit tong otguncha ham shu tahlit turaverishini oʻylab, oʻrnidan turdi-da, amr qildi:
— Yuring!

Ular zoʻrgʻa qoʻshkarovat sigʻib turgan yotoqxonaga oʻtishdi.

Umrida derazasi ochib, havosi almashtirilmaydigan xona nihoyatda dim, bunda har bir jihoz kishini oʻzidan itarib, koʻngilni xit qilib turardi.

U sumkachasini karovat yonboshidagi oʻrindiqqa qoʻydida, yopiq turgan darpardalarni yanada zichlab yopdi. Soʻng koʻylagining ustidan yelkasiga tashlab olgan jempirini yechdi. Endi... koʻylagini yechsa kifoya...

Har nima boʻlganda ham shu safar ostonada anqayib turgan begona yigitning oldida oʻzicha yechinaverishdan tortindi.

«Ammo, bu yigit nima uchun kelgan oʻzi bu yerga?»

Shahd bilan ikki qadam tashladi-da, yigitning oldiga oʻtib, zarda bilan yelkasini tutdi:
— Ilmagini yeching!

U shu holatda ancha turib qoldi.

Kutganiday na yelkalarida, na bellarida yigitning qoʻllarini his etmadi.

Unga alam qildi:

«Nima, ustimdan kulayaptimi bu tirrancha?»

Shu topda yigitni qogʻozday mayda-mayda qilib, derazadan pastga otib yuborgisi kelib ketdi.

Shu istak bilan ortiga burilib, jiqqa yoshga toʻlib turgan kata-katta koʻzlarni koʻrdi.
— Kerak emas...

U yuz bergan holatni idrok qilib ulgurmasdan yigit yon choʻntagidan taxi buzilmagan bir dasta pul chiqarib, uning qoʻllariga tutdi:
— Uzr... — bir zum tin olib, soʻng qoʻshimcha qildi. — Kiyining, men sizni kuzatib qoʻyaman.

Shahar koʻchalari osudalik qoʻyniga choʻmgan. Yulduzlar gʻujgʻon oʻynagan osmon yoʻl boshida yer bilan tutashib ketganday, ketaversang halizamon osmonga chiqib oladiganday boʻlasan.

Suhbatlari ham tundek qaro, tundek sokin kechdi. Uncha-muncha odamning oldida sir bermaydigan kap-katta ayol shu bir parcha bolaga toʻkildi:
— Bolalarning biri poyabzalim teshildi, deb gʻingshiydi, biri shimim yirtildi, deb yigʻlaydi. «Nima qilsak ekan-a?» deya bosh qotirmaydi. Men «Biron nima qilsangiz-chi?» desam: «Nima qilay? El qatori ishlab kelayapman. Bir kamim oʻgʻirlik qilib, qamalib ketishmi?» deydi. Olgan maoshini hisoblasang, oʻzining ust-boshiyu, tomogʻidan ortmaydi. Ishonsangiz, ba’zan uyda nonga pul qolmaydi, qoʻshnidan bir non qarz olib chiqsam, bolalar bilan birga oʻtirib yeydi. Erni, bolalarni qoʻshnining noni bilan boqib boʻladimi, keyin manavi yerga kelaman-da, bir dunyo pul topib boraman. Birdaniga uy toʻlib qoladi. Oziq-ovqat, kiyim-bosh. Bular pulni qaerdan topding, demasayam, shu yoʻl bilan topilgan nonni yeyishdan ozgina tortinsa ekan...
— Nega ajrashmaysiz?
— Qaniydi ketsa! Er emas, odam oʻrnida ham koʻrmay qoʻyganimga koʻp boʻldi. Oʻzining ham er ekanligi esidan chiqib ketgan boʻlsa kerak. Bugungiday yarim tunda qoʻngʻiroqlar boʻladi. Kim, qaerga chaqirayotganini yaxshi biladi. Bila turib, uxlab yotgan joyimdan chaqirib keladi. Tentak desang, qoshiqni qulogʻigamas, ogʻziga olib boradi, kechqurun uyni topib keladi. Sogʻ desang...
— Oʻsha uydan sizni olib chiqib ketsam nima deysiz?
— Qanday qilib?
— Sizga uylanib!

U turgan joyida qotib qoldi. Barmoqlaridan ohistagina tutib, kulimsirab turgan yigitga hayron boqdi! «Bu ustidan kulayaptimi? Yoʻq, hech masxara qilayotganga oʻxshamaydi. Nega unda bunday gap qilayapti?»
— Siz?.. Menga?
— Ha, sizga?
— Axir men sizdan kamida oʻn besh yosh katta boʻlsam, qolaversa, meni topib olgan joyingiz.
— Siz oʻzingizdan yigirma yosh kichik ayollardan ham suluvsiz. Sizni topib olgan joyni esa ikkalamiz ham xotiradan butkul oʻchirib tashlaymiz.
— Qoʻying-e!
— Men mutlaqo jiddiy gapirayapman. Oʻtgan yil xotinim vafot qildi. Yaqinda yil berdik. Uyga uning oʻrniga kimnidir olib kirish vahmidan qoʻrqib, haligi joyga borgan edim... Balki xudo sizni uchratishim uchun meni oʻsha joyga boshlab borgandir. Ishonsangiz, men umrimda bironta ayolga shu qadar mahliyo boʻlmaganman. Sizni koʻrib, tilim tanglayimga yopishib qoldi. Onaboshiga aytgan gaplaringizni eshitib, muzlab qoldim. Oʻsha deraza yonida turib qasam ichdim, «agar rozi boʻlsa, uylanib boshidan yulduzlar sochaman» dedim.

U bir zum oyoqlari ostidagi yerni yoʻqotib qoʻydi. Yer emas, sochlari, yelkalariga siypanib-siypanib tushayotgan yulduzlarga toʻla osmon yotar edi poyida yastanib!..

Muyulishdan chiqqan ikki oʻsmir bolani koʻrib, yana yerga qaytdi. Tanidi, Shavkatning oʻrtoqlari edi ular. Bolalar unga qaray-qaray, yoʻlning narigi betiga oʻtib ketdi.

Uning kayfiyati tushib ketdi. Oʻgʻlining oʻz oʻrtoqlariga qoʻshilmay qoʻyganiga koʻp boʻldi. Koʻchaga faqat maktabga borib kelish uchun chiqadi. Boshqa payt uyda gʻimirsigani-gʻimirsigan...

Uning boʻgʻziga koʻz yoshlari tiqildi.
— Xayr, omon boʻling, — Oʻzini har qancha bardam tutishga harakat qilmasin, ovozi titrab ketdi.
— Sizga nima boʻldi?
— Oʻzim...
— Siz yaxshilab oʻylab koʻring, lekin hech qachon oʻzingizni bunchalar oyoqosti qilmang.

U indamay burilib ketdi.

Oʻsha kecha uxlay olmadi.

Ertasi kuni ham...

Bu behalovatlikni xursandchilik ham deb boʻlmas edi.

Oʻziga oʻzi sigʻmay ketayotgan edi. Oʻylab-oʻylab, yo oʻzimni poezdning tagiga tashlashim kerak, yo hayotimni boshqa yoʻlga solishim kerak, degan fikrga keldi.

Dunyodan-ku, allaqachon toʻygan, izida yigʻlab, sarson boʻlib qoladigan bolalari boʻlmasa, hech ikkilanmay qoʻl siltab ketaverardi.

Bir kuni temir yoʻl yoqasiga ham bordi. Yiqilsa, relsga...

Boʻyni toʻgʻri kelishi uchun relsdan bir yarim metr berida turdi. Oʻqdek uchib oʻtayotgan vagonlarning shamoli ta’sir qildimi, boshi aylanib, koʻzlari tindi. Yana bir daqiqa shu holatda tursa, hech qanday mardona shahdsiz ham, poezdning oyoqlari ostiga yuztuban yiqilishi aniq edi. Ammo...

Shu choq kutilmaganda:
— Onajon!..— deb chinqirgan ovozni eshitdi. Ovoz Sardorning ovoziga oʻxshadi.

U bir amallab hushini yigʻib ortiga burildi.

Yoʻlning narigi betida aynan Sardor tengi bola daydi itdan qoʻrqib, onasining oyoqlariga yopishib yigʻlar edi...

Uyga kelib, masalani koʻndalang qoʻydi:
— Yo siz keting, yo men ketay!

Erining rangi uchib ketdi.
— Nega? — bir amallab jur’at topib savol berdi eri.
— Sizni koʻrgani koʻzim yoʻq. Iltimos, meni qiynamang.

Er yana ancha vaqt jim qoldi. Soʻng emrandi:
— Axir mendan nima ayb oʻtdi? Erta ketding, kech kelding, qayoqda eding demasam! Ichmasam, yurmasam, urmasam, soʻkmasam.

Erining yalinchoq qiyofasiga qarab gʻijindi:
— Qaniydi, siz ham odamlarning erlariga oʻxshab... E-e, qoʻying, sadqai gap sizga, — qoʻl siltadi. — Gapni koʻpaytirmang, keting. Agar bolalar kerak boʻlsa, marhamat, siz bilan qaysi biri ketishni xohlasa, ketsin. Lekin bilaman, siz ularni eplay olmaysiz. Shuning uchun sizga betashvish, begʻalva yoʻl — istagan paytda koʻrishib turish. Koʻrishib turaverasiz, qarshiligim yoʻq. Faqat mening koʻzimga koʻrinmasangiz boʻldi.

Er yigʻlab yubordi:
— Gulandom! Guli! Axir men seni yaxshi koʻraman, nahot shuni ham yuz-xotir qilmasang? Axir odamlar it ham saqlaydi-ku, iting boʻlay, ostonangdan bir parcha yer bersang kifoya...
— Yoʻq, — Oʻrnidan turdi u. Oʻzi boʻlimligina, boʻychan ayol edi. Oyoqlariga yiqilib hoʻngrab yigʻlayotgan erkakning oldida qaddi togʻdek yuksalib ketganday boʻldi. «Ostona ham hayf unga!» — Yoʻq! Eshitayapsanmi, yoʻq! Sen bilan bir havodan nafas olishni ham istamayman.

Sardorini olib onasinikiga ketib qoldi.

U yerdan Burgutali topgan yangi uyga...
— Siz faqat xafa boʻlmang, — uzr soʻradi u. — Ota-onamga hech tushuntira olmadim. Boʻlmasa, toʻy-tantana bilan uylanmoqchi edim.

Toʻy-ku shart emas. Ammo ota-onangiz qarshi boʻlsa...
— Men ulardan ham, sizdan ham kecholmayman. Bir kun kelib, bizni tushunishadi va kechirishadi. Bu aniq! Ammo kechirishguncha...

Yoʻgʻonlar choʻzilib, ingichkalar uzilib ketishini ikkalasi ham yaxshi bilishar edi.

Otaning qoʻli uzun edi, bir harb bilan ikkalasini ham ishdan boʻshattirib yubordi.

Burgutali otasining ustidan kulgan boʻldi:
— Qorni ochsa, goʻsht yegan yalogʻiga qaytib keladi deb oʻylayapti sodda otam. Axir men odamman-ku, nahot bitta qorin gʻami meni yoʻlimdan qaytarsa?

Gulandom oʻzicha xijolat tortib, tasalli bergan boʻldi:
— Anavi bolalarning gʻing-shingiga uzoq dosh berolmaydi. Ketsa, uyga koʻchib oʻtamiz. Harqalay, ozmi-koʻpmi sharoit bor. U uyni men oʻn besh yil navbatda turib olganman. Ish ham topilib qolar.

Haqiqatan koʻp oʻtmay, qiz «xushxabar» olib keldi:
— Ona, otam ketdi. Onangga ayt, kelib yashayversin, men boshqa kelmayman, dedi.

Uncha-muncha odam oʻzidan oʻn ikki yosh katta fohishaning uyiga borib, eriman deb yashashdan or qilar edi.

Burgutalining ahdi shu qadar qat’iymidi yo Gulandomni shunchalar yaxshi koʻrib qoldimi, yo oʻtgan ikki oy ichida ancha muncha beti qotdimi, hech ikkilanmay Gulandomning uyiga bordi.

Uy bir etak bola bilan «nima olib keldinglar» deb kutib oldi. Yaxshiyam, yertoʻlada quritilgan non, qora kun uchun asrab qoʻyilgan achchiq-chuchuk, murabbo berkitilgan bankalar bor ekan.

Unda-munda Gulandomning onasi goʻsht, yogʻ yuborib turdi.

Burgutali oʻzini har qancha oʻktam tutishga urinmasin, qoʻni-qoʻshnilarning qiziqsinib, achingannamo qarashlari, atay eshittirib tashlanadigan luqmalar, roʻzgʻoridagi taqchillik uni bukib qoʻydi.

Otasining gaplari bot-bot yodiga tushadigan boʻlib qoldi:
— Oʻgʻlim, hayot sen bilan biz oʻylagandan koʻra ming marta murakkabroq. Oqimga qarshi suzgan odam gʻarq boʻladi.

Oqim boʻylab suzsa. Hech jon koyitish shart emas, otasining oʻzi uni yelkalariga oʻtirgʻizib, manzilga eltib qoʻyadi.

Bu yoqda Gulandom! Har oqshom bolalarini uyga qoldirib...

Oʻtgan ikki-uch oy ichida bolalarga ham ancha mehri tushib qolgan edi.

Bolalar oʻrtoqlarining yonida boʻynini qisib yurishlari koʻz oldiga kelsa, xayolan chiqib olgani — keng-moʻl yelkalardan ohistagina tushib, yana hansiragancha oʻzini oqimga qarshi quloch otishga chogʻlar edi.

Yoʻq, Gulandomni tashlab ketishi mumkin emas. Bu dunyoga kelib, bitta arzirli savob ish qilgan boʻlsa, uyam shu ayolni botqoqdan tortib olgani boʻladi. Shuniyam chala yarim qilib, tashlab ketsa.

Bir ish topila qolsa edi, hammasi oʻriniga tushib ketardi.

Axir, shuncha elu xalq otasiga suyanmasdan, yoki buzuqlik bilan shugʻullanmasdan ham ishlab, halol rizq bilan bola-chaqa qilib yuribdi-ku! Nahotki bular shuni eplay olishmasa?

Nihoyat, ish ham topildi. Bir doʻstining ikki qavatli xususiy oshxonasiga ta’minotchi boʻlib ishga oʻtdi.
— Yaxshigina maoshi bor. Yeyish-ichishimizga qarashadi. Agar, xoʻp desangiz, siz uyda oʻtirib, pishiriqlar pishirib berib turasiz.
— Mayli, — uning koʻz oldiga pishiriqlardan yulib-yulqib qolinadigan tuxum, yogʻ, un, shakarlar uyumi kelib ketdi.

U pishiriq tayyorlashni azaldan juda yaxshi koʻrardi. Ammo hech qachon kun boʻyi issiq oshxonadan chiqmay, bir xil pishiriq tayyorlab koʻrmagan edi. Ayniqsa, bergan masalligʻini har qancha eplab, pishiriqlarga koʻmilib, oʻzi ham terlab-pishib oʻzicha bor mahoratini ishga solmasa, koʻngildagidek bir narsa chiqarish amri mahol edi.

Oʻsha kuni onasi ayttirib yuborgan ekan. Kun boʻyi tayyorlaydigan pishiriqni tushgacha tayyorladi-da, oʻgʻlidan oshxonaga berib yuborib, oʻzi onasinikiga ketdi. U yerda bir pas oʻtirib, aloqa uyiga oʻtdi. Anchadan beri telefonlari ishlamay yotgan edi, qarzlarini toʻladi. Yoʻlda bir maktabdosh dugonasini koʻrib, oyoq ustida bir pas maqtandi.

Ostonada erining poyafzalini koʻrib, yuragi «shuv» etib ketdi.

U eshikdan kirishi bilan ichkaridan oʻqdek uchib Burgutali chiqdi:
— Qaerda yuribsiz? — nima boʻlganda ham unga topib ism qoʻyishgan edi. Nigohi oʻljasini qoyalarga urib, majaqlab yeydigan yovqur jonzotning qarashlaridek oʻtli, beshafqat edi.

U beixtiyor hisob bera boshladi:
— Onamnikiga borgan edim.
— U yerdan chiqib ketganingizga ikki soat boʻldi.
— Pochtaga kirdim, telefonga pul toʻlash uchun. Soʻng bir dugonamni uchratib qolib...
— Yolgʻon!..

Nimadir «qars» etdi. Uning hushi boshidan uchib ketdi. Koʻzlaridan oʻt chiqqanday boʻldi. Bir zum muvozanatni yoʻqotdi.
— Seni yana oʻsha islovatxonaning yonida koʻrishibdi-ku, iflos!

«Ha-ya, dugonasini uchratgan joy...»

Umirida birinchi marta erkak kishidan shapaloq yeyishi edi. Unga alam qilib ketdi. Axir oʻsha iflos joy uyga keladigan yoʻlining ustida boʻlsa, bu nima qilsin?

Boʻrining yesayam, yemasayam ogʻzi qon ekan-da.

Tomirlarida gupirgan qon miyasiga tepdi: «Ie, bu soʻtak oʻziga nega buncha erk beradi? Agar osmon uning mulki boʻlsa, boshi ustidan yigʻishtirib olsa-olsin, ammo uni bu taxlit xoʻrlamasin!»

Koʻngliga kelganlarni aytish uchun lab juftlab, qarshisida uni ayblab turgan beshafqat odamning koʻzlarida unga nihoyatda aziz boʻlgan bir mehrni koʻrib qoldi: qingʻir yoʻldan qaytara olmagan bolasini urib qoʻygan dargʻazab onaning koʻzlaridagina boʻladigan azob, alam qorishiq jonsarak bir mehrni. Uning koʻzlariga yosh qalqdi.

Erining shapaloq tushirgan qoʻllarini olib, labiga bosdi:

— Rahmat sizga!