OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jamila Ergasheva. Zulfizar (qissa)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJamila Ergasheva
Asar nomiZulfizar (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Jamila Ergasheva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm160KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Ёшлик» журнали, 2011-йил, 8-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zulfizar (qissa)
Jamila Ergasheva

Havo nihoyatda dim edi. Osmon yuziga kir choyshab yopilgandek oq bulut qoplagan, quyosh xira fonus kabi zoʻrgʻa koʻzga tashlanadi. Kuz. Soʻnggi yaproqlarini toʻkayotgan daraxt shoxlari sovqotgan kabi allanechuk diydirab turadi.

Zulfizarning yuragi siqilib ketdi. Mashinadan tushgach, chuqur-chuqur nafas oldi, ammo yuragini siqayotgan behalovatlikdan xalos boʻla olmadi, oʻpkasining qay¬sidir burchaklariga toza havo yetib bormayotgandek edi. U tezroq uyga yetib borishni istadi. Kelayotganini qiziga aytmay yaxshi qilgan ekan. Hozir uyga kiradiyu, yotadi. Charchogʻi yozilgach, ovqat qiladi, Feruz maktabdan qaytgach, Farangizni bogʻchadan olib keladi. Qiziga kechga yaqin qoʻngʻiroq qiladi: “Men keldim, nevaralarim bilan oʻtiribmiz”.

Kalit odatdagidan qiyinroq buraldi. Temir eshik “shirq” etib ochildi.

“Iye,bular uydami, deyman?” hayron boʻlib oʻyladi u, boʻsagʻadagi besarishta poyabzallarga koʻz tashlarkan. Qizi ham, kuyovi ham bu paytda ishda boʻlishlari kerak edi. “Tinchlikmikin?!”

Qizi kasal boʻlib qolganda ham bir kun ishdan qolmas edi, faqat bolalarining tobi qochgandagina noiloj qolardi.

Yotoqxonadan gʻudurlagan ovoz eshitildi. U shoshib eshikni ochdi:

– Sora!

Agʻdar-toʻntar boʻlib yotgan toʻshakda koʻzlari ola-kula boʻlgancha shoshib-surinib kiyinishga harakat qilayotgan yarim yalangʻoch kuyovi bilan Soraning eng yaqin dugonasini sochlari toʻzib yotgan holda koʻrdi-yu, turgan joyida toshdek qotib qoldi. Yetmish ikki tomirini kuydirgan alanga kelib tomogʻiga tiqilganday boʻldi, ogʻzi qurib, tili tang¬layiga yopishib qoldi. Sekingina ortiga burilib, bemador qoʻllari bilan devorga suyana-suyana, oshxonaga yoʻl oldi: Suv! Bir qultumgina suv...

Chelak turadigan kursi yoniga zoʻrgʻa yetib bordi. Stoldan piyolani olib, suvga engashgan mahal oʻng yelkasida simillagan ogʻriq turdi. Ogʻriq lahza sayin zoʻrayib borardi. U amallab bir hoʻplam suv ichdi-da, sekin ortida turgan oʻrindiqqa oʻtirdi. Ogʻriq yoyilib, koʻkrak tomonga oʻtdi va yurakning qaysidir burchagiga joylashib oldi. Koʻp oʻtmay yurakda dahshatli ogʻriq boshlandi. Bu shunday kuchli ogʻriq ediki, nafas ham ololmay qoldi va gursillab polga yiqildi...

Nashatir spirti va kamfora hidi anqib yotgan xo¬¬nada oʻziga keldi. Toshdek ogʻir qovoqlarini zoʻrgʻa koʻtarib, boshi ustida unga qarab, allanimalar haqida bahslashayotgan oq xalatli odamlarni koʻrdi. Koʻksidagi ogʻriq nafas olishiga ham yoʻl bermas edi.

– Oʻh, oʻlib qolaman hozir!..

– Ogʻriyaptimi? Tezroq ogʻriqni qoldirish kerak, morfiy!

Ogʻriq asta-sekin tarqay boshladi. Peshonasini muzdek ter qopladi. Horgʻin vujudini uyqu elitdi. Atrofida gʻimir-gʻimir qilib yurganlarning ovozlari olislardan kelayotgandek, elas-elas eshitila boshladi. Soʻng kimdir kelib, uni tashqariga olib chiqdi. U turgan joy yam-yashil adirlik ekan. Adir tepasida oppoq libosdagi bir kampir goh qoʻllarini koʻkka choʻzib, goh peshonasini yerga urib, Ollohga iltijo qilib yotgan emish. Zulfizar bir amallab oʻsha tepalikka chiqib bordi. Yovshanlarning shitirlashidanmi, xayoli boʻlingan kampir burilib, unga qaradi. Uning yoshlanib turgan koʻzlari mehrga toʻla edi. Kampir uning yoniga kelib, asta yuzlarini siladi:

– Ay, bolam-a! Ovora boʻlgan bolam-a!

Bu uning momosi – Ulkan kampir edi. Uning qoʻllari xuddi tiriklik paytlaridagidek loy va tuproqdan tars-tars yorilib ketgan, dagʻal, ammo issiqqina edi.

Ulkan kampir uzoq vaqt choʻntaklarini titkiladi, soʻng uzr soʻraganday, unga yuzlandi:

– Senga beray desam, hech narsam yoʻq ekan, bolam. Yoʻqchilik qursin... Abdurasulim jontalash boʻlib yotganda eshon “Jonga jon, sadaqa raddi balo. Bir jonliq ayting”, dedi. Aytadigan hech vaqoimiz yoʻq edi. Ilojsiz turgan paytimda koʻzimga sen koʻrinib ketding. Oʻshanda qoʻlboshdaygina chaqaloq eding. Bir senga, bir yarador sherday ingrab yotgan akangga qaradim. Nevaralarimning toʻngʻichi, uni otangdan ham koʻproq yaxshi koʻrardim. Yotib qolgan kunidan buyon “Shuginaning dardini menga ber” deb, Ollohdan soʻrab oʻtirgandim. Olloh men shoʻrni olmadi, peshonangdagi yozugʻlarni oxirigacha koʻr, dedimi... Eshonning gapidan keyin tishimni tishimga qoʻyib, oʻrnimdan turdim-u, yoʻrgak poʻrgaging bilan dast koʻtarib, akangning ustidan aylantirdim:

– Yo, mehribon Ollohim, shu qizning joni akasiga sadaqa boʻlsin. Sadaqamizni qabul qilgin, – dedim.

Ulkan kampir chuqur “uf” tortdi. Qalbidagi an¬duhdan yuzlari qop-qora boʻlib ketdi.

– Ammo Olloh sadaqamni rad qildi. Seni emas, Abdurasulimni olib ketdi. Oʻshanda seni olib ketganda shunchalar ovora boʻlmasding...

Uning tomoqlari qaqrab ketdi.

Ulkan kampir boʻyniga kumush qoʻngʻiroqchalar osilgan chiroyli koʻzachada suv uzatdi:

– Ol, ich, bolam!..

Suv muzdek edi, u yutoqib ichdi, ammo hech chanqogʻi bosilmadi. Kampir esa indamay nari ketdi.

– Sen endi dam ol, – dedi ketayotib.

U rostdan ham juda charchagan edi, oyoqlarini oldinga uzatib yubordi, zildek boshini yumshoq maysalar ustiga qoʻydi. Dimogʻiga oʻt-oʻlanlarning ajabtovur yoqimli hidi urildi. Bulutlar ortidagi bahor quyoshi ohistagina qizdirayotgan yuzlarini mayin shabada silab oʻtdi. U shu alpozda uzoq yotdi, yuz yilmi, ming yilmi...

* * *

Bundan koʻp yillar avval qishloqqa muallim boʻ¬lib qaytgan qizidan gʻururlangan Oysulton Ulkan kampirga ta’na qilgan edi:

– Mana, momojonisi, siz bir zamonlar sadaqa qilgan qizingiz binoyidek muallim boʻlib kelibdi.

Ulkan kampir mahzungina jilmaydi:

– Ha-a, yoʻqchilik-da, bolam. Koʻz oldimda jondan aziz nevaram shamdek soʻnib borardi. Eshon bobo joniga jon bering, deganlaridan soʻng oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Xayolimda jonlik soʻrab, ming eshikka kirib chiqdim. Uyda oʻzimizning dardisar jonimizdan boʻlak hech narsamiz yoʻq edi. Eshon boʻlsa “oʻzingizga aziz biron narsani ayting”, deb turibdi. Bir payt koʻzim shu goʻdakka tushdi: uch oʻgʻildan keyin tilab olgan qizimiz... Shartta oʻrnimdan turdim-u...

Oysulton ham oʻtgan kunlar yodiga tushib, bir soʻ¬lish oldi:

– Yoʻgʻ-e, xola, sizdan sira xafa boʻlganim yoʻq. Shunda topqirligingizga qoyil qolganman. Keyin... Shu chaqaloq Abdurasulimning oʻrniga qolganday qancha payt emizgim kelmay yurdi. Ha-a, nima deysiz, har kim oʻz kuniga garov ekan-da...

Bu suhbat Zulfizarni ham ranjitmadi:

– Juda chiroylimidi Abdurasul akam?

– Ha, har yelkasiga bir oʻtov tikkudek juda abjir chobogʻon edi. Qishloqning bor qizi unga oshiq edi. Qoshi-koʻzlari senikidek lovullab turardi.

– Lekin sendan ming marta esli edi, – Ulkan kampir bu mahzun suhbatning osoyishta maromini buzdi.

– Men nima qildim?– norozi ohangda toʻrsayib oldi Zulfizar.

– Oʻqib, muallim boʻpsan, xoʻp qibsan. Ammo erkakka oʻxshab xoʻb sochlaringni kesib tashlaganing nimasi? Qishloqqa yalang oyoqlaringni shirdaytib, toʻrt qarich koʻylak bilan qanday kirib kelganingni hech aqlimga sigʻdira olmayapman, ertaga maktabga ham shu ust-boshda bormoqchidirsan hali?

– Nima boʻpti, momo, axir men muallimaman!

– Muallim eldan chiqib ketishi kerakmi, – battar qahrlandi momo. – Oʻqimishli odam suvdan ba¬land,ajriqdan past, hokisor, nima boʻlsa, koʻp bilan, el bilan boʻlishi kerak. Buyogʻi urush, qoraxat olmagan uy qolmadi. Ilgari bir uydan oʻlik chiqsa, oʻn uy “Urugʻim, tomirim” deb koʻk kiyar edi. Hozir butun qishloq azador, azador qishloqni oralab shu kiyimda yurishingga sira rozi emasman.

Yolgʻizgina oʻgʻli bilan devday-devday ikki nevarasini urushga joʻnatib, na yaxshi, na yomon xabar ololmay oʻtirgan kampirga e’tiroz bildirmoqqa hech kim jur’at qila olmadi. Xonaga noxush jimlik choʻkdi. Bir pas oʻtib, Zulfizar hovliga chiqdi. Tomida oʻt-oʻlanlar qovjirab yotgan uylari nihoyatda gʻaribona, miskin edi, momosi bilan onasiga oʻxshab... Agar otasi bilan akalari uyda boʻlganda... Tezroq tugay qolsaydi shu la’nati urush!

Zulfizar momosidan qancha norozi boʻlsa ham, ertasi kuni maktabga oʻzbekcha koʻylak-lozimu roʻmolida ketdi.

Maktab kolxoz idorasi yonida joylashgan toʻrt xonadan iborat koʻrimsizgina bino boʻlib, uning muallimi ham, rahbari ham oʻtgan yili urushdan oqsoq boʻlib qaytgan Joʻra degan yigit edi. Zulfizarni koʻrib suyunib ketdi:

– Yaxshi boʻpti. Anchadan buyon bir muallim yuboring¬lar, deb yurgan edim. Qimirlagan jon borki, dalada. Ammo xalqning bolasiga hech boʻlmasa boshlangʻich ta’limni berishimiz kerak-ku. Bugungi vaziyat, urush vaqtinchalik, ertaga tugaydi. Urushda yoʻqotgan yigitlarimiz oʻrniga qolgan bolalarni savodsiz qilib ulgʻaytirishga sira haqqimiz yoʻq.

– Rost.

– Muallimning qoʻllarini musht qilib kuyunchak¬lik bilan gapirishi unga yoqdi. Uning ranglari uniqib ketgan kitelidan gʻalati hid kelib turardi, qon va ter hidiga oʻxshash achimsiq bir hid.

– Hamma yoshdagi bolalarni bir sinfga yigʻib, oʻqitib yotgan edim. Endi ularni boʻlib oʻqitamiz.

– Xoʻp.

Unga eng kichik yoshdagi bolalarni berdi. Anchadan beri ohaklanmagan sinfxona zax va qorongʻu, tinimsiz dars qoldiradigan bolalarning koʻpchiligi kasalmand, nimjon, sinfda dars boʻyi yoʻtal ovozi tinmas edi. Butun sinf bittagina kitobdan foydalanar, koʻpchilik bolalarda daftar-qalam ham yoʻq edi.

Momosiga hasrat qilgan edi:

– Koʻktosh-da uning davosi. Toʻrtta koʻktosh topib, yaxshilab kuydirsanglar, qancha ohak boʻladi, – dedi Ulkan kampir.

Bolalar bir dunyo koʻktosh yigʻib kelishdi. Oʻtin topib, tosh kuydirgan ham oʻzlari boʻlishdi. Birgalashib, butun maktabning ichi-sirtini ohaklab tashlashdi.

Joʻra muallim uni maqtab qoʻydi:

– Sen qizda ajoyib tashkilotchilik qobiliyati bor ekan-ku.

Koʻp oʻtmay uni kolxoz idorasiga chaqirishdi:

– Sizni partiyaga qabul qilmoqchimiz. Mahalliy xotin-qizlar orasida ham partiyaga sadoqatli kadr¬larni koʻpaytirishimiz kerak.

Otasidan qoraxat kelganiga bir oy ham boʻlgani yoʻq edi, maktabga kolxoz partiya tashkiloti kotibi borib, ertaga raykomga borishini aytdi.

– Sagʻal oʻzingga qarab chiq. Raykomdagilar, bizga kimni tavsiya qilayapsizlar, deyishmasin yana, – keta turib qoʻshimcha qildi kotib.

Ertasi kuni Zulfizar uydan odmigina kiyinib chiqqan boʻlsa-da, maktabga kelib, qayta kiyinib oldi. Ust-boshini almashtirayotib, xayolan momosining oldida oʻzini oqlagan boʻldi: “Ish, ish-da, momo. Talab qilishgandan keyin iloj yoʻq. Ziyoli odam oʻzining tashqi qiyofasini koʻrkam, zamonaviy tutib yurishi zarurat. Ha-a, siz buni qayerdan ham tushunardingiz...”

Ammo raykomdagilar uni shunday xayrixohlik bilan kutib olishdiki,qaytishayotganda qoraxat kelgandan buyon tishlarini tizzasidan olmay, jim oʻtiradigan boʻlib qolgan momosi yodidan ham chiqib ketdi. Ertalab uydan kiyib chiqqan kiyimlari maktabda qolgan edi, maktabga burilib oʻtirmadi. Bu paytda u yerda hech kim boʻlmasligi aniq edi.

Eshikni ochgan zahoti qanday xatoga yoʻl qoʻyganini tushundi. Ulkan kampir unga bir qaradi-yu, yuzini chetga burdi. Uning bir lahzalik nigohida qahrdan ham koʻra jirkanish alomatlari bosimroq edi.

Zulfizar ust-boshini almashtirib, Ulkan kampirning yoniga choʻkdi. Qoq suyak yelkalaridan quchib, soʻlgʻin terilari osilib yotgan yuzlaridan oʻpdi:

– Momo, meni kechiring. Men bugun raykomga bordim. Meni partiyaga qabul qilishdi. U yerga lozim, roʻ¬mol¬larda borib boʻlmaydi. Idoradan yangicha kiyinib chiqing, de¬yishdi. Shuning uchun, majburiyat tufayli...

Momo indamadi.

Zulfizar hazil bilan momosining arazini yozmoqchi boʻldi:

– Abdurasulning oʻrniga sen oʻlib ketsang, yaxshi boʻ¬lardi, deng.

Momo yana indamadi. Uning faqat yuragi emas, suyak¬lari ham oʻt boʻlib yonardi. Abdurasul jon talashib yotganda badavlat boʻlgan ekan, yonida norday oʻgʻli, birin-ketin boʻy yetib kelayotgan necha nevarasi bor edi. Mana, oʻgʻlidan qoraxat keldi. Mamarasul bilan Mamaraimdan na xat bor, na xabar. Huvullagan uyda uch mushtipar qoldi. Oʻshanda yuragi butun ekan, shartta oʻrnidan turib, yoʻrgakdagi goʻdakni bemor bolasining boshidan aylantira oldi.Endi-chi? Endi osmon olis, oʻgʻli va nevaralari jon olib,jon berayotgan joylar undan-da olis.

Kamiga manavi qiz ham dumi yulingan tovuqqa oʻx¬shab...

– Momo... – Zulfizar yalinchoq ohangda emranib, momosini qattiqroq quchdi.

Ulkan kampir bir siltanib uni oʻzidan itarib tashladi:

– Nariroq tur, dardim sen emas!

Onasi pastki labini tishlab,bosh chayqadi: “Qoʻy, kerak emas”.

Kechki quyoshning mayin nurlari xonani zoʻr-ba¬zoʻr yoritib turardi. Zulfizar Ulkan kampirning oyoq¬larini quchoqlagancha gʻujanak boʻlib poyiga yotib oldi:

– Momo, uch oy avval Manzuraning otasidan ham qora xat kelgan edi. Endi bilishsa, mina portlagan joyda qolib ketgan ekan. Komandirlari uni oʻldiga chiqarib, uylariga qora xat joʻnatishgan. U emaklab-emaklab, oʻz qismiga yetib olibdi. Hozir gospitalda ekan, xat yozibdi, yaqinda uyga qaytaman, debdi. Momo,bu urush, urushda har narsa boʻlishi mumkin. Men otamning oʻlganiga sirayam ishonmayapman, koʻnglim aytib turibdi, erta-indin oʻzi kirib keladi.

Ulkan kampir uning sochlarini, yuzini siladi.

Zulfizar burilib, momoning koʻzlariga qaradi. Kampirning xavotir toʻla koʻzlarida umid uchqunlari paydo boʻlgandi.

– Bugun raykomda aytishdi, la’nati Gitlerning armiyasi orqasiga qaramay qochayotgan emish, tez orada urush ham tugar ekan. Gʻalaba bilan qaytgan vatandoshlarimizni yorugʻ yuz bilan kutib olishimiz kerak, endi shuning tayyorgarligini koʻrishimiz lozim, deyishdi. Hali zamon otam bilan akalarim kirib kelishadi. Ana oʻshanda bizni qiynab, shunday oʻtirganlaringiz uchun afsus qilasiz. Keyin akalarim bu uyni buzib tashlab, katta uy qurishadi. Albatta, ikkovimizga alohida xona boʻladi, men darsimni qilaman, siz menga qarab oʻtirasiz. Sigir olamiz, uni oʻzim sogʻib, sizga sut pishirib beraman, qatiq uvitaman, ertalablari qaymoq yeymiz. Akalarim toklarimizni koʻtaradi, yoz boʻyi dasturxonimizda uzum boʻladi. Men mayiz qilish yoʻllarini oʻrgandim, qish uchun mayiz qilamiz.

Uning yuzlarini silayotgan muzdek kaftlarga asta-sekin harorat inib borardi.

* * *

Palatani allaqanday dorilar va xlorning oʻtkir hidi tutib ketgan edi. Zulfizarning nafasi qaytdi, bu holat unga hali tirik ekanligini anglatar edi. U koʻrpa ostidan sekin qoʻllarini chiqarib, barmoqlarini boʻyin tomiriga qoʻydi, yuragi hech narsa boʻlmaganday bir tekis urib turardi. Oyoqlarini qimirlatib koʻrdi, ammo tanasining ogʻirligini umuman sezmadi. U dorilar ta’siridan vaznsizlik holatiga tushib qolgan edi.

Shu choq eshik ochilib, qoʻlida choynak koʻtarib olgan qizi koʻrindi. Eshikdan xonaga turli xil ovqatlarning yoqimsiz hidi yopirilib kirdi. Uning koʻngli aynidi. Zulfizarning toʻshagidagi harakatni ilgʻab qolgan qiz yugurib boshiga keldi:

– Ona, onajon!..

– Derazani och... – burnini jiyirib oʻtindi u.

Qizi shoshib derazani ochdi.

Derazadan yopirilib kirgan musaffo havo xonadagi yoqimsiz hidlarni siqib chiqardi. Palataning dogʻ-dugʻ boʻlib ketgan devorlari, sim karovotlar, ilvirab ketgan yuraklar bir zum yoddan chiqdi. Ona va qiz toza havodan toʻyib simirdi.

– Onajon, tuzukmisiz? Hammaning yuragini yordingiz-ku, – u yumshoqqina kaftlarini onasining peshonasiga qoʻydi.

– Menga nima boʻldi?

– Buni siz bilasiz-da, Oftoboyim... – oʻpkalandi Sora. – Shunchalik ham boʻladimi, odam? Borayapman deb, bir ogʻiz qoʻngʻiroq qilib qoʻysangiz boʻlmasmidi? Koʻchada shunday boʻlib qolganingizda nima boʻlardi?

– Shunday boʻlishni bilibmanmi? – Gunohkorona oʻtindi.

– Hech holingizga boqmadingiz-da, ona. Ikki marta infarkt oʻtkazgan odam boʻlsangiz... Siz yoʻlda emas, uyda oʻtirganingizda ham hamisha ehtiyot boʻlishingiz lozim. Siz boʻlsa... kuyovingiz telefon qilsa, yuragim yorilib ketishiga bir bahya qoldi. Uyam shoshib qolganidan “Tez yordam” qayerga olib borsa, shu yoqqa ergashib ketaveribdi. Oʻzimizning doktorimiz bor, shunga olib boringlar, de¬yishni ham eplamagan. Endi qoʻzgʻatmay turaylik, deyapmiz. Sal oʻzingizga kelsangiz, keyin oʻzimizning klinikaga olib oʻtamiz.

Palataga peshonasidagi sochlari butkul toʻkilib ketgan oʻrta yoshlardagi doktor bilan hamshira kirdi.

– Sora Anatolьevna, bemorni charchatayapsiz! – Kulimsirab tanbeh berdi doktor. – Oʻzi zoʻrgʻa jahannamning ostonasidan qaytarib keldik. Ammo bamaylixotir boʻlishga hali erta.

Sora indamadi.

Doktor Zulfizarning yoniga kelib, qoʻllaridan tutdi:

– Xoʻsh, opajon, ahvollaringiz yaxshimi?

– Shukur...

– Yuragingiz oʻzini eslatib yana erkalik qilmayap¬timi?

– Sagʻal... Ammo kechagiday emas.

– Yaxshi. Hozir yana ukol qilib qoʻyishadi, bu ukol uxlatadi. Uxlab, dam oling. Ayni paytda sizga hech kimning hamdardligi, achinishi yordam bermaydi. Koʻzlaringizni yumib, qimirlamasdan yoting, faqat yaxshi narsalarni oʻylang, hech kim bilan gaplashmang.

U Zulfizarning qoʻllarini ohistagina toʻshak ustiga qoʻyib, Soraga yuzlandi:

– Sora Anatolьevna, iltimos, bu kishi onangiz ekanliklarini bir muddat yoddan chiqaring. Bu kishi bemor, siz shifokor, munosabatlar ham shu tushuncha doirasida boʻlishi kerak. Tashqarida oʻn-oʻn besh odam turibdi, biri qoʻyib, biri ichkariga kirishni soʻraydi. Iltimos, shularga javob berib yuboring. Siz bilan bizga xalaqit berishmasin.

– Xoʻp, doktor!

Zulfizar guruchi suv koʻtarmaydigan qizining oʻzi tengi bir shifokor, ehtimol ilmiy darajasi undan ham pastroqdir, berayotgan tanbeh va koʻrsatmalarni indamaygina qabul qilishidan bildi-ki, ahvoli juda jiddiy.

* * *

Shu kun tongni Zulfizar uygʻotdi. Kech yotgan boʻ¬lishiga qaramay, juda erta uygʻondi. Toʻshakdan asta sirgʻalib turib, hovliga chiqdi. Bobotogʻ ortidan sekin tong yorishib kelardi. Yangi tong qoʻngʻir tuman orasida asta tarqalib borardi. Osmon etagida yolgʻiz miltillab turgan yulduzga qarab, otasi va akalarini oʻyladi. Uni ham shu yulduz kabi yolgʻiz tashlab ketishdi... Qulogʻiga qayerdandir yoʻqlov eshitildi. Yoʻqlovga diqqat bilan quloq solib, bu ovoz yuragidan chiqayotganini angladi. Dahshatga tushdi.

Ajab bu yoʻqlov uning qalbida hozir uvillay boshladimikin yoki azaldan bormidi? Qachon, qachon uning qalbi oʻziga aza ocha boshladiykin, qachon? Yo balki eng boshidanoq, huv oʻsha damlardanoq bu yuragi unga nimalardir deb tavallo etgandir? Axir doim aqliga quloq tutib ish qildi, boshqalardan bir kalla boʻlsa ham baland, bir qadam boʻlsada ilgari yurdi. Oʻsha paytlar uning mana hozir ich-ichidan elas-elas sas kabi yoʻqlayotgan, unimi yo oʻzinimi koʻmayotgan qalbiga quloq solguday edimi? Endi nega buncha boʻzladi bu yurak? Ogʻriqdan... bari ogʻriqdan boʻlishi kerak... Lekin baribir nega kelib-kelib shu bugunga kelib-birinma birin, xuddiki uni mahv etmoqqa qasd etgan lak-lak beshafqat qoʻshin kabi umrining har bir lahzasi, har oni dabdurustdan, shovullab, shuvillab koʻz oʻngidan oʻta boshladi? Tushiga kirgan momosi-chi? Goʻdak emas-ku, ona qolib, ota qolib momojonga talpingudek... Oʻzi momo boʻlsa, nevaralari, qizi, oʻgʻli... Ufff... bu yana kim boʻldi? Iye, kotibmi?

Ha, oʻsha kun... Oʻsha kuni ham kotib kelib, ertaga raykomga borishlarini aytib ketdi:

– Nomzodlikdan haqiqiy a’zolikka oʻtasan. Idorada boʻlaman,ertaroq kel. Soat toʻqqizda byuro, piyodaga ancha yoʻl, – ketayotib oldingidek qoʻshimcha qildi: – Ust-boshingga ham qara.

Bu gapdan direktorning gʻashi keldi:

– Odamning bahosini kiyim-boshiga qarab ber¬may¬dilar-ku.

– Toʻgʻri, Joʻra muallim, siz koʻp narsani bilasiz. Ammo, yana bir narsani bilib qoʻysangiz,ziyon qilmaydi. Ya’ni ziyoli kommunist tashqi qiyofasi bilan ham oddiy choʻpondan farq qilib turishi kerak.

Direktor kotibning gaplarini oxirigacha eshitib ham oʻtirmadi. Qoʻl siltab xonadan chiqib ketdi. Unga Zulfizarni partiyaga oʻtkazayapmiz, deb, yigʻilishma-yigʻilish sudrayverishlari sira yoqmasdi. Buni u yashirib ham oʻtirmaydi.

Hatto Zulfizarning oʻziga ham aytgan:

– Sen juda yaxshi muallimasan. Birovning bolasini shuncha yaxshi koʻrib, qalbining qoʻrini berib, saboq oʻtish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Yaxshi muallim boʻlish uchun esa kommunist boʻlish umuman shart emas.

Yangi oʻquv yilidan uchinchi muallim boʻlib, ularga qoʻshilgan Xadicha ham Joʻra muallimning fikrini ma’qulladi:

– Rostdan ham yaxshi muallim boʻlish uchun partiyaga kirish shart emas. Menimcha, koʻproq mansabga intilgan odamlar partiyaga oʻtishadi.

Oʻziga hamfikr topilgani ham direktorni tinchitmadi:

– Oʻquvchilarni yaxshi bir muallimdan ayirishayotganliklariga koʻzim yetib turibdi.

Bu gaplar Zulfizarning ham kayfiyatini buzdi.

Partiya a’zosi boʻlish har qancha oliymaqom boʻlmasin, yonidagi hamkasblari shunday deb turgach, odamga xursandchilik tatirmidi?

Zulfizar bu gapni kotibga aytgan edi, u ji¬gʻibiyron boʻlib ketdi:

– Boʻlmasa, partiyaga kimni oʻtkazish kerak? Partiya saflari sendek jonkuyar, oʻz ishining ustasi, fidoyi kadrlar bilan mustahkamlanmasa, u qanday qilib qudratli boʻladi? Qanday qilib gʻoyalarimizni oddiy insonlar qalbiga, ongiga singdiramiz. Bu gʻoyalarni bir rus ayoli kelib, bizning qishloq xotin-qizlariga tushuntirsa, u har qancha bilimdon boʻlmasin, qabul qildirish juda qiyin kechadi. Ammo oʻsha gaplarni oʻz hamqishlogʻi aytsa, osongina qabul qiladi. Shu oddiygina haqiqatni tushunish shunchalar qiyinmi? Frontdan qon kechib qaytgan deyman, boʻlmasa, oʻzim bilardim uni nima qilishni!

...Tong yorishgach, Zulfizar dahlizda oʻtirib, kotib bergan kitoblarni bir-bir varaqladi. Kiyindi, oʻqishdan qaytgandan buyon ancha oʻsib qolgan sochlarini silliqqina qilib tarab,orqasiga bir oʻrim qilib oʻrib qoʻydi, bilakdek zulf nozik belida qulf urdi.

Xudoga shukrki, unga oson-oson savollar berishdi. U gapirayotganda byuro a’zolarining unga havas va mehr bilan qarab turishlari uni yanada biyron qilib yubordi. Ayniqsa rus tilini oʻrganib, bolalarga rus tilidan ham dars berayotganini ular juda ma’qullashdi.

– Siz endi qiz bola ekanligingizni unuting. Siz endi partiyaning askarisiz. Partiya lozim koʻrgan jabhada ishlashga doimo tayyor boʻling, – dedi byurodan soʻng suhbatga chaqirgan bir kishi. – Ba’zan ishingizdan tashqari topshiriqlar berilsa, vijdonan bajaring. Bu sizning kommunistik burchingiz.

– U juda katta odam, – deb tushuntirdi kotib tashqariga chiqishgach, – Kadrlar boʻyicha hamma masalalarni shu odam hal qiladi. Ana, sen ham nazarga tushding.

Tong sahardan turib, qishloqdan tuman markazigacha, u yoqdan qishloqqacha poyi-piyoda kelib, kun boʻyi oyoqda tik turgan boʻlsa ham uchib kelayotgan Zulfizar qishloqqa kirgach, gʻalati boʻlib ketdi. Avval oldilaridan pochtachi Salim choʻloq chiqdi. Xuddi koʻrmaganday salomiga ham alik olmasdan yuzini teskari burib oʻtdi. Soʻng... Qayerdandir uvillagan yoʻqlov ovozi eshitildi. Kuniga necha uy azaxonaga aylanib, qishloqning har burchida yoʻqlov aytilib yotgan boʻlsa-da, negadir uning yuragi “shuv” etib ketdi. Shoshib uylari tomon yugurdi.

– Voy, bolam, koʻzimning nuri, bolam,

Belimning quvvati,qalbimning qoʻri, bolam.

Endi nima qilaman...

Boshimni qay toshlarga urayin,

Mozoringni qayerlardan izlayin,

Oting oʻchsin, urush, otginang oʻchsin!..

Mushtdekkina boshini qattiq yerga urib faryod chekayotgan baxtsiz ayol uning onasi edi. Ranglari murdanikiday oqarib ketgan momosi hamon qoqsuyak oyoqlarini mahkam quchoqlagancha tizzasini tishlab oʻtirardi. Uning nursiz koʻzlaridan yoshlar shashqator boʻlib quyilar, ammo u shu qadar bemajol yoki bee’tibor edimi,bu yoshlarni artib ham qoʻymasdi.

Oʻqdek uchib kirgan Zulfizar titrab-qaqshab onasini quchoqlab oldi:

– Enajon, kim? Nima?! Nega bunday oʻtiribsizlar? – Oʻzi ham ularga qoʻshilib, yigʻlay boshladi.

– Akang, qizim, akajoning! Mamarasuldan ajralib qoldik. Endi nima qilamiz, bolam!

Oradan hafta oʻtib, Ulkan kampir ham omonatini topshirdi. Yuvib, kafanlagani kirganlar momoga koʻp achinishdi:

– Ikki tizzasi ham momotaloq boʻlib ketgan ekan, yuvib boʻlganimizdan keyin ham koʻzlaridan oqqan yoshni koʻrdik. Shoʻrlik, chin dunyoga yigʻlab ketdi.

Uyning nim qorongʻu burchagida bir ogʻiz ham gapirmasdan oʻtirsa ham shu musibatli kunlarda Ulkan kampir oila uchun ulkan qoya boʻlgani oʻtirgan oʻrni boʻshab qolgandan keyin bilindi.

Momosi bor edi, umrlarida koʻrmagan allaqaysi yurtlarda yurgan boʻlsalar ham, otasi, akalari bor edi. Birin-ketin kelgan uch judolik yuraklariga beadogʻ ogʻriq va qoʻrquv soldi. Hovlida bir xazon shitirlasa ham Zulfizarning yuragi qinidan chiqib ketguday boʻlardi.

Shu ogʻir kunlarda Xadicha uning yonidan ketmadi. Tushgacha maktabga borib kelar, soʻng namozshom tushguncha ularnikida oʻtirardi.

Bir kuni yorinchoqda makkajoʻxori maydalatib qaytayotganda Joʻra muallimdan gap ochdi:

– Joʻra aka juda yaxshi odam, har kuni seni soʻraydi. Erkak-da, yoningga kelolmasa... Lekin oʻzini qoʻyarga joy topa olmay yuribdi.

Zulfizar indamadi.

– U seni yaxshi koʻradi, – bir pasdan keyin qoʻshimcha qildi Xadicha.

Buni Zulfizar yaxshi bilardi, ammo ming yaxshi odam boʻlsa ham yil oʻn ikki oy rangi oʻchib ketgan harbiy kiyimda bir oyogʻini sudrab yuradigan Joʻra muallimni hech qachon oʻziga munosib koʻrmasdi. Erta-indin urush tugaydi. Otasi, akalari qaytib keladi. Toʻkin-sochin, yaxshi kunlar boshlanadi. Ular shaharga koʻchib ketishadi. Zulfizar baxtini oʻsha yoqlardan topadi.

– Hoy, eshityapsanmi? – Xadicha uni uygʻotmoqchi boʻlganday turtdi.

– Ha.

– U seni yaxshi koʻradi, – takrorladi Xadicha.

– Nima boʻpti?

– Unga turmushga chiqishingni istayapti. Agar rozi boʻlsa, sovchi qoʻyaman, dedi. Mana shu ogʻir kunlarda otang va akalaring kelguncha boshlaringda bir erkak kishi boʻlgani yaxshi-da. A, nima deysan?

– Qoʻysang-chi!

– Unday dema, Zulfizar! – yalinishga tushdi Xadicha. – Unga judayam rahmim keladi. Sogʻligʻi yoʻq, onasi ham oʻtib ketdi,bir uyda bir oʻzi yashaydi.

– Rahming kelayotgan boʻlsa, oʻzing teg! U mening tengim emas, – ijirgʻandi Zulfizar.

– Jon deb tegar edim, u bebaho inson, lekin u meni emas, seni soʻrayapti.

– Qoʻy shuni!..

Joʻra muallim baribir odam qoʻydi. Sovchilari qu¬ruq qaytgach, oʻzi koʻngil yordi:

– Urushdan quruq suratim qaytgan edi. Hali hayo¬tida biron qizning qoʻlini ham ushlab koʻrmagan, qalbi orzularga toʻla ne bir yigitlarning parcha-parcha boʻ¬lib, yuzlab boʻlaklarga boʻlinib ketganini koʻrdim. Bu boʻlaklarni yigʻib, dafn qilishning ham iloji yoʻq edi. Bunga hech kimning vaqti ham yoʻq edi. Meni ortga qaytarishdi, ammo men oʻsha qirgʻinbarotlar hamon davom etayotganini yaxshi bilaman. Oʻqlarning vizillab uchgan ovozlari, bomba portlashlari, askar yigitlarning ingrashlari quloqlarimning ostidan sira ketmaydi. Shu holda odamzod nimagadir qiziqishi mumkinmi? Yoʻq, albatta. Ammo, ishonsang, sen meni oʻsha tubsiz chohdan yuqoriga olib chiqding, meni hayotga qaytarding. Seni yaxshi koʻrib qoldim. Agar yoʻq desang... Yoʻq, men buni koʻtara olmayman. Xoʻp, degin. Ishon, bir umr boshimda koʻtarib yuraman.

Qarshisida yalangʻoch novdadek qaltirab turgan yigitga nisbatan koʻnglida zarracha ragʻbat tuymadi. Uning diydasi qattiq edi.

– Meni kechiring, Joʻra aka. Men hali oʻqi¬moq¬chi¬man.

– Birga oʻqiymiz.

– Yoʻq, buning iloji yoʻq, – u shartta oʻrnidan turib, xonadan chiqib ketdi. Achchigʻi keldi. “Har kim oʻz tengini bilsa ekan! Endi Zulfizar kelib-kelib, shu choʻloqqa... Yo, tavba-ey!”

Shundan keyin ham Xadicha koʻp qistadi:

– Buncha toshbagʻir boʻlmasang? Yurishini qara, ado¬yi tamom boʻldi, shoʻrlik.

Ammo oʻzi Zulfizarni boshqa bezovta qilmadi.

Urush tugab, maktabga yangi muallimlar kelgach, u tuman markazidagi maktablarning biriga oddiy oʻqituvchi boʻlib oʻtib ketdi.

Zulfizar yelkasidan yuk tushganday yengil nafas oldi.

Xadicha xafa boʻldi:

– Men uni yaxshi koʻrardim, – dedi bir kuni kutilmaganda.

Zulfizar hayron boʻldi:

– Meni unga koʻndirmoqchi boʻlib, shuncha asabimni buzganlaring til uchida ekan-da...

– Men uni hamisha yaxshi koʻrganman. Unga teg, unga rahm qil, deb senga yalinib yurgan paytlarimda ham yaxshi koʻrganman. Oʻsha ter va qon hidi singib ketgan kitelini joynamoz qilishga tayyorman hamisha. Uni yaxshi koʻrganimdan, unga rahmim kelganidan, uning baxtli boʻlishini juda-juda istaganimdan yalinganman senga. Kim bilan boʻlsa ham mayli, baxtli boʻlsin shu yigit, dedim.

– Endi-chi?

– Endi... Bilmadim, bu yogʻi nima boʻladi? Yuragidagi yaralar bitgach, uchrashib qolsak, agar ungacha birov-yarim chaqqonoylar ilib ketmasa, hammasini oʻzim aytaman.

– Obbo sen-ey! Koʻngling ketgan oshni maqtab birovlarga tavsiya qilib yurishingning ma’nisi nima? Xuddi oʻzing endi oʻn yetti yoshga kirgan pari-paykarsan. Hali sening qoʻlingni soʻrab, Boychibor mingan necha Alpomishlar keladi. Lekin sen paysalga solib, kechikib qolma, oʻzingni ham oʻyla.

* * *

Zulfizar yarim tunda uygʻonib ketdi. Vaqtni bilish uchun avval atrofga, soʻng oyning zaifgina nurlari sizib kirayotgan derazaga qaradi. Qarshidagi karavotda qizi uxlardi. U bir muddat qiziga tikilib qoldi. Begona toʻshak noqulayligidanmi, u bir pasda bir necha bor agʻdarilib oldi. Zulfizar uni rostdan ham juda erka oʻstirgan, hayotida biron noqulaylik boʻlmasligiga harakat qilgan. Endi!.. E-e, xudo, avloddan avlodga boylik meros boʻlib oʻtishini,xastalik oʻtishini bilardi, ammo baxtsiz qismat ham meros boʻlishini bilmagan ekan. Agar shunday boʻlmaganda Zulfizarning taqdiri qizida takrorlanishi shartmidi? Bir zamonlar oʻzi taqdirning talxoʻr nasibasini tatib koʻrganda bunchalar ezilmagan edi, ammo qizining agʻdar-toʻntar boʻlib yotgan toʻshagi uning hayotini izdan chiqarib yubordi, xuddi poyezd relьsdan chiqib ketganday... Erini yarim tunda oʻynashiga qoʻshib haydaganda oʻziga oʻzi tasalli bera olgan edi: “Bir kam dunyo, deganlari rost. Mening kamim shu er boʻla qolsin, eng muhimi,jonim sogʻ, bolalarim bagʻrimda. Tirik va salomat boʻlsang,baxt, omad, boylik oʻzi seni izlab topaveradi”.

Garchi keyinchalik hayoti bekamu-koʻst baxtga toʻlib oʻtmagan boʻlsada,ersiz qolganiga sira afsuslanmadi.

Ertalab Sora uni uygʻoq holda koʻrib, suyunib ketdi. Nam sochiq bilan yuz-qoʻllarini artib, ovqatlantirgach, xonaga bir qizni boshlab keldi:

– Onajon, bu qiz mening shogirdim,ilmiy ish qilyapti. Juda bilimli, ziyrak qiz. Meni bir zarur masala boʻyicha klinikaga chaqirishayapti. Shunday boraman-u, qaytaman. Bu qiz men kelguncha sizga qarab turadi, – soʻng qizga tayinladi. – Doktor bilan hamshiralardan tashqari hech kim kirmasin.

– Bu qizni tashvishga qoʻymagin, bolam. Ahvolim yaxshi, oʻzim yotaveraman, – xijolat boʻldi Zulfizar. – Kelguningcha shu yerning doktorlari qarab turishar...

– Yoʻq, ona, sizni shunday tashlab, xotirjam keta olmayman. Yoningizda oʻzim boʻlmasam ham, oʻzimning ishongan odamim turishi kerak.

Hamshira ukol qilib ketgach, endi koʻzi ilinayotgan edi, eshik “gʻiyq” etib ochilgani eshitildi. Zulfizar negadir xavotirlanib eshikka qaradi. Ostonada uzoq xastalikdan turgan bemordek ranglari soʻlgʻin, qarashlari hadik-xavotirga toʻla Gʻanisher turardi.

– Assalomu alaykum.

Shogird qiz oʻrnidan turib, bir Gʻanisherga, bir bemorga qarab qoldi. Gʻanisher uning nigohlaridagi ikkilanishni sezib,izoh berdi:

– Siz bir aylanib keling, bu kishiga oʻzim qarab turaman.

Qiz bir daqiqa hayallab turdi-da, soʻng indamay chiqib ketdi. Nima ham desin, kuyov boʻlsa.

Gʻanisher uning qarshisidagi kursiga oʻtirdi:

– Meni kechiring.

Boshqa payt boʻlganda yuziga bir shapaloq tushirardi. Hozir buning iloji yoʻq. U indamay yuzini devor tomonga oʻgirib oldi.

– Toʻgʻri, ichingizda qargʻayotgandirsiz, turqing qoʻr¬sin sen itning, deyotgandirsiz? Lekin bu siz oʻy¬laganchalik itlik emas. Bilsangiz, ahvolingizni koʻ¬rib, oʻzimning ham boʻlarim boʻldi. Sizga bir gap boʻl¬ganda, oʻzimni kechirolmasdim...

– Oʻsha “bir gap” boʻla qomapti-da, – shartta uning gapini kesdi Zulfizar, ammo oʻz ovozining xastaligiga qaramay bunday keskir chiqqanidan oʻzi ham hayron qoldi.

Kuyoviga nafrati shunchalik kuchaygan ekanki, bor alami kuch boʻlib boʻgʻzidan otildi goʻyo.

– Aslida bu shunchaki tasodif emas. Men duch kelgan xotinga yopishib yuradiganlardanam, uyimga, toʻshagimga har kimni sudrab keladiganlardan ham emasman. Lekin baribir bir narsani tan olishim kerak. Anchadan buyon ketmoqchi boʻlib yurgan edim. Hech jazm qila olmayotgandim. Oxiri ketsam, avvalroq ketishim kerak ekan, sizni infarkt oldirmay...

– ... – Nega ketmoqchi eding, demaysizmi?

Uning miq etmaganidan nimagadir battar qizishdi indamas kuyovi, soʻng qirq qayta qaytarib, yod olgandek dedi:

– Qizingiz meni hech qachon yaxshi koʻrmagan!

Zulfizar ikki chakkasidagi tomirlari gup-gup loʻ¬qillay boshlaganini sezdi: gapini qarang buning? Shu yoshida “sevdi-sevmadi” esiga tushibdi-da, orada ikki bola tugʻilib, boʻyi boʻying bilan teng boʻlib qolganda-ya?

Jirkanib, yuzini ters oʻgirdi. Ammo ichidan nimadir baribir kuyoviga nisbatan bu qadar beshafqat boʻlmaslikka undab turardi. Har ne boʻlganda ham oʻgʻlidan-da mehriboni shu edi, bolasining ortidan bolasidek... Uning ichidan kechayotgan xavfli xayollarni sezgandek Gʻanisher ham dadillik bilan gapida davom etdi:

– Menimcha, u pul,mol-dunyo, shon-shuhratdan boshqa hech narsani yaxshi koʻra olmasa kerak. Uylangan kunimdan buyon koʻproq pul topay, tezroq ilmiy ishimni yoqlay, nomzod boʻlay, doktor boʻlay, degan tashvishlar bilan yashab kelayapti. Bolalarning oldida ham oʻrnim yoʻq. Qoʻshninikiga chiqish uchun ham onasidan ruxsat soʻraydi. Shu payt yonginasida oʻtirgan ota esa ular uchun bir jonli haykaldan boshqa narsa emas. Albatta-da, uy onaniki, mashinani ona olgan, ona haydaydi, ona ogʻzilaridan chiqqan har bir istakni muhayyo qiladi. Bu yoqdan siz, u yoqdan bobolari toʻlib-toshib keladi. Mening ota-onamda duo bilan mehrdan boʻlak hech narsa yoʻq. Oʻzim shuncha yildan beri ilmiy ishimni yoqlay olmay sarsonman. Maoshim tushligim bilan yoʻl kiramni zoʻrgʻa qoplaydi. Bu uyda doimo keraksiz buyumdek his qilaman oʻzimni.

U ancha payt jim qoldi. Bu orada Zulfizar oʻylardi: indamaygina shuncha gapni ichiga yutib yurgan ekan-da, gʻalcha. U bir umr shu gʻalcha erkaklarni yomon koʻrdi. Ilk bor turmushga chiqqanida shu saboq boʻlmaganmidi? Aynan mana shunday muloyim supurgi erlar bir kun kelib albatta tuzligʻingga tupurmay qoʻymaydilar. Yana ketar chogʻi hamma aybni oʻzingga yuklab, qoraga chaplab tashlaydi. Oʻzlari esa paxtadek oq. Axir qilgani ham, eng yaxshi koʻrgani ham shu qizi boʻldi. Chunki qizning oʻzi shunga arziydi. Unga oʻxshab adashmadi, oʻzi sevdi, oʻzi tegdi va... endi faqat oʻzi kuyishi kerakmi? U ona boʻlib indamay bir chetda qarab turaversinmi? Qizini soʻraguvchilar koʻp boʻldi. Oʻzi bir qiz, husni oʻn qiz edi-da Soraning. Hozir ham koʻrgan koʻzni kuydirgudek. Ammo negadir biroz erkakchasigami-ey fikrlaydi. Eri-xotin ajralib ketishsa ham, Sora bir zum ota e’tiboridan chetda qolmadi, erka, dangalroq boʻlib oʻsdi. Shu lapashang eriga ham oyoq tirab turib olgani uchun ham uzatishgandi. Buning nimasini sevib qolgan ekan: shu aqli, shu husni bilan?! Bu shoʻrtumshugʻam shoʻr-shoʻrlab turib oldi-da. Oʻshanda ota-onasining kambagʻalligini oʻylaganmidi? Shu qiz menga loyiqmi oʻzi deganmidi? Oralaridagi farqni, tafovutni endi bilibdilar-da? Oltin baliqchasi joniga tegibdi-da? Zulfizar oʻzini bu oʻylardan har qan¬¬¬cha tiyishga harakat qilmasin, yaralangan ona sher kabi farzandining kuyiga ana shunday alamli oʻylar faryodi boʻlib boʻgʻzini qoʻrgʻab, sannab tashlashdan tiyib turardi. Umuman, nimayam deb qargʻasin? Oʻta madaniyatli boʻlishning shunisi yomon-da, gʻazabing bostirib kelganda ham tilingni tishlab turaverasan, ancha payt jim boʻlib qolgan kuyov yana xijolatli tomoq qirdi. Eng muhim gapni aytish uchun taraddudlanayotgan edi chamasi. Nihoyat yorildi:

– Meni kechiring, nazarimda men oʻz muhabbatimni topgandayman. U hayotini mensiz tasavvur qila olmaydi. U xuddi onamga oʻxshaydi, meni tushunadi, meni ayaydi. Men unga uylanishga qaror qildim. Sizdan yagona iltimosim, Soraga hech narsa demang. Davolanib chiqqaningizdan soʻng oʻzim aytaman.

Har nima boʻlganda ham Zulfizar xiyonatkor kuyovdan bunday ayblov va keskin qarorni kutmagan edi. Agar Gʻanisher u oʻylaganday kalovlanib oʻzini oqlaganda ehtimol hali beri jahlidan tushmagan boʻlardi. Oʻzicha bu ogʻriqli tishni qizining hayotidan qanday qilib ogʻriqsiz holda olib tashlash rejasini topa olmay yotgandi. Ammo kuyovning kutilmagan qarori uni shoshirib qoʻydi. Nazarida qizi, nevaralari katta shaharda yolgʻiz,beqarov qolganday qoʻrqib ketdi. U qoshlarini chimirib, ijirgʻanganday kinoya bilan Gʻanisherga qaradi:

– Oʻzingizning nafsingiz, hoyu havaslaringiz uchun bolalaringizning koʻnglini yarimta qilib ket¬moq¬chimisiz?

– Bolalarning koʻnglida mendek otaga umuman eh¬tiyoj yoʻq.

– Siz shunday deb oʻylaysiz, ya’ni siz qanday oʻylasangiz, shunday koʻrasiz. Ehtimol hozir ularning siz bilan umuman ishlari boʻlmayotgandir. Ular hali bola-ku. Ular uchun oʻz tashvishlari, oʻz dunyolaridan boʻlak hech narsaning qizigʻi yoʻq. Ammo tashlab ketsangiz, aniq, boʻshab qolgan oʻrningizga qarab “dod” deb yuborishadi. Ana shunda, ularga juda kerakligingizni bilgan daqiqalarda ortingizga qayta olasizmi? Balki ungacha bu oilada ham “ota” deb etagingizga yopishguvchi begunoh farzandlar dunyoga kelar. Ana shunda nima qilasiz?

Zulfizar tabiatan juda yaxshi notiq edi. Istasa, goʻdakdek begunoh odamni ham, shaytonga dars berguvchi tovlamachini ham oʻz yoʻrigʻiga sola olar, shu iste’dodi bilan ishlab yurgan paytlari necha yuzlab roʻzgʻorlarni saqlab qolgan edi. Osmondan kelayotgan kuyov uning gaplaridan keyin jim boʻlib qoldi.

Eshikdan kirib kelgan doktor oʻrtadagi yoqimsiz suhbatga nuqta qoʻydi:

– Iye, Sora Anatolьevna qayerda? Siz kimsiz, sizni palataga kim kirgizdi? – chinakamiga urishib ketdi u.

– Men kuyovlariman. Qarab turgandim...

– Sora Anatolьevna shifokor boʻlgani uchun bemorning yonida boʻlishiga ruxsat berganmiz, boʻlmasa, oʻzimizda ham qarovchilar yetarli. Boya hamshira ukol qilgan edi, siz tufayli bemor uxlayolmay karaxt boʻlib yotibdi. Qani, tez chiqing palatadan.

Gʻanisher palataga qanday mardonovar kirib kelgan, shunday uchib chiqib ketdi. Oʻzini beobroʻ qilib haydab chiqargan doktordan minnatdor boʻldi. Agar shu doktor kirib kelmaganida, kim biladi, bu qaynonasi...

* * *

Nihoyat yigʻlab-yupanib gʻalaba kunlariga ham yetib kelishdi. Hammaning tinka-madorini quritgan urush tugadi. Hayotlarida biron oʻzgarish yuz bermagan boʻlsa-da,hammaning kayfi chogʻ,xuddi shaxsan oʻzi Reyxstagga gʻalaba bayrogʻini qadab qaytgandek mamnun edi.

Bundan besh yil avval mashinalarni toʻldirib-toʻldirib, urushga ketgan yigitlar endi birin-sirin, bugun birov, erta yana kimdir, indin hech kim, kutayotgan odamlar ziq boʻla boshlaganda yelkasiga yuk xalta osib olgan, horgʻin koʻzlari sogʻinchga toʻla yana kimdir qishloqqa kirib kelardi.

Qishloq chetidan oʻtgan kichkinagina ariq koʻp¬rigidan tuman markaziga eltuvchi uzun yaydoq yoʻl tomon keskin burilish boʻlib, shu tufayli koʻprikdan oʻtib qaralmasa, bu uzun yoʻldan qishloqqa kelayotgan odamni koʻrib boʻlmasdi. Qishloq qariyalari koʻprik ortidagi tollar soyasidan oʻzlariga joy qilib olishdi. Kim bir parcha sholcha, kim janda koʻrpacha, kim eski bir jabduq olib chiqib, erta tongdan qora kechgacha shu yerda oʻtirishni odat qildi. Qishloqqa qaytgan askarlarning birinchi suhbati ana shu qariyalarga nasib qilar, birov-yarim kelib qolsa, ularning atrofida tuproq changitib yurgan bolakaylar darhol choʻp otlarini minib, askarning uyidan suyunchi olgani chopishar edi. Sogʻinchga aylangan umidvor qishloq qiyqirib kelayotgan bolalarni koʻrganda quvonchdan bir qalqib ketganday boʻlardi. Hamma kutardi. Urushning birinchi kunlaridanoq qora xat olib, besh yildan beri azalik kiyimini yechmaganlar ham, necha vaqtlardan buyon na yaxshi, na yomon xabar olmaganlar ham, urushga bergudek hech kimi boʻlmay, urushga hech kimini bermaganlar ham-hamma butun vujudi bilan yoʻlga qarardi.

Mamaraim gʻalabadan rosa bir yil oʻtgach, uyga qaytdi. U qaytguncha Zulfizar qishloqning katta odamiga aylangan, uni maktab direktori qilib tayinlashgan edi. Oysulton xola oʻgʻlini bagʻriga bosib turib, hushini yoʻqotdi. Yoʻqotishlar, yoʻqchiliklar, zoriqib yoʻl qarashlar uni butunlay holdan toydirgan edi. Haliyam koʻnglidagi “milt” etgan umid unga matonat bagʻishlab, oʻgʻliga roʻbaroʻ kelguncha oyogʻida tura olishiga sabab boʻldi.

Uy bir pasda qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ bilan toʻlib ketdi. Xotin-xalaj qiy-chuv qilib,Oysulton xolaning yuziga suv sepa-sepa oʻziga keltirib olishdi.

Oqshom choʻkib, keldi-ketdi uzilgach, uyda ona-bolalar yolgʻiz qolishdi. Zulfizar yelib-yugurib hamma joyni tartibga keltirdi. Hovliga sholcha toʻshab, sholchaning girdini aylantirib koʻrpachalar soldi. Qishloq oqshomi juda goʻzal edi. Ayniqsa, aziz odamlaring yoningda boʻlsa, bu goʻzallik yanada toʻlaqonli va zavqli boʻladi.

Zulfizar qancha oʻktam qiz boʻlsa ham akasidan tortinib turar, koʻnglining qaysidir burchida “rostdan ham shu odam mening akammikin?” degan xavotir sira ketmasdi. Sababi, akasi urushga ketayotganda juda yosh, ustki lablarini endigina mayin tuk qoplagan oʻspirin edi. Bugun koʻrpachaga oyoqlarini uzatgancha, yonboshlab olgan kishining ovozlari ham, qarashlari ham ular kuzatgan oʻsha oʻspiringa zarracha oʻxshamas edi. Faqat u yodga solayotgan xotiralar, sogʻinch va mehr toʻla nigohlar “Men sening akangman” deb turardi. Uning oldida Zulfizar yana oʻzini yosh qizaloqdek his qilardi:

– Agar koʻchada qarshimdan chiqib qolsangiz, men sizni umuman tanimas edim, – nihoyat koʻnglidagini aytib qoʻya qoldi u.

– Sen ham ancha ulgʻayibsan. Bekor yurmay, oʻqib olibsan, barakalla, – soʻng kulib qoʻshimcha qildi: – Direktor boʻlibsan.

– Nomiga direktorman-da. Oʻzi toʻrt kishi ishlaymiz. Men ham hamma qatori dars beraman, faqat javobgarligi ziyoda.

– Shuyam katta gap-da.

– Meni viloyatdan oʻqishga yuborishmoqchi edi, onam yolgʻiz deb, keta olmadim. Mana, endi siz borsiz, oʻqishga boraversam ham boʻlaveradi.

– Boʻladi, singlim, – mamnun bosh irgʻadi aka. – Shuncha payt onamga qarab, roʻzgʻorni eplab oʻtirding, rahmat senga, buyogʻiga oʻzimga tashla hammasini.

Bolalariga termilib, jimgina yotgan Oysulton xola aka-singilning mehribonligidan, oʻgʻlining joʻmard¬ligidan xursand kulimsiradi:

– Sen buni koʻp taltaytirma. Togʻanglar “akasi kelsin” deb yurishgandi. Endi qirq ming qalin, qirq qoʻy olamiz-da, uzatib yuboramiz.

– Bekorginani aytibsiz, men sizga molmidimki, sotsangiz.

– Udum-da, meni ham sotishgan, endi seni sotamiz, akangga ham birovni sotib olib beramiz, – battar jigʻiga tegardi onasi.

– Ona, bunday xunuk gapni hazil qilib ham aytmang, iltimos. Odamni sotishmaydi-ku axir, hech qachon sotishmagan ham. Besh-toʻrt soʻm qalin puli berishsa, shuniyam qizining roʻzgʻoriga nimadir qilib joʻnatgan. Sotadi, de¬yilsa, odam gʻalati boʻlib ketadi.

Ona kuldi:

– Seni sotmaymiz, kimni sevsang, shuni sotib olib beramiz.

– Qoʻyinglar. Menga buncha yopishdilaring!..

– Boʻpti, boʻpti. Bu masalani yopamiz... – Gapni boshqa yoqqa burdi Mamaraim.

Ular yarim tungacha shu zayl gaplashib oʻtirishdi. Onasi bilan akasi yotgan joylarida uxlab qolishgach, Zulfizar koʻrpa olib chiqib, ularning ustiga tashlab qoʻydi. Oʻzi ichkariga kirib yotdi.

Bu oila urush tugaganini, hali uning yaralari bitmagan boʻlsa-da, shu osuda tunda ilk bor his etishdi. Bolalikdan saharmardonda turishga odatlangan Zulfizar tashqariga chiqqanda gimnastyorkasini yelkasiga tashlab olgan Mamaraim bir tomoni nurab ketgan eski tandirning boshida turardi. Garchi saraton chillasi boʻlsada, tong salqingina edi. Zulfizar shoshib yuz-qoʻlini yuvdi-da, akasining yoniga borib, salom berdi. Nazarida kechadan beri shunchalik koʻp vaqt oʻtgan ediki, yuragi sogʻinchdan yorilay deb turardi.. Qiz bola boʻlmaganda akasini quchoqlab olishga tayyor edi.

– Yaxshi dam oldingizmi, akajon?

– Ha, rahmat. Xoʻroz qichqirigʻidan uygʻonib ketdim. Hali toʻliq uygʻonmagan edim, bir payt ot kishnashini eshitdim. Tushimmikin, hushimmikin deb, yonboshimga qarasam, mushtdaygina boʻlib onam yotibdi. Urushda ba’zan qishloqlarga yaqin borib qolsak, qoʻy-qoʻzilarning ma’rashi, xoʻrozlarning qichqirishlarini eshitsam, yuragim kengayib ketganday boʻlar edi. Koʻz oldimga qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurgan yam-yashil adirlarimiz kelardi. Odamzod qiziq boʻlar ekan, ajal naqd, oyoqlarimiz osti toʻla mina,quloqlarimiz ostida oʻqlar vizillab uchib yotibdi, ammo biron kun, biron daqiqa uyga qaytish, tinch, osuda hovlingda chalqancha yotib, yulduzlarga termilish, adirlarda yalang oyoq yugurish orzusi koʻngildan ketgani yoʻq. Komandirlarimiz “Ona Vatan uchun olgʻa!” deb jangga solishganda hamisha koʻz oldimda mana shu qadrdon qishloq, yerga qapishib mungʻayibgina turgan mana shu uyimiz paydo boʻlar edi, – Mamarayim tandirga qaradi. – Bu oʻsha biz qoʻyib ketgan tandirmi? Qara-ya, hech narsa qilmapti.

– Ha, endi... Uyda tandir-tandir non yeydigan odam boʻlmasa... onam ikkkalamiz oʻchoqqa bir non pishirib olsak, toʻrt kun yeymiz. Shu tandirni olib tashlay deb qancha urindim, onam qoʻymadi, – Zulfizar yerga qaradi.

– Nega olib tashlamoqchi eding?

– Enam, qachon qarasam, tandirni quchoqlab yigʻlaydi. Sening ham iching kuyik, mening ham ichim kuyik, Tandir ona Xudodan bolalarimni soʻrab ber, deb, yigʻlayverardi. Oxiri bir kun ketmonni olib, tandirning boshiga keldim, yana bir marta shu yerga kelib yigʻlasangiz, shu tandirni chopib tashlayman, dedim.

– Bechora enaginam!... – chuqur xoʻrsindi Mamaraim. – Biz ikkalamiz otamning, akalarimning oʻrnini bildirmay, onamni avaylab, yuragidagi yaralarga malham boʻlishimiz kerak.

– Ha-a...

Raykomdagilarga Zulfizarning oʻqish haqidagi rejasi ma’qul tushdi:

– Faqat Toshkentga emas, viloyat partiya qoʻmitasi Moskvadagi oliy partiya maktabiga mahalliy xotin-qizlardan biron nomzod surishtirayotgan edi. Borasiz, oʻqiysiz, turar joy bilan ta’minlashadi. Maoshingiz beriladi. Xullas, bu juda katta imkoniyat!

Zulfizar raykomdan chiqqanda ayni tush mahali edi. Terak uchiga qadalib qolgan saraton quyoshi yeru osmonni ayovsiz qizdirar, dov-daraxtlar, yoʻllar, odamlar hansirab nafas olar, ana shu otashgoh ichra Zulfizardan baxtli odam goʻyo dunyoda yoʻq edi. Bir tomoni bepoyon adirlar bilan tutash yaydoq yoʻlda ketib borar ekan, damba-dam raqsga tushayotgandek aylanar, nazarida u emas, uning atrofida, unga havas qilib dunyo aylanayotgandek edi.

Mamarayim hovlining bir chetida suvoq uchun loy tayyorlayotgan ekan, hamon oʻgʻlining diydoriga toʻymagan Oysulton xola ham uning yonida gap berib oʻtirardi. Zulfizar ularni koʻrib, darrov suyunchiladi

– Ena, aka! Meni Moskvaga, oliy partiya maktabiga joʻnatishayapti.

Oysulton xolaning qovogʻi solindi:

– Oʻqib, yana kim boʻlmoqchisan? Shahar olib berasanmi? Bir diploming bor, ishlayapsan, yana nima kerak senga? Birovingni Xudodan soʻray-soʻray, shu tomonlardan zoʻrgʻa olib keldim. Endi sening dardingda kuyishim qolganmidi? Hech qayerga bormaysan.

Akasi esa xursand boʻldi:

– Unday demang,ena. Qizingiz urushga ketayotgani yoʻq-ku, oʻqishga ketayapti. Moskvada oʻqib kelsa, kamida bir tumanni soʻraydigan arbob boʻladi. Nodirabegimlar ham sizning qizingizday birovning erka qizi boʻlgan. Qarang, ham arbob, ham shoira boʻlib, tarixda nomi qoldi.

Oysulton xola qat’iy bosh chayqadi:

– Qoʻy, bolam. Menga shuning arbobligi umuman kerak emas. Joyi chiqsa, uzatsam, tinib-tinchib, oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketganini koʻrsam boʻldi. Oʻzi ikkovginalaring boʻlsanglar, biring Iroqda, biring yiroqda... Yoʻq, men bunga chiday olmayman.

– Uzatishga ulgurasiz, ena. Hali yosh, indamang, oʻqib kelsin. Toʻy qilishga shoshayotgan boʻlsangiz, mana, men uylanaman, – u kulib Zulfizarga koʻz qisib qoʻydi. – Keyin, kelin-nevaralar uyingizni toʻldirib yuboradi. Xoʻp deng, enajon, oʻqib kelsin shu qizingiz!

Zulfizar oʻqishga ketguncha akasi uyning u yoq bu yogʻini shuvab, qoʻshni togʻaning qizini qozon-tovogʻiga ega qildi.

...Va shu tariqa Moskva tahsili ham boshlanib ketdi. Birinchi darsda urush va uning qahramonlari,gʻalaba va uni ta’minlagan buyuk kuch haqda yoqimsiz munozara boʻldi. Muallim – siyrak sochlari sap-sariq, ukkinikidek koʻzlarida qandaydir yovuz tuygʻu koʻrinib turgan rangi sovuq kishi “Urushda qatnashgan har bir askar shak-shubhasiz qahramon, lekin buyuk gʻalabani buyuk rus xalqi ta’minladi”,deb aytdi. Zulfizar rus tilini yaxshi tushunsa-da, hali erkin munozara qila olmas edi. “Nega? Mening otam bilan akam kim uchun, nima uchun jon berdi?” degan savoli boʻgʻzida qolib ketdi. Lekin birinchi qatorda oʻtirgan uzun boʻyli turkman yigit oʻrnidan turib ketaverdi: “Bu gapingiz Oʻrta Osiyodan kelib, qon daryo boʻlib oqqan janggohlarda jon olib, jon bergan yigitlarga nisbatan behurmatlik emasmi?” dedi.

– Meni kechiring, muhtaram zot, – muallim mazax qilganday qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, boshini egdi. – Ismi sharifingiz?

– Ogʻamurod Saparovich!

– Ha, Ogʻamurod Saparovich! Men juda afsusdaman, ammo bu ayni haqiqatning oʻzi. Masalan, bir umr paxta dalasidan chiqmagan, ketmondan boshqa qurolni ushlab koʻrmagan yoki bir umr molning izidan yurgan choʻponda harbiy strategiya, taktika, manyovr kabi malakalarni shakllantirish uchun qancha vaqt kerak, bilasizmi? Bir asr! Ostonada turgan dushman sizni bir asr kutib turarmidi? Aslo! Toʻgʻri, sizning qondoshlaringiz ham bu urushga tashlandi, ammo ular Ulugʻ Vatan himoyasi uchun qayerdadir jonli devor, qayerdadir dushmanning koʻziga katta armiya boʻlib koʻrinish vazifasini bajardi, xolos. Shubhasiz, urush qurbonsiz boʻlmaydi, qurbonlar koʻp boʻldi. Sizlardan ham,bizlardan ham, dushman tomondan ham koʻp qurbonliklar berildi. Men yuqorida ta’kidlagan fikrimni yana bir karra ta’kidlashni istayman, ya’ni gʻalabani buyuk rus xalqi bergan qurbonlar ta’minladi.

Shu bilan munozara mavzusi toʻgʻridan toʻgʻri Oʻr¬¬ta Osiyoga koʻchib ketdi. Muallim 30-yillarda Oʻzbekistonga kelgan ekan...

– Dalada ishlaydigan ayollarning boshida 30-40 santimetrlik silindrga oʻxshash bosh kiyimi. Bu silindrni necha xil rangli roʻmolni oʻrab-oʻrab yasashar ekan. Qancha vaqt dalama-dala yurib, bu bosh kiyimi ishlaganda xalaqit berishini ularga tushuntira olmadik. Shuni kiyib ishlaganlarga ish haqi berilmaydi, dedik oxiri. Endi bizning qoramiz koʻrinsa, haligi silindrlarni boshlaridan yechib, shox-shabbalarning tagiga yashirib qoʻyishardi. Ketishimiz bilan yana oʻsha laylak uyalarini boshlariga qoʻndirib olishardi. “Voy, jonining foydasini bilmagan xalq-ey!” deb rosa jigʻi-biyronim chiqardi. Gap yoʻq, ajoyib xalq ekan bu oʻzbek deganlari, – u koʻzlarini artib-artib rosa miriqib kuldi, unga qoʻshilib, butun auditoriya kuldi. Auditoriya tinchigach, u koʻzlarini ishqalab-ishqalab, uzr soʻradi: – Orangizda, shubhasiz, oʻzbek oʻrtoqlarimiz ham bor, uzr. Ammo shu narsani aytishim kerakki, mehnatlarimiz zoye ketmadi,hozir uyda oʻtirgan kampirlardan boʻlak hech kim silindr kiymaydi. Oʻzbek qizlari Moskvada ta’lim olmoqda. Mana, sizga jonli misol, – u hammaning diqqatini Zulfizarga qaratdi. – Ismingiz nima?

– Zulfizar...

– Zulpisar? Oʻzingiz juda goʻzal qiz ekansiz. Ammo toʻgʻrisini aytganda, bu ism sizga unchalik yarashmayapti. Keling, sizga yangi chiroyli ism qoʻyamiz. Masalan, Zinaida! Zina! Zinochka! Aytish ham oson. Otangizning ismlari?

– Abdiqodir...

– Zinaida Abduqodirovna! Yoʻq,bunchalik murak¬kab¬lashtirish-ning nima keragi bor? Abdiyevna boʻla¬qolsin, Zinaida Abdiyevna! Qarang, qanday jarangdor va ulugʻvor! Oʻtiring, Zinochka! – Muallimning sovuq yuziga mamnuniyat ifodasi qalqdi.

Tanaffusga chiqishgach, Zulfizarning atrofini talabalar qurshab oldi:

– Zina, Zinochka! Sizlarda rostdan ham silindr kiyib yurishadimi?

– Uning usti rostdan ham laylak uyaga oʻxshash ochiq boʻladimi? Nega?

Bu qiziquvchanlik bir tomondan uning nafsoniyatini ogʻritsa, ikkinchi tomondan izza qilardi. Aslida ayollarning salla oʻrab yurishlarini uning oʻzi ham juda yomon koʻrardi, lekin shu sallani deb bu taxlit izza boʻlish!.. Uning oʻktamligi tutib ketdi. Hammani gap bilan qayirib-qayirib tashladi:

– Kerak boʻlsa, goʻzal Afrodita bilan Kleopatraning boshida ham silindrga oʻxshash qalpoq koʻrganman. Bu shakldagi kiyim ayol kishining yuzini choʻzinchoq qilib koʻrsatadi. Buning ustiga boshingizda uzunchoq yuk tursa, uning tushib ketmasligi uchun hamisha gavdangizni tik tutib yurishingiz kerak. Shuning uchun bizning ayollarimizning qomatlari goʻzal, yurishlari chiroyli boʻladi. Qolaversa, Oʻzbekiston juda issiq yurt. Boshni issiqdan saqlash uchun ham shunday bosh kiyim kiyilgan.

Uning gaplarini kimdir joʻyali topdi, kimdir masxara qildi. Xullas, Zulfizar momolarining “laylak uyasi” uchun bir marta yaxshigina qizardi. Shu-shu oʻzi ham kiyim-boshiga yanayam koʻproq e’tibor beradigan boʻldi. Bellarida qulf urib turgan sochlarini tubidan qirqib tashladi. Biroz qoramagʻizligini hisobga olmasa, u talabalar ichida eng goʻzal qiz edi. “Zulpisar” boʻlish ham joniga tegdi. Pasport beriladigan mahkamaga borib, ismi-sharifini ham “Zinaida Abdiyevna” deb oʻzgartirib keldi.

Uni uch-toʻrt “osiyolik” doʻstlaridan tashqari hamma yaxshi koʻrardi. “Zina, Zinochka” deb hamma atrofida parvona boʻlsa ham oʻzining “osiyolik”lari bir chetda toʻrsayib turishar, zarur boʻlib qolganda ham yangi ismi bilan atamasdi.

– Shularga yaxshi koʻrinish uchun ota-onangiz qoʻygan ismdan voz kechdingizmi? Bu xiyonat, goʻzalim! – dedi Ogʻamurod ochiqdan-ochiq. – Toʻgʻri, bizda hozircha Rossiyadagi sanoat taraqqiyoti yoʻqdir, ammo urf-odatlarimiz, kiyinishimizning bu taraqqiyotga qanday aloqasi bor? Bizga sanoatni olib kirishsa, ustimizdan kulmasdan, sanoatga qoʻshib bizga begona boʻlgan urf-odatlarini ham tiqishtirmasdan olib kirishsin.

Zulfizar ham gapini berib qoʻyishni istamasdi:

– Birinchidan, men hech kimga xiyonat qilganim yoʻq. Balogʻat yoshiga yetgan har qanday fuqaro oʻziga ism tanlash huquqiga ega. Ikkinchidan, rus xalqi ulugʻ xalq. Bu xalqdan faqat sanoat taraqqiyotini emas, qanday yashashni ham oʻrgansak, ziyon qilmaydi...

Bunday tortishuvlar ba’zan yarim tungacha davom etar, Ogʻamurod qizishgandan qizishar, tortishayotgan raqibi qiz bola ekanligini ham inobatga olmas, bir safar hatto “ Hay, ismi-sharifingizni shularga moslashtirib oldingiz, endi millatingizni ham oʻzgartiring”, dedi.

Zulfizar ham gapdan qolmadi:

– Amerika fuqarolarining pasportida “millati” degan joyga “Amerika fuqarosi” deb yozilar ekan. Ajab emaski, yaqin vaqtlar ichida bizlarning pasportimizda ham “Sovet Ittifoqi fuqarosi” degan yozuv paydo boʻlsa! Ana oʻshanda bu oʻzbek, bu turkman, bu rus degan ulugʻlashlar ham, kamsitishlar ham boʻlmas edi.

– Men bunday siyosatga butunlay qarshiman. Bu sizga oʻxshagan laganbardorlar oʻylab topgan posangidan boshqa narsa emas – u qoʻl siltab davradan chiqib ketdi.

Ular tortishganda sira bir-birini ayab oʻtirish¬masdi, ammo baribir bir joyning odamlari emasmi, shuncha qarama-qarshi fikrlashiga qaramay Zulfizarning qalbi shu yigitni koʻrganda beixtiyor unga qarab talpinishini his etardi.

Toʻgʻri, yigitning qarashlari, haddan ziyod toʻpori va choʻrtkesarligi unga yoqmas, jinnimi bu, oliy partiya maktabining oʻquvchisi emish, deb qosh chimirsa-da, ich-ichidan aslida uning hech kim va hech narsadan tap tortmay oʻz fikrini aytishining oʻzidanoq jahldan ham koʻra hayajondan qizarib, boʻzariblar ketardi. Ammo koʻzlari va qarashlari kishining jonini shartta sugʻurib olgudek yovqur qarashli Ogʻamurod kesatiq bilan uni goʻzalim desa-da, baribir uning xayoli Zulfizardan-da baland, osmonda edi. Faqat har ikkovining ham shu bitta osmonga borar yoʻllari negadir ayro, shunday kaftdagi chiziqlardek, bitta kaftda, ammo baribir ayro edi. Zulfizar, baribir qiz bola ekan-da, yuragi toriqqanda, uyini, onasi, momosini sogʻinganda negadir oʻkrab-oʻkrab yigʻlagisi kelar va har yigʻlagisi kelganda negadir aynan Ogʻamurodning yelkasiga oʻzini tashlab, otasiga xarxasha qilgan qizaloqdek ichidagilarni aytib-aytib, hoʻng-hoʻng qilishga tiyiqsiz mayl his etar, hatto bir gal yigitning xonasiga koʻzlari yigʻidan qizarib borgandi ham. Ammo... bu tashrifidan birinchi galda oʻzi nihoyatda xijolat boʻlib ketdi. Ogʻamurod shoʻrlik-ku, tiliga oʻtkir boʻlgani bilan qiz bolaga qanday muomala qilishni bilmaydi, chogʻi, batamom lom-mim deyolmay qoldi. Axiyri ikkalasi ham vaziyatdan chiqish yoʻlini topishdi. Zulfizar duduqlanib, kecha uning seminarda aytgan fikriga qarshi ekanligini bildirdi. Ogʻamurod ham “Tupurdim oʻsha seminarga” demadi, jon jahdi bilan fikrini himoya eta boshladi. Axiyri ular Marksning “Kapital” asari haqida bahslashishdan nariga oʻtmay, ajrashishdi. Boʻldi, qaror qildi Zulfizar, endi bunday ahmoqona xayollarga bormayman. Uyat bu, uyat! Yaxshiyam Ogʻamurod ichimdagi gapni payqamadi, yaxshiyam... Ammo keyin oʻsha,bir borgina berilgan imkoniyatda u yigitga salgina ishora bilan boʻlsa ham uning oʻziga yoqishini bu musofir yurtlarda unga faqat Ogʻa madad boʻlib yurganini aytmaganiga, aytolmaganiga koʻp pushaymon boʻldi, koʻp...

Bir kuni auditoriyada oʻqituvchi bilan qattiq tortishib qoldi. Oʻsha rangi murdanikidek sovuq oʻqituvchi edi. U Sovet Ittifoqi va undagi suveren davlatlar, ularning haq-huquqlari haqida gapirayotgan edi.

Birdan Ogʻamurod qoʻl qoʻtarib oʻrnidan turdi. Zulfizarning yuragi “shuv” etib ketdi: “Hozir bu yana bir narsani boshlaydi”.

– Kechirasiz, qanday suverenlik va ittifoq ha¬qida gapiryapsiz? Men, masalan oʻzimni suveren davlatning emas, bir mustamlaka davlatning farzandi deb hisoblayman. Bizni oldin chor Rossiyasi bosib olgan edi, Rossiyada sotsialistik revolyutsiya gʻalaba qozongach, biz sotsialistik Rossiyaning mustamlakasiga aylandik. Na bayrogʻi, na tugʻrosi, na Davlat maqomiga ega boʻlgan ona tili boʻlmagan, ota-bobosi oʻqigan alifbosidan ham voz kechishga majbur boʻlgan mamlakatni ozod mamlakat deyish mumkinmi?

Oʻqituvchi boshchiligida butun auditoriya unga qar¬shi turdi.

– Chiq darsimdan! – Oxirida oʻshqirib yubordi oʻqi¬tuvchi. – Nonkoʻr! Bundan keyin qorangni ham koʻr¬mayin.

Butun auditoriya suv quyganday jimib qoldi:

Yaxshimi-yomonmi, yil boshidan beri yonlarida yurgan bir tengdoshlarining taqdiri hal boʻlayotgan edi. Ammo Ogʻamurodning yon berish niyati yoʻq edi. Ki¬tob-daftarlarini jildiga solib, eshikka yoʻnaldi. Ostonaga yetgach, ortiga burilib, oʻzi haydalgan auditoriyaga, soʻng oʻqituvchiga qaradi:

– Kechirasiz, mana koʻrayapsizmi, millatingiz sha’niga aytilgan bir ogʻiz gap sizga qanchalar ogʻir botdi. Shuni unutmangki, har bir millatning oʻz gʻururi, izzat-nafsi bor.

Uni boshqa hech kim koʻrmadi. Xonadagi shaxsiy buyumlari shundayligicha turganligiga qaraganda, u uyiga ketmagan edi.

– Uni qamab yuborishgan, – shivirlabgina bir-bir¬lariga oʻz gumonlarini aytishar edi kursdoshlar.

– Ajab boʻpti! Tilini tiyib yurmagandan keyin shunday boʻladi.

Oradan olti oylar oʻtgach, onasi bilan akasi kelib, rahbariyatga uchrashishdi, biron bir ma’lumot olisholmagach, dod-faryod bilan oʻgʻillarining narsalarini yigʻib, joʻnab ketishdi. Ogʻamurod hammadan koʻp Zulfizar bilan tortishar edi. Hattoki bir gal:

– Men sizni yomon koʻraman, – degan edi yuziga qa¬rab ochiqdan ochiq, – sizga rahmim keladi.

Ogʻamurodning bu gaplari qanchalik diliga botmasin, oʻzining unga nisbatan tuygʻulari tufayli qan¬¬chalik ich-ichidan nomus etmasin, ammo baribir shu yigit yoʻqolib qolgandan soʻng, Zulfizar ancha vaqtgacha garangsib yurdi. Asta-sekin oʻziga kela boshlagach esa koʻnglida atrofidagilarga, muallimlariga nisbatan bir hadik paydo boʻldi. Ammo bu oʻtkinchi tuygʻu edi. Koʻp oʻtmay u yana guruhning eng peshqadam, eng sevimli a’zosiga aylandi. Bolaligidan shunday, qayerda, qanday sharoitda boʻlmasin, u birinchi boʻlishga intilar,bunga erishmaguncha tinib-tinchimas edi. Birinchi boʻlish un¬ga juda yoqar edi.

Diplom himoyasidan oldin, uni dekanatga chaqi¬rishdi:

Dekanning yonida guruh rahbari ham oʻtirardi.

– Zinaida Abdiyevna! – dedi bir qoʻlini frontda qoldirib kelgan dekan. – Tahsil davomida siz ti¬rishqoqligingiz, odobingiz, tashkilotchiligingiz bi¬¬lan hammamizning mehrimizni qozondingiz. Sizni uzoq bir viloyatga yuborishga koʻzimiz qiymaydi. Kuratoringiz ham shu yerda ishda qolishingizning tarafdori.

Zulfizar yuragi gupirlab urib ketdi: “Nahotki? It¬tifoqning yuragi – Moskvada yashab, ishlash!”

– ...ammo, – gapida davom etdi dekan – biz It¬tifoqning har bir burchida oʻz odamimiz, koʻz-qulogʻimiz boʻlishini istaymiz. Sizni viloyat partiya qoʻmitasiga yuboramiz. Buni siz “oʻqib, uyimga qaytdim” deb emas, “meni viloyatda ishlarni yaxshilash uchun yuborishdi” deb tushuningizni istaymiz.

Bu ham unga bildirilgan katta baho, ishonch edi.

Yuragi boʻgʻziga tiqilib qolganday, nafas olishi qiyinlashdi. Qalbi gʻurur va quvonch hissiga toʻlib ketdi. Bu tuygʻu viloyat partiya qoʻmitasiga borganda oʻz-oʻzidan mamnuniyat hissiga aylandi.

Yoz. Nam havo issiq va dim edi. U narsalarini yigʻishtirib, yoʻlga otlanguncha toliqib boʻlgan edi. Ammo samolyotdan tushgach, uyga emas, toʻgʻri viloyat partiya qoʻmitasiga bordi. Birinchi kotib yoʻq ekan. Tashkiliy kadrlar boʻlimi boshligʻi Nikolay Vladimirovich uni “Ikkinchi”ning huzuriga olib kirdi. “Ikkinchi” – qalin qoshlari qovoqlari ustiga osilib tushgan oʻrta yoshlardagi rangpar kishi oʻzini Aleksandr Ivanovich deb tanishtirdi.

– Ajoyib oʻxshashlik, – dedi u Zulfizarning qoʻl¬larini siqib koʻrishar ekan. – Meni koʻrganlar doim nega ismi-sharifingiz ruscha, oʻzingiz osiyoliklarga oʻxshaysiz, deyishadi. Siz esa Osiyo goʻzali, ammo ismingiz Zinaida! Juda yaxshi, Zinochka, endi sizga beradiganlarimiz bilan tanishtiray: lavozim, uy, xizmat mashinasi, haydovchi, yaxshi maosh. Sizdan soʻraydiganimiz – sadoqat va ish. Boʻladimi?

Zulfizar xushnud jilmaydi.

– Albatta, Aleksandr Ivanovich!

“Ikkinchi” unga biroz sinovchan tikilib turdi-da, biroz istihola bilan qoʻshimcha qildi:

– Yana bir gap. Albatta, bu oʻta shaxsiy masala, ammo siz bilan biz kommunistik partiyaning askarlarimiz, bizning oʻzimiz ham, shaxsiy tuygʻularimiz ham partiyaniki. Kommunistik etika degan gap bor. Unga asosan rahbarlik lavozimida ishlaydiganlarning anketasi toza va ibratli boʻlmogʻi lozim, ya’ni sudlanmagan, oilali!.. Shu boisdan zudlik bilan turmushga chiqishingiz kerak. Agar koʻnglingizda biron odam boʻlsa, uni ayting. Ammo sizga uylanadigan odam sizning ish vaqtingiz chegaralanmaganligini, siz zamonaviy rahbar ekanligingizni, rashk qilib ishingizga xalal bermasligini...

Nikolay Vladimirovich qoʻshimcha qildi:

– Siz faqat anketa boʻyicha uniki, aslida jismingiz ham, qalbingiz ham partiyaniki ekanligini yaxshi bilishi lozim. Shunday nomzodingiz boʻlsa, ayting.

Boyagi takalluflar tufayli Zulfizarning yuzlariga yoyilgan tabassum joyida qotib qolgan, birdan kayfiyati tushib ketgan edi: “Bunday erni qayerdan topadi?”

– Ammo, siz xavotirlanmang. Agar biron aniq rejangiz boʻlmasa, bizga qoʻyib bering.

...Uni oʻsha kuni kechki payt qishloqqa yarqiragan oppoq “Volga” olib kelib qoʻydi. Bu uning xizmat mashinasi edi.

Ular topgan nomzod – yoshi oʻttizlarga yetgan, peshonasidan sochlari siyraklashib choʻzinchoq yuzlariga ulugʻlik bagʻishlab turgan bir kamsuqumgina yigit edi. Toʻy-tantana ham qilib oʻtirishmadi. Rasmiy idorada nikohlarini qayd qildirishgach, shahardagi yangi uylarida uch-toʻrt kishi boʻlib oʻtirishdi. “Birinchi”, “Ikkinchi”, “Kadr”, viloyatdagi qandaydir tashkilotda rahbar boʻlib ishlaydigan qaynotasi, kuyov va oʻzi, onasi bilan qaynonasi boʻlak xonada oʻtirishdi. Kampirlarning qistovi bilan mehmonlar ketgach, mulla chaqirib, shar’iy nikoh oʻqitildi. Nikohdan keyin qaynona Zulfizarni bagʻriga bosib, biroz koʻz yosh qildi:

– Aylanib ketay sizdan, bolam sizga omonat. Oʻzi yaxshi yigit, ilmga juda berilganidanmi, hech birovga yuqumi yoʻq, picha boʻshroq. Bir kun yonida oʻtirsangiz ham undan bir ogʻiz gap ololmasligingiz mumkin. Lekin koʻngli toza, gʻubori yoʻq.

Zulfizar kuldi:

– Xolajon, menga aynan shunday odam kerak-da oʻzi. Ishimiz ogʻir, ba’zan kechroq qaytishim bor, ba’zan aytmasdan uzoq qishloqlarga ketib qolishim bor. Shunday paytda horib-tolib kelgan holimga bu kishiyam jahl qilib, tergab boshlasa, keyin menga juda qiyin boʻladi.

Oysulton xola qizining bu qadar erkinligidan yangi quda oldida xijolat tortdi:

– Nima, tergamaydi deb oʻylayapsanmi? Albatta tergaydi, erman-har narsa derman, deyishgan.

– Yoʻq, yoʻq, mening bolamning qoʻlidan birovni tergash kelmaydi. Oʻziga toʻgʻri boʻlsa, boʻldi-da. Ayol zoti eng avval oʻzi uchun sha’nini asraydi.

Zulfizar ilojsiz holda rahbarlarining top¬shi¬rigʻini bajarayotgan boʻlsa-da, shu taxlit, tomdan tarasha tushgandek birovning xasmiga aylanayotganidan koʻngli juda xijil edi. Na bir izhori dil, na bir mardona shart aytmay, indamay uyiga, hayotiga kirib kelgan odam unga hech yoqmadi. Ammo, chidash kerak. Koʻngliga yaqin biron inson boʻlmagach, kim bilan yashashining nima ahamiyati bor? Qaynonasining gaplarini eshitib, biroz koʻngli yorishdi: mehribon, aqlli ayol ekan. Ketishga chogʻlanayotgan qaynonasi bilan qaynotasini yotib qolishiga undadi:

– Kech boʻlib qoldi, yotib qolinglar, xona koʻp, xolam onam bilan gurunglashib yotadilar.

Nodir ham yomon yigit emas edi, ichmaydi, chek¬maydi,yomon gapi yoʻq. Yarim tungacha yozuv-chizuvi bilan band. Qorni ochsa, indamay oʻzi choy qoʻyib ichaveradi. Baribir bu holat Zulfizarning koʻnglini ilita olmasdi: “Erkakka oʻxshamaydi, latta!” Ammo eriga nima ham deydi: “Bilganini qilsin!”

Oʻgʻli tugʻilgach,eri birdan oʻzgardi. Xotinining emizikli bolani onasiga tashlab, oʻzi yarim tungacha ishda yurishlariga hech koʻnika olmay qoldi. Oʻsha kuni olis togʻli qishloqlarga borishgandi. Yarim tunda qaytdi. Haydovchi u tomonga oʻtib, eshigini ochayotgan edi, darvoza oldida eri koʻrindi. Zulfizar zim-ziyo tunda ham erining yuzi qahrli ekanini bildi. Haydovchining oldida vaziyatni yumshatish uchun eriga oʻzicha takalluf qilgan boʻldi:

– Ha, dadasi,xavotirlandingizmi?

Eri esa... yuziga tarsaki tortib yubordi.

– Nega, nima uchun?! – Zulfizar joyida qotib qoldi.

– Men... ostonada ham begona erkakka bilagini ushlatadigan ayol bilan ortiq yashay olmayman.

– Qanday begona erkak?! U haydovchim-ku! – chin¬qirdi Zulfizar.

– Haydovching erkak emasmi?

– Mayli, erkak ham deylik, ammo qanday saviyasi past odamsiz? Nahotki men oʻzimni shu oʻqimagan haydovchiga teng koʻrsam? Juda charchagan edim, mashina baland boʻlgani uchun ”ushlashib yuboring” dedim.

– U esa huzur qilib bilaklaringizdan ushladi!..

– Siz siyosiy koʻr feodalsiz!

Oʻsha tun toʻshaklar boʻlindi.

Ertalab Nodir uzr soʻradi.

– Zulfizar, meni kechiring. Men sizni rostakamiga yaxshi koʻrib qolganga oʻxshayman. Endi ketmasam boʻlmaydi. Xavotirlanmang, nikohimiz turaveradi. Anketalarga ham bemalol “Oilaliman” deb yozaverasiz. Soʻraganlarga “Erimni Toshkentga ishga chaqirishdi, ilmiy ish qilyapti”, deysiz. Men Toshkentga ketaman. Faqat iltimos, Botirjonni ehtiyot qiling, unga sizning mehringiz, e’tiboringiz kerak.

“Ketmang!..” deyishga gʻurur yoʻl bermadi. Ammo yuragidan nimadir uzilib ketganday boʻldi. Indamadi, hatto kuzatgani ham chiqmadi. Necha kun yurar yoʻlidan adashgan devonaday halovatini yoʻqotdi. Oʻziga kelgan kun angladiki, oʻsha “Feodal” yigit hayotining bir boʻlagiga aylanib boʻlgan, unga oʻrganib qolgan edi. Hamisha atrofingda oʻralashib yuradigan jonzotga oʻrganib qolganday...

Muhabbatsiz boshlangan turmush muhabbatga oʻxshash iliqqina munosabatlar paydo boʻlgach, shu tariqa buzilib ketdi.

* * *

Botib borayotgan quyoshning bir cheti koʻrinib turardi. Kasalxona hovlisi aylanishga chiqqan bemorlaru, yoʻqlovchilar bilan gavjum. Ukol ta’siridan zoʻrgʻa koʻzini ochgan Zulfizar yonida jovdirab oʻtirgan qizini koʻrib, ezildi. Bemador qoʻllarini uzatib, asta qoʻlidan tutdi:

– Sora, sen baxtli boʻlishing kerak.

– Onajon, u nima deganingiz?

– Men uchun ham, akang uchun ham!..

– Qoʻying, oʻsha bangini gapirmang. Hamma narsani sotib, sizni kafangado qilgan shu. Endi hovlini sotasiz-da, qoʻshnim uyini sotayapti, shu yerga koʻchib kelasiz. Bilganini qilsin. Oʻzingizga dori olmay, pensiyangizni ham shu ahmoqning narkotigiga berib yurganingizni bilaman, ona! Oʻshani deb shu koʻyga tushdingiz. Endi boʻldi, hammasiga nuqta qoʻyaman.

– Sen bolam, oʻzingni, oʻzingning baxtingni oʻyla. Akangning taqdiri uchun men javobgarman. Kecha-kunduz ish deb chopib yurmasdan shu bolaga ozgina e’tibor, vaqt ajratganimda shu koʻrguliklar boʻlmasdi. Bizning davrimizda ota-onaning bir kuchi bolalarining ustini butlab, qornini toʻygʻazishga ketar edi. Shundayam haftada bir marta yovgʻon icha olmasdik. Ustimizdagi kiyim yuvilsa, quriguncha koʻrpaga kirib turardik. Men bolamga eng sara kiyimlarni kiydirdim, tanlab-tanlab yedirdim. Pul shundaygina tokchada turardi, hisobini soʻramas edim. Soʻrash, tergash kerak ekan, uni yomon bolalar yoʻldan urdi. Momongni ham, meni ham dogʻda qoldirdi.

– Yoʻq, ona, oʻsha sharoit menda ham bor edi. Nega men giyohvand boʻlmadim. Nega?! Bilsangiz, hamma narsa odamning oʻziga bogʻliq.

– Sen axir qiz bolasan. Nahotki, qiz bola boʻp turib...

– Ona, mening rus maktabda oʻqiganimni unutmang. Bizning qizlarimiz oʻzbek maktablaridagi oʻgʻil bolalardan battar edi. Chekish, ichish, yigitlar bilan yurish ular uchun odatdagi ermak edi. Maktabning orqasidagi ovloq hovlilarning hojatxonasiga borib, nechtasi kayf bilan uxlab qolardi. “Akam uchun kuyib yurgani yetadi, xavotirlanmasin” deb men bularni sira sizga aytmas edim.

Zulfizar uning barmoqlarini qisib qoʻydi: “Rah¬mat”. Ancha jim yotib, yana oʻzini aybladi:

– Otasining oldida ham yuzim shuvut boʻldi. Keyinroq boʻlsa ham otasiga xabar qilganimda kelib, olib ketardi. Davolatib, toʻgʻri yoʻlga solib yuborarmidi? – Xayoliga kelgan fikrdan koʻzlari “yarq” etib ochildi. – Haliyam aytsammikin? Men uning ish joyini bilaman. Borib, yonimga aytib kel, bolam. Oʻlib-netib ketsam, akang shoʻrlik... Xotini ham haydab yuborgan, koʻchada itday oʻlib ketmasin.

Sora indamadi. U akasini juda yomon koʻrardi. Shu aka uchun qaysi bir joyga borib, kimlarnidir aytib kelgandan koʻra... Ammo onasi aytganini qilmay qoʻymaydi.

– Maylimi, qizim? – emrandi ona.

– Xoʻp, – u toʻrsayib oldi.

Zulfizar horgʻin qovoqlarini yumdi. Hozir boshida oʻsha, bir tarsaki urib, muhabbat izhor qilgan, ammo muhabbatini himoya qilishdan qoʻrqib qochib ketgan lapashang Nodir paydo boʻlganda ham uning koʻzlariga qaramaslik uchun shunday koʻzlarini yumib olar edi.

Ammo koʻzlarini yumib boʻlsa-da, hozir oʻsha odam bilan gaplashishi shart. Oʻshanda, u ketib qolgan damlar biroz boʻshashib siqilganini aytmasa, tez kunda ishga shoʻngʻib, uni koʻnglidan butunlay chiqarib yuborgan edi. Hatto bogʻcha opalar “Oʻgʻlingizning dadasi kelib, koʻrib ketdi”, deganda ham qalbi bir entikmadi. Shu odamga balki biz kerakdirmiz-a, deb oʻylamadi. Uning qayerdan kelib, qayerga ketgani, nimalar bilan shugʻullanayotgani bilan umuman qiziqmadi. Ba’zan kimdir xushomad qilibmi, “Eringiz Toshkentdagi falon ilmiy tekshirish institutida ishlayotgan emish”, “Haliyam uylanmagan emish”, “Nihoyat uylanibdi bechora” kabi ma’lumotlarni yetkazishganda ham uzoq bir qarindoshlar haqidagi gapdek “ha”, deya qoʻl siltab qoʻya qolardi. Haqiqatan ham oʻsha paytlar uning ishi juda koʻp edi. U yer-bu yerda oʻz joniga qasd qilgan har bir fakt uchun Markazkom oldida tik turib javob berishardi. Ayni paytda barcha tuman va qishloqlarda shunday holatlarning oldini olish masalasida tinmay yigʻilishlar oʻtkazar edi. Uning yigʻilishlaridagi soʻrovlarda erkak rahbarlar ham dagʻ-dagʻ titrab turishar edi. Hurmat-izzat, takalluf va tavozelar ham shunga yarasha edi. Shunday bir paytda bir zamonlar yuziga tortib yuborgan tarsakidan xijolat boʻlib, “men sizni yaxshi koʻrib qolibman, shekilli”, deya ketib qolgan erkak uchun gʻussa chekib yurarmidi?

Endi esa... Hammasi ortda qoldi. U minbarni mushtlagan dam yuzlab erkak yigʻilgan majlis ilkis qalqib ketgan davrlar,bir ogʻiz takallufini mukofot deb bilgan odamlar-bir ertak endi. Endi, giyohvand oʻgʻil,behol, bemador vujud va bor sharbati siqib olingan anordek poʻkillab qolgan yurakdan boshqa hech narsasi yoʻq. Endi oʻsha, bir zamonlar “Oʻgʻlimizni ehtiyot qiling”, deya oʻtinib ketgan boʻshang odamning yordamiga muhtoj boʻlib yotibdi. “Topshirsam edi”, muammolarning yechimini shu niyatda koʻrdi. Lekin u juda muloyim, mehribon odam, oʻgʻlini yaxshi gap bilan yoʻlga soladi. Botir ham giyohvandlikdan butkul charchadi. “Boshqa chekmayman” deb yuz marta qasam ichadi, ammo kayf xuruj qilgan dam oʻzini idora qila olmay qoladi. Unga hozir qat’iyatli, mehribon bir suyanchiq kerak. Ana shunda shuncha yildan beri azob bergan ofatdan balki butunlay qutilib ketadi.

* * *

Zulfizar endi tushlikka chiqay deb turganda, ichki telefon jiringlab qoldi. Uyga ketayotgan payt yana biron muammo chiqibdimi, degan xavotirda goʻshakni koʻtargan edi, “Kadr”ning ovozi eshitildi:

– Zinaida Abdiyevna! Tushlikka chiqayapsizmi? Bizning xonaga bir kirib oʻtsangiz, degandim.

Har qanday vaziyatda ham bu odamga yoʻq, deyishning iloji yoʻq. Viloyatda uning mavqei shu darajada baland ediki, hatto “Birinchi” ham biron muhimroq qaror qabul qilishdan oldin, albatta uning fikrini soʻrardi. Zulfizarga biron marta ham ters gapirmagan boʻlsa-da,bu odam Zulfizarning koʻziga juda xavfli boʻlib koʻrinar edi.

Xonada “Kadr”dan tashqari oq-sariqdan kelgan uzun boʻyli, tepakal bir kishi oʻtirardi. Zulfizar uni bir qarashdayoq uni tanidiyu,birdan duv qizarib ketdi, Ammo tezda oʻzini qoʻlga olib, yuziga jiddiy, hukmronona, shu bilan birga iltifotli tus berdi. Ichida esa bir narsa tiqillay boshladi. Bu odam? U bu yerda nima qilib oʻtiribdi? Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, degani shu ekan-da?

“Kadr” oʻrnidan turib, mulozimat koʻrsatdi.

– O! Ideologiya malikasi, xush koʻrdik. Oʻzim chaqirmasam, kiray ham demaysiz? Sizning atirlaringizni bir hidlash uchun yoʻlaklarda tentirab yurishga majbur boʻlayapmiz. Bu nima degan gap axir?

– Qoʻysangiz-chi, Nikolay Vladimirovich, – xijolat boʻldi Zulfizar, – ochilmagan duxilarim bor. Istasangiz, bittasini sovgʻa qilaman.

– Yoʻq, azizam, menga sizning tabiiy iforingiz bilan omuxta boʻlgan duxi kerak. Bordi-yu, duxi bilan sizni xonamga koʻchirib kelsam, viloyatda ideologiya ishlarini barbod qilgan boʻlaman. Bu esa aslo mumkin emas. – U nim tabassum bilan ularning suhbatini tinglab oʻtirgan mehmoniga yuzlandi. – Senga aytgan Osiyo goʻzali shu kishi, ammo koʻrib turganingdek, aytganimdan ham goʻzal, oqila va talabchan, – soʻng Zulfizarga oʻgirildi. – Tanishing, mening eng yaqin doʻstim Anatoliy Abramovich! Fazilatlari juda koʻp: mehribon doʻst, qoʻli gul xirurg, eng muhimi dono tadbirkor, uni bir choʻpning ustiga xoʻrozqandday qilib oʻtirgʻizib qoʻysangiz ham, tadbir ishlatib, siz bilan mendan koʻproq pul topadi. Nuqsonlari ham bor, qizlarni, ayniqsa mahalliy qizlarni juda yaxshi koʻradi.

Ajab, mehmon ham xuddi Zulfizar kabi ayolni birinchi koʻrib turgandek tutdi oʻzini. Lom-mim deyishga ojiz odamdek xijolatomiz qoʻllarini yozdi:

– Sharq qizlari goʻzal boʻlishsa,bunda mening aybim nima? Axir goʻzallikning qoshida xudolar ham tiz choʻkishgan.

Zulfizar yalt etib Anatoliyga qaradiyu, darrov koʻzini yashirdi. Ajab! Uni bunchalik abjir, soʻzga usta deb oʻylamagan ekan. Indamagandan qoʻrq, deb shuni aytishsa kerak-da? Vaholanki bundan bir yil burun Zulfizar toʻsatdan koʻrichak boʻlib qolgan, tabiiyki uni viloyatdagi eng nufuzli shifoxonaga zudlikda yetkazishgan va shaxsan Anatoliy Abramovichning oʻzi uni operatsiya qilgan edi. Garchi shifoxonada uch kungina yotgan boʻlsa-da, u har qanday bemor kabi tabibiga bogʻlanib qolishiga ulgurgan, indamas, lekin koʻzlari kulib turuvchi, aqlliligi qarashlaridan ayon, ozoda, baquvvat qoʻllarini goh uning peshonasiga qoʻyib koʻrib, goh bemorining tomirini ushlab, uning necha yillardan buyon erkak qoʻli tegmagan vujudini biroz seskantirgan, biroz titratgan, eng qizigʻi, Zulfizar, kap-katta rahbar, shu birgina shifokorning qarshisida ojiz, behimoya qushchadek javdirab, undan koʻz uzolmay qolgan, shifokor atrofida girgitton boʻlib turgan hamshirayu navbatchi doʻxtirlarga koʻrsatma berayotgan chogʻdagina uning biroz boʻgʻiq va bosiq gapirishini bilib olgan, bu ovoz uning quloqlariga ham xush yoqqan edi. Ammo oyoqqa turishi bilan shifoxonadan yov quvgandek, hatto xaloskori bilan xayrlashmay chiqib ketgandi. Ish! Ish kutib turmaydi! Mavsum! Reja pasayib ketibdi, e Xudo, uning yalpayib yotishi-chi? Topgan vaqtini-chi bu koʻrichakning? Shu tariqa Zulfizar bu sirli shifokorni keyin bir yo ikki bor gʻalat entikish bilan esladi. Esladiyu, darhol uning suratini xotiridan oʻchirdi. Bema’nilik! Kasallik, arzimagan dard boʻlsa ham, baribir odamni ojiz qilib qoʻyarkan, dedi. Ishga shoʻngʻidi va uni butkul yodidan chiqardi-qoʻydi, tamom.

– Iltimos, Tolik, oʻz aybingni oqlash uchun xudolarni gunohkor qilma, – hamon vaysardi “Kadr”, – undan koʻra boʻydoqman, uylantirib qoʻy, keyin hech kimga qaramayman, de. Biz aybingni oʻchiraylik, – u kula-kula Zulfizarga yuzlandi. – Ma’lumot uchun yana bir narsa: u boʻydoq. Lekin buni nuqsonlari roʻyxatiga ham, fazilatlar roʻyxatiga ham kirgiza olmayapman. Siz nima deysiz?

Ikki erkakning bu tarzdagi tagdor gaplari Zulfizarning nafsoniyatiga tega boshladi. Ammo oʻzini qoʻlga olib, nim tabassum bilan jimgina turaverdi: boshqa nima ham qila olar edi?

– Darvoqe, bizning malikamizning ham boshlari ochiq. Agar farishtalar omin, deb, sizlar turmush qursalaringiz, sotsialistik jamiyatda ajoyib ibrat namunasi boʻlardi.

“Bunisi endi oshib ketdi! Ishda kamchilikka yoʻl qoʻygan boʻlsa, urishsin, soʻksin, ammo shaxsiy hayotiga bu xilda aralashuv!..”.

– Kechirasiz, Nikolay Vladimirovich, onamning tob¬lari yoʻq edi. Dori olib bormoqchi edim, – u qovogʻini uyub oldi.

Gapi boʻlingani “Kadr”ga yoqmadi:

– Shundaymi? Biz siz bilan tushlik qilmoqchi edik-ku. Ha, mayli, boring. Ammo bir shart bilan, ertaga oʻzingiz bizni tushlikka olib borasiz.

Zulfizar indamadi.

Eshik oldiga yetgach, sekingina bosh egib “Yaxshi qo¬linglar” dedi-yu, xonadan chiqib ketdi.

Moskvadan qaytgandan buyon biron gapi ikki boʻlmagan, qayerga borsa, hadik va hurmat bilan kutib olingan Zulfizar “Kadr”ning bugungi muomalasidan oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Bir narsa deyin desa, butun obkam, jumladan Zulfizarning taqdiri ham uning qoʻlida. Demasa, ochiqdan ochiq, bu xil “hukmronlik”! Ammo bundan ham battari anov yaramas doʻxtirning indamay, uni “Kadr”ning ilmoqli gaplariga oʻlja qilib tashlab qoʻyishi boʻldi. Oʻzini kim deb oʻylayapti u? Xoʻp mayli, gap nishabi bu tariqa kechmaganda, Zulfizar oʻlibdimi, fursatdan foydalanib, unga minnatdorchiligini bildirardi. Agar yodidan chiqqan boʻlsa, ular tanish ekanligini “Kadr”ning oldida aytardi. Ammo erkak boʻlib Zulfizarni tanishini yashiribdimi, demak, shunday boʻlishi kerak ekan-da. “Kadr”ning oldida shaxsiy munosabatlarni bildirish xavfli, ha, juda xavfli, buni Zulfizar yaxshi biladi. Shuning uchun ham doʻxtirning oʻzini bu tarzda tutgani ham... uni... Zulfizarni oʻylab qilgan harakatidir?

Shunga qaramay, baribir tushlikdan keyin ham yuragining siqilishi tarqamadi. Kechga yaqin Xadicha keldi. Qizligida bir tutam chuchmomadekkina boʻlib yuradigan Xadicha turmushga chiqqach, toʻlishib, ochilib ketgan edi. Uning chaqnab turgan koʻzlariga qarab, Zulfizarning biroz kayfiyati koʻtarildi:

– Joʻra akam seni nima bilan boqayapti, kundan kunga semirib borayapsan? – hazil qildi u dugonasini bagʻriga bosarkan.

– Shu akang oʻzini boqsayam... topgani maktabidan beri kelmaydi. Hali u yerini yamaydi, hali bu yerini. Eskini yamayman deb, erim bechoraning esi ketdi.

– Nimaning hisobiga buncha semirayapsan, boʻlmasa?

– Oʻzim-chi? Ikki stavka darsim bor. Kerak boʻlsa, oyligim direktornikidan ikki baravar koʻp.

– Unda yaxshi, xursandman. Kech boʻlganda oyligim koʻp deb, meni restoranga taklif qilib kelmagandirsan, hoynahoy?

– E-e, qoʻysang-chi, sening koʻnglingni topishga yoʻl boʻlsin. Akangning dardi bilan yuribman. Yonimizda yangi maktab qurilayapti, shu yoqqa direktor qilib oʻtkazib ber. Boʻlmasa, bechora erim shu eski maktabni songa solaman deb ajalidan besh kun burun oʻlib ketadi. Oʻzi mazasi yoʻq. Urushning asoratlari asta-sekin yuzaga chiqayapti.

– Yaxshilab qara, davolansin.

– Oʻn besh kun bir joyga borib dam olib kelsang, ruhingda qanday oʻzgarishlar boʻladi. Bu kishi toʻrt yil qon kechib, jon olib, jon berib yurgan. Haliyam quloqlarim ostida snaryadlarning portlashlari, jon berayotgan as¬karlarning ingrashlari eshitilib turadi, deydi. Ming ehtiyotlab qaraganim bilan...

– Ha-a... – dugonasining gaplaridan ogʻir bir soʻlish oldi.

Ularning suhbatini telefon qoʻngʻirogʻi buzdi.

– Eshitaman, – Zulfizarning xayoli oʻzida emas edi, “Kadr”ning ovozini eshitib, birdan xushyor tortdi. – Labbay, Nikolay Vladimirovich!

– Zinaida Abdiyevna, ishlayotganmidingiz?

– Ha, Nikolay Vladimirovich!

– Bugungi taklifim haqda oʻylab koʻrdingizmi?

Zulfizarning yuragi “shuv” etib ketdi:

– Qaysi taklifingiz? – bilib turgan boʻlsa-da, bilmaganga oldi.

– Anatoliy Abramovich haqida aytayapman. Ammo lekin siz Tolikka juda yoqib qolibsiz. Tushlikdan beri oʻn marta telefon qildi, qachon uchrashamiz, deb.

– Qoʻysangiz-chi, biz boshqa-boshqa dunyo odamlarimiz. Bunday gap boʻlishi mumkin emas.

– Iye, bu gapni siz aytayapsizmi? Aytayotganlaringiz oʻzingiz targʻib qilayotgan “millati, irqi, mansub boʻlgan dinidan qat’iy nazar...” degan ideologiyangizga qarshi emasmi?

– Nikolay Vladimirovich, iltimos qilaman, meni qiynamang. Men u kishining millati, irqi haqida bir narsa deyayotganim yoʻq. Agar koʻngil qoʻysam, xabashga ham tegishim mumkin. Ammo tushgacha tanishgan odamga kechqurun turmushga chiqa olmayman-ku.

– Zinaida Abdiyevna, sal oshirib yubormayapsizmi?

– Ha, balki oshirib yuborayotgandirman, meni kechiring, ammo...

– Bu siyosat uchun kerak, muhtarama Zinaida Abdiyevna. Siz bilan biz partiyaning askarlarimiz, har daqiqada oʻzimizni unga qurbon qilishga tayyor turishimiz shart. Menimcha, shu bilan bu masala hal. Bundan Markazkomning ham xabari bor. Ular siz bilan bizni olqishlamoqda.

Zulfizarning ustidan bir chelak qaynoq suv quyilib ketganday boʻldi. Uning rangi qumday oqarib ketgan edi. Nima boʻlganda ham!.. U qoʻgʻirchoqmidiki, istagan odamlariga sovgʻa qilib yuborishaversa? Unga qarab, Xadicha ham qoʻrqib ketdi.

– Kim, Zulfizar? Seni kimga berishmoqchi?

– Anatoliy Abramovich degan jarrohga! – oʻziga oʻzi gapirayotganday koʻzlarini noma’lum nuqtaga tikib javob qildi u.

– Anatoliy Abramovich? Viloyat shifoxonasidagi jarrohlik boʻlimi boshligʻimi? – Xadichaning koʻzlari katta-katta boʻlib ketdi. – Axir u juhud-ku. Juhudga tekkan odamning yetti pushti kuyib ketadi. Sen shunga rozi boʻlasanmi?

– Boshqa ilojim yoʻq.

– Nega, nega?! Bu sening hayoting, axir. Unga xoʻ¬ja¬yinlik qilishga hech kimning haqqi yoʻq.

Zulfizar dugonasining gʻazabga toʻlib ketgan koʻz¬lariga mayuslanib qaradi:

– Aks holda ishdan ketishim kerak.

– Ket, ketaver. Nimaga kerak shu ish senga? Oddiy muallim boʻlsang ham, onang bilan bir oʻgʻlingni boqa olasan.

– Odamlar-chi? Ishini eplay olmagani uchun hay¬dashdi, deb kulishmaydimi?

– Juhudga tegsang-chi, bundan battar kulmaydilarmi?

Zulfizar indamadi.

– Toʻgʻri, yuzingga qarab kula olmasliklari mumkin, ammo ortingdan “qah-qah” otib kulishadi, nafratlanishadi. Musulmonlik nomiga dogʻ tushirdi, deyishadi.

– Noilojman, Xadicha! Qolaversa, oʻzga millat bilan taqdirini bogʻlagan bir menmi? Xonlar yetti iqlimdan goʻzal qizlarni olib kelib, uylanishgan. Men uning millati boshqa ekanligini aytmayapman. Uni umuman bilmayman, hatto durustroq gaplashib ham koʻrmaganman.

– Bilsang... unga tegishing ham mumkinmi?

– Nima boʻpti? Dugonajon, men dahriyman, ammo sen sigʻinadigan Xudoning oldida ham hamma bir xil maqomga ega banda. Muso yahudiylarning paygʻambari, Iso xristianlarniki, agar Olloh bu millatlarning bandalarini yomon koʻrganda, ularga paygʻambarlik maqomini bermagan boʻlardi. Toʻgʻri, men bu masalalarni unchalik chuqur bilmayman, ammo Xudo odamlarni oʻzbek, oʻris, yahudiy deb ajratmaydi, ularning moʻmin va munofiqligiga qarab ajratar ekan, shuni bilaman.

– Onang bilan akangga nima deysan?

– Ularga tushuntirishni senga yuklayman.

– Yoʻq.

– Bu hamma zamonlarda boʻlgan, azizam. Partiya mendan mana shu arzimas qurbonlikni soʻrayotgan ekan, men bunga tayyorman. Oʻsha erkakni sevib, ardoqlab, odamlarga ajoyib oila namunasini namoyish qi¬laman.

Aslida Zulfizar bu gaplarni Xadichaga emas, oʻziga aytayotgan, boʻgʻziga tiqilib, isyon koʻtarayotgan oʻzligini ishontirmoqchi boʻlayotgan edi. Ammo har qancha oʻktamlik qilib, dadil-dadil gapirmasin, ich-ichidan nimadir uzilib, sillasi qurib borayotganini his etib turardi. Garchi bir tomondan qarshisida ochilishga shay turgan baxt va ishq eshigi qarshisida yuragi gupirlab urib yotgan boʻlsa-da, ammo ich-ichida nimadir beshafqat tarzda bu yoqimli titroqlarni “bu mumkin emas, aslo!” deb shart-shurt sidirib tashlayotgandek boʻlar, shu bilan birga u oʻzini oʻzi “men nima ham qila olardim, talab shunday” deb chalgʻitishga urinar, biroq u koʻzlar, u nigohlar, u muloyim, ha, kuchli, baquvvat, ammo ipakdek mayin, vujudingga tegsa jon ato etgandek bir yoqimli tuygʻu uygʻotuvchi u qoʻllar izmiga oʻzini butunlay, bir umr tashlash istagi xiyonatkor iblisdek, uni mazaxlagan kabi tuygʻularini noma’lum, kishining esida qolmaydigan, ammo nima boʻlsa ham eshitging kelaveradigan kuyni chalgan kabi tuygʻularining torini “ting-ting”, “jing-jing” chalib qoʻyar va Zulfizar shu torlar titrogʻining oʻzidanoq barchasini qanday boʻlsa shundayligicha, sharoit oqimiga tashlab qoʻyishni istar, ammo negadir dugonasiga ichini yorolmas, kuyovlikka nomzod bu juhud doʻxtirga oʻzi ham bee’tibor emasligini tan olish goʻyoki oʻzini oʻzi sazoyi etishdek tuyulib, battar aybdorlik hissini tuyardi.

Ikki dugona oʻrtasidagi uzoq davom etgan noxush jimlikni Zulfizarning oʻychan ovozi buzdi:

– Qishloqni sogʻinibman. Sizlarning supalaringda yotib, yulduzlarni tomosha qilishlarni... Bor boyligimiz egnimizdagi bittagina chit koʻylak boʻlsa ham bizdan baxtli odam yoʻq edi oʻsha kunlarda. Maktab-chi? Koʻktosh kuydirib oqlatganlarimdan keyin qanday chiroyli boʻlib ketgan edi. Qaniydi, bir umr oʻsha maktabda qolib ketganimizda...

– Ha...

– Endi esa, oʻsha sochlari qirq oʻrim Zulfizar yoʻq. Men Zinaida Abdiyevnaman! Sen ehtimol,bilmassan, mansab, shon-shuhrat juda yomon narsa. Pastlikdan turib, choʻqqiga qarasang, choʻqqi juda chiroyli koʻrinadi, koʻnglingda havas paydo boʻladi. Ammo choʻqqida turib, pastga qarasang,yuragingni vahima bosadi, tushib ketishdan qoʻrqasan. Menda ham hozir shunday holat. Pastga tushishdan, odamlarga masxara boʻlishdan qoʻrqaman. Buning ustiga, ruslarning bizning qizlarimizga past nazar bilan qarashlariga chiday olmayman. Bu yerda oʻzbek qizlarining nimalarga qodir ekanligini koʻr¬satib qoʻyish uchun ham oʻtirishim kerak.

– Yaxudiyga tegibmi?

– Qoʻysang-chi bu gapni. Uyam Xudoning bandasi, sen bilan men kabi teng huquqli fuqaro. Kel, yaxshisi biron kun qishloqqa boraylik, sizlarnikiga,biznikiga, maktabga!.. Hech kimga aytmay, sekingina... Qaytadan bola boʻlib... Agar oʻsha supalaring turgan boʻlsa, bir kecha yotib ham qolamiz.

Xadicha unga gʻamgin tikildi:

– Supaning egasi oʻtib ketdi-ku, supa qolarmidi? Onam shoʻrlik har yili somonshuvoq qilib, yaltillatib qoʻyardi. Akalarim buzib,joyiga yogʻochdan karovat qilishdi.

– Mayli, oʻsha karovatda yotamiz. Osmon, yulduzlar turibdimi, axir?

– Mayli. Sen vaqt topsang agar...

– Menga qara, Xadicha, enamga sen ayt,tushuntir. Oʻquvchilaringga tushuntirganday, hijjalab, ishonarli qilib!..

– Ilojim yoʻq, – koʻzlarini yumgancha bosh chayqadi Xadicha, – buni mendan soʻrama.

U bu gapni shundayin qat’iyat bilan aytdiki, Zulfizar boshqa har qanday oʻtinch nojoiz ekanligini tushunib yetdi. Qahri keldi. “Tumshugʻidan narini koʻrmaydi. Butun dunyo bir-biri bilan quda-anda boʻlib yotibdi. Bu esa bir erdan chiqqan dugonasi uchun fojia yasaydi. Shu kursida oʻtirib tursam, eng avvalo shularning obroʻyi emasmi?”

– Xoʻp, aytmasang, oʻzing bilasan. Faqat juhud ekanligini ham aytma. Rus deb oʻylay qolishsin.

– Bir kun kimdir haqiqatni aytadi-ku, baribir.

– Aytishganda kuyovlariga koʻnikib boʻlgan boʻladi.

...Ertasi kuni Anatoliy Abramovichning oʻzi qoʻngʻiroq qildi:

– Allo!..

– Eshitaman... – Zulfizarning ovozi titrab ketdi. Garchi ular deyarli gaplashishmagan boʻlsa-da, bu odamning ovozini bir ogʻiz soʻzidan tanigan edi.

– Assalomu alaykum, Zinaida Abdiyevna! Sogʻ-salomatmisiz? Men Anatoliy Abramovichman.

– Tanidim.

– Biz bir uchrashishimiz kerak, Zinaida Abdiyevna!

– Nega?

– Sizga aytadigan muhim gaplarim bor.

– Hamma gapni siz uchun aytib boʻlishgan, – garchi suhbatdoshining taklifi unga juda yoqayotgan boʻlsa-da, Nikolay Vladimirovichning takabburligi juda nafsoniyatiga tekkanidan mavridi kelganda chaqib-chaqib olgisi kelayotgandi.

– Qoʻying, bu gaplarni. Mening aytmoqchi boʻlayot¬ganlarim butunlay boshqa narsa. Iltimos, yoʻq demang.

– ... Kechki payt shahar chetidagi kichkinagina hovliga borishdi. Ularni yoshi oʻtinqiragan bir kishi kutib oldi. Hovli shinam va orasta edi. Hovli oʻrtasiga qoʻyilgan aylana stolga oppoq dasturxon yozilib, unga gul, hoʻl mevalar va ikkita sham qoʻyilgan edi. Ular ichkariga kirishgach, kutib olgan kishi uzr soʻrab, “zarur ishlarim bor edi” deb, hovlidan chiqib ketdi. Anatoliy Abramovich chaqqonlik bilan iltifot koʻrsatib, uni stolga oʻtirgʻizdi, oʻzi ham ham kostyumini yechib, oʻrindiqning yelkasiga kiygizib qoʻydi-da, oshxonadan taom suzib keldi.

– Ziravorlar solib dimlangan baliq!..

– Baliq?! Bu taomni yaxshi koʻrishimni qayerdan bildingiz? – hayron boʻlgan Zulfizar xursandchiligini yashira olmadi. Yoʻq, sevimli taomi dasturxonga tortilganidanmas, kimdir uning koʻnglini topish uchun shunchalik oʻlib-tirilayotgani uchun xursand edi. – Harqalay, doʻstingiz bu taomni yaxshi koʻrishimni bilmas edi.

– Ha, u bilmas ekan. Ammo shuni unutmangki, razvedkachilik qobiliyati boʻlmagan odam jarroh boʻla olmaydi. Siz juda katta odamsiz, siz bilan restoranlarga borib boʻlmasa... Shunday boʻlgach, shu uyga olib kelishga toʻgʻri keldi, bu togʻamning uyi, u yolgʻiz yashaydi,ozgina boʻlsa ham kayfiyatingizni koʻtarar deb, surushtiruv ishlarini ham olib bordim... – U biroz engashib, qoʻlini Zulfizarning qoʻllari ustiga qoʻydi. – Meni kechiring, Zinaida Abdiyevna... – Zulfizar shoshib qoʻllarini tortib oldi. ¬– Men sizga bu tarzda erishishni sira ham istamagan edi. Menga majburiyat bilan emas, sevib-sevilib turmushga chiqishingizni istayman. Sababi... Men sizni yaxshi koʻraman.

Zulfizarning potirlab ketayotgan yuraklari koʻksiga sigʻmay, bugʻziga tiqildi. Qarshida titrab-qaqshab oʻtirgan odam garchand oʻzga millat odami, oʻzga bir tilda izhori dil aytayotgan boʻlsa-da,butun vujudini yoqimli titroq egallab olgan, nazarida u bu daqiqalarni,bu odamni bir umr kutgan-u,endigina yetishgandek edi. U indamay yerga qaradi, nima desin, nima ham deya olar edi?

– Agar yuragingizda menga nisbatan hech qanday ragʻbat boʻlmasa, Kolyaga oʻzim aytaman, sizga ortiqcha tixirlik qilmaydi. Ammo men judayam istaymanki, menga bir imkoniyat bersangiz, sizni baxtiyor qilish imkoniyatini... Axir siz juda goʻzalsiz, siz umringizni, oʻzingizni bu xilda ishga fido qilishingiz aslo mumkin emas, siz sevishingiz, sevilishingiz kerak. Odam axir robot emas, jonli mavjudot...

Ular uzoq gaplashib oʻtirishdi. Toʻgʻrirogʻi, Anatoliy Abramovich gapirdi, u tingladi.

Oysulton xola yangi kuyovni koʻrganda Zulfizar ilk bor qishloqqa yalangʻoch oyoqlarini shirdaytirib, tizzasidan baland koʻylak kiyib borganida Ulkan kampir tushgan holatga tushdi.

– Bu yana nimasi, qizim? – deya oldi zoʻrgʻa.

– Men uni yaxshi koʻrib qoldim, ena.

– Endi oʻrisga tegasanmi, bolam,elga kulgu boʻ¬lib?..

– Ena, Ollohning oldida oʻris-oʻzbek degan gap yoʻq, hammamiz Xudoning oldida birdek bandamiz.

Oysulton xola indamadi. Nima ham desin? Yosh bola boʻlsa ekan, qoʻlidagi oʻyinchogʻini olib qoʻysa yoki ichkari xonaga qamab qoʻysa?

Shu bilan necha kun gapirmadi, bir koʻngli qish¬loqqa ketib qolay, dedi, shu qizning ham, tepakal kuyov boʻlmishning ham yuzini koʻrmayin, deb. Ammo nevarasini koʻzi qiymadi. Zulfizar sahardan yarim tungacha ishda, bola ovora boʻladi.

Oradan bir hafta oʻtib, eshigi ohista taqillab, kuyov boʻlmish kirib keldi:

– Onajon, assalomu alaykum, – dedi u oʻzbek tilida duduqlana-duduqlana.

Oysulton kampir juda qaysar ayol edi. Yuzini teskari burdi.

Kuyov boʻlmish momoning oʻziga oʻxshash soddagina isyonidan kuldi:

– Men sizni choyga taklif qilgani keldim, – yana boʻgʻinlab-boʻgʻinlab oʻzbekcha gapirdi.

Uning izidan kirgan Zulfizar ham kuldi:

– Enajon, kuyovingizning qoʻlida oʻttizta oʻzbek ishlaydi. Oʻzbekistonga koʻchib kelganiga oʻn sakkiz yil boʻlgan. Bu odam shu paytgacha bir ogʻiz ham oʻzbekcha gapirmagan. Mana, siz uchun qiynalib boʻlsa ham oʻzbekcha gapiryapti. Yuring endi, birga choy ichaylik.

– Ichaveringlar!

– Turmasangiz, ikkalamiz ikki qoʻltigʻingizdan dast koʻtaramiz-da, dasturxonning boshiga olib boramiz. Keyin...

Rostdan ham ustiga bostirib kelayotgan qizi bilan kuyov boʻlmishni koʻrib, momo sapchib oʻrnidan turdi. “Endi shunga qoʻlini ushlatib!..”

U yana yon bosdi. Nima qilsin,bolasi-da.

* * *

Yarim tun. Palataning qiya ochiq derazasidan kirayotgan muzdek shabada darpardalarni ohistagina hilpiratib oʻynaydi. Qizi toʻshakda gʻujanak boʻlib uxlab yotardi. Koʻngli notinch, asablari tarang kishilar gʻujanak boʻlib yotadi, deb eshitgan edi. Buning koʻngli nimadan notinch?

Uning yotib qolganidanmi? Axir bu birinchi marta yotib qolishi emas-ku? Yoki erining xiyonatlarini sezib yurganmikan?

Zulfizar qizini hech qachon ojiz,ilojsiz, notavon his qilmagan. Sora onasiga oʻxshash oʻktam, gʻayratli qiz boʻlib oʻsdi. Otasidan tadbirkorlikni olgan. Yosh boʻlsa ham “Yoʻq, hech vaqom qolmadi” degan joyda bir yil oʻynab-kulib yashashga yetgulik jamgʻarmasi boʻladi hamisha uning. Eri boʻlsa aksincha, juda koʻngilchan, boʻshang. Topgan besh-toʻrt soʻm maoshini ikki kunda sarflab qoʻyib, keyin boʻm-boʻsh choʻntak bilan boʻshashib yuraveradi. Shunday vaziyatda bolalar undan pul soʻrasa, bu pul undan emas, xotinidan chiqsa yoki keyingi safar bolalar undan emas, onalaridan pul soʻraganda, oʻzicha eziladi, asabi buziladi. Aybni oʻzining boʻshangligidan emas, xotinidan axtaradi. Bordir albatta, Soradan ham ayb oʻtgandir. Hamisha pulsiz shumshayib oʻtiradigan er bilan hisoblashmagan joylari koʻp boʻlgandir. Ammo u eri aytganidek hamma narsadan pulni ustun qoʻyuvchi molparast, takabbur, bemehr ayol emas. Agar erining shunday, uning toʻshagida, yaqin dugonasini undan afzal bilib, unga xiyonat qilganini bilsa!..

“Yoʻq, u buni koʻtara olmaydi” oʻyladi bir olam an¬duh bilan Zulfizar.

Azim shaharda, toʻrt xonali uyda ikki bolasi bilan yolgʻiz, soʻppayib qolishni tasavvur qilib, koʻngli gʻamga toʻlib ketdi. Shundaygina borib,qizining sochlarini silagisi keldi, ammo qaniydi oʻrnidan turolsa,bemajol qoʻllari uning boshiga yetsa ekan.

– Oʻv-v, – ichida bir boʻri “oʻv” tortdi. Ogʻzidan bir alanga chiqib ketganday boʻldi. – Oʻv-v!

Uning omon-omon davronlariga yoʻqlov aytayotgan boʻri ham oʻzi kabi keksa va notavon edi.

Oʻzining oyoqlari hamisha uzangida boʻldi, hamisha qoʻlida jaraq-jaraq pul edi, hech qachon bekor, yolgʻiz qolgani yoʻq. Yarim tunda ishdan kelib, hali vujudida simillab turgan charchoqlar tarqamasdan ishga yugurardi. Ammo oyoqlari uzangida, oʻzi shunchalar band boʻlsa ham yuragidagi huvullagan boʻshliq hamisha oʻzini bildirib turardi. Ayniqsa Botir giyohvand boʻlib qolgach, bu boʻshliq hamisha yutib yuboray-yutib yuboray, derdi. Yolgʻizlik yolgʻiz xudoyimga yarashgan deb, bejiz aytishmagan ekan.

Shu bolaning dardi-azobi uning joni-jahonini ming boʻlakka boʻlib tashladi. Stolni bir mushtlagan dam ming¬lab erkak yigʻilgan majlis sapchib turadigan amaldor xonim oʻgʻlining ismini eshitganda, ming tomonda sochilib yotgan jonini bir joyga jam qilib, zoʻrgʻa oʻrnidan turadigan boʻldi. Shunday chiroyli uy, mashina, mansab, tavoze-takalluflarsiz oddiygina paxsadevor uyda, oddiygina qishloq muallimasi boʻlib yashasa, yonida oʻgʻli sogʻ-omon boʻlsa! Atrofida kelini, nevaralari... Otalari ishdan qaytganda chopqillab oldiga chiqishsa...

Uyda Zulfizarning besh-oltita portretidan bosh¬qa hech narsa qolmadi. Qoʻlga ilinadigan narsa borki, oʻgʻli oʻgʻirlab chiqib, sotdi. Xumori tutib, qaltirab qolgan dam Zulfizarning oʻzi, devorda osigʻlik gilamimi, qulogʻidagi sirgʻasimi, bolasiga ichi achiganidan oʻzi bergan kunlari ham boʻldi.

Shuning uchun ham kuyovining qilmishiga “e-e!..” deya olmadi. Koʻz oʻngiga qizi, nevaralari keldi. Yelkalarida oʻzlariday navqiron gʻussa bilan... Uning oʻzi yuragi tamom boʻlgan sargardon ayol edi. Endi Soraning gʻamini koʻtara olarmidi.

* * *

Kechki payt “Birinchi” chaqirtirdi. Xonada “Ikkinchi”, “Kadr” oʻtirgan edi. Zulfizarga negadir “Bi¬rinchi”ning kayfiyati yoʻqqa oʻxshab koʻrindi. Hamma yigʻilgach, bar¬moqlari bilan silliq sochlarini orqaga tarab-tarab, oʻrnidan turdi:

– Oʻrtoqlar, yuqoridan telefonogramma oldik. Xoʻsh, unda bizning e’tiborimizdan chetda qolib, sots¬ia¬listik turmush tarzimizni buzib kelayotgan ba’zi diniy rasm-rusumlar, odat va an’analarni barham toptirish vaqti kelganligi aytilgan. Haqiqatan yoʻlda ketaversangiz, yoʻlning ikki tomoni yalov ilingan xodaga toʻlib ketgan. “Ha?” desangiz, “Shahid!” deyishadi. Yoʻldami, choʻldami biron halokat tufayli birov oʻlsa, yerga tomgan qonini qirib olib, yoʻlning chetiga shu qirindini koʻmib, atrofini oʻrab, yalov koʻtarib qoʻyishadi. Odam oʻlmagan, odamzodning qoni toʻkilmagan yer bormi? Har bir shahid oʻtgan odam uchun toʻrt-besh kvadrat joyni oʻrab, yalov koʻtaraversak, yer yuzida yashash, dehqonchilik qilish uchun emas, oyoq qoʻyishga ham joy topilmay qolar edi. Ziyoratgohlar bor: “Sulaymon ota”, “Kokildor ota”, “Toʻqson ota” va hokazo. Bu “ota”lar kim boʻlgan? Ular nima karomat koʻrsatgan, xalq uchun nima xizmat qilgan? Buni hech kim bilmaydi, qiziqmaydi ham. Har chorshanba kuni kim tovuq qoʻltiqlab, kim qoʻy yetaklab, davlatning ishini tashlab, shu ziyoratgohlar atrofida in qurgan tekinxoʻrlarni boqish uchun yuguradi. Hay, birodarlar, masalan, Sulaymon ota qayerda yashagan-u, bu yerda uning qabri nima qiladi, deydigan biron aqlli odam yoʻq.

Mana shunday tushunmovchiliklarga barham beradigan vaqt keldi. Bir tomchi qon uchun koʻtarilgan yalovlar olinib, oʻrni ijtimoiy foydali yerlarga qoʻshilsin. Kimligi noma’lum “ota”larning ziyo¬ratgohlari joylari tekislab tashlansin.

Hayit kunlari qabristonlarimiz yigʻi-sigʻi qilgan xotin-xalajga toʻlib ketadi. Bu kunlari qabristonga chiqish man qilinsin. Undan koʻra yilda bir kun xotira kuni deb e’lon qilinib, yurtimizda yashaydigan hamma millat vakillari qabristonlarga borib, oʻtganlarni xotirlasin, qabr atroflarida obodonlashtirish ishlarini olib borsin.

Dindorlar in qurib olgan machitlar yopilsin.

Zinaida Abdiyevna! Bu kecha mana shu fikrlar singdirilgan ajoyib bir ma’ruza tayyorlaysiz. Ertaga viloyat boʻyicha barcha tashkilot rahbarlarini, faollarni yigʻamiz. Bir yarim ming kishilik yigʻilish boʻladi. Ertalab soat yettida ma’ruza bilan tanishib chiqishim kerak.

Yana bir gap. Vafot etgan birodarlarini soʻnggi yoʻlga kuzatish, koʻmish marosimlari haqida ham oʻy¬lab koʻradigan vaqt yetdi. Birov oʻlsa, jagʻ-boshini boylab, yalangʻoch holda yotqizib qoʻyamiz. To uzoq-yaqin qarindoshlar yigʻilib, qabr tayyor boʻlguncha oʻlik shu holda yotaveradi. Birov yarim yaqini soʻnggi bor koʻrib qolay deb, yuzini ochsa, qoʻrqqanidan yuragi yoriladi. Biz ham chiroyli kiyimlar kiygizib, munosib tarzda soʻnggi yoʻlga kuzatsak boʻlmaydimi? Yigirma metr oq surpga oʻrab, qabrga tashlaymiz-u, qaytamiz. Uch-toʻrt yil oʻtmay qor-yomgʻir ostida nam tortgan lahad oʻyilib, ichiga odam tushib ketadi doim. Nima koʻp, yogʻoch koʻp. Toʻrtta yogʻochdan ajoyib tobut yasash mumkin. Nahot,bir umr mehnat qilgan insondan toʻrtta yogʻoch aziz boʻlsa?! Janoza nimaga kerak, hech kim tushunmaydigan allaqanday arabcha soʻzlarni oʻqib oʻtirmasdan, chiroyli bir miting oʻtkazaylik, marhumning fazilatlarini eslaylik. Toʻgʻri, bu takliflarni ertangi yigʻilishda aytish shart emas, ammo oʻz birlarimiz ichida namuna sifatida qoʻllab, xalqni shunga tayyorlash, oʻrgatish kerak.

“Birinchi” gaplarini tugatgach, marraga yetguncha nafasi boʻgʻziga tiqilib qolgan sportchidek chuqur nafas oldi, soʻng “boʻladimi?” deganday, “Ikkinchi”ga qaradi. “Ikkinchi” “ixtiyoringiz” deganday yelka qisib qoʻydi.

– Tushunarlimi? – “Birinchi” nimagadir shoshardi. – Hech kimda boshqa taklif boʻlmasa, yigʻilish tamom.

– Shoshmang, – muloyimgina ohangda uni toʻxtatdi “Kadr”: – Balki e’tirozlar bordir?

Hech kim e’tiroz ham bildirmadi.

Ertasi kuni yigʻilish juda jangovar ruhda oʻtdi. Har bir faolga qat’iy topshiriqlar berildi. Oʻzaro pichir-pichirlarni aytmaganda hech kim e’tiroz bildirmadi. Ammo ijro qiyin boʻldi. Har bir yalovning ortidan oʻnlab odam bosh koʻtardi. Ziyoratgohlarni buzish undan ham qiyin boʻldi. Bironta oʻzbek bulьdozerchi bu ishni oʻz zimmasiga olmadi. Odamlar orasida “Falon ziyoratgohning ustiga bir oʻris bulьdezorini solgan ekan, qayerdandir ikki ilon chiqib, boʻyniga chirmashibdi. Bu ishning boshida turgan partkomning badani ola-chalpoq pes boʻlib qolibdi” kabi vahimali gaplar tarqaldi.

Hayitdan bir kun avval hamma qabristonlar faollarga boʻlib berildi: “Hayit kuni qabristonga hech kim chiqmasin. Oʻtganlar faqat Xotira kuni ziyorat qi¬linadi”.

Zulfizarga oʻzlariga yaqinroq qabristonni berishdi. Faollar yaxshi ishlashibdi, katta qabriston vahimali tarzda huvullab yotar edi. Faqat qab¬ristonning bir burchagida besh-olti qoraygan koʻrindi. Zulfizar ancha berida turgan boʻlsa ham ularni darrov tanidi. Ha, ular qoʻshni koʻchada yashashardi. Onasi hamshira edi, oʻtgan yili “Oʻgʻlim institutni faqat “5” baholarga bitirib keldi, bir durustroq ish topib bering, yolgʻizgina bolam, bori-yoʻgʻim, bor davlatim shu”, deb Zulfizarning oldiga kelgan edi. Zulfizar ham hafsala qilmadi. Ayol bir safar oʻgʻlini ham yetaklab keldi. Yaqinda avtohalokatga uchrab!..

Onaizor qabrni quchoqlab, dod-faryod solar, atrofidagilar uni qabrdan bir amallab koʻtarib olar, u yana yulqinib oʻzini qabr ustiga otar edi.

Zulfizar chuqur xoʻrsindi. Koʻnglida zimmasiga yuklangan topshiriqqa nisbatan e’tiroz paydo boʻldi: “Bu shoʻridaga oʻgʻlingni bugun emas, xotira kuni yodla”, deb qanday aytish mumkin! “Doʻppaygan tuproq uyumlari oralab, bir-bir bosib iziga qaytib borarkan, xuddi ortidan birov quvlayotganday koʻngliga vahima tushdi, qadamlari tobora tezlashib, oxir oqibat qabristondan deyarli chopib chiqdi: “Kimni qachon ziyorat qilish har kimning oʻz xohishi emasmi? Nahotki shu masalada ham partiyadan izn soʻrash kerak boʻlsa?”

Eng yomoni oʻsha kunlar onasi omonatini topshirib qoʻydi. Garchi onasi bilan loaqal haftada bir marta oʻtirib, durustroq gaplashishga vaqt topa olmagan boʻlsa ham onasi hayotidagi eng katta suyanchiq ekanligini koʻzlari butunlay yumilgan kun bildi. Shoshib qoldi. Avval akasiga, soʻng ishxonaga qoʻngʻiroq qildi: “Onamdan ajralib qoldim”.

Akasi, yangasi, jiyanlari bilan oldinma keyin uyiga bir qishloq odam kirib keldi. Keksa xolasi izillab yigʻlab, “Voy, egachim-ey, haliyam shunday yotibdimi? Chiqib turinglar, yechintirib, mahram suvga olish kerak”, deb hammani chiqarib yubordi.

Bir payt uni hovlidan soʻrashayotganini aytishdi. Nimagadir bir noxush xabarni sezganday yuragi “shuv” etib ketdi. Ostonada kimdir uni supaning bir chetida oʻtirgan “Birinchi”ning yoniga olib bordi. Kun issiq boʻlishiga qaramay qop-qora kostyum-shim kiyib olgan “Birinchi” uni hovli chetiga boshladi:

– Zulfizar, – u hamisha “Zinaida Abdiyevna” deb murojaat qilardi, – singlim,bandachilik... Ona dunyodagi eng ulugʻ davlat, eng aziz ne’mat, uni berish oson emas. Endi bardam boʻling, Xudo sabr bersin.

– Rahmat.

– Xoʻ-oʻsh, meni kechiring, topshiriq desammi, omonat desammi, bir gap bor. Shu... momoni yangichasiga dafn etsak. Kafan oʻrniga chiroyli ust-bosh, tobut... Janoza oʻrniga miting... Nima deysiz?

Zulfizarning oyoqlari ostidagi yer siljib ketganday, boshi aylanib ketdi. U bor kuchini yigʻib, muvozanatini ushlab qoldi. Onasining yuraklari urishdan toʻxtagan dam eng katta davlatidan ajrab qolganidan qancha ezilsa, muqarrar aytiladigan mana bu topshiriqni oʻylab, undan koʻproq ezilgan edi. Onasi aziz mehmon, u qachon boʻlmasin, kuzatishini bilar edi. Ammo bu xilda kuzatishni istamas edi.U yoshga toʻlgan koʻzlarini iltijo bilan “Birinchi”ga tikdi:

– Men shu lavozimni deb enamni juda koʻp xafa qildim. Juhudga tegdim, vaqt-bevaqt yonlarida boʻla olmadim, hamdardlik qila olmadim. Endi soʻnggi yoʻlga ham ularning irodasiga qarshi holda, elga han¬goma qilib kuzataymi?

– Singlim, bu rahbarlarning topshirigʻi...Men bir ijrochiman,xolos.

– Aka, – dedi emranib. Rasmiy qilib “Saidmurod Kamolovich” deb oʻtirishga holi yoʻq edi. Yuraklari ilojsizlikdan oʻrtanib ketdi, – axir bu viloyatda sizdan katta kim bor? Oʻzingiz musulmon boʻla turib, nega mening enamning musulmonchiligiga qarshi borasiz?

– Meni kechiring, ammo siz bunga majbursiz.

– Menga qarang, men oʻlsam, ish libosida, yogʻoch tobutga istasangiz, temir tobutga solib, janoza oʻqitmay, miting oʻtkazib, koʻming. Lekin iltimos, enamga tegmang. Enamning partiyaga hech qanday aloqasi yoʻq.

– U sizning, partiya yetakchisining onasi... Agar top¬shi¬riq bajarilmasa, sizni ham, meni ham qoʻ¬yish¬maydi.

– Ijozat bering, jon aka, enamning hurmatini oʻr¬niga qoʻyayin.

“Birinchi” bosh chayqadi:

– Iloji yoʻq. Ayting, momoning eng chiroyli liboslarini kiydirishsin. Tobutga buyurtma berilgan. Endi boravering, – kotib “gap tamom” deganday iziga burilib, nari ketdi.

Zulfizar xuddi yosh bolaga oʻxshab turgan joyida oʻtirib olib, yer tepib, baqirib-baqirib yigʻlagisi keldi. Bu qandayin xoʻrlik axir, na onasini munosib tarzda kuzata oladi, na yigʻlab alamidan chiqa oladi? Shumi unga partiya bergan imtiyozlar! Ona boʻlib, toʻrt ogʻiz gurungiga muyassar boʻlishi qiyin boʻlsa-da, qizining yurish-turishidan, martabasidan suyunib yur¬gani uchun unga atalgan mukofot shumi? Oʻshanda birinchi bor oʻng yelkasida pichoq sanchilganday ogʻriq tuydi, ogʻriqqa chiday olmay ingrab yubordi. Ogʻriqning zoʻridanmi, boʻgʻziga tiqilgan alamdanmi, koʻzlaridan duvillab yosh toʻkildi. Turgan joyida unsiz yigʻlab-yigʻlab, soʻng birdan oʻkirib yubordi:

– Ena-am, voy enam, enam-am! Ena-ajonim!

Yuragining tub-tubidan yana bir oʻkirik chiqdi:-

– Voy, shoʻr boshim... Notovon jonim...

Endi u oʻziga yoʻqlov aytayotgan edi.

Kimdir kelib, qoʻltigʻidan kirdi. Suyab, onasining boshiga olib kelishdi. U xonaga kirishi bilan xonaning shiplari yigʻidan koʻtarilib ketganday boʻldi.

– Voy, enam-ey...

– Voy, xolajonim!

U xona oʻrtasida bir muddat serrayib turdi-da, soʻng onasining kiyimlari turadigan shkafga yuzlandi. Shkafni ochib, bir tekis ilinib turgan kiyimlar orasidan onasi yaxshi koʻradigan chinor bargli pombarxit koʻylakni, faqat toʻylarda yopiladigan oppoq roʻmolini oldi. Keyin marhumani oʻrab oʻtirgan xotin-xalajga qarab: “Endi,egachilar, yarim soatga chiqib tursangizlar, onamni soʻnggi yoʻlga tayyorlaylik”, dedi mardona.

– Uyi tayyor boʻptimi? – xolasi “yalt” etib unga qa¬radi.

– Ha, – gapni qisqa qildi u.

Xonada oʻn chogʻli ayol qoldi. Xola ulardan uchovini tanlab oldi:

– Endi, xafa boʻlmanglar, singillarim, eti, suyagi degan gap shu yerda kerak. Mayyitni oʻzining suyagi yuvishi kerak.

– Men begonamanmi? Mening ammam boʻladilar, – izilladi chiqarib yuborilayotgan yangasi. Uning otasi marhumaga amaki edi.

– Ha, sen ham singil eding, – dedi xola uning gapini boʻlib. – Lekin hozir sen kelinsan. Sendan tortinadi. Chiq. Yuvmasang ham, shuncha yil birga yashading, xizmatini qilding. Nima olgan boʻlsang, shu xizmatlardan olgansan. Endi, tashqariga chiq.

Kiyintirar palla yana xola janjal qildi:

– Ibi, bu nima koʻrgilik? U dunyoda bunga pombarxit koʻylak nimaga kerak?

– Shunday qilish kerak, – dedi Zulfizar imkon darajasida xotirjam, buyruq ohangida. – Butun viloyat boʻyicha rahbarlar oʻtiribdi. Toshkentdan ham odamlar kelishadi.

– Kelishsa kelishaversin, opamning nima kiyishi bilan ularning qanday ishlari bor?

– Chetga oʻting, xola! – qoʻliga yopishayotgan xolasini bir siltab nari surib qoʻydi-da, onasini kiyintira boshladi. – U mening enam, uvol-savob ham meniki.

Onasi juda soʻlim ayol edi, kiyintirishgach, yuzlariga qizil yugurganday yanada suluv ayolga aylandi. Qip-qizil duxoba koʻrpa ustiga yotqizilgach, endigina uyquga ketgan malikaga oʻxshab qoldi.

Zulfizar uning ustidagi yopinchiqni koʻksiga tortib, yuzlarini ochib qoʻygan edi, bir chetda toʻrsayib turgan xola “dod” deb yubordi.

– Yuvilgandan keyin yuzini nomahramlar koʻrishi mumkin emas, hay kofir!

– Xola, iltimos, meniyam, oʻzingizniyam charchatmang. Men bir narsa deyapmanmi, demak, shuni bilib aytayotgan boʻlaman va aytganimni qilaman.

– Bilganingni qil. Lekin odam emas ekansan. Tupurdim sening mansabingga, – xola yigʻlab tashqariga chiqib ketdi.

bogʻlab olgan akasi kutib turardi. Koʻzlari qizarib ketgan aka qovoqlarini uyub, ichi burab ogʻriyotgan odamday engashibgina turardi:

– Enamni Sulaymon otaga qoʻyamiz. Hamma suyagimiz oʻsha yerda. Bu enamning soʻnggi vasiyati.

– Shu yerdan qabr tayyorlashayotgan ekanlar-ku.

– Yoʻq. Enamning soʻnggi tilagini bajarmaslikka hech kimning haqqi yoʻq. Men enamni qishloqqa olib ketaman. Ena meniki, obkoming mening ishimga aralashmasin.

Boshqa gapning hojati yoʻq edi.

– Oʻzingiz bilasiz, aka. Kattaga bir ogʻiz aytib qoʻ¬ying.

– He-e, sening kattangni ham, kattachiligingni ham!.. Kun qizimasdan yoʻlga tushish kerak. Umidvorlar xoʻshlashib olsin.

...Qip-qizil duxoba yopilgan yogʻoch tobut mashinaga ortilganda Zulfizar oʻzida yoʻq edi. Janozasiz yoʻlga chiqqan marhumani kuzatgani kelganlar yoqa ushlab, eshikka behol suyanib qolgan Zulfizarga nima deb tasalli berishni bilmasdi.

Chiroyli mashinalarda qabriston tomon yoʻl olgan kattalar yuk mashinasining oyogʻiga qarab oʻtirishni lozim topmasdan oldinga oʻtib ketishdi.

Qabristonda ancha kutib qolishga toʻgʻri keldi. Havo juda issiq, qabrlar ustida qovjirab turgan oʻt-oʻlanlar azaliy dunyoning mahzun qoʻshigʻini aytib yotardi. Tiriklik chogʻlarida uy-joy, bola-chaqa, ot-ulov, mol-holi bilan dunyo-dunyo maydonlarga sigʻmay, oʻrni kelganda bir parcha yer uchun talashib-tortishib, yoqa yirtishib yashagan odamlarning har biri bu yerda nari borsa, ikki qulochgina yerga qanoat qilib, jimgina sukut saqlab, yonma-yon yotishar edi.

Mitingga yigʻilganlar betoqat boʻla boshladi. Qoʻshnining qoʻshniga soyasi tushmaydigan bu dargohda shohu gado barobar, ming lavozimdor kishi kelsa ham hech kim oʻrnidan turib kutib olmaydi, bu saltanatda yolgʻon xushomad, tavozelar yoʻq. Tund sukunat, dim havo yigʻilganlarning yuragini siqib yubordi. Nihoyat koʻcha muyulishida yuk mashinasi koʻrindi. Mashinaning izidan bir toʻp qishloqdoshlar yetib kelishdi. Qabriston darvozasi oldida mashinadan hashamatli yogʻoch tobut oʻrniga ustiga duxoba yopilgan ixchamgina tol tobut tushirildi. Qora kostyum-shimlarda terlab ketgan “kattalar” nima gapligini anglab yetguncha, tobut odamlar yelkasida nam tuproq uyulib turgan qabr boshiga yetdi. Mamaraim mayyitning ustiga yopilgan duxobani koʻtardi, tol tobutning ustida gʻojari gilamga oʻralgan marhuma bir tutam qizgʻaldoqdek boʻlib yotardi.

Hammasi tushunarli, oʻgʻil onasini oʻz uyiga olib kirib, qadimiy urf-odatlar boʻyicha yuvib-tarab, kafanlab, janoza oʻqitib chiqqan.

– Marhumaning togʻasi bormi? – soʻradi qishloq¬ning oqsoqoli.

– Men togʻasining oʻgʻliman, – polvon kelbat bir yigit tobutning yoniga keldi.

– Mening otam ham togʻa edi u kishiga, – yana bir yigit uning yonidan turdi.

– Mayyitni uyiga qoʻyish sizlarning xasmingiz, – oqsoqol ularga izn berdi.

Gʻojari gilam ichidan oppoq gʻumbak chiqdi. To¬gʻa¬larning biri qabr ichiga kirdi, ikkinchisi ichkariga uzatdi. Shu topda olomon goʻyo ikkiga boʻlingandek edi. Biri aytgani boʻlmaganidan qahrlangan, ikkinchisi qavmini munosib tarzda kuzata olganidan mamnun. Ammo bu yerda yana bir uchinchi toifa ham bor ediki, ular bir tomondan bir begunoh mushtiparning bekafan, bejanoza ketmaganligidan yengil tortsa, ikkinchi tomondan ertaga boʻladigan muqarrar gap-soʻzlarni oʻylab, sarosimaga tushib turishar edi. Bular bir chetda goh qizarib, goh boʻzarib turgan “Birinchi” va uning yonidagi mahalliy rahbarlar edi.

“Ikkinchi” zahrini yutib tura olmadi:

– Bu sizning “gʻoya”ngizmi? Bu oʻlkaga madaniyat olib kirish nihoyatda qiyin ekanligi yana bir bor isbotlandi.

– Mening hech narsadan xabarim yoʻq, – shosha-pisha oʻzini oqladi “Birinchi”.

Miting ham sovuqqina oʻtdi. Hamqishloqlar miting yopiq deb e’lon qilingandan keyin qabr boshida qolishdi. Qishloq oqsoqoli birinchi fotihani oʻqigandan keyingina odamlar tarqaldi. Qabr boshidan ketishar ekan:

– Odamlar, marhuma qanday inson edi? – deb soʻ¬raldi.

– Soliha ayol edi.

– Yaxshi inson edi, – har joydan shunday javoblar eshitildi.

– Odamlar, Oysulton xola qanday inson edi? – yana soʻraldi.

– Moʻmin ayol edi.

– Mehribon ayol edi...

Bu savol-javob Oysulton xola qolayotgan yangi dunyo uchun aytilayotganday kayfiyat uygʻotardi kishida.

– Moʻmin ayol edi, mehribon ayol edi.

Bu soʻzlarning aks-sadosi boshlari oppoq Koʻhitang togʻlari toʻshiga urilib, Mamaraimning quloqlari os¬tida jaranglardi.

“Ha, enaginam moʻmin, mehribon ayol edi”.

Ular Zulfizarning uyiga qaytib bormadi.

Aka-singil bir onaga ikki uyda ma’raka oʻtkazdi.

Ma’rakalar oʻtib boʻlgach, Zulfizar onasi bilan birga eng yaqin qarindoshlaridan ham ajralib qolganini tushundi. Oʻlikning dasturxoni uzun deganlari rost ekan, uning uyiga kimlar kelib, kimlar ketmadi. Ammo eng yaqin qarindoshlari bir kelib, dalda boʻlishmadi.

Akasining qilganlarini eshitib, qancha gapga qolgan boʻlsa-da, sira xafa boʻlgani yoʻq. Xayoliga kelmagan chorani topgani uchun akasidan xursand boʻldi, aks holda, bir umr vijdon azobida yashashga toʻgʻri kelardi.

Qarindoshlar esa “Zulfizar musulmonchilikdan batamom chiqibdi. Oldin binoyiday erini qoʻ¬yib, oʻrisga tekkan edi, endi onasini bejanoza, bekafan,yogʻoch qutiga solib koʻmmoqchi boʻldi”, deb undan butkul yuz oʻgirishdi.

Oʻzi ham koʻp vaqtlar qishloqqa bora olmay yurdi, jur’at topmadi.

* * *

Uxlatuvchi dorilar toliqtirganidanmi, uning hech koʻz ochgisi kelmasdi. Oʻzi uygʻoq boʻlsa ham, koʻzlarini yumib yotardi. Sora sekin boshiga kelib, yelkasiga ohistagina turtdi:

– Onajon!

– Ha, – u zildek qovoqlarini bazoʻr koʻtardi.

Sora nimadandir taraddudlanayotganini sezdi. U bir zum onasiga qarab turdi-da, soʻng uzr soʻraganday gapini aytdi:

– Siz soʻragan odam kelibdi.

– Kim?

– Akamning otasi...

– Ha-a, kirsin boʻlmasa. Yoʻq, avval bir sidra yuz-qoʻllarimni artib ol. Keyin...

Sora oppoq dokani namlab, onasining yuz-qoʻl¬larini artdi. Ogʻzini chaydirdi, sochlarini toʻgʻ¬rilab qoʻydi.

U tashqariga chiqib ketgach, Zulfizar yostigʻining tagidan kichkinagina oynasini chiqarib, yana oʻziga bir nazar soldi: yaqindagina boʻyalgan sochlar, payvasta qoshlar, bodomqovoq koʻzlar atrofida saf tortgan quyuq kipriklar ham vujudini larzaga solgan ogʻriqning za’faron izlarini berkita olmasdi. Birdan yigʻlagisi keldi. Kasallik koʻnglini yumshatib tashladimi, keyingi paytlarda sal narsaga xoʻlqasi toʻlib, koʻzlari yoshlanaverardi. Ammo hozir yigʻlashi mumkin emas! U bir amallab koʻz yoshlarini ichiga yutdi.

Eshikdan kirgan odamni zoʻrgʻa tanidi. Uning ni¬gohlari shu qadar sokin va begona ediki, beixtiyor Zulfizar oʻzining aftoda ahvolidan xijolat tortdi.

– Tuzukmisiz? Sizga nima boʻldi?

– Yuragim sagʻal...

– Xudo shifo bersin.

Uning na ovozida, na nigohlarida zarracha ham¬dardlik sezilmaganidan Zulfizar yana xijolat boʻldi: “Oʻgʻlini ham allaqachon unutib yuborgandir. Balki men ham bu haqda umuman soʻz ochmaganim ma’quldir”.

– Botir yaxshimi? – ancha paytdan keyin soʻradi u.

– Ha.

– Men yana uch oʻgʻil koʻrdim. Ular Botirga juda oʻx¬shashadi. Koʻp marta uni olib ketib, tanishtirmoqchi ham boʻldim, lekin siz ruxsat bermaysiz, deb indamadim.

– Botirning mazasi yoʻq...

– Nega? Nima boʻldi unga?

Uning ovozidagi xavotir Zulfizarning koʻnglini biroz yorishtirdi:.

– U... giyohvand boʻlib qoldi.

Nodir oʻrnidan turib ketdi. Deraza yoniga borib, unga yelka oʻgirib tashqariga qaragancha ancha turib qoldi. Garchi ular ayni damda yuzma-yuzma turishmagan boʻlsa-da, Zulfizar uning koʻzlaridagi gʻazab yolqinini aniq-tiniq koʻrganday boʻldi.

– Ha, men aybdorman. Ish deb, bolani keksa onamga tashlab, butunlay nazoratsiz qoldirdim. Onam shoʻrlik nimaniyam tushunardi. Har xil bahonalar bilan uydan chiqib ketavergan. Onam unga ishonib oʻtiravergan. Giyohvand bolalar onasining puli koʻp deb buni yoʻldan urishgan. Xabar topganimda oʻrganib qolgan ekan. Davolatdim, yalinib-yolvordim! Ammo hech toʻgʻri yoʻlga sola olmadim. Men najot istab, shifoxonaga yuborsam, u yerda birovi davolasa, ikkinchisi yashirincha narkotik sotar ekan.

U ortiga burilib, Zulfizarga gʻazab bilan tikildi:

– Kerak boʻlsa, oʻsha shifoxonada bola bilan birga yotish kerak edi. Nega shunday qilmadingiz? Axir u kasal edi-ku. Mana, siz kasalsiz, yoningizda qizingiz yotibdi-ku, nega uni...

– Ha, yotmadim. Yotish xayolimga ham kelmabdi. Faqat oʻzini urishdim, yalindim. Men aybdorman. Hamma ayb menda. Qilgan xatolarimni eng aziz narsalarim bilan-bolam bilan, uning tortgan azoblari bilan, suvga oqqan umrim bilan toʻladim. Endi qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Toʻlovga arziydigan hech vaqom ham qolmadi.

– E-e!...

– Bu uchinchi infarkt edi. Meni urishmang, buning foydasi yoʻq. Umrimning sanoqli kunlari qol¬ganini bilib turibman, agar ilojini topsangiz, bi¬laman,buni sizdan soʻrashga sira haqqim yoʻq, ammo uni sizdan boshqa kimga ham topshirar edim? Uni olib kelib, oʻzingiz qaratsangiz.

– Ha, ha! Albatta shunday boʻladi, siz butkul xotirjam boʻling. Uni davolatib, ukalariga bosh qilaman.

– Rahmat sizga. Keyin iltimos, uni hech qachon u yoqlarga qaytarmang. U tuzalib ketsa ham oʻsha chekishni oʻrgatgan bolalar yana yoʻldan uraveradi.

– Xoʻp, mayli siz aytgancha boʻla qolsin.

Nodir ketgach, yana yuragi sanchdi. Yana ukol qilishdi. Uyqu aralash vujudida simillab turgan ogʻriqni his etib tursa ham koʻngli xotirjam edi: “Xudoga shukur”.

* * *

Onasining ma’rakalari oʻtgach, eri uyga yoshgina bir qizni yetaklab keldi:

– Menda ishlaydi, hamshira. Qandaydir togʻ qish¬logʻidan kelgan. Koʻngil qoʻygan odami tashlab ketibdi. Homilador ekan, ijaradan ham haydashibdi. Bosh hamshiraning oldida “Endi qayoqqa boraman?” deb yigʻlab oʻtirgan ekan, olib kelaverdim. Uyning ishlariga qarashadi. Oʻzing aytasan-ku, odamning chiqiti yoʻq, deb. Bir xatoga yoʻl qoʻygan odamni chiqitga chiqarib yuboraversak, u yana ham kattaroq xatolarga yoʻl qoʻyadi.

Zulfizar keng koʻylak ostidan ham bilinib turgan homilasidan tortinib,bukchayibgina turgan qizga qaradi. Hurkak togʻ kiyiklariga oʻxshash bu qiz juda goʻzal va bolalardek ma’sum edi.

– Oʻqishni bitirgach, qishlogʻingga ketsang boʻlar edi-ku. Shahardan koʻra qishloqqa hamshira koʻproq kerak. Oliy ma’lumotli vrachlardek e’zozda boʻlar eding. – Bir gʻijinib, rus tilida eriga murojaat qildi.- Yoshlarga hayronman, hammasi shaharga chopadi. Shaharga kelgandan keyin bu ahvol!

Qizning oʻrniga Anatoliy Abramovich javob berdi:

– Amaliyotni bizda oʻtagan edi. Qoʻl-oyogʻi chaqqongina ekan. Qolaman desang, qolaver, degandim. Qoʻy, uni koʻp qiynama.

Qiz juda chaqqon va ziyrakkina edi. Homilasi boʻgʻziga tiqilayotganday pishillab yursa ham, hamma ishga ulgurar, hovli-joyni yogʻ tushsa yalagudek qilib qoʻyar, tinmay turli xil pishiriqlar, bir-biridan tansiq ovqatlar tayyorlar edi. Tuqqandan keyin ham 10-15 kunda hech narsa koʻrmaganday roʻzgʻor ishlariga shoʻngʻib ketdi. Onasi bechora ham qoʻlidan kelganicha gʻimir-gʻimir qilib boʻlsa-da, roʻzgʻoriga fayz kiritib yurardi. Bu qiz onasi kabi bedor oʻtirib, yarim tungacha uni kutmasa-da, hamma joy ozoda, roʻzgʻori badastir edi. Zulfizar oʻzining bolalariga narsa olganda, albatta, Nasiba va uning bolachasiga ham nimadir olar, unga oʻz singlisidek mehr qoʻya boshlagan edi. Lekin negadir oʻgʻli bilan qizi ularni yoqtirmay qoldi. Ayniqsa Botir “Shu jodugarni yoʻq qiling” deb qistalang qilaverardi doim. Beshinchi sinfda oʻqiydigan Sora ham Nasibani koʻrsa, toʻrsayib olar, bolachasi yopishaversa, indamay turib ketar edi. Zulfizar buni dimogʻdorlikka yoʻyib, ba’zan Nasibadan uzr soʻrar, bolachani bagʻriga bosib,oʻzi erkalab qoʻyardi:

– Ota-onaning puli va mansabiga shuncha takabburlikmi? E-e, Xudoyim-ey,bu bolalar erta bir kun bir martabaga erishib, oʻzlari besh-olti soʻm pul topsa, umuman hech kim bilan gaplashmasa kerak.

Nasiba esa odatdagidek hech narsa demas edi.

Bir kun “singil”ning yana qorni doʻppayib turganini sezib qoldi.

– Bu nimasi? Buni qayerdan orttirding?

Qiz indamadi.

Uning shu indamay turishi ham Zulfizarning asabini buzdi. Irkit narsaga koʻzi tushganday jirkandi:

– Bir ogʻiz tili-zabon yoʻq, ammo bu ishni qanday uddalab kelayapsan? Nahotki hech kimga gapirmaydigan, qaramaydigan qizni ham koʻchada tutib olib, shu ahvolga solib ketaverishsa? Kim u? Kimligini aytasan menga?! Kelib,bolalariga egalik qilsin! Boʻlmasa, lash-lushingni yigʻishtir-da, uyimdan yoʻqol!

Kechki payt eriga zahrini sochdi:

– Anavingiz yana bola orttirib olibdi.

– Yoʻgʻ-e, – koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi erining.

– Ha! Iltimos, shuni uydan yoʻqoting.

– Shoʻrlik juda boʻsh-da. Qizlar “Yigiti kelib yuribdi” deyishayotgan edi. Yana “chuv” tushibdi-da. Shoshmay tur, shu yigitni toptirib, oʻzim bir gaplashay. Joy-poy qilib, olib chiqib ketar, boʻlmasa, xizmatingni qilib yuribdi-da...

– Esingiz joyidami? Men harom-harish aralashgan ishni yomon koʻraman, – erining gapini boʻldi Zulfizar.

– Qanaqa harom, nima harom?!

– Anatoliy Abramovich, rus tilida toza va notoza degan soʻz bor. Bu soʻzlar toza va notoza degan tushunchadan kelib chiqqan. Bizda esa toza va notoza degan tushunchalardan tashqari halol va xarom degan tushunchalar ham bor. Bu soʻzlarning sizlarning tilingizda tarjimasi yoʻq. Ma’lumot uchun, koʻchadan orttirilgan benikoh bola ham haromi hisoblanadi. Bunday ishlar qilib yurgan ayollardan jirkanaman!

Eri Zulfizar bilan oshiqcha tortishuvning foydasi yoʻqligini bilibmi, indamay qoʻya qoldi.

Oradan bir haftalar oʻtgach, yangi gap topib keldi:

– Besh bolali odam ekan. Qamatib yuborishimiz mumkin, ammo u Nasibani ololmaydi. Nasiba dugonalariga “Oʻzimni oʻldirmoqchiman, bolamni kimga qoldirsam ekan?” deb yurgan emish. Endi nima qilamiz?

– Oʻzini oʻldirsa, oʻldiraversin. Sadqaisar! Mendan nari!

– Har bir suiqasd uchun Moskvaga javob berasan. Uyingda yashagan ayol joniga suiqasd qilsa, gap-soʻz koʻpayib ketmaydimi? Qoʻy shuni, Zinochka. Yuraversin. Uyingga, bolalaringga qarab oʻtiribdi. Agar istasang, ishdan boʻshatib yuboraman. Uydan chiqmay oʻtiradi. Ortiqcha gap-soʻzning nima keragi bor? – eri jonini jabborga berib, uni murosaga chaqirardi.

“Rost. Bir bola qoʻlida,bir bola qornida, uy-joysiz, koʻchada qolsa, bu iflos, albatta, joniga qasd qiladi. Uyida yashagan ayolning isyoni uning boshiga qanday balo boʻlib yogʻilishini tasavvur qilish hech qiyin emas”.

– Hammasiga siz aybdorsiz. Qaysi goʻrdan shu haromini yetaklab keldingiz? Nima ish qilsangiz, izida bir ishkali boʻladi doim.

Bu uning yon berishi edi.

Anatoliy Abramovich uni erkalagan kishi boʻlib, ohistagina yelkalaridan quchdi:

– Qayerdan ham bilibman? Men bir sodda odam boʻlsam, senga yaxshi boʻlsin, degandim-da. Soramiz hali kichkina, uy ishlariga qaraydigan bir odam kerak-ku, baribir. Bu qiz ham hali yosh, gʻoʻr. Nima xato qilsa, shu gʻoʻrligi tufayli qilgan. Butun viloyat ayollari taqdiri sening qoʻlingda. Shu bechoradan ham muruvvatingni ayamay, yaxshi qilding.

– Mayli, – u bir siltanib, erining qoʻlini yelkasidan tushirib tashladi, – faqat men uyda boʻlganda, koʻzimga koʻrinmasin. Qornini ham, oʻzini ham koʻrmayin.

– Xafa boʻlmasang,bir gap aytaman, Zinochka. Koʻp ruslar ham oʻz ona tillarida sen kabi toza gapira olmaydi. Moskvada ta’lim olib kelgansan. Bir qarashda juda zamonaviy ayolsan, kiyinishing, oʻzingni tutishing... Ammo qarashlaring hamon eskicha ekan. Rivojlangan mamlakatlarda nikoh, farzand koʻrish har kimning oʻz erki. Kimdan xohlasa, shundan farzand koʻraveradi. Siz oʻzbeklar esa “nikohli, nikohsiz” deb fojia yasaysizlar. Boshqa mamlakatlarda erkin nikoh degan tushunchalar bor.

– E-e, koʻp boshimni ogʻritmang.

...Ertasi kuni qaytishi kerak edi. Hamma ishi bitgach, turgisi kelmay qoldi. Ketayotganda qizi yoʻ¬talib turgan edi, xavotirlandi. Kechki 9 da uchadigan samolyotda ortiga qaytdi. Qoʻlida bir dunyo qogʻoz, topshiriqlar bor edi. Birrov ishxonasiga kirib, keyin uyga qaytmoqchi boʻldi, ammo u yerdan chiqa olmay qoldi.

Uyga qaytganda, vaqt yarim tundan oshgan edi. Bolalarini bezovta qilmaslik uchun eshiklarni ohistagina ochib, uyga kirdi. Odatdagidek bolalariga bir-bir nazar tashlab, soʻng yotoqxonasiga oʻtdi. U yerda hech kim yoʻq edi: “Mening uyda yoʻqligimni bila turib, bu paytgacha qayerda yurgan ekan”, deya xayolidan oʻtkazdi.

Kiyimlarini almashtirib, bir yuvinib oldi. Hovli adogʻida Nasiba yashaydigan uychalarga yoʻl oldi: “Qayerdaligini balki u bilar?”, uning eshigini qoqib oʻtirmay, derazadan bordi: “uxlab yotgan boʻlsa, indamayman”.

Sutdek oydin kecha, kanizlari bilan sayrga chiqqan toʻlin oy Zulfizar bilan birga derazadan ichkariga boqdi. Va!.. Koʻzlari tushgan manzaradan oy xijolat boʻlib bulutlar ortiga kirib ketdi. Zulfizarning oyga havasi keldi,qani uning ham koʻzlarini shu bulutlar toʻssa-yu, xiyonatkor erini koʻrmasa! Afsus! Soʻng oʻsha osmon bor yaltir-yultir toshlari bilan uning boshiga toʻkildi.

Oyning oppoq nurlariga choʻmilib yotgan osuda hovlini bir zumda qiyomat qoʻpdi.

...– Hoziroq uyimdan yoʻqol!

Avvaliga rangi qumdek oqarib, dovdirab qolgan ayol ustiga malomat toshlari otilavergach, kutilmaganda qoʻllarini beliga qoʻyib, hujumga oʻtdi:

– Hech qayerga bormayman! U mening ham erim, bolalarimning otasi. Demak, bu uyda mening ham haqqim bor!

Bu gapni yillar davomida biron marta yerdan boshini koʻtarib, koʻziga tik qaramagan tilsiz-zabonsiz “qizaloq” aytayotgan edi.

Bu gap Zulfizar uchun koʻrib turganlaridan ham ogʻirroq zarba boʻldi.

– Shu sening eringmi, – lablari pirpirab ketdi Zulfizarning. – Boʻlmasa, eringni ham ol-da, yoʻqol. Bu uy mening uyim.

– Bu uy davlatniki! – Nasiba yalpayib divanga oʻtirib oldi.

– Yoʻqol, hozir ikkalangni ham oʻldiraman, – Zulfizar shkafni ochib, qoʻliga ilingan narsani ularga qaratib, uloqtira boshladi.

Ochiq qolgan eshikdan qoʻrqib ketgan oʻgʻli bilan qizi kirib kelmaganda Zulfizar hali-beri baqirishdan toʻxtamasdi. Uning yonida “hay-hay”lab turgan eri bolalarga koʻzi tushgach, xotinlarning mojarosiga qoʻl siltab, qoʻrquvdan koʻzlari katta-katta boʻlib ketgan Sorani dast koʻtarib, olib, bagʻriga bosdi. U Sorani alohida mehr bilan yaxshi koʻrar, tugʻilganda oʻng qoshining ustidagi xolni koʻrib, “Onamning ham shu yerida xoli bor edi”, deb unga onasining ismini qoʻygan edi. Qizaloq ulgʻaygan sari otaga yaxudiy momosini tobora koʻproq eslatadigan boʻlib borardi. Besh-olti yoshlarga kirgach, oʻzi tanimaydigan momosining kichkina nusxasiga aylanib qoldi. Otasi ishdan qaytgach, uni tizzasidan tushirmas, uni ismi bilan emas, oʻz tilida “mam” (ona) deb erkalar edi. U Sora uchun hamisha hamma narsadan voz kechishga tayyor edi:

– Boʻldi, Nasiba, yigʻishtir lash-lushlaringni!

Nasiba gap qaytarmoqchi boʻlib xezlangan edi.

– Boʻl, deyapman senga, – dedi.

U bu gapni shunchalar qahrli ohangda aytdiki, shan¬gʻillab yotgan Nasiba indamay yuklarini yigʻishtirishga tushdi.

Soʻng Anatoliy Abramovich Zulfizarning yoniga oʻtdi:

– Hozir olib borib tashlayman. Keyin bafurja gap¬lashib olamiz, oʻzim senga hammasini tushuntiraman. Oʻzingni qoʻlga ol,bolalarni qoʻrqitayapsan, – dedi yalinchoq ohangda.

Dir-dir qaltirab turgan Zulfizar qoʻlidagi buyumni yerga uloqtirib, Sorani erining quchogʻidan yulqilab tortib oldi:

– Oʻzingiz ham birga yoʻqoling, siz bilan gaplashadigan gapimiz qolmadi.

Soʻng ostonada turgan oʻgʻlini yetaklab uyiga kirib ketdi. Ular juda uzoq yigʻishtirindi, ularning shu hovlida gʻimir-gʻimir qilib yurishlari Zulfizarning sabr kosasini toʻldirib, tobora holdan toydirib, sillasini quritib borayotgan edi. Nihoyat darvoza ochilib, mashina hovlidan chiqib ketdi. Zulfizar tashqariga chiqib, darvozani ichkaridan mahkamlab qaytdi.

Oradan bir soatlar oʻtgach, darvoza ortiga mashina kelib toʻxtadi. Bu vaqtda allaqachon tong yorishib qolgan edi. Keluvchi darvoza oldida ancha gʻimirlab, eshikni ocholmagach, ular yotgan xonaning derazasini chertdi:

– Zina, darvozani och!

– Dadam! – uxlayolmay yotgan Sora joyidan sapchib turdi.

– Joyingga yot, qizim. Endi u sening dadang emas.

– Nega?

– Zina!.. – deraza betoqatlik bilan taqilladi. – Zina, hech boʻlmasa, deraza yoniga kel.

Zulfizar oʻrnidan turmadi.

– Mam! Darvozangni och.

Sora derazaning yoniga bordi:

– Dada, onam yigʻlayapti, darvozani ochmaysan, deyapti.

Qoʻshni kelinlar chiqib, koʻchaga suv sepa boshlashgach, mashina iziga qaytib ketdi. Olam bir pas sukunat qoʻyniga choʻmdi, ammo koʻp oʻtmay deraza ortidan oʻtgan-qaytgan odamlarning ovozlari eshitila boshladi. Yangi kun boshlangan edi. Ha, shunchalik sharmandachiliklarga guvoh boʻlgan tun oʻtdi, lekin hayratlanarlisi, hayot toʻxtab qolmadi, yana tong otdi, yangi kun boshlandi, hayot davom etaverdi.

Zulfizar ming yillik xastalikdan ezilgan bemordek zoʻr-bazoʻr oʻrnidan turib, nonushta hozirladi. Bolalarni turgʻizib, ovqatlantirdi. Oʻzi ham naridan beri ovqatlangan boʻlib, ishga otlandi.

Shu uyga koʻchib kelishganidan buyon birinchi marta darvozalari qulflogʻlik qoldi. Avvallari onasi uyda qolardi, soʻng qancha payt Nasiba boʻldi, xullas, hovlini qulflab ketishga hech zarurat boʻlmadi. Endi esa...

Zulfizar kalitlarning birini oʻgʻliga, birini qiziga berdi. Maktabdan qaytgach, uydan chiqmay oʻtirishni qayta-qayta tayinladi, lekin ishga koʻzi orqasida ketdi...

Ixtiyori oʻzida boʻlsa, bugun umuman joyidan turgudek holi ham, xohishi ham yoʻq edi. Ammo bugun byuro bor. Kecha “Kadr” kimnidir partiyadan oʻchirish haqidagi masala tayyorlanayotganini aytgan edi. Bormasa, boʻlmaydi.

Byuro nihoyatda keskin ruhda oʻtdi. Hamisha hamma joyda ibrat qilib kelingan yulduzli xoʻjalik rahbarini partiyadan oʻchirib, ishdan olish va qamash masalasi koʻrildi. Bu inson hosildorlikni oshirish hisobiga xoʻjalik a’zolariga uy-joy, hammom, madaniyat saroyi, sport komleksi, hatto Baxt uyi ham qurgan. Obroʻyi raykom kotibinikidan kam emas edi.

Byuroda uni poraxoʻrlikda, mavjud gektarlarni yashir¬ganlikda ayblashdi.

– 200 gektar yerni 100 gektar deb yozib, hosil¬dorlikni 70 sentnerga yetkazdim deb, oltin yulduz taqqan qahramonni koʻring! Biz bu yoqda boshqa xoʻjaliklarni nega hosildorlikni 35 sentnerdan oshira olmaysizlar, deb qiyin-qistovga solamiz, urushamiz, doʻpposlaymiz. Tajriba oʻrganing deb bu kishining xoʻjaligida seminarlar oʻtkazamiz. Borganlar hayron, oʻzlarinikiday dala, oʻzlarinikiday gʻoʻza. Hisobot esa ikki baravar koʻp. Bu yoqda hammom, sport kompleksi, Baxt uyi, Madaniyat saroyi. Xalq uchun shuncha narsa qurdi, deb yurganmiz. Ha, mayli, Markazdagilar oldida hurmat qozonib, xoʻjalikka shuncha mablagʻ kiritib, falon-falon ishlarni uddaladi, deb yursak, hurmatli Ahmad Parpiyev bu harakatlarning hammasini oʻz manfaati uchun, ya’ni xoʻjalikdagi qarindoshlarini ishli, mansabli qilish uchun amalga oshirgan. Bir ogʻiz soʻzi, har imzosi uchun katta-katta poralar olgan. Odamlar bu kishining ismi-sharifini unutib, “ota” deydigan boʻlib qolgan. Bularning hammasi mehnatkash xalq nazarida sotsialistik tuzumning, kommunistik partiyaning obroʻsini tushirgan. Parpiyevning bu xil xatti-harakati partiyaga, xalqqa xiyonatdan boshqa narsa emas. Uni partiya saflaridan oʻchirib, ishini qonun himoyachilariga topshirish kerak. Toki xalq xiyonatkorlar jazosiz qolmasligini koʻrsin.

Xona ancha salqin boʻlishiga qaramay notiq terga tushib ketgan edi. Gapini tugatar ekan, goʻshtdor barmoqlari bilan peshonasidagi terni sidirib, birinchi kotibga qaradi.

“Birinchi” unga “oʻtiring” deganday ishora qildi-da,byuro a’zolariga yuzlandi:

– Qani, oʻrtoqlar, yana kimda qanday fikr bor?

– Mol-dunyoga oʻchlik Parpiyevning qonida bor. Uning otasi oʻz vaqtida bu yerlarga quloq qilib yuborilgan. Partiya bagʻrikenglik qilib, quloqning bolasini kechirdi, oʻz saflariga oldi, mansab-lavozim berdi, xalqning taqdirini, davlat mulkini ishonib topshirdi. U esa bu ulugʻ ishonchni suiste’mol qildi. Bunday muttahamlarga oramizda oʻrin yoʻq, – bu odam Parpiyevni eng koʻp “izlaydigan” obkom xodimi edi.

– Xalqning xizmatini qilsin deb, qizimni hu¬quqshunoslikka oʻqitgan edim. Yangi Baxt uyi qurilgach, mening qizimga oʻxshagan mutaxassislar uchun quril¬di,deb suyundim. Bu kishi esa tuman Baxt uyida ishlab yurgan qizini olib kelib, mudira qildi.

...Byuroga toʻplangan ellik-oltmish odamning har biri qoʻynidagi toshni otib qolishga harakat qilardi.

“Nega? Nima uchun? Kechagina shularning hammasi Parpiyev bilan bir bor salomlashishni mukofot deb bilishar edi-ku. Shuncha narsa qurgan boʻlsa, sochlari oqarib ketgan bu chol oʻsha imoratlarni goʻriga orqalab ketmaydi-ku!”, Zulfizar boʻgʻziga tiqilgan savollarni zoʻrgʻa ichiga yutib, goh soʻzga chiqqanlarga, goh uzun stolning eng oxiridagi oʻrindiqda yerga qarab oʻtirgan Parpiyevga javdirab qarardi. Yoshiga xos boʻlmagan chaqqonlik bilan hamisha shoshib yuradigan raisning yuzida ilgarigi oʻktamlikdan asar ham qolmagan edi.

Byuro tugagach, Parpiyev negadir Zulfizarning ol¬diga kirdi. Zulfizar boya taqdiri hal qilinayotgan dam qoʻrqoqlik qilib, bir ogʻiz ham himoya qila olmaganidan xijolat boʻlib, oʻzini yoʻqotib qoʻydi.

Parpiyev ham negadir xijolat edi.

– Meni kechiring, Zinaida Abdiyevna!

– Nega?

– Oʻzimni himoya qila olmay, yuzlaringizni yerga qaratdim. Lekin, – u kaftlarini yozib, Zulfizarga koʻr¬satdi. – Lekin qarang, qoʻllarim top-toza, vijdonim ham toza.

– Bilaman, – battar xijolat boʻldi Zulfizar.

– Rahmat sizga!

Oqsoqol boshqa bir soʻz demay xonadan chiqib ketdi.

Kechki payt “Kadr” qoʻngʻiroq qildi:

– Zinaida Abdiyevna, Parpiyevga advokat boʻlib yol¬lanibsiz,deb eshitdim.

– Bu gap qayerdan chiqdi? Xayrlashish uchun kirgan ekan, xolos, – shoshib oʻzini oqladi Zulfizar.

– Hayronman, nega taqdiri hal etiladigan boʻlim¬larga emas, sizning oldingizga kiradi?

– Bilmadim, Nikolay Vladimirovich, ammo rosti gap, unga juda rahmim keldi, axir xalq uchun qancha xizmat qilgan odam...

– Nimalar deyapsiz, Zinaida Abdiyevna? Hali siz byuroning qaroriga qarshi chiqayapsizmi? Butun byuro ahmoq, faqat siz aqllimisiz?

– Yoʻq, men unday demoqchi emasman...

– Siz aynan shunday dedingiz va bu nuqtai nazaringiz uchun javob berasiz. Oʻrni kelganda yana bir narsani aytay, keyingi paytlarda hulq-atvoringiz biz¬ga yoqmayapti. Uyingizda saqlagan xizmatkoringiz sirka ichib qoʻyganini eshitdingizmi? Inson bir buyum emaski, istagan payti javonga qoʻyib, kerak boʻlmay qolganda axlatga uloqtirib yuborilsa!

Zulfizarning yuragi qinidan chiqib ketay dedi:

– Unga nima boʻpti? Nahotki?.. – “oʻlibdimi?” deb soʻrashga jur’ati yetmadi.

– Uni saqlab qolishgan, ammo “ichki ishlar” joniga qasd qilgan ayol sifatida roʻyxatga olgan. Yarim tunda ayol kishini ikki bola bilan koʻchaga haydashga qanday jur’at etdingiz? Yana viloyatdagi barcha xotin-qizlar taqdiriga mas’ul odam boʻlsangiz?

– Nikolay Vladimirovich! Uni nega va kim bilan haydaganimni bilasizmi?

– Bilmayman, bilishni ham istamayman.

– Erchasining toʻrt xonali uyi bor, u hech qachon koʻchada qolmaydi. Yana... uning oʻz joniga qasd qilganiga sira ishongim kelmaydi. Axir u meni aldab, erimni uyimdan olib chiqib ketdi. Boshida puldor eri, uyi, mashinasi boʻlsa, joniga qasd qilishga qanday asos bor?

– Sizni ham yarim tunda yashab turgan uyingizdan haydab yuborishsa, oʻsha ayolning ahvolini his etgan boʻlardingiz.

– Nikolay Vladimirovich, menga nisbatan nohaq¬lik qilayapsiz, – goʻshakning narigi tomonidan aloqa uzilganligini anglatuvchi “bip-bip” degan ovoz eshitildi.

Zulfizar keyingi kunga oʻzi tugʻilib oʻsgan xoʻ¬jalikda oʻtkaziladigan partiya tashkiloti hisobot-saylov yi¬gʻilishiga vakil qilib belgilangan edi. Bunday top¬shiriqlar umumiy tartibda ancha oldindan belgilab qoʻyilsa-da, odat boʻyiga ketishdan avval birrov “Kadr”ning oldidan oʻtilib, qoʻshimcha topshiriqlar bor-yoʻqligi soʻralar edi. Zulfizar erta bilan turib indamay qishloqqa joʻnab yubordi. “Nima desin? Oʻsha juhudni qoʻyarda qoʻymay uning hayotiga tiqishtirgan edi. Endi alamidan har xil bahona topib, ezishga harakat qilyapti. Vijdonsiz. Olsa, ishini olsin!”

Xoʻjalik rahbari-qirq yillardan beri xoʻjalikni boshqarib kelayotgan Omonqul rais Zulfizarni oʻzgacha bir mehr bilan yaxshi koʻrar, u bilan faxrlanar, buni sira yashirmas edi.

– Sizning tashrifingiz biz uchun bayram,xush kelibsiz, – uni koʻrib, xursand boʻlib ketdi Omonqul rais. – Yigʻilish soat 2 ga belgilangan. Ungacha maktabga oʻtib kelmaymizmi? Bahorga bagʻishlangan bir tadbirlari bor ekan. Kecha direktor taklif qilib kelgan ekan. Ertaga Opa ham keladilar, agar xoʻp desalar, u kishini ham olib oʻtaman, deb va’da qilgandim. Bugun Navroʻz – Yilboshi. Shunday kunda eski qadrdonlarni izlab, ularning koʻnglini olish savob.

Zulfizar siqilib turgan edi. Rozi boʻldi. Qadrdon maktabni koʻrib, balki biroz koʻngli yozilar...

Maktab tadbirga juda yaxshi tayyorgarlik koʻrgan edi. Navroʻzoy timsolida chiqqan qizni oʻziga oʻxshatdi: kelishgan, oʻktam...

Bolalarning Navroʻz tarixidan shuncha ma’lumotni qanday toʻplaganiga qoyil qoldi. “Haqiqatan ham juda goʻzal bayram ekan bu. Nega bu kunni hech bayram qilmaymiz?” xayolidan oʻtkazdi u.

Ertasi kuni uni ikkinchi kotib chaqirdi.

– Siz nima qilib yuribsiz? Sizni partiya tashkilotining hisobot saylov yigʻilishini oʻtkazishga yuborsak, siz diniy bayramlar oʻtkazishga bosh-qosh boʻlib yuribsizmi?

– Qanday diniy bayram? U bahorning kelishiga bagʻishlangan qadimiy bayram edi, xolos.

– Bahor birinchi martdan boshlanadi. Siz butun ittifoq uchun belgilangan taqvimni bilmaysizmi? Kecha 21 mart edi,qanday qilib 21 mart kuni bahor, Yangi yil boshlanadi. Yangi yil 1 yanvarda nishonlanadi. Bahor 1 mart kuni boshlanadi. Siz oʻzingizga bildirilgan ishonchni suiiste’mol qildingiz. Mav¬qeingizdan foydalanib, sovet turmush tarziga qa¬langʻi-qasangʻi odatlarni tiqishtirmoqchi boʻlyapsiz. Bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Buning ustiga qoʻl ostingizdagi rahbar xodimlardan tilla taqinchoqlar talab qilishingiz haqida ma’lumotlar bor.Odamlar orasida Parpiyevga nisbatan adolatsizlik qilindi, deb gap tarqatib yurgan emishsiz. Parpiyev qamoqda oʻtiribdi. Aybi boʻlmasa, qamoqqa olisharmidi? Qa¬damingizni bilib bosing, yana Parpiyevning yoniga borib qolmang! Shoshilinch byuro chaqirtiraman. Byuroga qilmishlaringiz haqida oʻzim axborot beraman.

Hammasi kutilmaganda, juda tez sodir boʻldi. Bir soatning ichida Zulfizar butun faoliyatiga ham, nomiga ham qora chiziq tortildi. Ishdan boʻshatildi, partiyadan oʻchirildi.

– Siyosiy jinoyatchi va poraxoʻr sifatida uni qamoqqa olishimiz shart va zarur edi, ammo balogʻatga yetmagan ikki nafar farzandi borligini inobatga olib...

U birdaniga hech kim va hech narsasiz qolgan edi. Uning yomon odati bor edi. Erta bir kun kerak boʻlib qolar deb, sandiqqa 4-5 soʻm olib qoʻyishni bilmas edi. Byuroda aytilganidek poraxoʻr boʻlganida...

Essiz...

– Har yili tugʻilgan kunida tilla taqinchoq olib bermasam, kun yoʻq edi. Har xil bahonalar topib, siquvga olardi.

– Necha marta shunday qimmatbaho sovgʻa berishga majbur boʻlgansiz?

– Besh marta...

Bu ayblovni madaniyat boshqarmasi boshligʻi aytdi. Zulfizar uning koʻzlariga, hech boʻlmasa, bir martagina qaramoqchi boʻldi, ammo u sira ham Zulfizar tomonga qaramadi. Xuddi Zulfizar emas, oʻzi pora olganday boshini yerdan koʻtarmasdi.

“Bechora. Majbur qilishgan”. Shu topda negadir oʻziga emas, unga rahmi keldi.

Aslida Zulfizarning qoʻli pul koʻrib, toʻrtovora davralarga kirganidan buyon olgan jami tillo taqinchoqlari beshtagina edi: ikkita zirak, uchta uzuk. Shundan bir zirak bilan uzukni Anatoliy Abramovich nikoh kuni sovgʻa qilgan...

Byurodan keyin uch kun oʻtgach, Xadicha kirib keldi. Dugonasining rangi-roʻyini koʻrib, rosa xijolat boʻldi:

– Meni kechir, hamisha oʻz tashvishlarim bilan yugurib yurib, hamma gapni eng oxiri boʻlib eshitaman. Bugun ishxonamizdan bir muallima aytdi...

– Hech qisi yoʻq, hammasi joyida, – ma’yusgina kuldi Zulfizar.

– Ifloslar, sening umringni, iste’dodingni kuy¬¬dirishdi. Shularning yoʻrigʻiga yurmay, ilmiy ish qil¬ganingda, eng zoʻr olima boʻlar eding. Ha, ularga ham sening aqlliliging yoqmagan aslida.

Zulfizar qoʻl siltadi:

– Qoʻy,bu gaplarni!..

Tokchadan tilla taqinchoqlarini olib, Xadichaning oldiga qoʻydi:

– Manavilarni sotib ber. Ishga joylashib, maosh olguncha roʻzgʻor qilib turish kerak.

Xadicha hayron boʻlib, bir taqinchoqlarga,bir Zulfizarga qaradi. Soʻng taqinchoqlarni egasi tomonga surib qoʻydi:

– Bularni olib qoʻy, – sumkasini kovlab, bor pulini Zulfizarning oldiga qoʻydi. – Maosh olguningcha oʻzim qarashib turaman. Bizning maktabga yur. Oldingiday birga ishlaymiz.

Zulfizar pastki lablarini tishlab bosh irgʻadi: “Xoʻp”.

Uch kundan beri uyi ichida sharpadek sudralib yurib, koʻzlaridan bir tomchi yosh chiqmagan edi. Koʻzlarini yumdi, ammo qovoqlari duvullab toʻkilayotgan shoʻrta’m yoshlarni toʻxtatib qola olmadi. Xadicha uning boshini quchogʻiga oldi:

– Zulfizar, hali hammasi oldinda.

– Yoʻq, hammasi tugadi!

* * *

Sora bu safar otasi kelganini aytib uygʻotdi:

– Onajon, dadam kirmoqchi. U har kun keladi, ah¬volingiz yaxshi boʻlmagani uchun kirgizmayotgan edim. Xoʻp deng, bir martagina kirsin, juda oʻtinib iltimos qilayapti.

Zulfizar bosh chayqadi: “Kerak emas”.

– Onajon, hech boʻlmasa, men uchun rozi boʻling. U mening otam, faqat shu odamning yordami bilan bu azim shaharda qirolichalarday yashab yuribman. U hamisha sizning oldingizda oʻzini aybdor, deb biladi. Qilgan ishlaridan ming pushaymon. Oʻsha yovvoyi hamshira siz boʻla olarmidi?

Zulfizar yana bosh chayqadi: “Baribir, kerak emas”. Soʻng yuzini devor tomonga oʻgirib oldi.

Sora uning boshida turib-turib, palatadan chiqib ketdi. Zulfizarning yuragi siqildi. Qaysar qizining aytganlarini qilmay, otasini boshlab kelishidan xa¬votirlandi. Yurak yutib, ota va qizning oldinma keyin kirib kelishini kutdi. Astoydil Xudoga iltijo qildi: “Yo, muruvvatli Olloh, shu nobakorning yuzi yuzimga tushishidan oʻzing asra!” Iltijo qila turib oʻsha “nobakor”ni juda ham koʻrgisi kelayotganini, boshini koʻksiga qoʻyib oʻkirib-oʻkirib yigʻlagisi kelayotganini his etdi. Lekin... yoʻq, kerak emas!

Anchadan soʻng palataning eshigi ochilib, Soraning oʻzi kirdi. U aytganini qildira olmaganidan,otasining koʻnglini topa olmaganidan xafa edi. Indamay karavoti tomon oʻtib, joyiga choʻzilib oldi: “Bunchalar erkatoy bu qiz! Nega? Goʻdak holida otaning xiyonatini, akaning sargardonliklarini, onaning tanazzulini koʻrdi, shu koʻrguliklar ichida yashadi. Ammo qayerdan shunchalar oʻzbilarmon, erka boʻlib oʻsdi? Bilimiyam zoʻr-da, shu yoshida kim fan doktori boʻla oladi? Oʻzi goʻzal. Buyogʻi otasi unga ma’budaga sigʻinganday sigʻinadi. Shundan hamma aytganim boʻlishi kerak, degan kayfiyatda yurishga oʻrganib qolgan”.

Xayolan oʻrnidan turib, qizi tumtaygancha choʻzilib yotgan karavot yoniga bordi, ohistagina sochlarini siladi: “Meni qoʻy, jonim. Oʻzingni, oʻzingning turmushingni oʻyla”.

Zulfizar necha kundan beri shu gaplarni aytishga ogʻiz juftlar edi-yu, ammo hech jur’at topa olmasdi. Lekin, biladi, aytishi kerak, toki erta bir kun qizi ham oʻzi kabi umr poyonida yolgʻizlik azobida qiynalmasin. Nevaralari ham otali-onali toʻkis boʻlib ulgʻaysinlar.

– Sora!

– Ha, ona? – qizi sapchib oʻrnidan turdi.

– Bu yoqqa kel, anavi kursini yonimga qoʻyib oʻtir¬gin.

Sora hayron boʻlib, onasining yoniga oʻtirdi. Zulfizar uning qoʻllaridan tutdi:

– Qizginam, sen juda aqlli qizsan. Sen faqat oʻzing yoʻl qoʻygan xatolardan emas, oʻzgalarning, masalan, mening xatolarimdan ham xulosa chiqara olishing kerak. Kechagi odamni koʻrding, qanday kamtar, aqlli inson. Lekin judayam boʻshang odam edi. Birovlarning soʻzi bilan qoʻyday boʻlib uyimga kirib keldi, qoʻyday boʻlib yashadi. Uning shu moʻminligi gʻashimni keltirar edi. Shu qoʻy bir kun kelib menga qoʻl koʻtardi. Bunga ham chiday olmadim. Atrofimdagilarning tavozelari koʻzimni koʻr qilib qoʻygan edi. “E, bor-e” dedim. Men uni mansabga almashtirdim. Takabburligim oqibatida oʻgʻlimni yetim qildim. Mansabimdan ajralmay deb, kechalarimni ham, kunduzlarimni ham ishga berdim, yolgʻiz oʻgʻlimning giyohvand boʻlishiga sababchi boʻldim. Agar otasidan ajralmaganimda, axir onalarimiz erlari “qoʻy” boʻlsa ham, “zoʻr” boʻlsa ham indamay yashayverishgan-ku, mansabga shu qadar yopishmaganimda, bolam shunchalar ovora boʻlmas edi. Qandaydir soxta gʻoyalar qurboni boʻldim. Ikkinchi marta erim tashlab ketganda ham partiyadan oʻchirib, ishdan haydashganlaridagidek ezilmagan edim. Holbuki, oʻsha ahmoq otangni juda yaxshi koʻrganman, hozir ham yaxshi koʻraman.

– Onajon, bu gaplarning nima keragi bor? Oʻtgan narsalar uchun oʻzingizni qiynamang. Oʻzi zoʻrgʻa qaytarib oldik.

– Men yaxshiman, sen xavotirlanma. Menga qara, qizim, men bir narsani koʻrib turibman, sen eringni umuman nazar-pisand qilmay qoʻygansan. U erkak, unga e’tibor-mehr kerak.

– Onajon, bu nima deganingiz? – Qoshlari chimirilib ketdi Soraning. – Men ayolman, menga ham e’tibor, mehr kerak. Roʻzgʻorning hamma xarajatlari mening boʻynimda. Yana dimoq-firoqlarini koʻtarishim kerak. Oʻz-oʻzidan haftalab gaplashmay yuradimi-ey, televizor koʻrgan joyida yotib qoladimi-ey. Qiliqlari koʻnglimni aynitadi. Ba’zan “koʻzimdan yoʻqol” deb koʻchaga haydab solgim keladi. Yana necha yillab dadamni sogʻinib yashaganlarimni eslab, oʻzimni bosaman. Ertaga oʻgʻil uylantirishim kerak, qizimga sovchi keladi, shunda boshimda erkak boʻlsin, deyman. Ammo unga nisbatan koʻnglimda zarracha iliqlik qolgani yoʻq.

Zulfizar qoʻrqib ketdi. Ikki qoʻllab qizining qoʻllaridan ushlab oldi:

– Yoʻq, qizim, istasang bu gaplarimni vasiyat oʻrnida qabul et, ammo eringga boʻlgan munosabatingni oʻzgartir. “Gunohi kabira” degan bir kitobdan oʻqi¬gandim, oqshom payti erkak kishining aybi bilan eru xotin xafalashib qolsa-yu, erkak tong otguncha teskari qarab yotsa, ayol uning koʻnglini olib, oʻzi tomonga qaratmasa, ayol gunohkor hisoblanar ekan. Ha, aybdor erkak kishi boʻlsa ham! Shunday, qizim, bizning davrimizda Islomni bid’at, ayollarning huquqini kamsitgan, deb ta’lim berishgan. Aslida esa Islomda oilani asrab qolishda mas’uliyat ayolning zimmasiga yuklangan, shu mas’uliyatni koʻtargani uchun ham uning oyoqlari ostidagi yerni jannat deb atagan. Bir olim pastga tush, oilang, bolalaring,oʻzing uchun uning hurmatini oʻrniga qoʻy, Er-yarim pir, deyishgan. Sen ham shunday deb hisobla. Agar shu erkakdan ajrashsang, bilib qoʻy, goʻrimda tik turaman. Senga hech narsa qoldira olmayman, ammo istaymanki, bebaxt taqdirim ham meros boʻlmasin.

Sora hayron boʻldi:

– Bu nima deganingiz, onajon? Xoʻp, sizga kim ajrashaman, deyapti. Nega bunday gaplarni aytayapsiz?

– Munosabatingni oʻzgartir. U, bordi-yu, ajrashaman, desa ham, ajrashmayman, deysan.

– Xoʻp. Voy-ey, qandaylar kuyovingiz bor edi?

– Ana shu gapning keragi yoʻq. Endi eringga qoʻngʻiroq qil, men uni koʻrishim kerak.

– Nega?

– Gapim bor.

– Ertaga chaqirarman. Bugun charchadingiz, kech boʻ¬lib qoldi.

– Yoʻq, uni bugun koʻrishim kerak.

Oradan koʻp oʻtmay kuyov keldi. U birovlarning gunohini ham oʻz boʻyniga olib, shu mardligi uchun katta jazoga mahkum boʻlgan odamday ancha tushkun kayfiyatda edi. Zulfizar Sorani palatadan chiqarib yubordi.

– Gʻanisher, oʻgʻlim! Mening vaqti-soatim yetib borayapti. Sizdan bittagina iltimosim bor, mendan keyin qizimni, nevaralarimni yolgʻiz qoldirmang.

Kuyov boʻlmishning koʻzlari katta-katta boʻlib ochilib ketdi. U qaynonasidan bunday gapni sira kutmagan edi. Uning hisob-kitobi boʻyiga bu amaldor kampir erta-indin oyoqqa tursa, uyda emas, mas’uliyatsiz ota, xiyonatkor er sifatida ishxonasida ham muhokama boʻlishi aniq edi. Qachonki, qizining toʻshagida duch kelgan manzara tufayli hayot bilan vidolashmoqda.

– Nimalar deyapsiz?

– Bilaman, qizim biroz erkaroq. Balki u uzoqni koʻra olmayotgandir, balki biroz e’tiborsizlik qilayotgandir. Lekin siz erkaksiz, mard boʻling. Ayolingizni, bolalaringizni tashlab ketmang.

– ... – Menga va’da bering.

Gʻanisher ancha vaqt jim qoldi. Soʻng chuqur “uf” tortdi.

– Men Sorani yaxshi koʻraman. Bolalarimni ham. Ularni hech qachon xor-zor qilib qoʻymayman.

– Demak, ketmaysiz.

– Ha...

– Yana bir iltimos, roʻzgʻoringizga boshqa harom-harish narsalarni aralashtirmang. Ismimni ruschaga oʻgirdim. Ikki er qildim. Lekin hech qachon harom ishga qoʻl urmadim.

– Bilaman.

– Mendan rozi boʻling, oʻgʻlim. Sora sizga omonat. Sizga biroz tashvish boʻladigan boʻldim. Meni onamning yoniga qoʻyishlaringni xohlayman. U joylar bahorda juda goʻzal boʻlib ketadi. Bepoyon adirlikka joylashgan qabriston yam-yashil oʻt-oʻlanlar, qizgʻaldoqlarga koʻmilib ketadi. Adirning ustida yotsangiz, butun qishloq kaftdek koʻrinib turadi. Oʻsha qabristonning etagidan oʻtgan anhorda choʻmilib katta boʻlganmiz.

– Siz xavotirlanmang, -uning ovozi titrab ketdi. - Hammasi aytganingizday boʻladi. Faqat iltimos, meni kechiring. Men tufayli...

– Unday demang. Bu taqdiri azal.

* * *

Uning hamma ma’rakalari qishloqda oʻtdi. Janozada odam koʻp boʻldi. Mamaraimning yoru doʻstlari, hamqishloqlar, Soraning, kuyovning tanish-bilishlari, qarindosh-urugʻlar... Zulfizar bilan birga ishlagan deyarli hech kim yoʻq edi.

Yettidan keyin Sora yolgʻiz oʻzi qabristonga borib, onasi bilan xoʻshlashib qaytmoqchi boʻldi. Unga Xadicha hamroh boʻldi: “Seni yolgʻiz yubormayman”.

Saraton koʻksini kuydirgan bepoyon adirlik huvillab yotardi. Sora Xadichaning yelkasiga boshini qoʻyib, uzoq yigʻladi. Xadicha yuragini boʻshatib olsin deb, atay uni yupatmadi. Yigʻlab-yigʻlab, soʻng gurungga berildi.

– Xola, onam sizni juda yaxshi koʻrardi. Erim onang qishloqqa olib borishimizni tayinladi, deganda, xafa boʻlgandim. Bir marta olib kelish tashvishi hech narsa emas, ammo yonimizda boʻlsa, sogʻingan paytlarim shundaygina uyimdan chiqib ziyorat qilib qaytaverardim, degandim. Endi qarab tursam, meni qishloq bilan, qarindoshlar bilan bogʻlashni istagan ekan. Ziyorat bahona ularni ham izlaydi, degan. Yana... Siqilgan paytlari hadeb boshimga kelib, yigʻlayvermasin, oʻzini qoʻlga olsin,qattiqroq boʻlsin, degan. Bu joylarga ilgari ham koʻp kelganman. Bahor paytlari juda goʻzal boʻlib ketadi.

– Ha, onang juda aqlli ayol edi, – uning sochlarini siladi Xadicha. – U oʻz davrining qurboni boʻldi. Yurt mustaqillikka erishgan bugungi kunlarning odami boʻlganida, bu sargardon koʻchalardan umuman oʻtmagan boʻlardi.

– Xolajon, nega bizda mayyitlar boshqa xalq¬lar¬nikiday, chiroyli kiyintirib, mustahkam tobutlarga so¬lib koʻmilmaydi? Oddiygina qilib, kafanlab koʻ¬mishadi?

– Bilmadim, bolam. Odamzod asli tuproqdan bino boʻlgan va yana tuproqqa aylanadi, deyishadi. Bu jarayon yogʻoch tobutga nisbatan, kafanda tezroq, osonroq kechadi. Yerning ostini yogʻoch qutiga toʻldirishning nima keragi bor? Yer muqaddas, u bizni yelkasida opichlab, kaftida rizq tutib katta qiladi, foniy dunyodan oʻtganimizdan keyin ham oʻz bagʻriga oladi. Hech kim-na ona, na farzand murdani uyida uch kundan ortiq saqlay olmaydi. Yer esa indamay, beminnat, beta’ma,hech qanday e’tirozlarsiz yaxshiga ham, yomonga ham koʻksidan joy beraveradi. Shuning uchun ham odamzod yerni yaxshi koʻradi, onasiga talpinganday unga talpinadi, uni Ona yer deydi, Ona deydi.

Sora atrofga qaradi. Allaqachon kuyib, qovjirab qolgan boʻlsa ham ajabtovur dala gullarining hidlari ufurib turgan bepoyon olam koʻngliga taskin berdi. Ular oʻtirgan joydan onasi tugʻilib oʻsgan uy hovlisi kaftdek koʻrinib turardi. Ana, togʻasi keksa gujum tagidagi supada qishloqdoshlar bilan oʻtiribdi, darvozadan yana besh-olti ayol keldi, ularni jiyanlari ichkariga boshladi...

Hatto qulogʻiga Qur’on tilovati ham eshitilganday boʻldi. Koʻngli yanada xotirjam tortdi.