OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jan Pol Sartr. Devor (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJan Pol Sartr
Asar nomiDevor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Jan Pol Sartr
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIbrohim Gʻafurov (Ruschadan)
Hajm48KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Devor (hikoya)
Jan Pol Sartr

Bizni devorlari oppoq chorsi xonaga itarib-turtib kiritishdi. Oʻtkir yorugʻlik koʻzni qamashtirdi. Zum oʻtmay stol ortida qandaydir qogʻozlarni titib oʻtirgan kishilik kiyimidagi toʻrt nusxani koʻrdim. Boshqa qamoqqa olinganlar bir oz nariroqda tiqilishib turishardi. Biz xonani kesib oʻtib, ularga qoʻshildik. Bu odamlarning koʻpini bilardim, qolganlari, chamasi, muhojirlar edi. Mening oldimda ikkita bir-biriga oʻxshagan oq-sariqdan kelgan kishi turardi, bular frantsuzlar boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Boʻyi pastrogʻi dam-badam shimini koʻtarib qoʻyar – tizzalari qaltirayotgani koʻrinib turardi.

Bu dahmaza uch soatchadan buyon davom etar, boshim qotgan, quloqlarim shangʻillar edi. Ammo xona issiqqina, tanaga yoqar, biz uzzukun sovuqda qolib izillagan edik. Soqchilar qamoqqa olinganlarni birma-bir stol yoniga olib borishardi. Kishilik kiyimidagi toʻrt nusxa har bir odamdan ismi bilan kasb-korini soʻrardi. Ular shu savollardan nariga oʻtishmas, lekin gohida «Oʻq-dorilar oʻgʻirlashda qatnashganmisan?» yoxud «Oʻninchida ertalab qaerda, nima ish bilan mashgʻul eding?» deb soʻrab qoʻyishardi. Javoblarni esa hatto eshitishmas yoki eshitmaganga olishar, boʻshliqqa tikilib, jim qolishar, keyin yozishga tushishardi. Tomdan «Haqiqatan baynalmilal brigadada xizmat qilganmisiz?» deb soʻrashdi. Boʻyin tovlashning ma’nisi qolmagan – ular kurtkasidagi hujjatlarini topib oʻqishgan edi. Xuandan esa hech narsani soʻrashmadi, faqat u otini aytishi bilanoq tez-tez allanimalarni yozishga tushishdi.
– Oʻzingiz bilasiz-ku, – men emas, akam anarxist. Ammo u bu yerda emas. Mening siyosat bilan ishim yoʻq, hech qanday partiyaga a’zo emasman. – Ular indamay oʻtirib yozishardi. Xuanning jagʻi tinmasdi. – Mening hech bir aybim yoʻq. Boshqalarning jatiga qolishni istamayman. – Uning lablari titrardi. Soqchi ogʻzingni yum deb, uni bir chekkaga itarib olib bordi.

Navbat menga keldi.
– Siz Pablo Ibbietamisiz?

Men «Ha», dedim. Nusxa qogʻozlarga qaradi-da, soʻradi:
– Ramon Gris qaerga yashiringan?
– Bilmayman.
– Siz uni oltinchidan oʻn toʻqqizinchigacha yashirgansiz.
– Undaymas.

Ular nimalarnidir yozishdi, keyin soqchilar meni xonadan olib chiqishdi.

Yoʻlakda ikkita qorovul oʻrtasida Tom bilan Xuan turardi. Bizni olib ketishdi. Tom soqchilarning birovidan soʻradi:
– Bu yogʻiga nima boʻladi?
– Qaysi ma’noda? – dedi soqchi.
– Bizni soʻroq qilishdimi yoki sud?
– Sud.
– Xoʻp. Endi nima qilishadi bizni?

Soqchi quruqqina javob berdi:
– Hukm kamerada e’lon qilinadi.

Ular kamera deb atagan joy ilgarigi kasalxonaning yertoʻlasi edi. Bu yerdagi sovuqqa chidab boʻlmas, har tomondan ayoz shamol gʻoʻrillardi. Tun boʻyi azbaroyi sovuqdan tishlar takillab chiqar, kunduzlari ham bundan tuzuk emasdi. Bundan avval men besh kun arxiepiskoplikning yolgʻizxonasida oʻtirgan edim, uni oʻrta asrlardan qolgan tosh oʻra desa ham boʻlardi. Qamoqqa olinganlar shunchalik koʻp ediki, ularni duch kelgan yerga tiqib tashlashardi. Men-ku oʻsha oʻrasidan xafa emasman, jillaqursa, u yerda sovqotganim yoʻq, faqat yolgʻiz edim, yolgʻizlik esa odamni holdan toydiradi. Manavi yertoʻlada harqalay yon-verimda odamlar bor. Rost, Xuan ogʻzini ochmas, qattiq qoʻrqar, har na qilsa-da, juda murgʻak, gapiradigan gapi ham yoʻq hisobi edi. Tomning esa, aksincha, jagʻi tinmas, buning ustiga ispanchani suvday ichardi.

Yertoʻlada bitta uzun oʻrindiq va toʻrtta boʻyra bor edi. Eshik orqamizdan yopilgach, biz oʻtirib, bir muddat jim qoldik. Avval Tom tilga kirdi:
– Tamom. Kunimiz bitdi.
– Balki, – dedim men. – Lekin yigitchaga tegishmas deyman.
– Akasi jangari boʻlsayam, ukasining bunga aloqasi yoʻq.

Men Xuanga qaradim: u, chamasi, eshitmasdi. Tom gapini davom ettirdi:
– Saragosada ularning nimalar qilayotganini bilasanmi? Odamlarni yoʻlga yotqizib, ustidan yuk mashina yurgizishyapti. Marokashlik bir qochoq bor edi, bizga oʻsha gapirib berdi. Aytishlaricha, shunaqa qilib oʻq-dorini tejasharmish.
– Benzinni tejashmas ekanmi?

Tom jigʻimga tegdi. Nima qiladi bularni gapirib?
– Zobitlar boʻlsa yoʻl chekkasida qoʻllarini choʻntakka tiqib, sigaret tutatib aylanib yurisharmish. Oʻsha shoʻrliklarni darrov asfalasofilinga joʻnatishadi deb oʻylaysanmi? Hech-da! Abgorlar soatlab baqirib yotisharmish. Marokashlik ogʻriqning zoʻridan men avvaliga ogʻzimni ham ocholmadim, deydi.
– Ishonchim komilki, ular bu yerda unday qilishmaydi, – dedim men. – Boshqasini bilmayman-u, lekin ularning oʻq-dorilari yetarli.

Yertoʻlaga toʻrtta teshik va chap tomondagi shiftdan ochilgan tuynukdan yorugʻlik tushib turar, undan naq osmon koʻrinardi. Bu tuynukdan ilgari yertoʻlaga koʻmir tushirilgan chogʻi, shundoq tagida koʻmir xokasi toʻdalanib yotardi. Chamasi, u bilan harbiy kasalxonani isitish moʻljallangan. Keyin urush boshlanib, kasallar boshqa joyga koʻchirilgan-u, koʻmir shundoq qolib ketgan. Aftidan, tuynukni berkitish yodlaridan koʻtarilgan, vaqti-vaqti bilan tepadan yomgʻir tomchilari tomardi. Kutilmaganda Tom yomon qaqshab gʻoʻldiradi:
– Qurib ketsin! Hammayogʻim titrab ketyapti. Shu yetmay turuvdi!

U oʻrnidan turib mashq qilishga tushdi. Koʻylagi har koʻtarilganda jun bosgan oppoq koʻkragi koʻrinib ketardi. Keyin u chalqancha yotib, oyoqlarini koʻtarib qaychidak aylantira boshladi – uning semiz dumbasi dirillardi. Umuman, Tom – zuvalasi pishiq yigit, lekin baribir semizroq. Men beixtiyor oʻq va miltiq nayzasi bu laqqa yumshoq goʻshtga yogʻni kesganday oson va yengil kirib borishini tasavvur qildim. U qotma yigit boʻlganida, ehtimol, bunday oʻylamagan boʻlardim. Men sovqotmagan boʻlsam-da, qoʻl-oyogʻimni sezmasdim. Ba’zida birnimamni yoʻqotganday boʻlar, kurtkamni qidirib, alang-jalang qilar va shu zahoti uni menga qaytarib berishmaganini eslar edim. Bundan gʻashligim ortardi. Ular bizning kiyim-kechaklarimizni olib qoʻyishib, boʻz ishtonlar berishdi – bu yerda kasallar ayni yoz chogʻlari shunday ishtonlarda yurishgan. Tom oʻrnidan turib, roʻparamga oʻtirdi.
– Qalay, isidingmi?
– Qayda deysan, qurib ketsin. Nafasim tiqilgani qoldi.

Soat sakkizlarda kameraga komendant bilan ikkita falangachi askar kirdi. Komendantning qoʻlida roʻyxat bor edi. U soqchidan soʻradi:
– Bu uchovining familiyasi nima?

Soqchi aytdi:
– Steynbok, Ibbieta, Mirbal.

Komendant oynagini taqib, roʻyxatga boqdi.
– Steynbok... Steynbok... A-ha, mana bor. U otishga hukm qilingan. Hukm ertaga ertaminan ijro etiladi.

U roʻyxatga yana bir qur koʻz tashladi:
– Qolgan ikkovi ham.
– Boʻlishi mumkinmas, – deya hiqilladi Xuan. – Xatolik bu.

Komendant unga hayron boʻlib qaradi:
– Ismi sharifing?
– Xuan Mirbal.
– Hammasi toʻgʻri. Otuv!
– Lekin men hech narsa qilganim yoʻq, – deya gapidan qolmadi Xuan.

Komendant yelkasini qisdi-da, bizga oʻgirildi:
– Sizlar baskmisizlar?
– Yoʻq.

Komendantning avzoyi buzuq edi.
– Lekin menga bu yerda uchta bask bor deyishuvdi. Ularni qidirib yurishdan boshqa ishim yoʻqmi? Sizlarga ruhoniy kerakmi?

Biz indamadik. Komendant:
– Hozir oldingizga belgiyalik vrach kiradi, – dedi. – U siz bilan ertalabgacha birga boʻladi.

U qoʻlini chakkasiga qoʻyib, soʻng chiqib ketdi.
– Aytmovdimmi senga? – dedi Tom. – Xasislik qilishmapti.
– Rost, – dedim men. – Ammo bolapaqirga jabr-da. Ablahlar!

Garchi yigitchani jinim suymay turgan boʻlsa-da, bu gapni adolat yuzasidan aytdim. Bolakayning yuzi gʻoyatda ingichka, oʻlim qoʻrqinchi basharasini yomon oʻzgartirib yuborgandi. Uch kun burun u xipchagina oʻsmir edi, uni yoqtirmaslikning iloji yoʻq edi, lekin hozir u juda qarimsiq boʻlib qolgan, mabodo endi uni shu holda qoʻyib yuborsalar ham, u umr boʻyi shunday qarimsiq va pajmurdaligicha qolardi, deb xayolimdan oʻtkazdim. Umuman, bolakayga odamning rahmi keladi, ammo achinish nafratimni qoʻzgʻar, u yogʻini aytsam, bolaning oʻzi ham koʻzimga balodek koʻrinardi.

Xuan boshqa miq etmadi, uning rang-roʻyi qumday oqardi, qoʻllari, basharasining ham tusi oʻchdi. U koʻzlari soqqaday boʻlib yana yerga choʻkdi. Bir joyga tikildi-qoldi. Tom mehribon odam edi, u bolakayning qoʻlini tutmoqchi boʻldi, ammo u jahl bilan qoʻlini tortib oldi, yuzi alamdan burishib ketdi.
– Unga tegma, – dedim Tomga. – Koʻrmayapsanmi, xoʻrligi kelib turibdi.

Tom istar-istamay rozi boʻldi, u negadir bolakayni yupatgisi kelgan, shunday qilganda, oʻz ahvolini ham bir oz boʻlsa-da yengillatgan boʻlarmidi balki. Har ikkovi ham juda gʻashimga tegishayotgan edi. Ilgari men hech oʻlim toʻgʻrisida oʻylamagandim, fursatim boʻlmagandi, lekin hozir meni nima kutayotganini oʻylamay ilojim yoʻq edi.
– Menga qara, – dedi Tom, – sen ulardan birontasini narigi dunyoga joʻnatdingmi?

Men javob bermadim. Tom avgustdan beri oltitasini otib tashlaganini oʻrab chirmay boshladi. Aniq, u hozir yuzaga kelgan vaziyat haqida oʻziga hisob bermasdi, u buni istamayotganini ravshan koʻrib turardim. Oʻzim ham roʻy bergan holni tuzuk-quruq anglay olmas, biroq men oʻlim ogʻir boʻlarmikin-a, deb oʻylagan va qaynoq oʻqlar badanimni doʻlday teshib oʻtayotganini his qilgandim. Shunga qaramasdan bu sezgilarning uncha ahamiyati yoʻq edi. Hali buning tashvishini chekmasa ham boʻlar, ahvolni aniqlashtirib olishim uchun oldinda bir kecha bor edi. Toʻsatdan Tom jim boʻlib qoldi. Unga koʻz qirimni tashladim, rangida rang qolmabdi. Ahvoli gʻoyatda nochor edi, shunda men «Ana boshlandi!» deb oʻyladim. Qorongʻi tushib kelardi, tuynukdan xira yorugʻ oqib kirar, koʻmir uyumini yoritar, xona sahniga dogʻ-dugʻ boʻlib yaslanardi. Tuynuk uzra koʻzimga yulduz tashlandi, kecha sovuq, osmon tiniq edi.

Eshik ochilib, yertoʻlaga ikki soqchi kirdi. Ularning ortidan Belgiya harbiy kiyimidagi oq-sariqdan kelgan kimsa koʻrindi. Biz bilan salomlashgach:
– Men vrachman. Manavi noxush ahvollarda sizlar bilan birga boʻlaman, – dedi.

Uning tovushi ziyolilarniki singari yoqimli edi. Undan soʻradim:
– Buning nima foydasi bor?
– Kamina xizmatingizda boʻlaman. Oxirgi daqiqalarni osonlashtirishga harakat qilaman.
– Lekin nega bu yerga keldingiz? Gospitalda yarador toʻlib yotibdi-ku.
– Meni aynan shu yerga joʻnatishdi, – deb javob berdi u noaniqroq qilib. Keyin shosha-pisha qoʻshimcha qildi: – Chekasizmi? Sigaretim, hatto sigaram ham bor. – U bizga ingliz sigareti va Gavana sigarasini uzatdi, biz rad etdik. Men unga tikilib qaradim, u oʻzini noqulay sezdi. Unga shunday dedim:
– Siz bu yerga rahm-shafqat koʻrsatish uchun kelmagansiz. Men sizni tanidim. Meni qoʻlga olishgan kuni sizni kazarma hovlisida koʻrganman. Siz falangachi askarlar bilan birga turardingiz.

Unga bor gapni toʻkib solmoqchi edim, lekin oʻzimga hayron qoldim, bunday qilib oʻtirmadim: birdan belgiyalikka umuman qiziqmay qoʻydim. Ilgarilari men birovga tirgʻilsam, uni osonlikcha qoʻldan chiqarmasdim. Hozir esa butunlay gapirgim kelmay qoldi. Yelkamni qisdim-da, yuzimni boshqa yoqqa oʻgirdim. Bir necha daqiqadan soʻng munday boshimni koʻtarib qarasam, belgiyalik meni qiziqsinib kuzatyapti. Qoʻriqchilar boʻyralarga oʻtirishdi. Naynov Pedro zerikib oʻzini qaerga qoʻyishni bilmas, narigisi esa uxlab qolmaslik uchun dam-badam boshini u yoqdan bu yoqqa burar edi.
– Chiroq olib kelaymi? – kutilmaganda soʻradi Pedro.

Belgiyalik boshini silkitdi, men shunda uning ziyoliligi aldamchi, toʻnkadan farqi yoʻq ekan, deb oʻyladim. Lekin har holda shafqatsiz dajjol ham emasdi. Uning sovuq koʻk koʻzlariga qarab, havoyiroq odam, har qanday pastkashlikka boradi, deb oʻyladim. Pedro tezda kerosin chiroq koʻtargancha qaytib keldi va uzun oʻrindiqning chetiga oʻrnatdi. Chiroq xira yoritar, lekin, har qalay, hechdan koʻra yaxshiroq edi. Kechagina biz zimiston qorongʻida oʻtirgan edik. Men shipga tushib turgan chiroq shu’lasi gardishiga uzoq termulib qoldim. Xuddi sehrlanganday undan koʻzimni uzolmasdim. Toʻsatdan bari gʻoyib boʻldi, shu’la doirasi soʻndi. Koʻtarib boʻlmas ogʻir yuk ostida qolganday men qattiq qaltirab koʻzimni ochdim. Yoʻq, bu qoʻrquv, oʻlim sharpasi emas edi. Buning nimaligini anglab boʻlmasdi. Ikki yuzim oʻt boʻlib yonar, boshim ogʻriqdan yorilay der edi.

Junjikib oʻrtoqlarimga boqdim. Tom kaftlariga yuzini yashirgancha oʻtirar, koʻzim uning jingala paxmoq sochinigina ilgʻardi. Bolakay Xuan tobora nochorlashib borardi: ogʻzi yarim ochiq, burun kataklari pir-pir uchardi. Belgiyalik yaqin kelib, uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi: chamasi, u bolaga dalda berishni istardi, lekin koʻz qorachiqlari muz parchalaridek yiltirardi. Uning qoʻli asta pastga sirgʻaldi va bolaning bilagida toʻxtadi. Xuan qimirlamadi. Belgiyalik uning bilagini uch barmogʻi bilan qisdi, uning nigohi qotib qolganga oʻxshardi, shunda u meni koʻrmaslik uchun orqasini oʻgirdi. Men bir oz oldinga enkaydim, shunda u soatini chiqarib, qoʻlini qoʻyib yubormasdan bir necha soniya unga qarab qolganini koʻrdim. Keyin u oʻzini chetga oldi, shunda Xuanning qoʻli holsiz pastga osilib qoldi. Belgiyalik devorga suyandi, keyin xuddi muhim bir narsani eslaganday yondaftarini chiqarib, unga nimanidir yozdi. «Ablah! – qahrim keldi mening. – Qani mening tomirimni koʻrsin-chi, basharasiga aylantirib solaman». U, har qalay, mening oldimga kelmadi, ammo boshimni koʻtarganimda, menga qarab turganini koʻrdim. Men koʻzimni olib qochmadim. U qandaydir hissiz bir ovoz bilan menga soʻz qotdi:
– Sovqotmayapsizmi bu yerda?

Uning oʻzi juda sovqotgan, basharasi koʻkarib ketgan edi.
– Yoʻq, sovqotmadim, – deb javob berdim.

Biroq hamon u menga qattiq tikilib turardi. Birdan gap nimadaligini tushunib qoldim. Qoʻlim bilan yuzimni sidirdim: uni shilimshiq ter bosgan edi. Zax sovuq yertoʻlada qishning qoq oʻrtasi har yoqdan gʻoʻrillab turgan yelvizakda mendan tinmay ter quyilib kelayotganini qarang. Sochlarimni ushlab koʻrdim: jiqqa hoʻl. Koʻylagimni ham tamomila ter bosib, badanimga yopishib qolgan edi. Bir soatdan beri ter a’zoyi badanimdan quyilib kelar, men esa uni sezmasdim. Belgiyalik mahluq boʻlsa, buni koʻrib-bilib turgan ekan. Yuzimdan oqib tushayotgan terni koʻrib, mana, qoʻrquv odamni qanday ahvolga soladi, jon shirin, deb oʻylayotgandir, xoynahoy. U oʻzini shu tobda risoladagi odamday sezayotgan va risoladagi odamlar kabi sovqotayotganidan mamnun ham boʻlsa kerak. Men uning oldiga borib, basharasiga tushirgim keldi. Lekin u tomonga hali bir qadam ham qoʻymay turib, yuragimdagi alam va uyat yoʻqoldi-da tamomila farqsiz bir holda uzun oʻrindiqqa oʻtirib qoldim. Men yana roʻmolchamni chiqarib, u bilan boʻyinlarimni artishga tushdim. Endi men sochlarimdan oqib tushayotgan terni aniq sezdim va bundan koʻnglim nihoyatda xira boʻldi. Keyin oqib tushayotgan terni artmay qoʻya qoldim, roʻmolcha siqsa boʻladigan darajada hoʻl edi. Ammo ter sira toʻxtamasdi. Boʻksalarim ham terga botdi, ishtonim oʻrindiqqa yopishib qoldi. Kutilmaganda bolakay Xuan tilga kirdi:
– Siz vrachmisiz?
– Vrach, – deb javob berdi belgiyalik.
– Ayting-chi... ogʻriydimi... uzoq choʻziladimi?
– Oh, bu... anov... Yoʻq, tez oʻtib ketadi, – deb javob qildi belgiyalik otalarcha ohangda. Shu tobda u goʻyo haq toʻlab davolanishga kelgan kasalni yupatardi.
– Men eshitgandimki... menga aytishuvdi... ba’zan... birinchi oʻq yogʻdirilganda hech narsa boʻlmaydi deb.

Belgiyalik boshini chayqadi.
– Dastlab otilgan oʻqlar odamning jon joyiga tegmasa, shunday boʻladi.
– Unda miltiqlarni yana oʻqlab, yana boshqatdan moʻljalga olishadimi?

Xuan bir oz jim qolib, keyin ovozi xirillab soʻradi:
– Bunga vaqt kerakdir?

Jismoniy azob uni qiynar va qoʻrqitardi: uning yoshida shunday boʻlishi tabiiy. Men boʻlsam, bunday narsalarni oʻylamasdim, ogʻriq oldida qoʻrqqanimdan terga botayotganim yoʻq edi. Oʻrnimdan turib, koʻmir uyumi oldiga bordim. Tom seskanib, menga norozi boqdi: oyoq kiyimim yurganda gʻijirlar, bu uning gʻashiga tegardi. Nahotki mening ham basharam shunday oqarib-koʻkarib ketgan boʻlsa, deb oʻyladim.

Osmon ajoyib edi, men oʻtirgan burchakka yorugʻlik tushmasdi, shundoq tepaga qarashim bilan Katta Ayiq yulduz turkumini koʻrdim. Ammo endi bari boshqacha edi: ilgari arxiepiskoplikning yolgʻizxonasida oʻtirganimda istagan paytda osmon parchasini koʻra olar va bu har safar menda turli xotiralarni uygʻotar edi. Ertalab havo yengil, osmon lojuvard boʻlganda men Atlantika okeani qumloq sohillarini xayolimdan oʻtkazardim. Tush mahali quyosh tikkaga kelganda Seviliyadagi qovoqxona esimga tushardi – u yerda mansanilo ichkiligini ichib, xamsa va zaytun mevalaridan yerdim. Tushdan soʻng kun ufqqa ogʻganda, soyada oʻtirar va shunda maydonning qoq yarmini qoplagan quyuq soyani eslardim, xuddi shu paytning oʻzida maydonning qolgan qoq yarmi quyosh nurlarida yaraqlardi, shu tariqa tirnoqcha osmon parchasida aks etgan yerni tomosha qilib, juda ma’yus tortardim. Biroq endi osmonga qanday xohlasam, shunday qarardim: u mutlaqo hech narsani esimga solmasdi. Menga shu koʻproq yoqardi. Oʻz joyimga qaytib, Tom bilan yonma-yon oʻtirdim. Hech kim soʻz qotmadi.

Andak fursatdan soʻng u shivirlab soʻzlashga tushdi. U jim oʻtirishga sira oʻrganmagandi: tovush chiqarib soʻylabgina oʻzining kimligini anglardi. Garchi u boshqa tomonga boqib turgan esa-da, aftidan menga soʻylardi. Hech shak-shubha yoʻqki, u meni shu alfozda terga botgan va rangi qum oqargan holda koʻrishdan, chamasi, yuragi bezillardi. Endi biz bir-birimizga juda oʻxshardik va har birovimiz boshqa birovimiz uchun bamisoli oyna edik. U tirik belgiyalikka qaradi.
– Sen bu narsalarni tushunasanmi? – deb soʻradi u. – Men tushunmayman.

Men ham sekin shipshib soʻyladim. Men ham belgiyalikka qaradim.
– Nima deyapsan?
– Halizamon boshimizga qattol bir savdo tushadi.

Tomdan gʻalati bir nimaning hidi anqiyotganini sezdim. Hidlarni odatdagiga qaraganda nozikroq sezadigan boʻlib qolibman. Men kinoya qildim:
– Mayli. Tezda tushunib qolasan.

Lekin u hamon oʻzining aytganidan qolmasdi.
– Yoʻq, bunga odamning aqli bovar qilmaydi. Men oxirigacha matonatli boʻlishim kerak, lekin nima boʻlganda ham, bilishim kerakki... Demak, shunday, koʻp oʻtmay bizni tashqariga olib chiqishadi. Bu gazandalar roʻparamizda saf tortishadi. Nima deysan, ular necha kishi boʻlarkin?
– Bilmadim, balki beshta, balki sakkizta. Undan koʻp boʻlmas.
– Mayli. Sakkizta boʻlaqolsin. Ularga «Moʻljal!» deb qichqirishadi, oʻzimga qaratilgan sakkizta miltiq ogʻzini koʻraman. Men devor tomonga surilmoqchi boʻlaman, yelkam bilan unga suyanaman, jon-jahdim bilan yopishaman, u esa tungi bosinqirash chogʻida boʻlgani kabi meni itarib tashlaydi. Bularning barini men koʻz oʻngimga keltira olaman. Bilsayding, qanchalar aniq bu suvrat!
– Bilaman, – dedim. – Men buni sendan kam tasavvur qilmayman.
– Buning ogʻrigʻiga chidash qiyin. Axir, ular basharangning abjagʻini chiqarish uchun koʻzing va ogʻzingni poylab otishadi. – Uning ovozi qahrli eshitildi. – Men jarohatlarimni his qilib turibman, mana bir soatki, boshim ogʻriyapti, boʻynim azob beryapti. Bu haqiqiy ogʻriq emas, ammo undan battarroq, bu men ertaga ertalab his qiladigan ogʻriq. Xoʻsh, undan keyin nima boʻladi?

Uning nima demoqchi boʻlayotganini juda yaxshi tushunib turardim, lekin buni payqab qolishini sira istamas edim. Men ham butun a’zoyi badanimda shunday ogʻriqni sezardim, men uni xuddi chandiq va tirtiqlar kabi oʻz jismimda olib yurardim. Hech ularga oʻrganolmasdim, lekin oʻrtogʻimdan farqli oʻlaroq, ularga ortiqcha ahamiyat bermasdim.
– Keyinmi? – dedim men baralla ovozda. – Keyin seni qurt-qumursqalar talaydi.

Soʻngra u xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashganday soʻyladi, lekin belgiyalikdan koʻzini sira uzmasdi. Belgiyalik esa hech nimani eshitmayotganday edi. U nega bu yerda oʻtirganini men tushunardim: fikrlarimiz uni qiziqtirmasdi, hali hayotni tark etmagan boʻlsa-da, ammo talvasa ichida toʻlgʻanayotgan jismimizni kuzatgani kelgandi.
– Bu xuddi tungi qoʻrqinchli tushga oʻxshaydi, – deb davom etardi Tom. – Bir narsani oʻylashga urinasan, nazaringda, bu qoʻlingdan keladiganday, bir daqiqadan soʻng nimanidir tushunganday boʻlasan, undan soʻng hammasi tarqalib, yoʻqolib ketadi. Men oʻzimga oʻzim «Keyinmi? Keyin hech nima boʻlmaydi», deyman. Lekin buning ma’nisini tushunmayman. Goh munday tushunganday boʻlaman... lekin shunda yana hammasi qochib ketadi-da, keyin men ogʻriqmi, oʻqlar, miltiqlarning birvarakay otilishimi shularni oʻylashga tushaman. Senga qasam ichib aytishim mumkin, men moddiy dunyoga ishonaman, amin boʻl, mening aqli-hushim joyida, lekin shunga qaramay, buning uchini uchiga toʻgʻri keltirolmayman. Men oʻz loshimni koʻraman: buning qiyin joyi yoʻq, lekin uni, har qalay, men oʻzim koʻryapman: oʻlik tanaga qaragan ham oʻzimning koʻzlarim. Men oʻzimdan boshqa hech narsani koʻrmayman va hech narsani eshitmayman, hayot esa boshqalar uchun davom etaveradi, deb ishontirmoqchi boʻlaman. Lekin biz bunday fikrlar uchun yaratilmaganmiz. Bilasanmi, allanimanidir kutib tun boʻyi mijja qoqmay chiqqan paytlarim boʻlgan. Ammo bizni butunlay boshqa bir narsa kutyapti, Pablo. U ustimizga orqadan bostirib kelmoqda, shuning uchun unga shay turishning hech iloji yoʻq.
– Jim boʻl, – dedim unga. – Balki ruhoniyni chaqirsak, izhori dil qilarsan?

U indamadi. U bashorat qilishni, otimni aytib chaqirishni va bosiq gʻoʻngʻirlab gapirishni yaxshi koʻrishini allaqachon payqagandim. Bularning hech birini men koʻtarolmasdim, ammo nima ham qilish mumkin – irlandlarning bari shunaqa. Undan peshob isi anqiyotganday tuyuldi. Gapning ochigʻini aytsam, Tomni unchalik ham yoqtiravermasdim va endi ham birga oʻlamiz-ku deb, unga munosabatimni oʻzgartirmoqchi emasdim. Birga oʻlishning oʻzi men uchun yetarli emasdi. Men hammasi boshqacha kechishi mumkin boʻlgan odamlarni bilardim. Misol uchun Ramon Gris. Ammo Xuan bilan Tomning yonida oʻzimni yolgʻiz sezmoqdaydim. Darvoqe, shu tobdagi ahvoldan ham norozi emasdim: agar Ramon bu yerda boʻlganda, choʻkib qolgan boʻlarmidim. Vaholanki, hozir men oʻzimni dadil tutayotgan va oxirigacha shunday qolmoqni niyat qilgandim. Tom parishon holda soʻzlarni chaynardi. Bir narsa kundek ayon edi: u, qanday boʻlmasin, oʻylamaslik uchungina nuqul gapirardi. Endi undan peshobi chatoq qariyaday shiptir hidi taralardi. Lekin, umuman olganda, uning gaplariga qoʻshilardim, u nima degan boʻlsa, aftidan, bularni men ham aytishim mumkin edi: zoʻrlik oqibatida oʻlish – gʻayritabiiy narsa. Ertaga oʻlishimni bilgan daqiqadan boshlab atrofdagi barcha narsalar menga gʻayritabiiy boʻlib tuyula boshladi: koʻmir uyumi deysizmi, uzun oʻrindiq va yo Pedroning nahs basharasi deysizmi – hammasi. Garchi endi tun boʻyi faqatgina bir narsa haqida oʻylashimiz, birga dir-dir titrashib, birga qora terga botishimizni obdon tushunsam-da, bularni oʻylagim kelmasdi. Unga koʻz qirimni tashladim va ilk daf’a u menga gʻalati koʻrindi: yuziga oʻlim sharpasi oʻtirgandi. Shunda gʻururim darz ketdi: yigirma toʻrt soat-dan beri men Tom bilan birga uning yonida turibman, gap-soʻzini tinglab, oʻzim ham bir nimalar deb... va shuncha vaqt orasida ishonchim komil ediki, biz u bilan butunlay boshqa-boshqa odamlarmiz. Mana endi ma’lum boʻldiki, biz bir-birimizga baayni egizaklarday oʻxshab qolibmiz. Buning sababi esa ertaga birga oʻlishimiz. Tom mening qoʻlimdan ushlab, koʻzlari qaylargadir boshqa yoqlarga qaragancha, dedi:
– Men oʻzimdan oʻzim soʻrayman, Pablo... men oʻz-oʻzimdan dam sayin soʻrayman: nahotki biz izsiz yoʻqolib ketsak?

Qoʻlimni boʻshatdim-da, achchiq bilan dedim:
– Oyogʻing tagiga bir qara, choʻchqa.

Uning oyogʻi tagida koʻlmak hosil boʻlgan, ishtonidan tomchilar shirillardi.
– Nima bu? – gʻoʻldiradi u oʻzini yoʻqotib.
– Ishtoningga bajarib qoʻyibsan, – dedim men.
– Yolgʻon! – deya qichqirdi u quturib. – Yolgʻon! Men sezayotganim yoʻq!

Belgiyalik munofiqlarga achingandek boʻlib, yonimizga keldi.
– Mazangiz qochyaptimi?

Tom javob bermadi. Belgiyalik indamay koʻlmakka qarab turardi.
– Bilmayman, nega bunday boʻldi... – Tomning ovozi qahrli yangradi. – Lekin men qoʻrqmayman. Qasam ichamanki, qoʻrqmayman!

Belgiyalik miq etmasdi. Tom oʻrnidan turib boʻshangani burchak tomonga ketdi. Keyin ishtonini toʻgʻrilagancha qaytib keldi, oʻrindiqqa oʻtirdi-da, boshqa lom-mim deb ogʻiz ochmadi. Belgiyalik yozuv-chizuvi bilan mashgʻul boʻldi.

Biz unga qarab oʻtirardik. Uchovimiz. Axir, u tirik edi-da!

Uning harakatlari tirik odamning harakatlari, tirik odamning tashvishlari edi: bu yertoʻlada u xuddi tiriklarga oʻxshab, sovuqdan qalt-qalt titrar, sogʻlom dirkillab turgan jismi tirikligi bois unga soʻzsiz boʻysunardi. Biz esa oʻz jismimizni u qadar his qilmay qoʻygandik, his qilganda ham, u kabi emasdik. Men ishtonimning past qismini paypaslab koʻrishni istardim, lekin bunga jur’at etolmasdim. Men belgiyalikka tikilib qarayman: u oʻz mushak¬larining egasi, kuchli oyoqlari yerda uni mahkam tutib turadi, unga ertangi kun haqida oʻylashiga hech narsa halaqit bermaydi. Biz uch qoni soʻrib olingan sharpa – butunlay boshqa bir tomonda joylashganmiz, biz unga qattiq termulib oʻtirib, bamisoli uning qonini ichamiz – qonxoʻrlar kabi. Ana u bolapaqir Xuanning oldiga bordi. Bolakayning boshini nega silamoqchi boʻldi – aytish qiyin; balki buni kasb-kori talabiga koʻra qilgandir, balki koʻnglida rahm-shafqat uygʻongandir. Agar shunday boʻlsa, bu tun boʻyi faqat bir martagina roʻy berdi, xolos. U Xuanning boshini silab, yelkasiga qoqib qoʻydi, bolakay undan koʻzini uzmas va bunga qarshilik koʻrsatmasdi, ammo u kutilmaganda belgiyalikning qoʻlidan mahkam tutib, vahshiyona alfozda tikilib qoldi. Bolakay uning qoʻlini oʻz kaftlari orasiga olib siqdi, buning ajablanarli joyi yoʻq edi: tussiz otashkurak orasidagi oppoq, yumshoq qoʻl. Men nima roʻy berishini darrov tushundim. Chamasi, Tom ham fahmladi, ammo belgiyalik buni minnatdorlik izhorigina deb anglab, hamon otalarcha tabassum qilib turardi. Kutilmaganda bolakay bu yumshoq doʻmboqqina qoʻlni ogʻziga olib bordi-da, uni tishlamoqchi boʻldi. Belgiyalik qoʻlini keskin tortib oldi va qoqinib ketib, devorga urildi. Bir zum u bizga dahshat toʻla koʻzlari bilan boqib turdi: mana, nihoyat u biz oʻziga oʻxshamagan, tamomila boshqacha odamlar ekanimizni angladi. Men xaxolab kulib yubordim, soqchilardan biri dahvatan sakrab oʻrnidan turib ketdi. Ikkinchi soqchi esa hamon uxlab yotar, yarim yumuq qovoqlari orasidan koʻzining oqi koʻzga chalinardi. Men oʻzimni horgʻin va oʻta ogʻir hayajonga botgan holda sezardim. Hali tong qorongʻisida nima roʻy berishini, oʻlimni oʻylagim kelmasdi. Baribir oʻlimni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi, soʻzlar quruq va hech narsani anglatmasdi. Lekin butunlay boshqa bir narsa haqida oʻylayman deganimda, shu zahoti menga qarab oʻqtalgan miltiqlarning ogʻzini koʻrdim. Yigirma martacha oʻzimning otilayotganimni tasavvur qildim, bir gal hatto bu rostdan ham roʻy berayotganday tuyuldi: aftidan, koʻzim ilinib qolgan boʻlsa kerak. Devor tomonga sudrashar, men esa qarshilik koʻrsatar va rahm qilinglar, deb baqirardim. Shunda shoshib koʻzimni ochdim va belgiyalikka qaradim: tagʻin uyqimda baqirib yuborgan boʻlsam-a, deb qoʻrqardim. Ammo belgiyalik moʻylovchalarini xotirjam silar, hech narsani sezmaganga oʻxshardi. Agar istasam, andak mizgʻib olishim mumkin edi: ikki kundan buyon koʻz yummaganman, asablarim tarang tortilgan edi. Ammo qolgan ikki soat umrimni zoe ketkazgim kelmasdi: ular meni tong saharda turtib-surtib uygʻotishadi, uyqusi chala karaxt odamni tashqariga olib chiqishadi, koʻz ochib yumguncha asfalasofilinga joʻnatishadi, men esa hatto ogʻzimni ochishga ham ulgurolmayman. Buni xohlamasdim, xuddi hayvonday jonimni olishlarini istamasdim – men avval gap nimadaligini bilishim kerak. Undan tashqari, men bosinqirashni yomon koʻrardim. Oʻrnimdan turdim, orqa-oldimga yurdim, fikrlarimni chalgʻitishga urindim, oʻtgan voqealarni xotirlashga urindim. Shunda miyamda parishon xotiralar gʻuvillab aylandi. Ularning yaxshilari ham, yomonlari ham bor edi. Harqalay hozirgi ahvolimga dovur menga shundoq tuyulardi. Har turli hodisalar yodimga tushdi, tanish basharalar koʻz oʻngimdan lipillab oʻtdi. Valensiyadagi yakshanba bozorida buqa shoxiga ilib itqitib yuborgan yoshgina novileroning chehrasi koʻz oʻngimda gavdalandi, amakilarimdan birining yuzini koʻrdim, Ramon Grisning qiyofasi nigohimdan oʻtdi. Yigirma oltinchi yilda uch oy ish topolmay sarson yurganimni, ochlikdan oʻlar holga kelganimni esladim.

Bir kecha Granadadagi koʻcha oʻrindigʻida yotib uxlaganim yodimga tushdi: uch kundan buyon tuz totmagan edim, alam ichida oʻrtanar, sira oʻlgim kelmasdi. Shularni eslab, jilmayib qoʻydim. Men yuho sulloh kabi omad, xotinlar, erk ortidan yugurgandim qanchalar. Nima boʻldi? Ispaniyaning xaloskori boʻlishni istardim, Pi-i-Margal qoshida sajda qilardim, anarxistlarga borib qoʻshildim, odamlar orasida nutqlar aytdim; men bularni xuddi oʻlim yoʻqday oʻta jiddiy ado etdim. Shu daqiqalarda esa butun hayotim ikki kaftimda yaqqol turganday edi, shunda men, «Bular hammasi qanchalar razil yolgʻon!» deb oʻyladim. Mening hayotim sariq chaqalik ham emas ekan, zero, u oldindan qurbonlikka keltirilgan edi. Oʻzimdan tinmay soʻraganim soʻragan edi: mana shunday oʻlib ketishimni bilsaydim, koʻchalarda daydib yurarmidim, xotinlar orqasidan sangʻirmidim, yoʻq, unda men hatto jimjilogʻimni ham qimirlatib qoʻymasdim. Endi hayot tugadi, qopday ogʻzi bogʻlandi, lekin hali hammasi tugamagan, poyoniga yetib ulgurmagandi. Baribir, bu hayot asli goʻzal, deb aytgim kelardi. Lekin mashqni, ishning qoralamasini hali qanday baholab boʻladi, axir, men hech narsani tushunganim yoʻq, vaholanki, kelajagimga garov boʻloladigan ishlarni bajaryapman, deb xomxayol qilibman. Juda koʻp narsalar bois afsus, nadomat, armon qilishim mumkin edi, misol uchun mansaniloni aytay yoki Kadisdan uncha uzoq boʻlmagan kichkina koʻrfazchadagi choʻmilishlarim qanday soz edi, lekin oʻlim bularning maftunkorligiga barham berdi, shuning uchun hech narsaga afsus-nadomat qilmasdim.

Kutilmaganda belgiyalikning kallasiga oʻtkir bir fikr kelib qoldi.
– Birodarlarim, – dedi u, – men oʻzimga bir majburiyat olmoqchiman, rost, agar ma’muriyat qarshi boʻlmasa, – sizlarning aziz kishingizga aytadigan biron gapingiz boʻlsa, ularga yetkazib qoʻyishim mumkin...

Tom toʻngʻilladi:
– Mening hech kimim yoʻq.

Men indamasdim. Tom bir zum jim turdi-da, soʻng qiziqsinib soʻradi:
– Nima, sening Konchega aytadigan gaping yoʻqmi?
– Yoʻq.

Bunday gap-soʻzlarga sira toqatim yoʻq edi. Biroq ayb oʻzimda: yaqinda unga Konche haqida gapirib bergandim, afsus, tilimni tiysam boʻlarkan. Men bir yilni Konche bilan birga oʻtkazdim. Hali kuni kecha u bilan besh daqiqa koʻrishish uchun qoʻllarimni bolta tagiga qoʻyishga ham tayyor edim. Shuning uchun ham uni Tomga gapirib bergandim, hech yuragimga sigʻdirolmagandim. Lekin endi uni koʻrishni istamasdim, unga nima ham derdim. Hatto uni quchoqlagim ham kelmasdi: hozir jismimdan oʻzim ijirgʻanardim, chunki u boʻzday oqargan va shilimshiq edi, uning badanidan ham ijirgʻanmasdim, deb ishonch-la aytolmayman. Mening oʻlimimni eshitib Konche koʻzyoshi qiladi, bir necha oylab hayotdan ozurda boʻlib yuradi. Lekin har ne demang, oʻladigan odam – Men. Uning muloyim boqadigan chiroyli koʻzlarini esladim: termilib boqqanda xuddi nigohidan menga bir narsalar sizib oʻtayotganday boʻlardi. Lekin endi bari tugadi: agar hozir meni koʻrgandami, uning nigohi oʻzida qolgan, bu nigoh sira menga yetib kelmagan boʻlardi. Men yolgʻiz edim.

Tom ham yolgʻiz edi-yu, lekin uning yolgʻizligi boshqacharoq edi. Tom choʻk tushib oʻtirdi-da, ajabsingan iljayish bilan tikilib, oʻrindiqni tomosha qila boshladi. U xuddi bir nimani buzib yuborishdan qoʻrqqanday qoʻlini ohista unga qoʻydi, keyin qoʻlini tortib olib, qaltirab ketdi. Tomning oʻrnida boʻlganimda men oʻrindiqni ermak qilib oʻtirmasdim, buning bari yana oʻsha irlandcha komediyaning naq oʻzi. Biroq men ham narsalar allaqanday gʻalati boʻlib koʻrinayotganiga e’tibor berdim: ular odatdagidan boshqacha jimirlab pirpirab koʻrinardi. Oʻrindiqqami, chiroqqami, koʻmir uyumigami qaragan zahotim bir narsa aniq tuyulardi: men endi bu olamda boʻlmayman. Rost, oʻlimimni aniq tasavvur qilolmasdim, lekin u hammayoqda va, ayniqsa, narsalarda koʻzimga tashlanardi, narsalar mendan uzoqlashib borayotganday, mendan olisroqda turishni istaganday edi – lekin ular buni xuddi odamlar kabi oʻlim toʻshagida yotgan kishi huzurida shivirlashib soʻylaganday jimgina ado etar edi. Tom oʻrindiq uzra hozirgina oʻz oʻlimini siypab koʻrganini men tushunardim. Agar mana shu daqiqalarda menga, endi seni oʻldirmaymiz, bemalol xohlagan jo¬yingga ketaver, deb e’lon qilganlarida ham, bu meni hozirgi loqaydligimdan chiqarolmasdi: sen mangulikka qolish umidini yoʻqotding, bu yogʻiga bir necha yil kutasanmi yo bir necha soatmi – buning nima farqi bor?! Endi hech narsa e’tiborimni tortmas, hech narsa mening xotirjamligimga putur yetkazolmasdi. Ammo bu juda qaltis xotirjamlik edi, buning aybdori esa jismim: koʻzlarim koʻrar, quloqlarim eshitar, lekin bu men emasdim – jismim bir zaylda qaltirar va ter bosardi, endi uni taniy olmasdim. U endi menga emas, kimgadir tegishli edi va uning nimaga aylanganini bilish uchun dam sayin paypaslardim. Hali ham vaqti-vaqti bilan har qalay uni his etardim: men qaygadir sirgʻanib ketayotganday, xuddi shoʻngʻigan tayyora kabi zuvillab uchayotgan boʻlardim, yuragim qinidan chiqib ketguday tasirlab urayotganini sezib qolardim. Bundan koʻnglim joyiga tushmasdi: jismim bilan bogʻliq hamma narsa menga allaqanday yopishqoq, shilimshiq, betayin boʻlib tuyulardi. Ammo, umuman olganda, jismim oʻzini tek, osoyishta tutardi, faqat meni gʻalati bir ogʻirlik bosgan edi, koʻksimga gʻalati bir ilon yomon chirmashib olganday, nazarimda, butun a’zoyi badanimni ulkan bir qurt oʻrab olayotganday edi. Men ishtonimni paypaslab koʻrib, uning hoʻlligini payqadim, lekin bu terdanmi, peshobdanmi, bilolmadim, har ehtimolga qarshi, koʻmir uyumi ustiga boʻshanib oldim.

Belgiyalik choʻntagidan soatini chiqarib qaradi va «Uch yarim», dedi xotirjam ovozda.

Ablah! U atay shunday qildi! Tom ilkis sakrab turdi – biz xayollar bilan chalgʻib, vaqt oʻtayotganini unutibmiz, tun qalqib turgan qorongʻiligi bilan bizni chirmab olgan va tun qachon boshlanganini sira eslolmasdim.

Bolapaqir Xuan hiqillay boshladi. U qoʻllarini qisirlatar va qichqirardi:
– Oʻlishni istamayman, oʻlishni istamayman!

U qoʻllarini oldinga choʻzgancha yertoʻla ichini kesib oʻtdi-da, boʻyra ustiga quladi va uvvos solib yigʻlab yubordi. Tom koʻz oldi xiralashgan koʻyi unga qaradi: bolakayni sira yupatgisi kelmayotgani sezilib turardi. Buning hojati ham yoʻq edi: bolakay bizdan qattiqroq shovqin-suron koʻtarayotgan boʻlsa-da, lekin uning azobi yengilroq edi. U ogʻir kasaldan isitma tutib qutulayotgan bemorga oʻxshardi. Bizning ahvolimiz ancha ogʻirroq edi.

U yigʻlar, oʻziga achinib ketayotgani koʻrinib turar, lekin oʻlimning oʻzi nimaligi haqida oʻylamasdi. Bir soniya ichi, bir oniy soniya ichi men ham hozir yigʻlab yuboradiganday, oʻz-oʻzimga juda achinib ketganday tuyuldim. Lekin aksincha boʻldi: bolakayga qarab, uning titragan oriq yelkalarini koʻrdim-da, oʻzimni shafqatsiz boʻlib ketganday sezdim – men endi na oʻzim va na boshqaga rahm qilishga qodir edim. Oʻzimga oʻzim «Sen tik turib oʻlishing kerak!» dedim.

Tom oʻrnidan turib ochiq tuynuk oldiga bordi-da, oqarib kelayotgan osmonga qaray boshladi. Men esa oʻzimga oʻzim takrorladim: tik turib oʻlish, tik turib oʻlish – boshqa hech narsa xayolimga kelmasdi. Ammo belgiyalik bizga vaqtni eslatib qoʻygandan beri men uning oqib oʻtayotganini his qilar, haqiqatan u tomchi edi va tomchiga aylanib oqib borardi. Hali kun yorishmagan edi. Tom soʻz qotdi:
– Eshityapsanmi?
– Ha.

Tashqaridan qadam tovushi kelardi.
– Tong qorongʻisida nima qilib sangʻib yurishibdi! Bizni, axir, qorongʻida olib chiqib otishmas.

Bir damdan soʻng jimlik choʻkdi. Men Tomga shivirladim:
– Kun yorishyapti.

Pedro ogʻzini katta ochib, homuza tortgancha oʻrnidan turdi, chiroqni oʻchirib sherigiga oʻgirildi:
– Itday sovqotdim.

Yertoʻlaga nimtatir yorugʻlik tushdi. Biz uzoqda miltiq ovozlarini eshitdik.
– Boshlandi, – dedim Tomga. – Menimcha, orqa tomonda otishyapti.

Tom belgiyalikdan sigaret soʻradi. Mening na ichkim va na chekkim kelardi. Shu damdan e’tiboran ular betoʻxtov otishga tushdi.
– Tushundingmi? – dedi Tom.

U yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, lekin jimib qoldi va eshik tomonga qaradi. Eshik ochilib, toʻrtta askar bilan leytenant kirdi.

Tom ogʻzidan sigaretini tushirib yubordi.
– Steynbok?

Tom besas qotib turardi. Pedro u tomonga ishora qildi.
– Xuan Mirbal?
– Boʻyrada yotgan oʻsha.
– Tur oʻrningdan! – qichqirdi leytenant.

Xuan qimir etmadi. Ikkita askar uning qoʻltigʻidan tutib oyoqqa qoʻydi. Askarlar qoʻyib yuborgan edi, Xuan yana yiqildi. Askarlar talmovsirab turishardi.
– Bunaqasi boʻlib turadi, – dedi leytenant. – Koʻtarib olib borishga toʻgʻri keladi, mayli, hammasi joyida.

U Tomga oʻgirilib qaradi:
– Chiq.

Tom chiqdi, ikki askar ikki yoniga turdi. Boshqa ikkitasi Xuanni qoʻltiq va bilaklaridan tutgancha olib chiqishdi. Xuanning hushi oʻzida edi, koʻzlari katta-katta ochilgan, yuzidan koʻzyoshlari oqib tushardi. Men ham eshik tomon yurganimda leytenant toʻxtatdi:
– Ibbieta sizmisiz?
– Ha.
– Kutib turing. Sizga kelishadi.

U chiqib ketdi. Belgiyalik va ikki soqchi unga ergashdi. Yolgʻiz oʻzim qoldim. Nima boʻlayotgani menga qorongʻi edi, oʻzimga qolsa, barini birvarakay tugatib qoʻya qolishlarini istardim. Oʻq ovozi aniq eshitilardi, miltiqlar ma’lum vaqt oralab otilardi. Har safar miltiq ovozidan titrab ketardim. Uvillagim, sochlarimni yulgim kelardi. Lekin tishlarimni mahkam bosdim, qoʻllarimni choʻntagimga tiqdim: dadil boʻlish kerak! Bir soatdan soʻng meni olib ketishga kelishdi va birinchi qavatdagi kichkina xonaga olib kirishdi, bu yer sigara tutuniga toʻlgan, shunday dim ediki, boʻgʻilib nafasim tiqildi. Ikkita zobit yumshoq oʻrindiqlarga choʻkib, sigara burqisitishar, tizzalari ustida qogʻozlar yoyilgan edi.
– Ismi sharifing Ibbietami?
– Ha.
– Ramon Gris qaerga yashiringan?
– Bilmayman.

Meni soʻroq qilayotgani semiz pakana kishi edi. Uning koʻzlari oynak ostidan menga oʻqday qadalardi.
– Yaqinroq kel, – dedi u menga.

Yaqin bordim. U oʻrnidan turib, xuddi jahannamga qulatib yuboradiganday menga oʻqrayib qaradi, qoʻlimni qayira boshladi. Meni qiynash uchungina shunday qilmadi, unga shunchaki ermak kerak edi: oʻzining hukmdorligini koʻrsatib qoʻymoqchiydi. U basharasini menga taqadi, dimogʻimga balchiq hidi urildi. Bu bir daqiqacha davom etdi, men kulgidan oʻzimni bazoʻr tiyardim. Halizamon oʻladigan odamni qoʻrqitish uchun boshqa kuchliroq bir narsa kerak, shuning uchun uning doʻq-poʻpisasi zoe ketdi. Keyin u meni qattiq itarib yubordi-da, yana joyiga oʻtirdi.
– Yo sen, yo u, – dedi u. – Agar uning qaerdaligini aytsang, hayotingni saqlab qolamiz.

Baland qoʻnjli etik kiygan va boʻyinbogʻ taqqan manavi nusxalar ham ertadir, kechdir, baribir oʻladi. Rost, balki mendan picha keyinroqdir, lekin uncha koʻp emas. Ular oldidagi qogʻozlardan qandaydir ismlarni tortib chiqarishar, qamoqqa tiqish yoki otib tashlash uchun odamlarni quv-quvga olardi, Ispaniya¬ning kelajagi va boshqa koʻp narsalar xususida ularning oʻz qarashlari bor edi. Ularning gʻayrati jigʻimga tegar, kulgili koʻrinardi, ular vosvos boʻlib qolganga oʻxshar, men ularning oʻrnida boʻlishni sira istamasdim.

Odamning kulgisini qistatadigan semiz pakana nusxa tayoqchasi bilan qoʻnjiga ura-ura koʻzini mendan uzmay qarardi. Uning barcha xatti-harakatlari aniq hisobga olingan, oʻzini juda qahrli maxluq qilib koʻrsatmoqchi boʻlardi.
– Xoʻp, nima, tushundingmi?
– Gris hozir qaerdaligini bilmayman, – deya javob berdim men. – Ehtimol Madriddadir.

Ikkinchi zobit erinibgina qoʻlini koʻtardi. Bu erinchoqlik ham avvaldan hisobga olingan edi. Men ularning oldindan pishitib qoʻyilgan barcha usullarini aniq koʻrib turar va shunday ahmoqona narsalardan ham rohat qiladigan odamlar borligidan ajablanardim.
– Biz sizga oʻylab koʻrish uchun chorak soat vaqt beramiz, – dedi u. – Buni kirxonaga olib boringlar, chorak soatdan soʻng olib kelinglar. Agar bosh tortsa, darhol otib tashlanglar.

Ablahlar, nima qilishni bilishadi: men bir kecha kutdim, keyin yertoʻlada yana bir soat oʻtirdim, Xuan bilan Tomni bu payt ichida otishdi, endi esa meni kirxonaga qamab qoʻyishmoqchi – shak-shubha yoʻqki, buni ular kecha maslahatlashib qoʻyishgan. Buning asablari bu qisti-bastilarga dosh bermaydi, taslim boʻladi, deb oʻylashgan. Lekin chakki oʻylashibdi. Men, albatta, Gris qaerga yashiringanini bilardim. U shahardan toʻrt chaqirim naridagi amakilarinikida berkingan edi. Agar meni qiynoqqa solishmasa (aftidan, ular bunday qilishmoqchi emasdi), hech qachon uning qaerga yashiringanini aytmayman, buni juda yaxshi bilardim. Bularning bari menga kunday ravshan edi, bunga hech qanday shubha boʻlishi mumkin emas, umuman, bu meni zarracha ham qiziqtirmasdi. Shunday boʻlsa ham, baribir nega oʻzimni bunday tutyapman, nega boshqacha emas, deb tushunib olishni xohlardim. Nega men Ramon Grisni chaqib berish oʻrniga oʻlib ketishni afzal bil¬yapman? Nega? Axir, endi Ramonni yaxshi koʻrmasdim. Unga boʻlgan doʻstligim kecha tong qorongʻisida tugadi, Konchega muhabbatim ham, yashash istagim ham tamom boʻldi. Rost, men uni doim hurmat qilib kelganman. U mard, matonatli odam. Lekin faqat shuning oʻzi deb uning oʻrniga oʻlishga rozi boʻlganim yoʻq: men uchun uning hayoti oʻz hayotimdan qimmatliroq edi – har qanday hayot sariq chaqaga arzimaydi. Odamni devorga taqab qoʻyishib, to joni chiqquncha tarillatib otishsa: bu kim boʻlmasin, menmi, Ramonmi, yoki boshqa bir kishimi – bir qarashda hammasi barobar. Men yaxshi bilardim: u Ispaniyaga koʻproq kerak edi, lekin endi men Ispaniyaga ham, anarxizmga ham tupurardim: endi hech narsaning ma’nosi qolmagan edi. Biroq shu yerda ekanman, Ramon Grisni ushlab berib, oʻz jonimni qutqarishim mumkin, ammo men bunday qilmayman. Eshakday qaysarligim oʻzimga gʻalati boʻlib koʻrinardi. «E, odam degan shunchalik ahmoq boʻladimi!» – derdim oʻzimga oʻzim. Hatto koʻnglim ozgina yorishganday boʻldi. Yana kelishib meni oʻsha xonaga olib ketishdi. Oyogʻim ostidan kalamush lipillab oʻtdi. Bundan ajablandim. Men falanga askarlaridan biriga shipshidim:
– Qara, kalamush.

Soqchi indamadi. Uning qovogʻi solingan, hamma narsani jiddiy qabul qilardi. Mening xaxolab kulgim qistadi, ammo oʻzimni tutdim, agar bir kulishni boshlasam, keyin oʻzimni toʻxtatolmayman, deb choʻchidim. Falanga askari moʻylov qoʻygan edi.
– Moʻylovingni qirib tashla, betamiz, – dedim unga.

Odam hali hayotligi chogʻida basharasining jun bosishiga yoʻl qoʻyishi juda kulgili tuyulardi. U beozorgina qilib orqamga tepdi, men jim boʻldim.
– Xoʻsh, – dedi semiz pakana, – oʻylab koʻrdingmi?

Men xuddi noyob hasharotga qaraganday unga qiziqsinib koʻz soldim-da, javob berdim:
– Ha, bilaman uning qaerdaligini. U qabristonga yashiringan, maqbara yoki qorovulxonada boʻlishi kerak.

Men ularni bir boplagim keldi. Sakrab turib, apil-tapil qurol-yarogʻlarini olishi, chaqqon-chaqqon buyruqlar berishini bir tomosha qilay dedim. Ular haqiqatan ham joylaridan sakrab turib ketishdi.
– Ketdik. Moles, leytenant Lopesdan oʻn beshta odam oling.
– Agar toʻgʻri aytgan boʻlsang, – dedi pakana, – soʻzimning ustidan chiqaman. Agar bizni laqillatayotgan boʻlsang, joningdan umidingni uzaver.

Ular tasir-tusir qilib xonadan chiqib ketishdi, men esa soqchilar nazoratida xotirjamgina oʻtirardim. Vaqt-bevaqt irshayib qoʻyardim: ularning qabriston tomonga loʻkillab borayotganini koʻz oʻngimga keltirar va bundan kulgim qistardi. Bu ishni juda qoyil qilganday edim. Ularning maqbaralar eshigini ochayotgani, mozor toshlarini koʻtarayotgani shundoqqina koʻz oʻngimda jonlanardi. Bularning barini begona koʻz bilan koʻrayotganday edim: qaysar mahbus, oʻzini qahramon qilib koʻrsatmoqchi boʻlgan qaysar mahbus, basavlat moʻylovdor falanga harbiylari, goʻristonda qabrlar oralab izgʻib yurgan askar kiyimidagi kishilar, – haqiqatan ham, bundan qiziqroq manzarani oʻylab topish mumkinmi?! Yarim soatdan soʻng semiz zobit qaytib keldi. Hozir meni otib tashlashga buyuradi, deb oʻyladim. Boshqalari, chamasi, goʻristonda qolishgan, shekilli. Ammo zobit menga diqqat bilan razm soldi. U sira laqillatilgan zotga oʻxshamasdi.
– Uni katta hovliga, boshqalarning oldiga olib boringlar, – dedi u. – Ishini jang tugagandan soʻng tribunal hal qiladi.

Uni yaxshi tushunmadimmi, degan xayolda soʻradim:
– Nima, axir meni otishmaydimi?
– Har holda hozir emas. Undan keyin buning menga aloqasi yoʻq.

Men hamon hech narsani tushunmasdim.
– Lekin nimaga?

U indamay yelkasini qisdi, askarlar meni olib ketishdi. Katta hovlida yuzlarcha qamoqqa olinganlar, chollar, bolalar toʻdalashib turardi. Hech narsaga aqlim yetmay oʻrtadagi koʻkatzor atrofida kezinib yurdim. Tushda bizni oshxonaga olib borishdi. Ikki-uch odam men bilan tillashishga urindi. Aftidan, tanish-bilishlar boʻlsa kerak, lekin ularga javob bermadim: men endi qaerdaligimiz, oʻzim kimligimni anglamasdim. Kechga yaqin hovliga oʻndan ortiq yangi qamoqqa olinganlarni kiritishdi. Ular orasida nonvoy Garsiyani tanidim. U menga qarab qichqirdi:
– Omading bor ekan! Seni tirik koʻraman deb oʻylamovdim.
– Ular meni otishga hukm qilishdi, – deb javob berdim unga, – keyin qaytarishdi. Negaligini tushunmayman.
– Meni soat ikkida qoʻlga olishdi, – dedi Garsiya.
– Nimaga?

Garsiya siyosat bilan shugʻullanmasdi.
– Hech aqlim yetmaydi, – javob berdi Garsiya, – ularga oʻxshab oʻylamaydiganlarning hammasini tutishyapti.

U ovozini pasaytirdi:
– Gris qoʻlga tushdi.

Men seskanib ketdim:
– Qachon?
– Bugun ertalab. Tentaklik qilib qoʻydi. Chorshanba kuni ukasi bilan urishib, unikidan ketib qoldi. Uni yashiraman deganlar koʻpchilik edi, biroq u hech kimni zarba ostiga qoʻygisi kelmadi. U menga «Ibbietanikida berkinsam boʻlardi, lekin uni qamashgan boʻlishsa, unda qabristonda yashirina qolaman», dedi.
– Qabristonda deysanmi?
– Ha. Bema’ni bir ish. Bugun ertalab anavilar qabristonga bostirib borishdi. Uni qorovulning kulbasida bosishdi. Gris oʻq otib qarshilik koʻrsatdi, uni otib tashlashdi.
– Qabristonda-ya!

Koʻz oʻngim xiralashib boshim chayqalib ketdi, yerga quladim. Men oʻzimni toʻxtatolmay xaxolab kular, koʻzlarimdan yosh daryo boʻlib oqardi.

1939