OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jan Pol Sartr. Mahbus (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJan Pol Sartr
Asar nomiMahbus (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fransuz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jan Pol Sartr
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad Otaboy
Hajm39KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Mahbus (hikoya)
Jan Pol Sartr

Jan-Pol Sartr (1905-1980) umr boʻyi insonni, uning hayoti mohiyatini, erki va qismatini oʻyladi, tahlil qildi, izlanishlaridan falsafiy teran, ba’zan ziddiyatli xulosalar chiqardi. Inson erkiga tajovuz qiladigan kuchlarga cheksiz nafrat, nohaqlik tufayli yuz beradigan fojealarni fosh etish, pirovard natijada inson erki va daxlsizligini yuksak gumanistik nuqtai nazardan himoya qilish – Sartr boqiy olamining yetakchi gʻoyalaridir.

e’tiboringizga havola etilayotgan hikoyasida yozuvchi oʻlim jazosiga hukm etilganlarning qatlgacha kechirishgan kechinmalari, sud, oʻlim, taqdir va erkinlik borasidagi tushunchalarning mahkumlar ongida kasb etgan mohiyati haqqoniy tasvirlangan. Kutilmagan yakun esa muallifning nafaqat badiiy mahoratini, balki eng ogʻir jazo — Insonni Borliq bilan bogʻlab turuvchi jamiki rishtalarini uzib yuborishini, orada oʻtib boʻlmas gʻov paydo qilishini kuchli mantiq bilan dalillay olganini koʻrsatadi.

Mahbus

Bizni saroyday keng yop-yorugʻ xonaga itarib kiritib yuborishdi. Yorugʻdan koʻzlar qamashib ketdi, men koʻzlarimni yumdim. Bir lahzadan soʻng nazarim stolga, stol ortida allaqanday qogʻozlarni varaqlab oʻtirgan fuqaro kiyimidagi toʻrt kimsaga tushdi. Boshqa mahbuslar bir chetda toʻda boʻlib turishardi. Biz xonani oralab oʻtib, ularga qoʻshildik. Koʻpchiligini men tanirdim, qolganlari, aftidan muhojirlar edi. Oldda boshlari dumaloq, bir-biriga oʻxshab ketadigan ikki nafar malla soch turishardi: frantsuzlar boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Boʻyi pakanarogʻi dam-badam shimini yulqib qoʻyadi – asabiylashayotir.

Shu alfozda uch soatcha turdik, sillam qurib merovlanib qoldim, boshim gʻuvillay boshladi. Biroq xona issiq edi, bir necha kun sovuqda qolganimizdanmi, harqalay, bu yerda jon saqlasa boʻlardi. Soqchilar mahbuslarni bitta-bitta stolning oldiga olib kelishdi. Oʻtirgan oʻsha toʻrt kimsa ulardan birma-bir ism-sharifi va kasbini soʻraydi. Boshqa narsa ularni deyarli qiziqtirmaydi chamasi, ammo gohi-gohida: «Oʻq-dori oʻgʻirlaganlarga qoʻshilganmiding?» yoki «Uchinchi kuni ertalab qaerda eding, nima qilding?» deya savol berib qoʻyadi. Javobini eshitib ham oʻtirmaydi yo oʻzlarini eshitmaganga oladi, atrofga beparvo qarab qoʻyadi-da, keyin yozishga tushib ketadi. Tomdan baynalminal brigadaga xizmat qilganing rostmi, deb soʻrashadi. Boʻyin tovlashning foydasi yoʻq - ular allaqachon Tomning kamzul choʻntagidan hujjatlarini olib qoʻyishgan. Xuandan hech nima soʻrashmadiyam, biroq u ismini aytgan hamono tez-tez bir nimalarni yozishdi.
—Oʻzlaringga ma’lum, — dedi Xuan, — mening akam Xoze anarxiyachi. U hozir bu yerda yoʻq. Men siyosat bilan shugʻullanmayman. Hech qanday partiyaga a’zo emasman.

Ular churq etmay yozishardi. Xuan jim turolmadi.
— Mening gunohim yoʻq. Boshqalar uchun javobgar boʻlishni xohlamayman.

Uning lablari titrardi. Soqchi uningni oʻchir, deb buyurdi va uni chetga olib chiqdi. Menga gal keldi.
— Sizning ismingiz Pablo Ibbietami?
— Ha, — dedim men.

Kimsa qogʻozga qarab olib soʻradi:
— Ramon Gris qaerga yashiringan?
— Bilmayman.
— Uni oltinchidan oʻn toʻqqizinchigacha siz uyingizda yashirib oʻtirgansiz.
— Bekor gap.

Ular bir nimalarni yozishdi, keyin soqchilar meni xonadan olib chiqishdi. Dahlizda Tom bilan Xuan ikki qoʻriqchining orasida turishardi. Qoʻriqchilar bizni oldilariga solib haydab ketishdi. Yoʻl-yoʻlakay Tom ularning biridan soʻradi:
— Xoʻsh, buyogʻi nima boʻladi endi?
— Qaysi ma’noda? – soʻradi soqchi.
— Bu nimaydi — soʻroqmi yoki sud?
— Sud.
— Tushunarli. Xoʻsh, endi nima boʻlarkan?

Qoʻriqchi roʻyxush bermay javob qildi:
— Hukmni sizlarga kamerada e’lon qilishadi.

Ularning kamera degani aslida kasalxonaning yertoʻlasi edi. Yertoʻla goʻrdan battar sovuq, toʻrt tarafidan izillab izgʻirin yelib turadi. Tuni bilan tishlarimiz shaqillab chiqadi, kunduz kuni ham ahvol zigʻircha oʻzgargani yoʻq. Bundan oldingi besh kunni men cherkov binosining kartserida oʻtkazdim. — Bir kishilik turmaxonaga oʻxshaydigan bu joy oʻrta asrdan qolgan toshqopning oʻzginasi. Hibsga olinganlar haddan tashqari koʻpligidan ularni toʻgʻri kelgan kavakka tiqishardi.

Men oʻshanda tosh qaznoqda yotganimdan afsuslanmayman: u yerda, harqalay, sovuq suyakni qaqshatadigan darajada emasdi, faqat bir oʻzim yotardim, yolgʻizlik esa sillani quritadi. Yertoʻlada esa mening kam deganda, sheriklarim bor. Toʻgʻri, Xuan deyarli ogʻzini ochmaydi: boyaqish, qattiq qoʻrqadi, ustiga ustak hali juda yosh, nimaniyam gapirardi. Tomning, aksincha, jagʻi tinmaydi, ispanchaga toʻn kiydirib gapiradi.

Yertoʻlada kursi va yana toʻrtta oʻrindiq bor edi. Ustimizdan qulflashgach, kelib oʻtirdik va bir necha daqiqa sukut saqladik. Shundan soʻng Tom gap boshladi:
— Tamom, shoʻrimiz quridi.
— Shundayga oʻxshaydi, — ma’qulladim men. — Biroq manov goʻdakka teginishmas, harqalay.
— Akasi jangari boʻlsa bordir, biroq u aybdor emas-ku.

Men Xuanga qaradim: nazarimda u bizning gapimizni eshitmayotgan edi.

Tom gapini davom ettirdi:
— Ularning Saragosadagi vahshiyliklaridan xabaring bormi?

Odamlarni tosh yoʻlga qator qilib yotqizisharkanda, ustidan yuk mashinasini haydab dazmollasharkan. Marokashlik bir qochoq gapirib berdi. Bu bilan oʻq-dorini iqtisod qilisharkan, deydi.
— Yoqilgʻini-chi, benzinni kim iqtisod qilarkan?

Tom asabimni qoʻzgʻadi: axir, bu gaplarni valdirashdan nima foyda.
— Zobitlar boʻlsa bu payt qoʻllarini choʻntakka tiqib, ogʻizlarida sigareta bilan yoʻl chetida bahuzur, borib-kelib yurarmish. Qaniydi, shoʻring qurgʻurlar bir zumda jon berib, qutula qolsa. Qayoqda! Coatlab voy-dodlab yotisharmish. Marokashlik aytadi, dastlab ogʻriqning zoʻridan tovushlari chiqmay qolarkan hatto.
— Yoʻq, bu yerda unday qilishmaydi, ishonchim komil, — dedim men, — boshqasini bilmadimu biroq oʻq-dori yetarli.

Yertoʻlaga toʻrtta tirqishdan va shiftning chap tarafidagi shundoq osmon koʻrinib turadigan dumaloq tuynukdan yorugʻ tushib turadi. Oldin bu tuynukdan yertoʻlaga koʻmir tashlangan. Darvoqe, tuynukning tagida, yerda mayda koʻmir uyumi bor. Aftidan, kasalxonani isitish uchun olib kelingan. Urush boshlanib qolib, bemorlarni koʻchirishgan, koʻmir esa joyida qolgan. Tuynukni bekitishni, ehtimol, yoddan chiqarib qoʻyishgan, gohi-gohida tepadan yomgʻir tomchilab turgan. Tuyqusdan Tomning jazavasi qoʻzidi:
— Ming la’nat! – toʻngʻilladi u. — a’zoyi badanim qaqshayapti. Shu yetmay turgandi oʻzi!

U oʻrnidan turib sakray boshladi. Sakraganida koʻylagining yoqasi ochilib, oppoq serjun koʻkragi koʻrinib ketardi. Keyin enkayib, qoʻllariga tayandi va oyoqlarini tepaga koʻtarib, qaychi qila boshladi: men uning boʻliq dumbalari dirkillaganini koʻrdim. Sirasini aytganda, Tom miqtidan kelgan, etli edi. Beixtiyor bu sergoʻsht momiq badanga oʻq va miltiq nayzalari, xuddi yogʻni kesayotgan pichoqday, osongina teshib-yorib kirishini koʻz oldimga keltirdim. Agar Tosh ozgʻin boʻlganida, ehtimol, na qoʻl va na oyogʻim borligini sezardim. Ora-sira bir nimamni oʻgʻirlatib qoʻyganday atrofga olazarak qarayman, kamzulimni izlab timirskilanaman va shunda uni qaytarib berishmagani tagʻin yodimga tushadi. Ularning bu qiligʻidan xafa boʻldim. Bizning kiyim-kechagimizni shilib olishdi va bemorlar avji saratonda kiyib yuradigan qalin ishtonlar berishdi. Tom oʻrnidan turib, roʻparamizga kelib oʻtirib oldi.
— Qalay, badaning qizidimi?
— Yoʻgʻ-a, jin ursin. Nafasim tiqilib qoldi.

Soat sakkizlar atrofida kameraga komendant bilan ikki nafar askar kirib keldi. Komendantning qoʻlida roʻyxat bor edi. U qoʻriqchilardan soʻradi:
— Bularning ism-shariflari nimaydi?

Qoʻriqchi javob qildi:
— Steynbok, Ibbieta, Mirbal.

Komendant koʻzoynagini qoʻndirib, roʻyxatga qaradi.
— Steynbok... Steynbok... A-ha, mana. Siz otishga hukm etilgansiz. Hukm ertaga ertalab ijro etiladi.

U yana bir bor roʻyxatga qaradi:
— Anovi ikkalasi ham.
— Mumkinmas, — mingʻirladi Xuan. —Bu xato.

Komendant unga ajablanib qaradi:
— Ism-sharifing?
— Xuan Mirbal.
— Hammasi toʻgʻri, otuv!
— Axir, men hech nima qilganim yoʻq-ku, — tirgʻaldi Xuan.

Komendant yelkasini qisib qoʻydi va biz tomonga burildi:
— Sizlar baskmisizlar?
— Yoʻq.

Komendantning kayfi qochdi.
— Menga bu yerda uchta bask oʻtiribdi, deyishgandi-ku. Nima, mening ularni qidirishdan boʻlak ishim yoʻqmi. Sizlarga, albatta, ruhoniyning keragi yoʻqdir?

Biz indamadik.
— Hozir oldingizga tabib keladi, u belgiyalik. Ertalabgacha birga boʻladi sizlar bilan, — dedi komendant va harbiychasiga xayr-xoʻshlashib chiqib ketdi.
— Xoʻsh, men nima degandim, — dedi Tom. — Olijanoblik qilishibdi.
— Haqiqatdan, — dedim men. — biroq bolani... nega?... Ablahlar!

Bu gapni men adolat tuygʻusidan kelib chiqib aytgandim, aslida esa koʻnglimda bu yigitchaga nisbatan zigʻircha mehr yoʻq edi. Uning yuzi sip-silliq edi, oʻlim vahmidan basharasi tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketdi. Uch kun burun u boshqacha, moʻrtgina bir oʻsmir edi – bunday bolalar yoqimtoy boʻlishadi, biroq endi u toʻkilib-tugab borayotgan eski xarobaga oʻxshab qolgan, nazarimda tirik qoʻyib yuborishgan taqdirda ham umrining oxirigacha shunday xarob ahvolda qolardi. Umuman, bolakayni ayashgani ma’qul edi, biroq shafqat tuygʻusi battar nafratimni qoʻzgʻadi, boz ustiga, yigitchani jinim suymasdi.

Xuan boshqa ogʻiz ochmadi, rang-roʻyi boʻzday oqarib ketdi: qoʻllari, yuzi koʻkardi. Baqraygan shokosaday koʻzlarini yerga qadab oldi. Tom koʻngilchan edi, bolaning qoʻlidan olib, rahmdillik qilmoqchi boʻldi, biroq u jon-jahdi bilan siltandi, yuzi burishib ketdi.
— Tinch qoʻy uni, — dedim Tomga. — Koʻrmayapsanmi, hozir u portlaydi.

Tom gapimga istamayroq quloq soldi: uning bolakayni erkalagisi kelayotgandi — bu bilan oʻz qismatini unutishga urinardi. Ikkalasi ham mening gʻazabimni alangalatdi. Oldinlari men oʻlim haqida hech oʻylamaganman — bunga sabab boʻlmagan, biroq endi oʻzimni ajal kutib turganini oʻylashdan boshqa ish qolmagan edi.
— Menga qara, — soʻradi Tom, – sen ulardan birortasini gumdon qilganmisan hech?

Men gapirmadim. Tom avgustning boshidan beri oltitasini qanday otib oʻldirganini ta’riflay ketdi. U boshimizga tushib turgan koʻrgulikni xayoliga keltirmas va buni istamayotganini ham men juda aniq sezib turardim. Qolaversa, qanday fojea roʻy berganini oʻzim ham hali chuqur anglab yetmagandim, biroq jon taslim qilayotib azob chekishimni oʻylardim, choʻgʻday oʻqlar yomgʻiri badanimni teshib ketayotganini his qilardim. Ammo buning yuz berajak fojeaga hech qanday bogʻliq joyi yoʻq edi. Hayajonlanmasam ham boʻlardi: fojeaning mohiyatiga yetish uchun vaqt serob – oldinda butun bir oqshom turibdi. Tom kutilmaganda jimib qoldi. Men koʻz qirim bilan qaradim va uning ham rang-roʻyi boʻzarganini koʻrdim. U aftodahol qiyofada edi va miyamda: «Ana, boshlanyapti!» degan fikr yarq etdi.

Shom quyilib kelardi, tirqishlardagi, tuynukdagi nur xira tortib qoldi. Tuynukdan yulduzlarga koʻzim tushdi: tun sovuq, osmon ochiq edi.

Eshik ochilib, yertoʻlaga ikki qoʻriqchi kirdi. Ularning ortidan oq sariqdan kelgan belgiyacha harbiy kiyimda bir kishi kirdi. U bizlar bilan salomlashib, shunday dedi:
—Men tabibman. Hozirgi qaygʻuli vaziyatda sizlar bilan birga boʻlaman.

Uning ovozi yoqimli, ziyolilarga xos edi. Men undan soʻradim:
—Nima maqsadda?
—Men sizning xizmatingizdaman. Qoʻlimdan keladigan hamma narsani qilishga tayyorman, shoyad, soʻnggi soatlaringizni biroz boʻlsa-da yengillatishga koʻmaklashsam.
—Nega atay bizning oldimizga keldingiz? Gospitalda bemorlar koʻp-ku.
— Meni shu yerga joʻnatishdi, — dedi u mujmal javob qilib va shu nafasdayoq shoshib qoʻshib qoʻydi: — Chekasizlarmi? Menda sigareta bor, hatto sigara ham.

U bizlarga ingliz sigaretalarini va gavanna sigaralarini choʻzdi, biz rad etdik. Men unga sinchiklab qaradim, u besaranjon boʻla boshladi. Shunda unga aytdim:
—Siz bu yerga rahm-shavqat koʻrsatay deb kelganingiz yoʻq, toʻgʻrimi. Sizni tanidim. Meni qoʻlga olishgan kuni kazarma hovlisida koʻrgandim sizni. Falangchilar bilan birga edingiz.

Men unga yuragimni butkul toʻkib-solmoqchi edim, biroq hayronman, nimadir bunga monelik qildi: tuyqusdan belgiyalik meni qiziqtirmay qoʻygandi. Avvallari men birovga yopishsam, tutgan joyimni osonlikcha qoʻyib yubormasdim. Ayni chogʻda oʻz-oʻzidan gapirishga ishtiyoq yoʻqoldi. Men yelkamni qisib, koʻzlarimni olib qochdim. Bir necha daqiqadan soʻng boshimni koʻtardim va belgiyalik meni qiziquvchanlik bilan kuzatayotganini payqadim. Qoʻriqchilar oʻtirib olishdi. Besoʻnaqay Pedro zerikkanidan nima qilarini bilmaydi, ora-sira uxlab qolmaslik uchun, boshini silkib qoʻyadi.
—Chiroq keltiraymi? – kutilmaganda soʻradi Pedro.

Belgiyalik bosh irgʻab rozilik bildirdi va men bu dono ham tovuqmiyalardan boʻlsa kerak, deb oʻyladim, biroq baribir u johilga oʻxshamasdi. Sovuq koʻk koʻzlariga qarab turib, harqalay, u aqli noqislarni davolasa ajabmas, degan fikrga bordim. Pedro bir zumda kerosin chiroq koʻtarib keldi va uni oʻrindiqning chetiga qoʻydi. Chiroq xira yoritardi, ammo bu zim-ziyo qorongʻudan koʻra tuzukroq edi. Chunki biz haligacha zulmatda oʻtirgandik. Men shipdagi chiroqdan tushgan yorugʻ doiraga uzoq tikildim. Afsunlanganday termulib qoldim. Tuyqusdan hammasi koʻzdan yoʻqoldi, yorugʻ doira soʻndi. Men hushimga kelib, goʻyo yelkamdan ogʻir yuk bosayotganday titrab ketdim. Yoʻq, bu qoʻrquv emas, oʻlim haqidagi mash'um xayol ham emas. Bu tuygʻuning nomi yoʻq edi. Yonoqlarim lovullab yonar, boshim ogʻriqdan zirqirardi.

Men sovuqdan junjikdim, sheriklarimga qaradim. Tom kaftlari bilan yuzini bekitib oʻtirardi, men uning oppoq semiz oʻmganini koʻrdim. Kichkina Xuanning ahvoli battar yomonlashgan edi: uning ogʻzi yarmi ochiq, burun kataklari pirpirardi. Belgiyalik uning yoniga bordi va yelkasiga qoʻlini qoʻydi: aftidan, u bolakayga dalda bermoqchi edi, biroq uning koʻzlari hamon sovuq boqardi. Xuan qilt etmadi. Belgiyalik uning bilagini uchta barmogʻi orasiga olib siqib ushladi, umidsizligi yuzidan bilinib tursa-da, u biroz ortga, menga orqasini oʻgirmoqchi boʻlib tislandi. Men boʻyimni choʻzib qarab, uning choʻntagidan soatni olganini va qoʻlini qoʻyib yubormay, soatga tikilib turganini koʻrdim. Keyin u orqaroqqa chetlandi, Xuanning qoʻli shalvirab tushdi. Belgiyalik devorga suyandi, biroz turib nimadir yodiga tushganday shoshilib yon daftarchasini chiqardi-da yoza boshladi. «Qanjiq! – dedim ichimda qonim qaynab. — Mening tomirlarimniyam bir ushlab koʻrsin-chi, basharasini buzib tashlayman!» U menga yaqinlashmadi, biroq boshimni koʻtarganimda koʻzlarim koʻziga tushdi. Men tik qarab turaverdim. Qandaydir siniq ovoz bilan u menga dedi:
—Sezmayapsizmi, bu yer sovuq?

Haqiqatan ham u sovqotayotgandi: yuzi koʻkarib ketgan.
—Yoʻq, men sovqotayotganim yoʻq, — dedim.

Biroq u mendan sovuq nigohini uzmadi. Shu lahzada men gap nimadaligini payqadim. Qoʻlim bilan yuzimni siladim: yuzimni chippa ter bosgan edi. Yaxlab yotgan bu yertoʻlada, qishning qahraton pallasida, tagʻin toʻrt tomondan izgʻirin izillab turgan bir paytda vujudimdan ter quyilib oqardi. Sochlarimni ushlab koʻrdim: jiqqa hoʻl. Egnimdagi koʻylagimni siqsa boʻlardi, u badanimga yopishib ketgandi. Qariyb bir soatdan beri meni ter bosayotgan ekan, men esa buni sezmabman. Hayvon — belgiyalik buni koʻrib turgan. U yuzimdan reza-reza ter tomchilayotganini kuzatgan va: mana, qoʻrquvning alomati, oʻlim dahshatining oqibati, deb oʻylagan boʻlishi mumkin. U oʻzini barkamol insonday his etgan va ozod odam qatori shunchaki sovqotayotganidan gʻururlangan. Oʻrnimdan turib uning tumshugʻiga musht tushirgim keldi. Biroq oʻrnimdan turgan damda vujudimni chulgʻagan nomus va gʻazab tuygʻusi qayoqqadir yoʻqoldi, men butkul hafsalasizlik bilan oʻrindiqqa choʻkdim. Choʻntagimdan dastroʻmolni olib boʻynimni artib, shu bilan qanoatlangan boʻldim. Endi sochlarimdan ter oqayotganini sezdim, bu yoqimsiz hol edi. Shundan soʻng artinmay qoʻya qoldim: dastroʻmolcha jiqqa hoʻl boʻlib qolgan, ter esa quyilib kelardi. Orqalarimga oqqan terdan shimim oʻrindiqqa yopishib qoldi.

Shunda tuyqusdan kichkina Xuan gapirib qoldi:
— Siz tabibmisiz?
— Ha, — dedi belgiyalik.
— Ayting-chi... bu... Oʻshanda qattiq ogʻriydimi... uzoq davom etadimi?
— Qaysi bu... Oʻshanda... Yoʻq, juda tez oʻtib ketadi, — dedi belgiyalik mehribon ohangda. Koʻrinishidan u pul toʻlagan bemorni tinchlantirayotgan doktorga oʻxshardi.
— Men eshitgan edimki... menga aytishgandi... ba’zan... birinchi

marta otishganda... chiqmaydi deb.

Belgiyalik bosh chayqadi:
— Agarda birinchi marta otganda oʻqlar darhol oʻldiradigan a’zolarga tegmasa shunday boʻladi.
— Unda miltiqlarni yana oʻqlashib, qayta moʻljalga olishadimi? — U ovozini biroz pasaytirib, xirillagan tovushda qoʻshib qoʻydi: — Buning uchun vaqt kerak-da, a?

Xuanni jismoniy ogʻriqning azobi qoʻrquvga solardi: uning yoshida bu tabiiy, albatta. Men esa bu haqda oʻylamasdim, badanimdan quyilayotgan ter ham ogʻriq azobidan qoʻrqqanimdan emas. Men oʻrnimdan turib koʻmir uyumi tomon yurdim. Tom seskandi va menga qahrlanib qaradi: oyogʻimdagi boshmoqlarimning gʻichirlashi uning gʻashini keltirdi. Nahotki mening yuzim ham shunday oqarib ketgan boʻlsa, deb oʻyladim.

Osmon chiroyli edi, men oʻtirgan burchakka yorugʻ tushmasdi. Biroq endi hammasi boshqacha: burun cherkovning kartserida oʻtirganimda xohlagan paytda osmonning bir parchasini koʻra olardim va bu har safar xayolimda turli xotiralarni uygʻotardi. Tong mahali, osmon yorqin zangori va tubsiz boʻlib koʻringan chogʻlar Atlantika qirgʻoqlaridagi choʻmiladigan joylarni tasavvur qilardim. Choshgohda, quyosh tik tepaga kelganda Sevil qahvaxonasi xotiramda jonlanar, u yerda men mansanil hoʻplab, anchous va zaytun mevalaridan tamaddi qilgan edim. Tushdan soʻng, ustimga koʻlanka tushgandi, ulkan stadionning teng yarmini qoplagan quyuq soya koʻz oldimga kelar, odatda maydonning qolgan yarmini quyosh nuri choʻlgʻab yotardi; shu zayl — kaftdek osmon parchasiga termulib, yernigina koʻrishga mahkumligim menga alam qilardi. Biroq hozir men osmonga loqayd qarardim: osmon parchasi xotiramni mutlaqo bezovta qilmasdi. Bu holat oʻzimga ma’qul tuyulardi. Joyimga qaytib, Tomning yoniga kelib oʻtirdim. Jim oʻtirdik.

Birozdan soʻng u siniq ovozda gapira boshladi. U gapirmay turolmasdi: tovushini chiqarib gapirgandagina oʻzining tirikligiga ishonch hosil qilardi. Aftidan, teskari qarab oʻtirgan boʻlsa-da, menga gapirdi chogʻi. U mening basharamga qarashga choʻchirdi, yuzimni ter bosgan, rangu qutim oʻchgan, tuproqday: endi biz bir-birimizga juda oʻxshardik, birimiz boshqamizni oynadagiday aniq aks ettirardik. U belgiyalikka — tirik odamga qaradi.
—Buni tushunishga sening qurbing yetadimi? – soʻradi u. — Meniki yetmaydi.

Men ham siniq ovozda gapira boshladim va unga oʻxshab belgiyalikka qaradim.
—Nimani aytayapsan?
—Hademay boshimizga tushadigan koʻrgulikni. Hecham aqlimga sigʻdirolmayapman — nima boʻlarkan.

Men Tomdan gʻalati hid anqiyotganini sezdim. Aftidan, hidlarni odatdagidan koʻra oʻtkirroq seza boshlagandim. Unga zaharxanda qildim:
—Kuyunma, hademay tushunib olasan.

Biroq u oʻsha zaylda davom etdi:
—Yoʻq, bu aqlga sigʻmaydi. Men oxirigacha turib berishni xohlayman, biroq men... juda boʻlmaganda bilishim kerak... Demak, shunday... birozdan keyin bizni hovliga olib chiqishadi. Bu ifloslar roʻparamizda saf tortishadi. Sening-cha, ular nechta boʻlishi mumkin?
—Bilmayman, beshta boʻlar, balki sakkizta. Bundan koʻpmas.
—Mayli, sakkizta boʻla qolsin. Ularga: «Nishonga oling!» deb qichqirishadi. Men oʻzimga oʻqtalgan sakkizta miltiqni koʻrib turibman. Devorga suyanmoqchi boʻlaman, kiftimni devorga tirayman, jon-jahdim bilan qapishib olishga urinaman, xuddi tushda — bosinqiraganday devor meni itaradi. Bularning barini men koʻz oldimga keltirayapman. Bilsayding, qanchalar aniq tasavvur qilayotganimni!
—Bilaman, — dedim.—Men ham senchalik tasavvur qila olaman.
—Harqalay, juda qattiq ogʻrisa kerak. Axir, ular basharamizning abjagʻini chiqarib tashlash uchun toʻgʻri koʻzimizga, ogʻzimizga otishadi,—uning ovozi alamli tus oldi.—Men tanamdagi yaralarni his etayapman, bir soatdan beri boshim, boʻynim zirqirab ogʻriyapti. Bu odatdagi ogʻriq emas, undan battar: bu erta tongda men his etadigan ogʻriq. Xoʻsh, undan keyin nima boʻladi?

Tomning nima demoqchi boʻlayotganini juda yaxshi anglab turardim, biroq uning buni payqab qolishini istamasdim. a’zoyi badanimda u aytayotgan ogʻriqni his etdim, ogʻriq mayda yara-chaqalarday, chandiqday butun tanamga yoyilgan edi. Men bunga koʻnikolmadim, biroq Tomga oʻxshab jiddiy ahamiyat ham berib oʻtirmadim.
—Undan keyinmi? — qahrim qoʻzib soʻradim. —Undan keyin seni qurt-qumursqalar yeydi.

Bu gaplarimdan soʻng u oʻziga-oʻzi gapira boshladi, biroq belgiyalikdan koʻzini uzmadi. Belgiyalikning goʻyo qulogʻi tom bitgan, hech nimani eshitmayotganga oʻxshardi. Uning bu yerdaligi sababini men tushunardim: bizning oʻy-xayollarimiz belgiyalikni qiziqtirmasdi, u bizning hali hayot barq urib turgan, biroq oʻlim talvasasiga tushgan tanamizni nazorat qilish uchun kelgandi.
—Xuddi tushingda bosinqiraganday, — davom etdi Tom. —Bir nimani oʻylamoqchi boʻlasan, xayoling ham joyida, fikrlay boshlaysan, yana bir daqiqadan soʻng tubiga yetadigandaysan, biroq keyin hammasi qayoqqadir gʻoyib boʻladi, yoʻqoladi. Oʻzimga oʻzim: «Keyin-chi? Keyin hech nima qolmaydi», deyman. Biroq buning nimaligini men tushunmayman. Goho shunday tuyuladiki, men qariyb hammasiga tushunib yetdim... biroq shu lahzada bari barbod boʻladi, ogʻriq, oʻqlar... miltiqlarning qatorasiga otayotgani koʻz oldimga keladi. Men materialistman, qasam ichishim mumkin, menga ishon, aqlim joyida, biroq hushimni sira yigʻib ololmayapman. Koʻzimga oʻzimning jonsiz jasadim koʻrinayapti, bu uncha qiyin emas, ammo koʻrib turgan Menman, murdaga qarab turgan koʻzlar ham Mening koʻzlarim. Endi oʻzimni hech nimani koʻrmayotganimga, eshitmayotganimga ishontirmoqchi boʻlayapman, hayot esa davom etaveradi. Biroq bizlar bemalol fikrlash uchun yaratilmaganmiz. Bilasanmi, bir necha oqshom kiprik qoqmay tonglarni ottirganman, nimanidir kutganman. Biroq erta tongda bizni kutayotgan koʻrgulik, Pablo, butkul boshqa narsa. U orqadan kelayotir, unga qarshi turishning hech bir iloji yoʻq.
—Oʻchir, — dedim men unga.—Balki oldingga ruhoniyni chaqirish kerakdir?

U jim boʻldi... Oradan biroz oʻtgach, Tom mening qoʻlimdan ushlab, chet termulib turgan koʻyi dedi:
—Pablo, men oʻzimdan oʻzim soʻrayman... har daqiqada oʻzimdan soʻrayman: nahotki biz izsiz yoʻq boʻlib ketsak?

Men qoʻlimni tortib oldim va uning yuziga qarab:
—Oyogʻingning ostiga qarasang-chi, choʻchqa, — dedim.

Uning oyoqlari tagida koʻlmak paydo boʻlgan, ishtonidan tomchilar tomchilab turardi.
—Bu nima? – deya mingʻirladi u hushini yoʻqotib.
—Ishtoningni hoʻllab qoʻyibsan, — dedim men.
—Yolgʻon! — qichqirdi u. —Yolgʻon! Men hech nimani sezmayapman.

Yuzida munofiqona hamdardlik bilan belgiyalik bizga yaqinlashdi.
—Oʻzingizni yomon his etayapsizmi?

Tom javob qilmadi. Belgiyalik churq etmay koʻlmakka qarab turardi. —Bilmayman nega bunday boʻlganini. —Tomning ovozi qahrli tus oldi. —Biroq men qoʻrqmayman. Qasam ichib aytaman, qoʻrqmayman!

Belgiyalik gapirmadi. Tom oʻrnidan turib, choptirgani burchakka qarab ketdi. Qaytib kelib, tugmalarini qadab, yana kursiga choʻkdi va shundan soʻng qayta ogʻzini ochmadi. Belgiyalik oʻzining yozuv-chizuvlariga kirishdi.

Bir mahal tuyqusdan belgiyalikning miyasiga gʻalati fikr keldi shekilli:
— Doʻstlarim, — dedi u. —Men oʻzimga shunday bir vazifani olmoqchiman, agar harbiy mahkama qarshi boʻlmasa, albatta. Sizga oʻzingiz qadrlaydigan odamlarga bir necha soʻz aytish uchun imkon bermoqchiman...

Tom mingʻilladi:
—Mening hech kimim yoʻq.

Men indamadim. Tom bir daqiqa kutib turdi-da, keyin qiziqsinib soʻradi:
—Sen Konchaga biror gap aytib qolishni istamaysanmi?
—Yoʻq.

Bunday gaplarga bardoshim yetmasdi. Biroq oʻzimdan boshqa hech kimni aybdor ham qilolmasdim: men kecha Tomga, aytmasligim kerak edi-yu, ammo Koncha haqida gapirgandim. Men Koncha bilan bir yil turdim. Kecha u bilan besh daqiqa uchrashish uchun qoʻlimni chopib tashlashlarigayam rozi edim. Tomga Koncha haqda gapirganimning sababi ham shu: bu tuygʻuni tiyadigan kuch menda yoʻq edi. Hozir esa uni hatto quchoqlashga ham xohishim yoʻq: men oʻzimning tanamdan jirkanardim, chunki badanim tussiz-kulrang, shilimshiq boʻlib qolgan. Oʻlimim haqida eshitib Koncha yigʻlaydi, bir necha oy hayotdan bezib yuradi. Men baribir oʻlishim kerak boʻlgan odamman. Uning chiroyli, mayin koʻzlarini esladim: u menga qaraganida vujudimga nimadir quyulardi. Biroq endi bunday boʻlmaydi, tamom: endi qaragani bilan nigohi mengacha yetib kelmaydi. Men yolgʻizman endi.

Belgiyalik choʻntagidan soatini chiqarib qaradi:
— Uch yarim, — dedi u.

Qanjiq, atay aytdi buni! Tom oʻtirgan joyida qalqib tushdi — biz alahsib vaqtning oʻtayotganini unutgan edik, tun qora pardasi bilan bizni chalgʻitgan edi, men oqshom qachondan boshlanganini eslay olmadim.

Kichkina Xuan tovush chiqara boshladi. U qoʻllarini sermab, qichqirdi:
—Men oʻlishni xohlamayman, oʻlishni xohlamayman!

U qoʻllarini oldinga choʻzgancha yertoʻlani aylanib yugurdi va yuztuban yiqilib yotgan joyida faryod cheka boshladi. Tom xira tortib qolgan koʻzlari bilan unga qaradi: Xuanni yupatishga uning xohishi yoʻqligi shundoq sezilib turardi. Buning hojati ham yoʻq: bolakay bizdan koʻra koʻproq shovqin solayotgan boʻlsa-da, biroq biz chekayotgan gʻam-alam unikidan kam emas edi. U xuddi jon talvasasiga tushgan bemorga oʻxshardi. Biz esa undan-da battar ahvolda edik.

U yigʻlardi, men uning oʻziga achinayotganini koʻrib turardim, biroq bu damda u oʻlim haqida oʻylamasdi. Men ham yigʻlab yuboray dedim, oʻzimning uvolligimdan koʻnglim buzildi. Biroq shu payt boshqa bir holat yuz berdi: men bolakayga qaradim, uning silkinayotgan ozgʻin yelkalariga koʻzim tushdi va yuragimda gʻayriinsoniy tuygʻu bosh koʻtardi — men na oʻzimga va boshqa birovga shafqat qilmaydigan holatda edim. Oʻzimga oʻzim: sen mardlarcha oʻlishing kerak, dedim.

Tom oʻrnidan qoʻzgʻaldi, u shipdagi tuynukning shundoq tagida, yorishib kelayotgan osmonga qarab turardi. Men esa ichimda: mardlarcha oʻlish kerak, mardlarcha, deya ta’kidlar, boshqa hech nimani oʻylamasdim. Biroq belgiyalik soatni eslatganidan beri vaqtning tez oʻtayotganini his etdim. Tom gapirganda hali qorongʻi edi:
—Eshitayapsanmi? – dedi u.
—Ha.

Hovlidan oyoq tovushlari eshitildi.
—Balo bormi ularga qorongʻida sandiraqlab! Axir, bizlarni qorongʻida chiqarib otishmasa kerak-ku.

Bir daqiqadan soʻng jimlik choʻkdi. Men Tomga:
—Yorishyapti, — dedim.

Pedro junjikib oʻrnidan turdi va orqasiga oʻgirilib:
—Itday sovqotdim, — dedi.

Yertoʻlani gʻira-shira yorugʻlik qopladi. Qulogʻimizga uzoqdan oʻq tovushlari eshitildi.
—Boshlanayapti, — dedim Tomga. —Chamamda, ular buni orqa tarafdagi hovlida qilishyapti.

Tom belgiyalikdan sigaret soʻradi. Men oʻzimni tiydim: chekish ham, ichish ham koʻngilga sigʻmasdi. Shu daqiqadan boshlab ular tinimsiz otishdi.
—Tushundingmi? – dedi Tom.

U yana nimadir demoqchi boʻldi, biroq aytmadi, eshikka qaradi. Eshik ochilib, toʻrt nafar askar bilan leytenant kirib keldi. Tom qoʻlidagi sigaretni tushirib yubordi.
—Steynbok?

Tom javob bermadi. Pedro u oʻtirgan tarafga imo qildi.
—Xuan Mirbal?
—Ana u, kursida oʻtirgan.
—Turilsin! — baqirdi leytenant.

Xuan qilt etmadi. Ikki askar uni qoʻltigʻidan olib, turgʻazib qoʻydi. Biroq qoʻyib yuborishlari bilan Xuan qulab tushdi. Askarlar sarosimalanib qolishdi.
—Bundaylarni endi koʻrayotganim yoʻq, — dedi leytenant. —Koʻtarib borishga toʻgʻri keladi, hechqisi yoʻq, hammasi risoladagiday boʻladi.

U burilib Tomga buyurdi:
— Chiq!

Tom ikki nafar askar qurshovida tashqariga chiqdi. Qolgan ikki askar Xuanni qoʻltigʻidan olib ularning ortidan chiqishdi. Xuanning hushi oʻzida edi, koʻzlari shokosaday, yonoqlaridan koʻz yoshlari oqib turardi. Men eshikka qarab qadam tashlagandim, leytenant toʻxtatdi:
—Ibbieta sizmisiz?
—Ha.
—Kutishingizga toʻgʻri keladi. Birozdan soʻng kelishadi siz uchun.

Shunday deb u ham chiqdi. Uning ortidan belgiyalik va ikki soqchi chiqishdi. Bir oʻzim qoldim. Nimalar boʻlayotganini tushunolmasdim, menga qolsa, ular hammasini tezroq hal qilib qoʻya qolishgani tuzuk edi. Miltiqning qarsillagan tovushi eshitilib turar, oraliqdagi tanaffus juda qisqa edi. Uvvos solib baqirgim, sochlarimni yulgim kelardi. Biroq tishimni tishimga bosib, qoʻllarimni choʻntaklarimga tiqdim: bardosh qilish kerak. Bir soatdan keyin meni olib chiqish uchun kelishdi va birinchi qavatdagi kichkina xonaga boshlab borishdi, bu yerdan sigaret hidi anqir, xona ichi dim, nafasim bugʻilib qolayozdi. Xonada ikki nafar zobit oromkursilarda yastanib, chekib oʻtirishardi, tizzalarida yoyilgan qogʻozlar bor edi.
— Sening ism-sharifing Ibbietami?
— Ha.
— Ramon Gris qaerga yashiringan?
— Bilmayman.

Meni soʻroq qilayotgani semiz, pakana zobit edi. Uning koʻzlari oynak tagidan menga qattiq tikilib turardi.
—Yaqinroq kel, — dedi u.

Men yaqinroq bordim. U oʻrnidan turdi va menga koʻzini teshib yuborguday qadab, shunaqa qaradiki, bu qarashi bilan meni goʻyo doʻzax azobiga giriftor qilmoqchiday edi. Keyin u qoʻlimni qayira boshladi. Bu bilan menga azob bermoqchi emas, balki shunchaki koʻnglini yozmoqchi: oʻzining hukmdorlardan ekanini his etgisi kelardi. U yuzini yuzimga yaqqin olib keldi, dimogʻimga ogʻzidan anqiyotgan sassiq hid urildi. Bu bir daqqiqacha davom etdi va men oʻzimni kulgidan zoʻrgʻa tiyib qoldim. Hademay oʻladigan odamni choʻchitish uchun bu kifoya qilmasdi, uning koʻrsatgan hunari anchayin nochor harakat edi. Keyin u koʻkragimdan itarib yubordi va borib joyiga oʻtirdi.
—Yo sen otilasan yoki u. Agar uning qaerdaligini aytsang tirik qolasan.

Bu kimsalar ham boʻyinlaridagi boʻyinbogʻu, oyoqlarida yaltiroq etiklari bilan bir kuni ajalga roʻpara kelishlari aniq. Toʻgʻri, mendan keyin, biroq oradan koʻp oʻtmay shunday boʻladi. Ular qoʻllaridagi qogʻozlarga yozilgan allaqanday ismlarga belgi qoʻyar, odamlar ortidan toziday quvar, ularni tutib qamar yoki otib tashlardi. Ispaniyaning kelajagi va boshqa koʻp narsalar haqida ularning oʻzlarining qarashlari bor edi. Ahmoqona faolliklari, yelib-yugurishlari esa mening gʻashimni keltirardi va kulgili tuyulardi: aqldan ozgan bu telbanoma nusxalarning oʻrnida boʻlishni hecham xohlamasdim.

Pakana baqaloq mendan koʻzini uzmasdi, bot-bot etigining qoʻnjiga qamchi bilan urib qoʻyardi. Bu qiligʻi bilan oʻzining yirtqich hayvonchalik berahm ekanini boshqalarga uqtirib qoʻymoqchi boʻlardi.
—Xoʻsh, tushundingmi?
—Grisning hozir qaerdaligini bilmayman, — javob qildim men, —ehtimol Madriddadir.

Boshqa bir zobit kerishib qoʻlini koʻtardi. Bu erinchoq harakat ham hisob-kitobli edi.

Men ularning zimdan tayyorlashgan oʻyinlarini juda yaxshi sezib turardim va bunday oʻyinlardan huzurlanadiganlarning borligidan hayratga tushardim.
—Oʻylab koʻrishing uchun chorak soat muhlat beramiz, — dedi u, — yechinadigan xonaga olib chiqinglar uni, oʻn besh daqiqadan keyin olib kiringlar. Agar tixirlik qilsa, joyida otib tashlanglar.

Bu qanjiqlar nima qilishayotganini yaxshi bilishardi: tun boʻyi meni kuttirishdi, keyin yertoʻlada bir soat yolgʻiz saqlashdi, Xuan bilan Tomni otib tashlaguncha kutdim, endi esa meni yechinadigan xonaga qamab qoʻyishmoqchi—ular bu oʻyinni kecha oʻylab topishgan. Asabi dosh berolmaydi, sinadi deb oʻylashgan. Biroq ular yanglishadi. Demak, ular meni Gris yashiringan joyni biladi, deb ishonishayotir. Gris shahardan toʻrt kilometr naridagi amakivachchalarining uyiga yashiringan. Uni sotib qoʻymasligimga ishonchim komil, faqat qiynoqqa solib azoblashmasa boʻlgani (aftidan, ular bu haqda oʻylab ham koʻrishmagan). Bular bari menga kunday ravshan, qolaversa, men hammasidan sovib boʻldim. Biroq ayni damda men nega oʻzimni bunday tutayotganimni bilgim kelardi: nega men boshqacha boʻlolmayapman, deb oʻyladim. Nega itday oʻlib ketishim kerak, nima uchun endi Ramon Grisni sotmasligim kerak? Xoʻsh, nega? Axir, men Ramonni hurmat qilmay qoʻydim-ku. Unga hurmatim, birodarlik tuygʻularim oʻsha oqshom barham topgan edi-ku: Konchaga muhabbatim yashashga ishtiyoqim — bari oʻsha oqshom tugab bitdi-ku! Toʻgʻri, shungacha men Grissni doim qadrlab kelganman, u mard odam edi. Ne boʻlsa-da uning uchun qurbon boʻlishni boʻynimga olgan edim: uning hayoti men uchun oʻzimnikidan azizroq edi, aslida, har qanday hayotning, tiriklikning sariq chaqalik qadri yoʻq. Axir, odamni devorga tirab qoʻyib yuz-koʻziga oʻq yogʻdirishsa, otib oʻldirishsa — bu men boʻlamanmi yo Roman Grismi yoki boshqa birovmi — tiriklikda ma’ni qolmaydi: hammasi ahamiyatini butkul yoʻqotdi. Ammo men hozir tirikman, Roman Grisni sotib jonimni saqlab qolsam boʻladi, biroq buni qilmayapman. Eshaklarcha qaysarligim oʻzimga qiziq tuyulardi. «Shu qadar ahmoq boʻlaman-mi!», deb oʻyladim. Bu oʻydan, hatto, kayfiyatim ozroq koʻtarildi ham. Keyin ular meni oʻsha tor xonaga boshlab borishdi. Oyoqlarimning orasidan kalamush yugurib oʻtdi, buyam menga qiziq tuyuldi. Men soqchilardan biriga oʻgirilib:
—Qara, kalamush, — dedim.

Soqchi javob qilmadi. Uning basharasi tund, chamamda boʻlayotgan voqealarni u oʻta jiddiy qabul qilayotgan edi. Xoxolab kulgim keldi, oʻzimni tutdim: agar bir kulishga tushsam oʻzimni toʻxtatolmayman, deb qoʻrqdim. Soqchining moʻylovi bor edi. Men unga:
—Moʻylovingni qirib tashla, tentak, — dedim.

Tirik odamning betini tuk bosgani menga kulgili tuyuldi. Soqchi hafsalasizlik bilan ketimga bir tepdi, men jim boʻldim.
—Xoʻsh, — dedi baqaloq. — Oʻylab koʻrdingmi?

Men unga kamyob hasharotga qaraganday soxta qiziquvchanlik bilan qaradim va:
—Ha, men uning qaerdaligini bilaman, — dedim. —Gris qabristonga yashiringan. Biror lahadning ichida yoki qorovulning uychasida boʻlishi kerak.

Kel, oxirida bularni bir laqillatay, dedim-da. Hovliqib miltiqlarini koʻtarib baqirib-chaqirishlarini, toʻrt tarafga chopqilashlarini koʻrib maza qilgim keldi. Chindan ham ular oʻtirgan joylaridan uchib turishdi.
—Kettik! Molis, leytenant Lopesdan oʻn besh kishi oling!
—Agar aldamayotgan boʻlsang, — dedi baqaloq, — men va’damda turaman. Biroq bizni laqillatgan boʻlsang, bilib qoʻy, sogʻ qolmaysan.

U chiqib ketdi. Men soqchilar qurshovida oʻtirgan joyimda qoldim. Ora-sira kulib qoʻyaman: ularning qabristonda izgʻishib, toʻrt tarafga alanglab chopqilab yurishgani koʻz oldimdan oʻtadi. Harqalay juda aqlli ish qildim, deb oʻyladim. Qabr toshlarini koʻtarib, lahadlarning ichiga qarab ovvora-yu sarson boʻlishayotganini tasavvur qilib huzurlandim. Oradan bir yarim soatcha vaqt oʻtdi, baqaloq qaytib keldi. Endi meni otib tashlashga buyruq bersa kerak, deb oʻyladim. Qolganlar, aftidan, qabristonda qolishgandi. Biroq zobit menga tikilib qaradi. Basharasidan ahmoq boʻlganini anglatadigan alomatlar sezilmadi.
—Uni katta hovliga olib chiqinglar, oʻsha joydagilarga qoʻshinglar, — dedi u. — Jangdan soʻng uning taqdirini tribuna hal qiladi.

Men uning gaplarini yaxshi anglolmadim. Undan soʻradim:
—Nima, meni otishmaydimi?
—Umuman olganda, hozir otishmaydi. Qolaversa, bu endi mening vazifamga kirmaydi.

Nima boʻlayotganiga aqlim yetmasdi.
—Nega endi? – dedim hayron boʻlib.

U gapirmadi, yelkalarini uchirdi, xolos. Askarlar meni olib chiqib ketishdi. Katta hovlida yuz choqli mahbus: qariyalar, bolalar toʻdalashib turishardi. Nima boʻlayotganiga aqlim yetmay, hovli oʻrtasidagi gulzor atrofida sanqiy boshladim. Choshgohda bizni oshxonaga olib kirishdi. Ikki-uch kishi men bilan gaplashmoqchi boʻldi. Aftidan, bizlar tanish edik, biroq men oraga gap qoʻshmadim: qaerdanman, nimalar boʻlyapti—tushunolmayotgandim. Kechqurun hovliga yana bir toʻda mahbuslarni haydab kiritishdi. Ular orasida novvoy Garsiani tanidim. U meni koʻrib qichqirdi:
— Omading bor sening. Tirik koʻraman deb oʻylamagandim.
— Ular meni otuvga hukm qilishdi, — dedim men, — keyin bu fikrdan qaytishdi. Nega bunday qilishdi, bilmayman.
— Meni soat ikkida ushlashdi, — dedi Garias.
— Nima uchun?

Garias siyosat bilan shugʻullanmasdi.
—Hech tushunolmayman, — dedi Garias, —ular oʻzlariga oʻxshab fikr yuritmaydiganlarning hammasini tutishayapti.

U ovozini pasaytirib:
—Grisni qoʻlga tushirishdi, — dedi.

Men seskanib ketdim.
—Qachon?
—Bugun ertalab. Oʻzi ahmoqlik qildi-da. Chorshanba kuni jahl ustida ukasi bilan urishib qolib, uning uyidan chiqib ketdi. Yashirinishga yordam beradigan sonmingta edi, biroq u hech kimga ziyonim tegmasin, dedi chamasi. Menga: «Ibietaning uyiga yashirinsam boʻlardi, biroq uni hibsga olishibdi, qabristonga bekinaman», dedi.
—Qabristonga?!
—Ha. Ahmoqlik qildi. Bugun ertalab ular qabristonni bosishdi. U qorovulning uychasida ekan, oʻrab olishdi. Gris qarshilik koʻrsatishga urindi, biroq ular Grisni otib oʻldirishdi.
—Qabristonda-ya?!

Koʻz oldim qorongʻulashib yuz tuban yiqildim. Ovozim boricha shunaqa qah-qah urib toʻxtovsiz kulardimki, koʻzlarimdan yosh tirqirardi.