OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJek Ritchi
Asar nomi«Qotil kerak» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jek Ritchi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Qotil kerak» (hikoya)
Jek Ritchi

e’lonlar boʻlimidagi juvon matnni oʻqib chiqib, uni koʻchirib oldi va menga nigoh tashladi.

-Buni xuddi shunday chop etish kerakmi?..

-Ha. Javoblar uchun abonent qutisiga ham buyurtma bermoqchiman.

«Gerald Jornel» gazetasiga bermoqchi boʻlgan e’lonim quyidagi mazmunda edi: «Siz turmush oʻrtogʻingizdan zerikdingiz va undan qutula olmayapsizmi? Bu holatda faqatgina bitta yoʻl bor. Mijozlarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi. Xatlaringizni «Gerald Jornel»ga, e’lonlar boʻlimiga joʻnating».

Juvon asabiylashib qalami orqasini tishladi.

Men uning yuzida qat'iyatsizlikni koʻrdim.

-Nima? Biror xato bormi?

-Men bu yerga yaqinda ishga kelganman. Shuning uchun tahririyatdagi talablarni bilmayman.

U aftidan oʻzidan yuqoriroq lavozimda ishlaydigan janob Uilson ismli kishini chaqirdi. U e’lonimni oʻqib koʻrdi.

-Siz advokatmisiz?

-Yoʻq.

-Ajrashish ishlari bilan shugʻullanasizmi?

-Yoʻq.

U yoʻtalib oldi.

-U holda «faqatgina bitta yoʻl» deganingizni qanday tushunish kerak?

-Bunga javob - mening e’lonimda.

Meni yuqoriga, e’lonlar boʻlimi rahbari Bingxemning xonasiga taklif qilishdi.

e’lonim mendan avvalroq uning xonasiga yetib kelgan va stol ustida turardi.

-e’loningiz matnini aniqroq yozishingizni talab qilaman, aks holda uni bosa olmaymiz.

Men uf tortdim.

-Xoʻsh, mening ismim Jeyms Parkerson, universitetda ishlayman. Psixologiya fanlari professoriman.

U e’lonim matni bitilgan qogʻozga imladi.

-Mana buning kasbingizga taalluqli joyi bormi?

-Albatta. Hozirda men agar ruhiy shart-sharoitlar imkon bersa, er-xotinlar orasidagi munosabat hozirgiga nisbatan oʻn marta koʻproq qotillik bilan tugashi mumkinligi haqidagi fikrimning amaliy isboti ustida ish olib boryapman.

-Qoʻlga tushib qolishdan qoʻrquv bunga yoʻl qoʻymaydimi?

-Albatta, bu ham muhim ahamiyatga ega, lekin men boshqa omilni muhimroq deb hisoblayman. Menimcha, aksariyat odamlar zoʻrlik ishlatishdan qoʻrqishadi. Agar ular bu ishni boshqa birortasiga, masalan, professional qotilga ishonib topshirishsa, koʻplab fuqarolarimiz suiqasd oqibatida hayotdan koʻz yumgan boʻlishardi.

Bingxem qovogʻini uydi.

-Siz oʻzingizni qotil sifatida taklif qilmoqchimisiz? Demak, kimdir e’loningizga javob qaytarishiga ishonasiz.

-Albatta javob qaytarishadi. Odamlar ishonuvchan boʻlishadi. Misol keltiraymi? Bir necha yil oldin bir yirik jurnalda quyidagicha e’lon chop etilgan: «Bu sizning oxirgi imkoniyatingiz. 107-raqamli pochta qutisiga bir dollar joʻnating». Tamom. Hech qanaqa xizmat haqida gap yoʻq. Ammo minglab odamlar pul joʻnatishgan.

Men tanlagan yoʻl nimani anglatadi? «Faqat bittagina yoʻl». «Qotillik» soʻzi hammani qoʻrqitib yuborishi tabiiy, mening e’lonimga esa albatta javob qaytarishadi. Menimcha, javob qaytaradiganlar ikki guruhga boʻlinishadi. Birinchi guruhdagilar meni yurist deb oʻylashadi va qonuniy jihatdan imkoniyatlari qandayligini bilishga urinishadi. Lekin bunday xatlar bilan ishim boʻlmaydi.

Men tik turgancha gapirayotgandim. Bingxem meni oʻtirishga taklif qildi.

-Ikkinchi guruhdagilar esa ikkilanishadi va oʻzlariga kerakli narsani topganiga umid qilishadi. Ana shunda ular vaqt sarflab e’lonimga javob yozishadi.

Bingxem ikkilanib qoldi.

-Agar ular kimligingizni va asl maqsadingizni bilishsa, shu ondayoq hafsalalari pir boʻladi.

-Tabiiyki, men ular bilan savol-javobimni tugatmagunimcha kimligimni aytmayman. Oʻzimni professional qotildek tutaman.

Bingxem oʻylanib qoldi. Keyin boshini qashladi.

-Xoʻp, yaxshi. Umuman olganda, e’loningizni qabul qilmasligim kerak edi, ammo meni qiziqtirib qoʻydingiz. Uni chop etishga ruxsat beraman. Qachonga chiqishi kerak?

-Iloji boʻlsa bugun.

Xonadan chiqayotganimda Bingxem menga yana bir maslahat berdi.

-Javob xatlarini olish uchun xonamga kelganingiz ma’qulroq. Pochta qutisi oldida sizni biror mijoz yoki jurnalist kutib olishi mumkin.

e’lonim shu kuniyoq «Gerald Jornel»ning kechki sonida bosilib chiqdi. Ertasiga tushdan soʻng, universitetdagi ishim tugashi bilanoq Bingxemning xonasiga yetib bordim.

Bingxem meni eshik yonida oʻtirgan kishi bilan tanishtirdi.

-Serjant Larson, firibgarlikka qarshi kurash boʻlimidan. Bu kishi shubhali e’lonlarni kuzatish bilan shugʻullanar ekan.

-Mening e’lonimda qonunga qarshi narsa yoʻq,-dedim men. -Janob Bingxem, marhamat qilib, serjant Larsonga mening maqsadim haqida aytib bersangiz.

-Aytib berdi, -e’tiroz bildirdi serjant. -Men oʻzim bunga ishonch hosil qilishim kerak. Hujjatingizni koʻrsam boʻladimi?

Men unga hujjatimni uzatdim.

-Hammasi joyida, -dedi u. -Har qalay, Parkersonning hujjati ekan. Men universitetga ham borib, buni aniqlayman.

Bingxem menga stol ustida turgan bir dasta xatni uzatdi.

-Bugun ertalab sizning nomingizga keldi. Oltita.

Larson menga diqqat bilan razm soldi.

-Shularning ichida oʻz turmush oʻrtogʻini oʻldirish maqsadida yozilgan xatlar ham borligiga ishonasizmi? -soʻradi u.

-Hali oʻqib koʻrganim yoʻq, lekin boʻlishi mumkin.

U menga qoʻlini uzatdi.

-Bularni menga bering.

Uning talabini rad etdim.

-Afsuski,-dedim men.-Shaxsan mening nomimga kelgan xatni hech kimga bermayman.

-Sizni tushunmadim, professor!-oʻshqirdi serjant. -Nahotki siz qotillikka yoʻl ochsangiz?

-Mening tadqiqotim aynan shunga qaratilgan,-javob qildim men.-Epidemiyani yoʻqotish uchun uning chegarasini aniqlab olish kerak. Menga murojaat qilganlar oʻzlari oʻylagan ishni amalga oshiradigan odamni topganlaridagina xavfli hisoblanishadi. Ular bilan shugʻullanayotgan chogʻimda hech qanday baxtsiz hodisa yuz bermaydi.

Serjant Larson mening dalillarimni istar-istamas qabul qildi.

-Ammo ular bilan gaplashsangiz, bizga ham kimligi haqida ma’lumot berasiz. Biz ularni fikridan qaytarishimiz shart.

Men rozi boʻldim.

-Mayli, roziman.

Men uyga keldim va ish xonamga kirmoqchi edim, lekin Doris, turmush oʻrtogʻim meni toʻxtatdi.

-Bu yilgi ta’tilni qaerda oʻtkazamiz, Jeyms?

-Nima? -dedim men. -Uyda oʻtkazamiz. Men yangi loyiha ustida ishlayapman. Ta’til davomida ham shu ishni davom ettiraman.

-Juda koʻp ishlayapsan, azizim, -dedi Doris va xoʻrsindi. -Sayohatga chiqqim kelyapti. Bir necha kishilik kichkinagina kemada. Zoʻr boʻlardi.

Men xatlarni oʻqish ishtiyoqida yonayotgandim.

-Doris, bu sayohatdan nima kutyapsan?

-Nima? Yangi insonlar bilan tanishuvlar...

-Odamlar hamma joyda bir xil, toʻgʻrimi?

-Ha, lekin...

-Oʻzing biladigan narsaning toʻgʻriligini tekshirish uchun pul sarflab nima qilasan?

Men xonamga kirib, xatlarni oʻqishni boshladim. Xatlardan toʻrttasi birinchi guruhga tegishli edi, ammo qolgan ikkitasi meni qiziqtirib qoʻydi. Men birinchi xatni yana bir marta oʻqib chiqdim.

«Hurmatli janob!

Sizning «Gerald Jornel»ning kechki sonidagi judayam qiziqarli e’loningizni oʻqib chiqdim va «faqat bittagina yoʻl» degan terminingizni tushunmadim. Shuni tushuntirib bera olasizmi? Agar rozi boʻlsangiz, «Gerald Jornel»da menga shunday javob yozing: «Kolli zotli it yoʻqolib qoldi. Laqabi Regis».

Xatga imzo qoʻyilmagan edi.

Men mashinkada yozilgan xatni lupa bilan koʻrib chiqa boshladim. «O» va «e» suvalib ketgan, boshqa harflar ham mashinkani tozalashni talab qilardi. Rangli tasma ham almashtiradigan darajada edi. «Termin» deb yozishidan muallifning unchalik savodli emasligini bilish mumkin edi.

Yoki «termin» soʻzi «e» bilan yozilarmidi? Men odatda stolim ustida turadigan lugʻatimni izladim, lekin topolmadim. Oʻrnimdan turib qichqirdim:

-Doris, «termin» soʻzi qanday yoziladi?

-T-er-min.

-Lugʻat qani?

-Gʻaladonda, azizim.

Men gʻaladondan lugʻatni oldim. «Termin» soʻzi «e» bilan yozilgandi.

Ikkinchi xat ham birinchisiga oʻxshardi. Unda hech qanday murojaat ham, imzo ham yoʻq edi.

«Maks bari. 21-koʻcha va Uels koʻchalari burchagida. Bugun kechqurun 8da. Shotland viskisiga buyurtma bering. Oʻng oyogʻingizdagi poyabzalingiz ipini yeching va qayta bogʻlang».

«Shunday qilaman», oʻyladim men.

Men «Gerald Jornel»ga qoʻngʻiroq qildim va kolli zotli it haqidagi e’lonni chop etish uchun buyurtma berdim. Goʻshakni qoʻygach, yana xatlarga tikildim.

Soʻng toza qogʻoz olib mashinkaga qoʻydim va harflarni terdim: «Terminim mushtariyni e’lonni oʻqishga majbur qiladi».

Men harflarga razm soldim. Harflar tiniq edi, «o» va «e» esa ishlov berilgandek yaraqlab turardi. Kechki ovqatdan keyin paltomni kiydim.

-Men universitetga borib kelaman. Qachon qaytishim aniq emas.

-Boʻpti, -dedi Doris. -Yozuv mashinkangni tozalab qoʻyganimni ham sezmading. Tasmasini ham almashtirdim.

Shlyapamni ushlagancha qotib qoldim.

-Qachon?

-Bugun ertalab, azizim.

Men tashqariga chiqdim.

«Termin» soʻzini millionlab odamlar xato yozishadi,-dedim oʻzimga oʻzim, mashinani oʻt oldirar ekanman.-Har kuni millionlab odamlar yozuv mashinkalarini tozalashadi...».

Men Maks bariga bordim.

Boʻsh joyga oʻtirib, shotland viskisiga buyurtma berdim. Soʻng engashib, poyabzalim ipini yechib, qayta bogʻladim va atrofga alangladim. Aftidan, menga hech kim qiziqmayotgandi.

Oʻn daqiqadan keyin barga oʻrta boʻyli bir kishi kirib keldi. Men baland ovozda yana bir marta shotland viskisiga buyurtma berdim va poyabzalim bogʻichini yechib bogʻladim. Lekin kirgan kimsa menga e’tibor ham bermadi.

Men navbatdagi kiruvchini kuta boshladim.

Sakkizinchi qadahdan soʻng bu ish jonimga tegdi.

Uyga qaytganimda Doris uxlashga yotgandi, chamasi. Harholda u pastda yoʻq edi. Men zoʻrgʻa yuqoriga chiqdim va oʻzimni divanga tashladim. Ertalab turganimda boshim loʻqillab ogʻrirdi. Ishtaham yoʻqligi uchun qahva ichdim, xolos.

Doris menga tashvishli nigoh tashladi:

-Kasal emasmisan?

-Boʻlishi mumkin, -dedim men.-Grippman, shekilli.

Tushga yaqin ma’ruzam tugaganida oʻzimni yengil his qildim. Fakultet oshxonasida tushlik qilgach, universitet bogʻida aylandim. Haykal yoniga kelganimda sigaret chekish uchun gugurt yoqdim va men tomon kelayotgan baland boʻyli erkakka koʻzim tushdi.

U sirli jilmaydi.

-Oʻzingizni yaxshi his qilyapsizmi?

Men uni ilgari koʻrmagandim. Men bilan nima ishi bor? U poyabzalimga qaradi.

-Ha, iplarini bogʻlashdan zerikmadingizmi?

-Siz?.. Siz meni?

U bosh irgʻadi.

-Ha. Kecha Maks barida edim.

-Nega indamadingiz?

-Men ehtiyotkor odamman,-javob qaytardi u. -Bunday ishlarda ehtiyot boʻlish lozim.-U menga astoydil tikildi.-«Faqat bittagina yoʻl» deganda nimani tushunasiz?

Men hali ham jahldan tushmagandim.

-Uch martada toping!-dedim qoʻpollik bilan.

U jilmaydi.

-Qotillik?

-Toʻgʻri, -dedim men bir oz ikkilanishdan keyin.

U menga sinovchan nazar tashladi.

-Xotinimni oʻldirish uchun qancha soʻraysiz? -soʻradi u nihoyat.

Men ogʻzimga kelgan raqamni aytdim.

-Oʻn ming dollar.

Bu narx uni aslo hayron qoldirmadi.

-Qanday oʻldirasiz?

-Avval siz uchun alibi tayyorlaymiz, keyin xotiningizni otaman,-tushuntirdim men.

U bosh irgʻadi.

-Juda oson ekan, professor Parkerson.

-Meni qaerdan taniysiz?

-Kecha kechqurun ortingizdan uyingizgacha bordim, bugun ertalab esa ortingizdan universitetgacha kuzatib keldim. Men kim bilan ishlashimni bilmoqchi edim. Yana bir narsani aytishim kerak, professor, sizday odam qotil ekanligiga ishonmayman.

-Ser, -e’tiroz bildirdim men. -Xotiningizni oʻldirtirmoqchimisiz?

-Yoʻq, -dedi u. -Men uylanmaganman. Xoʻsh, professor, qanaqa oʻyin oʻynayapsiz?

-Bu mening ishim.

Uning koʻzlarida nur chaqnadi.

-U holda men siz haqingizda politsiyaga xabar qilaman.

-Politsiya biladi.

-Unda, gazetachilarga murojaat qilaman. Mening ma’lumotimdan yaxshigina maqola tayyorlasa boʻladi.

Bu gap meni esankiratib qoʻydi. Gazeta menga e’lon berib turish uchun kerak edi. Men haqimda maqola chiqishi esa barcha rejalarimni chippakka chiqarishi mumkin edi.

-Xoʻsh, gazetaga murojaat qilaymi?

Men xoʻrsindim.

-Yoʻq.

Men unga loyiham haqida aytib berdim. Gapimni tugatganimdan soʻng u birpas yerga qaragancha oʻylanib qoldi. Soʻng soʻradi:

-e’loningizga birortasi javob berdimi?

-Ha. Oltita xat oldim.

U yana birpas oʻylanib turdi va keyin soʻradi:

-Ularning ismlarini menga ayta olasizmi, professor? Men ikkinchi guruhdagilarni nazarda tutyapman.

-Nima? Bu nima deganingiz?

-Har bir ism uchun sizga besh yuz dollardan toʻlayman, faqat bitta shartim bor: ular bilan oʻzim shugʻullanaman.

Nihoyat men uning maqsadini anglagandek boʻldim.

-Nima uchun aynan ularning ismlarini bilmoqchisiz?

U iljaydi.

-Mening kasbimda mijozlar bilan aloqa oʻrnatish qiyin. Men sizga oʻxshab oʻz xizmatimni reklama qilolmayman.

-Siz professional qotilmisiz?

-Balki besh yuz dollar oʻrniga sizga mukofot ajratarman,-javob qaytardi u savolimga. -Aytaylik, daromadimdan oʻn besh foizini?

Men oʻrnimdan turdim.

-Endi politsiyaga borish uchun mening navbatim keldi.

U yelkasini qisdi.

-Menga qarshi dalilingiz bormi? Men siz bilan gaplashganimni tan olmayman.

Uning koʻzlari chaqnadi.

-Siz qanday ish qilishimiz mumkinligini tushunmayapsiz, shekilli. Siz mamlakat miqyosida shunday tadqiqot oʻtkazishingiz mumkin.

-Hech qachon! Hech qachon va yana bir marta hech qachon!

U gapida davom etdi.

-Xulosa chiqarishga shoshilmang, professor. Unutmang, mening taklifim uchun sizga oʻxshagan yuzlab hamkasblaringiz bir-birlarini gʻajishga ham rozi boʻlgan boʻlishardi.

U koʻchani kesib oʻtdi va yangi kabrioletga oʻtirib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Kechki ma’ruzadan soʻng mashinamda uyga keldim.

Doris kiyimlarni ajratayotgan ekan.

-Qariyalar uyiga bermoqchiman, azizim.

Men u ajratgan kiyimlarga qaradim.

-Jigarrang kostyumim bu yerda nima qilyapti?

-U eskirib ketgan, Jeyms.

-Shkafga solib qoʻy. Eskirmagan.

-Xoʻp, azizim. Lekin hozir bunaqa kostyumni faqat oʻliklarga kiydirishyapti.

Men unga taajjub bilan tikilib qoldim. Nimaga u bunday dedi?

Men yelkamni qisdim va xonamga kirdim. Qoʻshma Shtatlar aholisi bir yuz sakson olti million kishi. Undan kamida yuz mingtasi oʻz turmush oʻrtogʻidan qutulishni istaydi. Nimaga endi faqat er-xotinlar bilan cheklanish kerak? Xolalar, togʻalar, jiyanlar, oshna-ogʻaynilar ham bor...

Agar ulardan besh mingtasi bilan kelishsang va har biri besh ming dollardan toʻlasa, yigirma besh million dollar boʻlardi. Yigirma besh millionning oʻn besh foizi esa...

Payshanba kuni tushdan soʻng «Gerald Jornel»ga keldim va 1183-pochta qutisidan Regis laqabli kolli haqidagi e’lonimga javobni oldim.

Men xatjildni ochdim va xatni oʻqidim.

«Hurmatli janob!

Regis haqidagi e’loningizni oʻqidim. Siz bilan uchrashishga tayyorman.

Siz bilan 27-koʻcha va Gerald-strit burchagidagi «Leoni» restoranida uchrashmoqchiman. Juma kuni kech soat sakkizlarda oʻsha yerda boʻlaman. Yelkamda pushti sharf boʻladi. Qoʻlingizda guldasta boʻlsin. Sizga «Regis» deyman, sizdan esa «Qora marvarid» degan javobni kutaman».

Men xatni yana bir marta oʻqib chiqdim. Tushunishimcha, bu xat ayol kishidan kelgandi va bu safar harflar tiniq edi.

«Leoni»? Ha, oʻtgan yili men Doris bilan tushlik qilgan restoran.

Uyga kelgunimcha shu haqda oʻyladim. Xonaga kirishim bilan dedim:

-Anchadan beri birga hech qaerga bormadik, Doris. Juma kuni kechqurun «Leoni»ga borsak nima deysan?

U jurnaldan koʻzini uzdi.

-Afsus, azizim, lekin juma kuni ayollar klubida uchrashuvim bor. Bormasam boʻlmaydi.

Men shlyapamni kiydim.

-Birpas aylanib kelaman.

-Hozirgina kelding-ku, azizim!

-Nima boʻpti?

Tashqariga chiqdim. Doris men bilan hazillashmoqchi boʻldimikin? Lekin u mening loyihamni qaerdan bildi? Men odatda biror natijaga erishmagunimcha ishim haqida ogʻiz ochmayman. Bu agar ishim oʻxshamay qolsa sharmandalikdan saqlaydi.

Yoki u rostdan ham meni oʻldirmoqchimi?

Biz turmush qurganimizga oʻn yildan oshayotgandi. Turmushimiz yaxshi edi, har qalay men shunday deb oʻylardim. Hayotimiz osoyishta va bir maromda edi. Dorisning otasi universitetimizda roman filologiyasi boʻyicha dars berar, onasi esa zoologiya boʻyicha professor edi.

Doris bilan gaplashsammikin? Undan izoh talab qilish kerakmikin? Bosh chayqadim. Yoʻq. U menga ochigʻini aytmaydi. U nima uchun meni oʻldirmoqchi boʻlayotganini oʻzim topishim kerak. «Leoni»dagi uchrashuvimizda meni tanib qolmasligi uchun soqol, moʻylov yopishtirib olishim kerak. Ertaga tasviriy san'at kafedrasi mudiri, professor Tiberi bilan maslahatlashaman.

Yonimdan kabriolet asta oʻtib, mendan bir necha qadam narida toʻxtadi.

Odam oʻldirish boʻyicha mutaxassis mashinasidan tushdi va meni kutib turdi.

-Nimani oʻylayapsiz, professor? Hamkorlikka tayyormisiz?

Bu kishi nima uchun qotillikni tanlagan? Odamlar nima uchun qotilga aylanishadi? Pul, ehtiros va oʻzini himoya qilish uchun.

Kutilmagan fikrdan oʻzimga keldim. Doris meni oʻldirishiga yoʻl qoʻymasdan, uni oʻldirishga haqqim yoʻqmi? Buning uchun kimni yollasam boʻladi? Mana shu kishinimi?

Yoʻq, Dorisni oʻldira olmayman. U mening xotinim, yaxshi-yomon kunlarimizni birga oʻtkazganmiz.

-Xoʻsh, professor,-dedi qotil.-Ishlar qalay?

-Qanaqa ish?

U boshini egdi va menga jim qarab turdi. Soʻng paltosi choʻntagidan tashrif varaqasi olib uzatdi.

-Men yana ikki kun «Uestland» mehmonxonasida boʻlaman. Qaroringizni kutaman. Bundan tashqari, yana bir marta eslatib qoʻymoqchiman, bunday imkoniyatni boshqa ruhshunoslar aslo qoʻldan boy bermagan boʻlardilar.

-Marhamat, -dedim men. -Ixtiyoringiz!

Uning mashinasi koʻzdan gʻoyib boʻlgach, men koʻcha burchagidagi simyogʻoch tagiga bordim. Tashrif varaqasida «Charlz A. Xasker» degan yozuvdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Rostdan ham uning ismi shunaqamikin? Lekin buning farqi yoʻq. Men serjant Larsonga uni qaerdan topish mumkinligini ayta olaman. Politsiyada unga qarshi hech qanday dalil yoʻq, lekin ular uni kuzatishlari va ertami-kechmi qoʻlga olishlari mumkin.

Uyga qaytganimda uyimizda professor Konner oʻtirgan ekan. U shaxmat taxtasi oldida meni kutib oʻtirardi. U nima uchun kelganini tushunmadim. U zoolog va oramizda bizni birlashtiradigan umumiy narsa yoʻq. U bilan shaxmat oʻynashimning boisi esa gaplashishdan koʻra shaxmat oʻynash ma’qulroqligi edi.

Soat oʻn birlarda u Doris pishirgan baliqli buterbrodni yeb, keyin ketdi.

Juma kuni kechki ovqatdan keyin Doris klubga borish uchun tayyorgarlik koʻra boshladi. Yarim soatlardan soʻng u kiyinib chiqdi.

-Qachon qaytishimni aniq aytolmayman.

Unga gʻamgin tikildim.

-Hech narsa esingdan chiqmadimi? Masalan, pushti sharfing?

-Yoʻq, sumkamga solib oldim. Mashinangda borsam boʻladimi?

-Seni Bronson xonim olib ketardi-ku, doim?

-Hadeb uning mashinasida borish jonimga tegdi.

Doris chiqib ketishi bilan bugun tushda professor Tiberi bergan buyumlarni oldim va koʻzgu oldida oʻtirgancha grim qilishga kirishdim.

Doris nega meni oʻldirmoqchi? U bundan nima naf koʻradi? Pulmi? Kulgili. Bizning jamgʻarmamiz juda oz edi. Uning hayotida boshqa erkak paydo boʻldimi? Boʻlishi mumkinmas.

Bir necha daqiqadan keyin koʻzim ochilgandek boʻldi.

Nima uchun professor Konner biznikiga tez-tez kelib turadi? Faqat shaxmat oʻynaganimi? Nimaga Doris la’nati baliqli buterbrod pishiraveradi? Men baliqli buterbrodni yomon koʻrishimni biladi-ku.

Bir ozdan soʻng soqolli aksimga tikildim va yashil koʻzoynak taqdim.

«Leoni»ga soat sakkizlarda keldim va qoʻlimdagi guldasta koʻrinib turadigan joyga turib oldim. Zalga koʻz yugurtirib chiqdim, ammo pushti sharfli ayolni koʻrmadim.

Besh daqiqacha turganimdan soʻng yigirma besh yoshlardagi bir juvon oldimga keldi.

-Regis? -dedi u menga shubhali nazar tashlagancha.

Men qotib qoldim.

-Sharfingiz pushti emas-ku!

-Nahotki!

Boshimga birov gurzi bilan tushirgandek boʻldi. Albatta! Yashil koʻzoynak! Koʻzoynagimni yechdim. Uning yelkasidagi sharf pushti edi.

-Qora marvarid,-dedim men. Biz stolga oʻtirdik va ayol menga maqsadini aytdi. U erini oʻldirmoqchi ekan, ammo nima uchunligini aytmadi.

Biz oʻn ming dollarga va ikkinchi uchrashuvda batafsil gaplashib olishga kelishdik. Lekin men endi bu ayol bilan uchrashmoqchi emasdim. Bu ayol bilan endi serjant Larson shugʻullanishi mumkin.

Men esa loyiham muvaffaqiyatli yakunlanayotganidan xursand edim.

Men boshqa barga kirdim va viskiga buyurtma berdim. Yelkamdan togʻ agʻdarilgandek edi. Xavotirim behuda boʻlib chiqdi - xotinim meni oʻldirmoqchi emas ekan.

Men bardan chiqqanimda soat oʻn yarim edi. Bardan uyimgacha uch mil edi. Men piyoda keta boshladim.

Uyimga yetishimga ikki kvartal qolganida yonimdan mashina oʻtib ketdi.

Bu mening mashinam edi. Doris klubdan qaytayotgandi. Mashina koʻcha boshida toʻxtadi. Ha, u meni koʻrib qoldi, «Oʻzi bilan olib ketmoqchi», oʻyladim men. Keyin esa yopishtirgan soqolim hali ham turganligi yodimga tushdi. Qiziq. U meni qanday tanidi?

Men kalovlangancha mashinamga yaqinlashdim. Mashina ichidagi ulkan gavda ikkiga ajraldi. Doris yolgʻiz emasdi. Men egilib mashina ichiga qaradim. Doris va... professor Konner! Ular menga gʻazab bilan tikilishdi. Xotinimning ovozi qulogʻimni teshib yuborguday jarangladi.

-Nimangizni yoʻqotdingiz, janob? Yoʻqoling bu yerdan!

Men indamay ketdim. Koʻcha burchagidagi butalar orasiga kirib ularni kuzata boshladim. Ular yana bir-birlarining pinjiga suqilishdi.

Men soatga qaradim. Oʻn daqiqa... Oʻn besh... ular bir-birlaridan ajralay demasdi. Nihoyat butalar orasidan chiqdim va nariroqdagi telefon-avtomat tomon yoʻl oldim.

Xasker Dorisdan qutulishim uchun nima talab qilarkin? Professor Konnerni ham oʻldirish uchun-chi? Katta pul soʻrasa kerak.

Ammo u bilan hamkorlik haqida kelishib olsam, balki u men uchun tekinga ishlab berar...