OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jek Ritchi. 14-bomba (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJek Ritchi
Asar nomi14-bomba (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jek Ritchi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





14-bomba (hikoya)
Jek Ritchi

Kattagina toʻrtburchak quti yuklarni qabul qilish boʻlimi oldidagi boʻm-boʻsh joyda turardi. Bu keyingi olti yildagi oʻn toʻrtinchi quti boʻlib, bizning vazifamiz jabrlanuvchilar boʻlmasligiga erishish edi. Biz Pit bilan birgalikda arqonning narigi tarafida turgan olomonni kuzatardik. Bizning asosiy ishimiz toʻplanganlar ichidan labini tez-tez yalab qoʻyayotgan odamni topish edi.

-Har safar shunaqa, tekin tomosha ishqibozlari toʻplanib olishadi,-dedi Pit sigarasini chaynagancha.

Arqonlar tomoshatalablarni qutidan qirq metr masofada ajratib turardi.

Maxsus guruh beton zinalarga taxta yotqizdi va sapyorlar joylashgan mashina vokzal binosi ichiga kirib keldi. Mashina qutidan besh metrcha narida toʻxtadi va oʻBrayen bilan Xeystingz uning ichidan sakrab tushishdi.

Pit sigarasini ezgʻiladi.

-Asosiysi boshlanyapti,-dedi u va sapyorlar tomon qadam tashladi.

OʻBrayen iljaydi:

-Kameralarni toʻgʻrilashyapti. Men oʻng tomondan juda chiroyli koʻrinaman.

Pit uning himoya kiyimini kiyishiga yordamlashdi.

OʻBrayen quti tomon yurdi.

-Toʻxta!-qichqirdim men.-Agar qarshi boʻlmasang, Pit ikkimiz sal nariroqqa borib olardik.

Biz marmar ustunlar orqasiga oʻtib oldik.

Politsiyachilardan biri bizga yaqinlashdi va asta pichirladi:

-Qora kurtkali anavi yigit, qandolat doʻkoni oldida turgan. Qasam ichamanki, oʻtgan haftada uni kutubxona oldidagi olomon ichida ham koʻrgandim.

Biz uni nigohlarimiz bilan izlab topdik. Boʻyi unchalik baland boʻlmagan yigit. Uning koʻzlari mashinaga tikilgandi.

Pit yurishga shaylandi, biroq uni toʻxtatdim:

-U hech qaerga ketmaydi.

OʻBrayen va Xeystingz mashina ichidan uchiga poʻlat savatcha oʻrnatilgan uzun tayoq olishdi. OʻBrayen quti ustiga engashganida hamma nafasini ichiga yutdi. U qutini ehtiyotkorlik bilan koʻtardi. Dahshatli portlash ovozi vokzal binosi ichida aks-sado berdi.

Men Pitning soʻkinganini eshitdim va ustun orqasidan chiqdim. OʻBrayen va Xeystingz xuddi qoʻgʻirchoqlardek marmar polda bukilgancha yotishardi.

Men olomon orasida turgan haligi yigit tomon tashlandim. U qoʻlidan tutganimdagina meni sezdi. U oʻz xayoli bilan band edi. U polda yotganlarga iljaygancha qarab turardi.

Kapitan stol ustida turgan kuldonni bir necha marta u yoqdan-bu yoqqa surdi va bizga nigoh tashladi.

-Xeystingz oʻsha yerning oʻzida halok boʻlgan, oʻBrayenning hayoti qil ustida, agar tirik qolsa ham bir umrga nogiron boʻlib qoladi.

U stoldan bayonnomani oldi: «Gumondorning ismi Irvin Jeyms Styuart, 98-koʻcha, 1368-uy». Uni sizlar qoʻlga olganingiz uchun oʻzlaringiz shugʻullanasizlar.

Uilson boʻynini ishqadi.

-Styuart oʻttiz olti yoshda, boʻydoq, onasi bilan yashaydi. Onasi bizni vahshiylar deb hisoblayapti. Uning oʻgʻilchasi umrida yomon ish qilmagan. U juda yaxshi bola, onasini har bayramda tabriklar ekan.

U qogʻozlarni titkilay boshladi va keraklisini topdi:

-Biz Styuartning uyini tintuv qildik - toʻrt dona qoʻrgʻoshin tsilindr, oʻnta detonator, uch dona soat mexanizmi va kichikroq bochkada porox topildi.

Uilson oʻrnidan turdi va xona boʻylab yura boshladi:

-Biz yana koʻplab gazeta qiyqimlarini topdik: ularda dastlabki bombadan boshlab barcha xabarlar yozilgan ekan. Kechagi voqeada uch kishi bombadan jarohatlangan, besh kishi talotoʻpda lat yegan.

Men sigaret tutashtirdim.

-Qutini u yerga qanday qoʻyganini kimdir koʻrgan boʻlishi kerak-ku, axir.

Uilson yelkasini qisdi:

-Vokzal binosi orqali kuniga besh mingdan ortiq kishi oʻtadi. Styuart aynan mana shuni hisobga olgan. -U ogʻir xoʻrsindi.-Bizda yetti nafar guvoh va yettita koʻrsatma bor. Ulardan besh nafari qutini erkak kishi qoʻyganligini va ikki nafari ayol kishi qoʻyganligini aytishgan.

Pit bir lahza oʻylanib qoldi.

-Ular Styuartni koʻrishdimi?

Uilson kulib yubordi.

-Uchtasi uni tanidi, ular orasida ayol kishi edi deb koʻrsatma bergan guvoh ham bor. Har qanday tajribali advokat ularning koʻrsatmalarini chippakka chiqarishi mumkin.

U bizga qaradi.

-Aybiga iqror qildirish - bizga shu kerak.

Pit ikkimiz oʻrnimizdan turdik, yoʻlakka chiqdik va 618-xonaga kirdik. Eshik oldida Pit birpasga toʻxtadi:

-Fred, sen oʻzingni koʻngilchan, mehribon tergovchidek tutishda davom et. Menga esa yomon boʻlish qulayroq.

Styuart issiqlik tizimi quvuriga kishanlab qoʻyilgandi. Soqchi undan koʻzini uzmasdi.

Pit Styuartning oldiga keldi va iljaydi:

-Bu yerda senga hamma iliq munosabatda boʻlyapti, men bu xatoni toʻgʻrilamoqchiman.

Men Styuartdan kishanni yechdim.

-Bilaklaringizni ishqalab yuboring, janob Styuart. Ancha yengil tortasiz.-Soʻng uning yelkasiga qoʻlimni qoʻydim.-Marhamat, oʻtiring. Bir necha soatdan beri tik turib charchagandirsiz.

Styuart stulga oʻzini tashladi va Pit shu zahoti uning ustiga engashib masxaraomuz ohangda soʻz qotdi:

-Xoʻsh, oʻzingizni qanday his qilyapsiz, janobi oliylari?

Styuartning lablari titradi, u yuzini oʻgirdi.

-Janob Styuart, - dedim men, - biz sizdan faqat bitta narsani - savollarimizga aniq javob berishingizni istaymiz. Bombani qoʻyganingizdan soʻng qancha vaqt oʻtgach qoʻngʻiroq qilasiz?

Styuart bosh chayqadi:

-Men bombalar haqida hech narsa bilmayman.

Pit barmoqlarini qirsillatdi:

-Qani, ayt-chi, yertoʻlangda topilgan poroxlarni nima qilmoqchi eding? Yana anavi tsilindrlar, detonatorlar, soatlarni ham.

Styuartning rangi boʻzardi:

-Onamning uyini tintuv qilishga haqqingiz yoʻq edi. Umuman, uyimni tintuv qilishga haqlaring yoʻq.

Pit sigaret tutunini uning yuziga pufladi va iljaydi.

Eshik ochilib, ichkariga kapitan Uilson kirdi. U Styuartga bir oz qarab turdi, keyin bizga yuzlandi:
— Hozirgina oʻBrayenning joni uzilibdi.

Pit Styuartni yana quvurga kishanladi va biz tashqariga chiqdik.
— Eyolin kasalxonadami? - soʻradi u.

Uilson bosh chayqadi:

-Uning u yerda qiladigan ishi yoʻq edi. Men bir soat ilgari uyiga joʻnatib yuborgandim. Menimcha, bu qaygʻuli xabarni unga sizlar yetkazishingizga toʻgʻri keladi.

U bizni liftgacha kuzatib qoʻydi:

-Laboratoriyadagi yigitlar barcha portlashlarni taqqoslab koʻrishdi. Bu safar bomba ancha quvvatliroq boʻlgan. Ularning hisoblashlaricha, kamida uchta tsilindrdan foydalanilgan.

-Ha, Styuart portlashlarda qurbonlar boʻlmayotganidan zerikkan koʻrinadi,-mingʻirladi Pit.

Uilson lift tugmasini bosdi:

-Yana bir narsa, taymerli mexanizmdan foydalanilmagan. Bomba quti koʻtarilganda portlaydigan qilib oʻrnatilgan.

Eyolin oʻBrayen eshikni ochdi. Uning koʻrinishi xotirjam edi. U bizga diqqat bilan razm soldi, soʻng asta soʻradi:

-Hammasi tugadimi? Jerri oʻldimi?

Men bosh silkidim. U teskari oʻgirildi va uyga kirib ketdi. Biz uning ortidan kirdik va uning deraza oldida miq etmay turishini kuzatib turdik. Soʻng Pit yoʻtalib qoʻydi va soʻz qotdi:

-Balki ketarmiz, Fred?

Eyolin oʻgirildi:

-Yoʻq, ayni damda yolgʻiz qolishni istamayman. Yonimda kimdir boʻlgani yaxshi. Bilaman, sizlarga ham osonmas. Sizlar Jerrining eng qadrdon doʻstlari edingizlar.

Pit shlyapasini gʻijimladi.

-Biz buni qilgan yigitni ushladik.

Eyolin stol ustida turgan kumush portsigarga egildi.

-U iqror boʻldimi?

-Iqror boʻladi,-dedim men,-bunga erishamiz.

Eyolin divanga oʻtirdi:

-Qanaqa odam ekan?

Men yelkamni qisdim.

-Qaerdan bilay? Men psixiatr emasman.

-Tentak,-dedi Pit,-oʻzini koʻrsatishni, butun shahar u haqida gapirishini istaydigan tentak.

Eyolin bir oz jim qoldi, soʻng dedi:

-Pit, kokteyl tayyorlamaysanmi? Judayam ichgim kelyapti.

Pit oshxonaga chiqib ketdi.

-Biz kerakli odamni ushladik, Eyolin, -dedim men past ovozda,-uning iqror boʻlishi uchun hamma narsa yetarli.

U jilmaydi:

-Omadingiz kelibdi-da?

-Ha.

Pit kokteyl koʻtarib kirdi, oʻziga esa pivo ochdi.

-Muzlatkichda pivo yoʻq ekan, men yertoʻlaga tushib, oʻsha yerdan oldim. Maylimi, Eyolin? Jerri pivoni muzlatkichdamas yertoʻlada saqlashi haqida aytgandi. Jerri oʻz ishini judayam yaxshi koʻrgan ekan. Bombalar bilan ishlashni nazarda tutyapman.

Eyolin unga qaradi:

-Ha, shunaqa.

-Pivo olayotganimda e’tibor berdim. Yertoʻla ustaxonaga oʻxsharkan. U uyda ham bombalar ustida bosh qotirarmidi? Uyingiz portlab ketishidan qoʻrqmasmiding?

Eyolin bosh chayqadi:

-U uyga hech qachon dinamit yoki porox olib kelmagan. Shunchaki mexanizmlarni oʻrganardi, xolos.

Biz Pit bilan yana yarim soatcha oʻtirdik, keyin xayrlashdik. Pit mashina ruliga oʻtirdi va kalitni buradi:

-Ular turmush qurishganiga necha yil boʻluvdi, Fred?

-Ikki yil, -dedim men,-oʻzing ham yaxshi bilasan-ku.

U bosh irgʻadi:

-Bilasanmi, ba’zilar koʻcha xandon, uy zindon boʻlishadi.

-Ularning munosabatlari yaxshi edi,-javob qaytardim men,-aks holda ular bemalol ajrashishlari mumkin edi.

Pit mashinani Sakkizinchi avenyu tomon burdi:

-Yertoʻla turli qurilmalarga toʻla ekan.-U svetoforda toʻxtadi.-Bu dahshat, Fred. Ammo oʻBrayen ehtiyotkor edi. Bir kuni u hayoti oʻn besh ming dollarga sugʻurta qilinganini aytgandi.

-Yaxshisi, Styuart advokat bilan uchrashmasidan oldin uning oldiga boraylik,-dedim men.

Styuartning oʻylash uchun ancha vaqti bor edi. Ammo aftidan u hech narsani oʻylamagandi. Pit ikkimiz xonaga kirganimizda u sakrab tushdi.

Pit kurtkasini yechdi va stul suyanchigʻiga tashladi:

-Mana men, Styuart, meni oʻylayotuvdingmi?

Styuart keskin bosh chayqadi:

-Aytdim-ku, bombalar haqida hech narsa bilmayman.

Pit Styuartning ustiga engashdi:

-Oldin bunday qilish qoʻlingdan kelmagandi. Mana endi uddalading. Gazetalarda sen haqingda hamma oʻqiydi endi.

Styuartning koʻzlari chaqnadi.

-Janob Styuart,-dedim men, -iqror boʻlsangiz boʻldi. Soʻngra istasangiz muxbirlar bilan gaplashishingiz mumkin. Suratingiz haftalab gazetalarning birinchi sahifasidan tushmasligiga ishonchim komil.

U lablarini yaladi.

-Yoʻq,-dedi u nihoyat,-aytadigan gapim yoʻq.

-Janob Styuart, -sabr bilan davom etdim men, - biz sizni shunchaki ushlaganimiz yoʻq. Ilgari ham kuzatuvimizda edingiz. Masalan, oʻtgan haftada, kutubxonada.

Pit uning yelkasiga yengil urib qoʻydi:

-Bu safar sen politsiyachilar umriga zomin boʻlding. Agar tan olmasang kallang bilan zina sanashga majbur qilaman.

-Janob Styuart, - dedim men, - biz sizni sud qilmoqchi emasmiz. Balki sizning tergovga e’tirozlaringiz bordir?

U endigina ogʻiz juftlagandi, Pit gapirib yubordi.

-Bilasanmi, seni nima kutyapti, Styuart? Qotillarni nima qilishlarini bilasanmi?

Styuartning rangi oqarib ketdi.

Men Pitga qarab qovogʻimni uydim.

-Janob Styuart, - dedim men, - sizni elektr stulga oʻtqizishmaydi. Sizning ruhiy ahvolingiz chatoq, buni qonun hisobga oladi. Bir necha yil klinikada davolanasiz, xolos.

Biz Styuartga oʻylash uchun bir daqiqa berdik, lekin u qaysarlik bilan bosh chayqadi.

-Yoʻq, hech narsa aytmayman.

Pit Styuartga yaqinlashdi va yoqasidan boʻgʻib musht tushirdi. Uning ish uslubi shunaqa edi.

-Pit, - dedim men, -bunday qilishga haqqimiz yoʻq.

Pit kaftini ishqaladi:

-Fred, bor, qahva ichib kel. Oʻn besh daqiqadan keyin kirasan.

-Yoʻq, Pit, -bosh chayqadim men Styuartga diqqat bilan qararkanman. -Siz barcha gazeta xabarlarini toʻplagan ekansiz. Bomba sizning sevimli buyumingiz ekanligi koʻrinib turibdi.

Pit iljaydi:

-Kollektsiyang toʻlishi uchun birgina narsa yetishmayapti - sening surating, Styuart.

-Sizga qoyil qolish kerak, Styuart, - dedim men, -qanday qilib shuncha yil davomida tutqich bermay yurdingiz?

Uning yuzida qoniqish ifodasi paydo boʻlgandek koʻrindi.

-Guvohlarimiz koʻpligini bilsangiz hayron qolasiz,-davom etdim,-pastda oʻz fotosurati gazetada chop etilishini sabrsizlik bilan kutayotgan uchta guvoh oʻtiribdi.

Bu safar uning qiyofasi norozi tusga kirdi.

-Ana shunaqa, janob Styuart, - dedim yumshoqlik bilan, - buning ustiga, doim yoningizda boʻlishga vaqtim yoʻq. Siz qachondir Pit bilan yuzma-yuz qolasiz. U esa oʻz uslubi bilan sizni baribir gapirtiradi. Men esa siz iqror boʻlmaguningizcha sizga yordam berolmayman.

Men sigaret tutashtirdim va Styuartga oʻylash uchun imkon berdim. U nimani oʻylayotgani aniq edi: u boshqa birov mashhur boʻlishidan va Pit bilan yolgʻiz qolishdan qoʻrqayotgandi

Styuart kaftini shimiga ishqaladi va polga tikildi. Soʻng chuqur nafas chiqardi:

-Yaxshi, hammasini aytaman.

Pit ma’yus jilmaydi:

-Men koʻproq oxirgi bomba haqida eshitishni istardim.

Styuartning yuzida gʻazab ifodasi paydo boʻldi:

-Siz bu yerda ekansiz, bir ogʻiz ham gapirmayman. -U menga ishora qildi:-Faqat bu kishiga aytaman.

Pit menga qaradi va yelkasini qisdi. U tashqariga chiqdi va oʻrniga stenografiyachini kiritdi.

Styuart oʻn uchinchi portlash haqida aytib boʻlgan paytda men yangi sigaretni tutatayotgandim.

-Oxirgi, oʻn toʻrtinchi bomba haqida, - dedim men.-Bitta tsilindr oʻrniga uchtasini ishlatishga sizni nima majbur qildi? Oldingi bombalarning ta’siri sizni qoniqtirmadimi?

U menga ayyorona boqdi:

-Ha, xuddi shunaqa.

Men burnimdan tutun chiqardim:

-Bu safar siz taymer oʻrnatmagansiz, balki qutini koʻtarganda portlaydigan qilgansiz. Buni qanday izohlaysiz?

U qovogʻini uydi:

-Shunday qilsam ta’sirliroq boʻladi dedim.

Stenografiyachi tergov jarayoni matni tushirilgan qogʻozni uzatdi. Styuart matnni e’tibor bilan oʻqib chiqdi va barcha nusxalarga imzo qoʻydi.

Shundan soʻng biz yolgʻiz qoldik. Men deraza oldiga bordim, uni ochdim va toza havodan toʻyib nafas olish uchun boshimni chiqardim.

Styuart yonimga keldi:

-Aytaylik, men sizni aldadim. Shunday boʻlishi mumkinmi?

-Ha, mumkin.

-Ikkita politsiyachi oʻldirilgan,-dedi u,-mening suratim barcha gazetalarning birinchi sahifasida chiqishi shart.

Men bosh silkidim. Uning yuzida ayyorona tabassum paydo boʻldi:

-Oxirgi portlashni men uyushtirmaganman, desam-chi? Oldingilarini tan olib, bunisini tan olmasam-chi? Suratim baribir barcha gazetalarda chiqarmidi?

Men koʻchaga ishora qildim:

-Jin ursin! Buni qarang!

U derazadan egilib pastga qaradi va koʻzi olaydi. Bu bir lahzalik ish edi. U chinqirgancha yerga quladi.

Pit kursiga oʻtirdi va qahvaga buyurtma berdi.

-Har kuni qandaydir yangi narsani bilasan. Men u oʻzini pastga tashlamaydi deb oʻylardim.

Men yelkamni qisdim:

-Endi u haqda oʻylamasak ham boʻladi. U hammasini tan oldi.

-Bilasanmi, Fred, shu oxirgi portlash haqida juda koʻp oʻylayapman. Mana shu portlash boʻyicha oʻzim mustaqil ish olib bormoqchiman.

-Vaqtingni zoe ketkizasan, Pit.

-Ketsa, mening vaqtim ketadi, Fred. Styuart aybsiz demoqchimasman, uning aybdorligiga dalillar judayam koʻp. Faqat, barchasiga u aybdor emasligini his qilyapman.

U esnagancha soatga qaradi:

-Uyga borish kerak. Uydagilarga ikki soatlarda boraman, degandim. Soat oʻnda uyimda maza qilib uxlayotgan boʻlaman.

Eyolinning oldiga kelganimda soat toʻqqiz boʻlgandi. Uning ovozida sabrsizlik sezildi:

-Xoʻsh, qalay?

-U iqror boʻldi,-dedim men,-oʻn toʻrtta portlashning barchasiga.

Eyolin jilmaydi:

-Sen juda ishonarli gapirgan boʻlsang kerak-da.

-Styuart iqrornomaga imzo qoʻygach, oʻzini pastga tashladi. Bunga faqat men guvoh boʻldim.

Eyolin qovogʻini soldi:

-Balki hali hammasi tugamagandir. Pit ham bor. U hamma narsaga burnini tiqishi menga yoqmayapti. U tekshirishi mumkin.

Men uni quchdim:

-Tashvishlanma, azizam.

Biz bir-birimizga tikildik.

-Rostdanmi?

-Men yana bitta quti tayyorlab qoʻyganman va Pit yoʻqligida uning uyiga qoʻyib kelganman. Uyidagi telefon jiringlashi bilan Pitdan asar ham qolmaydi.

Soat oʻn birlarda Pitning uyiga qoʻngʻiroq qildim. Har ehtimolga qarshi.