OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJek Ritchi
Asar nomiOdam oʻgʻrilari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jek Ritchi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odam oʻgʻrilari (hikoya)
Jek Ritchi

Adam Karlsonning qulogʻiga itning hurigan ovozi bazoʻr chalindi, oradan oʻn besh soniya oʻtib esa uchib oʻtayotgan samolyotning tovushi keldi. Dvigatellar tovushi birdan balandlab, soʻng eshitilmay qoldi. Samolyot shundoqqina uy ustidan uchib oʻtgandi.

U soatga qaradi: tungi ikkiyu oʻttiz ikki.

Adam karavotga oʻtirdi va xonani yana bir marta diqqat bilan koʻzdan kechirib chiqdi. Uch yarimga toʻrt metrli xona. Bironta ham derazasi yoʻq. Devor, pol va shifti mustahkam betondan. Qalin eshikli. Tashqaridan kelgan ovoz deyarli eshitilmaydi.

U qancha vaqtdan beri bu yerda? Xuddi bir necha kundek tuyulsa-da, aslida, bu yerga kelganiga sakkiz soatcha boʻldi. Hammasi kecha kechki payt sodir boʻldi. Buning oxiri qanday tugaydi?

* * *

Adam mashinani garajga qoʻydi va uzun yoʻlak boʻylab uyiga yoʻl oldi. Birdan qorongʻilik qa’ridan yuziga faqat koʻzlarigina koʻrinib turuvchi niqob kiygan, qoʻllariga toʻpponcha ushlagan ikkita kimsa paydo boʻldi.

U choʻchib ketdi, lekin vahimaga tushmadi. Qoʻllarini koʻtardi va «Pullarimni olinglar, hujjatlarimga tegmasanglar boʻldi», dedi. U ayni paytda agar hujjatlarini olib ketishsa, ularni qayta tiklash mashmashasi haqida oʻylayotgandi.

Lekin bosqinchilarni pul ham, hujjat ham qiziqtirmadi. Boʻyi baland erkak toʻpponchasi bilan unga yurishga imo qildi. Ular orqaga qaytishdi, darvozadan koʻchaga chiqishdi va yoʻl chetida turgan mashinaga oʻtirishdi.

Adamning koʻzi va qoʻl-oyoqlarini bogʻlashib, orqa oʻrindiqqa yotqizishdi. Avvaliga u harakat yoʻnalishini aniqlashga urinib koʻrdi, biroq mashina shunchalik koʻp burilishlardan oʻtdiki, u hisobdan adashib ketdi.

Taxminan bir soatcha yurgach, avtomobil toʻxtadi. Adamning oyoqlarini yechishdi.

Koʻzlari bogʻliq holda qaergadir yetaklab borishdi. Eshikning ochilgani eshitildi. Zinalardan pastga tushib, uni mana shu xonaga olib kirishdi. Uning qoʻllarini arqondan boʻshatishib, koʻziga bogʻlangan matoni olishganida koʻzlari chiroq yorugʻidan qamashib ketdi. Xonada bitta karavot, stol-stuldan boshqa hech narsa yoʻq edi. Stol ustida bir varaq qogʻoz va ruchka turardi.

Baland boʻyli erkak soʻz qotdi.

-Oʻtir,-buyurdi u.-Xotiningga xat yoz. Bizga ikki yuz ming dollar kerak.

Adam koʻzlarini pirpiratdi.

-Ikki yuz ming?

-Xuddi shunday. Endi bilgandirsiz, nima uchun bu yerga olib kelganimizni,-dedi baland boʻyli kinoya bilan.

Adam qurib qolgan lablarini yaladi.

-Xotinim oʻtgan haftada onasi bilan Yevropaga ketgan.

Niqoblilar bir-birlariga qarashdi. Baland boʻyli erkak toʻpponchasini oʻqtaldi.

-Bizga ikki yuz ming kerak. Kim orqali berishingizning farqi yoʻq.

Adam stulga oʻtirdi.

-Pulni faqat Garold Bannister orqali olish mumkin. U mening advokatim va maslahatchim.

Yana u tomon toʻpponcha oʻqtaldi.

-Ruchkani ol. Men aytganimni yoz.

Adam bunday deb yozdi:

«Hurmatli Garold!

Menga ikki yuz ming dollar kerak boʻlib qoldi.

Pulni nima qilishingizni telefon orqali aytishadi.

Politsiyaga xabar bermang. Agar politsiyaga murojaat qilsangiz, meni qaytib tirik holda koʻrmaysiz.

Adam Karlson».

Daroz erkak matnni oʻqib chiqdi va bosh irgʻadi. Soʻng ikkala niqobli xonani tark etishdi va eshikni qulflashdi.

* * *

Adam karavotga yotdi va koʻzlarini yumdi. Balki ular pulni olganlaridan keyin uni oʻldirishmoqchidir? Agar oʻldirish niyatlari boʻlsa, u holda niqobda yurishning nima keragi bor? Adam mana shu fikrga yopishib oldi. Ular yuzlaridagi niqobni yechmagunlaricha uning hayoti xavf ostida emas.

Adam eshik qulfining shiqirlashidan uygʻonib ketdi. U soatga qaradi. Sakkizdan oʻn besh daqiqa oʻtgandi. Uning yuragi dukillab ura boshladi.

Baland boʻyli erkak patnis koʻtarib kirdi. Niqob hali ham yuzida edi.

-Nonushta,-dedi u.

U Adamning nonushta qilib boʻlishini kutib turdi, soʻng choʻntagidan mato chiqarib uning koʻzlarini bogʻladi.

-Ishxonangga qoʻngʻiroq qilasan. Kotibangga bir haftadan keyin kelishingni aytasan. «Safarga chiqaman» deysan.

Uni xonadan olib chiqishdi.

-Kotibangning telefon raqamini ayt,-dedi daroz.

Adam aytdi va telefonda raqam terilishini eshitib turdi. Goʻshakni unga berishdi. Kotibasining chaqiriqqa javobi eshitildi.

-Maj,-dedi Adam,-men bir hafta ishga kelmayman. Ozgina dam olaman, sayohatga chiqmoqchiman.

-Xoʻp, ser,-dedi kotibasi.-Agar zaruriyat tugʻilsa siz bilan qanday bogʻlanamiz?

-Zaruriyat tugʻilmaydi,-dedi Adam.-Barcha ishlar va uchrashuvlarni bekor qiling.

Baland boʻyli goʻshakni uning qoʻlidan tortib oldi.

-Balki yana birortasiga qoʻngʻiroq qilib qoʻyarsan? Yaxshilab oʻyla, bizga politsiya yordamida seni qidirib yurishlarining keragi yoʻq.

Adam birpas oʻyladi va dedi:

-Uy xizmatchisiga.

U raqamni aytdi va baland boʻyli unga goʻshakni berdi.

-Rigan xonim?

-Ha,-javob berdi ayol.-Sizmisiz, janob Karlson?

-Ha.

-Qaerdasiz? Nonushtaga tushmadingiz, xavotirlanib Jeymsga aytdim. U sizni topolmadi. Kecha kechqurun kelgan ekansiz, chunki hamma mashinalar garajda turibdi.

-Ha, kelgandim. Tong saharda tanishim kelgandi. Oʻsha bilan chiqib ketganman. Rigan xonim, men bir haftacha uyda boʻlmayman. Dam olishga ketaman.

-Yaxshi. Kecha xotiningizdan xat kelgandi. Stol ustiga qoʻygandim, koʻrmabsiz.

-Ha, e’tibor bermabman.

Baland boʻyli uni yana xonaga qaytarib olib kirdi va koʻzini yechdi. Kechki payt Adamga darozning sherigi ovqat olib kirdi.

«Aftidan, ular eshik oldida navbati bilan qoʻriqchilik qilishadi: kunduzi baland boʻyli, kechqurun boʻyi pastrogʻi», oʻyladi Adam va soʻradi:

-Bannisterdan xabar bormi?

Past boʻyli inkor ma’nosida bosh chayqadi. U Adam ovqatlanib boʻlishini sabrsizlik bilan kutdi. Ora-orada esa oʻng qoʻli barmoqlarini qisirlatib qoʻydi.

Ertalab daroz Adamga nonushta olib kirdi.

-Pulni oldingizlarmi?

Baland boʻyli bosh chayqadi.

-Yoʻq. Bannisterga payshanbagacha muhlat berdik.

* * *

Soatlar, kun va tunlar imillab oʻtardi. Payshanba kuni kechqurun baland boʻyli erkak xonaga kirdi va jahl bilan dedi:

-Bannister ishni choʻzyapti.-U choʻntagidan mato chiqardi.-Unga ayt, ertaga oʻn ikkigacha pulni tayyorlasin, aks holda kech boʻladi. Tushundingmi?

Adamning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi.

-Ha, tushundim.

Adam Bannisterga qoʻngʻiroq qildi:

-Garold, nimaga pulni tayyorlamadingiz?

-Adam,-dedi Bannister,-bu sizmi?

-Ha.

-Tuzukmisiz?

-Ha,-javob qaytardi Adam.-Ular ishni choʻzayotganingizni aytishdi.

Bannister darrov javob qaytarmadi.

-Yoʻq, Adam. Buncha pulni topish uchun vaqt kerak. Bundan tashqari, sizga qarashli «Oltilayn Kemiklz» firmasining aktsiyalari narxi bugungi kurs bilan bor-yoʻgʻi yigirma sakkiz yarim dollarga baholanyapti. «Dushanbagacha narxi koʻtarilib qolarmikin» deb oʻylagandim.

-Aktsiyalarni zudlik bilan soting,-dedi Adam qat’iy.

Bannister xoʻrsindi.

-Xoʻp, Adam. «Shor Apartment» firmangizning aktsiyalariga esa Rojers atigi yetmish besh ming bermoqchi.

-Mayli.-Adam goʻshakni mahkam qisdi.-Garold, ertaga oʻn ikkiga pulni yetkazib kelish kerak. Aks holda kech boʻladi.

Bannister bir necha soniya jim qoldi.

-Tushunarli, Adam. Pulni albatta topaman. Menga ishonavering.

* * *

Ertasiga kunduzgi soat birda baland boʻyli tushlik olib kirganida Adam soʻradi:

-Bannister pul topibdimi?

Baland boʻyli mingʻirladi:

-Unga qoʻngʻiroq qildik, topganini aytdi. Kechqurun pulni olsak bilamiz anigʻini.-U stol ustiga patnisni qoʻydi.-Hammasi yaxshi boʻlishini Xudodan soʻrab tur.

* * *

Kechqurun Adam eshik qulfining shiqirlaganini eshitdi. Uning yuragi qinidan chiqib ketgudek ura boshladi. Xonaga daroz bilan pastak boʻyli odatdagidek niqobda kirib kelishdi.

Oʻn daqiqadan soʻng Adam koʻzi va oyoq-qoʻllari bogʻliq holda mashina ichida yotardi. Ular juda uzoq yoʻl yurishdi. Nihoyat mashina toʻxtadi, uni yoʻl chetidagi oʻtloqqa tushirishdi.

Adam endi nima boʻlishini qoʻrquv bilan kutardi. Bir ozdan soʻng u mashinaning ketayotganini eshitdi.

Bir necha daqiqa yotgach, u tushovdan qutulishga urindi. Arqon va matoni yechgach, atrofga alangladi. Oy yorugʻida nariroqda uy borligini koʻrdi. U yordam soʻrash uchun uy tomonga yoʻl oldi.

* * *

Tungi ikkilarga yaqin politsiya Adamni soʻroq qilishni tugatdi va ketishiga ijozat berdi. Tashqarida uni Garold Bannister kutib turardi.

Bannister koʻrinishidan judayam holdan toygandi.

-Politsiya meni qiynab yubordi. Sizni oʻgʻirlab ketishganini bilganim zahoti ularga xabar berishim kerak ekan.

Ular Bannisterning mashinasiga oʻtirishdi. Adam koʻzlarini ishqaladi. U judayam charchagan, ammo qattiq hayajonlanganidan uyqusi kelmasdi.

-Biror narsa ichgim kelyapti.

Bannister mashinani yurgizdi.

-Hammayoq yopilgan, uyimga boramiz.

Yigirma daqiqadan keyin Adam Bannisterning uyida oʻtirardi. Bannister ichimliklar turadigan javon oldiga bordi.

-Menga qoʻngʻiroq qilgan odam shevasidan xuddi Oʻrta gʻarblikdek tuyuldi. Sherigining shevasini bilmadingizmi?

-Bilmadim,-dedi Adam.-U umuman gapirmadi.

Shu payt Adamning qulogʻiga itning hurigani eshitildi.

Yaqinlashib kelayotgan samolyotning ovozini eshitgach esa, qotib qoldi. Samolyot shundaygina uy ustidan uchib oʻtib ketdi.

Adam soatga qaradi. Tungi ikkidan oʻttiz ikki daqiqa oʻtgandi.

Uning koʻzlari chanogʻidan chiqib ketay dedi. Itning hurishi va samolyotning ovozini u oʻtgan dushanbadan boshlab har tun xuddi shu vaqtda eshitib kelgandi.

Bannister javonning ichidagi shishalarni koʻzdan kechirayotgandi.

-Vermut qayoqqa gʻoyib boʻldiykin?-U shunday deb oʻng qoʻli barmoqlarini qisirlatib qoʻydi.-Mana!-Bannister shishani oldi va Adamga oʻgirildi.-Politsiya sizni oʻgʻirlab ketganlarni topishiga umid qilaman.

Adam polga tikildi va unga pastda yertoʻla bordek tuyuldi. Soʻng pastak boʻyli advokatiga qaradi.

-Ha,-dedi u jilmayib,-menimcha politsiya ularni albatta topadi.