OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJek Ritchi
Asar nomiStatistika baribir statistika-da! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jek Ritchi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Statistika baribir statistika-da! (hikoya)
Jek Ritchi

-Men ham shu mamlakatning fuqarosiman va soliq toʻlayman!-qichqirdim men.-Hamma narsani oldingidek qilib tiklab berishlaringni talab qilaman!

-Oʻzingizni bosing, janob Uorren,-dedi serjant Littler istehzo bilan.-Tiklaymiz. Biror nima topish yoki topmasligimizdan qat’i nazar.

U «biror nima» deganda politsiya ikki soatdan beri izlayotgan xotinimning jasadini koʻzda tutgandi.

-Sizlarga qiyin boʻladi!-dedim men.-Qarang, hovlimni rasvo qilib tashladinglar! Odamlaringiz butun bogʻimni agʻdar-toʻntar qilib tashlashdi! Uy oldidagi gulzorni qarang! Endi esa yertoʻlamni kavlashmoqchi!

Ammo oshxonamda qulaygina joylashib olgan Littler kinoya bilan «hm» deb qoʻydi va luqma tashladi:

-Qoʻshma Shtatlarning hududi uch million yigirma olti ming yetti yuz sakson toʻqqiz kvadrat milga teng.

Gap ohangidan uning bu raqamlarni aynan mana shunday holatlar uchun yodlaganini sezish mumkin edi.

-Gavayi va Alyaskani ham qoʻshib hisoblagandami?-soʻradim men kesatib.

Serjant e’tiborsiz qoʻl siltadi.

-Ularni hisobga olmasa ham boʻlaveradi. Togʻlar va tekisliklar, shahar va sahrolar, daryo va koʻllar yetadi... Ammo bir narsa aniq-statistikaga qaraganda, xotinini oʻldirganlar jasadni aksariyat hollarda uyi yaqiniga berkitishadi.

«Albatta», oʻyladim men. «Juda ishonchli-da. Jasadni, masalan, oʻrmonga koʻmsang, ertami-kechmi kimdir topib olishi mumkin. Ha, statistika bilan bahslashib boʻlmaydi».

-Hovlingiz maydoni qancha?-zaharxandalik bilan soʻradi Littler.

-Yuz ellikka olti yuz fut. Bogʻni shu holga keltirguncha qancha ter toʻkkanimni bilasizmi oʻzi? Odamlaringiz bogʻni kavlab tashlashdi.

-Janob Uorren, tez orada sizni bogʻ emas boshqa jiddiyroq narsa tashvishlantirmasa deb qoʻrqaman.

Men derazadan tashqariga qaradim. Detektiv Chilton rahbarligidagi guruh hovlining orqa tarafini oʻra qilib tashlayotgandi.

Meni kuzatib turgan Littler bosh silkidi.

-Ishonavering, biz oʻz ishimizni yaxshi bilamiz. Butun bogʻingizni kavlab chiqamiz, kamin ichidagi kulni tekshiramiz...

-Biz moyli isitgich ishlatamiz,-uning gapini boʻldim men.-Menga qarang, men xotinimni oʻldirganim yoʻq va uning qaerda ekanligini ham bilmayman.

-Uning yoʻqligini qanday izohlaysiz?

-Hech qanday izohim yoʻq. Tunda narsalarini yigʻishtirib, xayr-ma’zurni nasiya qilib joʻnab qolgan. Aksariyat kiyimlari yoʻq boʻlib qolganini sezgandirsiz?

-Uning qanaqa kiyimlari boʻlganini men qaerdan bilaman?-Littler Emilining suratiga koʻz tashladi va peshonasini tirishtirdi.-Janob Uorren, rostini ayting, unga nima uchun uylangansiz?

-Tabiiyki, sevganim uchun!

Agar xotinimning suratini koʻrganingizda edi, serjant nima uchun menga ishonmayotganini darhol tushungan boʻlardingiz.

-Bilishimcha, uning hayoti yuz ming dollarga sugʻurta qilingan. Sizning foydangizga.

-Xoʻsh, nima boʻpti?-Toʻgʻri, sugʻurta ham ahamiyatga ega edi, ammo Emilidan uning mingʻir-mingʻirlaridan zerikkanim uchun voz kechgandim.

Men unga turmush qurishni taklif qilganimda, toʻgʻrisini aytish kerak, ishq-muhabbatdan yonib-kuymayotgandim. Nima uchun unga ilakishib qolganimni soʻramoqchimisiz? Oʻzim ham bilmayman. Menimcha, boʻydoqlik qirqdan oʻtgan erkakning joniga tekkach shunday qilsa kerak. Ikkimiz bitta firmada ishlardik: men bosh hisobchi, Emili kotiba edi. Kamtar, uyatchan, tuzukroq kiyinishni ham bilmaydigan, ikkita soʻzni bir-biriga qoʻshib aytolmaydigan bu qizning aqli ham faqat ayollar jurnallarini oʻqishgagina yetardi, bu ham ba’zi-ba’zida. Qisqasi, nikohga foydali bitim sifatida yondashadigan erkak uchun mos qiz edi.

Bu xurliqo qonuniy xotinim boʻlgach, yarim yilda shallaqi va doim hech narsadan qoniqmaydigan mavjudotga aylanganini koʻrib hayratdan yoqa ushlab qoldim.

-Munosabatinglar qanday edi?-soʻradi Littler.

«Juda yomon», oʻyladim ichimda, ammo boshqacha javob qaytardim:

-Janjallashib turardik. Boshqa oilalarda boʻlgani kabi.

-Qoʻshnilaringiz esa sizlar tinmay janjallashganinglarni aytishdi.

Qoʻshnilar bu -Fred va Vilma Triberlar. Uyimiz burchakda joylashgani uchun ular mening yagona qoʻshnilarim, Morrislarning hovlisi ancha uzoqda boʻlgani uchun Emilining shangʻillashlarini ular eshitishmasdi. Yana bilib boʻlmaydi. Xotinimning vazni ortgani sari uning ovozi ham oʻtkirlashib borayotgandi.

-Triberlar sizlarning deyarli har oqshom baqir-chaqir qilganinglarni eshitishgan.

-Avval oʻzlariga boqishsin. Ular faqat xotinimning ovozini eshitishgan, men hech qachon baqirmaganman.

-Xotiningizni oxirgi marta juma kuni kechki payt olti yarimlarda koʻrishgan.

Ha, u doʻkondan muzlatilgan tovuq olib kelgandi. U shundan boshqa ovqatni eplay olmagani uchun nonushta va kechki ovqatni oʻzim tayyorlar, tushlikni esa ishxonada qilardim.

-Shaxsan men Emilini oxirgi marta uxlashga yotayotganimda koʻrganman. Ertalab qarasam, u yoʻq ekan.-Yertoʻlada yer oʻyadigan uskunaning ovozi eshitildi va men eshikni yopdim.-Aytgancha, agar sir boʻlmasa, guvoh kim?

-Triber xonim.

Vilma bilan Emilining oʻrtasida hech qanaqa farq yoʻq. Ikkalasi ham tovuqmiya ayollar. Koʻzlari nimagadir doim yoshlanib yuradigan Fred esa tuzuk erkak. Buning ustiga, shaxmatni yaxshi oʻynaydi va meni qat’iyatli ekanligim uchun hurmat qiladi.

-Oʻsha tunda,-gapida davom etdi Littler,-janob Triber uyingizda dahshatli chinqiriqni eshitgan.

-Dahshatli?

-U shunday dedi.

-Shunaqami? Vilma ham eshitgandir?

-Yoʻq, u uxlayotgan boʻlgan.

-Morrislar ham bu «dahshatli» chinqiriqdan uygʻonib ketishibdimi?

-Yoʻq, ularning uyi sizning uyingizdan ancha uzoqda.-Littler choʻntagidan trubkasini oldi.-Triber xotinini uygʻotmoqchi boʻlgan, ammo keyin fikridan qaytgan. Oʻzi esa uxlay olmagan. Tungi ikkilarda esa gʻalati tovushni eshitgan. U deraza oynasidan qarab, bogʻda chuqur kavlayotganingizni koʻrgan. Shunda u xotinini uygʻotgan, shunday qilib bizda naqd ikkita guvoh bor.

-Ha, shular yetkazibdi-da!

-Ha. Bunaqa katta quti sizga nima uchun kerak boʻlib qoldi?

-Boshqasi topilmadi. Baribir bu quti tobut uchun kichiklik qiladi.

-Triber xonim ertasiga kun boʻyi shu haqda oʻylagan. Siz xotiningiz «bir oz muddatga» ketganini aytganingizdan keyin u siz xotiningizni... boʻlaklarga boʻlib koʻmib yuborganingizga ishonch hosil qilgan.

-Emilining oʻrniga nima topdinglar?

-Mushuk jasadini,-mingʻirladi Littler.

-Tushunarli,-bosh silkidim men.-Demak, meni oʻlgan mushukni oʻz bogʻimda koʻmganim uchun jinoyatda gumon qilyapsizlar.

-Janob Uorren, siz dastlab biror narsa koʻmganingizni rad qilayotgandingiz.

-Men qaerdan bilay, allaqanday mushuk...

-Keyin esa mushuk tabiiy oʻlim topganini aytdingiz.

-Unaqamasmi?

-Bu xotiningizning mushugi. Kimdir uning boʻynini qayirib tashlagan. Bu shundoq ham koʻrinib turibdi.

-Bilasizmi, mening oʻlgan mushukka qaraydigan odatim yoʻq.

-Menimcha, siz xotiningizni bir yoqli qilgach, mushukni ham oʻldirgansiz,-dedi Littler trubkasini silkitgancha.-Chunki u xotiningiz haqida eslatib turardi. Balki mushuk siz jasadni qaerga koʻmayotganingizni koʻrib qolgan, oxir-oqibat esa u bizga yordam...

-Serjant, gapingiz kulgili chiqyapti.

Uning yuzi qip-qizil boʻlib ketdi.

-Mutlaqo! Hayvonlar egasi koʻmilgan joyni kavlagani haqida eshitganmiz.

Littler yer kavlaydigan uskunaning ovoziga quloq soldi.

-Bizga odam yoʻqolgani haqida xabar berishsa, biz bir-ikki hafta kutamiz. Odatda, yoʻqolgan odamning puli tugab, uyiga qaytadi.

-Unda kutish uchun sizlarga nima xalaqit berdi? Ishonchim komil, bir necha kundan keyin Emili qaytadi. U oʻzi bilan yuz dollar olib ketgan, xolos.

Serjant inkor ma’nosida bosh chayqadi.

-Ayol yoʻqolib qolganida eri tunda yer kavlasa biz kutib turolmaymiz.

Men ham kutib turolmasdim. Axir Emilining jasadini bir umr saqlab turolmayman-ku. Shuning uchun Triberlar oldida mushuk sahnasini oʻynashimga toʻgʻri keldi.

-Shuning uchun hamma yoqni kavlab tashlabsizlar-da? Ogohlantiraman, har bir tosh, maysa, gʻisht va boshqa narsalar oʻz oʻrniga tiklanmasa javob berasizlar!

Littler yelkasini qisdi.

-Bundan tashqari, gilamda qon izlarini aniqladik.

-Bu mening qonim.-Men bint bogʻlangan qoʻlimni uning burniga tiradim.-Qoʻlimni kesib oldim.

-Siz buni oʻzingizni oqlash uchun ataylabdan qilgansiz.

U haq edi.

Shu payt Triberga koʻzim tushib qoldi-u panjaraga suyangancha ishchilarning «buzgʻunchilik faoliyati»ni tomosha qilib turardi.

-Anavilarga bir-ikkita shirin gapim bor!

Tuproq uyumlariga qoqilib, oʻralardan sakrab-sakrab Littler ikkimiz Triberning yoniga keldik.

-Yaxshi qoʻshni ekansiz!-dedim tishlarimni gʻijirlatib.

U yutindi.

-Albert, ishoning, shaxsan men sizdan shubhalanayotganim yoʻq, ammo Vilmani bilasiz-ku.

-Shu daqiqadan boshlab shaxmatni esdan chiqaring!-Men Littlerga oʻgirildim.-Xotinimni aynan uyimga koʻmganimni qaerdan oldingiz?

Serjant ogʻzidan trubkasini oldi.

-Juma kuni soat besh yarimlarda siz Myurrey-stritdagi ustaxonaga motor moyini almashtirgani borgansiz. Mexanik kvitantsiyaga spidometr koʻrsatkichi va ish tugagan vaqtni yozgan. Shundan keyin siz atigi sakkiz mil yoʻl yurgansiz. Ustaxonadan garajingizgacha boʻlgan masofa roppa-rosa shuncha chiqadi. Boshqacha aytganda, siz u yerdan toʻgʻri uyingizga qaytgansiz. Shanba kunlari ishlamaysiz. Bugun yakshanba. Demak, juma kuni mashinangizda boshqa hech qaerga bormagansiz.

«Boʻldi, hammasi men oʻylaganday!». Agar politsiya mashinamni tekshirmasa, oʻzim ularga bu fikrni taqdim etmoqchi edim.

-Jasadni atrofdagi birorta tashlandiq joyga koʻmishim mumkinligi haqida oʻylab koʻrmadingizmi?

-Eng yaqin tashlandiq joy uyingizdan toʻrt kvartal narida. Siz jasadni koʻchama-koʻcha sudrab yurmasligingiz aniq. Hatto tun boʻlsa ham.

Triber asta yoʻtalib qoʻydi.

-Kechirasiz, Albert, gulzoringiz payhon boʻlib boʻldi, menga bir-ikkita gulingizdan bermaysizmi?

Men unga yeb qoʻygudek qarab qoʻydim va uyga yoʻl oldim.

Kun botgani sari Littlerning koʻzidagi ishonch soʻnib borardi. Soat olti yarimlarda yertoʻladagi uskunaning ovozi oʻchdi va oshxonada hamma yogʻi tuproqqa belangan detektiv Chilton paydo boʻldi. Uning koʻrinishi horgʻin edi.

-Hech narsa! Mutlaqo hech narsa.

Littler trubkasini mahkam tishladi.

-Aniqmi? Yaxshi qidirdingizlarmi?

-Hamma yoqni titib tashladik,-xirilladi Chilton.-Agar u yerda jasad boʻlganida allaqachon topgan boʻlardik.

Littler menga nigoh tashladi.

-Lekin siz xotiningizni oʻldirganingizni bilaman!!! Sezyapman!

U sezayotgani aniq boʻlsa-da, men faqat sezgisiga tayanib ish koʻradigan odamlarga achinaman.

-Bugun kechki ovqatga qovurilgan jigar yeymiz,-dedim quvnoqlik bilan.-Ishingiz tugadimi?

Xonaga shoshib-pishib detektiv Smit kirib keldi.

-Serjant, men Triber bilan gaplashdim...

-Xoʻsh?!-soʻradi Littler.

-Ma’lum boʻlishicha, koʻl boʻyida janob Uorrenning yozgi kotteji bor ekan.

Qoʻlimdagi jigar tushib ketay dedi. Ahmoq Triber! Doim laqillab yuradi!

-A-ha!-quvonch bilan qichqirdi Littler.-Men nima degandim?! Ular qurbonlarini yaqin-atrofga yashirishadi! Statistika baribir statistika-da!

-Haqqingiz yoʻq!!!-portladim men.-Men u yerga ikki ming dollar sarflaganman. U yerni ham rasvo qilishinglarga yoʻl qoʻymayman!

Littler istehzoli kulimsiradi.

-Chilton, projektorlarni tayyorlang va odamlarni...-u menga oʻgirildi.-Kulbangiz qaerda oʻzi?

-U yerga bormaganimni juda yaxshi bilasiz-ku! Spidometrni tekshirgansiz-ku!

-Koʻrsatkichni orqaga qaytarib qoʻygan boʻlishingiz mumkin. Manzilni ayting?

-Aytdim-ku!

-Nima, yoqmayaptimi? Yoki bugun u yerga borib jasadni kavlab olib boshqa joyga koʻmmoqchimidingiz?

-Bekor gap! Umuman olganda, konstitutsiyaga koʻra, men gapirmaslik huquqiga egaman.

Littler bir kulib qoʻyib telefonga qoʻl uzatdi va bir ozdan soʻng kottejim manzilini aniqladi.

-Menga qarang!-oʻshqirdim u goʻshakni qoʻyganida.-Buni shunday qoldirmayman! Men... men mergacha boraman!

Littler qoʻllarini ishqalagancha menga koʻz qisdi.

-Chilton, ertaga bu hovlini tartibga keltirib qoʻyishsin.

-Har bitta gul, har bitta maysani, aks holda politsiyani sudga beraman! Shaxsan sizni ham! Umringizning oxirigacha ham qarzingizdan qutulolmaysiz!

Ular shoshilib chiqib ketishdi, ammo mening kayfiyatim tushib ketgan edi.

Roppa-rosa yarim tunda eshigim taqilladi. Eshikni ochdim. Ostonada Triber turardi.

-Albert, men...

-Nimaga ularga kottej haqida gullab qoʻyding?!

-Kechir. Bilmasdan ogʻzimdan chiqib ketibdi.

-Ular hamma yoqni kavlab tashlashadi. Shuncha mehnat... Mayli, boʻlar ish boʻldi. Vilma uxlayaptimi?

Fred bosh silkidi.

-Zambarak otsang ham uygʻonmaydi.

Men paltomni kiydim va biz Fredlarning yertoʻlasiga tushdik. Emilining jasadi oʻsha yerda, eski brezent tagida turardi.

Uni xuddi bomba tushgandek ahvolga kelib qolgan yertoʻlamga olib keldik va eng chuqur oʻraga joylab, ustidan tuproq tashladik.

-Uni topa olmasliklariga ishonching komilmi?-soʻradi Fred tashvishli ohangda.

-Yuz foiz. Bu yerni boshqa kavlashmaydi.

U menga tikildi.

-E Xudo, nahotki men bir yil kutaman?

-Boshqa ilojing yoʻq. Lekin Vilmangni asfalasofilinga joʻnatganingdan keyin qidiruv tugaguncha u mening yertoʻlamda turib turadi. Politsiya endi mening uyimga qaytib bosh suqmaydi, ammo sening hovlingni tit-pitini chiqarib tashlashlari aniq. Statistika bilan bahslashib boʻlmaydi.

-Jin ursin statistikasiniyam! Undan nima foyda!-Fred boshini saraklatdi.-Nimayam derdim, tanga tashlaganimizda sen yutding. Halol boʻldi.-U chuqur uf tortdi. -Albert, sen jiddiy aytdingmi?

-Nimani?

-Shaxmatni. Men bilan qaytib shaxmat oʻynamasligingni aytding. Nahotki shu gaping rost boʻlsa?

Ertaga kottejim qanday ahvolda boʻlishi koʻz oldimga keldi va men «ha» demoqchi boʻldim. Ammo u koʻzimga moʻltirab qarab turardi...

-Nima deyapsan! Albatta, yoʻq.

Quvonchdan Fredning koʻzlari porlab ketdi.

-Unda men yugurib shaxmatni olib chiqay.