OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJeyms Grem Ballard
Asar nomiEng yaxshi istak barbodi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Jeyms Grem Ballard
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonBolta Yoriev
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Xurshid Davron tahriri ostida


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eng yaxshi istak barbodi (hikoya)
Jeyms Grem Ballard

Doktor Jeymison ayni tush payti Londonga yetib keldi. Shaharga eltuvchi barcha yoʻllar esa ertalabki soat 6 dayoq bekilgan edi. Odatda boʻlganidek, yosh qirolning taxtga oʻtirish, ya’ni toj kiyish kunida odamlar marosim boshlanishidan bir kun oldin qirol korteji oʻtadigan butun yoʻl boʻylab oʻrin ola boshlashdi. Doktor Jeymison «Rits» mehmonxonasi yonidagi metro bekati tomon oʻt-oʻlanlar bosgan nishablikdan yuqoriga koʻtarila boshladi. Grin-Parkda esa yuqoridagi sababga koʻra, biror jonzot qorasi koʻrinmas edi. Daraxtlar osti qarovsiz, turli lash-lushlar sochilib yotardi. Doktor Jeymison metroga yetguncha qora terga botdi, oʻzining kichkina, lekin xiyla ogʻirgina qurol-aslahaga moslangan jomadonini oʻtloqqa qoʻyib, oʻrindiqqa choʻkdi.

Uning qarshisida baland yogʻoch minbarning orqa tomoni turardi. U eng yuqori qatordagi tomoshabinlarning-ochiq yoqali yozgi koʻylakli ayollar, qoʻlidagi gazeta bilan boshini quyoshdan panalab turgan yengi uzun koʻylakli erkaklar, milliy bayroqchalarni silkitib, kuylayotgan bolalarning yelka-boshlarini koʻrib turardi. Odamlar butun Pikadilli boʻylab idora derazalaridan boqib, tokchalardan egilishib, oʻzaro suhbatlashishar, endi koʻchaning oʻzi ham nur va tovush aralashmasiga aylanib ketgan edi. Goh u, goh bu tomondan uzoqroqdan orkestr sadosi yoki qaysi bir ofitserning askarlarni yoʻlning ikki yoniga saf tortishi yoki safni almashtirishga undovchi buyrugʻi eshitilib qolardi.

Doktor Jeymison bularni qiziqish bilan tinglab, quyosh taftini ham unutganday boʻldi. U 65 yoshlarga yaqin, oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan kishi edi. Sochlari ham endi oqara boshlagan, oʻynoqi, sergak koʻzlari esa atrofda roʻy beruvchi har qanday narsani ilgʻayotir edi. Uning qiyofasida olimona koʻrinish boʻlsa-da, keng peshonasi nishabligi tufayli, oʻz yoshiga nisbatan ancha kichik koʻrinardi. Ustidagi bashang kulrang kostyumi bu taassurotni yanada kuchaytiradi. Minbar chekkasidagi birinchi yordam chodiridan kimdir chiqib, shu tomon yoʻnalganda, doktor Jeymison uning kiyimi oʻziga yarashmay turganini his qildi va qay bir gʻamgin xayoldan koʻngli buzildi.Soatiga qaradi-da, jomadonni qoʻlga olib, metro bekati tomon jadalladi.

Qirol korteji toj kiyish marosimidan keyin oʻz yoʻlini soat uchda Vestminster abbatligidan boshlashi kerak edi. Shuning uchun ham u oʻtadigan koʻchalarda politsiya allaqachon har qanday harakatni toʻxtatgandi. Doktor Jeymison ikkinchi chiqish yoʻlagidan yuqoriga, Pikadillining shimol tomoniga koʻtarildi-da, koʻplab idoralar va mehmonxonalar joylashgan baland binolarga sinchiklab razm soldi, qaysi birlarini tanib olib vaqti-vaqti bilan ularning nomini ichida takrorlar edi.

Yoʻlakda tigʻiz turgan odamlarga qiyinchilik bilan urinib-surinib, buning ustiga, temir qoplama jomadoni tizzasiga urilganda ogʻriq tortib, Bondstritgacha yetib bordi. Qarshisida Pikadilli tomon kelayotgan odamlar oqimi unga ajabsinib qarab qoʻyishardi. Nihoyat, u mashinaga chiqqandan keyingina oʻzini yengil his qildi. Haydovchining yordamini rad etib, jomadonini oʻzi kabinaga qoʻydi va oʻtirar ekan:
-«Uestlend» mehmonxonasiga, -dedi.

Haydovchi unga yarim oʻgirilib soʻradi:
-Qaerga dedingiz?
-«Uestlend», -deya takrorladi doktor Jeymison, oʻz gapirish tarzini, iloji boricha, haydovchinikiga muvofiqlashtirishga harakat qilib. Chunki bu yerdagilarning nutqi u kelgan joydan ancha boshqacharoq ekanini sezib qolgan edi. - Oksford-stritda, Marbl-Archdan yuz ellik yard sharqda. Menimcha, u yerga qoʻshimcha kirish joyi Grouvenor-pleys tomondan.

Haydovchi unga diqqat bilan nazar tashladi-da, ma’qullab bosh silkidi. Mashina qoʻzgʻaldi.
-Toj kiyish marosimini koʻrgani keldingizmi?
-Yoʻq,-beparvolik bilan dedi doktor Jeymison. -Ish bilan. Bor-yoʻgʻi bir kunga.
-Men kortejni koʻrmoqchisiz deb oʻylabman. «Uestlend» dan hammasi juda yaxshi koʻrinadi.
-Ha, shundayga oʻxshaydi. Imkoniyatim boʻlsa, albatta, koʻraman.

Ular Grouvenor xiyoboniga burilishdi. Doktor Jeymison jomadonni oʻrnidan qoʻzgʻab, ustalik bilan ishlangan pinhona temir qulflarini jiddiy koʻzdan kechirdi va ular qopqoqni mahkam tutib turganligiga ishonch hosil qildi. Soʻngra xotiralar toʻlqini qoʻzgʻagan hissiyot tugʻyonini bosishga intilib, atrofdagi binolarga qaray boshladi. Biroq hammasi uning xotirasidagiday emas edi. Oʻzini bugunidan orqaga qarab uzoqlashtirgan yillar eski taassurotlarni yodga solar edi. Uzoqlarga ketuvchi koʻchalar, tartibsiz binolar, qayoqqa qarama, koʻplab xilma-xil ma’nisiz reklamalar, bularning hammasi tamoman yangi edi. Shahar benihoya eski andozali va turli uslubli hamda unda qachonlardir oʻzi yashaganini tushunishi qiyin tuyulardi.

Nahotki, qolgan barcha xotiralari ham uni aldasa?

Birdaniga chehrasi yorishgan holda oldinga egildi, hozirgina yonidan oʻtganlari Amerika elchixonasining nafis oʻyma devorli binosi uning shubhasini yozdi.

Haydovchi uning kutilmagan qiziqishiga e’tibor berdi.
-Yankilarning qoʻlidan kelgani shu-da, -dedi u, sigaret kukunini qoqar ekan. -Nima ekanligini ham tushunib boʻlmaydi.
-Shunaqa deb oʻylaysizmi? -dedi doktor Jeymison. -Bu fikringizga koʻpchilik qoʻshilmasa kerak.

Haydovchi kulib yubordi.
-Xuddi shu yerda xato qilasiz, mister. Men haligacha biror kishidan bu daxmaza haqida yaxshi soʻz eshitmadim. - Haydovchi yoʻlovchining koʻnglini ranjitgisi kelmagandek yelka qisib qoʻydi. - Tagʻin kim biladi... Ehtimol, buni qurgan me’mor oʻz davridan oʻzib ketgan odam boʻlsa kerak.

Doktor Jeymison bu gapga javoban yengil tabassum qildi.
-Balki, -dedi u haydovchidan ham koʻra oʻziga qarata. -Naq oʻttiz besh yilga. Vaqti kelib bu arxitektura haqida odamlar juda yuksak fikrda boʻlishadi.

U yana yengil manqalanib gapirayotganini sezmay qoldi. Shunda haydovchi soʻradi:
-Siz xorijlik emasmisiz, ser? Yangi Zelandiyalik emasmisiz?
— Yoʻq, -deb javob qaytardi doktor Jeymison va endi koʻchalarda transport harakati chap tomonlama ekanligiga e’tibor berdi. -Toʻgʻri, Londonda boʻlmaganimga ancha boʻldi. Lekin kelish kunini yaxshi tanlabman, shekilli.
— Mana bu gapingiz toʻgʻri boʻldi, ser. Shahzoda uchun bugun haqiqiy bayram, Aslida qirol uchun deyishim kerak edi-yu, ammo, Qirol Yakov III deb aytisha hali koʻnikkanimiz yoʻq-da. Ammo unga yaratgandan omad tilaymiz.

Doktor Jeymison qoʻlini jomadon ustiga qoʻyganicha yarim ovozda boʻlsa-da, joʻshqinlik bilan javob qaytardi:
-Siz haqsiz, iloyim, baxtli boʻlsin.

U mehmonxonaga orqa eshikdan kirdi va kichkina vestibyulda toʻplanib qolgan odamlar ichiga tushib qoldi. Qulogʻida hamon Oksford-strit shovqini bosilmaganday edi. Besh daqiqacha kutib turdi-da, soʻng mehmonxona xizmati joylashgan peshtaxta tomon yurdi. Jomadoni ogʻirligidan qoʻli uyushib borar edi.
— Doktor Rejer Jeymison, - deb oʻzini tanitdi. - Bu yerda men uchun ikkinchi qavatdan xonaga buyurtma berilgan.

Xizmatkor roʻyxatlar jurnalidan yozuvni izlay boshladi. Doktor esa atrofdagilar shovqiniga quloq tutib, peshtaxtaga suyandi. Bu yerdagilarning koʻpchiligi yaltiroq koʻylakli oʻrta yashar baqaloq ayollar edi. Ular toʻxtovsiz bidirlashib telivizor turgan xolga oʻtishardi: soat ikkidan boshlab Vestminster abbatligida oʻtkaziladigan taxtga chiqish marosimining namoyishi boshlanadi. Doktor Jeymison ularga e’tibor bermay, boshqalarni - oʻz ishini tugatgan ofitsiantlar, xat tashuvchilar, yuqori qavatlarda tantanali ziyofat uyushtirishga hozirlik kshrayotgan xizmatchilarni kuzata boshladi. U har bir kishiga, xuddi biror tanishini uchratib qoladigandek razm solardi.

Xizmatchi enkayganicha jurnal sahifalariga tikilib aytilgan nomni axtarar edi.
— Xona sizning nomingizga buyurtma qilinganmidi, ser?
— Shunday boʻlishi kerak. 17-raqamli, burchakda.

Roʻyxatchi ishonchsizlik bilan boshini sarak-sarak qildi.
— Oʻylashimcha, qandaydir xatolik yuz bergan, bizda hech nima qayd qilinmabdi. Ehtimol, siz biron-bir ziyofatga taklif etilgandirsiz?
— Ishoning, oʻsha 17-raqamli xonaga shaxsan oʻzim buyurtma berganman,-dedi doktor Jeymison jahlini bosishga urinib. U jomadonini ehtiyotlab oyoqlari orasiga oldi. -Bu ancha ilgari boʻlgan edi, ammo mehmonxona boshqaruvchisi, hammasi joyida boʻladi, deb meni ishontirgan edi.

Oʻyxatchi jurnalni sekin varaqlashga tushdi. Daf’atan, u birinchi varaqning eng yuqorisida vaqt oʻtishi bilan rangi oʻchgan yozuvni barmogʻi bilan turtdi.
— Mana bu yerda ekan, ser. Kechirim soʻrayman. Gap shundaki, uni bu yerga oldingi daftardan koʻchirishgan. «Doktor Jeymison, 17-xona». Juda qulay kunni tanlabsiz, doktor, qarang-a,bu xonaga ropa-rosa ikki yil avval buyurtma bergan ekansiz.

Nihoyat, xonaga oʻrnashgan doktor Jeymison uni ichidan bekitib oldi-da, toliqish bilan krovatga oʻtirdi. Nafas olishi yana maromiga tushib, uyushgan oʻng qoʻli asl holiga kelgach, oʻrnidan turib xonani koʻzdan kechirib chiqdi.

Xona keng edi. Ikkita burchak derazasidan pastdagi odam toʻla koʻcha yaqqol koʻrinib turar edi. Chiy pardalar esa quyoshning keskin nuridan va qarshidagi katta universal doʻkon ayvonida joylashgan yuzlab odamlarning nigohidan himoya qilar edi. Doktor Jeymison devordagi javonlarni, soʻngra yuvinish xonasining zinapoyaga chiqadigan darchasini tekshirdi. Koʻngli tinchigach, keyincha kortejni yaqindan kuzatish mumkin boʻlgan deraza yoniga kresloni surib qoʻydi. Bir necha yuz yard masofadagi koʻcha boʻylab saf tortgan askar va politsiyachilarning har biri aniq koʻrinib turardi.

Butun deraza boʻylab doktor Jeymisonni qiziquvchi nazarlardan yashirib turuvchi keng qizil matoh - mehmonxona devorini bezagan bayram gulchambari oʻrami kesib oʻtgan. Doktor Jeymisonga pastdagi uy devori bilan yogʻoch toʻsinlar orasidan oʻtgan olomonga toʻla yoʻlak juda yaxshi koʻrinib turardi. Oʻramni, uning quyi qismi bilan deraza tokchasi orasini bor-yoʻgʻi olti dyumcha qoldirib tortib qoʻydi-da, kresloga qulayroq oʻrnashib oldi va shoshilmay olomon orasidan odamlarni bir-bir qarab chiqa boshladi.

Koʻrinishidan, hech kim unda alohida qiziqish uygʻotmadi va u asabiy holatda soatiga qaradi. Soat ikkigacha bor-yoʻgʻi bir necha minut qolgan edi, ehtimol, boʻlajak qirol Bukengem qasridan Vestminster abbatligi sari allaqachon yoʻlga chiqqandir ham. Olomondagilarning koʻplari oʻzlari bilan radiotranzistor olib olishgan va, nihoyat, abbatlikdan reportaj berila boshlanishi bilan odamlarning gʻala-gʻovuri tindi.

Doktor Jeymison oʻrnidan turib, yana krovat yoniga bordi va choʻntagidan kalitni oldi. Jomadondagi qulflar maxfiy edi. Bir necha marta kalitni chapga, soʻng oʻngga buradi, bosgan edi qopqoq ochildi.

Jomadonda uzoqqa otishga moʻljallangan ov miltigʻining qismlari va olti patronli oʻqdon oʻrab-oʻrab qoʻyilgan edi. Temir qoʻndoq olti dyumga qisqartirilgan va qiyalantirilgan boʻlib, shu tariqa uni yelkaga qoʻyib, 45 gradus burchakdan otish imkoni yaratilgan edi.

Doktor Jeymison detallarni qisqichlardan bir-bir boʻshatib, miltiqni tezda terib chiqdi va qoʻndoqqa mustahkam oʻrnatdi. Oʻqdonni oʻrnatib, zatvorni orqaga tortdi va patronni otishga moʻljallab yuqoriga joyladi.

Derazaga orqa turib, krovatda oʻqlanib yotgan miltiqqa bir muncha vaqt qarab turdi. Qoʻshni xonalardan eshitilayotgan mast-alast baqiriqlar va koʻchadagi olomon shov-shuvi bir zum boʻlsin tinmasdi. Tasodifan nimadir doktor Jeymisonning ruhini tushirib yuborganday boʻldi, hlzir uni kimdir koʻrganida edi: doktorning yuzidagi jur’at va qat’iyatni batamom yoʻqolganini , endi u oʻzidan boshqa hamma uchun bayram bilan chulgʻangan bu begona shahardagi mehmonxona xonasida yolgʻiz, doʻst-yoronlarsiz, holdan toygan cholga aylanib qolganiga guvoh boʻlardi. U miltiq yotgan toʻshakka oʻtirdi, roʻmolcha bilan qoʻlllaridagi moy yuqini arta boshladi. Bu paytda xayollari uzoq-uzoqlarda edi. U zoʻrgʻa oyoqqa turdi va bu yerga qanday kelib qolganidan hayron boʻlganday, atrofiga parishon nazar tashladi.

Lekin darhol oʻzini qoʻlga oldi. Miltiqni tezgina boʻlaklab, har bir qismni jomadonga avvalgi tartibda joylab chiqqach, qopqoqni yopdi. Jomadonni stol tortmasining eng pastki qismiga joyladi-da, kalitni yonidagi toʻpga qoʻshib qoʻydi. Xonadan chiqayotib, eshikni mahkamlab yopdi va dadil qadamlar bilan mehmonxonadan chiqib ketdi.

Grouvenor-pleys boʻylab ikki yuz yard yurgach, odatda koʻplab kichik-kichik doʻkonchalaru yemakxonalari bilan jonlanib turuvchi Xallam-stritga tomon burildi. Vitrinalar ustidagi yoʻl-yoʻl chodirlar quyoshda yorqin tovlanib turar, ammo endi koʻcha shunchalik boʻm-boʻsh edi, xuddiki qirol kortejini kuzatayotgan olomondan uni ulkan masofa ajratib turganday edi. Doktor Jeymison oʻziga ishonch qaytib kelayotganini his etdi. Taxminan har oʻn yard yurib tent ostida toʻxtar va doʻkon ustidagi darchadan xirillab eshitilayotgan uzuq-yuluq telereportajni tinglagancha boʻm-boʻsh yoʻlaklarga nazar tashlar edi.

U Xallam-stritning yarmini bosib oʻtib, yoʻlakda oʻnta stol qoʻyilgan kichkina qahvaxona oldida toʻxtadi Tent soya tashlagan bu stollardan biriga oʻtirdi-da, choʻntagidan qora koʻzoynagini olib taqqach, qulayroq joylashib oldi va xizmatkorga yaxlatilgan apelsin sharbati buyurdi-da, bamaylixotir icha boshladi. Qalin gardishli qora koʻzoynakda uni tanish qiyin edi. Koʻcha jimjit, faqat Veytminster abbatligida vaqti-vaqti bilan tadbir bosqichlari biri boshqasi bilan almashgan tartibda Oksford-stritdan qarsaklar portlashi va tabrik xitoblari eshitilib turar edi...

Televizorlardan abbatlikda tantana yakunlangani va toj kiyish marosimi nihoyasiga yetgani toʻgʻrisida xabar berilib, organning ohista ohanglari havoda suza boshlaganda, doktor Jeymison chap tarafda qadam ovozlarini eshitdi. Burilib qaradi-da, qoʻl ushlashib kelayotgan oppoq kiyimli yigit-qizga koʻzi tushdi. Ular juda yaqin kelgach, yoshlarni yaxshiroq koʻrish uchun koʻzidan qora koʻzoynagini oldi, soʻng shoshib yana uni qayta taqdi-da, yuzini qoʻli bilan bekitib,butun gavdasi bilan stolga tayandi.

Yoshlar bir-birlari bilan tamoman band boʻlganlari uchun, oʻzlarini zimdan kuzatib turishgani mutlaqo sezishmadi. Yoʻqsa, xuddi shu paytda biron bir kishining doktor Jeymisonga koʻzi tushganida edi, uning behad hayajonga tushganini bilib olar edi. Yigit 28 yoshlarda boʻlib, egnidagi kostyumi qomatiga mos kelmay,qopdek osilib turardi. Jeymisonning e’tibor berishicha, Londonda hozir hamma shunday kiyinar ekan. Yigitning uzun yoqali koʻylagiga rangini yoʻqotgan galstuk e’tiborsiz taqilgan, koʻkrak choʻntagining birida ikkita avtoruchka, boshqasida kontsert dasturiga taklif qogʻozi chiqib turar edi. Uning butun qiyofasida universitet yosh oʻqituvchisining xushyoqim bamaylixotirligi namoyon edi. Chiroyli yuzi ustida peshona orqaga tortilgan, siyraklashgan qora sochlari pala-partish silab qoʻyilgan edi. Yigit qizning yuziga tikilar, unga boʻlgan tuygʻusini yashirmas, uni diqqat bilan tinglar, faqat ba’zi-ba’zida xitob yoki qisqa luqmalar bilangina uning gapini boʻlib turar edi.

Doktor Jeymison ham endi qizga nazar tashladi. Shu bilan birga, yigitdan ham koʻz uzmadi, uning har bir harakatidan va yuzidagi oʻzgarishlardan koʻz uzmas edi. Kishilar faqat oʻzining oynadagi aksigagina shunday tikilib, diqqat ila sinchkovlik bilan kuzatishi mumkin. Uni toʻlaqonli yengil tortish hissi qamrab oldi va quvonchdan oʻrnidan sapchib turib ketishiga bir baxiya qoldi. U oʻz xotiralari oldida qoʻrquv hissini tuyar, lekin amalda qiz u yodiga keltirganidan ham koʻra yanada chiroyliroq edi. U koʻp deganda 19-20 yoshlarda boʻlib, boshini baland koʻtarib va sal orqaga tashlab borar, shamol ham oftobda toblangan yelkasidagi uzun somonrang sochlarini silkitib oʻynar edi. Uning toʻkis lablari juda harakatchan, shodonlikdan nurlangan koʻzlari esa yigitga mugʻombirona boqar edi.

Ular qahvaxonaga yaqinlashgach, qiz ehtiros bilan nimadir deb shivirlay boshladi,ammo yigit uning gapini boʻldi:
— Shoshma, Jun, men sal nafasimni rostlab olay. Bir pasgina oʻtiramiz-da, biror narsa ichamiz. Kortej Marbl-Archga kamida yarim soatdan keyin yetib keladi.
-Bechora qariyaginam, men seni rosa sillangni quritibman-da?

Ular doktor Jeymison yonidagi stolga oʻtirishdi. Endi qizning ochiq qoʻlini bir necha dyumgina ajratib turardi. Doktor yana hissiyotga gʻarq boʻlib, uzoq yoshlikdagi qiz tanasining shaffof boʻyini esladi. Uni xotiralar chulgʻab oldi: Ha, bu aynan uning nozik va ravon qoʻllari, bu oʻsha, xuddi hozirgidek oldinga choʻzilgan yoqimtoy iyagi va xuddi hozirgidek keng oq yubkasi ostidagi tizzasini xuddi shunday silab-silab qoʻyishlari.
— Kortejni koʻrmasak ham nima boʻpti. Bugungi kun - qirolniki emas, meniki.

Yigit jilmaydi va joyidan turmoqchi boʻlganday harakat qildi.
— Gaping rostmi? Demak, bugun hammani aldashibdi-da. Sen oʻtirib tur, men hozir borib, kortejning yoʻlini oʻzgartirib, aynan shu yerga kelishlarini buyurib kelaman,- yigit stol ustidan engashib, qizning qoʻlini tutdi va uning barmogʻidagi nafis brilliantga diqqvt bilan qaradi. – Xudo biladi nima bu oʻzi, uni senga kim sovgʻa qilgan.

Qiz brilliantni oʻpdi.
-«Rits» mehmonxonasi bilan barobar olmos. Yo xudo, men yaqinda turmushga chiqadigan yigitimning ahvolini koʻrib qoʻyinglar . Lekin mukofot bilan kutilmagan moʻ‘jiza roʻy berdi-ya, Rojer, toʻgʻrimi? Toʻrt yuz funt! Sen endi asl boyvachchasan. Faqat qirollik jamiyati uni hech nimaga sarflashga ruxsat bermagani alam qiladi, boʻlmasa, uni Nobel mukofotiday sarflashga tushardik. Xullas, endi Nobel mukofoti olishingni kutishimizgaga toʻgʻri keladi, ana oʻshanda hammasi boshqacha boʻladi.

Yigit kamtarona jilmaydi.
— Qoʻy endi, jonginam, bunga koʻp ham umid bogʻlayverma.
— Yoʻq, sen uni albatta olasan. Axir, sen vaqt mashinasini kashf qilding-ku!

Yigit barmoqlari bilan stolni cherta boshladi.
— Jun, iltimos, buning hammasi boʻlmagʻur gap: men hech qanaqa vaqt mashinasini kashf qilmaganman. - U qoʻshni stolga oʻtirgan yolgʻiz kishini eslab ovozini pasaytirdi; boshqa hech kim atrofda yoʻq edi.- Agar sen buni hammaga aytaversang, meni telbaga chiqarishadi.

Qiz burnini jiyirdi.
— Yoʻq, kashf qilgansan, bundan hech qayoqqa qochib qutila olmaysan! Bilaman, senga bu haqdagi gaplar yoqmaydi, ammo-lekin, oliy matematikanini bir chetga surib qoʻyganda ham, qolgan barchasi buni tasdiqlaydi-ku, shunday emasmi?

Yigit stolga oʻychan tikildi. Endi uning jiddiy yuzida butun aqliy qudrati barq etib turar edi.
— Qandaydir matematik tushuncha koinotdagi nima bilandir muvofiq kelganday bir gap bu. Biz faqat nimalanidir soddalashtirish yoʻlidan bordik,xolos. Hatto shunda ham buni vaqt mashinasi demaganimiz ma’qul. Toʻgʻri, ertaga «Neycher»da mening maqolam paydo boʻlganidan keyin, matbuot gap aynan vaqt mashinasi haqida borayotir deya qattiq turib oladi,ammo hozirgi paytda u yo bu tarzda boʻlsayam vaqt mashinasi meni deyarli qiziqtirmaydi. Agar mening oʻttiz yillik ortiqcha vaqtim boʻlganida edi, bu bilan shugʻullansam arzirdi. Lekin hozircha boshqa muhimroq ishlarim bor.

U qizga tabassum qildi, qiz esa oldinga egilib, nima haqidadir jiddiy oʻyga tolib, yigitning qoʻllarini qoʻliga oldi.
— Menimcha esa, Rojer, sen haq emassan. Sen kashfiyotingni kundalik hayotga tatbiq etish mumkin emas deb hisoblaysan. Olimlarning hammasi shunday deb oʻylaydi. Bir oʻylab koʻr, vaqtni orqaga qaytarib oʻtmishga sayohat qilish-a . Demoqchimanki...
— Buning nimasi qizigʻi? Hozir biz vaqt boʻyicha olgʻa harakat qilyapmiz,toʻgʻrimi? Ammo «ura» deb qichqirish hech kimning xayoliga ham kelgani yoʻq-ku? Koinotning oʻzi vaqt mashinasidan oʻzga narsa emas. Agar toʻgʻri ifodalaydigan boʻlsam, mana shu oʻtirgan joyimizdan kuzatadigan boʻlsak,ya’ni uni tomosha zalida oʻtirgan kabi kuzatadigan boʻlsak, bir yoʻnalishda harakat qilayotganmizni koʻramiz. Yanada aniqroq qilib aytganda, asosan bir yoʻnalishda harakat qilyapmiz. Menga bor-yoʻgʻi faqat bir narsani ilgʻash nasib etdi, ya’ni tsiklotronning ichidagi ayrim qismlar ba’zan teskari tomonga aylanib, oʻzining soʻngsiz qisqa troektoriyalarining yana oʻz yoʻlini qaytadan boshlaydigan oxirgi nuqtasigacha boradi. Bu gap umuman bir haftadan keyin har qanday kishi bugundan ertaga qarab yoʻl oladi va oʻz bobosini oʻldiradi degan gap emas.
-Xoʻsh, oʻldirsang nima roʻy beradi? Yoʻq, jiddiy aytayapman.

Yigit kuldi.
— Bilmayman. Rosti gap, men, hatto, bu toʻgʻrida oʻylashni ham istamayman. Ehtimol, xuddi shuning uchun ham muammo sof nazariy jihatdan ishlab chiqilib hal etilishini istayotgandirman. Agar uni oxirigacha mantiqan oʻylaydigan boʻlsak, mening Xaruelldagi kuzatishlarim notoʻgʻri boʻlib chiqishi kerak. Chunki koinotdagi voqealar (bu juda aniq) vaqtga bogʻliq boʻlmay kechadi va u biz uning orqasidan boqib hamda oʻzimizni unga bogʻlaydigan koʻrish burchagidan boshqa narsa emas. Necha yillardan keyin muammoni, ehtimol, Jeymison paradigmasi deb atashib, sinchkov matematiklar uni hal qilgunlaricha qancha-qancha bobo va buvilar u dunyoga rixlat qilishsa kerak. Sen bilan men esa bizning nevaralarimiz olimlar emas, balki admirallar yoki arxitektorlar boʻlishi uchun gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak.

Yigit gapirar ekan,doktor Jeymison bor kuchi bilan uning qoʻllariga tegib yoki unga soʻz qotib qoʻymaslikka harakat qilib, qizni kuzatar edi. Uning ingichka nafis qoʻllaridagi mayin sepkillar, koʻylak etagi burmalari, oyogʻidagi kichkina, lak bilan boʻyalgan tirnoqlari, -bularning hammasi uning uchun, shubhasiz, oʻz mavjudligining dalil-isboti edi.

U koʻzoynagini oldi va qandaydir soniyalarda yigit bilan nigohlari toʻqnash keldi. Yigit oʻzlarining har ikkalasida ham manglay tortilishi bu qadar oʻxshashligidan hayratlandi, shekilli, doktorga qisqa tabassum qildi. Doktor Jeymisonni unga nisbatan chuqur, qariyb otalarcha mehr chulgʻab oldi. Bu yigitdagi toʻgʻrilik va sodda jiddiylik, bamaylixotirlik va jozibador qoʻpollik uning uchun muhim aqliy ustunlik boʻlib koʻrindi hamda unga nisbatan oʻzida hech qanday hasad sezmadi.

U yana koʻzoynagini taqdi va koʻchaning oxiriga qaradi: uning oʻz rejasini oxirigacha yetkazish niyati yanada qat’iylashdi.

Uy ortidagi shovqin keskin kuchaydi va ikki yosh oʻrinlaridan sapchib turishdi.
— Tezroq, toʻrt yarim boʻlib qolibdi! - deya xitob qildi yigit. Yaqinlashib qolishdi, shekilli.

Ular chopib ketishdi, lekin qiz shippagini toʻgʻrilash uchun toʻxtab, qora koʻzoynakli qariyaga qaradi. Doktor Jeymison oldinga egilib, uning biror narsa deyishini kutdi, lekin qiz koʻzini boshqa tarafga olib qochdi. Doktor yana oʻrniga choʻkdi.

Yoshlar chorrahagacha chopib borishgach, u oʻrnidan turdi va mehmonxonaga qarab jadal odim otdi.

Xonani ichidan qulflab, doktor Jeymison stol tortmasidan jomadonni chiqardi, miltiqni terdi va uni qoʻliga olib, deraza yoniga oʻrnashdi. Kortej endi yaqinginada harakatlanar, marosim boshida parad kiyimidagi askarlar harbiy orkestr musiqasi ostida tantanavor qadam tashlab borar, ulardan keyin qirolning otliq gvardiyasi kelar edi. Olomon havoga serpantinu konfetalarni hovuchlab sochgancha shovqin solar va qutlovli xitoblar aylab qiyqirar edi. Doktor Jeymison oʻram parda chekkasi bilan deraza tokchasi oʻrtasidan quyiga, yoʻlakka tikildi. U oʻsha yerda turgan har bir odamni birma-bir kuzata boshladi va koʻp oʻtmay haligi oq koʻylakli qizni koʻrib qoldi - u oyoq uchida koʻtarilib, olomon ustidan kortejni tomosha qilishga urinar edi. Qiz atrofdagilarga tabassum hadya etar va oldinroqqa oʻtishga harakat qilib, tinmay yigitning qoʻlini tortqilar edi.

Doktor Jeymison bir necha daqiqa qizning har bir harakatini kuzatib boqdi, ammo diplomatiya korpusining dastlabki safi koʻringach, yana boshqalarni, olomon orasidan har bir kishini diqqat bilan kuzata boshladi. Soʻngra choʻntagidan kichkina plastik paket chiqardi va qoʻli bilan iloji boricha yuzidan olisroq tutib, paketning muhrini buzdi. Paket ichidan oniy pishillash bilan yashil rang gaz chiqdi va doktor Jeymison vaqt oʻtishi bilan sargʻayib ketgan gazeta parchasini tortib oldi; u shunday buklangan ediki, faqat erkak kishi surati koʻrinib turar edi.

Doktor Jeymison gazeta parchasini deraza tokchasiga qoʻydi. Suratdagi kishi oʻttiz yoshlarda edi, uning qorachadan kelgan oriq yuzi suvsar tumshugʻini eslatar, bu politsiya tomonidan suratga olingan aynan qandaydir bir jinoyatchi edi. Surat tagida jinoyatchining ismi bitilgan edi: Anton Remmars.

Doktor Jeymison yoʻlakdan koʻz uzmay oldinga egilib oldi. Diplomatiya korpusi oʻtdi, undan keyin ochiq mashinalarda shoyi tsilindrlarini olqishona silkitib vazirlar mahkamasi a’zolari borar edi. Yana qirollik otliq gvardiyasi koʻrindi, oʻsha zahoti odamlarning gʻovur-gʻuvuri kuchaydi: olomon yaqinlashayotgan qirol kortejini koʻrgan edi.

Doktor Jeymison tashvishlanib soatiga qaradi, 3. 45. Yetti minutdan keyin qirol korteji mehmonxona yonidan oʻtadi. Olomon shovqini diqqatni jamlashiga yoʻl bermadi, buning ustiga, qoʻshni xonalarda televizorlarning ham ovozi baland qilib qoʻyilgan edi.

Birdaniga uning barmoqlari tokchaga yopishdi: Remmers!

Pastda, toʻgʻrida, tamaki doʻkoni yaqinida, keng soyabonli yashil shlyapa kiygan kasalmandnamo odam turar, ohorsiz yopingʻichi choʻntagiga qoʻlini solgancha kortejga loqayd boqib turar edi. Doktor Jeymison shiddat bilan miltiqni koʻtardi va oʻsha odamni koʻzdan qochirmagan holda miltiq uchini deraza tokchasiga qoʻydi. Oʻsha odam oldinga tiqilish uchun hech qanday harakat qilmas va yoʻlakka olib boruvchi kichkina peshtoqqa yonma-yon joylashgan tamaki doʻkoni oldida indamay turar edi.

Hayajondan oqarib ketgan doktor Jeymison yana derazadan hammani navbat bilan kuzata boshladi. Uni olomonning shovqin-suroni garang qilib qoʻydi: otliq gvardiya ortidan, ot tuyoqlari dupuri ostida oltin naqshli qirol aravasi koʻrindi. Doktor sinchkovlik bilan Remmersning sherigiga imo qilishini ilgʻab olish maqsadida uni nazardan qochirmas edi. Biroq Remmers avvalgiday choʻntagidan qoʻlini chiqarmay, xotirjam qiyofada qotib turar edi.
-Jin urgir! - soʻkindi doktor Jeymison. -Ikkinchisi qani?

U telbanamo holatda chiy pardani surib qoʻydi-da, qolgan sanoqli daqiqada pastdagi oʻnlab odamlarning fe’l-atvorini bilib olish maqsadida butun aql kuchini va boy tajribasini toʻplab olomonga tikildi .
-Axir, ular ikki kishi boʻlishi kerak edi-ku! -deya oʻziga oʻzi murojaat etib boʻgʻiq gʻudirlandi. - Ikkov edi!

Undan qandaydir ellik yard masofa narida oltin naqshli kareta suyanchigʻiga orqa tashlab yosh qirol oʻtirar va uning yelkasidagi yopingʻich quyoshda lovillab tovlanar edi. Bir necha daqiqa doktor Jeymison undan koʻz uzolmay qoldi, keyin birdan Remmersning doʻkon yonida yoʻqligini sezib qoldi.

Endi Remmers oʻzining oriq oyoqlari bilan olomonning orqa saflari boʻylab qutirgan qoplonday u yoqdan bu yoqqa zir yugurar edi. Olomon yana oldinga tashlanganini koʻrgan Remmers toʻsatdan yopingʻichining chuqur choʻntagidan moviy termosni chiqardi-da, tezkor harakatlar bilan uning qopqogʻini buray boshladi. Qirol karetasi endi uning toʻppa-toʻgʻrisida edi va u chaqqonlik bilan termosni oʻng qoʻliga oldi; termosning ichiga tiqilgan temir portlatgich dikkayib turar edi.
— Demak, bomba Remmersda ekan-da!- deb yubordi doktor Jeymison sarosimaga tushib.

Remmers oʻzini sal orqaga tashlab, tajribali granatomyotchiga xos harakat bilan oʻng qoʻlini iloji boricha orqaga olib bordi va bombani uloqtirishga kirishdi. Ammo miltiq mili allaqachon unga qadalgan va doktor Jeymison uning koʻksini nishonga olib, Remmersning qoʻlidan bomba ajralib chiqishiga daqiqalik fursat qolganda tepkini bosdi. Oʻsha zahoti qoʻndoqning yelkasiga zarb bilan urilishi tufayli oʻzi ham agʻnab tushdi. Remmers ikki bukilgancha tamaki doʻkoni tomon qulay boshladi. Shunga qaramay, bomba xuddi mohir hoʻqqovoz otganday, osmonga balandlab uchib borardi. U Remmersdan bir necha yard naridagi yoʻlakka, qirol karetasi izidan yoprilgan olomonning oyogʻi ostiga tushdi.

Soʻngra u portladi.

Koʻzni qamashtiruvchi oʻt chaqnab, toʻrt tomonga tutun va chang toʻlqini urildi. Deraza oynalari butunlay uchib tushdi va sakrab turgan doktor Jeymisonning oyoqlari ostiga tushib parchinlandi. Polni oyna siniqlari va portlash toʻlqini maydalagan devorga yopishtirilgan plastika boʻlaklari qopladi, doktor Jeymison ularga tayrinib ketib, kresloga koʻndalangiga quladi; shu bilan birga, koʻchada odamlar qichqirigʻi ohu vohlar bilan almashdi, shunda u oʻzini tutib olib derazaga yaqin bordi va havoda yoyilgan tutun qoplagan tashqariga qaradi. Odamlar oʻzini har tomonga urar, otlar bosh yalang qolgan egalariga boʻysunmay osmonga sapchir edi. Oʻn-oʻn besh kishi shundoq deraza tagidagi yoʻlakda yotar va ba’zilar oʻtirgancha nima sodir boʻlganini anglamay qotib qolgan edi. Bir gʻildiragidan ayrilgan qirol karetasini ot oldingaga sudrab borar, uni otliq gvardiya va askarlar toʻrt tomondan oʻrab olishga urinishar edi. Koʻchaning qarama-qarshi tomonidagi mehmonxona tarafga bir necha politsiyachi yugurib kelardi va doktor Jeymison kimdir uni koʻrsatib, nimalardir deb baqirayotganini koʻrib qoldi.

U pastdagi yoʻlak chetiga qaradi, u yerda oq koʻylakli qiz gʻalati tarzda oyoqlarini bukib qimirlamay yotardi. Hamma yogʻi yirtilgan kamzulli yigit uning yonida tiz choʻkib oʻltirar, qizning yuzi yigitning dastroʻmoli bilan yopib qoʻyilgan va dastroʻmolni asta-sekin qora dogʻ qoplab borar edi.

Koridordan gʻala-gʻovur eshitildi. U eshikka burildi. Oyogʻi ostida portlash toʻlqini uloqtirgan rangi oʻchgan gazeta parchasi yotardi. Doktor Jeymison tezlik bilan uni qoʻliga olib, koʻz yugurtirdi-da, afti bujmayib ketdi.

Qirol Yakovga Suiqasd

Oksford-stritda bomba portlashidan 27 kishi halok boʻldi.

Ikki kishi politsiya tomonidan otib oʻldirildi.

Siyoh bilan quyidagilar ajratib chizib qoʻyilgan edi: «Oʻlganlardan biri Anton Remmers, professional qotil, yollangan deb taxmin qilinayotgan ikkinchi terrorchi Remmersdan ancha qari kishi; jasadi oʻqdan dabdala boʻlgani sababli uning shaxsini politsiya aniqlay olmadi».

Eshikni mushtlay boshlashgan edi. Kimdir nimalardir deb tinmay baqirardi, soʻng eshikning ushlagichini tepa boshlashdi. Doktor Jeymison gazeta parchasini tashladi-da, derazadan pastga, hamon avvalgiday qizning boshida tiz choʻkib egilgan kuyi uning jonsiz qoʻllarini qoʻliga olib oʻtirgan yigitga qaradi.

Eshikning oshiq-ma’shuqlarini buzishgan paytda u endi ikkinchi qotil kim ekanligini, ya’ni oʻttiz besh yildan keyin oʻldirish uchun kelgan kishi ekanligini anglab yetgan edi. Uning oʻtmish voqealarini oʻzgartirishga boʻlgan urinishi samarasiz boʻlib chiqdi, olis oʻtmishga qaytib, bir paytlar sodir etilgan mudhish jinoyat ishtirokchisiga aylantirdi va yoshgina qayligʻining oʻldirilishiga ixtiyorsiz sababchi boʻlishga giriftor boʻldi. Agar u Remmersni otmaganida, qotil bombani koʻcha oʻrtasiga uloqtirar va Jun omon qolgan boʻlar edi. Uning pastdagi,qiz jasadi ustida bosh egib oʻtirgan yigit foydasi uchun ishlab chiqqan butun fidokorona rejasi, boshqa kishiga, ancha yosh boʻlgan oʻziga atalgan bu begʻaraz armugʻoni oʻz halokatiga sabab boʻlib chiqdi, chunki u qutqarishi zarur boʻlgan kishini nobud qildi.

Yana bir marta, oxirgi marta qizni koʻrish niyatida, shuningdek, yigitni mahbubasini batamom unutishi darkorligidan ogohlantirish maqsadida, u politsiyachilar pistoletlaridan tinimsiz potirlab otilayotgan oʻqlarga nishon boʻlganicha olgʻa intildi.