OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJeyms Joys
Asar nomiMusavvirning yoshlikdagi shamoili (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Irlandiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Jeyms Joys
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad Otaboyev
Hajm208KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/23
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Musavvirning yoshlikdagi shamoili (I- qism)
Jeyms Joys

Tarjimondan

Irlandiyalik buyuk yozuvchi Jeyms Joys (1882-1941) ijodi XX asr jahon adabiyoti tarixida muhim oʻrin tutadi. Uning hozirgi zamon adabiyotlariga koʻrsatgan ta’siri gʻoyatda ulkan. E.Xeminguyey, U.Folkner, T.Vulf kabi dunyoga mashhur adiblar uning shogirdlari boʻlishgani, ular oʻz asarlari haqida Joysning e’tirofini ilhaq boʻlib kutishgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. 1982 yili YUNESKO qarori bilan irland realistik adabiyotining klassigi Jeyms Joys tavalludining 100 yilligi butun dunyoda keng nishonlandi. Adibning «Dublinliklar» nomli hikoyalar toʻplami, «Musavvirning yoshlikdagi shamoyili» va «Uliss» romanlari allaqachon yuzlab xalqlar tillariga tarjima qilingan, jahondagi barcha nufuzli oliy oʻquv yurtlari, oʻrta ta’lim adabiyot dasturlari va majmualaridan oʻrin olgan.

Oʻzbek oʻquvchisi bu ulugʻ yozuvchi ijodi bilan Istiqlol sharofati tufayli bahramand boʻla boshladi. Hozircha uning «Dublinliklar» toʻplamidan bir necha hikoyalar, «Jakomo Joys» nomli nasriy asari gazeta va jurnallarda e’lon qilindi. 1993 yili filologiya fanlari nomzodi Tilavoldi Joʻrayevning oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun moʻljallangan «Jeyms Joys» nomli risolasi chop etildi.

Biz oʻz milliy madaniyatimiz, adabiyotimizni puxta oʻrganish, qadriyatimizni tiklash va e’zozlash bilan bir qatorda dunyo madaniyatida chinakam hodisa sifatida e’tirof etilgan, vaqt va zamonlar sinovidan oʻtgan boshqa xalqlarning nodir ijod namunalaridan ham bahramand boʻlib borishga haqlimiz. Shu ma’noda irlandiyalik adib Jeyms Joys ijodi bilan oʻzbek oʻquvchilarini tanishtirish kitobxonlarimiz ma’naviy dunyosini boyitishga, badiiy saviyasini yuksaltirishga, goʻzallikni nozik va teran his etishga odatlantirishga, didini oʻstirishga, qolaversa, XX asr adabiyotining eng muhim yangiliklaridan xabardor etishga xizmat qiladi.

Quyida sizning e’tiboringizga havola etilayotgan J.Joysning «Musavvirning yoshlikdagi shamoyili» romani bir qarashda atoqli oʻzbek adiblari Oybek, Abdulla Qahhor va Gʻafur Gʻulomning avtobiografik asarlarini yodga soladi. Yosh bolaning, oʻsmirning ongi atrof-muhitni qay tarzda qabul qiladi, u ta’lim-tarbiya olayotgan maskandagi oʻzaro munosabatlar, oiladagi, jamiyatdagi vaziyat bola ongining shakllanishida nechogʻli ahamiyat kasb etadi, muayyan muhitda shakllangan bu ong oʻz-oʻzini anglash jarayonlarini qanday kechiradi — bular barchasi J.Joys romanida nozik psixologik tahlillar orqali juda chuqur ochib berilgan. Muallif asar qahramonining fikrlarini, oʻy-xayollarini, kechinmalari va his-tuygʻularini asosan uning ichki monologlari orqali koʻrsatib beradi.


Birinchi Bob

«
Et ignotas animum dimittit in artes[1].
Ovidiy, Metamorfozalar, VIII, 18
»

Qadim-qadim zamonda Moʻ-moʻ degan bir govmish yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, kunlardan bir kun aqlli-hushli, yoqimtoy bolakayga duch kelibdi, bolakayning ismi Boʻ-boʻ ekan.

Bu ertakni otasi unga aytib berardi. Uning yuzlari sertuk edi.

Boʻ-boʻ degan bola edi u. Moʻ-moʻ Betti Bern yashaydigan tomondagi yoʻldan yurib kelardi: Betti limonli obaki sotardi.

Yam-yashil chamanzorda
Gullagan, hoy atirgul.

U shu qoʻshiqni aytardi. Bu uning qoʻshigʻi edi.

Toʻshagingni hoʻllab qoʻyganingda oldin issiq boʻladi, keyin muzday. Onang klyonka toʻshaydi. Undan yoqimli hid taraladi. Onangdan taralgan hid otangnikidan yoqimliroq. Onasi uni oʻyinga tushsin, deb royalda dengizchilar raqs kuyini chaladi. U oʻyinga tushadi:

Tra-lya-lya, lya-lya.
Tra-lya-lya, tra-lya-lya-lya.
Tra-lya-lya, lya-lya.
Tra-lya-lya, lya-lya.

Charlz togʻa bilan Denti qarsak chaladi. Ular otasi va onasidan katta, ammo Charlz togʻa Dentidan ham keksaroq.
Dentining jovonda ikkita choʻtkasi bor. Dastasiga jigarrang barxit qoplangan choʻtka Maykl Devitt sharafiga, yashil barxit qoplangan choʻtka esa Parnell sharafiga. Har gal papiros qogʻozining varagʻini keltirganida Denti yalpizli obaki beradi.

Venslar yettinchi uyda yashaydi. Ularning ota-onasi boshqa. Hali katta boʻlsa, u Eylinni oladi. U stolning tagiga bekindi. Onasi:

—Kechirim soʻra, Stiven, — dedi.

Denti:

—Uzr soʻramasang-chi, burgut uchib keladi-da, koʻzingni choʻqib oladi, — dedi.

Koʻzingni choʻqib olur,
Tirrancha, soʻra uzr,
Tirrancha, soʻra uzr,
Koʻzingni choʻqib olur,
Tirrancha, soʻra uzr,
Koʻzingni choʻqib olur,
Koʻzingni choʻqib olur,
Tirrancha soʻra uzr.
* * *

Katta sport maydonlarida bolalar toʻpirlashib, yugurib-elishadi. Bari baravariga baqirib-chaqiradi, tarbiyachilar ham hay-haylashib, ularga dalda berishadi. Kech kirib, kun xira tortgan, havo salqin, har gal toʻp surayotganlarning hujumi va zarbalaridan yagʻiri chiqib ketgan charm toʻp zil-zambil qushday boʻzargan havoga vazmin koʻtariladi. U komandasining dumida sudralib, tarbiyachilarning koʻzidan panaroqda, qoʻpol oyoqlaridan chetroqda yer tepib, depsinib yuribdi, ora-sira oʻzini yugurayotganga oʻxshatib koʻrsatadi.

Bu toʻdada u oʻzini kichkina va kuchsiz his etadi, uning koʻzlari ham xira, yoshlanib turadi. Rodi Kikem unday emas: Rodi uchinchi komandaga kapitan boʻladi, deyishadi bolalar.

Yaxshi bola-da Rodi Kikem, Sassiq Rouch yomon, isqirt. Rodi Kikemning oyogʻiga kiyadigan himoya qalqonchalari yechinadigan xonada shkafda, qand-qurs solingan savatchasi oshxonada turadi. Sassiq Rouchning qoʻllari besoʻnaqay. Marosim oshi — boʻtqa, deydi u. Bir kuni u soʻrab qoldi:
— Oting nima?

Stiven javob berdi:
— Stiven Dedalus.

Shunda Sassiq Rouch dabdurustdan dedi:
— Bu oʻzi qanaqa ism?
— Stiven nima deb javob berishni bilmay qoldi, Sassiq Rouch esa tagʻin soʻradi:
— Kim sening otang?

Stiven aytdi:
— Jentelmen.

Shunda Sassiq Rouch soʻradi:
— Nima, sening otang sudya emasmi?

U toʻp surayotgan bolalar ortidan ilakishib, depsinib yuribdi, ora-sira oʻzicha u yoq-bu yoqqa chopqillaydi. Qoʻllari sovuqdan koʻkarib ketdi. U qoʻllarini belbogʻli kalta kamzulining choʻntaklariga tiqdi. Belbogʻ degani bu choʻntaklardan balandroqda turadigan bir narsa. Yoqalashganda zoʻr chiqqanni: belbogʻi qoruvli deyishlari shundan.

Bir kuni Kentuyellga bir bola shunday dedi:
— Agar xohlasam bir zumdayoq uningni oʻchiraman.

Kentuyell dedi:
— Boshqalarga ham tirgʻalib koʻr-chi. Qani, Sesil Sanderning unini oʻchirish qoʻlingdan kelarmikan. Koʻraman, ortingga yaxshilab tepki yeganingni.

Bunday tillashish odobdan emas. Onasi kollejda yoqimsiz bolalar bilan jiqqillashib yurmagin, deb tayinlagan. Onajoni judayam chiroyli-da. Birinchi kelgan kun qasrning qabulxonasida xayrlashayotib onasi uni oʻpmoqchi boʻlib yuzidagi toʻr-chimmatni xiyla koʻtardi, onasining burni, koʻzlari qizarib ketgan edi. Biroq u oʻzini bir kuyga soldi, koʻrmaganga oldi, onasi yigʻlab yuboradiganday tuyuldi unga. Onasi yigʻlasa yuzi oʻzgarib qoladi. Otasi unga ikkita besh shilinglik tanga berdi — harqalay choʻntagi quruq turmagani tuzuk. Otasi unga biror zarurat sezsa, uyga xat yozishini aytdi, zinhor oʻrtoqlaring ustidan chaqimchilik qilib yurmagin, deb tayinladi. Shundan soʻng rektor eshik oldida otasi va onasining qoʻllarini siqib xayrlashdi, rektorning egnidagi uzun yaktagi shamolda hilpiradi, otasi bilan onasi oʻtirgan izvosh jildi. Ular qoʻl silkishdi va izvoshdan unga qichqirishdi:
— Xayr, Stiven, xayr.
— Xayr, Stiven, xayr.

Uning atrofida bolalar toʻp talashib, ur-sur boshlandi, chaqchaygan koʻzlarni, loyga belangan boshmoqlarni koʻrib u qoʻrqib ketganidan enkayib oldi va bolalarning oyoqlari ostiga qaray boshladi. Bolalar yoqalashar, pishqirishar, ularning oyoqlari tipirchilar, bir-birini tepkilardi. Keyin Jek Lotenning sariq botinkasi toʻpni tepib yubordi, boshqa botinkalar va oyoqlar uning ortidan yugurib ketdi. U biroz chopib borib toʻxtadi. Yugurishga hojat yoʻq. Hali-zamon yotoqqa qaytishadi. Kechki ovqatdan soʻng, sinfxonada, partasiga yelimlab qoʻyilgan raqamni—etmish yettini yetmish olti qilib oʻzgartiradi.

Hozir bu yerda, izgʻirinda uloqib yurgandan koʻra sinfxonada oʻtirgani yaxshi. Havoning avzoyi buzuq, bosh binoda, qasrda esa olov yonib turibdi. U oʻzicha, Gamilton Rouyen qaysi derazadan shlyapasini chakalak ustiga otgan ekan, deb oʻyladi, oʻsha paytda ham deraza tagida gulxona boʻlganmikan. Bir kuni, qasrdaligida, bu yerlik xizmatchi unga askar otgan oʻqning eshikdagi izini koʻrsatdi va jamoa iste’mol qiladigan yongʻoqli qotirma non berdi. Qasrda olovga termulib oʻtirish mazza-da, issiq. Xuddi kitobchada yozilganday. Lester abbatligi shunaqa boʻlgandir, ehtimol. Doktor Kornuyellning darsligida qanday yaxshi gaplar bor edi. Ular she’rga oʻxshaydi, biroq she’r emas, husnixatni mashq qilish uchun berilgan misollar, xolos:

Uolsi Lester abbatligida qazo qildi,
Abbatlar uni shu yerga dafn etdilar.
Giyohlarni qurt-qumursqa yeb bitiradi,
Jonzotlarni qisqichbaqa kemiradi.

Hozir kamin yonidagi gilamga choʻzilib yotib, iyagingga kaftlaringni tirab bu gaplarning magʻzini chaqsang. U seskanib ketdi, badanida allaqanday sovuq shilimshiq suyuqlik oqib tushayotganday boʻldi. Uyelss pastkashlik qildi-da, uni hojatxona teshigiga qarab itarib yubordi, jajji tamakidonini oshiqqa alishmagani uchun shunday qildi, uni Uyelss qimorda qirq marta yutib olgan edi. Suv sovuq, shilimshiq edi-ya! Bir bola katta kalamushning boʻtqaga oʻzini otganini koʻrib qolgan. Onasi bilan Denti kamin yonida, Brijetning choy olib kelishini kutib oʻtirishibdi. Onasi oyoqlarini kaminning panjarasiga qoʻydi, munchoqdan gul solib tikilgan paypogʻi isidi, ulardan xushboʻy hid, mayin harorat taraldi. Dentining bilmagan balosi yoʻq. Denti unga Mozambik boʻgʻozi qayerdaligini, Amerikadagi eng uzun daryo, oydagi eng baland togʻ qanday atalishini oʻrgatadi. Hazrat Arnoll Dentidan ham koʻp biladi, chunki u ruhoniy, biroq otasi bilan Charlz togʻa Denti aqlli, oʻqimishli ayol, deyishadi. Ba’zan Denti ovqatdan soʻng, ogʻzini qoʻli bilan toʻsib, gʻalati tovush chiqaradi: bu — kekirik.
Maydonning narigi chetidan kimdir qichqirdi:
— Hamma uyga!

Unga kichik va tayyorlov sinflari bolalarining ovozi qoʻshildi:
— Uyga! Hamma uyga!

Qizarib-boʻgʻriqib ketgan, ust-boshlari loyga belangan bolalar bir joyga toʻplanishdi, u bolalarning orasida ketayapti, yotoqqa qaytayotganidan xursand. Rodi Kikem toʻpni sirpanchiq bandidan ushlab koʻtarib borayapti. Bolalardan biri unga oxirgi marta toʻpni tashlab ber, dedi, biroq Rodi pinagini buzmadi, hatto javob ham qilmadi. Saymon Munen jim yur, nazoratchi kuzatib kelayapti, dedi. Shunda haligi bola burilib, Saymon Munenga shunday dedi:
— Nima uchun bunday deyayotganingni bilamiz. Sen uchiga chiqqan xushomadgoʻysan.

«Xushomadgoʻy« qandaydir gʻalati soʻz. U bola Saymon Munenni behuda haqorat qilmadi. Saymon Munen ba’zida nazoratchi Makgleydga orqa qilib, yeng uchida ish bitiradi, nazoratchi boʻlsa goʻyo oʻzini jahli chiqqanday koʻrsatadi. Bu soʻzning ohangi yoqimsiz. Bir safar u Uiklou mehmonxonasida hojatxonadagi chanoqda qoʻlini yuvdi, keyin otasi zanjirga bogʻlab qoʻyilgan tiqinni ochib yubordi va shunda yuvindi suv teshikdan pastga oqib tusha boshladi. Suv sekinlab oqib ketgandan soʻng chanoqning teshigidan: «x-u-sh» degan tovush chiqdi. U shuni esladi, yana hojatxonaning oppoq devorlari esiga tushdi, badani junjikib, sovqotganday boʻldi, keyin qizib ketdi. U yerda ikkita joʻmrak bor, ularni burash kerak, shunda sovuq va issiq suv oqadi. Badani bir zum sovqotib qaltiradi, keyin biroz qiziganday boʻldi. U joʻmraklarga muhrlangan soʻzlarni koʻrdi. Bunda qandaydir gʻalati sir bor edi.

Dahliz ham sovuq, havosi allaqanday boʻgʻiq, zax. Hechqisi yoʻq, hademay gazni yoqishadi, gaz yonib turganda, xuddi ashula xirgoyi qilganday, bir maromda vishillaydi. Oʻsha, har doimgi ashulasini kuylaydi, bolalar shovqin qilishmasa dam olish xonasida xirgoyini eshitsa boʻladi.

Arifmetika darsi boshlandi. Hazrat Arnoll doskaga bir qiyin masalani yozdi-da, bolalarga qarab shunday dedi:
— Xoʻsh, qani, kim gʻolib chiqarkan? Boshla, York! Tez boʻl, Lankaster!

Stiven jon-jahdi bilan kirishdi, biroq masala juda murakkab edi, u chalkashib ketdi. Koʻkragidagi, kamzulining ustidan oq atirgul qoʻshib taqilgan shoyi nishoncha titray boshladi. U arifmetikadan kuchli emas edi, biroq Yorklar yutqazib qoʻymasin, deb jon-jahdi bilan tirishdi. Hazrat Arnoll yuziga jiddiy tus berdi, biroq u jahlga minmagan, miyigʻida kulib turardi. Tuyqusdan Jek Loten barmoqlarini qirsillatdi va Hazrat Arnoll uning daftariga nazar tashlab, dedi:
— Toʻgʻri, yasha Lankaster! Qirmizi atirgul yutdi. Qani-qani, boʻsh kelma, York! Qani, tez boʻl.

Jek Loten oʻtirgan joyidan ularga qarab-qarab qoʻyadi. Uning dengizchilar kiyadigan moviy koʻylagidagi qirmizi atirgul qoʻshib taqilgan jajji shoyi nishoncha judayam yarashiqli edi. Stiven yuzlari qizarganini his qildi, shu damda u bolalarning tayyorlov sinfida kim kuchli: Jek Lotenmi yo Stivenmi, deb bahs boylashganini eslagandi. Birinchi oʻquvchi nomini bir hafta Jek Loten, bir hafta u qoʻlga kiritgan vaqtlar ham boʻlgan. Navbatdagi masalani yechar ekan, uning oq shoyi nishonchasi titrab, qulogʻi ostida Hazrat Arnollning ovozi jaranglab turdi. Keyin uning gʻayrati susayib qoldi, manglayiga sovuq ter tepchidi, yuzlari bir zumda sovub qolganini his qildi. Betim sovib ketdi, demak, oqarib ketgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi u. Masalani yecha olmadi, biroq tashvishlanmasa ham boʻladi. Oq atirgul, qirmizi atirgul—bari chiroyli gullar! Birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻquvchiga beriladigan guvohnomalarning ham hammasi birday chiroyli: qirmizi, oq sariq va binafsha. Oq sariq, binafsha va qirmizi atirgullar ham chiroyli. Balki yovvoyi atirgullar aynan shundaydir: bexosdan xayoliga maysazordagi yovvoyi atirgul haqidagi qoʻshiq keldi. Biroq atirgullarning yashil ranglisi boʻlmaydi. Kim bilsin tagʻin, bir joylarda boʻlsa bordir.

Qoʻngʻiroq jiringladi va oʻquvchilar sinf-sinf boʻlib birin-ketin dahlizdan yurib oshxonaga yoʻl olishdi. U likopchasidagi ikki tuyur sariq yogʻga termilib oʻtiribdi, biroq yelimshak nonni yeya olmadi. Dasturxon ham hoʻl, shilimshiq. Shunga qaramay, u oq etak bogʻlab olgan qoʻpol xizmatchi krujkasiga shopirib quyib ketgan issiq choyni bir koʻtarishda sipqordi. Sassiq Rouch bilan Sorin qahva ichdi, ularga qahvani uyidagilari tunuka qutilarda yuborishadi. Bu yerning choyini ichib boʻlmaydi, yuvindiga oʻxshaydi, deyishadi ular. Ularning otalari — katta sudya, deb gapiradi bolalar.

Bolalar unga juda gʻalati tuyuladi. Ularning hammasining otasi, onasi bor, hammasining kamzullari va ovozlari har xil. Shu zumda uylarida boʻlib qolsa, qani endi onasining tizzasiga boshini qoʻyib yotsa. Biroq buning hech iloji yoʻq, qani bu oʻyinlar, darslar, ibodatlar tezroq tugay qolsa, borib toʻshakda choʻzilib yotardi.

U yana bir krujka qaynoq choy ichdi, shu payt Fleming soʻradi:
— Senga nima boʻldi? Biror joying ogʻriyaptimi?
— Bilmayman, — dedi Stiven.
— Qorning ogʻriyotgan boʻlsa kerak, — dedi Fleming, — ranging oqarib ketganga oʻxshaydi. Hechqisi yoʻq, oʻtib ketadi.
— Ha, — dedi Stiven.

Biroq uning qorni ogʻrimayotgandi. Yuragim ogʻriyapti, deb oʻyladi u, agar shu joy ogʻrishi mumkin boʻlsa. Fleming koʻngli ochiq bola, undan hol soʻradi. Yigʻlagisi keldi uning. Tirsaklarini stolga tiradi va kaftlari bilan ikkala qulogʻini mahkam bekitdi, keyin ochdi. U har gal qulogʻini chippa bekitib, keyin ochganda oshxonadan kuchli shovqin eshitiladi. Bu xuddi tunda shitob bilan ketayotgan poyezd shovqiniga oʻxshaydi. U qulogʻini bekitsa shovqin tinadi, poyezd tunelga kirib ketganday. Oʻsha oqshom Dokida poyezd mana shunday gumburlagan edi, tunnelga kirishi bilan shovqin tindi. Stiven koʻzlarini yumdi, poyezd yurdi—shovqin, soʻng jimlik, yana shovqin—jimlik. Uning gumburlashini, keyin tinchlanishini eshitish maroqli, mana, tagʻin tunneldan otilib chiqdi, gumburladi, jimib qoldi.

Keyin yuqori sinf bolalari saflanishib, oshxona oʻrtasidagi poyondozdan yurib oʻta boshlashdi. Peddi Ret, Jimmi Mejji, ispan bola, unga tamaki chekishga ruxsat berilgan, kichkina portugal ketayapti, jun qalpoq kiyib yuradi. Keyin kichik sinflar va tayyorlov boʻlimi qoʻzgʻaldi. Har qaysi bolaning oʻziga xos ravish-raftori bor.

U dam olish xonasining bir burchagida, oʻzini goʻyo domino oʻyinini tomosha qilayotgan koʻyga solib oʻtiribdi, ora-sira birmi, ikki bor gazning xirgoyisini eshitishga muvaffaq boʻldi. Nazoratchi bolalar bilan eshik oldida tik turibdi. Saymon Munen odatdagiday uning soyasida kuymalanadi. Nazoratchi bolalarga Tallabeg haqida nimanidir gapirayotir.

Keyin u eshikdan nariroqqa yurdi. Uyells esa Stivenga yaqin kelib, soʻradi:
— Ayt-chi, Dedalus, sen uxlash oldidan onangni oʻpasanmi?
— Ha, — deb javob berdi Stiven.

Uyells bolalar tomonga oʻgirilib, dedi:
— Eshitdinglarmi, bu bola har kun oqshom uxlash oldidan onamni oʻpaman, deyapti.

Bolalar oʻyinni toʻxtatib, oʻgirilib qarashdi va kulib yuborishdi. Stiven ularga qarab, kulishlaridan lovullab tutaqib ketdi:
— Yoʻq, men oʻpmayman.

Uyells uning gapini ilib oldi:
— Eshitdinglarmi, bu bola uxlash oldidan onasini oʻpmas ekan.

Yana kulgi koʻtarildi, Stiven ularga qoʻshilib kulishga urindi. Birdan a’zoyi badani qizib ketdi, oʻzini noxush sezdi. Qanday javob berish kerak edi? Unday desa ham, bunday desa ham Uyells kuldi-ku! Uyelss, aftidan, nima deb javob berishni biladi, chunki u uchinchi sinf. Stiven Uyellsning onasini koʻz oldiga keltirmoqchi boʻldi, biroq Uyellsga qarashga botinolmadi. Uyellsning basharasi unga yoqmasdi. Shu Uyells uni kecha hojatxona teshigiga itargiladi, u jajji tamakidonini oshiqqa alishmadi, oshiqni Uyells qimorda qirq bor yutib olgan. Uyells pastkashlik qildi, bolalar shunday deyishdi. Suv muzday, shilimshiq edi. Bir bola katta kalamushning boʻtqaga «shalp» etib tushganini koʻrib qolgan.

Badanida allaqanday yoqimsiz sovuq shilimshiq suyuqlik yugurganday boʻldi, darsga qoʻngʻiroq chalinganda bolalar dam olish xonasidan tizilib chiqa boshlashdi, u dahlizda, keyin zinapoyada ketayotib kiyimining tagidan izillab sovuq kirayotganini his qildi. Hanuz miyasida nima deb javob berish kerak edi, degan oʻy charx uradi. Qaysisi toʻgʻri — onasini oʻpgani ma’qulmidi, oʻpmagani? Oʻpich degani nima? Onangga «xayrli tun» deyish uchun boshingni mana bunday koʻtarasan, onang yuzini tutadi. Shu-da, axir, oʻpich degani. Onasi uning iyagiga lablarini bosadi, onasining lablari yumshoq, lablari uning iyagiga sovuqqina tegadi va qisqagina mayin tovush chiqaradi: ps. Odamlarning bir-birlariga yuzlarini tutishining nima keragi bor ekan?

U oʻz oʻrniga oʻtirib, partasining qopqogʻini ochdi va tagiga yelimlangan raqamni—etmish yettini yetmish olti qilib oʻzgartirdi. Mavlud ta’tiligacha hali juda uzoq, biroq qachondir baribir u kunlar keladi, axir, yer tinimsiz aylanib turibdi-ku.

Uning geografiya darsligining birinchi betida Yer rasmi bor. Ulkan shar bulutlar orasida. Flemingda bir quti rangli qalamlari bor, bir kuni kechqurun mustaqil dars payti Fleming yerni yashilga, bulutlarni esa jigarrangga boʻyadi. Bu Dentining javondagi ikkita choʻtkaday: dastasiga yashil barxit qoplangan choʻtka Parnell sharafiga, jigarrang barxit qoplangan choʻtka Maykl Devitt sharafiga. Biroq bunaqa ranglarga boʻyashni u Flemingdan iltimos qilgani yoʻq. Fleming oʻzi shunday boʻyadi.

U dars tayyorlamoqchi boʻlib geografiyani ochdi, biroq Amerikadagi atamalarni yodida saqlay olmadi. Har xil joylar turlicha nomlarda ataladi. Ular turli mamlakatlarda, qit’alarda, qit’alar esa Yerda, Yer esa Koinotda.

U yana birinchi betni ochdi va qachondir oʻzi yozib qoʻygan soʻzlarni oʻqidi: mana uning oʻzi, ism-sharifi va yashayotgan joyi.

  • Stiven Dedalus
  • Tayyorlov sinfi
  • Klongous Vud Kollej
  • Sellinz
  • Kilder grafligi
  • Irlandiya
  • Ovrupo
  • Yer
  • Koinot

Buni oʻzi qoʻli bilan yozib qoʻygan. Fleming esa bir kuni kechki payt hazillashib shu betning orqasiga bunday deb yozdi:

Stiven Dedalus — ismim mening,
Irlandiya — mening vatanim.
Klongous — boshpanam mening
Osmon — mening panohim.

U she’rni teskari tomondan oʻqidi, biroq endi she’rga oʻxshamadi. Keyin u birinchi betdagi yozuvni quyidan yuqoriga qarab oʻqib chiqdi va oʻzining ismiga keldi. Mana bu uning oʻzi. U tagʻin hammasini yuqoridan quyiga qarab oʻqidi. Koinotdan keyin nima keladi? Hech nima. Biroq koinot tevaragida, balki uning qayerda tugashini va bu hech nima qaysi joydan boshlanishini belgilaydigan bir nima bordir? U qalin devor bilan toʻsilmagandir, ehtimol tevaragini yupqa gardish oʻrab olgan boʻlishi mumkin. Bor butunicha va hamma joyni oʻrab olishi — gʻalati-ku? Aqlga sigʻmaydi. Yolgʻiz tangrigina bunga qodir. Bu cheku chegarasiz ulkan fikrni tasavvur qilishga urindi, biroq xayoliga faqat tangri keldi, xolos. Tangri — tangrining ismi bu, xuddi uning ismi Stiven boʻlganiday. Diyeu—tangri shunday boʻladi, tangrini shunday deb ham atashadi, kimdir birov tangriga sigʻinayotib Diyeu deb murojaat qiladi, shunda tangri sigʻinayotgan fransuzligini darhol payqaydi. Ismi turli tillarda turlicha boʻlsa-da, tangri hammasini tushunadi, odamlar oʻz tillarida tilovat qilishsa-da, nimani gapirishayotganini bilib turadi, baribir tangri tangriligicha qoladi va uning haqiqiy ismi Tangri.
Bu fikrlardan u juda toliqdi. Nazarida boshi xumday shishib ketganga oʻxshadi. Varaqni ochib, uyquli koʻzlari bilan jigarrang bulutlar orasidagi dumaloq yashil yerga qaradi. U oʻylab boshladi, qaysi toʻgʻri — yashil rangni yoqlash kerakmi yoki jigarrangnimi, chunki bir kuni Denti qaychi bilan choʻtkaning dastasidagi Parnell sharafiga qoplangan yashil barxitni soʻkib tashladi va unga eshittirib, Parnell — yaramas odam, dedi. Hozir uylarida bu haqda munozara qilishayotganmikan. Bu siyosat deyilardi. Ikki taraf boʻlardi: Denti bir taraf, otasi va mister Keysi — boshqa taraf, biroq onasi bilan Charlz togʻasi biror-bir tarafga qoʻshilishmasdi. Har kuni roʻznomalar bu haqda nimalardir yozishardi.

Siyosat nima ekanini yaxshi tushunmasligi, Koinot qayerda tugashini bilmasligi unga alam qiladi. U oʻzini kichkina va nimjon sezdi. Qachon u poyeziya va ritorika sinfidagi bolalarday boʻlarkan? Ularning tovushi katta odamlarnikiday, barmoqlari ham katta-katta, ular trigonometriyani oʻtadi. Bungacha hali juda uzoq. Avval ta’til boʻladi, keyin esa navbatdagi semestr, undan keyin yana bir semestr, undan keyin yana ta’til. Bu poyezdga oʻxshaydi, tunnelga kiradi, tunneldan chiqadi va yana shovqinga oʻxshaydi, agar oshxonada qulogʻingni bekitib turib ochsang, bir eshitilib, bir tinadigan shovqinga. Semestr — ta’til, tunnel — tashqari, shovqin — jimlik, ehe, hali bu judayam uzoq! Qaniydi, tezroq toʻshakka kirib uxlab qolsa. Cherkovda ibodat qilib olinsa boʻldi — toʻshakka shoʻngʻiydi. Uni bezgak tutdi, esnadi. Choyshablar ozroq isigandan keyin toʻshakda yotish mazza-da. Kirgan paytingda muzday boʻladi. Buni xayoliga keltirib, badani qaltirab ketdi. Keyin isiydi, shundan soʻng uyquga ketasan. Oʻzingni horgʻin sezishning gashti bor. U yana esnadi. Kechki ibodat tugadimi — tamom, toʻshakka shoʻngʻiysan, u kerishdi va tagʻin esnagisi keldi. Bir necha daqiqadan soʻng huzur qilasan. U shitirlayotgan sovuq choyshabga iliq nafas urilayotganini, birdan isib ketayotganini his qildi, a’zoyi badani qizib ketdi, keyin biroz sovuganday boʻldi, bezgak tutdi va esnagisi kelib ogʻzini ochdi.

Kechki ibodatga qoʻngʻiroq chalindi va ular juft-juft boʻlib zinadan yurib, dahliz orqali cherkovga borishdi. Uzun dahlizdagi chiroqlar ham xira. Hademay hammasi oʻchadi, tinchiydi. Cherkov sovuq, oqshomgi salqin havo ufuradi, marmar ustunlarning esa rangi tungi dengiznikiday. Dengiz sovuq, kechasi ham, kunduzi ham, biroq kechasi sovuqroq. Quyiroqda, ularning uylarining yonida, toʻlqinga qarshi qurilgan gʻov atrofi ham sovuq va qorongʻi. Uylarida olovda qozoncha qaynayapti, unda punsh pishayapti.

Ruhoniy tepasida turib duo oʻqidi va uning xotirasida duo satrma-satr muhrlandi.

Tangrim! Kalomimni oʻzing rost etgaysan,
Kalomim sharaflarga burkagay nomingni Sening,
Shoshil, Xudoyim, menga najot bergali.

Cherkov sovuq, oqshom nafasi hukm suradi. Biroq bu ilohiy nafas. Bu yakshanba kunlari ibodat chogʻida ulardan orqaroqda tiz choʻkib oʻtiradigan dehqonlardan anqiydigan hidga oʻxshamaydi. Dehqonlardan qishloq havosining, yomgʻirning, torf va dagʻal matolarning hidi anqiydi. Ularning nafasi shundoq uning kiftiga urilib turadi, choʻqinganida ular xoʻrsinib qoʻyishadi. Ular Kleynda yashaydi, deydi bir bola. Kichik-kichik uychalar bor Kleynda. Bir safar ular Sellinzni yoqalab yoʻldan oʻtib ketishayotganida u qiya ochiq eshikda qoʻlida bola koʻtarib turgan ayolni koʻrgan. Qani, uychada bir oqshom tunab, torf tutab yotgan oʻchoq oldida, lovullab qizib yotgan choʻgʻning alangasi yoritgan gʻira-shira qorongʻilikda dehqonlardan anqigan hiddan, yomgʻir, torf va dagʻal matolarning hididan toʻyib-toʻyib nafas olsang. Biroq daraxtlar orasidan oʻtgan yoʻl qop-qorongʻu! Bunday zimistonda adashib qolganning holiga voy! Bu haqda oʻylab, uni vahima bosdi. U tilovatning soʻnggi soʻzlarini oʻqigan ruhoniyning tovushini eshitdi. Choʻqina boshladi, biroq xayolini daraxtlar orasidagi qorongʻulik haqidagi oʻy tark etmasdi.

U yotoqxonada yechinayotganida barmoqlari titradi. Barmoqlarini boʻysundirishga urindi. Gazni oʻchirishguncha u yechinishi, tiz choʻkishi, duo oʻqishi va toʻshakka yotishi kerak edi. U paypoqlarini sugʻurdi, shasha-pisha tungi uzun koʻylagini kiydi-da, qaltirab karavot yoniga tiz choʻkdi va gaz oʻchib qolishidan xavotirda naridan-beri duo oʻqiy boshladi. U pichrlaganda yelkalari silkinib qoʻyardi.

Tangrim, otam bilan onamni oʻz panohingda
saqla va ularni men uchun asra!
Tangrim, ukalarim va singillarimni oʻz
panohingda saqla va ularni men uchun asra!
Tangrim, Denti bilan Charlz togʻani oʻz
panohingda saqla va ularni men uchun asra!

U choʻqindi va sakrab toʻshakka shoʻngʻidi, koʻylagining etagiga oyoqlarini chirmab, a’zoyi-badani titrab-qaqshab, muzday oq choyshabga kulcha boʻlib oʻranib oldi. Qazo qilganida doʻzaxga tushmaydi, qaltirogʻi esa hademay bosiladi. Yotoqxonada bolalarga xayrli tun tilagan ovoz eshitildi. U bir zum boshini chiqarib qaradi, karavotning oldi va yon tomonlariga tortilgan, uni toʻrt tomonidan bekitib turgan yashil pardalarga koʻzi tushdi. Gazni sekin pasaytirib oʻchirishdi.

Nazoratchining qadam tovushi uzoqlashdi. Qayoqqa ketayapti? Zinadan yurib pastga tushib, keyin dahlizga oʻtarmikan yoki dahlizning toʻridagi oʻzining xonasiga borarmikan? U zulmatni koʻrdi. Qora it haqidagi gaplar rostmikan, tunlari bu yerda izgʻib yurarmish, koʻzlari toʻrt gʻildirakli aravaning chiroqlariday katta-katta. Aytishlaricha, bu qotillarning arvohlari emish. Qoʻrquvdan uning badani qaltirab ketdi. Koʻziga qasrning zim-ziyo dahlizi koʻrindi. Qartayib qolgan xizmatkorlar eski-tuski korjomalarida, zina tagidagi dazmolxonaga yigʻilishdi. Bu ancha burun boʻlgan. Qari xizmatkorlar churq etmay oʻtirishardi. Oʻchoqda olov lipillaydi, biroq past qop-qorongʻi. Birov dahlizga koʻtariladigan zinadan chiqib kelayotir. Egnida oq marshallik plash, yuzi gazargan, befarq. Qoʻlini yuragi ustiga mahkam bosgan. Qari xizmatkorlarga befarq qaradi. Ular ham xoʻjayinlarining yuzini, kiyim-kechagini tanishdi va uning oʻqqa uchganini payqashdi. Biroq ular qaragan taraf qorongʻi edi, zim-ziyo, oʻlik sukunat. Ularning xoʻjayini Praga boʻsagʻasida, juda uzoqda, dengizdan olis joyda ajal oʻqiga duchor boʻlgan. U jang maydonida turardi, qoʻli koʻksiga mahkam bosilgan.

Oʻ, juda sovuq va bu haqda oʻylash juda qoʻrqinchli! Qorongʻida battar sovuq va battar qoʻrqinchli. Toʻrt tomonda yuzidan qoni qochgan, gʻalati basharalar, fonarga oʻxshagan katta chaqchaygan koʻzlar. Bu qotillarning arvohlari, uzoqlarda, dengizdan naridagi qonli jang maydonlarida oʻqqa uchgan marshallarning sharpalari. Ular nima demoqchi boʻlishayotir, nega yuzlari gʻalati?

«Tangrim, tashrifingni bu dargohdan darigʻ tutma, bizni yoʻldan ozdirguvchi shayton vasvasasidan oʻzing omon saqla...»

Uyga — ta’tilga! Qanday soz boʻlardi! Bolalar unga aytishgan. Qish boshida erta tongda qasr darvozasi oldida hamma izvoshlarga oʻtirib oladi. Gʻildiraklar qayroqtosh yoʻlda gʻichirlaydi. Rektorga xayr-xoʻsh aytgan soʻzlar jaranglaydi.

Ura! Ura! Ura!

Izvoshlar kichik butxona yonidan oʻtadi, hamma bosh kiyimini yechadi. Oʻynab-kulib qishloq yoʻliga chiqib olishadi. Aravakashlar qamchi bilan Bundenstaun2 tarafga ishora qiladi. Bolalar qichqiradi: «Ura!» Ijarachi Jollining uyi yonidan oʻtishadi. Ura, ura va yana bir bora ura! Shodon qiyqiriqlar bilan Kleyndan oʻtishadi, yoʻl chetida turgan odamlarga qichqirishib salom berishadi, ular ham kulib-qiyqirib alik oladi. Qiya ochiq eshiklar oldida qishloq ayollari qarab turishibdi, u yer-bu yerda erkaklarning qorasi koʻrinadi. Qish havosining ajoyib hidi — bu Kleynning havosi: yomgʻir hidi, eriyotgan torf va dehqonlarning dagʻal ust-boshlaridan anqiyotgan hid.

Poyezd bolalar bilan tirband: uzun shokoladnusxa poyezd. Konduktorlar nari borib, beri kelib, eshiklarni yopib-ochib yurishibdi. Ular toʻq havorang zarhalli mundir kiyib olishgan, qoʻllarida kumush hushtaklar, kalitlari quvnoq jiringlaydi: klik-klik, klik-klik.

Poyezd Ellin qirlarini ortda qoldirib, tap-taqir tekislikda shitob bilan ketayotir. Telegraf ogʻochlari lipillab ortda qolayotir...

Poyezd yeldek uchadi... U yoʻlni biladi. Uylari ayvonida fonarlar, yashil novdalardan yasalgan gulchambarlar bor. Pechakgul va ignabarglar katta toshoynani chirmab olgan, biri yashil, biri qirmizi pechakgul bilan ignabarg chilchiroqning girdiga chirmashib ketgan. Yashil pechakgul va qirmizi ignabarg devor boʻylab eski suratlarning tevaragiga oʻralgan. Pechakgul ham, ignabarg ham uning shodligi uchun, mavlud ayyomi uchun.

Qanday soz!

Oʻz uying — oʻlan toʻshaging. Salom Stiven! Shodon qiyqiriqlar. Onasi uni oʻpadi. Oʻpish shartmikan? Uning otasi endi marshal, sudya ham gapmi. Mana uyingdasan. Salom, Stiven.

Shovqin...

Bu sharaqlab ochilayotgan pardaning shovqini edi, chanoqlardan oqib tushayotgan suvning shuvillashi edi. Yotoqxonada uygʻonib oʻrnidan turayotgan, kiyinayotgan va yuvinayotgan bolalarning shovqini: nazoratchi kaftini kaftiga urib, nari-beri borib kelar, bolalarga baqirib, ularni qistardi... Quyoshning zaif nurlari surib qoʻyilgan sariq pardalarga, gʻijimlanib yotgan choyshablarga tushib turibdi. Uning toʻshagi tanchaday qizib ketgan, yuzi ham, a’zoyi-badani ham juda issiq.

U oʻrnidan turib, karovatning chetiga oʻtirdi. Oʻzini darmonsiz sezdi. Uzun paypogʻini kiymoqchi boʻldi. Paypogʻi juda qattiq, dagʻal tuyuldi, oʻzini behol sezdi.

Fleming soʻradi:
— Senga nima boʻldi, tobing qochdimi?

Oʻzi bilmasdi nima boʻlganini. Fleming tagʻin soʻradi:
— Toʻshaginga kira qol. Men Makgleydga aytaman, tobi qochib qoldi, deyman.
— U kasal.
— Kim?
— Makgleydga aytinglar.
— Kir, kirib yotaver.
— U kasalmi?

Bolalardan biri qoʻltigʻidan ushlab suyab turdi. U oyogʻiga yopishib qolgan paypogʻini sugʻurib oldi va issiq toʻshakka kirib yotdi.

U toʻshagi sovib qolmaganiga quvonib, oʻzini choyshabning ichiga oldi. Qulogʻiga ertalabki ibodatga chogʻlanayotgan bolalarning oʻzi haqidagi gap-soʻzlari chalindi. Ablahlik qildi-da. Uni hojatxona teshigiga itarish — ablahlik boʻldi, deyishardi ular. Keyin bolalarning ovozi tindi, ular chiqib ketishdi. Karavoti yonidan kimningdir ovozi keldi:
— Dedalus, sen bizlarni chaqib bermaysan-a, toʻgʻrimi?

Qarshisida Uyellsning basharasi koʻrindi. Unga qaradi va Uyellsning qoʻrqatyotganini sezdi.
— Men atay qilganim yoʻq. Aytmaysan-a, Stiven?

Otasi zinhor oʻrtoqlaring ustidan chaqimchilik qilib yurmagin, deb tayinlagan. U boshini chayqadi. «Yoʻq» dedi va oʻzini yengil his etdi.

Uyells dedi:
— Chin soʻzim, ishon, men atay qilganim yoʻq. Men hazillashdim. Xafa boʻlma.

Uyellsning basharasi gʻoyib boʻldi, tovushi uchdi. Uzr soʻrayapti, chunki qoʻrqadi. Qoʻrqadi, goʻyo u bedavo dardga yoʻliqqanu... Giyohlarni qurt-qumursqa yeb bitiradi, jonzotlarni qisqichbaqa kemiradi yoki aksincha. Bu ancha oldin boʻlgan edi, oʻshanda maydonda, kech kirib qosh qoraya boshlagan pallada, u komandasining dumida yer tepinib yurar va zim-zambil qush boʻzrang havoda yer bagʻirlab uchardi. Lester abbatligida chiroqlarni yoqishdi, u yerda Uolsi qazo qildi. Uni abbatlar oʻzlari dafn etishdi.

Bu endi Uyellsning emas, unga tikilib turgan nazoratchining basharasi edi. U tilyogʻmalik qilayotgani yoʻq. Yoʻq, hecham, u chindan betob. Aldayotgani yoʻq. U manglayida nazoratchining qoʻlini sezdi, nazoratchining qoʻli ostida manglayi juda issiq va hoʻl ekanini his qildi. Goʻyo kalamushni ushlaganday seskandi — shilimshiq, jiqqa hoʻl va sovuq. Har qanday kalamushda koʻzi ikkita, ular koʻrish uchun. Terisi tuksiz, taqir, silliq va sirpanchiq: oyoqlari kichkina, yigʻilgan, sakrashga qulay, qop-qora yiltillab turadigan koʻzchalari bor, koʻrish uchun. Ular biladi qanday sakrashni. Biroq trigonometriyani ular ikki dunyodayam tushunmaydi. Oʻlganlari yonboshi bilan yotadi, ularning terisi qovjirab, qurib qoladi. Endi bu oʻlimtik, xolos.

Nazoratchi qaytib keldi, gapirayotgan uning ovozi, turish kerakligini aytayapti, unga ibodatxona bosh ruhoniysi tursin, kiyinib kasalxonaga borsin debdi. U oʻrnidan turib, kuchining boricha ildamroq kiyinishga urinayotganda nazoratchi dedi:
— Mana endi biz birga-birga Maykl ogʻaning qabuliga boramiz va qorinchamizda talotoʻp boʻlayapti, deb aytamiz unga.

Nazoratchi shunday dedi, chunki u yaxshi odam. Uni kulsin deb atay shunday gapirdi. Biroq u kula olmadi, chunki iyagi, lablari qalt-qalt titrayapti, buni koʻrgan nazoratchi oʻzi kulib qoʻydi. Keyin qichqirdi:
— Qani boʻl! Dadil-dadil qadam tashla!

Ular birga-birga zinadan pastga tushishdi va dahlizdan yurib, hammomning yonidan oʻtishdi. Hammomning eshigiga roʻpara kelganda u bezovta xavotir ichida ilmiliq, torf tusidagi boʻtana suvni, iliq namxush havoni, suvga shoʻngʻiyotgan gavdalarning shov-shuvi va sochiqlarning dorilar hidiga oʻxshash hidini esladi.

Maykl ogʻa kasalxona eshigi oldida turardi, uning oʻng tomonidagi qorongʻi xona eshigidan dorilarning hidiga oʻxshash hid kelardi. Bu javonlarga terilgan shishalardan chiqayotgan hid. Maykl ogʻa bilan gapga kirishib ketdi. Maykl ogʻa nazoratchining savollariga javob qildi va uni «ser», dedi. Uning sariq sochlariga oq oralagan, qiyofasi gʻalatiroq edi. Uning bir umr ogʻaligicha qolishi qiziq. Uni «ser» deb chaqirish mumkin emasligiyam gʻalati, chunki u ogʻa — tamom-vassalom, boshqalarga oʻxshamaydi. U boshqalarday taqvodor emasmikan? Boshqalardan nimasi kam uning?

Xonada ikkita karavot qoʻyilgan, bittasida bir bola yotgan edi, ular ichkariga kirishganda oʻsha bola qichqirdi.
— Salom boshlovchi Dedalus! Tepada nima gap?
— Tepada osmon bor, — dedi Maykl ogʻa.

Bu uchinchi sinfda oʻqiydigan bola edi. Stiven yechinayotganda u Maykl ogʻadan bir boʻlak qizartirib pishirilgan non bilan yogʻ uzatishini soʻradi.
— Uzataqoling, iltimos, — dedi u.
— Yogʻ yegilari kelibdi-da, — dedi Maykl ogʻa. — Hali doktor kelsin, sening javobingni beramiz.
— Javobimni berasizmi? — takrorlab soʻradi bola. — Men hali butkul sogʻayganim yoʻq-ku.

Maykl ogʻa gapini takrorladi:
— Beramiz, beramiz, koʻngling toʻq boʻlsin. Buni senga men aytayapman.

U oʻchoqdagi olovni qoʻzgʻamoqchi boʻlib enkaydi. Uning beli chana tortadigan otlarnikiday uzun edi. U kosovni hafsala bilan silkiladi va uchinchi sinf bolasiga ma’nilatib bosh irgʻab qoʻydi.

Keyin Maykl ogʻa chiqib ketdi, biroz oʻtib uchinchi sinf bolasi devor tomonga oʻgirilib oldi va uxlab qoldi.

Mana, u kasalxonada. Demak, u kasal. Ular ota-onasiga xat yozib, xabar berishganmikan. Yaxshi boʻlardi agar ruhoniylardan birortasi borib aysa. Yoki oʻzi xat yozib berardi, eltib bersa.

Mehribon onajonim!

Men kasal boʻlib qoldim. Uyga ketgim kelayapti. Tezroq keling, meni uyga olib keting. Men kasalxonadaman.

Suyukli oʻgʻlingiz Stiven.

Ular judam uzoqda! Deraza ortidan quyoshning tafsiz nuri yiltiraydi. Birdan oʻlib qolsa-ya? Axir, quyosh chiqib turgan kunda ham oʻlib qolishi mumkin-ku. Ehtimol, u onasi yetib kelguncha oʻlib qolar. Unday boʻlsa dafn marosimini cherkovda oʻtkazishadi. Littl oʻlganda shunday qilishgan — unga bu haqda aytib berishgandi. Hamma bolalar qora kiyimda cherkovda yigʻilishadi, hammasi motamsaro qiyofada. Uyells ham keladi, biroq birorta bola unga qayrilib qarashni istamaydi. Keyin tobutni ohista koʻtarishib, cherkovdan olib chiqishadi va katta xiyobon ortidagi jamoaning moʻ’jaz qabristoniga dafn etishadi. Oʻshanda Uyells qilgan ishiga afsuslanadi va jomning ma’yus sadosi taraldi.

Qulogʻiga hatto jom sadosi chalindi. Beixtiyor Brijet oʻrgatgan qoʻshiqni ichida takrorladi:

Qoʻngʻiroq ding, donglab sado ber.
Alvidolar aytgin onajon!
Asra meni eski mozorda.
Akajonim qabri yonida.
Tobut chetidagi jiyak qarodir.
Olti nafar malak hamrohdir:
Duo oʻqir ikkovi, ikkovi kuylar.
Ikkisi jonimni falakka eltar.

Qanday goʻzal va mungli! Qanday chiroyli soʻzlar, ayniqsa, «Asra meni eski mozorda», degan joyi. Badanida titroq turdi. Qanday mungli va qanday goʻzal! Uning yigʻlagisi keldi, xoʻrligi kelganidan emas, ana shu, xuddi musiqaday goʻzal va mungli soʻzlar uchun. Jom jaranglayapti. Alvidolar aytgin! Alvido!
Quyoshning tafsiz nuri xira tortib qoldi. Maykl ogʻa uning karavoti boshida, qoʻlida shoʻrva solingan kosani koʻtarib turibdi. U ichida sevindi, chunki tanglayi qurib, tomogʻi qizib ketgandi. Maydonda oʻynayotgan bolalarning qiy-chuvlari qulogʻiga chalinib turibdi. Bu kun ham kollejda hammasi oldingiday, xuddi oʻzi bor paytdagiday oʻtayapti. Keyin Maykl ogʻa ketishga chogʻlandi, uchinchi sinf bolasi uning, alabatta, kelib turishini va gazetalardagi yangiliklarni gapirib berishini iltimos qildi. U Stivenga ismi Eddi ekanini aytdi, otasining bir qoʻra poyga oti borligini, ularning hammasi sovrin olgan yoʻrgʻalar ekanini va yana otasi Maykl ogʻaga qaysi otga uning uchun sovrin qoʻyishini aytishi mumkinligini, chunki Maykl ogʻa yaxshi odam ekanini, unga har kuni jamoaga kelib turadigan gazetalardagi yangiliklarni kanda qilmay gapirib berib turishini aytdi. Gazetalar turli-tuman yangiliklar, voqealar, kemalar halokati, sport va siyosat haqidagi xabarlarga toʻla.
— Hozir gazetalarda nuqul siyosat haqida yozishadi, — dedi u. — Sening ota-onang ham shu haqda gapirishsa kerak.
— Ha, — dedi Stiven.
— Biznikilar ham, — dedi u.

Keyin u bir daqiqa oʻylab turib dedi:
— Sening ism-sharifing gʻalati-a — Dedalus, meniki ham gʻalati — Eddi. Mening ism-sharifim shahar nomidan, seniki lotinchaga oʻxshaydi.

Keyin u soʻradi:
— Sen topishmoq topishga ustamisan?

Stiven javob qildi:
— Unchalikmas.

Shunda u dedi:
— Qani top-chi, Kilder grafligi nimasi bilan grammatikaga oʻxshaydi.

Stiven javobi qanaqa boʻlarkan, deb biroz oʻylandi, keyin dedi:
— Yutqazdim.
— Chunki unda ham, bunda ham «Edi» bor. Tushunarlimi? Eddi—Kilder grafligidan shahar nomi, edi — grammatikada fe’l.
— Tushunarli, — dedi Stiven.
— Bu eski topishmoq, — dedi u.

Keyin biroz sukut saqlab turib, dedi:
— Bilasanmi?
— Nima? - soʻradi Stiven.
— Bu topishmoqni boshqacha yoʻl bilan topsa ham boʻladi.
— Boshqacha yoʻl bilan? — soʻradi Stiven.
— Shu topishmoqni-da, — dedi u. — Bilasanmi, uni qanday qilib boshqacha yoʻl topish mumkin.
— Yoʻq, — dedi Stiven.
— Topolmaysanmi, a?

U oʻmganini koʻtarib, Stivenga qaradi. Soʻng oʻzini yostiqqa tushlab, dedi:
— Boshqacha yoʻl bilan topsa boʻladi, qanday topishni aytmayman.

Nega u aytmadi? Uning otasining bir qoʻra poyga oti bor, demak Sorinning, Sassiq Rouchning otasiday sudya boʻlsa kerak otasi. Stiven oʻzining otasini esladi, onasi royal chalganda otasi qoʻshiq aytardi va har safar u tanga soʻraganda otasi soʻm berardi, otasining boshqa bolalarning otasiday sudya emasligi unga alam qildi. Unda nega bu bolalarga qoʻshib, uni ham bu yerga oʻqishga berishdi? Biroq otasi bir gap aytgan, senga bu joy begona emas, chunki bundan rosa ellik yil burin bobong bu yerda Xaloskor1 nomini olgan, degan. Oʻsha zamonning odamlarini eski urfdagi kamzullaridan bilsa boʻladi. Oʻsha paytlarda hammasi tantanavor ruhda kechgan — balki, deb oʻyladi u, oʻsha paytlar Klongousning tarbiyalanuvchilari mis tugma qadalgan havorang kalta kamzulda yurishgandir, sariq nimcha ham, quyon terisidan tikilgan qalpoq ham kiyishgandir, pivo ham ichishgandir kattalarga oʻxshab, quyon ovi uchun tozi ham asrashgandir.

U derazaga qaradi, kunduzning yorugʻi yanada xira tortganini koʻrdi. Endi maydoncha tepasini ham, ehtimol, boʻzrang bulut qoplab olgandir. Maydonchada jim-jitlik. Bolalar sinfda masala yechayotgan boʻlishsa kerak yoki hazrat Arnoll ularga ovoz chiqarib kitob oʻqib berayotgandir.

Unga biror-bir dori berishmayotgani gʻalati. Ehtimol, Maykl ogʻa qaytib kelsa, oʻzi bilan olib kelar. Kasalxonaga tushsang allaqanday sassiq suyuqlik ichirishadi deyishgandi. U oʻzini oldingidan koʻra tuzukroq his qildi. Asta-sekin sogʻayib ketgani tuzuk-da. Sogʻaysa kitob soʻrashi mumkin. Kutubxonada Gollandiya haqida kitob bor. Unda ajnabiycha gʻalati atamalar, gʻaroyib shaharlar va kemalarning suratlari bor. Ularni mazza qilib tomosha qilsa boʻladi!

Derazaning yorugʻi buncha soʻnik boʻlmasa! Biroq shunisi ma’qul. Devorda olov bir koʻtarilib, bir tushadi. Bu dengiz toʻlqinlariga oʻxshaydi. Kimdir oʻchoqqa koʻmir tashladi va u ovozlarni eshitdi. Ular gaplashayotgandi. Xuddi toʻlqinlarning shov-shuviday. Yoki bu toʻlqinlarmikan — koʻtarilib, tushib gaplashayotgan.

U bostirib kelayotgan toʻlqinlarni koʻrdi — oʻrkach-oʻrkach uzun qora poʻrtanalar bulutday koʻtariladi, tushadi, oysiz oqshomda battar qorayib koʻrinadi. Kemalar kiradigan koʻrfazdagi minoraga oʻrnatilgan mayoqda xira shu’la miltillaydi va u qirgʻoqqa yigʻilgan odamlarni koʻrdi. Ular koʻpchilik edi, bandargohga kirib kelayotgan kemani koʻrish uchun qirgʻoqqa yigʻilishgandi. Bir novcha odam kema ortida zim-ziyo taqir qirgʻoqqa qarab turibdi. Mayoqning xira shu’lasida Stiven uning yuzini koʻrdi. Bu Maykl ogʻaning motamsora yuzi edi.

U Maykl ogʻa olomon sari qoʻlini qanday choʻzganini koʻrdi va suv ustida taralgan achchiq qaygʻuli ovozni eshitdi.
— U oʻldi. Biz uning jasadini koʻrdik.

Olomon aytib yigʻlardi:
— Parnell! Parnell! U oʻldi!

Ogʻir musibatga tushgan olomon ohu faryod qilib, tiz choʻkdi.

U jigarrang baxmal koʻylakda, yelkasidan oshirib yashil baxmal rido tashlab olgan, qirgʻoq labida tiz choʻkkan olomon oldidan viqor bilan bir soʻz demay, gʻoz yurib oʻtib borayotgan Dentini koʻrdi.

* * *

Qip-qizil choʻqqa aylangan toshkoʻmir uyumi kaminda alangalanayotir, pechakgullar qoplagan qandil ostidagi mavlud dasturxoniga noz-ne’matlar tortilgan. Ular biroz kechikishdi, ovqat esa hali ham tayyor emas: biroq onasi birpasda tayyor boʻladi, dedi. Ular eshikning ochilishini va xizmatkorlarning ogʻir metall qopqoqlar yopilgan idishlarni koʻtarib kirib kelishini kutib oʻtirishardi.

Hamma kutayotir. Charlz togʻa uy toʻrida — deraza oldida oʻtiribdi. Denti va mister Keysi kaminning ikki tarafidagi oromkursilarda, Stiven esa ularning oʻrtasida stulda oyogʻini kaminning panjarasiga qoʻyib oʻtiribdi. Mister Dedalus oʻzini kamin ustidagi oynaga solib qaradi, moʻylovining uchini burab qoʻydi va frakining etaklarini qayirib, orqasini olovga oʻgirib turdi, biroq u tez-tez qoʻlini koʻtarib, moʻylovining goh u, goh bu uchini toblardi. Mister Keysi boshini bir yonboshga tashlab, kulimsirab, gardaniga shapatilab urib qoʻyardi. Stiven ham jilmaydi: u kumush tanga solingan hamyon mister Keysining kaftidadir deb oʻylab, uning mahkam siqilgan mushtini ochmoqchi boʻlib urindi, lekin mister Keysining barmoqlari toshday qotib qolgan edi. Shunda mister Keysi malika Viktoriyaga tugʻilgan kuni munosabati bilan sovgʻa taqdim etganimdan beri shu uchta barmogʻim akashak boʻlib qolgan, deb aytdi unga. Mister Keysi gardaniga shapatilab urib qoʻydi va Stivenga qarab uyquli koʻzlari bilan kulimsiradi, mister Dedalus esa shunday dedi:
— Xoʻ-oʻsh. Yaxshi boʻldi-da. Ammo zoʻr boʻldi yurib kelganimiz! Toʻgʻrimi, Jon! Xoʻ-oʻsh... Bugun ovqatlanish nasib qilarmikan oʻzi, bilsak boʻladimi? Toza havodan toʻyib nafas oldik. Harqalay yomon boʻlmadi, jin ursin.

U Dentiga oʻgirilib dedi:
— Siz bugun umuman chiqmadingiz-a, missis Rayorden?

Denti qovogʻini uydi va qisqa javob qildi:
— Yoʻq.

Mister Dedalus frakining etagini tushirdi va bufetning oldiga keldi. U tokchadan viski solingan kattakon sopol koʻzani oldi va undan sekin grafinga quya boshladi, quya turib egildi, qancha quyganini koʻrmoqchi boʻldi. Keyin koʻzani yana bufetga qoʻydi-da, ikkita qadahchaga oz-ozdan viski quydi, ustidan ozroq suv qoʻshdi va qadahlarni koʻtarib kaminning oldiga keldi.
— Ovqat oldidan ishtahani ochadi-da, Jon, — dedi u.

Mister Keysi qadahni qoʻliga olib, bir koʻtarishda boʻshatdi va uni yoniga — kaminning ustiga qoʻydi. Keyin dedi:
— Hozir men oshnamiz Kristoferni esladim, uning qoʻli qoʻliga tegmaydi...

U xoxolab kuldi, yoʻtaldi, soʻng qoʻshib qoʻydi:
— Terga botib yigitlariga shashpan ulashadi.

Mister Dedalus qattiq kuldi.
— Oʻsha Kristimi? — dedi u. — Ha, uning taqir boshiga bitgan har bitta soʻgalda bir toʻda firibgarnikidan ortiqroq ayyorlik bor.

U boshini osiltirdi, koʻzlarini yumdi va huzur qilib labini yaladi, soʻng xonadonning xoʻjayiniga xos ovozda gap boshladi:
— Oʻzini nechogʻi boʻsh-bayov qilib koʻrsatadi! Sayrab yuboradi-ya, dogʻuli! Qoʻy ogʻzidan choʻp olmaganday! Voy, anoyi!

Mister Keysini hamon yoʻtal zabtiga olar, u oʻzini kulgidan toʻxtata olmasdi. Stiven otasining soxti-sumbatida, tovushida xonadonning xoʻjayinini koʻrganday, ovozini eshitganday boʻldi va kulgisi qistadi.

Mister Dedalus koʻziga oynakni qoʻndirib, oʻgʻliga qarab, xotirjam va mehribon ohangda dedi:
— Xoʻsh, bolakay, sen nega kulayapsan, a?

Xizmatkorlar kirib kelishdi va idishlarni dasturxonga qoʻyishdi. Ularning ortidan missis Dedalus kirdi va hammani dasturxonga taklif qildi.
— Marhamat qilinglar, — dedi u.

Mister Dedalus oʻzining joyiga kelib oʻtirdi va dedi:
— Oʻtiring, missis Rayorden.
— Keling, Jon, azizim.

U Charlz togʻa oʻtirgan tomonga oʻgirilib qoʻshib qoʻydi:
— Marhamat qiling, ser, taom muntazir.

Hamma kelib joylashganidan soʻng u ovqat solingan idishning qopqogʻiga qoʻlini qoʻydi va birdan xato qilganini payqab qolib, qoʻlini tortdi:
— Qani, Stiven.

Stiven ovqat oldidan duo oʻqish uchun oʻrnidan turdi.

«Oʻz panohingda asra bizni, Tangrim, muruvvatingni darigʻ tutmagaysan. Xaloskorimiz — Iso haqqi bizni rahm-shafqatingga doxil etgaysan. Omin».

Hamma choʻqinib oldi va mister Dedalus xursandligi-dan nafasini rostlab olib, idishning girdida yogʻ tomchilari yaltirab turgan zilday qopqogʻini koʻtardi.

Stiven idishdagi qovurilgan kurkaga qaradi, u kurkani ertalab oshxonadagi stolda, oyogʻi boylangan va kegay sanchilgan alpozda koʻrgan edi. Otasi D’Oler -Stritdagi Danda bu kurka uchun bir geniya sarflaganini va sotuvchi barmogʻi bilan kurkaning toʻshiga niqtab, bu bilan parranda juda xaridorgir ekanini uqtirmoqchi boʻlganini Stiven bilardi va u beixtiyor sotuvchining ovozini esladi:
— Oling buni, ser. Keyin xursand boʻlasiz. Zotdor parranda.

Nega mister Barret Klongousda bolalarning qoʻliga uradigan chizgʻichni kurka deydi? Biroq Klongous uzoqda, dasturxondagi idishlardan esa kurka goʻshtining, seldirning qaynoq xushbuy hidi taraladi, kamindagi alanga gurillab tepaga oʻrlaydi, yam-yashil pechakgullar va qirmizi ignabarglar esa koʻzni quvontirib, koʻngilga shodlik ulashadi! Keyin esa, ovqatlanib boʻlishgach, bodom magʻzi sepilgan, koʻkatlar bilan bezatilgan kattakon plampudingni tortishadi, uning tegrasida zangori olov jimirlaydi, ustida esa yam-yashil jajji bayroqcha hilpirab turadi.

Bu uning birinchi marta mavlud ziyofatida ishtirok etishi edi. U ukalari va singillarini oʻyladi. Ular narigi xonada kutishyapti, oʻzi ham necha marta kutgan. Qaytarma koʻkrak yoqali kamzulida u oʻzini boshqacha, kattalarday his qildi bugun ertalab, ibodatga borishidan oldin kiyintirishib, onasi mehmonxonaga uni boshlab kirganida otasi yigʻlab yubordi. Chunki uni koʻrgan payt otasi yodiga tushgan. Charlz togʻa shunday dedi.

Mister Dedalus idishning qoqogʻini yopib qoʻydi va ishtaha bilan ovqat yeyishga kirishdi.
— Shoʻrlik Kristi, — mingʻirladi u, — aftidan u oʻzining makru hiylalariga butkul oʻralashib qolganga oʻxshaydi.
— Saymon, — dedi missis Dedalus, — sen missis Rayordenga qayladan uzatmayapsan.
— Darvoqe, — dedi u hozirjavoblik bilan, — missis Rayorden, men gumrohning gunohimdan oʻting.

Denti qoʻli bilan likopchasini toʻsdi:
— Yoʻq, minnatdorman.

Mister Dedalus Charlz togʻaga oʻgirildi:
— Siz-chi, ser?
— Hammasi joyida, Saymon.
— Jon, sizga-chi?
— Menga bas. Oʻzingiz olavering.
— Senga-chi, Meri? Likopchangni uzat, Stiven. Olsang-chi, olaver, moʻyloving tezroq chiqadi. Qani!

U Stivenning likopchasiga qayladan uyub soldi va idishni stolga qoʻydi. Keyin Charlz togʻadan goʻsht mazalimi, deb soʻradi. Charlz togʻa gapira olmadi, ogʻzi band edi, boshini sermab qoʻya qoldi.
— Qadrdonimiz oʻshanda ruhoniyga munosib javob qilganmidi? A? — dedi mister Dedalus.
— Men bunga uning qurbi yetadi, deb oʻylamagan edim, — dedi mister Keysi.
— «Cherkovning xarajatini men oʻzim toʻlayman, hazrat, siz Tangrining dargohini tashviqot yuritadigan minbarga aylantirishni bas qilsangiz boʻlgani»1.
— Oʻz piriga bundan ortiq gap aytib boʻladimi, — dedi Denti. — Aniqsa, oʻzini katolikman degan odamning ogʻzidan shu gap chiqsa-ya.
— Ular aybni nafaqat oʻzlaridan qidirganlari ma’qul, — dedi mister Dedalus soxta halimlik bilan. — Agar ular aqlliroq boʻlishganda din bilan mashgʻul boʻlishardi, boshqalarning ishiga tumshuq tiqib yurishmasdi.
— Axir, shuning oʻzi din-da, — dedi Denti. — Ular xalqni ogohlantirib, oʻz burchlarini bajarishyapti. Ular oʻz jamoalariga pand-nasihat qilib turishlari kerak-ku.
— Biz cherkovga — Tangrining uyiga bosh egib yaratganga ibodat qilish uchun kelamiz, — dedi mister Keysi, — saylovoldi nutqlarini tinglash uchun emas.
— Shuning oʻzi din-da, — takrorladi Denti. — Ular toʻgʻri qilishyapti. Ular oʻz jamoalariga va’z oʻqib turishlari kerak.
— Mehrobdan turib tashviqot yurgizishlariga nima deysiz? — soʻradi mister Dedalus.
— Toʻgʻri-da, — dedi Denti. — Bu jamoaning ma’naviyatiga daxldor. Agar ruhoniy oʻz qavmiga nima yaxshi-yu, nima yomonligini tushuntirmasa, uning ruhoniyligi qayerda qoladi?

Missis Dedalus qoʻlidagi pichoq bilan sanchqini dasturxonga qoʻyib, dedi:
— Xudo xayringizni bersin, siyosiy munozaralaringni juda boʻlmasa bugun, shunday kunda qoʻya turinglar!
— Mutlaqo haqsiz, mem, — dedi Charlz togʻa. — Bas, yetar, Saymon. Boʻldi endi, tamom.
— Xoʻp, xoʻp, — dedi bidirlab mister Dedalus.

U idishning qopqogʻini ilkis koʻtardi:
— Xoʻsh, kimga yana kurkadan?

Hech kim javob qilmadi. Denti yana gap ochdi:
— Voizlikni katolikka chiqargan, ha, shubhasiz, katolikka.
— Missis Rayorden, oʻtinib soʻrayman, — dedi missis Dedalus, —buguncha shu gapni toʻxtatib turaylik.

Denti u tomonga oʻgirilib dedi:
— Sizningcha, men cherkov a’yonlarini tahqirlashlariga chidab turishim kerakmi?
— Agar ular siyosatga aralashishni bas qilishsa, — beixtiyor gapga qoʻshilib ketdi mister Dedalus, — hech kim ularga bir ogʻiz ham gapirmaydi.
— Irlandiyaning yepiskoplari va poplari oʻz soʻzlarini aytishdi, — e’tiroz bildirdi Denti, — ularga boʻyin berish kerak.
— Ular siyosatdan voz kechsin, — gapga aralashdi mister Keysi, — boʻlmasa xalq cherkovdan yuz oʻgiradi.
— Eshitdingizmi? — dedi Denti missis Dedalusga murojaat qilib.
— Mister Keysi! Saymon! Bas, yetar, oʻtinib soʻrayman, — yalina boshladi missis Dedalus.
— Yaxshimas! Yaxshimas! — dedi Charlz togʻa.
— Bu qanday gap! — qichqirdi mister Dedalus. — Biz inglizlarning bir ishorasi bilan undan voz kecharmishmiz!
— U xalqni ortidan ergashtirishga noloyiq boʻlib qolgan edi, — dedi Denti. — U hammaning koʻz oldida gunohga botib yashadi.
— Hammamiz gunohkormiz, hammamiz gunohkor badbaxt-larmiz, — vazminlik bilan javob qildi mister Keysi.
— «Hoyu havasdan butkul tiyilish mushkul, biroq bundayin gunohdan oʻzini chetga ola bilmaganning holiga voy, — dedi missis Rayorden. — Magar bunday kimsaning gardaniga tegirmon toshini boylasalar, boz uni dengizga tashlasalar tuzuk, toki u oʻzgalarni yoʻldan ozdirmagay». Mana, muqaddas kitobda nima deyilgan.
— Oʻta boʻlmagur soʻzlar bular, agar mening fikrimni bilishni istasangiz, — dedi mister Dedalus sovuq ohangda.
— Saymon! Saymon! — Charlz togʻa uni turtdi. — Yosh bolaning oldida-ya!
— Xoʻp-xoʻp, — dedi xato qilganini payqab mister Dedalus. — Aytgancha... Men aytmoqchi edimki... Boʻlmagʻur gaplarni stansiyadagi bir hammol aytibdi. Shunday desak tuzukroq boʻlar. Qani, Stiven, likopchangni choʻz, oshna. Qoldirmagin-a, hammasini yegin.

U toʻlatilgan likopchani Stivenga uzatdi va Charlz togʻa bilan mister Keysining likopchalariga kurka goʻshtidan ikkita katta boʻlakni qoʻyib, ustiga qayladan bostirib qoʻydi. Missis Dedalus ovqatdan kamgina yedi, Denti esa qoʻllarini tizzasiga qoʻyib oʻtirardi. Uning yuzi qizarib ketgan edi. Mister Dedalus sanchqi bilan kurkaning qolgan-qutganini kovlashtirarkan, dedi:
— Bu yerda yana bitta mazali luqma qoldi, buni arxiyerey luqmasi deyishadi. Xoʻsh, xonimlar, jentelmenlar, qani kimga?..

U kurka goʻshtini sanchqiga sanchib koʻtardi. Hech kim ogʻiz ochmadi. U luqmani oʻzining likopchasiga qoʻyib dedi:
— Mening ishim taklif qilish. Biroq endi bu oʻzimga qoldi, shekilli, oʻzim yeyman. Keyingi paytlarda negadir kuchdan qolayotgandayman.

U Stivenga koʻzini qisdi va bir qoʻli bilan likopchasini pana qilib, yeyishga tutindi. U yeb boʻlgunicha hech kim churq etmadi.
— Havoyam zap havo boʻldi-da! — dedi u. — Shaharda musofirlarning koʻpligini aytmaysizmi.

Hech kim gap qoʻshmadi. U yana gapira boshladi:
— Menimcha, oʻtgan yilgi mavlud bayramiga qaraganda bu yil ziyoratchilar koʻp keldi.

U oʻtirganlarning dasturxonga egilgan bir qadar mulzam yuzlariga koʻz yugurtib chiqdi va hech qanday javob eshitmagach, bir daqiqa sukut saqlab turdi-da, soʻng alam bilan dedi:
— Xullasi kalom, mening mavlud ziyofatimni buzdinglar!
— Cherkov a’yonlariga hurmat boʻlmagan uyda, — deb uzib oldi Denti. — baxt-saodatga, xushvaqtlikka oʻrin yoʻq.

Mister Dedalus qoʻlidagi sanchqi bilan pichroqni likopchaga sharaqlatib tashlab yubordi.
— Hurmat!? — dedi u. — Billiga hurmatmi, sharmandalarcha safsata sotgani uchun-a yoki oʻsha armlik meshqorin ochofatgami! Hurmat-a?!
— Cherkov amaldorlari! — achchiq kinoya qildi mister Keysi.
— Lord Leytrimning otboqari, — qoʻshimcha qildi mister Dedalus.
— Ular xudoning yorlaqagan bandalari, — dedi Denti. — Mamlakatning faxri!
— Ochofat meshqorin, — dedi yana mister Dedalus. — U uxlagan paytdagina beziyon. Uning qirovli qish kunida choʻchqa goʻshtiga karamni qoʻshib urib yotganini bir koʻrsangiz edi! Polvon!

U tumtoq basharasini bujmaytirdi va lablarini chapillatib qoʻydi.
— Qoʻying, Saymon, yosh bolaning oldida yarashmaydi bunday gaplar. Yaxshimas.
— Ha-da, katta boʻlganda hammasini eslaydi, — gapni ilib ketdi Denti qizishib, — bular bari xudoga, dinga va ruhoniylarga qarshi gaplar-ku, ularni oʻzi tugʻilib oʻsgan uyda eshitib oʻtirsa-ya.
— Eslasin-da, — stolning narigi tarafidan turib qichqirdi mister Keysi, — ruhoniylarning, ularning malaylarining amru ma’ruflariniyam eslasin. Axir, Parnellning yuragini adoyi tamom qilgan, uni goʻrga joylagan shular-ku! Katta boʻlganida buni ham eslasin, axir.
— Itdan tarqaganlar! — xitob qildi mister Dedalus. — Ahvoli tang boʻlganda, payt poylab Parnellni sotishdi-ya! Xuddi palid kalamushlarday unga tashlanishdi, gʻajishdi! Yovuz koʻppaklar! Koʻppakdan farqi yoʻq ularning. Xudo haqqi!
— Juda toʻgʻri qilishgan-da. — qichqirdi Denti. — Ular oʻzlarining yepiskoplariga va poplariga itoatkor boʻlishgan. Ularga shon-sharaflar boʻlsin!
— Bas, yetar axir, qoʻyinglar bu bema’ni gaplarni! — xitob qildi missis Dedalus. — Biror kun yoʻqki, koʻnglingni qop-qora qiladigan shunday bema’ni mojarolarsiz oʻtsa.

Charl togʻa tinchlaninglar degan ma’noda qoʻlini koʻtardi:
— Jim, jim, jim! Nahotki odam oʻzining fikrini gʻazabga minmay, soʻkinmay gapirishi qiyin boʻlsa. Bu yaxshimas, axir!

Missis Dedalus Dentining qulogʻiga shivirlab, uni tinchlantirmoqchi boʻldi, biroq Denti oʻshqirib berdi:
— Yoʻq, men jim turolmayman! Cherkovimni, e’tiqodimni himoya qilaman, bu dindan qaytganlarga uni tahqirlatib, tupurtirib qoʻymayman.

Mister Keysi oldidagi likopchani stol oʻrtasiga ilkis surdi, keyin tirsagini stolga tiradi-da, hirqiragan tovushda uy egasiga qarab murojaat qildi:
— Men sizga oʻsha mashhur tupurish tarixini gapirib berganmidim?
— Yoʻq, Jon, aytganingiz yoʻq, — dedi mister Dedalus.
— Nahotki, — dedi mister Keysi, — ammo juda ibrat olsa arziydigan voqea-da. Bu voqea biroz oldinroq, Uiklou grafligida, hozir siz bilan birga yashab turgan joyda yuz bergan.

U toʻxtab, Dentiga oʻgirilib, qahr bilan salmoqlab gapira boshladi:
— Ijozatingiz bilan aytib qoʻyay, xonim, agar siz meni nazarda tutib gapirayotgan boʻlsangiz adashasiz, men dinidan qaytganlardan emasman. Katolikman men, xuddi otamday, uning otasi ham katolik boʻlgan, uning otasining otasi ham juda qadim zamonlardayoq katolik boʻlgan va oʻsha paytlarda biz oʻz e’tiqodimizdan qaytgandan koʻra hayotning bahridan oʻtib qoʻya qolishga tayyor edik.
— Demak, sizday odam uchun, — dedi Denti, — hozir ogʻzingizdan chiqqan gaplarni aytish battar uyat.
— Ayting, Jon, — dedi mister Dedalus kulimsirab. — Qulogʻimiz sizda.
— Katolik emish! — dedi yana kinoya bilan Denti. — Uchiga chiqqan protestant ham bugun men eshitgan gaplarga oʻlsayam chidab oʻtirmasdi.

Mister Dedalus boshini har yoqqa salanglatib, muqom qila boshladi.
— Men protestant emasman, buni sizga takror aytayapman, — dedi mister Keysi joni chiqib.

Mister Dedalus oʻzicha gʻingshib va boshini salanglatib turdi-da, tuyqusdan hirqiroq tovushda pingʻillab xirgoyi qildi:

Kelinglar, hoy, katoliklar, siz.
Ibodatdan yuzni burmangiz!!

U qoʻliga pichoq bilan sanchqini olib, yana ovqat yeyishga tutindi va mister Keysiga quvnoq ovozda dedi:
— Ayting oʻshani, Jon, qulogʻimiz sizda, bu ovqat hazm boʻlishiga yordam beradi.

Stiven mehr bilan mister Keysining yuziga qaradi, mister Keysi boshini qoʻllariga tiragancha bir nuqtaga termilib turardi. Stiven kaminning oldida u bilan yonma-yon oʻtirib, uning qahrli, qoramagʻiz chehrasiga tikilishni yaxshi koʻrardi.

Biroq uning qora koʻzlari hech qachon gʻazab bilan chaqnamas, vazmin, salobatli tovushini eshitish maroqli edi. Nega u ruhoniylarga qarshi? Bundan chiqdiki, Denti haq ekan-da. U otasi gapirganda eshitgan, Denti yoshligida tarki dunyo qilgan — rohiba boʻlgan, keyincha akasi bilakuzuk va boshqa mayda-chuyda taqinchoqlarni qora xalqqa pullab boyigach, monastirni tark etgan, Alleganga ketgan. Ehtimol, shuning uchun u Parnellga qarshi boʻlsa kerak? Ha, aytgancha, u Eylin bilan birga oʻynasa Denti yoqtirmaydi, chunki Eylin protestant-da, Denti yoshligida protestantlar bilan birga oʻynab yuradigan bolalardan protestantlar muqaddas Bibi Maryamning quyma haykalchasini tahqirlashganini eshitgan. «Fil suyakli minora — Tilla koʻshk!»24, deyishgan ular. Qanday qilib ayol kishi fil suyakli minora yoki tilla koʻshk boʻlishi mumkin? Unda kim haq boʻlib chiqadi? Uning xotirasiga Klongousdagi kasalxona oqshomi, qop-qora toʻlqinlar, koʻrfazdagi mayoq yogʻdusi va qaygʻuli xabarni eshitgan olomonning dod-faryodi keldi.

Eylinning qoʻllari uzun, oppoq edi. Bir kuni kechqurun, ular koʻz boylash oʻynayotganda Eylin uning koʻzlarini qoʻllari bilan bekitdi: qoʻllari uzun, oppoq, ingichka, sovuq va nozik. Bu oʻsha fil suyagi. Sovuq va oppoq, mana, fil suyakli minora nima degani.
— Bu qisqa va juda qiziq voqea, — dedi mister Keysi. — Bu Arklouda boʻlgan edi, havo sovuq, bulutli kun edi, yoʻlboshchimiz qazo qilishlaridan sal oldinroq. Uning ruhini oʻzing shod qilgaysan, ilohim!

U madorsizlanib koʻzlarini yumdi va biroz sukut saqladi. Mister Dedalus likopchadagi suyakni qoʻliga olib, goʻshtini tishlari bilan uzib olarkan, dedi:
— Aytmoqchisizki, uni oʻldirishlaridan oldinroq boʻlgan edi, demoqchisiz-da?

Mister Keysi koʻzlarini ochdi, chuqur xoʻrsindi va davom etdi:
— Bir kuni u Arklouga keldi. Biz mitingda edik, miting tugagandan soʻng, bir amallab, tirband olomonning orasini yorib, stansiyaga oʻtishga toʻgʻri keldi. Umrimda bunaqangi qiy-chuvni, dod-faryodni eshitmaganman! Olomon bizni goh u yoqqa, goh bu yoqqa surib ketadi. Shunda bir kampir, qari piyanista alvasti, negadir menga ariday yopishdi-qoldi. Atrofimda loyni kechib gir aylanadi, koʻzini menga qadab olgan, tinmay qichqiradi: Ruhoniylarning dushmani! Parij birjasi! Mister Foks!25 Kitti OʻShi!
— Xoʻsh, siz nima qildingiz, Jon?— soʻradi mister Dedalus.
— Men uning akillashiga e’tibor qilmadim, — dedi mister Keysi. — Juda sovuq edi, badanni jinday qizdirar deb (meni kechirsinlar, xonim) tilimning tegiga dengiz tamakisidan ne miqdor tashlab olganman, turgan gap, ogʻzimni ocholmayman, chunki ogʻzim tamaki «sharbati»ga toʻla.
— Xoʻsh, keyin-chi, keyin nima boʻldi, Jon?
— Xullas, men unga e’tibor qilmadim, mayli, Kitti OʻShini qoralaydimi, bilganicha akillayversin, degandim, biroq bu alvasti muhtarama xonimni shunday bir soʻz bilan haqoratladiki, bu soʻzni aytishga til aylanmaydi, harqalay mavlud dasturxonida oʻtiribmiz, qolaversa, begoyim, sizning ta’bingizni ham buzmay, oʻzimning lafzimniyam bulgʻamay.

U jimib qoldi. Mister Dedalus boshini koʻtarib soʻradi:
— Xoʻsh, keyin siz nima qildingiz, Jon?
— Nima qilardim? — dedi mister Keysi. — Qarasam, u oʻzining burishgan jirkanch basharasini naq iyagimga tirab kelayapti, mening ogʻzimda liq toʻla tamaki «sharbati». Shunda men unga yaqinroq engashdim-da, mana shunday «Tfu!» dedim.

U yuzini chetga burib qanday qilganini koʻrsatdi.
— Tfu! Uning shundoq koʻziga tupurib yubordim.

U qoʻli bilan koʻzlarini bekitdi va joni qattiq ogʻriyotgan odamday chinqirib yubordi:
— «Voy, Iso Masih, Bibi Maryam, Yusuf! — deb ayuhannos solardi u. — Voy-dod, koʻr boʻlib qoldim, dod, oʻlaman!»

U xirillab, kulgidan va yoʻtaldan oʻzini toʻxtata olmay, boʻgʻilib takrorladi:
— Koʻr boʻlib qoldi, koʻr boʻlib qoldi!

Mister Dedalus qah-qah otib kulgancha oʻzini stulning suyanchigʻiga tashladi. Charlz togʻa boshini chayqab qoʻydi. Dentining yuzi qahrli tus oldi, oʻtirganlar xoxolab kulisharkan, u bir gapni tinmay takrorlardi:
— Yaxshi, juda yaxshi, juda soz!

Ayol kishining koʻziga tupurish yaxshimas.

Oʻsha kampir Kitti OʻShini qanday soʻz bilan haqorat qildiykan, uni mister Keysi hatto tilga olishga ham hazar qildi-ya? Stiven olomon orasidagi mister Keysini koʻz oldiga keltirdi: ana u, aravaning ustida, tik turib nutq irod qilayotir. Shuning uchun ham u qamoqda oʻtirgan. U beixtiyor esladi: bir kuni uylariga serjant OʻNil keldi, serjant dahlizda turib otasi bilan shivirlashib gaplashdi, ora-sira boshidagi temir qalpogʻining charm bandini asabiy tishlab qoʻyardi. Oʻsha oqshom mister Keysi Dublinga odatdagiday poyezdda joʻnamadi, uylari oldiga arava keldi va otasining Kebintili orqali oʻtadigan yoʻl haqida nimadir deganini eshitdi u,

U ham otasi kabi Irlandiya uchun qaygʻurar, Parnellni yoqlar edi, biroq aslida Denti ham ular tarafda, chunki bir kuni saylgohda orkestr chalib turganda Denti bir janobning boshiga shamsiya bilan tushirib qoldi, kuy oxirida orkestr «Xudoyo, qirolichani oʻzing asra!»ni ijro etayotganda oʻsha janob boshidan shlyapasini yechgan edi.

Mister Dedalus alam bilan pixilladi.
— Hoy, Jon, — dedi u. — Ular oʻzi shunga munosib. Biz shoʻrliklar poplar qoʻl ostida ezilgan xalqmiz. Umrbod shunday boʻlib kelgan va oxiratgacha shunday boʻlib qoladi.

Charlz togʻa boshini chayqab dedi:
— Ha, ahvolimiz chatoq, chatoq!

Mister Dedalus gapini takrorladi:
— Poplarning qoʻl ostida ezilgan va xudoning marhamatidan benasib xalq!

Shunday deb u oʻng tarafida devorga osigʻliq bobosining suratiga ishora qildi.
— Jon, mana bu cholni koʻryapsizmi? — dedi u. — Halol Irland, uning davrida odamlar faqat mol-dunyo deb oʻlib-tirilgan emas. U oliy jazoga hukm qilingan Oq Bolalarning biri edi. Ming yetti yuzu oltmishinchi yili oq qoʻzgʻolonchi sifatida oʻlimga hukm qilingan. U ogʻaynilarimiz — cherkov a’yonlari haqida gapirishni yaxshi koʻrardi, hech qachon ularni oʻzim oʻtirgan dasturxonga yoʻlatmayman, derdi.

Denti chidab turolmadi:
— Bizni ruhoniylar boshqarib turibdi, biz bundan faxrlanishimiz kerak! Ular — yaratganning koʻz qorachigʻi. Ularga otilgan tosh tangriga otilgan tosh bilan barobar.
— Bundan chiqdiki, bizning oʻz vatanimizni sevishga haqqimiz yoʻq ekan-da? — soʻradi mister Keysi.
— Bizni ortidan ergashtirish, yoʻlboshchi boʻlish uchun tugʻilgan insonga ergashish ham taqiqlanganmi?
— Vatan xoini, — baqirdi Denti. — Xoin, xotinboz! Cherkovimiz rahnamolari undan yuz oʻgirib juda toʻgʻri qilishdi. Ular hamisha Irlandiyaning sodiq doʻstlari boʻlishgan.
— Siz shunga ishonasizmi? — dedi Keysi.

U mushti bilan stolni urdi va qoshlarini asabiy kerib, barmoqlarini birin-ketin yoza boshladi.
— Uniya davrida, yepiskop Lenigen markiz Kornuollisga fuqarolikni bay’at qilganda, irland yepiskoplari bizni sotmaganmidi? Oʻsha yepiskoplar va poplar ming sakkiz yuzu yigirma beshinchi yili oʻz mamlakatining kelajagini katolik dinining erki uchun qurbon qilmaganmidi? Minbaru mehroblardan turib fenilar harakatini badnom etganlari-chi? Terens Belyu Makmenus xokini tahqirlaganlari-chi?

Keysining yuzi gʻazabdan boʻgʻriqib ketgandi, Stiven uning yonib gapirayotganidan yonoqlari choʻgʻday qizarib ketganini sezdi.

Mister Dedalus alam bilan kuldi.
— Oʻ, xudoyim, — deya hayqirdi u , — men qariya Pol Kallinni unutib qoʻyayozibman. Mana, tangrimning yana bir yorlaqagan koʻz qorachigʻi.

Denti stol osha mister Keysiga qarab qichqirdi:
— Toʻgʻri qilishgan, judayam toʻgʻri! Ular hamisha toʻgʻri yoʻl tutishgan! Xudo, axloq va din hamma narsadan ustun!

Missis Dedalus uning gʻazablanganini koʻrib dedi:
— Missis Rayorden, oʻzingizni bosing, ular bilan pachakilashmang.
— Xudo va din — hammasidan ustun! — qichqirdi Denti.

Mister Keysi mahkam siqilgan mushtini koʻtardi va zarb bilan stolga urdi.
— Boʻpti, yaxshi, — boʻgʻilib qichqirdi u, — agar shunaqa boʻladigan boʻlsa, bas, Irlandiyaga xudoning keragi yoʻq!
— Jon, Jon! — qichqirdi mister Dedalus mehmonning yengidan tortqilarkan.

Denti unga tikilgancha qotib qoldi: uning yonoqlari pirillab ucha boshladi. Mister Keysi stulni zarb bilan surdi-da, stol osha Denti tarafga egilib, qoʻlini koʻzlari oldida xuddi pashshani quvayotganday asabiy sermay boshladi.
— Irlandiyaga xudoning keragi yoʻq! — baqirdi u. — U Irlandiyada juda koʻp boʻldi. Bas, jonga tegdi! Yoʻqolsin!
— Shakkok! Iblis! — Denti chiyillagancha oʻrnidan sakrab turdi va sal boʻlmasa uning yuziga tupirayozdi.

Charlz togʻa bilan mister Dedalus mister Keysini bir amallab joyiga oʻtirgʻizib, tinchlantirishga urinishdi. U nafratdan chaqnagan qoramtir koʻzlarini bir nuqtaga qadab tinmay baqirardi:
— Yoʻqolsin, daf boʻlsin!

Denti ilkis qoʻzgʻalib, stulni zarb bilan chetga surdi va stoldan nari ketdi, stol ustidagi qoʻlsochiqlar solingan idish yerga tushib, gilamning ustida yumalagancha oromkursining oyogʻiga urilib toʻxtadi. Mister Dedalus oʻrnidan chaqqon turib, Dentining ortidan eshikka yugurdi. Eshik oldida Denti toʻxtab ortiga oʻgirildi, uning yonoqlari uchar va gʻazabdan lov-lov yonardi, u xonani boshiga koʻtarib qichqirdi:
— Doʻzaxilar! Biz gʻalaba qildik! Biz uni oʻlimga mahkum etdik! Iblis!

Eshik sharaqlab yopildi.

Mister Keysi oʻzini ushlab turganlarni itarib tashladi va manglayini stolga urib hoʻngrab yubordi.
— Badbaxt Parnell! — U oʻkirib faryod chekdi. — Halok boʻlgan qirolimiz!

U boʻzlab yigʻlardi.

Qoʻrquvdan yuzi dokaday oqarib ketgan Stiven boshini koʻtarib qaradi, otasining koʻzlari jiqqa yosh edi.

* * *

Har joy, har joyda toʻp-toʻp boʻlib turgan bolalar gurunglashardi. Bittasi aytdi:
— Ularni Layens-Xill yaqinida ushlab olishibdi.
— Kim ushlabdi?
— Mister Glison bilan ruhoniy. Ular aravada ketayotgan ekan.

Oʻsha bola tagʻin qoʻshib qoʻydi:
— Menga buni yuqori sinfdagi bir bola aytdi.

Fleming soʻradi:
— Ular nega qochibdi?
— Sababini men bilaman, — dedi Sesil Sander. — Ular rektorning xonasidan pul oʻmarishgan.
— Kim oʻgʻirlagan?
— Kikemning akasi. Keyin boʻlishib olishgan.
— Juda bilagʻonsan-da, Sander! — dedi Uyells. — Ularning nega quyon boʻlganini men bilaman.
— Xoʻsh, ayt-chi, nega?
— Aytma deb iltimos qilishgan menga, — dedi Uyells.
— Aytaqol, — chuvillashdi bolalar.
— Qoʻrqma, biz seni sotmaymiz.

Yaxshiroq eshitish ilinjida Stiven boʻynini choʻzdi. Uyells, birortasi kelmayaptimikan, deb atrofga alangladi. Keyin shivirlab gapira boshladi.
— Ibodat liboslari turadigan shkafda cherkovning vinosi saqlanadi, bilasizlarmi shuni?
— Ha.
— Qisqasi, ular shu vinoni ichib qoʻygan, gunohkorni qidirganda hididan payqab qolishgan. Mana, nega ular juftakni rostlashgan, bildinglarmi endi?

Birinchi boʻlib gap ochgan bola aytdi:
— Toʻgʻri, toʻgʻri, men ham yuqori sinfdagi boladan shu gapni eshitdim.

Hamma jimib qoldi. Stiven ularning orasida bir soʻz aytishga jur’at etmay jim turar, eshitardi, xolos. U qoʻrqqanidan biroz vahimaga tushdi, a’zoyi badani boʻshashib ketganday boʻldi. Ular bunga qanday qoʻl urishdiykan? U jim-jit qorongʻi hujrani koʻz oldiga keltirdi. Hujrada yogʻoch shkaflar bor edi, ichiga diniy kitoblar tartib bilan terib qoʻyilgan. Bu joy butxona emas, biroq baribir bu yerda faqat shivirlab gaplashish mumkin. Bu muqaddas joy. U yoz oqshomini esladi, oʻshanda marosim kuni — ibodat libosini kiydirish uchun ularni oʻrmondagi kichik bir butxonaga olib kelishdi. Sirli, sinoatli joy. Eshikning oldida turgan bola qoʻlidagi uzun zanjirga bogʻlangan isiriqdonni ohista tebratar, tebranganda isriqdonning kumush qopqoqchasi xiyla koʻtarilib-tushib, ichidagi choʻgʻ olovlanardi. Isriqdonga pista koʻmir solingan edi, bola idishni tebratganda koʻmir miltillab choʻgʻlanar va undan achqimtilroq hid taralardi. Hammaga ibodat libosi kiygizilgandan soʻng bola isiriqdonni rektorga uzatdi va rektor idishga bir qoshiq sedana sepdi, koʻmir choʻgʻining ustiga tushgan sedana jizilladi.

Bolalar maydonchada toʻp-toʻp boʻlishib gap sotishardi. Uning koʻziga bolalarning boʻyi kaltarib qolganday tuyuldi. Buning sababi bor edi, kecha poygachilardan biri, ikkinchi sinfda oʻqiydigan bola, uni velosiped bilan urib yubordi. U shagʻal toʻkilgan yoʻlakka yiqilib tushdi, koʻzidagi koʻzoynagi uchib ketib, uch boʻlak boʻldi, ogʻziga jinday qum kirdi.

Shuning uchun ham bolalar uning koʻziga kichrayib, darvoza ustunlari ingichka va uzoq boʻlib koʻrinar, mayin kulrang osmon esa juda balandlab ketgan edi. Sport maydonchasida hech kim yoʻq edi, chunki hamma kriket oʻynash uchun bir joyga yigʻilgan, ba’zi bolalar Barns kapitan boʻladi desa, boshqalari Flauyersni aytishardi. Nihoyat maydonchada toʻpni havolatib, tashlab berib, urib-oʻyinni boshlab yuborishdi. Muloyim havoni zarb bilan urilayotgan kriket tayoqlarining tovushi tutib ketdi. Pik, pak, pok, pek — xuddi favvoradan suv tomchilari limmo-lim hovuzga ohista tomchilayotganday.

Shu paytgacha miq etmay oʻtirgan Etti pichirlab dedi:
— Sizlarning aytgan gaplaring toʻgʻrimas.

Hamma oʻgirilib unga qaradi:
— Nima uchun?
— Nima, sen bilasanmi?
— Senga kim aytdi?
— Aytgin, Etti!

Etti qoʻli bilan maydonning Saymon Munen yolgʻiz oʻzi tosh tepib, aylanib yurgan tomoniga ishora qildi.
— Ana undan soʻranglar, — dedi u.

Bolalar oʻsha tomonga qarashdi, keyin soʻrashdi:
— Nega undan soʻrash kerak?
— Uyam oʻshalar bilanmi?

Etti tovushini pasaytirib dedi:
— Bu bolalar nega juftakni rostlab qolishganini bilasizlarmi? Men sizlarga aytaman, lekin hech kim bilmasin.
— Ayt, Etti, ayta qol. Hech kimga aytmaymiz.

U bir daqiqa jim turdi, keyin muhim sirni oshkor etayotganday shivirlab dedi:
— Kechasi Saymon Munen bilan Tis Boylni hojatxonada koʻrib qolishibdi.

Bolalar unga hayron boʻlib qarashdi:
— Koʻrib qolishibdi?
— Nima qilayotgan ekan ular?

Etti aytdi:
— Yopishishayotgan ekan.

Birdan hamma jimib qoldi.
— Bildinglarmi endi nima boʻlganini, — dedi Etti.

Stiven joʻralarining yuziga koʻz tashladi, biroq ular bari maydonchaning narigi tarafiga qarab turishardi. Uning kimdandir soʻrab bilgisi keldi. Hojatxonada yopishish — nima degani? Nega endi yuqori sinfning beshta bolasi shu uchun qochib ketishdi? «Bu—hazil», deb oʻyladi u. Saymon Munen doim bashang kiyinadi, bir safar kechki payt unga Saymon sharbatli konfet solingan sharni koʻrsatdi, idishni futbol komandasidagi bolalar oshxonaning oʻrtasidagi poyondoz ustidan unga qarab yumalatishganda, Saymon esa eshik oldida turgan edi. Bu kechqurun, bektayv komandasi bilan musobaqadan keyin boʻlgan edi, shar esa yarmi yashil, yarmi qizil — naqsh olmaning oʻzginasi, farqi shuki, uni ochsa boʻlardi, ichi sharbatli karamelga liq toʻla edi. Bir safar Boyl filning ikkita «soʻyloq tishi» bor deyish oʻrniga «tisi» dedi, shuning uchun unga Tis Boyl deb laqab qoʻyishdi. Ba’zi bolalar uni Boyl xonim deb chaqirishadi, nega deganda u doim tirnoqlariga zeb berib, egovcha bilan ularni silliqlab yuradi.

Eylinning ham uzun ingichka sovuqqina oppoq qoʻllari bor, chunki u — qiz bola. Qoʻllari xuddi fil suyagiday, faqat yumshoq. Mana fil suyakli minoraning ma’nosi, biroq protestantlar buni tushunmas, tushunmaganlari uchun ham masxaralab kulishadi. Bir safar u Eylin bilan birga mehmonxona hovlisiga qarab turishgan edi. Xizmatkor ustunga uzun bayroqni qoʻndirayotgan edi, kungay betdagi chimzorda esa bir tozicha uyoq-buyoqqa chopqillab yurardi. Eylin qoʻlini uning choʻntagiga tiqdi, oʻzining qoʻli ham shu choʻntakda edi, shunda u qizning barmoqlari sovuq, nozik va yumshoq ekanini his etdi. Choʻntaging boʻlsa mazza-da, dedi Eylin. Keyin birdan burilib, kulgancha, aylanma zinadan pastga yugurib ketdi. Uning kumushrang sochlari yelkasida, xuddi quyoshda tovlangan oltinday, yarqirab toʻkilib turardi. Fil suyakli minora. Tilla koʻshk. Bir nimaning ustida bosh qotirsang, oʻshanda uni tushuna boshlaysan.

Biroq nega aynan hojatxonada? Hojatxonaga faqat zaruratdan borasan-ku. U yerda sandiqday-sandiqday tosh plitalar bor, mayda teshikchalardan kun boʻyi suv tomib turadi, dimiqqan suvning qoʻlansa hidi oʻtirib qolgan. Bir eshikka qizil qalam bilan ikki qoʻlida ikkita gʻisht koʻtargan, rim togasidagi1 soqolli odam rasmi chizilgan, rasm tagida: «Balbes devor tiklagan«2 degan yozuv bor.

Buni bolalardan biri kulgi uchun chizgan. Basharasi juda kulgili chiqqan-da, biroq soqolli odamgayam oʻxshab ketadi. Devorga esa juda chiroyli husnixat bilan oʻngdan chapga: «Yuliy Sezar gallik kallar haqida yozgan»3, deb yozib qoʻyilgan.

Balki ular, bolalar hazillashib yozib-chizib tashlagan boʻlar-boʻlmas narsalarni koʻrish uchun bu yerga kirib olishgandir. Baribir ularning bu qiligʻini oqlab boʻlmaydi, Ettining gapi xunuk chiqdi, qaysi yuz bilan aytdi-ya shu gapni. Ular qochib ketishdi-ku, demak, bu shunchaki hazil emas.

U maydonchaning hamma qarab turgan tarafiga qaradi va uni vahima bosdi.

Fleming dedi:
— Xoʻsh, endi ular uchun hammamizning ta’zirimizni berishadimi?
— Ta’tildan keyin bu yerga qaytib qadamimni bosmayman, mana koʻrasan, kelib boʻpman, — dedi Sesil Sander. — Uch kunlab oshxonada miq etishmaydi-yu, sal narsaga darrov chizgich bilan savalay ketishadi.
— Toʻgʻri, — dedi Uyells. — Barret boʻlsa «Jarima daftari»ni qoʻlidan qoʻymaydi, bir varaqlashga tushib kesa bormi, tamom, toʻxtatib boʻpsan — necha marta urushini xudo biladi.
— Menam qaytib kelmayman.
— Toʻgʻri, — dedi Sesil Sander, — bugun ertalab inspektor ikkinchi sinfga kirdi.
— Kelinglar, isyon koʻtaramiz, — dedi Fleming. — Nima deysizlar?

Hech kim churq etmadi. Atrof jim-jit edi, kriket tayoqlarining zarbalari endi oldingidan koʻra juda sekin eshitilardi: pik, pok.

Uyells soʻradi:
— Endi ularni nima qilisharkan?
— Saymon Munen bilan Tisning payini qirqishadi, — dedi Etti, — yuqori sinfdagilarga boʻlsa bittasini tanlanglar: yo jazo yoki haydalasizlar, deyishdi.
— Ular qaysini tanladi? — soʻradi birinchi boʻlib gap ochgan bola.

—Korrigendan boshqa hammasi haydalishni ma’qul koʻrdi,—dedi Etti. —Uni mister Glisson savalaydi.

—Men bilaman nega Korrigen buni tanlaganini,—dedi Sesil Sander, —toʻgʻri qildi-da, boshqa bolalar adashdi, chunki jazo olganing odamlarning esidan chiqadi-ketadi, kollejdan haydalsang yomon, bir umr isnodga qolasan. Qolaversa, Glison, harqalay oʻlasi qilib urmaydi-ku.
— Toʻgʻri-yu, lekin ish shungacha bormagani ma’qul-da, — dedi Fleming.
— Men hecham Saymon Munenning yo Tisning oʻrnida boʻlishni istamasdim,—dedi Sesil Sander. —Ularni jazolamasa kerag-ov. Ehtimol, faqat qoʻllariga yaxshilab urishar.
— Yoʻq, yoʻq,—dedi Etti, — ikkovining ham yumshoq joylariga boplab savalashadi.

Uyells ketini silab yigʻlamsiragan tovushda dedi:
— Boshqa qilmayman, ser, qoʻyib yuboring, ser...

Etti kulimsiradi va kamzulining yengini shimarib dedi:

Gunoh qildingmi chida,
Hiqillama, vaqt oʻtdi.
Ishtoningni tez tushir,
Tutib tur, ketti.

Bolalar kulishdi, biroq baribir ularning choʻchib turishganini u sezdi. Mayin, boʻzrang havoda kriket tayogʻining zarbalari eshitildi: pok, pok. Bu uzoqdan kelayotgan zarbalar tovushi, biroq oʻzingni urishayotganda boshqacha boʻladi — joning ogʻriganini sezasan. Qoʻlga urganda chizgʻichdan ham tovush chiqadi, biroq bu boshqacha tovush. Bolalar uni kitning moʻylovi va terisidan qilingan, ichida qoʻrgʻoshini bor deyishadi, urganda qanday ogʻritishini u tasavvur qilib koʻrishga urindi. Tovushlar har xil boʻladi. Uzun, ingichka xipchinning tovushi qattiq shuvillab chiqadi, tekkanda qanday ogʻritarkan, deb oʻyladi u. Xayoliga kelgan bu oʻylardan badani qaltirab ketdi. Ettining gapini eslab eti junjikdi. Nimasi kulgili ekan? Badani jimirlab ketdi, axir, ishtoningni tushirgan paytda oʻzi biroz sovuq boʻladi-da, sal-pal qaltiraysan. Vannada yechinayotganingda ham shunday boʻladi-ku. Ularning ishtonlarini kim yecharkan —oʻzlarimi yoki tarbiyachimi? Buning kulgili joyi yoʻq-ku?!

U Ettining turilgan yenglariga va siyoh chaplangan ozgʻin qoʻllariga qaradi. Etti mister Glison yenglarini qanday qayirishini qoʻrsatmoqchi boʻlib yenglarini shimardi. Biroq mister Glisonning yeng qaytarmasi dumaloq va oppoq, yarqirab turadi, qoʻllari esa top-toza, oppoq, loʻppigina, tirnoqlari uzun va oʻtkir. Ehtimol, u ham tirnoqlarini Boyl xonimga oʻxshab egovcha bilan silliqlab yurar. Biroq uning tirnoqlari koʻzga xunuk koʻrinadi — uzun va oʻtkir. Oppoq, loʻppigina qoʻllari hecham qoʻrqinchli emas, muloyim, biroq tirnoqlari uzun, qoʻrqinchli. Garchi Stiven qoʻrqinchli uzun tirnoqlarni va xipchinning shuvillab urilgan tovushini, yechinayotganda koʻylak etagining tagidan kirib badanni junjiktirib oʻtadigan qaltiroqni tasavvur etib, sovuq va qoʻrquvdan titrayotgan boʻlsa-da, oppoq, loʻppigina, kuchli va muloyim qoʻllarni koʻz oldiga keltirib gʻalati va xotirjam huzur tuygʻusini his etdi. Shunda u Sesil Sander aytgan gapni esladi: mister Glisson Korrigenni jonini ogʻritib urmaydi. Fleming esa: toʻgʻri, chunki uning oʻzi biladi bunday qilmasa yaxshi boʻlishini, dedi. Nega shunday — tushunarsiz.

Maydoncha tarafdan qichqirgan ovoz eshitildi:
— Hamma yotoqqa!

Unga boshqa ovozlar joʻr boʻldi:
— Yotoqqa, hamma yotoqqa!

Husnixat darsida u qoʻl qovushtirib oʻtirdi, sinfda perolarning sekin qitirlagani eshitilardi. Mister Xarford nari borib, beri kelib yurib turibdi, gohida qizil qalam bilan kichik tuzatishlar qiladi, ora-sira peroni qanday ushlashni koʻrsatish uchun bolalardan birortasining yoniga oʻtiradi. Stiven doskadagi birinchi satrni, garchi u yerda nima yozilganini bilsa-da, harflab oʻqishga urindi, bu darslikdagi eng oxirgi gap edi: «Tushunmay turib qilingan harakat rulsiz kemaning suzishiga oʻxshaydi». Biroq doskadagi harflarning chiziqchalari qilday ingichka koʻrinadi, u oʻng koʻzini qattiq qisib, chap koʻzi bilan uzoq sinchiklab tikilibgina bosh harflarning dumaloq shaklini zoʻrgʻa ilgʻar edi.

Biroq mister Xarford juda mehribon, hech qachon jahli chiqmaydi. Boshqa oʻqituvchilar qattiq dargʻazab boʻlishadi. Nega endi katta sinfdagi bolalarning qilgʻiligʻi uchun ular javob berishlari kerak? Ular hujradagi shkafdan cherkov vinosini olib ichishgan, buni hididan bilib olishgan, deydi Uyells. Ehtimol, ular muqaddas ne’mat solingan idishni oʻgʻirlab, bir joyga olib borib sotishni oʻylashgandir? Biroq baribir kechasi bildirmay kirish, qorongʻida shkafni ochib, oltinday tovlanib turgan idishni oʻmarish — bu gunohi azim; axir, uning ichidagi vinoda, gullar va shamlar orasida tantanali tarzda oʻtadigan marosim chogʻi, ladanning xushboʻy hidi har ikki tarafdan taralib, ruhoniy isiriqdonni sermab turgan, Dominik Kelli yolgʻiz oʻzi xorni yetakchi ovozda boshqarayotgan bir damda tangrini oʻzi hozir boʻladi-ku. Ular idishni oʻgʻirlashgan paytda tangri u yerda boʻlmagan, albatta.

Biroq baribir idishga qoʻl tekizishning oʻzi aqlga sigʻmaydigan ish, gunoh. Bu haqda u qoʻrquvga qorishgan ixlos tuygʻusi bilan oʻyladi: dahshat aqlga sigʻmaydigan ish; perolarning yengilgina qitirlashini eshitib oʻtirib bu haqda oʻylaganida uning yuragi ortiga tortib ketdi. Axir, tap tortmay shkafni ochish va cherkov vinosini ichish, keyin buni hididan sezib qolishlari... kimki yurak yutib bu ishni qilgan boʻlsa, garchi unchalik dahshatli va aqlga sigʻmaydigan ish boʻlmasa-da, baribir gunoh. Lekin vinoning hididan biroz koʻngil ayniydi. U birinchi marta cherkovda qovushuv marosimida vinoni tatiyotib koʻzlarini yumib oldi va ogʻzini ochdi, tilini biroz chiqardi, rektor unga muqaddas ne’matni ulashish uchun egildi, shunda u rektorning nafasidan vinoning yengil hidini sezdi. Vino — yoqimli soʻz. Koʻz oldingga toʻq qizil rang keladi, chunki uzum donalari toʻq qizil — Yunonistonda, oppoq ibodatxonalarga oʻxshagan uylar oldida oʻsadigan toklarda boʻladi. Biroq baribir rektorning nafasidan unqib turgan vinoning yengil hidi oʻsha kuni — marosimda u birinchi marta qatnashib, ilk bor muqaddas ne’matni tatishga musharraf boʻlgan kuni koʻnglini biroz aynitdi. Bu kun — hayotdagi eng baxtli kun. Bir safar koʻpchilik generallar Napoleondan hayotingizdagi eng baxtli kun qaysi, deb soʻrashgan. Napoleon biror-bir yirik jangda gʻalaba qozongan yoki imperator boʻlgan kunni aysa kerak, deb oʻylashgan. Biroq u shunday degan:
— Janoblar, mening hayotimdagi eng baxtli kun — bu mening birinchi muqaddas qovushuv kunim.

Sinfga hazrat Arnoll kirib keldi, lotin tili darsi boshlandi, u esa hali ham qoʻlini qovushtirib oʻtirardi. Hazrat Arnoll mashq yozilgan daftarlarni tarqatdi va sinf ishi juda yomon bajarilganini, hammaga mashqni tuzatilgan xatolari bilan qayta koʻchirishni buyurdi. Daftarlar orasida eng yomoni Flemingniki edi, chunki varaqlariga siyoh chaplanib ketgandi. Hazrat Arnoll daftarni bir chetidan ushlab koʻtarib koʻrsatdi va bunday daftarni oʻqituvchiga berish — uchiga chiqqan hurmatsizlik, dedi. Keyin u Jek Lotenni doskaga chaqirib, mare otini turlashni buyurdi, biroq Jek Loten oʻrin-payt kelishigining koʻplikda qanday turlanishini bilmay, toʻxtab qoldi.
— Uyal, — dedi hazrat Arnoll qat’i ohangda. — Sen, axir, a’lochi oʻquvchisan-ku!

Keyin u boshqa bir bolani chaqirdi, soʻng yana birin-ketin boshqalarni chaqirdi. Hech kim bilmadi. Hazrat Arnollning yuzi favqulodda xotirjam tus oldi, doskaga chaqirilayotgan bolalar harakat qilishgani, biroq javob bera olishmagani sayin uning xotirjamligi ortib bordi. Faqat qovoqlari biroz osildi, koʻz qarashi jiddiylashdi, tovushi esa vazmin edi. Nihoyat u Flemingni chaqirdi va Fleming bu soʻzning koʻplik soni yoʻq dedi. Hazrat Arnoll birdan kitobni yopdi-da, baqirib berdi:
— Hoziroq sinfning oʻrtasiga oʻtib, tiz choʻk. Umrimda bunaqangi dangasani koʻrgan emasman. Sizlar esa, boʻlinglar, mashqni qaytadan koʻchiringlar!

Fleming oʻrnidan sekin turib, oʻrtaga oʻtdi va oxirgi ikki partaning oraligʻida tiz choʻkib oʻtirdi. Qolgan bolalar daftarlari ustiga egilib, yoza boshlashdi. Sinf suv quyganday jim-jit boʻlib qoldi, Stiven choʻchibroq hazrat Arnollning xoʻmraygan yuziga qaradi va uning yuzi jahldan qizarib ketganini koʻrdi.

Hazrat Arnollning jahl qilayotgani gunohga kirarmikan, yo bolalar erinchoq boʻlib qolganda u jahl qilsa boʻlaverarmikan, axir, bu bilan ular yaxshi oʻqib qolmaydi-ku? Yoki ehtimol, u oʻzini jahli chiqqanday koʻrsatayaptimikan? Bunga uning haqqi bor, chunki u ruhoniy, nima gunoh, nima gunoh emasligini oʻzi biladi, bilgandan keyin, albatta, gunohga yoʻl qoʻymaydi-da. Biroq mabodo bexosdan gunohkor boʻlib qolsa-chi, unda qayerga borib tavba qiladi? Tavba qilish uchun, balki, jamoa boshligʻining huzuriga borar-a? Maboda jamoa boshligʻi gunoh qilib qoʻysa, rektorga boradi, rektor esa provinsialga, provinsial boʻlsa iyezuitlar generaliga boradi. Bu joy iyezuitlar ordeni, u otasining iyezuitlarning bari aqlli odamlar, deganini eshitgan. Agar ular iyezuit boʻlishmaganida edi, albatta, juda mavqeli-martabali kishilar boʻlishardi. U hazrat Arnollni, Peddi Barretni ham, Makgleyd va mister Glisonni ham iyezuit boʻlishmaganida kim boʻlishlarini koʻz oldiga keltirishga urindi. Biroq buni tasavvur qilish mushkul, chunki ularning har qaysisini har xil rangdagi kamzullarda, shimlarda, moʻylovlariyu soqollari bilan, tagʻin boshlarida har xil shlyapalar bilan koʻz oldingga keltirishing kerak.

Eshik shovqinsiz ochilib yopildi. Sinfga: «inspektor», degan vahimali shivir-shivir yashin tezligida yoyildi. Bir daqiqa ogʻir jimlik choʻkdi, keyin oxirgi partadan chizgʻichning qattiq qarsillab urilgan tovushi eshitildi.

Stivenning yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Hazrat Arnoli, bu yerda jazoga ehtiyoj sezayotganlar yoʻqmi? — qichqirdi inspektor. — Bekorchi yalqovlar yoʻqmi bu yerda ta’zirini yeyishga loyiq.

Inspektor sinfning oʻrtasiga keldi va tiz choʻkib oʻtirgan Flemingga koʻzi tushdi.
— A-ha! — xitob qildi u. — Bu kim boʻldi? Nega u tiz choʻkib oʻtiribdi? Ism-sharifing nima sening?
— Fleming, ser.
— A-ha, Fleming! Shubhasiz, bu gʻirt dangasa, koʻzlari aytib turibdi. Nega u tiz choʻkkan, hazrat Arnoll?
— U lotin tili mashqini yomon yozgan, — dedi hazrat Arnoll, — buning ustiga grammatikadan birorta savolga javob berolmadi.
— Toʻgʻri-da, — baqirdi inspektor, — turishidan ma’lum. Uchiga chiqqan tanbal. Koʻzidan ma’lum, koʻzidan.

U partani taqillatib urdi va oʻshqirdi:
— Tur oʻrningdan Fleming! Chaqqon!

Fleming sekin qoʻzgʻalib oʻrnidan turdi.
— Qoʻlingni tut! — oʻshqirdi inspektor.

Fleming qoʻlini choʻzdi. Chizgʻich qattiq qarsillagan tovush chiqarib ura boshladi: bir, ikki, uch, toʻrt, besh, olti.
— Narigi qoʻlingni tut!

Chizgʻichning yana olti marta shiddat bilan qarsillab urilgani eshitildi.
— Tiz choʻk! — baqirdi inspektor.

Fleming, qoʻllarini pinjiga tiqqancha tiz choʻkdi, ogʻriqdan uning yuzi burishib ketdi. Stiven Flemingning qoʻllari qattiqligini, chunki Fleming qoʻllariga qatron surtib, ishqalab yurishini bilardi. Ehtimol, uning joni qattiq ogʻrigandir, axir, urganda tovush juda qattiq chiqdi-ku? Stivenning yuragi uvishib ketdi.
— Qani, hamma ishga! — oʻshqirdi inspektor. — Bu yerda bizga dangasalarning, ishyoqmas muttahamlarning keragi yoʻq. Hamma ishga! Hazrat Dolan sizlarni har kun kelib tekshiradi. Hazrat Dolan ertagayam keladi. — Shunday deb u chizgʻich bilan oʻquvchilardan birining biqiniga turtdi va: — Xoʻsh, qani, sen tur-chi! Hazrat Dolan qachon kelarkan?
— Ertaga, ser, — Tom Ferlonning ovozi eshitildi.
— Ertagayam, indingayam, indinigayam — kelaveradi, — dedi inspektor. — Buni quloqlaringga quyib olinglar. Hazrat Dolan har kun keladi. Qani endi yozishga kirishinglar-chi. Xoʻsh, sen kimsan?

Stivenning yuragi shuv etib ketdi.
— Dedalusman, ser.
— Nega boshqalar yozayaptiyu sen qoʻl qovushtirib oʻtiribsan?
— Men... haligi...

Qoʻrqib ketganidan uning tili aylanmay qoldi.
— Nega bu yozmay oʻtiribdi, hazrat Arnoll?
— U koʻzoynagini sindirgan, — dedi hazrat Arnoll, — shuning uchun men uni mashgʻulotdan ozod qildim.
— Sindirdi? Bu nima qiliq? Ism-sharifing nima? — soʻradi inspektor.
— Dedalus, ser.
— Beri kel, Dedalus. Buni qara-ya, mana yana bitta ishyoqmas mugʻombir! Basharang aytib turibdi nayrangbozligingni. Koʻzoynagingni qayerda sindirding?
— Yuguradigan yoʻlakda, ser.
— A-ha, yuguradigan yoʻlakdamish! — baqirdi inspektor. — Men bunaqa nayranglarni koʻp koʻrganman!

Stiven ajablanib boshini koʻtarib qaradi va bir daqiqa uning koʻzi hazrat Dolanning oqarib-boʻzargan, qarimsiq yuziga, ikki qansharida tuklari hoʻppaygan oqish-kulrang boshiga, koʻzoynagining temir gardishi va oynaklar ortidan oʻqrayib turgan nursiz koʻzlariga tushdi. Nega u bunaqa nayranglarni koʻp koʻrganman, dedi?
— Ishyoqmas tirrancha! — oʻshqirdi inspektor. — Koʻzoynagini sindirganmish! Odatdagi nayrang buyam! Qani, tez boʻl, qoʻlingni choʻz!

Stiven koʻzlarini yumdi va kaftini tepaga qilib qalt-qalt titrayotgan qoʻlini oldinga choʻzdi. U bir daqiqa inspektorning barmoqlari, qoʻlini yoymoqchi boʻlib barmoqlariga tekkanini sezdi va qoʻli tepaga koʻtarilganda keng-moʻl yengi shitirlaganini, zarb bilan urish uchun havolangan chizgʻichning shuvillagan tovushini eshitdi. Bir zarb bilan sindirilgan tayoqning tovushiday qarsillagan achchiq, shiddatli va ayovsiz zarbadan uning qoʻli olovga tushgan bargday bujmayib-tirishib qoldi, ketma-ket tushayotgan zarbalar shovqini va ogʻriqning zoʻridan koʻzlariga qaynoq yosh quyilib keldi. Qoʻrquvdan a’zoyi badani qaltirar, qoʻllari titrar, qip-qizarib olovi chiqib ketgan kafti va barmoqlari havoda muallaq osilib qolgan bargday titrardi. Oʻpkasi toʻlib ketdi, agar ogʻzini ochsa oʻkirib, boʻldi bas, qoʻyib yuboring, deya hoʻngrab yigʻlab yuborishi aniq edi. Biroq koʻzlari qaynoq yoshlarga toʻlgan, qoʻllari ogʻriq azobidan qalt-qalt titrayotgan boʻlsa-da, u koʻz yoshlari aralash boʻgʻziga tiqilgan faryodni ichiga yutdi.
— Narigi qoʻlingni choʻz! — qichqirdi inspektor.

Stiven abjagʻi chiqib ketgan, titrayotgan qoʻlini tushirdi va chap qoʻlini choʻzdi. Yana tepaga koʻtarilgan qoʻl yengi shitirladi, yana havolangan chizgʻichning shuvillagani eshitildi va qattiq qarsillagan, achchiq, chidab boʻlmas, choʻgʻday kuydirib yuboradigan ogʻriqdan uning kafti va barmoqlari bir parcha qip-qizil goʻshtga aylanib tugilib qoldi. Koʻzlaridan qaynoq yoshlar tirqirab otildi, alam, azob va qoʻrquv ichida yuz-koʻzlari lovullagancha, titrab turgan qoʻllarini tortib oldi va ingrab yubordi. Qoʻrquvdan vujudi karaxt boʻlib qoldi, ayanchli ahvolidan alam bilan toʻlgʻanarkan boʻgʻzidagi faryod beixtiyor otilib chiqayotganini, qaynoq koʻz yoshlari tizillab lov-lov yonayotgan yonoqlaridan oqib tushayotganini his qildi.
— Tiz choʻk! — baqirdi inspektor.

Stiven ayovsiz savalab tashlangan qoʻllarini pinjiga bosgancha darhol tiz choʻkdi. Ezilgan, qavarib shishib ketgan qoʻllariga ichi achidi, bular oʻzining emas, boshqa birovning qoʻllariday ularga rahmi keldi. U tiz choʻkib oʻtirib, boʻgʻzidagi soʻnggi alamli yoshlarni ichiga yutib, kuyishib ogʻriyotgan qoʻllarini pinjiga bosib, kaftini tepaga qarata choʻzgan qoʻlini, inspektorning qoʻli barmoqlariga qattiq tekkanini, titrayotgan barmoqlarini qanday yoyganini, abjagʻi chiqib, qavarib, qip-qizarib ketgan kaftining yumshoq goʻshtini va havoda najotsiz qaltirab turgan barmoqlarini bir-bir koʻz oldiga keltirdi.
— Qani hamma ishga! — qichqirdi inspektor eshik tomonga burilayotib, — hazrat Dolan har kun kelib xabar oladi, tekshiradi — qani bu yerda yana jazoga loyiq ishyoqmas takasaltanglar, yalqovlar bormikan? Har kuni keladi hazrat Dolan, bilib qoʻyinglar! Har kuni!

Uning ortidan eshik berkildi.

Yuvvosh tortib qolgan bolalar nafasini ichiga yutib, bosh koʻtarmay mashqni yozishni davom ettirishardi. Hazrat Arnoll oʻrnidan turdi va partalar orasidan yurib, yoqimli soʻzlar bilan bolalarning koʻnglini koʻtardi, yoʻl qoʻyishgan xatolarini tushuntira boshladi. Uning ovozi juda yoqimli va mayin boʻlib qolgan edi. Keyin u kelib joyiga oʻtirdi va Fleming bilan Stivenga dedi:
— Joylaringga borib oʻtirishlaring mumkin. Ikkalang ham.

Fleming bilan Stiven oʻrinlaridan turishib, borib partalariga oʻtirishdi.

Uyatdan yuzlari boʻgʻriqib ketgan Stiven shoshib-pishib bir qoʻli bilan kitobni ochdi-da, egilib boshini varaqlar orasiga burkab oldi.

Nohaqlik, shafqatsizlik boʻldi bu, chunki unga doktor koʻzoynaksiz oʻqishni taqiqlagan edi, bugun ertalab u otasiga xat yozib, koʻzoynak yuborishlarini soʻragan edi. Hazrat Arnoll ham uyidagilaring koʻzoynak yuborishguncha yozmay turishing mumkin, degandi. Shundan keyin ham uni butun sinfning oldida nayrangboz deb haqorat qilishdi, savalashdi, axir, u sinfda doim birinchi yoki ikkinchi oʻquvchi boʻlsa. Yorklarning sardori boʻlsa. Nega inspektor uni nayrangboz dedi? U inspektorning barmoqlari, kaftini yoymoqchi boʻlib, barmoqlariga tekkanini sezgan paytda koʻrishmoqchi shekilli, deb oʻylagandi, chunki inspektorning barmoqlari yumshoq, loʻppigina edi, biroq shu daqiqada bir zum yuqoriga koʻtarilgan qoʻl yengining shitirlagani eshitildi-yu, zarba tushdi. Uni sinfning oʻrtasiga tiz choʻktirib qoʻyishgani ham nohaqlik va shafqatsizlikdan boshqa narsa emas. Hazrat Arnoll ikkalasiga ham joylaringga borib oʻtirishlaring mumkin dedi, biroq bu gapni ikkalang ham bir goʻrsan, degan ohangda aytdi. U hazrat Arnollning mashqlarini tuzatayotib xotirjam va muloyim ovozda gapirganini eshitdi. Ehtimol, u endi afsuslanayotgandir, rahmdil boʻlgisi kelib qolgandir. Biroq baribir nohaqlik, shafqatsizlik boʻldi bu. Inspektor — ruhoniy kishi, ammo uning bu ishi nohaqlikdan, berahmlikdan boshqa narsa emas. Uning oqishdan kelgan boʻzrang basharasida, temir gardishli koʻzoynagi ortidan oʻqrayib qaragan nursiz koʻzlarida rahm-shafqatdan asar ham yoʻq edi, chunki u avvaliga oʻzining yumshoq barmoqlari bilan uning kaftini yoydi, biroq koʻrishmochi boʻlib emas, ayovsiz savalash uchungina shunday qildi.
— Men buni uchiga chiqqan razillik deb hisoblayman, bor gap shu, — dedi Fleming bolalar uzun dahlizdan turnaqator boʻlib oshxonaga borishayotganda. — Axir, hech qanday aybi yoʻq odamni savalash adolatdanmi?
— Chindanam sen koʻzoynagingni bilmay sindirib qoʻydingmi? — soʻradi Sassiq Rouch.

Flemingning gapidan Stivenning yuragi siqildi. Sassiq Rouchga esa javob qilmadi.
— Albatta-da, bilmay, bexosdan, — dedi Fleming. — Men bunga chidab turolmasdim. Men toʻgʻri borib rektorga shikoyat qilardim, oʻlay agar.
— Toʻgʻri, — uning gapini chaqqon ilib oldi Sesil Sander, — men koʻrdim uning chizgʻichni kiftiga tashlab bildirmay olib kirganini. Bunday qilishga uning haqqi yoʻq.
— Juda qattiq ogʻridimi, a? — soʻradi Sassiq Rouch.
— Ha, judayam, — dedi Stiven.
— Men hecham bu Tozining shu qiligʻiga chidab oʻtirmasdim. Umuman, bunday tozilarni koʻrishga koʻzim yoʻq, — gapga aralashdi Sassiq Rouch, — ertaga yana kelaman dedi u, kelib u seni yana uradi.
— Toʻgʻri aytayapti. Sen borib rektorga shikoyat qilmasang boʻlmaydi, — chuvillashdi bolalar.

Ikkinchi sinfning ba’zi bir bolalari bu mojaroni eshitib turishgandi, ulardan biri dabdabali ohangda shunday dedi:
— Senat va Rim ahli qaror qiladi: Dedalusga berilgan jazo notoʻgʻri.

Bu notoʻgʻri berilgan jazo edi, bu chindan nohaqlik va shafqatsizlik edi. U oshxonada oʻtirib boshiga tushgan koʻrgulikni boshdan-oxir qayta-qayta eslarkan, kutilmaganda miyasiga: yuzimga qaragan odam meni nayrangboz deb oʻylashi mumkinmi, degan oʻy keldi. Afsus, hozir choʻntagida kichkina oynasi boʻlganda yuziga bir qarab koʻrardi. Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas, unga nisbatan adolatsizlik qilindi, bu nohaqlik, borib turgan shafqatsizlik.

Toʻq kulrang tusdagi baliq kotleti uning tomogʻidan oʻtmadi. Ularga chorshanba, muqaddas roʻza kunlari shunday kotlet berilardi: bitta kartoshkada belkurakning izi qolibdi. Ha, toʻgʻri, u shunday qiladi, xuddi bolalar aytganiday ish tutadi. Toʻgʻri borib, rektorning oldiga kiradi, oʻzini nohaqdan jazolashganini aytib beradi. Bir buyuk odam ham shunday qilgan, tarix darsligida uning surati bor. Rektor unga jazo notoʻgʻri berilganini e’lon qiladi — axir, senat va rim xalqi nohaq jazolanganlarni hamisha oqlagan va ular notoʻgʻri jazolanganlar, deya e’lon qilgan. Ular buyuk odamlar boʻlishgan, ismlari Richmel Megnollning savolnomasida bitilgan. Tarixda ham, Piter Parlining Yunoniston va Rim haqidagi hikoyalarida ham shunday odamlar va ularning ishlari haqida aytilgan. Birinchi betdagi suratda Piter Parlening oʻzi chizilgan. Suratda tekislikdagi ikki tomonini oʻt-oʻlanlar va butalar qoplagan yoʻl tasvirlangan, Piter Parle esa protestantlar ruhoniysiga oʻxshab, soyavoni keng-moʻl shlyapada, qoʻlida yoʻgʻon hassa bilan Yunonistonga va Rimga olib boradigan yoʻlda jadal odimlab borayotir.

Axir, buning hech qanday qiyin joyi yoʻq — rektorning oldiga kirib, bor gap aytiladi, xolos. Bu oson: tushlikdan hamma bilan birga chiqadi, dahlizdan yurmaydi, aksincha, qasrga boriladigan zinadan koʻtariladi: shundan soʻng oʻngga burilsa boʻldi, bir zumda pastqam, gʻira-shira, tor dahlizda paydo boʻladi, bu joydan rektorning xonasi bir qadam.

Qanday boʻlarkan? U yuqori sinf bolalarining stoldan turishayotganini eshitdi: oshxona oʻrtasidagi poyondoz ustidan yurib borayotgan bolalarning qadam tovushlari eshitildi. Ana Peddi Ret, Jimmi Mejji, ana ispan bola, portugal bola ham ketayapti, beshinchi boʻlib Korrigen borayotir, Korrigenni mister Glison savalaydi. Inspektor Dolan esa uni nayrangboz deb haqorat qildi va hech bir sababsiz savaladi: Stiven yigʻidan qizarib ketgan xira koʻzlariga zoʻr berib, Korrigenning keng yelkalariga qaradi. Korrigen qora boshini osiltirib hammadan orqada u bilan yonma-yon borayotir. Biroq Korrigenning oʻzidan ham oʻtdi-da, harqalay, mister Glison uni jonini achitib urmaydi. U Korrigenning hammomda juda basavlat koʻringanini esladi. Uning terisi torf rangiday, xuddi hovuz chetidagi sayoz loyqa suv tusiga oʻxshaydi, yoʻlakdan yurib oʻtganida oyoqlari hoʻl plitalar ustida gurs-gurs etadi, qadam tashlaganda sonlari lorsillaydi, chunki u semiz.

Oshxonaning yarmi boʻshab qoldi, bolalar turnaqator tizilishib eshikka qarab borishayotir. U zinadan toʻgʻri yuqoriga qarab yuradi, chunki oshxonaning eshigi ortida hech qachon nazoratchiyam, inspektor ham boʻlmaydi.

Yoʻq, bormagani ma’qul. Rektor baribir inspektorning tarafini oladi, bular bari nayrang, deydi, buning ustiga inspektor har kun keladi-ku, battar boʻladi keyin, rektorga shikoyat qilgan shu bolami, deb yomon koʻrib qoladi uni. Bolalar uni borishga undashayapti-yu, biroq oʻzlariga qolsa borishmasdi. Ular hammasini unutib yuborishgan allaqachon. Yoʻq, bormaydi, uyam unutgani ma’qul. Aytgancha, inspektor har kuni kelaman deb shunchaki poʻpisa qildimikan. Yoʻq, bormagani tuzuk, yaxshisi inspektorning koʻzidan panaroqda yuradi, nega deganda, kichkina boʻlsang, koʻzga ilinmasang senga tegishmaydi.

Uning stolidagi bolalar qoʻzgʻalishdi. U oʻrnidan turib, bolalarning ortidan eshikka yurdi. Hal qilish kerak. Mana, eshikka yaqinlashib qoldi. Agar bolalarga ergashib yana ozgina yursa oʻtib ketadi — rektorning xonasiga borolmaydi, chunki keyin sport maydonchasidan qaytib kelishning iloji boʻlmaydi. Rektorga borsayam, baribir, jazolashadi, hamma uning gʻashiga tegadi, inspektorning ustidan rektorga shikoyat qilgan tirrancha Dedalus shu, deb gap qilib yuradi.

U poyondozdan yurib eshikkacha bordi. Yoʻq. Bormaslik kerak. U bunday qilolmaydi. Stiven inspektorning kal boshini, oʻqraygan rahmsiz koʻzlarini esladi va qulogʻiga uning ism-sharifing nima, degan tovushi qayta-qayta eshitildi. Nega u bir marta aytganda eslab qololmadi? Eslab qololmagani uchun qayta soʻradimikan yo ism-sharifini masxaralamoqchi boʻldimikan? Tarixda oʻtgan buyuk kishilarning ism-shariflari unikiga oʻxshaydi, biroq hech kim ularni masxaralab kulmaydi-ku. Kalaka qilgisi kelgan boʻlsa, oʻzining ism-sharifidan kulsin. Dolan — ularning uyiga kir yuvish uchun kelib yuradigan bir xotinning ism-sharifiga oʻxshaydi.

U tor, qorongʻi dahlizdan yurib, hujralarning pastak eshikchalari yonidan oʻtdi. Gʻira-shira qorongʻulikda oʻngga, chapga alanglab borayotib, bu yerdagi devorlarda suratlar boʻlishi kerak, deb oʻyladi. Atrof qorongʻi va jim-jit edi, uning koʻzlari yaxshi koʻrmas, yigʻidan shishib ketgan, shu sababdan u hech narsani ajratolmasdi. Biroq jamoaning ulugʻ kishilarining suratlari devordan unga qarab turganday tuyuldi: avliyo Ignatiy Loyola qoʻlida ochiq kitob, shahodat barmogʻi bilan «Ad Mojorem Dei Gloriam»[2] iborasini koʻrsatib turibdi, avliyo Fransisk Ksaveriy koʻksiga ishora qilgan, boshiga movut qalpoq kiygan Lorenso Richchi sinf nazoratchisining oʻzginasi, xudojoʻy oʻgʻlonlarning uch nafar homiysi — avliyo Stanislav Kostka, avliyo Aloiziy Gonzaga va saodatmand Ioann Berxmans — uchalasi ham navqiron qiyofada, chunki ular navqiron yoshda qazo qilishgan, hazrat Piter Kenni esa oromkursida keng-moʻl plashiga oʻranib oʻtiribdi.

U kiraverishdagi maydonchaga chiqdi va alanglab atrofga koʻz tashladi. Mana shu yerdan oʻtgan Gamilton Rouyen, askarlar otgan oʻqlarning izi bor edi bu yerda. Keksa xizmatkorlar marshalning oppoq libosiga burkangan arvohini shu yerda koʻrishgan.

Keksa xizmatkor maydonchaning bir chetini supurayotgan edi. U qariyadan rektorning xonasi qayerda deb soʻradi, qariya qarshi tomondagi oxirgi eshikni koʻrsatdi va u yurib kelib, eshikni taqillatguncha orqasidan kuzatib turdi.

Ichkaridan hech kim javob qilmadi. U qattiqroq taqillatdi va ichkaridan boʻgʻiq ovoz eshitilganda yuragi shuv etib ketdi:
— Kiravering.

U eshikning tutqichini buradi, eshikni ochdi va ichkaridagi yashil namat qoplangan ikkinchi eshikning tutqichini izlab paypasladi. Tutqichni topib bosdi va xonaga kirdi.

Rektor stolda yozib oʻtirardi. Stolda bosh suyagi turibdi, xonada eski oromkursiga qoplangan terining hidiga oʻxshagan gʻalati hid bor edi.

Bunday tabarruk joyga kirib qolganidan hayajonlanib va xonadagi vazmin sukunat bosib, yuragi tez urib ketdi: u stoldagi bosh suyagiga va rektorning muloyim chehrasiga qaradi.
— Xoʻsh, bolakay, nima gaplar? — soʻradi rektor. — Tinchlikmi?

Stiven entikib, tomogʻiga tiqilgan hayajonni yutarkan dedi:
— Men oʻzimning koʻzoynagimni sindirib qoʻydim, ser.

Rektor ogʻzini ochdi va taajjublangan ohangda dedi:
— Oʻ!

Keyin kulib turib dedi:
— Nachora, modomiki koʻzoynagimizni sindirib qoʻygan ekanmiz, demak, endi uyga xat yozishga toʻgʻri keladi, yangisini yuborishsin.
— Men uyimizga xat yozdim, ser, — dedi Stiven, — hazrat Arnoll ham aytdilar, uydagilaring yangi koʻzoynak yuborishguncha yozmay turgin, dedilar.
— Yaxshi, juda yaxshi, — dedi rektor.
— Biroq...
— Xoʻsh?
— Hazrat Dolan bugun kelib, meni mashqni yozmaganim uchun savaladi.

Rektor bir soʻz demay unga qarab turdi, Stiven yuzlariga qon yugurayotganini his qildi, shu damda koʻzlaridan yosh tirqirab ketadiganday tuyuldi.

Rektor aytdi:
— Sening ism-sharifing Dedalus, shundaymi?
— Ha, ser.
— Qayerda sindirding koʻzoynagingni?
— Yuradigan yoʻlakchada, ser. Bir bola velosipedda meni urib yubordi, men yiqilib tushdim, koʻzoynagim uchib ketib sindi. Men u bolaning ism-sharifini bilmayman.

Rektor yana bir muddat churq etmay unga tikilib qoldi. Keyin kulib turib, dedi:
— Menimcha, bu yerda anglashmovchilik boʻlgan, hazrat Dolan bilmagan-da.
— Men unga aytdim, ser, koʻzoynagimni sindirib qoʻydim dedim, biroq u meni jazoladi.
— Sen uyingga xat yozib yuborganingni unga aytdingmi?
— Yoʻq, ser.
— Ana, koʻrdingmi, demak, hazrat Dolanga tushuntirib aytmagansan. Unga aytgin, men seni bir necha kunga mashgʻulotlardan ozod qildim.
— Rahmat, ser, biroq hazrat Dolan aytdi, ertaga u yana kelarkan, meni yana uradi.
— Yaxshi, — dedi rektor, — anglashmovchilik boʻlibdi-da, hazrat Dolan bilan oʻzim gaplashaman. Xoʻsh, boʻldimi?

Stiven koʻzlarini yosh qoplaganini sezdi va pichirlab dedi:
— Ha, boʻldi, rahmat, ser.

Rektor stolning bosh suyagi turgan tarafidan qoʻlini uzatdi va Stiven bir lahza uning sovuq, hoʻl kaftini his qildi.
— Xoʻp, xayr, — dedi rektor qoʻlini olarkan, bosh irgʻab.
— Xayr, ser, — dedi Stiven.

U ta’zim qildi va xonadan astagina chiqib, ortidan ikkala eshikni ham sekin, avaylab bekitdi.

Biroq maydonchada keksa xizmatkorning yonidan oʻtib, yana pastqam, tor va qorongʻi dahlizga kelganda qadamini tezlatdi. U tobora qichab, gʻira-shira qorongʻilikda shoshib-pishib, entikib, tez-tez yura boshladi. Dahlizning oxiridagi eshikni tirsagi bilan itarib ochdi-da, zinadan yugurib tushib, yana ikkita dahlizdan chopib oʻtdi va — tashqariga otilib chiqdi.

U maydonda oʻynayotgan bolalarning qiyqiriqlarini eshitdi. Oʻzini toʻxtatolmay yugurib ketdi va shu chopishda yuguradigan yoʻlakdan oʻtdi-da, maydonchaga yetganda nafasi tiqilib, oʻzining sinfi oldida toʻxtadi.

Uning chopib kelayotganini bolalar koʻrib turishgandi. Ular darhol Stivenni qoʻrgʻalab oʻrab olishdi, gapini yaxshiroq eshitish uchun bir-birlarini turtib-sura boshlashdi.
— Xoʻsh, ayt qani, nima boʻldi?
— U nima dedi?
— Kirdingmi oldiga?
— U nima dedi?
— Ayt qani, nima boʻldi?

U bolalarga oʻzi nima deganini va rektor nima deb gapirganini aytib berdi. Gapini tugatishi bilan bolalar bir varakayiga furajkalarini osmonga irgʻitishib, qichqirib yuborishdi:
— Ur-ra!..

Ular furajkalarini ilib olishib, yana osmonga qarab irgʻitishdi va yana qichqirishdi:
— Ura! Ura!

Keyin bir-birlarining qoʻllarini chalishtirib ushlashib, ustiga uni koʻtarib oʻtqazishdi va to oʻzi sakrab tushib qochib ketgancha koʻtarib chopishdi. U oʻzini yerga tashlab bir chetga qochgandan soʻng bolalar har yoqqa sochilib, yotgan joylarida yana furajkalarini osmonga irgʻitishdi va furajkalari havoga koʻtarilganda hushtak chalib, qichqirishdi:
— Ura!

Keyin ular uch marta kal Dolanga qarshi gʻazab bilan hayqirishdi va yana uch bor Konmi sharafiga «ura» aytishdi va uni Klongous kolleji tarixida eng zoʻr rektor, deb e’lon qilishdi.

Mayin boʻzrang havoda olisdan kelayotgan qiyqiriqlar tovushi tindi. U yolgʻiz oʻzi oʻtiribdi. Yelkasidan ogʻir yuk tushganday yengil, vaqti chogʻ. Biroq baribir u hazrat Dolanning oldida kekkaymaydi, intizomli va itoatkor bola boʻladi. Koʻnglida hazrat Dolanga biror-bir yaxshilik qilgisi, takabburlik qilmayotganini bildirgisi keldi.

Havo mayin, bulutli va sokin edi: qosh qoraya boshlagandi. Kechki salqin turdi, qishloqda dala havosi shunaqa yoqimli boʻladi, ular dalada mayor Bartonning chorbogʻida sholgʻom kavlashdi, sholgʻomni shu yerdayoq tozalashib, yoʻl-yoʻlakay yeyishdi: ayvoncha ortidagi, mozilar oʻsadigan oʻrmondan shunaqa yoqimli hid taraladi.

Bolalar uzoqdan va yaqindan toʻp oshirishni mashq qilishayapti. Bulutli mayin havoda dukkillagan past tovush quloqqa chalinadi va bu osoyishtalikni buzib, har tarafdan kreket tayogʻining zarbalari eshitildi: pik, pok, pak — xuddi favvoradagi suv tomchisi limmo-lim hovuzga ohista tomib tushayotganday.

Ikkinchi Bob

Charlz togʻa chekadigan tamaki shu qadar achchiq ediki, oxir-oqibat unga bogʻning etagidagi saroychaga borib, ertalabki kayfini oʻsha yerda qilishini tayinlashdi.
— Zoʻr, Saymon. Juda soz! — dedi qariya bosiqlik bilan. — Qayerda boʻlganda-chi. Saroyda boʻlsa saroy-da, qaytaga yaxshi.
— He, jin ursin, — dedi qizishib mister Dedalus, — bu bema’ni narsani ogʻzingizga qanday olasiz, hech aqlimga sigʻdirolmayman. Axir, bu zahri qotilning oʻzginasi-ku, xudo haqqi!
— Ajoyib tamaki, Saymon, — dedi qariya, — badanni yumshatadi, kayfni chogʻ qiladi.

Oʻshandan beri Charlz togʻa har kuni ertalab sochlarini hafsala bilan orqaga tarab-tekislab, boshiga gard qoldirmay tozalangan tsilindrni qoʻndirgach, oʻzining saroyiga yoʻl oladi. U chekib oʻtirganda eshikning tirqishidan tsilindrning bir cheti va trubkasining boshchasi koʻrinib turadi. Mening boshpanam, deydi u badboʻy saroychani, bu yerda yana mushuk va bogʻda ishlatiladigan asbob turadi, shuningdek, boshpanasi unga ashula mashq qiladigan studiya vazifasini ham oʻtaydi va har kuni ertalab u oʻzining yaxshi koʻrgan qoʻshiqlari: «Shox-shabbalar koʻlankasi chekindi» yoki «Moviy koʻzlar, oltin sochlar», yo boʻlmasa «Blarni daraxtzori»ni berilib, dimogʻida mingʻirlab xirgoyi qiladi, kulrang va zangori tutun halqalari esa trubkadan ohista oʻrmalab, ochiq havoga singib ketadi.

Yozning birinchi yarmida Blekrokda Charlz togʻa Stivenning sodiq hamrohiga aylandi. Charlz togʻa qoruvli, yuzlaridan qat’iyati aniq koʻrinib turadigan, oftobda toblangan, oppoq chakka soqolli chol edi. Dam olish va bayramdan boshqa kunlari unga oziq-ovqatga buyurtma berib kelish vazifasi yuklanar, u uydan chiqib, Kerisfort-avenyuga, shaharning shoh koʻchasidagi, odatda, oila zarur narsalarni xarid qiladigan doʻkonga yoʻl olardi. Stiven u bilan doʻkon aylanishni yaxshi koʻrardi, chunki Charlz togʻa yoʻl-yoʻlakay ochiq qutilarga, katta yogʻoch chelaklarga toʻlatilgan meva-chevalardan olib unga ulashardi. Bir bosh uzumni xas-xashagi bilan changallab koʻtargan yoki ikki-uch dona olmaga qoʻl solgan va ularni bolaga bajonidil hadya etgan paytlari boʻlgan. Bunday paytda sotuvchi tirjayib qoʻyadi; agar Stiven oʻzini olgisi kelmayotganday koʻrsatsa, sotuvchi qovogʻini solib deydi:
— Olavering, ser, eshitayapsizmi gapimni! Ichak-chovoqqa nafi bor buning!

Buyurtma qabul qilib olingandan soʻng ular bogʻga yoʻl olishardi, bogʻda ularni Stivenning otasining eski oshnasi Mayk Flinn skameykada kutib oʻtirgan boʻlardi. Shu yerdan Stiven bogʻni aylanib yugura boshlardi. Mayk Flinn qoʻlida soat bilan vokzalga yuriladigan yoʻlak boshida turar, Stiven esa bogʻni aylanib, Mayk Flinnning qoidasi boʻyicha — boshini gʻoz tutib, tizzalarini baland koʻtarib, qoʻllarini ikki biqiniga tiragan holda yugurardi. Ertalabki yugurish tugagandan soʻng murabbiy unga xatolarini uqtirar va ba’zan qanday yugurish kerakligini koʻrsatish uchun eski koʻk kanop tuflida, oyoqlarini bir-biriga urib, zavq bilan bir necha qadam yugurardi. Garchi unga otasi bizning zamonning eng zoʻr chopagʻonlari Mayk Flinnning qoʻlida tarbiya topgan, deb aytgan boʻlsa-da, Stiven ustozining soʻlgʻin, tikanday tuk bosgan yuziga, tamaki oʻrayverib sargʻayib ketgan uzun barmoqlariga achinib koʻz tashlab qoʻyar, qavargan uzun barmoqlari tamaki oʻrashdan toʻxtaganda, tamaki uvoqlari shuvillab xaltachaga toʻkilib tushayotganidan bexabar holda tuyqusdan uzoq-uzoqlarga oʻychan termilib qarab qoladigan zangor xira koʻzlariga qarardi.

Uyga qaytayotganlarida Charlz togʻa koʻpincha cherkovga kirardi. Bu yerdagi muqaddas suv solingan idishga Stivenning qoʻli yetmasdi, shunda chol idishga qoʻlini botirib olib, tez-tez silkib Stivenning ust-boshiga va cherkovning eshigi oldiga suv sachratardi. Choʻqina turib u tiz choʻkardi, bungacha qizil dastroʻmolini yozar va har bir sahifasining tagiga duoning ilk soʻzlar bitilgan, eskirib qorayib ketgan duolar kitobiga qarab pichirlab ovoz chiqarib ibodat qilardi. Stiven uning taqvodorligiga xayrxoh emasdi, biroq cholning e’tiqodiga hurmat yuzasidan yonida tiz choʻkib oʻtirardi. U koʻpincha: Charlz togʻa nega bunchalik berilib duoxonlik qilarkan, deb oʻylardi. Ehtimol, arosatda qolgan ruhlarga Yaratgandan shafqat tilar yoki oxirini oson qilishini iltijo etar, balki Korkda oʻzi shamolga sovurgan katta boylikning hech boʻlmasa bir boʻlagini qaytarib berishini Yaratgandan oʻtinib soʻrar.

Yakshanba kunlari Stiven otasi va togʻasi bilan birga sayrga chiqardi. Oyogʻidagi qadoqlariga qaramay chol bemalol yayov yurardi va koʻpincha ular oʻn, ba’zan hatto oʻn ikki mil yoʻl bosib qoʻyishardi. Stillorgen qishloqchasida yoʻl ikkiga ajralardi. Ular yo chapga, Dublin togʻlari tarafga qayrilishar yoki Goutstaunga qarab yurib, u yoqdan Dandremga oʻtib va Sendiford orqali uyga qaytishardi. Yurib borayotib yoki oyoqlarini sovutish uchun yoʻl chetidagi biror-bir oshxonaga bosh suqishganda kattalar har doimdagiday oʻzlarining yaxshi koʻrgan mavzulari — Irlandiyadagi siyosiy masalalar haqida, Manster yoki bir paytlar oilada boʻlib oʻtgan voqealar toʻgʻrisida gapga tushib ketishardi, Stiven esa ularni jon qulogʻi bilan tinglardi. Tushunarsiz soʻzlarni u ichida qayta-qayta takrorlar, yodlab olguncha tinchimasdi va atrofidagi dunyoni ularning gap-soʻzlaridan tushunib olishga shu tariqa oz-ozdan oʻrganib borardi. Nazarida, dunyo ishlarida oʻzi ham ishtirok etadigan vaqt-soatlar yaqinlashib qolganday tuyular va u zimdan ulugʻ ishga tayyorlana boshlagan, bu ulugʻ ish oʻzining taqdir-peshonasiga bitilganini koʻnglida his etar, biroq mohiyatini gʻira-shira tasavvur qilar edi.

Tushlikdan keyin uning ixtiyori oʻzida boʻlardi: eskirib toʻzigan kitobni — «Graf Monte-Kristo»ning tarjimasini oʻqishga berilardi. Bu qaygʻuli qasoskor obrazi uning tasavvurida bolaligida xayol qilgan tushunarsiz va qoʻrqinchli narsalarga bogʻlanib ketardi. Kechalari u mehmonxonadagi stol ustida qogʻozga koʻchiriladigan suratlardan, qogʻoz gullar, rangli yupqa qogʻozlar va shokolad oʻraydigan yaltiroq qogʻoz tasmachalaridan oroldagi vahimali gʻor shaklini yasardi. Keyin bu inshootni, soxta yaltiroqligidan yuragi siqilib, buzib tashlardi va shunda koʻz oʻngida Marselning yorqin manzarasi, quyosh nurlari toʻkilib turgan bogʻ tevaragidagi toʻsiqlar va Mersedes paydo boʻlardi.

Blekrok ortida, toqqa olib boradigan yoʻlda, atirgullar oʻsadigan bogʻda kichkina oq uycha bor, bu uychada, derdi u oʻziga-oʻzi, boshqa bir Mersedes yashaydi. Sayr qilgani chiqayotib yoki uyga qaytib kelayotib, u oʻsha joygacha boʻlgan masofani oʻzicha chamalar va xayol-orzusida xuddi kitobdagiday, uzundan-uzoq gʻaroyib sarguzashtlarni boshdan kechirar, oxirida esa oʻzi paydo boʻlardi: mana u — qarib qolgan va gʻamgin, oy yogʻdusiga choʻmgan bogʻda Mersedes bilan yonma-yon turibdi, koʻp yillar oldin qiz uning muhabbatiga xiyonat qilgan va u hasratga toʻlib, biroq magʻrur turib dedi:

«Xonim, men muskat uzumini tanovul etmayman».

U Obri Millz degan bola bilan doʻstlashdi va u bilan birgalikda bogʻda sarguzasht ishqibozlari ittifoqini tuzdi. Obri kamzulining yoqasi ustidan hushtak, belidagi kamariga velosipedning kichkina chirogʻini osib olgan, boshqa bolalar kamarlariga kalta tayoqchalarni xanjarga oʻxshatib tiqib olishgan. Stiven bir joyda Napoleonning oddiy kiyinishni ma’qul koʻrgani, boʻlar-boʻlmas nishonlardan voz kechganini oʻqigan edi va bu unga askarlari bilan kengash oʻtkazganda ayricha qoniqish bagʻishlarkan. Ittifoq a’zolari alvastilar chorbogʻiga hujum uyushtirar yoki qasrdagi qoʻrgʻonchaga jam boʻlishib, yoʻsin qoplagan paxmoq xarsanglar ustida jang qilishardi: keyin horib-tolib uy-uylariga qaytishar, dumogʻlariga suvi eskirib ayniy boshlagan hovuzning badboʻy hidi oʻtirib, qoʻllari, boshlari baqatoʻnlarning achchiq shilimshiq shirasiga butkul belanib qolardi.

Obriga ham, Stivenga ham sutni faqat bir kishi olib kelardi va ular tez-tez aravada u kishi bilan birga Karrikmaynzga borishardi, sigirlar shu yerlarda oʻtlab yurardi. U sigirlarni sogʻib olguncha bolalar navbat bilan yuvosh biyaga minib, dalani aylanardi. Biroq kuz kelib, sigirlarni daladan molxonaga haydab ketishdi va Stiven Stredburkdagi sasib yotgan molxonani bir koʻrib qoldi — bijgʻib yotgan koʻlmaklar, uyub tashlangan suyuq goʻng, oxurlarda kepak qorilgan yemishdan koʻtarilayotgan bugʻdan sal boʻlmasa ichi agʻdarilayozdi. Quyoshli kunlarda yam-yashil qirlarda yoyilib oʻtlab yurgan sigirlarni koʻrganda koʻzi quvonardi, endi molni koʻrsa jirkanadigan, hatto sutga ham qayrilib qarolmaydigan boʻlib qoldi.

Bu yil sentabrning yaqinlashib kelayotgani uning dilini siyoh qilmasdi, chunki endi Klongousga qaytib borishining hojati yoʻq. Mayk Flinn kasalxonaga yotdi, shu bilan bogʻdagi mashqlar ham barham topdi. Obri maktabga qatnay boshladi, unga oʻynash uchun faqat tushdan soʻng bir soatgina ruxsat berishardi. Ittifoq ham tarqab ketdi, alvastilar chorbogʻiga hujumlar, xarsanglar ustida jang qilishlar ham tugadi. Ba’zan Stiven sutchi bilan kechqurun sogʻilgan sutni tarqatish uchun aravada birga yurar, kechki salqinda esgan sovuqqina shabada molxonaning qoʻlansa hidini xotirasidan quvganday boʻlar, pichan bogʻlamlari va sutchining ust-boshiga ilashgan molning yunglaridan endi jirkanmasdi. Arava biror uy oldiga kelib toʻxtaganda: hozir eshik ochilib, bir zum yaltiratib tozalangan oshxona yoki yop-yorugʻ dahliz koʻrinadi, ichkaridan xizmatkor ayol chiqib, koʻzachasini qoʻyadi-da, eshikni berkitadi, deb kutib qarab turardi. Biroq ayni shunday— uning yuragini siqib, bogʻda mashq qilayotganida tuyqusdan oyoqlaridan madorini quritadigan gumon tuygʻusi, ustozi Mayk Flinnning uzun, sargʻayib ketgan, qadoqli barmoqlariga, ma’yus egilgan soʻlgʻin, tikanday tuk bosgan yuziga umidsiz qarashga majbur etadigan xavotir hissi kelajak haqidagi shirin orzularini toʻzgʻitib yuborardi. Otasining ishlari chatoqligini u oz-moz payqagan edi: shuning uchun ham uni Klongousga joʻnatishmadi. Yaqindan beri uylarida roʻy bera boshlagan ba’zi bir noxushliklarni u sezib yurardi, bu oʻzgarishlar uning nazarida juda mustahkam boʻlib koʻringan narsalarni birin-ketin buzib tashlayotgani har safar uning dunyo haqidagi bolalarcha tasavvuriga sezilarli zarba boʻlib tushardi. Gohi-gohida qoʻzgʻaladigan izzattalablik tuygʻusi yuragining tub-tubida gʻimirlab qoʻyar va yuzaga chiqish uchun yoʻl qidirmasdi. U ot tuyoqlarining dupiriga, Rok-roudga tomon temir izlardan kelayotgan koʻnka-vagonlarning taraq-turuqiga quloq solganda, shundoq ortida taraqlab yumalab tushgan kattakon tunuka idishning shovqinini eshitganda ongini, yerni qoplagan shom pardasiday, qorongʻulik choʻlgʻab olardi.

U xayolida Mersedesning yoniga qaytar va koʻz oldida qizning qiyofasi jonlanganda tomirlarida gʻalati bir bezovtalik uygʻonardi. Ahyon-ahyonda vujudini allaqanday hayajon zabt etar va uni beixtiyor shom qorongʻusi qoplagan sokin koʻchalariga quvib solardi. Bogʻlardagi osudalik, derazalardan yogʻilib turgan nurafshon yogʻdular hayajondan hapriqayotgan yuragiga tasalli berardi. Oʻynab yurgan bolalarning qiy-chuvlari uning gʻashini qoʻzgʻar, ularning ahmoqona baqiriq-chaqiriqlari esa unga, Klongousdagidan koʻra ham qat’iroq tarzda, oʻzining hecham boshqalarga oʻxshamasligini his etishga majbur qilardi. Uning oʻynagisi kelmasdi. U oʻzi koʻrib turgan mana shu haqiqiy hayotda yuragini besaranjom qilayotgan oʻsha tutqich bermas qiyofani uchratgisi kelardi. Uni qayerdan, qanday izlab topishini bilmasdi. Biroq hech qanday zahmat chekmasa-da, bir kuni oʻsha qiyofa qarshisida paydo boʻlishini koʻnglida sezardi. Shunda ikkalasi, garchi bir-birini oldindan bilishsa-da, oldindan biror-bir shiypon ostidagi yoki boshqa xilvatroq joyda uchrashishga ahdlashgan boʻlishsa-da, albatta, xotirjam koʻrishishadi. Faqat ikkalasi boʻladi — atrof esa qorongʻu va jim-jit; ana shu beqiyos fayzu tarovatli lahzada u qayta tugʻiladi. U qizning koʻz oʻngida bir zum gʻoyib boʻladi, jonsiz, tanasiz shaffof ruhga aylanadi va shu lahzaning oʻzidayoq qayta yaraladi. Boʻshangligi, ma’yusligi, tajribasizligi ana shu sehrli lahzada uni butkul tark etadi.

Bir kuni erta tongda darvoza oldiga bir juft sariq soyabon arava kelib toʻxtadi va odamlar ogʻir-ogʻir qadam tashlashib uyga kirishdi, ular jihozlarni olib ketish uchun kelishgandi. Mebelni aravaga gulzorni bosib koʻtarib olib oʻtishdi, gulzorda poxol va ip-arqonlarning uzuq-yuluq parchalari sochilib yotardi. Jihozlarni yuklab boʻlishgach, aravalar taraqlagancha koʻchada yurib ketdi. Yigʻlamsiragan onasining yonida oʻtirgan Stiven koʻnkaning derazasidan Merion-roud boʻylab yoʻrtib ketishayotganini koʻrdi.

Oʻsha kuni kechqurun mehmonxonadagi kaminni yoqish qiyin boʻldi, mister Dedalus temir kosov bilan kaminni kovlashtirdi, koʻmirning olov olishini kutib turdi. Charlz togʻa boʻshab qolayotgan, toʻshanchilari yigʻib olingan xonaning bir burchagida mudrab oʻtiribdi. Stoldagi chiroq yuk tashuvchilar oyoq izlari qolgan kir-chir polni xiragina yoritadi. Stiven otasining yonida kichkina kursichada, uning oʻziga-oʻzi aytayotgan uzuq-yuluq gaplarni eshitib oʻtiribdi. Avvallari u kam narsani tushunar yo umuman hech narsani tushunmas edi, biroq asta-sekin otasining dushmanlari borligini va qandaydir kurash boʻlishi kutilayotganini ilgʻay boshladi. U oʻzini ham bu kurashga tortishayotganini, unga ham allaqanday majburiyat yuklanayotganini sezdi. Uning orzularini, Blekrokdagi osoyishta hayotini ostin-ustun qilib yuborgan kutilmagandagi koʻchish, tuman bosgan fayzsiz shahardan aravada yurib oʻtganlari, endi ular yashaydigan, saromjon-sarishtasiz yap-yalangʻoch uy haqidagi oʻylar yuragini siqardi. Shunday damlarda yana qandaydir bir nur, kelajakdan umidvorlik tuygʻusi unga kuch bagʻishladi. U endi xizmatkor ayollarning dahlizda nega sirli pichirlashganini, otasining nega kamin tagiga toʻshalgan gilamcha ustida tik turib olovga orqasini tutib, ovozi boricha Charlz togʻaga bir nimalarni uqtirmoqchi boʻlgani-yu, Charlz togʻaning uni oʻtirishga, ovqatlanib olishga koʻndirmoqchi boʻlib uringanlarining sababini bilardi.
— Men hali taslim boʻlganim yoʻq, Stiven, oʻgʻlim, — derdi mister Dedalus kosov bilan kamindagi miltillab turgan olovni asabiy qoʻzgʻarkan, — hali biz kurashamiz, jin ursin (oʻzing kechirgaysan, tangrim), ha, hali shunday jang qilaylikki!

Dublin yangi va notanish joy edi. Charlz togʻa shu qadar uquvsiz boʻlib qoldiki, uni topshiriq bilan biror joyga ishonib joʻnatishning iloji yoʻq edi, boz ustiga, koʻchib kelishgandan soʻng uyda avj olgan besaromjonlik va tashvishlardan Stiven, Blekrokdagidan koʻra ham, bekorchi boʻlib qoldi. U dastlab qoʻshni uy oldidagi maydonchani aylanishga jur’at etdi, bir tor koʻchaning yarmigacha bora oldi, biroq keyin xayolida oʻzicha shahar planini chizgan boʻlib, markaziy koʻchalardan biriga chiqib oldi va dadil yurib bojxonagacha bordi. U daryo qirgʻogʻidagi kemalar ta’mirlanadigan ustaxonalar yonida shunchaki sandiraqlab yurdi, suv betidagi qalin sargʻaygan koʻpik ichida qalqib turgan bir talay poʻkak-suzgichlarga, bandargohda uymalashib turgan yuk tashuvchilarga, taraqlab borayotgan aravalaru pala-partish kiyingan, soqolli politsiyachilarga ajablanib qaradi. Qirgʻoqqa uyub tashlangan yoki kemalarning ichida osilib turgan toy-toy narsalar unga hayotning zalvorli va favqulodda gʻalatiligidan darak berar, tagʻin qalbida kechqurunlari bogʻdan boqqa Mersedesni qidirib izgʻishga majbur etadigan oʻsha bezovta tuygʻuni qoʻzgʻar edi. Va bu yangi gullagan qaynoq hayot ichida u Marselni ham tasavvur qila olishi mumkin edi, biroq bu yerda na shishaday toza osmon va na quyosh nuri yaraqlab turgan vino doʻkonlarining panjarasimon derazalari bor. U qirgʻoqqa nazar tashlaganida, daryoga va yer bagʻirlab turgan osmonga qaraganida ichida mubham bir gʻashlik toshib kelar, biroq u baribir har kuni shaharni izgʻishini kanda qilmas, goʻyo oʻziga chap berayotgan kimnidir izlayotganday tinib-tinchimas edi.

U ikki marta onasi bilan qarindoshlarining uyiga mehmonga bordi va har gal mavlud bayrami uchun bezatilgan — yarqirab nur sochib turgan savdo rastasi yonidan yurib oʻtilgan boʻlsa-da, chiroyi ochilmadi, gʻamgin kayfiyat uni tark etmadi. Gʻamginligining esa oʻziga bogʻliq va bogʻliq boʻlmagan sabablari koʻp edi. Oʻzining hali kichik ekani unga alam qilar, allaqanday ahmoqona tiyiqsiz ehtiroslarga berilib qolishlari, uylarida hayot maromining oʻzgarib ketgani orzu-oʻylarini ostin-ustun qilib, dardu dunyosini favqirona va soxta bir nimaga aylantirib qoʻygani uni pushaymonga solardi. Biroq alam va pushaymonlar uning tevarak-atrofdagi olamni anglay boshlagan idrokiga yilt etgan yangilik olib kirmadi. U nimaiki koʻrgan boʻlsa, barchasini chidam bilan, ogʻrinib koʻnglidan oʻtkazar va bu ogʻir kayfiyat zimdan uning qon-qoniga singib borardi.

U xolasinikida, oshxonada kursida oʻtirardi. Kaminning ortidagi loklangan devorda qalpoqli chiroq osilib turar va uning yorugʻida xolasi tizzasiga tashlagan oqshomgi gazetani oʻqirdi. Xolasi kulib tushgan ayollar suratiga uzoq qarab turdi, keyin oʻychan ohangda dedi:
— Goʻzal Meybl Xanter.

Qoʻngʻiroqsoch qizaloq oyoqlarining uchiga koʻtarilib, suratga qaradi-da, sekingina soʻradi:
— Bu qaysi piyesada, oyi?
— Pantomimada, qizalogʻim.

Qizcha qoʻngʻiroqsoch boshchasini onasining qoʻliga qoʻydi va suratga qarab, goʻyo sehrlanib qolganday shivirladi:
— Goʻzal Meybl Xanter!

Ayyorona kulib turgan bu quv koʻzlardan, goʻyo sehrlanib qolganday, qizcha koʻzlarini uzolmay turdi va hayajonlanib pichirladi:
— Voy, qanday chiroyli!

Koʻchadan yelkasida bir qop koʻmir bilan ogʻir qadam tashlab bukchayib kirib kelgan bola uning gapini eshitdi. Bola yelkasidagi qopni yerga chaqqon tashlab, yugurib keldi. U qizarinqiragan, koʻmirdan qoraygan qoʻllari bilan gazetani oʻziga tortdi va qizchani chetroqqa surib, oʻziga koʻrinmayotganidan nolindi.

Stiven derazalari qoraygan eski uyning tepa qavatida ensiz tor oshxonada oʻtiribdi. Oʻchoqdagi olov aksi devorda jilpanglab oʻynayapti, deraza ortida daryoni qoplagan shom qorongʻusi quyuqlashayotir. Kampir oʻchoq oldida kuymalanadi, choy damlamoqchi: u ishidan boshini koʻtarmay ruhoniy bilan doktor nima deyishganini sekin gapirib berayapti. Va yana kampir bemorning ahvoli qay tomonga oʻzgarayotgani, harakatlari, gap-soʻzlaridagi gʻalati alomatlarni ham aytayotir. U bu gaplarni eshitayapti, xayoli esa qarshisida miltirayotgan koʻmir uyumida — qasrlar va saroylar ichida egri-bugri uzun yoʻlaklar va tor, zimiston gʻorlarda kechayotgan olatasir sarguzashtlar bilan band.

Tuyqusdan u eshik oldida allaqanday sharpani sezdi. U yerda, gʻira-shirada, qiya ochiq eshikning qorongʻu tirqishida bir bosh koʻrindi. Maymunbashara gʻarib mavjudot oʻchoq boshidagi ovozlarga muztar boʻlib turibdi. Ingragan ovoz soʻraydi:
— Jozefinami bu?

Kuymalanayotgan kampir, oʻchoq boshidan jilmay, dadil javob qaytaradi:
— Yoʻq, Ellen, bu Stiven!
— Ha... salom Stiven.

U salomga alik oladi va eshikdagi basharada ma’nisiz tabassumni koʻradi.
— Senga biror nima kerakmi, Ellen? — soʻraydi kampir.

Biroq u, savolga javob bermay, deydi:
— Men bu Jozefina, deb oʻylabman. Men sizni Jozefina debman, Stiven. — Qiz buni bir necha bor takrorlaydi va sezdirmay qiqirlab kuladi.

U Xarold-krossdagi bolalar bayramida oʻtiribdi. Odamovi sergak kayfiyat tobora uni oʻz ta’siriga olayotir, u oʻyinlarga deyarli qoʻshilmayapti. Bolalar boshlariga qalpoq kiyib olishib, sakrashib raqs tushayotir, uning oʻyin-kulgilarga qoʻshilgisi kelayotgan boʻlsa-da, baribir bu serzavq davrada ola-bula qalpoqlar orasida oʻzini begonaday, gʻamgin his etadi. Biroq oʻzi tayyorlagan qoʻshiqni aytib berib, tinchgina burchakka kelib qulay oʻrnashib olgach, yolgʻiz oʻtirgani oʻziga yoqdi. Boshida unga soxta va bema’niday tuyulgan xursandchilik oqshomi endi tuygʻularini erkalayotgan, begona koʻzlardan sir tutishga urinayotgan ehtirosiga tasalli berayotgan yoqimli shabadaday huzur bagʻishlar, boz ustiga, ashula aytib raqsga tushayotgan bolalar orasidan, musiqa va oʻyin-kulgilar ichida qizning u oʻtirgan burchakka qadalib-qadalib qarayotgan mehrli, besaranjom va ayni damda intizor nigohi yuragini toʻlqinlantirib yuborardi.

Dahlizda bolalar kiyinishayapti. Bayram oqshomi tugadi. Qizaloq boshiga sholroʻmolini tashlab oldi va ular yonma-yon yurib chanaga borishayotganda uning issiq nafasidan chiqqan bugʻ roʻmolga burkangan boshi uzra oʻynoqlab koʻtarilar, boshmoqlari muz qotgan yoʻlga urilib beparvo taqillardi.

Bu chananing oxirgi qatnovi edi. Horigan toʻriq otlar buni sezar va oydin kechaga poʻpisa qilganday boʻyinlaridagi qoʻngʻiroqchalarni silkib-silkib qoʻyardi. Pattachi yoʻl boshlovchi bilan gaplashib oldi va yashil chiroq yorugʻida ular bir-biriga bosh silkishdi. Boʻm-boʻsh oʻrindiqlarda bir talay rangli pattalar sochilib yotardi. Koʻchaning na u va na bu tarafidan oyoq tovushi eshitilardi. Tunggi sukunatni hech qanday tovush buzmas, faqat horigan toʻriq otlar tumshuqlarini bir-biriga suykashar va qoʻngʻiroqlarni silkitib qoʻyishardi.

Ular, aftidan, aytilgan gapga quloq solishdi: u yuqoridagi oʻrindiqqa, qiz pastdagisiga oʻtirdi. Qiz bir necha bor uning oʻrindigʻiga chiqdi va yana oʻzinikiga tushdi, gap tugaganda qiz pastga tushishni unutib, ikki marta uning yonida bir daqiqacha turib qoldi, biroq keyin tushdi. Uning yuragi suv yuzidagi poʻkaksuzgichday qizning harakatlariga monand koʻtarilib-tushardi. Qizning sholroʻmol tagidan qaragan koʻzlari nima deb soʻzlayotganini u eshitdi va bunday soʻzlarni u qachondir bir zamonlar, hayotdami yo xayoldami, eshitgan edi. U qizning oʻzini chiroyli koʻrsatib, yarashib turgan koʻylagini, sumkasi va uzun qora paypoqlarini namoyish qilib, atay yuragini oʻrtayotganini payqadi, biroq undan koʻzini hech uzolmasdi. Shunda hapqirib urayotgan yuragining tub-tubidan toshib kelayotgan allaqanday ovoz: u qizning, shundoq qoʻl uzatsa yetadigan tuhfasini qabul qila olarmikan, deganday boʻlardi.

Bir kuni Eylin bilan mehmonxona hovlisiga qarab turishgani yodiga tushdi: mehmonxona xodimi ustunga uzun bayroqni qoʻndirayotgan edi, kichkina ov kuchugi kungaydagi maysada u yoqdan bu yoqqa yugurib yurardi, shunda Eylin toʻsatdan kulib yubordi va qiya yoʻlakdan pastga qarab chopib ketdi. Hozir ham u, yana oʻsha paytdagiday, joyidan jilmay, harakatsiz turibdi — goʻyo sahnada oʻynayotgan tomoshani kuzatayotgan xotirjam tomoshabinday.

«Uyam xohlayapti mening qoʻl tegizishimni, — deb oʻyladi u, — shunga men bilan birga ketayapti-da. Agar u mening oʻrindigʻimga chiqsa, unga yaqinlashishim oson boʻladi: shunda bizga hech kimning koʻzi tushmaydi. Men uni quchoqlardim, oʻpardim».

Biroq u bunday qilgani yoʻq; keyin boʻm-boʻsh changʻida, oyogʻi ostidagi taram-taram zinaga gʻussaga botib termilib oʻtirdi va qoʻlidagi pattani yirtib-yirtib qiymalab tashladi.

Ertasi kuni u oʻzining tepadagi boʻm-boʻsh xonasiga qamalib olib, bir necha soat stolga egilib oʻtirdi. Oldida yangi pero, yangi och yashil daftar va yangi siyohdon turardi. Daftarning birinchi betini ochib, tepasiga, odatiga koʻra, iyezuit ordeni shiorining bosh harflarini yozdi: A.M.D.G. Birinchi yoʻlga yozmoqchi boʻlgan she’rining sarlavhasini bitdi: E.ga. She’rga shunday sarlavha qoʻysa ham boʻlishini bilardi, chunki lord Bayronning she’rlar toʻplamida shunaqa sarlavhani koʻrgan edi. Sarlavhani yozib, tagiga toʻlqinli chiziq tortib, keyin oʻylanib qoldi va beixtiyor muqovaga allambalolarni chizaboshladi. Yodiga Breda mavlud ziyofatining ertasi kuni stolda qanday oʻtirgani va miyasiga oʻrnashib qolgan otasining iboralarini ishlatib, Parnell haqida she’r yozishga uringani tushdi. Biroq oʻshanda mavzu ogʻirlik qilgandi chogʻi, mashqdan voz kechib, varaqni toʻldirib sinfdoshlarining ism-shariflarini yozib tashlagan edi:

  • Stiven Dedalus
  • Tayyorlov sinfi
  • Klongous Vud Kollej
  • Koinot

Aftidan, hozir ham uringani bilan bir ish chiqmaydigan koʻrindi, biroq oʻsha bayram oqshomini eslab koʻngli yorishdi, oʻziga ishonchi ortdi. Oʻshandagi ahamiyatsiz, oʻtkinchi narsalar yodidan koʻtarilib ketgan, xotirasida na changʻi, na pattachi bilan izvoshchi, va na otlar qolgan, hatto oʻzi bilan qiz ham xayolidan juda uzoqlashib ketganday edi. She’r faqat oqshom haqida, beholgina esayotgan shabada va oyning bokira yogʻdusi haqida soʻzlardi, xolos; barglaridan ayrilib mungʻayib qolgan dov-daraxtlar tagida turishgan qahramonlarning yuraklaridagi noayon dard tarqab borar, xayrlashuv fursati yetganda esa ularning biri joyidan jilmadi va boʻsa ularni bir-biriga qovushtirdi. U she’rni bitirib, varaqning pastiga L.D.S.[3] harflarini yozib qoʻydi, keyin daftarni yopib, onasi yotadigan uyga kirdi va u yerdagi oynaga qarab oʻzining yuziga uzoq tikildi.

Biroq emin-erkin kunlar ham oyoqlab borayotgan edi. Kunlarning birida otasi bir dunyo yangilik bilan kelib qoldi, ovqat ustida jagʻi tinmay javradi. Stiven otasini kutib oʻtirgandi, chunki bugun qoʻy goʻshtidan qovurma pishirilgan, otasi unga nonni qovurmaning qaylasiga bulab yegin, deb qistashini bilardi. Biroq bu safar qaylaning mazasi unga tatimadi, chunki Klongous haqida gap ochilishi bilanoq tomogʻiga bir nima tiqildi.
— Uning yoqasidan olishimga sal qoldi, — dedi mister Dedalus bir gapni toʻrtinchi marta takrorlab, — maydonning shundoq burchagida tutdim-da oʻziniyam.
— Ishqilib, bu ishning uddasidan chiqarmikan u? — soʻradi missis Dedalus. — Men Belveder haqida gapirayapman.
— Boʻlmasa-chi, chiqqanda qandoq, — dedi mister Dedalus. — Men senga aytgandim-ku, axir, u endi iyezuitlar ordenining rahbari — provinsial.
— Menga qolsa, sira ham uni xristian birodarlar maktabiga4 bergim yoʻq, — dedi missis Dedalus.
— Jin ursin oʻshalarni, — baqirdi mister Dedalus.
— Allaqanday Peddiyu Mayklar bilan ogʻiz-burun oʻpishishi yetmay turgandi! Yoʻq, iyezuitlar bilan birga boʻlsin, shu yerda boshladimi oʻqishni — shu yerda tugatsin. Keyin ham unga foydasi tegadi. Obroʻyliroq joyga joylashtirib qoʻyishga ham imkoniyat bor ularda.
— Buning ustiga eng boy tashkilot, toʻgʻrimi Saymon?
— Ha-da! Kunlari poshsholik bilan oʻtadi! Sen koʻrganmiding ularning Klongousdagi dasturxonini? Yaratganga shukr, ularning yegani oldida, yemagani ortida.

Mister Dedalus oʻzining likopchasini, qolgan ovqatni tozalab yesin deb, Stivenning oldiga surdi.
— Endi sen, Stiven, qunt bilan kirishgin, — dedi u. — Sandiraqlab yurganing yetar.
— Men unga ishonaman, u endi tirishib oʻqiydi. — dedi missis Dedalus, — buning ustiga Moris ham endi u bilan birga boʻladi.
— Voy, xudoyim, esim qursin, Morisni unutib qoʻyibman-ku, — dedi mister Dedalus. — Qani, yaramas, bu yoqqa kel-chi. Kel oldimga tirrancha. Bilasanmi nima, men hali seni maktabga olib chiqaman, u yerda senga harflarni qoʻshib oʻqishni oʻrgatishadi: n-o-n—non. Men senga yana chiroyli dastroʻmolcha sotib olib beraman, burningni tozalab artib yurasan. Zoʻr boʻladi, a?

Moris kayfi chogʻ boʻlib, avval otasiga, keyin Stivenga qaradi. Mister Dedalus koʻzoynagini koʻziga qistirib, ikkala oʻgʻliga sinchkovlik bilan koʻz tashladi. Stiven non chaynayotgan edi, otasiga qaramadi.
— Ha, darvoqe, —dedi nihoyat mister Dedalus, — rektor boru, oʻsha-da, haligi provinsial, menga sen bilan hazrat Dolanning oʻrtalaringda boʻlib oʻtgan mojaroni gapirib berdi. Sen deyman, bu, juda shumtaka chiqib qolding-ku, a, uyatsiz.
— Nahot u shunday degan boʻlsa, Saymon?
— Yoʻq, gap boshqa yoqda! — Kuldi mister Dedalus. — Biroq u menga bu voqeani oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Biz u bilan uyoq-buyoqdan ancha valaqlashdik... Eh-a, esim qursin! Aytgancha, bilasanmi u menga nima dedi? Ha, uning joyini kim egallaganidan xabaring bormi? Mayli, bu haqda keyin. Xullas, biz u bilan juda ochilib-sochilib laqillashdik, u mendan oshnamiz haliyam koʻzoynak taqib yuribdimi, deb soʻradi, keyin oʻsha mojaro tarixini erinmay gapirib berdi.
— U norozimi, Saymon?
— Norozi! Boʻlmagan gap! «Oʻgʻil bola ekan», dedi u.

Mister Dedalus provinsialning manqalanib ohanjama bilan gapirishini kalaka qildi:
— «Endi qoʻyaverasiz, hazrat Dolan ham, hammamiz qotib-qotib kuldik, desayiz, men buni ovqat ustida ularga gapirib berdim-da». «Ehtiyot boʻling, hazrat Dolan, — dedim men, — tagʻin tirrancha Dedalus qoʻllaringizni ayovsiz savalab, ta’ziringizni berib qoʻymasin!». Endi qoʻyaverasiz, hazrat Dolan ham, hammamiz qotib-qotib kuldik! Ha, ha, ha!

Mister Dedalus xotiniga oʻgirilib qaradi va oʻzining odatdagi gap ohangida ta’kidlab dedi:
— Koʻrdingmi, u yerda qanday tarbiyalashlarini! Iyezuit degani — bu suyak-suyagigacha diplomat, axir!

U yana provinsialning ovoziga taqlid qilib, takrorladi:
— «Endi qoʻyaverasiz, hazrat Dolan ham, hammamiz qotib-qotib kuldik, desayiz, men buni ovqat ustida ularga gapirib berdim-da. Ha, ha, ha!».

* * *

Kechqurun maktab spektakli boshlanishidan oldin Stiven kiyim javoni oldida, tepasiga xitoy fonuschalari chambarak qilib tortib ilingan moʻjazgina maysazorga tikilib turardi. U mehmonlarning bosh binodan zina orqali tushib kelib, teatrga kirishayotganini koʻrdi. Frak kiygan mezbonlar, Belveder qariyalari teatr eshigi oldida navbatchilik qilishar, mehmonlarni tavoze bilan joylarigacha boshlab borishardi. Tuyqusdan yongan fonuscha yorugʻida u ruhoniyning kulimsiragan yuzini koʻrdi.

Muqaddas ne’matlar kovchegdan olib qoʻyilgan, mehrob supasi va uning tevaragi xoliroq boʻlishi uchun birinchi qatordagi oʻrindiqlar orqaga surilgan. Devor tagiga gantellar, irgʻitib oʻynaladigan xoʻqqalar va boshqa sport anjomlari qoʻyilgan, ogʻir toshlar burchakka uyub tashlangan, jigarrang qoplarga nari-beri tiqib joylangan son-sanoqsiz gimnastika tuflilari, kamzul va koʻylaklar uyumlari orasidagi ustiga charm qoplangan yogʻoch ot esa oʻz navbatini kutib turibdi, sport dasturi oxirida uni sahnaga olib chiqishadi va atrofida bellashuvchi komandalar saf tortadi.

Stiven garchi yozma ishlarda erishgan yutuqlari uchun gimnastika sinfiga sinfboshi etib saylangan boʻlsa-da, tomoshaning birinchi turida ishtirok etmadi, biroq ikkinchi turda namoyish etiladigan spektaklda oʻqituvchining bosh komik roli unga topshirilgan edi. Jussasi va sipoligini inobatga olishib, shu rolga ma’qul koʻrishgandi. U endi Belvederda ikkinchi yilni oʻtkazayotgan va oxirgi sinfdan bitta oldinda oʻqiyotgan edi.

Oppoq paypoq va kamzulcha kiyib olgan bolalar qatori toʻpirlab ruhoniylar kiyimi saqlanadigan xona orqali cherkovga yugurib oʻtdi. Kiyimxonada va cherkovda hayajonlangan tarbiyachilar va oʻquvchilar uymalashib turishardi. Xomsemiz tepakal serjant yogʻoch ot oldidagi tramplinni oyogʻi bilan bosib koʻrdi. Hoʻqqalar bilan oʻyin koʻrsatadigan uzun paltodagi ozgʻin yigit uning yonida qiziqsinib qarar, yarqiragan kumushrang hoʻqqalar uning chuqur yon choʻntaklaridan chiqib turardi.

Allaqayerdan yogʻoch soqqalarning qarsillab urilgan tovushi eshitildi, komanda sahnaga chiqishga tayyorlanayotgan edi, bir daqiqa oʻtib, shoshib-pishayotgan tarbiyachi, gʻozlar galasini quvlayotganday, uzun toʻnining etagini hovliqib silkib, ortda qolganlarga baqirib, kiyimxonadan bolalarni oldiga solib haydadi. Qadimgi dehqonlarga oʻxshab kiyinib olgan bir toʻda bola cherkovning ichkarisida, ba’zilari qoʻlini boshi uzra koʻtarib, boshqalari oʻtirgan joylarida sun’iy gullar solingan savatchalarni silkitib, raqsni mashq qilishardi. Mehrob ravoqining qorongʻi burchagida semiz keksa xonim keng-moʻl qora koʻylagining ichida xirmonday boʻlib tizzalab turardi. Xonim oʻrnidan turganda yonida pushtirang koʻylak kiygan, gajaklari oltin tusli yasama soch, boshiga urfdan qolgan poxol shlyapa kiygan, qoshlarini terib, yonoqlarini did bilan qirmiziga boʻyab, upa surgan xushbichim qomat koʻrindi. U koʻzga koʻringan chogʻda cherkovni taajjubli ohangdagi shivir-shivir tutib ketdi. Tarbiyachilardan biri kulimsirab, boshini sermab ishora qilib, qorongʻi burchakka bordi va semiz keksa xonimga ta’zim bajo keltirib, iltifot bilan dedi:
— Nimaydi bu — yosh goʻzal ledimi yo qoʻgʻirchoqmi, missis Tellin?

U shunday deb shlyapaning peshayvoni tagidagi oro berib boʻyalgan tabassumli chehrani koʻrmoqchi boʻlib egilib qaradi va beixtiyor xitob qildi:
— Nahotki! Bu, axir, jajji Berti Tellen-ku!

Stiven oʻzining deraza yonidagi kuzatish postida turib keksa xonim bilan ruhoniyning kulishganini eshitdi, keyin orqa tarafdagi, yakka oʻyin — poxol shlyapa raqsini ijro etadigan bolachani koʻrgani yigʻilgan oʻquvchilarning qoyil qolishib shivirlashayotgani eshitildi.

Stiven toqatsizlanib keskin harakat qildi. U pardaning chetini qoʻyib yubordi va oʻzi tik turgan kursidan tushib, cherkovdan tashqariga chiqib ketdi.

U kollej binosi ichidan oʻtib, bogʻga tutashgan shiypon tagida toʻxtadi. Qarshidagi teatrdan ovozlarning boʻgʻiq sasi va harbiy orkestrning mis asboblari shapillab urilayotgani eshitilib turardi. Yorugʻlik binoning oynavand tomidan tepaga taralar, teatr goʻyo bayramona bezatilgan kemaday tigʻiz joylashgan uylar orasida langar tashlagan, miltirab turgan fonuslar shodasi bilan qirgʻoqqa boylab qoʻyilganday. Teatrning biqinidagi eshik tuyqusdan lang ochildi — yorugʻlik poyondozday maysazor uzra toʻshaldi. Kemadan kutilmaganda musiqaning gumbirlagan sadosi taraldi — valsning birinchi vaznlari chalindi, eshik yana bekildi va endi musiqa sadosi bir qadar soʻnik, mayin eshilib-oqib eshitildi. Birinchi vaznlarning ohanrabosi, ishvali mayin taronasi uning yuragida tushuntirib boʻlmaydigan sirli tuygʻularni qoʻzgʻadi va ayni shu tuygʻular uni kun boʻyi qoʻnim topolmay yurib turishga, haligina esa toqatsizlanib cherkovdan chiqib ketishga majbur etgandi. Behalovat tuygʻular toʻlqinday ichidan toshib kelar va tobora avj olayotgan musiqa toshqinida fonuschalar shodasini chuvatib, goʻyo kema suzib borardi. Kutilmaganda, xuddi oʻyinchoq toʻpdan oʻq otilganday, qarsillagan shovqin bu harakat maromini buzdi. Tomoshabinlar sahnaga chiqqan gimnastikachilarni qarsak chalib olqishlashayotgan edi.

Shiyponning oxirida, koʻcha bilan tutashgan joyida qorongʻulikda qip-qizil nuqta miltilladi. Oʻsha tarafga qarab borayotib, u yengil yoqimli hid dumogʻiga urilganini sezdi. Ikkita bola yoʻlakda chekishib turishardi: u uzoqdan Kuronni ovozidan tanidi.
— Ana, olijanob Dedalus kelayotir! — xirillagan ovoz qichqirdi. — Sadoqatli doʻstga salomlar boʻlsin!

Salomlashish tugar-tugamas past tovushdagi soxta kulgi eshitildi va Kuron ta’zim qildi, qoʻldagi xivichni yerga urib-urib qoʻydi.
— Ha, bu menman, — dedi Stiven toʻxtab, nigohini Kurondan olib, uning yonidagi doʻstiga koʻz tashlarkan.

Kuronning yoʻldoshini u birinchi bor koʻrishi edi, biroq sigaretning tutashgan choʻgʻi yorugʻida uning rangpar yuzini, masxaraomuz kulgi yugurgan biroz oliftanoma turqini, palto kiygan boʻychan qomati va boshidagi qoʻnqaygan shlyapasini ilgʻadi. Kuron ularni tanishtirishga urinmadi va buning oʻrniga dab-durustdan dedi:
— Men hozir doʻstim Uollisga aytib turgan edim: agar sen bugun kechqurun oʻqituvchi rolida rektorni koʻrsatsang bormi, rosa kulgi boʻlardi-da. Juda zoʻr tomosha chiqardi!

Kuron oʻzicha rektorning maydakash yoʻgʻon ovozini kalaka qilmoqchi boʻlib uddalay olmadi, uquvsizligidan oʻzi kulib, Stivenga murojaat qildi:
— Oʻzing bir koʻrsat, Dedalus, sen unga juda zoʻr taqlid qilib qoʻyasan-da. «Ma-agar che-erkovga qu-uloq osmas e-ekan, de-emak endi u bo-orib turgan maj-jusiy va yoʻ-oʻldan oz-zgan gʻay-yridindir».

Biroq uning gapini Uollisning xotirjam xitobi boʻldi, uning sigareti mushtugiga tiqilib qolgan edi:
— Jin ursin bu la’nati mushtukni, — Uollis ogʻzidan mushtukni olarkan, ijirgʻanib tirjaydi. — Doim shunday tiqilib qoladi-ya. Siz ham mushtuk bilan chekasizmi?
— Men chekmayman, — dedi Stiven.
— Ha, — dedi Kuron, — Dedalus odobli bola. U chekmaydi, xayr-ehson ulashadigan bozorlarga bormaydi, qizlarga ilakishmaydi — unisiniyam qilmaydi, bunisiniyam qilmaydi.

Stiven raqibining qizargan, jonlangan yuziga, qirgʻiyning tumshugʻiday qayrilgan burniga kulimsirab qarab, boshini chayqab qoʻydi. Uni doim Vinsent Kuronning ism-sharifi qushning nomidan olingani, boz ustiga, yuzi ham qushga oʻxshab ketishi hayron qoldirardi. Manglayiga rangsiz soch tolalari, xuddi paxmaygan poʻpakchaday, tushib turardi. Choʻtmanglayi turtib chiqqan, ingichka qirgʻiy burni bir-biriga yaqin joylashgan chaqchaygan ma’nosiz koʻk koʻzlari orasidan osilib tushgan edi. Aslida raqiblar maktabdosh doʻstlar edi.Ular sinfda birga oʻtirishar, cherkovda yonma-yon tiz choʻkishib ibodat qilishardi, ibodatdan soʻng nonushta ustida miriqib laqillashardi. Birinchi sinfda oʻquvchilarning zehni pastroq edi, shu bois asosan Kuron bilan Stiven sinfni boshqarishardi. Ular biror kunga javob olish yoki gunoh qilib qoʻygan bolaga avf soʻrash lozim boʻlganda birgalashib rektorga borishardi.
— Ha, aytgancha, — dedi Kuron. — Men bu yerda otangni koʻrdim.

Stivenning yuzidagi tabassum yoʻqoldi. Qachon va kim boʻlmasin, doʻstimi yo oʻqituvchisimi, otasi haqida gap ochildi deguncha, Stiven sergak tortib qolardi. U sukut saqlab, ichida hadik bilan Kuron yana nima derkin deya uning ogʻzini poyladi. Biroq Kuron uni tirsagi bilan ma’nodor qilib turtib, dedi:
— Sen, juda ayyor ekansan-a.
— Nega endi? — soʻradi Stiven.
— Sirtdan qarasang qoʻy ogʻzidan choʻp olmaydiganday, — dedi Kuron, — aslida pixini yorganlardansan.
— Marhamat qilib ayting-chi, sirtdan qaraganda nimani nazarda tutayapsiz? — xushmuomalalik bilan oʻsmoqchiladi Stiven.
— Darhaqiqat, marhamat qilsinlar! — dedi Kuron. — Biz oʻsha qizni koʻrdik, toʻgʻrimi Uollis? A? Juda chiroyli qiz ekan, qurgʻur! Hamma narsani bilgisi kelaverganini aytmaysanmi! «Stiven qaysi rolni oʻynarkan-a, mister Dedalus? Stiven qoʻshiq aytarmikan, mister Dedalus?» Sening otajoning ham oynagining ustidan juda sirli qarab qoʻydi: harqalay, dardingdan xabari borga oʻxshaydi. Xoʻsh, nima boʻpti, bilgani yaxshimasmi, shaxsan men bundan hecham xijolat boʻlmasdim! Ammo juda dilbar qiz ekan,toʻgʻrimi Uollis?
— Ha, yomonmas, — dedi Uollis xotirjamlik bilan mushtugini yana ogʻzining chetiga qistirarkan.

Begona bolaning oldida aytilgan betakalluf qochiriqlardan Stivenning nafrati qoʻzidi. Qizning u bilan qiziqqani-yu, u haqda soʻrab-surishtirganlaridan Stiven hech qanday zavq tuymadi. Kun boʻyi uning xayolini qiz bilan Xarold-krossda chana oʻrindigʻida turib xayrlashganlari, oʻsha oqshomgi hayajonli kechinmalar, keyin uyga borib yozgan she’ri haqidagi oʻylar band etdi. Kun boʻyi u qiz bilan yana uchrashishini koʻz oldiga keltirishga urindi, chunki uning bugun spektaklga kelishini bilardi. Xuddi oʻsha oqshomdagiday bezovtalik uning yuragini siqar, biroq bu azob endi she’rga koʻchib, koʻksidan chiqib keta qolmasdi. «Bugun» bilan «oʻsha payt» orasida ikki yil yotibdi, koʻp narsaga aqli yetib ulgurgan shu ikki yil uni bugungiday huzurli imkoniyatdan ajratib qoʻygan edi va bugun kun boʻyi vujudini oʻrtagan huzurbaxsh iztirob asov toʻlqinday chayqalib-toshgan, goh tushib, gohida quturib va yana ortga chekinib, soʻngra tagʻin shitob bilan koʻtarilib turdiki, u nihoyat, butkul holdan toyishigacha borib yetgan bir paytda tarbiyachining qoʻgʻirchoqday yasatilib, grim qilingan bolakayga otgan qochiriqli gap-soʻzlari uni muvozanatdan chiqib ketishga—tuyqusdan keskin harakat qilishiga sabab boʻldi.
— Kel, yaxshisi, aybingni boʻyningga olib, tavba qil, — dedi Kuron. — Biz seni bu safar qoʻlga tushirdik. Endi oʻzingni har yoqqa tashlab, avliyoga oʻxshatib koʻrsatishing befoyda, hammasi oyday ravshan!

U beixtiyor takabburlik bilan hiringlab kulib yubordi va egilib Stivenning oyogʻiga xivich bilan koyigannamo sekin urib qoʻydi.

Stivenni endi nafrat tuygʻusi tark etgandi. U endi oʻzini na mamnun va na gʻamgin his etar, shunchaki hazil-huzul bilan vaziyatdan chiqib ketishga chogʻlangan edi. U haligina betakalluf tuyulgan qochiriqlarga endi xafa boʻlmas, qalbida kechayotgan sohir tuygʻularga hech qanday gap-soʻz daxl qilolmasligini bilar va shu boisdan raqibining koʻngliga qarab, maynavozchiligiga soxta kulgi bilan javob berardi.
— Tavba qil, — deya takrorladi Kuron xivich bilan uning oyogʻiga urib.

Hazillashib urgan boʻlsa-da, bu zarba oldingisidan kuchliroq edi. Stiven yengil, biroq jizillatib oʻtgan zarbani tuydi va itoatkorona bosh egib, doʻsti boshlagan oʻyinni davom ettirishga mayl sezayotganday «Sonfiteor»ni oʻqishga tutindi. Bu sahna yaxshigina yakun topdi, Kuron bilan Uollis bu tahqiromuz tazarrudan zavqlanib, takabburlarcha kulishdi.

Stiven duo soʻzlarini beixtiyor aytib yubordi, soʻzlarning oʻzi goʻyo uning ogʻzidan uchib chiqayotganday edi va shu lahzada uning yodida boshidan kechgan boshqa bir shunday holat jonlandi; oʻsha holat, u Kuronning tirjayib turgan ogʻzining ikki chetidagi ajinlarga koʻzi tushganda xuddi sehru jodu ta’sirida namoyon boʻlganday xotirasidan sizib chiqdi. U oyogʻiga tushayotgan oʻsha tanish zarblarni his etdi va ayni damda tanbeh berib aytishgan oʻsha tanish soʻzni ham eshitdi:
— Tavba qil!

* * *

Bu voqea birinchi semestrning oxirida, u kollejga kelgan yili sodir boʻldi. Uning hissiyotga beriluvchan mijozi hanuz gʻarib, omonat hayotning ayovsiz turtkilaridan azob chekardi. Dublinning zerikarli manzaralarini koʻraverib siqilib ketgan yuragini esa hali ham gʻashlik va sarosima tark etmagan edi. Ikki yil u orzular ogʻushida yashadi, endi esa mutlaqo notanish dunyoga tushib qolganday, bu yerdagi har bir hodisa, har qanday yangi odam uning izzat-nafsiga juda qattiq tegib ketar, bu hol uni goh umidsizlikka tushirsa, gohida maftun etar yoki aksincha, maftun etib va umidsizlikka tushirib, doimo qalbida bezovtalik, qaygʻuli oʻy-xayollarni qoʻzgʻar edi. U oʻzining boʻsh vaqtini asosan isyonkor yozuvchilarning asarlarini oʻqib oʻtkazardi, ularning zaharxandaligi va gʻazabga qorishgan nutqlari koʻngliga ogʻir botar, oʻzicha ijodga berilib, hali gʻoʻr boʻlsa-da, yozgan insholariga koʻnglidagini toʻkmaguncha, fikr-oʻylariga gʻulgʻula solib, tinchlik bermasdi.

Insho uning uchun oʻquv haftasining eng muhim mashgʻuloti edi va seshanba kuni uylaridan maktabga kelayotib u oʻzidan oldinda borayotgan biror-bir odamni moʻljalga olar, shu odamdan ma’lum joyga yetganda oʻzib ketishga yoki qadamlarining yoʻlakka yotqizilgan har bir plitaga toʻgʻri tushishiga urinar va shu tariqa oʻzining inshodan birinchi boʻlish-boʻlmasligini tusmollar edi.

Mana seshanba ham keldi va kutilmaganda omadli kunlar yakun topdi. Mister Teyt, ingliz tili muallimi, unga barmogʻini oʻqtalib, dona-dona qilib dedi:
— Mana bu oʻquvchi inshosida bid’atni yozibdi.

Jimlik choʻkdi. Mister Teyt jimlikni buzmay, qoʻli bilan tizzalarining orasini qashladi, sinfda uning ohorlanib qotirilgan qaytarma yengi va yoqasining mayin qisirlagani eshitilardi, xolos. Stiven boshini koʻtarmadi. Koʻklamning bulutli kuni edi, uning koʻzlari hali ham zaif, ogʻrib turardi. U tamom boʻldim deb oʻyladi, oʻzini fosh etilganday his etdi, aqlim ham notavon mening, oilamiz ham nochor, degan xayolga bordi va boʻyniga yopishib turgan gʻadir-budir qaytarma yoqasining dagʻal girdini his qildi.

Mister Teytning baland tovushdagi qisqa kulgisi sinfdagi ogʻir jimlikni yumshatdi.
— Balki buni oʻzingiz bilmagandirsiz? — dedi u.
— Qaysini? — soʻradi Stiven.

Mister Teyt tizzalarining orasidan qoʻlini olib, yozma ishni ochdi.
— Mana bu joyini aytayapman. Yaratganga va ruhga doir joyini. Xoʻ-sh-sh! A-ha! Mana... «Qachondir yaqinlashishga imkon yoʻqligidan». Bu shakkoklik.
— Men «Qachondir erishishga imkoniyat yoʻqligidan», demoqchi edim, — mingʻirladi Stiven.

Bu bilan u yon bergan edi va mister Teyt tinchlanib, daftarni yopib, unga uzatarkan, dedi:
— Ha! Darvoqe! «Qachondir erishishga». Bu boshqa gap.

Biroq sinfdagilar ha deganda tinchishmadi. Garchi darsdan soʻng hech kim unga bu haqda ogʻiz ochmagan boʻlsa-da, u tevaragida davom etayotgan igʻvogarliklarni his etdi.

Ogʻzaki tanbehdan soʻng, oradan bir necha kun oʻtib, xatni qutiga tashlash uchun Dramkondr-roud boʻylab ketayotganida u tuyqusdan kimningdir chaqirganini eshitdi:
— Toʻxta!

U orqasiga oʻgirildi va shom qorongʻusida oʻzi tomon yaqinlashib kelayotgan uchta sinfdoshini koʻrdi. Uni chaqirgan Kuron edi, u ikki doʻstining oʻrtasida dadil qadam tashlab, qoʻlidagi xivich bilan havoni qadamiga mos tarzda shuvillatib kesib kelardi. Oshnasi Boland u bilan baqamti qadam tashlar, ogʻzi qulogʻida, Nesh esa tez yurayotganidan hansirab, xumday sariq boshini salanglatib orqaroqda pildirab kelardi.

Bolalar Klonliff-roud tomonga burilgan joyda kitoblar va yozuvchilardan gap ochildi, kim qanaqa kitob oʻqiganiyu, uylaridagi shkaflarda ota-onalarining qancha kitobi borligini aytishib maqtanishga tushib ketishdi. Stiven ularning gaplarini eshitib hayron qoldi, chunki Boland sinfda eng zehni past bola hisoblansa, Nesh uchiga chiqqan yalqov edi. Shunga qaramay, sevimli yozuvchi haqida gap ochilishi bilanoq Nesh tap tortmay eng ulugʻ yozuvchi—bu kapitan Merriyet, deya bilagʻonlik qildi.
— Bekor gap! — dedi Kuron. — Dedalusdan soʻra-chi. Seningcha, eng buyuk yozuvchi kim, Dedalus? A?

Stiven, uning piching qilayotganini sezib soʻradi:
— Nosirlardanmi?
— Ha.
— Menimcha, Nyumen.
— Kardinal Nyumenmi?
— Ha, — dedi Stiven.

Nesh Stivenga oʻgrilib savol berarkan, uning sepkil bosgan yuzi kulgidan oshqovoqday yoyilib ketdi:
— Oʻsha kardinal Nyumen senga yoqadimi?
— Koʻpchilik Nyumenning uslubini juda zoʻr deb hisoblaydi, — tushuntira ketdi Kuron ikki oshnasiga, — toʻgʻri-yu, lekin u shoir emas-da.
— Eng zoʻr shoir kim, Kuron? — soʻradi Boland.
— Albatta, lord Tennison-da, — javob qildi Kuron.
— Toʻgʻri, lord Tennison, — dedi Nesh, — bizning uyimizda uning bir jildli toʻla she’rlar toʻplami bor.

Shu gapdan soʻng Stivenning sabri chidamadi, gapirmayman, deb oʻziga bergan va’dasini buzdi:
— Tennison—shoir? Qofiyaboz-ku u?
— Nima deyapsan! — dedi Kuron, — Tennisonning buyuk shoirligini hamma biladi.
— Sening-cha, kim buyuk shoir? — soʻradi Boland yonidagi oshnasini yelkasi bilan turtib.
— Bayron—buyuk shoir, — javob berdi Stiven.

Avval Kuron, keyin oshnalari uni masxaralab kulib yuborishdi.
— Nega kulayapsizlar? — soʻradi Stiven.
— Sening ustingdan kulayapmiz, — dedi Kuron. — Bayron—buyuk shoir emish? Chalasavod nodonlargina uni shoir deyishi mumkin.
— Ol-a! Ana senga zoʻr shoir! — dedi Boland.
— Sen, yaxshisi, tilingni tiysang boʻlardi, — dedi Stiven unga dadil burilib qarab. — Sening poyeziya haqida bor bilganing hovlidagi devorga yozganingdan ma’lum-ku? Bema’ni qiligʻing uchun ta’ziringni berishmoqchi boʻlishdi-ku.

Haqiqatan ham Boland hovlining devoriga kollejdan uyiga pastdakkina toti otda boradigan bir bola haqidagi anchayin misralarni yozgan, deb gapirishardi:

Tayson otda Quddusga ketdi,

Yiqilib yoʻlda lat yedi keti.

Stivenning bu hujumidan sheriklarining uni uchgan boʻlsa-da, Kuron tiyilmadi:
— Nima boʻlgandayam baribir Bayron shakkok boʻlgan, buning ustiga axloqi buzuq boʻlgan.
— Uning qanday boʻlgani bilan mening ishim yoʻq, — qoʻrs javob qildi Stiven.
— Uning shakkok boʻlgani yoki boʻlmagani senga baribirmi? — gapga qoʻshildi Nesh.
— Sen bu haqda nimaniyam bilarding? — qichqirdi Stiven. — Umringda darslikdagi bitta-yarim misoldan boshqa baloniyam oʻqimagansan-ku, sen ham, Boland xuddi shunday.
— Men bilaman, Bayron tuturiqsiz odam boʻlgan, — dedi Boland.
— Qani, ushlanglar bu shakkokni, — qichqirdi Kuron.

Shu damdayoq Stivenni ushlab olishdi.
— Teyt behudaga dumingni buramadi sening, inshoda shakkoklikka yoʻl qoʻyganing uchun shunday qildi, — dedi Kuron.
— Ertagayoq unga hammasini aytib beraman, — tahdid qildi Boland.
— Sen-a? — dedi Stiven. — Ogʻzingni ochishga qoʻrqasan-u!
— Qoʻrqamanmi?
— Ha, qoʻrqasan!
— Kerilma! — qichqirdi Kuron Stivenning oyogʻiga xivich bilan urib.

Bu Stivenga tashlanishga shay turganlarga bir ishora edi. Nesh uning ikkala qoʻlini orqasiga qayirib ushlab turdi, Boland esa ariq chetidagi qurib qolgan karamning uzun tomirini sugʻurib oldi. Stiven xivich bilan tayoqday qattiq karam tomirining zarbalaridan qutilmoqchi boʻlib, jon-jahdi bilan siltanib yulqinmasin, ilojsiz edi, uni tikonli sim oʻralgan toʻsiqqa qisib olishgandi.
— Boʻyningga ol, sening Bayroning bir pulga qimmat.
— Yoʻq.
— Boʻyningga ol.
— Yoʻq.
— Boʻyningga ol.
— Yoʻq. Yoʻq.

Nihoyat, qattiq olishuvlardan soʻng u bir amallab qutilib chiqishga muvaffaq boʻldi. Unga azob bergan bolalar xoxolashib, uni masxaralashib Jonsis-roud tomon ketishdi, u yoshlangan koʻzlarini uqalab, hech nimani koʻrmay, turtinib-surtinib mushtini mahkam siqqancha alamzada kayfiyatda alahsirab borardi.

Hozir ham, oʻzini ma’qullab hiringlab turgan bolalar oldida tavba-tazarru duosini aytib turibdi-yu, xotirasida oʻsha shafqatsiz olishuv manzarasi aniq-tiniq jonlandi va u ajablanib oʻziga-oʻzi: menga oʻshanda azob berishgan bu bolalarga nega koʻnglimda zigʻircha nafrat yoʻq, deb savol berdi. U hammasini juda yaxshi eslaydi, ularning qoʻrqoqligini ham, rahmsizligini ham, biroq negadir xotirasidagi oʻsha voqea endi gʻazabini qoʻzgʻamasdi. Oʻqigan kitoblaridagi iztirobga toʻlib-toshgan oh-vohlar-u qahr-gʻazablarning unga soxta tuyulgani shundandir, balki. Hatto oʻsha kuni, kech kirib qorongʻu tushgan mahalda, Jonsis-roud boʻylab turtinib-surtinib alamzada kayfiyatda alahsirab uylariga ketayotgan paytda ham allaqanday kuch vujudini qamrab olgan nafrat tuygʻusini, hil-hil pishgan shaftolining poʻstini osongina shilganday, sidirib olayotganini his etgandi.

U hanuz shiypon tagida, ikki oshnasining biri qoʻyib, biri olayotgan safsatalarini, qolaversa, teatrdan kelayotgan gulduros qarsaklar tovushini beparvo eshitib turibdi. Qiz bu paytda teatrda, begonalar orasida, balki uning sahnaga chiqishini poylab oʻtirgandir. U qizni koʻz oldiga keltirishga urinib koʻrdi, biroq buning iloji boʻlmadi. Faqat boshiga oʻralgan sholroʻmolni eslay oldi, xolos, bu qizlar qishda kiyadigan bogʻichli bosh kiyimiga oʻxshardi; qizning tim qora koʻzlari esa gʻoyibdan uni oʻziga chorlar va aqlini shoshirardi. U oʻzidan: men uni oʻylaganimday, u ham men haqimda oʻylarmikan, deb soʻradi. Keyin qorongʻida yonidagilarga sezdirmay bir qoʻlining barmoqlari uchini ikkinchi qoʻlining kaftiga tegizdi va bilinar-bilinmas tarzda ohista siladi. Biroq qizning barmoqlari muloyim va xiyla dadil tekkan edi va oʻshandagi holat xotirasida jonlanib, vujudi, toʻlqin koʻz ilgʻamas tebranganiday, bir zum chayqalib ketdi.

Bir bola toʻsiq boʻylab shiypon tagidan ular tomonga chopib kelardi. Bolaning nafasi tiqilib, halloslab qoldi.
— Ey, Dedalus, — qichqirdi u, — Doyl jinni boʻlib qoldi-ku! Yugur tezroq, tez boʻl, kiyin! Sahnaga! Tezroq!
— Boradi, — dedi Kuron kalondimogʻlik bilan. — Qachon lozim koʻrsa, shunda boradi.

Bola oʻgrilib Kuronga qaradi va takrorladi:
— Tez boʻl! Doylning jahli chiqayapti.
— Mening salomimni yetkazib qoʻy Doylga, men tupirdim unga, — javob qildi Kuron.
— Mayli, borishim kerakka oʻxshaydi, — dedi Stiven, bunaqa oriyat talashish unga begona edi.
— Sening oʻrningda boʻlsam bormasdim, — dedi Kuron, — hech ham bormasdim, xudo haqqi! Yuqori sinf oʻquvchilarigayam shunaqa muomala qiladimi? Nima boʻpti, jahli chiqsa chiqar! Uning ahmoqona piyesasida oʻynayotganingga shukr qilsin.

Koʻpgina oʻrtoqlariga xos boʻlgan bunday manmanlikni Stiven yaqindan beri raqibida ham payqagan edi, biroq bu uning fe’l-atvoridagi vazmin itoatkorlik odatiga zigʻircha ta’sir qilmadi. U oʻzboshimchalikning nafiga ishonmas, bunaqa doʻstlikning samimiyligiga shubha bilan qarar va buni balogʻat yoshining tiyiqsiz beboshliklari, deb bilardi. Hozir qoʻzgʻalgan oriyat masalasi va shunga aloqador boshqa gaplar unga ahamiyatsiz tuyuldi. Oʻzicha xayol surib, uchqur orzu-oʻylar ogʻushida parvoz qilgan lahzalarda kutilmaganda xayoli buzilar, beixtiyor shirin orzularidan voz kechar, shunda qulogʻiga oʻtirib qolgan otasining va muallimlarining ovozlari qayta jaranglaganday boʻlardi, ular Stivenni avval boshda jentelmen va e’tiqodli katolik boʻlishga da’vat etishardi. Endi bu ovozlar unga ma’nisiz tuyuladi.

Kollejda sport gimnastikasi sinfi ochilganda u boshqa bir ovozni eshitdi, endi uni kuchli, jasur va sogʻlom boʻlishga da’vat etishardi; kollejda milliy tiklanish uchun kurash sharpalari oralay boshlagach esa, yana bir ovoz uni vatanga sodiq boʻlishga, ona tilini, milliy urf-odatlarni tiriltirishga yordam berishga unday boshladi. Kundalik turmush, oila tashvishlari bir kun kelib uni ter toʻkib, oʻz mehnati bilan otasining qoʻldan ketgan mavqeini tiklashga majbur etishini bilar va bu hozir uni yaxshi doʻst boʻlishga, joʻralarining yonini olishga yoki ularni jazodan asrab qolish va qanday yoʻl bilan boʻlmasin, bir kun hordiq chiqarish uchun sinfga ruxsat olib berishni soʻrayotgan tengqurlarining ovoziga oʻxshab ketardi. Bu ma’nisiz ovozlarning qorishgan gʻala-gʻovuri uni qat’iyatsiz qilib qoʻyar, bemalol xayol surishiga yoʻl qoʻymasdi. U ora-sira bu ovozlarga ham quloq tutar, biroq ulardan uzoqlashganda, ular yetib bormaydigan joyda yolgʻiz oʻzi qolganida yoki xayolan yaqinlari orasida boʻlganida oʻzini baxtiyor his etardi.

Ruhoniylar kiyimxonasida yuzlari qip-qizil iyezuit bilan keksaroq bir kishi, ikkalasi ham ohori ketib qolgan koʻk yaktakda, upa-elik solingan qutini titkilashardi. Allaqachon grim qilib olishgan oʻgʻil bolalar u yoqdan bu yoqqa salanglab yurishibdi, ba’zilari garangsib bir joyda toʻpirlashib turishibdi, boʻyalgan yuzlarini barmoqlarining uchi bilan ehtiyot boʻlib ushlab qoʻyishadi. Kollejda mehmon boʻlib turgan yosh iyezuit, qoʻllarini chuqur yon choʻntaklariga tiqib, kiyimxonaning oʻrtasida turibdi, u oyogʻining uchida koʻtarilib, tushib, bir maromda tebranadi. Uning ipakday mayin malla jingalak sochli kichkina boshi va archilgan tuxumday tekis qirtishlangan iyaklari egnidagi nihoyatda ozoda ruhoniycha libosi va yaltiratib tozalangan botinkasiga quyub qoʻyganday yarashib tushgan.

Tebranib turgan qomatga qarab turib, ruhoniy yigitning istehzoli kulimsirashi sababini bilgisi kelayotgan Stiven otasining uni Klongousga joʻnatayotib, iyezuitni hamisha did bilan kiyina olishidan bilsa boʻladi, deganini esladi. Shu payt xayolidan otamning fe’l-atvorida kulimsirab turgan, poʻrim kiyingan shu ruhoniyga xos nimadir bor, degan fikr kechdi va tuyqusdan muqaddas martaba, qolaversa, ruhoniylar kiyimxonasining oʻzi ham tahqirlanayotganini his etdi, chunki bu osuda maskanga tuturuqsiz gap-soʻzlar, hazil-huzullar shovqini bostirib kirayotgan, havoni esa upa-elik va gaz chiroqlarning badboʻy hidi bulgʻayotgan edi.

Koʻk xalatli keksa kishi manglayiga ajinlar tortib, ogʻzining ikki chetiga koʻk va qora boʻyoqlarda soya solguncha Stiven sahnada baland ovoz bilan aniq-ravshan gapirish kerakligini uqtirayotgan doʻmboqqina yosh iyezuitning ovozini parishonxotir tingladi. Qulogʻiga orkestrning «Liliya Kilarni»ni chalayotgani eshitildi va hozir, bir necha soniyadan soʻng parda ochiladi, deb oʻyladi. U sahnaga chiqishdan choʻchimayotganini sezib turardi, biroq ijro etadigan roli oʻzini kamsitadiganday tuyuldi. Oʻzi aytadigan ba’zi kinoyali gaplarni eslaganda boʻyoq surilgan yonoqlariga qon yugurdi. U qizning zaldan jiddiy, maftunkor koʻzlarini tikib qarab turganini tasavvur qildi va shu lahzadayoq koʻnglidagi shubha-gumonlar yoʻqoldi, oʻziga ishonchi ortdi. Goʻyo gʻoyibdan xushkayfiyat in’om etilganday edi — u tuyqusdan goʻdaklarga xos shoʻx-shaddodlikning yuqumli ta’siriga tushdi va bu kayfiyat tabiatidagi ezgin umidsizlikni butkul tarqatib yubordi. Bir soniya ichida u bolalarcha baxtiyorlik ogʻushida, goʻyo qayta tugʻilganday tamom oʻzgardi-qoldi: spektaklning boshqa ishtirokchilari bilan sahna ortida turib, ularga qoʻshilib, ikki baqaloq ruhoniyning tob tashlab qiyshayib qolgan sahna pardasini jon-jahdlari bilan surib ochishayotganini koʻrib qiyqirib kuldi.

Oradan sanoqli daqiqalar oʻtib, u oʻzini sahnada — charaqlagan chiroqlar yorugʻi va nursiz, xira bezaklar orasida koʻrdi, hayhotday boʻshliqdan behisob chehralar unga tikilib turishardi. Mashq payti unga qovushmaganday, sun’iy tuyulgan piyesa sahnada favqulodda jonli chiqayotganini anglab u ajablandi. Spektakl goʻyo oʻzidan-oʻzi ochilib, avj olib qizir, u va uning sheriklari esa oʻzlarining kinoyali gap-soʻzlari bilangina tomoshaga koʻmaklashib turishardi. Tomosha tugab, parda yopilganda u boʻshliq qarsaklar sadosidan gumburlaganini eshitdi va yon tarafdagi oraliqdan qarab, behisob chehralardan tarkib topgan ulkan yaxlit toʻda bir necha guruhlarga boʻlinib, qizgʻin muhokamaga kirishib ketganini koʻrdi.

U sahnadan chaqqon tushib, kiyimlarini almashtirdi va cherkovdan bogʻ tarafga chiqdi. Endi, tomosha tugagandan soʻng, uning koʻngli battar betoqat boʻlib, yangi sarguzashtni qoʻmsar edi. Ayni shuning ketidan tushganday, u chopqillab ketdi. Teatrning barcha eshiklari lang ochiq, zal allaqachon boʻshab qolgan edi. Unga kema langarining zanjirini eslatgan sim arqonda bir necha fonus tungi shamolda tebranib gʻira-shira nur sochardi. U hovliqib, qandaydir oʻljani boy beradiganday, yugurgancha boqqa chiqiladigan ayvonga bordi va mehmonlarga ta’zim bajo etib, qoʻl siqishib xayrlashayotgan ikki iyezuit yonidan oʻtib, boqqa chiqayotgan toʻda orasiga oʻzini urdi. Upaga belangan boshiga birovlarning kulib, birovlarning mazax qilib yo ajablanib qarab qolayotganini ilgʻab-ilgʻamay hovliqqancha oldinga talpinar, oʻzini juda shoshayotganga oʻxshab koʻrsatardi.

Tashqarida u oʻzining oila a’zolarini koʻrdi, ular fonus tagida uni kutib turishardi. Bir qarashdayoq bu guruhdagilar oʻziga tegishli odamlar ekanini payqadi va zinapoyadan pastga chopib tushib ketdi.
— Men bir ish bilan Jorjis-stritga oʻtishim kerak. — dedi u chopib borayotib otasiga. — Uyga kechroq qaytaman.

U otasining javobini kutmay, yugurgancha yoʻlni kesib oʻtdi-yu, tepalikdan pastga enib ketdi. Qayoqqa bunchalik shoshayotganini oʻzi ham bilmasdi. Gʻurur, umid va ishonch, misoli oyoq ostida toptalgan oʻt-oʻlanday, oʻzining oʻtkir ifori bilan uning yuragini oʻrtayotgan, aql-hushini oʻgʻirlagan edi. U qirdan quyiga yelday uchib borar, kutilmaganda dardu dunyosini oʻrtab yuborgan kamsitilgan gʻurur, toptalgan umid va aldangan ishonch ogʻusi uni tamom gangitib qoʻygan edi. Bu ogʻu burqirab uning koʻzlari oldida pagʻa-pagʻa boʻlib tepaga oʻrladi va asta-sekin, havo yana tiniqlashib soviy boshlagach, nihoyat, yoʻqoldi.

Hanuz koʻz oldini tuman toʻsib turardi, biroq endi koʻzlari boyagiday yonmasdi. Bot-bot gʻazab va umidsizlikdan voz kechishni buyuradigan ichki bir da’vatga oʻxshash allaqanday kuch uni toʻxtashga majbur qildi. U endi harakat qilmas, qarshisidagi oʻlikxonaning qoramtir tomiga va qayroqtosh yotqizilgan qorongʻi tor koʻchaga qarab turardi. U uyining devoridagi lavhada tor koʻchaning «Lots» degan nomini oʻqidi va ogʻir achchiq hiddan ogʻrinib nafas oldi.

«Otning siydigi bilan chirigan pichan, — deb oʻyladi u. — Undan nafas olish foydali. Yuragimni tinchlantiradi. Mana, endi yuragim ancha xotirjam. Ortga qaytaman».

* * *

Stiven tagʻin otasi bilan Kings-brish vokzalida poyezdda oʻtiribdi. Ular kechki poyezd bilan Korkka ketishayotir. Parovoz pishqirib, bugʻ chiqarib, poyezd vokzal sahnidan jilganda Stiven bir necha yil burun, Klongousga yoʻl olishganda koʻrganlaridan bolalarcha ajablanganini va maktabdagi birinchi kunni butun tafsilotlari bilan esladi. Biroq hozir u hecham ajablanmayotgan edi. U bir tekis suzib oʻtayotgan dov-dalaga, har toʻrt soniyada lipillab oʻtayotgan sim yogʻochlarga, xuddi asov otning tuyogʻidan sachragan uchqunday, qorongʻulikda yalt etib va shu zumda ortda qolib kelayotgan kichik, xira yorugʻ bekatlar, ularning sahnida qotib turgan navbatchilarga qarab ketayotir.

U otasining Kork haqidagi, yoshligi haqidagi hikoyalarini gap qoʻshmay, beparvo eshitdi: otasi vafot etgan biror-bir birodari yoki bu gal safarga chiqishga nima majbur etgani haqida gap boshladi deguncha chuqur xoʻrsinib qoʻyar yoki beixtiyor qoʻlini idishga choʻzardi. Stiven jim oʻtirib tinglar, biroq koʻnglida hamdardlik tuymasdi. Otasi eslagan marhumlar orasida u Charlz togʻadan boshqasini tanimas, endi uning qiyofasi ham xotirasidan oʻcha boshlagan edi. U otasining mol-mulki auksiondan sotilishini bilardi, otasi oʻzining xonavayron boʻlayotgani sababini bu shafqatsiz dunyoning orzu-umidlariga tajovuzidan, deb qarardi.

Meriborda u uxlab qoldi. Koʻzini ochganda Melloudan oʻtib ketishgandi: otasi yon tomondagi oʻrindiqqa choʻzilib uxlab yotardi. Sovuq sahar yogʻdusi hosilsiz dalalarni, daraxtlar, uyquga choʻmgan uylar tomini gʻira-shira yoritdi. Jim-jit qishloqlarga qarab, otasining chuqur nafas olib, uyqusida alahsirayotganini eshitib borarkan, gʻaflat uyqusida yotgan dunyo qarshisida uning oʻy-xayollarini vahima bosdi. Tevaragida chala oʻlikday dong qotgan odamlar yuragiga gʻulgʻula soldi, ulardan oʻziga biror-bir ziyon-zahmat yetadiganday tuyuldi, va tezroq tong otishini oʻtinib soʻrab, duo oʻqiy boshladi. Uning tangriga va avliyolarga yukinmay, shunchaki oʻqigan duolari eshik tirqishidan esayotgan sahargi salqin shamolda qaltiroq bilan boshlanib va poyezdning bir maromdagi taq-tuqiga monand, allaqanday qovushmagan soʻzlarining sarosimali pichir-pichiri bilan yakun topdi; qaqqaygan, har toʻrt soniyada lipillab, shovqinga basma-bas oʻtib turgan telegraf yogʻochlari goʻyo harakat maromini ta’kidlayotganday edi. Bu asov musiqa uning yuragidagi vahimani biroz bosganday boʻldi va u deraza panjarasiga suyanib, tagʻin koʻzini yumdi

Poyezd shovqin-suron solib Korkka kirib kelganida hali juda erta edi. «Viktoriya» mehmonxonasida Stiven yana uxlagani yotdi. Charaqlagan quyoshning iliq nurlari derazani qopladi. Stiven koʻchada hayot qaynay boshlaganini eshitdi. Otasi qoʻl yuviladigan joyda tik turib, sochiga, yuziga va moʻyloviga sinchiklab qarayotir, u suv solingan koʻza ustidan boʻynini choʻzib, oʻzini yaxshiroq koʻrmoqchi boʻlib boshini burdi. Ayni paytda ohista, har bir soʻzni ohangga solib, choʻzib xirgoyi qildi:

Yoshligimda gʻoʻrlik qilib,
Uylandim-qoʻydim.
Mana endi, jonginam,
Baridan toʻydim.
Roʻzgʻor degan gʻor ekan,
Bilibman qaydan.
Baxtimni izlaymikan
Men Amriqodan.
Biroq vaqt oqar suvday,
Suluv qariydi.
Misli tonggi shudringday
Nurdan ariydi.

Deraza ortidagi serquyosh shahar shovqini va otasining hazil aralash hazin qoʻshiqqa turli pardalarda sayqal berayotgan ovozi Stivenning koʻnglidagi tungi vahimalar asoratini butkul haydadi. U oʻrnidan irgʻib turib, kiyina boshladi va xirgoyi tugagach, otasiga dedi:
— Bu sizlarning «Beri keling, er irland-lar»ingizdan koʻra yaxshi.
— Sen shunday deb oʻylaysanmi, — dedi mister Dedalus.
— Menga bu qoʻshiq yoqadi, — dedi Stiven.
— Ha, bu ajoyib qadimgi qoʻshiq, — dedi mister Dedalus moʻylovining uchini burab. — Eh, sen buni Mik-Leysi aytganini eshitarmiding! Shoʻrlik Mik Leysi! U har bir pardani qanaqa oʻynatib aytardi, yoʻq men bunday aytolmayman. Ha, endi «Beri keling, er irlandlar»ni u bir aytib oʻtdi-da, eshitib turib sel boʻlib ketarding.

Mister Dedalus nonushtaga jigar qiymasidan tayyorlangan ovqat buyurdi va ovqat ustida xizmatchidan shahardagi yangiliklar haqida soʻrab-surishtirdi, ularning gaplari chalkashib, bir-birlarini tushunishlari qiyin boʻldi, chunki xizmatchi hozirgi paytdagi xoʻjayinini nazarda tutsa, mister Dedalus uning otasini yoki bobosini nazarda tutib gapirardi.
— Harqalay, Qirollik kolleji joyidami ishqilib, — ta’kidladi mister Dedalus. — Oʻgʻilchamga bir koʻrsatay degandim-da.

Mardayk koʻchasida daraxtlar qiygʻos gullagan edi. Ular kollej darvozasidan kirishdi va soʻzamol qorovul ularni chogʻroq hovlidan olib oʻtib, bino tomon boshladi. Biroq ular har oʻn-oʻn besh qadamda shagʻal toʻshalgan yoʻlakda toʻxtab qolishar va otasi bilan qorovul oʻrtasida shunday savol-javob boʻlardi:
— Nahotki! Bechora Meshqorin qazo qildimi?
— Ha, ser, qazo qildi.

Ular toʻxtab qolishganda Stiven betoqat boʻlib, gaplari qachon tugar ekan, deb depsinib ketib turardi. Biroq hovlichadan oʻtguncha ular shu alpozda uzoq sudralishdi, bundan uning betoqatligi battar oshib, gʻazabi keldi. U hayron boʻlardi, nahotki, oq-qorani baloday ajrata oladigan, har kimga ham ishonavremaydigan otasi shu yaltoqi qorovulning tilyogʻlamaligiga aldanib oʻtirsa: ertalab eshitganida zavqi kelgan janub shevasidagi alomat soʻzlar ham endi uning asabini qoʻzgʻay boshlagandi.

Ular anatomiya teatriga kirishdi, mister Dedalus qorovul koʻmagida ism-sharifining bosh harflari oʻyib yozilgan partani qidira boshladi. Stiven orqaroqda, bu yerdagi tushkin, oʻlik sukunat va biqiq muhit havosidan koʻngli gʻashlanib, zoʻrgʻa oyogʻini sudrab bosardi. Partalardan birida u siyoh sachragan taxtaning bir necha joyiga oʻyib yozilgan Foyetus soʻzini oʻqidi. Bu kutilmagan yozuvdan uning a’zoyi-badani qizib ketdi: yonida talabalar qarab turganday tuyulib, noqulay ahvolga tushib oʻzini ularning nigohidan panaroqqa olgisi keldi. Otasining hikoyalarini eshitib, hech tasavvur qila olmagan oʻsha hayot manzaralari toʻyqusdan partaga oʻyib yozilgan shu soʻz ta’sirida koʻz oldida paydo boʻldi. Chorpahil moʻylovli talaba qalamtaroshda hafsala bilan harflarni biri-ketin oʻyib yozardi. Boshqa talabalar uning yonida tik turib yoki oʻtirib qarab, qalamtarosh tagidan chiqayotgan harflarni qiyqirib kulib kuzatishayotir. Talabalardan biri uning tirsasiga turtdi. Chorpahil talaba qovogʻini uyub oʻgirilib qaradi; uning egnida keng boʻzrang koʻylak, oyogʻida toʻq jigarrang botinka bor edi.

Stivenni chaqirishdi. U koʻziga koʻringan roʻyodan qochib qutilmoqchiday, auditoriya zinapoyalaridan yugurib pastga tushdi va boʻgʻriqib ketgan yuzini yashirish uchun partaga egilib, otasining ism-familiyasining bosh harflariga qaradi.

Biroq oʻsha soʻz va uning ta’sirida paydo boʻlgan roʻyo Stiven orqaga qaytib, hovlidan oʻtib kollej darvozasiga tomon borayotganda ham koʻz oʻngida jimirlab turardi. U shu kungacha botinidagi jirkanch bir illatday tuyulgan narsaning allaqanday alomatlariga hayotda duch kelib qolganidan tamom garangsib qolgandi. Uni mudom ta’qib etib yurgan qoʻrqinchli sharpalar xayolida qayta jonlanadi, sharpalar Stivenning xayoliga kelgan soʻzlardan qutilmaganda vajohatli tus oldi. Garchi ular qayerdan —qabih arvohlarning qay bir makonidan qaynab chiqayapti, deb hayron qolayotgan boʻlsa-da, Stiven tezda ularning ta’siriga tushdi va aql-hushini egallab, koʻngliga vasvasa solishiga qoʻyib berdi. Sharpalar uning vujudini tamom asir qilib olgandan soʻng esa u oʻzini butkul ojiz va xoʻrlanganday his etdi, nima qilarini bilmay betoqat boʻldi va oʻzidan-oʻzi jirkaib ketdi.
— Mana oʻsha doʻkon! Xuddi shu!—qichqirdi mister Dedalus. —Mendan bu haqda koʻp eshitgansan-a, toʻgʻrimi, Stiven? Bu doʻkonga bizlar bir toʻda boʻlib tez-tez kirib turardik, oʻsha paytlar bizlarni hamma tanirdi. Garri Pird, kichkina Jek Maunten, tagʻin Bob Dayes, yana fransuz Moris Moriarti, Tom OʻGreydi, Mik Leysi, men senga ertalab u haqda gapirib bergandim, Joun Korbet, bechora oqkoʻngil Jonni Kivers.

Mardayk koʻchasidagi daraxtlar bargi shitirlab, quyosh nurida yaltillab shivirlaydi. Ularning yonidan kriket komandasi oʻyinchilari, sport kiyimida barvasta yosh yigitlar oʻtishdi, bittasi darvoza toʻri solingan uzun yashil qopni koʻtarib olgan. Boʻm-boʻsh tor koʻchada sayoq musiqachi-nemislar —rangi unniqib ketgan harbiy mundirlardagi besh kishi—eskirib qolgan asboblarda oʻzlarini qoʻrgʻalab olgan bolalarga, shu atrafdagi idoralarning bekorchi yugirdaklariga kuy chalib berayotir. Boshiga oq roʻmol tangʻib olgan fartukli oqsoch ayol quyoshda oq marmarday yaltirab turgan deraza raxiga qoʻyilgan qutidagi gullarga suv quyayotir. Boshqa bir lang ochiq derazadan royalning sadosi taraladi, musiqa sadolari tobora yuqorilab avjiga chiqadi.

Stiven otasining yonida, uning hikoyalarini eshitib borayotir. Otasining yoʻqolib, oʻlib ketgan hamshishalari, yoshlikdagi doʻstlarining ismlarini u oldin ham koʻp eshitgan edi. Uning koʻngli aynib, yuragi siqila boshladi. U oʻzining Balvederda kechirgan beqaror ahvoli haqida oʻyladi—stipendiya oladigan, sinfda eng a’lochi, oʻzining obroʻsidan choʻchiydigan, magʻrur, sal narsaga arazlab qoladigan, har narsaga shubhalanadigan, turmushning notavonligi va oʻzining tiyiqsiz oʻy-xayollaridan zada oʻquvchi. Siyoh chaplangan partaga oʻyilgan harflar jimirlab, uning jismonan kuchsizligini, bema’ni ehtiroslarini masxaralaganday aji-buji boʻlib koʻz oldida oʻynoqlar, oʻzining uquvsiz yovvoyi fe’l-atvoridan jirkanishga majbur etardi. Ogʻzidagi soʻlagi zaharday achchiq tuyuldi, tomogʻiga tiqildi, koʻngli aynib boshi gangidi va u bir daqiqacha koʻzini yumib, hatto hech nimani koʻrmay qadam tashladi.

Otasining ovozi esa yonginasida eshitilib turardi.

—Sen voyaga yetib, odamlar qatoriga qoʻshilganingda, Stiven, men shunday boʻlishiga judayam ishonaman, bir narsani unutmagin: qanday ishning boshini ushlashingdan qat’i nazar, doimo intizomli, insofli odamlar bilan birga boʻl. Yoshlik paytimda men, senga ochigʻini aytib qoʻya qolay, davrimni surganman, doʻstlarim ham halol, olijanob yigitlar edi. Har qaysimiz qaysidir tomondan ustun edik. Birovning ovozi zoʻr boʻlsa, boshqa birovida artistlik qobiliyati bor edi, kimdir bir band she’rni qoyil qilib aytolsa, kimdir eshkak tortishda tengi yoʻq yoki tennis kortida birinchi edi, boshqasi latifani suv qilib ichardi. Biz hamma narsaga qiziqardik, hayotdan koʻnglimiz tusagan, qoʻlimiz yetgan hamma narsani olardik, xullas, oʻz shavqu sharobimizda yashaganmiz, biroq bundan biror-bir insonning koʻngliga zigʻircha ogʻirlik botmagan. Chunki hammamiz birday tartibli-intizomli yigitlar edik, halol irlandlar edik, Stiven. Sen ham shunday —halol, olijanob yigitlar bilan ulfat boʻlishingni xohlayman, oʻgʻlim. Koʻrib turibsan, men sen bilan xuddi doʻstim bilan gaplashganday gaplashaman, Stiven, chunki oʻgʻil bola hech qachon otasidan hayiqib, oʻzini olib qochib yurmasligi kerak, deb hisoblayman. Shuning uchun, bobong rahmatli sening yoshingda menga qanday muomala qilgan boʻlsa, men ham senga shunday muomala qilaman. Bobong bilan ikkovimiz ota-boladan koʻra koʻproq aka-ukaga oʻxshardik. Meni birinchi marta ogʻzimda trubka bilan ushlagani hech yodimdan chiqmaydi. Kechagiday esimda, Saut-terrasda oʻzim tengi mishiqilar bilan gʻoʻddayishib turibmiz, oʻzimizni goʻyo botmon chogʻlaymiz, tumshuq osmonda, hammamizning ogʻzimizda trubka. Bir payt, shundoq qarasam, yonginamdan otam oʻtib borayapti. Bir ogʻiz gapirmadi, toʻxtamadi ham hatto. Ertasi kuni yakshanba edi, ikkalamiz birga aylangani chiqdik, bir payt, uyga qaytayotganimizda, u choʻntagidan papiros qutisini chiqarib nima deydi de: «Ha, aytgancha, Saymon, men sening chekishingni bilmas ekanman», deydi. Men nimadir degan boʻlib mingʻirladim chogʻi, u qutini menga choʻzib: «Yaxshi tamakiga tobing qalay, qani bu sigaraniyam sinab koʻr-chi. Menga buni kecha kechqurun Kuinstaunda amerikalik bir kapitan sovgʻa qildi», deydi.

Stiven otasining piqqillaganini eshitdi, bu kulgidan koʻra xoʻrsiniqqa oʻxshab ketardi.
— Oʻsha paytda u Korkdagi yigitlarning eng oldi edi. Senga bor gapni aytayapman. Koʻchadan yurib oʻtsa ayollar toʻxtab, orqasidan termilib qarab qolardi.

Shu yerda otasining tovushi oʻkirgan yigʻidan boʻgʻilib qoldi va Stiven beixtiyor koʻzlarini katta ochdi. Birdan koʻzining qorachigʻiga yopirilib kirgan yorugʻ nur ichida u gʻaroyib sehrli olamni—qoramtir tusdagi osmonda burqirab yotgan pagʻa-pagʻa bulutlar va ularga sel boʻlib quyilayotgan toʻq qizil yogʻduni koʻrdi. Miyasining ichi loʻqillab ogʻrir, boshi tanasiga boʻysunmasdi. U doʻkonlar peshtoqiga ilingan lavhalardagi harflarni zoʻrgʻa farqlardi. Oʻzining yovvoyi fe’l-atvori bois, u hayotdan tamom begonalashib qolganday edi. Atrofda roʻy berayotgan biror-bir hodisa, agar uning tushkun kayfiyatiga hamohang boʻlmasa, unga ta’sir etmas va uni oʻziga jalb qilolmasdi. Na yozning koʻrk-tarovatiga, na shodligu doʻstlikka koʻnglida ragʻbat sezar, na tiriklik shavqi yoki oddiy isoniy da’vat uning chiroyini ochar, otasining ovozi esa asabini qoʻzgʻar va ezgin ruhini battar azoblardi. U miyasida kechayotgan fikrlarni zoʻrgʻa idroklar va ichida sekin takrorlardi:

«Men—Stiven Dedalus. Otam bilan birga ketyapman, uning ismi-sharifi Saymon Dedalus. Biz hozir Korkdamiz, Irlandiyadamiz. Kork—bu shahar. Biz «Viktoriya» mehmonxonasiga tushdik. Viktoriya. Stiven. Saymon. Stiven. Viktoriya. Ismlar».

Bolalik xotiralari toʻsatdan xira tortdi. U yodida qolgan yorugʻ daqiqalarni eslashga urindi, biroq eslay olmadi. Xotiriga faqat nomlargina keldi: Denti, Parnell, Kleyn, Klongous. Ushoqday bolakayni keksa ayol geografiyaga oʻqitardi, shkafda ayolning ikkita choʻtkasi boʻlardi. Keyin uni kollejga joʻnatishdi. U birinchi marta ilohiy qovushish marosimida qatnashdi, kriket oʻynaganda kiyadigan qalpogʻiga yashirgan shokoladlarni yedi, kasalxonaning tor palatasida, devorda bilanglab oʻynayotgan olov aksiga termildi, xayolida qanday oʻlishini, rektorning hashamli libosda kelib, uning dafn marosimida xizmat qilishini, jasadini esa bosh argʻuvonzor xiyobon ortidagi chogʻroqqina qabristonga dafn etishlarini tasavvur qildi. Biroq oʻshanda u oʻlmadi. Parnell esa oʻldi. Na cherkovda ibodat, na dafn marosimi boʻldi. Parnell oʻlgani yoʻq, balki quyoshda tarqagan tumanday erib ketdi. U yoʻqoldi, yo boʻlmasa hayotni tark etdi, chunki endi u yoʻq. Gʻalati, tasavvurga sigʻmaydi—u hayotdan ketdi-bordi, oʻlgani yoʻq, quyoshda erib bitdi yo koinotning allaqayerlarida sarson-sargardon kezib yuribdi! Koʻziga bir soniya kichkina bolakay koʻrinib ketgani gʻalati boʻldi: ana u, oʻzi—boʻzrang belbogʻli kamzulda. Qoʻllari yon choʻntaklariga tiqilgan, cholvarchasi tizzasidan pastdagi bogʻichlari bilan aylantirib tortib bogʻlab qoʻyilgan.

Oʻsha kuni kechqurun, otasining mol-mulki sotilib boʻlganidan keyin, Stiven uning ortidan itoatkorona ergashib, shahar boʻylab mayxonalarga kirib-chiqib yurdi. Mister Dedalus bozordagi savdogarlarga, mayxona xizmatchilariga, ovqat tashuvchilar-u xayr-sadaqa soʻragan gadolarga tap tortmay bir gapni qayta-qayta takrorlar: oʻzining Korkda tugʻilgani, asli tagi korklik ekani, oʻttiz yildan beri Dublinda yashayotganiga qaramay janub shevasini unutib qoʻymagani va yonidagi mana bu yigitcha—toʻngʻich oʻgʻli gʻirt dublinlik takasaltang ekani haqida tinmay javrar edi.

Ertalab ular «Nkom» qahvaxonasidan chiqishdi, qahvaxonada mister Dedalusning qoʻli qaltirab, chashkasi likopchaga urilib, qattiq jaranglab ketdi. Stiven stulni qimirlatib, yoʻtalib, bu xijolatli ahvolni—kechagi ichkilikbozlikning sharmandali oqibatini sezdirmaslikka urindi. Xoʻrlanishlarning esa keti koʻrinmasdi: mister Dedalus oʻzicha mehr koʻrgazmoqchi boʻlgan bozordagi savdogarlarning masxaralab kulishlari, bufetchi xotinlarning iljayishib mayna qilishlari-yu otasining doʻstlari biri qoʻyib, biri olib ogʻiz koʻpirtirib maqtashlari. Ular Stivenga sen xuddi quyib qoʻyganday bobongga oʻxshaysan deyishdi, mister Dedalus ma’qulladi, oʻxshashga oʻxshaydi-yu, faqat Stiven unday chiroyli emas, dedi. Ular uzoq tortishuvdan soʻng mister Dedalusni nutqidan korklik ekanini bilsa boʻladi, degan xulosaga kelishdi va uni Li daryosi Liffi1daryosidan chiroyli ekanini tan olishga majbur qilishdi. Ulardan biri Stivenning lotinchadan bilimini sinab koʻrmoqchi boʻlib, «Dilektus» dan bir necha iborani tarjima qil-chi, deb turib oldi va: «Tempora mutantur nos et mutantur in illis» toʻgʻrimi yoki «Tempora mutantur et nos mutantur in illis»[4] toʻgʻrimi, deb soʻradi. Mister Dedalus Jonni Keshmen deb chaqirgan boshqa bir ezma chol undan qayerning qizlari chiroyli — Dublinning yo Korkningmi, deb soʻrayverib ensasini qotirdi.
— Hoy, u sen oʻylaganlardanmas, — dedi mister Dedalus. —Tirgʻalavermasang-chi unga. U jiddiy, aqlli bola, hech qachon bunday boʻlmagʻur narsalarga boshini qotirmaydi.
— Ha-a, bunday boʻlsa, demak, u otasining oʻgʻli emas ekan-da, —dedi ezma qariya.
— Bunisini biroq men bilmadim, — dedi mister Dedalus ishshayib.

—Sening otang,—dedi ezma chol Stivenga, — yoshligida Korkdagi qizlarni qiyratardi. Sen buni bilmasmiding?

Stiven boshini qoʻyi soldi, mayxonaning kafel yotkizilgan yeriga termildi.
— Ulgirarsan hali uning boshini qotirishga, — dedi mister Dedalus. — Qoʻy oʻz holiga.
— Nega boshini qotirarkanman? Bobosi tengi odam boʻlsam. Haqiqatan ham men bobo boʻlaman senga, toʻgʻrimi, — dedi qariya Stivenga. — Sen shuni bilasanmi?
— Yoʻq, — dedi Stiven.
— Nahotki, — dedi ezma chol. — Sandz Uyellda ikkita toychogʻim—nevaram bor. Xoʻsh? Seningcha, mening yoshim nechada? Men sening bobongni yaxshi eslayman, qizil kamzul kiyib, tulki ovlashga chiqardi. U paytlari sen hali dunyoga kelmagan eding.
— Uning dunyoga kelishi hech kimning xayolida ham yoʻq edi, —dedi mister Dedalus.
— Boʻlmasam-chi! — ma’qulladi ezma chol.
— Bilasanmi, men hatto sening bobongning otasini, Jon Stiven Dedalusniyam tanirdim. Ashaddiy duyelchi edi-da oʻziyam! Xoʻsh! Xotira qalay?

—Gapingga qaraganda uch, yoʻq, toʻrt avlodni bilarkansan, — dedi suhbatdoshlardan biri. — Hademay, Jonni Keshmen, naqd yuzni urarkansan.
— Men sizlarga yoshim nechadaligini aytaman, — dedi ezma chol. — Men ropa-rosa yigirma yettidaman.
— Toʻgʻri, Jonni, — dedi mister Dedalus. — Oʻzingni tetik his etayotgan boʻlsang, demak, hali yoshsan-da. Qani, oldikmi, tagida qolganini tinchitaylik, keyin boshqasini ochamiz. Hoy bola! Tim, Tom, isming nimaydi sening, shunaqasidan yana bir shisha keltir. Gapning rosti, oʻn sakkizdaman goʻyo, menga shunday tuyuladi, shu oʻgʻlim mendan ikki karra yosh, xoʻsh, shunday boʻlgandan soʻng u mening oldimga tusha olarmidi!
— Unga tan berishing, Dedalus, harqalay, qiyin boʻlmaydi senga, — dedi haligina gapga qoʻshilgan kishi.
— Yoʻq, yoʻq, jin ursin! — qichqirdi mister Dedalus.— Men ashulaning avjini undan yaxshi aytaman, ovdayam oldimga tushishga yoʻl boʻlsin unga, men bilan tulki tutishga yuragi betlarmikan, ehe, oʻttiz yil burun, kerrilik bolalar bilan ovlardik-da tulkini! Ular ovning ma’nisiga borishardi, ma’nisiga!
— Biroq u seni mana bu bilan yengadi, mana bu bilan,— dedi ezma chol barmogʻini manglayiga nuqib va bir koʻtarishda qadahni boʻshatdi.
— Ha, uyam otasiday oqibatli inson boʻladi, deb umid qilamiz, bundan ortiq nima ham derdik, — javob qildi mister Dedalus.
— Bundan ortiq tilak boʻladimi, axir, — dedi ezma chol.
— Xudoga shukr qilaylik, Jonni — dedi mister Dedalus, — koʻp yashadik, biroq yomonlikni kam qildik.
— Aksincha, xayrli ishlarni koʻp qildik, Saymon, — gʻururlanib qoʻshib qoʻydi ezma chol. — Oʻzingga shukr yaratgan egam, umrimizga umr qoʻshganingga, ezgu ishlarni bisyor ravo koʻrganingga qulluq.

Stiven uchala qadahning qanday koʻtarilganiga qaradi, otasi va uning ikki keksa oshnasi oʻzlarining yoshligi uchun ichishdi. Taqdir yo fe’l-avtordanmi, ishqilib, allaqanday jarlik Stivenni ulardan bezdirardi. Nazarida, uning aqli qahru gʻazabga moyil va qartayganday tuyulardi: u xuddi yer tepasidagi tafsiz oyday, guruglashayotganlarning bahslari, quvonch va anduhlari ustida, sovuq nur taratib turardi. Vujudida bir paytlar otasi va uning oshnalari his etayotgan hayot va yoshlik shavqini his etmasdi. Doʻstona gurunglar quvonchi, erkak kishiga xos metinday sogʻliq va farzandlik tuygʻusi unga begona edi. Uning qalbida sovuq, qahrli va mehrdan xoli mayllardan boshqa hech vaqo yoʻq edi. Uning bolaligi barham topgan yoki gʻoyib boʻlgan, u bilan birga oddiy quvonchlarga moyil koʻngli ham hamma narsadan bezigan va hayotda goʻyo osmondagi soʻnik oy gardishiday, sargardon kezib yurardi.

Tolmadingimi koʻkda, oy? Ranging siniq, benavo.

Falak toqidan yerga qaraysan gʻamgin, ma’yus.

Sayr etasan, tanho...

U ichida Shellining satrlarini takrorladi. Insonga xos norasolikni odam bolasiga nasib etmaydigan oliymaqom qudratga qarshi qoʻygani uni hushiga keltirdi va u oʻzining shaxsiy, nochor va arzimas gʻam-anduhlarini unutdi.

* * *

Stivenning onasi, ukasi va amakivachchalaridan biri kimsasiz foster-pleysning burchagida kutib turadigan boʻlishdi, Stiven esa otasi bilan zinalardan koʻtarilishdi va soqchi-shotland borib-kelib yurib turgan ustunlar yonidan yurib ketishdi. Ular hayhotday zalga kirishib, kassaning darchasiga yaqinlashganda Stiven choʻntagidan Irlandiya banki direktori nomiga yozilgan — bittasi oʻttiz, ikkinchisi uch funtli cheklarini chiqardi. Kassir cheklarga beriladigan summani, uning stipendiyasi va yozma ishiga berilgan mukofot — hammasini qoʻshib, muomalada pul oʻrnida yuradigan banknotlar va jaranglagan tanga bilan hisoblab sanab uzatdi. Stiven xotirjamlik bilan ularni boʻlib-boʻlib choʻntaklariga joyladi va otasi bilan gaplasha turib uni qutlamoqchi, kelajagi porloq boʻlishini tilamoqchi boʻlayotgan ochiqkoʻngil kassirga enli toʻsiq ustidan itoatkorona qoʻl uzatdi. Ularning ovozi Stivenning gʻashini qoʻzgʻadi va u betoqat boʻlib, tipirchilay boshladi. Biroq kassir, boshqalarni kuttirib qoʻyib, zamon oʻzgarib borayotgani, hozir eng muhimi, agar choʻntak koʻtarsa, albatta, fazandni yaxshilab oʻqitish kerakligini javray ketdi. Mister Dedalus shoshilmasdi, bir atrofga alanglar, bir shipga qarar, toqatsizlanayotgan Stivenga hozir ular eski Irland parlamentining binosida turishganini, jamoa palatasi shu yerda boʻlganini uqtirardi.
— Ajab zamonlar edi-da! — dedi mister Dedalus ogʻzidan bol tomib, — u davrning odamlari boshqacha edi — Xili-Xatchinson, Flud, Genri Gratten, Charlz Kendl Bush. Hozirgi zodagonman deganlardan oʻrgildim, nuqul timirskilanishadi! Shular-da endi irland xalqining dohiylari! Bilasanmi Stiven, bu boyvachchalarni hatto qabristondayam haqiqiy irlandlar bilan yonma-yon yotishini tasavvur qilib boʻlmaydi. Eh, jigarim, Stiven, bu, bilasanmi, haligi bir qoʻshiqda aytadi-ku: «Saratonda koʻklam havosi» deb, shuning oʻzginasi.

Bank tevaragida oktabrning izgʻirinli shamoli izgʻiydi. Ular loy yoʻlakning chetida turishibdi, uchchalasining ham yuzlari sovuqdan koʻkarib ketgan, koʻzlari yoshlanadi. Stiven onasining yengil kiyinganini sezdi va bir necha kun oldin Bernardo magazini vitrinasida yigirma giniya turadigan yelkaga tashlanadigan ayollar kamzulini koʻrganini esladi.
— Xoʻsh, pulniyam oldik, — dedi mister Dedalus.
— Endi ovqatlangani borsak yomon boʻlmasdi, — dedi Stiven. — Qayerga borsak ekan!
— Ovqatlanamizmi? — dedi mister Dedalus. — Ma’qul bu, har qalay, yaxshi taklif.
— Arzonroq joyga kiraqolaylik, — dedi missis Dedalus.
— Kambagʻalbop joyga-ya?
— Ha, biror oddiyroq oshxonaga.
— Ketdik, — dedi Stiven toqatsizlanib. — Qimmatmi, arzonmi — nima farqi bor.

Stiven ularning oldiga tushib, mayda notekis qadam tashlab, jilmayib borardi. Ular ortda qolib ketmaslik uchun qadamlarini tezlatishdi va uning qichab yurayotganiga kulimsirashdi.
— Hovliqmasang-chi, — dedi otasi. — Yov quvayaptimi, kap-katta yigitga yarashmaydi bunday shoshqoloqlik. Sovgʻadan quruq qolayapmizmi buncha yugirib!

Ular boʻlar-boʻlmas koʻngilxoʻshliklarga pul sarflab yurib kunning qanday oʻtganini sezishmadi, Stivenning qoʻlidagi mukofot puli hash-pash deguncha tugab bitdi. Shahardan uyga turli-tuman shirinliklar, konfetu quritilgan meva-chevalar solingan katta qutilarni koʻtarib kelishdi. Har kuni Stiven oila uchun tayyorlanadigan taomlar roʻyxatini tuzar, kechqurunlari ular uch yoki toʻrt kishi boʻlib, «Ingomara» yo «Lionlik nozanin»ni tomosha qilgani teatrga otlanishardi. Uning kalta kamzulining choʻntagida ulfatlarga atalgan vena shokoladi boʻlar, shimining choʻntagida esa bir siqim kumush va mis tangalar shaqirlardi. U hammaga sovgʻa xarid qilar, oʻzining xonasini qayta boshdan bezashga kirishib ketar, allaqanday loyihalar ustida bosh qotirar, javondagi kitoblarning joyini almashtirar, narx-navolar yozilgan ma’lumotnomalarni oʻrganar, oilaning har bir a’zosiga aniq vazifa yuklanadigan yangicha qat’i tartib-qoida oʻrnatmoqchi boʻlardi. Uyidagilar uchun foiz evaziga qarz beradigan kassa ochdi va faqat kvitansiya yozish-u tushadigan foizni hisoblashning zavqiga berilib, yordam soʻraganlarga qarz ulasha boshladi. Bu mashgʻulotlar joniga tekkach, u oyogʻiga konki tangʻib olib, shahar boʻylab sangʻidi. Oxir-oqibat barcha ermaklaridan bezdi. Qirmizi sir boʻyoq tunuka qutida qotgancha qoldi, devorga qoplangan taxta boʻyalmadi, chala-chulpa urilgan suvoq esa koʻchib tusha boshladi.

Oila odatdagi turmush tarziga tushib oldi. Onasi endi uni isrofgarchilikka yoʻl qoʻygani uchun koyimasdi. Oʻzi ham burungi, maktabda paytidagi hayot yoʻsiniga qaytdi, oʻrnatgan yangiliklari esa barbod boʻldi, respublikasi quladi. Qarz beradigan kassasi juda katta kamomad bilan yopildi. Oʻzi uchun tuzgan yashash tartib qoidasi oʻz-oʻzidan buzilib ketdi.

Naqadar bema’ni harakatlar edi bu! U tevaragidagi hayotning boʻtana oqimiga qarshi tartib va fayzu tarovat toʻgʻonini tiklamoqchi, axloq qoidalari hamda foydali mashgʻulotlar koʻmagida yangicha oilaviy munosabatlarni joriy etib, vujudidagi bezovta tugʻyonni bosmoqchi boʻldi. Bari bekor ketdi. Boʻtana oqim ham sirtdan, ham ichdan toʻsiqni buzib bostirib kirdi: gʻarq boʻlgan toʻgʻon ustida har ikki oqim shiddat bilan toʻqnashdi.

U endi bu hayotga oʻzining tamom begonaligiga ham aqli yetib turardi. Tugʻishganlariga ham oldingiday bemalol yondashib borolmaydigan boʻlib qoldi, xijolatga solgan boʻlar-boʻlmas ishlarini, orttirgan behuda tashvishlari-ni yodidan chiqarolmas, bu qilgʻiliklari uni onasi, ukasi va singillariga begonasiratib qoʻygan edi. Oʻzining ular bilan qondoshligini his etmas, nazarida allaqanday sir ularni bogʻlab turganday, goʻyo bu oilaga oʻzi asrandi farzand, ukasi singillari esa shunchaki bir koʻkrakdan sut emishgan-u, aslida begonalarday edi.

U yana vujudini qiynoqqa solayotgan tashnalikni qondirishga urindi. Bu tashnalik oldida koʻziga hech narsa koʻrinmas, ogʻir gunohga botgani-yu, hayoti yolgʻon-yashiq vaj-karsonlarga qorishib ketayotgani uni ortiq bezovta qilmasdi. Jonini azoblayotgan jirkanch xohish yoʻldan ozishga undar, uning uchun biror-bir aziz narsa qolmagandi. U loqaydlik bilan tiyiqsiz oʻy-xayollariga erk berib, koʻzi tushgan har qanday qiyofani tasavvurida jonlantirib, shahvoniy maylga pinhona ruju qoʻyardi. Qarshisidan chiqib qolgan notanish ayol, garchi kunduz kun unga nechogʻli bokira tuyulmasin, oqshomlari bosirinqi tushlarida betlari lovillab, koʻzlari hayvoniy hirs bilan yonib koʻrinardi. Faqat ertalab, oʻrnidan turgach, toʻshakda xayolidan kechirganlarini eslab bezovtalanar, tobora gunohga botib borayotganidan ich-ichidan ezilardi.

Uning boshi tagʻin uyga sigʻmay qoldi. Tumanli kuz oqshomlari, xuddi bir necha yil burun Blekrokning sokin koʻchalarini kezishga jazm etganday uni yana tor koʻchalarda sagʻishga undardi. Biroq endi na uylar oldidagi bir tekis qilib butalgan bogʻchayu gulzorlar va na derazalardan yogʻilib turgan nurafshon yogʻdular uning yuragiga iliqlik olib kirardi. Faqat ora-sirada, koʻngli xotirjam tortib, xohish tugʻilgan damlarda va tinkasini quritgan shahvat oʻrnini huzurli charchoq egallaganda xotirasining tub-tubidan Mersedes qiyofasi qalqib chiqib kelardi. Yana togʻ yoʻlidagi kichkina oq uyda va barq urib ochilib yotgan atirgullarga toʻla bogʻchani koʻrdi va oyning kumush nurlariga choʻmilib yotgan bogʻchada qiz bilan, shuncha yillarga choʻzilgan ayriliq va sarson-sargardonlikdan soʻng, qoʻl ushlashib turganini, gʻamgin qiyofada, biroq oʻzini magʻrur tutib, boshini sermab qizga rad javobini qilganini va aytishi lozim boʻlgan oʻsha gapni aytganini esladi. Shu daqiqalarda xayolida Klod Milnotning sokin nutqi jaranglaganday boʻlib, yuragidagi gʻashlikka taskin berdi. U bir paytlar intizor boʻlib kutgan totli uchrashuv xayoli, garchi oʻsha vaqtlardagi orzu-umidlari bilan fe’l-atvoridagi qat’iyatsizlik, tortinchoqlik va tajribasizlikka bir zumdayoq barham beradigan haqiqiy, huzur-halovatli visol ishtiyoqi oʻrtasida shafqatsiz borliq tubsiz jarday boʻlib yotganiga qaramay, uning qalbini munavvar tuygʻularga toʻldirdi.

Bu totli lahzalar oʻtib, oʻcha boshlagan shahvat alangasi yana vujudini junbushga keltira boshladi. She’r satrlari uning lablarida qotdi, yovvoyi hayqiriq va beandisha soʻzlar miyasida charx urib, otilib chiqishga shay edi. Tomirlarida qon gupirardi. U shiltasi chiqib ketgan koʻchada izgʻir, tor koʻchalarning qorongʻu burchaklariga, darvozalarga suqlanib qarar, tiq etgan tovushga qulogʻini ding qilardi. U xuddi oʻljasining izini yoʻqotib qoʻygan yirtqichday uvladi. U oʻziga oʻxshagan mahluq bilan ayb ishga bosh qoʻshish, uni gunoh qilishga majburlash va u bilan gunohga botib rohatlanishni qoʻmsardi. U zimiston qa’ridan allaqanday qora narsa shiddat bilan oʻzi tomon, xuddi tutqich bermaydigan va vishillagan asov selday bostirib kelayotganini his qildi va bu oqim uni tamom gʻarq etguday edi. Bu vahimali vishir-vishir bosirinqi tushdagi kabi koʻpirib-toshib quloqlariga urildi, koʻz ilgʻamas uzun tomchilar a’zoyi-badanini ilmateshik qilib oʻtganday boʻldi. Bu chidab boʻlmas ogʻriq azobidan barmoqlari titrab-qaqshab musht boʻlib tugildi, tishlari bir-biriga qapishib ketdi. Koʻchada turib allaqanday nozik, silliq va maftunkor bir nimani tutib qolmoqchi boʻlib qoʻllarini uzatdi, va allaqachondan beri boʻgʻzida tutib turgan chinqiriq lablaridan otilib chiqdi. Chinqiriq misoli badbaxt gunohkorlarning jahannamdagi ohu nolalariday figʻonli chiqdi va achchiq, yigʻlamsiragan hirqiroqli iltijoga aylanib oʻchdi, bu ayni hojatxonaning zax tortgan devorida u koʻrgan uyatsiz yozuvning ayanchli aks-sadosi edi.

Bir mahal u boshi aylanib tor, iflos koʻchalarga kirib qoldi. Badboʻy jinkoʻchalardan uning qulogʻiga shovqin, mast-alas baqiriq-chaqiriqlar, soʻkinishlar, hirqiragan shirakayf tovushlar eshitildi. Bularning unga ta’siri kam edi, u qayerga kelib qoldim, bu yahudiylar kvartali emasmi, deb hayron boʻlib turardi. Uzun yaltiroq koʻylaklar kiyib, atir-upaga belanib olgan xotinlar va yosh qizlar koʻchani kesib oʻtishib, u uydan bu uyga kirib-chiqib yurishardi. Uni qaltiroq bosib, koʻz oldi qorongʻulashdi. Tuman bosgan nigohida, bulutli havo qorongʻusida fonuslarning sargʻish qoʻzogʻi mehrob peshtoqiga yoqib qoʻyilgan shamlarday yiltillab koʻrindi. Eshiklar oldida va yorugʻ ayvonchalarda xotinlar, allaqanday marosimga shaylanayotganday, toʻda-toʻda boʻlib turishardi. U butunday boshqa dunyoga tushib qoldi: goʻyo ming yillik uyqudan uygʻondi.

U koʻchaning oʻrtasida turar, yuragi koʻkragini yorib chiqquday gursillab urardi. Qizil koʻylakli yoshgina ayol qoʻlini uning yelkasiga qoʻydi va koʻzlariga tik qaradi.
— Xayrli shom, yoqimtoy Villi! — dedi juvon quvnoq ohangda.

Uning xonasi issiq va yorugʻ edi. Kattakon qoʻgʻirchoq oyoqlarini kerib, karavot oldidagi oromkursida oʻtiribdi. Stiven juvon koʻylagini qanday yechayotganiga qaradi, atir ufurgan boshining magʻrur, qat’iyatli harakatini koʻrdi, oʻzini bamaylixotir koʻrsatish ilinjida birgina soʻz aytishga oʻzini majburlashga urindi.

Va shu zayl miq etmay xonaning oʻrtasida qaqqayib turganida juvon yaqiniga keldi va uni quchoqladi — shodon va xotirjam quchoqladi. Juvonning loʻppi qoʻllari uni qattiq quchdi va uning ortga engashgan jiddiy, xotirjam yuzini koʻrib, koʻkragining sokin va bir tekis koʻtarilib tushayotganini his etib, Stivenning jazavada oʻkirib yigʻlab yuborishiga sal qoldi. Uning mahliyo boʻlgan koʻzlarida sevinch va orom yoshlari balqidi, garchi bir soʻz aytmagan esa-da, lablari ochildi.

Juvon baldoqlari jiringlagan qoʻli bilan uning sochlarini siladi va uni shumtaka, deb atadi.

—Oʻp meni,— dedi juvon.

Uning lablari qimir etmadi, juvonni oʻpmadi. Juvon oʻzini yana qattiqroq quchib turishini va ohista-ohista erkalashini xohlardi u. Juvonning quchogʻida u oʻzini favqulodda kuchli, botir va qat’iyatli his etdi. Biroq uning lablari qimir etmadi, juvonni oʻpmadi.

Bexos harakat bilan juvon uning boshini egdi va oʻzining lablarini uning lablariga bosdi, Stiven juvonning oʻziga oshkora tikilib qaragan koʻzlaridan harakatining ma’nosini uqdi. Bu endi uning imkonidan tashqarida edi. U koʻzlarini yumdi, jonu tanini ayolga topshirib, uning yumshoq xiyol ochiq lablaridan oʻzga dunyodagi hamma narsani unutdi. Oʻpayotib, juvonning dudoqlari uning lablarigagina emas, aqlu hushiga ham ta’sir etdi, goʻyo unga nimadir aytmoqchi boʻldi va tuyqusdan, lahza ichida, u hech qachon his etmagan, eng mudhish gunohdan-da ogʻir, hid yoki tovushdan mayin va ma’sum aloqani tuydi.

Avvalgi
I- qism
 



  1. Va begona dastgohga intildi-ku ruh (lot).
  2. «Tangrini boz sharaflamoq chun» (lot.) — iyezuit ordeni shiori.
  3. Laus Deo Semper — tangrini boz sharaflamoq uchun (lotincha). Iyezuit maktablarida yozma ishga qayd etiladigan odatdagi belgi.
  4. «Vaqt oʻzgaradi va biz ham u bilan birga oʻzgarib boramiz» (lotincha). Birinchisi toʻgʻri.