OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJeyms Joys
Asar nomiMusavvirning yoshlikdagi shamoili (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Irlandiya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Modernizm
Mualliflar
   - Jeyms Joys
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad Otaboyev
Hajm174KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/23
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Musavvirning yoshlikdagi shamoili (III- qism)
Jeyms Joys

Beshinchi Bob

U suyuq choyning uchinchi piyolasini ichib tugatdi va tagidagi quyqumga qarab, dasturxonda sochilib yotgan qizartirib pishirilgan nonning qotgan boʻlaklarini kemira boshladi. Sargʻish shamadan hosil boʻlgan chuqurcha botqoqdagi oʻydim-chuqurga oʻxshar, shama tagidagi suyuqlik esa unga Klongousdagi vannaning torf tusli suvini yodiga soldi. U xayol surib oʻtirib hozirgina titkilab chiqqan, shundoq tirsagining tagidagi, garov xati yopishtirilgan qutidan yogʻ yuqi barmoqlari bilan qarz beradigan Deyli yoki Makiva kassalarining muhri bosilgan koʻk, oq, sargʻayib ketgan, gʻijimlangan qogʻozlarni birin-ketin oldi.

  1. Bir juft etik.
  2. Palto.
  3. Har xil mayda-chuydalar va choyshab.
  4. Erkaklar shimi.

Keyin Stiven ularni bir chetga olib qoʻydi va ezib tashlangan bitlarning dogʻi qolgan qutining qopqogʻiga oʻychan termilib, xayoli qochib onasidan soʻradi:
— Endi soatimiz qancha oldin ketayapti?

Onasi kaminning tokchasiga yonboshi bilan qoʻyilgan jiringlab uygʻotadigan eski soatni koʻtarib qaradi va yana joyiga yonboshi bilan qoʻydi. Soat millari chorak kam oʻn ikkini koʻrsatardi.
— Bir soatu yigirma besh minutga, — dedi onasi. — Hozir oʻndan yigirma minut oʻtdi...

Darsingga vaqtida joʻnashga harakat qilsang boʻlmaydimi?
— Yuvinishimga joy taxtlang, — dedi Stiven.
— Keyti, Stivenning yuvinishiga joy taxtla.
— Budi, Stivenning yuvinishiga joy taxtla.
— Mening qoʻlim band, Meggi, sen taxtlay qol.

Chanoqning yoniga sirlangan togʻorani oʻrnatishib, chetiga eski qoʻlqopchani ilib qoʻyishgandan soʻng, Stiven onasiga boʻynini ishqalab, quloqlarini, burnining kataklarini yuvishga qoʻyib berdi.
— Yaxshimas, — dedi onasi, — kimsan universitetning talabasi-yu kir-chirga botib yursa, yana onasi uni yuvib tozalasa!
— Bu ish sizga yoqadi-ku, — dedi Stiven xotirjam.

Tepadagi xonadan qattiq hushtak tovushi eshitildi va onasi uning bilagiga nam koʻylakni tashlab, dedi:
— Artinib olgin-da, xudo xayringni bersin, tezroq joʻnab qol.

Ikkinchi marta chalingan qattiq asabiy hushtakdan soʻng qizlardan biri zinaga chiqdi.
— Ha, dada?
— Anov yalqov, akajoning, daf boʻldimi yoki yoʻqmi?
— Ketdi, dada.
— Aldamayapsanmi?
— Yoʻq, dada...

Singlisi qaytib kirib, Stivenga tezroq orqa eshikdan juftakni rostla, degan ishorani qildi. Stiven kulib, dedi:
— Dadamniyam miyasi aynib qolibdi.
— Uyalmaysanmi shunday degani, Stiven, — dedi onasi, — hali bir kun kelib oʻsha universitetga kirganingga afsuslanasan. Seni boplab aldashdi.
— Xayr, — dedi Stiven kulimsirab va barmoqlarining uchini oʻpib, xayrlashdi.

Tor koʻcha yomgʻirdan balchiq boʻlib yotar, u quruq axlatlarni bosib, koʻchadan sekin yurib oʻtayotganda monastir kasalxonasining devori ortidan aqldan ozgan rohibaning faryodi eshitildi:
— Iso! O, Iso! Iso!

Bu faryodga u e’tibor qilmaslikka urinib, alamzadalik bilan boshini silkitdi va badboʻy chiqitlarga turtinib-surtinib qadamini tezlatdi, yuragi esa alam va nafratdan zirqirab ketdi. Otasining hushtagi, onasining yozgʻirishlari, devor ortidan eshitilgan telbaning faryodi — barisi qalbni tahqirlovchi bir ohangga birikib, uning izzat-nafsiga tahdid qilardi. Stiven hatto ularning yuragidagi aks-sadosidan ham nafratlanib, barini xayolidan biryoʻla quvmoqchi boʻldi; biroq u koʻchadan yurib borarkan, yomgʻir yuvgan novdalar orasidan yogʻilib turgan ertalabki xira yogʻduni his etib, hoʻl barglarning va daraxt poʻstlogʻining taxir hididan nafas olib koʻngli yorishdi, biroz kayfiyati koʻtarilganday boʻldi.

Yomgʻirdan ma’yuslanib qolgan daraxtlar, har galgiday, Gerxard Gauptmanning piyesalaridagi qizlar va ayollar haqidagi xotiralarni yodiga soldi va ularning sirli gʻam-gʻussalari haqidagi xotiralar, hoʻl butoqlardan taralayotgan xushboʻy hid koʻngliga sokin sevinch tuygʻularini bagʻishladi. Mana endi shaharni u boshidan bu boshigacha kezib chiqadigan ertalabki sayr boshlandi va u oldindan bilardi: Fervyu mavzeining loy koʻchalaridan yurib borayotganda Nyumenning shafqatsiz, biroq jimjimador prozasi haqida oʻylaydi, oziq-ovqat doʻkonlarining derazalariga tikilib, Gvido Kavalkantening gʻamgin yumorini eslaydi va jilmayadi; Tolbot-pleysdagi Beerning toshtaroshlash ustaxonasi yonida izgʻirinday Ibsenning ruhi — goʻzal yoshlikning yovqur ruhi joniga ozor beradi; Liffining narigi tarafidagi bandargohning chirkin doʻkoni bilan baravarlashgan kezda esa u Ben Jonsonning:

«Men dam olgani choʻzildim,
Charchamagan boʻlsam-da garchi...

soʻzlari bilan boshlanadigan qoʻshigʻini ichida takrorlaydi.

U Aristotel va Foma Akvinskiyning tushunarsiz nutqlaridan goʻzallik mohiyatini axtarib toliqqan kezlarda tez-tez yelizavetachilarning dilbar qoʻshiqlarini xotirlab dam olardi. Uning aqli, xuddi ikkilangan rohibday allaqachon oʻtmishga aylangan bu uzoq asrning koʻlankasiga bekinib olib, lyutenlarning qaygʻuli va kulgili musiqalarini hamda sayoq ayollarning jazavali qah-qahalarini tinglar, bu oʻta behayo qiyqiriqlar, gohida allaqanday beadab va tumtaroq gap-soʻzlar, garchi almisoqdan qolgan boʻlsa-da, uning rohibona gʻururini qoʻzgʻab, bu xilvatni tark etishga majbur qilmaguncha diqqatini tortib turardi.

U oʻzini tengqurlari davrasidan tiyib, kun boʻyi titkilab, bosh qotirib oʻtiradigan ilmiy asarlar deb atalmish kitoblar Aristotelning poyetikasi va psixologiyasi, «Synopsis Philosophiale Scholasticaye ad mentem divi Thomaye»dan olingan tagdor hikmatli soʻzlarning yigʻindisi edi, xolos. Uning oʻzidan gumonsirashi va ishonchsizligidan paydo boʻlgan fikrlar ba’zan savqitabiiy bilan tuyqusdan yorishib ketar, bunday lahzalarda atrofdagi olam, yonib kulga aylangan gulxanday, koʻzdan yoʻqolar, tili esa kalimaga kelmas va xira koʻzlari bilan u oʻzgalarning nigohini ilgʻar, goʻzallik ruhi misoli rido kabi uni oʻrab-chirmab olayotganday tuyular, garchi oʻy-xayolida boʻlsa-da, qalbi yuksak tuygʻularga uygʻunlashib ketardi. Biroq gʻururga toʻlgan sukunatning qisqa umri tez oʻtib ketdi va u yana qalbida sevinch bilan odatdagi hayot tashvishlariga shoʻngʻidi, hech qanday qoʻrquv-xavotirsiz oʻz yoʻlidan, katta shaharning qashshoq, sershovqin va dabdabali koʻchalari boʻylab yurdi.

Kanal boʻyidagi e’lonlar taxtasi yonidan oʻtayotib yuzi qoʻgʻirchoqning yuziday quriqshib qolgan, boshiga chetlari yirtilgan shlyapa qoʻndirgan silga yoʻliqqan odamni koʻrdi, bemor koʻprikdan mayda qadam tashlab, paltosiga burkanib, qoʻlidagi yigʻilgan shamsiyani hassaga oʻxshatib tutgancha uning qarshisidan kelayotgan edi. Soat oʻn bir boʻlib qolgandir, deb oʻyladi Stiven va vaqtni aniq bilish uchun sut doʻkoniga qaradi. U yerdagi soat beshta kam beshni koʻrsatib turardi, biroq u sut doʻkonidan uzoqlashayotib, shu atrofdagi soatlardan biri oʻn birga tez-tez va aniq zang urganini eshitdi. U kulib yubordi: soatning zang chalgani unga Makkennini eslatdi. Hatto Stiven uning oppoq echki soqolini va qoruvli gavdasini koʻrganday boʻldi. Makkenni egnida ovchilarning kamzuli va ixcham shimda Xopkins-stritda shamolga yuz burib turib, kekkayib soʻz qotadi:

—Siz, Dedalus, gʻayriijtimoiy mavjudodsiz va nuqul oʻzingizni oʻylaysiz. Men demokratman, boʻlajak Ovrupo Qoʻshma Shtatlarida sinflar va jinslarning ijtimoiy erkinligi va tengligi yoʻlida ter toʻkaman, kurashaman.

Soat oʻn bir! Demak, bu leksiyaga ham kechikdi. Bugun qaysi kun? U gazeta doʻkoni oldida toʻxtab, qaysi kun ekanini bilmoqchi boʻldi. Payshanba. Soat 10 dan 11 gacha —ingliz tili; 11 dan 12 gacha — fransuz tili; 13 gacha fizika. U ingliz tilidan boʻladigan ma’ruzani koʻz oldiga keltirdi va sarosimalanib, oʻzining nochorligini his qildi.

Kursdoshlarining boshlarini egishib, daftarga yodlashlari lozim boʻlgan soʻzlarni: ismga koʻra aniqlovchi va mazmunga koʻra aniqlovchini1, har xil misollarni, tugʻilgan va vafot etgan yillar yoki asosiy asarlar va ularning yoniga suratlarga tanqidchilar berishgan ijobiy va salbiy baholarni yozayotganini koʻrdi. Uning boshi daftarga egilmaydi, xayoli uzoqlarga olib qochadi. Biroq u tevaragidagi talabalarning moʻ’jazgina toʻdasiga qaraydimi yoki derazadan bogʻdagi xiyobonda oʻsib yotgan butazorga termiladimi, baribir dimogʻidan yertoʻla zaxi va chirindining hidi arimaydi. Yana stolga egilgan bitta bosh, muqaddas ne’matlar solingan idishlar oldida magʻrur qad rostlab, cherkovning kambagʻal qavmiga rahm-shafqat soʻrab duo qilayotgan ruhoniyning boshiday, birinchi qatorda shundoq uning qarshisida soʻqqayib turibdi. U Krenli haqida oʻylab, nega faqat uning boshini va yuzinigina tasavvur qila olishi, qomatini koʻz oldiga keltira olmasligiga ajablandi. Mana, hozir ham u bulutli tong yorugʻida — xuddi tushda koʻringan sharpaday — kesilgan boshni, qop-qora gʻayir sochlari gultojday manglayiga tushib turgan, murdaning basharasidan olingan niqobday ruhoniyning zohidona rangpar qiyofasini, burnining tanoblari tarvaqaylagan, koʻzining tagiga qora koʻlanka tushgan va yupqa, qonsiz lablari kulimsiragan turqini koʻrdi va har kuni Krenliga oʻzining iztiroblari, tashvish va orzu-oʻylari haqida gapirgan gaplarini, doʻstining esa sergaklanib, ma’nodor sukut saqlashini esladi. Stiven bu qiyofa — oʻzining gunohini his etayotgan, boshqalarning tavbasini tinglab, gunohlarini quvishga noloyiq ruhoniyning qiyofasi, degan xulosaga kela boshlaganda tuyqusdan ayol kishining oʻziga qadalgan qora koʻzlarini payqaganday boʻldi.

Bu holat allaqanday gʻaroyib va mavhum fikrlarga yoʻl ochganday tuyuldi, biroq Stiven koʻnglida hali naryoqqa ketishga erta ekanini tuyub, miyasidan bunday fikrlarni darhol quvdi. Doʻstining beparvoligi, xuddi tungi zulmatday, uni xavf-xatar iskanjasiga solib qoʻydi va u bir zum hushini yigʻib, atrofiga koʻz tashlab, yoʻl-yoʻlakay tasodifan xayoliga kelgan har xil soʻzlarni tutib qolishga urinar va ularning bir lahzadayoq oʻz mohiyatini yoʻqotishiga hayron boʻlardi: mana, doʻkonlar peshtoqidagi yozuvlar xuddi afsunday, uning xayolini band etdi, ruhi choʻkib, qariyaday uh tortdi; ayni damda oʻzi tor koʻcha boʻylab ana shu oʻlik soʻzlar orasidan hamon yurib borayotir. Tilning sehru jozibasini his eta bilish tuygʻusi, zarrama-zarra soʻzlarga birikib, uning ongidan sizib chiqdi va poyma-poy vaznda chalkashib, ajralib uyusha boshladi:

Chirmoviq chirmashar devorga,
Chirpirar, chirmanar devorda.
Devorga zarpechak pechalar,
Pechaklar devorda sargʻayar.

Bu qanaqa safsata boʻldi? Oʻ, xudoyim, devorga chirmashgan chirmoviq nimasi? Zarpechak — bunga ham chidasa boʻlar, sariq fil suyagiga ham. Qapishgan fil suyagiga-chi? Buni qanday tushunish mumkin?
Soʻz endi uning miyasida, fil moʻgizidan arralab olingan fil suyagidan ham tiniq va yorqin charaqladi. Luory, ivoire, avorio, ebur[1]. U maktabda lotin tilidan oʻzlashtirgan gaplarning dastlabkilaridan biri: «India mitit ebur»[2] degan gap edi va Ovidiyning «Metamorfozalar»ini nafis, biroq choʻchqalar, sopollar va choʻchqa yogʻi soʻzlari ishlatilganda gʻalati eshitiladigan ingliz tilida ifodali aytib berishga oʻrgatgan rektorning shimolliklarga xos qahrli yuzi uning koʻz oldiga keldi. Lotin she’riyati qonunlarining oʻziga ma’lum boʻlgan ozgina qismini u portugaliyalik ruhoniyning eskirib ketgan kitobidan oʻqib bilib olgan edi.

«Contrahit orator, variant in carmine vates»[3].

Rim tarixi inqirozlari, zafarlari va gʻalayonlari unga siyqasi chiqqan in tanto discrimiue[4] soʻzlari orqali tushuntirilgan edi. U shaharlar shahrining ijtimoiy hayotiga implere ollam denariorym soʻzlari orqali nazar tashlashga urindi, bu soʻzlarni rektor shirali qilib «idishni dinorlarga toʻldirish», deya tarjima qilgan edi. Goratsiy kitobining qolgan sahifalari hech qachon, hatto barmoqlari sovuqdan uvishib qolgan paytlarda ham, unga sovuq tuyulmasdi; tiriklik nafasi ufurib turgan bu sahifalarni ellik yil burun Jon Dunkan Invererit va akasi Uilyam Malkolm Invereritning jonli barmoqlari varaqlagan. Ha, kitobning eskirib, oʻcha boshlagan ilk sahifasida ularning muborak nomlari saqlanib qolgan va bilinar-bilinmas yozuvlardagi she’rlar, hatto uningday lotin tilining oʻrtamiyona bilimdoniga ham goʻyo uzoq yillar xushboʻy gul va koʻkatlar ichida yotganday, muattar hid taratardi. Biroq unga umr boʻyi jahon madaniyati bayramida oddiy tomoshabin boʻlib qolish, oʻzi allaqanday estetik falsafani ifodalashga urinayotgan diniy bilim tili, nazarida, madhiyayu tamgʻalar bilan shugʻullanish va yo lochin bilan ov qilishday jazavali, ayni paytda bema’ni mashgʻulotdan ortiq bir narsa emasligini tan olishi alam qilardi.

Ma’rifatsiz shaharning chap tarafida tuyaday ogʻir choʻkkan, tor halqaga zoʻrlab joylangan jilosiz, soʻnik toshni eslatuvchi muqaddas Uchlik kollejining bahaybat kulrang imorati uning ruhini ezib, ongiga ta’sir eta boshladi. Va u protestantcha dunyoqarashning asoratli tushovlaridan idrokini xalos qilishga urinarkan, Irlandiya milliy shoirining besoʻnaqay haykali oldidan chiqib keldi.

U haykalga jirkanmay qaradi, chunki tana va ruhning notozaligini namoyon etib turgan yodgorlikdagi kir-chirlar, xuddi bir qarashda koʻz ilgʻamaydigan bitday, haykalning tizzadan bukilgan oyoqlaridan tortib bor boʻyicha, kiyimining qayrilgan joylariga, qarollarnikiga oʻxshash boshining atrofiga oʻrnashib qolgan, goʻyo u oʻzining nodonligini ilojsiz tan olib turganday tuyulardi. Bu ayni mileziyalikning egnidagi yopinchiqni oʻmargan firbolgning oʻzi edi; Stiven oshnasi, dehqon oilasidan chiqqan talaba Deyvinni esladi. Firbolg uning hazillashib aytiladigan laqabi edi, biroq dehqon bola bunga koʻnikib ketgan edi:
— Nima deyin, Stivi, endi sen ham meni qovoqkalla deb aysang iloj qancha, ixtiyoring.

Ismining qisqartirib aytilgani, birinchi marta eshitganida, Stivenga ta’sir qildi: u odatda boshqa talabalar bilan, xuddi ularning oʻziga qilgan munosabatlariday, muomalada chegarani saqlar, takallufsizlikka yoʻl qoʻymas edi. U Grantem-stritdagi Deyvinning uyiga tez-tez borib turar va devor chetiga terib qoʻyilgan oshnasining yarqirab turgan etiklariga havas bilan qarar, oshnasi begonalarning she’rlarini oʻqir, oʻqigan satrlari ortida esa uning shaxsiy iztiroblari sezilib turardi.

Firbolgga oʻxshab ketadigan toʻpori oshnasi ba’zan uni oʻziga torsa, ba’zan tamom bezdirar edi. Deyvinning qishloq bolalariga xos kamsuqum, ogʻirkarvon fe’l-atvori, ingliz tilidagi eski gʻaroyib iboralar bilan gapirishi, qoʻpol jismoniy kuchdan zavqqa tushishi — Maykl Kyuzak gellasining muxlisi ekani — Stivenga yoqardi; gohida esa aqlining toʻposligi, tuygʻularining odmiligi yoki koʻzlarida tuyqusdan paydo boʻladigan, kech kirdi deguncha komendantlik soatidan dahshatga tushib, pana-pastqamga urib ketadigan xilvat va qashshoq irland qishloqlari ahliga xos itoatkorona qoʻrquv aksi uni Deyvindan bezdirardi.

Yosh dehqon yigit amakisi Meta Deyvinning koʻrsatgan jasoratlaridan qanchalik gʻururlansa, Irlandiyaning qaygʻuli doston va rivoyatlarini ham shu qadar e’zozlardi. Deyvinning oshnalari sportchi haqida gurunglashib, bu bilan kollejdagi zerikarli hayotga jinday zavqli tus berishga urinishar, uni oʻzlaricha yosh feniyalik, deb tasvvur qilgilari kelardi. Enagasi Deyvinni bolaligida irland tiliga oʻrgatgan va murgʻak tasavvurini irland afsonalarining nimjon shu’lasi bilan yoritgan edi. Hali biror kishi biror zamonda zigʻirday nafosat hissini tuymagan bu afsonalarga va ularning asrlar osha ilohiylashtirilgan, aslida qovushmagan, lanj choʻpchaklariga Deyvin xuddi katolik diniga munosabatda boʻlganday — qulning koʻr-koʻrona sadoqati bilan ishonib qarardi. Angliyadan chiqqan yoki ingliz madaniyati namunasi hisoblangan har qanday fikr yo tuygʻuni u, xuddi buyruqqa soʻzsiz itoat etadigan askarday, qoʻlda qurol bilan qarshi olardi. Uning nazarida Angliyadan tashqaridagi dunyo faqat Fransiyadagi Chet el legionidan iborat boʻlib, oʻzining aytishicha, u ana shu legionga kirish niyatida edi.

Bunday oʻy-xayollarga Devinning fe’l-huyini chogʻishtirib, Stiven uni xonaki gʻozcha1 deb atar va bu laqabga oshnasining gaplariyu harakatlaridagi lanjlik, lapashanglikni singdirmoqchi boʻlar, ana shu qusurlarni mulohaza qilish Stivenning intiluvchan, sergak aqli bilan irland hayotining pinhona sirlari orasiga gʻov solardi.

Bir kuni kechqurun Deyvin odatdagiday joʻshib, balandparvoz gaplaridan qizishib, hovliqib Stivenga gʻalati bir voqeani gapirib berdi. Ular yahudiylar yashaydigan gʻarib mavzening tor jinkoʻchalaridan sekin yurib, Deyvinning uyiga borishayotgan edi.
— Oʻtgan yili kuzda, Stivi, qish kirar pallada, gʻalati bir voqeaga duch keldim. Men hali bu haqda biror kishiga ogʻiz ochganim yoʻq. Birinchi marta senga aytayapman. Hozir yodimda yoʻq, oktabrda boʻlganmidi bu, yoki noyabrdami, harqalay, oktabrda boʻlsa kerak, chunki bu voqea men bu yerga universitetga kirish uchun kelganimdan oldin boʻlgandi.

Stiven oshnasining sodda, samimiy gaplaridan zavqlanib, unga kulimsirab qaradi.
— Oʻshanda men butun kunni Batteventda oʻtkazdim, bilmadim, sen bu shaharning qayerdaligini tasavvur qila olasanmi, yoʻqmi? U yerda «Krouk yigitlari» bilan «Jasur terlsliklar» oʻrtasida xokkey uchrashuvi boʻldi. Juda zoʻr oʻyin boʻldi-da oʻziyam, Stivi! Mening amakivachcham Fonzi Deyvinning kiyimlarini tilka-pora qilib tashlashdi. U Limerika komandasining darvozaboni edi, biroq oʻyinning yarmini u jinniday baqirib-chaqirib hujumchilar bilan olishib oʻtkazdi. Bu kunni umrbod unutolmasam kerak! Krouklardan biri qoʻlidagi chavgon bilan uni shunaqa tushirib qoldiki, — azbaroyi xudo, Stiven! — chintogʻiga tegishiga sal qoldi. Ishonasanmi, Stiven! Agar bu zarba sal teparoqdan tekkanda bormi, shu zahotiyoq u tamom boʻlardi.
— Omon qolganini eshitishning oʻzi yaxshi, — dedi Stiven kulib. — Biroq bu, harqalay, sening boshingga tushgan oʻsha gʻaroyib voqea boʻlmasa kerak, deb umid qilaman?
— Ha, albatta, bu gaplar seni qiziqtirmaydi. Xullas, oʻsha uchrashuvdan soʻng qancha gap-soʻz, shov-shuvlar boʻlmadi deysan, men poyezdga kech qoldim, yoʻlda birorta arava ham uchramadi, chunki Kasltaunroshda cherkov yigʻini boʻlishi kerak edi, dehqonlarning hammasi ketishgandi. Iloj qancha! Yo shu yerda yotib qolish kerak, yoki yayov ketish kerak. Men yayov ketmoqchi boʻldim. Qorongʻi tusha boshlaganda Bellixaur qirlariga yetdim, u yerdan Kilmelokkacha yana oʻn mil, agar koʻp boʻlmasa, uzundan-uzoq yoʻl bosish kerak, biror-bir qora koʻrinmaydi. Butun yoʻl boʻyi odam yashaydigan bittayam kulbani uchratmaysan, tiq etgan tovushni eshitmaysan. Hammayoq qop-qorongʻi, zimiston. Ikki marta, trubkamni tutatib olish uchun, butalar panasida toʻxtadim, agar qalin shudring tushmaganida choʻzilib yotib, uxlab qolishim aniq edi. Nihoyat yoʻlning burilgan bir joyiga kelib, bundoq qarasam — kichkina uycha turibdi, derazasi yorugʻ. Men borib, taqillatdim. Ichkaridan kim, deb birov soʻradi va men ovoz berib, Batteventdagi oʻyindan chiqib, uyga qaytayapman dedim va suv soʻradim. Bir necha daqiqadan keyin yoshgina kelinchak eshikni ochdi va katta kosada sut olib chiqdi. Kelinchak ichki kiyimda edi, aftidan, men taqillatgan paytda u toʻshakka kirgan chogʻi; uning sochlari toʻzgʻigan, qomatidan va koʻzlarining qarashidan u menga homiladorday koʻrindi. Biz boʻsagʻada tik turib uzoq gaplashib qoldik va hatto men: gʻalati-ya, uning koʻkragi, yelkalari ochiq, deb oʻyladim. U mendan charchamadingmi, deb soʻradi va bu yerda tunab qolishni xohlaysanmi, dedi; keyin uyda yolgʻiz ekanini, eri ertalab Kuinstaunga singlisini kuzatib ketganini aytdi. Biz qancha vaqt gaplashib turgan boʻlsak, Stivi, u mendan hecham koʻzini uzgani yoʻq va menga oʻzini juda yaqin olib keldi, men uning nafas olishini eshitib turdim. Men unga kosani qaytarib uzatayotganimda u qoʻlimdan ushladi va boʻsagʻadan ichkariga tortdi: «Kir, kechasi yotib qol shu yerda. Qoʻrqma, nimadan qoʻrqasan. Ikkalamizdan boshqa hech kim yoʻq», dedi. Men kirmadim, Stivi, unga rahmat aytdim-da, yoʻlimga tushib joʻnab qoldim. Bilsang, a’zoyi-badanim bezgak tutganday titraydi. Muyulishda orqaga oʻgirilib qaradim, kelinchak hali ham boʻsagʻada qarab turardi.

Deyvinning hikoyasidagi soʻnggi soʻzlar beixtiyor Stivenning xotirasida jaranglaganday boʻldi va oʻsha yolgʻiz ayolning siymosi boshqa qishloq ayollarining qiyofasi bilan qoʻshilib, bir paytlar kollej faytunlarida ular Kleynni yoqalab oʻtganlarida uylarining eshiklari oldida turgan ayollarday, uning koʻz oldida gavdalandi: bu ayol xalqining tirik timsoli, uning xuddi koʻrshapalakday tunda pinhona va yolgʻizlikda uygʻonadigan ruhi; begona kishini toʻshagiga taklif etgan soddadil ayolning koʻzlari, ovozi va harakatlari.

Yelkasiga kimningdir qoʻli tushdi va yosh qizaloqning qichqirgan ovozi keldi:
— Menikini ola qoling, ser. Birinchi qoʻlni qaytarmang! Mana, chiroyli guldasta. Oling, ser!

Qizaloq uzatib turgan moviy gullar va uning moviy koʻzlari shu daqiqada Stivenga eng pokiza soddadillikning ifodasi boʻlib koʻrindi; bu taassurot xayolidan koʻtarilib, qizaloqning yirtiq koʻylagiga, hoʻl, dagʻal sochlariga va issiq istarasiga koʻzi tushguncha Stiven biroz kutdi.
— Sotib oling, ser! Kambagʻal qizga rahm qiling!
— Menda pul yoʻq, — dedi Stiven.
— Oling ser, bu chiroyli guldastaga qarang! Bor-yoʻgʻi bir penni!
— Men nima dedim, eshitmayapsizmi? — soʻradi Stiven unga biroz engashib. — Menda pul yoʻq, dedim. Yana bir bor aytayapman.
— Iloj qancha, xudo bersa vaqti kelib sizdayam pul boʻladi, nega boʻlmas ekan, — deb javob qildi qizaloq bir soniya jim turgach.
— Kim biladi deysiz, — dedi Stiven, — menimcha bunday boʻlishi dargumon.

U qizaloqning qoʻlidagi matohini allaqanday angliyalik sayyohga yoki muqaddas Uchlik kollejining birorta talabasiga yalinib uzatib, farosatsizligi bois kulgiga qolishidan choʻchib, bunday koʻngilsiz holni koʻrmaslik uchun tez-tez yurib undan uzoqlashdi. Yurib borarkan, Grefton-strit koʻnglidagi nochorlik hissini battar kuchaytirdi. Koʻchaning boshida, yoʻlning qoq oʻrtasida Xolf Ton xotirasiga tosh qoʻyilgan edi va u otasi bilan bu yodgorlikning ochilishida qatnashganini esladi. Masxarabozlikka aylangan oʻsha tantanani u alam bilan xotirladi. Tadbirda toʻrt nafar fransuz delegati ham bor edi, ular hatto minib kelishgan foytunlaridan tushishmadi ham, ulardan biri, kulimsirab oʻtirgan baqaloq yosh yigit, tayoqqa qadab olingan bosma harflardagi shiorni ushlab turardi: «Live I’irlande».

Endi fransuz tilidan ma’ruzaga borishning hojati yoʻq, kech qoldi. U katta zalni ortda qoldirib, dahliz boʻylab oʻngga, fizika xonasiga burildi. Dahliz qorongʻi va jim-jit edi, biroq jimlik uni sergaklantirdi. Bunday xavotir hissi unga qayerdan yuqdi ekan, bu nimaning ta’siri? Balki Uyeyli yashagan vaqtlar bu yerda maxfiy yoʻlak boʻlgani haqida eshitganidandir? Yoki, ehtimol, bu uy faqat iyezuitlarga mansubligi va bu yerda u oʻzini begona his qilganidanmikan? Ton va Parnellning Irlandiyasi qayergadir gʻoyib boʻlganday goʻyo.

U auditoriya eshigini ochdi va chang bosgan derazalardan tushib turgan xira yorugʻlikda toʻxtadi. Choʻnqayib oʻtirgan jussa kaminning enli panjarasi oldida olovni tutashtirmoqchi boʻlib kuymalanar, harakati va sochining oqidan u dekanni tanidi. Stiven eshikni sekin yopdi va kaminga yaqin keldi.
— Salom, ser! Mening yordamim kerakmasmi?

Ruhoniy boshini koʻtarib qaradi.
— Bir daqiqa, mister Dedalus, — dedi u. — Mana hozir guvoh boʻlasiz. Kaminni yoqish — buyam bir ilm. Ijtimoiy fanlar bor, foydali fanlar bor. Mana bu foydali fanlardan biri.
— Men uni oʻzlashtirishga harakat qilaman, — dedi Stiven.
— Buning siri bitta — koʻmirni koʻp qalamaslik kerak, — davom etdi dekan qoʻllari bilan chaqqon harakat qilarkan.

U yaktagining yon choʻntagidan yonib tugagan toʻrtta sham qoldigʻini chiqardi va ularni koʻmir bilan qogʻozlar orasiga yaxshilab joyladi. Stiven jim turib kuzatdi. Kamin oldidagi tosh plitaga tiz bukib turgancha, olov yoqishdan oldin, qogʻoz oʻramlarini va sham qoldiqlarini toʻgʻrilarkan, u boshqa paytlardan koʻra hozir koʻproq tangrining itoatkor, boʻm-boʻsh cherkovida qurbonlik olovini yoqayotgan levitni2 eslatardi. Levitning qoʻpol kiyim-kechagiga oʻxshagan, rangi oʻchgan, toʻzigan yaktak uning tiz bukib turgan jussasini oʻrab olgan, yaktak serhasham ruhoniycha libos yoki mayda shiqildoqchalar qadalgan yefoddagi1 jussaga torlik qilar, noqulaylik tugʻdirardi. Uning jismi umr boʻyi tangriga kamtarona xizmat qilganidan ushshoqday boʻlib qolgan edi: u mehrobda olov yoqar, maxfiy ma’lumotlarni yetkazar, cherkov qavmiga vasiylik qilar, ularni yuqorining buyrugʻiga koʻra shafqatsiz jazolardi. Biroq baribir uning jussasida ezgulik alomati sezilmas, avliyolik yoki yuqori ruhoniy martaba egasiga xos toʻkislikning asari ham koʻzga tashlanmasdi. Aksincha, qalbi bu xizmatda qarib, toʻnib qoldi, na bir yorugʻlikka, na bir toʻkislikka yetishdi, ilohiy tarovatga emas, balki atigi pajmurda, ojiz irodaga ega boʻloldi, xolos. Bu majruh iroda ana shunday ezgu xizmat quvonchidan benasib edi, xuddi bujmayib, tomirlari boʻrtib chiqqan, oqara boshlagan serjun tanasiday ramaqijon, sevinch va kurashlarga loqayd edi.

Dekan choʻnqayib oʻtirgancha, payraxalarning yonishini kuzatardi. Oradagi noxush jimlikni buzmoqchi boʻlib, Stiven soʻz qotdi:
— Men, ehtimol, kaminni yoqa olmasman.
— Siz musavvirsiz, toʻgʻrimi mister Dedalus? — dedi dekan, nursiz xira koʻzlarini tepaga koʻtarib qarab. — Musavvirning burchi — goʻzallik yaratish. Goʻzallik degani nima? Bu, endi boshqa masala.

U savolning murakkabligi haqida oʻylarkan, quruqshab qolgan qoʻllarini asta-sekin artdi.
— Siz bu savolga javob bera olarmidingiz? — soʻradi u.
— Foma Akvinskiy, — deb javob qildi Stiven, — «Pulsza suaye visa placent»2 deydi.
— Mana bu olov koʻzni quvontiradi, — dedi dekan. — Shundan kelib chiqib uni goʻzal deyish mumkinmi?
— Olov koʻz bilan koʻrib anglanadi, bu esa ayni paytda estetik idroklashga kiradi, demak, olov goʻzal. Biroq Foma Akvinskiy yana shunday deydi: «Bonum est in guod tyndit appetitus».3 Modomiki, olov tiriklik ehtiyojini qondirar ekan, demak, bu olov — ezgu. Doʻzaxda esa olov — yomon.
— Juda toʻgʻri, — dedi dekan. — Siz mutlaqo haqsiz.

U oʻrnidan chaqqon turib, eshikning oldiga keldi va uni qiya ochib, dedi:
— Olovning yonishi uchun havo juda zarur deyishadi.

Dekan biroz oqsoqlanib, biroq tez-tez odimlab kaminning oldiga kelgan chogʻda uning xira, hissiz koʻzlaridan Stivenga iyezuitning qora qalbi nigoh tashlab turardi. Avliyo Ignatiy Loyolaga oʻxshab u ham choʻloq edi, biroq uning koʻzlarida gʻayrat ishtiyoqi porlamasdi. Hatto iyezuitlar ordenining afsonaviy makrlari, ularning nozik va teran donoliklari haqidagi mashhur kitoblaridan ham oʻtib tushadigan nozik ayyorliklar ham uning yuragini havoriyga xos tugʻyon bilan alangalatmadi. «Similiter afgul senis baculus», ya’ni u jamoa asoschisi oʻylagan, moʻljallagan narsaga — misoli hassaga aylangan edi: hassaga qorongʻuda tayanish mumkin yoki uni bogʻchadagi oʻrindiqdagi biror-bir xonim tashlab ketgan guldastaning yoniga qoʻysa boʻlar, ehtimol, dagʻdagʻa qilib, koʻtarib sermash ham mumkindir.

Dekan kamin oldida iyagini silab turardi.
— Biz qachon sizdan estetika masalalari haqida biror-bir fikr eshitamiz? — deb soʻradi u.
— Mendanmi?! — dedi ajablanib Stiven. — Mayli, agar ikki haftada bir marta qandaydir fikrga duch kelish menga nasib etsa...
— Ha. Bu juda chuqur masalalar, mister Dedalus, — dedi dekan. — Ularning mohiyatiga yetish — Moxer qoyasida turib dengiz qa’rini koʻra bilishday gap. Suv tubiga shoʻngʻiganlar qaytib chiqishmaydi. Faqat tajribali gʻovvosgina bu teranlikka tushishi, tekshirishi va qayta suzib chiqa olishi mumkin.
— Agar siz manfaat nuqtai nazaridan aytiladigan mulohazalarni nazarda tutayotgan boʻlsangiz ser, — dedi Stiven, — u holda, meningcha, erkin fikrning oʻzi yoʻqday tuyuladi, chunki ana shunday sharoitda bu kabi fikrlar oʻziga yarasha qonunlarga boʻysunishi va shu doirada cheklanishi lozim boʻladi.
— Hm!..
— Fikrlab turib, men hozir Aristotel va Foma Akvinskiyning ba’zi bir qoidalarini asos qilib olayapman.
— Tushunayapman sizni, yaxshi tushunayapman.
— Men oʻzimning fikrimga ega boʻlmagunimcha ularning fikrlariga tayanaman. Agar chiroq buriqsib tutay boshlasa, men uni tozalashga harakat qilaman. Agar u yaxshi yoritmasa, men uni sotaman va boshqasini xarid qilaman.
— Epiktetning ham, — dedi dekan, — chirogʻi bor edi, oʻlimidan soʻng uni juda qimmatga sotib yuborishdi. Bu chiroq yorugʻida u oʻzining falsafiy asarlarini yozgan. Siz Epiktetni oʻqiganmisiz?
— Ruh suv quyilgan idishga oʻxshaydi, degan qariya-da, — dedi keskin javob qilib Stiven.
— U oʻziga xos soddalik bilan, — davom etib dedi dekan, —bizga shunday hikoya qiladi: ilohlardan birining haykalchasi oldiga temir chiroqni qoʻyishgan ekan, oʻgʻri chiroqni oʻmaribdi. Xoʻsh, faylasuf nima qildi? U oʻgʻrilik — oʻgʻrining tabiatiga xos, degan xulosaga keldi va ertasi kuni temir chiroq oʻrniga sopol chiroq xarid qildi.

Sham qoldiqlaridan erigan yogʻning hidi chiqdi va hid Stivenning ongida: idish, chiroq, chiroq, idish soʻzlarining gʻalati jarangi bilan qorishdi. Ruhoniyning ovozi ham bunga joʻr boʻldi. Stiven bu gʻalati tovushlar, obrazlar va ruhoniyning qiyofasi ta’siridan beixtiyor fikrlay olmay qoldi, ular yoqilmagan chiroqqa yoki notoʻgʻri burchak ostiga ilib qoʻyilgan nur qaytargichga oʻxshab tuyuldi. Ularda yoki ularning ortida qanday sir yashiringan? Xuddi tangrining qahru gʻazabi bilan toʻlib toshgan qora bulutday badqovoq, fikrlab turishga odatlantirilgan idrokning toʻposligi.
— Men biroz boshqacha chiroqni nazarda tutgan edim, ser, —dedi Stiven.
— Albatta, — dedi dekan.
— Estetika haqida mulohaza yuritishning qiyin tomonlaridan biri, — dedi davom etib Stiven, — shundan iboratki, bunda soʻz qaysi ma’noda — adabiymi yoki maishiy ma’noda ishlatilayotganiga ahamiyat berish lozim. Men hozir N’yumenning bir gapini esladim, unda aytilishicha, Bibi Maryam pravoslav mazhabidagi xalqning ongida chuqur oʻrnashgan. Kundalik turmushda bu soʻzni ishlatishganda butunlay boshqacha ma’no yuklashadi. Umid qilamanki, men oʻzimning nodonligimda chuqur ketmayotgan boʻlsam kerak?
— Yoʻq, albatta, — dedi ehtirom bilan dekan.
— Yoʻq, — dedi kulib Stiven, — men aytmoqchimanki...
— Boʻldi, boʻldi, tushundim, — gapni ilib ketdi dekan, — siz «chuqur ketmoq» fe’lining turli ma’no belgilarini nazarda tutayapsiz.

U iyagini oldinga choʻzdi va qisqa, quruq yoʻtaldi.
— Xoʻp, yaxshi, endi chiroqqa qaytamiz, — dedi u. —Unga moy quyish ham xiyla qiyin yumush. Avvalo, moy toza boʻlishi kerak, quyayotganda ehtiyot boʻlish lozim, chetiga toʻkilib ketmasin, voronkaga sigʻadiganidan ortiq quyib yubormaslik kerak.
— Qanaqa voronka? — soʻradi Stiven.
— Idishning ogʻziga quyib, moy quyadigan asbob.
— Ha... — dedi Stiven.
— Shuni voronka deydimi? Menimcha, bu suzgich.
— «Suzgich» nima?
— Bu oʻsha... voronka.
— Buni irlandlarda suzgich deyishadimi? — deb soʻradi dekan. — Umrimda birinchi marta eshitishim bu soʻzni.
— Quyi Dramkondrda suzgich deyishadi, — dedi kulib Stiven, — u yerda sof ingliz tilida gapirishadi.
— Suzgich, — oʻychan takrorladi dekan, — ajoyib soʻz. Uni lugʻatdan bir qarab koʻrish kerak ekan. Albatta qarayman.

Dekanning sertakallufligi shu qadar soxta tuyuldiki, Stiven bu yangi ingliz maslakdoshiga, xuddi rivoyatda aka oqpadar ukasiga qaraganday qaradi. Bir paytlar koʻp shov-shuvlarni qoʻzgʻagan da’vatnomalarning bu itoatkor muxlisi, Irlandiyadagi kambagʻal ingliz, soʻnggi kelgindi, kechikkan ruh fisqu fasodlar komediyasining asosiy voqeasi — azob-uqubatlar, havasu hasadlar, kurashlar va sharmandaliklar xotimasiga yetayotgan pallada iyezuitlarning tarix sahnasiga chiqib qolganday tuyulardi. Bunga uni nima majbur qilgan ekan? Balki u najot faqat Isoda deb umidvor boʻlgandir va ramziy cherkovning sertashvish dabdabalaridan hazar qilgan aqidaparast mazhabchilar orasida tugʻilib oʻsgandir? U koʻr-koʻrona e’tiqodga mazhabparastlarning marosimlarida va ashaddiy bid’atchilarning irim-sirimlarida, olti a’molning jami muxlislari, alohida xislatga ega kishilar, baptistlar izdoshlari, supralapsarian aqidaparastlari orasida yurganda ehtiyoj sezmaganmikan? U haqiqiy cherkovni, muqaddas ruhning tushishi yoki boshqa cherkov marosimlari mohiyatini, xuddi gʻaltakdan ingichka ipni ziyraklik bilan ajratib olganday, ehtiyotkor mulohazalar bilan tushunib favqulodda anglab tanlab olganmikan? Yoki u allaqanday tomiga tunuka qoplagan butxona eshigi oldida esnab, cherkovga tushgan chaqalarni sanab oʻtirganda, bir zamonlar boj yigʻib oʻtirgan2 ummatiga da’vat etgan tangri kabi, Masih ham uning boshini silab, oʻziga ergashishga chorlaganmikan?

Dekan yana gap boshladi:
— Suzgich! Ha, haqiqatan ham bu juda qiziq!
— Sizning bundan oldin menga bergan savolingiz qiziqroq edi. Musavvir loydan yaratishga urinayotgan goʻzallikning mohiyati nimada? — dedi Stiven sovuqqon ohangda.

Shu birgina soʻz koʻnglidagi xavotirning zaharli tigʻini sertakalluf va sergak raqibiga qarshi qaratganday tuyuldi. Xoʻrlikning achchiq alamini koʻnglidan kechirarkan, Stiven oʻzi bilan suhbatlashayotgan bu odam Ben Jonsonning vatandoshi ekanini his etdi. U oʻyladi:

«Hozir biz gaplashgan til — avvalo uning tili, ikkinchi navbatda meniki. Oila, Iso, pivo, oʻqituvchi soʻzlari uning ogʻzidan boshqacha va mening ogʻzimdan boshqacha chiqadi. Men bu soʻzlarni xotirjam aytolmayman ham, yozolmayman ham. Uning tili menga qanchalar yaqin va naqadar begona, men uchun ter toʻkib egallangan bir vosita, xolos. Men uning soʻzlarini yaratganim yoʻq, ularni qabul qilganim yoʻq. Mening ovozim ularni oʻziga yaqin yoʻlatmaydi. Mening ruhim uning tili zulmatida gʻazabga minadi».
— Xoʻsh, goʻzallik bilan koʻtarinkilik oʻrtasida qanday farq bor, —dedi dekan, — ma’naviy va moddiy goʻzalliklar oʻrtasida-chi? San’atning qaysi turiga qanday xildagi goʻzallik xos? Mana, astoydil shugʻullansa arziydigan qiziqarli muammolar.

Dekanning ovozidagi quruq, qat’i ohangdan shashti qaytgan Stiven jim qoldi. Oraga choʻkkan jimlikni buzib, zinapoyadan ovozlarning shovqini va etiklarning dupuri eshitildi.

—Biroq mana shunday oldi-qochdi gaplarga berilib, — deya xulosa qildi dekan, — ochingdan oʻlib ketishing ham mumkin. Birinchi navbatda siz diplomni qoʻlga kiritib olishingiz kerak. Buni oldingizga birinchi maqsad qilib qoʻying. Keyin asta-sekin yoʻlingizni topib ola boshlaysiz. Men keng ma’noda gapiryapman — hayotga eltadigan yoʻlni va fikrlash tarzini nazarda tutayapman. Ehtimol, dastlabki paytlarda bular juda qiyin tuyular. Mana, mister Munenni olaylik — uning yuqori choʻqqini egallashi uchun hazilakam vaqt talab qilingani yoʻq. Biroq shunga qaramay u choʻqqini zabt etdi.
— Ehtimol, menda uning talanti yoʻqdir, — xotirjam e’tiroz bildirdi Stiven.
— Kim biladi deysiz? — dadillanib javob qildi dekan. — Botinimizda nimalar borligini biz hech qachon bilolmaymiz. Menga qolsa, har qanday holatda ham ruhan tushmasdim. Per aspera ad astra[5].

U oʻchoqdan ildam uzoqlashdi va birinchi kurs talabalarini kutib olish uchun maydonchaga yoʻl oldi.

Stiven kaminga suyanib, uning har qaysi talaba bilan alohida-alohida qoʻl berib, birday betakalluf va birday tetik koʻrishib soʻrashayotganini eshitdi, beadab talabalarning uni masxaralab oshkora iljayishayotganini koʻz oldiga keltirdi. Achchiq alam, xuddi sovuq shudringday, uning ta’sirchan yuragini achishtirdi, Stiven bahodir Loyolaning bu sodiq askariga, ruhoniylarning bu oʻgay inisiga, qolaversa, oʻz fikriga egalik qilishda ulardan koʻra koʻngilchanroq, boʻsh-bayov, ammo ruhi bardam ruhoniyga achindi; hech qachon oʻziga ma’naviy ota deb hisoblamaydigan bu ruhoniyga rahmi keldi; bu odam va uning safdoshlari, deya oʻyladi u, nafaqat tirikchilik gʻamini unutib, bu dunyo tashvishlariga qoʻl siltaganlar orasida, balki oʻzlarining butun kechmishlari davomida ojiz, kuchsiz, omadsiz va uddaburron avom oʻrtasida ham, yaratgandan ularga rahm-shafqat, omad soʻrab, katta obroʻ orttirishgan.

Auditoriyaning yuqoridagi qatorida, oʻrgimchak toʻrlari qoplab yotgan derazalar tagidagi oʻrindiqlarda oʻtirishgan talabalar tarafidan koʻtarilgan ogʻir etiklar dupur-dupuri oʻqituvchi kirib kelayotganidan darak berdi. Yoʻqlov boshlandi va navbat Piter Bernga yetib kelguncha har kim har alpozda javob qildi.
— Shu yerda!

Yuqori qatordan doʻrillagan yoʻgʻon ovoz eshitildi va shu daqiqadayoq boshqa oʻrindiqlardan e’tirozli ma’noda tomoq qirishlar, zoʻraki yoʻtalishlar quloqqa chalindi.

Oʻqituvchi biroz toʻxtab kutdi va roʻyxat boʻyicha navbatdagi ism-sharifni oʻqidi:
— Krenli!

Hech kim javob qilmadi.
— Mister Krenli!

Doʻstining mashgʻulotini koʻz oldiga keltirib, Stivenning kulgisi qistadi.

—Uni Leperdstaundan qidiringlar, — dedi kimdir orqaroqdagi oʻrindiqdan.

Stiven chaqqon burilib qaradi. Biroq xira yorugʻda Moynixenning tumshuqdor basharasi xotirjam, qilt etmasdi. Oʻqituvchi formulani aytib turdi. Atrofda daftarlar shitirlay boshladi. Stiven yana ortiga oʻgirilib dedi:

—Qogʻoz berib turing, xudo xayringizni bersin.

—Ha, senikiyam qistab qoldimi? — ishshayib kulib soʻradi Moynixen.

U oʻzining daftaridan bir varaq yirtib uzatarkan, pichirladi:

—Majbur boʻlganda har qanday odamning, har qanday xotinning bunga haqqi bor.

Bir parcha qogʻozga eshitib turib yozib olgan formula yechimining yigʻilib, yoyilib borayotgan ustunlari, kuchning koʻz ilgʻamas timsollari va tezliklari Stivenning aql-hushini sehrlab, toliqtira boshladi, u kimdir birovdan qariya — dahriy va mason, deb eshitgan edi. Oʻ, bunchalar roʻshnosiz, qaygʻuli boʻlmasa bu kun! Goʻyo aql-idroki beozor va itoatkorona tumanli gʻira-shira yorugʻda uzundan-uzoq, bir tekis chizmalarni olamning behudud, tubsiz va koʻz ilgʻamas puchmoqlari boʻylab u yoqdan-bu yoqqa surib, qoʻshib-ayirib yurgan matematiklarning ruhlari izgʻigan limbga choʻkayotganday.
— Shunday qilib, biz ellipsni ellipsoiddan farqlashimiz lozim. Balki, jentelmenlar, orangizda mister U.Sh. Gilbertning asarlarini oʻqiganlar bordir. She’rlaridan birida u billiard oʻynashga mahkum gʻirrom billiardchi haqida shunday yozadi:

Qiyshiq stolda

Qayrilgan kiyda

Choʻzinchoq soqqada.

U, asosiy oʻqlari haqida men hozir aytgan, ellipsoid shaklidagi soqqani nazarda tutgan.

Moynixen Stivenning qulogʻiga engashib shipshidi:

—Hozir ellipsoidli soqqalar qancha turarkan?! Qani, ortimdan ergashing xonimchalar, men suvoriyman!

Doʻstining qoʻpol hazili Stivenning xayolini cherkov ichi boʻylab quyunday olib qochdi, devorda shalvirab osilib turgan liboslarni silkitdi, ularni jazavali jinlar bazmidagiday qiyshanglab oʻyin tushishga majbur etdi. Cherkov qavmi a’zolari quyunda hurpayib ketgan ridolar ichidan birin-sirin sirgʻalib chiqib keldi: oppoq sochli boshiga shapka qoʻndirib olgan dekan; rektor; silliq sochli, xudojoʻylik mazmunidagi she’rlar yozib yuradigan miqtigina ruhoniy; girdigʻum, besoʻnaqay iqtisod oʻqituvchisi; mantiqdan dars beradigan, xuddi ohular galasi ustida magʻrur boʻy choʻzib, daraxt barglarini yamlab yutayotgan jirafaday, maydonchada oʻzining kursidagi bolalar bilan vijdon masalasini muhokama qiladigan oʻqituvchi; boshi dum-dumaloq, tulkikoʻz italyan tili oʻqituvchisi. Ular shum niyatli harakatchanlikka berilishgan, yelday uchishadi, turtinib-surinib dumalashadi va irgʻishlaydi; quchoqlashib, zoʻrma-zoʻraki xoxolashadi, bir- birining ketiga shappatilab qoʻyishadi, oʻzlarining shumliklaridan shod boʻlishadi va tuyqusdan izzat nafslari tahqirlanganday, allaqanday qoʻpol hamladan xunobi oshganday xavotirlanib kaftlari bilan ogʻizlarini bekitishib, pinhona pichirlashadi.

Oʻqituvchi devordagi shisha shkaf oldiga keldi va javondan sim oʻralgan gʻaltakni olib changini pufladi-da, ehtiyot qilib stolga qoʻydi va bir barmogʻi bilan stolga tayanib, ma’ruzani davom ettirdi. U hozirgi gʻaltaklardagi simlar platinoid deb ataladigan, yaqinda F.U. Martino kashf etgan qotishmadan tayyorlanishini tushuntirdi.

U kashfiyotchining ism-sharifini dona-dona qilib, aniq eshittirib aytdi. Orqadan Moynixen shipshidi:

—Balli, qariya. Fu, Martin! Martin irgʻishlaydi, Martin oʻynaydi...
— Soʻra-chi undan, — shivirladi Stiven yarim hazil, yarim chin ohangda, — elektr stulda tajriba oʻtkazish uchun odam kerakmasmikan? U mendan foydalanishi mumkin.

Oʻqituvchining gʻaltakka egilganini koʻrib, Moynixen oʻrnidan turdi va oʻng qoʻlining barmoqlarini ovoz chiqarmay qisirlatdi, shum bolaning tovushi bilan hiringladi:
— Ser, manavi bola beta’miz soʻzlarni aytayapti, ser!
— Platinoidni, — kuchanib davom etdi oʻqituvchi, — neyzilberdan afzal bilishadi, chunki harorat oʻzgarganda uning qarshilik koyeffitsiyenti kam boʻladi. Platinoidli simlarni izolyatsiya qilish uchun ipak ishlatiladi, ipak ebontli gʻaltakning mana bu yeriga, mening barmogʻim turgan joyiga oʻraladi. Gʻaltakka qaynoq parafin shimdiriladi.

Quyidagi oʻrindiqdan, Stivenning old tarafidan keskin ovoz olstercha lahzada soʻradi:
— Bizni amaliy fanlar boʻyicha ham imtihon qilishadimi?

Oʻqituvchi tushunchalarni ustalik bilan ishlatib, gapdonlik qila boshladi: eng sof fan — amaliy fandir. Tilla koʻzoynak taqqan semiz talaba savol berganga biroz ajablanib qaradi. Moynixen orqadan oʻzining odatdagi ovozi bilan pichirladi:

—Ol-a, bu Makalister oʻzining luqmasini yulib olishni uddalaydi.

Stiven pastga, zigʻirpoya tolasining rangidagi soch tolalari toʻzgʻigan choʻzinchoq bosh suyagiga sovuq nazar tashladi. Savol berganning tovushi, lahjasi, fe’l-atvori uning gʻashini qoʻzgʻadi, u oʻzining jahliga erk berdi va ongli badxohlik bilan: agar bu talabaning otasi uni oʻqitish uchun Belfastga joʻnatganida aqlli ish tutgan va shu zayl yoʻl haqini tejagan boʻlardi, deb oʻyladi.

Choʻzinchoq bosh suyagi Stivenning xayolan otgan oʻqlariga qayrilib qaramadi va oʻqlar nishonga yetib bormadi, aksincha, kamonning tarang tortilgan ipiga qaytdi, chunki uning koʻziga tuyqusdan talabaning boʻzargan, qonsiz yuzi koʻrinib ketdi.

«Bu fikr menikimas, — degan oʻy Stivenning miyasida yalt etib oʻtdi. — Uni mening koʻnglimga orqamdagi oʻrindiqda oʻtiradigan nayragboz irland soldi. Sabr-toqat. Xoʻsh, sen oʻzing ishonch bilan oʻz xalqingning ruhini sindirgan va uning asl oʻgʻlonlarini sotgan kimligini ayta olasanmi: bu savolni bergan oʻsha kimsami yoki keyinchalik uni tahqirlagan kishimi? Sabr-toqat. Epiktetni esla. Ehtimol, bu Makalisterning fe’l-atvorida bordir: shunday vaziyatda shunaqa savol soʻqish va soʻzga notoʻgʻri — «amaliy» deb urgʻu berish?»

Oʻqituvchining zerikarli nutqi bir maromda gʻaltak tevaragida ohista gʻoʻngʻillab aylanar, tovush oʻzining uyquni keltiradigan darajadagi ta’sir kuchini, xuddi gʻaltakning qarshilik kuchi oshib borganday, ikki karra, uch va toʻrt karra oshirib borardi.

Uzoqdan eshitilgan qoʻngʻiroq jarangiga Moynixenning tovushi joʻr boʻldi:
— Doʻkonchani yopamiz, jentelmenlar!

Katta zal tiqilinch va shovqin edi. Eshik oldidagi stolda ramkaga solingan ikkita surat turibdi, ularning oʻrtasida imzolarning qingʻir-qiyshiq ustuni aks etgan uzun qogʻoz varagʻi yotibdi. Makkenn talabalar orasida izgʻib, jagʻi tinmay, qoʻl qoʻyishga e’tiroz qilganlarga tushuntirib, ularni birin-ketin stol oldiga olib kelardi. Zalning toʻrida dekan turibdi, u yosh oʻqituvchi bilan gaplashayotir, iyagini ma’nodor silab qoʻyadi, boshini sermaydi.

Olamon eshikkacha siqib borgan Stiven bir qarorga kelolmay toʻxtadi. Yumshoq shlyapaning tushurilgan keng peshayvoni tagidan Krenlining qora koʻzlari uni kuzatib turgandi.
— Sen qoʻl qoʻydingmi? — soʻradi Stiven.

Krenli oʻzining yupqa lablarini qisdi va bir soniya oʻylab, javob qildi:
— Ego habeo?[6]
— Bu nima degani?
— Quod?[7]
— Bu nima degani?

Krenli boʻzargan, qonsiz yuzini Stivenga burdi va qisqa, ma’yus ohangda dedi:
— Pez pax universalis[8].

Stiven barmogʻi bilan podshohning suratiga ishora qilib, dedi:

—Uning yuzi sarxush Isonikiga oʻxshaydi.

Ovozidagi qahr va gʻazab Krenlini zalning devorlariga xotirjam qarab, tomosha qilishdan chalgʻishga majbur etdi.
— Sen bir nimadan norozimisan?
— Yoʻq, — javob qildi Stiven.
— Kayfiyating yomonmi?
— Yoʻq.
— Grebo ut vos sanguinazius mendax estis, — dedi Krenli, — guia facies vostra monstrat ut vos in damno malo humore estis[9].

Moynixen stolga yaqin kelib, Stivenning qulogʻiga shipshidi:
— Makkenning oshigʻi olchi. Yana bir tomchi qoʻshilsa bas, tap-tayyor boʻladi. Yap-yangi, chaqmoqday kiyingan. Hech qanday oʻtkir spirtli ichimliklar yoʻq, urgʻochilar ovoz berish huquqiga ega.

Stiven bu xabarning ishonchli ohangidan kulimsiradi, Moynixen ketgach, yana boshini burib qaradi va Krenlining koʻziga koʻzi tushdi.
— Balki sen tushuntirarsan, — dedi u, — nega endi u dardu alamini mening qulogʻimga quygisi kelib qoldi? Xoʻsh, tushuntir-chi.

Krenlining peshonasida ma’yus tirishlar paydo boʻldi. U Moynixen egilib, imzo chekayotgan stolga qaradi va choʻrt kesib dedi:
— Yopishqoq.
— Quis est in malo humore, — dedi Stiven, — ego aut vos?[10]

Krenli hazilga javob qilmadi. U gʻamga botib, yana qanday keskinroq gap qilsam, deb oʻyladi va oldingiday qat’i ohangda dedi:
— Uchiga chiqqan pastkash yopishqoq!

Bu uning odatda barham topgan doʻstlik qabriga xoch qoʻndirgandan keyingi epitafiyasi edi; Stiven bu ibora bir vaqt kelib xuddi shunday ohangda mening xotiram uchun ham aytilmasmikan, deb oʻyladi. Bu ogʻir, nojoʻya gap uning qulogʻiga singib ketdi, xuddi yoriqqa tushib ketgan toshday sekin choʻkdi. Stiven bu gapning, xuddi bir paytlar koʻngliga ogʻir botgan tahqirli soʻzlarday, yuragiga vazmin choʻkayotganini his etdi. Krenli, Deyvindan farqli oʻlaroq, gaplashganda na yelizaveta zamonidagi kamyob qadim inglizcha iboralarni, na inglizcha ohangga solinib oʻzgartirilgan zavqli irdandcha soʻzlarni ishlatardi. Uning choʻziq talaffuzi dublinliklarning qirgʻoqda turib qorongʻi, qarovsiz bandargohdagilar bilan bir-birlariga tovush berishlariga oʻxshar, gaplarining burroligi esa Uiklou minbaridan yangraydigan Dublin cherkovi voizining chechanligi ta’siri edi.

Zalning nariga tarafidan ularga tamon yaqinlashib kelayotgan Makkenni koʻrganda Krenlining peshonasidagi gʻamgin tirishlar yozildi.
— Ana, sizlar! — dedi Makkenn yayrab.
— Ana, men, — dedi Stiven.
— Odatdagiday, yana kech qolinibdi! Sizlarning yutuqlaringga gap yoʻq, biroq intizomga ham jinday e’tibor qaratishning iloji bormi?
— Bu masala kun tartibida turgani yoʻq, — dedi Stiven. — Keling, ishdan gapiring.

Uning kulimsirayotgan koʻzlari targʻibotchining kamzuli yuqori choʻntagidan chiqib turgan kumushrang qogʻozga oʻralgan bir boʻlak shokoladga qadalgan edi. Hayal oʻtmay ularning atrofini hangomatalab ishqibozlar oʻrab olishdi. Terisi zaytunrang ozgʻin, qora silliq sochli talaba bolalar orasidan boshini suqib, bir unga, bir bunga qarab, goʻyo aytilayotgan gaplarni ilib olmoqchiday ogʻzini ochib alanglardi. Krenli choʻntagidan jajji koptokcha chiqarib, qoʻlida aylantirib sinchkovlik bilan kuzata boshladi.
— Qani, ishga! — dedi Makkenn. — Xoʻsh! U ogʻzini katta ochib qattiq kuldi va toʻrtburchak iyagida selkillab turgan sargʻish soqolini ikki marta tortqilab qoʻydi.
— Ish shundan iboratki, qoʻl qoʻyish kerak, xolos.
— Haqini toʻlaysizmi, agar men qoʻl qoʻysam? — soʻradi Stiven.
— Men sizni idealist, deb oʻylagandim, — dedi Makkenn.

Loʻlibashara talaba oʻgrilib atrofdigilarga qarab oldi va mingʻirlagan ovozda dedi:

—Qiziq gap boʻldi-yu, jin ursin! Menimcha, bu manfaatparastlikdan boshqa narsa emas.

Uning ovozi jimlikka singib ketdi. Bu talabaning gapiga hech kim e’tibor qilmadi. U oʻzining zaytunrang, otnikiday uzunchoq yuzini Stivenga burib, goʻyo undan javob kutdi.

Makkenn rus podshosining yorligʻi haqida, Sted haqida, ommaviy qurolsizlanishu xalqaro ziddiyatlar chogʻida arbitrajning ahamiyati haqida, hozirgi zamonning eng muhim hodisalari haqida, jamiyatga kam chiqim qilib koʻp sonli aholini katta baxt va farovon turmush bilan ta’minlash majburiyatini yuklaydigan yangi gumanizm va yangi axloq haqida dadil turib nutq irod qila ketdi.

Loʻlibashara talaba nutqning yakunini qiyqiriq bilan qarshiladi:
— Yashasin, umumjahon birodarligi!
— Joʻna, joʻna, Templ, — dedi uning yonida turgan qizil yuzli barvasta talaba. — Mendan haqingni hali olasan.

—Men umumjahon birodarligini yoqlayman! — qichqirdi Templ, qisiq koʻzlari bilan tevarakka alanglab. — Marksning gaplari quruq safsata.

Krenli sekinroq degan ma’noda uning qoʻlidan mahkam siqib ushladi va zoʻrma-zoʻraki jilmayib, bir necha marta takrorladi:
— Sekinroq, sekinroq, sekinroq!

Templ, qoʻlini boʻshatishga urinib, ogʻzidan koʻpik sachratib qichqirdi:
— Sotsializmga irlandlar asos solishgan, Yevropada fikr erkinligini targʻib qilgan birinchi kishi Kollinz edi. Ikki yuz yil oldin midlesseklik bu faylasuf ruhoniylarni fosh etdi. Yashasin Jon Entoni Kollinz!

Orqaroqdagi qatordan ingichka ovoz javob qildi:
— Ura!

Moynixen Stivenning qulogʻiga shipshidi:
— Jon Entonining mushtipar singlisining ahvoli qalay:

Lotti Kollinz lozimasiz,

Oʻzingiznikini berib turing.

Stiven kulib yubordi va xursand boʻlgan Moynixen yana uning qulogʻiga shipshidi:
— Jon Entoni Kollinzga qancha pul tikma, baribir besh shillingdan ortiq yutolmaysan.
— Sizning javobingizni kutayapman, — dedi qisqa qilib Makkenn.
— Bu savol meni zigʻircha qiziqtirmaydi, — dedi horgʻin ohangda Stiven. — Bu sizga ma’lum-ku. Nima masalada bahs qoʻzgʻab oʻtiribsiz?
— Yaxshi, — dedi Makkenn lablarini chapillatib. — Xoʻsh, demak, siz reaksionersiz, shundaymi?
— Qoʻlingizdagi yogʻoch qilichni sermaganingiz menga ta’sir qiladi, deb oʻylayapsiz shekilli? — soʻradi Stiven.
— Yana metaforalar! — keskin ohangda dedi Makkenn. — Keling, ishdan gaplashaylik.

Stiven jahli chiqib, teskari burildi. Biroq Makkenn yalinmadi.
— Oʻrtamiyon shoirlar, aytish mumkinki, oʻzlarini umumjahon tinchligi muammosiday mayda masalalardan yuqori olishadi.

Krenli boshini koʻtardi va tinchlik sulhiga chorlaganday qoʻlidagi koptokni ikki talabaning oʻrtasida tutib, dedi:
— Pax super totum sanguinarium giobum[11].

Yonidagilarni chetga surib, Stiven qahr bilan rus podshosining surati turgan tarafga yelkasi bilan ishora qilib, dedi:
— Oʻzingizning ikonangizdan ajralmang. Agar sizga Iso shunchalik zarur ekan, mayli bu siz uchun qonuniy Iso boʻla qolsin.
— Mana bu zoʻr gap boʻldi, — deb yubordi loʻlibashara talaba atrofdagilarga bir-bir qarab. — Zoʻr gap. Menga judayam yoqdi sizning gapingiz.

U soʻlagini, xuddi gapni yutganday, yutib yubordi, keyin shapkasini peshayvonidan ushlab, Stivenga murojaat qildi:
— Kechirasiz, ser, bu bilan siz nima demoqchi edingiz?

Yonida turgan talabalar turtayotganini sezib, u oʻgirildi va davom etdi:
— Mening bilgim kelayapti, bu gap bilan u nima demoqchi oʻzi?

Keyin u yana Stivenga oʻgirildi va shivirlab dedi:
— Siz Isoga ishonasizmi? Men insonga ishonaman. Men, albatta, bilmayman, siz odamga ishonasizmi, yoʻqmi. Ser, sizga hurmatim oshdi. Men inson aqliga ishonaman, u bilan gʻururlanaman, uning qaysi dindaligi men uchun baribir. Ayting-chi, siz Isoning aqli haqida ham shunday fikrdamisiz?
— Joʻna, joʻna, Templ! — dedi qizil yuzli barvasta talaba. — Haqingni mendan olasan hali.
— U meni ahmoq deb oʻylaydi, — tushuntira boshladi Templ Stivenga, — chunki men inson aqlining qudratiga ishonaman.

Krenli Stivenning va uning muxlisining qoʻltigʻidan olib, dedi:
— Nos ad manum ballum jocabimis[12].

Zaldan chiqayotib Stiven Makkenning qizarib ketgan besoʻnaqay basharasiga koʻz tashladi.
— Mening imzom hech qanday ahamiyatga ega emas, — dedi u xushmuomalalik bilan. — Siz oʻz tanlagan yoʻlingizdan yurishga haqlisiz, biroq meni oʻzimning yoʻlimdan ketishga qoʻying.
— Dedalus, — dedi Makkenn tovushi titrab. — Mening nazarimda, siz yomon odammassiz, biroq sizga alturizm va shaxsiy mas’uliyat hissi yetishmaydi.

Kimdir ovozini chiqarib dedi:
— Biroq bizning harakatda intellektual loʻttibozlarga joy yoʻq.

Stiven Makalistrning shangʻillagan keskin ovozini tanidi, biroq u turgan tarafga qayrilmadi. Krenli Stiven va Templning qoʻltigʻidan olib, namoyishkorona, xuddi kichik martabalilar kuzatuvida viqor bilan mehrob tomon odimlayotgan ruhoniyday, talabalar toʻdasini yorib oʻtib borardi.

Templ chaqqon egilib Stivenga dedi:
— Siz eshitdingizmi Makalistrning gapini? Bu bola sizga hasad qilayapti. Sezdingizmi? Garov oʻynayman, Krenli buni sezmadi, men esa, jin ursin, darrov sezdim.

Ular zalni oralab oʻtayotib, dekanning oʻzini gapga solayotgan talabadan qutulishga harakat qilayotganini koʻrishdi. Dekan zinapoyaning oldida, bir oyogʻini quyi zinaga qoʻyib, ayollarga xos saranjomlik bilan ohori ketib qolgan yaktagining etagini yigʻib, shu orada qoshini qoqib, bir gapni takrorlardi:
— Hech qanday shubha boʻlishi mumkin emas, mister Xekket! Ha, ha, hech qanday shubha boʻlishi mumkin emas.

Zalning oʻrtasida iyezuitlar birodarligining ma’muriy boshligʻi allaqanday talaba bilan norozi ohangda sekin suhbatlashib turardi. U gapira turib sepkilli manglayini tirishtirar va gap orasida suyakdan ishlangan ingichka qalamni tishlab qoʻyardi.
— Men birinchi kurslar hammasi borsa kerak, deb oʻylayman. Ikkinchi kursga ham ishonsa boʻladi. Uchinchiga ham. Yangilarini bilmadim.

Eshikning oldida Templ yana Stivenga egildi va shoshilib pichirladi:
— Uning uylanganidan xabaringiz bormi? Katoliklikka oʻtishidan oldin u uylangan edi. Allaqayerda xotini, bolalari bor. Jin ursin, gʻalati taqdir. Toʻgʻrimi?

Uning pichir-pichiri ayyorona qiqqillagan kulgiga aylandi. Eshikdan chiqishgan zahoti Krenli uning yoqasidan mahkam tutamlab oldi va silkilab dedi:
— Miyasiz, befarosat, yaramas ahmoq! Ajal bilan yuzma-yuz kelganimda ham, bu ahmoqona dunyoda sendan oʻtadigan yaramas maymun yoʻqligiga qasam ichaman, agar!

Templ yulqinib, ayyorona qiqqillashini davom ettirdi, Krenli esa har yulqiganda takrorladi:
— Miyasiz, befarosat, yaramas, ahmoq!..

Ular qarovsiz qolgan bogʻdan oʻtishdi; yoʻlaklardan birida ogʻir keng plashga oʻranib, roʻparalaridan duo oʻqib kelayotgan rektorni koʻrishdi. Yoʻlakning tugagan joyida, muyulishdan berida u toʻxtadi va boshini koʻtardi. Talabalar unga ta’zim qilishdi. Templ, odatdagiday, shapkasining peshayvoniga qoʻlini tekizdi. Keyin jim yurib ketishdi. Ular maydonchaga yaqinlashganda Stiven oʻyinchilarning zarbalaridan taralayotgan boʻgʻiq tovushni, hoʻl koptokning tapillagani va Deyvinning har zarbadan soʻng hayajonlanib qichqirganini eshitdi.

Ular uchchalasi ham oʻyinni kuzatib turgan Deyvin oʻtirgan qutining oldida toʻxtashdi. Bir necha soniyadan soʻng Templ yonboshi bilan Stivenga yaqinlashib dedi:
— Kechirasan, men sendan soʻramoqchi edim, sen nima deysan, Jan-Jak Russo samimiy kishi boʻlganmi?

Stiven beixtiyor xoxolab kuldi. Krenli maysaning ustida yotgan yogʻoch bochkaning siniq boʻlagini qoʻliga oldi-da, tez oʻgirilib, gʻazab bilan dedi:
— Templ, xudo haqqi, yana bir ogʻiz gapirsang, men seni tinchitaman super spottum1.
— Ehtimol, — dedi Stiven. — U ham senday ehtirosli odam boʻlgan.
— E, balo boʻlmaydimi! — keskin javob qildi Krenli. — Shu bilan endi adi-badi aytishamanmi. Bu nima-yu, mundi nima! Qani, tuyogʻingni shiqqillat, Templ. Joʻna bu yerdan! Yoʻqol!
— Tupurdim senga, Krenli, — javob qildi Templ, baland koʻtarilgan yogʻochdan oʻzini chetga olib qocharkan, Stivenga ishora qildi. — Mana, bu dargohda yakka-yu yagona oʻzining fikrlash tarziga ega odam.
— Dargoh! Oʻziga xos! — ta’kidladi Krenli. — Yoʻqol bu yerdan, jin ursin seni. Gʻirt jinnining oʻzi!
— Men ehtirosli odamman, — dedi Templ. — Bu juda toʻgʻri gap. Va men bundan faxrlanaman, his-hayajonlar bilan yashashimdan gʻururlanaman.

U yonboshi bilan yurib uzoqlashdi, maydonchadan qadam tashlab ketayotib mugʻombirona kuldi. Krenli uning izidan qotib qarab qoldi.
— Koʻrdingizmi, — dedi u, — siz bunaqa muttahamni hech uchratganmisiz?

Uning gapiga shapkasini koʻziga tushirib olib, devorga suyanib turgan talaba gʻalati xoxolab kuldi. Katta gavdadan chiqqan bu kulgi xuddi filning ingichka, chiyildoq tovushiga oʻxshab eshitildi. Talabaning badani selkillar, huzur qilganidan u qoʻllarini butiga ishqalardi.
— Linch uygʻondi, — dedi Krenli.

Bu gapga javoban Linch qaddini rostladi va koʻkragini kerdi.
— Linchning koʻkragini kergani — hayotga tanqidiy munosabatining belgisi, — dedi Stiven.

Linch koʻkragiga gursillatib urdi va dedi:
— Mening qomatimga kimning e’tirozi bor?

Krenli uni gapidan tutdi va ular aytishib qoldi. Har ikkalasi hayajondan qizarib-boʻzarishgandan keyin, chuqur-chuqur nafas olishib ajralishdi. Stiven oʻyinni berilib tomosha qilayotgan, tevaragidagi gap-soʻzlarga e’tiborsiz Deyvinga egildi.
— Xoʻsh, mening erkak gʻozcham qalay? — soʻradi Stiven. — Qoʻl qoʻydimi?

Deyvin boshini irgʻadi va dedi:
— Sen-chi, Stiven?

Stiven yoʻq degan ma’noda boshini sermadi.
— Dahshatli odamsan sen, Stiven, — dedi Deyvin ogʻzidan trubkani olarkan, — doim yakkasan.
— Endi, umumjahon tinchligi murojaatnomasiga imzo chekkaningdan keyin, — dedi Stiven, — men qoʻlingda koʻrgan oʻsha kichkina daftarchani yoqib tashlasang kerak, deb oʻylayman.

Deyvindan sado chiqmagach, Stiven daftarchadagi gaplardan parcha keltira boshladi:
— Fianna oldga yur! Fianna oʻngga burilib, oldga yur! Fianna, salom qil, raqaming bilan sana, bir, ikki!
— U boshqa masala, — dedi Deyvin. — Birinchidan, men irland millatchisiman. Sen esa hammasidan chetda yurasan. Sen, Stiven, maynavozchi boʻlib tugʻilgansan.
— Sizlar chavgonlaring bilan qurollanib, navbatdagi isyonlaringni boshlaganlaringda, — dedi Stiven, — sizlarga xabarkash kerak boʻladi, menga aysang, men senga kollejdan ulardan bir juftini topib beraman.
— Seni hech tushunolmayman, — dedi Deyvin. — Bir qarasang ingliz adabiyotini tuproqqa qorib tashlaysan, bir qarasa irland xabarkashlarini. Isming ham allaqanday... va mulohazalaring ham. Irlandmisan oʻzi sen?
— Yur men bilan arxivga, men senga oilamning nasl-nasabini koʻrsataman, — dedi Stiven.
— Unda biz bilan birga boʻl-da, — dedi Deyvin. — Nega sen irland tilini oʻrganmaysan? Nega birinchi mashgʻulotdan keyinoq ligadan chiqding?
— Bitta sabab senga ma’lum, — dedi Stiven.

Deyvin boshini sermab kuldi.
— Qoʻysang-chi, — dedi u. — Oʻsha yosh qizaloq va hazrat Moren uchunmi? Bularni sen oʻzing oʻylab topgansan, Stivi. Ular shunchaki gapirishgan, kulishgan, xolos.

Stiven churq etmadi va qoʻlini birodarlarcha Deyvinning yelkasiga qoʻydi.
— Oʻsha kunni, biz sen bilan tanishishgan kunni, eslaysanmi, — dedi u, — biz birinchi marta uchrashganimizda sen mendan birinchi kurslar qayerda oʻqiydi, deb soʻraganding va birinchi boʻgʻinga urgʻu berganding? Eslaysanmi? Sen oʻshanda hamma iyezuitlarni hech ikkilanmay «taqsir» derding. Ba’zan men: «U xuddi gapirgan gapiday, lafziday samimiy, makr-hiyladan yiroqmikan?» deb oʻylanib qolaman.
— Men oddiy odamman, — dedi Deyvin. — Buni sen bilasan. Sen menga oʻsha Xarkort-stritdagi oqshomda oʻz hayoting haqida gapirib berganingdan soʻng, gapning ochigʻi, Stivi, men keyin ovqat yeyolmadim. Kasal boʻlib qoldim. Oʻsha oqshom uxlay olmay chiqdim. Nega sen buni menga aytding?
— Rahmat senga, — dedi Stiven. — Sen menga yovuz odamsan, deb shama qilayapsan.
— Yoʻq, — dedi Deyvin. — Buni gapirmasliging kerak edi.

Sirtdan doʻstona muomalani saqlab turgani bilan Stivenning ichi qaynab-toshib kelardi.
— Meni shu xalq, shu mamlakat va shu hayot paydo qilgan, — dedi u. — Borim shu va shundayligimcha qolaman.
— Bizga qoʻshilishga urinib koʻr, — takrorladi Deyvin. — Ruhan sen irlandsan, biroq gʻurur senga yoʻl bermayapti.
— Mening ota-bobolarim oʻz tilidan voz kechishgan va boshqa tilni qabul qilishgan, — dedi Stiven. — Ular bir toʻda kelgindilarga oʻzlarini ezishga qoʻyib berishgan. Xoʻsh, menga ularning xatosi uchun shaxsiy hayotim va budu-shudimni qurbon qilishni buyurasanmi? Nimaning evaziga?
— Bizning ozodligimiz uchun, — dedi Deyvin.
— Ton yashagan zamondan to Parnell zamonigacha, — dedi Stiven, — sizlar uchun oʻz hayotini, yoshligini va mehr-muhabbatini bagʻishlagan birorta halol, samimiy inson yoʻqki, sizlar sotmagan boʻlsanglar, azobga duchor etmagan, boshidan magʻzava toʻkmagan boʻlsanglar, xiyonat qilmagan boʻlsanglar. Endi sen menga oʻzlaring bilan birga boʻlishni taklif qilayapsanmi! La’nat sizlarga!
— Ular oʻz ideallari uchun qurbon boʻlishdi, Stivi, — dedi Deyvin. — Biroq bizning koʻchada ham bayram boʻladi, menga ishon.

Oʻz xayollariga berilib ketgan Stiven bir daqiqa jim qoldi.
— Ruh, — dedi u xayolchan, — ayni shu, men senga aytgan daqiqalarda tugʻiladi. Bu sekin, sirli tugʻilish, vujudning tugʻilishidan koʻra sirliroq. Bu mamlakatda inson ruhiga tugʻilayotgandayoq, parvoz qilmasligi uchun, toʻr tashlanadi. Sen menga milliylik, din, til haqida gapirasan. Men bunday toʻrlardan qochishga harakat qilaman.

Deyvin trubkasining kulini qoqib tushirdi.
— Bu gaplardan men hech qanday ma’no uqmayapman, Stivi, — dedi u. — Biroq birinchi galda vatan. Irlandiya birinchi galda, Stivi. Shoir boʻlasanmi, mutasavvirmi, bu keyingi masala.
— Bilasanmi, Irlandiya nima? — soʻradi Stiven sovuq qahr bilan, — Irlandiya — bu oʻz bolalarini yeydigan qari choʻchqa.

Deyvin oʻrnidan turdi va boshini gʻamgin sermab, oʻynayotganlar tomon yurdi. Biroq sanoqli daqiqalar ichida gʻamgin kayfiyat uni tark etdi, u endi Krenli va ikki oʻyinchi bilan hozirgina tugagan oʻyinni qizgʻin muhokama qilayotir. Ular kechqurun bir qur oʻynashga kelishib olishdi, biroq Krenli mening koptogim bilan oʻynaysizlar, deb turib oldi. U koptogini yerga ikki-uch marta urib, keyin jahd bilan maydonchaning uzoq etagiga qaratib uloqtirdi-da, qichqirdi:
— Qorangni koʻrmay seni!..

Stiven oʻyinda hisob orta boshlaguncha, Linchning yonida turdi. Keyin Linchning yengidan tortib, uni oʻziga qaratdi. Linch unga boʻysundi va gʻashiga tegib dedi:
— Krenli aytmoqchi, uzdikmi?

Stiven bu qochiriqqa kulimsiradi.

Ular bogʻ orqali qaytishdi va munkillagan qari qorovul taxtaga allaqanday e’lonni qaltirab qadayotgan zal boʻylab oʻtishdi. Zinapoya oldida ikkalasi ham toʻxtadi va Stiven, choʻntagidan sigaret qutisini chiqarib, hamrohiga chekishni taklif qildi.
— Bilaman, bir miriyam yoʻq senda, — dedi u.
— Eh senimi, sulloh shumqiliq! — javob qildi Linch.

Linchning soʻzga chechanligi ikkinchi bor asoslangani Stivenning kulgisini qistadi.
— «Shumqiliq» soʻzi sening suyukli soʻkishingga aylangan kun, — dedi u , — Yevropa madaniyati uchun bayram sanaladi.

Ular chekishdi va oʻng tarafga yurishdi. Biroz sukut saqlab, Stiven dedi:
— Aristotel rahm-shafqat va qoʻrquvga ta’rif bermaydi. Men esa beraman. Mening nazarimda...

Linch toʻxtadi va bepisandlik bilan uning gapini boʻldi:
— Bas! Eshitishni xohlamayman. Koʻnglim ayniydi. Kecha kechqurun bizlar Xoren va Goggins bilan oʻlguday ichdik.

Stiven gapida davom etdi.
— Rahm-shafqat — bu shunday tuygʻuki, u inson musibatlaridagi jamiki muhim va muntazam jihatlar oldida fikrni toʻxtatib qoʻyadi va bizni izillab turgan fojialarga bogʻlaydi. Qoʻrquv tuygʻusi inson musibatlaridagi jamiki muhim va muntazam jihatlar oldida fikrni toʻxtatib qoʻyadi va bizni ularning yashirin sabablarini izlashga majbur etadi.
— Takrorla-chi, — dedi Linch.

Stiven ta’rifni sekin takrorladi.
— Yaqinda Londonda, — davom etdi u, — bir qizaloq izvoshga oʻtiradi. U uzoq vaqtlar koʻrmagan onasini kutib olishga borayotgan edi. Qaysidir koʻchaning muyulishida aravaning shotisi chiqib ketib, izvoshning derazasini chilparchin qiladi, xuddi ignaday uzunchoq shisha siniqlari qizning yuragiga sanchiladi. Qiz shu zahotiyoq jon taslim qiladi. Muxbir buni fojiali oʻlim, deb ataydi. Bu toʻgʻrimas. Bu rahm-shafqat va qoʻrquv haqidagi mening tushunchamga toʻgʻri kelmaydi.

Fojia tuygʻusi, mohiyatan, har ikki tomonga, qoʻrquvga va rahm-shafqatga yuzlangan bir kishining diqqat-e’tibori, ularning har qaysisi — uning ayni damdagi holati. E’tibor qildingmi, men toʻxtatib qoʻyadi degan iborani ishlatdim. Bu bilan men fojia tuygʻusining turgʻunligini, harakatsizligini ta’kidlayapman. Aniqrogʻi, dramatik tuygʻuning. Soxta, haqiqiy boʻlmagan san’at paydo qiladigan tuygʻular — bu mayl, intilish va nafratlanish, hazar qilish. Mayl-ragʻbat bizni yaqinlashishga, qoʻlga kiritishga chorlaydi. Nafrat-hazar tuygʻusi tark etish, inkor qilishga undaydi. Bunday tuygʻularni uygʻotadigan san’at — pornografiya va didaktika — haqiqiy boʻlmagan, soxta san’atlar. Shu bois, bu holatda estetik tuygʻu harakatsiz, turgʻun holatda boʻladi. Fikr toʻxtab qoladi va mayl hamda nafrat tevaragida aylanadi, xolos.
— Sen aytmoqchisanki, san’at mayl-ragʻbatni uygʻotmasligi kerak, demoqchisan, — dedi Linch. — Esimda, men bir kuni senga muzeyda qalam bilan Veneraning dumbasiga ismimni yozganimni aytgan edim. Bu maylga kiradimi?
— Men odatdagi, tabiiy naturani nazarda tutayapman, — dedi Stiven. — Sen menga yana oʻzingning gʻaroyib karmelitlar maktabingda qanday qilib sigir tezagini yeganingni gapirib berganding.

Linch tagʻin otga oʻxshab pishqirdi.
— Ha, shunday ish boʻlgandi! — xitob qildi u.

Stiven hamrohi tomon burildi va bir soniya uning koʻzlariga tik qaradi. Linch kulishdan toʻxtadi va kamsitilganday mulzam boʻlib, uning koʻziga qaradi. Uzun peshayvonli shapka tagidagi choʻzinchoq, ensiz, pachoq boshi allaqanday oʻrmalab yuruvchi jonivorni eslatardi. Xira yiltillab turgan koʻzlari va ruhsiz, oʻlik nazari ham ilonning qarashini yodga solardi. Biroq ayni daqiqadagi uning kamsitilgan, bezovta qarashida odamga xos bir ma’no — ezgin, baxsiz, azob chekkan va dargʻazab qalbning behalovatligi aks etib turgandi.
— Xoʻsh, nima boʻpti, — dedi shunchaki xushmuomala ohangda Stiven, — biz hammamiz jonivorlarmiz. Men ham.
— Ha, sen ham, — dedi Linch.
— Biroq biz hozir ruhiy olamda mavjudmiz, — davom etdi Stiven. — Haqqoniy boʻlmagan estetik vositalar ta’sirida uygʻongan mayl va nafratni faqat ularning tabiatan haqqoniy emasligi uchun estetik tuygʻumas, deyish kamlik qiladi. Chunki ular atigi jismoniy sezgilarga aloqador, xolos. Qoʻrquvni sezganda vujudimiz kichrayadi va asab sistemasiga beixtiyor ta’sir qilgan narsaga javob qaytaradi. Qovogʻimiz, hali anglab, payqab ulgurmasidan burun, koʻzimizga pashsha urilayotganini sezganday, oldindan beixtiyor yumiladi.
— Har doim ham emas, — kinoya qildi Linch.
— Shunday qilib, — davom etdi Stiven. — Sening tanang senga yalangʻoch haykal koʻrsatgan ta’sirga javob qaytargan, biroq bu, takror aytaman, asab sistemasining gʻayriixtiyoriy reaksiyasi. Musavvir tomonidan aks ettirilgan goʻzallik esa bizda, jismoniy sezgi deb atash mumkin boʻlgan, yuzki ehtiros va hissiyotlarni paydo qila olmaydi. U estetik stasisni, ya’ni ideal mehr-shafqatni yoki ideal qoʻrquvni — yuksak darajada yuzaga keladigan, davom etadigan va nihoyat, men goʻzallik ritmi, deb ataydigan tuygʻuga aylanadigan taassurotni uygʻotadi yoki uygʻotishi lozim, paydo qiladi yoki paydo qilishi kerak.
— Buni endi qanday tushunsa boʻladi? — soʻradi Linch.
— Ritm, — dedi Stiven, — bu har qanday estetik butunlikda qismlarning oʻzaro ilk yuzaki estetik aloqalari yoki estetik butunlikning uning qism yo qismlariga yoxud estetik butunlikdagi har qanday qismning butunlikka yalpi munosabati.
— Agar bu aytganlaring ritm boʻlsa, — dedi Linch, — unda marhamat qilib ayt-chi, sen nimani goʻzallik deb ataysan? Yana, iltimos, unutmaginki, men faqat goʻzallik oldida ta’zim qilaman.

Xuddi birovga salom berayotganday, Stiven shapkasini koʻtarib qoʻydi. Keyin, biroz qizarinqirab, Linchning kamzulining yengidan ushladi.
— Biz haqmiz, — dedi u, — boshqalar esa adashadilar. Bu narsalar haqida gapirish, ularning siru sinoatini bilishga urinish va sirini anglab-bilib, sekin-asta, qat’iyat va izchillik bilan ta’riflash, tavsiflash, zamindagi oddiy narsa-hodisalardan: tovush, shakl yoki ranglarni his etishdan uygʻongan tuygʻularga, qalbimizning bu zimiston qa’rlariga nazar tashlash — biz ilgʻagan goʻzallik timsollari — san’at deganlari aslida mana shu.

Ular kanal ustidagi koʻprikka yaqinlashishdi va yoʻldan burilib, daraxtlar tagidan yurib ketishdi. Koʻlmak suvda aks etgan kir-kulrang shu’la va tepalaridagi nam shox-shabbalarning hidi — barchasi Stivenning fikrlash tarziga zidday tuyulardi.
— Biroq sen mening savolimga javob bermading, — dedi Linch, — san’at nima oʻzi? U ifodalagan goʻzallik nima?
— Buni men senga, badbaxt, qovoqkalla hayvonga aytgan birinchi ta’rifimdayoq bayon qilgan edim, — dedi Stiven, — oʻshanda men bu savolning javobini endi ichimda pishitib olayotgan edim. Oʻsha oqshom esingdami? Krenlining achchigʻi chiqqan va uiklou choʻchqasining goʻshti haqida gapira boshlagan edi oʻshanda.
— Esimda, — dedi Linch. — Esimda, uning oʻsha la’nati semiz choʻchqalar haqida gapirgani.
— San’at, — dedi Stiven, — bu insonning predmetni estetik butunlikda aqlga muvofiq yoki sezgi-idroki orqali qabul qilish qobiliyati. Choʻchqalar haqida eslaysan-u, bu gaplarni esa esingdan chiqaribsan-da. Sen bilan Krenliga oʻzi ishonib boʻlmaydi.

Linch bulutli kulrang osmonga qarab, aftini burishtirdi.
— Modomiki, men sening estetik falsafangni tinglashga mahkum ekanman, unda hech boʻlmasa, menga yana bitta sigareta ber. Bu gaplar meni umuman qiziqtirmaydi. Hatto ayollar ham meni qiziqtirmaydi. Jin ursin, sizlarni! Boshimga uramanmi bu gaplarni! Menga bir yilda besh yuz funt toʻlaydigan ish kerak. Menga shunday ishdan gapir, mard boʻlsang.

Stiven unga sigaret qutisini uzatdi. Linch qutidagi oxirgi sigaretani olib, dedi:
— Davom et.
— Foma Akvinskiy aytadi,— dedi Stiven, — bizning idrokimizga xush yoqqan narsa goʻzaldir.

Linch boshini irgʻadi.
— Esimda, — dedi u. — Pulcra sunt guaye visa placent.
— U visa soʻzini ishlatadi, — davom etdi Stiven, — bu bilan har qanday estetik idroklashni: koʻrish, eshitish yoki idroklashning boshqa turlarini nazarda tutadi. Bu soʻz, mujmal boʻlishiga qaramay, baribir bizda mayl va nafrat hissini uygʻotadigan yaxshi yoki yomon tushunchani istisno qilish uchun yetarli darajada aniq. Shubhasiz, bu soʻz stasisni nazarda tutadi. Xoʻsh, haqiqat nima? Haqiqat ham ongning stasisini uygʻotadi. Sen hech qachon toʻgʻriburchakli uchburchak gipotenuzasiga ismingni qalam bilan yozib qoʻymasding.
— Hecham, — dedi Linch, — menga Veneraning gipotenuzasini koʻrsat, yozaman.
— Demak, bundan chiqdiki, haqiqat muvozanatda, turgʻun. Nazarimda, Platon aytgan, goʻzallik — haqiqat yogʻdusi, deb. Fikrimcha, bu ta’rif haqiqat va goʻzallik bir-biriga aynan oʻxshash, degan ma’nodan boshqa ma’noni bermaydi. Haqiqat aql bilan anglanadi, goʻzallik tasavvur orqali qabul qilinadi. Haqiqatga tomon tashlangan birinchi qadam — aqlning chegaralarini va imkoniyatlarini anglashdan, tushunishga harakatning oʻzini tushunib olishdan iborat. Aristotelning butun falsafiy sistemasi uning psixologiyaga bagʻishlangan asarlari zamirida yotadi, bu asarlar oʻz navbatida uning ayni bir atribut bir paytning oʻzida va bir xil munosabat bilan ayni bir sub’ektga tegishli boʻlishi va tegishli boʻlmasligi mumkin, degan fikriga tayanadi. Goʻzallikka tomon tashlangan birinchi qadam — tasavvurning chegaralarini va imkoniyatlarini anglab olmoq, estetik idroklashga harakatning oʻzini tushunishdan iborat. Tushunarlimi?
— Biroq goʻzallik oʻzi nima? — betoqat boʻlib soʻradi Linch. — Biror boshqa aniqroq ta’rifini ayt-chi. Qaraganingda koʻzing quvonadigan narsami u? Nahotki, Foma Akvinskiy bilan ikkalangning bor bilganlaring shular boʻlsa?
— Masalan, ayolni olaylik, — dedi Stiven.
— Xoʻp, olaylik, — dedi qizishib Linch.
— Yunonlar, turklar, xitoyliklar, koptlar, gottentotlar — ularning har qaysisida ayolning goʻzalligi haqida oʻzining ideali bor, — dedi Stiven. — Bu shunaqa chalkash masalaki, boshi-ketini topolmaysan. Biroq men unda ikki xil yechimni koʻraman. Birinchi taxminga koʻra, ayollarning erkaklarda ragʻbat uygʻotadigan har qanday jismoniy latofati erning naslini davom ettirishi bilan bogʻliq, deb qaraladi. Balki haqiqatan shundaydir. Hayot, sen tasavvur qilganingdan koʻra, zerikarliroq, Linch. Biroq bunday xulosa mening koʻnglimga oʻtirmaydi. Chunki u estetikadan koʻra, koʻproq yevgenikaga taalluqli. Bu xulosa seni chalkash yoʻllardan yangigina, didsizlik bilan boʻyab-bejalgan auditoriyaga olib boradi va u yerda oʻzing bilgan Makkenn bir qoʻlida «Turlarning kelib chiqishi»ni, boshqasida Yangi Ahdni ushlagancha, senga oʻzing bilgan — Veneraning boʻliq sonlarini yoqtirishingni, u senga sogʻlom bolalar tugʻib berishini, sening va oʻzining bolalarini toʻyimli sut bilan boqishini — oʻzing bilgan narsalarni tushuntiradi.
— Bu Makkenn uchiga chiqqan badboʻy shumqiliq! — dedi azbaroyi ishonch bilan Linch.
— Yana boshqa bir yechim ham bor, — dedi kulib Stiven.
— Xoʻsh, qanaqa? — soʻradi Linch.
— Yana bir taxmin... — deb boshladi Stiven.

Ser Patrik Dan kasalxonasining muyulishidan temir-tersak ortilgan uzun arava chiqib keldi, uning shovqin-suroni Stivenning gapini oxirigacha eshittirmay qoʻydi. Linch quloqlarini bekitdi va arava oʻtib ketguncha ijirgʻanib soʻkinib turdi. Keyin keskin ortga burildi. Stiven ham burildi va hamrohining jazavasi bosilishini kutib, bir necha soniya jim turgach, dedi:
— Bu taxmin oldingisining aksini taklif etadi. Garchi ayni bir ob’ekt hamma uchun birday goʻzal boʻlib tuyulmasa-da, biroq unga oshufta boʻlgan har qaysi odam bu ob’ektdan muayyan estetik tasavvurning u yoki bu darajasiga mos, oʻziga ma’qul mutanosiblikni koʻradi. Shunday qilib, tuygʻu bilan anglanadigan, senga bir shaklda, menga boshqa bir shaklda koʻrinadigan bu uygʻunlik goʻzallikning muhim sifati sanaladi. Shu oʻrinda biz yana keksa birodarimiz Fomaga murojaat qilishimiz va undan toʻrt pullik hikmat qarz olib turishimiz mumkin.

Linch xoxolab kuldi.
— Juda qiziq, — dedi u, — har qadamda sen uni eslayverasan, xuddi xushchaqchaq meshqorin rohibday. Gaplaring jiddiymi oʻzi?
— Makalistr, — javob qildi Stiven, — mening estetik nazariyamni Foma Akvinskiy nazariyasiga amaliy qoʻllanma, deb atagan boʻlardi. Filosofiyada estetikaga doir neki boʻlsa, bu masalada men Akvinskiyga ergashaman. Biroq biz badiiy gʻoya fenomeniga yondashganimizda, badiiy gʻoya qanday olib kirilishi va singdirilishiga kelganimizda menga yangi terminologiya va yangi shaxsiy tajriba zarur boʻladi.
— Albatta, — dedi Linch, — axir, Akvinskiy oʻzining aqlliligiga qaramay, bir dilkash meshqorin rohib boʻlgan, xolos. Biroq yangi shaxsiy tajriba va yangi texnologiya haqida sen menga boshqa safar aytarsan. Hozir birinchi qismini muxtasar qila qol.
— Kim biladi, — dedi Stiven kulimsirab, — ehtimol, Akvinskiy meni sendan koʻra yaxshiroq tushunarmidi. U shoir edi. Otashin payshanbada aytiladigan madhiyani u yozgan. Madhiya: Pange, lingua, gloriosi[13] coʻzlari bilan boshlanadi va uni bejiz shirinsuxanlarning eng yaxshisi, deb hisoblashmagan. Bu murakkab, chuqur taskin beradigan madhiya. Men uni yaxshi koʻraman. Biroq hech bir madhiya Venansiy Fortunatning xochli namoyishda kuylanadigan tantanavor Vexilla Regis[14] qasidasiga tenglasholmaydi.

Linch sokin, tantanavor ohangda, doʻrillagan ovoz bilan xirgoyi qila boshladi:

Impleta sunt guae coneinit
David fideli carmine
Dicendo nationibus
Regnavit a ligno Deus[15]

— Zoʻr, — zavq bilan yakunladi u. — Mana bu muzika!

Ular Quyi Maunt-stritga burilishdi. Muyulishdan bir necha qadam oʻtishganda, ipak sharf boylagan semiz yosh yigit ular bilan salomlashdi.
— Imtihonlarning natijalari haqida eshit-dinglarmi? — deb soʻradi u. — Griffin yiqildi, Xelpin bilan OʻFlinn ma’muriy fuqarolik ishlari boʻlimi boʻyicha oʻtishdi. Munen hind ma’muriy ishlar boʻyicha beshinchi boʻlib oʻtdi. OʻShonnessi oʻntoʻrtinchi boʻlib oʻtdi. Klarkning qoʻlida ishlaydigan irlandlar ularga ziyofat uyushtirishdi, hammasi kerri yeyishdi.

Uning qonsiz, soʻljaygan yuzidan muloyim ichiqoralik aks etib turar, yogʻ bosgan kichkina koʻzlari xabarlarni yetkazishiga mos tarzda qisilib, butunlay koʻrinmay qolar, chiyillagan tovushi zoʻrgʻa eshitilardi.

Stivenning savoliga javob qaytarayotib uning koʻzchalari kosasidan chiqquday boʻlar edi.
— Ha, Makkalli bilan men, — dedi u. —Makkalli nazariy matematikani tanladi, men — tabiiy tarixni. U yerda programmada yigirmata fan bor. Men yana botanikani tanladim. Oʻzlaringga ma’lum-ku — men endi dala klubining a’zosiman.

U sollanib bir qadam ortga tisarildi, jun qoʻlqopdagi semiz qoʻllarini koʻksiga qoʻydi, bu joydan chiyillaganga oʻxshash hirqiroq kulgi tovushi chiqdi.
— Keyingi safar, dalaga chiqqaningda, bizlarga sholgʻom bilan piyoz olib kel, — dedi tundlik bilan Stiven, — dimlab goʻsht pishiramiz.

Baqaloq talaba takabburlik bilan kulib yubordi va dedi:
— Bizning dala klubimiz jamoasiga hurmatli insonlar yigʻilgan. Oʻtgan shanba kuni hammamiz birvarakayiga Glenmalyur ga bordik.

—Ayollar bilanmi, Donoven? — soʻradi Linch.

Donoven yana qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, dedi:
— Bizning maqsadimiz — bilim olish.

Shunday deb u darhol qoʻshib qoʻydi:

—Mening eshitishimcha, sen estetika boʻyicha ma’ruza yozayotganmishsan?

Stiven noaniq, yoqtirmagan ishora bilan javob qildi.
— Gyote va Lessing bu mavzuda koʻp yozishgan, — dedi Donoven. — Klassik maktab, romantika maktabi va hokazolar. «Laokoon» meni juda qiziqtirib qoʻydi. Albatta, bu asar idealizm mafkurasi bilan sugʻorilgan, sof nemischa va judayam chuqur...

Hech kim gap qoʻshmadi. Donoven ular bilan muloyim xayrlashdi.

—Xoʻp menga ruxsat, — dedi u mayin va dilkash ohangda. —Men judayam, hatto aytish mumkin boʻlsa, ishonchga yaqin darajadagi xavotirdamanki, singilchalar bugun Donovenlarning tushligiga quymoq tayyorlashayotgan boʻlishsa kerak.

—Xayr, — dedi Stiven uning ortidan, — sholgʻom bilan piyozni yodingdan chiqarma.

Linch uning ortidan qarab, nafrat bilan lablarini burishtirdi, basharasi iblis niqobiga oʻxshab ketdi.
— Oʻylaysanmi, bu shumqiliq, quymoqxoʻr muttaham yogʻli joyga joylashib olishi hech gap emas, — dedi u nihoyat, — men esa xashaki tamakini tutatib yuraverishim kerak.

Ular Merrion-skverga burilishdi va biroz jim ketishdi.
— Goʻzallik haqida aytganlarimni yakunlay, — davom etdi Stiven. — Tuygʻu bilan erishiladigan nisbatan rohatbaxsh uygʻunlik, shu tariqa badiiy idroklashning muhim bosqichlariga mos kelishi lozim. Ularni topa bilsang, mutlaq goʻzallik xossasini topasan. «Ad pulcritudinem tria reguiruntur integritas, consonantia claritas», deydi Foma Akvinskiy. Men buni shunday tarjima qilaman: «Goʻzallikning uchta sharti bor: butunlik, garmoniya, nur». Xoʻsh, bu idroklashning bosqichlariga mos keladimi? Senga tushunarlimi?
— Albatta, — dedi Linch. — Agar sen mening yelkamdagi kallani qovoq deb oʻylayotgan boʻlsang, yugur, Donovenni toʻxtatib, gaplaringni tinglashini undan iltimos qil.

Stiven goʻsht doʻkonining sotuvchisi boshiga kiyib olgan savatchaga ishora qildi:
— Mana bu savatchaga qara, — dedi u.
— Xoʻsh, koʻryapman, — javob qildi Linch.
— Bu savatchani koʻrish uchun, — dedi Stiven, — sening onging, avvalo, uni tevarakdagi olamdan ajratib oladi, tevarak olam savatcha emas. Idroklashning birinchi bosqichi — bu idroklanayotgan ob’ekt bilan chegaralanadigan marra, chiziq. Estetik obraz bizga makon yoki vaqt doirasida namoyon boʻladi. Quloq orqali idroklanadigan narsa vaqt doirasida, koʻz orqali idroklanadigani — makonda namoyon boʻladi. Biroq vaqtdami yoki makondami — estetik obraz, avvalo, makon va zamonning bepoyon fonida oʻzicha cheklangan yoki oʻzicha mustaqil ob’ekt sifatida idroklanadi. Sen uni alohida bir narsa sifatida qabul qilasan. Bir butun narsa sifatida koʻrasan. Uni yaxlitlik tarzida idrok etasan. U ayni integritazning oʻzi.
— Nishonga aniq tegdi, — dedi Linch. — Qani, davom et.
— Keyin, — davom etdi Stiven, — sen bir nuqtadan boshqasiga oʻtib, shaklning sirtiga koʻz yugurtirasan va narsani, uni ichidan tashkil etgan, qismlari muvozanatida anglaysan. Sen uning qurilishi ritmini his etasan. Boshqacha aytganda, bevosita idroklash sintezidan keyin fahmlash analizi keladi. Dastlab bu allaqanday butunlik ekanini idroklagan boʻlsang, endi sen uni bir narsa deb his etasan. Sen uni muvofiq, uygʻun yaxlitlik, murakkab, boʻlinuvchi, qismlardan tashkil topgan, shu qismlarning natijasi, ularning majmui deb qabul qilasan. Bu consonanta boʻladi.
— Nishonga aniq urding, — dedi kulib Linch. — Endi menga claritas haqida tushuncha ber, sigareta mendan.
— Bu soʻzning ma’nosi unchalik aniq emas, — dedi Stiven. — Foma Akvinskiy ishlatgan termin, meningcha, mavhumroq. Meni u ancha chalgʻitdi. Uning ta’rafidan gap idealizm va simvolizm haqida ketayotgani anglashiladi: uningcha, goʻzallikning oliy mohiyati — allaqanday boshqa olamdan taralayotgan nur, ayni paytda mavjudlik — atigi uning soyasi, materiya — uning timsoli, xolos. U claritas soʻzida hamma narsada zuhur boʻluvchi ilohiy niyatning, rejaning badiiy inkishofini va mujassamlashuvini nazarda tutgan, demak, claritas — bu estetik obrazga umumiy mohiyat bagʻishlaydigan va uni ichdan yoritib turadigan umulashtiruvchi kuch, deb oʻyladim. Endi esa buni men shunday tushunaman: sen dastlab savatchani allaqanday yaxlit narsa deb qabul qilding, keyin uni, shakl nuqtai nazaridan kuzatib, bir buyum ekanini anglading — mantiqiy va estetik nuqtai nazardan oʻrinli sintez shunday. Sen koʻrib turibsan — koʻz oldingda shu buyum turibdi, boshqa narsa emas. Akvinskiy aytgan nur suxolastikada — guidditas — gʻoyibdan berilgan xabar belgisi. Bu oliy sifat ijodkor tomonidan, dastlab uning idrokida estetik obraz tugʻila boshlagan chogʻda, his etiladi. Shelli buni alanga olayotgan koʻmirga juda chiroyli qiyoslagan: bu shunday lahzaki, unda goʻzallikning oliy sifati, estetik obrazning yorqin yogʻdusi ong orqali aniq-tiniq anglanadi; bu yogʻdu sochuvchi estetik zavqdan soʻzsiz, tovushsiz stasisi, ruhiyatning uygʻoq lahzasi yurakning ajab holatiga juda oʻxshaydiki, bu holatni italyan fiziologi Lundji Galvani hatto Shellinikidan kam boʻlmagan goʻzal lutf bilan yurak afsuni, deb chiroyli ta’riflagan.

Stiven jimib qoldi, garchi hamrohi gapirmayotgan boʻlsa-da, oʻzining aytgan gaplari fikrlar afsunidan iborat gʻalati sukunat paydo qilganday tuyuldi.
— Mening aytganlarim, — davom etdi u, — keng ma’nodagi, adabiy an’analarga bogʻliq boʻlgan goʻzallik ma’nosidagi soʻzga taalluqli. Biz goʻzallik haqida gapirib, bu soʻzning ikkinchi darajadagi ma’nosini nazarda tutganimizda, mulohazalarimiz, avvalo, san’atning oʻziga va uning turlariga taalluqli boʻladi. Obraz, oʻz-oʻzidan ravshanki, ijodkorning ongi va tuygʻularini boshqa kishilarning ongi va tuygʻulari bilan bogʻlaydi. Agar buni yodda tutsak, u holda, albatta, san’at uch xilga boʻlinadi, degan xulosaga kelamiz; ya’ni lirika, bunda ijodkor oʻz-oʻziga bevosita munosabatidan kelib chiqib obraz yaratadi; epos, bunda ijodkor oʻziga yoki boshqalarga bevosita munosabatidan kelib chiqib obraz yaratadi; va, drama, bunda obraz boshqalarga bevosita munosabatdan kelib chiqib yaratiladi.
— Sen buni menga bir necha kun oldin tushuntirganding, — dedi Linch, — oʻshanda rosa bahslashganmiz ham.
— Uyimda mening bir daftarim bor, — dedi Stiven, — unda oʻsha kuni sen menga bergan savollaringdan koʻra qiziqroq savollar yozilgan. Ana shu savollar ustida bosh qotirib, men gʻaroyib estetik nazariyani oʻylab topdim, hozir senga uni tushuntirishga urinib koʻraman. Mana, men oʻylab topgan savollar: chiroyli qilib yasalgan stul fojiyaviymi yoki kulgilimi? Shunday deyish mumkinmi: Mona Liza portreti shuning uchun chiroyliki, men unga qaraganimda rohatlanaman? Filip Kremptonning byusti lirikmi, epikmi yoki dramatikmi? Yoʻq deydigan boʻlsak, sababi nimada?
— Haqiqatan ham, sababi nimada? — dedi kulib turib Linch.
— Agar odam, qahr bilan boltani gʻoʻlaga urib, sigir shaklini boʻlaklab tashlasa, — davom etdi Stiven, — bu tasvir san’at asari boʻla oladimi? Yoʻq deydigan boʻlsak, sababi nimada?
— Bu zoʻr gap boʻldi, — dedi Linch, yana kulib. — Haqiqiy sxolastik safsata.
— Lessing, —dedi Stiven, — haykaltaroshlik toʻgʻrisida yozmagani ma’qul edi. Haykaltaroshlik u qadar yuksak san’at emas va shu boisdan ham, oʻsha men aytgan, san’at turlarini oʻzida lozim darajada aks ettirmaydi. Hatto adabiyotday yuksak va oʻta ruhiy-ma’naviy san’atda ham san’at turlari koʻpincha qorishgan boʻladi. Lirik tur — bu, mohiyatan, ehtirosli lahzaning oddiy soʻzlarga oʻrab berilgan koʻrinishi, ming yillar burun, qadim zamonda odam mashaqqat chekib eshkak eshib yoki togʻda tosh tashib oʻziga-oʻzi dalda berib bexosdan aytib yuborgan ritmik xirgoyisi. Bunday xirgoyi ehtirosli lahzanigina anglatadi, ehtirosni yuragidan kechirayotgan odamni emas. Oddiy epik shakl lirik adabiyotdan tugʻiladi, bunda ijodkor epik hodisaning markazi sifatida diqqat-e’tiborni oʻziga qaratadi, ehtirosning ogʻirlik markazi oʻzgarmaguncha va ijodkor oʻzidan hamda boshqalardan uzoqlashmaguncha bu shakl rivojlanadi, takomillashadi. Endi bu holda hikoya tarzi shaxsiy boʻlishdan toʻxtaydi, ijodkor shaxsi hikoya tarziga koʻchadi, rivojlanadi, harakatda boʻladi, xuddi tiriklik manbai boʻlmish dengizday toʻlgʻanadi, kishilar atrofida aylanadi. Ayni shunday hodisa rivojini biz qadim ingliz balladasi «Terpin — qahramon»da kuzatamiz; unda dastlab hikoya birinchi shaxs tilidan olib borilsa, oxirida uchinchi shaxs tiliga koʻchadi. Dramatik shakl shu lojuvard dengiz toʻlqinlanganda, ya’ni sahnada harakat qilayotgan har bir odamni oʻziga tortib, barchasini hayotiy kuch bilan quvvatlantirganda paydo boʻladi, bundan ularning har biri oʻz shaxsiy estetik mavjudliklarini kasb etadi. Ijodkor shaxsi — bu, avvalo, xirgoyi, ritmik nido yoki tovushlar uygʻunligi, keyin u bir maromda oquvchi, oʻzgaruvchan ohanglardagi dostonga aylanadi; oxir-oqibat san’atkor asarda oʻzining ishtirokini nihoyatda nozik, sezilmaydigan darajagacha olib keladi, boshqacha aytganda, shaxsiy xususiyati, qiyofasini yoʻqotadi. Dramatik shakldagi estetik obraz — tasavvur orqali tozargan va amalga oshirilgan hayot. Moddiy yaratuvchilikka oʻxshatish mumkin boʻlgan estetik ijodning siru asrorlari, imkoniyatlari yakun topdi. San’atkor yaratuvchi-tangri kabi, botinda, ortda, tepada yoki oʻz yaratganining tashida qoladi, oʻta noziklashadi, sezilmaydigan darajaga keladi.
— Ularni ham oʻta noziklashtirishga, sezilmaydigan darajaga keltirishga urinib, — qoʻshimcha qildi Linch.

Tepadan, bulutlar qoplab olgan osmondan mayda yomgʻir tomchilari tusha boshladi va ular jala quyib bermasidan burun Milliy kutubxonaga yetib olishga ulgurish uchun maysazorga burilishdi.
— Buncha jagʻing ochildi sening, — dedi tajanglik bilan Linch, — goʻzallik haqida ogʻiz koʻpirtirib, bu baxtiqaro, tangri marhamatidan benasib oroldagi xayolu farazlaringni javraganing-javragan. Oʻsha yaratguvchi-ijodkor mana shunday bema’nilikni yaratib qoʻyib, oʻzi kelgan joyiga daf boʻlgani nahot seni ajablantirmaydi.

Yomgʻir kuchaydi. Ular irland Qirollik akademiyasining darvozasiga yetganda kutubxona ayvonida yomgʻirdan panalab turishgan talabalarni koʻrishdi. Krenli ustunga suyanib, tishini gugurt choʻpi bilan kovlagancha, oʻrtoqlarining gapini tinglardi. Tashqariga chiqiladigan eshik oldida bir nechta qiz turishibdi. Linch Stivenga shipshidi:
— Sening mahbubang shu yerda.

Stiven yomgʻirning tobora kuchayib borayotganiga e’tibor qilmay, talabalardan bir zina quyiroqdan joy egalladi va ora-sira qiz turgan tomonga qarab qoʻydi. Qiz ham dugonalari davrasida miq etmay turardi. «Ruhoniy yoʻq — ermak qilgani yoʻq biror kimsa», deya u alam bilan qizni oxirgi marta qachon koʻrganini esladi. Linch toʻgʻri aytdi. Haqiqatan ham uning aqli nazariy muhokamalardan boshqasiga yaramay qolgan.

U talabalarning gapiga quloq soldi. Ular hozirgina bitiruv imtihonini topshirishgan tibbiyot fakultetidagi doʻstlari haqida, okeanda suzadigan kemaga qanday qilib ishga joylashish mumkinligi, daromadli va daromadsiz amaliy mashgʻulotlar haqida gaplashishardi.
— Bular bari bir tiyin. Irland qishloqlaridagi amaliy mashgʻulotlarning nafi katta boʻladi.
— Xaynz Liverpulda ikki yil boʻldi, uyam xuddi shunday fikrda. Akusherlikdan boshqa hech ish yoʻq deydi.
— Xoʻsh, seningcha, bunday boy shahardan koʻra, qishloqda ishlash yaxshi ekanmi? Mening bir tanishim bor.
— Xaynzgayam ishonadimi odam, miya yoʻgʻu unda. Qoriday yodlab baho olardi, faqat yodlab.
— Nimasini gapirasan oʻshani... Katta shaharda zoʻr pul topsa boʻladi.
— Hammasi tajribaga bogʻliq.
— Ego credo vita panperum est simpliciter atrox, simpliciter sanguinarius atrox, in Liverpoolio[16].

Ularning ovozlari Stivenning qulogʻiga juda uzoqdan sezilar-sezilmas eshitilayotgan edi. Qiz dugonalari bilan ketishga chogʻlandi.

Qisqa, yengil jala quyib oʻtdi, qorayib ketgan yerdan bugʻ koʻtarildi. Qizlar poshnalarini taqillatishdi; ular ustunlar yonida, zinapoyada turishar, ochilib-sochilib gaplashishar, osmondagi bulutlarga qarab qoʻyishar, yomgʻirning soʻnggi tomchilariga shamsiyalarini tutishar va yana yigʻishtirib, nozu ishva bilan koʻylaklarining etagini koʻtarib, silkib qoʻyishardi.

U qizni qoralaganda me’yoridan oshirib yubormadimikan? Nima boʻpti, axir, u kunlarini boʻm-boʻsh oʻtkazayapti-ku, xuddi erkin qushchaday tongda chaq-chaq, kunduz pirillab uchib, shomda charchab — oʻtkinchi hoyu-havaslarga sovurmayaptimi? Yuragi ham qushchanikiday hurkak, oʻjar emasmi?

* * *

Tong yorishganda u uygʻondi. Oʻ, qanday yoqimli musiqa! Ruhi shudringga choʻmilgan bargday yengil va toza. Quyoshning oppoq, tafsiz nurlari uning hali uyqu tark etmagan badanida sirgʻaladi. U qimir etmay yotar, ruhi esa sokin yoqimli musiqa ogʻushida, salqin, orombaxsh nur quchogʻida yayraydi. Idroki asta-sekin uygʻonib, ertalabki bilim, ertalabki ilhomni oʻziga singdirib olmoqqa chogʻlanadi. Borligʻini suvday toza, shudringday shaffof, musiqaday shiddatli bir koʻtarinki kayfiyat egalladi. U shu qadar yengil va shu qadar huzurbaxsh, goʻyo unga oliy maqomdagi farishtalar dam solganday edi. Ruhi goʻyo lazzatli holatini yoʻqotib qoʻyishdan choʻchiganday, ohista uygʻonardi. Bu shunday bir sohir tong pallasi ediki, ayni damda anvoyi gullar nurga yuzlanib qulf urib ochiladi, kapalaklar sassiz parvoz qiladi.

Yurak qaynab-toshadi! Oqshom afsungar misol sehrli edi. Tushidami yoki oʻngidami, u oʻzini yoʻqotar darajada zavq-shavq tuydi. Bu jazavali lahzalar qancha davom etdi: faqat bir afsunli daqiqami yoki bir necha soat yoki yillar va asrlarga choʻzildimikan?

Ilhom lahzalari endi bir yoʻla hamma yoqdan — roʻy bergan yoki roʻy berishi mumkin boʻlgan son-sanoqsiz xayoliy tasodiflardan koʻrinish berayotganday tuyuladi. Lahza xuddi yogʻduday yarq etdi va mana, tasodifiy, noayon shakl uning nurli izini chulgʻab olayotir. Oʻ, tasodifning bokira quchogʻida Soʻz yetilayotir. Tangri elchisi farishtalar sarkori Gavriil Bibi Maryam dargohiga tushib keldi1. Porloq nur uning ruhini chulgʻadi, qip-qizil qaynoq yogʻduga aylanib toshdi va ruhi alanga otashiga burkandi. Qip-qizil qaynoq yogʻdu — bu bokiraning oʻjar, sirli-sehrli yuragi: uni burun payqashmagan, keyin ham sezmadilar, abadiy sirli-sehrli va oʻjar yurakni. Va bu qip-qizil qaynoq nurdan sarxush boʻlgan farishtalar qavmi koʻk toqidan qulab tushadi.

Toliqdinmi qaynoq nurlarda
Mahzun jonni sehriga olgan?
Uxla, yodim, kunlar sehrila.

Idrokining tub-tublaridan satrlar lablariga quyulib keldi va ularni pichirlab aytib, u villanella ohangi qanday paydo boʻlishini his etdi. Shaffof yogʻdu qofiyalarni yoritadi: nurlarda, sehrila, koʻzingda. Lov etib yongan alanga olamni nurafshon etgan, odamlar va malaklarning yuragini yoqqan; atirgul yolqini bokiraning oʻjar yuragi.

Olovlanar yurak koʻzingda
Qismatiga egadirsan san.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Davomi-chi? Ohang yoʻqolib qoldi, oʻchdi, yana paydo boʻldi va jonlana boshladi. Davomi-chi? Tutun, olam mehrobidan taralayotgan xushboʻy tutatqi.

Fimiam tutuni koʻkda suzar-da
Hatto yer qa’ri-yu dengizga koʻchar.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?

Yer yuzi boʻylab xushboʻy tutatqi dudi oʻrlaydi, bugʻga choʻlgʻangan okeanlardan koʻtariladi — barchasi Bokira sharafiga! Yer — sokin chayqalayotgan isriqdon, tutantiriq solingan shar. Ohang tuyqusdan yoʻqoldi. Yurak faryodi uzilib qoldi. Lablari ilk misralarni qayta-qayta pichirladi. Keyin, adashib, tagʻin bir necha satrlarni pichirladi va duduqlanib, jimib qoldi. Yurak faryodi uzilib qoldi.
Tumanli, shabadasiz sokin damlar oʻtdi, parda tutilmagan deraza ortida tong yorugʻi yoyildi. Allaqayerdan jomning hazin sadosi eshitildi. Qushcha chirqilladi, mana, yana chirqilladi, yana... Keyin jom chaldi — qushlar tinchidi; xira, oqish yogʻdu olamni chulgʻab sharqu gʻarbga quyiladi, uning yuragini qizil shafaqqa burkaydi.

Unutib qoʻyishdan choʻchib, u chaqqon tirsagiga tayanib turdi, qogʻoz va qalam qidirdi. Stolda kecha kechqurun oʻzi guruchli ovqat yegan chuqur taqsimcha, shamning erib tushgan qoldiqlari va kuygan qogʻozlar uyumidan boshqa hech vaqo yoʻq edi. U qoʻlini horgʻin choʻzib karavotning suyanchigʻiga tashlab qoʻyilgan kamzulining choʻntagini kovlay boshladi. Barmoqlariga qalam va sigaret qutisi ilindi. U yana choʻzildi, qutini yirtib, oxirgi papirosni olib deraza peshtaxtasiga qoʻydi va dagʻal kartonga mayda aniq harflar bilan villanellaning bandlarini qoralay boshladi.

She’rni yozib boʻlib, gʻijimlangan yostiqqa boshini tashladi va tagʻin misralarni pichirlab takrorladi. Boshiga yostiq ichida toʻda boʻlib qolgan patlarning botayotgani yotoqdagi divanga tushgan ot qilining uyumini yodiga soldi. Odatda u shu joyda — goh jilmayib, goh xayolga tolib oʻtiradi, shunday damlarda qizdan ham, oʻzidan ham norozi kayfiyatda, idish-tovoq joylangan shkaf ustidagi toshbosmada bosilgan Isoning muqaddas yuragi suratidan dili xijil boʻlib, oʻzidan: nega bu yerga keldim, deb soʻraydi. Suhbat toʻxtaydi, qiz uning qoshiga keladi va yoqimli ashulalardan birortasini kuylab berishini soʻraydi. U eski pianino roʻparasiga oʻtiradi, sargʻaygan klavishlarni bir-bir bosib, yana boshlangan oldi-qochdi gaplar ogʻushida qizga — u kamin oldida turibdi — yelizaveta zamonining ayriliq azobidan beozor shikoyat qilgan oshiqning goʻzal ashulasini, Azenkur boʻyidagi gʻalaba qoʻshigʻini va suyumli «Yashil yenglar» qoʻshigʻini kuylaydi. U kuylayotganda qiz eshitadi yoki oʻzini eshitayotganday qilib koʻrsatadi, uning yuragi esa xotirjam, biroq qadimgi nafis ashulalar tugaganda va tagʻin qulogʻiga oldi-qochdi gap-soʻzlar chalinganda, beixtiyor bu uyda hademay yoshlarni sansirab, ismini aytib chaqira boshlashlari haqidagi istehzoli mulohazasi yodiga tushadi.

Ayrim lahzalarda qizning koʻzlari unga ishonch bilan qarayotganday tuyuladi, biroq uning umidi oqlanmaydi. Endi uning xotirasida qiz yengil raqsga tushgan, xuddi oʻsha koʻngilochar oqshomdagiday, keng-moʻl oppoq koʻylakda, sochlariga oq gullarni butogʻi bilan tangʻigan koʻyi jonlanadi. Qiz nigohini xiyol chetga burgan, yonoqlari nim pushti tovlanadi. Joʻr boʻlganlarning qoʻl ushlashgan halqasi siqib kelganda qizning qoʻllari bir lahza mayin, nozik sovgʻaday uning qoʻllariga qoʻndi.
— Siz anchadan beri koʻrinmaysiz.
— Ha, men ruhoniytabiatroqman.
— Shakkokmisiz deb qoʻrqaman.
— Bu sizni qattiq choʻchitadimi?

Javob berish oʻrniga qiz raqs tushib, tutashgan qoʻllar zanjiridan uzoqlashadi, hech kimga tutqich bermay yengil, ozod aylanib oʻynaydi. Sochidagi oq gul butogʻi harakatiga mos tebranadi. Aylanib soya joyga kelganida yonogʻidagi qizillik yanada aniq-tiniq alangalanadi.

Ruhoniy! Uning shaxsiy obrazi roʻparasida qad rostladi: ruhoniylik martabasini xor qilgan, shakkok-fransiskanlik, birida xizmatga xohish bildirib, birida qasam ichadigan, Gerardino da Borgo San-Donninoga oʻxshab, yuzaki qaraganda haqiqatday tuyuladigan, aslida tagi puch safsatalar toʻrini toʻqiydigan va bu bema’ni gaplarni qizning qulogʻiga shivirlaydigan kimsa.

Yoʻq, bu uning obrazi emas. Bu — qiz bilan birga koʻrgani va qiz oʻzining irlandcha soʻzlashuv kitobini titkillab, mehri balqib yuziga qaragan oʻsha yosh ruhoniyning obrazi.
— Xonimlar bizni tinglagani qatnaydilar. Ha, ha! Men bunga kunosha ishonch hosil etayapman. Xonimlar biz bilan birga. Ular irland tilining eng ishonchli ittifoqchilari.
— Cherkov-chi, taqsir Moren?
— Cherkov ham. Cherkov ham biz bilan. U yoqda hali ish ketayotir, cherkovning tashvishini qilib oʻtirmang.

Tfu! Oʻshanda u jirkanib xonani tark etib toʻgʻri qildi. Qizga kutubxona zinasida ta’zim etmay toʻgʻri qildi, unga ruhoniyga noz-ishva qilishga, cherkov bilan, nasroniylikning bu yuvindixonasida hazil-mazax oʻynashga yoʻl qoʻyib berib toʻgʻri qildi.

Qoʻpol, dargʻazab nafrat botinidagi soʻnggi, zoʻrgʻa tutib turgan jazavaning yuragidan otilib chiqishiga sabab boʻldi, tasavvuridagi qizning porloq obrazini chilparchin qilib, siniqlarni toʻrt tarafga itqitdi. Xayolida choratrofdan qalqib chiqayotgan qizning parchalangan akslari jonlanardi: koʻylagi yirtiq, dagʻal sochlari ter bilan manglayiga yopishgan, basharasidan suyuqoyoqligi ayon, oʻzini kambagʻal qizman, deb atagan va undan bir dasta gul sotib olishini oʻtingan gulfurush u; qoʻshni uydagi, idish-tovoqni sharaqlatib «Killarni togʻlari va koʻllari boʻylab»ning birinchi bandlarini qishloqchasiga uv tortib aytadigan xizmatkor xotin u; Kork-xilldagi yoʻlakda yirtiq poyafzali temir panjaraga ilinib-surinib ketganida ustidan kulgan befarosat qiz u; u oʻsha — loʻppigina, ogʻzi oʻymoqday qiz — konditer fabrikasi darvozasi oldida ogʻziga qarab qolganda zavqi toshib unga yelkasi osha: «Hoy, paxmoq baroqqosh, men senga yoqamanmi?» deya qichqirgan behayo.

Uning obrazini qanchalik kamsitmasin, xayolida uni qanchalik xoʻrlamasin, koʻnglidaga gʻashlik qizga nisbatan oʻziga xos ehtirom ekanini u yuragida tuyardi. Oʻshanda u jahl bilan sinfdan chiqib ketdi, biroq nafrati xolis emasdi, chunki qizning uzun qalin kipriklari soya solgan koʻzlarida, ehtimol, oʻz xalqining siru asrorlari bekingandir. Oʻshanda u koʻchalarda sangʻib yurib oʻziga-oʻzi bu qiz — oʻz mamlakati ayollarining timsoli, deya takrorlardi; ha, u qorongʻuda, xilvatda va yolgʻizlikda shuuri uygʻonadigan koʻrshapalakka oʻxshaydi; qalbi hali ehtirosdan xoli, gunohdan forigʻ; hozircha moʻmingina sevgilisi bilan birga, biroq ruhoniyning qulogʻiga yuragidagi pinhon sodda gunohchalarini shivirlash uchun uni tark etishga tayyor. Uning yuragidagi nafrat qizning xushtorlariga nibatan qoʻpol masxaromuz tahqirlarga aylandi, chunki ularning ismi, ovozi va hatto yuz-koʻzlariyoq xoʻrlangan gʻururini toptardi: zotan, ruhoniy shunday erkaklar sirasidanki, uning bir akasi Dublinda politsiyachi, boshqasi Moykallendagi mayxonada oshxona malayi. Shunday odamga, endigina cherkov rasm-rusmlarini oʻrganayotgan kimsaning qulogʻiga qiz oʻzining sharmli sirlarini shivirlab aytadi, unga, oʻlmas tafakkur zahmatkashiga, tajribaning halol nonini abadiy tiriklikning porloq vujudiga aylantirayotgan kishiga esa sirlarini ravo koʻrmaydi.

Qovushish marosimining yorqin manzarasi lahza ichida uning achchiq, noumid oʻy-fikrlarini qovushtirdi va ular tantanavor minnatdorlik madhiyasiga aylandi:

Titroq nola, gʻamli zorlarda
Yerda oʻrlar yaralmoq madhi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Qurbonim-da ochiq qoʻllarda
Jom limmo-lim hayot shavqiga.
Uxla, yodim, hayot sehrila.

U misralarni musiqasi va ohangi ongiga singib, koʻngli taskin topguncha ovoz chiqarib takrorladi; keyin ularni chuqurroq his etish uchun sinchkovlik bilan qayta koʻchirib chiqdi va koʻzi bilan oʻqib, tagʻin yostiqqa boshini tashladi.

Kun allaqachon yorishib ketgan. Chetdan «tiq» etgan tovush eshitilmaydi, biroq u tevaragidagi hayot hayal oʻtmay odatdagi shovqini: qoʻpol ovozlar, uyqu aralash oʻqilgan duolar tovushi bilan uygʻonishini bilardi. Bu hayotdan bekinib, u yuzi bilan devorga oʻgirildi, qalpogʻini bostirib, koʻrpaga boshini burkadi va yirtilgan devorqogʻozdagi rangi oʻchgan qizil gullarni tomosha qilishga chogʻlandi. U gullarning alvon rangidan soʻnib borayotgan sevinchiga madad olishga urindi, uni oʻzicha samoga eltadigan qizgʻish, alvon gullar toʻshalgan yoʻl, deya tasavvur qildi. Qanchalik toliqdi! Judayam toliqdi! Oʻzi ham ularning qaynoq nurlaridan charchadi!

Issiq, charchoq koʻrpaga yaxshilab burkangan boshidan umurtqalari boʻylab butun taniga yoyildi. U charchoqning vujudiga yoyilib borayotganini his etdi va unga qarshilik qilmadi, kulimsiradi. Hozir uyqu eltadi.

Oradan oʻn yil oʻtib, u tagʻin qizga she’r bagʻishlagan edi. Oʻn yil burun uning boshini sholroʻmol burkab olgan, issiq nafasidan chiqqan bugʻ oqshom havosida oʻrlar, poshnalari muz qotgan yoʻlga urilib taqqillardi. Oʻsha eng oxirgi chana joʻnashga shay edi, toʻriq otlar buni sezishar va pishqirib qoʻngʻiroqchalarini silkitishardi. Konduktor yetakchi bilan gaplashdi va ikkalasi ham fonusning yashil yogʻdusida boshlarini sermashdi. Gapira turib qiz bir necha bor uning oyogʻi turgan zinaga oyogʻini qoʻymoqchi boʻldi va yana oʻzining zinasiga tushirdi, birmi, ikki marta qizning oyoqlari unikiga tegdi, qiz oyoqlarini uzatishni unutdi, biroq keyin uzatdi. Mayli-da. Boʻlsa boʻlar.

Aqlli bolalik davridan hozirgi telbalikkacha oradan oʻn yil oʻtdi. Xoʻsh, unga she’rini joʻnatsa nima boʻladi? Ertalabki choy payti, choyqoshiq bilan tuxumning poʻchogʻini tiqqillatib, shu tovushga monand ovoz chiqarib oʻqishadi. Mana, chinakam telbalik! Qizning aka-ukalari masxaralab kulib, biri-biridan qizgʻanib, qoʻpol, dagʻal barmoqlari bilan varaqlarni tortilab yirtadi. Shirinsuxan ruhoniy, qizning amakisi oromkursida oldga choʻzilgan qoʻlida varaqni ushlab, kulimsirab oʻqiydi va she’rning badiiy shaklini ma’qullaydi.

Yoʻq, yoʻq, bu telbalik! Hatto joʻnatgan taqdirda ham qiz she’rni boshqalarga koʻrsatmaydi. Yoʻq, yoʻq, u bunday qilishga qobil emas.

Nazarida, u qizga nisbatdan nohaqlik qilayotganday tuyuladi. Qizning bokiraligiga ishonchi oʻziga ta’sir qildi, koʻnglida achinishga yaqin tuygʻu uygʻotdi; bokiralik nimaligini u gunohga qoʻl urganidan keyingina angladi, bokiralik haqida qiz ham, hali gunohga yoʻl qoʻymagan yoki ayol tabiatining gʻalati tahqirlovchi dardlari unga ilk bor ayon boʻlgunicha, hech qanday tasavvurga ega emas. Faqat xuddi uning yuragi joʻshib birinchi marta gunohga yoʻl qoʻyganiday, ilk bor qizning qalbi ham hayot shavqiga talpingandi, xolos. Qizning rangpar ozgʻin jussasini, ojizaligidan oʻkingan, xoʻrlangan koʻzlarini eslaganda uning yuragi nozik dardkash tuygʻularga toʻlib ketdi.

Qiz qayerda edi uning ruhi jazavadan yonib, toliqqanida? Ehtimol, ayni oʻsha daqiqalarda sirli ruhiy rishtalar bilan qiz qalbi uning ehtiromini his etgandir. Ehtimol.

Xohish ishtiyoqi tagʻin alangalandi va butun vujudini qamrab oldi. Uning xohishini his etib, oʻsha — villanelladagi yoʻldan ozdirguvchi afsungar tagʻin uyqudan bosh koʻtardi, qop-qora, xumor koʻzlari uning koʻzlariga peshvoz ochildi. Unga oʻzini yalangʻoch, porillab, muattar hid taratib, ochilib-sochilib baxshida etdi, xuddi yorqin parqu bulutday bagʻriga olib, zilol suvday choʻmdirib huzur bagʻishladi; va misoli yer bagʻirlab, oqqan tumanday nutqning ravon tovushlari — sirning ayni mohiyati boʻlmish timsollar quyilib keldi:

Toliqdingmi qaynoq nurlarda
Mahzun ruhni sehriga olgan?
Uxla, yodim, kunlar sehrila.
Olovlanar yurak koʻzingdan
Qismatiga egadirsan sen.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Fimiam tutuni koʻkda suzar-da
Yer qa’ri-yu dengizga koʻchar.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Titroq nola, gʻamli zorlarda
Zamin uzra yaralmoq madhi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Qurbonim-da ochiq qoʻllarda
Jom limmo-lim hayot mayiga.
Uxla, yodim, kunlar sehrila.
Sen qotgansan horgʻin koʻzlarda
Xumor koʻzlar sehri chorlaydi.
Toliqdingmi qaynoq nurlarda?
Uxla, yodim kunlar sehrila.
* * *

Bular qanday qushlar boʻldi? U shumtol tayogʻiga horgʻin tayanib, qushlarning parvozini kuzatmoqchi boʻlib, kutubxonaning zinasida toʻxtadi. Ular Mulsvort-stritdagi uyning turtib chiqqan burchagi ustida charx urib aylanardi. Mart oyining shom osmonida qushlarning parvozi aniq-tiniq koʻrinardi, chaqqon, titroq qoralari shiddat bilan charx urayotgani kulrang samoda ravshan bilinardi.

U qushlarning uchishini kuzatib turdi: birining ortidan boshqasi titrab, qanot qoqib uchadi. Parvoz shiddatli tus olguncha ularni sanashga urindi: olti, oʻn, oʻn bir... Koʻnglida tusmolladi — toqmi yoki juft. Oʻn ikki, oʻn uch... mana, yana ikkitasi, aylanib, yer bagʻirlab tushib uchayotir. Qushlar goh tepalab, goh pastlab, biroq har gal doira hosil qilib uchardi.

U qushlarning chirqillashiga quloq tutdi: xuddi devorga qoplangan yogʻoch ortidagi sichqonning chiyillashiga oʻxshaydi — oʻtkir, siniq tovush. Biroq sichqonning chiyillashiga qaraganda bu oʻtkirroq, choʻziqroq; qushlarning tovushi, tumshuqlari havoni tilib uchganda, goh bir necha parda tushar, goh koʻtarilardi. Oʻtkir, tiniq va nozik tovushlar guvillab aylanayotgan urchuqqa oʻralayotgan ipak ipday eshilib taralardi.

Bu gʻayriinsoniy gʻovur-gʻuvur uning quloqlariga yoqimli eshitiladi, quloqlaridan esa onasining yozgʻirishlari va tanbehlari ketmaydi; qorayib koʻringan, nozik, titroq qushchalarning yer bagʻirlab parvoz qilishi uning koʻzini quvontiradi, biroq koʻz oʻngidan onasining qahrli yuzi ketmaydi.

Nega u zinada turib tepaga qarayotir, qushlarning parvozini kuzatib, ularning achchiq, siniq chugʻur-chugʻurini eshitayotir? Qanday alomatni ilgʻamoqchi: yaxshiliknimi yoki yomonliknimi? Xayolidan Korneliy Agrippa aytgan gapi oʻtdi; keyin Svedenborg2ning qushlar bilan ruhiy hayot alomatlari oʻzaro muvofiqligi haqidagi fikrlarini uzuq-yuluq esladi. Bu samo mavjudotlari, degan edi Svedenborg, oʻzlariga xos aql-idrokka ega va ular oʻzlariga belgilab berilgan muddatni, yil fasllarini bilishadi, chunki ular odamlardan farqli oʻlaroq, oʻz hayotlari tartiblariga sobitdirlarki, oʻzlariga ato etilgan aql-idrokni bu tartibni buzishga yoʻllamaydilar.

Asrlar mobaynida odamlar, hozir u kuzatayotganday tepalarida uchib yurgan qushlarni kuzatishgan. Boshi uzra tizilgan qushlar qatori unga eskidan qolgan ibodatxonani eslatdi, horgʻin suyanib turgan shumtol tayogʻi esa avgurning mayishgan hassasini yodiga soldi.

Horgʻin vujudida roʻyo qarshisidagi qoʻrquv hissi gʻimirladi — bu timsollar, alomatlar qarshisidagi, oʻzi ismini koʻtarib yurgan qirgʻiysifat odam — tol shoxlaridan yasagan qanotlar yordamida tutqinlikdan ozod boʻlgan inson roʻparasidagi qoʻrquv edi; bu lavhalarga qamish choʻp bilan bitiklar bitgan va oʻzining laylakmonand qush — ibisning ensiz boshida oʻroqnusxa ikki shoxni koʻtarib yurgan mirzalar tangrisi — Tot qarshidagi qoʻrquv edi.

Bu tangrini koʻz oldiga keltirib jilmaydi, chunki tangri unga boshiga yasama soch qoʻndirib olgan sudyani eslatdi; sudya oldinga choʻzilgan qoʻlidagi sud aktiga vergul qoʻyib chiqadi va agar tangrining ismi «mot», ya’ni isrofgar soʻziga oʻxshab jaranglamaganda men uning ismini eslamagan boʻlardim, deb oʻyladi u. Mana bu borib turgan telbalik. Biroq ayni telbaligi tufayli u oʻzi tugʻilib voyaga yetgan duoxon va farosatli insonlar yashaydigan xonadon3ni butunlay tark etishga jazm etmadimikan?

Qushlar yana boʻzargan osmon boʻylab, uyning chiqib turgan burchagi ustidan qattiq chirqillab uchib oʻtdi. Bular qanday qushlar boʻldi? Aftidan, janubdan qaldirgʻochlar qaytganga oʻxshaydi. Demak, uning ham joʻnash vaqti yetgan, axir, qushlar uchib keladi va uchib ketadi, xonadonlarning tomiga omonatgina uya quradi va yana yangi safarlarga shaylanib uyalarini tark etadi.

Yuzingizni yerga qadang, Una va Alil.
Ularga men qaldirgʻochday mahzun qarayman
Boʻgʻotdan, uyadan xayrlasha turib,
Mavj urgan toʻlqin uzra safar oldidan.

Xotirjam sevinch tuygʻulari, misoli bostirib kelgan toʻlqinday, uning xotirasiga quyildi va yuragida soʻngsiz suvli kengliklar ustidagi bepoyon osmon sokinligini, okean sukutini va shom qorongʻusida suv mavjlari ustida uchib yurgan qaldirgʻochlarning xotirjamligini his etdi.
Xotirjam sevinch tuygʻulari uning yuragiga ana shu satrlardan quyildi, bu soʻzlar tarkibidagi mayin va choʻziq undoshlar sassiz toʻqnashar, ayri tushar, bir-biriga uygʻunlashib, qoʻshilib-singishib mavjlanar, sassiz mavjlar bagʻrida toʻlqinlarning oq qoʻngʻiroqchalarini tebratib tinch soʻnayotgan qushlar chugʻur-chugʻuri zamirida tovushsiz sado taratardi; va u qushlarning aylanib uchishidan, tepasidagi osmonning boʻzrang kengliklaridan oʻzi izlagan nishona yuragidan porillab, xuddi minorada uchgan qushday — shiddat bilan, vazmin otilib uchganini his etdi.

Bu nima — ayriliq belgisimi yoki yolgʻizlikdan nishonami? Uning xotirasiga kelgan — quloqlarida shivirlab sado bergan she’r satrlari koʻz oʻngida beixtiyor Milliy teatr1ning ochilishiga bagʻishlangan oqshomdagi tomosha zalini jonlantirdi. U balkondagi oxirgi qatorda yolgʻiz oʻzi, toliqqan koʻzlari bilan parterdagi Dublin jamoatchiligining kazo-kazolariga, didsizlik bilan ishlangan bezaklarga va yarqiragan chiroqlar yorugʻida qoʻgʻirchoqlarday harakatlanayotgan aktyorlarga qarab oʻtirardi. Uning ortida esa xohlagan damda zalni tartibga solib qoʻyishga shay semiz politsiyachi terga botib tik turardi. U yer, bu yerda oʻtirgan talabalar orasidan onda-sonda dargʻazab hayqiriqlar, hushtaklar, masxaralovchi kinoyalar, tahqirlovchi soʻzlar eshitilib turardi.
— Bu Irlandiyaga tuhmat!
— Nemislarning igʻvosi bu!
— Haqorat!
— Biz e’tiqodimizni sotganimiz yoʻq!
— Hech qaysi irland qizi bunday qilmagan!
— Yoʻqolsin xudosizlar!
— Yoʻqolsin buddizm malaylari!

Derazadan tepada tuyqusdan qisqa shitirlagan tovush eshitildi, demak, qiroatxonada chiroqni yoqishdi. U xira yoritilgan dahlizdan ustunlar oralab oʻtib, tepaga koʻtarildi.

Krenli javon yonida lugʻatga qarab oʻtirardi. Uning oldida yogʻoch kursida muqovasi ochilgan qalin kitob yotibdi. U oʻzini stulga tashlab, qulogʻini xuddi gunohkorning tavbasini tinglayotgan ruhoniyday medik-talabaning ogʻziga tutgan, talaba unga gazetadagi shaxmat jumbogʻini oʻqirdi. Stiven uning oʻng tarafiga oʻtirdi, oʻtirgan ruhoniy oʻzining «Teblet»ini asabiy yopib, oʻrnidan turdi.

Krenli ruhoniyning ortidan xayolchan qarab qoʻydi. Medik-talaba ovozini pasaytirib oʻqishni davom ettirdi:
— Piyoda ye4 ga yuriladi.
— Kel, yaxshisi tashqariga chiqaylik, Dikson, — dedi Stiven ehtiyotkor ohangda. — U arz qilgani ketdi.

Dikson gazetani yigʻishtirib, salobat bilan qaddini rostlab turib, dedi:
— Biznikilar yoppasiga chekinishmoqda.
— Qurollari va hayvonlar bilan, — qoʻshimcha qildi Stiven Krenlining oldida yotgan, muqovasiga «Shoxdor hayvonlar kasalliklari» deb yozilgan kitobga ishora qilib.

Ular stollarni oralab oʻtishayotganda Stiven:
— Krenli, men sen bilan gaplashib olishim kerak, — dedi.

Krenli hech nima demadi, hatto qayrilib qaramadi ham. U kitobni topshirib tashqariga chiqiladigan eshikka yoʻl oldi; uning yaltiroq botinkasi yerga taqillab urilardi. Zinapoyaga yetganda u toʻxtadi va allaqanday parishon holda Diksonga qarab, takrorladi:
— Piyodani oʻsha bema’ni 4e ga yurdim.
— Nachora, ixtiyoring, buyam ma’qul, — javob qildi Dikson.

Uning ovozi xotirjam, muomalasida oʻzgarish sezilmasdi, semiz qoʻlining bir barmogʻida uzuk yarqirab turardi.

Dahlizda ularga pak-pakana, kichkina bir odam yaqinlashdi. Jimitday shlyapasining tagidagi soqoli olinmagan yuziga kulgi yoyilgan bu odamcha shivirlab gap boshladi. Uning koʻzlari maymunnikiday qaygʻuli edi.
— Xayrli kech, jentelmenlar, — dedi yuzini tuk bosgan maymunbashara pakana.
— Mart oyida shunday isib kesa-ya, — dedi Krenli, — tepadagi derazalarni ochishdi.

Dikson kulimsiradi va uzugini aylantirib oʻynadi. Qorachadan kelgan maymunbashara nusxa ogʻzini kulgiga rostladi va mingʻirlagan ovoz chiqardi:
— Mart oyi uchun bu kutilmagan gʻaroyib havo. Juda ajoyib.
— Tepada ikki nafar yoshgina jonon sizni kutib qolishdi, kapitan, — dedi Dikson.

Krenli kulimsiradi va xushmuomalalik bilan dedi:
— Kapitanning faqat bitta yaxshi koʻrgani bor: bu ser Valter Skott. Toʻgʻrimi, kapitan?
— Hozir siz nimani oʻqiyapsiz kapitan? — soʻradi Dikson. — «Lammermurlik nozanin»nimi?
— Qariya Skottni yaxshi koʻraman, — dedi maymunbashara nusxa. — Uning yozganlarida uslub qanaqadir ajoyib. Biror-bir yozuvchi ser Valter Skott bilan tenglasholmaydi.

Uning gaplarini eshitish Stiven uchun zerikarli edi: gapidan latta hidi anqirdi. Uni eshita turib Stiven oʻzicha: u haqda aytilgan gaplar toʻgʻrimikan, deb oʻyladi.

Bogʻdagi daraxtlar yomgʻirdan nam tortib shishgan, yomgʻir esa toʻnkarilgan qalqonday boʻzarib yotgan koʻl ustiga tinimsiz shigʻalab yogʻib turibdi. Bu yerdan oqqushlar galasi uchib oʻtdi, suv yuzi va qirgʻoq oqish-yashil balchiqqa belanib yotibdi.

Ular boʻzrang yomgʻirli havodan salovat toʻkib turgan hoʻl daraxtlar va qalqonga oʻxshab koʻringan aygʻoqchi-koʻldan, oqqushlardan ta’sirlanib, bir-birining pinjiga kirishdi.

Ular hech bir sevinchsiz, ehtirossiz quchoqlashishdi. Uning qoʻli qizning boʻynidan quchdi, yelkasidan oshirib tashlagan boʻzrang joʻn roʻmol qizni beligacha burkab olgan, qiz uyalinqirab boshini quyi solib olgan. Yigitning kumushrang-sariq sochlari hurpaygan, qoʻllari mayin, epchil, qoruvli, sepkil bosgan. Yuzi-chi? Yuzi koʻrinmasdi. Yigitning yuzi koʻzining yomgʻir hidi ufurib turgan sochlariga egilgan, qoʻli — sepkil bosgan, qoruvli, epchil va mehribon, Deyvinning qoʻli.

Stiven xayolidan kechgan oʻylariga va xayolini boʻlgan maymunbashara odamchaga achchiq qilib, qovogʻini uydi. Uning xotirasidan Bantridan chiqqan toʻda haqida otasining aytgan achchiq-tiziq gaplari oʻtdi. U boshqalarga qoʻl siltadi va gʻamgin kayfiyatda oʻzinning oʻy-xayollariga berildi. Nega endi bu Krenlining qoʻllari emas? Yoki Deyvinning soddadilligi va beozorligi zimdan uning havasini keltirdimikan?

U pakana odamcha bilan xayr-ma’zur qilishni Krenliga qoldirib, Dikson bilan katta zalni oralab yurib ketdi.

Qator ustunlar oldida bir guruh talabalar orasida Templ turardi. Talabalardan biri qichqirdi:
— Hoy, Dikson, bu yoqqa kel, bir eshit. Templning ilhomi qaynayapti.

Templ unga oʻzining qop-qora loʻli koʻzlari bilan olayib qaradi.
— Sen, OʻKiff, munofiqsan, — dedi u. — Dikson esa — kuldirguvchi. Qiziq-a, jin ursin, yaxshi adabiy ibora — kuldirguvchi.

U, Stivenning yuziga qarab olib, mugʻombirona kuldi va qoʻshib qoʻydi:
— Toʻgʻrimi, chindanam zoʻr laqab — kuldirguvchi.

Zinapoyaning quyirogʻida turgan semiz talaba gap qotdi:
— Haligi ma’shuqa haqidagi gapingning oxirini ayt. Bizga shu qiziq.
— Uning ma’shuqasi bor edi chin soʻzim, — dedi Templ. — Buning ustiga u uylangan edi. Ruhoniylar ham oʻsha joyga ovqatlangani borishardi. Jin ursin, ularning hammasi, menimcha, oʻsha suyuqoyoq bilan don olishgan.
— Bu xuddi yoʻrgʻa otni ayab qirchangʻi bilan poygaga tushganday gap, — dedi Dikson.

—Bugun qorningga necha krujka piva quyding, — dedi OʻKiff, — qani, bir tan olib ayt-chi?
— Sening patos boylagan ziyolinamo yuraging mana shu gapingda koʻrinib turibdi, — dedi Templ nafratini yashirmay.

U oyoqlarini tapillatib, uymalashib turgan talabalarni aylanib oʻtdi va Stivenga murojaat qildi:
— Forsterlar Belgiya qirollari ekanini sen bilarmiding? — soʻradi u.

Shapkasini teskari kiyib olgan Krenli tishlarini kavlab kirib keldi.
— Mana, bizning donishi zamonamiz keldi, — dedi Templ. — Sening Forsterlar haqidagi gapdan xabaring bormi?

U javobni kutib, sukut saqladi. Krenli tishining orasidan choʻpni oldi va unga tikilib qaradi.
— Forsterlar sulolasi, — davom etdi Templ, — Flandriya qiroli Bolduin Birinchidan boshlanadi. Uni Forester deyishgan. Forester bilan Forster — bitta. Bolduin Birinchining avlodi, kapitan Frensis Forster Irlandiyada yashab qolgan, Bressil urugʻ-aymogʻining oxirgi yoʻlboshchisi qiziga uylangan. Yana qora Forsterlar ham bor, biroq bu boshqa shajara.
— Bu sajara Dovdirdan, Flandriya qirolidan tarqalgan, — dedi Krenli, yana qorday oppoq tishlarini oʻychan kavlab turib.
— Qayerdan topa qolding bu gaplarni? — soʻradi OʻKiff.
— Men sizlarning shajaranglarni ham bilaman, — dedi Templ Stivenga qarab. — Bilasanmi, bu haqda Girald Kambriy nima degan?
— Nima uyam Bolduindan tarqaganmi? — deb soʻradi uzun boʻyli, yuzi zahil, koʻzlari qora talaba.
— Dovdirdan tarqagan, —dedi Krendi, tishlari orasidan nimanidir soʻrib.
— Pernobilis et pervetusta familia[17] — dedi Templ Stivenga.

Pastdagi zinada turgan semiz talaba qoʻnqilladi. Dikson burilib unga qaradi va sekin soʻradi:
— Iye, farishtayam ogʻzini ochdimi deyman?

Krenli ham oʻgirildi va ta’sirli qilib, biroq gʻazablanmay dedi:
— Bilasanmi Goggins, sen dunyodagi eng iflos, sassiq hayvonning oʻzisan.
— Men ogʻzimga kelgan gapni aytdim-qoʻydim, — dedi qat’i ohangda Goggins, — bundan birovning obroʻyi toʻkilib qolgani yoʻq.
— Umid qilamizki, — dedi Dikson, — bu aljirash ilmiy kashfiyotlar haqida paulo post futurum[18] aytiladigan yangilikka oʻxshagan gap-soʻzlar sirasidan emas.
— Men sizlarga hozirgina aytdim-ku, u kuldirguvchi, — dedi Templ bir oʻngga, bir chapga alanglab, — bu laqabni unga men qoʻymadimmi?
— Eshitdik, kar emasmiz, — dedi boʻychan zahil yuzli talaba.

Krenli qovogʻini osib, pastdagi zinada turgan semiz talabaga gʻazab bilan qaradi. Keyin jirkanib pishqirdi va uning biqinidan turtdi.
— Qani, joʻna, — baqirdi u qoʻpollik bilan, — tuyogʻingni shiqillat, sassiqpopishak.

Goggins yoʻlakka sakrab tushdi va shu zahotiyoq, kulib, oldin turgan joyiga qaytdi. Templ, Stivenga qarab dedi:
— Sen irsiyat qonuniga ishonasanmi?
— Nima balo, kayfing bormi? — soʻradi Krenli unga hayron boʻlib tikilarkan.
— Juda zoʻr gap, — dedi qizishib Templ, — zoologiya darsligining oxirida shunday yozilgan: yaralish oʻlimning boshlanishidir.

U ehtiyotkorlik bilan Stivenning tirsagidan ushladi va hayajonlanib dedi:
— Sen shoirsan, bu gapni juda teran his qilishing kerak!

Krenli koʻrsatkich barmogʻi bilan unga ilkis ishora qildi.
— Ana, qaranglar, — dedi u qahri qoʻzib. — Havas qiling — Irlandiyaning umidi!

Uning gapi va qoʻl harakatidan hamma quldi. Biroq Templ boʻsh kelmadi, Krenliga burilib qarab, dedi:
— Krenli, sen doim meni mayna qilasan. Men buni juda yaxshi bilaman. Biroq mening sendan kam joyim yoʻq. Bilasanmi, seni oʻzim bilan qiyoslaganda qanday fikrga kelaman?
— Azizim, — dedi Krenli muloyimlik bilan, — axir, sen fikrlashga mutlaqo yaroqsizsan, mutlaqo.
— Xoʻsh, seni oʻzim bilan qiyoslaganda nimani oʻylaganimni bilishni xohlaysanmi? — davom etdi Templ.
— Ayt, ayt, Templ, — qichqirdi baqaloq zinada turib, — boʻla qol, ayt!

Templ qoʻlini paxsa qilib, bir oʻng, bir chap tomonga burilib qaradi.
— Men toʻnkaman, — dedi u boshini afsuslanib chayqab. — Buni bilaman. Tan olaman ham.

Dikson sekingina uning kiftiga qoqdi va erkalab dedi:
— Kamtarga kamol deganlar, balli Templ.
— Biroq u, — davom etdi Templ Krenliga ishora qilib, — u ham toʻnka, menga oʻxshagan. Farqimiz shundaki, u buni bilmaydi.

Birdan yangragan qahqaha uning gapini boʻlib qoʻydi, biroq u yana Stivenga oʻgirilib, favqulodda qizishib dedi:
— Bu juda qiziq soʻz, bu soʻzning kelib chiqishi ham juda gʻaroyib.
— Yoʻgʻ-e — dedi parishonlik bilan Stiven.

U zoʻrma-oʻzraki kulimsirab turgan Krenlining mardonavor, biroq iztirob chekayotgan yuziga qaradi. Qoʻpol soʻz, xuddi tahqiru haqoratlarga koʻnikib qolgan qadimgi haykalga sepilgan iflos suvday, Krenlining yuzidan oqib tushardi. Ularga qarab turib Stiven Krenlining birov bilan koʻrishayotib shapkasini koʻtarib qoʻyganini koʻrdi, Krenlining qop-qora gʻayur sochlari temir gultojday manglayida dikkayib turardi.

Qiz kutubxonadan chiqib keldi va Stivenga qiyo boqmay, Krenlining egilib bergan salomiga javob qildi. Bu qanaqasi? Krenliga nima boʻldi? Krenlining yonoqlari qizarganday tuyuldi yoki unga shunday koʻrindimi? Balki bu Templning gaplari ta’siridan qizargandir? Allaqachon qorongʻu tushib qolgan edi. U yaxshilab qaray olmadi.

Doʻstining beparvoligi, loqaydligi, Stivenning joʻshqin, telba-teskari gaplarini shartta boʻlib tashlaydigan qoʻpol tanbehlari, kutilmaganda tashlanib qolishlarining sababi balki bu yoqdadir? Shunday paytlarda Stiven undan gina qilmas, kechirib ketaverardi, axir, uning oʻzida ham shunday qoʻrslik bor edi. Bir kuni kechqurun oʻrmonda, Malaxayd yaqinida, ibodat qilish uchun, kimdir birovdan soʻrab minib kelgan shaloq velosipeddan tushganini esladi. U duoga qoʻllarini koʻtardi va jazavaga tushib, nigohini oʻrmonning qalin qorongʻi joyiga qarab, oʻzining muqaddas dargohda va muborak bir damda turganini his etdi, ibodat qila boshladi. Qorongʻi yoʻlning muyulishida ikki politsiyachining qorasi koʻringanda esa, u ibodat qilishdan toʻxtadi va baland tovushda koʻpchilikka yoqib qolgan bir tomoshadagi kuyga monand hushtak chaldi.

U qoʻlidagi tol xivichning poʻsti archilgan uchi bilan ustunga tiqillatib ura boshladi. Ehtimol, Krenli uni eshitmagandir? Mayli, u kutadi. Ularning gapi bir zum toʻxtab qoldi, keyin yana tepadagi derazadan sekin pichirlagan ovozlar eshitildi. Biroq atrof jim-jit edi, u mahliyo boʻlib parvozini tomosha qilgan qaldirgʻochlar ham allaqachon uyquga ketishgan.

Qiz qorongʻiga singib, gʻoyib boʻldi. Shundan soʻng, tepadan eshitilayotgan uzuq-yuluq pichirlagan tovushni aytmaganda, atrofga jimlik choʻkdi. Keyin bu safsata ham tindi. Yerga zim-ziyo qorongʻulik tushdi.

«Zulmat tushar osmon qa’ridan»...

Miltillagan, nimjon shu’laday ozurda sevinch tuygʻusi misoli elfning sehrli galasiday pirpirab uni chulgʻab oldi. Bu nimadan? Qizning oqshom havosida koʻngilga gʻam-alam solib ketganidanmi yoki qaygʻuli-qora undoshlarga uygʻun, udning sharsharaday quyuluvchi ohangiga monand mayin jarangdar ohangli she’r satrining ta’siridanmikan?

U saf tortgan ustunlarni yoqalib, tobora quyuqlashib borayotgan tarafga sekin qadam tashlab, ortida qolgan talabalardan oʻzining xayolparastligini yashirish uchun xivich bilan tosh plitalarga tiqillatib urib borarkan, Daulend, Berd va Nesh yashab oʻtishgan asrni koʻz oldiga keltirdi.

Pinhona mayllar zulmatida ochiladigan koʻzlar, tong yogʻdusini toʻsadigan koʻzlar. Ularning xumorlanib qarashida suqlanib noz-karashma qilishdan ortiq yana qanday ma’no bor? Bu koʻzlarning yaltirab turadigan shu’lasi-chi — bu landavur Styuartning qasridagi oqava zovurga yigʻilib qolgan najas shu’lasi emasmi? U xayolan, xotira tili bilan xushboʻy vinoni tatib koʻrdi, magʻrur tovusning nazokatli harakatlaridagi mayin, nafis musiqani ilgʻadi, xotira koʻzi bilan esa Kovent-Garden2 peshayvonidagi koʻngilchan xonimlarni, ularning jozibali, makkorona himarilgan lablarini, mayxonalarda qoʻldan-qoʻlga oʻtib yuradigan, jazmanlari bagʻriga otilishga shay choʻtir yuzli qizlarni, yosh juvonlarni koʻrdi.

Tasavvurida paydo boʻlgan bunday manzaralarda jonlangan qiyofalar unga huzur bagʻishlamadi. Ularda qandaydir qonni joʻshtiradigan sehr bor, biroq qizning qiyofasi boshqacha, ularga hech ham oʻxshamaydi, yaqiniga ham yoʻlamaydi. U haqda bunday xayollarga borish nojoiz. Hozir u bunday xayollarga borayotgani ham yoʻq. Demak, uning oʻylari oʻziga boʻysunmas ekan-da? Eski gap-soʻzlar, xayollar xuddi Krenli sutday oppoq tishlari orasidan kavlab oladigan anjir doniday biroz badboʻy, biroz xushta’m.

Hozir qiz shahar boʻylab yurib, uyiga borayotir. U qizni quchgan paytdagi muattar hidni avvaliga sezilar-sezilmas, keyin kuchliroq his etdi. Oʻziga tanish boʻlgan yoqimli hayajon vujudini chulgʻadi. Ha, bu qizning badanidan taralgan boʻy: hayajonga soluvchi, zoriqtiruvchi muattar boʻy; she’rlarida sirli ohanglarga koʻmib tashlangan iliq badan, uning tanidan taralgan xushboʻy hid va shabnamga toʻyingan ichdagi mayin koʻylak.

U ensasida gʻimirlayotgan bitni sezib qoldi; katta koʻrsatkich barmogʻini qaytarma yoqasining ichiga tiqib ushladi, bir daqiqa barmogʻining uchi bilan uning muloyim, moʻrtgina, guruch donachasiday tanachasini ezgʻaladi va oʻlgan yoki oʻlmaganini bilmay, otib yubordi. Xayoliga Korneliy a Lapidening gʻaroyib gapi keldi; unda bit odam badanidan chiqqan terdan paydo boʻladi, uni tangri boshqa barcha jonzotlar bilan birga oltinchi kunda yaratmagan, deyilgan edi. Ensasining terisi qichishi uning asabini qoʻzgʻadi. Yaxshi kiyinmagan, yaxshi yeb-ichmagan, bit bosgan tananing hayoti beixtiyor uning ruhini choʻktirdi va qorongʻuda koʻziga tepadan tushayotgan bitlarning moʻrt, yaltiroq tanachalari koʻrindi. Osmon qa’ridan tushayotgan, axir, tun zulmati emas-ku. Yorugʻlik-ku.

«Nur yogʻilar osmon qa’ridan»...

U hatto Neshning satrini toʻgʻri eslay olmadi. Qizni eslaganda koʻz oldiga keltirgan barcha qiyofalar roʻyo edi. Uning tasavvurini sirka bosib ketdi. Uning fikrlari — badbin oʻy-xayollardan paydo boʻlgan bitlar.

U ortga burilib, qator tizilgan ustunlarni yoqalab talabalar tomon yurdi. Bilganini qilsin! Jin ursin! Yaxshi koʻrmasa koʻrmas! Biror-bir koʻkragida yoli bor, toza-ozoda, har kuni ertalab yuvinib-taranadigan sportchini topar oʻziga! Battar boʻlsin!

Krenli choʻntagidan yana bitta quritilgan anjirni olib, shoshilmay chappillatib chaynay boshladi. Templ uyqusiragan koʻzlariga shapkasini tushirib, ustunga suyanib mudrab oʻtirardi. Binodan qoʻltigʻiga charm papka qistirib olgan bir kaltabaqay yigit chiqib keldi. U poshnalarini va qoʻlidagi shamsiyasining temir uchini tosh plitalarga taqillatib urib, toʻdalashib turgan talabalar tomon yurdi. Salom bergan boʻlib, shamsiyani koʻtardi va hammaga qarata dedi:
— Xayrli kech, jentelmenlar.

Keyin shamsiyaning uchi bilan tosh plitalarga toʻqillatib urib, hiringlab kuldi, uning boshi biroz asabiy qaltirardi. Oʻzlaricha irland tilida berilib gaplashayotgan zahil yuzli boʻychan talaba, Dikson va OʻKiff unga e’tibor qilishmadi. Buni payqab, u Krenliga burilib, dedi:
— Xayrli kech, hoy janob!

Shunday deb u shamsiyasini koʻtarib Krenliga ishora qildi va yana hiringladi. Hali ham anjir chaynab oʻtirgan Krenli, ogʻzini chapillatib, baqirib dedi:
— Xayrli deysanmi? Ha, yomonmas.

Kaltabaqay talaba unga diqqat bilan qaradi va gina qilganday shamsiyasini sermadi.
— Menimcha, — dedi u, sen, harqalay, ayon narsani ilgʻashni ixtiyor etding.
— Ha-da! — javob qildi Krenli va yarmi tishlangan anjirni kaltabaqay talabaning ogʻziga tutib, yeyishni taklif qilgan boʻldi.

Kaltabaqay rad etdi, biroq oʻzining gapga chechanligidan gʻururlanib, hiringlab va shamsiyasini toʻqillatib, jiddiy ohangda soʻradi:
— Buni qanday tushunsa boʻladi?..

U toʻxtab, yarmi tishlangan anjirni koʻrsatib, baland ovozda qoʻshib qoʻydi:
— Men buni nazarda tutayapman.
— Ha-da! — yana pingʻillab qoʻydi Krenli.

—Buni, — dedi kaltabaqay, — ipso factum yoki qandaydir qochiriq deb tushunish kerakmi?

Dikson, suhbatdoshlaridan chetlashib, undan soʻradi:
— Glinn, seni Goggins kutib oʻtirgandi. U sen bilan Moynixenni qidirib «Adelfi»2ga ketdi. Buning ichida nima bor? — soʻradi u Glinn qoʻltigʻiga qistirib olgan papkani shappatilab.
— Imtihonga kerak narsalar, — javob qildi Glinn. — Men ularni har oy imtihon qilaman, berayotgan darslarimning natijasini koʻrib borishim kerak.

Shunday deb uning oʻzi ham papkani shappatilab qoʻydi, sekin tomogʻini qirib, kulimsiradi.
— Dars berarmish! — qoʻpollik bilan gapga aralashdi Krenli. — Shoʻrlik yalangoyoq bolalar, ular senday yaramas maymundan dars oʻqib kim boʻlardi. Ularga oʻzing rahm qil, ilohim!

Krenli anjirdan yana bir boʻlakni tishlab uzib oldi va chiqitini otib yubordi.
— Bolalarni mening qoshimga kelishlariga izn bering va ularning yoʻlini toʻsmang, — dedi Glinn yoqimli ovoz bilan.
— Yaramas maymun! — dedi battar qahri qoʻzib Krenli. — Tangriga shak keltirgan yaramas maymun!

Templ oʻrnidan turib, Krenlini itarib yubordi va Glinnga yaqinlashdi.
— Hozir siz aytgan bu soʻzlar, — dedi u, — Injildan: bolalarni mening qoshimga kelishlariga izn bering va ularning yoʻlini toʻsmang.
— Sen yana biroz uxlasang boʻlarmidi, Templ, — dedi OʻKiff.
— Gap shundaki, ya’ni men aytmoqchi boʻlgan gap shuki, — davom etdi Templ Glinnga murojaat qilib. — Iisus bolalarning qoshiga kelishlariga toʻsqinlik qilmagan. Xoʻsh, unda nega cherkov ularni, choʻqintirilmay turib vafot etsa, yoppasiga doʻzaxga joʻnatadi?
— Sen oʻzing choʻqinganmisan, Templ, — soʻradi zahil yuzli talaba.
— Yoʻq, baribir, nega endi ularni doʻzaxga joʻnatishadi. Axir, Iisus ular qoshimga kelsin, deb turgan boʻlsa? — takrorladi Templ koʻzlari bilan Glinnga teshib yuborguday tikilib.

Glinn yoʻtaldi va asabiy qiqillab kulib yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tutib, shamsiyasini siltab, har bir soʻzni salmoqlab sekin mingʻirladi:
— Modomiki, bu agar sen aytganday boʻladigan boʻlsa, men ham yuzingda koʻzing bormi demay soʻrashga jur’at etaman: xoʻsh, «bunday» degani qayerdan paydo boʻla qoldi?
— Chunki cherkov shafqatsiz, qari gunohkor xotinlarday marhamatsiz, — dedi Templ.
— Bu masalada sen eski aqidalarga yopishib olgansan chogʻi, Templ? — quvlik bilan soʻradi Dikson.
— Avliyo Avgustin choʻqintirilmagan bolalar doʻzaxga tushadilar, deydi, — javob qildi Templ, — chunki uningg oʻzi ham rahmsiz qari gunohkor banda boʻlgan.
— Sen, albatta, bilagʻonsan, — dedi Dikson, — biroq men, baribir, bunday holatlar uchun mahsharda javob beriladi-ku, deb hisoblardim doim.
— Nimasi bilan bahslashasan uning, Dikson, — jahl bilan gapga aralashdi Krenli. — Gaplashma u bilan, basharasigayam qarama, yaxshisi, boʻyniga arqon sol-da, baqiroq echkiday yetaklab uyiga olib ket uni.
— Mahshar emish! — qichqirdi Templ. — Mana sizga gʻaroyib kashfiyot! Bu, axir,doʻzaxning oʻzi-ku!
— Biroq noxushliklardan xoli, — ta’kidladi Dikson.

U kulib turib bolalarga qaradi va dedi:
— Harqalay, men bu yerdagi koʻpchilikning fikrini aytdim, deb oʻylayman.
— Boʻlmasa-chi, — dedi Glinn qat’iyat bilan. — Irlandiya bu masalada yakdil.

U shamsiyasining uchini ayvonning tosh yotqizilgan yeriga urib taqillatdi.
— doʻzax, — dedi Templ. — Iblisning urgʻochi juftlari1 toʻqigan bu uydirmani men e’zozlashim mumkin. Doʻzax — rimliklar oʻylab topgan, xuddi Rim devorlariday nurab qulagan bema’ni narsa. Biroq mashhur degani nima?
— Uni joyiga eltib uxlatgin! — qichqirdi OʻKiff.

Krenli Templga tashlandi, keyin toʻxtab, oyoqlarini tappillatib, tovuqni quvganday kishladi:
— Kish!..q

Templ chaqqon oʻzini chetga oldi.
— Bilasizlarmi, mahshar nima degani? — qichqirdi u.
— Bunday narsalar bizning Roskomonda qanday atalishini bilasizlarmi?
— Kish!.. Ket, yoʻqol! — qichqirdi Krenli kaftini kaftiga urib.
— Balo degani, battar degani, — nafratlanib qichqirdi Templ, — mana, sizlarning mahsharlaring nima.
— Qoʻlingdagi choʻpni berib tur, — dedi Krenli.

U Stivenning qoʻlidagi tol xivichni tortib oldi va zinadan pastga qarab yugurdi, biroq Templ ortidan quvib kelayotgan oyoq tovushini eshitib, xuddi epchiloyoq hayvonday zum oʻtmay qorongʻuga kirib gʻoyib boʻldi. Krenlining ogʻir etiklari maydonchada gursillab tovush chiqardi, keyin vazmin tapillab, chagʻiltoshlarni sochib kelayotgan qadam tovushi eshitildi.

Qadamlar zardali edi, Krenli ilkis harakat bilan xivichni Stivenning qoʻliga tutqazdi. Stiven uning iddaosida ayricha sabab borligini his etdi, biroq oʻzini sezmaganga olib, bosiqlik bilan Krenlining qoʻliga qoʻlini tekizdi va xotirjam dedi:
— Krenli, men senga aytdim-ku, sen bilan maslahatlashadigan gap bor deb. Yur.

Ular hovlichani kesib oʻtishdi. Ayvon zinasiga yetganda «Zigfrid»3dagi sayroqi qushning tovushiday mayin hushtak tovushi eshitildi. Krenli oʻgirilib qaradi va Dikson hushtak chalishdan toʻxtab, qichqirdi:
— Yoʻl boʻlsin, joʻralar? Oʻyinni oxiriga yetkazmaymizmi, Krenli?

Ular tinch, sokin havoda «Adelfi» mehmonxonasidagi billiard oʻyinini davom ettirish haqida baqirib-chaqirib va’dalasha boshlashdi. Stiven bir oʻzi oldinga yurdi va Kilderstrit roʻparasidagi «Zarang osti» mehmonxonasi oldidan chiqdi, toʻxtab, sabr qilib kutib turdi. Mehmonxonaning nomi, silliqlangan yogʻochning tussizligi, binoning koʻrimsiz old tomoni tasavvurida nafratomuz tikilib turgan kishining nazariday, koʻngliga ogʻir botdi. U asabi buzilib, mehmonxonaning xira yoritilgan ayvoniga qaradi va u yerda irland zodagonlarining xotirjam, silliq kechayotgan hayotini koʻz oldiga keltirdi. Ular qanday qilib yuqori lavozimlarni qoʻlga kiritish, yer-mulk egalarini qoʻlga olish haqida oʻylashadi; dehqonlar qishloq yoʻllarida toʻxtab, ularga egilib ta’zim qilishadi; zodagonlar turli-tuman fransuzcha taomlarning nomini bilishadi va chiyillagan, chinqirgan ovoz bilan xizmatkorlarga buyruq berishadi, biroq ularning kalondimogʻ ohangdagi buyruqlaridan madaniyatsizligi, ahmoqligi bilinib turadi.

Ularni gʻaflatdan uygʻotishning iloji bormikan, qanday qilsa ularning farzandlaridan oʻzlariga oʻxshagan ojiz, notavon boʻlmagan avlod yetishadi. Tobora quyuqlashayotgan shom qorongʻusida Stiven oʻzi mansub boʻlgan xalqning oʻy-xayollari, umid-orzulari qorongʻu qishloq koʻchalarida, gavjum daraxtlar tagida, suv va botqoqliklar ustida koʻrshapalakday charx urib yurganini his etdi. Deyvin kechasi qishloq yoʻlidan kelayotganda eshigi oldida uni qishloq ayoli kutib turgan. Ayol unga bir kosa sut tutib, uni ichkariga taklif qilgan, chunki Deyvinning koʻzlari yuvosh, bundaylar sir saqlay oladi.

Kimdir uning qoʻlini mahkam siqdi va u Krenlining ovozini tanidi:
— Surdikmi?

Ular biroz jim ketishdi. Keyin Krenli gap ochdi:
— Bu la’nati telba Templ! Xudo haqqi, bir kun men uni urib oʻldiraman.

Biroq endi uning ovozida zarda sezilmasdi. Stiven oʻziga-oʻzi savol berdi: qizning u bilan ayvon ostida tanishganini Krenli eslarmikan?

Ular oʻngga burilib, yoʻlni davom ettirishdi. Biroz vaqt ikkalasi ham jim ketishdi, keyin Stiven gap boshladi:
— Krenli, bugun men juda qattiq janjallashib qoldim.
— Uydagilaring bilanmi? — soʻradi Krenli.
— Onam bilan.
— Din masalasidami?
— Ha, — javob qildi Stiven.
— Onang necha yoshda? — biroz sukut saqlab soʻradi Krenli.
— Hali uncha qarigani yoʻq, — javob qildi Stiven.
— Onam mening hayitda choʻqinishimni xohlaydi.
— Sen-chi?
— Choʻqinmayman.
— Xoʻsh, nima uchun?
— Boʻysunmayman, — javob qildi Stiven.
— Bu gapni oldin kimdir ham aytgan, — dedi xotirjam ohangda Krenli.
— Nima qipti, endi men aytayapman, — qizishdi Stiven.
— Oʻzingni bos, azizim. Buncha qaynab-toshmasang, jin ursin, — dedi Krenli Stivenning qoʻlini tirsagi bilan siqib.

Bu gapni u asabiy kulimsirab aytdi va Stivenning yuziga samimiy qarab, takrorladi:
— Oʻzing sezayapsanmi, sen juda asabiysan?
— Toʻgʻri, bilaman, — dedi Stiven ham kulimsirab.

Oralariga tushgan sovuqchilik koʻtarildi va yana ular oʻzlarini qadrdon doʻstlarday his etishdi.
— Sen vino va non Xristning tani va qoni ekaniga ishonasanmi? — soʻradi Krenli.
— Yoʻq, — dedi Stiven.
— Demak, ishonmaysan?
— Ishonaman ham, ishonmayman ham.
— Hatto juda koʻpchilik dindor kishilarda ham shubha boʻladi, biroq ular shubhalarini yengishadi yoki shunchaki e’tibor qilmay qoʻyishadi, — dedi Krenli.
— Ehtimol, sening gumonlaring juda kuchlidir?
— Men ularni yengishni istamayman, — e’tiroz bildirdi Stiven.

Krenli bir daqiqa nima deyishni bilmay turdi, keyin choʻntagidan quritilgan anjir olib, ogʻziga solmoqchi boʻldi, biroq Stiven uni toʻxtatdi:
— Hoy, toʻxta, sen ogʻzingni toʻldirib turib men bilan bu masalada gaplasha olmaysan.

Ular koʻchadagi fonus tagida toʻxtashganda, Krenli yorugʻda anjirni koʻzdan kechirdi, burnining kataklariga bir-bir bosib hidladi-da, kichkina boʻlakni tishlab uzib olib tupurib tashladi va qulochkashlab anjirni zovurga irgʻitdi.
— Ket mening qoshimdan, la’nati, doʻzax oʻtida yon, — xitob qildi u oʻzi uloqtirgan anjir ortidan.

U yana Stivenning qoʻltigʻidan oldi.
— Qiyomat kuni bu soʻzlarni eshitishdan qoʻrqmaysanmi? — soʻradi u.
— Xoʻsh, evaziga menga nima lozim koʻriladi? — soʻradi Stiven. — Dekanimiz bilan birga jannatda abadiy huzur-halovatda yurishmi?
— Oʻzingni bos, unutma, u jannatga tushadi.
— Ha, albatta, — dedi qizishib Stiven, — shunday aqlli, gʻayratli, bosiq, eng muhimi, zehni oʻtkir2 boʻlsa.
— Juda qiziq, — dedi xotirjam ohangda Krenli, — sen oʻzing dinni inkor qilayapsan-u, biroq uni vujudingga butunlay singdirib yuborgansan, bu meni ajablantirayapti. Kollejdaligingda ishonarmiding? Garov oʻynayman, ishonarding.
— Ha, — javob qildi Stiven.
— Oʻsha paytda baxtiyormiding? — yumshoq qilib soʻradi Krenli. — Hozirgidan koʻra baxtliroq eding-da, a?
— Ba’zida baxtir edim, ba’zida — yoʻq. Lekin oʻshanda men boshqacha edim.
— Qanaqa boshqacha? Nima deganing bu.
— Aytmoqchimanki, men u payt boshqa odam edim, hozirgiday emasdim, qanaqa boʻlishim kerakligidan koʻra boshqacha edim.
— Boshqacha edim, hozirgiday emasdim? Qanday boʻlishim kerakligidan koʻra boshqacha edim? — takrorladi Krenli. — Bitta savol bersam maylimi? Sen onangni yaxshi koʻrasanmi?

Stiven sekin boshini sermadi.
— Nimani nazarda tutayotganingni tushunmayapman, — dedi u xotirjam.
— Sen qachondir, kimnidir yaxshi koʻrganmisan? — soʻradi Krenli.
— Ayollarni demoqchimisan?
— Men u haqda gapirayotganim yoʻq, — sovuqroq ohangda e’tiroz bildirdi Krenli. — Men sendan soʻrayapman: qachondir birovga yoki biror narsaga koʻnglingda muhabbat hissini tuyganmisan?

Stiven doʻstining yonida qovogʻini solib, yerga qarab borardi.
— Men xudoni sevishga harakat qildim, — dedi u nihoyat yuragini ochib. — Nazarimda, men buni uddalay olmadim. Bu juda qiyin. Men doim butun borligʻimni xudoning irodasiga boʻysundirishga urindim. Gohida bunga erishdim ham. Ehtimol, men hozir ham...

Tuyqusdan Krenli uning gapini boʻldi:
— Sening onang baxtli hayot kechirganmi?
— Qayerdan bilay? — dedi Stiven.
— Uning nechta bolasi bor?
— Toʻqqiztamidi, oʻntamidi, — javob qildi Stiven, — bir nechtasi oʻlgan.
— Otang-chi... — Krenli chaynaldi, keyin biroz sukut saqlab dedi. — Men sening oilaviy ishlaringga aralashmoqchi emasman. Biroq sening otang, harqalay, badavlat kishi edi, toʻgʻrimi? Men sening bolalik paytingni nazarda tutayapman.
— Ha, — dedi Stiven.
— U kim boʻlib ishlardi? — soʻradi Krenli biroz sukut saqlab.

Stiven bidirlab otasining ishlari-yu, kechirgan kunlarini sanay boshladi.
— Talaba-shifokor, eshkakchi, xushovoz xonanda, ashaddiy siyosatchi, mayda mulkdor, mayda omonatchi, aroqxoʻr, yoqimtoy, sergap, kimningdir kotibi, yana vino zavodida kimdir, soliq yigʻuvchi, singan savdogar, endi esa oʻtmishini xirgoyi qilib yurgan bir darvesh.

Krenli kuldi va Stivenning qoʻlini qattiqroq siqib, dedi:

—Vino zavodida kimdir — zoʻr ekan jin ursin!
— Xoʻsh, yana nimalarni bilging kelayapti? — soʻradi Stiven.
— Hozir qanday, yaxshi yashayapsizlarmi? Hammasi joyidami?
— Ust-boshimdan sezilmayaptimi? — qoʻrslik bilan soʻradi Stiven.

—Xoʻ-oʻsh, — dedi Krenli xayolchan, — sen, demak, boy-badavlat oilada tugʻilgansan.

Bu gapni u ovozini balandlatib, texnikaga doir muhim atamalarni aytayotganday, dona-dona qilib aytdi va bu bilan oʻzi aytgan gapga ishonqiramayotganini Stivenga bildirib qoʻygisi kelayotganiga ishora qildi.
— Sening onangga, harqalay, ancha qiyin boʻlgandir? — davom etdi Krenli. — Nega endi uni sen ortiqcha xafagarchilikdan xalos qilib qoʻya qolmaysan, hatto agar...
— Agar men buni istasam, — dedi Stiven, — bu menga hech gapmas, oson.
— Shunday qila qol-da, — dedi Krenli. — Onang aytganday qil. Shu qiyinmi senga? Agar koʻnglingda ishonmasang, ishonmay qoʻya qol, shunchaki rasmiyatchilik uchun choʻqinsang boʻldi, xolos. Uning koʻngli tinchiydi.

Krenli toʻxtadi, Stivendan javob boʻlavermagach, oradagi jimlikni buzmadi. Keyin, goʻyo xayolida kechayotgan oʻylarni ovoz chiqarib aytayotganday, dedi:
— Biz dunyo deb ataydigan bu kir oʻrada ona mehridan boshqa hammasi omonat. Seni ona dunyoga keltiradi, vujudida avaylab koʻtarib yuradi. Uning kechirgan azoblarini biz qayerdan bilaylik? Biroq u nimalarni boshidan kechirmasin, koʻnglidan oʻtkazmasin — bari har holda, chin boʻlishi kerak. Haqiqiy boʻlishi kerak. Uning chekkan uqubatlari oldida bizning gʻoyalarimiz, orzularimiz hech gapmas. Oʻyin! Quruq safsata! Anov baqiroq echki Templning kallasidayam gʻoya bor. Makkenning miyasidagiyam — gʻoya. Yoʻlda yurib borayotgan har qanday eshshak menda gʻoya bor, deb oʻylashi mumkin.

Stiven, bu gaplar tagida nima yashiringanini bilishga urinib, atay tergab dedi:
— Paskal, agar xotiram aldamasa, oʻzini onasiga oʻptirmas ekan, chunki u ayollarning teginishidan qoʻrqqan.
— Demak, Paskal — choʻchqa, — dedi Krenli.
— Aloiziy Gonzaga ham, chamamda, shunday qilgan.
— Unda Gonzaga ham choʻchqa, — dedi Krenli.
— Cherkov uni avliyo deb hisoblaydi-ku, — e’tiroz bildirdi Stiven.
— Kim kimni nima deb hisoblasa hisoblayversin, men bariga tupurdim, — qat’iy va qoʻpol qilib, choʻrt kesib gapirdi Krenli. — Men uni, baribir, choʻchqa deb hisoblayman.

Stiven, har bir soʻzini oʻylab salmoqlab dedi:
— Iisus ham onasi haqida odamlar oldida alohida ehtirom bilan gapirmagan biroq iyezuit ilohiyotchisi, ispan boyoni Suares2 uni haqli deb hisoblaydi.
— Ayt-chi, biror marta sening kallangga, — soʻradi Krenli, — Iisus oʻzini xaloyiqqa aslidan boshqacha qilib koʻrsatgan, odamlarni chalgʻitgan, degan fikr kelmaganmi?
— Menimcha, boshiga bunday fikr kelgan birinchi odam, —javob qildi Stiven, — bu Iisusning oʻzi.
— Yoʻq, men aytmoqchimanki, — ovozini keskin balandlatib davom etdi Krenli, — qachondir sening kallangga u ongli riyokor yoki oddiy qilib aytganda, ablah, degan fikr kelmaganmi?
— Tan olib aytaman, hech qachon mening miyamga bunday fikr kelgani yoʻq, — javob qildi Stiven, — biroq qiziq, sen meni dinga kirgizishga urinmoqchi boʻlyapsanmi yoki oʻzingni yoʻldan ozdirmoqchimisan?

Stiven uning yuziga qarab, bepisand kulimsirayotganini koʻrdi, yuzidagi bu ifodaga Krenli sirli ma’no berishga urinardi.

Tuyqusdan Krenli dadillashib, dangal soʻradi:
— Vijdonan ayt-chi, mening gaplarim seni noqulay ahvolga solib qoʻymadimi?
— Biroz, — dedi Stiven.
— Xoʻsh, nega endi? — davom etdi Krenli gapining ohangini buzmay. — Axir, sen oʻzing dinimiz aldov ekaniga, Iisus xudoning oʻgʻli emasligiga ishonasan-ku.
— Bu gapingga men unchalik qoʻshilmayman, — dedi Stiven. — U, harqalay, xudoning oʻgʻli boʻlsa kerak, Mariyamni emas.
— Shuning uchun ham sen choʻqinishni xohlamaysan-da, a? — soʻradi Krenli. — Xoʻsh, demak, sen bunga unchalik qoʻshilmaysan? Bundan chiqdiki, vino bilan non chindan ham xudo oʻgʻlining vujudi va qoni boʻlishi mumkin, bu shunchalik udum boʻlmasa kerak, deb qoʻrqasan, shekilli?
— Ha, — xotirjam javob qildi Stiven. — Men buni his qilaman va shuning uchun bu menga gʻoyibdan qoʻrqinchli tuyuladi.
— Tushunarli, — dedi Krenli.

Stiven, uni hayron qoldirgan ohangda, gapida davom etdi.
— Men koʻp narsadan qoʻrqaman, — dedi u, — itdan, otdan miltiqdan, dengizdan, momaqaldiroqdan, mashinadan, tungi qishloq yoʻllaridan.
— Biroq, nega sen bir burda nondan qoʻrqasan?
— Mening nazarimda, — dedi Stiven, — men qoʻrqqan narsalar barisining ortida qoʻrqinchli haqiqat bor.
— Demak, sen, — soʻradi Krenli, — agar koʻnglingda ishonmay turib choʻqinsang, rim—katolik cherkovi tangrisi la’natlashi va oʻlimga mahkum etishidan qoʻrqasan, shundaymi?
— Rim—katolik cherkovi tangrisi buni hozir ham qilishi mumkin, — dedi Stiven. — Biroq men timsoliga yolgʻondakam sigʻinganimdan keyin vujudimda boshlanadigan kimyoviy jarayondan koʻproq qoʻrqaman, axir, bu timsol ortida yigirma asrlik kuch-qudrat va ixlosu izzat-ikrom yotibdi.
— Agar hayotining xavf ostida qolsa, — soʻradi Krenli, — sen bu kufrni ado etarmiding? Deylik, sen katolik e’tiqodi quvgʻin ostiga olingan davrda yashaganingda nima qilarding?
— Men oʻtmish uchun javob bermoqchi emasman, — dedi Stiven. — Ehtimol qoʻlimdan kelmas.
— Demak, sen protestant boʻlmoqchi emassan.
— Men e’tiqodimni yoʻqotdim, — javob qildi Stiven. — Biroq men oʻzimning qadrimni yoʻqotganim yoʻq. Kishi bir mantiqli va izchil ma’nosizlikdan voz kechib, boshqa bir mantiqsiz va izchil boʻlmagan ma’nosizlikni qabul qilsa, buni chinakam hurlik, deb boʻladimi?

Ular Pemburk tumanigacha yurib kelishdi va endi, koʻchada sekin-asta qadam tashlashib, chorabogʻlardagi uylarning u yer, bu yeridan taralib turgan yogʻdular koʻngillariga xotirjamlik bagʻishlayotganini his etishdi. Bu yerdagi boy-badavlat va sokin turmush havosi ularning kambagʻalliklarini ham bir qadar xayollaridan koʻtarganday boʻldi. Dafna butalari ortidagi oshxona derazasida chiroq miltillab nur sochar, u yerdan pichoq qayrayotgan xizmatkor ayolning xirgoyisi eshitilardi. Ayol «O Greydi atirgullari»ni ravon kuylardi.

Krenli eshitmoqchi boʻlib toʻxtadi va shunday dedi:
— Multer cantar[19].

Lotincha soʻzlarning mayin ifodasi shom qorongʻusida dilbar musiqaday, erkalab silagan ayolning muloyim qoʻliday yoqib tushardi. Ularning boshlaridagi ola-gʻovur oʻy-xayollar bir qadar bosildi. Qorongʻulik ichida marosim chogʻi koʻringan, ayol qiyofasi paydo boʻldi: oppoq libosga burkangan, moʻ’jazgina va oʻgʻil bolanikiday tetik jussa, belbogʻining uchlari yerga osilib turibdi. Uning bolalarnikiday jarangli va moʻrt ovozi uzoqdan eshitilayotgan joʻr ovozlar sadosi ichidan zulmatni yorib chiqayotgan ohu noladay eshitiladi:
— Et tu cum Jesu Galilaeo eras[20].

Yurak hapqiradi, ilk soʻzida alanga olib, soʻnggisida soʻnib, xuddi yarqirab chiqqan navqiron yulduzday yangroq bu ovozga talpinadi. Xonish tindi. Ular yurib ketishdi. Krenli, xonish maqomiga moslab, naqoratning oxirgi satrlarini takrorladi:

Men erkamni toparman,
Illo, boʻlurman baxtli.
Gulimni men sevarman,
Gulimning ahdi qat’i.

— Mana, haqiqiy poyeziya, — dedi u. — Chin muhabbat shu.

U Stivenga koʻz qirini tashladi va gʻalati kulimsiradi.
— Sening-cha, shu poyeziyami? Bu soʻzlarda biror-bir ma’no bor deb oʻylaysanmi?
— Ulardan ma’no topish qiyin emas, — dedi Krenli.

Uning shapkasi qoshiga tushib turardi. U shapkasini teparoqqa surdi va Stiven daraxtlar soyasida uning rangpar, nursiz yuzini, katta qora koʻzlarini koʻrdi. Ha, uning yuz-koʻzi kelishgan, gavdasi ham qoruvli, kuchli. U ona mehri haqida gapirdi. Demak, u ayollarning mehrini tushunadi, ularning koʻngli boʻshligini, ojizliklarini biladi.

Demak, ketish kerak! Bas, endi ketish kerak. Stiven yuragining tubida ketishga undayotgan qandaydir da’vatkor ovozni his etdi, bu ovoz uning Krenli bilan doʻstligi barham topganini zoʻr berib uqtirardi. Ha, u endi ketadi, endi u hech kim bilan kurasha olmaydi, peshonasida borini koʻradi.
— Men kesam kerak, — dedi u.
— Qayoqqa? — soʻradi Krenli.
— Boshim oqqan tarafga, — javob qildi Stiven.
— Shunaqa de, — dedi Krenli. — Harqalay, bu yerda senga qiyin boʻladi. Sen shuning uchun ketmoqchi boʻlayapsanmi?
— Men ketishim kerak, — dedi Stiven.
— Faqat oʻylab yurmagin meni quvgʻinlikka majbur qilishdi deb, — davom etdi Krenli. — Oʻzingni allaqanday shakkok yoki eldan ajralib qolgan kimsa deb oʻylamagin. Koʻpgina dindorlar shunday deb oʻylashadi. Bu seni ajablantirsa kerak? Biroq cherkov — bu shunchaki toshdan qurilgan imorat va hatto allaqanday qotib qolgan aqidalarga berilgan ruhoniylar makoni emas, axir. Bu odamlar shu bilan tirik. Men sening nimani istayotganingni bilmayapman. Oʻsha, biz birga Xarkort-stritdagi bekatda turganimizda menga aytgan gaplaringnimi?
— Ha, — dedi Stiven beixtiyor kulimsirab. Krenlining aytilgan gapni qayerda gapirilgani bilan qoʻshib eslash odati uning kulgisini qistadi. — Oʻsha oqshom sen Dogerti bilan Selligepdan Lerresgacha qanday borsa yaqin boʻlishini yarim soat bahs qilding.
— Toʻnka! — dedi Krenli nafrati qoʻzib. — Selligepdan Lerresga boradigan yoʻlni u qayoqdan biladi? U qovoq kalla-ku, nimani bilardi u!

U xoxolab kuldi.
— Boshqa gaplarni-chi, — dedi Stiven, — boshqa gaplarni eslaysanmi?
— Oʻshanda sen aytgan gaplarnimi? — soʻradi Krenli. — Ha, eslayman. Yashashning yoki san’atning shunday bir usulini topish kerakki, unda sen oʻzingni bemalol, erkin namoyon etishingga imkon boʻlsin.

Stiven bu gapni ma’qullaganday shapkasini koʻtaribroq qoʻydi.
— Erkinlik! — takrorladi Krenli. — Qayoqda! Sen hatto jinday kufrlikka qoʻl urishga ham qoʻrqasan-ku. Oʻgʻrilik qila olasanmi?
— Yoʻq, undan koʻra tilanchilik qilgan yaxshi, — dedi Stiven.
— Agar sadaqa berishmasa-chi, unda nima qilarding?
— Sen mening, — javob qildi Stiven, — mulk huquqi shartli, sharoit taqozo etganda oʻgʻirlik qilinsa, bu jinoyatga kirmaydi, deyishimni xohlayapsan. U holda hamma oʻgʻirlik qilardi. Shuning uchun men bunday fikrni aytishdan tiyilaman. Yaxshisi, sen iyezuit ilohiyotshunosi Xuan Mariya de Telved2ga murojaat qil, u senga qanday sharoitda qirolni oʻldirish gunoh sanalmasligini va buni qay tarzda — taomiga zahar solibmi yoki kiyim-boshini yo boʻlmasa egarini ogʻuga bulabmi — amalga oshirganing ma’qulligini tushuntiradi. Mendan esa: sen oʻzingni tunashga ruxsat berarmiding, deb soʻraganing ma’qul. Oʻgʻrilarni men shappa ushlab, adolat posbonining qoʻliga topshirmasmidim?
— Xoʻsh, buni sen qanday qilarding?
— Menimcha, — dedi Stiven, — bu harqalay, men uchun bor-yoʻgʻimni oʻgʻirlab ketgandan koʻra ogʻirroq musibat boʻlardi.
— Tushunaman, — dedi Krenli.

U choʻntagidan gugurt choʻpini olib, tishlarini kovlay boshladi. Keyin tomdan tarasha tushganday qoʻqqisdan soʻradi:
— Ayt-chi, sen, masalan, qiz bolani iffatidan mahrum qila olarmiding?
— Kechirasan-u, — dedi xushmuomalalik bilan Stiven, — buni, axir, koʻpchlik yigitlar orzu qilsa kerak?
— Sen-chi, sen bunga qanday qaraysan? — soʻradi Krenli.

Uning oxirgi, xuddi kuyundining hididay achchiq tagdor gapi Stivenning xayolini algʻov-dalgʻov qildi, koʻngliga ogʻir botdi.
— Menga qara, Krenli, — dedi u. — Sen mendan nima qilishni xohlashimni va nima qilishni xohlamasligimni soʻrayapsan. Men senga nima qilishimni va nima qilmasligimni aytib qoʻyay. Men endi oʻzim ishonmaydigan narsaga sigʻinmayman, hatto agar bu mening oilam, vatanim yoki cherkov boʻlsa ham. Biroq men oʻzimni hayotning yoki san’atning biror bir shaklida qoʻlimdan kelguncha toʻla-toʻkis, erkin namoyon etishga harakat qilaman, bu yoʻlda oʻzim uchun ma’qul kelgan qurol — sukut saqlash, darbadarlik va ziyraklik bilan himoyalanaman.

Krenli Stivenning qoʻlidan tutdi va uni Lison-park tarafga boshladi. U ayyorona kulib, Stivenning qoʻlini koʻkragiga doʻstlarcha bosib, goʻyo mehribonlik koʻrsatmoqchi boʻldi.
— Ziyraklik bilan?! — dedi u. — Sen-a? Bechora shoir!
— Sen meni shunga, — dedi Stiven uning soxta mehribonligidan hayajonlanib, — xuddi boshqa koʻp narsalarga iqror boʻlganimday tan olishga majbur qilding.
— Ha shunday, boʻtam — dedi Krenli hazilini davom ettirib.
— Sen meni nimalardan qoʻrqishimni tan olishga majbur qilding. Biroq men senga nimalardan qoʻrqmasligimni ham aytib qoʻyishim mumkin. Men yolgʻiz qolishdan yoki boshqa biror kimsani deb haydalishdan qoʻrqmayman, taqdirimga bogʻlangan narsalarni tark etishdan qoʻrqmayman. Men yana xato qilishdan, katta gunohga, bir umrga yetguli, hatto gunohi azimga yoʻl qoʻyishdan ham qoʻrqmayman.

Krenli qadamini sekinlatdi va endi jiddiylashib dedi:
— Yolgʻiz, bir oʻzing. Sen bundan qoʻrqmaysanmi? Bu gapning ma’nosiga tushunasanmi oʻzi? Boshqalardan bir chetda qolish ham gapmi, hatto doʻsting ham boʻlmasa.
— Men bunga ham tayyorman, — dedi Stiven.
— Hech kimsiz, hatto eng oliyjanob, sodiq doʻstdan ham muhimroq insondan ajralib, a?

Bu soʻzlari Krenlining oʻziga ta’sr qilib ketdi. U oʻzini nazarda tutib gapirdimikan, oʻzining kimligini yoki kim boʻlishini xohlaganini nazarda tutdimikan? Stiven bir necha lahza uning qaygʻuli yuziga jim qarab turdi. U doim qoʻrqib eslaydigan oʻzining yolgʻizligi haqida gapirdi.
— Kim haqida gapiryapsan, — soʻradi nihoyat Stiven.

Krenli javob qilmadi.

* * *

20 mart. Krenli bilan mening isyonim haqida uzundan-uzoq gaplashildi.

U bir nimalarni jiddiy uqtirishga urindi. Men oʻzimni eshitayotganga soldim, hurmatini oʻrniga qoʻyayotganday koʻrsatdim oʻzimni. U onasini yaxshi koʻrishini gapiraverib jonimga tegdi. Onasini mening koʻz oldimda gavdalantirishga harakat qildi, biroq men tasavvur qilolmadim. Bir safar oʻzi tugʻilganda otasi oltmish bir yoshda boʻlgani bexos ogʻzidan chiqib ketgan. Buni tasavvur qilish mumkin. Kelbati kelishgan fermer. Egnida keng-moʻl kostyum. Moshguruch soqoli kuzalmagan. Aftidan tozi quvib ov qiladi. Ayerresdagi hazrat Dvayerga cherkov badalini binoyiday toʻlab turadi, biroq juda qoʻli ochiq deb boʻlmaydi. Kechqurunlari qizlar bilan valaqlashib oʻtirishdan zerikmaydi. Onasi-chi? Juda yoshmikan yoki munkillab qolganmi? Yosh emasdir-ov, unda Krenli boshqacha gapirgan boʻlardi. Demak, qari. Ehtimol, qarovsizdir. Yuragidagi alam shundan: Krenli — qurib-chiriyotgan daraxt mevasi.

21 mart, eratalab. Bu haqda kecha oqshom toʻshakda yotib oʻyladim, biroq hozir hech narsa yoqmayapti, qoʻlim bormayapti, shuning uchun yozmadim. Ha, ozod qushdayman. Qurib-chiriyotgan daraxtlar — bu Yelizaveta va Zaxariya. Demak, u — Mubashshir. Dudlangan toʻsh va quritilgan anjir bilan oziqlanishi bejiz emas. Tushungin-da: yemishi chigirtkayu yovvoyi asal. Yana — qachon u haqda oʻylasam, mudom beshafqat chopilgan bosh yoki kulrang parda orasidan moʻralagan jonsiz niqob, yo boʻlmasa boqiy Xaloskor koʻz oldimga keladi. Bosh olish — bu ularda shunday ataladi. Lotin darvozasida Ioann koʻrsatgan moʻ’jizani tushunolmayman. Men oʻzi nimani koʻrayapman? Qulfni buzishga zoʻr berayotgan boshsiz Mubashshirni.

21 mart, oqshom. Ozodman. Ruhim yengil, oʻy-xayolim erkin. Qoʻy, mayli, oʻlik jonlar oʻzlarining murdalarini dafn etaversin. Ha. Mayli, tirik murdalar oʻlik jonlari bilan qovushaversin.

22 mart. Linch bilan birga kasalxonaning kasal boquvchi semiz ayoli ortidan sudralib yurdim. Linchning oʻylab topgani. Ikki ozgʻin och tozi buzoq ketidan tushgan.

23 mart. Uni oʻsha oqshomdan beri uchratganim yoʻq. Tobi yoʻqmikan? Kamin oldida oʻtirgandir-da onasining shol roʻmoliga burkanib. Biroq parvo qilmaydi. Ovqatingni yeb olgin!

24 mart. Onam bilan tortishishdan boshlandi. Mavzu — Bibi Maryam. Yoshim va jinsimga koʻra noqulay holatda edim. Bahona topib, vaziyatdan chiqib ketmoqchi boʻlib, Isoning otasi bilan va Maryamning oʻgʻli bilan munosabatlarini misol qilib keltirdim. Onamga din — tugʻruqxona emas, dedim. Onam koʻngilchan. Sening xayoling buzuq, deb aytdi, men koʻp kitob oʻqirkanman. Notoʻgʻri. Kam oʻqiyman, kam tushunaman. Keyin u, hali sen dinga qaytasan, dedi, hozir aqlim uncha tiniqlashmagan ekan. Buni qanday tushunsa boʻladi: bu — cherkovni gunohning qora tuynugidan tark etish va unga ovoz chiqarib qilinadigan tavba-tazarru eshigidan qaytib kirishmi? Tavba qilolmayman. Unga xuddi shunday deb aytdim. Olti pens berib turing, dedim. Uch pens berdi.

Keyin universitetga bordim. Dumaloqbosh Gess bilan ikkinchi bor toʻqnashdim, uning koʻzlari tulkinikiday. Bu safar Bruno bahona boʻldi. Gapini italyancha boshlab, buzilgan inglizchada yakunladi. Bruno gʻirt shakkok boʻlgan, dedi u. Men esa uni olovda gʻirtlar yoqishgan, dedim. U hech bir ginasiz mening gapimga qoʻshildi. Keyin u risotto aiia bargamasca deb nomlanadigan italyan milliy taomining reseptini berdi. U «o»ni yumshatib aytganda qalin, goʻshtdor lablarini choʻchchaytiradi. Tovushni muchchilayotganday tuyuladi. Ehtimol, muchchilar? Uning tavba qilishga qurbi yetramikan? Ha, boʻlmasa-chi, ikkita quv koʻzidan bir-bir tomchidan ikki tomchi obidiydasini oqizadi.

Stivens-Grin-parkni, mening parkimni oralab oʻtayotib esladim: axir, oʻsha oqshom Krenli bizning dinimiz deb atagan dinni mening emas, Gessining vatandoshlari oʻylab topishgan. Toʻqson yettinchi polkning askarlari — toʻrtovlon xoch tagida oʻtirishibdi va qur’a tashlashib, xochga chormix qilinganning kiyimini boʻlashib olishayotir.

Kutubxonaga bordim, uchta jurnalni oʻqimoqchi boʻldim. Foydasi yoʻq. U haliyam qorasini koʻrsatgani yoʻq. Meni bu qiziqtiradimi? Nimasi qiziqtiradi? Endi uni hech qachon koʻrmasligimmi? Bleyk yozgan:

Qoʻrqaman, chunki Uilyam Bond qazo qildi,

Chunki u uzoq va ogʻir yotdi.

Afsus, bechora Uilyam!

Qandaydir sabab bilan Rotondga borgan edim. Tomoshaning oxirida kiborlarning qiyofalarini koʻrsatishdi.

Ularning orasida yaqinginada qazo qilgan Uilyam Yuart Gladston ham bor. Orkestr «O, Villi, qaniydi oramizda boʻlsang!»ni ijro etdi.

Chindan ham gumrohlar millati!

25 mart, ertalab. Tuni bilan alaq-chalaq tushlar koʻrdim. Qaniydi, bir silkinib baridan xalos boʻlsang.

Uzun aylana dahliz. Yerdan osmonga ustunday buralib qop-qora bugʻ koʻtariladi. Allaqanday afsonaviy qirollarning son-sanoqsiz haykallari. Ularning horgʻin qoʻllari tizzalarida, koʻzlarini yosh qoplagan, chunki ularning koʻz oʻngida bandalarning gunohlari qop-qora bugʻ boʻlib oʻrlab turibdi.

Yana gʻordan gʻalati jondor chiqib keladi. Jussalari odamlarnikidan kichikroq. Goʻyo ular bir-biriga qoʻshilganday. Ularning qorongʻida nurlanib koʻringan yuzlarida taram-taram qora chiziq. Ular menga tikilib qaraydi, koʻzlarida esa savol alomati. Miq etmaydi.

30 mart. Bugun kechqurun kutubxona eshigi oldida Krenli Dikson bilan uning akasiga topishmoq aytdi. Ona bolasini Nil daryosiga tushirib yubordi. Hali ham ona mehri bilan band. Goʻdakni timsoh tutib oldi. Ona timsohdan bolasini qaytarib berishni soʻrayapti. Timsoh rozi: mayli, faqat bitta sharti bor, ayt-chi, bolani men nima qilmoqchiman — uni yamlab yutamanmi, yamlamay, deydi timsoh.

Bunday fikrlash tarzi, haqiqatdan ham, faqat sizning chirkin muhitda, sizning quyoshingiz ostida paydo boʻlishi mumkin, degan boʻlardi Lepid.

Meniki-chi? Menikining nimasi afzal? Nilga tashla uni, daryoga choʻktir!

1 aprel. Oxirgi gap yoqmayapti.

2 aprel. Uni koʻrdim, Jonston kafesida Muni va OʻBrayen bilan pirojniy yeb, choy ichayotgandi. Toʻgʻri, oʻtib borayotganimizda birinchi boʻlib Linch tulki uni koʻrib qoldi. Linch menga: uning akasi Krenlini uylariga taklif qildi, deb aytdi. U oʻzi bilan birga timsohini ham olishni unutmadimikan? Demak, endi u olam chirogʻi boʻldimi? Uni men kashf etgandim-ku. Ishontirib aytaman, men! Yurardi uikloulik shoʻrtumshuqlar ichida biqinib.

3 aprel. Finleyter cherkovi qarshisidagi tamaki doʻkonida Deyvinni uchratdim. U qora sviterda, qoʻlida chavgon. Mendan chindan ham joʻnab ketayapsanmi, nega, deb soʻradi. Men unga Taraga boriladigan qisqa yoʻl — via Xolixed, dedim. Shu payt otam kelib qoldi. Ularni tanishtirdim. Otam hurmatimizni qildi. Deyvinga tamaddi qilib olishni taklif etdi. Deyvin borolmadi — namoyishga shoshayotgan edi. Biz uzoqlashgach, otam bu bolaning chehrasi ochiq ekan, dedi. Mendan nega eshkakchilar klubiga yozilmading, deb soʻradi. Oʻylab koʻrishga va’da berdim. Keyin u menga bir paytlar Pennifezerni qanday xafa qilganini gapirib berdi. Mening yurist boʻlishimni xohlaydi. Bu sening burching, deydi. Yana Nil botqogʻi, timsohlari bilan.

5 aprel. Avji bahor. Pagʻa-pagʻa bulutlar suzadi. O, hayot! Qoramtir loyqa suv mavj urib oqadi, tepadan olma daraxtlari nozik barglarini toʻkib turadi. Barglar orasidan qizlarning koʻzlari intizor boqadi. Qizlar — odobli va shoʻx. Bari oqsariq yoki mallasoch. Qorasochlisi kerakmas. Oqsariq sochli qizlarning yuzlari naqsholmaday. Bir sakrab tutsang!

6 aprel. U oʻzining oʻtmishini eslaydi, albatta. Hamma ayollar eslaydi, deydi Linch. Demak, u ham oʻzining va ham mening bolaligimni eslaydi, agar men qachondir bola boʻlgan boʻlsam. Oʻtmishni bugun oʻz komiga tortadi, bugun esa faqat kelajakni paydo qilish ilinjida yashaydi. Agar Linchning gapi toʻgʻri boʻlsa, ayolning haykali doimo egnida kiyimi bilan yasalgan boʻlishi va ayol bir qoʻl bilan ketini uyalinqirab bekitib turishi kerak.

6 aprel, shom. Maykl Robartes boy berilgan goʻzallikni xotirlayotir, qoʻllari bilan uni quchgan chogʻda, allaqachon bu dunyodan gʻoyib boʻlgan goʻzalni bagʻriga bosayotganday tuyuladi. Boshqacha boʻlishi kerak. Mutlaqo boshqacha. Men hali dunyoga kelmagan goʻzallikni bagʻrimga bosishni istayman.

10 aprel. Karaxt, qop-qorongʻi tun zulmati ostida, shahar sukunatiga qoyim, koʻrgan tushlarini unutmoq ilinjida uyquni tark etgan, xuddi horgʻin oshiqday, silab-siypashlariga, yelayotgan ot tuyoqlarining dupuriga beparvo. Endi, harqalay uncha karxtmas. Mana endi koʻprikka yaqin qoldi: bir nafas — sukunatni tilib, alam bilan, qorongʻu derazalarni yonlab, kamon oʻqiday uchib oʻtadi. Endi ular bir yoqlarda, uzoqlarda; tim qorongʻulikda, olmosday yaraqlagan tuyoqlar mudroq uyqudagi dalalar uzra gʻizillab uchadi — qayoqqa? — kimga peshvoz? — qanday xushxabar bilan?

11 aprel. Kecha oqshom yozganlarimni oʻqib chiqdim. Allaqanday mavhum iztiroblar haqidagi mavhum soʻzlar. Bu unga yoqishi mumkinmidi? Yoqardi, menimcha. U holda, demak, menga ham yoqishi kerak.

13 aprel. Bu »suzgich« uzoq vaqt xayolimni tark etmadi. Lugʻatga qaradim. Topdim. Binoyiday qadimgi soʻz. Jin ursin dekanni voronkasi bilan qoʻshib! Nega u bu yerda paydo boʻldi — bizni oʻzining tiliga oʻrgatish uchunmi yoki bizdan oʻrganish uchunmi? Nima boʻlgandayam, baribir, daf boʻlsin!

14 aprel. Jon Alfons Malrennen hozirgina Irlandiyaning gʻarbidan qaytib keldi. Yevropa va Osiyoda chiqadigan gazetalar bu xabarni koʻchirib bosishlarini iltimos qilaman. Aytishicha, u togʻdagi kulbada qari cholni uchratgan. Cholning koʻzlari baqraygan, ogʻzida kalta trubka. Chol irlandcha gapiradi. Malrennen ham irlandcha gapiradi. Keyin chol bilan Malrennen inglizcha gaplashishadi. Malrennen unga olam haqida, yulduzlar haqida soʻzlaydi. Chol oʻtirgan koʻyi, tamakini buruqsitib, tupurinib eshitadi. Keyin shunday deydi:
— Ha-ya, toʻgʻri, dunyoning naryogʻida ajoyib maxluqlar yashaydi-da.

Men undan qoʻrqaman. Uning baqraygan qizil koʻzlaridan qoʻrqaman. Tonggacha u bilan olishish mening chekimga tushgan, hali yo mening yoki uning ajali yetmaguncha, uning sertomir yoʻgʻon boʻyinini boʻgʻib, hali... Nima hali? Hali u menga yon bermagunchami? Yoʻq, men unga yomonlikni sogʻinmayman.

15 aprel. Bugun u bilan Graften-stritda yuzma-yuz uchrashdim. Bizni olomon bir-birimizga duch keltirdi. Ikkalamiz ham toʻxtadik. U mendan nega koʻrinmaysan, deb soʻradi. Men haqimda har xil boʻlmagʻur gaplarni eshitganini aytdi. Bu gaplar, chamamda, atay vaqtni choʻzish uchun aytildi. She’rlar yozib turibsanmi, deb soʻradi. Kim haqida? — soʻradim men. Shunda u battar ajablandi, unga achinib ketdim va oʻzimni ablahday his etdim. Darhol gapni oʻsha Dante Algeri kashf etgan, mualliflik huquqini rasmiylashtirib olgan qahramonlik ohangidagi koʻtarinki mavzuga burdim: oʻzim haqimda, rejalarim toʻgʻrisida hovliqib gapira ketdim. Baxtga qarshi, gap orasida beixtiyor isyonkor mayllarim ham oshkor boʻldi. Aftidan, men bir qop yongʻoqqa oʻxshab shaldiradim. Odamlar bizga qaray boshlashdi. Shu payt u qoʻlimni siqdi va ketayotib, aytgan gaplarim, albatta, amalga oshishiga umid bildirdi.

Yoqimli-da, toʻgʻrimasmi?

Ha, bugun uni uchratib kayfim chogʻ boʻldi. Judayam xursand boʻldimi yo unchalikmasmi? Bilmadim. U bilan uchrashib ruhim koʻtariladi, bu men uchun allaqanday boshqacha, yangi bir tuygʻu. Demak, nimaiki oʻylagan boʻlsam, oʻylayotgan boʻlsam, nimaiki his etgan, his etayotgan boʻlsam, xullas, bugungi uchrashuvda boʻlgan hamma narsa tub mohiyati bilan... Qoʻysang-chi, ogʻayni, yigʻishtir! Kechasi yotib oʻyla, ertasi turib soʻyla.

16 aprel. Yoʻl tadorikin koʻr! Safarga otlan!

Qoʻllar va ovozlar chorlayotir: oy yorugʻida qotgan yoʻllarning oq qoʻllari va kemalarning uzun qora qoʻllari, ularning uzoq-uzoqlardagi mamlakatlarga eltishni va’da qilib chorlashlaridan yurak hapqiradi. Goʻyo ular imlab chorlayotganday, biz birga boʻlaylik — yonimizga kel, bizga qoʻshil, deb aytayotganday. Ovozlar esa bunga joʻr boʻlib: sen bizdansan, birodarimizsan, demoqda goʻyo. Osmon bu joʻr ovozlarga toʻla, ular meni — safarga shay, oʻzining navqiron, yosh qanotlarini dadil qoqib uchishga tayyor birodarini chorlamoqda.

26 aprel. Onam mening eskifurushdan sotib olgan yangi narsalarimni joylayotir. Shoyad, tugʻilgan uyingdan uzoqda doʻst kim, dushman kimligini bilsang, insofga kelsang, deydi onam. Illo! Shunday boʻladi, albatta. Shon-sharaflar boʻlsin senga, hayot! Men safarga otlanayotirman, ijod haqiqatini qayta-qayta anglab yetmoq va qalbimning qoʻri bilan xalqimning tengsiz, betakror aqlu irodasini namoyon etmoqqa jazm etib yoʻlga chiqayotirman.

27 aprel. Rahnamoyim, ey aziz ustoz minba’d menga togʻday tayanch boʻl, azalu abad oʻzing qoʻllagaysan.

Dublin, 1904 - Triyest, 1914.
III- qism
 
Keyingi



  1. Fil suyagi (ingliz, fransuz, italyan va lotin tillarida).
  2. Hindiston fil suyagi yetishtirib beradi (lotincha).
  3. «Notiqning nutqi ixcham, qoʻshiqchining ashulasi rang-barang» (lotincha). Lotin grammatikasining va shu qoʻllanmadan joy olgan lotin she’r tuzilishi qoidasining muallifi Manuyel Alvarishning (1526—1583) kitobidan.
  4. Ana shunday falokatlar (lotincha).
  5. Riyozat chekib zafar qozonmoq (lotincha).
  6. Qoʻl qoʻydingmi? (lotincha).
  7. Nima? (lotincha).
  8. Umumjahon tinchligi uchun (lotincha).
  9. Nazarimda, siz oʻtaketgan yolgʻonchisiz, avzoyingizdan koʻrinib turibdi — kayfiyatingiz juda rasvo.
  10. Kimning kayfiyati yomon — meningmi yoki sizningmi (lotincha).
  11. Urushdan boshi chiqmaydigan dunyoga tinchlik (lotincha).
  12. Kelinglar, koptok oʻynaymiz (lotincha).
  13. Pange, lingua, gloriosi Corporis mysterium... — Sharafla mening tilim, sharafli vujudim asrorini... (lotincha).
  14. Vexilla Regis prodenut — U shohona tugʻni koʻtarar(lotincha). Venansiy Fortunat (530—603) — ilk oʻrta asr shoiri, umri oxirida Pufteda yepiskop boʻlgan.
  15. Dovudning bashoratlari amalga oshdi,
    Xalqlarga tantanali e’lon qilingan
    Tangri daraxtda turib bizni boshqaradi degan
    Haqqoniy munojotlarda (lotincha).
  16. Meningcha, Liverpuldagi kambagʻallar judayam qashshoq yashashadi (lotincha).
  17. Moʻ’tabar qadimgi sulola (lotincha). Solnomachi ingliz Fits-Stivenlar sulolasini shunday ataydi. Bu sulolaning Stiven Dedalus oilasiga hech bir aloqasi yoʻq, boz ustiga, oʻsha sulola Irlandiyaning bosib olinishida kattagina xizmat koʻrsatgan. Bu oʻrinda Templ Stivenning ingliz madaniyatiga qiziqishi va uning irland milliy harakatiga qoʻshilishni xohlamayotganiga kinoya qilayotir.
  18. Vaqtidan oldin, hovliqib (lotincha).
  19. Ayol kuylayapti (lotincha).
  20. Sen-da galileyalik Iisus bilan birga eding (lotincha). Injildan.