OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJeyms Xedli Cheyz
Asar nomiSoxta farishta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jeyms Xedli Cheyz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soxta farishta (hikoya)
Jeyms Xedli Cheyz

Sleg Moynixen simyogʻochga suyangancha turardi. U yoqdan-bu yoqqa oʻtayotgan yoʻlovchilar unga qarab-qarab qoʻyishar, u oʻgirilganida tezda nigohlarini chetga burishardi. Sleg gavdali, baquvvat edi. U Xenklestenning restoranida haftasiga ikki marta tashkillashtiriladigan janglarda qatnashuvchi uchinchi toifali bokschilar jamoasida roʻyxatda turardi. U oz pul ishlar, lekin koʻp zarba oʻtkazardi. U hali yigirma beshga ham kirmagan, shuning uchun bu zarbalar oʻziga ta’sir qilmasligiga ishonardi. Ammo yoshi oʻtganidan soʻng bu zarbalar unga ta’sir qilishidan tashvishlanardi.

Biroq ayni paytda uni bu fikr bezovta qilmayotgandi. Uning fikri-zikri Roza Xensonda edi. Slegning ayollarga suyagi yoʻq edi. Ayollar bilan boʻlganidan soʻng u bu ayollarni unutardi. Ammo Roza Xensonni koʻrgach, barchasi oʻzgardi. Roza uning koʻz oldidan ketmay qoldi. U odatda ayollarni shunday soʻzlar bilan ilintirardi: «Menga qarang, goʻzalim, xoliroq joyda uchrashishga nima deysiz? Vaqtimizni chogʻ oʻtkazardik».

Odatda bu samarali boʻlardi. Ammo Roza unga mensimas nazar bilan bir qarab qoʻydi xolos. Qiz hech narsani eshitmagandek, uning soʻzlariga e’tibor ham bermadi.

Birinchi marta u qizni Qirq uchinchi koʻcha va Farbiy avenyu burchagidagi raqs maydonchasida koʻrgandi. Qiz oʻzini puldorlardek tutayotgan baland boʻyli ozgʻin yigit bilan raqs tushardi. Sleg janjal boshlashni oʻyladi, ammo Rozaning oldida ahmoqqa oʻxshab qolishini oʻylab bu fikrdan voz kechdi. Biroq qoʻli qichiyvergach, u uyiga ketvordi.

U Rozani endi oʻylamaslikka qaror qildi, lekin qiz uning koʻz oʻngidan ketmasdi. U Rozani bir necha marta koʻrdi. Har safar qizni koʻrganida undagi muhabbat alangasi kuchayar, u bilan gaplashmasa boʻlmasligini anglardi. U nimadir qilmasa boʻlmasligini tushundi. Qizning qaerda ishlashini zoʻrgʻa aniqladi. U Braunrig ismli kishining sartaroshxonasida manikyurchi boʻlib ishlarkan. Sleg sartaroshxonaga borib manikyur qildirishga ahd qildi. U sartaroshxonaga shaxd bilan kirdi va Braunrigga soʻz qotdi.

-Sizlarda tirnoqni pardozlaydigan qiz bormi?-soʻradi Sleg.

-Ha, albatta, janob Moynixen. Keling, oʻtiring.

Sleg unga shubhalanib qaradi.

-Mening Moynixen ekanligimni qaerdan bilasiz?-soʻradi u.

Braunrig jilmaydi.

-Men janglaringizni kuzatib boraman,-dedi u.-Siz chempion boʻlishga qodirsiz.

Slegning koʻngli xotirjam boʻldi.

-Yaxshi,-toʻngʻilladi u.-Oʻsha qizni chaqiring. Men shoshilyapman.

Braunrig sartaroshxona burchagidagi parda ortiga oʻtib ketdi va bir necha daqiqadan keyin qaytdi.

-Xenson xonim hozir chiqadi,-dedi u.-Biratoʻla soch-soqolingizni ham oldirasizmi?

Sleg unga gʻazab bilan tikildi.

-Yoʻq. Men bu qiz bilan gaplashib olishim kerak.

Braunrig ta’zim qildi va qoʻshib qoʻydi:

-Yaxshi, janob Moynixen.

Sleg tirjaydi.

-Boʻpti,-bosh irgʻadi u,-tezroq kirsin.

Braunrig qoʻshni xonaga kirib ketdi, lekin eshikni qiya ochiq qoldirdi.

Parda ortidan pardoz buyumlari joylashtirilgan gʻildirakli aravachani yurgizgancha Roza Xenson paydo boʻldi. U Slegni koʻrgach, yuzi jiddiylashdi.

-Ha, sizmisiz?-dedi u kinoya bilan.-Nima xizmat?

Sleg unga suqlanib tikildi.

-Tirnoqlarimni pardozlasangiz boʻldi,-dedi u.-Men esa sizni zeriktirmay oʻtiraman.

Qiz bosh chayqadi.

-Sizga manikyurning keragi yoʻq,-dedi u.-Bunday qoʻllar uchun motorli arra kerak.

Sleg qoʻllarini aylantirdi.

-Menga qara, azizam,-dedi u,-bu qoʻllarim bilan yaxshigina pul topaman. Boʻl, pardozingni boshla.

Qiz aravachasini uning yoniga olib keldi va tizzalarini namoyish etgancha kursiga oʻtirdi. Sleg uning oyoqlariga oshkora tikildi.

-Oyoqlaring chiroyli ekan. Demak, goʻzalsan.

Qiz uning qoʻlidan tutdi.

-Goʻzalligimni ta’riflashingizning keragi yoʻq. Buni oʻzim ham yaxshi bilaman.

Sleg labini choʻchchaytirdi. «Bu xonim qattiq yongʻoq ekan,-oʻyladi u.-Uni chaqish oson boʻlmaydi».

-Jangimga chipta kerakmi?-soʻradi u yashirin qurollaridan birini ishga solib.-Ertaga zoʻr tomosha boʻladi. Sizga ringga yaqin joydan chipta olib berishim mumkin.

-Nima dedingiz?-soʻradi qiz.

Sleg uf tortdi va taklifini takrorladi.

-Janglaringiz meni qiziqtirmaydi,-dedi qiz uning tirnoqlariga ishlov berishni boshlar ekan.-Ammo chiptangizni doʻstimga berishim mumkin.

-Anavi siz bilan raqsga tushgan novchani aytyapsizmi?-soʻradi Sleg.

Roza unga bir qarab qoʻydi.

-Garriga boks tomosha qilish yoqadi.

-Menga unga oʻxshagan yigitlar yoqmaydi,-dedi Sleg.

Roza qovogʻini uydi.

-Buni qarang-a,-dedi u sovuq ohangda.

Oraga jimlik choʻkdi. Sleg hech narsaga erisholmaganini his qilgach, oʻzining asosiy qurolini ishga soldi:

-Ertaga qoʻlimga yaxshigina pul tushadi. Balki biror joyga borarmiz?

-Qaerga boramiz?-ehtiyotkorlik bilan soʻradi Roza.

-Menimcha, oʻzingiz taklif qilishingiz mumkin,-dedi Sleg xursand boʻlib.-Istagan joyingizga boramiz.

-Unda...-qiz bir oz sukut saqladi, soʻng bosh chayqadi,-yoʻq, u yerga borishga unamaysiz.

Sleg qovogʻini uydi.

-Ayting,-dedi u.-Qaerga?

-Men anchadan beri «Mayami» klubiga borishni istayman, u yerga puldorlar kirishadi. Siz kira olmasangiz kerak.

Slegning yuragi toʻxtab qolgandek boʻldi va darhol javob qaytardi:

-Kim aytdi sizga? Siz istagan joyga olib borishga qurbim yetadi.

Roza kursi suyanchigʻiga boshini tashladi va unga tikilib qoldi.

-Zoʻr-ku!-dedi u.-U yerga hatto Garri ham bormaydi. Rostdan qoʻlingizdan keladimi?

Falaba qozonganini his qilgan Sleg darhol tashabbusni qoʻlga oldi.

-Albatta,-dedi u.-Sizday goʻzalni albatta olib boraman.

-Janob Moynixen, pulingiz bunchalik koʻpligini bilmagan ekanman. Balki «Mayami» klubiga bormasmiz? Keling, «Ambassadors»ga boramiz. U yerga borishni anchadan beri orzu qilaman.

Slegning nafasi ichiga tushib ketdi. U maqtanchoqligi nimaga olib kelganini judayam kech tushundi. «Mayami»ga boʻlsa mayli edi. Ammo «Ambassadors» shahardagi eng qimmat tungi klub edi. Bu yerga hatto smoking kiymaganlar kiritilmas, Slegning esa smokingi yoʻq edi. U bu yerga borish qanchaga tushishini hisoblaguncha terga botib ketishini his qildi.

Roza esa quvonchdan terisiga sigʻmasdi.

-Keling, ertaga boramiz,-taklif qildi u.-Ertaga boʻshman. Kech soat toʻqqizda uchrashamiz. Hozir janob Braunrigni chaqiraman, soch-soqolingizni tartibga keltirib qoʻyadi.

Sleg e’tiroz bildirishga ham ulgurmay u Braunrigni chaqirdi. Braunrig shu zahoti paydo boʻldi va ishga kirishdi. Sleg soch-soqolini oldirib koʻchaga chiqqanida hamyoni uch dollarga boʻshagan, boʻyniga esa hayotidagi eng qimmat oqshomni oʻtkazish majburiyati ilingandi.

Ammo u ishni oxirigacha yetkazishga qaror qildi. Sleg shaxdam qadamlar bilan Izzining chevarxonasiga keldi va smokingni ijaraga olishni kelishib olgani anchagina vaqt sarfladi. U arzimagan pul evaziga smokingni ijaraga oldi.

Sleg karton qutiga joylangan smokingni olib uyiga keldi. Kunning qolgan qismini esa kechki payt boʻladigan jangga tayyorlanish bilan oʻtkazdi. Ammo miyasi Roza va «Ambassadors»da oʻtadigan oqshom haqidagi fikr bilan band edi.

U sparring-raqiblaridan biri Peg OʻMaliga dilini ochdi.

-Menga qara, Peg,-dedi u.-Ertaga bir xonimni «Ambassadors»ga olib borishim kerak.

Peg Slegga ajablanib qaradi.

-Xoʻsh, nima boʻpti?

Sleg iyagini qashladi.

-Sen u yerda boʻlganmisan?-soʻradi u umid bilan.

Peg bosh chayqadi.

-Yoʻq, u yerda olgan nafasingga ham pul toʻlaysan.

-Xonim oʻsha yerga bormoqchi-da,-dedi Sleg.

-Nima qilasan u yerga borib. Boshingdagi shlyapangga qarab turadigan garderobchi ham hamyoningni qoqlab oladi.

Sleg xavotirlana boshladi.

-Qancha pulim ketadi?-soʻradi u.-Yigirma dollar yetarmikin?

Peg oʻylanib qoldi.

-Ha,-dedi u,-etsa kerak. Yigirma dollarni oʻsha xonimga berib qoʻyaver undan koʻra. Bir tuning rohatda oʻtadi.

Slegning jahli chiqdi.

-U unaqa ayollardan emas,-dedi u.-U odobli.

-Aqldan ozibsan, ogʻayni. «Ambassadors» sen boradigan joy emas.

Shundan soʻng «Ambassadors» haqida umuman gap ochilmadi. Sleg jangda osonlik bilan gʻalaba qozondi.

Ma’mur unga ellik dollar toʻladi va u yana yigirma besh dollar qarz soʻradi. Pulni olgach, doʻstlari bazmga taklif qilishlariga ham qaramay, tezda uyiga joʻnadi. U har bir dollarni asrash kerakligini tushunib turardi.

Uyga qaytgach, u javonni ochdi va har ehtimolga qarshi saqlab yurgan yigirma besh dollarini ham oldi. Endi unda yuz dollar va ancha-muncha mayda pul bor edi. U oʻzida ishonch sezdi. Buncha pul bilan bemalol istagan joyiga borsa boʻladi.

U shuncha pulni bir oqshomda ishlatib yuborishiga ishonmasdi. Buncha pul uning bir oy yashashiga yetardi.

Ertasiga Sleg ijara uy bekasi va uning qizi yordamida kiyindi. Boʻyinbogʻ bogʻlab, smokingni egniga ilgach, u oynaga qarab oʻzini taniy olmay qoldi. Unga oynadan bashang kiyingan janob qarab turardi.

Sleg boshiga shlyapani qoʻndirib, choʻntagidagi pulini yana bir marta tekshirib oldi va uyidan chiqdi. U sartaroshxonaga kelganida Braunrig uni koʻrib ogʻzini ochib qoldi.

-Janob Moynixen, koʻrinishingiz ajoyib,-dedi u.-Kostyumingiz chiroyli ekan.

Sleg smokingidagi koʻrinmas changni qoqib qoʻydi.

-Ha, narxi ham shunga yarasha. U shu yerdami?

Braunrig koʻzi bilan manikyur boʻlimiga ishora qildi.

-U tayyorlanyapti,-dedi u koʻzini qisib.-Qaerga ketyapsizlar?

-«Ambassadors»ga,-dedi Sleg.-Men oʻsha yerga borishni yoqtiraman.

Braunrig hushtak chalib yubordi.

-Oʻ-hoʻ,-dedi u,-didingiz chakkimas.

Shu payt parda ortidan jilmaygancha Roza chiqib keldi.

Sleg koʻzlariga ishonmadi. Uning roʻparasida sohibjamol malika turardi. Yashil koʻylak qizning koʻrkiga yanada koʻrk qoʻshgandi. Sochlari yelkasigacha tushgan, yuzidagi pardozi ham joyida boʻlgan qiz xuddi kino yulduzlaridek yurib kelardi.

-Judayam goʻzalsiz,-dedi Sleg. Roza joyida turgancha aylandi.

-Yoqamanmi?-soʻradi u.

-Judayam.

-Siz ham bugun ochilib ketibsiz.

Braunrig bosh irgʻadi.

-Ajoyib juftlik,-dedi u.-Endi esa bemalol ketishingiz mumkin, men sartaroshxonani yopaman.

Roza Slegning yonidan oʻtayotganida uning dimogʻiga atirning xush boʻyi urildi. Sleg uning ortidan ergashdi. U xuddi tush koʻrayotgandek edi.

Tashqariga chiqishgach, Roza atrofga alangladi va qovogʻini uydi.

-Mashinangiz qani?

Tramvayda ketmoqchi boʻlgan Slegning rangi oqarib ketdi.

-Mashinam yoʻq,-tan oldi u.

-Men boʻlsam mashinangiz bor deb oʻylabman,-dedi Roza gʻijinib.-Unda taksi toʻxtating.

Sleg mingʻirladi:

-Xoʻp.

U koʻchaning narigi betida ketayotgan taksiga qoʻl siltadi.

Taksi toʻxtadi. Haydovchi esnagancha ularga qaradi.

-Ogʻayni, qaerga?-soʻradi u.-Xiyobongami?

Sleg unga gʻazab bilan tikildi.

-«Ambassadors»ga.

Haydovchi uzun hushtak chalib qoʻydi.

-Oʻkey, boyvachcha. «Ambassadors» boʻlsa «Ambassadors»ga-da.

Sleg Rozaning yoniga oʻtirdi. Qiz chetroqqa surildi va koʻylagini astoydil toʻgʻriladi. Sleg uning koʻylagini gʻijim qilib qoʻymaslik uchun mashinaning bu burchagiga surildi. Qiz unga qarab jilmaydi.

-«Ambassadors»ga borayotganimizga haliyam ishongim kelmayapti,-dedi u.-Garri hasaddan yorilib oʻladigan boʻldi.

Sleg qovogʻini soldi.

-U yigit bilan endi uchrashmang,-dedi u.-Endi siz mening qizimsiz.

Qiz kuldi.

-Tentakmisiz,-dedi u,-men hech kimning qizi emasman. Istagan joyimga boraman, istaganimni qilaman, hech kim menga buyruq bera olmaydi.

Sleg unga nigoh tashladi va boshqacharoq yoʻl tutish kerakligini tushundi. «Bu xonim asov, uni jilovlash qiyin boʻladi. Ammo uning goʻzalligi har qancha qiynalishga arziydi».

U qizning qoʻlidan ushlamoqchi boʻldi, ammo qiz bunga yoʻl qoʻymadi.

-Iltimos, kerakmas,-dedi u.-Koʻylagim gʻijim boʻladi.

Sleg joyiga surildi, uning kayfiyati buzildi. Ammo qiz undan jang haqida soʻradi, u-bu narsalar haqida gaplashib ketdi va Slegning kayfiyati yana yaxshilandi.

Taksi klub eshigi oldiga kelib toʻxtadi. Oppoq qoʻlqop kiygan shveytsar mashina eshigini ochdi.

Sleg yoʻlkira haqini toʻladi va eshikbonga choychaqa uzatdi. Soʻngra Rozaning ortidan ichkariga kirdi.

Katta zalda odamlar guruh-guruh boʻlib turishardi. Ular suhbatlashar, kulishardi. Sleg yerga kirib ketguday holatda ayollar uchun moʻljallangan zalga qarab ketayotgan Rozaning ortidan ergashdi. Roza ortiga oʻgirildi:

-Bir ozdan soʻng shu yerda uchrashamiz,-u shunday deb ayollar orasida gʻoyib boʻldi.

Sleg atrofga moʻltirab qaradi. Shu payt bir kishi kelib uning tirsagidan ushladi.

-Bu yoqqa, janob,-u Slegni garderob tomon yetakladi. Bu yerda bir qiz kiyimlarni qabul qilib olar va raqam yozilgan qogʻoz uzatardi.

Sleg dollar tashlagancha raqamli qogʻoz olayotgan kishilarni koʻzlari katta-katta boʻlib kuzatib turdi. Uning navbati kelgach, qiz unga qogʻoz uzatdi va jilmaydi. Sleg hech achinmasdan bir dollar uzatdi.

U ortiga qaytdi va ulkan bochkalarga oʻrnatilgan palmalar ostidan boshpana topdi.

U bu yerda bir necha daqiqa ham turmadi. Uning yoniga charm papkali bir kishi keldi.

-Ovqatlanasizmi, janob?-soʻradi u yarim egilib.

-Sizga nima?-dedi Sleg.

-Kechirasiz, janob, tashrifingiz a’lo kayfiyatda oʻtishi bizga bogʻliq. Bir oʻzingizmisiz? Stolga buyurtma berasizmi?

Sleg shoshib uning qoʻliga yopishdi.

-Menga qara, ogʻayni,-dedi u.-Menga sen kerak eding. Bir xonim bilan kelganman. Judayam chiroyli xonim bilan. Pulim bor. Biror narsa uyushtir. Oʻkey?

Erkak ta’zim qildi.

-Albatta, janob,-dedi.

-Hammasi senga bogʻliq,-dedi Sleg.-Oqshom zoʻr oʻtishi kerak.

-Oʻn sakkizinchi raqamli stolga oʻtirasizlar. Mana bu eshikdan kirganingizda oʻng tarafda.

U koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Sleg xuddi dushmanlarini kuzatayotgan jangchidek yana palmalar ostiga oʻtdi. Nihoyat Roza ayollar xonasidan chiqdi.

Sleg toʻngʻilladi:

-Adashib qoldingizmi?

Qiz bosh chayqadi.

-Hamma narsa tayyormi?-soʻradi u.

Sleg uning qoʻlidan tutdi.

-Albatta. Kecha tayyorlab qoʻyganman. Oʻn sakkizinchi stolga oʻtamiz. Hamma narsa tayyor.

Qiz qoʻlini tortib olmoqchi boʻldi, ammo Sleg hadeb uning aytgani boʻlavermasligini koʻrsatish uchun qizning qoʻlini mahkam ushlab oldi.

Afsuski, ziyofat Slegga yoqmadi. Shampan ichib burni toʻxtovsiz qichishdi, turli xil frantsuzcha ovqatlarni yeb koʻngli behuzur boʻldi. Kumush pichogʻu qoshiq-vilkalarni toʻgʻri ushlayman deb peshonasidan ter chiqib ketdi.

Ikkinchi tomondan esa u maqsadiga erishgandi. Roza xursand edi. U tinmay odamlar, orkestr, ushbu maskan haqida gapirardi.

Slegning oldida turli xil nomini ham bilmaydigan ovqatlar paydo boʻlar, oldidagi qadah oʻz-oʻzidan toʻlib qolayotgandek edi. Ammo u borgan sari ma’yus torta boshladi.

Bir kishi kelib Rozani raqsga taklif etdi. Ular raqs maydonchasi tomon yoʻl olishgach, Sleg hatto oʻzi yolgʻiz qolgani uchun ancha yengil tortdi.

Uning oldiga ofitsiant kelib hol-ahvol soʻradi. Sleg ma’yus jilmaydi.

-Bu yer menbop joy emas ekan,-tan oldi u boshini qashlarkan.-Balki kimlardir bu yerda rohat qilar, ammo men uchun bu yer azobxona ekan. Ketamiz endi, hisobni ayting.

Ofitsiant ta’zim qildi va likopchaga bir parcha qogʻoz qoʻydi. Sleg qogʻozga befarq nazar tashladi. U bu oqshom katta pulga tushishini bilgan, ammo bundan tashvishlanmagandi. Biroq qogʻozdagi yozuvni koʻrgach, yuzi bujmayib ketdi.

-Bir yuz yigirma besh dollarmi?

Ofitsiant ta’zim qildi.

-Hammasi toʻgʻri.

Slegning a’zoi badani muzlab qoldi. Hozir Roza kelib qolishi mumkin edi. U oʻrnidan turdi.

-Bir daqiqaga, janob,-dedi ofitsiant.-Bu narx sizga ma’qul kelmayaptimi?

Slegning peshonasi tirishdi.

-Gaping toʻgʻri, ogʻayni, -dedi u. -Yonimda bor-yoʻgʻi yuz dollar bor edi. Jin ursin! Bu yerda kuppa-kunduz kuni odamlarni talashinglarni bilmagan ekanman.

-Siz adashyapsiz. Bu yerga kelmasligingiz kerak edi.

Sleg gʻamgin bosh irgʻadi.

-Gapingiz toʻgʻri. Xonim shu yerga kirishni istagani uchun kelgandim. Nima qilasiz, politsiya chaqirasizmi?

Ofitsiant u yoq-bu yoqqa alanglab olgach, likop ustiga yigirma besh dollar tashladi.

-Qarz berib turaman,-taklif qildi u.-Men ham bir paytlar shunday ahvolga tushganman.

Sleg unga qaragancha ogʻzini ochib qoldi.

-Jin ursin!-dedi u.-Rahmat. Qarzimni tezda qaytaraman.

Ofitsiant yelkasini qisdi.

-Qolgan pulni toʻlasangiz, taksi chaqiraman.

Sleg yuz dollarni chiqardi. Uning choʻntagida bor-yoʻgʻi ikki dollar puli qolgandi.

-Bu yerga qaytib kelmayman.

Ofitsiant ta’zim qildi.

-Balki boshqa joyda oʻzingizni yaxshiroq his qilarsiz.-U shu soʻzlarni aytib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Roza stolga qaytdi.

-Jahlingiz chiqmadimi?-dedi u.-Raqsga zoʻr tusharkan. Shampan qoldimi?

Sleg oʻzini zoʻrgʻa tutib turardi.

-Uyga qaytamiz, azizam,-dedi u.-Yur, ketdik.

-Uyga? Uyga qaytgim kelmayapti. Ketdik, raqs tushamiz.

Sleg uning qoʻlidan tortdi.

-Ketdik deyapman.

Ular tashqariga chiqishdi. Eshik oldida taksi turardi.

Ular taksiga oʻtirishlari bilan Roza unga zahrini socha boshladi.

-Bu qanaqasi?-dedi u.-Oqshomni rasvo qildingiz. Nega «ketdik» dedingiz?

Sleg unga yaqinroq surildi.

-Sen bilan yolgʻiz qolgim keldi, goʻzalim,-dedi u pullari havoga sovurilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun.

-Nariroq suriling,-dedi qiz jahl bilan.-Koʻylagimni rasvo qilasiz.

Sleg uning belidan quchdi va oʻziga tortdi.

-Koʻylagingni oʻylama,-dedi u.-Vaqting chogʻ oʻtdimi? Endi buning evaziga menga nima berasan?

U qizning lablaridan oʻpdi. Qizning lablari qattiq va sovuq edi. Slegning hafsalasi sovib qizni oʻzidan itardi va negadir undan nafratlana boshladi.

Qiz lablarini siladi.

-Tarbiyasiz ekansiz,-dedi u.-Nariroq oʻtiring.

Sleg nari surildi. U nima qilishni bilmasdi.

Ular sartaroshxonaga kelgunlaricha «miq» etishmadi. Yetib kelishgach, qiz dedi:

-Bugungi oqshom uchun rahmat. Siz bilan boshqa uchrasholmayman.

Sleg shunchalik gʻazabda ediki, hatto javob qaytarishga ham tili aylanmadi. Uning hamma narsadan hafsalasi sovigandi. Bir oqshomda bor pulidan ayrilgani, buning ustiga, qarz ham boʻlganligi uning hayotdagi bor umidini soʻndirgandi. Uning turmush tarzidagi qoidasi oddiy edi. Agar biror narsa uchun pul toʻlasang, oʻsha narsani olasan. U bu xonimga ajoyib oqshom hadya etdi, u esa evaziga hech narsa bermadi. Bor-yoʻgʻi bitta boʻsa-u ham sovuq va hissiz.

Qiz sartaroshxonaning roʻparasidagi uyga kirib ketdi.

Sleg jahl bilan tupurdi. Uning miyasida gʻazab uchquni chaqnar, ammo nima qilishni bilmay, gangib qolgandi. Uning judayam ichgisi keldi va Qirq toʻqqizinchi koʻchadagi tungi barga kirdi.

Bar egasi Jo Rensho viski ichib oʻtirardi. U Slegga hayron qaradi.

-Namuncha, bunaqa kiyinib olibsan?

Shundagina Sleg hali bu kiyim uchun ham pul toʻlashi kerakligini esladi. U kursiga oʻtirib boloxonador qilib soʻkindi va viski soʻradi.

U bir necha qultum viski ichganidan keyin Jo undan nima boʻlganini soʻradi. Sleg hammasini aytib berdi.

U hikoyasini tugatgach, Jo oʻychan holda dedi:

-Omading kelmabdi, oshna.-U Slegning yelkasiga qoʻl tashladi.-Nega menga bu haqda aytmading? Seni ogohlantirgan boʻlardim. Roza Xenson uchiga chiqqan tovlamachi-ku.

Sleg unga shubha bilan qaradi.

-Nima demoqchisan?

-U judayam ayyor ayol. Ikki yil ilgari u bir kishiga turmushga chiqqan. Ammo eri tez orada uning qanaqaligini sezib qolgan va ajrashmoqchi boʻlgan. U nikohni bekor qilmoqchi boʻlgan, lekin Roza bunga rozi boʻlmagan. U erini qiynamoqchi boʻlgan. Eri uni xiyonat ustida qoʻlga tushirish uchun ortidan odam qoʻygan va shu asosda u bilan ajrashishga uringan. Ammo Roza buni bilib qolgan va uning ustidan kulish uchun har xil yigitlarni qarmogʻiga ilintirib, «Ambassadors»ga olib boradigan boʻlgan. Birorta yigit ham hali unga erisholmagan. Seni nima uchun u yerga olib borganini endi tushundingmi?

Sleg peshonasini tirishtirdi.

-Nimaga aynan «Ambassadors»ga?-soʻradi u.

-Eri xuddi oʻsha yerda ishlaydi. Ofitsiant boʻlib.

Sleg qotib qoldi.

-Baland boʻyli kishimi? U menga yigirma besh dollar qarz berdi.

-Ha, oʻsha boʻlsa kerak. Jonni Roza seni ahmoq qilayotganini bilgan. Senga rahmi kelgan boʻlsa kerak.

-Endi tushundim,-dedi Sleg.-Uning eri menga yaxshilik qildi, men ham bu yaxshiligini qaytarishim kerak.

-Ha. Jonni bunga loyiq. Men uyga ketishim kerak. Ketasanmi?

Sleg bosh chayqadi.

-Mana bu shishadagini tugatib olay.

Jo uning yelkasiga shapatiladi:

-Mayli, asabiylashma.

Sleg viski ichgancha Roza va uning eri haqida oʻylardi. U nimadir qilishi kerakligini tushundi.

U koʻchaga chiqdi va sartaroshxona tomon yoʻl oldi. «Men bu xonimning aqlini kiritib qoʻyaman,-dedi u ichida.-Eri juda yaxshi odam ekan. Hammasi uchun javob beradi hali bu ayol».

U ayol yashaydigan uy oldiga keldi. Rozaning ismi yozilgan eshikni topgach, itarib koʻrdi. Eshik berk edi. Sleg yoʻlakka chiqib derazani ochdi va tashqariga razm soldi. Rozaning derazasi oldida tomga chiqadigan narvon joylashganligini koʻrgach, asta narvonga osildi va undan balkonga oʻtdi. Balkon eshigi ochiq edi. U ichkariga kirdi.

U gugurt chaqib chiroq tugmasini topdi va chiroqni yoqdi.

Roza yotgan joyidan sakrab turdi va qichqirib yubordi. U koʻzlariga ishonmasdi.

-Uyimga bostirib kirishga qanday haddingiz sigʻdi!-chinqirdi u.-Yoʻqoling tezda!

Slegning gʻazabi qaynadi. U bor kuchi bilan ayolning yuziga shapaloq tushirdi. Ayol chinqirgancha karavotga quladi.

Sleg uning ustiga bostirib bordi. Ayol uni tepmoqchi boʻldi, ammo Sleg uning qanshariga tarsaki tushirdi. Roza garangsib qoldi. Sleg uni boʻgʻa boshladi.

U ayolning qachon jon berganini ham payqamay qoldi. Chunki u jazavaga tushgancha ayolni mahkam boʻgʻib turardi.

Nihoyat u qoʻllarini ayolning tomogʻidan oldi. Soʻngra Rozaning jonsiz tanasiga tikilib turdi. U oʻzini ofitsiantdan qarzi qolmagandek his qildi.

U endi nima qilishni oʻylamoqchi boʻldi. Ammo miyasi oʻylaydigan holatda emasdi. Bir oz oʻtirgach, u telefon goʻshagini koʻtardi va politsiyaga qoʻngʻiroq qildi.