OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Jim Tompson. Abadiy jazo (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJim Tompson
Asar nomiAbadiy jazo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Jim Tompson
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Abadiy jazo (hikoya)
Jim Tompson

Soat besh boʻlishiga bir necha daqiqa qolgandi. Ardis Klinton uyining orqa eshigini ochdi va «Jo» tamaddixonasida ishlaydigan yosh yigit, jazmanini ichkariga kiritdi. Tamaddixonaning eshigi aynan Ardis yashaydigan uyning orqa eshigi joylashgan tomonda edi.

Ular ehtiros bilan quchoqlashdilar. Ayol jazmanining koʻylagi ostiga yashirilgan katta pichoqning sopi badaniga tekkanini his qildi. Oz, judayam oz vaqtdan soʻng hammasi tugaydi. Anavi ahmoq taka, eri oʻladi. Oʻzining ahmoqona hazillari va bema’ni odatlari bilan birga abadiylik sari ravona boʻladi. Yigirma ming dollar sugʻurta puli esa...

-Biz baxtli boʻlamiz, Toni,-shivirladi u.-Sening shaxsiy restoraning boʻladi...

-Biz baxtli va shod-xurram yashaymiz,-dedi Toni.

-Albatta, azizim,-jilmaydi Ardis.-Biz turmush qurishimiz bilan hammasi yaxshi tomonga oʻzgaradi.-Ayol uning yonoqlarini siladi.-Tamaddixonadan chiqqaningni hech kim koʻrmadimi?

-Hech kim koʻrmadi.

-Yaxshi. Agar birortasi oshxonada yoʻqligingni sezib qolsa-chi? Nima deysan?

-Unda... axlat tashlagani chiqqan boʻlaman... Yoki yertoʻlaga masalliqqa tushib ketganligimni aytaman...

-Yaxshi,-ma’qullab bosh silkidi Ardis.-Aniq qaerda boʻlganligingni aytma, oʻshanda hech kim sening u yerda boʻlmaganligingni isbotlay olmaydi. Tushundingmi, azizim?

Toni bosh irgʻadi. U yotoqxonaga moʻralab, qovogʻini uydi:

-Nimaga birpasda bunday qilib tashlading, asalim? Toʻgʻri, hammasi talonchilikka oʻxshashi kerak. Lekin u kelguncha xonani agʻdar-toʻntar qilib tashlash...

-Keyin vaqt qolmaydi. Tashvishlanma, Toni. Eshik yopiq boʻladi. U yotoqxonaga qaramaydi. U nima deyishini va nima qilishini juda yaxshi bilaman, u toʻyimizgacha qanday boʻlgan boʻlsa, hozir ham shunday.

-Oʻzing bilasan,-dedi Toni.-Nima desang shu boʻladi, Ardis.

-Bizga faqat politsiya tashvish keltirishi mumkin. Seni bu haqda ogohlantirdim. Senga ogʻir boʻladi. Ularda dalil-isbot boʻlmaydi, ammo ular seni qiynashlari, burchakka qisishlari, savolga koʻmib tashlashlari mumkin va agar salgina iqror boʻlsang...

-Iqror boʻlmayman. Ular mendan hech narsani bila olishmaydi.

-Ishonching komilmi? Ular seni ahmoq qilishga urinishlari mumkin. Balki ular men hammasini tan olganimni aytishar. Shuning uchun agar ishonching komil boʻlmasa...

-Ular mendan hech narsani bila olishmaydi,-qat’iy takrorladi Toni.

Unga sinchkovlik bilan tikilgan Ardis haqiqatan ham shunday boʻlishini tushundi. U jazmanini vannaxonaga boshladi. Toni vannani toʻsib turgan plastik pardani surdi va vanna ichiga tushdi. Choʻntagidan qoʻlqop olib taqdi. Shimi orasiga qistirilgan pichogʻini chiqardi.

-Ardis... azizam.

-Ha?

-Seni urishim shartmi? Balki sal turtib qoʻyarman...

-Yoʻq, azizim,-dedi ayol.-Sen meni urishing shart. Bu oʻgʻirlik-ku. Agar erimni oʻldirsangu menga tegmasang... tushungandirsan.

-Lekin men hech qachon ayol kishini urmaganman. Seni qattiqroq urib qoʻyishim mumkin...

-Toni!

-Boʻpti,-dedi u.-Faqat shunisi menga yoqmayroq turibdi.

Ardis uning lablaridan oʻpib qoʻydi va mehmonxonaga qaytdi. Soat beshdan oʻn besh daqiqa oʻtgandi. Billning ishdan qaytishiga roppa-rosa besh daqiqa qolgandi. Ayol yotoqxona eshigini yopdi va divanga choʻzildi. «E Xudoyim! Bill, agar oʻzingni ozgina boshqacharoq tutganingda edi». Lekin u oʻzini doim bir xil tutardi. Shuning uchun ayolning boshqa iloji qolmagandi. U ajrashishga ariza berishi mumkin edi, ammo unda hech narsaga ega boʻlolmasdi. Na pul va na boshqa narsa. Na oʻn besh yillik azobli turmushi uchun tovon.

«Bu sening aybing,-alam bilan oʻyladi Ardis.-Ortiq chidolmayman».

Yoʻlakda ogʻir qadam tovushlari eshitildi. Eshik qulfi shiqirladi. Bill ichkariga kirdi.

-Men keldim. Kun oʻtdi, pul keldi.

Ardis yuzini bujmaytirdi. Bill mehmonxonaga kirdi, engashib xotinining yonogʻidan oʻpdi.

-Kechki ovqatga nima yeymiz?

Ardis tishlarini gʻijirlatdi.

-Axlat,-javob qaytardi u.-Yuvindi. Goʻng aralashtirilgan salat.

-Yomonmas. Issiq suv bormi?

-Issiq suv bor,-vishilladi Ardis.-Bizda qachon issiq suv boʻlmagan? Qachon? Nimaga har kuni bitta gapni qaytaraverasan?

-Tushunmadim, nega jigʻibiyron boʻlyapsan?-er yelkasini qisdi.-Boʻpti, yuvinib chiqaman.

Ardis vannaxona eshigining ochilib-yopilishini eshitib turdi. U oʻrnidan turib telefon apparati tomon qadam tashladi. Vannaxona eshigi taraqlab ochildi. Toni yoʻlakka yugurib chiqdi.

U pichoqni yuvib boʻlgan, shimi orasiga qistirayotgandi. Ardis politsiya raqamini terdi.

-Yordam beringlar!-qichqirdi u.-Yordam... politsiya... Oʻldirishyapti!-U goʻshakni yerga tashladi va pichirlab soʻradi:-Oʻldimi?

-Ha, ha. Sen nima deb oʻylovding?

-Yaxshi. Endi oxirgisi. Meni ur,-buyurdi u iyagini koʻtargancha.-Toni, ur meni!

U urdi. Ardisning koʻz oldida minglab yulduzchalar chaqnadi. U polga yiqildi.

...Ardis hushiga kelganida divanda yotardi. Koʻrinishidan qahri qattiq erkak, detektiv boʻlsa kerak, uning yonida oʻtirar, ikkinchi, oq xalatli, boʻyniga stetoskop osib olgan yoshroq erkak uning tepasida turardi. Ardis oʻzini zoʻr his qildi. Hattoki Tonining dahshatli mushti tushgan jagʻi ham ogʻrimasdi. Ammo hammasini eslagan Ardis atayin inqilladi va zoʻrgʻa eshitiladigan qilib soʻradi:

-Qaerdaman? Nima boʻldi?

-Leytenant Pauers,-oʻzini tanishtirdi detektiv.-Bizga nima voqea yuz berganini aytib berolmaysizmi?

-Men... men eslolmayman. Erim ishdan qaytib, toʻgʻri vannaxonaga kirib ketdi. Eshik taqilladi, men xat tashuvchi deb oʻylab eshikni ochdim. Kimdir ichkariga bostirib kirdi va yuzimga musht tushirdi. Keyin esa yotoqxonaga kirib hamma narsani agʻdar-toʻntar qilib tashladi...

-Koʻryapman. U shovqin solgan boʻlsa kerak. Nahotki eringiz hech narsani eshitmagan boʻlsa?

-U eshitolmasdi. Choʻmilayotgandi...

U jim boʻlib qoldi, qoʻrquv uning tomogʻini changallab olgandi. Leytenant Pauers kinoyali tabassum qildi va uning koʻzlarida uchqun chaqnadi.

-Qovun tushirib qoʻydingiz, Klinton xonim.

-Tushunmadim... nima... deyapsiz...

-Bas qiling. Vanna qup-quruq. U yerda hech kim choʻmilmagan va nima uchunligini oʻzingiz juda yaxshi bilasiz. Chunki vannada begona odam boʻlgan!

-L-le... lekin men hech narsani bilmayman. Men behush edim...

-Unda oʻgʻri yotoqxonaga kirib hammayoqni ostin-ustin qilib tashlaganini qaerdan bilasiz? Va bizga qanday qilib qoʻngʻiroq qildingiz?

-Xoʻsh, men... butunlay hushimdan ketmagan boʻlsam kerak-da. Menimcha, nima boʻlayotganini elas-elas koʻrganman...

-Endi esa meni eshiting,-uning gapini boʻldi leytenant.-Siz soat 5.23da qoʻngʻiroq qilgansiz. Patrul mashinasi uyingizga yaqin joyda boʻlgan, shuning uchun 5.25da politsiyachilar uyingizda boʻlishgan. Siz behush edingiz va hozirgina hushingizga keldingiz.

Ardisning koʻz oldida xona chayqala boshladi. Unga leytenant gʻalati qora mundir, yoʻq, mundir emas, rido kiyib olganga oʻxshadi. Orqasida ham xuddi tundek qop-qora qanotlari bordek tuyuldi. Doktor ham qanotli, rido kiygandi, faqat uniki oq rangda edi.

-Ikki daqiqa ichida,-davom etdi Pauers,-odam uyga bostirib kirib, buncha narsani agʻdar-toʻntar qilib qochib keta olmaydi!

-Demak, operatoringiz vaqtni adashtirgan,-dedi Ardis.-Boshqa izohim yoʻq.

Pauers tomoq qirib qoʻydi. Leytenant unga haqiqatga mos keladigan boshqa dalilni keltirdi. Ardis uning soʻzlarini indamay tingladi.

-Bu bema’nilik, leytenant. Toni haqida qanaqa mish-mishlar eshitganingizni bilmayman. Men uni erimni oʻldirishga majburlaganim ham yoʻq.

-U siz majburlaganingizni ta’kidladi. Bizda uning koʻrsatmasi bor.

Ardis kuldi-ularda Tonining koʻrsatmasi boʻlishi mumkin emasdi.

-Erim qalay? Tuzukmi?

-Tuzukmi?!-oʻshqirdi leytenant.-Unaqa holatdagi odam...-u toʻxtab qoldi, soʻng chuqur uf tortgach, gapida davom etdi.-Umuman olganda, uning holati qoniqarli. Jarohati ogʻir, lekin koʻrsatma berdi...

-Xursandman. U holda nega meni soʻroq qilyapsiz?-U leytenantdan javob kutib unga qaradi.

Pauers peshonasini tirishtirdi:

-Yaxshi, yaxshi, Klinton xonim. Eringiz oʻlgan. Bizda uning koʻrsatmasi yoʻq, Tonining iqrornomasi ham.

-Yoʻq?

-Lekin biz sizning gunohkor ekanligingizni xuddi oʻzingizdek ANIQ bilamiz. Balki imkoniyat borligida tavba qilib, aybingizga iqror boʻlarsiz?

-Imkoniyat borligida?

-Doktor,-Pauers oq ridoli erkakka oʻgirildi.-Unga tushuntirib qoʻying, doktor. Uning jazmani zarba kuchini hisobga olmaganini ayting.

Doktor uning ustiga egildi. U muloyimlik bilan gap boshladi.

-Afsuski, Klinton xonim, jiddiy jarohat olgansiz.

-Rostdanmi?-Ardis iljaydi.-Oʻzimni juda yaxshi his qilyapman.

-Men bunday deb oʻylamayman. Siz hech narsani his qilmayapsiz, his qila olmaysiz ham. Bunday jarohatdan soʻng...

-Yoʻqolinglar!-dedi Ardis.

-Iltimos, Klinton xonim, ishoning, bu politsiyachilarning hiylasi emas. Bu rostdan ham tavba Qilish uchun sizning oxirgi imkoniyatingiz.

-Meni qoʻrqitolmaysizlar. Endi esa yoʻqolinglar!

U koʻzlarini mahkam yumib oldi, yana ochganida esa xonada hech kim yoʻq edi.

Ardis oʻzini gʻalaba bilan tabriklab kuldi. Shu payt yoʻlakda ogʻir qadam tovushlari eshitildi. Tovush eshik oldiga yetib kelganida tindi. Kalit shiqirlagani eshitildi. Eshik ochilib-yopildi. Shu payt uni aqldan ozdirayozgan tanish ovoz eshitildi:

-Men keldim. Kun oʻtdi, pul keldi.

Ardis zaharxandalik bilan iljaydi. Demak, ular taslim boʻlishmabdi! Uni qamoqqa tiqishmoqchi. Mayli, urinib koʻrishsin.

Erkak xonaga kirdi, engashib, uning yonogʻidan oʻpdi.

-Kechki ovqatga nima yeymiz?

-Qovurilgan boyqush! Endi esa eshiting janob, kimligingizni bilmayman...

-Yomonmas. Issiq suv bormi?

-E Xudoyim, issiq suv bor. Qachon boʻlmagan?-U chidab turolmadi. Bu kishi oʻzini uning eridek tutayotgan boʻlsa-da, bunisi endi ortiqcha edi.-Yoʻqol bu yerdan!-chiyilladi Ardis.-Chidolmayman! Oʻn besh yil chidadim, yetar...

-Tushunmadim, nega jigʻibiyron boʻlyapsan?-u yelkasini qisdi.-Boʻpti, yuvinib chiqaman.

-Bas qil! BAS QIL!-xonani uning chinqirigʻi tutdi.-U... sen oʻlgansan! Buni bilaman! Sen oʻlgansan, sen bilan gaplashishga xohishim yoʻq!

-Buni sen hal qilmaysan,-dedi Bill.-Har qalay, boʻyning sinib oʻlganingdan beri.

U shu soʻzlarni aytib vannaxonaga qadam tashladi. Nigohlari qotib qolgan Ardis polda yotarkan, oʻzi uchun qanday jazo tayinlanganini endi-endi anglayotgandi. U endi Billdan qutula olmasligini va hayotining soʻnggi damlaridagi voqea qiyomatgacha har kuni toʻxtovsiz takrorlanishini tushungandi.