OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Joʻra Fozil. Bogʻ (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiBogʻ (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bogʻ (hikoya)
Joʻra Fozil

Atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgan kolxoz bogʻi shunchalar goʻzal va sirli ediki, bu soʻlim goʻsha bilan bogʻliq voqealar bolaligimning eng yorqin xotirasi boʻlib hamon tushlarimga kiradi.

Bogʻ qanchalik gʻaroyib boʻlsa, asli ismi Farmon bobo, lekin negadir hamma Amaki deb ataydigan qorovuli shunchalik ajoyib odam edi.

Bogʻ kolxoz idorasiga tutash, bu yer ertayu kech katta-kichik vakillar, tekshiruvchi taftishchilar bilan gavjum edi. Ulardan bezor boʻlgan rais, hosilot va hisobchi koʻpincha bekinib yurishar, rahbarlarni soʻrab juda tiqilinch qilganlarni kotib amallab aldardi. Qora ot minib yuradigan xoʻppa semiz, qoʻrqoq va dovdir rais esa bu vaqtda qorongʻi qilib qoʻyilgan xos xonasida xurrak otib yotardi.

Tabiiyki, tushga tomon mehmonlar ochqar, ular soʻlim boqqa oʻgʻrincha nazar tashlab qoʻyardilar. Ana shunda tabiatan juda saxiy va ochiqkoʻngil Amakining joni kirib qolardi. Chunki oshpaz juda xasis odam boʻlib, rais aytmaguncha birovga bir burda non bermasdi. Tuman markazidan olti chaqirim olisda boʻlgan qoʻrgʻonda birorta oshxona yoʻq, yakkayu-yagona doʻkondan aroq, konserva va shoʻr bodringdan boʻlak yegulik topilmasdi. Keyin tekshiruvchi degani hech zamonda oʻz choʻntagidan ovqatlanarmidi? Boyaqishlar qovoq-tumshuqlarini uyib, savlat toʻkkancha uyoq-buyoqqa yurishar, lekin ochlikdan quldirayotgan qorinlari ahvollarini fosh qilib turardi.

Amaki shundoq yaqinginadagi uyiga yugurib borib, xotinining hay-haylashiga qaramay, qoʻliga nima tushsa, tovuqmi-xoʻrozmi, shartta soʻyardi. Soʻngra bogʻ adogʻidagi hujra yaqinida, omonat oʻchoqda qozon osib, ovqat pishirar, magazindan qarzga bir juftgina aroq olishni ham unutmasdi. Qarabsizki, mehmon ham, amaki ham xursand edi.

Oy oxirida gʻaribgina maosh doʻkondagi qarzlarga toʻlanar, xotini: «Axir bolalar nima yeydi?», deya janjal qilar, lekin Amakining mehmonlar uchun yozigʻlik dasturxonidan hech vaqt taom arimasdi. Shu bois chor-atrofdan keluvchilarning hammasi Amakini tanir, hurmat qilar va u tuman markazi yoki shaharga safar qiladigan boʻlsa, oʻsha yoqlarda uch-toʻrt kun qolib ketardi.

U hovli - bogʻida har biri shokosaday keladigan anor yetishtirib, shahar bozorida sotar, shuncha mehmondorchilikdan ortib, bogʻbonlik qilishga qachon vaqt topishini hech kim bilmasdi.

Bizni esa Amakining dehqonchiligi ham, mehmondorchiligi ham sira qiziqtirmas, uning koʻzini shamgʻalat qilib, boqqa shoʻngʻish, qoʻynimizni meva-chevaga toʻldirib, juftakni rostlab qolish toʻgʻrisida xayol surardik, xolos. Boqqa shoʻngʻish esa hiyla murakkab va xavfli ish edi.

Bu yerda odam doimo gavjum, ustiga-ustak Amakining xoʻtikdek keladigan Xaybar laqabli iti boʻlardi. Shu bois biz oʻziga xos usullardan foydalanardik. Amakining kenja oʻgʻli Abdujabbor bizdan ikki yosh kichik boʻlib, uni «yoʻlbars-yoʻlbars» oʻynaymiz deya avrardik. Xaybar Abdujabborni koʻrgach, bizga koʻz yumardi. Biz, xonaki yoʻlbarslar bogʻning olis burchagida, ariq yoqalagan baland paxsa devor rahnasi yonida toʻplanardik. Bir oz oʻynaganimizdan soʻng, joʻraboshimiz Hamid bizga koʻz qisib qoʻyib, Abdujabborga yuzlanardi.

– Shu, bilasanmi, joʻrajon,yoʻlbarslarning qorni juda ochqadi-da...

Abdujabbor, bir oz soddaroq bolakay, joʻraboshimizni chin dildan juda hurmat qilarmidi,yoinki uning jangariligidan choʻchirmidi, har qalay darhol savol berardi:

– Xay, nima qilish kerak?

– Hech nima, faqat yoʻlbarslar endi qornini toʻydirishi kerak...

– Xay, yoʻlbarslarga anjir ham boʻlaveradimi?

– E-e, boʻlganda qandoq! Axir, yoʻlbarslar anjirni juda yaxshi koʻrishadi! Yoʻlbars qancha koʻp anjir yesa, shuncha zoʻr boʻladi!

Abdujabbor birinchi boʻlib oʻzini ariqqa otar, biz unga ergashib, devor rahnasidan oʻtgach, har birimiz bir ulkan anjir ostiga kirib olardik-da, qorinni rosa toʻygʻazardik.

Bu foydali oʻyin kun sayin takrorlanar, mevalar pishib yetilishiga qarab, «dasturxonimiz» oʻzgarib turardi. Bolalik ekan-da, boʻlmasa, qorovul oʻgʻli Abdujabbor uchun bu daxmazaning nima keragi bor edi? U istagan mevasini shundoq ham yeya olardi. Chamasi, Hamid oʻylab chiqargan oʻyin unga juda ma’qul edi.

Biz oʻshanda, oʻyindan oʻt chiqdi , degan gapning mazmunini yaxshi bilmasdik.

Xullas, kunlarning birida yoʻlbarslar nokka toʻyib olishgach, Hamid Abdujabborga shunday dedi:

– Bu, yoʻlbarslarning ham ota-onasi, bola-chaqasi boʻlsa kerak?

– Albatta bor, – tasdiqladi Abdujabbor, odatdagidek hozirjavoblik bilan.

– Ular ham nok yeydimi, yoʻqmi?

– Yeganda qandoq! – qiyqirdi qorovulning kenja oʻgʻli. Va biz yana bir necha daraxtni ship-shiydon qildik. Endi juftakni rostlaymiz deb turganimizda, birdan tahdidli tovush yangradi.

– Hoy, badbaxt, toʻxta, kim bu?!

Buni qarangki, yoʻlbarslarning biri adashib, shiyponga yaqin borgan, uni koʻrib qolishgan ekan. Aksariyat sheriklarimiz qochib qolishdi. Lekin daraxtdan pastlab ulgurmay men, Hamid va Abdujabbor oʻsha qurumsoq oshpazning qoʻliga tushdik...

Hovuz ustiga qurilgan soʻlim shiyponda ziyofat avjida, koʻrada xushboʻy hid taratib kabob pishar, stolda bir necha aroq shishalari bor edi. Toʻrda moviy koʻzli, gʻoyat koʻhlik juvon oʻtirar, sipo kiyingan kishi, aftidan, raykom kotibi, har zamonda uning beliga qoʻl yugurtirib shilqimlik qilardi. Kolxoz raisi esa ularga yaltoqlanib hali qoshiq, hali sochiq tutar, zir yugurib, kabob va yana allaqanday taomlar tashirdi.

Oshpaz, Hamidning biqiniga bir turtib, bizni shiyponga yetakladi. Abdujabbor ham doʻstlik haqi-hurmati yonimizdan ketmas, koʻzlari toʻrt boʻlib otasi va Xaybarni izlardi.

Bizga hech kim e’tibor qilmadi. Shiypondagilar piyolalarni jaranglatishar, haligi sipo kimsa esa mallasoch juvonni oʻpardi.

Nihoyat, oshpaz oʻzi shirin taom pishirish bilan birga kolxoz mulkining qoʻriqchisi ham ekanini koʻrsatgisi kelib, raisga yuzlandi.

– Rais bobo, bu oʻgʻribachchalarni nima qilay? Noklarni shunday payhon qilishibdiki...

Rais qizarib-boʻzarib turgan Abdujabborga hayron boʻlib tikildi-yu, soʻng dagʻdagʻaga oʻtdi:

– Nima qilarding, kolxoz mulkini oʻgʻirlashgani uchun milisaga topshirasan-da!

Rais vajohatidan qoʻrqib ketib, uchalamiz baravariga yigʻlab yubordik. Shunda moviy koʻz juvon qoʻlidagi piyolani qoʻyib chimirildi.

– V chyom delo? Pochemu deti plachut?

Chalasavod rais adoi tamom boʻlgandi. Boyaqish ruscha u yoqda tursin, oʻzbekchani ham eplab gapirolmasdi; dam mehmon ayolga, dam raykom kotibiga moʻltirab boqardi. Soʻngra tili zoʻrgʻa kalimaga kelib bidirladi.

– E-e, ani, e-e, nok oʻgʻirlagan... Man, akun, milisa...

– Kakaya militsiya? Durak chto li?

– Yoʻq, akun, net, man durrak, man eshshak! Rais tamoman oʻzini yoʻqotib qoʻydi.

Juvon raykom kotibiga norozilik nigohini tashladi:

–Tvoy rais ili napilsya, ili sovsem bestolkovыy. Skaji, chtob detey nemedlenno otpustili!

Kotib raisga oʻqraydi. Qora yuzlari bugʻriqib, hansirayotgan rais iltijo qildi.

– Endi raykom bobo, bizdan oʻtti. Man, akun, hozir bularni ota-onasiga topshiraman...

– Qoʻying, oʻzlari ketaverishadi!

Bu gapdan soʻng yigʻidan toʻxtadik.

Sharmanda boʻlgan rais va oshpaz baravariga qoʻl siltadi. Sichqon ini ming tanga deya, bogʻ darvozasi qolib, oʻzimizni yana rahna tomonga urdik-da, koʻzdan gʻoyib boʻldik. Abdujabbor ham halloslaganicha ortimizdan kelardi.

Noklar yonga qoldi, sharmandalikdan qutuldik. Kayfiyatimiz chogʻ edi. Hamid, Abdujabborning yelkasiga qoʻl tashlab, uni maqtadi.

– Malades, doʻstim! Sen bugun haqiqiy yoʻlbarsning ishini qilding!

Yuksak bahodan qorovulning erka oʻgʻli sevinib ketdi. Oʻsha yillarda bolalarni anchayin ogʻir sinovlardan oʻtishga majbur etadigan milliy oʻyinlar juda koʻp edi, oʻsha musobaqalarda yosh va nimjonroq Abdujabbor koʻpincha kulgi boʻlardi. Shu bois maqtov unga juda yoqdi.

Osongina qutulganimizga shukur qilib, uy-uyimizga tarqadik. Keyinchalik oʻsha kuni Amaki va Xaybar nega bogʻda yoʻqligi sababi ma’lum boʻldi. Aytishlaricha, mehmon ayol itdan rosa qoʻrqar ekan, u bezovta boʻlmasligi uchun Amaki Xaybarni ergashtirib uyiga joʻnagan. Boz ustiga, viloyatdan allaqanday mehmonlar kelib qolishgan ekan. Bogʻ bandligi bois, Amaki ularni uyiga taklif etib, quyon soʻygan, aroq olib kelib kechgacha shakarguftorlik qilishgan.

Yaxshi bilardikki, oʻsha kuni bogʻda Amaki boʻlganida bunchalik noqulay ahvolda qolmasdik. Gap Abdujabbor bilan birga ekanimizda ham emas. Oldinlari, hali «yoʻlbars-yoʻlbars» oʻynamagan kezlarimizda ham, bir necha marta Amakining qoʻliga tushganmiz. U sal doʻq-poʻpisa qilib, imi-jimida qoʻyib yuborar, oʻljalarimizni tortib olmas, ota-onalarimiz ham voqeadan xabar topishmasdi. Lekin bu gal qilmishimiz butun qishloqqa yoyildi. Kimdir otasidan kaltak yedi, kimdir tanbeh eshitdi.

Kazo-kazolar oldida oʻsal boʻlgan chalasavod rais va qurumsoq oshpaz bizdan boplab oʻch oldi. Qilmishimiz hatto maktab direktorining qulogʻiga ham yetdi. Lekin u, ayrim ilmoqli gaplar qilgan boʻlsa-da, harqalay jazolamadi. Bu gap-soʻzlar oʻz yoʻliga, bizning butun diqqat-e’tiborimiz esa hamon oʻsha boqqa qaratilgandi. Axir, bu bogʻdagi har bir daraxt, gulu koʻchat qaerda, qanday joylashgani, qaysi meva qachon pishishini yaxshi bilardik va boqqa kirishning yangi yoʻllarini axtarardik. Boʻyimiz hiyla choʻzilib qolgani bois, endi bachkana oʻyinlarni ishga solishga uyalardik.

Koʻpchilik boʻlib, e’tiborni jalb qilmaslik uchun, boqqa yakka tartibda shoʻngʻish hadisini ola boshladik. Biroq bu usul juda xavfli edi. Chunki, ish chappasidan kelsa, hali aytganimdek, Amakidan oson qutulishning iloji bor. Lekin Xaybar ayab oʻtirmasa kerak. Yoningda Abdujabbor boʻlmagach, Xaybar seni necha pulga olardi?

Joʻraboshimiz Hamidning topqirligi va jasurligini soʻzsiz tan olardik. Biroq uning andakkina qusuri borligini hammamiz yaxshi bilardik. Hamid qurgʻur, Shum bolaga oʻxshab, onda-sonda lof urib qolardi. Boqqa kirishning yangi usulini oʻylab topish uchun u yana lofga oʻtdi.

– Bolalar, – dedi u bir kuni kutilmaganda, kelinglar, endi «burgut-burgut» oʻynaymiz.

– Buning nima balo yana? – norozilanib toʻngʻilladi Toʻra. U bechora, oʻyinimiz fosh boʻlganidan soʻng, otasidan rosa kaltak yegandi.

– Hech qanaqa balo emas! – dedi tantanavor ohangda Hamid. – Shu, endi boqqa faqat burgutdek uchib kirishga toʻgʻri keladi!

Bu gal uning soʻzlariga hech kim qoʻshilmadi.Toʻgʻri-da, axir, yoʻlbarsdek emaklashning iloji bor edi. Burgutdek uchishning sira iloji yoʻqligini bir qarich bola ham biladi-da.

Lekin Hamid, juda qaysar bola, taslim boʻlishni istamasdi.

– Senlar hammalaring anqov, qoʻrqoqsizlar! Axir, taxtadan qanot yasasa boʻladi-ku! Soʻngra idoraning tomiga chiqib, bogʻ tomonga qanot qoqasan, vassalom!

– Ha, qanot qoqasan-u, shundoq Xaybarning quchogʻiga tushasan-qoʻyasan, – e’tiroz qildi Toʻra.

– He, axmoq, – achchiqlandi Hamid, – Xaybarning quchogʻiga oʻzing tushaver. Men esa soʻzimni isbot qilaman!

Bu oʻrinda Hamid soʻzini isbotlash uchun nimalar qilganini batafsil aytib oʻtirmayman. Qisqasi shuki, boyaqish kolxoz idorasi tomidan yiqilib, boʻyni sinishiga ozgina qoldi. Boz ustiga, otasining imorat uchun asrab qoʻygan yogʻochini isrof qilgani uchun dakki yedi.

Toʻgʻri, bu orada Abdujabbor bizni quruq qoʻygani yoʻq, sarxil mevalar bilan siylab turdi. Lekin mevani oʻzing daraxtdan uzib yeganga ne yetsin? Qoʻldan berganga qush toʻymas, deb bejiz aytishmagan. Hamma yangi usul izlab yurganida, kaminaning omadi kelib qoldi deng.

Amakining Jamila ismli boʻyga yetgan gʻoyat koʻhlik qizi boʻlib, unga jismoniy tarbiya oʻqituvchimiz Kamol oshigʻu beqaror edi. Buni butun qishloq bilardi-yu, chamasi, Jamila bilmasdi. Oʻqituvchi yigit juda tortinchoq emasmi, dardini yurak yutib aytolmasdi. U bir kuni idora yonida meni imlab chaqirdi-da, qoʻlimga toʻrt buklangan qogʻoz tutqazib, iltijo qildi:

– Shu xatni Jamilaga eltib ber. Iltimos, oʻzing ochib oʻqima. Senga «5» qoʻyaman!

Men oʻqituvchining soʻzlarini eshitmasdim, koʻzimga Jamila ham koʻrinmasdi, faqat boqqa ochiqchasiga kirib borish imkoniyati paydo boʻlayotganidan xursand edim. Endi menga qanotning ham, Abdujabborning ham keragi yoʻq! Toʻppa-toʻgʻri kirib boraveraman. Amaki soʻrab-netib qolsa, «Jamila opamda ishim bor edi» deb qoʻya qolaman. «Nima ishing bor edi?» desa, «Shu, bir kitob soʻrab olmoqchi edim» deyman. Xatni esa koʻrsatmayman...

Keyin Jamilaxonim xat bilan ovora boʻlib, meni unutadi. Ana oʻshanda akangiz oʻzlarini sekingina anjir tagiga oladilar. Oʻzi hozir anjir gʻarq pishgan payt...

Shu topda Hamid aytgan qanot goʻyo yelkamda paydo boʻlgandi. Muallim koʻzdan yoʻqolgach, oʻylanib qoldim. Daftarning qoq oʻrtasidan uzib olingan ikki varaqda nima yozilgan ekan-a? Har qancha yoshu gʻoʻr boʻlmayin, shuni bilgim keldi.

Buklogʻlik qogʻoz qoʻllarimni kuydirardi. Undagi iliq soʻzlarga koʻz yugurtirar ekanman, hayajondan qaltiray boshladim. Bu, Kamolboy, landovur koʻrinsa-da, xat yozishga juda chechan ekanlar-ku!

Maktubda Jamila shunday ta’riflangan ediki, muallim qolib, bogʻbon qiziga oʻzim oshiq boʻlib qolayozdim. E-e, oʻlmang, muallimjon, sizni boshi bilan koptok «tepish»dan boshqasini bilmaydi deyishardi. Siz esa shundoq yonimizda yurgan oddiygina qishloq qizini salkam farishtaga chiqarib qoʻyibsiz.

Xullas, doʻstimning opasiga chala oshiq boʻlib, bogʻ darvozasi tomon odimladim. Oyoq uchida yurib, shiyponga yaqinlashganimda, roʻparamdan Jamilaning oʻzi chiqib qolsa boʻladimi?! Omadni qarang-a.

Xayol surib qoldim. Muallim haq ekan, Jamila haqiqatan ham juda goʻzal edi. U menga savol nazari bilan qarab, ingichka qalam qoshlarini chimirdi.

Tilim kalimaga kelmas, bechora muallim haqida oʻylardim. Boyaqish hozir sevgilisini koʻrsa, esi ogʻib qolsa kerak. Mendan sado chiqavermagach, qizning oʻzi tilga kirdi.

– Ha, Abdujabborning joʻrasi, kimda ishing bor? Yoki yana «yoʻlbars-yoʻlbars» oʻynamoqchimisan? Ukam ta’zirini yedi, endi oʻynamaydi!..

Tamomila oʻzimni yoʻqotdim.

– He, shu, sizga... Bir kishi... Bir xat!..

Poyintar-soyintar gaplarimdan Jamila kulib yubordi.

– Nima, bir kishi? Qanaqa bir kishi? Sen oʻzi nimalar deyapsan?

Xat yana qoʻllarimni kuydira boshladi. «Nima boʻlsa boʻlar, axir, xatni men yozganim yoʻq-ku», – dedim oʻzimcha va tilga kirdim.

– Mana bu xat sizga,opajon! Uni muallimimiz Kamol aka yozganlar. Lekin oʻziyam, juda zoʻr xat! Sizni shunday maqtabdilarki, oʻqisangiz, ogʻzingiz ochilib qoladi.

Haqiqatan ham Jamila kalovlandi. Men tantana qilardim. Ana koʻrdingizmi, akangizning muallimi shundoq chiroyli qizlarniyam qoyil qoldiradi!

Lekin quvonchim uzoqqa choʻzilmadi. Jamila kalxatdek chang soldi-da, maktubni yulib oldi, soʻng ochib ham oʻtirmay, yirtib tashladi.

Uning chiroyli koʻzlari yashindek chaqnar, vajohati qoʻrqinchli edi.

– He, xati boshidan qolsin! Men xatiga zor emasman!

Hali oʻzimni oʻnglab olmay qiz qulogʻimni buray boshladi. Asta ingradim-da, amallab qoʻlidan chiqib qochdim. U meni ta’qib etishdan toʻxtab shangʻilladi:

– Oʻrtaga tushish qanday boʻlishini sen tirmizakka koʻrsatib qoʻyaman! Borib ayt, oʻsha landovurga, koʻzim uchib turgani yoʻq!

Bu yogʻi qandoq boʻldi endi? Xat bahona anjirga toʻyaman deb, quloqdan ajrashimga ozgina qoldi. Men ahmoq hali unga oshiq ham boʻlmoqchiydim. Yoʻq, oʻsha Kamolboyga nasib etsin-e! Lekin hozirgi vajohati boʻlsa, bechora muallimim ham quruq qolsa kerag-ov.

Ochigʻi, Jamiladan bunaqa bedodlikni kutmagandim. Aksincha, u xatni oʻqigach, qoʻyni-qoʻnjimni mevaga toʻldiradi, butunlay iyib ketsa hatto peshonamdan oʻpib erkalaydi, deya xomtama boʻlgandim.

Jamila qurmagʻur esa hamon muallim ikkovimizning goʻrimizga gʻisht qalardi. «Agar oshiq-ma’shuqlik shunaqa boʻlsa, qurib ketsin!» – dedim ichimda va tashqari yurdim. Darvozadan chiqqach, jon holatda u yoq-bu yoqqa qaradim-da, uyimizga qarab zingʻilladim.

Bir mahal muallim halloslaganicha meni quvib yetdi. Chehrasida xavotir, umid va allaqanday betoqatlik alomatlari zohir edi. Bechoraga rahmim kelayotgan boʻlsa-da, sirtimga chiqarmay tumtaydim. Chunki oʻng qulogʻim hamon lovullab ogʻriyotgan edi-da.

– Xoʻsh, qani gapir-chi, Jamila xatni oldimi? Javobini qachon berarkan? – dedi u javdirab.

– Javob emish, – toʻngʻilladim men, – hech qanaqa javob yoʻq. U xatni yirtib tashladi. Yana, qulogʻimni ham boplab choʻzdi.

Kamol boʻzarib ketdi, olazarak boʻlganicha meni yupatishga tushdi.

– Mayli, yirtsa, yirtaversin. Biz ham koʻchada yotganlardan emasmiz... Faqat buni hech kimga aytma. Senga albatta «5» qoʻyaman!

– Kerak emas! Shundoq ham «5»larim tiqilib yotibdi!

– Men senga kattakon «5» qoʻyaman! – boʻsh kelmasdi muallim.

Qulogʻimni ushlagancha uyga joʻnadim, Kamol ham oʻz yoʻliga joʻnab qoldi.

Oradan koʻp oʻtmay Jamila xatni xoʻjakoʻrsinga yirtgani, qulogʻimni esa bekordan-bekorga choʻzgani bilinib qoldi. Paxta terimi oldidan Kamol va Jamilaning toʻylari boʻldi. Biz bu toʻyda mazza qilib bekinmachoq oʻynadik va yogʻligina sermayiz oshdan toʻyib yedik. Maktub voqeasini uchalamizdan boʻlak hech kim bilmasdi.

* * *

Bu dunyoi dunda hech bir mavjudot Vaqt zarbasiga dosh berolmas ekan. Qish adogʻidagi izgʻirinli tonglarning birida, qishloq koʻchasini larzaga solib, katta buldozer oʻtdi. Buldozer belkuragini shundoq bogʻ devoriga taqab toʻxtadi. Xotin-xalaj, bolalar va kattalar hamma shu tomon oshiqdi.

Koʻp oʻtmay yuk mashinasida notanish odamlar kelishdi.

Rais, partiya qoʻmitasi kotibi, hosilot, hisobchi ham shu yerda edilar.

Kazo-kazo mehmonlar viloyat yoʻl qurilishi idorasidan ekan, ular buldozer yordamida bogʻni buzishni moʻljallashgan edi. Bogʻ oʻrnida yangi asfalt yoʻl chiqarilishi ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yurardi.

Rais bilan gaplashib olgan dimogʻdor kishi ishora bergach, bahaybat buldozer bogʻga hamla qildi va necha yillik paxsa devorning kattagina qismi gursillab ogʻir quladi.

Xuddi shu asno qarshida qoʻshogʻiz miltiq koʻtargan Amaki paydo boʻldi. Uning ovozi shovqin-suronni bosib yuborgudek darajada jarangdor edi.

– Oʻchir, traktoringni! Boʻlmasa hammangni otib tashlayman!

Cholning paylari boʻrtib turgan qoʻllari qaltirardi.

Ish bunday tus olishini kutmagan mehmonu mezbonlar gangib qolishdi.

Ular oʻzaro pichirlashib olishgach, ish toʻxtatildi.

– Bu bogʻni buzaman degan odam, avval oʻligim ustidan oʻtishi kerak! – dedi Amaki miltiqni yelkasiga osar ekan.

– Boʻldi, boʻldi, Amaki, – dedi rais murosa qilib, – endi bu bogʻni hech kim buzolmaydi, mana, men kafil!

Jimgina tarqalayotgan olomonni kuzatar ekanmiz, bari bunchalar oson tugaganiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdik.

Xavotirimiz bekorga emas ekan. Oradan biror haftalar oʻtgach, tongda uygʻonib, idora yoniga kelganimizda, aldanganimizni anglab yetdik.

Tong qorongʻisida uyqudagi bogʻ mahv etilgandi. Kimlar uchundir bu oddiy dov-daraxt oʻsadigan shunchaki bir goʻsha boʻlsa, biz uchun oʻsmirlik orzu-umidlarimiz belanchagi edi.

Ildizi bilan qoʻporilgan koʻp yillik daraxtlar, qulagan paxsa devorlar juda ayanchli manzara kasb etgan, shoʻppayib turgan yolgʻizgina temir darvoza yuraklarga anduh solardi.

Shu kuni ezib yomgʻir yogʻdi. Ona tabiat qish uyqusida mahv etilgan bogʻ uchun koʻz yosh qilib, motam tutdi. Samodan toʻxtovsiz toʻkilib turgan billur tomchilar biz, bolalar, Amaki va Xaybarning koʻz yoshlariga qoʻshilib ketar, shilta-loy koʻchalar huvillab qolgandi.

Yuzlari qorayib ketgan Amaki savdoyidek boʻlib qoldi. U hech kim bilan gap­lashmas, qoʻshogʻiz miltigʻini yelkasiga osganicha, bogʻ vayronasida aylanib yurar, biz ham shu yerdan nari ketolmasdik.

Amaki oʻzi uchun juda qaqshatgich boʻlgan zarbadan sira oʻnglanolmay, oradan bir necha oy oʻtgach, vafot etdi.

Bu orada asfalt yoʻl tayyor boʻldi. Bogʻni ikkiga boʻlib oʻtgan yoʻl xotiralarimiz koʻksiga urilgan xanjarga oʻxshar edi...

«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.