OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiKoʻzimning oqu qorasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻzimning oqu qorasi
Joʻra Fozil

«
Shamol eshik ochadi, yorim bodom sochadi,
Sochma desam sochadi, kuladi-yu, qochadi...
»

Chorbogʻdan ertapishar oʻrik hidi keladi, daraxt uchlari javzo tunining issiq epkinidan tebranib, mevalar «toʻp-toʻp» etib yerga tushadi. Chopbogʻ adogʻidagi bostirma tomondan itning gʻingshigani eshitiladi.

Shahodat buvi hushyor tortib oʻrnidan turdi. «Eh, esim qursin, bechora Boʻynoqqa hech nima bermabman-ku!»

Kampir oshxona chirogʻini yoqib, kechki ovqat qoldiqlari va yana allanimalarni oldi-da, bostirma tomon ketdi. Boʻynoq uning qadam tovushlarini tanib, boʻynidagi zanjirni shildirlatganicha, irgʻishlay boshladi.

– Boʻynoqjon, och qoldingmi? Axir, men ham borman, deb qoʻymaysanmi, bundoq? Mayli, zarari yoʻq, sen ham menga oʻxshab qartayding-da. Vovullashga ham madoring yoʻqqa oʻxshaydi.

Shahodat buvi olib kelgan yemishni beminnat va sodiq qoʻriqchisining oldiga tashlab, uning boshini silab, erkaladi. It ham minnatdorchilik bildirganday, darhol egasining oyoqlarini yaladi. Koʻngli iyib ketgan kampirning koʻzlari yoshlandi. «Eh, shu jonivor ham mehrni sezadi-ya...»

Boʻynoq ishtaha bilan suyak gʻajishga tushgan, uni soʻzsiz kuzatib turgan egasining itga rahmi kelardi. «Men bu hovlining bir umrlik tutquni edim, endi sening ham boʻyningga zanjir osildi. Nachora, bu dunyoi dundagi jamiyki jonzot tugʻiladi, ulgʻayadi, qartayadi va nihoyat, oʻlim sharobini sipqoradi...

* * *

Shahodat buvi Yodgor ismli yolgʻiz oʻgʻlidan yodgori boʻlgan nevarasi Saodat bilan qishloq chekkasidagi hayhotdek hovlida yashar, Boʻynoq ularning «xos soqchisi» edi.

Xos soqchi bir vaqtlar juda durkun va oʻktam boʻlib, daydi itlarni hovliga yaqinlashtirmasdi. Endi esa qartayib qoldi. Yosh itlar boyaqishni bir necha marta qonga belaguncha talagach, Shahodat buvi uni begona koʻzlardan pana qildi.

Bir umr emin-erkin yurgan Boʻynoqning tutqunlikka koʻnikishi juda qiyin boʻldi. Lekin jonivor ochiqda yuraversa, oqibati nima boʻlishini tushundimi, harqalay, taqdirga tan berdi. Biroq baribir, egasini koʻrdi deguncha mungli koʻzlaridan yosh tirqirar, unga qarab kampir ham yigʻlab olardi. «Chida, Boʻynoqjon, chida! Mana, meni koʻr, bir umr shu xonadonga bogʻlanganman. Ipsiz, zanjirsiz. Hech qayoqqa ketolmayman. Hatto omonatini topshirishga ham jur’at yoʻq. Axir, mensiz nima qilasizlar? Koʻzimning oqu qorasi Saodatginam qanday yashaydi? Bu yetimchaning gʻamini kim yeydi?!»

Saodatning ota-onasi dalada paxta terayotganlarida, samolyot ustlaridan dori sepib oʻtgach, bir kechada vafot etishgan. Eri urushda halok boʻlgan Shahodat buvi taqdirning bu zarbasidan hamon oʻnglanolmasdi. Boʻyi yetib, qishloq yigitlarining koʻzini kuydirib yurgan qiz ham buvisini oʻylab, erga tegolmasdi. Eshik turumini buzayotgan sovchilarning hammasi quruq qaytar va bu «qiz bolaning nozi»ga yoʻyilardi. Shahodat buvi nevarasining koʻngliga qarab sovchilarni quruq qaytarsa-da, ichidan zil ketar, chunki oʻzi rahmatli erini bir yil zor qaqshatgani, soʻngra toʻydan hafta oʻtib, u urushga ketgach, tunlari yostiq quchoqlab, qon yigʻlaganini hamon unutolmasdi.

Zanjirband esa-da, bechora Boʻynoq oʻzining azaliy vazifasini sidqidil ado etar, hovlidagi ikki mushtiparni koʻzining oqu qorasidek asrardi. Lekin jonivorning bir qusuri bor edi. Oʻsha, Saodat noz bilan kuydirib yurgan traktorchi yigit devor osha bogʻ adogʻiga kelganida sira akillamas, yuvosh tortib, chala kesilgan toʻmtoq dumini huda-behuda likillataverardi. Jonivor egasiga xiyonat qilayotganidan uyalar, biroq Saodatni fosh qilishni istamasdi.

Hozir ham Shahodat buviga yaltoqlik qilib, suyak gʻajiyotgan Boʻynoq ikki yosh bogʻ adogʻidagi oʻrik tagida suhbatlashayotganini yaxshi bilar, ammo egasi ham bu sirdan voqif ekanidan xabarsiz edi.

Balandlayotgan Oyning harir nurlari chorbogʻni munavvar etgan, u yer-bu yerda hurayotgan itlar tovushi tunning sukunat pardasini yirtgandek boʻlar, endi qornini sal toʻygʻazib olgan Boʻynoq ham erinibgina, xoʻjakoʻrsinga akillab qoʻyardi. Uning vovullashida hamjinslarini quvvatlash, kechki ovqat uchun egasiga minnatdorlik va shuning barobarida, Sobirjonni choʻchitib yuborishdan andak xavotir ham bor edi.

– Hay, mayli, Boʻynoqjon, endi men uxlayman. Kun boʻyi ivirsib, charchadim.

Kampir haqiqatan ham juda charchagan, suyaklari qaqshab ogʻrir, yotib orom olgisi kelardi. Lekin nevarasi yoniga kelib yotmaguncha koʻngli joyiga tusharmidi?..

Shahodat buvi uyi tomonga emas, bogʻ adogʻiga qarab ketdi. Boʻynoq uning ortidan norozi gʻingshib, yer tirnab qoldi.

Kampir biroz yurgach, paxsa devor yoqalab oʻsgan yovvoyi atirgul panasida toʻxtadi. Devor oshgan atirgul qiygʻos ochilib yotardi. Uning muattar ifori yetilib pishgan oʻrik hidiga qoʻshilib, dimoqni qitiqlar, Shahodat buvi buni sezmas, uning butun diqqat e’tibori oʻn-oʻn ikki qadam naridagi kattakon qari oʻrik soyasidagi ikki sharpada edi. Gʻoʻngʻip-gʻoʻngʻir suhbat quloqqa bemalol chalinardi. Boyaqishlar suhbatlariga birov quloq tutishi mumkinligini xayollariga ham keltirishmasdi. Axir, saksonni qoralagan kampir bu paytda charchab, uxlab qolgan boʻlishi kerak edi-da.

Xullas, suhbat avjida, kampir esa ogʻirlashib qolgan quloqlariga zoʻr berar, oʻzining oʻn sakkiz yoshini, urush arafasida boʻlib oʻtgan kamtaringina toʻyini, chimildiqda kuyovning oyogʻini qanday bosganini eslardi. Eslardi-yu, koʻz yoshlari oʻz-oʻzidan quyilib kelar, nevarasini kelinlik libosida koʻrishni istardi...

– Saodat, senda insof bormi, oʻzi? Axir, qachongacha meni qiynaysan? – yigitning tovushi juda nadomatli edi.

– Ho-o-o, bu kishini qaranglar... Kim sizni qiynabdi? Oʻzingiz gapga koʻnmasangiz, men nima qilay?..

– Gapga koʻnmaysiz emish. Sening gaping koʻnadigan gap emas-da. Oʻzing oʻylab koʻr, qaysi yolgʻiz oʻgʻil ichkuyov boʻlishga koʻnadi? Ota-onamning yuziga qanday qarayman? Mahalla-koʻy, qishloq nima deydi? Niyating meni sharmanda qilishmi?

– Ajab boʻpti! Alam qilsin! Siz yolgʻiz oʻgʻil boʻlsangiz, men ham yolgʻiz qizman, bildingizmi? Keksa buvimni kimga tashlab ketaman, buni oʻyladingizmi? Axir, u kishi qoʻndoqdaligimdan tishlarida tishlab katta qildilar-ku!

Nevarasining soʻzlarini aniq-tiniq eshitayotgan Shahodat buvining koʻz yoshlari shashqator edi. Bolaginasi uni shunchalar ayar, shunchalar yaxshi koʻrar ekan.

Kampir yuragida tugʻyon urayotgan qarama-qarshi hislarni jilovlash uchun chappar urib ochilgan atirgulga nigohlarini qadadi. Ha, qizginaning yuragida ilk muhabbat ana shu yovvoyi guldek ochilgan, hozir xato qilib qoʻyishi ham mumkin. Keyin bir umr pushaymon qilib yuradi...

Shahodat buvi bekingan joyidan chiqib, «Hoy, bolam, men bilan ishing boʻlmasin, amallab kunimni koʻrarman, oʻz baxtingni oʻyla», degisi keldi. Lekin oʻzini zoʻrgʻa tiydi. «Ayb boʻladi. Kuyov bola bu miyasi aynigan kampir gap oʻgʻirlar ekan-da, deb oʻylamaydimi? Qaytaga bolajonimni uyatga qoʻyaman-ku», oʻyladi u va yana suhbatga quloq tutdi. Sobirjon hamon zoʻr berib qaysar qizga gap uqtirmoqchi boʻlardi.

– Tushunsang-chi, sen qiz bolasan, qiz bola esa birovning xasmi. Baribir bir kunmas, bir kun buvingni tashlab ketasan-ku!

– Yoʻq, hech qachon! Hech qachon buvijonimni tashlab ketmayman! Men u kishini shunchalar yaxshi koʻramanki, siz tasavvur ham etolmaysiz.

Shaddod qiz «hatto, sizdan ham ortiqroq yaxshi koʻraman», demoqchi edi-yu, aytolmadi, tilini tishladi. U Sobirjonni bokira muhabbati bilan sevardi. Sevardi-yu, ikki oʻt orasida qolgandi. Va oʻzining shubha-gumonlari, ikkilanishlarini noz pardasi bilan bekitar, yigitga rad javobini bermoqchi boʻlib, yuragi qonlarga toʻlardi.

Uning soʻzlarini gul panasida tinglab oʻtirgan buvijoni hamon koʻz yoshlarini tiyolmas, lablari «Rozi boʻlaqol, qizim, sen uchun taqdirning barcha sitamlariga chidayman», deya pichirlardi,

Xoʻrozlar qichqira boshladi. Boʻynoq ham bostirma tomondan norozi uvillab qoʻyardi. U har tun buvi-nevara uyquga yotmagunlaricha shitir etgan tovushga quloq tutib, bezovta boʻlardi. Har ikki mushtipar uyquga ketgach, u ham boshini oyoqlariga qoʻyib, mudrab oʻtirardi. Uyqu qayoqda deysiz? Bir-yarim zanjirni uzmoqchi boʻlib toʻlgʻanar, egalari tinchini oʻylab unchalik baland hurmasa-da, amallab tinchlik buzuvchini fikridan qaytarardi. Shu bois yaqin atrofdagi jonivorlar bu hovlini chetlab oʻtishga majbur boʻlishardi.

Shu beorom tunda Boʻynoq shoʻrlik juda jonsarak boʻldi. Egalari hamon uxlagani yotishmadi, ustiga-ustak kampir gul panasida bekinib oʻtiribdi, Sobirjon bilan Saodat boʻlsa, hech nimadan xabarsiz baralla bahslashishyapti. «Eh, odam shunchalik ehtiyotsiz boʻladimi?!» afsus chekardi Boʻynoq. U chorbogʻdagi sharpalarning hidini, har bir gap-soʻzini tuyib turardi.

Yoshlar hamon bahslashishar, lekin Saodatning ovozi endi xiyla muloyimlashgan, buni Shahodat buvi ham, Boʻynoq ham sezib turishardi.

– Mayli, koʻpam obidiyda qilavermang. Buvim bilan bir gaplashib koʻray-chi, nima derkinlar...

Shahodat buvi koʻz yoshlarini yengining uchi bilan arta-arta, sezdirmay gul panasini tark etdi. Uning soʻri tomon oʻtganini koʻrgan Boʻynoq biroz xotirjamlangan boʻlsa-da, Saodat yigit bilan xayrlashmaguncha quloqlarini dikkaytirib turaverdi.

Oʻringa choʻzilgan Shahodat buvi nevarasining qaytishini kutib, osmonga

tikilganicha xayol surib yotardi. «Qodir Xudoyim! Bolaginamning koʻngliga ozgina shafqat solganing uchun behisob shukr! U Sobirjonga rad javobi berganida, nima qilardim? Xayriyat, qaysarginam yigitni ayadi...» – pichirladi buvining lablari.

Oradan koʻp oʻtmay Saodat sekin yurib kelib, buvisining yonidagi oʻringa kirdi. Bir muddat u yoq-bu yoqqa agʻanagach, chidayolmadi, izillab yigʻlaganicha oʻzini buvisining bagʻriga otdi.

– Buvijon, meni kechiring! Unga rozilik berganimni oʻzim ham bilmay qolibman!

Shahodat buvi xun boʻlib yigʻlayotgan nevarasining mayda oʻrilgan sochlarini, yosh yuvgan yuzlarini siladi, peshonasidan sekingina oʻpib, titroq tovush bilan uni yupatdi.

– Tentakkinam, nega yigʻlaysan? Axir, bu baxt-ku! Men roziman, bolam...

Kampir boʻgʻziga tiqilib kelgan yoshlarini yutolmay, jimib qoldi. Javzoning shu qisqa tunida buvi-nevara allamahalgacha uxlayolmadilar...

Ertasiga sovchilar kelishdi. Darvozadan ichkariga qadam qoʻygan har bir odamni koʻrsa, jon-jahdi bilan akillaydigan Boʻynoq bu gal «miq» etmadi, choʻltoq dumini likillatib turaverdi.

Sovchilar uch marta kelib-ketishgach, oradan koʻp oʻtmay toʻy boʻldi. Iroqi doʻppi, oq shohi koʻylak kiygan Saodat biram goʻzal kelin boʻldiki, asti qoʻyaverasiz... Goʻshangada unga roʻbaroʻ boʻlgan Sobirjonning esi ogʻib qolayozdi. Qiz qurmagʻur buvisining oʻgitiga amal qilib, bir oyogʻini sal koʻtarib turgan ekan, goʻshangaga qadam qoʻyib, qizga mahliyo boʻlib qolgan kuyovtoʻraning oyogʻini «gʻarch» etkazib bosdi. Boʻldi qiy-chuv, boʻldi kulgi. Sobirjon maqsadiga yetgan edi, shu bois kelindan unchalik xafa boʻlmadi-yu, lekin nimanidir koʻngliga tugib, miyigʻida kulib qoʻydi.

Uning koʻngliga tukkani keyinroq ma’lum boʻldi. Sobirjon darvozalari oldida yoqilgan gulxan atrofidan kelinni dast koʻtarib aylanar ekan, hech kimga bildirmay, uni chimchilab oldi.

– Voy, voy, nega bunday qilasiz, qurib ketgur! – tahdidli shivirladi qiz uning qulogʻiga.

– Senga bu ham kam! – dedi yigit, – oʻzing oyogʻimni boplab bosding-ku!

* * *

Shahodat buvining huvillab qolgan hovliga koʻnikib ketishi xiyla qiyin boʻldi. Lekin hovli huvillab qolgan boʻlsa-da, kampirning shuncha yillardan buyon oʻksik koʻngli toʻlgan, togʻ boʻlgan edi.

U uzzu-kun hovlida kuymanib, oʻsha, oʻzi yaxshi koʻradigan «Shamol eshik ochadi, yorim bodom sochadi...» qoʻshigʻini xirgoyi qilar, Saodatning qayoqqa gʻoyib boʻlganini hamon bilolmay bezovtalanayotgan Boʻynoqni qoʻlidan kelgancha yupatardi. «Mana, men binoyidek chidayapman-ku. Sen ham koʻnikib ketasan, Boʻynoqjon...»

Jonivor egasining gaplarini tushunganday, boshini xam qilib, sukut saqlar, samoni toʻldirgan xilma-xil hidlar orasida unga keragi, unga qadrdoni yoʻq edi...

...Kelin charlar kuni qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar kelishdi. Shahodat buvi necha yillardan beri sandigʻida asrab yurgan eng kamyob, eng tansiq narsalarni oʻrtaga qoʻydi.

Nihoyat, kelin boʻlib gul-gul ochilgan Saodat ostonada koʻrindi.

«Oh-oh, sening shu nurli yuzlaringga, shu qopa sochlaringga jonim sadaqa!» – buvi nevarasini bagʻriga bosib, yigʻlab yubordi.

– Yigʻlamang, buvijon! Mana, men keldim-ku! – derdi oʻz baxtidan sarxush nevara ham koʻz yoshlarini tiyolmay.

Ular bir-birlarini quchoqlaganlaricha obidiyda qilishar ekan, Boʻynoqning boʻladigani boʻlgandi. Boyaqish Saodatning oʻzini koʻrmayotgan boʻlsa-da, uning kelganini darhol sezgandi. Jonivor oʻzini toʻrt tomonga urar, lekin egalarining xursandchiligiga raxna solmaslik uchun vovullashni ep koʻrmasdi. Uzoq vaqt unga hech kim e’tibor bermadi.

Tun yarimlayozganda, Boʻynoq Saodatning nozik qadam tovushlarini tanib, shodlikdan dumini likillata boshladi. Kelinchak itning yoniga u-bu tashlab, oʻz odaticha shirin til bilan erkaladi:

– Ha, Boʻynoqjon, meni sogʻinib qoldingmi? Senga hech kim qaramadimi? Parvo qilma, mana, men borman-ku! – Saodat itning boshini silar, u esa yonidagi yegulikka qiyo ham boqmas, sariq atlas koʻylak kiygan, sochlarini mayda oʻrgan bekasiga mahliyo boʻlib, koʻzlaridan tirqirab yosh oqardi...

Kelin charlar allamahalda tugadi. Hovli sokinlari yana oʻzlari bilan oʻzlari qoldilar. Buvi yulduzli samoga tikilganicha duoga qoʻl ochdi: «Yo, Olloh! Ilohim Saodatginam baxtli-taxtli, uvali-juvali boʻlsin, uning qatorida barcha moʻmin-musulmonlarga baxt ato qilgaysan! Ming shukrkim, endi Yodgorimning ruhi shod boʻladi...»

Tun Oysiz, xiyla qopongʻy edi. Lekin Shahodat buvining yuzlari allaqanday nurdan munavvar, shuncha yillardan beri baxt nimaligini bilmagan hovli masrur, shodumon ohanglarga gʻarq boʻlib borardi...