OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Joʻra Fozil. Oq olma (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiOq olma (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oq olma (hikoya)
Joʻra Fozil

Agronomning familiyasi Qoʻziev, ismini hech kim bilmasdi. Hamma unga «oʻrtoq Qoʻziev» deb murojaat qilardi. U men taxmin qilganimdek mashinada emas, oʻsha paytlar endigina rasm boʻla boshlagan qop-qora «IJ-49» mototsiklida yurardi.

Qishloq yigitlari uning yap-yangi mototsikliga suqlanib boqishardi. Men mototsiklni qabul qilishim mumkin edi-yu, lekin agronom qurmagʻurning shakl-shamoili ham tasavvur qilganimday emasdi-da. Hamma orziqib kutayotgan agronom barvasta, qoraqosh, jingalak sochli yigit boʻlsa kerak, deb taxmin qilardim.

Qoʻziev esa past boʻyli, miqti, hali oʻttizga kirmagan esa-da, tepakal. Ustboshi ham juda unchalik emas. Boz ustiga, onam negadir «kelinchak» deb atay boshlagan yigirma besh-yigirma olti yoshlardagi xotini ham qushburun, xunukkina.

Mening nazarimda, shoʻrlik agronomning obroʻsini sal-pal koʻtargan omil – uning Baxtiyor ismli bir yashar oʻgʻilchasi edi. Baxtiyor oq yuzli, sochlari jingalak, chiroyli bolakay. Uni ota-onasi oʻlib, akasi qaramogʻida qolgan yetim qiz – Sayyora koʻtarib yurardi. Sayyora qishloqqa koʻchib kelgach, bizning sinfda oʻqiy boshladi. U qora duxoba nimcha, qizil baxmal doʻppi kiyib, qoʻngʻir-qora sochlarini mayda oʻrib yuradi. Koʻhlikkina, faqat, yonoqlari, burni atroflariga sepkil toshgan. Sepkillari oʻziga yarashadi. Qoʻzievlar xonadonining barcha yumushlarini shu qizcha bajaradi, lekin nuqul yangasidan ta’na-dashnom eshitadi.

Qiz yoshiga yarashmagan hazin qoʻshiqlarni xirgoyi qilib yuradi, koʻzlari juda gʻamgin. Ota-onadan juda erta ajrab, togʻalari qoʻlida oʻsgan onam, uning ahvolini yaxshi tushunardilar, chamasi, ba’zan «uf» tortib, «etimning kuni qursin-a», deb qoʻyardilar. Bunday deyishlarining yana bir sababi, Qoʻzievlar tashqari hovlimizda yashay boshlaganlaridan beri, boyaqish Sayyoraning boshi gʻalvadan chiqmasdi.

Hamqishloqlarimizning e’tibori, mehmondoʻstligidan taltayib ketgan Qoʻziev tun yarmidan oqqanda mast boʻlib keladi. Xotinining chaquvi bilan, roʻzgʻor yumushlaridan qoʻli boʻshamaydigan singlisini ayamay doʻpposlaydi. Kunda, kunora bu ahvol takrorlanadi. Yetim bechora biznikiga qochib chiqadi, onamning tizzalariga bosh qoʻygancha, yigʻlay-yigʻlay uxlab qoladi.

Ocharchilik yillari besh farzandni tuproqqa topshirgan onam uning koʻz yoshlarini artadilar, oʻzlarining koʻz yoshlari esa quyilib kelaveradi...

Nihoyat, juda sipo, uncha-munchada birovning ishiga aralashishni oʻzlariga ep koʻrmaydigan otamning ham toqatlari toq boʻldi.

Oʻshanda yarim tunda mast akasidan kaltak yeb, yuz-koʻzlari koʻkargan Sayyora yana biznikiga qochib chiqdi.

– Muallimjon, – faryod chekdi u otamning oyoqlariga osilib, – meni qutqaring! Men yetimni qutqaring, boʻlmasa, akam oʻldirib qoʻyadilar!

Otam urush yillari och-yupun bolalarga dars berib, bir burda nonlarini boʻlishib yeb, ularning koʻz yoshlarini koʻp koʻrgan boʻlsalar-da, baribir bunga koʻnikolmasdilar. Sayyorani oʻrnidan turgʻazib, boshini siladilar.

– Yigʻlama, qizim, ertaga oʻzim akangning ta’zirini beraman.

Keyin onamga yuzlandilar:

– Buning qornini toʻygʻaz, bechora tuz totmaganga oʻxshaydi.

Otamning ovozlari titrab ketdi.

– Muallimjon, – yana uvvos tortdi Sayyora, – hech nima kerak emas, meni akamdan qutqarsangiz boʻldi!

– Oh, boshginang toshdan boʻlgur, nima gunoh qiluvdingki, gumroh akang seni bunchalar qattiq doʻpposladi?

– Baxtiyorjonni koʻtarib, suvga chiqqandim, sirpanib yiqildim. Ikkalamiz ham ariqqa tushib ketishimizga sal qoldi. Yangam koʻrib turgan ekanlar, akamga yomonladilar. Baxtiyorjon suvda oqib ketsa, nima boʻlardi, dedilar...

Shu paytgacha jim oʻtirgan onam gapga aralashdilar:

– Dadasi, oʻzingiz Qoʻziev bilan gaplashing. U axir, qizni mayib qilib qoʻyadi-ku!

– Boʻldi, gap tamom! Ertaga gaplashamiz!

Ertasiga otam haqiqatan ham Qoʻziev bilan «gaplashdilar».

U tong saharlab «pat-pat»ini oʻt oldirib, dalaga qochib qolmoqchi edi, darvoza yonida otamga duch keldi. Asta salomlashib, oʻtayotganida, otam rasmiy tarzda «Oʻrtoq Qoʻziev, siz bilan gaplashib olishim kerak» dedilar.

– Domla, uzr, shoshib turibman. Hozir tuman firqa qoʻmitasidan vakillar kelishi kerak, – dedi agronom.

– E, ayni muddao ekan-ku! – dedilar otam jonlanib. – Siz bilan vakillar ishtirokida gaplashsak, juda soz boʻlardi-da!

Qoʻziev gapning bunday tus olishini kutmagan ekan, shekilli, talmovsirab qoldi.

– Siz oʻqituvchi boʻlsangiz, vakillarga nima ishingiz bor? – dedi u hadiksirab.

Otam quvlik, gʻirromlikdan juda yiroq odam edilar, shu bois gapning poʻstkallasini aytib qoʻyaqoldilar.

– Vakillar «agronom» deb bizga kimni yuborganlarini bilib qoʻysalar, yaxshi boʻlardi!

Qoʻzievning koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi.

– Xoʻsh-xoʻsh, qani, ayting-chi, kimni yuborishibdi? – otamga xezlandi agronom.

Otam pinaklarini ham buzmay, dona-dona qilib shunday dedilar:

– Kimni boʻlardi? Paxta dalasiga qadam bosmaydigan, ertayu kech araq ichib, norasida singlisini oʻlasi qilib doʻpposlaydigan, firqa a’zosi degan nomga mutlaqo noloyiq bir odamni-da!

Nohaqlik va zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz boʻlgan otam moʻljalga bexato urgan edilar. Koʻzlari qonga toʻlib, xezlanib turgan araqxoʻr agronom ildiziga oʻroq tekkan makkajoʻxoridek shalvirab qoldi.

– Ibi, domlajon, sizga nima boʻldi, – dedi u endi yaltoqlanishga oʻtib. Men qachon araq ichibman? Kimni doʻpposlabman? Unday demang-e, axir, ota- onamdan yodgor yolgʻizgina singlimni doʻpposlab, devona boʻlibmanmi? Bu gaplarni vakillar eshitsa, sharmanda boʻlaman-ku!

Qoʻziev mototsiklni bir chekkaga qoʻyib, otamning atroflarida girdikapalak boʻlganicha tinmay bidillar, yuz-koʻzlari, tepakal boshi qizarib ketgan, bu uyatdanmi, kecha ichilgan araq zarbidanmi, bilish mushkul edi.

Otam unga bir muddat tikilib turdilar-da, keyin qoʻllarini jahl bilan siltab, ichkari hovliga kirib ketdilar.

Qoʻziev darvoza yonida biroz serrayib turdi. Soʻngra menga koʻzi tushib, mutelarcha tirjaydi. U endi, aftidan, otam vakillar huzuriga bormasliklariga umid qilardi. Mototsiklni darvozadan olib chiqar ekan, mingʻirladi:

– E, bu yogʻi kiziq boʻldi-ku! Men axir, Sayyorani tergasam, odam boʻlsin, poʻzgʻop ishlarini oʻrgansin, deyman-da... A-nima, deding, polvon? – Qoʻziev yana menga yolborgannamo nigoh tashladi.

Koʻzlarimni yashirishga majbur boʻldim. Basharasi araqdan bujmaygan bu ayanch kimsaning ochiq-oydin yolgʻoni meni benihoya tahqirlardi. Axir, uzzu kun qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib, poʻzgʻop yumushidan boʻshamaydigan bechora qiz buning evaziga kechasi akasidan kaltak yesa-yu, bu zoʻravon kaltakni «singlisini tergash, uning foydasi» deb oʻtirsa? Eh, siz kattalar!.. Nahot, beshinchi sinf oʻquvchisi yolgʻon bilan rostni ajratolmaydi, deb oʻylasangiz? Axir, bechora Sayyora kaltak zarbidan yuz-koʻzlari shishib, koʻkarib, bizning uyda bekinib oʻtiribdi-ku!

Qoʻzievga hech nima demay, men ham ichkari hovliga kirdim. Agronom biroz taraddudlanib turgach, «pat-pat»ini oʻt oldirdi-yu, joʻnab ketdi. Hoynahoy, u dalaga emas, bosh ogʻrigʻini bosish uchun, qishloq magazini qorovulxonasiga ravona boʻlgan boʻlsa, ajab emas.

Otamning poʻpisalari kor qilib, Qoʻzievlar xonadonida ancha vaqt tinchlik hukm surdi.

Agronom huda-behuda araq ichishni bas qildi. Sayyoraning yangasi ham xiyla insofga keldi. Lekin qizning xirgoyilari hamon mahzun, gʻamgin edi. Uning koʻzlari ich-ichiga botib ketgan, otasi va onasining qabrlari qolib ketgan Zarafshon sohilidagi Zarqishloqni qoʻmsab, yum-yum yigʻlardi:

Zarqishlogʻim – zar qishloq,

Olma-anor moʻl qishloq.

Zarqishlogʻim – zoʻr qishloq,

Oʻzim senga zor, qishloq...

Qizcha ba’zi-ba’zida shoʻx qoʻshiqlarni ham aytib qolar, shunda onam bilan uning xonishlarini jon qulogʻimiz bilan tinglardik. Onamning diydalari namlanardi.

Bu orada yoz oʻtib ketib, kuz keldi. Sunbulaning salqin tonglarida bir muddat maktabga qatnaganimizdan soʻng, paxtaga «safarbar» etildik.

Bir burda qotgan nonni boʻz etakka oʻrab olgan Sayyora men bilan olis dalalarda paxta terardi. Tabiatan mehnatsevar, tirishqoq qiz hammamizdan koʻp paxta terar, buning evaziga olgan bir-ikki soʻm pulni ham bir tiyin qoldirmay yangasiga eltib berardi. Bir gal havasi ketib, oʻzi va Baxtiyorjonga deb, magazindan yarim soʻmga teshikkulcha xarid qilgan ekan, yangasidan baloga qoldi. Xayriyat, Qoʻziev uyda yoʻq edi va bu kichik mojaro onamning yordamlarida imi-jimida bartaraf etildi.

– Koʻnglingizni keng qiling, kelin, – dedilar onam Qoʻzievning xotiniga. – Yetim bechora bittagina teshikkulcha yeb, qolganini Baxtiyorjoningizga olib kelibdi. Boz ustiga, oʻsha yarim soʻmni oʻzi ishlab topgan-ku!

Har qalay, oʻsha tunda janjal qayta alanga olmadi. Biz zolim yanga murosaga keldi, deb oʻyladik.

Sayyora hovlimizda yashay boshlaganidan buyon yangi kiyim kiyganini eslay olmayman. Qoʻziev xotiniga har xil kiyimlar, taqinchoqlar olib berar, lekin singlisining mudom yamoq chit koʻylak, yirtiq kalish kiyib yurishi bilan sira ishi yoʻq edi. Boyaqish qizchaning boshiga tangʻigani roʻmoli ham yoʻq, onam unga rahmlari kelib, chit durrachalar tikib berardilar.

Teshikkulcha mojarosidan soʻng, Sayyora olgan pullarini bir tiyin ham qoldirmay, yangasiga eltib beradigan boʻldi. Hiyla badnafs yangasi boʻlsa, doʻkondan goʻsht xarid qilib, hamma dalaga ketgan mahalda tansiq taomlar pishirib yer, bu ovqatlardan shoʻring qurgʻur Sayyoraga bir qoshiq ham tegmasdi.

Kuzakning issiq choshgohlaridan birida Uchtut atalmish keng paykalda paxta terardik. Bir vaqt, kajavali yashil mototsiklda choʻt qoʻltiqlagan hisobchilar kelib qolib, besh kunlik paxta pulini tarqata boshlashdi.

Sayyora olti soʻm pul oldi, menga esa uch soʻm tegdi. Tushlikka qarab, dala shiyponi juda gavjumlashib qoldi. Bu yerga koʻchma savdo doʻkoni kelgan ekan. Hammamiz oʻsha yoqqa yugurdik. Lekin Sayyora bizga qoʻshilmadi. U bir chekkada mungʻayib oʻtirganicha, qoʻlidagi bir soʻmliklarni qayta-qayta sanar va yana nimchasi choʻntagiga yashirib qoʻyardi.

Oxiri qizcha chidayolmadi, sekin yurib, koʻchma doʻkon peshtaxtasiga yaqinlashdi.

U uzoq vaqt, aylantirib koʻrib, tanlab qirmizi rang durracha xarid qildi. Sotuvchiga ikki soʻmu qirq tiyin toʻladi. U pul sanar ekan, koʻzlari olazarak, qoʻllari qaltirardi. Qiz bechora xaridining oqibatini oʻylar, lekin chiroyli qirmizi durracha uning ixtiyorini tamoman olgandi.

Sayyora doʻkondan uzoqlashdi-yu, durrachani darhol peshonasiga dol tangʻib, menga jilmaydi.

– Yaxshilab qara-chi, yarashibdimi?

– Ha, juda yarashibdi! – dedim uning koʻnglini koʻtarib.

Sayyoraning sepkilli yonoqlari yashnab ketdi. U, ehtimol, umrida birinchi marta yangi durracha bogʻlagan edi.

Oʻsha oqshom Qoʻzievlar xonadoni tomondan dam Baxtiyorjonning xarxashasi eshitilar, dam Sayyoraning shodon xirgoyisi quloqqa chalinardi:

Dugona, dugona, dey-o, attorga tegma dey-o,

Attorning noni qursin, oʻlchab beradi, dey-o...

Oqqina olma pishibdi, tagginasiga tushibdi,

Esizgina dugonam, Buxoroga tushibdi...

Yana onam ikkimiz qizchaning qoʻngʻiroqdek tovushiga mahliyo boʻlib tinglay boshladik.

Qishloq sunbula oqshomining barqutdek muloyim qoʻyniga gʻapq boʻlgan, kuz ohanglari samoni toʻldirgan edi.

... Tun yarmidan oqqanda darvoza tomonda «pat-pat» tovushi eshitildi, soʻngra tashqi hovli supasida gandiraklagan Qoʻziev koʻrindi.

Oradan bir choynak choy qaynagunchalik vaqt oʻtgach, Sayyoraning ayanchli nolasi quloqqa chalindi.

Men hech nima gunoh qilganim yoʻq, akajon! Faqat, paxta pulimga bittagina durracha...

Soʻngra uning ovozini yangasining chinqiroq tovushi bosib ketdi.

– Hech nima qilmagan emish! Juvonmarg boʻlgur, yetimcha! Siz buning ashulalariga quloq tutib koʻring! Men uyalib, yerga kirgim keladi! «Esizgina, dugonam, Buxoroga tushibdi» emish.

Bu kishi Buxoroga kelin boʻlmoqchi, aftidan!.. Kelin boʻlmay, qirchiningdan qiyilgur!..

Men Qoʻziev yana Sayyorani doʻpposlasa kerak, deb yuragimni hovuchlab turardim.

Yoʻq, xayriyatki, Qoʻzievlar xonadonida toʻs-toʻpolon boʻlmadi. Aftidan, agronom qattiq mast, birovni doʻpposlashga madori yoʻq edi. Xotini ham Sayyorani qargʻay-qargʻay, jimib qoldi.

Shu tahlikali oqshomdan soʻng Sayyora butunlay oʻzgarib ketdi. U hamon gʻayrat bilan paxta terib, uy yumushlarini bajarishda qoʻli-qoʻliga tegmasa-da, endi sira qoʻshiq aytmay qoʻygandi.

Kunlardan birining oqshom mahali, koʻkda Oy koʻringanda paxtazordan qaytar ekanmiz, Sayyora menga shivirlagannamo soʻz qotdi.

– Jamoljon, sen Zarqishloqni koʻrmagansan-a?

– Yoʻq, koʻrmaganman. Nima edi?

– Hech nima. Oʻzim, shundoq soʻradim-da. Lekin Zarqishloq juda zoʻr qishloq. Bu yerdan yetmish chaqirim olisda. Zarafshon sohilida joylashgan. Hamma yoq olmazor, shaftolizor... U yerda togʻalarim yashaydi... Otam va onamning qabrlari ham oʻsha yerda... – qizning ovozi titrar, bu titroq anduh, nadomatga toʻla edi. Tomogʻimga achchiq bir nima tiqilar, Sayyoraga nima deyishimni bilmasdim.

Endigina koʻtarilayotgan Oyning xira nuri atrofini sal-pal yoritar, changi osmonga oʻrlayotgan qishloq yoʻli terimchiyu koʻmakchi, oʻquvchilar bilan toʻla, gʻala-gʻovur avjida, bizning mahzun suhbatimizga hech kim e’tibor bermasdi. Lekin men suhbatdoshimning yuragi alamdan tilka-pora boʻlayotganini sezib turardim. Sezib turardim-u, uni qanday yupatishni bilmasdim.

Sekin-asta, chang yutganimizcha qishloq tomon odimlar ekanmiz, Sayyora chuqur «uf» tortib, shunday dedi:

– Kun kelib, men agar Zarqishloqqa ketib qolsam, yangamning soʻzlariga ishonma. Yomon qiz emasligimni oʻzing bilasan-ku! Shunday emasmi?

– Shunday, – dedim oʻzimni zoʻrgʻa qoʻlga olib.

Qizning ovozi rozi-rizolik, mahkumlik ohanglari bilan toʻla, bu yuragimni yorib yuborgudek edi.

* * *

Sunbula oxirlayozgan salqin saharlarning birida qishloq boʻylab dahshatli xabar tarqadi. Akasining uyidan qochib, Zarqishloqqa bormoqchi boʻlgan Sayyoraning pajmurda jasadini Zarafshon qishloq yaqinida sohilga chiqarib tashlabdi...

Men bu xabar dahshatidan dong qotdim, onam oʻksib, koʻz yoshi qildilar.

Qoʻzievlar xonadoniga hech kim yaqinlashmas, ular ham gung-soqovdek jim edilar.

Nima qilishni bilmasdim. «Yomon qiz emasligimni oʻzing bilasan-ku!» degan iltijolari quloqlarim ostida qayta-qayta aks sado berar, koʻz yoshlarimni tiya olmasdim.