OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Joʻra Fozil. Qor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiQor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qor (hikoya)
Joʻra Fozil

Qirq kundirki, Buxoro qor kutar, lekin bu oppoq sehru-jodudan hamon darak yoʻq edi. Qizilqumning bepoyon kengliklari, Amu sohillari visolga tashna oshiqning boʻsaga intiq labidek boʻlib, birinchi qorni kutardi.

Niliy toqu gumbazlarning ming yillik xarsanglari samoga koʻz tikkan, lekin ilk muhabbatga monand oppoq momiq qor yoʻq edi.

Qor... Qor... Butun borliq tabiatning ana shu moʻ’jizasiga intizor edi. Va nihoyat, tabiat Buxoroga marhamat koʻrsatdi.

Osmonni qoʻrgʻoshinrang ogʻir bulutlar qoplab, avval bitta-yarimta, juda kichkina igna uchidek boʻlib, oppoq injular yogʻila boshladi.

Soʻngra rosmana qor yogʻib berdi.

Son-sanoqsiz mitti yulduzchalar samoni toʻldirgan, ona Zamin yuvosh, shukrona bir intizorlik bilan kutgan ne’matga koʻksini tutgan, Buxoro oppoq libosga burkanib, oʻziga oro berardi.

Yangi yilda qor kutib charchagan Jamol samoga tikilganicha kalovlanar, yuzlari, qosh-kipriklariga qoʻnayotgan muzday zarrachalardan huzur qilar va xayol uni allaqachon olis yillar xotiralari sari yetaklab ketgandi. Yuragi nihoyatda bezovta, bu tabiatning shohona in’omidanmi, yoinki hislar moʻlligidanmi, u bilolmas, faqat koʻksining eng olis burchagi simillab turardi.

«...Yo, Olloh! — fikran xitob qilardi u. — Men, axir, qorboʻron oʻynash yoshidan oʻtib ketganimga koʻp yillar boʻldi-ku! Nega buncha, yosh boladek boʻlib, birinchi qorni kutaman? Mana, koʻchada nevaralarim qorboʻron oʻynayapti-ku! Ovozi doʻrillab, yuziga husnbuzarlar toshgan nevaram oʻzi tengi qizlarni suratga olayapti. Undan kichikrogʻi Qorbobo yasayapti.»

Jamol samoga tikilar, bahor gullariga monand zarralar oʻynab, uchib yogʻar, daraxtlar oq libosli kelinchak misol bosh egib, sukut saqlashar, chor atrof oʻsha, bolaligidagi azamat shahzoda va koʻhlik malika haqidagi gʻaroyib ertakni eslatar, «duk-duk» urayotgan yuragi koʻksini yorib chiqqudek edi.

Atrofni chulgʻagan oppoq sukunat shu qadar sehrli ediki, his-tuygʻulardan begona, juda loqayd odamni ham toʻlqinlantirib yuborardi.

Jamol temir darvozani gʻiyqillatib ochib, koʻchaga qadam tashladi.

Bolakaylar qiy-chuvi samoni toʻldirgan, sovuq quloq uchlarini chimchilar, u toza havodan koʻkragini toʻldirib nafas olar ekan, hozir qay vaqt, qay zamonda ekanini his etolmasdi. Lekin bu holat uzoqqa choʻzilmadi. Yonogʻiga kelib tekkan olmadek qor koʻzlaridan uchqun sachratib yubordi. «Ob-bo, bolasi tushmagur-ey!» — qoʻshnining sakkiz-toʻqqiz yashar nevarasi uni qoʻli bilan oʻrtoqlariga koʻrsatib, qiyqirib kular, qip-qizil yuzlaridan baxtiyorlik alomatlari ufurib turardi.
— Hah, padarqusur! — unga yolgʻondakam poʻpisa qildi Jamol.

Bolakay kulgidan toʻxtab yovqarash qildi-da, uyi tomon taraqaylab qochdi.

Bolaning koʻcha oʻrtasida turgan oʻn-oʻn ikki yashar opasi iltijo qildi:
— Bobojon, kechiring, u bilmasdan...

Jamol qizchaning yalinchoq tovushidan hushyor tortgandek boʻlib, kulib yubordi.
— Zarari yoʻq, bolam...

Qizcha xursand boʻlib ukasining ortidan chopib ketdi.

Qor boʻralab yogʻar, sovuq zabtiga olar, darvoza yonida yoqavayron, boshyalang turgan Jamol oʻtib-qaytib turgan qoʻni-qoʻshni bilan nari-beri soʻrashgan boʻlar va lekin tizginsiz xayollari olis manzillarda sar-sari kezardi. Keyingi paytlarda u yolgʻiz qoldi deguncha xayollariga erk berar va bu holatdan chiqishi xiyla mushkul edi.

Hozir ham qor uchqunlaridan koʻz uzmayotgan boʻlsada, butun umri davomida boshdan kechirganlari koʻz oʻngida birma-bir gavdalanardi.

«Ha, — Oʻylardi u qandaydir ichki dard bilan, — kechagina oʻzing qorboʻron oʻynarding, bugun esa nevaralaring shu ish bilan mashgʻul... Biz odatda hamma narsani Vaqt bilan oʻlchaymiz, aybni Vaqt yugurikligiga toʻnkaymiz va «Qarang-a, Vaqt bir pasda oʻtib ketibdi-ya» deya hayron boʻlamiz. Aslida-chi? Aslida esa Vaqt emas, Biz oʻzimiz oʻtib ketamiz va buni bilmay, sezmay ham qolamiz...»
— Ob-bo, bu nima qiliq?! Yalangbosh, yoqavayron koʻchada turish?! Koshki salga shamollab qolmasangiz... — xotinining ham tanbeh, ham dilsoʻzlik aralash dagʻdagʻasi uni oʻziga keltirdi.

«Tavba, bu ayollarning hammasi ham shunaqa jonsarak boʻlar ekanmi?«. Bolaligida onasi ham qor yoqqan kezlarda nuqul "uyga kir, bolam, shamollab qolasan...» deya javrardi. Endi boʻlsa xotini javrayapti. Ha, mayli nimayam qilardik? Har qalay, seni deb kimningdir joni achib tursa, bu unchalik yomon emas. Axir, kimgadir kerakligingni bilib turasan-da...»

U jilmayganicha, darvozadan ichkariga kirdi. Xotin esa hamon javrardi:
— Nevaralaringiz ham oʻzingizdan battar ovsar. Koʻchadan beri kelishmaydi. Shamollab qolishsa, yana mening jonim halak...

Jamol murosa qildi:
— Ke, qoʻy, xotin, bunday ajoyib qor har kun ham yogʻavermaydi. Jujuqlar bir maza qilishsin!...

Xotini qoʻl siltadi.
— E-e, oltmishga kiryapsiz-u, hech xayolparastligingiz qolmadi-qolmadi-da! Sovuqdan koʻkarib ketishibdi-yu siz «maza qilishsin», deysiz-a!

Jamol indamay oʻz xonasiga kirib ketdi. Koʻz oʻngida onasining iltijoli chehrasi namoyon boʻldi. «Uyga kir, oʻgʻlim, shamollab qolasan...».

U derazadan koʻchaga parishon nazar tashladi. Izgʻirin shamol olcha guliga monand qor uchqunlarini uchirib oʻynar, koʻchada bolalarning qiy-chuvi tobora avjiga chiqardi.