OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiSoy boʻyida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soy boʻyida (hikoya)
Joʻra Fozil

«
Ushbu hikoya qirq yil kechikib yozildi. Yigit umriga teng shu yillar mobaynida u necha martalab qogʻoz qoralagan boʻlsa-da, hech koʻngli toʻlmas, nimadandir uyalar, ikkilanar, istihola qilardi.
 

Bolaligida yozning jazirama kunida roʻy bergan voqealar xotirasida muhrlanib qolgan, unga sira tinchlik bermasdi.
 
Oradan koʻp yillar oʻtdi. U harchand urinmasin, oʻsha, yuragida shuncha vaqtdan beri asrab-avaylab, kimdandir uyalib, kimdandir qizgʻanib yurgan hikoyani hamon qogʻozga tushirolmasdi. Oʻnlab kitoblari nashr etilgan boʻlsa-da, ana shu birgina hikoyani qanday yozishni bilmasdi. U yana uzoq vaqt qogʻoz qoraladi, yozganlarini takror-takror yirtib tashlardi.
 
Nihoyat, oʻsha, bolaligidagi singari issiq yoz kunlarining birida u yana qoʻliga qalam oldi. Endi uning yoshi oltmishga yaqinlashgan, agar hozir yozmasa, keyin sira yozolmasligiga koʻzi yetib qolgandi.
 

Yuragi, shuurining tub-tubida shuncha yil yashirinib, oʻz vaqt-soatini kutib yotgan eng goʻzal, eng bokira tuygʻular seldek toshib keldilar. Uzoq kuttirgan hikoya bir necha soat mobaynida qogʻozga tushdi...

»

Saratonning juda issiq choshgohi. «Gʻir» etgan shabada yoʻq, qishloqning sertuproq yoʻllari, hatto, bogʻ-chorbogʻlar ham olov purkaydi.

Oʻshanda Samad yetti yoki sakkiz yoshda edi. Qishloq yaqinidan oqib oʻtadigan soyga choʻmilishga joʻnagan bolalar uni oʻz saflariga qoʻshishmadi. Nima keragi bor, u hali yaxshi suza olmaydi, ortiqcha dahmaza boʻlishi mumkin.

Issiqdan behuzur boʻlgan Samadga juda alam qildi. U oʻzidan kattaroq bolalar ketgan tomonga emas, paxtazor yoqalab, soyning sayozroq yeriga qarab joʻnadi.

Soy yoqasiga yetganida suvning salqin epkini yuziga urildi. Sohil qamish, buta, tollar bilan qoplangan, juda soʻlim edi. U bir muddat taraddudlanib, qulay joy izladi.

Samad yechinib, pastga tusha boshlagan ham ediki, birdan shodon qiyqiriq eshitildi. Bolakay tolning suvga egilgan tanasini qayirgan koʻyi joyida qotib qoldi. Qishloqning eng goʻzal, boʻyga yetgan qizlari Zaynab va Muqaddas soyning sayoz joyida bir-birlariga suv sepib, shoʻxlik qilishardi.

Qizlar quyuq tollar orasida turgan Samadni koʻrmasdilar.

Zaynab hovuchini suvga toʻldirib, Muqaddasga sepib yubordi, qiz qiyqirib nari qochdi. Samad nafas olmay, qizlarni kuzatar, bu holat uzoq davom etishini istardi.

Qizlarning qop-qora chilvir sochlari... Ular qiy-chuv bilan bir-birlariga suv sepishda davom etardilar. Shu asnoda Samad ushlab turgan tol novdasi «qirs» etib sindi-yu, bolakay shaloplab soyga quladi. Qizlar baravariga chinqirib yuborib, qandaydir oʻzlari idrok etmagan chaqqonlik bilan suvga bekindilar.

Aksiga olganday Samad Zaynabning shundoq qochogʻiga tushib qolgandi. Qishloqning eng shoʻx-shaddod qizi uni oʻz quchogʻida koʻrib, xandon otib kuldi.

– Ob-bo, uyatsiz-ey, senmiding, yurakni yorib yubording-ku! – Qiz uni bir muddat qochogʻida tutib turdi. Soʻng oʻzidan itarib yuborib, boʻynidan mahkam qisdida, suvga pisha boshladi.

Bolaning ogʻiz-burni suvga toʻldi. U voy-voylab, shafqat soʻrar, lekin Zaynab oʻzini kulgidan toʻxtatolmay, bolakayni suvga pishishda davom etardi.

Nihoyat, u holdan toyib, «gunohkor»ni qoʻyib yubordi. Samad bir amallab qirgʻoqqa chiqib oldi.

Qizlar endi oʻzlarining raso qomatlarini bekitmay qoʻyishgandi. Boʻyi yetgan qizlar Samaddek mishiqini necha pulga olishardi?..

Samad sohilda gungu lol boʻlib turardi. Qizlar kiyimlarini kiyish uchun qirgʻoqqa chiqa boshladilar.
— Pismiq oʻlgur, — dedi Muqaddas hoʻl sochlarini yelkasidan oshirib tashlar ekan, — bizni poylab kelgan ekansan-da?
— Yoʻq-yoʻq, poylamadim, men choʻmilmoqchi edim. Katta bolalar oʻzlari bilan olib ketishmadi. Suzishni bilmas emishman. Men juda yaxshi suza olaman, — dedi Samad jovdirab.
— Suzishni bilar emishlar... Ishtoningni koʻtar, tushib ketmasin! — dedi Zaynab bolakayning biqinidan chimchilab olar ekan.

Samad voy-voylab nari qochdi. Qizlar uning ustidan kula-kula kiyimlarini kiya boshladilar. Odmigina chit koʻylaklar, koʻk, qirmizi durrachalar ularning chiroyini tagʻin ham ochib yubordi.

Qizlar maysa ustiga oʻtirib, hoʻl sochlaridan suvni siqa boshladilar.
— Samadjon, dedi bir mahal Zaynab ovozi muloyimlashib, — bu yoqqa kel, yonimga oʻtir. Endi chimchilamayman.

Bolakay ishonib-ishonmay qizlarga yaqinlashdi.
— Mana, bu yerga oʻtir! — dedi Muqaddas ham yonidan joy koʻrsatib.

Samad Zaynabning yoniga, maysa ustiga oʻtirdi. Qiz barmoqlarini chaqqon ishlatib, sochlarini oʻrardi. Uning sochlaridan yangi ochilgan atirgul hidi kelardi.
— Samadjon, — dedi Zaynab bolaga qattiq tikilib, qani ayt-chi, men chiroylimanmi yoki Muqaddasmi? Faqat toʻgʻrisini ayt. Yolgʻon gapirsang, yana suvga pishaman!

Bola qishloqning har ikki goʻzalini uzoq kuzatdi. Zaynabning bodom qovoqlari, tim qora sochiyu, uzun kipriklari juda chiroyli...

Muqaddas kulcha yuz, qoshlari mayin, lablari gulgʻunchadek. Bola uzoq ikkilandi. Soʻngra, «Ikkovingiz ham juda chiroylisiz» dedi.
— E, yoʻq, bunaqasi ketmaydi, — deyishdi qizlar uni ikki tomondan iskanjaga olib. — Bittamizni tanlaysan, yigitcha, faqat bittamizni!

Samad boyaqish ikki oʻt orasida qolgandi. Biri chimchilaydi, biri suvga pishaman, deydi. Nima qilish kerak? Bola bir yulqinib, qizlar iskanjasidan qutildiyu, yugurib ulardan uzoqlashdi.
— Zaynab opa, siz chiroylisiz! Sizni olaman! Bola shunday dediyu qishloq tomon tiraqaylab qochdi. Qizlar tizzalariga shapatilab, qotib-qotib kulishar, koʻz yoshlarini tiyolmasdilar.
— Ana xalos, — dedi Muqaddas oʻzini kulgidan hamon toʻxtata olmay, — Bu deyman, Murodjon xotinsiz qoladi endi!..

Zaynab koʻkraklarini silkitgancha xoxolar, kulgu toʻla ohu koʻzlarida mamnunlik alomatlari sezilardi.

Bolakayning bergan bahosi uning koʻnglini koʻtarib yuborgandi. Boʻyi bir qarich boʻlsa nima qipti? Erta-indin u ham er yetib qishloq qizlari yoʻlini toʻsa boshlaydi. Erta-indin Murodjon ikkovining toʻyi boʻlsa ajabmas. Eh, Murodjon, Murodjon. Shu tirmizakchalik diding yoʻqmi, sening? Chiroylisan deb biror marta aytganing yoʻgʻ-a?

* * *

Qizlar ogʻushiday issiq yozning shu qisqa tunida bolakay deyarli uxlamadi. Koʻzlarini yumdi deguncha, diydalari oldida Zaynabning juda mukammal qaddi-qomati gavdalanar, mayda oʻrilgan chilvir sochlar, qoʻsh kabutar toʻshiday boʻrtgan siynalar allaqanday sirni shivirlagandek boʻlardi.

Samad har ikki rasida qizni uzoq kuzatgan boʻlsa-da, Zaynabni tanlagandi. Holbuki, Muqaddas qaddu qomat, husn bobida dugonasidan sira qolishmas, kulganida loʻppi yuzlarida paydo boʻladigan kulgichlar jon olgudek edi. Lekin Samad baribir Zaynab chiroyliroq deb hisoblardi. Alloh norasida, hali ayol goʻzalligini baholashga qodir boʻlmagan goʻdak koʻngliga nimadir solgandi, chamasi.

Goʻzal Zaynab esa bugungi iltifoti uchun boladan mingdan ming rozi edi. Samad oʻzi bilib-bilmay qiz yuragidagi begʻubor bokira his-tuygʻularni alangalatib yuborgandi.

* * *

Tiniq osmon yulduzlar jimir-jimiriga toʻla.

Shu tun faqat Samad emas, Zaynab va Muqaddas ham bedorxob, bezovta edilar. Zaynab yonib-oʻrtanib Murodjon haqida oʻylasa, hali birovni sevib ulgurmagan Muqaddas oʻz koʻnglining boʻlajak sultoni haqida shirin xayollar surardi.

Samad shu kun hayotida ilk bora Ayol Goʻzalligi deb atalmish qudratli va hayotbaxsh kuchga roʻbaroʻ boʻlgandi, nima qilishini bilmasdi. His-tuygʻulari hali juda bokira bolakayning koʻzlarida hayrat yolqini jilvalanardi.

* * *

Oradan koʻp yillar oʻtdi. Samad ismli bolakay er yetib, oʻshanda Zaynab «bashorat» qilganidek, qizlar aqlini shoshiruvchi yigitga aylandi.Uning oʻtkir nigohlaridagi hayrat yolqini endi yanada kuchliroq alangalanardi.

Yigit sohibjamol qizga uylandi. Lekin u sevgi-muhabbat osmonida har qancha yuksak parvoz etmasin, saratonning oʻsha jazirama kunini, soy boʻyida Goʻzallik ilohalari bilan ilk uchrashuvini hamon unutolmaydi...

... Tun, Samad, Zaynab, Muqaddas... Va butun umr davomida yoʻlida uchragan Goʻzallar, Goʻzalliklar... Bularning hammasi endi Samadning, e, yoʻq, Samad boboning koʻz oʻngidan birma-bir oʻtaveradi...

Loyqa suvli sharqiroq soy. Mana, tolning nozik novdasi «qirs» etib sindi. Samad soyga quladi...

Qizlar kuchli bir chinqiriq bilan oʻzlarini bekitgan boʻldilar. Loyqa suv esa ularning goʻzal vujudlarini faqat tizzalarigacha bekitib turibdi...

Soʻngra Zaynab bolakayni suvga pisha boshladi. Har ikkalasi ham chaqmoq urgandek boʻldi...

Keyin... Keyin... Zaynab juda boʻshashib ketdi, vujudi dir-dir qaltiray boshladi...

Saraton quyoshi tobora balandlar, suvning shoʻx qoʻshigʻi avjiga chiqmoqda edi...