OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Fozil
Asar nomiYoʻlbarsdaraning soʻnggi sultoni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Joʻra Fozil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻlbarsdaraning soʻnggi sultoni (hikoya)
Joʻra Fozil

Amudaryo mast tuyaga oʻxshab pishqirganicha, qirgʻoqlariga asabiy bosh urar, sohildan oʻpirilib tushayotgan togʻdek tuproq uyumlarini bir zumda yamlab yutardi.

Tikka kelgan saraton quyoshi ayovsiz qizdirar, boʻtana toʻlqinlar yelkasida ildizi bilan qoʻporilgan dov-daraxtlar oqib kelar, bu ayovsiz toʻfon uzra zor qaqshayotgan qirgʻovullar polaponlarini saqlab qolish uchun suvga toʻsh urib uchishar, ularning ayanchli nolasiga toqat qilish qiyin edi. Daryo oʻzi «shox tashlagan» joyidagi toʻqayzorni domiga tortib ulgurgan, suv yuzasida son-sanoqsiz qush uyalari suzib yurar, sohilda gʻaflat uyqusida qolgan jonivorlar ham och toʻlqinlar qoʻlida oʻyinchoqqa aylanishgandi.

Tik qirgʻoqda turib, daryodagi qiyomat-qoyimni tomosha qilayotgan yoʻl-yoʻl jonivor oʻsha, jahonga mashhur Amudaryo yoʻlbarslari sulolasining soʻnggi vakili edi.

Erta tongda, hali daryo sathi koʻtarilmay, u Yoʻlbarsdarani tark etgandi. Qandaydir ichki bir tuygʻu uni shunga majbur etdi. Daryo allanechuk notinch, bezovta, gʻayritabiiy bir guvillash samoni toʻldirgan, toʻqay shovullashi qoʻrqinchli edi.

Yoʻlbarsdara sultoni oʻzi uchun qadrdon goʻshani sira tark etgisi kelmas, lekin unga Olloh tomonidan ato etilgan ichki bir sezgirlik boʻyniga sirtmoq solib, tik qirgʻoq tomonga sudrardi.

Ha, u endi toʻqayzorlarga sigʻmay qolgandi. U yolgʻiz edi, bu yolgʻizlik tobora ezar, dunyodan umid uzishga majbur etardi. O’zi tugʻilib oʻsgan maskanga sigʻmay qolgani uchun u odamzotni ayblashga ming karra haqli edi-yu lekin bunday qilolmasdi. Chunki Olloh unga ayblash qobiliyatini bermagan, bu «qobiliyat« toʻligʻicha uni sarson-sargardonlikka mahkum etayotganlar ixtiyorida edi. Va ular »tabiat muhofazasi» deya bong urib, qop-qop safsatalar sotib, yer yuzidagi jamiki jonzotlarga qiron keltirishda davom etardilar.

Amu sohilidagi betakror toʻqayzorlarning bir qismi suv toshqini qurboniga aylangan boʻlsa, aksariyati odamlar qoʻli bilan gumdon qilindi.

Inson yangi yerlarni oʻzlashtirish shiori ostida ming yillik bokira toʻqaylarga oʻt qoʻydi, sohildagi jamiki jonzotlar qirildi, sarson-sargardon boʻldi. Sohilning koʻrki hisoblanmish Amudaryo yoʻlbarslari ham sekin-asta qirilib, «Qizil kitob» sahifalaridan joy oldilar.

Suv toshqinigacha odamlar qoʻlidan zoʻrgʻa omon qolgan Yoʻlbarsdara toʻqayzori soʻnggi yoʻlbarsning soʻnggi ilinji, u qoʻnim topib, baholi qudrat umrbasar etgan soʻnggi manzil edi. Soʻnggi manzil avvalgiday toʻkin-sochin boʻlmasada, har qalay, amallab qorin toʻydirish mumkin edi. Toʻgʻri, bir-yarim quyonlar, tobora kamayib borayotgan xongullar bilan tirikchilik qilish mushkul. Lekin, oʻz qadrdon goʻshasiga nima yetsin? Soʻlim sohil, toza havo, muzdek suv...

Bular hali choshgohgacha bor narsalar edi. Endi esa hammasini daryo toʻlqinlari yutib yubordi. Sal imillasa, yoʻlbarsning oʻzi ham nahanglarga yem boʻlardi.

Amudaryo nahanglari... Ular naqadar ochofat ekanini u juda yaxshi biladi.

Uzoq yili u jufti bilan xongulning totli goʻshtiga toʻyib olgach, sohilda erinibgina sayr etardi.

Mayin shabada esar, daryo sokin edi. Birdan suv shalopladi va ulkan nahang uning juftiga ogʻiz solib, toʻlqinlar qa’riga shoʻngʻidi. U turgan yerida qotib qoldi.

Juftidan ayrilgan bechora yoʻlbars qumloq sohilda sar-sari kezib, loyqa toʻlqinlarga tikilar, bir vaqtlar vahshatli chaqnab turadigan koʻzlaridan mildir-mildir yosh oqardi.

U faqat juftidan emas, balki serviqor, magʻrur avlod-ajdodlarining barchasidan bir yoʻla ajralganini anglamoqda, oʻzi ham «halokat» deb atalmish tubsiz jarlik tomon tobora yaqinlashib borardi. U endi bir vaqtlar na’rasidan sohil larzaga kelgan sultonga sira oʻxshamasdi. U oʻzining xos mulozimlari — qoraquloqlarni eslardi. Ular ham qirilib bitdi. Bir qarashda mushukka oʻxshab ketadigan bu jonivorlar Amudaryo yoʻlbarslarining beminnat dastyorlari edi.

Toʻqay sultoni oʻz mulkining qaysi goʻshasiga bormasin, qoraquloq uning kelishidan sal oldin oʻsha yerda hoziru nozir boʻlar, qattiq ayuhannos solib, chor-atrofdagi jonzotlarni hukmdor tashrifidan ogoh etardi.

Yoʻlbarslar va qoraquloqlar oʻzaro ogʻiz-burun oʻpishmasalarda, bir-birlarini toʻldirib turishardi. Yoʻlbars bor yerda qoraquloq boʻlishini, qoraquloq kelgan yerga albatta yoʻlbars ham kelishini odamlar ham, jonzotlar ham yaxshi bilishardi.

Sohil ranglar xilma-xilligidan jilolanar, suvga bosh eggan qoratol, turangʻalar shamolda asta-sekin chayqalar, yoʻlbars esa juftining oʻziga tanish, qadrdon hidini izlab, qirgʻoq, toʻqayning eng olis goʻshalariga borib kelardi.

Suv yuzasidan esayotgan namchil shamol uning dumogʻiga baliq va qirgʻovullar, oʻt-oʻlanlar hidini olib kelardi.

Alamzada jonivor faqat oʻsha tanish boʻyni emas, balki juftining qotilini ham izlar, vujudi intiqom oʻti bilan yonardi.

Tunu kun oqib yotgan daryo oʻz bagʻrida yana qanday sir-sinoatlarni yashirganini bilolmagan yoʻlbars hamon telba toʻlqinlardan koʻz uzmasdi.

Nihoyat, kunlarning birida, oftob botar mahali unga omad kulib boqqandek boʻldi. G’aflat bosgan nahang qirgʻoqqa yaqinlashib keldi. Koʻzlarini yogʻ tutgan qotil qamishlar orasida pusib yotgan yoʻlbarsni koʻrolmas, shu topda oʻzi ham mahkum ekanini bilmasdi.

Hamlaga shaylangan yoʻlbars sohilga yaqinlashayotgan nahang aynan oʻsha qotil ekanini qanday anglagani yolgʻiz Ollohgagina ma’lum.

Kamon tarang tortilgan, yoʻlbars uchishga shaylangan oʻqdek boʻlib turardi.

Botayotgan quyosh nurlari daryo yuzini alvon rangga boʻyagan, ogʻzini katta ochayotgan nahang oʻlja izlardi.

Qamishlar bilinar-bilinmas shitirladi va xuddi shu asnoda yoʻlbars bir sapchib suvga tushdi-da, nahangning semiz tanasidan «gʻarchcha» tishlab, qumloq sohilga sudrab chiqdi.

Yoʻlbars nahangni burda-burda qilib tashladi. Uning bahaybat qornidan juftining iriy boshlagan yoʻl-yoʻl tanasi chiqdi.

Yoʻlbars koʻngli juda behuzur boʻlib, nahang murdasidan nari ketdi.

Endi uning koʻzlarida ilojsizlik yoshlari emas, yana oʻsha toʻqay sultoniga xos viqor, qahr uchqunlari porlardi...

* * *

Daryo hamon pishqirar, Yoʻlbarsdara toʻqayidan endi nom-nishon ham qolmagandi.

Yoʻlbars oʻzining soʻnggi soatlari yaqinlashayotganini tobora aniq his etardi. U sohildan xiyla uzoqlashib ketgan, Qizilqumning tandirday qizigan barxanlari aro sarson-sargardon edi.

Yoʻlbars jazirama sahroda nimjon va nochor mushuk holatiga tushib qolgandi. U qaynoq qumlar orasida qanday ov qilishni, suv topishni bilmasdi.

Yoʻlbars yoʻlda uchragan bir-yarim quyonlarni quvib yetolmadi, holdan toygan edi. Yumronqoziq va yana allaqanday gʻimirlagan jonzotlarni yegisi kelmadi. U axir, sulton edi, sultonligicha qolmoqchi boʻldi.

Shu taxlit sahroda bir-necha kun och-nahor, suvsiz tentiradi. Nihoyat, kunlarning birida, oftob Magʻrib tomon ogʻa boshlagach, baliq sirtiga monand barxan tepasiga zoʻr-bazoʻr emaklab chiqdi.

Shu koʻyi koʻzlarini yumganicha qancha yotganini bilmaydi. Bir mahal, quyosh tafti pasaygandek boʻlib, issiq shamol esdi.

U oʻylashga qodir emasdi, lekin koʻnglidan qandaydir ayqash-uyqash fikrlar kechgandek boʻldi. Jufti Amudaryo nahangining qurboni edi, oʻzi esa cheksiz-chegarasiz qum ummonida yoʻqlik, yoʻqsizlik nahangiga yem boʻlayapti...

U qovoqlarini zoʻr-bazoʻr ochib, ufqqa tikildi, quyoshning soʻnggi nurlari aro sim-sim oqib yotgan daryo nuqradek yarqirab, koʻzlarini qamashtirdi.

Yoʻlbarsdaraning soʻnggi sultoni soʻnggi kuchlari tanasini tark etayotganini sezib, yana koʻzlarini yumdi. Lekin moʻ‘jizani qarangki, koʻzlari yumuq boʻlsada, daryoni, toʻqayni aniq-ravshan koʻrmoqda edi!

Daryo avval och-koʻk, soʻngra qirmizi tus oldi. Soʻlim sohil hamon uning koʻz oʻngida jilvalanardi. Yoʻlbars ogʻir bir kuchanish bilan oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi edi, boʻlmadi, boshi «shilq» etib qaynoq qumga tushdi. Uning toʻqayga qaragan, toʻqayga intilgan koʻzlari endi manguga yumilgan edi...

* * *

Toʻqaybegi toshqin oqibatida oʻz makonidan ajrab, sahroda sarson yurgan yoʻlbarsning hamma qiliqlarini bilar, izini ham yaxshi tanirdi. U yoʻlbarsning izini olib, barxan tepasiga chiqqanida jonivorning tanasi soviy boshlagan edi.

Toʻqaybegi chuqur xoʻrsinib, issiq qumga choʻkkaladi, yoʻlbarsning yoʻl-yoʻl tanasi, yumuq koʻzlariga uzoq tikildi, yana xoʻrsindi.
— Eh, jonivor, toʻqayning koʻrki eding-a. Endi esa Yoʻlbarsdaraning ham, sening ham faqat noming qoldi...

Nachora, sendan ajoyib bir tulum yasaymiz, avlodlar Yoʻlbarsdaraning soʻnggi sultonini koʻrib qoʻysinlar, Amudaryoning ana shunday yoʻlbarslari boʻlganini bilib qoʻysinlar!...

1989