OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻra Sa’dullayev
Asar nomiBir xonadon fojiasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻra Sa’dullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 30-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir xonadon fojiasi
Joʻra Sa’dullayev

Har bir xonadon bamisoli bir qal’a. Bekorga oʻtmishda «ichkari» degan ibora keng tarqalmagan. Uning siru sinoatlari toʻrt devor ichida qolib ketavergan.

Basharti, xonadon tinch boʻlib, oilaning barcha a’zolari xushhol davru davron surishsa, olam — guliston. Bundan mahalla-koʻy, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ xursand. Bunday xonadonni hamma alqaydi, unga yaqinlashgisi, u bilan bordi-keldi qilgisi keladi. Ittifoqo, shu xonadondan baxt yuz oʻgirib, uning a’zolari boshiga biror kulfat tushsa, kecha demay, kunduz demay, issiq-sovuq demay, urugʻ-aymoq, tanish-bilish yugurgilab keladi, hamdard boʻladi, yordam qoʻlini choʻzadi.

Bordi-yu, buning aksi boʻlsa-chi? Xonadon sohiblari yarqirab koʻringan har bir narsani oltin bilib, unga yopishaversa, davr-davronni boylik orttirishda deb bilsa, oʻz xonadonining nufuzini qoʻsha-qoʻsha mashinalar, dabdabayu as-asali toʻylar bilan oʻlchasa-chi? Xonadon sohiblari guldek-guldek farzandlari hayotidan huzur-halovatni darigʻ tutib, ular avji oʻynab-kulib, yurtda yorugʻ yuz bilan yashaydigan pallalarini zahar-zaqqumga aylantirsa-chi?

Bunday xonadon, shubhasiz, nazardan qoladi, odamlar uni chetlab oʻtishadi, oldi-berdi, kirdi-chiqdi qilmay qoʻyishadi. Bunday xonadon oʻgʻil uylantirmoqchi boʻlsa, sovchilari bir tuman narida kalish yirtadi...

Oʻrtachirchiq tumanining «Oʻzbekiston» shirkat xoʻjaligida shunday bir xonadon bor. Uning sohibi shu xoʻjalikda oʻn yillab traktor haydadi. Turmushda koʻp aziyatlar chekdi. Birinchi ayoli bilan ajrashganidan keyin goʻdak bir oʻgʻil bilan qoldi. Uni tarbiyalaydi, ona oʻrniga ona boʻladi, degan maqsadda paxta ichida katta boʻlgan Tursunoyga (ma’lum sabablarga koʻra ism oʻzgartirib berilmoqda) uylandi. U ham ketma-ket yetti oʻgʻil-qiz tugʻib berdi. Oʻgʻillar birin-ketin oʻqib voyaga yetishgach, xonadon sohiblarining yelkasiga «oftob» tegdi. Birin-ketin oʻgʻil uylab, qiz chiqarib, ayni davri-davron suradigan kezlar keldi.
— Afsuski, oʻgʻillar voyaga yetib, ular topgan mol-dunyo bu xonadon farogʻatiga xizmat qilmadi, — deyishadi qishloqdoshlar. — Toʻgʻri, ularni boy-badavlat deb ham boʻlmaydi, lekin farzandlarini mehnat bilan oyoqqa turgʻizgan Tursunoy omad qushi yelkalariga qoʻnganida oʻtgan kunlarini unutdi. Bu xonadon boshiga tushayotgan jamiki kulfatlar uning manmansirab, havolanib ketishidan...
— Bolalarining hammasi toparmon-tutarmon, iqtidorli, lekin Tursunoy bosar-tusarini bilmay qoldi, — deydi mahalla faollaridan biri. — Oʻz bilganidan qolmaydi. Uncha-munchani mensimaydi. Maslahat koʻrsatsak, «Oʻzingni bil!», — deydi.

Tabiiyki, bunday xislatlar bilan odam bolasi oʻzi orzu qilgan farogʻatga erisha olmaydi. Shu xonadon qismati bu fikrning dalilidir. Uning tarixini bilgan kishi borki, bu xonadonga tushgan kelin baxti qaro boʻladi, deydi. Buning sabablari yetarli. Chunonchi, katta oʻgʻil ikki bor uylandi. Birinchi kelin Umidaxon yomonotliq qilinib, olti oyli homilasi bilan xonadondan haydalgach, Tursunoy oʻgʻlini Diloromga uylantirdi. Ammo qaynona bugun shu kelinning xizmatidan ham bahramand emas. Tinchlik boʻlmagach, oʻgʻil oilasini olib yotoqxonaga koʻchib ketdi. Tursunoy ikkinchi oʻgʻlini ham ikki bor uylantirdi. Uning ikkinchi xotini qismatiga alohida toʻxtalamiz. Birinchi kelin Nargiza goʻdak oʻgʻli bilan bu xonadondan quvilgach, Tursunoy yelib-yugurib Pskentdan yangi kelin topdi. Lekin yoshgina, guldekkina kelin ovloqdagi bu xonadon sinoatlariga chiday olmasdan oʻzini osib qoʻydi.

Uchinchi oʻgʻil ham qisqa muddat ichida ikki bor uylanib ulgurdi. Oʻzi koʻrib-bilib, muhabbat qoʻyib olgan Nodirani bir bolasi bilan tashlab, Ohangaron shahridan qarindoshining qiziga uylandi. U ham ikki-uch oy yashab ulgurmay, xonadonga yomonotliq boʻldi va uyiga qaytib ketishga majbur boʻldi.

Savol tugʻiladi: «Bu xonadonga nega kelin chidamaydi?». Bunga javobni Tursunoyning mahalla chekkasi — ovloqdagi oʻsha xonadonida boʻlganimizda topganday boʻldik. Mayda-chuyda gap, ishonchsizlik, kelin deganni odam oʻrnida koʻrmaslik, haqorat, gʻiybat kabi illatlar bu yerda urchib yotibdi.

Biz borganimizda oʻgʻillardan biri — Xoldorali uyda ekan. Suhbatga tortib, bu dunyoda yashash nima, insoniylik, ra’y-andisha, ota boʻlish mas’uliyati — shular haqida gapirganimiz sari uning boshi quyi egila bordi.
— Gulbahor kelinoying qanday edi? — deb soʻradik pirovardida.
— Tilla kelin edi, — javob berdi Xoldorali boshini koʻtarmay. —Oʻxshashi yoʻq edi...

Gulbahor 1999 yilning aprelida ne-ne orzu-umidlar bilan, ne-ne entikishlar bilan kelinlik libosida bu xonadon ostonasidan hatlab oʻtgan edi. Ammo yoshgina yuragini gup-gup urdirgan orzulari sarob boʻlib chiqdi. Eng yaxshi niyatlari ovloqdagi shu xonadon darvozasi oldidan oqib oʻtuvchi ariq suvlari bilan oqib ketdi.
— Qizginam bekorga uvol ketdi, — deydi Gulbahorning moʻysafid otasi koʻzlariga yosh olib. — Oʻsha xonadon asoratlarini koʻtara olmay, yoshgina joniga qasd qilib qoʻydi...
— Erkak quda yaxshi edi, — deydi Bodilash opa. — Lekin xotin oldida ip esha olmas ekan. Qizim kelin boʻlib tushibdiki, kun koʻrmadi. Yuvvoshgina edi, betgachopar emasdi.

Gulbahor oʻzini osib oʻldirgani haqidagi shum xabardan Chimqoʻrgʻonda keksayu yosh bir qalqib tushdi.

Shundan keyin boshlandi gʻavgʻo. Ovloqdagi oʻsha xonadondan: «Kelinimiz ruhiy kasal edi. Kechalari hovliga chiqib ketar edi, xayolparast boʻlib qolgandi», — degan gaplar chiqdi. Gulbahor umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan kuyovimiz ham shu gaplarga yopishib oldi. Uch oylik homilasi boʻlgani holda hayotdan koʻz yumgan rafiqasi xotirasini oyoqosti qildi. Murda Toʻytepaga olib kelinib, ekspertiza qilinayotganida ham qorasini koʻrsatmadi.
— Qizim soppa-sogʻ oʻsgandi, oʻqib-ishlardi. Qudalar aytgan holatlar gʻirt tuhmat. Ollohga soldim, — deydi bechora ota.

Yana bir kelin — Nodira Oʻrtachirchiqning Yangi toʻlqin qishlogʻidan, ovloqdagi oʻsha xonadonga kelin boʻlib tushdi. Otasi oliy oʻquv yurtida uzoq yillar talabalarga saboq bergan, onasi ham «oq-qorani» tanigan bir ayol. Opalari turmush qurib, bola-chaqali boʻlib, tinib-tinchib ketishgan. Nodira tibbiyot bilim yurtini bitirgan, tuman markaziy shifoxonasida akusherka boʻlib ishlardi. 2001 yilning 8 avgustida Xoldorali bilan turmush qurdi.

Nodira Ergashevaning respublika xotin-qizlar qoʻmitasiga yozgan xatidan: «Uch kunlik kelinligimdanoq qaynonam hunarlarini koʻrsata boshladi. Har narsadan janjal chiqarardilar. Keyinroq bildimki, bu xonadonda kelin yashamas ekan. Uch oʻgʻil ikki martadan uylangan, men bu hovliga yettinchi kelin boʻlib tushgan ekanman...»

Boʻlar boʻlmas gap-soʻzlar, urush-janjallar Nodirani ham holdan toydirdi. U dardga chalinib qoldi. Lekin oraga sovuqchilik tushmasin deb, ota-onasiga bildirmadi. Xolasining uyiga borib, besh kungina davolanib keldi. Ammo roʻshnolik oʻrniga jabr, osuda turmush oʻrniga janjal-toʻpolon davom etaverdi. Oxir-oqibat u yana ogʻir dardga chalindi. Qaynona arzimagan bahona bilan janjal koʻtarib, oʻgʻliga kasalmand kelinni urdirdi. Endi buni ota-onadan yashirib boʻlmasdi. 13 dekabr kuni ular qizlarini ogʻir ahvolda Oʻrtachirchiq tuman markaziy kasalxonasining shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizdilar.

Oʻzini bechorahol qilib koʻrsatuvchi ovloqdagi oʻsha xonadonda esa Xoldoralini ikkinchi marotaba noqonuniy uylantirish tadorigi boshlandi. Nodira toʻyga borishga, Xoldoraliga yetti oylik oʻgʻlini bir koʻrsatib qoʻyishga jazm qildi.
— Bir holat mening nafsoniyatimga qattiq tegdi, — deydi Nodira. — Homiladorlik pallam kasal holimda tashlab qoʻygan, oʻgʻli tugʻilganidan keyin uni biron marotaba esiga olmagan, 2002 yilning noyabr, dekabr, 2003 yilning yanvar oylari uchun aliment toʻlashga «qurbi yetmagan» bir yigit hali men bilan qonuniy ajralishmasdan turib, Ohangaron tumanidagi «Javohir» qahvaxonasida kazo-kazo san’atkorlarni chorlab, toʻyni qanday oʻtkazayotganligini bir koʻray dedim...

Nodira bolasini koʻtarib, toʻy boʻlayotgan joyga bordi. Yangi kuyov Nodirani koʻrib jahl otiga mindi. Ur-yiqit, toʻs-toʻpolon boʻldi. Bu endi, alohida mavzu.

Lekin bitta savol har qanday kishini oʻyga toldiradi. Nega Oʻrtachirchiqning Sharif Umrzoqov mahallasidagi bu xonadonga kelin chidamaydi? Uquvli, bilimli, toparmon-tutarmon farzandlar nega oʻz tengqurlari qatori yayrab-yashnab, baxtli-saodatli yashay olmayapti? Qayta-qayta uylantirilgan oʻgʻillar hayoti nima uchun rohat-farogʻatda emas?

Gap shundaki, bu xonadonning turmush tarzi oʻziga xos tamoyilda shakllandi. Uning sohiblari — navqironlik yillari obdon mehnat qilishdi. Mustaqillik sharofati bilan yuzlariga oftob tegdi. Taglarida qoʻsha-qoʻsha mashinalar paydo boʻldi, qoʻllariga pul tushdi. Va... kechagi kunlarini unutishdi. Kibru havo kuchaydi. Boylik ularni ma’naviy qashshoqlashtirdi. Na tanish-bilish, na mahalla-koʻy fikri, na oʻzbekona turmush tamoyillariyu qonunlarimiz bilan hisoblashmay qoʻyishdi. «Mening aytganim boʻladi»ga oʻtishdi. Jaraq-jaraq pulning oʻzi oʻgʻil-qizlarni baxtli qila olmasligini xayollariga ham keltirishmadi. Davlatmandlik oldida urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, qonunlarimiz ham hech nima boʻlmay qoldi.

Qishloq chetidagi xonadon fojiasining bosh sababi shunda!

Matbuotda uzoq yillar ishlagan bir jurnalist sifatida aytish mumkinki, oilaviy mojarolar faqat Oʻrtachirchiqqa xos emas. Oila bor ekan, past-baland gap hamma joyda ham boʻlib turadi. Shu bois ushbu maqolaga oid ba’zi fakt va raqamlarni, dalil-isbotlarni, mojarolar, ular bilan bogʻliq inson sha’niga toʻgʻri kelmaydigan koʻpgina holatlarni qogʻozga tushirishdan oʻzimni tiydim. Men anglagan haqiqat shu boʻldiki, favqulodda omad, favqulodda baxt, boylik, toparmon-tutarmonlik insonga hamisha ham baxt-saodat olib kelmas ekan, aksincha, bu narsalarga mahliyo boʻlib, inson oʻzini, kechagi kunini, oxiratini unutsa, ayni shu omadning, shu baxt, shu boylikning quliga aylanib qolishi, hayoti izdan chiqib, ma’naviy tanazzulga yuz tutishi hech gap emas ekan.

Lekin oʻsha qishloq chetida joylashgan xonadon, yana shunday xonadonlar qaerda boʻlishidan qat’iy nazar, ularning sohiblari, farzandlari, kelinlar, nabiralar bizga, sizga begona emas. Ular ham bizning bir boʻlagimiz, xotirjamligimiz, beparvoligimiz, hayotning murakkab chorrahalarida faqat oʻzimizga urgʻu berib, yon-atroflarimizda nimalar boʻlayotgani, qanday kurtaklar barg yozayotganidan bexabarligimiz hosilasidir. Nima, Oʻrtachirchiqda mahalla, jamoatchilik, koʻpni koʻrgan, koʻpni bilgan nuroniylar yoʻqmi?

Mana shular haqida oʻylashimiz, kerak, deb oʻylayman.