OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiAbadiyat afsonasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Abadiyat afsonasi (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

«Uning qalbi sevishga qodir, oʻzi esa sevilishga munosib edi. Malika uchun hayot hamma yoʻllarini bekitib qoʻygan, u boshi berk koʻchada oʻzi sezmagan holda quvnoq va beparvo yashardi. Lekin uning koʻksidagi yurak loqaydlikni bilmaydi, duch kelgandan mehr kutaveradi. Bu yurakka yovuzlik otli tuygʻu tamomila yot edi. Biroq baribir taqdir malikaning barcha yoʻlini toʻsgan, ochiq qolgan birgina yoʻl esa ajal yoʻli edi…»

Har safar shu yerga kelganda onasi uni bagʻriga bosib, unsiz yigʻlaydi. Boshqa gapirmaydi. Qizaloq esa olti yildan buyon ertakning davomini kutadi.
– Oyi, nega oxirini aytmaysiz?
– Katta boʻlganingdan keyin aytaman.
– Men haliyam kichkinamanmi?
– Taqdir qoʻlida hammamiz bir zarramiz.

Ba’zan unga alam qilardi; boshqalarning oyisi matal aytishdan charchamaydi, oʻzlari ham toʻqiyveradi. Uning onasi esa faqat bittagina ertak biladi. Shuni ham oxirigacha aytmaydi.

«Uning koʻksida boʻron tugʻyoni, shamollar qudrati va togʻlar jasorati mujassam. Malikaning mitti, lekin zalvorli koʻksi har qanaqa yovuzlikni mahv etish imkoniga ega. Yengib oʻtdi qancha-qancha sinovlarni. Uning soʻnggi raqibi esa oʻlim edi…»

Yoʻq, onasidan ertakchi chiqmaydi. Bir narsani hadeb takrorlayverganidan qizaloq bu mujmal, chala afsonani soʻzma-soʻz yod olgan. Onasi uyda boʻlmagan kezlar koʻzgudagi aksiga tikilganicha oʻz-oʻzicha takrorlaydi ertakni. Ana shunda koʻksida nimadir uygʻonayotgandek tuyulaveradi. U shunchalik berilib ketadiki bu afsonaga, allaqanday tovushlarni, sharpalarni his qiladi. Butun vujudi bilan hatto oʻzi sezmagan holda sehrli dunyo bagʻriga shoʻngʻiydi.

Oqshomda koʻk koʻksini bulut qopladi. Yarim kecha u chinqirib uygʻonganida koʻzlari onasining dahshat toʻla nigohi bilan toʻqnashdi. Shu dam eshik qattiq zarb-la ochilib, shamol vahimali qoʻshigʻini olib kirdi. Derazaparda uzildi. Sharros quyayotgan yomgʻir oynalarga urilar, dam-badam chaqmoq chaqib, kuchli momaqaldiroq gumbirlardi.
– Oyi, qoʻrqayapman.
– Qoʻrqma! Sen qoʻrqmasliging kerak.
– Chaqmoqdan qoʻrqaman.
– Uxla, – dedi onasi ohista boʻynidan quchoqlab. – Men senga ertak aytaman.
– Yana oʻsha ertakmi? Hammasini bilaman. Oxirini ayting.
– Yaxshi, – dedi ona ogʻir tin olib. – Davomini aytaman.

U ertakni tugatishdan qoʻrqmaydi, shunchaki qanday yakunlashni bilmaydi, xolos. Chunki oʻzi toʻqigan bu yagona afsonaning oxiri oʻzi uchun ham mavhum edi. Eski matallar kabi murod-maqsadiga yetibdi qabilida nuqta qoʻymoqchi boʻldi-yu, yolgʻiz farzandi qarshisida gunohkor boʻlib qolishdan qoʻrqdi. Fojiali intiho yasash haqida oʻylashi bilan esa dahshatga tushardi.

«U nihoyat oʻlim bilan yuzma-yuz keldi. Ajal farishtasining qoq roʻparasida turib titray boshladi. Malika endi orzu, havas, hayot, kelajak – baridan umid uzgan, birgina shahzodasi haqida oʻylardi. Ammo oʻsha xaloskori hoziroq paydo boʻlib, qarshisidagi ajalni daf qilishini xayoliga keltirmasdi u…»

Oʻn yoshli qizaloq uchun bu nihoyatda ogʻir afsona edi. Jon qulogʻiga singib ketgan ertakning mohiyatini anglash uchun u judayam yoshlik qiladi. Shu boisdanmi, onasining pichirlab chiqayotgan tovushi ostida darrov uxlab qoldi. Koʻp oʻtmay ayolning ham koʻzi ilindi.

Shamol, yomgʻir, umuman, tabiatning bu tungi namoyishi bejiz emasdi. Uyqu ummoniga koʻmilgan ona-bola ayni shu kecha ertakka nuqta qoʻyilishini qayoqdan bilsin…

Qizaloq choʻchib uygʻonganida eshik oldida ust-boshi shalabbo, qorongʻuda ham soqoli yaqqol koʻzga tashlanib turgan vahimali sharpani koʻrdi-yu, ilgarigilaridan-da kuchliroq ovozda chinqirdi. Bu ovozdan hozir onasi uygʻonadi-da, uylariga bostirib kirgan yovuz odamni haydab yuboradi. Agar ketmasa, uni oʻldiradi. Qizaloq esini taniganidan buyon onasining sumkasida pichoq olib yurishini ham, yostigʻi ostiga boltacha qoʻyib uxlashini ham biladi. Buning sababini bir necha bor soʻragan boʻlsa-da, tayinli javob ololmagan.

Ona uning navbatdagi faryodidan tez uygʻondi-yu, derazaga qaradi. Shamolning ham, yomgʻirning ham shashti pasaygan edi. Hammasini odatiy qoʻrquvga yoʻyib, qiziga boqqanida, u dahshat toʻla nigohi bilan eshik tomonni koʻrsatdi. Oʻsha taraf boʻyin burgan ayol nimagadir qoʻlini yostiq ostiga choʻzmadi. Qizaloq esa hayron: nahotki onasi yaqqol koʻzga tashlanayotgan xunuk nusxani koʻrmayotgan boʻlsa?! Yo boltani esidan chiqardimi?

Ona haykal koʻyi qotib turar, qizaloq unga hayrat toʻla nigohini tikarkan, koʻzi yoshlanganini koʻrib, oʻzining ham boʻgʻziga yigʻi tiqildi. Uning bolalarga xos xulosasi shu: roʻparadagi yovuz odam oldida onasi bolta-moltasi bilan ojiz! Ammo sal fursat oʻtib oʻzini oʻnglab olgan ayol dadil oʻrnidan qoʻzgʻaldi-yu, birdan eshik oldida kiyimidan suv tomib turgan odamning bagʻriga otilgancha oʻkirib yigʻlay boshladi. Ana shunda qizaloqning aqldan ozishiga bir bahya qoldi. Yoʻq, onasi telba boʻlib tuyuldi unga. Ayol esa borliqni unutgan koʻyi yillar davomida toʻplanib yotgan koʻz yoshlarini endi toʻkar, nimagadir erkak uni ovutishga urinmasdi ham.

Nihoyat ayol burnini torta-torta undan ajraldi-da, qizaloq tomon qaradi. Onasiga hayrat bilan, yarim tunda uylariga kirib kelgan begona erkakka esa yotsirab boqib turgan qizcha hech nimani anglay olmasdi. Negadir onasidan nafratlangisi ham keldi.
– Bu sening dadang, – dedi ayol sekingina boʻgʻiq tovushda

* * *

Mirodil qishloqning old qiziga uylandi. Ishlari yurishib, shaharga koʻchib kelgach, Dilbar dastlab yot muhitga koʻnikolmadi. Ayniqsa, ikki uy narida yashaydigan baqaloq yigitning qarashlari yoqmasdi unga. Homiladorligining beshinchi oyi edimi, eri ishga joʻnagandan soʻng xuddi oʻsha yigit shirakayf holda kirib keldi. Ayni toʻpolon payti Mirodil paydo boʻldi-yu, stol ustida unutib qoldirilgan idora kalitini emas, uning yonida turgan pichoqni oldi…
– Qaytgunimcha bir tomchi ham koʻz yoshi toʻkmaysan, – deb tayinladi xotiniga. – Soʻz ber. Omon qaytganimdan keyin xohlaganingcha yigʻlayverasan.

Dilbar nainki soʻzining ustidan chiqdi. Qishloqqa ham qaytmadi. Xavotir va umid bilan qarshi oldi tonglarni. Qizi tugʻilgandan soʻng dastlabki yil qishloqdagilar xabar olib turishdi. Keyinroq boshqa birovga turmuga chiqishi lozimligini uqtirmoqchi boʻlgan ogʻzi ochiqlar ham topildi. Oxiri u xotiralari va qizi bilan yolgʻiz qoldi. Mana, bu tun uning xuddi oʻsha yolgʻizligi qatl etildi. Endi qiziga ertak soʻylamaydi u, balki shuncha yildan buyon tinglab kelgani ertak emasligini aytadi.