OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifJoʻrabek Ramazonov
Asar nomiGarov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Joʻrabek Ramazonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Garov (hikoya)
Joʻrabek Ramazonov

Umidning kechagi ishidan terimga sigʻmay ketdim. Men oʻshanda eng yaqin doʻstim oʻz obroʻsini bir pul qilayotgani haqida emas, balki Surayyoning qalbida unga nisbatan tugʻilajak nafrat va oʻzimning farishta boʻlib koʻrinishim xususida oʻylardim. Nazarimda, hammasi koʻngildagidek kechdi: keragicha otib olgan Umid shartta qizning yoʻlini toʻsib, «Seni sevaman!» dedi. Surayyo indamadi. Oʻrtaga tushishim lozimligini angladim-u, oshnamni yelkasidan tutdim:
– Yur, sen mastsan.
– Tegma unga! – dedi Surayyo. – Gapiraversin.
– Qoʻyib bersang, kechgacha aljiraydi.
– Mayli...

Umidni zoʻrgʻa sudrab ketdim.
– Qalay, bopladimmi? – dedi tirjayib.
– Zoʻrsan!

Bu atrofda Surayyoga koʻngil qoʻyishi mumkin boʻlgan odam Umid ikkimiz edik. Doʻstim koʻzga yaqin yigit, shu bois men roʻy berishi ehtimolli tasodifning oldini oldim goʻyo. Surayyo menga yoqardi-da! Aslida uning Termizdan kelib yashayotganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Ammo allaqachon men u bilan tanishishga ulgurgan, Umid esa bu borada mutlaqo befarq edi.

Ertasiga Surayyo meni chaqirib keldi. Sevinib ketdim oʻzimcha.
– Kechagi bola kim edi? – deb soʻradi dabdurustdan.
– Bir tanishim. Tayini yoʻq oʻzi. Senga xoʻp aljidi-ya?
– Hechqisi yoʻq. Ismi nima?
– Nega soʻrayapsan?
– Shunchaki... bilmoqchiman, – dedi koʻzini yashirib.
– Ismi Umid.
– Yaxshi.

Surayyoning e’tirofidan etim jimirlab ketdi. Nima boʻlganda ham bu soʻzni oʻzgacha ohangda talaffuz qilgandi u.
– Tushunmayapman senga, – dedim hayajonimni zoʻrgʻa bosib.
– U qaerda yashaydi?
– Uyini nima qilasan?
– Shunchaki soʻrayapman.
– Ziyoratgohdan keyingi muyulishdagi ikkinchi uy.
– Rahmat senga! – dedi Surayyo sevinchini yashirishga ham urinmay.
– Toʻxta! Bilasanmi... uning otasi aroqxoʻr.
– Yaxshi. Hammasi uchun rahmat.
– Umidning oʻzi ham tayyor piyonista. Oʻrta ma’lumot ham ololmagan. Maktabda nuqul «ikki» bilan oʻqirdi.
– Boʻpti, men boray, – dedi u beparvo qayrilib. – Sendan iltimos, soʻraganlarim haqida unga aytma.

Tabiiyki, men bu xususda birovga ogʻiz ocholmasdim. Biroq oʻzimni chuqur oʻy bosgan, ayni paytda Surayyo nihoyatda gʻalati qiz boʻlib koʻrinardi koʻzimga.

Kun peshindan oqqanda Umidni yoʻqlab bordim.
– Ketdik, – dedim uydan chiqishi bilan. – Men ham mardman, yutqazganimni toʻlayman.
– Tan berding-a! – gʻururlandi u. – Bir shisha aroq, sakkiz six kabob!

Qaytayotganda gʻirt mast oshnamni atay pastki koʻcha tomon yetakladim.
– Nima keragi bor yoʻlni uzoq qilib? – dedi gʻuldiraganicha.
– Toza havoda bir oz oʻzingga kelasan.
– Toza havo tanga davo de! – bor ovozi bilan kuldi doʻstim.
– Vaysama, odamlar qarayapti.
– Men hech kimdan qoʻrqmayman!

Bu paytda biz Surayyo yashaydigan uyga yaqin kelib qolgandik. Birdan temir eshik shahd bilan ochildi-yu, ostonada oʻzi koʻrindi.
– Surayyo! – dedi Umid mastona chayqalib. – U chiroyli qiz, toʻgʻrimi?
– Aljirashni bas qil! – yelkasidan tutdim.
– Toʻxta, men unga yana «sevaman» deb aytishim mumkin, lekin bu safar foydasi yoʻq-da!
– Umid, kerakmas, sen mastsan.

Surayyo hamon ostonada toshdan yasalgan haykal koʻyi qotib turardi. Men unga yer ostidan qarab, lablarining bilinar-bilinmas titrayotganini, nimadir demoqchi-yu, ammo botinolmayotganini ilgʻadim. Odatiy holda oshnamni qoʻltigʻidan olib yetakladim. Oqshomda guzar gavjum boʻladi. Bizni – choʻloq otdek odimlayotgan Umid, qiya ochiq eshik oldida hanuzgacha qimirlamay turgan Surayyo va oʻz gʻoyalaridan mamnun kaminani deyarli hamma koʻrdi. Yashirmay aytsam, oʻzimga ham shunisi kerak edi. Endi Surayyoning koʻksida Umidga nisbatan rostakamiga nafrat uygʻonishiga shubha qilmasdim.

Biroq keyingi kunlar gʻalati kecha boshladi. Surayyo bilan yoʻl-yoʻlakay qarshi kelib qolganimizda u shunchaki soʻrashishdan nariga oʻtmas, nigohlari ham allanechuk oʻzgacha edi. Shu dilbar nigohlarda Umidga qarshi nafrat emas, oʻzimga nisbatan adovat alomatini sezardim.

Nihoyat bir oycha keyin ikkalamiz yurak yutib yuzlashdik.
– Hech narsaga tushunmayapman, – dedi u oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgandek. – Umid chindan ham mastlikda aljiraganmidi?
– Biron gap boʻldimi? – soʻradim xavfsirab.
– Men... uni yaxshi koʻrib qolganga oʻxshayman.

Badanimda oʻrgimchak oʻrmalayotganday seskanib ketdim:
– Nima deding?
– Qiynalib ketdim. Nega u faqat mast boʻlganida gap otadi? Lekin men... Sen tushunmaysan. Mast boʻlsa ham nega «sevaman» deydi? Sabrim tugadi. Oxiri unga xat yozdim.
– Xat? Nima deb yozding?
– Hammasini.

Butun vujudimda titroq uygʻondi. Ana shundagina yutqazganimni idrok etdim. Barchasi rasvo boʻlgan, endi Surayyoga haqiqatni aytishdan boʻlak chora qolmagan edi.
– Bilasanmi, – dedim ogʻir yutinib, – u seni sevmaydi. Bariga men sababchiman.
– Tushunmadim.
– Umid bilan garov boylashgan edik. Arzimas ziyofatdan. U senga sevgi izhor qilishi kerak edi.
– Nima uchun? – Surayyoning chiroyli koʻzlari yiriklashdi.
– Shu yoʻl bilan undan jirkanishingni, Umid senda xunuk taassurot qoldirishini istagan edim.
– Tushunmayapman, bu bilan nimaga erishmoqchi eding?
– Bilmayman.

Oʻrtamizga dahshatli sukunat choʻkdi. Bu jimlik yo meni baxtga eltishi, yoki oʻsha baxtdan abadul-abad mosuvo etishi mumkin edi. Boʻgʻzimga bir nima tiqilib, gapirishga qiynaldim. Arablar toshboʻron qilgan zinokordan farqim qolmagan edi oʻshanda. Shu turishda loqayd oshnamga qanchalar havas qilganimni bilsangiz edi!
– Hammasini gapir! – dedi nihoyat Surayyo titroq tovushda. – Umid meni ermak qildimi?
– Aslida unda ayb yoʻq. Men majburladim. U garovda yutgani bilan hayotda yutqazadi deb oʻylagan edim. Chunki seni sevaman, tushunyapsanmi?

Surayyo menga ilk bor oʻzga sayyoralikni koʻrganday boqdi. Nigohida nafrat, hayrat, gina... xullas, menga qarshi jami hislar bor edi.
– Qanchalar xudbinsan! – dedi keyin qoshlarini chimirib. – Men senlarga oʻyinchoq boʻldimmi?
– Ishon, buning bunchalar jiddiy tus olishi xayolimga kelmagan.
– Sen xudbinsan, – takrorladi u. – Tentaksan!

Botayotgan quyosh uning koʻz yoshlarini yaltiratib koʻrsatdi. Surayyo yuzini chetga burib, asta qadam tashladi. Ana shunda ilk bor ismini tutib chaqirdim. Istamaygina chala oʻgirildi.
– Kechir meni, – bisotimdagi oxirgi gapni aytdim.

Indamadi.

Xufton payti Umid chaqirib keldi.
– Gap bor, – dedi yoniga yetishim bilan. – Ishonasanmi, Surayyo menga xat yozibdi.
– Bilaman.
– Bilasan? Nima deb yozganini ham bilishni istaysanmi?
– Umid, qoʻy bu gaplarni... Yur, ichamiz. Mening yonimdan.
– Kallang joyidami, shunday vaqtda-ya?
– Avvallari yarim tundayam yoʻq demasding?

U bir zum menga qarab turdi-da, keyin koʻzlarini olib qochdi.
– Kimdir seni sevishini bilsang, boshqacha boʻlib ketarkansan, – dedi mamnun tovushda. – Nimagadir ichgim kelmayapti. Kechir, oshna.

Osmonga qaradim: toʻlin oy shundoqqina qoʻl yetgudek joyda turganga oʻxshardi. Negadir ilk marotaba yolgʻizlik hissini tuydim.